Lug‘atlar

So‘z tarkibi: {ish}
So‘z bo‘g‘inlari: ish
Izoh(lar)i:
ish ot

1. 1. 1 Inson faoliyati bilan bog‘liq, uning mehnati bilan amalga oshadigan, bajariladigan narsa. Dalada ish ko‘p. Bor-yo‘g‘i bir kunlik ish qoldi. Ishlayman deganga ish topiladi. Xayrli ish. Mashaqqatli ish. Ishlay desam — ish bo‘lmasa, dehqonchilik qilay desam — yer bo‘lmasa. M. Ismoiliy, Farg‘ona tong otguncha
Yo‘lchi ishga razm solib, qaydan boshlash kerakligini o‘yladi. Oybek,Tanlangan asarlar
— Hay Adol, qiz bolalarni frontga olmas emish. — Qizlarni ham olaversa, daladagi ish kimga qoladi. I. Rahim, Chin muhabbat

2. 2. Ishning ijrosi, ish ustidagi faoliyat, mehnat. Ishdan qoldirmoq. Ishga kirishmoq. Ish ishtaha ochar, dangasa ishdan qochar. Maqol
Qari kelsa — oshga, yosh kelsa — ishga. Maqol
Ular me’morga ko‘zlari tushishi bilan, bir daqiqa ishni to‘xtatib, bosh irg‘ab salom berishdi. Mirmuhsin,Me’mor
Ustaxona darvozasidan kirishimiz bilanoq sexlarda ish qaynayotganligining guvohi bo‘lamiz. Gazetadan
Qurbon ota hech kimning esiga kelmagan bir yaxshi ishni boshladilar. A. Qahhor, Qo‘shchinor chiroqlari

3. 3. Ish-faoliyatning mahsuli, undan yuzaga kelgan (yaratilgan) narsa. Rassomning ko‘rgazmaga qo‘ygan ishlari. U yaratgan ishlar mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi. Yo‘lchining bajargan ishiga ko‘z yugurtirib, o‘zicha o‘yladi: Devkor yigit ekan. Oybek,Tanlangan asarlar
Bu ishing biror olimning qo‘liga tushib qolsa bormi, dissertatsiya yoqlardi. T. Ashurov, Oq ot

4. 4. Ma’lum haq, evaz hisobiga qilinadigan ish-faoliyat, mehnat. Bechora ish qidirib, boshi oqqan tomonga borar ekan. Oybek,Nur qidirib
Toshkentda ish topsam, balki qolarman. Oybek,Tanlangan asarlar

5. 5. Xizmat vazifasi; lavozim. Ishga kirmoq. Shu ishda ishlab kelyapti. Sizni bo‘shatishadimi, yo‘qmi — sizni bu ishga kim tayinlagan bo‘lsa, o‘shandan so‘rang. Y. Yoqubov, Er boshiga ish tushsa
Bu gap korxonaga ovoza bo‘lib, Jonfig‘onni o‘sha zamoniyoq ishdan haydashibdi. A. Qahhor, Qanotsiz chittak
Dadamni ilgari katta-katta ishlarda ishlagan deyishadi. E. Raimov, Ajab qishloq

6. s. t. t. Bo‘sh ish o‘rni. Ko‘p joyga uchradim, lekin ish yo‘q degan javob oldim.

7. 7. Mehnat-faoliyatning muayyan sohasi, turi; kasb. Hayotda shunday odamlar bo‘ladiki, ular butun umrlarini faqat bir ishga, biron kasbga bag‘ishlagan bo‘ladilar. X. Yodgorov, Hayot to‘lqinlari
Xudo ko‘nglingizga solib, shu ishni [sartaroshlikni] ixtiyor qilibsiz — kam bo‘lmaysiz. E. Raimov, Ajab qishloq

8. 8. Burch. Ozodalikka doimiy e’tiborda bo‘lish — barchaning ishi. [Ellikboshi:] Mahalladagi yigitlarning bari manga ma’lum. Bilish mening ishim-da. Oybek, Tanlangan asarlar

9. 9. Hal etilishi lozim bo‘lgan narsa; masala, muammo. Ishning yengil ko‘chishiga sevingan ona Otabekning bu shartiga lom demasdan ko‘ndi. A. Qodiriy, O‘tgan kunlar
Yasovulboshi xon ikkalasigina tushunadigan tilda ishni pishirib qo‘ygan edi, shuning uchunmi, murtini silab kuldi. S. Siyoyev, Yorug‘lik
ayniqsa, kundalik ishi qiyin, kosa kosaga tegganda, g‘idi-bidi gaplar ko‘paysa o‘g‘lingga ham tatimay qoladir. A. Qodiriy, O‘tgan kunlar

10. 10. O‘zgaga, o‘zga manfaatiga qarashli yumush; hojat. Kel, qo‘zim, nima ishing bor? Oybek,Tanlangan asarlar
Yurt ishiga yaramagan bola qay ishga yaraydi? S. Ahmad, Ufq

11. 11. Xos ish, xatti-harakat. Oldiga qo‘yganni yemak — hayvonning ishi, og‘ziga kelganni demak — nodonning ishi. Va’daga vafo — mardning ishi. Avaz, yigitning ishi tavakkal, deb chap tomonga burildi. S. Siyoyev, Yorug‘lik

12. 12. Voqea, hodisa. O‘z uyida o‘tirgan qiz bir kechada g‘oyib bo‘lsin, tavba! Juda xunuk ish, Olimxon aka? Oybek,Tanlangan asarlar
Nizomjon uning avzoyidan juda xunuk ish bo‘lganini fahmladi-da, yoniga o‘tirdi. S. Ahmad, Ufq
Boshing sog‘ bo‘lsa, hali Toshkentda ko‘p ajoyib ishlarni ko‘rasan, yigitcha! Oybek,Tanlangan asarlar

13. 13. Ahvol, holat. Hozir ish boshqa: Yo‘lchi qamoqda. Oybek,Tanlangan asarlar
Xo‘sh, Sodiq polvon, ishlar qanaqa, Toshkentda nima gaplar bor? A. Qodiriy, O‘tgan kunlar
Har yerda dehqonning ishi chatoq. Yeri bo‘lsa, ulovi yo‘q, ulovi bo‘lsa, yeri yo‘q, ko‘pida ikkisi ham yo‘q. Oybek,Tanlangan asarlar

14. 14. Gap-so‘z, gap-so‘z bo‘lgan narsa(lar). Nega desang, mazmunidan ham ko‘rinib turibdiki, bu ikkinchi uylanishga Otabek butunlay qarshi bo‘lib, faqat bu gap qudalarninggina ishlaridir. A. Qodiriy, O‘tgan kunlar

15. huq. huq. Sud yoki ma’muriy organlarda ko‘riladigan narsa, jarayon. Fotima ustidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. T. Ashurov, Oq ot
Shu telefon sabab bo‘ldimi bir-ikki kundan keyin ishim boshqa tergovchiga o‘tib, tezlashib ketdi. O. Yoqubov, Izlayman
Yer to‘g‘risida bir chatoq odam bilan sudlashib yurgan edi, sud ishni buning zarariga hukm qilganmikan, deb o‘yladi. Oybek,Tanlangan asarlar

16. maxs. Bir juft poyabzalga yetarli teri bo‘lagi yoki muayyan kiyimga yetarli gazlama. Bu teridan to‘rtta ish chiqarish mumkin. Ish bichmoq. Ish tikmoq.

Antonim(lar)i: mavjud emas.
Sinonim(lar)i: kasb [a], yumush

1. ish I Ot
mehnat; muassasa, tashkilotdagi mehnat faoliyati; biror janjal, jinoyat; shunday masala bo‘yicha to‘plangan hujjatlar majmuasi

2. ish II Ot
tikuv. tikishga yetarli material

3. ish III Undov
eshakni to‘xtatish xitobi (ishsh!)

Paronimi: mavjud emas.

Ajratib yozish – 1995-yil 24-avgustda qabul qilingan “O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari”ning 57–65-paragraflarini o‘z ichiga oluvchi imlo qoidasi to‘plami.

Ajratib yozishquyidagi hollarda amalga oshadi: 1) qo‘shma fe’lning qismlari: sarf qil, ta’sir et, tamom bo‘l, sotib ol, olib kel, olib chiq, miq etma kabi; 2)ko‘makchi fe’l va to‘liqsiz fe’l mustaqil fe’ldan ajratib yoziladi: aytib ber, olib ko‘r, so‘rab qo‘y, ko‘ra qol, bera boshla, yiqila yozdi; ketgan edi, ketgan ekan, ketgan emish kabi. Lekin mustaqil fe’l bilan yordamchi fe’l orasida tovush o‘zgarishi bo‘lsa, bunday qism qo‘shib yoziladi: aytaver (ayta ber), boroladi (bora oladi), bilarkan (bilar ekan) kabi. 3) ko‘makchi oldingi so‘zdan: shu bilan, soat sayin, borgan sari, bu qadar, kun bo‘yi kabi. Lekin bilan ko‘makchisining -la shakli, uchunko‘makchisining -chun shakli chiziqcha bilan yoziladi: sen-la, sen-chun kabi. 4) hamma, har, hech, bir, qay, u, bu, shu, o‘sha so‘zi o‘zidan keyingi yoki oldingi so‘zdan: hamma vaqt, har kim, hech qaysi, qay kuni, u yerda, shu yoqdan, o‘sha yoqqa kabi. Lekin birpas, biroz, birato‘la, birvarakayiga, birmuncha, buyon so‘zi qo‘shib yoziladi. Shuningdek, qay so‘zi yoq, yer so‘zi bilan ishlatilganda bir y tovushi tushsa, bu so‘z qo‘shib yoziladi: qayoqqa, qayerda kabi; 5) sifat oldidan kelib, belgining ortiq yoki kamligini bildiradigan to‘q, jiqqa, tim, liq, lang, och kabi so‘z ajratib yoziladi: to‘q qizil, jiqqa ho‘l, tim qora, liq to‘la, lang ochiq, och sariq kabi; 6) murakkab son qismlari: o‘n bir, besh yuz, qirq ming olti yuz bir, bir ming yetti yuz sakson beshinchi kabi; 6) yildan yilga, tomdan tomga kabi birinchi qismi chiqish kelishigida, ikkinchi qismi jo‘nalish kelishigida bo‘lgan birikma ajratib yoziladi; 7) belgining ortiq darajasini bildiruvchi ko‘pdan ko‘p, tekindan tekin, yangidan yangi, ochiqdan ochiq, qizigandan qizidi kabilar; 8) izofali birikma ajratib yoziladi. Bunda izofa undosh bilan tugagan so‘zlarga i shaklida, unli bilan tugagan so‘zga yi shaklida qo‘shiladi: dardi bedavo, nuqtayi nazar, tarjimayi hol kabi. Lekin izofa yozilmaydigan so‘z, shuningdek, qismidan biri yoki har ikkisi o‘zbek tilida mustaqil ishlatilmaydigan so‘z qo‘shib yoziladi: gulbeor (guli beor), dardisarkabi.

Alisher Navoiybutun turk dunyosi tomonidan “shamsul millat” (millat quyoshi) sifatida tan olingan buyuk mutafakkir shoir. U 1441- yil 9- fevralda Xurosonning poytaxti Hirot shahrida tug‘ildi. Alisher Navoiyni Nizomiddin Mir Alisher deb atashardi. “Nizomiddin” – din nizomi, “mir” esa – amir ma’nosini bildiradi. Navoiyning otasi G‘iyosiddin Muhammad (G‘iyosiddin Kichkina) temuriylarga yaqin amaldor, o‘z davrining obro‘li va ma’rifatli kishisi bo‘lgan. Onasi Kobul amirzodalaridan Shayx Abusaid Changning qizi bo‘lgan. Tog‘alari Mir Said Kobuliy yaxshi shoir, Muhammad Ali G‘aribiy shoir, sozanda va xattot edi. Alisher oilada uchinchi yoki to‘rtinchi farzand bo‘lib, Husayn Boyqaro bilan maktabda o‘qigan. U Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr” dostonini fors tilida o‘qib ham yod olgan. 1447- yilda Shohruh Mirzo vafot etib Hirot notinch bo‘lib qoladi. Uning oilasi Iroqqa ko‘chib ketadi. Yo‘lda Taft shahrida Alisher tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiy bilan uchrashadi. Alisherlar xonadoni 1451- yilda Hirotga qaytadi. Ko‘p o‘tmay, taxtga Abulqosim Bobur Mirzo o‘tiradi. Alisherning otasi Mirzo Bobur xizmatiga kiradi. Sabzavor hokimi etib tayinlanadi.

1453- yilda G‘iyosiddin Muhammad vafot etdi. Alisher Abulqosim Bobur xizmatiga kirdi. U 7–8 yoshlaridan she’r yoza boshladi. U o‘zbekcha she’rlariga Navoiy, forscha she’rlariga Foniy deya taxallus qo‘yadi. Yoshlik chog‘ida o‘zbek va fors shoirlari nazmidan 50 ming bayt she’rni yod bilgan. Bolalik vaqtlaridayoq Amir Shoshiy, Lutfiy, Kamol Turbatiy, Said Hasan Ardasher, Pahlavon Muhammad, Darvesh Mansur kabilardan ta’lim oldi. 60- yilarda Samarqandda yashab, Fazlulloh Abullaysdan tahsil oldi.

1465–1466- yillarda muxlislari she’rlarini to‘plab “Devon” tuzdilar. Bu devon “Ilk devon” nomi bilan mashhur. 1487–1488- yillarda Astrobodda hokimlik qildi. 1472–1476- yillarda “Badoye ul-bidoya” (“Badiiylik ibtidosi”), 1476–1483- yillarda “Navodir un-nihoya” (“Tuganmas nodirliklar”) nomlari bilan ikki devon tuzdi.

1483–1485- yillarda turkiy tilda birinchi bo‘lib “Xamsa” yozdi.

Navoiy fanning bir necha sohasida qalam tebratdi. O‘tmish mavzusida “Tarixi muluki Ajam” (“Ajam podsholari tarixi”), “Tarixi anbiyo va hukamo” (“Payg‘ambarlar va donishmandlar tarixi), aruzga doir “Mezon ul-avzon” (“Vaznlar o‘lchovi”), tazkirachilikka oid “Majolis un-nafois” (“Nafis majlislar”), lug‘atshunoslikka oid “Sab’atu abhur” (“Yetti dengiz”), “Muhokamat ul-lug‘atayn” (“Ikki til muhokamasi”) asarlari shular jumlasidan. 1490- yilda “Xazoyin ul-maoniy” (“Ma’nolar xazinasi”) majmuasini tuzdi. Forscha she’rlarini yig‘ib “Devoni Foniy” ni tartib berdi.

Mashhur shayxlar haqida “Nasoyim ul-muhabbat” (“Muhabbat shabadalari”) asarini yozdi, “Lison ut-tayr” ni qog‘ozga tushurdi, “Munshaot” (“Xatlar”) ni to‘pladi. “Mahbub ul-qulub” (“Ko‘ngillarning sevgani”) maydonga keldi.

Alisher Navoiy 1501- yilning 3- yanvarida vafot etdi.

 

Bo‘lishli-bo‘lishsizlik shakli – harakatning tasdiq yoki inkorini ko‘rsatuvchi fe’l shakli.

Fe’llar bo‘lishli yoki bo‘lishsiz shaklda qo‘llanadi: keldi – kelmadi. Bo‘lishli fe’l harakatning tasdig‘ini bildiradi, maxsus ko‘rsatkichga ega emas: o‘qidi, o‘qib, o‘qigan, o‘qish. Bo‘lishsiz fe’l harakatning inkorini bildiradi. -ma shakli bilan hosil qilinadi: o‘qimadi, o‘qimay, o‘qimasdan, o‘qimas, o‘qimaslik.

Uslubiy belgilari.Fe’llarning bo‘lishli yoki bo‘lishsiz ekanligi nutqda -ma shaklini qo‘llanish-qo‘llanmasligi bilan belgilanmaydi. Nutqda bo‘lishsizlik kuchsizlanishi yoki bo‘lishlilik yo‘qolishi mumkin. Mas., Eshitganini aytmay-qo‘ymaydi (bo‘lishli); Sizni ketkizarmidik (bo‘lishsiz); U sho‘rlik qanday kunlarni ko‘rmadi? (bo‘lishli); Olasaaan (bo‘lishsiz); Bolani kim sevmaydi? (bo‘lishli).

Chiziqcha bilan yozish1995- yil 24- avgustda qabul qilingan “O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari”ning 51–56- paragraflarini o‘z ichiga oluvchi imlo qoidasi to‘plami.

Quyidagi holda so‘z yoki uning qismlari chiziqcha bilan yoziladi: 1.Juft so‘z va takror so‘z qismi: el-yurt, mehr-shafqat, qovun-tarvuz, omon-eson, kecha-kunduz, yozin-qishin, asta-sekin, uch-to‘rt, o‘n-o‘n beshta (10-15ta), bilinar-bilinmas, bordi-keldi, kuydi-pishdi, don-dun, oz-moz, mayda-chuyda, aldab-suldab, o‘ylab-netib, so‘ramay-netmay, kiyim-kechak, adi-badi, ikir-chikir, duk-duk, taq-tuq, qop-qop, ming-ming (ming-minglab), bitta-bitta (bitta-bittalab), baland-baland, chopa-chopa, ishlay-ishlay, yaqin-yaqinlargacha, hamma-hammasi, uy-uyiga, ich-ichidan kabi.

1) juft so‘zdan qo‘shimcha yordamida yasalgan so‘z ham chiziqcha bilan yoziladi: baxt-saodatli, xayr-xo‘shlashmoq kabi;

2) juft so‘z qismi orasida -u (-yu) bog‘lovchisi kelsa, undan oldin chiziqcha qo‘yiladi va juft so‘z qismlari ajratib yoziladi: do‘st-u dushman (do‘st-dushman), kecha-yu kunduz (kecha-kunduz) kabi;

3) yetakchi va ko‘makchi fe’l bir xil shaklda bo‘lsa, chiziqcha bilan yoziladi: yozdi-oldi, borasan-qo‘yasan, uxlabman-qolibman kabi.

2. Belgini kuchaytiruvchi qip-qizil, yam-yashil, dum-dumaloq, kuppa-kunduzi, to‘ppa-to‘g‘ri, bab-barobar kabi so‘z shakli chiziqcha bilan yoziladi (lekin oppoq so‘zi qo‘shib yoziladi).

3. So‘zning -ma, ba- yordamida birlashgan qismi chiziqcha bilan yoziladi: ko‘chama-ko‘cha, uyma-uy, rang-barang, dam-badam kabi. Lekin mustaqil ishlatilmaydigan qism qatnashsa, bunday so‘z qo‘shib yoziladi: ro‘baro‘, darbadar kabi.

4. Rus tilidan aynan yoki so‘zma-so‘z tarjima qilish yo‘li bilan olingan so‘z asliga muvofiq chiziqcha bilan yoziladi: unter-ofitser, kilovatt-soat kabi.

5. -chi, -a (-ya), -ku, -u (-yu), -da, -e, -ey (-ey) yuklamasi chiziqcha bilan yoziladi: sen-chi, boraylik-chi, sen-a, kutaman-a, bola-ya, mingta-ya, keldi-ku, kelgan-u, yaxshi-yu, yaxshi-da, qo‘y-e, yashang-e, o‘g‘lim-ey, keldi-ey kabi. Ammo -mi, -oq (-yoq), -ov (-yov), -gina (-kina, -qina) yuklamasi o‘zidan oldin kelgan so‘zga qo‘shib yoziladi: keliboq, o‘ziyoq, ko‘rganov, ko‘rdiyov, mengina, qo‘shiqqina kabi.

6. Tartib son arab raqami bilan yozilsa, -nchi qo‘shimchasi o‘rniga chiziqcha (-) qo‘yiladi: 7- sinf, 5-„A» sinfi, 3-, 7-, 8- sinf o‘quvchilari, 60- yillar, 1991- yilning 1- sentabri kabi. Tartib sonni ko‘rsatuvchi rim raqamidan keyin chiziqcha yozilmaydi: XX asr, X sinf kabi.

Fonetik o‘zgarishnutqda qulaylik, tejam uchun tovushlarning bir-biriga ta’siri natijasida yoki tutgan o‘rniga ko‘ra tushib qolishi, orttirilishi, almashishi, moslashishi kabi o‘zgarish hodisasi.

Nutq jarayonida tovushni ketmaket keltirish yo‘li bilan turli ma’noli birlik hosil qilamiz. Mas., tosh, bosh, qol. So‘z tarkibidagi tovush alohidaalohida emas, balki uzluksiz talaffuz qilinadi. So‘z uzluksiz talaffuz qilinganda, uning tarkibidagi bir tovush hali to‘liq talaffuz qilinmay turib, nutq a’zosi ikkinchisiga tayyorlanib turadi. Natijada tovush zanjiri vujudga keladi. Talaffuz qulayligiga intilish tufayli nutq jarayonida tovush zanjirida turli fonetik o‘zgarish ro‘y beradi. Mas., tog‘ asosiga ga qo‘shimchasini qo‘shsak, asos oxiridagi chuqur til orqa g‘ dan so‘ng til orqa g undoshi kelib, chuqur til orqa tovushidan til orqa tovushiga birdaniga o‘tish qiyinlashadi. Talaffuz noqulayligi vujudga keladi. Ana shu noqulaylikni bartaraf qilish uchun ikkinchi tovush ham chuqur til orqaga aylantiriladi va har ikkisi ham jarangsizlashadi: tog‘ + ga – toqqa, bog‘ + ga – boqqa kabi.

Fonetik o‘zgarishunliga ham, undoshga ham taalluqli.

  1. Unlining nutq jarayonida o‘zgarishi singarmonizm deyiladi. Singarmonizm unlining moslashishi, uyg‘unligi demakdir. U faqat turkiy tillarga xos.

Singarmonizmning ikki asosiy ko‘rinishi farqlanadi: a) til garmoniyasi; b) lab garmoniyasi.

Til garmoniyasida unli tovush yumshoqlik yoki qattiqlik, til oldilik yoki til orqalik jihatdan bir-biriga moslashadi. Singarmonizmning til garmoniyasi qonuniyatiga ko‘ra, so‘zning boshida til oldi unlisi kelsa, so‘z o‘rtasi va oxirida ham shunday unli keladi. Boshqacha aytganda, so‘zning boshida undoshning hosil bo‘lish (artikulyatsion) o‘rniga bog‘liq ravishda unli tovushda yuz bergan o‘zgarish so‘zning keyingi bo‘g‘inidagi unlida ham yuz beradi. Bu hol so‘zning talaffuzida qulaylikka olib keladi. Mas., qalam so‘zidagi q undoshi chuqur til orqa undoshi bo‘lganligi bois, birinchi bo‘g‘indagi a unlisi ham til orqalik xususiyatiga ega bo‘ladi. Buning natijasida esa keyingi bo‘g‘indagi a tovushi ham til orqa unlisi sifatida namoyon bo‘ladi. Demak, birinchi a unlisi q undoshiga, keyingi bo‘g‘indagi a esa oldingi bo‘g‘indagi a unlisiga moslashadi.

Lab garmoniyasida unlining moslashishi ikki tomonlama bo‘ladi. Bunda unli ham tiloldi-tilorqalik jihatidan, ham lablanganlik-lablanmaganlik jihatidan boshqa unliga va undoshga moslashadi. Bunga ko‘ra, so‘z boshidagi unli lablangan til oldi unlisi bo‘lsa, so‘z oxirida ham lablangan til oldi unlisi keladi. So‘z boshidagi unli lablangan til orqa unlisi bo‘lsa, so‘z oxiridagi unli ham lablangan til orqa unlisi bo‘ladi. Mas., boshqird, sog‘in, bo‘g‘in so‘zidagi kabi.

Tovush o‘zgarishi turi. Fonetik qonuniyat asosida yuz beradigan o‘zgarish turini sanaymiz.

Tovush moslashishi (assimilatsiya). Assimilatsiya – lotincha assimilare –o‘xshatib olish demak. Tovush moslashishi to‘liq va to‘liqsiz bo‘lishi mumkin. Tovush moslashishi to‘liq (yoz + sin = yossin) yoki qisman (yoq + sa = yoxsa, tanbur – tambur) moslashish bo‘ladi.

Moslashish hodisasi ikki xil:

a) progressiv moslashishda oldingi tovush keyingi tovushni o‘xshatib oladi. Masalan: otdan – ottan, ishdan – ishtan, soldat – sollat va boshqalar.

b) regressiv moslashishda keyingi tovush oldingi tovushni o‘xshatib oladi: shanba – shamba, ichsa – issa, oqshom – oxshom, tuzsiz – tussiz kabi.

Tovush noo‘xshashligi (dissimilatsiya). Dissimilatsiya lotincha dissimlate – noo‘xshashlik degani, bu fonetik hodisada tovushning ta’siri natijasida noo‘xshash tovush talaffuz qilinadi. Tovush noo‘xshashligi hodisasi ham ikki xil bo‘ladi:

a) progressiv noo‘xshashlikda oldingi tovush ta’sirida keyingi tovush paydo bo‘lish o‘rni va usulini o‘zgartiradi va tovushning sifatida o‘zgarish – noo‘xshashlik yuzaga keladi. Masalan: zarur – zaril, zarar – zalal, birorta – bironta, madad – madat, kabob – kabop, rubob – rubop kabi.

b) regressiv noo‘xshashlikda keyingi tovushning ta’siri bilan oldingi tovushda o‘zgarish ro‘y beradi. Masalan: po‘chta – po‘shta, maqtanchoq – maxtanchoq, uchta – ushta kabi.

Ba’zi so‘zda har ikki hodisa (tovush moslashishi va tovush noo‘xshashligi) ham uchraydi. Masalan: uchdi – uchti – ushti, ichdi - ichti – ishti kabi.

Metateza. Og‘zaki nutqda ba’zan yonma-yon kelgan undosh tovushning o‘rni almashishi mumkin. Nutqdagi bunday jarayon metateza deyiladi: r – y: daryo – dayro: m – g‘: yomg‘ir – yog‘mir, b – r: tebratmoq – terbatmoq: m – l: yamlamoq – yalmamoq: h – v: ahvol – avhol: p – r: tuproq – turpoq, r – g: o‘rganmoq – o‘granmoq: g‘ – r: to‘g‘ramoq – to‘rg‘amoq, n – m: aylanmoq – aynalmoqva boshqa.

So‘z o‘zagida yoki unga biror qo‘shimcha qo‘shilganda, o‘zakdagi a unlisi o ga yoki i unlisi u ga almashadi va shunday yoziladi: ong – angla, son – sana, ot – ata, yosh – yasha; sayla – saylov, to‘pla – to‘plov; tara – taroq, so‘ra – so‘roq, chanqa –chanqoq; o‘qi – o‘quv, to‘qi – to‘quv kabi.

Ayrim so‘zga egalik qo‘shimchasi qo‘shilganda so‘z o‘zagidagi k va qtovushi g va g‘ ga almashadi va shunday yoziladi: bilak – bilagi, tilak – tilagi, buloq – bulog‘i, tirnoq – tirnog‘i kabi.

Ammo ayrim so‘zda bunday tovush o‘zgarishi bo‘lmasligi mumkin: nok – noki, doq – doqi, oq – oqi, zavq – zavqi kabi.

Ba’zi so‘zda yonmayon kelgan tovush o‘rni almashadi. Masalan: sayram – saryam, daryo – dayro, tuproq – turpoq, to‘g‘ramoq – to‘rg‘amoq kabi.

Yomg‘ir so‘zi yog‘mur tarzida aytilsa ham yomg‘ir yoziladi (bu so‘z aslida yag‘mur shaklida bo‘lgan).

Proteza. So‘z boshida bitta unlining orttirilishi proteza hodisasi sanaladi. Odatda, aksariyat sonor r tovushidan oldin o‘, u unlisi orttiriladi: ro‘mol – o‘ramol, ro‘za – o‘raza, rayhon – o‘rahon, rozi – o‘rozi, rais – o‘rais, rang – o‘rang, ro‘zg‘or – o‘razg‘or, rustam – urustamkabi.

Ayrim holatda so‘z boshida sirg‘aluvchi va portlovchi ikki undosh qator kelganda i unlisi orttirilishi mumkin: shkaf – ishkaf, spravka – ispravka, stol – istol,stul – istul, shtraf – ishtaraf, stansiya – istansa.

Epenteza. So‘z boshida, o‘rtasida va oxirida ikki undosh qator kelganda, ular orasida i, ba’zan u va a unlisi orttiriladi: fikr – fikir, hukm – hukum, doklad – dakalad, klass – kilass.

Epiteza. So‘z oxirida bir o‘rinda kelgan ikki undoshdan so‘ng atovushining qo‘shilish hodisasidir: disk – diska, bank – banka, tank – tanka, kiosk – kioska, otpusk – otpuska kabi.

Tovush orttirish o‘zbek tilining o‘ziga xos talaffuz qoidasi asosida ro‘y beradi. O‘zbek tilida ikki undosh qator talaffuz qilinmaydi yoki ma’lum tovush (h, r) bilan so‘z boshlanmaydi.

So‘z boshida: stakan – istakan, spirt – ispirt, shkaf – ishkaf, rus – o‘ris, ro‘mol – o‘ro‘mal, ro‘za – o‘ro‘za, igna – yigna yoki yiyna kabi.

So‘z o‘rtasida: aql – aqil, fikr – fikir, ilm – ilim, shifr – shipir, hukm – hukum, doir – doyir, doim – doyim, foiz – foyiz, teatr – teyatr kabi.

So‘z oxirida: bank banka, tank tanka kabi.

Shuningdek, ba’zi olmoshga qo‘shimcha qo‘shilishi natijasida tovush orttirilishi ro‘y beradi: shu + ga – shunga, bu + da – bunda, u + dan – undan kabi.

Prokopa. Bunda so‘z boshida ba’zan unli yokiundosh tovush tushib qoladi: yiroq –iroq, yigna – igna,yig‘ach – ag‘ach, yirik – irik, yuz – uz.

O‘zak va qo‘shimcha qo‘shilishi bilan ayrim tovush so‘z boshi, o‘rtasi va oxirida tushib qoladi. So‘z boshida odatda qisqa talaffuz qilinuvchi y yoki h tovushi tushadi: yiring – iring, yiroq – iroq, yog‘och – og‘och kabi.

So‘z o‘rtasida odatda qo‘shimcha qo‘shilganda, o‘zakdagi ayrim tovush tushib qoladi: og‘iz – og‘zi, burun – burni, ikki – ikkov kabi.

Qisqa (i) tovushi so‘z o‘zagida ham tushadi yoki juda qisqa aytiladi: pishiq – pshiq, kishi – kshi, bilan – blan kabi.

So‘z oxirida odatda qator kelgan undoshning so‘nggisi (t, d kabi) talaffuzda tushib qoladi: Samarqand – Samarqan, sust – sus, do‘st – do‘s, pisand – pisan, post – pos, xursand – xursan kabi.

O‘zbek tilida arab tiliga xos ayrim so‘zda ayn (’) (kirill alifbosida ayirish va lotin alifbosida tutuq belgisi) so‘z o‘rtasi va oxirida tushib qoladi, so‘z boshida cho‘ziq tarzda talaffuz qilinadi: ma’lum – malum, ma’mur – mamur, ta’lim – talim, ’ayb – ayb, ’ilm – ilm kabi.

Sinkopa hodisasiga binoan so‘z o‘rtasidagi va oxiridagi keng unli tor unli kabi talaffuz qilinadi va ayrim holatda tushib qoladi: valochka – valichka, traktor – traktir, avtor – avtir, direktor – direktir, generator – generatir kabi.

Apakopa – so‘z o‘zagidagi oxirgi unli yoki undoshning tushishi hodisasi: do‘st – do‘s, xursand – xursan, gazeta – gazit, smena – smenva hokazo.

Sinerezis hodisasiga ko‘ra so‘z o‘rtasida bir joyda kelgan ikki unlining biri kuchsizlanadi va nutqda tushib qoladi. Ikkinchi unli tovush esa cho‘ziq talaffuz etiladi: maorif – mo:rif, saodat – so:dat, qiroat – qiro:t, jamoat – jamo:t.Bu hodisa asl o‘zbekcha so‘zga xos emas.

Reduksiya – so‘zning birinchi bo‘g‘inida biror unlining, odatda, tor unlining kuchsiz talaffuz qilinishi. Mas., bir, bil, til so‘zlari bir bo‘g‘inli bo‘lganligi va urg‘u shu so‘zdagi i unlisiga tushganligi tufayli u me’yordagidek talaffuz qilinadi va eshitiladi. Lekin shu so‘zning oxiriga ikkinchi bir bo‘g‘in qo‘shilishi bilan, urg‘u ham ikkinchi bo‘g‘inga ko‘chadi. Natijada birinchi bo‘g‘inidagi i unlisi kuchsizlanadi va eshitilar-eshitilmas holda sust talaffuz qilinadi: bilak, tilak, biroq. Birinchi bo‘g‘indagi urg‘uning ana shunday kuchsizlanib talaffuz qilinishi reduksiya hodisasiga misol bo‘ladi (reduksiyaso‘zining lug‘aviy ma’nosi «kuchsizlanish», «orqaga qaytish», «pastga tushish» demakdir). Reduksiyaga quyidagi so‘zning birinchi bo‘g‘inida kelgan i ning kuchsizlanib talaffuz qilinishi ham misol bo‘la oladi: pishiq, shira, pishak, qiliq, ichak kabi. Reduksiyaning ikkinchi bo‘g‘inda kelishi ham uchrab turadi. Bu hodisa so‘zga uchinchi bo‘g‘in qo‘shilganda sodir bo‘ladi – ikkinchi bo‘g‘indagi unli tamoman kuchsizlanib, tushib qoladi. Mas., burunburni, bo‘yinbo‘yni, eginegni, keyin keyni singari.

Eliziya – unli bilan tugovchi va boshlanuvchi ikki so‘zning qo‘shilishi natijasida unlidan birining tushib qolish hodisasi. Bunda bir necha holat kuzatiladi; a) birinchi so‘z oxiridagi unli tushib qoladi: yoza oladi – yozoladi, bora oladi – boroladi, qora ot – qorot: b) unli bilan boshlanuvchi ikkinchi so‘zning bosh unlisi tushib qoladi: borar ekan – borarkan, borar emish – borarmish, yozgan ekan – yozgankankabi; d) Abdusalom so‘zining Absalom, Abdujabborso‘ziningAbjabbor, olib kelso‘ziningopke tarzida talaffuz qilinishi natijasida bir unli va bir undoshning tushib qolishi ham eliziyaning yuqori, murakkablashgan shakli hisoblanadi. Eliziyaning murakkablashishi natijasida so‘zning qisqargan shakli hosil bo‘ladi.

Tovush o‘zgarishi tasnifi. Aytilganlar asosida tovush o‘zgarishini uch xil tasniflash mumkin:

  1. So‘zning qaysi qismida ro‘y berishiga ko‘ra:

a) o‘zakda yuz bergan tovush o‘zgarishi:hukm – hukum, stakan – istakan, og‘iz –og‘zi;

b) qo‘shimchada yuz bergan tovush o‘zgarishi:uchdi – uchti, birorta – bironta, itdan – ittan;

d) ham o‘zak, ham qo‘shimchada yuz bergan tovush o‘zgarishi: bog‘ga – boqqa, uchdan – ushtan.

  1. Yozuvda aks etishiga ko‘ra:

a) yozuvda aks etadigan tovush o‘zgarishi:shuga – shunga, birorta – bironta, og‘iz – og‘zi;

b) yozuvda aks etmaydigan tovush o‘zgarishi:hukm – hukum, stakan – istakan, bog‘ga – boqqa, uchdan – ushtan;

  1. Tovush o‘zgarishining tabiatiga ko‘ra:

a)tovush tushishi: menning – mening, muallim – malim,og‘iz og‘zi;

b) tovush orttirilishi:hukm – hukum, stakan – istakan;

d) tovush almashishi: tanbur – tambur, bog‘ga – boqqa, uchdan – ushtan.

Ishoqxon Ibrat – ma’rifatparvar shoir, atoqli tilshunos, o‘zbek tili grafikasi, leksikografiyasi tadqiqida munosib hissa qo‘shgan yetuk olim. 1862- yili Toshkentda tavallud topgan.O‘zbek xalqining sharq va g‘arb tillarini o‘rganishini osonlashtirish yo‘lida tinmay izlanishlar olib bordi. Arab, fors, hind, turk, o‘zbek, rus tillaridagi so‘zlarni o‘z ichiga olgan olti tilli «Lug‘ati sitta al-sina» (1901) lug‘atini yaratib, ko‘p tilli lug‘atlar tuzishda ilk qadamni qo‘yib berdi. Lug‘at mingdan ortiq so‘zni o‘z ichiga olgan, unda o‘zbekcha so‘zlarning qarshisida arab, rus, fors, turk va hindcha tarjimasi berilgan.

Ishoqxon Ibrat tilshunoslikning murakkab sohasidan biri – yozuv tarixi bilan shug‘ullandi. Uning piktografik yozuvdan to shu kungacha ishlatilgan yozuvlar tarixiga bag‘ishlangan «Jome’-ul xutut» (Yozuvlar majmuasi) asari o‘zbek grafikasining muhim yutug‘i. Ushbu asarda muallif nafaqat o‘zbek yozuvi, balki eramizdan 2000 yil ilgari finikiya xalqlari tomonidan vujudga keltirilgan yozuv yodgorliklari, Kipr orolidan topilgan yozuv qoldiqlari, yahudiy, arab, suriya yozuvlari haqida ham qimmatli ma’lumotlar keltiradi.

  1932- yilda vafot etgan.

 

Kelishik shaklinutqda ismlarnio‘zidan keyingi so‘zga tobelovchi vosita. Bu vositalar ismni keyingi so‘zga tobelantirish bilan birga uning gapdagi vazifasini ham belgilab beradi. Bunday shakllar tizimi – kelishik kategoriyasi. Kelishik, aytilganidek, ergash so‘z vazifasidagi ismni bosh so‘z vazifasidagi ism yoki fe’l bilan bog‘laydi. Shu sababli kelishik ismlarning munosabat (aloqa-munosabat, sintaktik) shakllariga kiritiladi. O‘zbek tilida kelishikning oltita shakli ajratiladi.

Bosh kelishik. Maxsus shakli yo‘q. Bosh kelishikdagi ism gapda quyidagi vazifada keladi: 1) ega: Yomg‘ir yog‘moqda; 2) izohlovchianiqlovchi: Doktor Aybolit –bolalarning sevimli qahramoni; 4)sifatlovchianiqlovchi: Taxta ko‘prik sinovdan yaxshi o‘tmadi; 5) undalma: Bolalar, darsga!; 6) ravish holi: Oy borib, omon qayt.

Qaratqich kelishigi. Maxsus shakli ning. Tarixiy varianti -im: O‘zbekiston – vatanim manim (A.Orip.). Tovush tushishiga uchragan varianti -ing: mening, sening. Qisqargan shakli -n: ko‘zin oqu qorasi, yer kurrasin boshin tang‘idik. O‘g‘uz lahjasidagi varianti -ing: Intizorman yoriming diydoriga.

Gapda qaratqich kelishigi shaklidagi so‘z qaratqich-aniqlovchi vazifasida keladi: Dunyoning tashvishlari ko‘p.

Ism bilan ismning aloqasini ko‘rsatadi: maktabning hovlisi, Qarshining havosi.

Tushum kelishigi.Maxsus shakli ni. Tovush tushishiga uchragan varianti -i: meni, seni. Qisqargan shakli -n: Tog‘ lolasin zavq bilan terdimOlmazorlar gulin to‘kadi, meva bog‘lab shoxin bukadi (H.Olim.).

Tushum kelishigidagi ism gapda vositasiz to‘ldiruvchi vazifasida keladi: Dunyoni qizg‘anma mendan, azizim (A.Orip.).

Ism bilan fe’lning aloqasini ko‘rsatadi: choyni ichmoq, maktabni tugatmoq.

Jo‘nalish kelishigi. Maxsus shakli ga. Tovush o‘zgarishiga uchragan varianti -ka/-qa. (k undoshi bilan tugagan so‘zlarga qo‘shilganda -ka, q undoshi bilan tugagan so‘zlarga qo‘shilganda -qa shaklida aytiladi va shunday yoziladi: eshikka, buyruqqa. Boshqa barcha holda, qanday aytilishidan qat’i nazar, -ga tarzida yoziladi: bog‘ga, cho‘g‘ga, pedagogga, bargga. O‘g‘uz lahjasidagi varianti -a: Do‘stlar, sog‘inganimni gul yuzli yora ayting. Do‘stlar, men bir guli ra’noya oshiq o‘lmisham. Bolama o‘xshaydi ovozing sening.g‘a qo‘shimchasi eskirgan va shevadagina saqlangan. na faqat o‘g‘uz lahjasiga xos: Go‘zal yorim Shohsanamning to‘yina Borsam, o‘ldirarlar, bormasam, o‘lam.

Gapda jo‘nalish kelishigi shaklidagi ism quyidagi vazifalarda keladi: 1) vositali to‘ldiruvchi: Balki senga ayon, balki noayon, Bir hayot hadisin aylayin bayon; 2) o‘rin holi: Kitobga ketyapman. 3) Payt holi: Bu kiyimlarni qishga asrab qo‘ying. 4) Sabab holi: Bilmaganiga uyaldi. 5) Maqsad holi: O‘qishga kelganmiz. 6) Kesim: Bu kitob senga (dir, edi, ekan, emish).

Ismning fe’l, ba’zan ism bilan aloqasini ko‘rsatadi: maktabga ketmoq, menga katta, o‘zingga qiyin.

O‘rinpayt kelishigi. Maxsus shakli da. Gapda o‘rin-payt kelishigi shaklidagi ism quyidagi vazifada keladi: 1) Vositali to‘ldiruvchi: Unda nima ishing bor? 2) O‘rin holi: Zo‘r karvon yo‘lida yetim bo‘tadek, Intizor ko‘zlarda halqa-halqa yosh; Kitobda tug‘ilganman; 3) payt holi: 1- avgustda uchrashamiz; 4) sabab holi: Suyaklari mehnatda qotgan; 5) ravish holi: Sukutda kutdi; 6) kesim: Hamma ayb o‘zimda (dir, edi, ekan, emish). Kuch – adolatda.

Ismning asosan fe’l bilan aloqasini ko‘rsatadi: maktabda o‘qimoq, yozda uchrashmoq.

Chiqish kelishigi. Maxsus shakli dan. Tarixiy shakli -din: Jondin seni ko‘p sevarman, ey umri aziz… (Nav.).

Gapda chiqish kelishigi shaklidagi ism quyidagi vazifalarda keladi: 1) vositali to‘ldiruvchi: Otalar boladan ranjisa biroq… (A.Orip.) Paxtadan ko‘plab sanoat mahsulotlari olinadi; 2) o‘rin holi: Xorazmdan qaytib keldik; 3) payt holi: O‘qishni 1-sentyabrdan boshlaymiz; 4) sabab holi: Bilmaganidan uyaldi. Xursandlikdan shoshib qoldi chol; 5) ravish holi: Yurakdan tabrikladi; 6) kesim: Umidimiz sizdan; 7) ega: Rastada har xil ko‘katlardan bor edi (bosh kelishik bilan ma’nodosh bo‘ladi); 8) vositasiz to‘ldiruvchi: Nondan oling (tushum kelishigi bilan ma’nodosh bo‘ladi).

Ismning fe’l, ba’zan ism bilan aloqasini ko‘rsatadi: maktabdan qaytmoq, mendan so‘ramoq, olmadan shirin.

Kelishikning belgisiz ishlatilishi. Kelishik shakllaridan to‘rttasi belgisiz ishlatilishi mumkin: 1) qaratqich: Maktab (ning) stadioni kengaytirildi; 2) tushum: Bunda bulbul kitob (ni) o‘qiydi; 3) jo‘nalish: Ertaga litsey (ga) borasanmi? 4) o‘rin-payt: yer haydasang, kuz (da) hayda.

Kelishik ma’nodoshligi.Kelishiklarda ma’nodoshlik kelishiklararo, kelishik va ko‘makchi orasida kuzatiladi.

Kelishiklararo ma’nodoshlik:

1)  ning bilan dan: mehmonning biri – mehmondan biri, do‘stimning ba’zisi – do‘stimdan ba’zisi. Qaratqichvatushumsinonim bo‘lolmaydi: Ukamning daftari birikmasini ukamni daftari tarzida qo‘llash noto‘g‘ri.

2) ni bilan ga, dan, da: gapingizni tushunmadim –gapingizga tushunmadim; nonni oling –nondan oling; shaharni kezmoq –shaharda kezmoq;

3) ga bilan dan, da. ni: kelganiga xursand – kelganidan xursand; vokzalga tushaman –vokzalda tushaman – vokzaldan tushaman; gapingizga tushunmadim – gapingizni tushunmadim;

4) da bilan ga, dan, ni: vokzalda tushaman – vokzalga tushaman – vokzaldan tushaman; bog‘ni aylanmoq – bog‘da aylanmoq;

5) dan bilan -ning, -ni, -ga, -da: topishmoqning biri – topishmoqdan biri; taassurotdan so‘zlab bermoq – taassurotni so‘zlab bermoq; bekatdan tushmoq – bekatga/da tushmoq.

Kelishik va qo‘makchi ma’nodoshligi:

1) ning bilan qarashli va tegishli: maktabning stadioni –maktabga qarashli stadion; sizning xonangiz tayyor –sizga tegishli xona tayyor;

2) ni bilan haqida, to‘g‘risida, xususida: o‘qigan romanini so‘zlab bermoqo‘qigan romani haqida so‘zlab bermoq;

3) ga bilan uchun, sababli, tufayli, vajdan, tomon, qarab: senga oldim – sen uchun oldim; shunga xafa bo‘ldi –shu sababli (tufayli) xafa bo‘ldi –shu vajdan xafa bo‘ldi;

4) da bilan bilan, orqali, yoqalab (bo‘ylab): qalamda yozmoq –qalam bilan yozmoq, telefonda gaplashmoq –telefon orqali gaplashmoq; sohilda yugurmoq – sohil bo‘ylab/yoqalab yugurmoq;

5) dan va bilan, orqali, haqida: shu yo‘ldan boriladi –shu yo‘l orqali boriladi –shu yo‘l bilan boriladi; bolaligidan so‘zladi –bolaligi haqida so‘zladi.

Uslubiy belgilari. Kelishik shaklining noto‘g‘ri qo‘llanishi uslubiy g‘alizlikni keltirib chiqaradi: Bu Salimnigina emas, mening ham kamchiligim. Bu gapda tushum kelishigi shakli noto‘g‘ri qo‘llangan. Yoki o‘rin-payt kelishigi shakli o‘rnida jo‘nalish kelishigi shaklini ishlatish ham uslubiy xato: Qarshida o‘qiyman – Qarshiga o‘qiyman kabi.

Tushum va qaratqich kelishigidan boshqa barcha kelishik shaklidagi ismlar kesim vazifasida kela oladi.

Qaratqich, tushum, jo‘nalish, o‘rin-payt kelishiklari belgisiz ishlatiladi.

Qaratqich, tushum, jo‘nalish kelishiklari qisqargan shaklda ishlatiladi.

Chiqish, jo‘nalish, o‘rin-payt kelishiklar ravish, modal so‘zlar tarkibida yaxlitlanib qoladi: birga, tezda, chindan, to‘satdan, birdaniga, yoppasiga, kunda; haqiqatdan, birinchidan.

 

Otlar, ya’ni narsa hajm jihatidan katta yoki kichik bo‘lishi mumkin: kitob-kitobcha. Hajman kichik predmetni bildiruvchi shaklga kichraytirish shakli deyiladi. U quyidagi: 1) cha: hovuzcha, uycha, kapalakcha. -cha shakli ba’zan kinoya, kamsitish kabi ko‘chma ma’nolarni ham bildiradi: tilchangiz chiqib qoptimi? Sholcha, bog‘cha(bolalar bog‘chasi), ko‘rpacha, olcha, qalamcha (otrozka), ko‘kcha (qovun navi), qizilcha (kasallik) so‘zlarida -cha shakli yaxlitlanib qolgan, so‘z ma’noli qismga ajralmaydi; 2) choq//chak: toychoq, qo‘zichoq, kelinchak, tugunchak. 3) kay: bolakay. 4) ak: yo‘lak.

Kirishso‘zlovchining bayon qilgan fikriga munosabatini bildirgan so‘z, birikma va gap.Munosabat so‘z bilan ifodalansa,kirish so‘z, so‘z birikmasi bo‘lsa,kirish birikma deb yuritiladi. Kirish so‘z va kirish birikma asosan modal so‘z bilan ifodalanib, quyidagi ma’noni bildiradi: 1) “ishonch/tasdiq”: albatta, shubhasiz, ma’lumki, haqiqatan, darhaqiqat, haqiqatan ham, so‘zsiz;2) “gumon”: ehtimol, shekilli, chamasi, balki, taxminimcha, mumkin;3) “shodlik/achinish”: Baxtimga, baxtga qarshi, attang, afsus;4) “bayon qilingan fikrning kimga qarashliligi”: menimcha, mening fikrimcha, uning aytishicha, aytishlaricha, sizningcha;5) “bayon qilingan fikrning tartibi”: birinchidan, ikkinchidan...6) “bayon qilingan fikrning oldingi fikr bilan bog‘liqligi”: demak, shunday qilib, umuman, aksincha, ba’zan, aks holda, xullas, shuningdek, ayniqsa, asosan, binobarin, xususan;7) “bo‘lishli/bo‘lishsizlik”: ha, yo‘q, mayli, to‘g‘ri.Kirish so‘z yoki birikma gapning boshida kelsa, undan keyin, gapning o‘rtasida kelsa, ikki tomoniga, gapning oxirida kelsa, undan oldin vergul qo‘yiladi: Nihoyat, ular jo‘nashdi. Ular, nazarimda, ketishdi. Hali-beri qishning keti ko‘rinmaydi, shekilli. Kirish gap so‘zlovchining o‘zi bayon qilgan fikrga qo‘shimcha mulohazasini bildiradi. Kirish gap asosiy fikrni to‘ldirish, izohlash uchun ishlatiladi. U, odatda, vergul bilan ajratiladi: Biz, sinf rahbarimiz aytdi, ertaga sayohatga boramiz.Kirish gap yoyiq bo‘lsa, tire bilan ajratiladi yoki qavs ichiga olinadi: 1. Mirzakarimboy boshqalarga maqtanmasa ham (maqtanchoqlikni yomon ko‘rar edi) ba’zi vaqt ichidan faxrlanardi. 2. Qabulxona – bu yer ilgari katta boyning mehmonxonasi bo‘lgan bo‘lsa kerak – qorong‘i edi.Kirish gapning tuzilish turi: a) bir bosh bo‘lakli: U yog‘ini so‘rasang, aytaymi, men bunga rozi emasman;b) ikki bosh bo‘lakli: Ibrohimov, Qurbon ota aytmoqchi, gullarni o‘z ilmidan bahramand qildi.

Ko‘chirish qoidasi1995- yil 24- avgustda qabul qilingan “O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari”ning 75–82- paragraflarini o‘z ichiga oluvchi ko‘chirish to‘g‘risidagi imlo qoidasi to‘plami.

Ko‘chirish qoidasiquyidagilarni o‘z ichiga oladi: 1. Ko‘p bo‘g‘inli so‘zning oldingi satrga sig‘may qolgan qismi keyingi satrga bo‘g‘inlab ko‘chiriladi: to‘q-son, si-fatli, sifat-li, pax-takor, paxta-kor kabi. Tutuq belgisi oldingi bo‘g‘inda qoldiriladi: va’-da, ma’-rifat, mash’-al, in’-omkabi. 2. So‘zning bosh yoki oxirgi bo‘g‘ini bir harfdan iborat bo‘lsa, quyidagicha ko‘chiriladi: 1) so‘z boshidagi bir harfdan iborat bo‘g‘in yolg‘iz o‘zi oldingi satrda qoldirilmaydi: a-badiy emas, aba-diy, e-shikdan emas, eshik-dan kabi; 2) so‘z oxiridagi bir harfdan iborat bo‘g‘in yolg‘iz o‘zi keyingi satrga ko‘chirilmaydi: mudofa-a emas, mudo-faa, matba-a emas, mat-baa kabi. 3. O‘zlashma so‘zning bo‘g‘ini chegarasida kelgan ikki yoki undan ortiq undosh quyidagicha ko‘chiriladi: 1) ikki undosh kelsa, ular keyingi satrga birgalikda ko‘chiriladi: dia-gramma, mono-grafiya kabi; 2) uch undosh kelsa, birinchi undosh oldingi satrda qoldirilib, qolgan ikki undosh keyingi satrga ko‘chiriladi: silin-drik kabi. 4. Bir tovushni ko‘rsatuvchi harflar birikmasi (sh, ch, ng) birgalikda ko‘chiriladi: pe-shayvon, pe-shona, mai-shat, pi-choq, bi-chiqchi, si-ngil, de-ngiz kabi. 5. Bosh harfdan yoki bo‘g‘inga teng qism va bosh harfdan iborat qisqartma, shuningdek, ko‘p xonali raqam satrdan satrga bo‘lib ko‘chirilmaydi: AQSH, BMT, O‘zMU, 16, 245, 1994, XIX kabi. 6. Harfdan iborat shartli belgi o‘zi tegishli raqamdan ajratib ko‘chirilmaydi: 5-„A” sinf, V „B” guruhi, 110 gr, 15 ga, 105 m, 25 sm, 90 mm kabi. 7. Atoqli ot tarkibiga kiradigan raqam nomi ajratilgan holda keyingi satrga ko‘chirilmaydi: „Navro‘z–92” (festival), „O‘qituvchi–91” (ko‘rik-tanlov), „Andijon–9”, „Termiz–16” (g‘o‘za navi), „Boing–767” (samolyot), „Foton–774” (televizor) kabi. 8. A.J.Jabborov, A.D.Abduvaliyev kabilarda ism va ota ismining birinchi harfiga teng qisqartma familiyadan ajratib ko‘chirilmaydi. Shuningdek, v.b. (va boshqalar), sh.k. (shu kabilar) singari harfiy qisqartma ham oldingi so‘zdan ajratib ko‘chirilmaydi.

O‘zbek tili leksikasi bir qancha manba asosida boyib, rivojlanib boradi. Uni, eng avvalo, ikki katta guruhga ajratish mumkin: 1) ichki imkoniyat; 2) tashqi imkoniyat.

Birinchisi ichki manba, ikkinchisi tashqi manba deyiladi: 1. O‘zbek tili lug‘at tarkibining birinchi yo‘l bilan boyib borish imkoniyati juda keng. Masalan: a) ilgari qo‘llanib, keyin iste’moldan chiqib ketgan so‘zdan yangi tushunchani ifodalash uchun foydalanish: vazir, hokim, viloyat, shirkat, noib, tuman kabi; b) yasovchi qo‘shimcha yordamida yangi so‘z yasash: uyali (telefon), omonatchi, pudratchi, bojxona, auditchi (auditor), dizaynchi (dizayner) va boshqa; d) shevaga xos so‘zni faollashtirish: mengzamoq (Xorazm) «o‘xshatmoq», «tenglashtirmoq», «qiyoslamoq» ma’nosida. 2. O‘zbek tili lug‘at tarkibi tashqi manba asosida ham boyib bormoqda. Dunyoda ichki imkoniyati asosidagina rivojlanadigan til yo‘q. Faqat ma’lum zarurat tufayli yangi tushunchani tilimizning ichki imkoniyati asosida ifodalab bo‘lmagandagina tashqi manbaga murojaat qilish foydali. Mahmud Koshg‘ariy, Alisher Navoiy ham shunga da’vat qilgan. Keyingi davrda tilimizga Yevropa tillaridan bir qancha so‘z yangi tushuncha bilan birgalikda kirib keldi. Masalan: monitoring, diler, skaner kabi. Buning hammasi o‘zbek tili leksik imkoniyatini kengaytirib, boyitmoqda.

«O‘zbek tilining so‘z yasalishi o‘quv lug‘ati»maxsus, o‘ziga xos lug‘at turi hisoblanadi, B.Mengliyev, B.Bahriddinova va O‘.Xoliyorovlar tomonidan yaratilib, 2007- yilda “Yangi asr avlodi” nashriyotida ko‘p nusxada chop etilgan. Lug‘at yasama so‘zning qanday va nima vositasida yuzaga kelganligini bilishga yordam beradi. Mas., amal so‘zidan beshta yangi so‘z va bu yangi so‘zdan yana beshta boshqa yangi so‘z hosil bo‘lganini ko‘rishimiz mumkin:

 

amal ®

amal-dor ® amaldor-lik

amal-iy ®

amaliy-ot

g‘ayri-amaliy

amal-la

amal-parast ® amalparast-lik

be-amal ® beamal-lik

 

Yangi so‘z hosil bo‘lishiga tayanch, asos vazifasini o‘tovchi so‘z yasovchi asos hisoblanadi. Yuqoridagi amal so‘zi o‘zidan kelib chiqqan beshta so‘z uchun yasovchi asos. O‘z navbatida bu so‘zlar keyingi yasalish uchun yasovchi asos vazifasini o‘taydi. Yasovchi asosdan yuzaga kelgan so‘z esa yasama so‘z. Amal so‘zidan hosil bo‘lgan beshta so‘z va keyingi yasalishbunga misol.

Yasama so‘zni vujudga keltiruvchi turli vosita mavjud. Ular qo‘shimcha yoki so‘z ko‘rinishida bo‘lishi mumkin. Bunday vosita lug‘atda qoraytirilgan (jirniy) shaklda berilgan.

Yasovchi asos va yasama so‘z yig‘indisi yasalish uyasini tashkil qiladi. Lug‘atda har bir so‘zdan yasalgan yasalish uyasi alohida ajratib berilgan.

O‘quv lug‘ati yana quyidagi belgilari bilan xarakterlanadi:

1) fe’l an’anaviy lug‘atlardagidek harakat nomi shaklida emas, balki buyruq (o‘zak) shaklida berilgan:

lov ® lov-illa, moyil ® moyil-lan, ayni ® ayni-makabi;

2) so‘z yasovchi qo‘shimchadan oldin kelgan lug‘aviy shakl yasovchi qo‘shimchalar ajratilib, qoraytirilmagan ko‘rinishda berilgan:

 

maqta ®

maqta-n-ar-li

maqta-n-choq

maqta-r-li

 

bela ® bela-n-chak kabi;

3) omonim so‘zlar rim raqami bilan belgilab berilgan va ma’nosi izohlab ketilgan:

bandI (mashg‘ul) ®band-lik (mashg‘ullik)

 

band II (dasta) ®

band-li

band-lik (dastalik/soplik);

 

4) lug‘atda, asosan, affiksatsiya usuli bilan yasalishlar keltirilgan;

5) tovush o‘zgarishi hodisasining asli “O‘zbek tilining so‘z tarkibi o‘quv lug‘ati”da berilgani uchun ko‘rsatilmagan:

bo‘ya ® bo‘yo-q, ot (ism) ® at-a ® ato-q ® atoq-likabi.

Lug‘atda 3257 ta tub so‘z (so‘z yasalish uyasi) berilgan, ulardan 9443 ta yasama so‘z hosil bo‘lishi ko‘rsatilgan. Demak, bu lug‘atda o‘rtacha 1 ta so‘zdan 3 ta so‘z yasalganini ko‘rish mumkin. Albatta, lug‘at o‘zbek tilidagi hamma so‘zlarni qamrab olmagan. Faqat eng faollari – maktab o‘quvchilari uchun zarur bo‘lgan so‘zlargina lug‘atda o‘z aksini topgan.

 

«O‘zbek tilining so‘zlar darajalanishi o‘quv lug‘ati»maktab o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan. Lug‘at Sh.Bobojonov va I.Islomov tomonidan tuzilib, 2007- yilda “Yangi asr avlodi” nashriyotida chop etilgan, so‘zning darajalanish qatori tuzilib, ma’nolari izohlangan. Misol:

  1. Jamol-chehra-yuz-bet-aft-turq-bashara (ijobiy bo‘yoqning kamayib, salbiy bo‘yoqning ortib borishiga ko‘ra).
  2. darcha-eshik-darvoza (atalmish hajmining oshib borishiga ko‘ra).

 Qo‘llanilishi chegaralanmagan so‘zo‘zbek tili lug‘at tarkibining asosini tashkil etadi. Qo‘llanilishi chegaralanmagan so‘zni shu tilda so‘zlashuvchi kishi, qanday shevaga, qaysi hududga, qaysi kasb yoki sohaga mansub bo‘lishidan qat’i nazar, cheklanmagan darajada ishlatadi.

Qo‘llanilishi chegaralanmagan so‘z barcha turkumda mavjud: 1) fe’l: ishlamoq, kelmoq, olmoq, ko‘rsatmoq, buyurmoq, saylamoq; 2) ot: ota, ona, non, suv, stol, eshik, tog‘, yer, shamol, radio; 3) sifat: shirin, achchiq, qizil, ko‘k, katta-kichik, xunuk, go‘zal;4) son: bir, o‘n, yuz, ming; 5)ravish: hamisha, ba’zan, ataylab, hozir, ilgari. 6) olmosh: kim, nima, qanday, nima qilib , qancha, shu, biz, hamma; 7) undov va modal: xo‘p, mayli, rahmat; 8) ko‘makchi: uchun, bilan, singari; 9) bog‘lovchi: ham, va, bilan, ammo; 10) yuklama: faqat, xuddi, hatto.

Qo‘llanilishi chegaralanmagan so‘zning aksariyati umumturkiy va o‘zbekcha. Ammo, shu bilan birga, ular orasida o‘zlashmasi ham ko‘p. Masalan: tojikcha: go‘sht, non, dard, bobo, dugona, do‘st; arabcha: avlod, bilan, inson, sinf, millat, himoya.

Davr taraqqiyoti, ijtimoiy hayotdagi o‘zgarish tilning leksikasida ancha sezilarli. Bunda to‘rt holat kuzatiladi. Birinchidan, ayrim so‘z eskirib, iste’moldan chiqib ketsa, ikkinchidan, allaqachon iste’moldan chiqib ketgan so‘z qayta «jonlanadi», «tiriladi», uchinchidan, yangi-yangi so‘z paydo bo‘ladi, to‘rtinchidan, nofaol so‘z faollashadi, iste’mol doirasi kengayadi, ma’nosida o‘zgarish yuz beradi.

Hozirgi adabiy tildagi eskirgan so‘z eski so‘z, yangi so‘zning jami yangi so‘z, na eskirgan, na yangilik bo‘yog‘iga ega bo‘lgan so‘z zamonaviy so‘z deb yuritiladi. Demak, o‘zbek tili leksikasini tarixiylik nuqtayi nazaridan uchta asosiy qatlamga bo‘lib o‘rganish mumkin: 1) zamonaviy leksika; 2) eskirgan leksika; 3) yangi leksika. Ularning qo‘llanishi davrga nisbatan farqlanadi.

Qo‘llanilish doirasi chegaralangan so‘zni uchga bo‘lib o‘rganish mumkin: a) shevaga xos so‘z; b) termin (atama); v) argo va jargon. (q. Argo, Jargon, Termin, Shevaga xos so‘z).

 

Qo‘shib yozish– 1995- yil 24- avgustda qabul qilingan “O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari”ning 38–50- paragraflarini o‘z ichiga oluvchi, so‘zlarni qo‘shib yozishhaqidagi imlo qoidasi to‘plami.

Quyidagi hollarda birliklar qo‘shib yoziladi: 1. Xona, noma, poya, bop, xush, ham, baxsh, kam, umum, rang, mijoz, sifat, talab kabi so‘z yordamida yasalgan qo‘shma ot va qo‘shma sifat: qabulxona, tabriknoma, taklifnoma, bedapoya, ommabop, xushxabar, hamsuhbat, orombaxsh, kamquvvat, bug‘doyrang, umumxalq, sovuqmijoz, devsifat, suvtalab kabi. 2. -(a)r (inkori -mas) qo‘shimchasi bilan tugaydigan qo‘shma ot va qo‘shma sifat: o‘rinbosar, otboqar, cho‘lquvar, ishyoqmas, qushqo‘nmas kabi. 3. Takror taqlid so‘zga qo‘shimcha qo‘shish bilan yasalgan ot va fe’l: pirpirak (pir-pir+ak), hayhayla (hay-hay+la), gijgijla (gij-gij+la) kabi. 4. Narsani (predmetni) boshqa biror narsaga nisbatlash (qiyoslash), o‘xshatish yo‘li bilan bildiruvchi qo‘shma ot va qo‘shma sifat: karnaygul, qo‘ziqorin, otquloq, oybolta, devqomat, sheryurak, bodomqovoq, qirg‘iyko‘z kabi. 5. Narsani uning rangi, mazasi, o‘zidagi biror narsasi va shu kabi belgisi asosida bildiruvchi qo‘shma ot: olaqarg‘a, qizilishton, achchiqtosh, mingoyoq kabi. 6. Narsaning biror maqsad, ish uchun mo‘ljallanganligini bildiruvchi qo‘shma ot: kirsovun, qiymataxta, tokqaychi, oshrayhon, ko‘zoynak molqo‘ra, nosqovoq kabi. 7. Narsani joyga nisbat berish asosida bildiruvchi qo‘shma ot: tog‘olcha, cho‘lyalpiz, suvilon, qashqargul kabi. 8. Marosim, afsona kabini bildiruvchi qo‘shma ot: kiryuvdi, kelintushdi, qoryog‘di, Urto‘qmoq, Ochildasturchon kabi. 9. Qaratuvchili birikmaning bir so‘zga aylanishi bilan yuzaga kelgan qo‘shma ot: mingboshi, so‘zboshi, olmaqoqi kabi. 10. Ikkinchi qismi turdosh ot bilan yoki obod so‘zi bilan ifodalangan joy nomi: Yangiyo‘l, To‘rtko‘l, Mirzaobod, Xalqobod kabi. Lekin ikkinchi qismi atoqli ot bo‘lgan joy nomi ajratib yoziladi: O‘rta Osiyo, Ko‘hna Urganch, O‘rta Chirchiq kabi. 11. Rus tilidan aynan o‘zlashtirilgan yoki so‘zma-so‘z tarjima qilish yo‘li bilan hosil qilingan qo‘shma so‘z: kinoteatr, radiostansiya, fotoapparat, elektrotexnika, teleko‘rsatuv, yarimavtomat, bayramoldi, suvosti kabi. 12. Qisqartmaning barcha turi va ularga qo‘shiladigan qo‘shimcha: SamDU, ToshDUning kabi. Lekin yonma-yon kelgan ikki qisqartma ajratib yoziladi: O‘zXDP MK (O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi markaziy kengashi) kabi. 13. Bir tovush ikki yoki undan ortiq tovush tarzida aytilsa, bunday holat harfni takror yozish bilan ko‘rsatiladi: yo‘o‘q, nimaa, himm, ufff kabi

Ravish–harakat-holatning belgisini bildiruvchi, o‘zgarmas mustaqil so‘z turkumi.

Ma’noviy xususiyati. Ravish harakat-holatning bajarilish tarzi, payti, o‘rni, daraja-miqdorini bildiruvchi va qanday, qachon, qayer, qancha singari so‘roqqa javob bo‘luvchi so‘z: astoydil o‘qimoq, harbiychasiga qasamyod, hamisha navqiron.

Morfologik belgisi: Ravish morfologik jihatdan o‘zgarmaydi, ya’ni lug‘aviy shaklga ega emas va aloqa-munosabat shaklini ham olmaydi. Ayrim ravish tarkibida uchraydigan egalik (kechasi), kelishik (undabunda, olg‘a, jo‘rttaga, to‘satdan, birdan) shakllari so‘z bilan yaxlitlangan, ma’noli qismga ajratilmaydi: hozirdan, tezda, ilgarilari, kechqurunlari.

Sintaktik belgisi: Ravish boshqa so‘zga bitishuv yo‘li bilan birikadi. Gapda hol (Kechasi ishlaydi) vazifasida keladi. Ba’zan aniqlovchi bo‘lib keladi: mahsichang odam.

Ravishning ma’noviy guruhlari. Ravish ma’no jihatidan quyidagi guruhga bo‘linadi:

Holat ravishi: fidoyilarcha, chalqancha(siga), chambarchas, eranqaran, yaxshilikcha, boshdanoyoq, ochiqchasiga, ohista, paydarpay, piyoda, pinhona, surunkasiga, sidirg‘asiga, tekin, to‘g‘ridanto‘g‘ri, tiriklayin, tikkamatikka, tekinga, to‘satdan, tezda, tezlikda, teskarisiga, uzunasiga, boshmabosh, butunisicha, butunligicha, vahshiyona, vijdonan, dabdurustdan, darrov, darhol, daf’atan, zo‘rg‘a, zimdan, yo‘lyo‘lakay, ko‘rko‘rona, nariberi, oldinmakeyin, yangicha, yangitdan, o‘zidano‘zi, o‘zicha, qayta, qat’iyan, qiyg‘os, arang, badastir, bekamiko‘st, bajonudil, bahuzur, bazo‘r, baloday, bamaylixotir, bamaslahat, banogoh, baravariga, baralla, basmabas, bafurja, bahamjihat, bahodirona, beayov, bevosita, bedarak, beijozat, beixtiyor, bekitiqcha, beso‘roq, betinim, betmabet, beto‘xtov, bexos/bexosdan, bilinarbilinmas, aksincha, bira to‘la, birmabir, birvarakay(iga), birga(likda), birdan(iga), birinketin, bosim (ishlamoq), qo‘qqisdan.

Darajamiqdor ravishi (harakat va holatni bajarishdagi miqdor-darajani bildiradi, umumiy so‘rog‘i qancha?): arang, batamom, baqadrihol, baholiqudrat, bag‘oyat, birnav’i, beadad, birmuncha, butunlay, bazo‘r, deyarli, jilla, jichcha, jinday, juda (ham), zarracha, zinhorbazinhor, mutlaqo, rosa, ozmiko‘pmi, ozmuncha, sal, salpal, sira, talay, tegishlicha, yetarlicha, tirnoqcha, xiyol, xiyla, o‘lguday, qittak.

O‘rin ravishi: u yerga (da, dan), bu yerga (da, dan), shu yerga (da, dan), u yoqqa (da, dan), olg‘a, o‘rtaga (da, dan), hech yoqqa (da, dan), nariberi (surmoq), ilgariga (da, dan), tashqariga (da, dan), quyiga (da, dan), chapga (da, dan), o‘ngga (da, dan).

Payt ravishi: tongla, uzzukun, umrbod, undabunda, endi, erta, ertalab, ertaindin, ertaindin, erta-yu kech, eskidan, yaqinda, o‘qtino‘qtin, qadimdan, hali, halitdan, haliberi, hozir, hamisha, hamon, hanuz, avval, ahyonahyonda, bugun, barvaqt, ba’zan, ba’zida, birpas, boya, bultur, vaqtincha, gohida, goho, dastavval, dastlab, doim/doimo, ilalabad, ilgari, indinga (da, dan), keyin, kechakunduz, kechasi, kunduzi, mangu, muqaddam, mudom, orasira, oxiri, ondasonda, so‘ng//so‘ngra,

Maqsad ravishi: atay, atayin, ataylab, azzabazza, jo‘rttaga, qasddan.

Sabab ravishi: noiloj, noilojlikdan, bekordanbekorga, chornochor.

Sifat kabi ravishni ham ma’no turiga ajratish nisbiy. Chunki ko‘chma ma’noda qo‘llangan ravish bir ma’no turidan boshqasiga o‘tib ketadi: Ishxonamiz yaqinda joylashgan –o‘rin ravishi. Yaqinda qishloqqa boraman –payt ravishi. Partalarni nariberi surdik— o‘rin ravishi. U nariberidars qildi— holat ravishi.

Ravish yasalishi. Ravish qo‘shimcha qo‘shish va so‘z qo‘shish usuli bilan yasaladi.

Qo‘shimcha qo‘shish – ravish yasalishining keng tarqalgan usuli. Bu usul bilan yasalgan ravishning asosi quyidagi turkumlarga mansub bo‘ladi:1. Ot: yaxshilikcha, domdaraksiz, do‘stona, beixtiyor. 2. Sifat: qat’iyan, mardlarcha, yaxshilab, tiriklay. 3. Son: bittalab. 4. Olmosh: butunlay, o‘zicha, yalpisicha.5. Ravish: ko‘pincha, hozircha, ko‘plab, keyincha. 6. Fe’l: erkalangansimon, uyalgannamo, to‘xtovsiz. 7. Modal: keragicha, boricha.

Qo‘shimcha qo‘shishorqali ravish yasalishi:

Qo‘shimcha

Xususiyati

Yasalma

Asos

an:

unumsiz

tasodifan, vijdonan, taxminan, fikran, xayolan, ruhan, rasman, qat’iyan, majburan

ot,sifat,

modal

bar:

unumsiz

Barvaqt

Ot

be:

 

beijozat, beixtiyor, bevosita, bedarak, bemalol, betinim, bevaqt

Ot

iga//siga:

 

surunkasiga, nomiga, qatorasiga, uzunasiga, rostakamiga, ko‘ndalangiga, tikkasiga, chinakamiga, birdaniga, qanaqasiga, yalpisiga

ot, sifat, ravish, olmosh

lab:

 

oylab, donalab, harflab, haftalab, bo‘g‘inlab, yaxshilab, bittalab, ko‘plab

ot, sifat, son, ravish

lay/layin:

unumsiz

tiriklayin, yoshlayin, butunlay

sifat, olmosh

larcha:

 

qahramonlarcha, bolalarcha, do‘stlarcha, otalarcha, vahshiylarcha, mardlarcha, yovvoyilarcha, telbalarcha

ot, sifat,

ligicha:

 

yangiligicha, xomligicha, butunligicha

sifat

namo:

 

hazilnamo; oliftanamo (gerdaymoq), uyalgannamo (yuzini chetga burmoq)

ot, sifat, sifatdosh shakl

n//in:

tarixiy yasalish

yozinqishin, oldin; ochinto‘qin; ertan, kechin.

ot, sifat, ravish

ona:

 

do‘stona, mardona, xolisona, oqilona, fidokorona, itoatkorona

ot, sifat

siz:

yasama so‘z sifat, keyin ravishga ko‘chgan

domdaraksiz, navbatsiz, to‘xtovsiz

ot, harakat nomi

simon:

 

hazilsimon, xafasimon, erkalangansimon

ot, sifat, fe’lning sifatdosh shakl

cha:

 

tirnoqcha, qishloqcha, yaxshilikcha, osonlikcha, o‘g‘rincha (n orttirilgan), o‘zbekcha, vaqtincha (in orttirilgan), o‘zgacha, boshqacha, yangicha, yashirincha, sizcha, o‘zicha, istagancha, ko‘pincha (in orttirilgan), hozircha, keyincha, keragicha, boricha

ot, sifat, olmosh, fe’lning sifatdosh shakli, ravish, modal

chasiga:

 

qishloqchasiga, dehqonchasiga, soldatchasiga, yigitchasiga, mo‘g‘ulchasiga, ochiqchasiga, harbiychasiga

ot, sifat

chang:

unumsiz

mahsichang, ko‘ylakchang

Ot

- aki

unumsiz

yodaki, zo‘raki

ot, sifat

 

So‘zga so‘z qo‘shib ravish yasash. Bu yo‘lbilan qo‘shma ravish yasaladi. Qo‘shma ravish tarkibi quyidagicha bo‘lishi mumkin:

1) u/bu/shu/o‘sha ko‘rsatish olmoshi + yer/yoq/ora/o‘rtaoti: u yerga, bu yerda, shu yerdan, o‘sha yoqdan, bu orada, shu o‘rtada.

2) shu/o‘sha ko‘rsatish olmoshi + kun/zamon/vaqt/on/asnooti: shu kuni, o‘sha zamon, shu zamon, shu zahoti, shu onda, shu asnoda.

3) har belgilash olmoshi + bosh/o‘rin kelishigidagi so‘z: har kuni, har yili, har yoqqa, har yerda, har taraf, har dam, har zamonda, har gal, har yoqdan, har lahza.

4) bir soni+bosh/o‘rin-payt kelishigidagi so‘zlar: biryo‘la, bir kuni, bir dam, bir zumda, bir nafas, bir pas, bir on, bir onda, bir boshdan, bir zamon, bir tekis, bir oz, birmuncha, bir talay, bir nav.

5) hamma olmoshi+yoq/vaqt/zamon/joy/yer: hamma yoq, hamma vaqt, hamma zamonda, hamma joy, hamma yer.

6) qay olmoshi + vaqt/choq/zamon/payt/mahal: qay vaqt, qay choq, qay zamon, qay payt, qay mahal.

7) alla olmoshi+ mahal/nechuk/payt/zamonlar: allamahal, allanechuk, allapayt, allazamonlar.

Ravishning tuzilishiga ko‘ra turlari. Ravish tuzilishiga ko‘ra sodda, qo‘shma, juft va takroriy bo‘ladi.

Sodda ravish bir asosdan tashkil topib, yasovchi qo‘shimcha olish/olmasligiga ko‘ra ikki turga bo‘linadi:

1)sodda tub: oz, erta, indin, bultur, kecha, avval; birdan, birga, qo‘qqisdan, yaqinda, bugun, tez, sekin, sal, ko‘p, kechasi;

2)  sodda yasama: tiriklayin, yangicha, mardona, qahramonlarcha, ko‘pincha, betinim.

Qo‘shma ravish birdan ortiq asosdan tashkil topadi:

1)  u/bu/shu/o‘sha + yer/yoq/ora/o‘rta: u yerga, bu yerda, shu yerdan, o‘sha yoqdan, bu orada, shu o‘rtada;

2)  shu/o‘sha+kun/zamon/vaqt/on/asno: shu zamon, shu zahoti, shu onda, shu kuni, shu asnoda, o‘sha zamon;

3)  har+bosh/o‘rin kelishigidagi so‘z: har dam, har zamonda, har gal, har yoqdan, har kuni, har yili, har yoqqa, har yerda, har lahza, .har taraf;

4)  bir+bosh/o‘rin kelishigidagiso‘z: bir pas, bir on, bir onda, bir boshdan, bir zamon, bir tekis, bir oz, birmuncha, bir talay, bir nav, biryo‘la, bir kuni, bir dam, bir zumda, bir nafas;

5)  o‘zlashma so‘z: baqadrihol, bajonudil, baholiqudrat.

Juft ravishikki ravishning juftlashuvidan yuzaga keladi. Juft ravish qismlarining mustaqil ishlatilishi yoki ishlatilmasligiga ko‘ra quyidagi guruhlarga bo‘linadi:

1)  ikki qismi ham yakka ishlatiladi: ozmiko‘pmi, erta-yu kech, kechakunduz, qishinyozin/yozinqishin, tunkun, ertaindin, uzilkesil, urasura, undabunda, astasekin, yanatag‘in, esonomon;

2)  qismidan biri yakka ishlatilmaydi: orachora, ro‘yrost, salpal, chalachulpa, eminerkin, hudabehuda, ozmoz, domdaraksiz, mo‘lko‘l, orasira;

3)  ikki qismi ham yakka holda ishlatilmaydi: ondasonda, eranqaran, o‘ldajo‘lda, azzabazza, apiltapil, imijimida.

Takroriy ravishot, sifat, son, olmosh, fe’l va ravishning takror qo‘llanishidan yuzaga keladi. Takroriy ravish tub yoki yasama asosli bo‘lishi mumkin:

1)  takroriy yasama: galmagal, birmabir, yo‘lyo‘lakay, o‘qtino‘qtin, eses, qaytaqayta;

2)  takroriy tub: astaasta, birgabirga, darajamadaraja, sekinsekin, zinhorbazinhor, teztez, to‘g‘ridanto‘g‘ri, sirasira, ahyonahyonda.

Ravish turkumi tahlili. Ravish turkumi tahlili– ravishning turi, unga xos xususiyatni aniqlashga qaratilgan morfologik tahlil. Unda quyidagilar aniqlanadi: 1. Qaysi lug‘aviy mazmuniy guruhga mansubligi. 2. Morfologik tarkibi. 3. Yasalishi. 4. Tuzilishiga ko‘ra turi. 5. Gapdagi vazifasi.

Namuna: Kunduzi hamma ishga ketadi, kechasi esa hovlida odam gavjum. Payt ravishi; morfologik tarkibi ajralmas holga kelgan; tub; sodda, hol.

 

So‘z turkumlari orasida ko‘chish hodisasi – muayyan bir turkumga mansub so‘zning boshqa turkumga xos ma’noviy va sintaktik belgiga ega bo‘lishi. O‘zbek tilida boshqa turkumga ko‘chgan yoki ko‘chishga shay turgan so‘zlar talay, bu so‘zning ayni paytda qaysi turkumga kirishini aniqlashda qiyinchilik tug‘diradi. Shuning uchun:

a) vaqtincha boshqa turkum vazifasini bajarish;

b) butunlay boshqa turkumga ko‘chish

farqlanadi.

Vaqtincha boshqa turkum vazifasini bajarish nutqiy, bunda nutqiy ko‘chma ma’no ifodalanadi. Mas., Birni ko‘rib fikr qil, birni ko‘rib shukur qil gapida son turkumiga mansub bir so‘zi vaqtincha ot turkumi vazifasida kelmoqda.

Butunlay ko‘chishda so‘z bir turkumdan boshqa turkumga butunlay o‘tib ketadi. Butunlay ko‘chish deyarli barcha mustaqil so‘zlar doirasida, hatto yordamchi so‘zlarda ham kuzatiladi:

1. Otga o‘tgan: a) sifat: yigit, qiz, o‘g‘il, qari, er, xotin, ko‘r, issiq-sovuq(issiq-sovug‘idan xabar olmoq), achchiqchuchuk, yosh- qari, yosh-u qari, quyuq-suyuq, ko‘k(osmon, nasha, dollar) ("siyoh" so‘zi ham aslida sifatdan ko‘chgan); b) fe’l: yel, shish, yuq, ich, ko‘ch, qir, chaqirdi, chorladi, ko‘rdi, keldiketdi, qo‘ydichiqdi, oldiberdi, oldisotdi; mindimindi(bolalar o‘yinining nomi), bordi-keldi, keldi-ketdi, oldi-berdi, ur-yiqit, ursur, baqirchaqir, yasantusan, supursidir, yuguryugur oldiqochdi(gap), kuydipishdi (ayol), iliguzildi (vaqt), ichakuzdi (hangomalar), supraqoqdi (farzand, ya’ni so‘nggi farzand) kabi sodda, qo‘shma, juft va takroriy fe’l; b) fe’lning harakat nomi shakli: kengash, kurash, o‘qish, yozish, o‘tmish, qilmish, qidiruv, o‘ynash, saylov, ishlov, qurshov, qatnov, qistov, tanlov, tintuv, maqtov, tergov, to‘lov, o‘quv, chanqov, qalov, qarov, to‘ntarish, o‘zgarish, qiziqish, o‘qish, o‘tirish, qarash (vzglyad), muyulish//burilish, burilish ("o‘zgarish" ma’nosida), yozuvchizuv, yurishturish, borishkelish, bosartusar, ko‘rolmaslik, kiraverish; v) fe’lning sifatdosh shakli: o‘qituvchi, bog‘lovchi, kuzatuvchi; g) son: uch, yetti, yigirma, qirq, to‘qqiz; d) taqlid: ququ (qush), dudut (engil mashina), popop (asli: poppop tikuv mashinasi), tutu (tovuq), patpat (mototsikl), shapshap (magazkushak), shaqshaq (qushning nomi).

  1. Sifatga o‘tgan:a)fe’l: daydi, qari, och, chalkash, yanglish, tutash, aralash.b) fe’lning sifatdosh shakli: kelajak, bo‘lajak; v) ot: tilla, kumush, taxta (tilla uzuk, asal bola), moshguruch, yo‘lyo‘l, rangbarang, xilmaxil.g)olmosh:manman.
  2. Olmoshga o‘tgan: a) ot: odam, kishi, inson (zerikib ketdi odam (men), hayron qolasan kishi (men), dardimni eshitadigan inson (hech kim) topilmadi);b)son: bir (bir kishi (kimdir); v) sifat: ba’zi (ba’zilar (allakimlar) unday deydi, ba’zilar bunday).

4. Ravishgao‘tgan: a) fe’lning sifatdosh shakli: charchamasdan (ishlaysan), o‘ylamasdan (gapirdi), indamasdan, bilinar-bilinmas; b) fe’lning ravishdosh shakli: osha, o‘ta, ura, qayta, qo‘yarda-qo‘ymay, ura-sura; v) ot: erta, indin, kecha, kech, kechqurun, savat-savat, navbatma-navbat.

5. Yuklamaga o‘tgan: a) son: bir;b) sifat:yakka, yolg‘iz.

6. Modalga o‘tgan: a) ot: haqiqatdan, chamasi, mazmuni; b) sifat: yaxshi, so‘zsiz, tuzuk, to‘g‘ri, tabiiy; d) olmosh: qani, qalay;

7. Bog‘lovchiga o‘tgan: a) son: bir; b) ravish:ba’zan;b) yuklama: ham;d) ko‘makchi: bilan.

8. Ko‘makchiga o‘tgan: a) ot: ost, ust, old, orqa, tomon, tag, tepa, ich, ora, qosh, lab, yoqa, og‘iz; b) fe’lning ravishdosh shakli: qarab, boshlab, ko‘ra, deya, deb, o‘xshab; d) sifat: tashqari, boshqa, bo‘lak, o‘zga; e) ravish: avval, oldin, ilgari, keyin, so‘ng.

Sanalganning ayrimi bugungi kunda boshqa turkumga butunlay o‘tib bo‘lgan bo‘lsa, ayrimi hali o‘tish bosqichida. Mas., mavjud grammatikalarda son turkumining tasnifiy belgisi sanalar ekan, predmetning sanog‘i, tartibini bildirishi, qancha, nechta, nechanchi so‘rog‘idan biriga javob bo‘lishi, ot turkumiga mansub so‘z bilan erkin aloqada bo‘lishi va gapda, asosan, sifatlovchi aniqlovchi vazifasida kelishi ta’kidlanadi. Jamlovchi son shakli bu talabga to‘la javob berolmaydi. Ayni paytda jamlovchi sonning -ov, -ala, -ovlon, -ovlab, -ovlashib shakli ajratiladi. Qayd etilgan shakldan -ovlab, -ovlashib shakli, bizningcha, jamlovchi son shakli emas, balki jamlovchi sondan yasalgan fe’lning ravishdosh shakli: ikki+ov+lash+ib.

Asosiy shakl sifatida -ov, -ala, -ovlon ko‘rsatkichlari ajratilishi mumkin. Ma’lumki, bundan -ov, -alashakli boshqa son ma’no turidan farqlanib, deyarli har doim egalik shakli bilan qo‘llanadi. -ovlon shaklli jamlovchi sonning atash ma’nosi bugungi kunda miqdor emas, balki «qanchadir miqdordagi shaxs» deb qaraladi: Oltovlon (olti kishi)ola bo‘lsa, og‘zidagin oldirar. -ov, -ovlon shakli barcha sonlar kabi ot bilan birikmaydi, gapda sifatlovchi aniqlovchi vazifasida kelmaydi, sonning so‘rog‘iga javob bo‘lmaydi, barcha son o‘zaklaridan jamlovchi son hosil qilinmaydi. U ko‘proq otga xos belgiga ega. -ala shakli esa sonlik belgisini ham o‘zida birmuncha saqlab turibdi: uchala bola ham qo‘shni qishloqdan ekan. Jamlovchi son shaklidagi ma’no taraqqiyoti quyidagicha:

-ala -ov -ovlon

Ko‘rib o‘tilganidek, bular orasida -ala shaklida sonlik belgisi birmuncha saqlangan, -ovlon shaklida otlik belgisi kuchaygan. -ov shaklida sonlik ham, otlik ham mushtarak. Demak, jamlovchi sonning -ov va -ovlon shakllari ayni paytda otga ko‘chishni «boshidan kechirmoqda».

 

So‘z yasash –yangi so‘z hosil qilish. O‘zbek tilida to‘rtta mustaqil so‘z turkumi – ot, sifat, fe’l, ravish yasalishi tan olinadi.Yasama son va olmosh tilda mavjud emas.So‘z yasalishining tarixiy va zamonaviy turi farqlanadi. Zamonaviy so‘z yasalishida yasama so‘zning o‘zakka aloqasi sezilib turadi. Mas., kitobxon so‘zi kitob so‘zi bilan, ishchi so‘zi ish so‘zi bilan, gulla so‘zi gul so‘zi bilan aloqadorligi ko‘rinib turibdi. Tarixiy yasalishda yasama so‘zning o‘zakka aloqasi sezilmaydi. Bu maxsus tekshirish natijasida aniqlanadi. Mas., qishloq, ovloq so‘zini qish, ov so‘ziga bog‘lab bo‘lmaydi. Chunki u tarixiy yasalishga oid. Qorovul, yasovul, silliq so‘zida ham shu hol kuzatiladi. Darslikda so‘z yasalishining quyidagi usuli e’tirof etiladi: a) qo‘shimcha qo‘shish usuli (affiksatsiyayoki morfologik usul); b) so‘z qo‘shish usuli (kompozitsiya yokisintaktik usul). Tilshunoslikka oid boshqa har xil manbada bundan boshqa usul borligi ham aytiladi: a) boshqa turkumga ko‘chirish usuli (konversiya); b) so‘zni yangi ma’noda qo‘llash usuli (semantikyoki leksiksemantik usul); v) tovushni o‘zgartirish usuli (fonetik usul); g) so‘zni qisqartirish usuli (abbreviatsiya). Sh.Shoabdurahmonov, M.Asqarova, A.Hojiyev va boshqalarning “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” darsligida so‘z yasashning qisqartirish (abbreviatsiya) usuli ham bor deyiladi. (Shoabdurahmonov Sh., Asqarova M., Hojiev A. va boshq. Hozirgi o‘zbek adabiy tili: pedagogika institutlari filologiya fakulteti studentlari uchun darslik. –T.: O‘qituvchi, 1980.– B. 186. Qilichev E. Hozirgi o‘zbek adabiy tili: o‘zbek filologiyasi bakalavri ixtisosligi uchun qo‘llanma. – Buxoro, 2005. –B. 136.) E.Qilichevning “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” o‘quv qo‘llanmasida esa bu usul keltirilmaydi. Demak, bu usul munozarali. So‘z yasalganda, yangi lug‘aviy ma’no vujudga kelishi lozim. Qisqartma so‘zda bunday hol kuzatilmaydi. Mazkur darslik va qo‘llanmada qayd etilgan sintaktikleksik usulda so‘z birikmasining vaqt o‘tishi bilan qo‘shma so‘zga aylanishi nazarda tutiladi: tokqaychi, qashqargul, mingboshi, jo‘xoripoya, yengiltabiat, kaltafahmkabi. Ko‘rinadiki, bunday so‘z yasalishi so‘zni so‘zga qo‘shish, ya’ni sintaktik usuldan farq qilmaydi: erksevar, belbog‘, tomorqa, boshpana, asalari, tuyaqush, oybolta, qo‘ziqorin, xushfe’l.Demak, bu ikki usulni birlashtirib, so‘zni qo‘shib so‘z yasash (kompozitsiya, sintaktik) usuli deyish mumkin. Fonetik usul deganda so‘z tarkibidagi tovushni o‘zgartirish orqali yangi so‘z yasash tushuniladi. Bunda so‘z boshqa turkumga ko‘chishi ham mumkin: ko‘r (fe’l) –ko‘z (ot), qattiq (sifat) –qatiq (ot), semir (fe’l) –semiz (sifat), oyoq (ot) –yayov (ravish), artmoq (fe’l) –archmoq (fe’l).

So‘z yasalishi tahlili. So‘z yasalishi tahliliso‘zlarning yasalish turi, usuli va xususiyatini aniqlash.Tartibi quyidagicha:1. So‘z yasash qolipi aniqlanadi. 2. Qoliphosilasiningnutqiy, lisoniylashayotganyokilisoniylashganligianiqlanadi. 3. So‘zyasovchimorfemalaraniqlanadi.

Namuna: Bilimdonlik

(fe’l) + (im) = asosdananglashilganharakatnatijasiniatash: bilim, terim, tinim, o‘rim, to‘plam; unumli lisoniy qolip, fe’ldan ot yasalmoqda; (ot) + (don) = asosdan anglashilgan narsaga egalikni bildirish: gapdon, bilimdon; kam unum lisoniy qolip, otdan sifat yasalmoqda; (sifat, ravish) + (lik) = asosdan anglashilgan belgi bilan bog‘liq holatni atash: mardlik, tezlik, xursandlik; unumli lisoniy qolip, sifatdan ot yasalmoqda; Bir o‘zakdan uch marta so‘z yasalgan.

Tinish belgisiyozmanutqni to‘g‘ri, ifodali, mantiqli bayon qilishda, uni ixchamlashtirishda, yozma nutq qismlarining o‘zaro mazmun munosabatlarini ko‘rsatuvchi muhim yozuv vositasi. Ular quyidagilar: nuqta (.), so‘roq belgisi (?), undov belgisi (!), vergul (,), nuqtali vergul (;), ikki nuqta (:), ko‘p nuqta (…), tire (–), qavs ( () ), qo‘shtirnoq (“”).

Nuqtaning ishlatilishi. Nuqta quyidagi o‘rinda qo‘yiladi:1) tinch ohang bilan aytilgan darak, buyruq va undov (his-hayajon) gapdan keyin: Oltin kuz fasli kirib keldi. Darslarni o‘z vaqtida tayyorlab yurgin. Koshki, uning kuchi yetsa.2) birinchi qismida nuqta, ko‘p nuqta, undov yoki so‘roq belgisi bo‘lgan ko‘chirma gap o‘rtasida kelgan muallif gapidan keyin:“Men hozir jo‘nayman, – dedi u. – Siz esa yarim soatlardan keyin yo‘lga chiqing”.3) qisqartirilgan ism va familiyaning birinchi harfi yoki qismidan keyin: M.Ism. (Mirzakalon Ismoiliy).4) sanash yoki ayrim fikrning qismini ifodalagan va oy, kun, yilni bir-biridan ajratish uchun qo‘llangan raqam yoki harfdan keyin: 27.09.2002 kabi.Qavsga olingan manbadan oldingi gap oxiridagi tinish belgisi o‘z o‘rnida saqlanadi va qavsdan keyin hech qanday tinish belgisi qo‘yilmaydi: Ketdi.(A.Qah.) Shuningdek, sarlavhadan keyin (darak gap bo‘lsa) nuqta qo‘yilmaydi. Lekin sarlavha birdan ortiq mustaqil sodda gapdan tuzilgan bo‘lsa, oldingilaridan keyin nuqta qo‘yilib, oxirgisidan keyin qo‘yilmaydi: Gap. Sodda gap

So‘roq belgisining ishlatilishi. So‘roq belgisi quyidagi holda ishlatiladi: 1) so‘roq gapdan keyin: Ishga tayyormisiz? 2) so‘roq gap birdan ortiq bo‘lishi mumkin. Bunda: a) so‘roq gap mustaqil bo‘lsa, har biridan so‘ng so‘roq belgisi qo‘yiladi: Qishloq qanday? Og‘aynilar yaxshi yurishibdimi?b) agar so‘roq gap mazmunan umumiy bir fikrni ifodalasa, va qo‘shma gap tarzida bo‘lsa, eng so‘nggi so‘roq gapdan keyin qo‘yiladi: – Kim kelyapti: Savrimi, Rahbarmi, yo akangning bolalarini yetaklab kelyapsanmi?3) gap darak gap, undagi birorso‘z yoki ibora noaniq bo‘lsa va gumon ifodalansa, undan keyin so‘roq belgisi qo‘yiladi: Bu ishning hammasini yarim soat (?) ichida bajarar ekanmiz.Ba’zan qo‘shma gap tarkibidagi sodda gapning oldingisi so‘roq, qolgani esa uning izohi sifatida kelishi mumkin, bunday holda ular orasiga vergul yoki tire qo‘yilishi mumkin, lekin qo‘shma gapning qismi vergul yoki tire bilan ajratilishi shart bo‘lganligi tufayli so‘roq belgisi qo‘yilmaydi: U ertaga keladimi, kelmaydimi, bu men uchun qorong‘i.

Undov belgisining ishlatilishi. Undov belgisi quyidagi holda ishlatiladi: 1)his-hayajon ifodalagan gapdan keyin: Yoshligimizda naqadar baxtiyor edik! 2) buyurish, tilak, orzu ma’nosini ifodalagan gapdan keyin: Hoziroq bularni ko‘zimdan yo‘qot! Qani endi qush kabi osmonda parvoz qilsa! 3) gap boshida kelib, kuchli his-hayajon ifodalagan undalma, undov hamda ha va yo‘q so‘zidan keyin: Yo‘q! Rustam bunday qabihlikka bormaydi hech qachon! Azizlar! Sizni mustaqillik bayrami bilan tabriklayman!Bunda undovdan oldingi so‘z mustaqil gap sifatida qaraladi.

Ko‘p nuqtaning ishlatilishi. Ko‘p nuqta quyidagi o‘rinda qo‘yiladi: 1) fikr tugallanmaganda: Agar hozir gapingizni to‘xtatmasangiz...2) so‘zlovchining o‘ylashi, mulohaza qilishini ko‘rsatadi: Bugun... bugun oldingizga o‘tsam bo‘ladimi? 3) ba’zan kimningdir savoliga javob bermay, indamay turganini ko‘rsatish uchun: Mendan rozimassiz, bilaman, kechirmaysiz...4) biror so‘z yoki gapning tushirilganini ko‘rsatish uchun: Bugun yettinchi bo‘limga kelib, ... fig‘oni oshdi.

Ko‘p nuqta, undov va so‘roq belgisining birga kelishi.Gap mazmuni mazkur tinish belgisining birga qo‘llanishini taqozo qiladi. Bunda: 1) so‘roq mazmunidan his-hayajon kuchliroq bo‘lgan gapdan keyin avval undov, keyin so‘roq belgisi birikkan holda (!?) qo‘yiladi: Go‘zallik olamni qutqarishiga kim ishonmaydi!?2) kuchli his-hayajon bilan berilgan savolni ifodalaydigan so‘roq gapdan so‘ng avval so‘roq, keyin undov belgisi birikkan holda qo‘yiladi: – A?! – Xonkeldiyeva turgan yerida surat bo‘lib qoldi. – Direktorimiz-a?! 3) kuchli his-hayajon ifodalagan va mazmunan tugallanmagan gapdan keyin avval undov, keyin ko‘p nuqta birikkan holda (!...) qo‘llanadi: – Nafisa!.. Nafisaoy!...4) mazmunan tugallanmagan so‘roq gapdan so‘ng avval so‘roq, keyin ko‘p nuqta birikkan holda (?...) ishlatiladi: – Nima dedingiz? Bularning hammasi men uchun?...

Vergulning ishlatilishi. Vergul quyidagi o‘rinda qo‘yiladi: 1)uyushiq bo‘lak orasida: 2) bog‘lovchisiz birikkan uyushiq bo‘lak orasida: 1. Andijon, Namangan, Qo‘qon, Marg‘ilon – O‘zbekning chamani, bog‘-u bo‘stoni. 3) takrorlanuvchi bog‘lovchi bilan birikkan uyushiq bo‘lak orasida: U goh kulimsiraydi, goh chuqur o‘yga toladi. 4) zidlovchi bog‘lovchi yordamida birikkan uyushiq bo‘lak orasiga: Zamiraning baland, ammo mayin ovozi bor edi.5)undalmani gapdan ajratish uchun: Ertaga, azizim, toqqa jo‘naymiz; 6)kirish so‘zni va tuzilishiga ko‘ra murakkab bo‘lmagan kirish gapni ajratish uchun: a). Xullas, ertaga shu yerda yotiladigan bo‘ldi. b) Men sizga aytsam, odamning yomoni bo‘lmaydi; 7) ha va yo‘q so‘zini gap bo‘lagidan ajratish uchun: Ha, bu gapingiz to‘rg‘i. Yo‘q, ertaga kela olmayman;8) gapning ajratilgan bo‘lagini ajratib ko‘rsatish uchun: “Biz, 22-guruhda o‘quvchi qizlar, Xayriniso ham biz bilan yonma-yon turib o‘qishini istaymiz”;9) bog‘lovchisiz bog‘langan qo‘shma gapda: Eshik ochildi, ichkariga muzday havo yopirilib kirdi;10)va, ham, hamda, yoki (yolg‘iz kelgan holida) dan boshqa bog‘lovchi bilan bog‘langan qo‘shma gapda: hamma gapirdi, lekin u bir chekkada xomush o‘tirar edi;11) ergash va bosh gapni ajratish uchun: Hamma yig‘ilsa, majlis boshlanadi;12) muallif gapini ko‘chirma gapdan ajratish uchun:Bugungi qilgan ezgu ishlarimiz, – dedi ota, – kelajak uchun mustahkam poydevor vazifasini bajaradi;

Nuqtali vergulning ishlatilishi. Nuqtali vergul quyidagi o‘rinda qo‘llanadi: 1) o‘z ichida vergul bo‘lgan va guruh-guruh qo‘llangan yoki yoyiq uyushiq bo‘lak orasida: Mehnat, ijod, odam sharafi; Dil yorug‘i, hayot quvonchi - Hammasining asli manbai Sen, Vatanim – tinchlik tayanchi. 2)         o‘z ichida verguli bo‘lgan, mazmunan ma’lum darajada mustaqillikka ega sodda gaplar orasida hamda har xil turdagi gapni o‘z ichiga olgan qo‘shma gapda: Daraxtlar, butalar shitirladi; kuzning salqin nafasi yuziga urildi; 3) qavsli harf yoki raqam bilan tartiblangan gapning oxirgisidan boshqasida: Qo‘shma gap uchga bo‘linadi: a) bog‘langan qo‘shma gap; b) bog‘lovchisiz qo‘shma gap; d) ergash gapli qo‘shma gap.

Ikki nuqtaning ishlatilishi. Ikki nuqta quyidagi holda ishlatiladi: 1) uyushiq bo‘lakdan oldin kelgan umumlashtiruvchi so‘zdan so‘ng: Yig‘ilishda tajribali ishchilar: Salim aka, Abdukarim aka va Sobirjonlar so‘zga chiqishdi; Ba’zan umumlashtiruvchi so‘z yashirinishi mumkin, lekin ikki nuqta qo‘yilaveradi: Qilinishi kerak: traktorlar ta’mirdan chiqarilsin, ishchilarga yetarli sharoit yaratilsin.2) quyidagi ma’noni ifodalagan bog‘lovchisiz qo‘shma gapda: a) bir gap ikkinchi bir gapdan anglashilgan ish-harakatning sababini ko‘rsatsa: U ichkariga shoshib kirib ketdi: telefon anchadan beri jiringlayotgan ekan;b) bir gap ikkinchi bir gapdan anglashilgan ish-harakatning natijasini ko‘rsatsa: Shamol juda zo‘raydi: daraxtlarning ancha-munchasi sinib tushdi;d)        agar biror gap boshqa bir gapning mazmunini to‘ldirsa yoki izohlasa: Vazifangiz shu: bironta odam bu xonaga kirmasligi kerak.e) ko‘chirma gapdan oldin, muallif gapidan so‘ng: U baland ovozda so‘radi: - Kim bor?

Tirening ishlatilishi. Tire quyidagi o‘rinda qo‘llanadi: 1) ot, son, olmosh va harakat nomi bilan ifodalanib, kesim bilan bog‘lamasiz birikkan ega va kesim orasida: O‘zbekistonning poytaxti – Toshkent. Ikki o‘n besh – bir o‘ttiz. Bularni amalga oshiradigan – siz. O‘qish – hayotni uqish;2) uyushiq bo‘lakdan so‘ng kelgan umumlashtiruvchi so‘zdan oldin: Akam, opam va singlim – barchasi meni kutib o‘tirishgan ekan;3) ajratilgan bo‘lak bilan izohlanmish orasida: Men – Valiyev To‘ychi, 1973- yilda Dehqonobodda tug‘ilganman;4) kirish gap bilan gap bo‘laklari orasida: Tunov kungi ovchi – uni o‘rmonda uchratib qoldim – menga qiziq bir voqeani so‘zlab berdi;5) muallif gapi bilan ko‘chirma gap orasida: Bugun kelasizmi? so‘radi qizi; 6) dialog tipidagi ko‘chirma gapda: Keldimi? – Keldi;7) kutilmagan voqea-hodisani ifodalagan gapdan oldin: Kecha sizlarnikiga borgan edim – Asqarjon kelibdi!8) zid ma’noli bog‘lovchisiz qo‘shma gap orasida: Jismimiz yo‘qolur – o‘chmas nomimiz.

Qavsning ishlatilishi. Qavs quyidagi holda ishlatiladi: 1) ifodalanayotgan fikrga yoki uning biror bo‘lagiga qo‘shimcha izoh beruvchi so‘z yoki ibora qavsga olinadi: Karimjon (sinfimizning a’lochisi) oliy o‘quv yurtiga kiribdi; Qavsdan oldingi tinish belgisi (vergul, nuqtali vergul, ikki nuqta, tire) qavsdan keyin qo‘yiladi: Chavandoz bu gapni Ertoyevga aytishni ham, aytmaslikni ham bilmay (aytsa Ertoyev xafa bo‘ladi, aytmasa bir joydan chatog‘i chiqishi mumkin), boshi qotib ... turganda... Gulchehra mojarosi chiqsa bo‘ladimi?2) kiritma gap yoki dramatik asardagi remarka qavs bilan beriladi: a) Ukam (sen uni taniysan) bu yil maktabni bitirdi. b)Aziz Kamol(xayol og‘ushida).Vatanimizga qarshi ko‘tarilgan ruhiy va iqtisodiy hujum shu kunlarda cho‘qqisiga chiqdi;3) misol yoki ko‘chirmaning manbai: Eshik qars etib yopildi. (O.Yoq.);4) kirish so‘z yoki iboraga oid tinish belgi qavsning ichiga olinadi: To‘satdan uning xayoliga akasining bundan besh-olti oy oldin... yozgan xati (o‘shandan beri undan dom-darak yo‘q!) ... tushdi.

Qo‘shtirnoqning ishlatilishi. Qo‘shtirnoq quyidagi holda ishlatiladi: 1) ko‘chirma gapni ajratib ko‘rsatish uchun: “Ertaga kelaman “, - dedi;2)ko‘chma, shartli nom yoki taxallus ma’nosidagi ayrim so‘z va so‘z birikmasi ham qo‘shtirnoqqa olinishi mumkin: “Tog‘ asali” sotadigan yigit ... dovonning naryog‘iga o‘tib ketgan.Qo‘shtirnoqqa olinishi kerak bo‘lgan so‘zda turlovchi (kelishik) qo‘shimcha mavjud bo‘lsa, bu qo‘shimcha qo‘shtirnoqdan keyin qo‘yiladi: Buni ko‘rgan Aziz o‘zi haydab kelayotgan «GAZ 69”ning yurishini tezlatib, yo‘lga chiqdi-da, “Jiguli “ tomonga burildi.

1. adi-badi aytishdi: turli mavzuda yengil-yelpi suhbatlashdi so‘z tashlashdi, janjallashdi

2. ahd qilishmoq: ayn. ahdlashmoq

3. alg‘ov – dalg‘ov ishlamoq: 1.O‘zaro yordamlashib, yerlarini ishlamoq 2.Tinchliksiz, besaranjomlik, g‘ulg‘ula, g‘alayon, to‘s-to‘polon

4. azmoyish olmoq: 1.sinash-bilish harakatida bo‘lmoq. 2.sir-sinoatini bilib olmoq.

5. azmoyishini olmoq: 1.sinash-bilish harakatida bo‘lmoq. 2.sir-sinoatini bilib olmoq.

6. barmog‘ini tishladi: 1) hech narsa qilolmay, natijaga erisholmay qoldi 2)afsuslandi

7. bel olishdi: kurash tushdi, kuch sinashdi

8. bir cho‘qishda qochiradi: juda ustun chiqdi, osonlikcha yengdi

9. boshi shishdi: o‘ylayverib gangidi

10. boshini qayoqqa urishini bilmadi: ilojini topa olmadi

11. burnini yerga ishqadi: qattiq jazoladi

12. dili yorishdi: xafachiligini tarqatib, xursand bo‘ldi

13. dimog‘i shishdi: kibrlandi, gerdaydi

14. diydor ko‘rishdi: bir-birini oradan ancha vaqt o‘tgandan keyin ko‘rdi

15. don olishdi: yaqin aloqada bo‘ldi

16. eti suyagiga yopishgan: haddan tashqari ozg‘in, haddan tashqari qotma

17. farishtasi qochmoq: fayzsiz, ko‘rimsiz bo‘lib qolmoq; qut-barakasi yo‘qolmoq.

18. go‘riga g‘isht qalamoq: go‘r

19. hayrat barmog‘ini tishlamoq: nihoyat darajada hayron bo‘lmoq; hayratda qolmoq.

20. ichi achishdi: achinib kuyindi

21. ichi pishdi: 1)ruhan bezovta bo‘ldi, dilgir bo‘ldi 2)sabri tugab, ruhan betoqat bo‘ldi

22. ish berdi: manfaatiga xizmat qildi

23. ish o‘ngidan kelmoq: ish ko‘ngildagidek bo‘lmoq, yurishmoq.

24. ishdan chiqardi: yaroqsiz holga keldi

25. ishga soldi: 1) mehnat qilishga safarbar qildi 2)o‘z maqsadi yo‘lida xizmat qildirdi 3)safarbar qildi, foydalandi 4)ishlata boshladi

26. ishga tushdi: 1)mehnat qilishni boshladi 2)ishlay boshladi

27. ishi bitdi, eshagi loydan o‘tdi: 1)maqsadi amalga oshgach, aloqa va muomalani yig‘ishtirdi 2)hozirgisi hal bo‘ldi, keyingisi bir gap bo‘lar

28. ishi tushdi: biror ish yuzasidan muomalada bo‘ldi, biror masala yuzasidan murojaat qildi

29. ishonchi komil: mutlaqo ishonadi

30. ishongan bog‘i, suyangan tog‘i: 1)suyanchig‘i, g‘amxo‘ri 2)orqa qiladigani, e’tiqod-ishonch bilan qaraydigani

31. ishqi tushdi: sevib qoldi

32. ko‘ngli yorishdi: ko‘nglidagi g‘ashlik tarqadi

33. ko‘nglini yorishtirdi: ko‘nglidagi g‘ashlikni tarqatdi

34. ko‘z urishtirdi: ko‘z qarashlari bir daqiqa duch keldi

35. ko‘zi pishidi: anchagina o‘rganib, tajribasi ortdi

36. ko‘zini pishitdi: anchagina o‘rganib, tajribasini orttirdi

37. komil ishonch bilan: mutlaqo amin bo‘lgan holda

38. labini tishladi: kutilmagan hodisaga duch kelib, nima deyishini bilmay qoldi

39. mum tishladi: mutlaqo gapirmadi, suhbatda mutlaqo qatnashmadi

40. mushugini «pisht» demaydi: hech qanday ozor etkazmaydi

41. nishabini o‘ziga og‘dirmoq: kim kimning foydani, tushumni o‘z tomoniga qaratmoq.

42. nishabini o‘ziga to‘g‘irlamoq: kim kimning foydani, tushumni o‘z tomoniga qaratmoq.

43. o‘pkasi shishmoq: q. shishmoq.

44. o‘zini qayerga qo‘yishni bilmaydi: 1)kuchli hayajonlangan holda toqatsizlandi 2)bekorchilikdan zerikib toqatsizlandi 3)sevichdan kuchli hayajonlandi

45. o‘zini qayoqqa urishini bilmaydi: kuchli hayajonlangan holda toqatsizlandi

46. og‘iz-burun o‘pishdi: apoq-chapoq bo‘lib ketdi

47. qamishdan bel bog‘lamoq: sidqidil bilan, astoydil.

48. shishib ketgan: kibrlandi, gerdaydi

49. shishib ketgan: gerdayib ketdi, kibrga berildi

50. tashvish chekdi: 1)tashvish qildi 2)xavotir bo‘ldi

51. tashvish tortdi: 1)tashvish qildi 2)xavotir bo‘ldi

52. tashvishga soldi: tashvish qilishiga sabab bo‘ldi

53. tashvishga tushdi: o‘z-o‘zicha tashvish qildi

54. tashvishini qilmoq: biror narsa taraddudida, harakatida bo‘lmoq, o‘ylamoq.

55. terisi suyagiga yopishgan: haddan tashqari ozg‘in, haddan tashqari qotma

56. tilini tishladi: o‘zini gapirmaslikka majbur qildi

57. tirsakni tishlab bo‘lmas: Ko‘rinib turgan, ammo qo‘lga kiritib bo‘lmaydigan narsa yoki amalga oshmaydigan orzu

58. tishi o‘tmaydi: 1)biror qattiqroq narsani maydalashga, chaynashga tishining qurbi etmaydi 2)enga olmaydi, o‘zlashtira olmaydi 3) idrok qilib yeta olmaydi, uqib yeta olmaydi

59. tishida tishlab: Nihoyatda ehtiyotlab

60. tishini tishiga qo‘ydi: butun his-tuyg‘usini iroda kuchi bilan yengib chidadi

61. tishining kavagida saqlamoq: lekin bir iloj qilib tishimda saqlayman uni.

62. tishining oqini ko‘rsatdi: tirjayib, ishshayib qaradi

63. tish-tirnog‘i bilan: Qat’iyat bilan, butun imkon bilan

64. tish-tirnog‘igacha qurollanmoq: man bir parcha boshpanamga tish-tirnog‘im bilan yopishganimdan hafsalasi pir bo‘layozgandi.

65. yer tishlatmoq: o‘ldirdi

66. yeru ko‘kka ishonmaydi: o‘ta darajada ardoqlaydi, parvona bo‘ladi

67. yetti yashardan yetmish yashargacha: katta-kichik, hamma

68. yuragi (yoki qalbi) uvishmoq: Noxush narsadan o‘zini yomon his qilmoq.

69. yuragi yorishmoq: ko‘nglidagi g‘ashlik tarqadi

70. zuvalasi pishiq: a’zoyi badani chiniqqan

1. Apil-tapil – naridan-beri – shosha-pisha
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(belgini kuchli ifodalashiga ko‘ra)

2. Aqlli – dono – donishmand – mutafakkir
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(ifoda bo‘yog‘ining oshib borishiga ko‘ra)

3. Aytishmoq – koyishmoq – janjallashmoq – yoqalashmoq – do‘pposlashmoq – yoqa vayron bo‘lishmoq – qoniga belanishmoq
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(ifoda bo‘yog‘ining kuchiga ko‘ra)

4. Bahor – yoz – kuz – qish
Ma’nosiga ko‘ra
(fasllar ketma-ket almashishiga ko‘ra)

5. Boyaqish – bechora – sho‘rlik – notavon – ojiz – aftoda
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(achinish belgisining kuchliligiga ko‘ra )

6. Dangasa – yalqov – ishyoqmas – tanbal – soyaparvar
Bo‘yog‘iga ko‘ra
( belgining bo‘yoqdorligiga ko‘ra)

7. G‘am – tashvish – qayg‘u – kulfat – musibat
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(belgini kuchli ifodalashiga ko‘ra)

8. Gulobi – pushti – qizg‘ish – qizil – ol – qirmizi
Ma’nosiga ko‘ra
(rang darajasining ortib borishiga ko‘ra)

9. Ishchan – harakatchan – g‘ayratli – tirishqoq
Bo‘yog‘iga ko‘ra
( belgini kuchli darajada ifodalashiga ko‘ra)

10. Jilmaymoq – kulimsiramoq – iljaymoq – irjaymoq – tirjaymoq – ishshaymoq – irshaymoq
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(kulish harakatidagi salbiylik belgisining kuchliligiga ko‘ra)

11. Jonlanish – rivojlanish – uyg‘onish
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(tushuncha belgisini keng ifodalashiga ko‘ra)

12. Kelishgan – xushbichim – xushqomat – bejirim – ketvorgan – lobar – tamtam
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(ijobiylik belgisining bo‘yoqdorligiga ko‘ra)

13. Naridan-beri – apil-tapil – shosha-pisha
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(qo‘llanish doirasining oz-ko‘pligiga ko‘ra)

14. Nola – nolish – oh – fig‘on – faryod – zor – dod – afg‘on
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(bo‘yoqdorligining oshib borishiga ko‘ra)

15. Nomusli – hayoli – oriyatli – andishali – iboli
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(bo‘yoqdorlik belgisining ortib borishiga ko‘ra)

16. O‘tmish – kechmish – moziy
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(bo‘yoqdorlik belgisining kam-ko‘pligiga ko‘ra)

17. Oila – mahalla – ovul – qishloq – shahar – tuman – viloyat – respublika
Ma’nosiga ko‘ra
(hududiy qamrovining tor-kengligiga ko‘ra)

18. Oqish – oq – oppoq
Ma’nosiga ko‘ra
(rang darajasining oshib borishiga ko‘ra)

19. Qarama-qarshilik – zidlik – nizo – kelishmovchilik – ixtilof – nifoq
Bo‘yog‘iga ko‘ra
( belgini kuchli-kuchsiz darajada ifodalashiga ko‘ra)

20. Qarindosh – urug‘ – avlod – tug‘ishgan – jigar – jigarband – jigargo‘sha – xesh
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(qo‘llanish doirasining keng-torligiga ko‘ra)

21. Qizg‘ish – qizil – qip-qizil
Ma’nosiga ko‘ra
(rang miqdorining oshib borishiga ko‘ra)

22. Sahar – tong – choshgoh – tush – kun oqish – kun botishi – kech – shom – tun
Ma’nosiga ko‘ra
(sutka qismlarining ketma-ketligiga ko‘ra)

23. Sarg‘ish – sariq – sap – sariq
Ma’nosiga ko‘ra
(rang miqdorining oz-ko‘pligiga ko‘ra)

24. Sevgi – muhabbat – ishq
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(bo‘yoqdorligiga ko‘ra)

25. Taqdir – qismat – yozmish – peshana – nasib(a) – ko‘rgilik
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(belgini kuchli-kuchsiz ifodalashiga ko‘ra)

26. Tortishuv – janjal – g‘alayon – qo‘zg‘olon – urush
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(tushuncha belgisini tor-keng ifodalashiga ko‘ra)

27. Urinmoq – harakat qilmoq – intilmoq – tirishmoq – unnamoq
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(belgini kuchli-kuchsiz ifodalashiga ko‘ra)

28. Yanglishmoq – adashmoq – xato qilmoq – gunoh qilmoq
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(belgini kuchli-kuchsiz ifodalashiga ko‘ra)

29. Yig‘ilish – majlis – qurultoy – konferentsiya
Ma’nosiga ko‘ra
(miqyos kengligiga ko‘ra)

Milliy bo‘yoqdor so‘z: mavjud emas.