Lug‘atlar

So‘z tarkibi: {imlo}
So‘z bo‘g‘inlari: im-lo
Izoh(lar)i:
imlo ot

1. 1. Yozuv. Eski imlo. Yangi imlo. Lotin alifbosi asosidagi imlo. Ganga chechan, eski imloda har qanday xat ishlarini boshqaradigan bu kishini odamlar ancha hurmat bilan mulla Alimqul deb atashardi. P. Tursun, O‘qituvchi

2. 2. To‘g‘ri yozuv. Imlo qoidalari.

3. 3. Yozuvga, to‘g‘ri yozuvga oid; imloviy. Imlo xatolari. Redaksiyaga material yo‘llashdan oldin, juda bo‘lmasa, imlo xatosiz yozishni o‘rganib oling. F. Musajonov, Himmat.

Antonim(lar)i: mavjud emas.
Sinonim(lar)i: mavjud emas.
Omonimlari: mavjud emas.
Paronimi: mavjud emas.

Asos va qo‘shimcha imlosi1995- yil 24- avgustda qabul qilingan “O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari”ning 33–37- paragraflarini o‘z ichiga oluvchi imlo qoidasi to‘plami.

Lotin alifbosiga asoslangan o‘zbek alifbosida asos va qo‘shimcha imlosida quyidagilar ahamiyatli. 1. Qo‘shimcha qo‘shilishi bilan so‘z oxiridagi unli o‘zgaradi: 1) a unlisi bilan tugagan fe’lga -v, -q, -qi qo‘shimchasi qo‘shilganda a unlisi o aytiladi va shunday yoziladi: sayla – saylov, sina – sinov, aya – ayovsiz; so‘ra – so‘roq, bo‘ya – bo‘yoq; o‘yna – o‘ynoqi, sayra – sayroqi kabi; 2) i unlisi bilan tugagan ko‘pchilik fe’lga -v, -q qo‘shimchasi qo‘shilganda bu unli u aytiladi va shunday yoziladi: o‘qi – o‘quvchi, qazi – qazuvchi, sovi – sovuq kabi. Lekin i unlisi bilan tugagan ayrim fe’lga -q qo‘shimchasi qo‘shilganda bu unli i aytiladi va shunday yoziladi: og‘ri – og‘riq, qavi – qaviq kabi. ( Biroq: 1) undosh bilan tugagan barcha fe’llarga -uv qo‘shiladi: ol – oluv, yoz – yozuv kabi; 2) undosh bilan tugab, tarkibida u unlisi bor fe’lga -uq qo‘shiladi: uz – uzuq, yut – yutuq kabi. Lekin uyushiq, burushiq, uchuriq (shuningdek, bulduriq) kabi so‘zning uchinchi bo‘g‘inida i aytiladi va shunday yoziladi.) 3) k, q undoshi bilan tugagan ko‘p bo‘g‘inli so‘zga, shuningdek, bek, yo‘q kabi ayrim bir bo‘g‘inli so‘zga egalik qo‘shimchasi qo‘shilganda kundoshi g undoshiga, q undoshi g‘ undoshiga aylanadi va shunday yoziladi: tilak – tilaging, yurak – yuragim, kubok – kubogi, bek – begi; tayoq – tayog‘i, qoshiq – qoshig‘i, yaxshiroq – yaxshirog‘i, yo‘q – yo‘g‘i kabi. Lekin ko‘p bo‘g‘inli o‘zlashma so‘zga, bir bo‘g‘inli ko‘pchilik so‘zga egalik qo‘shimchasi qo‘shilganda k, q tovushi aslicha aytiladi va yoziladi: ishtirok – ishtiroki, ocherk – ocherki, erk – erki, huquq – huquqim, ravnaq – ravnaqi, yuq – yuqi kabi. 4) quyidagi qo‘shimcha qo‘shilishi bilan so‘zning tarkibida tovush tushadi yoki ortadi: a) o‘rin, qorin, burun, o‘g‘il, bo‘yin, ko‘ngil kabi ba’zi so‘zga egalik qo‘shimchasi qo‘shilganda, qayir, ayir kabi fe’lga nisbat shaklini yasovchi -il qo‘shimchasi qo‘shilganda, ikki, olti, yetti so‘zlariga -ov, -ala qo‘shimchasi qo‘shilganda ikkinchi bo‘g‘indagi unli aytilmaydi va yozilmaydi: o‘rin – o‘rnim, qorin – qorni, burun – burning, o‘g‘il – o‘g‘ling, ko‘ngil – ko‘ngli, yarim – yarmi; qayir – qayril, ulug‘ – ulg‘ay, sariq – sarg‘ay, ikki – ikkov, ikki – ikkala, yetti – yettov kabi; b) u, bu, shu, o‘sha olmoshiga -da, -dan, -day, -dagi, -da, -gacha, -cha qo‘shimchasi qo‘shilganda n tovushi qo‘shib aytiladi va shunday yoziladi: unda, bunday, shunda, o‘shancha kabi; bu olmoshlarga egalik qo‘shimchalari quyidagicha qo‘shiladi: buningiz, o‘shanisi kabi; b) o, o‘, u, e unlisi bilan tugaydigan so‘zga egalik qo‘shimchasi quyidagicha qo‘shiladi: 1) ko‘pchilik so‘zga egalik qo‘shimchasi -m, -ng, -si; -miz, -ngiz, -si(yoki-lari) shaklida tovush orttirmay qo‘shiladi: bobom, bobong, bobosi; bobomiz, bobongiz, bobosi (yoki bobolari); orzum, orzung, orzusi; orzumiz, orzungiz, orzusikabi; 2) parvo, obro‘, mavqe, mavzu, avzo so‘zlariga I, II shaxs egalik qo‘shimchasi qo‘shilganda bir y tovushi qo‘shib aytiladi va shunday yoziladi: parvoyim, parvoying; parvoyimiz, parvoyingiz; obro‘yim, obro‘ying; obro‘yimiz, obro‘yingiz kabi; 3) II shaxs egalik qo‘shimchasi parvo, avzo, obro‘, mavqe so‘ziga -yi shaklida, xudo, mavzu so‘ziga esa -si shaklida qo‘shiladi: avzoyi, mavzusi kabi (dohiy kabi y undoshi bilan tugagan so‘zga ham III shaxsda -si qo‘shiladi: dohiysi kabi); d) men, sen olmoshiga -ni, -ning, -niki qo‘shimchasi qo‘shilganda qo‘shimchadagi n tovushi aytilmaydi va yozilmaydi: meni, mening, meniki; seni, sening, seniki kabi; 5) quyidagi qo‘shimchaning birinchi tovushi ikki xil aytilsa ham, bir xil yoziladi: a) -bon, -boz qo‘shimchasi ba’zan -von, -voz aytilsa ham, hamma vaqt-bon, -boz yoziladi: darvozabon, masxaraboz kabi. Lekin -vachcha qo‘shimchasi hamma vaqt shunday aytiladi va yoziladi: amakivachcha, xolavachcha kabi; b) o‘rin va chiqish kelishigi qo‘shimchasining, o‘tgan zamon yasovchisi va III shaxs ko‘rsatkichi -di qo‘shimchasining boshidagi undosh ba’zan t aytilsa ham, hamma vaqt d yoziladi: ishda, misdan, ketdi, kelmabdi kabi; 6) quyidagi qo‘shimchaning bosh tovushi ikki yoki uch xil aytiladi va shunday yoziladi: a) taqlid so‘zdan fe’l yasovchi -illa (chirilla, taqilla) qo‘shimchasi so‘z tarkibida v yoki u tovushi bo‘lganda -ulla aytiladi va shunday yoziladi: shovulla, lovulla, gurulla kabi; b) nisbat shaklini yasovchi -dir qo‘shimchasi jarangli undosh bilan tugagan bir bo‘g‘inli so‘zga (kel so‘zidan boshqa), shuningdek, z undoshi bilan tugagan orttirma nisbat yasovchisidan keyin qo‘shiladi: quvdir, egdir, kuldir, yondir; o‘tkazdir, tomizdir kabi. Qolgan barcha holda bu qo‘shimcha -tir aytiladi va shunday yoziladi: tiktir, kestir, uyaltir, chaqirtir kabi; d) jo‘nalish kelishigi qo‘shimchasi -ga, chegara bildiruvchi -gacha, ravishdosh shaklini yasovchi -gach, -guncha, -gani, -gudek, sifatdosh shaklini yasovchi -gan, buyruq maylining II shaxs ko‘rsatkichi -gin, shuningdek, -gina qo‘shimchasi uch xil aytiladi va shunday yoziladi; e) k undoshi bilan tugagan so‘zga qo‘shilganda bu qo‘shimchaning bosh tovushi k aytiladi va shunday yoziladi: tokka, yo‘lakkacha, ko‘nikkach, zerikkuncha, to‘kkani, kechikkudek, bukkan, ekkin, kichikkina kabi; f) q undoshi bilan tugagan so‘zga qo‘shilganda bu qo‘shimchaning bosh tovushi q aytiladi va shunday yoziladi: chopiqqa, qishloqqacha, yoqqach, chiqquncha, chiniqqani, qo‘rqqudek, achchiqqina kabi; j) qolgan barcha holda, so‘z qanday tovush bilan tugashidan va bu qo‘shimchaning bosh tovushi k yoki q aytilishidan qat’iy nazar, g yoziladi: bargga, pedagogga, bug‘ga, sog‘ga, og‘gan, sig‘guncha kabi.

Bosh harf imlosi1995- yil 24- avgustda qabul qilingan “O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari”ning 66–74- paragraflarini o‘z ichiga oluvchi bosh harf bilan yozish haqidagi imlo qoidasi to‘plami.

Bosh harflar quyidagi hollarda ishlatiladi:1) kishining ismi, ota ismi, familiyasi, taxallusi, ramziy atoqli oti bosh harf bilan boshlanadi: Dilbar, O‘rinova, Muhabbat Majidovna, Azamat Shuhrat o‘g‘li, Hamza Hakimzoda, Muhammadsharif So‘fizoda, Mannon Otaboy, Navoiy, Furqat; Yelpig‘ichxon, Salomjon Alikov kabi; 2) joy nomi bosh harf bilan boshlanadi: Andijon, Yangiyo‘l (shaharlar), Naymancha, Buloqboshi (qishloq), Bodomzor, Chig‘atoy (mahallalar), Zavraq (dara), Yorqoq (yaylov), Qoratog‘, Pomir (tog‘), Oqtepa, Uchtepa (tepa), Zarafshon, Sirdaryo (daryo), Yoyilma (kanal); Turkiya, Hindiston (mamlakat) kabi. Bunday atoqli ot tarkibidagi sifatlovchi ham bosh harf bilan yoziladi: Shimoliy Kavkaz, Markaziy Qizilqum kabi; 3) yulduz va sayyora, boshqa xil osmon jismining atoqli oti bosh harf bilan boshlanadi: Hulkar, Qavs, Mirrix (yulduz va sayyoralar nomi), Tinchlik dengizi (Oydagi relyef nomi) kabi. Yer, quyosh, oy turdosh otlari sayyora nomi bo‘lib kelgandagina bosh harf bilan yoziladi: Yer Quyosh atrofida, Oy Yer atrofida aylanadi;4) madaniy-maishiy va savdo korxonasiga, adabiyot va san’at asariga, sanoat va oziq-ovqat mahsulotiga, shuningdek, transport vositasi, sport inshootiga qo‘yilgan nom bosh harf bilan boshlanadi: “Tong” (mehmonxona), “Saodat” (firma), “Navro‘z” (xayriya jamg‘armasi), „Kamalak» (matbaa birlashmasi), “G‘uncha” (bog‘cha), “Botanika” (sanatoriy), “Paxtakor” (stadion), “Qutlug‘ qon” (roman), “Dilorom” (opera), “Tanovar” (kuy), “Ozodlik” (haykal), “Jasorat” (yodgorlik), “Sino” (sovutgich) kabi; 5) muhim tarixiy sana va bayram nomi tarkibidagi birinchi so‘z bosh harf bilan boshlanadi: Mustaqillik kuni, Xotira kuni, Ramazon hayiti, Navro‘z bayramikabi; 6) davlat, davlat oliy tashkiloti va mansabining, xalqaro tashkilot nomidagi har bir so‘z bosh harf bilan boshlanadi: O‘zbekiston Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Misr Arab Respublikasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudining Raisi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon Tinchlik Kengashikabi. Boshqa tarkibli nomda oliy mansabni bildiruvchi birinchi so‘zgina bosh harf bilan boshlanadi: Bosh vazirning o‘rinbosari, Mudofaa vaziri, Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi kabi. Vazirlik va idora, korxona va tashkilot nomi tarkibidagi birinchi so‘z bosh harf bilan boshlanadi: Sog‘liqni saqlash vazirligi, Fan va texnika davlat qo‘mitasi, Fanlar akademiyasi, Tilshunoslik instituti kabi; 7) davlatning oliy darajali mukofoti nomi tarkibidagi har bir so‘z bosh harf bilan boshlanadi: “O‘zbekiston Qahramoni” (unvon), “Oltin Yulduz” (medal). Boshqa mukofot, faxriy unvon, nishon nomidagi birinchi so‘zgina bosh harf bilan boshlanadi: “Sog‘lom avlod uchun” (orden), “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi” (faxriy unvon), “Matbaa a’lochisi” (nishon) kabi; 8) gapning birinchi so‘zi bosh harf bilan boshlanadi: Yer tagidan Muqaddasga bir qarab oldim (O.Yoq.). (Eslatma:1) ko‘chirma gapdan keyin kelgan muallif gapining birinchi so‘zi (agar u atoqli ot bo‘lmasa) kichik harf bilan yoziladi: “Bu men”, – qo‘rqibgina javob berdi ko‘laga (O.Yoq.); 2) xatboshiga gapning sanaluvchi qismi chiqarilganda bunday qism oldidan chiziq qo‘yiladi va ular kichik harf bilan yoziladi: Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rishga tayyorlash vaqtida tegishli organ (mansabdor shaxs) quyidagi masalani:

–mazkur ishni ko‘rib chiqish uning huquq doirasiga kirish-kirmasligini;

–ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi protokol va ishga oid boshqa material to‘g‘ri tuzilgan-tuzilmaganligini ... hal qiladi;3) gapning qismlari qavsli raqam yoki qavsli harf qo‘yib sanalsa, bunday qism ham kichik harf bilan yoziladi: Hozirgi o‘zbek adabiy tilining lug‘at boyligi asosan besh manba negizida tarkib topgan: 1) umumturkiy so‘z; 2) o‘zbekcha so‘z; 3) tojik tilidan kirgan so‘z; 4) arab tilidan kirgan so‘z; 5) rus tilidan kirgan so‘z(“O‘zbek tili” darsligidan); 9) tarkibli nomning bosh harfidan iborat qisqartma, atoqli ot bo‘lmagan ba’zi birikmaning qisqartmasi bosh harf bilan yoziladi: AQSH (Amerika Qo‘shma Shtatlari), BMT (Birlashgan Millatlar Tashkiloti), AES (atom elektr stansiyasi) kabi. Qisqartma tarkibida bo‘g‘inga teng qism bo‘lsa, uning birinchi harfigina bosh harf bilan yoziladi: ToshDTU (Toshkent davlat texnika universiteti) kabi.

Imlo lug‘ati – so‘zni amaldagi imlo qoidasiga muvofiq ravishda qanday yozish kerakligini o‘rgatadi. Bunday lug‘at hammabop va amaliy tabiatga ega bo‘ladi. 1995yilda lotin imlosidagi «Imlo lug‘ati» «O‘qituvchi» nashriyotida chop etildi.

Imlo qoidalarito‘g‘ri yozish qonunqoidasi to‘plami. Buning asosini imlo to‘g‘risidagi qoida tashkil etadi. Qoidada to‘g‘ri yozishning deyarli barcha tomoni batafsil izohlanadi.

Lotin yozuviga o‘tilgandan keyin bu yozuvda ham imlo to‘g‘risidagi qoida qabul qilish ehtiyoji tug‘ildi va 1995 yil 24 avgustda tasdiqlandi. Hozirgi qoidalar tizimi 7 bo‘lim, 82 paragrafdan iborat.

 

Rivojlangan, o‘z yozuviga ega bo‘lgan adabiy tilda so‘zni bir xilda yagona tarzda yozishni yo‘lga qo‘yish uchun imlo to‘g‘risida qonun qabul qilinadi. «O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari» 1995 yil 24 avgustda qabul qilingan. U 82 paragrafdan iborat.

O‘zbek yozuvi uchun hozirgacha 2 marta imlo qoidasi tasdiqlangan. Birinchisi 1956-yil 4-aprelda kirill yozuviga asoslangan o‘zbek tilining imlo qoidasi, 72 paragrafdan iborat bo‘lgan.

Imlo to‘g‘risidagi qonunni ishlab chiqish murakkab jarayon, bir nechta tamoyilga tayaniladi. Bu orfografiya tamoyil (prinsip)i deyiladi.

Orfografiyaning 5 tamoyili mavjud: 1) fonetik yozuv; 2) morfologik yozuv; 3) shakliy yozuv; 4) tarixiyan’anaviy yozuv; 5) farqlash yozuvi.

Ibora(lar): mavjud emas.
Darajalanish qatori: mavjud emas.
Milliy bo‘yoqdor so‘z: mavjud emas.