Lug‘atlar

So‘z tarkibi: {ifoda}
So‘z bo‘g‘inlari: i-fo-da
Izoh(lar)i:
ifoda ot

1. 1. Bildiruvchi, aks ettiruvchi nutq birligi: so‘z, ibora, gap va boshqalar O‘qituvchi qisqa ifodada ko‘p fikr ayta bilish mahoratiga ega bo‘lmog‘i lozim. R. Usmonov, Odobnoma
Bu so‘z borlig‘imning, butun qalbimning Ifodasi bo‘lib quyilar tilga. Zulfiya
Ifoda siqiqligi she’rda muhim masalalardandir. Yoshlik

2. 2. Aks ettiruvchi yoki mujassamlantiruvchi belgi, holat, ramz. Qardosh mamlakatlar adabiyoti va san’ati dekadalari — xalqlar do‘stligining ifodasidir. — O‘zingiz bilasiz, — dedi Sidiqjon unga ma’yus nazar tashlab; uning bu qarashida cheksiz minnatdorchilik ifodasi bor edi. A. Qahhor, Qo‘shchi-nor chiroqlari
Chehrasiga qalqib chiqqan alamli ifodani yashirishga urinib, burilib qaradi. O‘. Hoshimov, Qalbingga quloq sol.

3. 3. Biror matematik bog‘lanishni bildiruvchi formula. Algebraik ifoda. Pifagor teoremasining matematik ifodasi. Ifodani yechmoq.

Antonim(lar)i: mavjud emas.
Sinonim(lar)i: alomat [a], belgi
Omonimlari: mavjud emas.
Paronimi: mavjud emas.

Tasviriy ifoda – predmet, voqea va hodisani o‘z nomi bilan emas, balki muhim xususiyatini tasvirlash orqali ifodalovchi birikma: oq oltin – paxta, oq oltin ijodkori – paxtakor, kumush tola – pilla, zangori kema kapitani – mexanizatorva hokazo.

Tasviriy ifoda uslubiy vosita sifatida nutqqa ko‘tarinkilik, obrazlilik baxsh etadi, jamiyat taraqqiyoti talabidan kelib chiqib, lug‘at tarkibini boyitadi. Nutq jarayonida takror va qaytariqdan qochish imkonini beradi, notiqni so‘zamollikka, tinglovchini esa falsafiy mushohada etishga undaydi. Shuningdek, tasviriy ifoda faqat jozibadorlik va obrazlilik, nutqni boyitish, uning mazmunini kuchaytirish uchungina emas, balki jamiyatning olg‘a qadam qo‘yishiga to‘sqinlik qilayotgan illatni fosh qilish, undan kulish va unga qarshi kurashga chaqirish maqsadida ham ishlatiladi. Binobarin, tasviriy ifoda predmet, voqeahodisaning o‘z nomi orqali yuzaga chiqmagan muhim xususiyatini tasvirlab, bo‘rttirib, izohlab va to‘ldirib ko‘rsatishda muhim nutqiy vosita hisoblanadi.

So‘z ma’nosining kengayishi va ko‘chgan holda qo‘llanishi tilning, ayniqsa, lug‘at tarkibining boyligini oshiruvchi omildan biri. So‘zni ko‘chma ma’noda qo‘llash – lug‘at boyligini ko‘rsatuvchi, uslub ravonligi, ifoda mazmundorligini ta’minlovchi, obrazlilik yaratishga xizmat qiluvchi muhim vosita.

Tasviriy ifoda ko‘proq ot va sifat turkumiga mansub. Ba’zan ikki predmetga bitta tasviriy ifoda (aql gimnastikasi – matematika, shaxmat) yoki bitta predmetga ikkita tasviriy ifoda qo‘llanishi (zangori ekran, oynayi jahon – televizor) mumkin.

Ibora(lar): mavjud emas.
Darajalanish qatori: mavjud emas.
Milliy bo‘yoqdor so‘z: mavjud emas.