«Kitob al-idrok li lisonal-atrok»– Abu Hayyon al-Andalusiy (1256–1345) ning asari. Bu nodir asar 1312- yilda Qohirada bitilgan, lug‘at va grammatikadan iborat. Asarning 2 qo‘lyozmasi bor. Ular Istanbulda saqlanmoqda. Mazkur qo‘lyozmalar asosida 1891- yilda Mustafo Bey va 1931- yilda Ahmad Ja’far o‘g‘li asarni chop qildi. So‘nggi davrlarda esa A.Zayonchkovskiy, K.Brokkelmann, F.Vushtenfeld, L.Bouvat, E.Fozilov, A.Kurishjonov, N.Rasulova singarilar bu asar yuzasidan maxsus tadqiqot olib bordilar.
“Kitob al-idrok li lisonal-atrok” tilida qipchoq elementlari kuchliroq. Mas., r, g tovushining y tovushiga o‘tishi holati: agin – ayin, dagma – tayma, bak – bay, agarlab – ayarlab. G tovushining y, v tovushlariga o‘tishi: bug‘doy – buvday, og‘ul – ovul. G tovushining undoshlar oldidan tushishi: igna – ina; x tovushining k ga o‘tishi: xoja – koja. So‘z boshida y tovushining orttirilishi: ilon – yilon, ip – yip. So‘z o‘rtasida t undoshidan oldin l undoshining orttirilishi: katur – kaltur kabi.
“Kitob al-idrok li lisonal-atrok” tilida o‘g‘uz elementlari ham uchrab turadi. Mas., m tovushining btovushiga o‘tishi: men – ben. T tovushining d tovushiga o‘tishi: tamir – damir, tilku – dilku.
Lug‘atda 5 ta arabcha va 13 ta forscha so‘z qayd etilgan. -niki qo‘shimchasi o‘rnida qaratqich kelishigi shakli qo‘llangan: yir sanindir (yer senikidir). Sifatlarning orttirma darajasi yavlak so‘zi orqali hosil qilingan: yavlak ko‘rkludur. Yarim ma’nosini bildiruvchison manbada bichuk, yaru so‘zlari orqali berilgan.
Asar turkiy tillar tarixini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega.