1. Yopiqurug‘li o‘simliklarning urchish uchun xizmat qiladigan, gulband, kosachabarglar, tojbarglar, changchilar va urug‘chidan iborat qismi.
Nurining hovlisidagi giloslar gullagan. Ularning oppoq, ko‘rkam gullari quyosh nurida juda nafis tovlanar.
Oybek,Tanlangan asarlar
2. Atirgul va umuman ziynat uchun ekiladigan yoki tabiiy, o‘zi o‘sadigan gulli o‘simliklar; chechaklar.
Pushti gul. Oq gul. Qo‘qon gul. Tikansiz gul bo‘lmas, mashaqqatsiz — hunar.
Maqol
3. Biror narsaga tabiatdagi gullar shaklida chizib, tikib, bosib yoki o‘yib tushirilgan bezak, naqsh; ornament.
Tez kunda albomning varaqlari fotosuratlarga va bo‘yoq qalamda chizilgan gullarga bezandi.
H. Nazir, Cho‘l havosi
4. Go‘zal.
Bermagil yovuzlarga bir daqiqa xushnudlik, Gul Vatanning mard o‘g‘li, ko‘kragingni qalqon qil.
G‘ayratiy
5. (1-sh. egalik qo‘shimchasi bilan murojaat shakli) Yor, sevikli ayol.
Maktubimga javob yozmading, dildor, gulim ham bahorim sensan,Gulbahor.
M. Alaviya.
6. (3-sh. egalik qo‘shimchasi bilan) Eng yaxshisi, sarasi; fayz kirituvchisi, qizituvchisi.
Shoh qiz, shakar qiz, qizlarning guli, Qoshlaringni ko‘rsatgil, men uning quli.
S. Ayniy, Doxunda
7. Bahorda, gullar ochilganda, marhum xotirasiga bag‘ishlab uning yiliga qadar o‘tkaziladigan marosim.
Cholning yostig‘i tagidan topilgan pul uni ko‘mib kelishgagina yetdi. Hali bu yoqda uchi, yettisi, yigirmasi, fotihaxonligi, shakligi, iftorligi, ikki hayiti, guli, qovoq oshi, qovun-uzumi, yil oshisi, oq solar va hokazolar bor.
M. Osim, Tilsiz guvoh
8. Qizilcha, qizamiq va boshqa ba’zi bir kasalliklar bilan og‘rigan vaqtda badanda paydo bo‘ladigan mayda qizil toshma.
Uning bir ko‘ziga gul tushib, ko‘rolmay qolgach, xalq uni Nazirko‘r deb atay boshlagandi.
J. Sharipov, Xorazm