Fransuz tili – hind-yevropa tillari oilasining roman guruhiga mansub til; Fransiya, Fransiya Gvianasi, Gaiti, Monako, Benin, Gabon, Gvineya, Kongo Demokratik Respublikasi, Kongo Respublikasi, Kot d’Ivuar, Mali, Markaziy Afrika Respublikasi, Niger, Senegal, Togo, Chad davlatlarining rasmiy tili; Belgiya Qirolligi, Shveytsariya Konfederatsiyasi, Kanada, Luksemburg, Andorra, Kamerun, Madagaskar, Burundi, Ruanda, Komor orollari, Federativ Islom Respublikasi, Jibuti, Vanuatu, Seyshel orollari davlatlaridagi rasmiy tillardan biri. Shuningdek, Italiya, AQS’H hududlarida ham tarqalgan. BMTning rasmiy va ishchi tillaridan. 100 milliondan ortiq aholi gaplashadi.
Fonetik xususiyati: urg‘u, asosan, so‘nggi bo‘g‘inga tushadi, urg‘u ta’sirida unlilar o‘zgarishi, unlilar o‘rtasidagi va so‘z oxiridagi undoshlarning tushib qolishi kuzatiladi.
Morfologik xususiyati: so‘zlar morfologik jihatdan o‘zgarmaslikka moyil, murakkab zamon, nisbat, qiyosiy darajaning analitik shakllari farqlanadi. Bir qancha grammatik ma’nolarning ifodalanishi sintaksis bilan bog‘lanadi. Yordamchi so‘zlar keng qo‘llanadi. Fe’lda to‘rt mayl, uch nisbat va keng tarmoqli zamon shakllari farqlanadi.