Lug‘atlar

So‘z tarkibi: {daraja}
So‘z bo‘g‘inlari: da-ra-ja,
Izoh(lar)i:
daraja [da-ra-ja ]

1. Ish-harakat, xususiyat yoki holatning me’yori, chegarasini anglatadi; ko‘pincha aniqlovchilar bilan ishlatiladi. Traktor quloqni qomatga keltiradigan darajada tarillab ishlaydi. E. Usmonov, Yolqin

2. Tadrijiy yoki nisbiy taraqqiyot, rivojlanish pog‘onasi; saviya, yuksaklik o‘lchami. Bilim darajasi. Turmush darajasi. Texnikami hozirgi zamon talablari darajasiga ko‘tarmoq. Fan va turmush

3. esk.Mansab pog‘onasi, rutba, martaba. Anvar bosh munshiylik darajasini olgandan keyin, maxdum ilgarigi siyosat ni davom ettirish va ettirmaslik to‘g‘risida ikkilanib qoldi. A. Qodiriy, Mehrobdan chayon

4. Ilm-fan sohasidagi ishlari uchun ma’lum qoidalar va talablar asosida beriladigan ilmiy unvon. Ilmiy daraja. Fan nomzodi darajasi. Fan doktori darajasi.◆Ilmiy kengash kashfiyotimni ko‘rib chiqib, yaxshi baholabdi va menga meditsina fanlari doktori darajasini berishga qaror qilibdi. X. Tuxtaboyev, Shirin qovunlar mamlakati

5. O‘z ixtisosi bo‘yicha erishilgan malaka pog‘onasi.

6. Jamiyatda, hayotda, kishilar o‘rtasida tutgan o‘rin, martaba, e’tibor. Har kim o‘z darajasiga ko‘ra har vaqt o‘tiradigan o‘rnida qaror topdi. Oybek, Navoiy

7. Sira, karra, bor, marta. O‘tirishdilar, fotihadan so‘ng yana bir daraja ahvol so‘rashildi. A. Qodiriy, Mehrobdan chayon

8. Bir oz, ozgina, andak Hoji shu javobdan keyin o‘g‘lidan bir daraja qanoatlandi. A. Qodiriy, O‘tgan kunlar

9. mat.Burchak va aylana yoyining o‘lchov birligi; to‘g‘ri burchakning 90 dan bir yoki doiraning 360 dan bir bo‘lagi; gradus.

10. fiz.Termometr, barometr va shu kabilar o‘lchov asboblari shkalasidagi chiziqlar va raqamlar bilan belgilangan bo‘limlar hamda shu bo‘limlar ifodalaydigan harorat miqdori. Suv 100 darajada qaynaydi. Bugun sovuq 20 darajaga yetgan. Kasalning isitmasi 38 darajadan oshibdi. N. Safarov, Olovli izlar

11. mat.Teng ko‘paytuvchilarning ko‘paytmasi, bir sonning o‘zini o‘ziga ko‘paytirishdan olingan natija.

12. tlsh.Belgi-xususiyatning ortiq-kamligini ifodalovchi grammatik kategoriya, shakl. Daraja kategoriyasi maqolachasida sifat darajalari bosh daraja, orttirma daraja, ozaytirma daraja, deb uchga bo‘linadi. O‘TA

Antonim(lar)i: mavjud emas.
Sinonim(lar)i: mavjud emas.
Omonimlari: mavjud emas.
Paronimi: mavjud emas.
Qomus: mavjud emas.
Ibora(lar): mavjud emas.
Darajalanish qatori: mavjud emas.
Milliy bo‘yoqdor so‘z: mavjud emas.