Lug‘atlar

So‘z tarkibi: {daraja}
So‘z bo‘g‘inlari: da-ra-ja
Izoh(lar)i:
daraja [da-ra-ja ]

1. Ish-harakat, xususiyat yoki holatning me’yori, chegarasini anglatadi; ko‘pincha aniqlovchilar bilan ishlatiladi. Traktor quloqni qomatga keltiradigan darajada tarillab ishlaydi. E. Usmonov, Yolqin

2. Tadrijiy yoki nisbiy taraqqiyot, rivojlanish pog‘onasi; saviya, yuksaklik o‘lchami. Bilim darajasi. Turmush darajasi. Texnikami hozirgi zamon talablari darajasiga ko‘tarmoq. Fan va turmush

3. esk.Mansab pog‘onasi, rutba, martaba. Anvar bosh munshiylik darajasini olgandan keyin, maxdum ilgarigi siyosat ni davom ettirish va ettirmaslik to‘g‘risida ikkilanib qoldi. A. Qodiriy, Mehrobdan chayon

4. Ilm-fan sohasidagi ishlari uchun ma’lum qoidalar va talablar asosida beriladigan ilmiy unvon. Ilmiy daraja. Fan nomzodi darajasi. Fan doktori darajasi.◆Ilmiy kengash kashfiyotimni ko‘rib chiqib, yaxshi baholabdi va menga meditsina fanlari doktori darajasini berishga qaror qilibdi. X. Tuxtaboyev, Shirin qovunlar mamlakati

5. O‘z ixtisosi bo‘yicha erishilgan malaka pog‘onasi.

6. Jamiyatda, hayotda, kishilar o‘rtasida tutgan o‘rin, martaba, e’tibor. Har kim o‘z darajasiga ko‘ra har vaqt o‘tiradigan o‘rnida qaror topdi. Oybek, Navoiy

7. Sira, karra, bor, marta. O‘tirishdilar, fotihadan so‘ng yana bir daraja ahvol so‘rashildi. A. Qodiriy, Mehrobdan chayon

8. Bir oz, ozgina, andak Hoji shu javobdan keyin o‘g‘lidan bir daraja qanoatlandi. A. Qodiriy, O‘tgan kunlar

9. mat.Burchak va aylana yoyining o‘lchov birligi; to‘g‘ri burchakning 90 dan bir yoki doiraning 360 dan bir bo‘lagi; gradus.

10. fiz.Termometr, barometr va shu kabilar o‘lchov asboblari shkalasidagi chiziqlar va raqamlar bilan belgilangan bo‘limlar hamda shu bo‘limlar ifodalaydigan harorat miqdori. Suv 100 darajada qaynaydi. Bugun sovuq 20 darajaga yetgan. Kasalning isitmasi 38 darajadan oshibdi. N. Safarov, Olovli izlar

11. mat.Teng ko‘paytuvchilarning ko‘paytmasi, bir sonning o‘zini o‘ziga ko‘paytirishdan olingan natija.

12. tlsh.Belgi-xususiyatning ortiq-kamligini ifodalovchi grammatik kategoriya, shakl. Daraja kategoriyasi maqolachasida sifat darajalari bosh daraja, orttirma daraja, ozaytirma daraja, deb uchga bo‘linadi. O‘TA

Antonim(lar)i: mavjud emas.
Sinonim(lar)i: mavjud emas.
Omonimlari: mavjud emas.
Paronimi: mavjud emas.

Daraja shakli belgining bir-biriga qiyosiy munosabatini ko‘rsatuvchi shakl. Belgi bildiradigan so‘zlarda ba’zan belgi darajalab ko‘rsatiladi: katta, kattaroq, juda katta. Belgini darajalab ko‘rsatuvchi maxsus morfologik, leksik vositalar mavjud, ular daraja kategoriyasi ostida birlashadi. Belgi bildiradigan so‘zlarga, asosan sifat (shirin, shirinroq, juda shirin) va ravish (sekin, sekinroq, nihoyatda sekin), qisman sifatdosh (eskirgan, biroz eskirgan, juda eskirgan) va ravishdosh (kulib, kulibroq, rosa kulib) xos. Darajaning to‘rt shakli ajratiladi.

  1. Oddiy daraja – belgining me’yorda ekanligini bildiradi: qizil, shirin, nordon.
  2. Orttirma daraja – belgining me’yordan ortiq ekanini bildiradi. Quyidagi yo‘llar bilan hosil qilinadi: 1) oddiy daraja shaklidagi sifat oldidan eng, tim, jiqqa, liq, to‘q, g‘oyat, nihoyatda, juda, rosa, zap, bag‘oyat, hammadan so‘zlarini qo‘shish bilan: juda qiziq, eng katta; 2) oddiy daraja shaklidagi sifatning birinchi bo‘g‘inini ajratib (ba’zan tovush o‘zgarishi mumkin) juftlash yo‘li bilan: bus-butun, kap-katta, yam-yashil, sip-silliq, to‘ppa-to‘g‘ri, tep-tekis; 3) urg‘u berish bilan: qaaari, maayda, uzuun; 4) ayrim sifatlarni chiqish kelishigida juftlash bilan: kattadan katta, shirindan shirin, azizdan aziz.

3. Qiyosiy daraja – belgining me’yordan biroz kam ekanligini qiyosan ifodalaydi. Maxsus shakli – roq: Nomus jondan ham qimmatliroq (F.Shiller).

4. Ozaytirma daraja – belgining me’yordan kam ekanligini bildiradi. Quyidagi yo‘llar bilan hosil qilinadi: 1) oddiy daraja shaklidagi sifat oldidan sal, biroz, xiyla, picha, uncha, u qadar, birmuncha, nim so‘zlarini qo‘shish bilan; 2) -(i)sh, -(i)mtir shakllarini qo‘shish bilan: qoramtir, ko‘kish, ko‘kimtir.

Uslubiy belgilari.-(i)sh, -(i)mtir shakllari faqat rang-tus bildiruvchi sifatlarni darajalab ko‘rsatadi. Hatto rang-tus sifatlarining ham barchasiga qo‘shila olmaydi: qora, ko‘k, yashil va boshqalar.

  1. Sifat oldidan qo‘shilib, daraja hosil qilishda ishtirok etadigan sal, biroz, xiyla, picha, uncha, u qadar, birmuncha, eng, tim, jiqqa, liq, to‘q, g‘oyat, nihoyatda, juda, rosa, zap, bag‘oyat, hammadan so‘zlari doimo keyingi so‘zdan ajratib yoziladi: biroz kichik, juda uzun bundan mustasno. Fors-tojik tilidan o‘zlashgan bu so‘z keyingi so‘zga qo‘shilib yoziladi: nimpushti, nimyashil.

Ikkinchi darajali bo‘lak – gapning bosh bo‘lagiga tobe, uni to‘ldirib, aniqlab, izohlab keladigan gap bo‘laklari. Ikkinchi darajali bo‘lak 3 ta: h o l, to‘ldiruvchi, aniqlovchi.

  1. Ko‘pincha fe’l-kesimga bog‘lanib, uning belgisini bildirgan bo‘lak hol deyiladi: Minbarga notiqlar birin-ketin chiqa boshladilar. Hol ba’zan fe’ldan boshqa turkumga ham bog‘lanadi: Ko‘chada odam ko‘p.Holning ma’no turi: 1) vaziyat (ravish, tarz) holi qanday, qay holda, qay tarzda kabi so‘roqqa javob bo‘ladi va har doim fe’lga bog‘lanadi. Vaziyat holi ravish, ravishdosh, ot, sifat, olmosh, taqlid, ibora bilan ifodalanadi: 1. U diqqat bilan tingladi. 2.Ukam chiroyli yozadi. U shoshmasdan jo‘nadi. 3.Rais bilan ikkisi do‘stlarcha xayrlashdi. 4.U qorovul bo‘lib ishlaydi. 5.Daraxt barglari duv to‘kildi. 6.Buni qanday bajarasiz? 7.Boshini eggan holda kelardi.Ravishdosh bilan ifodalangan vaziyat holi o‘ziga tobe bo‘lgan bo‘lak bilan so‘z birikmasini hosil qilishi mumkin: Eshikni sekin ochib, ichkariga qaradi. Bu yoyiq vaziyat holideyiladi. 2) o‘rin holi qayerga, qayerda, qayoqqa, qayerdan kabi so‘roqqa javob bo‘ladi va ko‘pincha o‘rin ravishi, ot, olmosh bilan ifodalanadi: 1. Bolalar ko‘chaga chiqib ketishdi. 2.U orqadan qochdi. 3.Bunda bulbul kitob o‘qiydi.3) payt holi qachon, qachongacha, qachondan beri, qay vaqt kabi so‘roqqa javob bo‘ladi va ko‘pincha ot, payt ravishi, olmosh, payt ravishdoshi, sifatdosh, harakat nomi, son, sifat bilan ifodalanadi: 1.Imtihonlar yozda bo‘ladi. 2.Bugun maktabim yonidan o‘tdim. 3.Shunda men bir sapchib tushganman. 4.Nafasimni rostlagach, tikilibroq qaradim. 5.Buni o‘qiyotganimda sezib qoldim. 6.Qaytishda siznikiga kirib o‘tamiz. 7.Qo‘lim bo‘shida o‘qiyman. 8.Yig‘ilish uchda bo‘ladi. 4) miqdor holi qancha, qanchalab, nechalab, necha marta kabi so‘roqqa javob bo‘ladi va ko‘pincha miqdor-daraja ravishi, son, sifat va miqdor-daraja ma’nosini bildirgan so‘z birikmasi bilan ifodalanadi: 1.Men juda ko‘p qayg‘urdim. 2.O‘n marta eshitgandan bir marta ko‘rgan afzal. 3.Bir onda o‘z kuchining o‘lchovsiz darajada o‘sganini sezdi. 4.Siz qancha terdingiz? 5.Bular qop-qop terib qo‘yishdi. 6.Men o‘ylagan darajada qilisharmikan?5)       sabab holi nima sababdan, nima sababli, nima uchun, nimaga, nega kabi so‘roqqa javob bo‘ladi va quyidagicha ifodalanadi: a) sabab ravishi: Otasi noiloj ko‘ndi;b)         -lik, -siz+lik, -gan+lik qo‘shimchali chiqish kelishigidagi ot, sifatdoshdan keyin -dan qo‘shimchasini keltirish bilan: Salima opa quvonganidan hech gapira olmas edi;d) -gani, -ganligi qo‘shimchali so‘zdan keyin tufayli, uchun so‘zidan birini keltirish bilan: U o‘qimagani uchun bilmadi.6) maqsad holi nima maqsadda, nima uchun, nima qilgani, nima qilgali, nega so‘rog‘iga javob bo‘lib, quyidagicha ifodalanadi: a) maqsad ravishi: Men atayin gapirmadim;b) jo‘nalish kelishigidagi harakat nomi yoki harakat nomidan keyin uchunko‘makchisini keltirish bilan: U o‘qish uchun keldi;d) maqsad ravishdoshi: U o‘qigani keldi;e)       fe’ldan so‘ng uchun, deb so‘zini keltirish bilan: O‘qiyman deb keldi;f) harakat nomidan keyin maqsadida, maqsadda, maqsadi bilan so‘zini keltirish yordamida: Gulnor opa bafurja gaplashish maqsadida keldi; 7) shart holi nima qilsa (m , -ng, -k , -ngiz) so‘rog‘iga javob bo‘ladi va bir harakatning bajarilishi uchun shart bo‘lgan boshqa ish-harakatni bildiradi: Eksang, o‘rasan; 8) to‘siqsizlik holi nima qilsa ( -m, -ng, -k , -ngiz) ham/-da? so‘rog‘iga javob bo‘lib, bir ish-harakatning bajarilishi uchun to‘siq bo‘la olmaydigan ish-harakatni bildiradi va shart fe’li+ham (-da), ravishdosh/sifatdosh+bilanko‘makchisi, qaramay, qaramasdan so‘zi qatnashgan qurilma orqali ifodalanadi: Chaqirilmasa ham, qatnashdi. Kichik bo‘lgani bilan ancha og‘ir edi. Shoshganiga qaramay kutib turdi. Ayrim darslikda qurol-vosita holi ajratiladi.Bu hol nima bilan, qanday usul bilan degan so‘roqqa javob bo‘ladi: Xat qalamda (qalam bilan) yozilgan edi.

To‘ldiruvchi.Kelishik va ko‘makchi bilan shakllangan, kim? yoki nima? so‘rog‘iga (kim/nima+ni/ga/da/dan/uchun/orqali/sababliva hokazo) javob bo‘luvchi va gapda fe’l bilan ifodalanuvchi bo‘lakka boshqaruv yo‘li bilan bog‘lanadigan ikkinchi darajali bo‘lak to‘ldiruvchi deyiladi: 1.Men bu gapni ukamdan eshitdim. 2. Seni eslayman.Demak, to‘ldiruvchi: 1) predmetni (kimni, nimani, kimga, nimaga va hokazo. so‘roqni oladi) ifodalaydi; 2) kelishik va ko‘makchi bilan shakllanadi; 3) fe’l bilan ifodalangan bo‘lakka (ko‘pincha kesimga) bog‘lanadi; 4) bosh so‘zga boshqaruv yo‘li bilan bog‘lanadi: To‘ldiruvchining ikki turi bor: a)      vositali to‘ldiruvchi; b) vositasiz to‘ldiruvchi. Vositasiz to‘ldiruvchi o‘timli fe’l bilan ifodalangan bo‘lakka tobelanib, belgili yoki belgisiz tushum kelishigi qo‘shimchasi bilan shakllanadi: 1.Yosh havaskorlar ashulani zavq bilan aytdilar.2. Bo‘linganni bo‘ri yer. 3. O‘ziga birovning oz-moz til tegizishini ko‘tarmasdi. 4. O‘quvchilar hozir kitob o‘qishyapti. Vositali to‘ldiruvchi o‘timli yoki o‘timsiz fe’l bilan ifodalangan bo‘lakka tobelanib, jo‘nalish, o‘rin-payt va chiqish kelishigi shakli yoki ko‘makchi bilan shakllanadi: 1. Ravshan sen bilan boradi 2. Yaxshiga yondash, yomondan qoch. 3. Og‘zi bo‘shga ishonib bo‘lmaydi. 4. Paxta mashina bilan terildi.Jo‘nalish, o‘rin-payt va chiqish kelishigidagi so‘z doimo to‘ldiruvchi bo‘lib kelavermaydi, ular hol vazifasini ham bajaradi, bunda ham ular savolga qarab farqlanadi: U yolg‘ondan hayron bo‘ldi (qanday? – hol). U akasidan eshitdi (kimdan? – to‘ldiruvchi). U maktabga bordi (qayerga ? – hol). Menga gapirdi (kimga? – to‘ldiruvchi). Umuman olganda, to‘ldiruvchi va hol shaklan ko‘pincha o‘xshaydi. Lekin asosiy farqi shundaki, to‘ldiruvchi predmetni ifodalab, uning so‘rog‘iga javob bo‘ladi, hol esa bunday xususiyatga ega emas.

  1. Gapdagi biror bo‘lakning belgisini yoki bir narsa-buyumning boshqasiga qarashli ekanligini bildirgan bo‘lak aniqlovchi deyiladi. Aniqlovchi gapda har doim otga yoki otlashgan har qanday bo‘lakka bog‘lanadi: 1. Mayda qor yog‘yapti. 2. Qovunning og‘iri, tarvuzning yengili shirin bo‘ladi. 3. Oppoq mashina keng ko‘chada navbatdagi chorrahani kesib o‘tmoqda edi. 4. Toshkent juda chiroyli shahar. Aniqlovchi uch xil: 1)sifatlovchi-aniqlovchi;2) qaratuvchi aniqlovchi; 3) izlohlovchi. Sifatlovchi-aniqlovchi predmetning belgisini, miqdorini, tartibini bildiradi va qanday? qanaqa? qaysi? qancha? nechanchi? necha? qayerdagi? kabi so‘roqqa javob bo‘ladi. Sifatlovchi-aniqlovchi tomonidan aniqlangan bo‘lak sifatlanmish deb yuritiladi. Sifatlovchi va sifatlanmish bitishuv yo‘li bilan bog‘lanadi: Notanish kishi unga qaradi.Sifatlovchi-aniqlovchining ifodalanishi: 1) sifat, son, olmosh, sifatdosh, ravish, taqlid: 1. Biz serjun va sergo‘sht qo‘ylarni ko‘paytiryapmiz. 2. O‘ninchi yillarning sargardonligi. 3. Taqir-tuqur ovozdan uyg‘onib ketdim. 4. O‘qigan kishi o‘zar. 5. Ko‘p odamning duosi ko‘l.2) ot: Asfalt yo‘ldan mashinalar g‘iz-g‘iz o‘tib turibdi. Bunday aniqlovchilar ba’zan majoziy (ko‘chma) ma’noni ifodalashi mumkin: Kumush choyshab yopib dalalar...3)ibora: Unda og‘zining tanobi qochadigan odat bor. U qo‘y og‘zidan cho‘p olmagan bola.4)so‘z birikmasi bilan: 1.U birinchi kungi ishni yakunladi. 2.Ukamning uyidagi mollarni ham olib ketishibdi.2.Menga tegishli bo‘lakni qoldiring. 3.Ertaga bo‘ladigan majlis qoldirildi.Ba’zan sifatlovchi-aniqlovchi kengaygan ravishdoshli, sifatdoshli, harakat nomili birikma bilan ifodalanib, yoyiq holda kelishi mumkin:Misdek qizarib turgan yuzini ikki kafti orasiga olib, peshonasiga yuzini bosdi.Qaratqich-aniqlovchi. Qaratqich-aniqlovchi biror narsa tegishli, qarashli bo‘lgan shaxs yoki predmetni bildiradi va belgili hamda belgisiz qaratqich kelishigidagi so‘z bilan ifodalanadi. Qaratqich-aniqlovchi tomonidan aniqlangan bo‘lak qaralmish deyiladi. Qaratqich va qaralmish moslashuv orqali birikib, shaxs va sonda, albatta, moslashgan bo‘ladi: Odamning qo‘li gul.Qaratqich-aniqlovchining ifodalanishi:1)         ot, olmosh: Gulnor yigitning so‘zlarini diqqat bilan tingladi.2)  otlashgan so‘z: O‘nning yarmi besh.3)ibora: Og‘zi bo‘shning ichida gap yotmas.

Izohlovchi. Izohlovchi aniqlovchining alohida bir ko‘rinishi, bunda izohlovchi ot boshqa bir otni izohlaydi. Izohlovchi izohlagan ot izohlanmish bo‘ladi: General Sobir Rahimov.Izohlovchi va izohlanmish umumiy va aniq ma’noni bildiruvchi turdosh otdan iborat bo‘lsa, aniq ma’noni bildiruvchi ot izohlovchi, umumiy ma’noni bildiruvchi ot izohlanmish bo‘ladi. Yozuvda ular orasiga chiziqcha qo‘yiladi: mexanik-haydovchi. Izohlovchi unvon, kasb, laqab, qarindoshlik, jins, o‘xshatish, taxallus kabini ifodalash uchun xizmat qiladi. O‘xshatishni bildirgan izohlovchi bilan izohlanmish orasiga chiziqcha qo‘yiladi: ona –Vatan.Gazeta, jurnal, korxona, muassasa va hokazoning nomini bildirgan atoqli ot ham izohlovchining bir turi hisoblanadi: "Yoshlik" jurnali, "Turkiston" gazetasi. Bunday izohlovchi shaxs nomi bilan ifodlansa, qo‘shtirnoqga olinmay, nomli, nomidagi so‘zi bilan birga qo‘llaniladi: Oybek nomli maktab. So‘zning o‘rni almashtirilsa, izohlovchi bilan izohlanmish maqomi ham almashadi: Ayol (izohlovchi) hamshira (izohlanmish), hamshira (izohlovchi) ayol (izohlanmish).

«O‘zbek tilining so‘zlar darajalanishi o‘quv lug‘ati»maktab o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan. Lug‘at Sh.Bobojonov va I.Islomov tomonidan tuzilib, 2007- yilda “Yangi asr avlodi” nashriyotida chop etilgan, so‘zning darajalanish qatori tuzilib, ma’nolari izohlangan. Misol:

  1. Jamol-chehra-yuz-bet-aft-turq-bashara (ijobiy bo‘yoqning kamayib, salbiy bo‘yoqning ortib borishiga ko‘ra).
  2. darcha-eshik-darvoza (atalmish hajmining oshib borishiga ko‘ra).
Ibora(lar): mavjud emas.
Darajalanish qatori: mavjud emas.
Milliy bo‘yoqdor so‘z: mavjud emas.