1. 1. Qur’on suralarining va umuman eski kitob, hujjat, xat va shu kabilarning “Allohning nomi bilan“ ma’nosidagi boshlanish iborasi (bismillohi rahmonir rahiym) tarkibidagi so‘z.
[Asad qori:] Boshidan o‘qiyotibman, taqsir. — Qozi Asad qoriga jahl bilan o‘qraydi: — Bismillosi qani?
M. Ismoiliy, Farg‘ona tong otguncha
Uni shay-ton, ha-ha, zavoddagi masterovoylar bilan bismillosi yo‘q kitoblar aynitdi!
K. Yashin, Hamza
Bismillo, deb Avazxon Shivirladi G‘irotga.
Nurali
2. s. t. t. Biror ishga kirishishda, xususan ovqat yeyishni boshlashda aytiladigan so‘z.
Mirzakarimboyning xotini, harsillab-gursullab, narvonchaning har pog‘onasiga qadam qo‘yganda, bismilloni takrorlab, aravaga o‘tirdi.
Oybek, Tanlangan asarlar
Ogzidagi nosini tupurib, bismillo deganicha, shimining pochasini shimarib, ketmon bilan o‘raga tushdi.
S. Ahmad, Saylanma
3. ko‘chma s.t. .t. Biror ishning avvali, boshlanishi, muqaddimasi, debochasi.
[Mirzaraim Masturaga:] Pul hali somon, bo‘lib qoladi. Bu hali bismillosi-da.
Hamza, Yallachilar ishi
Bu gal ziyofatning bismillosi saryog‘ palovdan boshlanyapti.
Sharq yulduzi
Uni [she’rimni] ranjitmaslik uchun ushbu kitobimning bismillosini ham she’r bilan boshladim.
Shukrullo, Javohirlar sandig‘i