Kirish – so‘zlovchining bayon qilgan fikriga munosabatini bildirgan so‘z, birikma va gap.Munosabat so‘z bilan ifodalansa,kirish so‘z, so‘z birikmasi bo‘lsa,kirish birikma deb yuritiladi. Kirish so‘z va kirish birikma asosan modal so‘z bilan ifodalanib, quyidagi ma’noni bildiradi: 1) “ishonch/tasdiq”: albatta, shubhasiz, ma’lumki, haqiqatan, darhaqiqat, haqiqatan ham, so‘zsiz;2) “gumon”: ehtimol, shekilli, chamasi, balki, taxminimcha, mumkin;3) “shodlik/achinish”: Baxtimga, baxtga qarshi, attang, afsus;4) “bayon qilingan fikrning kimga qarashliligi”: menimcha, mening fikrimcha, uning aytishicha, aytishlaricha, sizningcha;5) “bayon qilingan fikrning tartibi”: birinchidan, ikkinchidan...6) “bayon qilingan fikrning oldingi fikr bilan bog‘liqligi”: demak, shunday qilib, umuman, aksincha, ba’zan, aks holda, xullas, shuningdek, ayniqsa, asosan, binobarin, xususan;7) “bo‘lishli/bo‘lishsizlik”: ha, yo‘q, mayli, to‘g‘ri.Kirish so‘z yoki birikma gapning boshida kelsa, undan keyin, gapning o‘rtasida kelsa, ikki tomoniga, gapning oxirida kelsa, undan oldin vergul qo‘yiladi: Nihoyat, ular jo‘nashdi. Ular, nazarimda, ketishdi. Hali-beri qishning keti ko‘rinmaydi, shekilli. Kirish gap so‘zlovchining o‘zi bayon qilgan fikrga qo‘shimcha mulohazasini bildiradi. Kirish gap asosiy fikrni to‘ldirish, izohlash uchun ishlatiladi. U, odatda, vergul bilan ajratiladi: Biz, sinf rahbarimiz aytdi, ertaga sayohatga boramiz.Kirish gap yoyiq bo‘lsa, tire bilan ajratiladi yoki qavs ichiga olinadi: 1. Mirzakarimboy boshqalarga maqtanmasa ham (maqtanchoqlikni yomon ko‘rar edi) ba’zi vaqt ichidan faxrlanardi. 2. Qabulxona – bu yer ilgari katta boyning mehmonxonasi bo‘lgan bo‘lsa kerak – qorong‘i edi.Kirish gapning tuzilish turi: a) bir bosh bo‘lakli: U yog‘ini so‘rasang, aytaymi, men bunga rozi emasman;b) ikki bosh bo‘lakli: Ibrohimov, Qurbon ota aytmoqchi, gullarni o‘z ilmidan bahramand qildi.