Atama(termin, istiloh)–fan-texnika, qishloq xo‘jaligi, san’at va madaniyat sohasiga xos so‘z. Atamaning qo‘llanishi chegaralanganligi boshqa soha kishisi uchun tushunarsiz degani emas. Mas., to‘g‘ri chiziq, gap, so‘z turkumi, tezlik atamasi ko‘pchilik uchun tushunarli, lekin kam qo‘llanadi. Atama ko‘pincha umumiste’mol so‘zidan ma’lum bir ma’noning maxsuslashuvi asosida hosil bo‘ladi. Mas., fojia, ega, ot, termik, qo‘shish, ayirish so‘zi umumiste’mol so‘z. Lekin ular fanga atama bo‘lib o‘tgan. Atamaning ikki xili farqlanadi: a) Ilmiy atama, b) kasb-hunarga oid atama. Ilmiy atama ma’lum bir fan-texnika, san’at, madaniyatga tegishli bo‘lsa, kasb-hunarga oid atama esa turli kasb-hunar egasi nutqida qo‘llanuvchi so‘z. Kasb-hunar atamasi shu hunar egasi qaysi sheva vakili bo‘lsa, shu sheva leksikasi tarkibiga kiradi. Mas., Shahrisabz shevasiga mansub hunarmand ishlatadigan so‘z Qarshi shevasida bo‘lmasligi mumkin. Kasb-hunarga oid so‘z, birinchidan, ma’lum bir sheva doirasida bo‘lsa, ikkinchidan, shu shevada so‘zlashuvchi ayrim kishi nutqiga xos.