Lug‘atlar

So‘z tarkibi: {amma}
So‘z bo‘g‘inlari: am-ma
Izoh(lar)i:
amma [am-ma ]

1. Otaning opasi yoki singlisi (jiyanlarga nisbatan). Fotima Elmurodga sinfdosh bir ayolning jiyani bo‘lib, ammasining oldiga bot-bot kelib turardi. Shuhrat, Shinelli yillar

Antonim(lar)i: mavjud emas.
Sinonim(lar)i: mavjud emas.
Omonimlari: mavjud emas.
Paronimi: ammo – [a] Qo‘shma gap qismlarini zidlash munosabati bilan bog‘laydi; lekin, biroq.

Tilimizda shunday qo‘shimchalar mavjudki, ular umumiy belgilari - muayyan vazifa va ma’nosiga ko‘ra bir tizimga birlashsa, xususiy belgilari bilan bir-biridan zidlanib turadi. Yaqin ma’noli bunday shakllar tizimiga grammatik kategoriya deyiladi. Mas., kelishikning 6 ta shakli bo‘lib, ularning barchasi ismlarni keyingi so‘zga bog‘lash va gapdagi sintaktik vazifasini belgilash umumiyligi bilan birlashsa, qaratqich kelishigi ismni ism bilan, tushum kelishigi ismni fe’l bilan, jo‘nalish kelishi ismni fe’l yoki ism bilan aloqasini ta’minlashi hamda gapdagi mavqelarini belgilashi bilan farqlanadi.

Ayni paytda o‘zbek tilida egalik, kelishik, son, daraja, nisbat, bo‘lishsizlik, harakat tarzi, o‘zgalovchi, kesimlik (zamon, mayl, shaxs-son) kategoriyalari ajratiladi.

Grammatik ma’no so‘zning biror turkumga mansubligi, so‘z birikmasi va gapdagi vazifasi. Grammatik ma’no – murakkab hodisa. Mustaqil va alohida olingan so‘zda lug‘aviy ma’no ustiga qavatlanadigan, yordamchi so‘zning mohiyatini tashkil etadigan, ko‘plab so‘z uchun umumiy bo‘lgan ma’no. Mas., kitob so‘zining lug‘aviy ma’nosi ustiga ot, turdosh ot, aniq ot, yakka ot ma’nosi qavatlangan bo‘ladi. Uchun so‘zida “atash” ma’nosi va “so‘zni ergash so‘z sifatida bosh so‘zga bog‘lash” uning mohiyatini tashkil etadi.

Grammatik ma’no leksik ma’nodan umumiyligi bilan farqlanadi. Chunki lug‘aviy ma’no har bir so‘z uchun alohida bo‘ladi. Mas., hatto bir ma’nodoshlik qatoridagi har bir so‘zning lug‘aviy ma’nosi farq qiladi: bashara so‘zining lug‘aviy ma’nosi “odam boshi old tomoni peshanadan iyakkacha bo‘lgan qismining salbiy ifodasi” bo‘lsa, yuz so‘zining lug‘aviy ma’nosi “odam boshi old tomoni peshanadan iyakkacha bo‘lgan qismining betaraf ifodasi” . Farq: “salbiy ifoda” va “betaraf ifoda”. Lekin nafaqat ma’nodosh, balki narsa-predmet va shaxsni bildiruvchi so‘zning barchasi uchun ot grammatik ma’nosi umumiy. Grammatik ma’no barcha turkumga mansub so‘zda mavjud. Lug‘aviy ma’no esa faqat gap bo‘lagi va gap bo‘la oladigan so‘zda mavjud.

Grammatik ma’noning turi. Mavjudliliga ko‘ra grammatik ma’no uchga bo‘linadi:

a)  so‘zning tabiatida avvaldan mavjud grammatik ma’no;

b)  grammatik vosita yordamida hosil qilinadigan grammatik ma’no;

v)  so‘z birikmasi va gap tarkibida vujudga keladigan grammatik ma’no.

So‘zning tabiatida avvaldan mavjudgrammatik ma’no ot turkumiga mansub ot, aniq ot, mavhum ot, yakka ot, jamlovchi ot, atoqli ot, turdosh ot; sifat turkumida sifat, asliy sifat, nisbiy sifat; son turkumida son, miqdor; fe’l turkumida fe’l, o‘timli fe’l, o‘timsiz fe’l; ravish turkumida ravish, miqdor, payt, sabab; ko‘makchida ko‘makchi, sof ko‘makchi, ko‘makchi vazifasidagi so‘z kabilar ularda avvaldan mavjud grammatik ma’no. Har bir so‘z turkumida bunday ma’no bor. So‘z biror turkumga kirdimi, bu turkum atamasi uning bir grammatik ma’nosining nomi.

Grammatik vosita yordamida hosil qilinadigangrammatik ma’no. Bunday ma’no mustaqil so‘zda mavjud, grammatik qo‘shimcha va yordamchi so‘z vositasida hosil qilinadi. Mas., ot turkumida birlik va ko‘plik, egalik, kelishik, kichraytirish erkalash va ko‘makchi yordamida vujudga keladi: kitobchalarimgaso‘zidagi “kichraytirish oti”, “ko‘plikda”, “birinchi shaxsdagi birlik egalik shaklida”, “jo‘nalish kelishigida” grammatik ma’nosi grammatik vosita yordamida vujudga kelgan grammatik ma’no. Sifat va ravishdagi daraja, sonning sanoq sondan boshqa barcha ma’no turi, fe’lda nisbat, bo‘lishli-bo‘lishsizlik, fe’lning xoslangan shakli, mayl kabilar shunday ma’no sirasiga kiradi.

So‘z birikmasi va gap tarkibida vujudga keladigan grammatik ma’no. Mustaqil so‘z erkin birikma tarkibida bosh so‘z yoki ergash so‘z, gap tarkibida biror gap bo‘lagi, undalma, kirish so‘z, ajratilgan bo‘lak, so‘z-gap bo‘lib keladi. Yordamchi so‘z so‘z yoki gapni o‘zaro bog‘laydi (ko‘makchi va bog‘lovchi), qo‘shimcha ma’no beradi (yuklama). Bu ma’no faqat gap tarkibida hosil bo‘ladi. Gapdan tashqaridagi so‘zda bunday grammatik ma’no bo‘lmaydi.

Grammatik ma’no ifodalovchi vositalar. Grammatik ma’no maxsus vositalar bilan ifodalanadi. O‘zbek tilida grammatik ma’no ifodalashning quyidagi vositalari mavjud: 1.Grammatik qo‘shimcha. 2.Yordamchi so‘z. 3. So‘z tartibi. 4. Takror. 5. Ohang.

Grammatik qo‘shimcha tilda keng tarqalgan turi grammatik ma’no ifodalovchi vosita. Ifodalaydigan grammatik ma’noning tabiatiga ko‘ra u ikkiga bo‘linadi: lug‘aviy qo‘shimchava sintaktik qo‘shimcha.

Lug‘aviy qo‘shimcha so‘zni bog‘lamaydi, balki lug‘aviy ma’noni nutqqa moslaydi. Mas., ot turkumiga mansub so‘zga -lar lug‘aviy qo‘shimchasi qo‘shilib, uning lug‘aviy ma’nosini birlik yoki ko‘plik ko‘rinishida yuzaga chiqaradi. Fe’lda nisbat lug‘aviy ma’noning harakat bajaruvchisini ko‘rsatadi. Lug‘aviy shakl hosil qiluvchi – so‘z ma’nosini qisman o‘zgartiruvchi, muayyanlashtiruvchi qo‘shimcha. Mas., kitob so‘zida birlik ma’nosi ham (Bu kitob qiziqarli), ko‘plik ma’nosi ham (Do‘konga kitob keldi) mujassamlangan. Nutq sharoiti, matnkitob so‘zida birlik yoki ko‘plik voqelanishini ajratib beradi. Shu so‘zga -lar shakli qo‘shilishi bilan u kitob so‘zida birlik ma’nosini ko‘plik ma’nosidan chegaralaydi, ya’ni lug‘aviy ma’noni muayyanlashtiradi, toraytiradi. Lekin bevosita so‘zni sintaktik aloqaga kiritish uchun xizmat qilmaydi. Lug‘aviy shakl hosil qiluvchi, asosan, 4 yirik so‘z turkumi – fe’l (nisbat, bo‘lishli-bo‘lishsizlik, o‘zgalovchi, sintetik va analitik harakat tarzi shakllari), ot (son, kichraytirish-erkalash), sifat (daraja) va sonda (uning ma’no turini hosil qiluvchi) mavjud.

Sintaktik(munosabat) qo‘shimchaso‘zni so‘zga bog‘laydi yoki so‘zga sintaktik mavqe beradi. Kelishik ergash so‘zni bosh so‘zga, egalik bosh so‘zni ergash so‘zga bog‘laydi: kitobni o‘qimoq, daftarning varag‘i kabi. Sintaktik (munosabat) shakli hosil qiluvchi qo‘shimcha so‘z lug‘aviy ma’nosiga ta’sir etmay, bir-biriga bog‘lashga yoki unga ma’lum bir sintaktik vazifa berishga xizmat qiladi. Kelishik, egalik, mayl, zamon, shaxs-son shunday grammatik vosita. Kelishik, egalik qo‘shimchasi so‘zni bog‘lasa (Salimning ukasi), mayl, zamon, shaxs-son qo‘shimchasi gap kesimini shakllantiradi: o‘qidim (xabar mayli, o‘tgan zamon, birinchi shaxs).

O‘zbek tilida shunday shakl borki, ular bir tomondan so‘zning lug‘aviy ma’nosiga ta’sir etadi, ikkinchi tomondan, sintaktik aloqaga kiritadi. Fe’lning ayrim vazifa shakli (ravishdosh, sifatdosh) shunday ikkiyoqlama mohiyatga ega. Mas., shoshilib gapirmoqbirikmasida -ib ravishdosh shakli shoshil so‘zining lug‘aviy ma’nosiga ta’sir etgan, ya’ni unga ravishlik ma’nosiga yaqin ma’no bergan, shu bilan birga, bu so‘zni keyingi so‘zga bog‘lash vazifasini ham bajargan.

Yordamchi so‘zham grammatik ma’no ifodalovchi vosita sirasida muhim o‘rin tutadi. U mustaqil so‘zlar va gapda grammatik ma’no ifodalashning alohida turini tashkil etadi.

Ko‘makchi mustaqil so‘z bilan birga kelib, oldin turgan so‘zni keyingi so‘z bilan sintaktik aloqaga kiritadi. Bu bilan kelishikka o‘xshaydi. Biz kelajakka ishonch bilan qaraymiz gapida ko‘makchi yordamida «holat» grammatik ma’nosi yuzaga chiqib, ishonchso‘zi qaraymiz so‘ziga bog‘lanadi. Telefon orqali gaplashdimgapidako‘makchining«vosita» ma’nosi yuzaga chiqib, telefonso‘zini gaplashdim so‘ziga bog‘lagan. Do‘stlik biz uchun hamisha ilhom va kuch-quvvat manbai bo‘lib kelgan gapida yordamchi so‘z «atalganlik» ma’nosini ifodalab, biz so‘zini bo‘lib kelgan so‘ziga bog‘lagan. Ko‘rinadiki, grammatik ma’no va gramatik vazifa birga yashaydi.

Bog‘lovchi uyushiq bo‘lakni, qo‘shma gapning tarkibiy qismini bog‘lash, ular orasida har xil tenglashtirish, zidlash, ayirish kabi grammatik ma’noni ifodalash uchun xizmat qiladi: olma va anor, o‘qidi, lekin yozmadikabi. Ba’zan gap boshida ham keladi: Sitora aytdi. Lekin Munira tushunmadi.

Ko‘makchining morfologik ma’no ifodalash imkoniyati uning sintaktik imkoniyatidan keng. Chunki ular mustaqil so‘z va gapga qo‘shimcha ma’no yuklashi bilan ahamiyatli. Shu sababli ko‘makchi kelishik bilan qo‘llanishga ehtiyoj sezadi.

Mustaqil so‘z ham o‘rni bilan yordamchi so‘zdek grammatik ma’no ifodalaydi: juda, eng, bag‘oyat, nihoyatda, o‘ta, sal, birmuncha kabi ravish daraja ma’nosini ifodalaydi; olmoq, bermoq, qolmoq, o‘tirmoq, chiqmoq, ketmoq, boshlamoq, bo‘lmoq kabi 30 dan ortiq ko‘makchi fe’l harakat ma’nosini nutqqa moslaydi, lug‘aviy ma’noga grammatik ma’no qo‘shadi: o‘qib chiqdi, yoza boshladi, qo‘rqib ketdikabi.

So‘z tartibigrammatik ma’no ifodalashning maxsus vositasi, tartib o‘zgarishi so‘z grammatik ma’nosining o‘zgarishiga olib keladi. Mas., Dalalar yam-yashilbirikuvi gap bo‘lsa, yam-yashil dalabirikuvi – so‘z birikmasi. «gap» va «so‘zbirikmasi» – grammatik ma’no atamasi. Grammatik ma’no ifodalashda so‘z tartibiga ohang hamrohlik qiladi. Ya’ni yuqoridagi gap va so‘z birikmasida tartib o‘zgarishi bilan ularning ohangi ham o‘zgarib ketgan (so‘z birikmasida tugallanmagan ohang bo‘lsa, gapda tugallangan ohang mavjud).

Ohang–grammatik ma’no ifodalashning fonetik vositasi.Bu vosita yordamida gapning turini, gap bo‘lagini ajratish, farqlash mumkin. Gulnora, singlim keldi. Gulnora, singlim, keldi. Gulnora singlim keldigapining birinchisida Gulnora va singlim so‘zi uyushiq bo‘lak vazifasida, ikkinchi gapda Gulnora so‘zi undalma, singlim so‘zi ega, uchinchi Gulnora so‘zi aniqlovchi, singlim so‘zi izohlanmish–ega vazifasida kelgan. Gapni tashkil etuvchidagi bunday farq so‘zlovchining maqsadiga muvofiq tarzdagi ohang yordamida yuzaga chiqmoqda.

 Shakl yasovchi vositalar (shakl yasovchi qo‘shimcha, shakl yasovchi so‘z (yordamchi so‘z, ko‘makchi fe’l kabi)) nutqqa kiritish uchun so‘zga yangi shakl berganligi sababli grammatik shakl deyiladi. Bu vositani olgan so‘z ham leksemaning grammatik shakli, grammatik shakllangan ko‘rinishi deb yuritiladi.

          Grammatik shaklning so‘zga qo‘shilish tartibi. Grammatik vositaning so‘z tarkibidagi tartibi ma’lum qonuniyatga ega,ular ma’lum tartibda joylashadi: so‘z yasovchi qo‘shimcha + lug‘aviy qo‘shimcha + sintaktik qo‘shimcha. Grammatik vositaning joylashishidagi tartib va izchillik uning ma’no va grammatik xususiyati bilan bog‘liq: yangi lug‘aviy ma’no hosil qiluvchi (so‘z yasovchi) vosita birinchi, lug‘aviy ma’noga ta’sir qiluvchi vosita (lug‘aviy shakl yasovchi) ikkinchi va lug‘aviy ma’noga ta’sir qilmaydigan, lekin so‘zni bog‘laydigan, unga ma’lum bir sintaktik vazifa tayin etadigan) vosita uchinchi bo‘lib qo‘shiladi.

Qo‘shimchaning joylashuvidagi me’yoriy holat ba’zan buziladi: opa-lar-imopa-m-lar, ayt-di-ng-larayt-di-lar-ing kabi. Bunda sintaktik shakl yasovchi lug‘aviy shakl yasovchidan keyin qo‘shilgan. Bu kam uchraydi. Ba’zan lug‘aviy shakl yasovchi so‘z yasovchidan oldin keladi: ko‘r+gaz+ma, isi+t+ma, maqta+n+choq.

«O‘zak+so‘z yasovchi + lug‘aviy shakl + sintaktik shakl» qolipi bir qancha xususiyatga ega. Biz quyida faqat shakl hosil qiluvchi doirasida fikr yuritamiz.

Lug‘aviy shakl hosil qiluvchining odatdagi tartibi:

a)  otda: kichraytirish-erkalash+son. Kichraytirish-erkalash shaklining kam qo‘llanadigani ko‘p qo‘llanadiganidan avval keladi: toychoqcha, toyloqcha;

b)  sifatda -roqqo‘shimchasi -ish, -imtir qo‘shimchasidan, shuningdek, ravishdosh va sifatdoshga qo‘shilganda ham ularni hosil qiluvchi qo‘shimchadan keyin qo‘shiladi: oqishroq, ko‘kimtirroq, sovinqiraganroq, tortinibroqkabi;

v)  sonda: taxmin bildiradigan -cha affiksi «dona» ma’nosini ifodalovchi -ta (urg‘usiz) unsuridan keyin keladi: o‘ntacha kabi;

g)  olmoshda: gumon bildiruvchi -dir (urg‘usiz) unsuri, umuman, yuklama tabiatida, hamma turdagi qo‘shimchadan keyin qo‘shiladi: nima-lar-ni-dir...;

d)  fe’lda: o‘zlikdan boshqa nisbat ko‘rsatkichi orttirma nisbat qo‘shimchasidan keyin qo‘shiladi: tarqa-til-di, yugur-tir-ish-di, tik-tir-ish-di; fe’lning tarz qo‘shimchasi va kuchaytiruvchisi (chayqa, bura, to‘zg‘i); bo‘lishsizlik qo‘shimchasi (urintirma, chayqatma); zamon qo‘shimchasi; shart mayli qo‘shimchasi va buyruq maylining kuchaytiruvchisi (bordi, boradi, borsa, boray, borgin/borgil), fe’lning xoslangan shaklini hosil qiluvchi qo‘shimcha (bormoq, borgan, borib va boshqa) oxirida qo‘shiladi.

Sintaktik shaklning tartibi:

a) egalik qo‘shimchasi+kelishik qo‘shimchasi: bolamni, o‘qiganimni;

b) munosabat shakli: tasdiq-inkor+zamon/mayl+shaxs+son: o‘qimayapsan.

Hamma turdagi qo‘shimchadan keyin qo‘shimcha tipidagi yuklama qo‘shiladi: o‘qimayapsanmi. Qo‘shimcha qo‘shilishida istisno holat ham bor. Til hodisasining davrga ko‘ra o‘zgarishi, shevaviy farqi va o‘zgarish xususiyati, badiiy talab bilan bog‘liq bo‘ladi. Misol: Bilurlar erdi (Qutb) – bilar edilar, qilmag‘aylarsiz(«Boburnoma») – qilmag‘aysizlar, solurlar erdi quloqquloq solur erdilar.

Bunday tartib o‘zgarishi o‘zida nozik ma’noviy farqni aks ettiradi.

Grammatik shaklning tuzilishiga ko‘ra turi. Grammatik vositaning tuzilishiga ko‘ra turi bir qarashda uning sintetik va analitik turlarining yangicha nomlanishiga o‘xshaydi. Grammatik shakl tuzilishiga ko‘ra sodda yoki murakkab bo‘lishi mumkin. Sodda shakl bir grammatik ko‘rsatkichdan iborat bo‘ladi: kelishik, egalik, kichraytirish, nisbat shakli. Murakkab shakl bir necha ko‘rsatkichdan iborat bo‘ladi: uydagi, aytib qo‘ydi,shuning uchun. O‘zbek tilida „hurmat“ ma’nosi ko‘plik qo‘shimchasi egalik shakli bilan birga bo‘lganda ifodalanadi. Dadamlar keldilar. Bunda u murakkab shakl hisoblanadi. Ko‘makchilarning kelishiklar bilan kelishi ham murakkab shakl hisoblanishi lozim.

Grammatik shakllarda ortiqlik va tejam. Bir so‘zda ma’nosi bir xil yoki yaqin bo‘lgan qo‘shimchaning takrorlanishi qo‘shimcha ortiqchaligi deyiladi. Bu bir necha ko‘rinishga ega. Mas., bir qo‘shimchaning aynan o‘zi yoki ma’nodosh qo‘shimcha takrorlanadi: takrorlangan bu qo‘shimcha: a) zich holda (ayting+iz+lar) ham; b) ajralgan holda ham bo‘lishi (ish+da+lig+im+da) mumkin.

Qo‘shimcha ortiqligi har xil sababga ko‘ra yuzaga kelishi mumkin. Bir qo‘shimcha o‘zak bilan juda ham zichlashib, o‘zakning tarkibiga singib ketadi, bunda o‘zak mustaqilligidan mahrum bo‘ladi, natijada so‘zga shu qo‘shimchaning ma’nodoshidan biri qo‘shilishi mumkin, qo‘shimcha arxaiklashib, undan keyin tildagi iste’molda bo‘lgan qo‘shimcha qo‘shiladi (ich+kari+ga, tash+qari+ga, na+ri+ga, be+ri+ga, bar+i+si kabi). Takrorlanayotgan sinonim qo‘shimchaning barchasi «tirik» bo‘lsa, ular ta’kid, kuchaytirish kabi uslubiy vazifani o‘z zimmasiga oladi (sizlar aytingizlar kabi). Boshqa tildan kirgan qo‘shimcha tushunarli va keng iste’molli bo‘lmaganda ham uning tilimizdagi ma’nodoshi qo‘llanadi (yor+on+lar kabi). Qo‘shimcha qo‘shilishi natijasidagi tovush o‘zgarishi ham ma’nodosh qo‘shimchaning qo‘shilishiga sabab bo‘ladi: yarm+i+si, kich+kina+gina, u+n+i+si, anavi+n+i+si, qay+si+n+i+si, singl+i+si, toy+choq+cha kabi.

Ortiqchalik aksar holda til rivoji bilan bog‘liq. Masalan:

Ot va sifat yasovchi -lik qo‘shimchasi farqlanib, vazifasi ajralgandan keyin (mas., -li sifat yasaydi, -lik ot yasaydigan bo‘lgan) ular ketma-ket qo‘llanadigan bo‘lgan: aqllilik, ifodalilik, bilimlilik.

Og‘zaki so‘zlashuv nutqida ba’zan uchrab qoladigan mashshoqchi, xodimchi kabi so‘zda «bajaruvchi» ma’nosi ikki marta ifodalangan: so‘z ma’nosi (arab tilida mashshoq– mashq qiluvchi shaxs, xodim – xizmat qiladigan shaxs) va -chi qo‘shimchasi orqali.

Bir xil ma’nodagi ikki qo‘shimcha qo‘shma qo‘shimcha maqomini oladi: yog‘ingarchilik, namgarchilik, rasvogarchilik kabi.

Kelishik va egalik qo‘shimchasining ikki marta ifodalanishi (kitobni uch so‘mdanga oldi, romanning so‘zboshisi) ham ortiqchalikning o‘ziga xos ko‘rinishi.

Bir qo‘shimchaning o‘zi takrorlanganda, ko‘pincha u fonetik variantning qator kelishi tusida bo‘ladi (fonetik, uslubiy qulaylik): qistalang (-ta, -la), shoshilinch (-l, -n), tiqilinch (-l, -n) kabi.

Tejam – ortiqchalikning ziddi. Tildagi tejam til birligini qisqartirish, tushirib qoldirish orqali ketadigan vaqtni kamaytirish, tildagi ortiqchalikni bartaraf etish ehtiyojidan kelib chiqadi. Opkeng (olib keling), buyam (bu ham), qong (qoling) kabi hodisa bunga misol bo‘ladi. Tejamning fonetik, morfologik ko‘rinishi mavjud. Morfologik tejam asosida fonetik tejam yotadi. Yirik – irik, yigit – igit, yiroq – iroq qisqaruvi fonetik tejamga misol. Olib berober, bizimbizning, sizing sizning – morfologik qisqaruvga misol. Bu tejalish nutqiy qisqaruvga ham misol.Chunki, mas., sizingso‘zshaklidagi -ingtilda -ning shaklida yashaydi.

Tejam nutqiy aloqani osonlashtirishga xizmat qiladi, biroq axborot sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi.

 

Grammatikayunoncha, grammatike so‘zidan olingan, “harf o‘qish va yozish san’ati” demakdir. Grammatika ko‘plab tilshunoslik atamasi kabi ikki ma’noli. Bir ma’nosida tilning grammatik qurilishi tushunilsa, ikkinchi ma’nosida tilshunoslikning shu grammatik qurilishni o‘rganuvchi sohasi anglashiladi. Grammatika tilshunoslik sohasi sifatida so‘z turkumi, grammatik ma’no, shakl yasovchi qo‘shimcha, so‘z birikmasi va gap kabi masalani o‘rganadi.

Tillar o‘zaro grammatik xususiyatiga ko‘ra farqlanadi. Mas., o‘zbek tilida kesim gap markazi sifatida boshqa barcha bo‘lakni o‘z atrofida uyushtiradi. Rus tilida ega va kesim birga gap markazi hisoblanadi. O‘zbek tilida ega birinchi va ikkinchi shaxsda tushirib qoldiriladi. Rus, ingliz, nemis va boshqa ayrim tilda bunday emas. O‘zbek tilida sifatlovchi sifatlanmishdan oldin keladi: qizil gul, maktab bog‘i kabi. Tojik tilida buning aksi bo‘ladi: guli surx, bog‘i maktab kabi.

Til hamisha taraqqiyotda. Bu, asosan, tilning leksikasida ko‘proq ko‘zga tashlanadi. Ijtimoiy hayotning o‘zgarishi leksikada katta o‘zgarish yasaydi. Yangi so‘zning vujudga kelishi, so‘zning «tirilishi», iste’moldan chiqib ketishi kabilar bunga misol. Tilning fonetik va grammatik sohasiga ijtimoiy o‘zgarish ta’sir qilmaydi, unda faqat vaqt o‘z izini qoldiradi. Chunki yaqin yillarda tubdan o‘zgarishga uchragan ijtimoiy hayotning ta’siri natijasida, mas., o‘zbek tilining morfologik xususiyati, sintaktik qurilishida o‘zgarish kuzatilmaganligi buning yorqin dalili. Lekin asrlar davomida bunday o‘zgarish bo‘lib turadi. Mas., eski o‘zbek tilida -guaffiksi yordami bilan yasalgan ish otiga -m, -ng qo‘shimchasi qo‘shilib, uning kesim ekanligini ko‘rsatgan: Men ko‘rgum shaklida. Bu hozirgi o‘zbek tilida kuzatilmaydi. Ul, alar, andin, anda, ko‘zun ko‘rub (ko‘zi bilan ko‘rib) kabi qator so‘z – fikrimiz dalili. Yoki eski o‘zbek tilida Bu sening, Bu mening ko‘rinishidagi sintaktik qurilma mavjud bo‘lgan. U hozirgi kunda Bu seniki, Bu meniki ko‘rinishiga ega.

Grammatika deganda tor ma’noda morfologiya va sintaksis birligi, keng ma’noda til qurilishi tushuniladi. Morfologiyada so‘zning grammatik shakllanishi, buni hosil qiluvchi shakl yasovchi qo‘shimcha va yordamchi so‘z, ko‘makchi fe’l, to‘liqsiz fe’l, so‘z turkumlari o‘rganilsa, sintaksisda so‘z birikmasi va gap qurilishi tekshiriladi. Demak, grammatika tor ma’noda – shakl yasalishi (morfologiya) va erkin bog‘lanish haqidagi (sintaksis) bo‘lim.

Filologiya fanlari nomzodi, dotsent M.Qodirov 1941- yilning 22- oktabrida Farg‘ona vilovatining Buvayda tumanida tavallud topgan. Olimning ilmiy faoliyatida o‘zbek adabiy tili tarixini, xususan, Alisher Navoiy asarlarining til xususiyatlarini o‘rganish asosiy o‘rinda turadi.

M.Qodirov oliy o‘quv yurtlari va umumta’lim maktablarida o‘qitilayotgan “Ona tili” fani ta’lim mazmuni va usulini yangilash ishida faol ishtirok etmoqda. Jumladan, olim 5-9 sinflar “Ona tili” fanining mustaqillik ruhiga mos, yangilangan o‘quv dasturini yaratishda (1999, 2004, 2009) qatnashdi. Professorlar H.Ne’matov, A.G‘ulomov, R.Sayfullayevalar bilan hamkorlikda 5-, 6-, 7- sinflar uchun (2000-2004), 8- sinf uchun (2006) yaratgan darsliklari yosh avlodga til haqida bilimva nutqiy ko‘nikmalar berishga xizmat qilib kelmoqda. Shuningdek, u oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun “Ozbek tilini o‘qitish metodikasi” (200), “Ona tili o‘qitish metodikasi” (hamkor, 2001), “Til ta’limida milliy istiqlol g‘oyasi” (2003) qo‘llanmalarini tuzgan.

M.Qodirovning o‘zbek adabiy tili me’’yorlari va nutq madaniyati, yozma savodxonlik, mumtoz adabiyot vakillarining o‘zbek adabiy tiliga qo‘shgan muhim hissasi va boshqa masalalar bo‘yicha yozgan maqolalari respublikamizning madaniy va ma’naviy taraqqiyotiga hissa qo‘shib kelmoqda.   

 

1. ammamning buzog‘i: landovur, lapashang

2. xo‘roz hamma joyda bir xil qichqiradi: Hamma joyda ahvol birday, degan ma’noli ibora

1. Hamma – ba’zi – hech kim
Ma’nosiga ko‘ra
(bor-yo‘qligiga ko‘ra)

2. Hamma – barcha – bari – butun – bor – jami – butkul – tamom – bor-yo‘q.
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(belgini kuchli-kuchsiz ifodalashiga ko‘ra)

3. Masnaviy – musallas – murabba – muxammas – musaddas – musabba – musamman – mutasse – muashshar
Ma’nosiga ko‘ra
(bandlar miqdorining ortib borishiga ko‘ra)

4. Men – biz – hamma
Ma’nosiga ko‘ra
(shaxsning ko‘pligiga ko‘ra)

Milliy bo‘yoqdor so‘z: mavjud emas.