Lug‘atlar

So‘z tarkibi: {boq} - moq ( Fe’lga qo‘shiluvchi lug‘aviy shakl yasovchi Lug‘aviy shakl yasovchi )
So‘z bo‘g‘inlari: boq-moq
Izoh(lar)i:
boq fl

1. 1. Nazar tashlamoq, nazar solmoq, qaramoq. Ko‘zguga boqmoq. Laylakning ketishiga boqma, kelishiga boq. Maqol
Dengiz suvidek tiniq ko‘zlari muloyim va mehr bilan boqardi. S. Karomatov, Oltin qum
Qora ko‘zlari juda sho‘x boqib, jaz etib, bag‘ringga botadi. I. Rahim, Ixlos
Qizning atrofga jovdirab turgan ko‘zlari xomush yerga boqdi. S. Ahmad, Mehribon

2. ko‘chma hma Mo‘ralamoq; ko‘rinmoq, namoyon bo‘lmoq. Yo‘lchi Shokir otaning do‘konxonasi eshigini astagina ochib boqdi. Oybek, Tanlangan asarlar
Qorli tog‘lar cho‘qqisidan boqadi quyosh. G‘ayratiy
Zangori dengizning tiniq qo‘ynidan kumush oy ko‘rinib, kulib boqadi. Uyg‘un

3. 3. Fikran nazar tashlamoq, ko‘z oldiga keltirmoq, ko‘zdan kechirmoq. O‘ziga boqma, so‘ziga boq. Maqol
Tarixga boqing, ming yil ilgari Xorazmda Beruniy o‘tgan, u juda ko‘p kitoblar yozib qoldirgan. J. Sharipov, Xorazm
Siz bilan zamonning zayliga boqmasak, qiyomat qoyim bo‘lajak. S. Siyoyev, Avaz
O‘ylab boqsam: qalbim mushtdek! Vatan juda keng! O‘ylab boqsam: Vatan va dil bir-biriga teng. Yo. Mirzo, O‘g‘il mehri
Boqsam, yo‘ling oydin ekan, Kel, poyingni o‘pay, o‘g‘lon. B. Boyqobilov, Sharora

4. 4. Iltifot qilmoq, qo‘llab-quvvatlamoq, hurmat qilmoq. Yaxshi yaxshiga boqar, Yomon daryoga oqar. R. Jumaniyozov, So‘z ko‘rki — maqol. El boqsa, baxting kular, El boqmasa, taxting qular. Maqol
Boy boyga boqar, suv soyga oqar. Bo‘lmaydi. Siz bilan ittifoq bo‘lolmaymiz. N. Safarov, Tanlangan asarlar

5. 5. Tarbiyalab voyaga yetkazmoq, parvarish qilmoq; qarab turmoq. Bola boqmoq. Bitta-yu bitta o‘g‘lim! Marg‘ilon degan joyda, allakimlarning qo‘lida, asli noma’lum kishilarning qiziga uylansin-da o‘g‘il boqib katta qilgan ona — O‘zbek oyim ikki qo‘lini burniga tiqib qarab qola bersin. A. Qodiriy, O‘tgan kunlar
Xudoyqul mening o‘z jigarim, ammadan qolgan sag‘ir. Yetti yoshidan boqib, odam qildim. P. Tursun, O‘qituvchi
— Ukalarimni boqsa, tegaman, — dedim kampirga. Oybek, Tanlangan asarlar

6. 6. O‘z qaramog‘ida bo‘lganlarni moddiy jihatdan ta’minlamoq; tirikchilik ehtiyojlarini va shu kabilarni qondirib, ta’min etmoq. Oila boqmoq. Yetim nabiralarni og‘ir mehnat bilan ham boqa olmagan bu jafokash chol hovlisining qolgan qismini sotishga majbur bo‘lgan edi. Oybek, Tanlangan asarlar
Bahorning bir kuni qishni boqar. Gazetadan
Otadan qolgan shu qo‘l dastgoh chol-kampirni umr bo‘yi boqdi. A. Muxtor, Opa-singillar
Sizning ketmonlaringiz o‘zingizni ham boqadi, dehqonni ham. S. Siyoyev, Yorug‘lik

7. 7. Parvarishlab yetishtirmoq, asramoq (uy hayvonlari va parranda haqida). Tovuq boqmoq. Kurt boqmoq. Bir xo‘roz boqib o‘tiribman, tepsa, xonni o‘ldiradi. S. Siyoyev, Yorug‘lik
Sharoit yomon, jo‘ja boqadigan joyimiz yo‘q, kataklar juda tor. Gazetadan

8. 8. Qidirib topib o‘ldirmoq (bitni, burgani).

9. s. t. t. Davolamoq, shifolamoq. Uning kasalini boqmagan vrach qolmadi. Kasalni boqib tuzatmoq. O‘jar ekan bu soldat, deb tashlab qo‘ymadilar. Ko‘p qatori yaramni boqdilar. N. Safarov, Olovli izlar

10. 10. Ko‘makchi fe’l vazifasida kelib, yetakchi fe’ldan anglashilgan ish-harakatni bajarishga urinish, sinash ma’nosini bildiradi. Mingboshi Zebi kirguncha, dutor olib chertib boqdi. Cho‘lpon, Kecha va kunduz
Kambag‘al bo‘lsang, ko‘chib boq, boyvachcha bo‘lsang, o‘lib boq, degan gapda hikmat ko‘p ekan. S. Ahmad, Saylanma

Antonim(lar)i: mavjud emas.
Omonimlari: mavjud emas.
Paronimi: mavjud emas.
Qomus: mavjud emas.
Ibora(lar): mavjud emas.
Darajalanish qatori: mavjud emas.
Milliy bo‘yoqdor so‘z: mavjud emas.