Kontekst:
Deyarli bekorchixo‘ja edim. Oyligim to‘qson so‘mgina esa-da, harqalay, loaqal tushlikda tuzukroq ovqatlanishimga, qishloqqa oldingidan serqatnovroq bo‘lishimga uchma-uch yetib turardi. Ishxonaga haftada bir-ikki marta bosh suqib qo‘yardim. Qolgan kunlari karavotdagi ko‘rpamni polga to‘shab cho‘zilganimcha, she’r to‘qiganim to‘qigan edi. Maosh olgan kunlarim qishloqqa ketib, ba’zan bir hafta o‘tkazib qaytardim. Qaytgach, qo‘lim bo‘shasayoq, yana tinimsiz she’r bitishga tushardim. Bolalarga atalgan turkum she’rlarimning asosiy qismi shu umumyotoqdagi bor jihozi bir shkaf, bir karavot, bir stol, bir stuldan iborat bo‘lmish torgina xona devorlari orasida dunyoga kelgan. Piyonista qo‘shnilarning ulfatchilikka chorlashlaridan, tanish juvonlarning dam olish kunlari zalda tashkil etiladigan “tansa”larga sudrashlaridan bezib, eshikni ichkaridan qulflab olib yozardim. Ayrim qiliqlarimni axloqsizlikka yo‘yib, tepadagilarga arz qilib yurmasligi uchun qishloqdan olib kelgan meva-chevalardan bir qismini umumyotoq komendantiga berib turardim. Shu bois, majlis bo‘lib qolsa, mening intizomimni, xonani toza tutishimni maqtagani maqtagan edi.
Manba:
| Nomi | Ajinasi bor yo‘llar |
| Muallif(lar)i | saviya.uz |
| Yozilgan vaqti | 24.03.2022 |
| Internetga joylangan vaqti | 24.03.2022 |
| Kiritilgan vaqti | 21.08.2023 |
| Qo‘llanish sohasi | OAB |
| Matn tipi | muhokama |
| Uslubi | Publisistik |
| Auditoriya yoshi | 18+ |
| Auditoriyaning salohiyat darajasi | omma uchun |
| NET-manzili | https://saviya.uz/ijod/nasr/ajinasi-bor-yollar/ |
| Ichki korpus turi | Davriy nashrlar korpusi |
| Gap soni | 0 |
| So‘z(shakl) miqdori | 0 |
| Teglovchi | Operator |