Korpus bo‘yicha izlash

Kontekst:

Jo‘yaklar orasida kurmaklar bo‘y cho‘zibdi. To‘q yashil uzun bargli, tez o‘suvchi bu o‘tni sigiru qo‘ylar yaxshi ko‘radi, dedi ona. Kurmak ular uchun jizzali nonday shirin tuyuladi. Kurmak ildizi pataksimon, oppoq bo‘ladi. Yerga qattiq o‘rnashmaydi, tortsang, salga qo‘porilib chiqadi. Sho‘ralar ham bor ekan, ular ikki tur – oddiy sho‘ra va makkasho‘ra. Oddiy sho‘ra baland o‘smaydi, ammo ildizi o‘q ildiz bo‘ladi, chuqur ketadi. Makkasho‘raning ham ildizi shunaqa, uning tanasiyu bargi qo‘pol, tukli. Kattalashib, butaday bo‘lib o‘sib ketishi mumkin. Eng zaif o‘rnashadigani semizo‘t, urug‘i doimo suvda oqib keladi, tanasi ham nuqul suvdan iborat. Quritgani oftobga qo‘ysang, qo‘ng‘ir tusli yengil xasga aylanib ketadi. Ajriq – eng ashaddiysi. Boshqa o‘tlarning tanasini egsang sinavermaydi, yumshoq bukiladi, ajriqning tanasi qattiq bo‘ladi, buksang, qirs etib sinadi. Har bo‘g‘inidan ildiz otaveradi, oftobda qolib qurigani ham nam tegsa, darrov sergaklanib, o‘sa boshlaydi. Ajriq bosgan yerni tozalash qiyin bo‘ladi. Shuning uchun yulingan ajriqlarni tuproq ustida qoldirish yaramaydi, bitta bo‘g‘imi qolsayam bir necha kundan keyin qarasang, ko‘payib ketgan bo‘ladi. Yana bangidevona bilan ituzum ham bor. Ituzum xuddi uzumga o‘xshaydi, ammo yeb bo‘lmaydi, uni itlar yeydi. Bangidevona katta-katta tikan soladi, ichida qop-qora, uchli urug‘lari bo‘ladi, mana shu urug‘ni mol yesa, aqldan ozib qoladi. Agar yulib tashlamasang, urug‘i yetilganida po‘sti quruqshab, oralari ochiladi, keyin urug‘larini yerga sochadi. Daraxtlar ostida va ekinzorda pechak hamda qoqio‘t-momaqaymoqlarni ham ko‘rasan. Pechak zaif narsa, ekinga chirmashgani yomon, momaqaymoq esa beozor, chunki u o‘z holicha ekinga zarar bermasdan o‘sadi, darrov oppoq popiltiriq chiqaradi, har popiltiriq ostida bittadan sarg‘ish urug‘i bo‘ladi. Shamol esganida u urug‘ni ko‘tarib ariqlar, ekinlar, tomorqalar uzra uchadi, qo‘ngan yerida o‘rnashib urchiyveradi.

Oldingi Keyingi

Manba:

NomiOnaizorim
Muallif(lar)i saviya.uz
Yozilgan vaqti24.03.2022
Internetga joylangan vaqti24.03.2022
Kiritilgan vaqti21.08.2023
Qo‘llanish sohasi OAB
Matn tipimuhokama
Uslubi Publisistik
Auditoriya yoshi18+
Auditoriyaning salohiyat darajasiomma uchun
NET-manzilihttps://saviya.uz/ijod/nasr/onaizorim/
Ichki korpus turiDavriy nashrlar korpusi
Gap soni0
So‘z(shakl) miqdori0
TeglovchiOperator