Korpus bo‘yicha izlash

Kontekst:

O‘sha yilgi bahor nihoyatda seryog‘in va sertashvish kelgandiki, buni biz keyinchalik ham ko‘p yillar davomida eslab yurdik. Onda-sonda quyoshli kunlarni aytmasa, ertayu kech mayda shivat yog‘ar, osmon va yerni allaqanday quyuq rutubat qoplar, ba’zida esa to‘satdan yomg‘ir shunaqangi sharros quyardiki, qochib yashirinishga joy topolmasdi, kishi. O‘rmon etagidagi qishlog‘imiz ustidan biz ba’zan yirik-yirik do‘l savalab o‘tayotganligini, tomlarning takillashi go‘yo birov nog‘ora chalayotgandek taassurot qoldirib, ko‘cha-ko‘ydagi ariq va ko‘lmakchalarning ichi xuddi qor yoqqandek oppoq jala qumaloqlari bilan to‘lib-toshganligini, chorcho‘p derazalarning surunkali yomg‘irdan mog‘or bosib ketgan uniqqan romlari ichidan jimgina kuzatib o‘tirardik. Kulrang sur bulutlar ortidan gohida quyosh mo‘ralab qolganda biz iskanalik bo‘z yigitlar endilikda botqoqqa aylana boshlagan loyshang ko‘chalardan kirza etiklarda kechib o‘tib, qishloq choyxonasiga yig‘ilardikda, hammamizning umrimiz o‘zanlariga balo-qazodek bostirib kelayotgan allanechuk noma’lum va g‘ayritabiiy ofat xususida soatlab muhokama yuritardik. Yo‘q, gap faqat to‘xtovsiz yog‘ayotgan yomg‘irda emasdi, yon-atrofi baland tog‘lar bilan o‘ralgan bu o‘lkalarda ko‘klamning goho shunday kelishi, qadimgi sinoptiklarning bizning davrimizgacha yetib kelgan memuarlarida bot-bot takrorlangan, biz bunga deyarli ko‘nikib ham ketgan edik. Hamma gap o‘rmon sharqidagi yalanglikda joylashgan qishloq qabristonidan yangi ko‘milgan mayyitlarning yo‘qolayotganligida edi. Biz buni qishloqdagi qari tegirmonchining vafotidan keyinoq bilib qolgan bo‘lsak-da, rahmatli tegirmonchidan keyin ham vafot etganlarning taqdiri shunday intiho topganligini ilg‘ab tursakda, jabrdiyda va mushfiqa qariyalarning yuvib-taralgan kafandiyda mayyitlari qabriston tuprog‘idan yer yutgandek g‘oyib bo‘layotganligi sirini hali-hanuz tagiga yetib ulgurmagan edik. Ilgarilari biz choyxonalarda yig‘ilganimizda narda o‘yinlaridan qo‘llarimiz bo‘shamasdi, samovardan chiqqan otalarimiz uzzukun qarta tashlashdan nariga o‘tmasdi, qishlog‘imizning g‘iybatchi xotinlarini tillari g‘iybatdan charchamasdi, endi esa, hamma-hammamiz, xuddi avvaldan gipnoz qilingandek, qabristondan mayyitlar yo‘qolishi mavzusi tevaragida fikr yuritardik, umr g‘aladonimizning qum soatlari shu vahima charxpalagida aylanardi bundan bu yog‘iga hayotimiz qanday kechishi haqida o‘ylarkanmiz, bamisoli arvoh ta’qib qilayotgandek, biz hatto oqshomlari bu to‘g‘rida gapirishga ham cho‘chirdik. Bu qo‘rquv va vahima suroni, bizning qalbimiz va mentalitetimizga shunchalik kirib borgan ediki, bu hol, qachonlardir kolxoz davridan qolib ketgan eski shiyponda, katak kamzul kiygan poytaxtlik kishilar olib kelib ko‘rsatadigan vampirlar haqidagi kinolardan ham ko‘ra, bizning ongimiz va o‘zligimizga battaroq ta’sir ko‘rsatib, yuragimizga vahima va g‘ulu solardi. Qabristondan mayyitlarning yo‘qolishi siri xususida uzoq mulohazalar yuritaverganimizdan, aniq mantiqiy mulohaza layoqatiga asoslangan fikr va taxminlar shunchalik ko‘payib ketdiki, biz ularning qaysi birlariga ishonishni ham bilolmay hayron edik. Bu bamisoli qadimgi yunon faylasuflari davrida yuzaga kelgan plyuralizm va ko‘p fikrlikning o‘zginasi edi-ki, ularga ko‘ra, hamma gap yilning seryog‘in kelishi tufayli, mayyitlar tanasi yomg‘irda ivib, uch unsur – olov, suv va havoning ta’sirida to‘rtinchi unsur bo‘lgan tuproqqa ilgarilarga qaraganda tezroq qo‘shilib ketayotganligida emish; sog‘lom fikrli yana boshqalarning aytishlaricha, bu yumronqoziqlar va dala kalamushlarining surunkali yomg‘ir tufayli yer ostidagi ozuqalari tamom bo‘lganidan va yer ustiga chiqib ozuqa g‘amlashning imkoni yo‘qligidan, chor-nochor, qurt-qumursqalarning doimiy ozuqasi bo‘lmish mayyitlar tanasini iste’mol qilishga majbur bo‘layotganligida emish; ba’zi qariyalarning eskilik sarqitlariga yo‘g‘rilgan mujmal mulohazalariga qaraganda, qishloq Xudoning qahriga uchragan emish; ular yana komil ishonch bilan ta’kidlardilarki, agar buning sabablari aniqlanib, shoshilinch choralar ko‘rilmasa, hali bu kunlarimiz ham holva bo‘lib qolarmish… Lekin tez orada biz aslida nima bo‘layotganligini miridan sirigacha bilib oldik. Bu haqiqatdan ham azaldan qishloq qariyalari ishonib keladigan qora jinlar to‘dasi ekan. Ana shu kezlarda qishloqdan chiqib qolgan folbin xotin, ko‘lmak va loyshanggarchilikning sirg‘anchiq go‘shalari itbaliqlar va chuvalchanglar bilan to‘lib toshgan chorshanba kunlarning birida, bu haqiqatni hammaga baralla oshkor qildi:

Oldingi Keyingi

Manba:

NomiTalvasa
Muallif(lar)i uzhurriyat.uz
Yozilgan vaqti15.09.2022
Internetga joylangan vaqti15.09.2022
Kiritilgan vaqti28.08.2023
Qo‘llanish sohasi OAB
Matn tipimuhokama
Uslubi Publisistik
Auditoriya yoshi18+
Auditoriyaning salohiyat darajasiomma uchun
NET-manzilihttps://uzhurriyat.uz/2022/09/14/talvasa
Ichki korpus turiDavriy nashrlar korpusi
Gap soni0
So‘z(shakl) miqdori0
TeglovchiOperator