Korpus bo‘yicha izlash

Kontekst:

Maktab formasi – to‘g‘ri, chaynalgan mavzu, ammo hali dolzarbligini yo‘qotmagan masala. Bir qarashda shunga ham «ota go‘ri – qozixonami?!» deguvchilar bor, topiladi. Ammo bola tarbiyasi, butun boshli bugungi avlod kelajagi, ertasi haqida gap borar ekan, tarbiyaga ta’sir etuvchi bitta zirapchaga ham bee’tibor bo‘lmaslik kerak, deb uqdiradi moziy. Ayniqsa, bugun biz davlatli ekanmiz, mustaqil yurtning beklari, bekalari ekanmiz, ichimizdan va chetdan bo‘layotgan chalg‘ituvchi qarashlarga, ijtimoiy tarmoqlardagi yo‘ldan og‘diruvchi «post»larga ham qanday bee’tibor qarashimiz mumkin. Men buni hazm qilolmayman. Lekin «formasizlikka hali tayyor emasmiz» degan so‘zni sharhlash uchun yana bitta kattaroq maqola yozish lozimligi ham ayon, zero, hali biz va bolalarimiz ham «bugungi ko‘pdan ko‘p va keraksiz ehtiyojlar»ga bog‘lanib qolganmizki, buni hech kim inkor etolmaydi. Bizdan uzib ketgan xorijdagi rivojlangan mamlakatlarning maktab bolalari orasida «man sandan o‘taman» qabilidagi qarashlar yo‘q, masalan, yapon bolasi uchun «shohona kiyinish, qimmatbaho moda, qizlar uchun oltin taqinchoqlar» unchalik urf emas, hatto yapon onasi ham «bolam, ertaga Yaponiya uchun nima foyda keltiradi», deb o‘ylaydi va mamlakatda nashr etiladigan bir emas, o‘nlab gazeta va jurnallarga obuna bo‘ladi va ularni bolasiga yetkazib beradi va buning uchun hech kimga arz-dod qilmaydi. 1961 yilda ruslar koinotga odam uchirganda, bir amerikalik ota: «Nima uchun Ivan beshga o‘qiydiyu, Jon ikkiga!» deb bong urgan va shundan so‘ng butun Amerika ta’lim tizimi qaytadan ko‘rib chiqilgan edi. 1945 yil sentyabrda urushda yengilgan Yaponiya butun byudjetining katta qismini ta’limga tashladi va bugun ko‘rib turibmizki, ular juda aqlli ish tutishgan ekan. Demak, bizda «maktab formasi – millat ertasi» deyishsa, darhol ijtimoiy tarmoqlarni odobsiz «post»larga to‘ldirib tashlayotganlarni, ayniqsa, salbiy fikr bildirayotganlarning kimligi bilan bir qiziqib ko‘rsak yaxshi bo‘lardi, chunki bizni taraqqiyotimizga g‘anim bo‘layotgan kuchlar borki, ular yoshlarimizni bir zumda chalg‘itib, yosh onglarini zaharlashlari aniq. Demak, bosh barmoqni tishlaymizmi, jimjimaloqnimi, farqi yo‘q, jonimiz og‘rib, yuragimiz dod deydi. Xususan, maktab formasi haqida aytish kerakki, yillar o‘tar va bir kun, ehtimol, bunga ehtiyoj qolmas! Lekin ungacha hali ancha fursat bor, ancha vaqt bor. Ayol, qiz tabiatan xushbichim kiyimlarga, qimmatbaho taqinchoqlarga o‘ch bo‘ladi. Endi o‘zingiz o‘ylang, bo‘yi yetgan qizlarimizni tezroq turmushga uzatish uchun oliftaroq kiyintira boshlash bugun shunday yomon an’anaga aylandiki, maktabga «purim» kiyinib kelgan qiz yo bola atrofdagilarni o‘qishdan chalg‘itmaydimi, deb kim kafolat beradi?! Ota-ona ham masalaning ana shu nozik jihatini e’tiborga olsa yaxshi emasmi? Bugun ko‘ryapmizki, hali turmushga tayyor bo‘lmagan qizlar va yigitlar bir oy, olti oy yo bir yil yashab ajralib ketishmoqda. Bu bizning ayni damdagi eng katta fojiamizdir. Vaholanki, shu yigit va qiz ham maktabda o‘qigan, o‘n yil ta’lim olgan, xat-savodsiz emas, ko‘zi ochilgan insonlar. Va bundan xunugi, ajrashgan eru xotinni ko‘rsak, darhol oliy ma’lumotlimi, deb so‘raymiz, o‘qishmagan bo‘lsa, ayb o‘zlarida, deymiz, vaholanki, yuqorida aytganimdek, o‘n yil, o‘n bir yil ular maktabda nimani o‘rganishdi?! Nimani?! Faqat kiyinishmi, faqat taralla-bedodnimi?! TVda namoyish etilgan bir ko‘rsatuvda yoshlardan biridan: «Nima uchun ajraldingiz?” deb so‘ralganda, u hech bir uyalmasdan pastroq sarpo berilganini ro‘kach qildi. Shu darajaga yetdikmi, biz?! Ota-onaning bu noo‘rin javobga e’tiroz bildirmagani juda uyatli ish bo‘ldi, deb o‘ylayman.

Oldingi

Manba:

NomiYaNGLISh QADAM FALOKATDIR
Muallif(lar)i adolat.uz
Yozilgan vaqti16.09.2022
Internetga joylangan vaqti16.09.2022
Kiritilgan vaqti17.08.2023
Qo‘llanish sohasi OAB
Matn tipimuhokama
Uslubi Publisistik
Auditoriya yoshi18+
Auditoriyaning salohiyat darajasiomma uchun
NET-manzilihttps://adolat.uz/news/yanglish-qadam-falokatdir
Ichki korpus turiDavriy nashrlar korpusi
Gap soni0
So‘z(shakl) miqdori0
TeglovchiOperator