Kontekst:
Oldingi marradan to‘qqiz chaqirim berida turibmiz. Kecha bizni almashtirishdi; hozir qornimiz to‘q – go‘shtli loviya bo‘tqaga burnimizdan chiqquncha bo‘kkanmiz, og‘zimiz qulog‘imizda. Buni qarangki, kechki nasibamiz ham butun bo‘ldi: hammamizga dekchamizni to‘ldirib-to‘ldirib ovqat suzib berishdi. Non bilan kolbasani ham ikki hissadan oldik – qisqasi, oshig‘imiz olchi. Ko‘pdan buyon bunaqasi bo‘lmagandi. Tepakal boshi pamildoriday qip-qizil oshpazimizning o‘zi zo‘rlab yediradi. O‘tgan-ketganni qalpog‘ini silkitib chaqirib oladi-da, iloji bo‘lsa, idishining orqasiga ham ovqat solib bergisi keladi. U qozoni bo‘shamayotganidan xunob. Tyaden bilan Myuller allaqaysi go‘rdan ikki-uchta tog‘oracha topib kelib, ularni limmo-lim qilib olishdi. Bu ishni Tyaden mechkayligidan qildi. Myuller esa – ehtiyotkorligidan. Tyadenning yegani qayoqqa ketadi – hammaga jumboq. Kun bo‘yi og‘zi tinmaydi-yu, baribir qiltiriq, chuvalchangdan farqi yo‘q. Eng zo‘ri – chekishdan yolchidik. Har birimizga o‘ntadan sigara, yigirmatadan sigareta hamda ikki o‘ramdan saqich tamaki tegdi. Men tamakini Katchinskiyning sigaretalariga almashtirib oldim, hazil gapmi, hozir yonimda qirqta sigareta bor. Mayli-da, harna bir kunga cho‘ziladi-ku. Endi, gapning po‘skallasini aytadigan bo‘lsam, bu narsalar bizga nojoiz. Bunday hotamtoylik boshliqlarimizning tushiga ham kirmaydi. Bu gal bir omadimiz kep qoldi-da. Ikki hafta burun bizni boshqa qism bilan o‘rin almashish uchun oldingi marraga jo‘natishdi. Biz turgan joy xiyla osoyishta edi, binobarin, kaptenarmus1 qaytadigan kunimizga ham har doimgi taqsimot bo‘yicha masalliq olib, yuz ellik kishidan iborat rotaga ovqat pishirishni buyurdi. Aksiga olib, xuddi o‘sha kuni inglizlarning qo‘li qichib qolsa bo‘ladimi! Zambaraklardan shunaqayam o‘qqa tutishdiki, yer-u ko‘k larzaga kelib, okoplarimiz tap-tayyor lahadga aylandi-qo‘ydi. Bir mahal qarasak, bor-yo‘g‘i sakson kishigina omon qolibmiz. Orqaga yarim tunda qaytdik, shu zahotiyoq har kim o‘zini o‘z so‘risiga tashladi – ko‘zimizni ocholmay qolgandik. Katchinskiy to‘g‘ri aytadi: «Agar to‘yib uxlashning imkoni bo‘lganda urushning vahima qiladigan yeri yo‘q». Lekin oldingi marrada uxlab bo‘ladimi? Ikki hafta ozmuncha fursat emas. Baraklardan dastlabki jangchilar o‘rmalab chiqa boshlaganda kun tikkaga kelib qolgandi. Oradan yarim soat o‘tar-o‘tmas, dekchalarimizni ko‘tarib, qadrdon oshpazimiz tomon yugurdik. Undan lazzatli taom hidi ufurardi. Tabiiyki, ishtahasi o‘pqonlar har galgiday navbatning boshiga turvoldi: pak-pakana Albert Kropp, rotadagi eng aqlli yigit, shundan bo‘lsa kerak, mana endigina yefreytorlikka ko‘tarildi; Myuller Beshinchi, imtiyozli asosda imtihon topshirish orzusida hanuzgacha darsliklarni qo‘ltiqlab yuradi, o‘q do‘lday yog‘ilib turgan paytda ham fizika qonunlarini hijjalaydi; butun yuzini soqol qoplagan Leyer zobitlarga mo‘ljallangan fohishaxonalardagi oyimtillalarga ishqiboz. Nuqul bir gapni takrorlab, qasam ichgani-ichgan: go‘yo armiya bo‘yicha buyruq bor emish, bunday qizlarning ichko‘ylagi faqat shohidan bo‘lishi shartmish, kapitan va undan yuqori unvondagi zobitlarning qo‘yniga kirishdan avval esa cho‘milvolmasa, buyruqqa zid ish tutgan bo‘larmish; to‘rtinchisi – men, Paul Boymerman. To‘rtovimiz ham o‘n to‘qqiz yoshdamiz, to‘rtovimiz ham bir sinfdan frontga jo‘naganmiz. Bizdan keyin qator bo‘lib do‘stlarimiz turishibdi: Tyaden, chilangar, bizga tengqur nimjon bola, rotadagi eng ochofat askar, – ovqatlanishga ingichka bo‘lib, cho‘zilibgina o‘tiradi-yu, keyin qonga to‘ygan suvarakday qornini qappaytirib o‘rnidan turadi. Xaye Vetsxus, u ham tengdosh, torf qazuvchi ishchi, kaftlari belkurakday, bir buxanka nonni mushtumi ichiga yashirib: «Qani topinglar-chi, qo‘limda nima bor?» – deb baqrayib turaveradi. Detering, dehqon, faqat oilasi-yu tomorqasini o‘ylaydi, xolos. Va nihoyat, Stanislav Katchinskiy, bo‘linmamizning otaxoni, asabi temirdan, aqlli va mug‘ombir kishi – yoshi qirqda, rangi zahil, ko‘zlari ko‘k, yelkalari salqi «qariya», ammo-lekin otishma qachon boshlanishini, yegulik narsalarni qayerdan topish mumkinligi-yu boshliqlarga qanday chap berish kerakligini fahm etishda unga teng keladigani yo‘q. Bizning bo‘linmamiz oshxona oldidagi navbatning eng boshida. Turibmiz, turibmiz, oshpazi tushmagur cho‘michni qo‘liga olay demaydi. Nimanidir kutyapti. Katchinskiyning toqati toq bo‘ladi: – E-e, qopqoqni ochmaysanmi, Genrix?! Loviyaning jigar-bag‘ri ezilib ketdi-ku! Oshpaz boshi-boshi qiladi: – Hamma yig‘ilsin. Tyaden kulib, so‘z qotadi: – Hammamiz shu yerdamiz! Bu gapning ma’nosi oshpazga yetib bormaydi. – Bilaman, sizlarga shu kerak-da! Boshqalar qani? – Bugun ular sening qo‘lingdan taom yeyishmaydi. Kimlar dala shifoxonasida, kimlar yer ostida! Bo‘lgan voqeani anglab, oshxona xudosi hangmang bo‘lib qoladi: – Men yuz ellik kishiga ovqat pishiruvdim-ku! Kropp uning biqiniga turtadi: – Demak, bir marta to‘yib tamaddi qilarkanmiz-da. Qani bo‘l, suza qol! Shu payt Tyadenning kallasiga g‘alati fikr kelib qoladi. Sichqonnikiga o‘xshagan basharasi birdan yorishadi, qisiq ko‘zlari chaqnab, yonoqlari pirpiraydi, ana shu qiyofada oshpazga yaqinlashadi: – Genrix, azizim, bundan chiqdi, nonni ham yuz ellik kishiga mo‘ljallab olgansan-da? Oshpaz beparvo bosh silkiydi. Tyaden uning yoqasidan oladi: – Kolbasani hammi? Oshpaz yana pamildoriday boshini liqillatadi. Tyaden angrayib qoladi. – Tamakini ham, shundaymi? – Ha-da, bo‘lmasam-chi! Tyaden bizga o‘giriladi, uning quvonchi ichiga sig‘masdi: – Jin ursin, ana omad, mana omad! Endi hammasi o‘zimizga! Demak, shoshmanglar, shoshmanglar – ha, to‘g‘ri, kishi boshiga salkam ikki hissadan! Shundagina Pamildori hushyor tortadi: – Unaqasi ketmaydi, xomtama Endi bizga ham jon kirib, baravariga oshpazga yopishamiz: – Ho‘, qizilbosh, nega unaqasi ketmas ekan? – deydi Katchinskiy. – Negaki, sakson – yuz ellik emas. – Hisob-kitobni biz ham bilamiz! – to‘ng‘illaydi Myuller. – Bo‘pti, ovqatni oxirigacha tarqataman, lekin non bilan kolbasani sakson kishilik beraman, – Pamildori ham bo‘sh kelmaydi. Katchinskiyning qoni qaynab ketadi: – Bir martagina oldingi marraga borganingda edi, ko‘rardik ahvolingni! Sen mahsulotni sakson kishiga emas, ikkinchi rota uchun ham olgansan, borini tarqatasan, gap tamom! O‘sha ikkinchi rota biz bo‘lamiz! Pamildorini rosa iskanjaga oldik. Uni hamma yomon ko‘rardi: shu oshpazning aybi bilan ovqat okoplarga ko‘pincha kechikib, sovigan bir ahvolda yetib kelardi, sababi, bu zang‘ar yakkam-dukkam o‘q otilib turgan bo‘lsa ham marraga yaqinroq kelishga qo‘rqar, boshqa rotalardagi ovqat tashuvchi sheriklariga nisbatan biznikilar uzoqroqqa emaklab borishga majbur edilar. Mana, masalan, birinchi rotaning oshpazi Bulkeni olaylik. U tamom boshqa odam edi, o‘zi o‘lguday semiz, beso‘naqay kishi bo‘lishiga qaramay, kerak paytda ko‘chma oshxonasini naq okopning og‘zigacha g‘ildiratib kelardi. Hammamiz dakang xo‘rozday xezlanib turganimizda qo‘qqisdan rota komandiri kelib qoladi, bo‘lmasa bahslashuv mushtlashishga aylanib ketarmidi? U gap nimadaligini eshitgach, nihoyatda hazin ohangda: – Ha, kecha ko‘p talafot ko‘rdik, – deydi. So‘ng qozon qopqog‘ini ochadi: – Loviya chakkimasga o‘xshaydi-ku, a? Pamildori bidirlab javob qaytaradi: – Ha, molgo‘shti bilan charvi ham solingan. Leytenant bizga qaraydi. Ko‘nglimizdagini sezdi-yov. Tushunadigan odam-da, – ming qilsa ham o‘zimizga o‘xshagan oddiy xalqdan chiqqan. Rotamizga kelganda kichik zobit edi. U qozon qopqog‘ini yana bir bor ko‘tarib, hidlab ko‘radi, keta turib: – Menga ham suzing, – deydi komandir, – hamma narsani yigitlarga tarqating. Bular hali bizga kerak bo‘ladi. Pamildorining turqi o‘zgarib ketadi. Tyaden esa uning atrofida dikonglay boshlaydi: – O‘l-a! Bir yering kamayib qolarmidi?! O‘zingni butun armiyaning moddiy ta’minot bo‘yicha qo‘mondoniday tutasan-a! Bo‘la qol, qari kalamush, suz, qorin tatalab ketdi. – O‘chir, yaramas! – deb pishqiradi Pamildori alamini kimdan olishni bilmay. Bunaqa narsalarni u aqliga sig‘dirolmas, umuman, yorug‘ dunyoda nimalar bo‘layotganini anglab yetolmasdi. Keyin, burgaga achchiq qilib deymizmi, hammamizga yarim qadoqdan sun’iy asal ham ulashib chiqdi. Bugun rostdan-da yaxshi kun bo‘ldi. Pochta ham keldi; har birimiz uch-to‘rttadan xat va gazetalar oldik. Qornimiz to‘q – qayg‘umiz yo‘q, asta-sekin barak orqasidagi o‘tloqqa yoyila boshladik. Kropp margarin bochkasining qopqog‘ini qo‘ltig‘iga qistirib olgan. O‘tloqning o‘ng tarafida hafsala bilan qurilgan, oddiy askarlarga mo‘ljallangan kattakon hojatxona bor. Darvoqe, u yoqqa hamma narsadan o‘ziga naf qidirishni hali o‘rganmagan va harbiyga endigina chaqirilgan g‘o‘r bolalargina yugurishadi. Biz esa jonimizning huzurini bilamiz. Gap shundaki, o‘tloqning har yer-har yeriga xuddi ana shu zarurat uchun xizmat qiladigan bir kishilik hojatxonalar ham qo‘yilgan. To‘rtburchak uzun yashikni eslatuvchi bu kabinalar sip-silliq taxtalardan pishiq-puxta yasalgan, o‘rindig‘ini aytmaysizmi! Ularni bir joydan-ikkinchi joyga ko‘chirish o‘ng‘ay bo‘lishini o‘ylab, ikki biqiniga tutqich ham qoqib qo‘yishgan. Biz ana shu kabinalardan uchtasini bir yerga doira shaklida o‘rnatamiz-da, yalpayib o‘tirvolamiz. Ikki soatdan oldin turish yo‘q. Hali-hali eslayman: frontga yangi kelgan paytimizda hammamiz kazarmalarda yashab, umumiy hojatxonaga qatnab yurgan dastlabki kezlari uyalganimizdan qora terga botib ketardik. Hojatxonaning eshigi yo‘q, yigirma kishi deng, xuddi tramvayda o‘tirganday, qator bo‘lib cho‘nqayib o‘tirvoladi. Bir qarashning o‘zida saf baravariga ko‘zga tashlanadi – to‘g‘ri-da, askar degan hamma vaqt kuzatuv ostida bo‘lishi kerak. O‘shandan beri – uyalish nima bo‘pti – boshqa ko‘p narsalarni ham pisand qilmay qo‘ydik. Bundan battariga ham ko‘nikib ketdik. Bu yerda, ochiq havoda toza miriqamiz. Ilgari bu haqda gapirishga nega uyalardik, hayronman – tabiiy ehtiyoj, zarurat-ku, bu axir. Xuddi non yeganday, suv ichganday gap. Ushbu zarurat hayotimizda shu qadar muhim o‘rin tutmaganida va bu ehtiyojning tabiiyligi biz uchun yangilikday tuyulmaganida, ehtimol, gapni chuvalashtirib o‘tirishning keragi bo‘lmasmidi? Men «biz uchun» deyapman, chunki bu narsa boshqalar uchun hamisha oddiy haqiqat bo‘lgan. Qorin va ovqat hazm qilish masalasi o‘zgalardan ko‘ra askar uchun muhimroq, bu askarga eng yaqin soha, o‘ziga xos muhit. Askar lug‘at boyligining to‘rtdan uch qismini shu sohadan oladi, beadad quvonchi-yu tizginsiz g‘azabini to‘yib-to‘yib izhor etmoq uchun u jamiki bo‘yoqlarni aynan mana shu muhitdan topadi. Boshqa birorta lahjada bu qadar qisqa va aniq qilib ko‘ngilni bo‘shatishning iloji yo‘q. Frontdan qaytganimizdan so‘ng uyimizdagilar va o‘qituvchilarimiz rosa taajjublanishsa kerak, biz nima qilaylik, axir, bu yerda hamma shu tilda gaplashadi. Ichimiz bo‘shayotgani sayin tanamiz bajarayotgan bu yumushdan xijolatlik hissi ham parday to‘zib borardi. Xijolat bo‘larmishmiz-a! Mana shunday quling o‘rgilsin sharoitda hojat chiqazayotganimizni qarta o‘yinida qo‘li kelib turgan qimorbozning holatiga o‘xshatsa, qaytaga to‘g‘riroq bo‘ladi. Nemis tilida «hojatxonadan yangiliklar» degan ibora bekorga paydo bo‘lgan emas. Bu iborani ishlatganda og‘zi shaloqlikni nazarda tutishadi. Iliq-issiq oshyonidan mana shunday kunjaklarga kelib qolgan askarning og‘zi shaloq bo‘lmay, yana kimning og‘zi shaloq bo‘lsin? Hozir o‘zimizni devorlariga oppoq koshinlar terilgan dabdabali hojatxonada o‘tirganday sezyapmiz. Unaqa hojatxonalar ozoda bo‘lishi mumkin – bor-yo‘g‘i shu; bu yer esa – rohat! Ajabtovur osuda damlar... Tepamizda musaffo osmon. Ufq tomonda sarg‘ish aerostatlar, zenit snaryadlarining portlashidan hosil bo‘lgan laxtak-laxtak bulutlar ko‘zga tashlanadi. Ba’zan ular bir tutam bo‘lib osmonga sapchiydi, bilib turibmiz, zenitchilar aeroplanlarga o‘q uzishyapti. Frontning gumbur-gumburi, olisdagi momaqaldiroqday elas-elas quloqqa chalinadi. Ari uchib o‘tsa, bu ham eshitilmay qoladi. Tevarak-atrofimiz yam-yashil o‘tloq. Maysalar shabadada ohista tebranadi. Oq kapalaklar kech yozning iliq, mayin havosida yayrab qanot qoqyapti; miriqib sigareta tortgancha birimiz xat, birimiz gazeta o‘qiyapmiz, furajkalarimizni yechib, yonimizga qo‘yib qo‘yganmiz, shamol sochlarimizni siypalaydi, o‘y-xayol va so‘zlarimizga aralashadi. Uchta kabina qip-qizil lolaqizg‘aldoqlar orasida turibdi... Margarin bochkasining qopqog‘ini tizzamizga qo‘yamiz. Qarta tashlashga qulay-da. Kropp cho‘ntagidan qartalarni chiqazadi. Endi bizni o‘rnimizdan qo‘zg‘atish osonmas. Baraklardan nag‘ma sadosi eshitiladi. Ba’zan qartani bir chetga surib, bir-birimizga tikilib qolamiz. Shunda bittamiz: «Eh, bolalar juvonmarg ketdi-da...» yoki: «Bundan battar bo‘lishi ham mumkin edi-ku», – deymiz. Shunday deymiz-u, o‘yga tolamiz. Har kim ichidan o‘tganini o‘zi biladi, gap-so‘z ortiqcha. Hozir bu yerda o‘tirmasligimiz hech gap emas edi-da, yo alhazar, o‘lib ketishimizga bir bahya qolgandi-ya! Binobarin, shu tobda atrofimizdagi hamma narsa – lolaqizg‘aldoqlar ham, yegan ovqatimiz ham, sigareta-yu kechki shabada ham benihoya aziz tuyulardi. Birdan Kropp so‘rab qoladi: – O‘shandan keyin Kemmerixni hech kim ko‘rdimi? – U Sen-Jozefda, dala shifoxonasida, – javob beraman men. – Oyog‘idan o‘q yegan – uyiga qaytishi mumkin, – deydi Myuller. Kechqurun undan xabar olishga kelishamiz. Kropp cho‘ntagidan bir xatni chiqazadi. – Kantorekdan alangali salom! Xaxolab kulib yuboramiz. Myuller chekib bo‘lgan sigaretasini chetga uloqtiradi. – Uning shu yerda bo‘lishini judayam xohlardim-da. Past bo‘yli, hammavaqt kulrang belburma kamzul kiyib yuradigan, basharasi kalamushnikiday turtib chiqqan Kantorek sinfimiz rahbari edi. «Klosterberg g‘azabi» deb nom chiqazgan kichik zobit Ximmelshtosning bo‘yi ham unikidan baland emas. Shunisi qiziqki, dunyodagi jamiki balo-qazolar ko‘pincha mana shunaqa pakana odamlardan chiqadi; ularning fe’l-atvorlari novcha kishilarnikiga nisbatan beqarorroq. Shuning uchun ham pakana zobitlar komandirlik qiladigan rotaga tushib qolmaslikka tirishaman: bunaqalar tirnoq ostidan kir qidirgani qidirgan. Badantarbiya darslarida Kantorek nuqul nutq so‘zlardi, oxiri shu bilan tugadiki, kunlardan bir kun butun sinfimiz bilan saf tortdik-da, uning rahnamoligida okrug harbiy boshqarmasiga borib, ko‘ngilli sifatida frontga jo‘natayotganlar ro‘yxatiga yozilib keldik. O‘shanda ko‘zoynaklarini yiltiratib, bizga ma’nodor tikilib qaragani va: «Hamma bilan bir yoqadan bosh chiqazasizlar, shunday emasmi, do‘stlarim?» – deb so‘ragani hali-hali ko‘z oldimdan ketmaydi. Bunaqa tarbiyachilar uchun balandparvoz tuyg‘ular qahat emas, ular bunday tuyg‘ularni cho‘ntaklarida olib yurishadi va kerak payt- da shartta-shartta ishlatishaveradi. Lekin o‘sha paytda bu haqda o‘ylamaganmiz. To‘g‘ri, oramizdan bittasi – go‘shtdor, ipakdek muloyim Iozef Bem hamma bilan bir yoqadan bosh chiqazishni istamay, o‘zini orqaga tashlab ko‘rdi. Lekin pirovardida rozi bo‘lishdan boshqa iloji qolmadi, aks holda uning uchun hamma eshiklar berkilardi. Ehtimol, yana kimningdir unga o‘xshagisi kelgandir, biroq «ko‘pga kelgan to‘y»dan chetda turish hech kimga nasib etmadi, buning ustiga, o‘sha kezlari «qo‘rqoq» degan so‘z ko‘pchilikning, hatto ota-onalarning ham og‘zidan tushmasdi-da. Nima bo‘layotganini birov hatto tasavvur ham qilolmasdi. To‘g‘risini aytganda, oddiy va kambag‘al odamlar aqlliroq chiqib qolishdi – ular dastlabki kunlardayoq urushning turgan-bitgani kulfat ekanini anglab yetdilar, vaholanki, o‘ziga to‘qlar sovuq xabarni eshitib, terilariga sig‘may ketishdi, ammo urushning oqibati nima bo‘lishini o‘shalar ilgariroq fahm etishi kerak edi-ku! Katchinskiyning gapiga qaraganda, buning bari bilimdonlikning kasofati, o‘qigan sari odam esini yo‘qotaveradi. Kat bir narsani bilmasa gapirmaydi. Xo‘sh, keyin nima bo‘ldi deng: birinchi jangdayoq Bem halok bo‘ldi. Ko‘zidan yaralandi, biz uni o‘lgan deb o‘ylabmiz. Jasadini o‘zimiz bilan birga olib ketolmasdik, chunki chekinish payidan bo‘lib turgandik. Tushdan keyin birdan uning dod-voyini eshitib qoldik; Bem okop oldida sudralib, yordam so‘rardi. O‘shanda hushidan ketgan ekan, xolos. Ikkala ko‘zi ko‘r, og‘riqning zo‘ridan aqldan oza boshlagan o‘rtog‘imiz o‘ziga endi pana joy ham izlamasdi, okopga tortib tushirishga ulgurmadik: uni otib tashlashdi. Albatta, bunda Kantorekning aybi yo‘q – uning qilgan ishini aybga yo‘yadigan bo‘lsak, masala chuqurlashib ketadi. Axir, Kantorekka o‘xshaganlar minglab edi-da. Ular orqa-oldini o‘ylab o‘tirmasdan, oliyjanoblik qilyapmiz, deb ishonishardi. Aynan mana shu ishonch bizning oldimizda ularni beburd qilib qo‘ydi. Ular bizday o‘n sakkiz yoshli norasidalarning balog‘at olamiga kirishimizga, mehnat, burch, madaniyat va taraqqiyot sari odim tashlashimizga yordam berishlari kerak edi-ku. Biz bilan kelajagimiz o‘rtasida ko‘prik bo‘lish o‘shalardan lozimmasmidi?! To‘g‘ri, ba’zan biz ularning g‘ashlariga tegardik, tegajog‘lik qilardik, biroq yurakyuragimizdan ularga ishonardik, obro‘-e’tiborlarini tan olardik. Ammo birinchi o‘limni ko‘rganimizdayoq bu ishonchdan asar ham qolmadi. Bu avlod bizning avlodday sofdil emasligini anglab yetdik. Ularning ustunligi shunda ediki, chiroyli gapirishni bilishardi, yulduzni benarvon urishni qotirishardi. Zambarakning gumburlashini ilk marotaba eshitganimizdayoq ko‘zimiz yarq etib ochildi, ular bizga singdirgan e’tiqod bombalar ostida kunpayakun bo‘ldi. Ular hamon maqolalar yozishar, nutqlar so‘zlashardi, biz esa ko‘chma shifoxona-yu jon taslim qilayotganlarni ko‘rib ulgurgandik; ular hamon vatanga xizmat qilishdan ortiq oliy ne’mat yo‘q, deya ayyuhannos solishardi, biz esa o‘lim dahshati undan-da kuchliroq ekanini bilardik. Ammo bu bilan birortamiz qochoq, isyonchi yoki qo‘rqoq bo‘lib qolganimiz yo‘q (bunday so‘zlar og‘izlarining bir chekkasidan chiqib ketardi, ularning): vatanni ulardan kam sevmasdik, jangga kirayotib biror marta tizzamiz qaltiramagan; ammo endi nimanidir farqiga yetamiz, go‘yo birdan ulg‘ayib qolganday bo‘ldik. Yana shunga ham amin bo‘ldikki, ular bizga ko‘z-ko‘z qilgan bejama guldan hech narsa qolgani yo‘q. Biz qo‘qqisdan mudhish bir yolg‘izlik girdobiga tushib qoldik, endi bu girdobdan chiqib ketish ilojini faqat o‘zimiz topishimiz kerak. Kemmerixni ko‘rib kelishga jo‘nashdan oldin lash-lushlarini yig‘ishtirdik: yo‘lda asqatishi mumkin. Dala shifoxonasi liq to‘la odam; odatdagiday, spirt, yiring va ter hidi anqiydi. Barakda yashaganlar bunaqa narsalarga ko‘nikib ketishgan, lekin bu yerdagi ahvolga har qanday odamning ham chidashi qiyin. So‘rab-surishtirib, Kemmerixni topdik. U katalakdek bir xonada yotar ekan, bizni sevinch va ojiz hayajon ifodasi qorishib ketgan siniq tabassum bilan qarshi oldi. Hushsiz yotganida soatini o‘g‘rilab qo‘yishibdi. Myuller tanbeh berganday, boshi-boshi qiladi: – Bunaqa yaxshi soatni yoningda olib yurmagin deb necha marta aytgandim senga! Befarosatroq-da xumpar, shu gapning mavridimi hozir: Kemmerix bu xonadan tirik chiqmasligi ko‘rinib turibdi-ku. Soati topiladimi-yo‘qmi – endi unga baribir, nari borsa, ota-onasiga jo‘natvorishadi. – Qalaysan, Frans? – deydi Kropp. Kemmerix yerga qaraydi: – Bir navi, faqat tovonimning zirqirashi bosilmayapti-da. Adyolga razm solamiz. Oyog‘i taxtakachlab qo‘yilgan, adyol ko‘tarilib turibdi. Hovlida sani- tarlar Kemmerixning oyog‘ini kesib tashlashganini aytishuvdi – demak, tovoni ham yo‘q, o‘zi bilmaydi. Myullerning biqiniga turtaman, valaqlab qo‘yishi hech gapmas-da. Fransning aftiga qarab bo‘lmaydi – doka. Tirik odamga o‘xshamaydi. Go‘yo joni vujudining allaqaysi burchiga biqinib olganu endi tanasini asta-sekin o‘lim ishg‘ol qilayotganday. Ajal sharpasi ko‘zlarini zabt etib bo‘lgan. Mana, kechagina yonimizda xaxolashib yurgan, okop azoblarini birga tortgan jangovar do‘stimiz ro‘paramizda cho‘zilib yotibdi – xuddi o‘zi, shunday deyman-u, lekin u endi o‘ziga o‘xshamaydi. Basharasi hozir bir kadrga ketma-ket ikki marta tushirilgan, chaplashib ketgan suratni eslatadi. Ovozi ham o‘zgarib qolgan. Frontga jo‘nayotgan paytimiz kechagiday yodimda. Kemmerixning semiz, ochiqko‘ngil onasi uni vokzalga kuzatib qo‘ydi. Nuqul yig‘laydi, yuzi shishib, shilta bo‘lib ketgan. Kemmerix onasining ko‘zyosh qilayotganidan uyaladi, axir, boshqa ayollar o‘zlarini bunaqa tutayotganlari yo‘q-da. Ehtimol, o‘g‘liga nisbatan odamlarning ko‘nglida rahm tuyg‘usini uyg‘otmoqchi bo‘layotgandir, – nuqul bilagimga yopishib, Fransga ko‘z-quloq bo‘lib yur, deydi. Rostdan ham Kemmerixning chehrasi xuddi go‘daklarnikiga o‘xshaydi, suyaklari mo‘rt. Frontga kelib, orqasiga xalta osib yurganiga biror oy o‘tmasidan, yapasqitovon bo‘lib qoldi. Urush paytida birovga ko‘z-quloq bo‘lish oson ekanmi?! – Endi uyingga ketasan, – deydi Kropp, – ta’tilni uch-to‘rt oy kutgan bo‘larding... Kemmerix beholgina bosh silkiydi. Qo‘llariga qaray olmayman – naq mumning o‘zi. Tirnoqlari ostiga okop tuprog‘i to‘lib qolgan, qora-ko‘kim- tir rangda. Xayolimda Kemmerix o‘lganidan keyin ham tirnoqlari o‘saveradiganday, ha, yerto‘ladagi oq qo‘ziqorinlarday o‘saveradi-o‘saveradi. Bu manzarani ko‘z o‘ngimga keltiraman: uzun-uzun tirnoqlar axiyri bir-biriga chirmashib ketadi, bunga chirigan bosh suyagida o‘sayotgan sochlar ham qo‘shiladi, xuddi taqir yerda palak yozgan chirmoviqlarday... Yo alhazar, nahotki, shunday bo‘lsa? Myuller engashib, tugunni oladi: – Narsalaringni opkeldik, Frans. Kemmerix qo‘lini arang qimirlatib, ishora qiladi: – Karavot tagiga qo‘yinglar. Myuller emaklab, karavotning ostiga kirib ketadi. Kemmerix yana soatdan gap boshlaydi. Ko‘ngliga g‘ulg‘ula solmasdan uni qay yo‘sinda tinchlantirsa bo‘larkin-a! Myuller karavot tagidan bir juft botinkani ko‘tarib chiqadi. Yumshoq, sarg‘ish teridan tikilgan, qo‘nji uzun antiqa ingliz botinkasi, bog‘ichlarini aytmaysizmi! Har qanday askarning tushlariga kirib chiqadigan poyabzal. Myullerning holatini ko‘rsangiz! U botinkaning bir poyini o‘zining beso‘naqay botinkasi tagcharmiga o‘lchaydi-da: – Buni ham olib ketmoqchimisan, Frans? – deb so‘raydi yuragini hovuchlab. Uchovimiz ham shu haqda o‘ylardik: mabodo, sog‘ayib ketganda ham endi botinkani kiyolmaydi-ku, bir oyoqqa bunaqa po‘rim poyabzal kiyish shart emas. Hozirgi sharoitda esa bu yerga tashlab ketish kishiga alam qiladi – Kemmerix o‘lishi bilan sanitarlar uni ilib ketishadi. Myuller qaytadan so‘raydi: – Balki bizga qoldirarsan? Kemmerix ko‘nmaydi. Bisotidagi eng aziz narsa-da. – Biror buyumga almashtirardik, – deydi yana Myuller. – Frontda bunaqa narsaning bozori chaqqon. Kemmerix baribir rozi bo‘lmaydi. Myullerning oyog‘ini bosaman; u noiloj botinkani joyiga qo‘yadi. Yana biroz gaplashib turamiz, so‘ng xayrlashamiz: – Sog‘ayib ket, Frans! Ertaga kirib o‘tishga va’da beraman. Myuller ham shu gapni aytadi; uning fikr-u xayoli botinkada bo‘lgani uchun poyloqchilik qilishga jazm etgan edi. Kemmerix ingraydi. Titray boshlaydi. Hovliga chiqib, bir sanitarni to‘xtatamiz, Kemmerixga ukol qilib qo‘yishni so‘raymiz. – Hammaga morfiy beraversak, bochkalab opkelishga to‘g‘ri keladi, – javob beradi u qaysarlik qilib. – Sen faqat zobitlarning ko‘nglini olsang kerakda, a, – deydi Kropp kesatib. Vaziyatni yumshatish maqsadida sanitarga sigareta tutaman. Keyin muloyimlik bilan so‘rayman: – Morfiy berishga huquqing bormi? Nafsoniyatiga tegdim shekilli: – Ishonmasangiz, nega so‘raysiz? – deb javob beradi u. Unga yana uch-to‘rtta sigareta tutqazaman. – Bir yaxshilik qilvor, og‘ayni... – Qo‘ymadinglar-da. Kropp u bilan birga ketadi. Ukol qilganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, xotirjam bo‘lgisi keladi-da. Myuller yana botinkadan so‘z ochadi: – Oyog‘imga loppa-loyiq keldi. Manavi choriqdan qutulmasam bo‘lmaydi, adabimni yedim. Ertaga biz kelguncha o‘lib-netib qolmasmikin? Kechasi bir gap bo‘lsa, botinka qulog‘ini ushlab ketdi, deyaver. Albert qaytib chiqadi. – Nimani gaplashyapsizlar? – Ha, shunchaki, ag‘dan-bag‘dan... – javob beradi Myuller. Barakka qaytamiz. Ertaga Kemmerixning onasiga yozishim lozim bo‘lgan xat haqida o‘ylayman. Nima deyman? Myuller yo‘l chetidan bir o‘tni uzib olib, chaynab kelyapti. Birdan pakana Kropp sigaretasini yerga tashlab, oyog‘i bilan ezg‘ilay boshlaydi, keyin ma’nisiz nigoh bilan atrofga alanglab, to‘ng‘illaydi: – Axlat, axlat, hamma yoq axlat! Ketyapmiz, yo‘l uzoq. Kropp tinchlanadi; uning boyagi holatini yaxshi bilamiz: front vasvasasi bu, hammada bo‘ladi. – Kantorek nima deb yozibdi? – so‘rab qoladi Myuller undan. – Metin yoshlar emishmiz biz, – kulib javob beradi Kropp. Kulgiga biz ham qo‘shilamiz. Kropp so‘kinadi. Ha, ular – yuz minglab Kantorekka o‘xshaganlar – mana shunaqa fikr yuritishadi. Metin yoshlar emish-a! Hech qaysimiz yigirmadan katta emasmiz. Lekin yoshligimiz qoptimi? Nahotki, yosh bo‘lsak? To‘g‘ri, qachonlardir yosh edik. Hozir keksayib qolganmiz. Eslashning o‘zi g‘alati: uyda, yozuv stolining g‘aladonida qog‘ozga tusha boshlagan «Saul» nomli dramam va bir dasta she’rlarim yotibdi. Men bu asarlar ustida necha-necha tunlarni tongga ulaganman – axir, deyarli hammamiz shunga o‘xshash biror ish bilan shug‘ullanardik-da; hozir esa bu mashg‘ulotim o‘zimga shu qadar g‘ayritabiiy tuyuladiki, buni hatto tuzukquruq tasavvur ham qilolmayman. Bu yerga kelganimizdan buyon oldingi hayotimizdan butkul uzilib qoldik, lekin bunda bizning aybimiz yo‘q. Ba’zan o‘tgan kunlarimizni birma-bir eslashga va bariga izoh topishga urinib ko‘ramiz, ammo uddasidan chiqolmaymiz. Aynan bizga, Kantorek metin yoshlar deb atagan yigirma yoshlilar – Kropp, Myuller, Leyer va menga – barchamizga yuz berayotgan voqealar qip-qizil jumboq, boshimiz garang. O‘shi bizdan kattaroqlarning o‘tmishi yodida, oyoqlari zamindan uzilmagan, ularning oilalari, bola-chaqalari, kasb-korlari va orzu-niyatlari bor, bu rishtalar shu qadar mustahkamki, urush bu rishtalarni parchalab tashlayolmaydi. Bizda-chi? Bizda nima bor? Ota-ona, kimlarningdir sevgan qizlari bor, xolos. Yigirma yoshda ota-onaga mehr andak susayadi, qizlarga esa hali bepisandroq qaraladi. Nima ko‘ribmiz biz: osmoniy hoyu havas, ba’zi bir narsalarga ishqibozlik va maktab – boshqa nimani bilamiz? Mana endi, shular ham yo‘qqa chiqib turibdi. Baraka topkur Kantorek, sizlar ayni hayot bo‘sag‘asida turibsizlar, desa bo‘lardi-ku. To‘g‘risiyam shu-da. Hali ildiz otmasimizdan urush giribonimizdan oldi. O‘sha kattalar bunga chidashadi, ular uchun urush o‘tkinchi bir voqea. Bizning kelajagimiz nima bo‘ladi? Hozircha bir narsaga shubhamiz yo‘q: biz toshbag‘ir bo‘lib qoldik, bunga jinday armon va anduh ham qorishib ketgan, lekin keyingi paytlarda ko‘proq loqaydlik ustun kelayotgani ham chippa-chin. Mabodo, Myuller Kemmerixning botinkasiga ko‘z tikkan bo‘lsa, bu unga ichi achimayapti degani emas. Agar shu matoh Kemmerixga hali asqatishiga ishonganida u tikanli sim ustida yalangoyoq yurishga ham rozi bo‘lardi. Hozir bu poyabzal Kemmerixga mutlaqo daxlsiz buyumga aylanib qolgan, Myullerga esa judayam zarur. Kemmerix baribir o‘ladi, shunday ekan, botinka kimga nasib etadi – farqi nima? Allaqanday sanitar ilib ketganidan ko‘ra Myuller olgani yaxshida. Bunga uning ko‘proq haqqi bor. Kemmerix o‘lganidan keyin kech bo‘ladi. Myullerning hadeb botinka ustida qayg‘urishi bejiz emas. Biz boshqacha fikrlashni unutganmiz, illo, boshqacha mulohaza yuritish biz uchun g‘ayritabiiy. Biz faqat bor narsani tan olamiz, bizga shunisi muhim. Yaxshi botinka topish esa osonmas. Yigirmata bola okrug harbiy boshqarmasiga yo‘l olganimizda hali bitta sinfdan iborat o‘quvchilar edik, kazarma ostonasini hatlab o‘tishdan oldin hammamiz sartaroshxonaga bordik, ba’zilar bunaqa joyga ilgari kirmagan ham ekan. Bizda kelajakka mo‘ljallangan aniq bir reja yo‘q edi, ayrim bolalar xayolidagi allaqanday omad va martaba haqidagi orzular ularning hayotiga zig‘irdaygina nafi tegadigan darajada shakllanib ulgurmagandi; lekin mubham hoyu havaslarimiz bisyor edi, shuning ta’siri bo‘lsa kerak, hayot ham, hatto urush ham bizga qandaydir serjoziba, ajabtovur sarguzashtday tuyulardi. O‘n hafta harbiy ta’limdan o‘tdik, shu vaqt orasida bizni o‘n yil maktabda o‘qiganimizdan ko‘ra ham oshiribroq tarbiyalab tashlashdi. Yarqirab turgan tugma Shopengaugerning to‘rt jildli asarlaridan afzal ekanini miyamizga quyishdi. Bu yerda hamma narsani aql-idrok emas, etik cho‘tka, fikr-mulohaza emas, qachonlardir joriy etilgan tartib-qoida, erkinlik emas, zo‘rma-zo‘raki mashqlar hal qilishini avval taajjublanib, keyin afsuslanib, so‘ng esa loqayd bir kayfiyatda anglab yetdik. Biz o‘z ixtiyorimiz bilan askar bo‘lgan edik; ammo bu tuyg‘uni yuragimizdan siqib chiqarish uchun hamma chorani ko‘rishdi. Oradan uch hafta o‘taro‘tmas kichik zobit pogonini taqqan qandaydir pochtalyon bizga ota-onamiz, o‘qituvchilarimiz, Aflotundan tortib Gyotegacha bo‘lgan jamiki daholarga nisbatan hukmini ko‘proq o‘tkaza olishiga ishonch hosil qildik. O‘qituvchilarimiz jo‘shibtoshib tasvirlagan vatan obrazi bu yerda o‘zligidan butkul voz kechgan inson shaxsiyatida mujassamlashganini tiniq, o‘tkir nigohlarimiz bilan tezgina ilg‘ab oldik. Bunaqa narsani hech kim, hech qachon hatto qulvachchadan ham talab qilmasa kerak. Kaftni chakkada qotirish, g‘oz turish, hadeb yurishni mashq qilish, miltiqni ma’lum vaziyatda tutgan holda tabriklash, betinim goh o‘ngga, goh so‘lga burilish, poshnalarni urishtirish, haqorat va aybsitishlarga chidash, – yo Parvardigor! – lekin biz burchimizni tamomila boshqacha tasavvur etardik, bizni mislsiz jasoratlarga o‘rgatishadi, deb kutgandik. Nachora, borib-borib bunga ham ko‘nikdik. Hatto, bu mashg‘ulotlarning ayrimlari foydali ekanini ham tan oldik, lekin qolganlari faqat xalaqit beradigan ortiqcha dahmazalar edi. Askar bunaqa narsalarni tez ilg‘aydi. Sinfimizdagi bolalarni to‘rtta-to‘rtta qilib, frisland baliqchilari, ishchilar, dehqonlar va hunarmandlarga qorishtirgan holda bo‘linmalarga taqsimlab yuborishdi. Tezda ular bilan do‘stlashib ketdik. Kropp, Myuller, Kemmerix va men kichik zobit Ximmelshtos komandirlik qiladigan to‘qqizinchi bo‘linmaga tushdik. Ximmelshtos kazarmalarda eng zolim mustabid sifatida nom qozongan va bundan faxrlanib yurardi. Pakana, chorpaxil, sap-sariq mo‘ylovi tepaga buralgan va qismda o‘n ikki yildan buyon xizmat qilayotgan bu odam ilgari pochtalyon bo‘lgan ekan. Kropp, Tyaden, Vestxus va menda uning alohida xusumati bor edi, chunki unga nuqul zimdan qarshilik ko‘rsatishimizni sezardi. Bir kuni ertalab Ximmelshtosning karavotini o‘n to‘rt marta to‘g‘rilashga majbur bo‘ldim. Bir nimani bahona qilib, ko‘rpani yerga uloqtiradi, qaytadan boshlayman. Bir gal yigirma soat ter to‘kib, – orada nafasni rostlab, albatta – uning tarasha bo‘lib ketgan eski etigini shunaqangi yarqiratib yubordimki, o‘zi ham miq etolmay qoldi. Uning buyrug‘iga binoan tish cho‘tkasi bilan kazarma polini yog‘ tushsa yalaguday qilib qo‘ydim. Pol cho‘tkasi va xokandoz bilan qurollanib, Kropp ikkovimiz Ximmelshtosning topshirig‘ini bajarishga kirishdik – hovlini qordan tozalash kerak edi, sovuqdan shamdek qotayozdik, lekin chekinmadik, shu payt bir leytenant hovliga kirib qolib, bizni kazarmaga jo‘natdi, Ximmelshtosga rosa tanbeh berdi. Evoh, shundan keyin battar sho‘rimizga sho‘rva to‘kildi. To‘rt hafta ketma-ket har yakshanba soqchilikda turdim, bu ham yetmaganday, bir oy davomida rotada navbatchilik qildim. Orqamda safar anjomlari liq to‘la xalta, qo‘limda miltiq – pilchillagan, shilta yalanglikda rosa yugurtirishdi, bir «yot!» deyishadi, bir «chop!» – deyishadi, axiyri holdan toyib, cho‘zilib qoldim. To‘rt soatdan so‘ng Ximmelshtosga yuvib quritilgan, top-toza kiyimlarimni ko‘rsatdim – to‘g‘ri, qo‘llarim qontalash bo‘lib ketganini sezdirmadim, albatta. Kropp, Vestxus, Tyaden va men – to‘rtovlon bemisl izg‘irinda qo‘lqopsiz, miltiqning yaxga aylangan stvolini changallagancha «g‘oz turish» mashqini bajardik, Ximmelshtos esa, bizni buyruqni bajarmaganlikda ayblash maqsadida, salgina tebranib ketishimizni kutib, atrofimizda beto‘xtov aylanib turdi. Kechasi yotishdan oldin kiyimlarimiz taxlab qo‘yiladigan uzun kursidan ichki ishtonim to‘rt enlik osilib qolgani uchun tunda, soat ikkida, kazarmaning eng yuqori qavatidan sakkiz marta hovliga chopib tushib-chopib chiqishimga to‘g‘ri keldi. Men bilan yonma-yon tilini osiltirgancha navbatchi kichik zobit Ximmelshtos ham yugurardi. Nayza sanchish mashqlarida nuqul Ximmelshtosga ro‘para bo‘lardim, menda zil-zambil temir tayoq, unda esa yengilgina yog‘och miltiq, har gal qo‘llarimni momataloq qilib yuborardi. To‘g‘ri, bir safar jon achchig‘ida temir tayoqni qorniga shunaqa suqdimki, voy-voylagancha dumalab qoldi. Rota komandiriga shikoyat qilgan ekan, o‘zing g‘aflatda qolgansan-da, deb ustidan rosa kulibdi. Komandir Ximmelshtosning fe’lini bilardi, shuning uchun uni kalaka qilgan-da. Men javon ustiga tirmashib chiqish san’atini mukammal egalladim; oradan ko‘p o‘tmay, tiz bukib ta’zim qilishda ham hech kim menga teng kelolmay qoldi. Ximmelshtosning ovozini eshitganda, bizni qaltiroq bosardi, ammo quturgan bu pochta qirchang‘isiga baribir bo‘yin egmadik. Yakshanba kunlarining birida Kropp ikkalamiz o‘zimiz tozalagan hojatxona axlati solingan chelakni langarcho‘pda ko‘tarib, barak yonidan o‘tayotgan edik, ro‘paramizdan Ximmelshtos chiqib qoldi (yasanvolib, shaharga ketayotgan ekan), oldimizda to‘xtab: «Qalay, yaxshi ish ekanmi?» – deb so‘radi. Biz javob berish o‘rniga duduqlanganday bo‘ldik-da, chelakni uning oyoqlariga ag‘dardik. Ximmelshtos alamidan chinqirab yubordi, nima qilaylik, bizning ham sabr kosamiz to‘lgan edi-da. – Sizlarni yerto‘laga tiqaman! – baqirdi u. Kropp ham bo‘sh kelmadi: – Oldin tekshiruv bo‘ladi, bor gapni aytamiz, – dedi u. – Kichik zobit bilan shunaqa gaplashadimi, askar? – yana qichqirdi Ximmelshtos tutoqib. – Esingiz joyidami? So‘ragandan keyin javob qaytaring! Xo‘sh, nima qilmoqchisiz? – Janob kichik zobitning qilmishlarini gapirib beramiz! – dedi Kropp barmoqlarini chakkasida juftlab. Shunda birdan Ximmelshtosning popugi pasayib qoldi, indamay jo‘navordi. To‘g‘ri, keta turib: «Shu gap yodingizda tursin!» – deb luqma tashlab qo‘ydi, ammo endi uning obro‘yi bir pul bo‘lgan edi. Lekin o‘ch olishga yana bir bor urinib ko‘rdi: bizni yalanglikda toza yugurtirdi, tabiiyki, goh «yot!», goh «chop!» – degan buyrug‘ini ham kanda qilmadi. Biz itoat etdik, buyruq buyruqda, uni bajarish kerak. Lekin buyruqni shunaqa sekin, behafsala bajardikki, Ximmelshtosning joni halqumiga keldi. Imillab yotamiz, imillab turamiz. Alamidan boshqa buyruqlar beradi. Xullas, baqiraverib, tomog‘i bo‘g‘ilib qoldi. Shundan keyin bizni tinch qo‘ydi. To‘g‘ri, itvachchalar degan so‘z hamon og‘zidan tushmasdi. Lekin bu haqoratda hurmat ohangi ham sezilardi. Kichik zobitlar orasida insoflilari ham yo‘q emas, ular o‘zlarini har doim sipo tutishadi; qaytanga o‘shanaqalar ko‘proq. Lekin hammalari front orqasidagi bexavotir, iliq-issiq kursilariga yopishib olishgan, ketgilari kelmaydi, buning uchun esa harbiyga yangi chaqirilganlarga qattiqqo‘l bo‘lish lozim. Mana shuning oqibatida kazarma hayotining azoblarini xo‘b tortdik, alam qilganidan ba’zan dodlavoray derdik. Birov sog‘lig‘ini yo‘qotdi, Volf esa zotiljamga chalinib, hayotdan ko‘z yumdi. Tahqirlandig-u, lekin taslim bo‘lmadik. Biz toshbag‘ir, hech narsaga ishonmaydigan, qahri qattiq, qasoskor, qo‘rs odamlarga aylandik, bir hisobda yaxshi bo‘lgan ekan: bizda xuddi mana shu xislatlar yetishmas edi. Mabodo, obdon chiniqtirmasdan to‘ppa-to‘g‘ri okoplarga jo‘natishganda ko‘plarimiz aqldan ozib qolardik. Hozir esa har qanday ko‘rgulikka tayyormiz. Biz bukilmadik, biz moslashdik; bunga yigirma yoshimiz yordam berdi, aks holda holimizga maymunlar yig‘lardi. Eng muhimi, qalbimizda o‘zaro hamjihatlik tuyg‘usi kurtak yozdi, boribborib, okoplarga tushib qolganimizdan so‘ng, bu tuyg‘u urush hadya etgan birdan-bir fazilat – birodarlik rishtalarini mustahkamladi. Kemmerixning karavoti yonida o‘tiribman. U tobora holdan ketyapti. Shifoxonada yugur-yugur. Sanitar poyezdi kelgan, evakuatsiyaga yaroqli yaradorlarni saralashyapti. Do‘xtir Kem- merixning karavoti oldida to‘xtamaydi, hatto unga qaramaydi ham. – Kelasi safar, Frans, – deyman men. U tirsagiga suyanib, yostiqdan boshini xiyol ko‘taradi. – Oyog‘imni kesib tashlashdi. Demak, bilibdi. Indamay bosh irg‘ayman. – Shunga ham shukr qil. U churq etmaydi. Men yana gap boshlayman: – Ikkala oyog‘ingni kesishlari ham mumkin edi, Frans. Ana Vegeler o‘ng qo‘lini yo‘qotdi. Bundan yomoni yo‘q. Keyin, sen uyingga ketasan-ku, axir. U menga tikilib qaraydi: – Nahotki? – Albatta. U qaytadan so‘raydi: – Rostdanmi? – Rost, Frans. Faqat operatsiyadan keyin sal o‘zingga kelvolishing kerak. U yaqinroq surilishimga ishora qiladi, ustiga engashaman. – Ishonmayman, – deydi u. – Bema’ni gap, Frans. Uch-to‘rt kundan keyin o‘zing ko‘rasan. Dadil bo‘l, kessa kesishibdi-da. Bu yerda sendan battarlari ham bor. U qo‘lini ko‘taradi: – Qaragin, qo‘limga qaragin. – Operatsiyaning ta’siri. Ovqatni uraver, tez tuzalasan. Ovqatlari tuzukmi? U idishini ko‘rsatadi: to‘la turibdi. Battar tashvishga tushaman: – Frans, bunaqada bo‘lmaydi. Dardning yarmini ovqat aritadi. Har holda bu yerda yomon boqishmasa kerak. U eshitishni ham xohlamaydi. Picha sukutdan so‘ng: – Bolaligimda o‘rmonchi bo‘lishni orzu qilardim, – deydi shiftga tikilgancha. – Ulgurasan hali, – tasalli beraman men. – Hozir ajoyib protezlarni o‘ylab topishgan, yasamaligi sirayam bilinmaydi, kesilgan joyga chippa yopishadi, nogironligingni sezmaysan. Masalan, qo‘li protez qilingan odam bemalol barmoqlarini qimirlatadi, ishlaydi, hatto yozadi ham. Hozir har kuni yangi bir narsani ixtiro qilishyapti. U biroz muddat jim yotadi, so‘ng yana tilga kiradi: – Botinkamni ola ket. Myullerga berarsan. Men bosh irg‘ayman, unga dalda bo‘ladigan so‘z qidiraman. Lablari piyoz pardasiday, og‘zi kattalashib, tishlari ochilib qolgan, xuddi bo‘rdan yasalganga o‘xshaydi. Vujudi shamday erib, peshonasi, yonoqlari turtib chiqqan. Tanasi tobora skelet shaklini olyapti. Ko‘zlarida-ku nurdan asar yo‘q. Nafas to‘xtashiga sanoqli daqiqalar qolgan. Men o‘limining guvohi bo‘layotgan odam yolg‘iz Kemmerix emas, gap boshqa yoqda: biz birga o‘sganmiz. Inshoni undan ko‘chirardim. Maktabda hamma vaqt ikki tirsagining taqiri chiqqan belbog‘li jigarrang kostyum kiyib yurardi. Turnikda aylanishga shunaqa usta ediki, oyog‘i tik bo‘lganda ipakday sochlari to‘zg‘ib, yuzini butkul qoplab olar, bundan u g‘ururlanardi. Ammo-lekin tamaki tutuniga toqat qilolmasdi. Terisi shu qadar oppoq ediki, nimasidir qiz bolaga ham o‘xshab ketardi. Etigimga qarayman. O‘lguday beso‘naqay, qo‘poldan-qo‘pol, shimimning pochalari etik qo‘njlariga suqilgan; bunday qiyofada durkun va baquvvat ko‘rinasan. Ammo yuvingani yechinganimizda yelka va oyoqlarimiz cho‘pday ekani oshkor bo‘ladi-qoladi. Biz endi askar emas, ona suti og‘zidan ketmagan norasidalarga o‘xshaymiz, zil-zambil safar xaltalarini ko‘tarib yurishimizga birov ishonmaydi. Yalang‘och paytimizda xizmatdaligimizni unutib, o‘zimizni ojiz va odmi kishilarday his etamiz. Frans Kemmerix yechinganda murg‘ak bolani eslatadi. Mana u ro‘paramda cho‘zilib yotibdi – bu qanaqasi? Yer yuzidagi barcha insonlarni mana shu karavot yoniga chorlab: «Bu yigit Frans Kemmerix, endigina o‘n to‘qqizdan oshdi, sirayam o‘lgisi yo‘q. Uni asrab qolinglar!» – deb hayqirging keladi. Har turli o‘y-xayollardan boshim g‘uvillaydi. Buning ustiga, xonadagi spirt va yiring hidi ko‘ngilni bexud qiladi. Qorong‘i tusha boshlaydi. Kemmerixning yuzi shu darajada oqarib ketganki, dokaning o‘zi. U asta lablarini qimirlatadi. Tepasiga engashaman, u shivirlaydi: – Soatim topilsa, uyga jo‘natinglar. E’tiroz bildirmayman. Foydasi yo‘q. Unga gap tushuntirib bo‘lmaydi. Yordam berishga ojizligimdan xunobim oshadi. Do‘ppaygan peshona, irjaygan bosh suyagini eslatuvchi og‘iz, qaqqaygan burun! Eng yomoni, men yozib yuborgan xatni olganidan so‘ng u yerda, shahrimizda, sochlarini yulib dod solayotgan ayol. Evoh, bu maktub oldinroq jo‘natilgan bo‘lganida qaniydi! Chelak va dori shishalarini ko‘targan sanitarlar xonama-xona yurishibdi. Bittasi yonimizga kelib, Kemmerixga sinovchan tikiladi-da, yana nari ketadi. Aftidan, kutyapti – unga bo‘sh karavot kerak-da. Fransga yaqinroq surilib, xuddi uni qutqarib qoladiganday, gap boshlayman: – Quloq sol, Frans, balki Klosterbergdagi chor atrofi hashamatli uylar bilan qurshalgan sana- toriyga tushib qolarsan. Derazadan hamma yoqni tomosha qilasan, shunda olisdagi, ufq tomondagi ho‘ o‘sha bir juft daraxtga ko‘zing tushadi. Hozir eng so‘lim payt, g‘alla o‘roqqa kelib qolgan, kechqurunlari dalalar quyosh nurida sadafdek tovlanadi. Biz baliq ovlaydigan ariq bo‘yidagi tolzor-chi! Yana akvarium olib, baliq ko‘paytirasan, hech kimdan ruxsat so‘ramay shaharga borasan, hatto royal chalishing ham mumkin, agar xohlasang. Ko‘lanka quyuqlashayotgan yostig‘i uzra engashaman. Sekin-sekin bo‘lsa ham, hali nafas olyapti. Yuzi ho‘l, u yig‘layapti. Qosh qo‘yaman deb, ko‘z chiqarib qo‘ydim shekilli! – Qo‘y endi, Frans, – yelkasidan quchib, yuzimni chakkasiga bosaman, – balki picha uxlavolarsan? Javob bermaydi. Yuzidan yoshi oqib tushyapti. Artib qo‘yay desam, ro‘molcham kir. Yana bir soatlar o‘tadi. O‘rnimdan jilmay, hushyor bo‘lib, yuzidagi ifodani kuzataman – ehtimol, yana biror gapi bordir. Hozir og‘zini ochib, baqirib yuborsa ham mayli edi! Ammo u yig‘layapti, yuzini devorga burgancha unsiz yig‘layapti. Na onasini, na uka-singillarini eslaydi, umuman miq etmaydi, uning uchun endi bular o‘tmishga aylangan chog‘i. Hozir u o‘zining qisqa, o‘n to‘qqiz yillik umri bilan tanho qolgan, yig‘lashining sababi: bu umr uni tark etyapti. Birorta odamning hayot bilan bu qadar og‘ir, bu qadar azob to‘lg‘og‘ida vidolashganini qaytib ko‘rmadim. To‘g‘ri, Tyadenning o‘limi ham yengil bo‘lmagan: ho‘kizday baquvvat bu yigit ovozining boricha onasini chorlagan, vasvasadan ko‘zlari ola-kula bo‘lib, do‘xtirga nayza o‘qtalgan, uni karavotiga yaqin yo‘latmagan, so‘ng... guppa ag‘darilgan. Qo‘qqisdan Kemmerix bir ingrab, xirillay boshlaydi. Sapchib turib, yo‘lakka chopib chiqaman: – Do‘xtir qani? Qani do‘xtir? Oq xalatli bir kishining bilagiga mahkam yopishaman: – Yuring tezroq, bo‘lmasa Frans Kemmerix o‘lib qoladi! U qo‘lini tortib, yonida turgan sanitardan so‘raydi: – Nima gap o‘zi? Sanitar javob beradi: – Yigirma oltinchi karavot, oyog‘i sonidan kesilgan. Do‘xtir jerkib tashlaydi: – Men qayoqdan bilaman, bugun beshtasining oyog‘ini kesdim! – meni nari turtib, sanitarga buyuradi: – Boring, qarang! – keyin o‘zi operatsiya xonasiga yuguradi. Sanitarga ergashib ketyapman-u, g‘azabdan o‘zimni bosolmayman. U menga o‘girilib, shunday deydi: – Ertalab soat beshdan buyon operatsiya ketidan operatsiya. Jinni bo‘pqolish hech gapmas. Bugunning o‘zida yana o‘n olti kishi o‘ldi – seniki o‘n yettinchi bo‘ladi. Hali yigirmataga ham chiqsa keragov. Nafasim ichimga tushib ketadi, ortiq chiday olmayman. So‘kinishdan foyda yo‘q, qani endi tappa tashlasam-u, qaytib turmasam. Kemmerixning karavoti oldidamiz. U o‘lgan. Yuzi hali jiqqa ho‘l. Ko‘zlari yarim ochiq, xuddi eski dandon tugmalarday, sap-sariq. Sanitar biqinimga turtadi: – Narsalarini olib ketasanmi? Men bosh silkiyman. U davom etadi: – Jasadni tez olib chiqib ketmasa bo‘lmaydi, bizga joy kerak. Yaradorlar yo‘lakda yotibdi. Kemmerixning farqlash belgisini yechib, lash-lushlarini yig‘ishtiraman. Sanitar uning askarlik guvohnomasini so‘raydi. Guvohnoma yo‘q. Mahkamada bo‘lsa kerak, deb javob beraman-u, tashqariga qarab yuraman. Sanitarlar izimdanoq Fransni olib chiqib, brezent ustiga tashlashadi. Shifoxona darvozasi ortidagi qorong‘ilik va shabadadan yengil tortaman. To‘yib-to‘yib nafas olaman, yuzimga mayin va iliq epkin uriladi. Birdan xayolim qizlarga ketadi, yam-yashil o‘tloqlar, oppoq bulutlar haqida o‘ylayman. Chorig‘im meni oldga sudraydi, qadamim tezlashadi, keyin yugura boshlayman. Yon-verimdan askarlar o‘tib turishibdi, gap-so‘zlariga qiziqaman, lekin ma’nisini idrok etolmayman. Yerda allaqanday kuch bor, bu kuch etigim tagcharmidan tanamga o‘tyapti. Tun bezovta, olisdan front gumbur-gumburi quloqqa chalinadi, nuqul barabanlardan tashkil topgan butun boshli orkestr kuy chalayotganga o‘xshaydi. Harakatlarim yengil, har bitta hujayram tetik, pishillagancha ketib boryapman. Tun mavjud ekan – men ham tirikman. Ochlikni sezaman, lekin bu ochlik qorin ochligidan boshqacharoq, kuchliroq... Myuller barak oldida meni kutayotgan ekan. Unga botinkani beraman. Ichkariga kiramiz, u botinkani kiyib ko‘radi. Loppa-loyiq... Keyin lash-lushlarini titkilab, menga bir bo‘lak kolbasa uzatadi. Issiq choy bilan uni baham ko‘ramiz. Safimizga yangilar qo‘shiladi. So‘rilardagi bo‘sh o‘rinlar asta-sekin to‘lib, ana-mana deguncha baraklarda poxol tiqilgan birorta ham xoli to‘shak qolmaydi. Kelganlarning bir qismi xizmat qilib yurgan eski askarlar, ularning orasida taqsimlash punktidan jo‘natilgan yigirma besh nafar yosh-yalang ham bor. Bizdan bir yosh kichkina ular. Kropp biqinimga turtadi: – Anuv go‘daklarni ko‘ryapsanmi? Men bosh silkiyman. Biz jiddiy qiyofaga kiramiz, hovlida turvolib, soqol olishimizni namoyish etamiz, qo‘lni cho‘ntakka solvolib, viqor bilan u yoqdan – bu yoqqa o‘tamiz, ularga qaragan sayin o‘zimizni pixi qayrilib ketgan askarlarday his qilamiz. Katchinskiy safimizga qo‘shiladi. Otxonalarni aylanib chiqib, gazniqob hamda nonushtaga qahva olayotgan yoshlarning oldiga boramiz. Katchinskiy bolalarning biridan so‘raydi: – Anchadan beri tuzukroq ovqat yemaganga o‘xshaysizlar, a? Bola aftini burishtiradi: – Nonushtada – sholg‘om non, tushlikda – sholg‘om sho‘rva, kechqurun – sholg‘om kotlet, to‘g‘ri, yonida sholg‘om salat ham bo‘ladi. Katchinskiy, «chatoq-ku», deganday hushtak chalib qo‘yadi. – Sholg‘om non, degin? Omadinglar bor ekan – hozir qipiqdan non tayyorlashyapti. Loviyaga qalaysan, ozgina tatib ko‘rasanmi? Bola qip-qizarib ketadi: – Mayna qilyapsiz-a? Katchinskiy bir tukini o‘zgartirmaydi: – Ol dekchangni. Nima bo‘larkan deb ularga ergashamiz. U bizni so‘risi yonida turgan kichkina bochka oldiga boshlab keladi. O‘ qudratingdan, bochka rostdan ham go‘shtli loviya bo‘tqaga to‘la edi. Katchinskiy g‘oz turgancha, xuddi generalday, buyuradi: – Qorningga siqqunicha ye! Askarga tortinchoqlik yarashmaydi! Biz hayron. – Qoyil-e, Kat! Shuncha bo‘tqani qayerdan olding? – so‘rayman men. – Tashvishdan xalos etganim uchun Pamildori xursand. Buning evaziga uch bo‘lak parashyut shohisidan berdim. Loviyaning sovugani ham ketaveradi, to‘g‘rimi? Shunday deb, u yosh askarning dekchasini to‘ldirib beradi. – Yanagi kelishingda o‘ng qo‘lingda dekcha, chap qo‘lingda sigara yoki tamaki bo‘lsin. Xo‘pmi? Keyin bizga o‘giriladi: – Sizlardan hech narsa olmayman, albatta. Katchinskiy tengi yo‘q odam – unda allaqanday oltinchi sezgi bor. Bunaqalar hamma yerda topiladi, lekin darrov ajratvolish qiyin. Har bir rotada bitta yo ikkita shunaqasi bor-da, ishqilib. Katchinskiy men bilganlarning orasida eng ustomoni. Kasbi yamoqchimi-yey, lekin gap bunda emas – u hamma hunardan xabardor. U bilan do‘stlashgan yutqizmaydi. Kropp ikkovimiz do‘stmiz unga. Xays Vestxusni ham o‘zimizdan desa bo‘laveradi. Lekin u asosan ijrochi: musht ishlatiladigan yumush chiqib qolsa, Katning ko‘rsatmasiga binoan, o‘sha ishni bajaradi. Albatta, xizmatiga yarasha ulushini ham oladi. Bir kuni tunda mutlaqo notanish joyga, xarob bir shaharchaga borib qolamiz. Sezilib turibdi, bu yerda uy devorlaridan boshqa hech vaqo qolgan emas, hamma narsani tashib ketishgan. Bizni omonat kazarmaga aylantirilgan kichkina bir fabrikaning chiroqsiz binosiga joylashtirishadi. Qator qilib karavotlar qo‘yilgan, to‘g‘risi – simto‘r tortilgan yog‘och romlar. Simto‘r ustida yotish do‘zax azobidan battar. Ostimizga to‘shashga hech narsa yo‘q. Kat sharoitni ko‘radi-da, Xays Vestxusga yuzlanadi: – Yur men bilan. Ular notanish shaharga chiqib ketishadi. Oradan yarim soat o‘tar-o‘tmas bir quchoqdan poxol ko‘tarib, qaytib kelishadi. Kat poxol uyilgan otxonani izlab topibdi. Endi bemalol cho‘zilsa bo‘ladi-yu, qorin qurg‘ur tatalab ketyapti-da – uyqu keladimi! Kropp o‘z qismi bilan bu yerda anchadan buyon xizmat qilayotgan bir to‘pchidan so‘raydi: – Yaqin-atrofda oshxona bormi? To‘pchi kuladi: – Ko‘ngling yana nimalarni tusaydi? Nonushoq ham topolmaysan, bu yerdan. – Hamma ko‘chib ketganmi? – Nega endi, ba’zi birovlar qolgan. Ular ham tilanchilik qilib kun ko‘rishadi. Ishlar xurjun. Ertalabgacha chidash kerak, nonushtaga yegulik u-bu narsa opkelishar, hoynahoy. Bir mahal qarasam, Kat furajkasini kiyyapti. – Qayoqqa? – Razvedka qilib kelaman. Biror chorasi topilar. U shoshmasdan tashqariga yo‘l oladi. To‘pchi zaharxanda kuladi: – Topiladi, topiladi! Ehtiyot bo‘l, o‘zing yemish bo‘lib qolma tag‘in! Hafsalamiz pir bo‘lib, karavotlarga cho‘zilamiz. «Qora kun»ga asrab qo‘yilgan qo‘r-qutdan bir tishlamdan yesakmikin-a? Yo‘q-yo‘q, unga tegib bo‘lmaydi, gap tegadi. Kropp sigaretani sindirib, yarmini menga uzatadi. Tyaden o‘z yurtida sevib tanavvul etiladigan taom – yog‘li no‘xot to‘g‘risida hikoya qila boshlaydi. No‘xotning po‘stini archib pishiradiganlarni ora-orada so‘kib ham qo‘yadi. Kartoshka, no‘xot va yog‘ni alohida-alohida emas, qozonga baravar tashlab qaynatish kerak emish. Kimdir Tyadenga, agar ovozingni o‘chirmasang, hozir o‘zingni no‘xatsho‘rak qilib qo‘yaman, deb to‘ng‘illaydi. Shundan keyin hayhotday sexga sukunat cho‘kadi. Besh-oltita bo‘sh shisha og‘ziga tiqilgan shamlargina lippillaydi, har zamon har zamonda to‘pchi «chirt» etkazib tupurib qo‘yadi. Ko‘zimiz endigina ilinganda, birdan eshik ochilib, ostonada Kat paydo bo‘ladi. Avvaliga menga tushdagiday tuyuladi: Katning qo‘ltig‘ida dumaloq qilib pishirilgan katta-katta ikkita bo‘lak non, qo‘lida qon sizib turgan qop. To‘pchining og‘zidan trubkasi tushib ketadi. Nonni siypalab ko‘radi: – Ha, non, rostakam non, hali sovumagan! Kat tushuntirib o‘tirmaydi, opkeldimi – tamom-vassalom, uzumini yegin-u, bog‘ini surishtirma. O‘lay agar, uni sahroga tashlab ketilsa ham, bir soatdan keyin xurmo, qovurdoq va musallas qo‘yilgan stol tuzashi hech gap emas. U Xayega buyuradi: – O‘tin yor! Keyin kamzuli ostidan tovani chiqazadi, cho‘ntagidan bir hovuch tuz bilan bir bo‘lak yog‘ oladi – hech narsani unutmabdi. Xaye gulxan yoqadi. Biz birin-ketin karavotlarimizdan tushamiz. To‘pchi dovdirab qolgan. Xushomad qilsam, menga ham biror tishlam go‘sht tegarmikin, deb o‘ylayapti. Ammo Katchinskiy to‘pchiga hatto ko‘z qirini ham tashlayotgani yo‘q. U noiloj to‘ng‘illay-to‘ng‘illay nari ketadi. Kat go‘shtni qanday pishirishni biladi. Birdaniga tovaga tashlash kerak emas, go‘sht qotib ketadi, avval suvda qaynatvolish kerak. Pichoqlarimizni olib, gulxan atrofida davra quramiz-da, najirxo‘rlikka tushamiz. Kat ana shunaqa odam. Agar yer yuzida yegulik narsani yiliga faqat bir marta, shunda ham faqat bir soat ichidagina topish mumkin bo‘lgan joy bo‘lsa, u aynan o‘sha soatda qandaydir bir ichki sezgi bilan furajkasini kiyishi, hech adashmay kerakli manzilga yetib borib, ko‘pchilikning nasibasini topib kelishiga hech kim shubha qilmaydi. U hamma narsani: qishda pechka bilan o‘tinni ham, kerak bo‘lganda, pichan bilan poxolni ham topadi, eng avvalo – yegulik narsani muhayyo qiladi. Bu bir jumboq, ba’zan, bu odam sehrgarmasmikin, deb ham o‘ylab qolamiz. Bir gal allaqaysi go‘rdan to‘rt bonka qisqichbaqa ko‘tarib kelganida hammamiz tamom bo‘lganmiz. Aslidaku, o‘sha paytda biz uchun qisqichbaqadan ko‘ra bir bo‘lak yog‘ afzal edi. Barakning oftobroq tomonida yastanib yotibmiz. Qatron, yoz va terlagan oyoq hidi omuxta bo‘lib ketgan. Kat yonimda o‘tiribdi; gaplashishni yaxshi ko‘radi. Bugun bir soat mashq qilishga majbur etish- di – kaftni chakkada qotirishni o‘rgandik. Tyaden qandaydir bir mayorga salom berishda qovun tushirgan ekan. Kat hamon o‘zini bosolmaydi. – Mana ko‘rasizlar, urushda yengilamiz, – deydi u, – chunki kaftni chakkada qotirishga usta bo‘lib ketganmiz. Yonimizga Kropp keladi. Yalangoyoq, pochasini tizzasigacha shimarib olgan, turnaga o‘xshaydi. Paypog‘ini yuvgan ekan, o‘t ustiga yoyib qo‘yadi. Kat osmonga tikilgancha varanglatib yel chiqazadi. Keyin: – No‘xot yo‘taldi, – deya izoh beradi. Kropp bilan Kat bahsga kirishib ketishadi. Hozir tepamizda boshlanadigan havo jangining qanday yakunlanishi ustida bir shishadan pivoga garov ham o‘ynashadi. Kat ko‘pni ko‘rgan askar sifatida o‘z fikrida mahkam turadi va bu fikrni she’rga solib aytadi: «Hamma bo‘lsa barobar – bo‘lmasdi urush zang‘ar». Katning aksi o‘laroq, Kropp – faylasuf. Uning fikricha, urush e’lon qilishdan oldin umumxalq sayli uyushtirilishi kerak, xuddi buqalar jangi tomoshasida bo‘lganiday, musiqa chalinib, chiptalar sotilishi lozim. Keyin dushman mamlakatlarning vazir va generallari trusikda maydonga tushib, bir-birlari bilan olishishsin. Kim yengsa, o‘sha mamlakat g‘olib chiqqan deb hisoblanadi. Shunda adolatli ish bo‘ladi. Hozir-chi? Mutlaqo notanish odamlar bir-birlarini o‘ldirib yotishibdi. Bu taklif hammaga ma’qul tushadi. Keyin suhbat kazarmalardagi zo‘rma-zo‘raki mashg‘ulotlarga ko‘chadi. Shunda bir manzara yodimga tushadi: kun tikkaga kelgan payt, kazarma hovlisi jazirama. Harbiy mashq o‘tkaziladigan maydonda tirik jon yo‘q. Hamma uxlayapti. Faqat barabanchilarning shovqin-suroni eshitiladi, xolos. Ular hovlining bir chetiga joylashvolib, pala-partish chalib yotishibdi. Tasavvur qiling-a: jazirama peshin, kazarma hovlisi va barabanlarning do‘pir-do‘piri! Kazarma oynalari qop-qorong‘i. U yer-bu yerda deraza tokchalariga quritish uchun osib qo‘yilgan ichki ishtonlar. Bino ichi hozir muzday. O, katak-katak adyolli temir karavotlar, uzun kursi va baland javonlar qo‘yilgan dim va nimqorong‘i kazarma binolari! Hatto siz ham hozir qo‘l yetmas bir orzusiz; qolaversa, bu yerda, frontda bizga olis-olisdagi vatan va xonadonlarimiz shu’lasiga yo‘g‘rilganday tuyulasiz. O, uxlayotgan askarlar va ularning kiyimlari hidiga to‘yingan, achigan ovqat va tamaki isi o‘tirib qolgan omborxonalar! Katchinskiy bularni ajib bir zavq-shavq bilan hikoya qiladi. Qaniydi, shu tobda o‘sha yerga qaytib borsak! Axir biz bundan ortiq narsalar to‘g‘risida hatto o‘ylashga ham jur’at etolmaymiz... Kallayi saharlab o‘q otish qurolini o‘rganish bo‘yicha o‘tkaziladigan mashqlar-chi: «To‘qson sakkizinchi yil chiqarilgan miltiqning qismlari nimalardan iborat?» Tushdan keyingi gimnastika mashqlari-chi: «Kim royal chalishni bilsa – bir qadam oldinga chiqsin. O‘ng yelka bilan burilib yuring. Oshxonaga borib, kartoshga archgani kelganingizni ayting». Xotiralardan huzur qilamiz. Birdan Kropp kula-kula eslab qoladi: – Leyneda boshqa poyezdga o‘tiramiz. Bu komandirimizning sevimli o‘yini edi. Leyne – asosiy bekat. Ta’tilga chiqqanlar yo‘lda adashib yurmasligi uchun Ximmelshtos kazarmada bizga qanday qilib boshqa poyezdga o‘tirishni o‘rgatar- di. Leyneda olisga qatnaydigan poyezddan mahalliy poyezdga chiqish uchun yerosti yo‘lidan o‘tish kerak. Har birimiz karavotimizning chap tomonida g‘oz turamiz. Karavotning tagi go‘yo yerosti yo‘li. Keyin buyruq yangraydi: «Leyneda boshqa poyezdga o‘tiramiz!» – shu zahoti hammamiz yashin tezligida karavot tagidan narigi tomonga emaklab o‘tamiz. Soatlab shu mashqni bajarishga to‘g‘ri keladi... Xayolimiz bo‘linadi. Nemis aeroplani o‘q yegan edi. U ortida uzun oqish iz qoldirib, yerga qulay boshlaydi. Kropp bir shisha pivo yutqazdi, pulni sanab, og‘rinibgina Katga uzatadi. – Ehtimol, Ximmelshtos pochtalyonligida sipo odam bo‘lgandir, – deyman men Albertning alami sal tarqagach, – kichik zobit bo‘ldi-yu, qip-qizil vahshiyga aylandi-qoldi-ya. Nega shunaqa bo‘larkin? Bu savol Kroppga turtki beradi: – Faqat Ximmelshtos emas, ko‘plari o‘zgarib ketadi. Unvoni sal oshsa yoki qilich tegib qolsa, tamom, xoda yutganday g‘o‘dayadi-qoladi. – Hamma gap mundirda ekan-da, – taxminimni o‘rtaga tashlayman. – Ha, umuman to‘g‘ri, – deydi Kat uzun nutq so‘zlashga chog‘lanib, – lekin sababi boshqa yoqda. Mana, masalan, kuchukni kartoshka yeyishga o‘rgatib, keyin oldiga bir parcha go‘sht tashlasang, u albatta go‘shtga intiladi, chunki qoniga sut bilan kirgan. Agar insonga jinday amal bersang, u bilan ham xuddi shu hol yuz beradi: amalga mahkam yopishadi. Bu holat g‘ayriixtiyoriy ravishda sodir bo‘ladi, sababi, inson ham hayvontabiat mavjudot, sirti boshqacha, xolos. Ustiga sariyog‘ surtilgan qora nondan farqi yo‘q. Butun harbiy xizmatning mohiyati shundan iboratki, bu yerda bir odamning ustidan ikkinchisining hukmronligi joriy etilgan. Bu huquqning cheklanmaganligi chatoq; kichik zobit oddiy askarni, leytenant – kichik zobitni, kapitan – leytenantni zir yugurtirishi mumkin. Bunaqada aqldan ozib qolish hech gapmas. Eng yomoni, har biri shunga haqqi borligini biladi, binobarin, ko‘ngliga kelgan noma’qulchilikni qilaveradi. Mana, oddiy bir misol: mashqdan qaytyapmiz, itday charchaganmiz. Birdan buyruq yangrab qoladi: «Qo‘shiq ayt!» Boshlaymiz, lekin ovozimiz bir chiqib-bir chiqmaydi. Miltiqni zo‘rg‘a ko‘tarib kelyapmiz-u, qo‘shiqqa balo bormi?! Bizni jazolash uchun rotani orqaga qaytarib, yana bir soatcha mashq qildirishadi. Endi yo‘lga tushganimizda yana o‘sha buyruq: «Qo‘shiq ayt!» Bu gal astoydil aytamiz. Xo‘sh, bunda nima mantiq bor? Shunchaki, rota komandiri aytganini qildirdi, huquqi bor-da. Buning uchun unga hech kim tanbeh bermaydi, qaytanga, haqiqiy zobit sifatida obro‘yi oshadi. Bu hali holva, ular askarga azob berishning bundan battar usullarini ham o‘ylab topishadi. Qani, aytinglar-chi, harbiymas qaysi amaldor, mayli, judayam katta amaldor bo‘lsin, xo‘sh, qaysi biri shunaqa ish qiladi? Qilolmaydi. Bunaqa bemazagarchilik faqat harbiylar orasida bor! Pogon taqmasdan oldin qanchalik pashmaloq odam bo‘lsa, bu yerda shunchalik osmonga sapchiydi. – Bo‘lmasam-chi, intizom muhim-da, – so‘z qotadi Kropp istehzo bilan. – Tirg‘alaman desa, bahona ko‘p, – davom etadi Kat. – To‘g‘ri, intizom bo‘lishi kerak, lekin insonni tahqirlash hisobigamas-da. Shu gapni chilangar, dehqon, xullas, oddiy mehnatkashdan chiqqan piyoda askarga – ular bu yerda ko‘pchilik, tushuntirib ko‘r-chi! Tushuntirib bo‘psan! Oddiy askar yetti qavat terisi shilib olingandan so‘ng frontga jo‘natilishini yaxshi biladi, nima kerag-u nima kerak emas – unga besh qo‘lday ma’lum. Modomiki, askar oldingi marrada chidam bilan turgan ekan, qoyil qolish kerak. Yoqa ushlaydigan hodisa bu! Hamma bu fikrga qo‘shiladi, chunki zo‘rma-zo‘raki harbiy mashqlar faqat okoplarda barham topishini, keyin, oldingi marradan bir necha chaqirim narida yana qaytadan boshlanishini, boshlanganda ham eng tuturiqsiz mashq – kaftni chakkada qotirish va yer tepkilashdan boshlanishini har birimiz yaxshi bilamiz. Askar bo‘sh qolishi kerak emas – qonun shunaqa. Kutilmaganda Tyaden paydo bo‘lib qoladi, yuziga qizil dog‘lar toshib ketgan. Qattiq hayajonda, nuqul duduqlanadi: – Ximmelshtos kelayotganmish. Uni frontga jo‘natishibdi. Tyadenning Ximmelshtosni ko‘rgani ko‘zi yo‘q, sababsiz emas, albatta. Baraklar joylashgan lagerda turgan paytimizda Ximmelshtos uni o‘ziga xos, o‘ziga mos usulda «tarbiyalagan». Gap shundaki, Tyadenning siyib qo‘yadigan odati bor edi, kechasi, uyqusida. Ximmelshtos buni erinchoqlikka yo‘yib, Tyadenni davolashning antiqa chorasini o‘ylab topadi. Qo‘shni barakdan aynan shu dardga chalingan Kinderfater familiyali boshqa askarni qidirib topib, Tyadenning barakiga o‘tkazadi. Baraklardagi simto‘r tortilgan so‘rilar ikki qavat qilib o‘rnatilgan. Ximmelshtos shunday qiladiki, Tyaden bilan Kinderfater biri pastda, biri tepada yotadigan bo‘ladi. Tabiiyki, pastda yotganning holiga voy. Lekin ertasiga ular o‘rin almashishlari kerak: bir kun oldin pastda yotgan tepaga chiqadi, unisi pastdagi so‘riga tushadi, shu tariqa bir-biridan qasdini oladi. Ximmelshtos buni o‘z-o‘zini tarbiyalash deb atardi. Naqadar qabihlik bo‘lmasin, aql bovar qilmaydigan kashfiyot edi, bu. Afsuski, natija chiqmadi, chunki taxmin noto‘g‘ri edi: ikkala holda ham erinchoqlikning aloqasi yo‘q. Bunga ishonch hosil qilish uchun ularning namatga o‘xshab ketgan yuziga bir qarashning o‘zi kifoya. Ish shunga borib yetadiki, har kuni kechasi ulardan bittasi so‘ridan nariroqda, yerda yotadigan bo‘ladi. O‘pkani shamollatish hech gapmas-ku, bunaqada... Xaye ham yonimizga kelib o‘tiradi. Menga ko‘zini qisib, nuqul ikkala kaftini bir-biriga ishqalaydi. U bilan umrbod esdan chiqmaydigan bir ish qilganmiz. Bu frontga ketishimiz arafasida bo‘lgan edi. Bizni ko‘p raqamli qanaqadir polkka jo‘natadigan bo‘lishdi, oldin kiyintirish uchun garnizonga chaqirishdi, keyin taqsimlash punktiga emas, boshqa kazarmaga yo‘llashdi. Ertasiga barvaqt yo‘lga chiqishimiz kerak edi. Ximmelshtos bilan orani ochiq qilib qo‘yish maqsadida bir yerga to‘plandik. Bundan bir necha oy oldinoq shunga ont ichgan edik. Kroppning rejasi bundan ham kattaroq edi: u, urushdan keyin pochta mahkamasiga ishga kiraman, Ximmelshtos yana pochtalyonlik qilib yurganida unga boshliq bo‘laman derdi. Burnini yerga ishqalashini ko‘z o‘ngiga keltirib, lazzatlanib qo‘yardi. Hammamiz ham Ximmelshtos ertami-kechmi, hech bo‘lmaganda urush pirovardida, qo‘limizga tushishini niyat qilardik. Hozircha yaxshilab bir do‘pposlab qo‘ymoqchimiz. Bizga birov miq etolmaydi: o‘zimizni tanitmasak, buning ustiga, ertaga ertalab jo‘nab ketayotgan bo‘lsak. Har oqshom u o‘tiradigan pivoxonani bilardik. Kazarmaga chirog‘i yo‘q ovloq yo‘ldan qaytadi. Bir uyum shag‘al orqasiga berkinib, poylab turdik. Men to‘shak jildini olvolganman. Hayajondan nuqul titraymiz. Yonida birov bo‘lsa-chi? Ana, qadam tovushlari eshitildi, bizga yod bo‘lib ketgan, har tongda kazarma eshigi ochilib, navbatchining: «Turinglar», degan baqirig‘idan keyin Ximmelshtosning sharpasi qulog‘imizga chalinadi. – Bir o‘zimi? – Bir o‘zi. Tyaden bilan shag‘al uyumini aylanib o‘tdik. Ana, Ximmelshtos kamarining to‘qasi yiltilladi. Kichik zobit shirakayf: xirgoyi qilib ketyapti, shag‘al uyumidan ikki-uch qadam uzoqlashdi. Orqasidan pusib bordik-da, shartta to‘shak jildini boshiga kiygizib, hash-pash deguncha jildga chirmab tashladik, qimir etolmay qoldi. Qo‘shiq tindi. Shu zahoti Xaye Vestxus yetib keldi. Ikki tirsagi bilan bizni chetga surdi, u birinchi bo‘lishni xohlardi. Oyoqlarini sal kerib, yaxshilab turvoldi-da, belkurakday qo‘li bilan qulochkashlab qopga shunaqa soldiki, bu zarbadan ho‘kiz ham til tortmay o‘lishi mumkin edi. Ximmelshtos umbaloq oshib, besh qadamlar nariga uchib ketdi, bolaxonador qilib so‘kindi. Bu yog‘ini ham oldindan o‘ylab, yostiq olvolgan edik. Xaye cho‘kkalab, uni tizzasiga qo‘ydi, keyin Ximmelshtosning boshini egib, yuzini yostiqqa bosdi. Kichik zobitning uni o‘chdi. Ahyon-ahyon Xaye unga nafasini rostlashga imkon berib, boshini ko‘tarar, shunda Ximmelshtosning faryodi quloqni qomatga keltirar, yuzini yostiqqa bosishi bilan ovozi xuddi xumdan chiqayotganga o‘xshab qolardi. Tyaden uning osma kamarini chiqarib tashlab, shimini pastga tushirdi. Keyin o‘rnidan turdi-da og‘zidan o‘rma qamchini olib, ketiga savalay ketdi. Endi bu manzarani ko‘rsangiz: yerda mukka tushib yotgan Ximmelshtos, uning boshini tizzasidagi yostiqqa bosib turgan va xursandligidan og‘zini yig‘ishtirib ololmayotgan Xaye, ola-bula ichki ishton ichidagi har qamchi tushganda bilonglayotgan qiyshiq oyoqlar va uning tepasida o‘tin yorayotgan kishi qiyofasidagi hormas-tolmas Tyaden. Axiyri, uni zo‘rlab chetga tortishga majbur bo‘ldik, bizga ham navbat tegishi kerak-da, axir. Xaye Ximmelshtosni yana oyoqqa turg‘azdi va xotima tariqasida yana bir hunarini namoyish etdi. Panshaxaday uzun o‘ng qo‘lini, go‘yo yulduzlarni hovuchlamoqchi bo‘lganday, osmonga cho‘zdi-da, Ximmelshtosning chakkasiga tarsaki tortib yubordi. U guppa ag‘darildi. Xaye uni yana oldingiday tikkalab qo‘ydi, keyin nishonni nihoyatda aniq mo‘ljalga olgan holda, bu gal chap qo‘li bilan shapaloq urdi. Ximmelshtos chinqirib yerga quladi, quladi-yu, emaklagancha qocha boshladi. Ola-bula ishtoni oy nurida yalt-yult qilardi. Shundan keyin quyonni survordik. Xaye orqasiga o‘girilib qarab: – Ekkanini o‘rdi, – dedi. Aslida Ximmelshtos xursand bo‘lishi kerak: uning odamlar hamma vaqt bir-birini tarbiyalashi kerak, degan so‘zlari zoye ketmadi, bu nasihat uning o‘ziga qo‘llandi. Har holda zukko shogirdlar ekanmiz, ustozimizning o‘gitlarini yaxshi o‘zlashtirganimizdan mamnun bo‘ldik. Ximmelshtos bu tadbirni kim uyushtirganini bilolmay, dog‘da qolaverdi. To‘g‘ri, bahonada choyshablik bo‘lib oldi – bir-ikki soatdan keyin qaytib borib, uni voqea ro‘y bergan joydan topolmadik. Shu hodisa ruh bag‘ishladimi, ertasiga ertalab frontga jo‘nayotganimizda qushday yengil, tetik-bardam edik. Ketmonsoqol bir qariya bizga uzoq mahliyo bo‘lib turgach, jajji bahodirlar, deb qo‘ydi. Oldingi marraga sapyorlik ishlarini bajarishga ketyapmiz. Qosh qorayganda baraklar oldiga yuk mashinalari keladi. Kuzovga chiqamiz. Iliq oqshom, qorong‘ilik ulkan palakni eslatadi, palak ostida o‘zimizni bexavotirroq his etamiz. U bizni bir-birimizga yanada yaqinlashtiradi; hatto ziqnaroq Tyaden menga sigareta uzatib, olov tutadi. Hammamiz g‘uj bo‘lib, tik turibmiz. Hech kim o‘tirolmaydi. Darvoqe, biz o‘tirishga o‘rganmaganmiz. Myullerning kayfi chog‘: oyog‘ida yangi botinka. Motorlar uvillaydi, moshinalar g‘ijirlaydi. Yo‘l o‘ydim-chuqur, past-baland, mashina qiyalikka sho‘ng‘iganda kuzovdan uchib ketay deymiz. Lekin hayiqmaymiz. Bizga jin ham urmaydi. Mundoq o‘ylab qaraganda, qorindan o‘q yegandan ko‘ra qo‘l singani yaxshi-da. Uyga qaytishga eng qulay bahona. Yonimizdan o‘q-dori yuklangan mashinalar o‘tib turibdi. Ular shoshiladi, bizni quvib o‘tishga urinadi. Kuzatuvchi askarlarga qichqiramiz, hazil-huzul qilamiz. Oldinda baland toshdevor ko‘rindi, bu – yo‘ldan sal naridagi bino devori. Birdan qulog‘imga g‘alati ovozlar chalinadi. Yopiray! Ha, rostdan ham g‘ozlarning g‘aqillagani eshitilyapti. Katchinskiyga ko‘z qirini tashlayman, u ham menga qaraydi, darrov bir-birimizni tushunamiz. – Kat, tovaga tushishga nomzodlar borga o‘xshaydi. U bosh silkiydi: – Qaytishda boplaymiz. Kat albatta boplaydi-da. U g‘ozlarning qadamini yigirma chaqirimdan ilg‘asa keragov. To‘pchilar turgan joyga yetib kelamiz. Havo hujumidan niqoblash maqsadida to‘plar o‘rnatilgan okoplar ustiga butalar tashlangan, xuddi adirdagi ko‘m-ko‘k chodirlarga o‘xshaydi. Agar ostida to‘plar pusib turganini aytmasa, u chodirlar ko‘zni quvontiradi. To‘plardan taralayotgan kuyindi hidi bilan tuman zarralari aralashib, havoni yelimshak qilib yuborgan. Og‘izda porox tutunining achchiq ta’mini sezasan. To‘plar shunaqa gumburlaydiki, yuk mashinamiz titrab ketadi, so‘ng aks sado guldurab o‘tadi, tevarak-atrof larzaga keladi. Yuzimizdagi ifoda asta-sekin o‘zgaradi. To‘g‘ri, biz oldingi marraga ketayotganimiz yo‘q, faqat sapyorlik ishlarini bajaramiz, lekin har birimiz yaxshi bilamizki, biz front chizig‘i ichkarisida turibmiz. Bu hali qo‘rquv emas. Bu yoqqa ko‘p qatnagan odamning terisi qalinlashib ketadi. Faqat yangi kelgan yosh askarlar besaranjom. Kat ularga tushuntiradi: – Bu yetmish besh millimetr kalibrdagi to‘p. Eshitdinglarmi, o‘q uzildi, hozir snaryad portlaydi. Ammo portlash ovozi eshitilmaydi. U front g‘ovuriga singib ketadi. Katning qulog‘i ding: – Bugun kechasi bezovta qilishadi. Hammamiz quloq tutamiz. Front tinch. – Hozir boshlanadi, – deydi Kropp. Narigi tomondan o‘q ovozlari eshitiladi. Bu bizning o‘ng tomonimizda joylashgan ingliz bo‘linmasi. O‘q uzishni bir soat oldin boshlashdi. Mar- rada biz turgan paytimizda har doim roppa-rosa o‘nda o‘t ochishardi. – Jinni-pinni bo‘lganmi ular? – to‘ng‘illaydi Myuller. – Soatlari oldinga o‘tib ketgan shekilli. – Aytdim-ku, bezovta qilishadi deb. Buni suyaklarim zirqirayotganidan sezaman. Kat qunishib oladi. Yonginamizda uchta snaryad portlaydi. Alanga tig‘lari tuman bag‘rini tilka-pora qilib yuboradi. Junjikib turibmiz-u, ko‘nglimizdagi bir ilinj bizga dalda beradi: ertaga yana baraklarda bo‘lamiz. Yuzimiz oqargan ham, qizargan ham emas; tanglik yoki loqaydlik ham yo‘q, lekin baribir ilgarigiga o‘xshamaydi. Tanamiz yaxlit bir tugunga aylanganini sezib turibmiz. Bu quruq gap emas, rostdan ham shunday. Front, frontda turganingni anglash – ana shu tugunni hosil qiladi. Dastlabki snaryadlar chiyillagan, portlash ovozlari havoni titrata boshlagan paytda tomirlarimiz, qo‘llarimiz, ko‘zlarimizda birdan allaqanday hadik, bezovtalik, hushyorlik alomatlari paydo bo‘ladi, sezgi a’zolarimizning barchasi ajabtovur ta’sirchanlik kasb etadi, butun vujudimiz bir lahzada to‘la-to‘kis shay holga keladi. Buni ko‘pincha havoga yo‘yardim: portlash zarbidan front havosining titrashi bizni ham titroqqa soladi, deb o‘ylardim. Ehtimol, bunga frontning o‘zi sababchidir – chunki front allaqanday noma’lum asab uchlarini qitiqlovchi elektr tokiga o‘xshash narsani tarqatadi. Har safar bir xil holat takrorlanadi: yo‘lga chiqqanimizda oddiy askarlarmiz, goh dilgir, goh quvnoq bo‘lamiz. Ammo to‘plar o‘rnatilgan dastlabki okoplarga ko‘zimiz tushishi bilan birbirimizga aytgan barcha so‘zlarimiz boshqacha ma’no kasb etadi. Boya Kat: «Bizni bezovta qilishadi», dedi. Agar shu gapni barak oldida aytganida buni shunchaki uning shaxsiy fikriday qabul qilardik. Ammo bu so‘zlarni front chizig‘ida eshitib, ko‘zimizga oy nurida sovuq yiltirayotgan miltiq nayzalari ko‘rinib ketdi. Bu so‘zlar miyamizni o‘yadi, zamiriga dahshatli ma’no jo bo‘lgan «bezovta qilish» bizni g‘ayrishuuriy xatti-harakatlarga undaydi. Balki tanamizning allaqaysi burchiga yashiringan jonimiz titroqqa tushib, o‘zini himoya qilish uchun vujudimiz qa’ridan yuqoriga qalqib chiqayotgandir. Front menga mudhish girdobni eslatadi. Hali ancha olisda, sokin suv sathida turganingdayoq uning o‘z domiga tortayotgan qudratli kuchini his eta boshlaysan, ming tipirchilamagin, bu kuch qarshiligingni asta-sekin yengib, sillangni quritadi, axiyri, seni butkul shol qilib qo‘yadi. Ammo-lekin yerdan, havodan tanamizga o‘zimizni himoya qilish uchun zarur bo‘lgan kuch oqib kiradi – ayniqsa yerdan. Zaminning qadrini hech kim askarchalik bilmaydi. O‘lim vahimasi uni chalpak qilib tuproqqa qapishtirib tashlaganda yer askar uchun yakka-yu yagona do‘st, og‘a va onaga aylanadi. Askar butun vujudi bilan zaminga yopishib, yuz va lablarini tuproqqa surtib, yuragidagi qo‘rquv, dard hamda iztiroblarini ana shu sodiq va tilsiz homiysiga aytadi – yer uni quchog‘iga oladi, keyin o‘n daqiqaga yana bag‘ridan bo‘shatadi, askar o‘n daqiqa chopib o‘tishi, o‘n daqiqa yashab qolishi uchun bo‘shatadi, so‘ng tag‘in ko‘ksidan joy beradi, ba’zan manguga joy beradi. O, yer, zamin, tuproq! Zamin! Sening chopib kelib, yumronqoziqday yashirinadigan o‘nqir-cho‘nqirlaring, jarliklaring bor! O‘lim dahshatidan, o‘qlar yomg‘iridan, yurakni muzlatib yuboradigan portlashlardan jon talvasasiga tushgan paytimizda sen bizga qaytadan hayot baxsh etgansan! Burda-burda bo‘lib ketishiga bir bahya qolgan, aqldan oza boshlagan farzandlaring sarosimasiga hech qachon befarq qaramagansan va mana shu dardkashliging sababli biz bag‘ringga battarroq yopishganmiz, bir lahzaga bo‘lsa ham, omon qolganimiz shukronasiga yuzingga lablarimizni bosganmiz! Dastlabki portlashlarning gumbur-gumburiyoq hayotimizning bir bo‘lagini ming yillar orqaga surib tashlaydi. Bizda hayvoniy sezgi uyg‘onadi – butun xatti-harakatlarimizni ana shu sezgi boshqaradi, ana shu sezgi bizni qo‘riqlaydi. Bunda oldindan anglangan harakat yo‘q, bu sezgi ongdan ko‘ra tezroq, ongdan ko‘ra dadilroq va bexatoroq ishlaydi. Buni tushuntirib bo‘lmaydi. Mana, masalan, hech narsani o‘ylamasdan, bamaylixotir ketyapsan, bir mahal qarasang, chuqurda yotibsan, orqa tomoningda esa portlagan snaryad parchalari yog‘ilyapti, ammo yaqinlashayotgan snaryad ovozini eshitganingni yoki loaqal yerga yotish kerakligi haqida o‘ylaganingni eslay olmaysan. Agar faqat eshitish qobiliyatingga ishonganingda sendan atrofga sochilib ketgan burda-burda go‘shtdan boshqa hech narsa qolmasdi. Yo‘q, bu boshqa tuyg‘u – bu oldindan bilishga o‘xshagan, hammamizda mavjud sezgi; shu sezgi askarni birdan yuztuban yotishga majbur qilib, uni o‘limdan asrab qoladi, lekin nima bo‘layotganini askarning o‘zi anglamaydi. Agar shu sezgi bo‘lmaganda, Flandriyadan to Vogezgacha allaqachon birorta tirik jon qolmasdi. Biz yo‘lga chiqqanimizda oddiy askarlarmiz, goh dilgir, goh quvnoq bo‘lamiz. Ammo front chizig‘iga yetib kelishimiz bilan yarim inson – yarim maxluqqa aylanamiz. Saf siyrak o‘rmonga yaqinlashadi. Biz dala oshxonalari yonidan o‘tib, o‘rmon ortida mashinalardan tushamiz. Ular izlariga qaytishadi. Ertaga tong otmasidan bizni olib ketgani yana kelishadi. O‘tloqlar tepasini qariyb ko‘krakka yetadigan tuman va porox tutuni bosgan. Osmonda to‘lin oy. Yo‘ldan qandaydir piyoda qismlar o‘tyapti. Temir qalpoqlarda oy nuri xira yiltiraydi. Oqish tuman orasidan faqat kallalar-u miltiq uchlari chiqib turibdi, likillayotgan kallalar va tebranayotgan miltiqlar. Olisroqda, oldingi marraga yaqin joylarda tuman yo‘q. Kallalar endi odam shakliga kiradi; askarlarning kamzul, shim va etiklari tuman orasidan xuddi sut ko‘lidan chiqqanday suzib chiqadi. Keng saf ko‘zga tashlanadi. U bir maromda oldinga qarab ketyapti. Borib-borib saf yaxlit bir ponaga aylanadi, endi odam qiyofasini ilg‘ash qiyin, faqat tuman dengizida suzib borayotgan kallalardan iborat antiqa shoxli qora pona ko‘rinadi, xolos. Bu saf, odamlar emas. Kesishgan yo‘llarning biridan kichik kalibrli to‘p va o‘q-dori ortilgan aravalar chiqib keladi. Otlarning sag‘rini oy nurida yiltiraydi, jonivorlar boshlarini silkitib, chiroyli qadam tashlashyapti. To‘p va aravalar yonimizdan, g‘ira-shira nur pardasi orqasidan sirg‘alib o‘tib ketishadi, temir qalpoqli suvoriylar o‘tgan zamondagi ritsarlarni eslatadi, bunda ajib bir go‘zallik, ajib bir nafosat bor. Biz sapyorlar omboriga ketyapmiz. Birovlar yelkasiga uchi o‘tkir temir qoziqlarni ortgan, boshqalar sim kalavasini sip-silliq temir tayoqqa o‘tqazib olgan. Ketyapmiz. Yukimiz og‘ir. Yo‘l tobora o‘nqir-cho‘nqir bo‘la boradi. Oldinda ketayotganlar og‘izma-og‘iz xabar yetkazib turishadi: «Diqqat, chap tomonda chuqurlik bor», «Ehtiyot bo‘linglar, xandaq». Nigohimiz bir nuqtaga qadalgan, ehtiyotlik bilan qadam bosamiz. Birdan saf to‘xtab qoladi. Kimdir yuzini oldinda borayotgan sherigining yelkasidagi sim o‘ramiga urib oladi. So‘kinish eshitiladi. Biz majaqlangan aravalarga duch kelgan edik. Yangi buyruq yangraydi: «Chekilmasin!» Okoplar ko‘rinib turipti. Bu orada qorong‘i tushadi. O‘rmonni aylanib o‘tamiz, ro‘paramizda – oldingi marra. Ufq boshdan-oxir qontalash. Shafaq uzluksiz titroqda. Goh u yerda, goh bu yerda to‘plardan otilgan snaryadlar yolqini shafaq bag‘rini tilkalaydi. Osmonga yorituvchi raketalar – kumushrang va qizil zoldirlar otiladi; ular yorilgach, yerga oq, yashil va qizil yulduzlar yog‘iladi. Ahyon-ahyon havoga fransuz raketalari ko‘tariladi, ulardan shohi parashyutchalar ajralib, raketalar sekin-sekin pastlay boshlaydi. Hamma yoq yorishib ketadi. Ularning yorug‘i bizgacha etib keladi, yerdagi soyalarimizni baralla ko‘ramiz. Raketalar havoda bir muddat muallaq turadi-da, so‘ng yonib tugaydi. Shu zahoti osmonga yana yangilari uchadi. – Qo‘lga tushdik, – deydi Kat. To‘plarning gumbur-gumburi kuchaygandan-kuchayadi, keyin yana pasayib, yakkam-dukkam portlashlar eshitiladi. Qayerdadir pulemyot tarillaydi. Boshimiz uzra nimalardir uvillaydi, chiyillaydi, vishillaydi, bular kichik kalibrli snaryadlar, ammo ora-orada tunni larzaga keltirib, og‘ir to‘plar ham sayrab qoladi. Bu to‘plarning ovozi bo‘g‘iq, har doim olisdan eshitiladi, xuddi kuyikkan paytda bug‘ularning birbirini chorlashiga o‘xshab ketadi, ammo bu o‘qlar uvillab-chiyillayotgan oddiy snaryadlarning tepasidan, ancha balanddan o‘tadi. Projektorlar zim-ziyo osmon bag‘rini paypaslaydi. Ularning nuri uchi ensiz ulkan chizg‘ichni eslatadi. Ana, bitta nur qimir etmay qoldi, xiyol titrab turibdi. Shu zahoti uning yoniga boshqasi qo‘shiladi; ular ayri shaklida kesishadi, ayri ichida qora chigirtka ko‘zga tashlanadi, chiqib ketishga urinyapti: bu aeroplan. Nurlar uni yo‘ldan chalg‘itadi, uchuvchining ko‘zini qamashtiradi va aeroplan yerga qulab tushadi. Temir qoziqlarni bir xil oraliqda yerga qoqamiz. Ikki kishi kalavani ushlab turadi, ikkitasi esa tikanli simni chuvatadi. Tikanlar qalin joylashtirilgan, uchi o‘tkir. Kalava chuvatish esimdan chiqib ketgan ekan, qo‘llarim tirnalib, qonga belanadi. Uch-to‘rt soatdan keyin ishni bitirdik. Lekin mashinalar kelishiga hali vaqt bor. Ko‘pchilik uyquga tashladi. Men ham ko‘zlarimni yumaman. Qani uxlolsam. Dengiz yaqinga o‘xshaydi: sovuqdan odamning eti junjikib, uyg‘onib ketaveradi. Axiyri, qattiq uxlab qolibman. Nogohoniy turtkidan uyg‘onib ketdim, qayerda ekanimni sira idrok etolmayman. Yulduzlarni ko‘ryapman, raketalarni ko‘ryapman, nazarimda, bayram o‘tayotgan qandaydir bog‘da uxlab qolgandayman. Hozir ertalabmi, kech- qurunmi – buni ham bilmayman. Subhidamning oppoq belanchagida yotib, qulog‘imga xush yoqadigan so‘zlarni – faqat uyda eshitiladigan shirin so‘zlarni kutyapman. Iye, yig‘layapmanmi? Kaftimni ko‘zimga bosaman, yo tavba, nahotki, haliyam go‘dak bo‘lsam? Rost, ko‘nglim bo‘shroq... Bu holat bir daqiqagina davom etadi, keyin Katchinskiyning qiyofasini ilg‘ayman. U eski askarlarga xos alfozda yonimda xotirjam o‘tiribdi. Trubka chekyapti – albatta, qopqoqli trubka. Uyg‘onganimni sezib, so‘z qotadi: – Cho‘chib ketding, a? Tutun tarqatadigan oddiy patron edi. Ho‘ anovi chakalakzorga tushdi. Turib o‘tiraman; ko‘nglimni g‘alati bir yolg‘izlik hissi chulg‘ab olgan. Yaxshiyamki, yonimda Kat bor. U oldingi marraga o‘ychan tikilib, deydi: – Xavfliligini aytmasa, ajoyib mushakbozlik bo‘ldi. Orqamizda snaryad portlaydi. Yangi kelgan askarlarning ayrimlari sapchib turib ketishadi. Saldan keyin yana bitta snaryad tushadi, bu gal bizdan xiyolgina nariga. Kat trubkasini qoqadi: – Hozir ta’zirimizni berishadi. O‘qqa tutish boshlandi. Shoshib nariroqqa emaklaymiz. Navbatdagi snaryad yonginamizda portlaydi. Kimdir baqirib yuboradi. Ufq toqiga yashil raketalar ko‘tariladi. Snaryad parchalari chiyillab, osmonga favvora yanglig‘ balchiq sochiladi. Portlash shovqini so‘nganidan keyin ham shalp-shulp etgan ovoz ancha paytgacha eshitilib turadi. Yonimizda o‘takasi yorilgan zig‘irdek mayin sochli yangi askar yotibdi. Yuzini kaftlari bilan berkitib olgan. Temir qalpog‘i qiyshayib ketgan. Uni to‘g‘rilab qo‘ymoqchi bo‘laman. Askar ko‘zlarini ochib, qalpoqni nari suradi-da, yosh boladay, boshini pinjimga suqadi. Ingichka yelkalari titrayapti. Kemmerixning yelkasi ham shunaqa edi. Unga tegmayman. Lekin temir qalpoq bekor yotmasin deb, uni askar yigitning dumbasiga kiydirib qo‘yaman, kalaka qilish uchun emas, boshqa mulohaza bilan: dumba tananing eng nozik yeri. Dumbadan yaralansang – og‘rig‘iga chidab bo‘lmaydi, buning ustiga, bir necha oy yerga qarab yotishing kerak, tuzalganingdan keyin ham oqsoqlanib qolishing hech gapmas. Qayerdadir snaryad gumburlaydi. Kimlarningdir dod-faryodi eshitiladi. Nihoyat, tevarak-atrofimizdagi portlash to‘xtaydi. Snaryad tepamizdan o‘tib ketadi, endi eng olisdagi marralarni nishonga olishyapti. Boshimizni ko‘tarib, alanglaymiz. Osmonda qizil raketalar lovullayapti. Hozir hujum boshlansa kerak. Biz turgan joy hozircha tinch. Askar yigitning yelkasini silayman: – Boshingni ko‘tar! Xudoga shukr, bu gal ham omon qoldik. U dovdirab orqa-oldiga qaraydi. Yigitga tasalli beraman: – Hechqisi yo‘q, ko‘nikib ketasan. U temir qalpog‘ini olib, boshiga kiyvoladi. Sekin-asta o‘ziga keladi. Sal o‘tmay, to‘satdan yuzi qip-qizarib, ko‘zlarini olib qochadi. Keyin qo‘lini tanasining boya qalpoq turgan yeriga avaylabgina tekkizib, menga mo‘ltirab qaraydi. Darrov fahmlayman: shimini bulg‘ab qo‘ygan. O‘lay agar, qalpoqni buning uchun qo‘ymagandim, shunday bo‘lsa ham, uni xijolatdan chiqazishga urinaman: – Parvo qilma, boshqalar birinchi bor o‘q ovozini eshitganda, bundan ham battar bo‘lishgan. Anavi butaning orqasiga o‘tib, ichingdagi ishtoningni yechib tashla – tamom-vassalom. U buta ortiga yo‘rg‘alab ketadi. Atrof jimjit, ammo qichqiriqlar to‘xtamayapti. – Nima gap o‘zi, Albert? – so‘rayman men. – Narigi marrada snaryadlar to‘ppa-to‘g‘ri nishonga tekkan. Qichqiriqlar davom etyapti. Odamlar emas bu, odamlar bu qadar vahimali qichqirolmaydi. – Yarador otlar, – deydi Kat. Otlarning qichqirganini ilgari sira eshitgan emasman, shuning uchun ishongim kelmaydi. Bamisoli jafokash olam nola qilayotganga o‘xshaydi, bu nolada jamiki tirik mavjudotning azobi, beadad og‘riqlari mujassam bo‘lgan. Hammamiz karaxtmiz. Detering o‘rnidan turib ketadi: – Qonxo‘rlar, vahshiylar! Otib tashlasalaring-chi! Detering – dehqon, otning nimaligini biladi. U qattiq hayajonda. Aksiga olib, otishma to‘xtab qoldi. Shu bois, otlarning faryodi baralla eshitilyapti. Yo alhazar, birdaniga cho‘kkan sukunat ichida bu nola nima qilib yuribdi; ko‘zga ko‘rinmas, xayoliy bir nido xuddi yer bilan osmon orasiga joylashib olganga o‘xshaydi, tobora kuchayyapti, adog‘i ko‘rinmaydi. Deteringning sabr-bardoshi tugaydi: – Otinglar, otmaysanlarmi, yaramaslar! – Ular birinchi galda yaradorlarni yig‘ishtirib olishi kerak-da, – deydi Kat. O‘rnimizdan turib, voqea sodir bo‘lgan joyni qidirishga tushamiz. Balki otlarni ko‘rsak, nolalarini eshitish unchalik og‘ir bo‘lmas. Mayerning durbini bor. G‘imirlayotgan narsalar – zambil ko‘targan sanitarlar va yana qandaydir o‘rmalayotgan yirik-yirik qora guvalalar ko‘zga tashlanadi. Bular yarador otlar. Lekin hammasi emas. Ba’zilari nariroqda, goh yiqiladi, goh o‘rnidan turib, yugurib ketadi. Bir otning qorni yorilgan, ichak-chavog‘i osilib yotibdi. Otning oyog‘i ichakka o‘ralashib, ag‘dariladi, keyin yana tipirchilab o‘rnidan turadi. Detering miltig‘ini ko‘tarib, otni nishonga oladi. Kat uning qo‘liga uradi: – Esing joyidami? Detering dag‘-dag‘ titragancha miltiqni yerga uloqtiradi. Biz o‘tirvolib, quloqlarimizni berkitamiz. Ammo yurakni ezadigan bu noladan yashirina olmaymiz – bundan yashirinib bo‘lmaydi. Hammamiz ko‘p narsani boshdan kechirganmiz. Shunga qaramay, sovuq terga botib ketdik. O‘rnimizdan turib, duch kelgan tomonga qochgimiz keladi, qayoqqa bo‘lsa ham mayli, faqat shu nolani eshitmasak bas. Bular-ku, atigi otlar, odamlar emas. Durbinda yana zambil ko‘targan sanitarlarning sharpasi ko‘rinadi. So‘ng ketma-ket bir necha o‘q uziladi. Qora guvalalar bir sapchiydi-yu, yapasqi shaklga kiradi. Xayriyat-e! Lekin hali yana bor. Butun azobini faryodga joylab, o‘tloqda chopib yurgan ayrim yarador jonivorlarga odamlar yaqinlasha olmayapti. Mana, bir ot tiz cho‘kdi... O‘q uziladi. Ot yiqiladi; yana bittasi qoladi. Bu jonivor oldingi ikki oyog‘ini yerga tiragancha turgan yerida gir aylanyapti – umurtqasi singan shekilli. Askar chopib borib, uni otib tashlaydi. Ot ohista va vazmin qulaydi. Quloqlarimizdan kaftimizni olamiz. Nolalar tingan. Faqat bittagina uzun, so‘nib borayotgan xo‘rsiniq hamon havoda titrab turibdi. Tegramizda yana raketalar, snaryadlar, yulduzlar... Endi bu manzara kishiga hatto g‘alatiroq tuyuladi. Detering chetroqqa chiqib, to‘ng‘illaydi: – Bu maxluqlarning nima aybi bor, qani kim tushuntirib beradi?! U yana yonimizga keladi. Haliyam hoviridan tushmagan: – Dunyodagi eng qabih pastkashlik – jonivorlarni urushga haydash! Orqaga qaytamiz. Mashinalar kutayotgan yergacha ancha yayov yurish kerak. Osmon yorishib qolgan. Soat uchlar chamasi. Salqin shabada esyapti. Subhidam g‘ira-shirasida yuzlarimiz kulrang tus olgan. Tusmollab, oldinma-ketin tizilishib, okop va chuqurliklar osha olg‘a siljiyapmiz, birdan yana tumanga duch kelamiz. Katchinskiyning avzoyi buzuqroq – bu yaxshilik alomati emas. – Nega avjing past? – so‘raydi Kropp. – Tezroq uyga yetvolsak, yaxshi bo‘lardi-da. «Uyga» deganda u barakni nazarda tutyapti. – Bu yog‘i oz qoldi, Kat. Kat asabiylashadi: – Bilmadim-ov... Uzun xandaqdan o‘tib, o‘tloqqa chiqamiz. Ana, o‘rmon ham ko‘rindi; bu joyni har bir qarichi bizga tanish. Anavi esa qora xochlar dikkayib turgan qabriston. Shu payt orqa tomonimizda chiyillagan ovoz eshitiladi. Bu ovoz sal o‘tmay qasir-qusur, gumbur-gumburga aylanadi. Darrov engashib olamiz – yuz qadamcha oldinda yerdan alanga buluti o‘sib chiqadi. Ketidan ikkinchi snaryad portlaydi, o‘rmon tepasiga bir uyum tuproq ko‘tariladi, ayni paytda uch-to‘rt tup daraxt ham havoda bir lahza mual- laq turadi-da, so‘ng payrahaday mayda-mayda bo‘lib, atrofga sochilib ketadi. Endi snaryadlar do‘lday yog‘ila boshlaydi. Kimdir: – Pana joyga! Pana joyga! – deb baqiradi O‘tloq – tep-tekis, o‘rmon – uzoq, u yer baribir xatarli: birdan-bir pana joy – qabriston. Qorong‘ida qoqila-turtila o‘sha yoqqa qarab yuguramiz. Har kim, xuddi mo‘ljalga tushgan tupukday, bitta-bitta qabrga yopishadi. Sal imillasak, kech bo‘lardi. Hayal o‘tmay, bizni qurshab turgan tun qo‘ynida bamisoli jinlar bazmi boshlanadi. Yer-u ko‘k titraydi. Tundan ham qora, bukchaygan bahaybat maxluqlar goh ustimizga yopiriladi, goh tepamizdan o‘tib ketadi. Portlash alangasi qabristonga hilpiroq shu’la sochadi. Hamma yo‘llar berk. Yuragimni hovuchlab, o‘tloqqa nazar tashlayman. O‘tloq po‘rtana paytidagi dengiz sathini eslatadi, snaryadlar qo‘porgan tuproq favvoraday osmonga sochilyapti. Bu yerdan birovning omon-eson o‘ta olishiga aql bovar qilmaydi. O‘rmon ko‘z o‘ngimizda kunpayakun bo‘ladi, snaryadlar uni qiyma-qiyma qilib, yerga qorishtirib tashlaydi. Shu yerda, qabristonda pusib yotishdan bo‘lak ilojimiz yo‘q. Ro‘paramizda yerning qa’ri ochilib, havoga tuproq ko‘tariladi. Qandaydir turtkini sezaman. Snaryad parchasi yengimning tirsagini yirtib tashlabdi. Mushtimni qisaman. Og‘riq yo‘q. Baribir ichim g‘ash – yaralanganda og‘riq keyinroq seziladi. Bilagimni siypalab ko‘raman. Butun. Shu payt boshimga bir narsa qarsillab uriladi, ko‘zim tinib ketadi. Ishqilib, hushdan og‘masam bas! Allaqanday chuqurga qulab tushaman, lekin shu zahoti tirmasha-tirmasha yana tepaga chiqib olaman. Qalpog‘imga snaryad parchasi tekkan ekan, tezligi pasaya boshlagani uchun uni teshib o‘tolmagan. Ko‘zimdagi g‘uborni artaman. Haligi o‘ra yana nigohimni tortadi. Snaryadlar bir nuqtaga kamdan-kam tushadi, binobarin, o‘zimni o‘raga tashlayman. Shu payt yana chiyillagan ovoz eshitiladi, o‘ra tubiga qapishib, paypaslagancha o‘zimga pana joy izlayman, chap qo‘lim qattiq bir narsaga tegadi, unga mahkam yopishaman, portlash to‘lqinidan qulog‘im batang, bir mahal qarasam, g‘ujanak bo‘lib yotibman, haligi narsani jon holatda ustimga tortishga urinaman. Bu taxta bilan movut choyshab, lekin boshpana, osmondan do‘lday yog‘ilayotgan o‘qlardan omonat panoh. Ko‘zimni ochaman. Barmoqlarim birovning bilagiga changakdek yopishgan. «Kim bu, yaradormi?» Ovoz chiqazaman. Javob bo‘lmaydi. Murda ekan. Yana paypaslanaman, qo‘lim taxtaga tegadi, shundagina qabristonda ekanimiz yodimga tushadi. Lekin o‘q boshqa narsalardan dahshatliroq. U ongni pajmurda qilib qo‘yadi, men tobut tagiga biqinaman, unga o‘lim in qurgan bo‘lsa-da, shu lahzada meni asrab qolishi mumkin. Sal narida yana bir o‘ra bor. Xayolim o‘shanda, bir sakrab, unga o‘tvolishim kerak. Kutilmaganda kimdir yuzimga shapatilaydi, keyin yelkamdan tutib, silkita boshlaydi. O‘likka jon kirdimi, deyman. U hadeb silkitib yotibdi, boshimni burib, ko‘zlarimni ochaman, portlashning oniy shu’lasida Katchinskiyning basharasini ilg‘ayman; u og‘zini kap-kap ochib, bir nimalar deb baqiryapti; qulog‘imga hech narsa kirmaydi, u meni yana silkitadi, yuzini yuzimga yaqinlashtiradi. Shunda gumbur-gumbur sal pasayadi-yu, uning so‘zlarini idrok eta boshlayman: – Gaz, ga-a-az, ga-a-az, boshqalarga ham ayt! Bir hamla bilan gazniqoblar solingan qutini olaman. Nariroqda kimdir yotibdi. Hozir faqat bir narsani o‘ylayapman – uni ogoh etishim kerak! – Ga-a-az, ga-a-az! Qichqiraman, oldiga emaklab boraman, quti bilan uraman – qani miq etsa! Yana, yana uraman. Shundan keyingina xiyol qimirlaydi – yangi kelgan askar ekan. Nigohim bilan Katni qidiraman, u gaz niqobni kiyishga ulguribdi. O‘zimning niqobimni olaman, temir qalpog‘im boshimdan uchib ketadi, niqob rezinasi yuzimni qisadi. Yangi askarning niqobi ham menda, uni boshiga kiygizaman, askar bola ham darhol gazniqobga yopishadi, uni xoli qoldirib, bir sakrashda boshqa o‘raga o‘tvolaman. Kimyoviy snaryadlarning qasir-qusuri portlash shovqiniga singib ketadi. Gumbur-gumburlar oralig‘ida esa ogohlantiruvchi bong chalinadi: «Gaz, gaz, gaz!» Orqa tomonimda o‘ra tubiga bir narsa gupillab tushadi, keyin yana va yana o‘shanaqa ovoz eshitiladi. Nafasimdan terlab ketgan gazniqobining oynasini artaman. Kat, Kropp va yana allakim. To‘rtovlon toqatsizlik bilan otishma to‘xtashini kutamiz, iloji boricha kamroq nafas olishga tirishamiz. Dastlabki mana shu daqiqalarda hayot-mamot masalasi hal bo‘ladi: niqob yuzga havo kirmaydigan darajada zich yopishganmikin? Dala shifoxonasidagi mudhish manzara yodga tushadi: gazdan zaharlanganlar nafasi bo‘g‘ilib, uzluksiz qayd qilib, uzoq jon berishadi. Har o‘qchiganda irigan o‘pkalari laxta-laxta bo‘lib ko‘chib tushadi. Labimni klapanga bosib, ming hadik bilan nafas olaman. Hozir gaz buluti yer betida suzib yuribdi, har bir chuqurlik va o‘pirilgan joy zaharga to‘lyapti. Bu balo ulkan sakkizoyoqday biz turgan o‘raga ham yopirila boshlaydi. Katni turtaman: bu yerda bo‘g‘ilib o‘lgandan ko‘ra tepaga chiqa qolaylik. Lekin ulgurmaymiz: yana otishma boshlanadi. Bu gal endi snaryadlar emas, zaminning o‘zi gumburlayotganga o‘xshaydi. Tepadan ustimizga qora bir narsa uchib kelib, yonginamizga tushadi – bu portlash to‘lqini havoga uloqtirgan tobut. Katning timirskilanayotganini ko‘rib, oldiga emaklab boraman. Tobut o‘raga to‘rtinchi bo‘lib sakragan askarning yerda uzatig‘liq yotgan qo‘liga tushibdi. U bo‘sh qo‘li bilan boshidagi niqobni yechib tashlashga urinardi. Kropp vaqtida uni to‘xtatib qoladi va qo‘lini orqasiga qayirib, mahkam bosib turadi. Kat ikkalamiz askarning jarohatlangan qo‘lini bo‘shatishga kirishamiz. Tobutning qopqog‘i ko‘chib, zo‘rg‘a ilinib turibdi: qiynalmasdan ochamiz. Ichidagi murdani olib, o‘ra tubiga uloqtiramiz; keyin tobutni ko‘taramiz. Xayriyat, askar hushidan ketgan ekan, endi uni papalab o‘tirmasdan dadilroq harakat qilsak ham bo‘laveradi. Kat qopqoqning bir bo‘lagini ko‘chiradi-da, majaqlangan yelka ostiga qo‘yadi, qog‘oz xaltalardagi hamma dokani olib, askarning bilagini chirmab bog‘laymiz. Hozircha qo‘limizdan kelgani shu. Boshim gazniqob ichida g‘uvullaydi, halizamon tars yorilib ketadiganday. O‘pkam bo‘g‘zimga qadalgan: o‘zi necha martalab aylantirgan iliq havoni yana qaytadan yutishga majbur, ikki chakkam lo‘qillaydi. Bu ahvolda bo‘g‘ilib o‘lishim hech gapmas. O‘raga ko‘kimtir yorug‘lik tushadi. Emaklab, tepaga chiqaman. Qabristonda shabada esyapti. Tong g‘ira-shirasida kimningdir tizzasidan cho‘rt uzilgan oyog‘iga ko‘zim tushadi. Etik bus-butun. Besh-olti qadam narida birov o‘rnidan turadi; niqob oynasini artaman, hayajonlanganimdan u darrov xiralashadi, haligi askarning yuziga tikilib qarayman – ha, rost, boshida gazniqobi yo‘q. Yana bir necha daqiqa kutaman; u yiqilmayapti, nigohi bilan nimanidir izlayapti, demak, shamol gazni uchirib ketgan, havo toza. Men ham apil-tapil niqobimni yechaman-u, guppa ag‘darilaman. Ko‘ksimga yaxdek suv yanglig‘ musaffo havo oqib kiradi, ko‘zlarim kosasidan chiqib ketay deydi. Allaqanday qoramtir to‘lqin ustimga yopiriladi-yu, idrokim shu’lasini so‘ndiradi. Portlashlar to‘xtagan. O‘ra tomonga burilib, o‘rtoqlarimga belgi beraman. Ular ham o‘radan chiqib, gazniqoblarini yechishadi. Yarador askarni qo‘ltig‘idan olamiz, bittamiz taxtakachidan ushlaymiz. Shu alfozda shosha-pisha yo‘lga tushamiz. Qabriston ag‘dar-to‘ntar bo‘lib ketgan. Hamma yoqda tobut va murdalar sochilib yotibdi. Marhumlar yana bir marta o‘lishdi, ammo burda-burda bo‘lib ketganlarning har biri qaysi birimiznidir o‘limdan saqlab qoldi. Panjara qulagan, uning ortidagi temir yo‘l izlari dabdala. Ro‘paramizda kimdir yotibdi. To‘xtaymiz. Kropp yarador askar bilan ketadi. Yerda yotgan yigit – frontga yangi kelganlardan biri. Beli bilch-bilch qon; qimirlashga holi yo‘q, men ozgina romli choyi qolgan flyagamni olaman. Kat qo‘limni chetga surib, askarning ustiga engashadi: – Qayeringga o‘q tegdi, uka? U gapirolmaydi, ko‘zini bir ochib qo‘yadi, xolos. Avaylab shimini qirqamiz. U ingrab yuboradi. – Hozir, hozir, sabr qil. Agar qornidan yaralangan bo‘lsa, hech narsa ichish mumkin emas. Yigit o‘qchimayapti – bu yaxshilik alomati. Belini ochamiz. Suyak siniqlari aralashgan qon bo‘tqasiga nazarimiz tushadi. Kemirchagiga o‘q tekkan. Bu bola endi hech qachon o‘nglanmaydi. Boshini xiyol ko‘tarib, bir qultum rom ichkizaman. Ko‘zlari biroz jonlanadi. O‘ng bilagidan ham qon oqayotganini shundagina payqaymiz. Kat ikkita dokani yarani qoplaydigan darajada enliroq qilib yirtadi. Men doka ustidan o‘rash uchun yaroqli mato qidiraman. Hech narsa yo‘q, ichki ishtonining bir bo‘lagidan foydalanish maqsadida askarning shimini tizzasigacha qirqaman. Bola ishtonsiz. Unga sinchiklab qarayman: yo alhazar, u sochi zig‘ir tolasiday mayin ho‘ o‘sha eski tanishim ekan. Bu orada Kat halok bo‘lgan bir askarning cho‘ntaklarini kovlab, yana uch-to‘rt o‘ram doka topadi, ularni ham chirmab bog‘laymiz. Yigit bizdan ko‘zini uzmaydi. – Hozir zambil opkelamiz, – deyman unga. – Ketmanglar, – deya shivirlaydi u. – Tez qaytamiz. Seni zambilda olib ketamiz, – deydi Kat. Gapimizga tushundimi-yo‘qmi, Xudo biladi. Yosh boladay izimizdan yana hiqillaydi: – Ketmanglar. Kat orqasiga bir qarab olib, qulog‘imga pichirlaydi: – Balki to‘pponcha bilan tinchitib qo‘ya qolganimiz tuzukmikin? Bola zambilda uzoqqa chidamaydi, innaykeyin, nari borsa uch-to‘rt kunlik umri qolgan. Shu paytgacha tortgan azoblari jon berish to‘lg‘oqlari oldida hech gap emas. Hozir u karaxt bo‘lib qolgan, hech narsani sezmayapti. Bir soatlardan so‘ng og‘riqning zo‘ridan o‘zini qo‘ygani joy topolmaydi. Yuragi urib turgan sanoqli kunlari uning uchun butkul qiynoqqa aylanadi. Xo‘sh, buning kimga keragi bor? Men bosh silkiyman: – To‘g‘ri, shunday qilganimiz ma’qul. To‘pponchangni ol. – Xudoning o‘zi kechirsin, – deydi Kat va to‘xtab qoladi. Mundoq qarasak, yolg‘iz emasmiz, atrofimiz to‘la odam, xandaq va ochiq go‘rlardan kallalar chiqib turibdi. Zambilni keltiramiz. Kat bosh chayqaydi: – Ona suti og‘zidan ketmagan bolalar-a... U yana takrorlaydi: – Musichaday begunoh norasidalar-a... Biz ko‘rgan talafot mo‘ljalimizdagidan kamroq edi: besh kishi halok bo‘lgan, sakkiztasi yaralangan. Qisqagina o‘qqa tutishning oqibati mana shu. O‘lganlarning ikkitasi ochiq go‘rda yotibdi, ustiga tuproq tortsak kifoya. Orqaga qaytamiz. Turna qator tizilishib, churq etmay ketyapmiz. Yaradorlarni tibbiyot binosiga jo‘natishadi. Havoni bulut qoplagan, sanitarlar raqam yozilgan bir parcha qalin qog‘oz bilan fo- tosuratlarni ko‘targancha u yoqdan-bu yoqqa yugurishadi. Yomg‘ir tomchilay boshlaydi. Bir soatdan keyin mashinalarimiz oldiga yetib kelamiz. Endi kuzovlar u qadar tirband emas. Yomg‘ir kuchayadi. Boshimizga yoping‘ichni tortamiz. Tepamizda birov nog‘ora chalayotganga o‘xshaydi. Yoping‘ich chetlaridan sharillab suv oqadi. Mashinalar baland-past yo‘lda goh chuqurlikka sho‘ng‘iydi, goh yuqoriga ko‘tariladi, biz mudragan ko‘yi beto‘xtov chayqalamiz. Kuzovning old tomonida ikki askar uchi ayri tayoqni ushlab olgan. Ular yo‘lni kesib o‘tgan telefon simlaridan bizni ogoh etishadi, aks holda boshimizdan ayrilib qolishimiz hech gapmas. Askarlar ayri bilan simni oldinroq ko‘tarib: «Engashing, sim!» deya xitob qilishadi, biz uyqusiragancha darrov muk tushamiz, keyin yana qaddimizni rostlaymiz. Mashinalar bir maromda silkinadi, xitoblar bir maromda quloqni parmalaydi, yomg‘ir bir maromda nog‘ora chaladi. Suv bizning boshimizga va oldingi marrada halok bo‘lganlarning boshlariga, frontga yangi kelgan askar bolaning tanasiga, uning nimjon beli uchun judayam katta yarasiga tomchilaydi, suv Kemmerixning qabriga, bizning yuraklarimizga tomchilaydi. Qayerdadir zambarak o‘qi gumburladi. Seskanib ketdik, olazarak bo‘lib, mashinadan o‘zimizni yo‘l chetidagi zovurga otishga tayyor turibmiz. Hartugul, vahimali tovush boshqa eshitilmaydi. Ahyon-ahyon bir maromdagi: «Engashing, sim», degan xitob quloqqa chalinib qoladi, biz shosha-pisha cho‘kkalaymiz-u, shu zahoti yana mudray boshlaymiz. Bitni bittalab o‘ldirish qiyin, ayniqsa ular kiyimingda bijg‘ib yotgan bo‘lsa. Bu maxluqlar unchalik yumshoq ham emas, tirnoq bilan ezish boribborib joningga tegadi. Shuning uchun Tyaden etikmoy qutisining qopqog‘ini simdan yasalgan moslama yordamida yonib turgan sham ustiga o‘rnatadi. Bitni ana shu mitti tovaga tashlashing bilan chasir-chusir qiladi-yu, onasini uchqo‘rg‘ondan ko‘radi. Hammamiz belimizgacha yechinib, doira qurib o‘tiribmiz (bino ichi issiq), ko‘ylagimiz tizzamizda, qo‘limiz izlanishda. Xayening biti antiqa: boshida qip-qizil xoch bor. O‘zining aytishicha, uni Turudagi shifoxonadan olib kelganmish, kimsan, tibbiyot xizmati mayorining shaxsan o‘zidan ilashtirganmish. Tunuka qopqoqchada to‘plangan bit yog‘i bilan etigimni moylayman, deydi Xaye, shunday deydi-yu, qotib-qotib kuladi. Lekin biz kuladigan ahvolda emasmiz; har kim o‘z xayoli bilan band. Mish-mishlar to‘g‘ri chiqdi: Ximmelshtos rostdan ham keldi. Ovozini kecha kechqurun eshitdik. Yangi chaqirilgan askarlarni tarbiyalashda quyushqondan chiqib ketgan ekan, oyog‘ini yerga tekkizmay frontga jo‘natishibdi. Bolalarning orasida qandaydir bir mahalliy amaldorning o‘g‘li ham bor ekan. Bu ovsar bilmagan-da. Bu yerda Ximmelshtosga kutilmagan «sovg‘a»lar tayyorlanyapti. Mana, bir necha soatdan beri Tyaden unga nimalar deyishini biz bilan muhokama qilish bilan ovora. Xaye belkurakday kaftiga o‘ychan tikilib, menga ko‘z qisib qo‘yadi. Ximmelshtosni do‘pposlagani uning uchun unutilmas voqea bo‘lgan; o‘sha manzara hozirgacha tushimga kirib chiqadi, deydi. Kropp bilan Myuller gurunglashib o‘tirishibdi. Bugun o‘ljasi bor yagona askar – Kropp, qayerdandir bir dekcha yasmiq bo‘tqasini undiribdi, sapyorlar oshxonasidan bo‘lsa kerak-da. Myuller uning dekchasiga suq bilan ko‘z qirini tashlaydi-yu, sir boy bermay, savolga tutadi: – Albert, hozir birdan urush tugasa, nima qilgan bo‘larding? – Urush tugasa? Hech qachon bunaqa bo‘lmaydi! – Misol uchun-da, – deydi Myuller xiraligini qo‘ymay. – Xo‘sh, nima qilgan bo‘larding? – Bu yerlarni yelkamning chuquri ko‘rsin, derdim-da, boshim og‘gan tomonga jo‘navorardim. – To‘g‘ri. Keyin-chi? – To‘yib ichardim. – Maynavozchilik qilma, men jiddiy so‘rayapman. – Men ham jiddiy aytyapman, – deydi Albert. – Xo‘sh, seningcha nima qilish kerak? Suhbatga Kat qiziqib qoladi. Oldin Kroppdan bo‘tqa so‘raydi, nasibasini olgach, uzoq o‘y surib o‘tiradi, keyin mulohazasini bildiradi: – To‘yib ichish mumkin, albatta. Lekin men xotinimning oldiga qanot qoqqan bo‘lardim. O‘z uying – o‘lan to‘shaging, deb bejiz aytishmagan. U kleyonka hamyonini titkilab, undan bir surat chiqazadi va g‘urur bilan hammamizga navbatma-navbat ko‘rsata boshlaydi: – Kampirginam! Keyin suratni joyiga solib, og‘ir xo‘rsinadi: – Urushning padariga la’nat! – Sen nolimasang ham bo‘ladi, – deyman men, – o‘g‘ling, xotining bor. – To‘g‘ri, – e’tirof etadi u, – ana o‘shalarni qanaqa qilib boqish haqida o‘ylashim kerak-da. Biz kulamiz: – Senga cho‘tmas, Kat, yo‘qni yo‘ndirishga ustasi farangsan. Myullerning qorni och, shuning uchun javobdan qoniqmaydi. Kutilmaganda u xayolan o‘z g‘animini do‘pposlayotgan Xaye Vestxusning shirin orzularini to‘zg‘itib yuboradi: – Sen-chi, sen nima qilgan bo‘larding urush tugasa, Xaye? – Xayening o‘rnida men bo‘lganimda ta’ziringni berib qo‘yardim, – deyman unga. – Shundan boshqa gaping yo‘qmi? – Sen aralashma, – Myuller pinagini buzmay, Xayega yana o‘sha savolini qaytaradi. Xaye dabdurustdan javob berolmaydi. – Urush tugagandan keyin, demoqchisan-da, shundaymi? – Ha-da. Ja-a fahming o‘tkir-da! – Urush tugasa, xotin-xalaj ham yana ro‘yobga chiqadi, to‘g‘rimi? – Albatta. – Ana o‘shanda maishat zo‘r bo‘ladi! – deydi Xaye og‘zining tanobi qochib. – O‘shanda durkun bir juvonni ilintirib, haligidaqa... nima desamikin... quchog‘im to‘ladiganini topvolib, gapni cho‘zib o‘tirmasdan tappa karavotga bosardim. Oh-oh-oh-oh! Bunaqa ayolga parto‘shak ham kerak emas. Bir hafta ishtonimni kiymasdim ammo-lekin! Hamma jim. Odamni entiktiradigan manzara-da bu! Etimiz junjikib ketadi. Nihoyat, Myullerning hushi joyiga kelib, yana so‘raydi: – Keyin-chi? Xaye o‘ylanib qoladi. Birozdan so‘ng ikkilanibroq javob beradi: – Keyinmi? Agar kichik zobit bo‘lganimda muddatdan tashqari xizmatda qolgan bo‘lardim. – Esing joyidami, Xaye? – deyman unga. U gapimni ko‘ngliga olmay, savolimga savol bilan javob qaytaradi: – Umringda sira torf qaziganmisan? Bir urinib ko‘rsang bo‘larmidi? Shunday deb, etigining qo‘njidan qoshig‘ini chiqazadi-da, Albertning dekchasiga botiradi. – Har holda okop qazishdan yaxshi-da, – deyman men. Xaye kavshanib turib, miyig‘ida kulib qo‘yadi: – Lekin adog‘i yo‘q mehnat. Buning ustiga, u yerda dangasalik qilib bo‘lmaydi. – Qiziqsan-a, Xaye, ming qilsa ham uy uy-da! – Qaydam... – Xaye yana o‘yga toladi. Nimani o‘ylayotgani chehrasidan bilinib turibdi. Botqoqlikdagi xaroba kulba, ertadan to qorong‘i kechgacha cho‘ziladigan og‘ir mehnat, arzimagan maosh, isqirt kiyim... – Tinchlik paytida harbiy xizmatdan yaxshisi yo‘q, – deydi u, – ovqating tayyor, ko‘rpa-to‘shaging tayyor, har haftada yuvilib turadigan top-toza ich kiyim, choyshab, yostiq jildlari; sen kichik zobitsan, o‘z vazifangdan boshqa tashvishing yo‘q, ustboshing bashang; kechqurunlari erkin qushsan, bemalol pivoxonada ayshingni surib o‘tiraverasan. Xaye o‘z rejalaridan mamnun. Fikr-u xayoli faqat shunda. – O‘n ikki yil xizmat qilganingdan keyin pensiyaga chiqasan-u, qishloq jandarmeriyasiga ishga kirvolasan. U yog‘i tarallabedod. Xayening orzulari cheksiz. – Mehmondorchilikni aytmaysanmi! Xohlasang – konyak, xohlasang – aroq. Jandarmchi bilan hammaning do‘stlashgisi keladi-da. – Sen ikki dunyoda ham kichik zobit bo‘lolmaysan, Xaye, – deydi Kat. Xaye unga xijolatomuz qarab, jim bo‘lib qoladi. Ehtimol, hozir osuda kuz oqshomlari, cho‘lda kechadigan yakshanbalar, qishloq jomlarining sadosi haqida, batrak ayollar davrasida o‘tgan tunlar, yog‘li marjumak piroglar, oshna-og‘aynilar bilan uzzukun valaqlashib o‘tiriladigan odmi qahvaxona to‘g‘risida o‘ylayotgandir... Ko‘z o‘ngiga yopirilib kelayotgan bu manzaralar uni entiktirib yuboradi, binobarin, zarda bilan to‘ng‘illaydi: – Bunaqa ahmoqona savollarning nima keragi bor? U ko‘ylagini kiyib, kamzulining tugmalarini qadaydi. – Sen nima qilarding, Tyaden? – so‘raydi Kropp. Tyadenning miyasida faqat bitta o‘y: – Ximmelshtosni ko‘zdan qochirmaslik payidan bo‘lardim. Agar Tyadenga qo‘yib bersa, Ximmelshtosni qafasga qamab qo‘yib, har kuni ertalab bir marta do‘pposlashni kanda qilmasligi aniq. Hozir ham yana tili qichib ketib, Kroppga so‘z qotadi. – Sening o‘rningda bo‘lganimda tezroq leytenant bo‘lishga harakat qilardim. O‘shanda Ximmelshtosning boshiga itning kunini solardim. – Sen-chi, Detering? – sinchkovlikni davom ettiradi Myuller. Shu fe’li bilan u faqat muallimlik qilish kerak. Detering – kamsuqum yigit. Lekin bu savolga javob beradi. Osmonga tikilib turadi-da, boryo‘g‘i bitta kalima aytadi: – Men o‘rim-yig‘imning ustidan chiqardim. Shunday deydi-yu, o‘rnidan turib, nari ketadi. U erta-yu kech ro‘zg‘or tashvishida. Oilani hozir xotini tebratayotgan. Buning ustiga, ikkita otini front uchun tortib olishgan. Har kuni bizgacha yetib kelgan gazetalarni o‘qiydi: qadrdon yurti Oldenburgda ob-havo qandayikin? Yog‘ingarchilik bo‘lsa, pichanni yig‘ishtirib olishga ulgurishmaydi. Shu payt Ximmelshtos paydo bo‘ladi. To‘ppato‘g‘ri biz tomonga qarab yuradi. Tyadenning yuzi bo‘g‘riqib ketadi. U o‘tloqqa chalqancha cho‘zilib, hayajonini sezdirmaslik uchun ko‘zlarini yumib oladi. Ximmelshtosning ilgarigi shashti yo‘q, qadamini sekinlatadi. Lekin baribir yonimizga keladi. Hech kim o‘rnidan jilmaydi. Kropp unga istehzoli nazar tashlaydi. Tepamizda turib, kutyapti. Hamma og‘ziga tolqon solvolganini ko‘rib, o‘zi gap boshlaydi? – Xo‘sh, qalay? Oradan bir necha daqiqa o‘tadi; Ximmelshtos o‘zini qanday tutishni bilolmay garang. U yoqda bo‘lganda-ku, hozir shu surbetligimiz uchun rosa dikonglatardi-ya! Ammo-lekin bu yer front – kazarma emas. U yana bir bor urinib ko‘radi. Bu gal hammaga emas, tezroq javob olish umidida bittamizga murojaat qiladi. Eng yaqin turgan askar – Kropp. Ximmelshtos o‘z iltifoti bilan Kroppni siylamoqchi bo‘ladi: – Sen ham shu yerdamisan? Ammo Albertning bir tuki o‘zgarmaydi. – Har holda sizdan nariroqda, – deydi u. Ximmelshtosning sarg‘ish mo‘ylovi titrab ketadi: – Meni tanimayapsizlar shekilli? Tyaden ko‘zlarini ochadi: – Nega endi? Ximmelshtos endi unga o‘giriladi: – Tyadensan-a, shundaymi? Tyaden boshini ko‘taradi: – Sening kimligingni aytaymi? Ximmelshtos hayron: – Qachondan beri senlashadigan bo‘lib qoldik? Biz bir zovurda yotmaganmiz chamamda? U yuzaga kelgan vaziyatdan chiqib ketish chorasini topolmaydi. Bu qadar oshkora adovatni kutmagan-da, sho‘rlik. Har ehtimolga qarshi qulog‘ini ding qilib turibdi, aftidan, orqadan o‘q uzish degan narsalar ham borligini birov shipshitib qo‘yganga o‘xshaydi. Ximmelshtosning zovur haqidagi gapidan Tyadenning jon-poni chiqib ketadi: – Yo‘q, zovurda bir o‘zing yotgansan! Endi Ximmelshtosning ham sabr-bardoshi tugaydi. Ammo Tyaden uni og‘iz ochgani qo‘ymaydi; ko‘nglini oxirigacha bo‘shotvolgisi keladi: – Xo‘sh, kimligingni aytaymi? Sen borib turgan ablahsan, bildingmi? Ko‘pdan buyon shuni senga aytmoqchi bo‘lib yurgan edim. Tyadenning ko‘zlaridan tantana uchqunlari sachraydi – u mana shunday daqiqani rostdan ham ko‘p kutgan edi. Ximmelshtos ham portlab ketadi: – Voy, itvachcha, torfdan chiqqan kalamush! Qani, tur o‘rningdan, boshliq bilan gaplashganda kaftni chakkada qotirish kerak! Tyaden pinagini buzmaydi, aksincha, qiyofasiga ulug‘vor bir tus berib, buyuradi: – Erkin turilsin, Ximmelshtos. Orqaga to‘la buriling! Ximmelshtos jazavaga tushadi. Endi u odam emas, u endi harbiy xizmatning tartibbuzarlardan benihoya darg‘azab bo‘lgan tirik nizomi. Hatto, kayzer ham o‘zini bu qadar tahqirlangan deb hisoblamasdi. Ximmelshtos o‘shqiradi: – Tyaden, xizmat burchi taqozosi bilan buyuraman: turing! – Yana nimani buyurasiz? – so‘raydi Tyaden bamaylixotir. – Agar buyruqni bajarmasangiz, tribunalga tushasiz! Tyaden yotgan joyidan loaqal qo‘zg‘alib ham qo‘ymaydi. Ximmelshtos shartta burilib, rota hujrasi tomon yuguradi. Xaye bilan Tyaden qiyqirib xaxolashadi – faqat torfchilargina shunaqa kula oladi. Og‘zini katta ochganidan Xayening jag‘i osilib qoladi, Albert bir musht urib, jag‘ini o‘rniga tushirib qo‘yadi. Kat bezovta: – Agar shikoyat qilsa, sho‘ringga sho‘rva to‘kiladi. – Shikoyat qilarmikin? – so‘raydi Tyaden. – Albatta, – deyman men. – Kamida besh kecha-kunduzga qamashlari mumkin, – deydi Kat. Tyaden parvo qilmaydi: – Besh kecha-kunduz avaxtada yotish – besh kecha-kunduz dam olish degani. – Qal’aga qamashsa-chi? – so‘raydi hamisha sinchkov Myuller. – Qaytanga yaxshi bo‘ladi, u yerdan chiqqunimcha urush ham tugaydi. Tyaden omadli yigit. G‘am-tashvishni bilmaydi. Boshliqlarning jahli chiqib turganda ko‘zga tashlanmaslik maqsadida u Xaye va Leyer bilan birga qayoqqadir g‘oyib bo‘ladi. Myullerning savol xaltasi hali bo‘shamagan. U yana Kroppga tirg‘aladi: – Albert, rostdan ham hozir uyga borib qolsang, nima ish qilgan bo‘larding? Kroppning qorni to‘q, shuning uchun tajanglik qilmaydi: – Sinfimizdan qancha odam qoldi? Sanaymiz: yigirmata boladan yettitasi halok bo‘ldi, to‘rttasi yaralandi, bir o‘rtog‘imiz jinnixonaga yotqizildi. Demak, nari-berisi bilan o‘n ikki kishi qolibmiz. – Shulardan uchtasi – leytenant, – deydi Myuller. – O‘shalar yana Kantorekning dag‘dag‘asini eshitishga rozi bo‘lisharmikin? Rozi bo‘lishmaydi. O‘zimiz ham buni xohlamaymiz. Myuller o‘y surgan ko‘yi deydi: – Baribir yana maktab partasiga o‘tirishimizga to‘g‘ri keladi-da. Bu fikrga qo‘shilmayman: – Balki imtiyozli imtihon topshirishimizga ruxsat berishar? – Buning uchun kallada bir narsa bo‘lishi kerak. Bor, ana, topshirding ham deylik, keyin-chi? Talabaning boshida shoxi bor ekanmi? Puling bo‘lmagandan keyin baribir yana kitob titkilashga majbursan. – Yo‘q, har holda talabalik yaxshiroq, to‘g‘ri, u yerda ham oldi-qochdi gaplar bilan miyangni qotirishadi. Kropp ham shu fikrda: – Urush ko‘rgan odam quruq safsatani hazm qiloladimi? – Lekin birorta kasbni egallash kerak-ku, – e’tiroz bildiradi unga Myuller. Kantorek ham nuqul shunaqa derdi. Albert pichog‘i bilan tirnog‘ini tozalab o‘tiribdi. Oliftagarchiligiga o‘lasanmi! Lekin u bu ish- ni beixtiyor, xayol og‘ushida qilyapti. Nihoyat, pichoqni bir chetga uloqtiradi: – Hamma gap shunda-da. Kat ham, Detering ham, Xaye ham o‘z ishlariga qaytishadi. Hatto, Ximmelshtos ham. Ular shu kasbning nonini yeb, suyaklari qotgan. Lekin bizning kasb-korimiz yo‘q. Bu ko‘rgiliklardan keyin biror ishga qo‘limiz borarmikin? – U boshi bilan front tomonga ishora qiladi. – Ammo-lekin sudxo‘r bo‘lganimizda bormi! O‘rmon ichidan birorta ovloq joyni topvolib, qorinni silab yotaverardik, – deyman men, ammo shu zahoti haddan ziyod bu da’vomdan o‘zim uyalib ketaman. – Qaytganimizdan so‘ng holimiz nima kecharkin? – so‘raydi Myuller, hatto uning ham ko‘ngliga g‘ulg‘ula tushgan. Kropp yelkasini qisadi: – Bilmadim. Oldin tirik qolish kerak. U yog‘i bir gap bo‘lar. Rostdan ham hech qaysimiz aniq bir gap aytolmaymiz. – Xo‘sh, nima ish qilgan bo‘lardik? – so‘rayman men. – Mening hech bir ishga xohishim yo‘q, – deydi Kropp ma’yus ohangda. – Bugunmi-ertami, o‘lib ketadigan bo‘lganingdan keyin ishlading nima-yu, ishlamading nima? Qolaversa, uyga qaytib borishimizga men ishonmayman. – Bilasanmi, Albert, shu haqda o‘ylaganimda, – men chalqanchasiga yotvolaman, – qachonlardir «tinchlik» degan so‘zni eshitishni tasavvur etganimda aql bovar qilmaydigan qandaydir mo‘jiza ko‘rsatish orzusi bilan yonaman, – bu so‘z meni benihoya sarxush qilib qo‘yadi. Shundoq bir ish qilayki, mana bu yerlarda balchiqqa belanib yot- ganlarim zoye ketmaganiga imonim komil bo‘lsin. Ammo o‘ylab, o‘yimning oxiriga yetolmayman. Biror kasbni egallash bilan bog‘liq tashvishlardan boshqa narsa xayolimga kelmaydi, – oldin o‘qish, keyin maosh kutish va hokazo, o‘ylayverib xunob bo‘lib ketaman, oldinda yorug‘ bir narsa ko‘rinmaydi. Qanaqa hayot bu o‘zi? Ilojsizmiz, Albert, nochormiz. Shu lahzada dunyo ko‘zimga do‘zaxday ko‘rinadi. Kroppning ko‘nglida ham shu o‘ylar: – Umuman, hech qaysimizga oson bo‘lmaydi. Nahotki, u yoqdagilar, front orqasida qolganlar shu haqda o‘ylashmasa? Ikki yil surunkasiga o‘q otish, granata uloqtirish – buni kir kiyimni yechib uloqtirganday, xotiradan uzoqlatib bo‘lmaydi... Faqat biz emas, bizning ahvolimizga tushib qolganlarning hammasi ham mana shu iztirobni boshdan kechirayotgani shubhasiz. Faqat birov ko‘proq, birov kamroq. Bu biz mansub bo‘lgan avlodning peshonasiga yozilgan shum qismat. Albert dilidagini tiliga ko‘chiradi: – Urush bizni chiqindi odamlarga aylantirib qo‘ydi. U haq. Bizning yoshligimiz tugagan. Bizga endi hayotning keragi yo‘q. Biz qochoqlarmiz. Biz o‘zligimizdan, o‘z hayotimizdan qochamiz. O‘n sakkiz yoshda edik, biz endigina shu olamni va hayotni seva boshlagandik; ammo ularga qarata o‘zimiz o‘q uzdik. Portlagan birinchi snaryad parchasi yuragimizni tilka-pora qilib tashladi. Biz ongli faoliyatdan, insoniy ishtiyoqlardan, taraqqiyotdan uzilib qolganmiz. Biz bu narsalarga ishonmaymiz. Biz urushga ishonamiz. Idora besaranjom. Ximmelshtos hammani oyoqqa turg‘izganga o‘xshaydi. Jazo guruhining boshida semiz feldfebel lo‘killab kelyapti. Qiziq, rota feldfebellarining bari – baqaloq. Uning ortida qasos istagi ich-etini kemirayotgan Ximmelshtos. Etigi oftobda yarqiraydi. O‘rnimizdan turamiz. – Qani Tyaden? – so‘raydi feldfebel harsillab. Tabiiyki, buni hech kim bilmaydi. Ximmelshtosning ko‘zlarida g‘azab o‘ti chaqnaydi. – Bilasizlar. Faqat aytmayapsizlar. Iqror bo‘linglar, qayerda u? Feldfebel olazarak. Tyaden ko‘rinmaydi. Endi u boshqacha yo‘l tutadi: – O‘n daqiqadan keyin Tyaden idorada bo‘lsin. Shunday deb, iziga buriladi. Ximmelshtos unga ergashadi. – Ko‘nglim sezib turibdi, keyingi gal okop qaziyotganimizda tikanli sim kalavasini tasodifan Ximmelshtosning oyog‘iga tushirib yuboraman, – deydi Kropp. – Ha, u bilan zerikmaymiz, – kuladi Myuller. Allaqanday nochor pochtachiga qarshi chiqishga jur’at etganimizdan faxrlanamiz. Barakka borib, Tyadenni ogohlantirib qo‘yaman. Keyin boshqa joyga ko‘chib, o‘tloqqa yonboshlagancha yana qartavozlikni boshlab yuboramiz. Qo‘limizdan kelgani shu-da: qarta o‘ynash, so‘kinish va jang qilish. Yigirma yosh uchun ko‘p emas, ayni paytda, judayam ko‘p. Yarim soatdan so‘ng Ximmelshtos tag‘in oldimizga keladi. Hech kim unga e’tibor bermaydi. Tyadenni so‘raydi. Biz yelka qisamiz. – Sizlarni uni topib kelishga jo‘natishgan ediku, – deydi u. – Jo‘natishgan edi? – so‘raydi Kropp. – Ha, buyurilgan edi... – Iltimos, bunaqa ohangda gaplashmang, – deydi Kropp qiyofasiga boshliqlarga xos tus berib. – Biz nizomga zid muomalani hazm qilolmaymiz. Ximmelshtos hayron. – Kim nizomga zid muomala qilyapti? – Siz! – Men-a? – Siz-da, kim bo‘lardi. Ximmelshtos dovdirab qoladi. Kropp nimani nazarda tutayotganini anglolmay, unga shubha bilan ko‘z qirini tashlaydi. Har holda bu gal oldingi takabburligi yo‘q, gapini sal past tushib davom ettiradi: – Topolmadinglarmi? Kropp o‘tloqqa yonboshlagancha javob qaytaradi: – Loaqal biror marta frontda bo‘lganmisiz? – Buning sizga aloqasi yo‘q, – deydi Ximmelshtos. – Savolimga javob berishingizni talab qilaman. – Bo‘pti, javob beraman, – deydi Kropp o‘rnidan turib. – Ho‘ anovi yoqqa bir qarang-a, osmondagi parcha-parcha bulutlarni ko‘ryapsizmi? Bular zenit snaryadlarining portlashidan hosil bo‘lgan tutunlar. Kecha biz o‘sha yerda edik. Besh safdoshimizdan ayrildik, sakkiztasi yarador bo‘ldi. Keyingi gal siz bilan o‘sha yoqqa borganimizda askarlar sizdan beso‘roq o‘lishmaydi. Ro‘parangizda saf tortib, tovonlar juftlashgan, oyoq uchlari ikki yoqqa kerilgan holda g‘oz turib, biyron-biyron murojaat qilishadi: «Safdan chiqib, narigi dunyoga ravona bo‘lishga ruxsat eting!» Bizga bu yerda sizga o‘xshagan odam yetishmay turgan edi. Kropp yana o‘tiradi. Ximmelshtos indamay jo‘navoradi. – Uch sutka qamoq, – taxmin qiladi Kat. – Endi navbat meniki, – deyman Albertga. Haytovur, bizni boshqa bezovta qilishmaydi. Ammo kechqurun, tekshiruv paytida, so‘roq boshlanadi. Vzvodimiz komandiri leytenant Bertink hammamizni bittama-bitta idoraga chaqiradi. Men ham guvoh sifatida Tyadenni isyon ko‘tarishga majbur qilgan holat xususida ko‘rsatma beraman. Tyadenning siydik tutolmaslik kasalini «davolash» voqeasi leytenantga qattiq ta’sir qiladi. Ximmelshtosni chaqirtirishadi. Men hozirgina aytgan gaplarimni yana takrorlayman. – To‘g‘rimi shu? – so‘raydi Bertink Ximmelshtosdan. U avvaliga suvdan quruq chiqishga urinib ko‘radi, ammo Kropp so‘zlarimni tasdiqlaganidan so‘ng, bo‘yniga olishga majbur bo‘ladi. – Nega o‘shanda indamagansizlar? – so‘raydi Bertink. Churq etmaymiz, axir, harbiy xizmatda bunaqa mayda-chuyda voqealardan shikoyat qilishning oxiri voyligini uning o‘zi yaxshi biladi-da. Qolaversa, harbiy ishda shikoyatga o‘rin yo‘q. Bertink ahvolimizni tushundi shekilli, Ximmelshtosga rosa tanbeh beradi, front kazarma emasligini uqtiradi. Keyin Tyadenga navbat yetadi. Leytenant uni oborib-opkeladi. Pirovardida, uch sutka qamoqqa buyuradi. Kroppga ko‘zini qisib, unga ham bir sutka qamoq tayinlaydi. – Boshqa iloji yo‘q, – javob beradi leytenant afsuslanib. Ajoyib yigit-da. Oddiy qamoq – dam olishday gap. Mahbuslarga sobiq tovuqxona ajratilgan; shu yerda ular meh- mon kutishlari ham mumkin. Qanday kirishni yaxshi bilamiz. Qattiq tartibli qamoqqa buyurilganlar yerto‘lada yotishadi. Ilgari bizni daraxtga bog‘lab qo‘yishardi, hozir bunday jazo taqiqlangan. Ba’zan bizga shunaqa... odamga o‘xshab ham muomala qilishadi. Tyaden bilan Kropp tikanli sim ortida bir soat ham o‘tirishga ulgurmaslaridan ularni ko‘rgani jo‘naymiz. Tyaden bizni xo‘rozday qichqirib kutib oladi. Keyin yarim tungacha qarta tashlaymiz. Tyaden zang‘ar yana yutadi. Orqaga qaytayotganimizda Kat menga kutilmagan savolni beradi: – Qovurilgan g‘ozga qalaysan? – Ayni muddao, – deyman men. O‘q-dori ortilgan mashinaga o‘tiramiz. Yo‘lkira ikki donadan sigareta. Kat kerakli joyni allaqachon ko‘z ostiga olib qo‘ygan ekan. Parrandaxona polk shtabiga qarashli. G‘ozni tutib chiqishni men bo‘ynimga olaman. Kat yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi. Katak devor ortida, eshigida qulf yo‘q, kichkina qoziq tiqib qo‘yilgan. Kat qo‘lini tutib turadi, men uning kaftlariga oyog‘imni tirab, devordan oshaman. Kat poyloqchilikda qoladi. Ko‘zlarim qorong‘ilikka ko‘nikkuncha biroz qimir etmay turaman. Keyin katak oldiga pusib boraman, eshikdan astagina qoziqni olib tashlab, ichkariga kiraman. Ikkita oq narsaga ko‘zim tushadi. Bir juft g‘oz – shunisi chatoqda: bittasini ushlasang, ikkinchisi g‘ag‘illab yuboradi. Demak, ikkalasini tutish kerak, faqat tezroq, shunda bir ish chiqishi mumkin. O‘zimni g‘ozlarga qarab otaman. Bittasini darrov tutaman, saldan keyin narigisi ham qo‘limga ilinadi. Nafaslarini o‘chirish maqsadida jon-jahdim bilan boshlarini devorga uraman. Ammo bundan ham qattiqroq urishim kerak ekan. Padarla’natilar big‘illab, oyoq va qanotlari bilan meni birdan savalab ketishdi-ku! Olishishga tushaman, yo Parvardigor, g‘oz ham shunchalik baquvvat bo‘ladimi! Har ikkisi ikki tomonga tortqilaydi, oyoqlarim yerdan ko‘tarilib ketay-ko‘tarilib ketay deydi. Qorong‘ida ikki yonimda ikkita ulkan oq choyshab hilpirayotganga o‘xshaydi; go‘yo qanot chiqazganman-u, mana hozir osmonga uchib ketmasam deb qo‘rqaman; qo‘llarimga bamisoli ikkita aerostat bog‘lab qo‘yilganday. Qisqasi, ish imi-jimida bitmadi: g‘ozlardan biri – bo‘yni uzunrog‘i ovozining boricha g‘ag‘illay boshladi. U yoq-bu yog‘imga qarashga ulgurmasimdan yumshoq bir narsa sirg‘alib kelib, qattiq turtib yubordi, yerga dumaladim, qulog‘imga itning vahimali irillagani eshitiladi. Sekin ko‘z qirini tashlayman. Rostdan ham it. Kekirdagimni uzib olishga tayyor turibdi. Darrov ko‘zimni yumib, iyagimni kamzulimning yoqasiga tiqaman. Eshakday keladigan it. Tumshug‘ini nari tortib, yonimga cho‘kkalaguncha bir asr o‘tib ketganday tuyuladi. Sal qimirlasam, yana irillaydi. Nima qilishimni bilmayman. Birdan-bir chora – to‘pponchamni sug‘urishga ulgurishim kerak. Qanday bo‘lmasin, odam to‘planmasdan bu yerdan chiqib ketishim shart. Nihoyatda ehtiyotlik bilan qo‘limni qinga olib boraman. Oradan allamahal o‘tib ketganday nazarimda. Qo‘lim xiyol qimirlashi bilan it irillaydi, yana tosh qotaman, so‘ng tag‘in urinib ko‘raman. Nihoyat, to‘pponchani sug‘urdim, sug‘urdim-u, qani bir narsa qilolsam – dag‘-dag‘ titrayman. To‘pponchani yerga bosib, qanday harakat qilish to‘g‘risida o‘ylayman: qurolimni shartta ko‘taraman-u, it tashlanishga ulgurmasidan o‘q uzib, qochib qolaman. Chuqur-chuqur nafas olib, sal o‘zimga kelaman. So‘ng damimni ichimga yutib, to‘pponchani ko‘taraman. O‘q uziladi. It vangillagancha orqaga tisariladi. Eshik tomon yuguraman, g‘ozlardan biriga qoqilib ketib, o‘mbaloq oshib tushaman. Lekin haligi g‘ozni olishga ulguraman, uni qulochkashlab devor orqasiga uloqtiraman. O‘zim ham shu zahoti devorga yopishaman. Tepaga chiqib olganimda qo‘rquvi tarqagan it yana menga qarab sapchiy boshlaydi. O‘zimni narigi tomonga tashlayman. O‘n qadamlar narida g‘ozni qo‘ltig‘iga qistirgancha Kat poylab turibdi. Ikkalamiz juftakni rostlab qolamiz. Endi picha dam olsak bo‘ladi. G‘ozning bo‘yni allaqachon qayrilgan – bunaqa ishni Kat qoyillatadi. Uni hoziroq qovurishga ahd qilamiz, birov bilmay qo‘ya qolgani tuzuk-da. Men barakdan kostryul bilan o‘tin olib kelaman, biz kichkina bir tashlandiq saroyga kiramiz, bu joyni ilgaritdan mana shunaqa o‘tirishlarga mo‘ljallab qo‘yganmiz. Saroyning bittagina derazasini yaxshilab to‘samiz. Bu yerda plitaga o‘xshagan narsa ham bor: g‘isht o‘choq ustiga o‘rnatilgan bir bo‘lak tunuka. Olovni yoqamiz. Kat g‘ozning patini yulib, go‘shtini maydalaydi. Patni bir chetga avaylab olib qo‘yamiz. Undan o‘zimizga ikkita yostiq qilmoqchimiz. Yostiqda shunday yozuv bo‘ladi: «To‘plar gumburidan hayiqmay, bemalol uxlayver». Boshpanamiz tepasida frontda otilayotgan zambaraklar hayqirig‘ining ojiz sharpasi osilib tu- ribdi. Yuzimizda alanga shu’lasi lipillaydi. Ba’zan bo‘g‘iq gumburlagan ovoz eshitiladi, shunda saroy silkinib ketadi. Bu aviabomba. Bir marta kimningdir dodlagani qulog‘imizga chalinadi. Bomba barakka tushdi chamasi. Aeroplanlar g‘o‘ng‘illaydi, pulemyotlar tarillaydi. Ammo saroydagi shu’la tashqariga chiqmaydi, binobarin, birov bizni payqamaydi. Yarim tun. Yuzma-yuz o‘tiribmiz. Kat va men, eski kamzul kiygan ikki askar, g‘oz go‘shtini qovuryapmiz. Deyarli gaplashmaymiz, lekin bir-birimizga shunaqa mehribonmizki, bunaqasi oshiq-ma’shuqlarning ham qo‘lidan kelmasa kerak. Ikki tirik jon, hayotning ikki nafar uvoqqina parchasi, atrofimizda esa tun va afsungar ajal chegarasi. Biz ana shu chegara yonida o‘tiribmiz, boshimizda o‘lim xavfi, hozircha omonat soyabon ostidamiz. Barmoqlarimizdan yog‘ tomadi, xiragina olov yolqinida yurakdan yurakka harorat va iliq tuyg‘ular o‘tadi. U men haqimda nima biladi? Men nima bilaman? Ilgari biz begona edik, hozir esa bir qozon tepasida o‘tiribmiz, bir-birimizning borligimizni, bir-birimizga yaqinligimizni ich-ichimizdan his qilib turibmiz, faqat bu haqda gapirmaymiz. G‘oz, garchi u yosh va semiz bo‘lsa-da, hadeganda pishmaydi. Shuning uchun o‘rin almashishga to‘g‘ri keladi. Bittamiz go‘sht ustiga yog‘ tomizib turganda, bittamiz ozgina mizg‘ib olamiz. Sekin-asta saroy ichi xushbo‘y hidga to‘la boradi. Tashqaridan sizib kirayotgan tovushlar bir tutamga aylanib, tushda eshitilayotganga o‘xshaydi, ammo ong hali butkul xiralashmagan. Uyqu aralash Katning qoshiqni ko‘tarib-tushirayotganini ko‘raman, men unga suyanib qolganman, uning yelkalari, biroz bukik qaddini yoqtiraman, ayni paytda olis-olisdagi o‘rmon va yulduzlarni ilg‘ayman, kimdir yoqimli ovoz bilan menga tasalli beradi, beso‘naqay etik kiygan, yelkasida mudom safar xaltasi osig‘liq askar bolaga tasalli beradi, bu ovoz oxiri ufqqa tutashib ketgan yo‘lda odimlayotgan, baland osmon gumbazi ostida zig‘irdaygina bo‘lib borayotgan askarning, chekkan azoblarini tez unutadigan, faqat ba’zidagina ma’yus tortib qoladigan, ulkan tun pardasi oralab to‘xtovsiz qadam tashlayotgan askarning ko‘nglini ko‘taradi. Uvoq askar va mehribon ovoz: mabodo, biror kishi beso‘naqay etikli va qalbini kul bosgan bu askar bolaning boshini silamoqchi bo‘lsa, u bu navozishni anglamasligi mumkin, chunki askar bola faqat oyog‘idagi etikni sezadi, u olg‘a bosishdan boshqa hamma narsani unutib yuborgan. Oldinda nima bor? Allaqanday gulzor va ajoyib manzara. Askarning o‘pkasi to‘lib ketadi. Ehtimol, olis-olislarda o‘zi hech qachon boshidan kechirmagan quvonchlar charx urayotgandir, agar shunday bo‘lsa, bular uni abadul-abad tark etgan quvonchlar emasmi? Balki bu uning yigirma yoshidir? Yuzim nega ho‘l? Iye, ko‘z yoshlarimmi? Qayerdaman o‘zi? Ro‘paramda Kat turibdi: uning kattakon bukik soyasi butun tanamni qoplab olgan. U bir nimalar deb jilmayadi, keyin olov yoniga keladi. Ovozi yana qulog‘imga chalinadi: – Tayyor. – Darrov-a? Es-hushimni yig‘aman. O‘rtada qip-qizil qilib qovurilgan g‘oz go‘shti. Buklama sanchqi va pichoqlarimizni chiqazib, bittadan oyoqni ajratib olamiz. Nonni yog‘iga botiramiz. Shoshmasdan, ishtaha bilan tanovulga kirishamiz. – Mazasi qalay, Kat? – Zo‘r! Senga-chi, ma’qulmi? – Bo‘lmasam-chi! Hozir og‘a-inidaymiz, go‘shtning eng yaxshi joylarini bir-birimizga ilinamiz. Keyin men sigareta tutaman, Kat esa sigara. Ancha go‘sht ortib qoladi. – Kat, Kropp bilan Tyadenga bir bo‘lakdan olib borsak-chi? – Yaxshi bo‘lardi, – deydi u. Go‘shtdan ajratib, gazetaga o‘raymiz. Qolganini barakka olib ketmoqchimiz. Ammo Kat ikkilanib qoladi: – Tyadenga ozlik qiladi-da. To‘g‘ri aytyapti, hammasini olib borish kerak. Kropp bilan Tyadenni uyg‘otish uchun tovuqxonaga qarab jo‘naymiz. Tabiiyki, patni olishni ham unutganimiz yo‘q. Kropp bilan Tyadenga avvaliga arvohlarga o‘xshab ko‘rinamiz. Keyin ular go‘shtga yopishib ketishadi. Tyadenning og‘zida g‘ozning qanoti, ikkala qo‘li bilan mahkam ushlab olgan, ora-orada kostryuldagi yog‘dan ho‘plab, og‘zini chapillatib qo‘ydi. – Bu yaxshiliklaringni hech qachon unutmayman! Barakka qaytamiz. Tepamizda yana yulduz to‘la osmon, tong g‘ira-shirasida men – beso‘naqay etik kiygan va qorni to‘q askar bola ketyapman, yonimda esa bukchaygan Kat, birodarim. Subhidam qorong‘isida barak sharpasi xuddi qop-qora, orombaxsh xobday bizga peshvoz chiqadi. Dushman hujumi to‘g‘risida gap-so‘zlar o‘rmalab qoldi. Bizni odatdagidan ikki kun oldin frontga jo‘natishadi. Yo‘l-yo‘lakay snaryad vayron qilgan maktab yonidan o‘tamiz. Bino oldiga hali randalanmagan yap-yangi sarg‘ish tobutlar ustma-ust taxlab qo‘yilgan. Qatron va qarag‘ay hidi anqib turibdi. Tobutlar yuztadan kam emas. – Hujum oqibatini unutishmabdi, – deydi Myuller. – Bizga mo‘ljallangan, – to‘ng‘illaydi Detering. – Nafasingni yel olsin, – jerkib beradi uni Kat. – Senga tobut tegsa, shukr qilishing kerak, – deydi Tyaden Deteringga. – Seni yopinchig‘ingga o‘rab ko‘mib qo‘ya qolishadi, mana ko‘rasan. Hamma og‘ziga kelganini gapiradi, lekin har kim ichidan o‘tganini o‘zi biladi; nima ham qila olardik? Tobutlar rostdan ham bizga atab yasalgan-da. Bu ish ularda puxta yo‘lga qo‘yilgan. Front chizig‘i notinch. Tunda vaziyatni aniqlashga urinib ko‘ramiz. Biz turgan joy nisbatan osoyishta, shuning uchun dushman mudofaa chizig‘ining ortida temir yo‘l vagonlarining taraqa-turuqi tonggacha eshitilib turadi. Fransuzlar chekinmoqchi emas, aksincha, yangi qo‘shin, o‘q-dori, qurol-aslaha keltirishyapti, deydi Kat. Ingliz to‘plarining yoniga yangilari qo‘shilyapti, buni baralla sezib turibmiz. Fermaning o‘ng tomoniga kamida yana to‘rtta yangi to‘p o‘rnatishdi, eskilari bu hisobga kirmaydi. Tilka-pora bo‘lgan tol ortiga esa minomyotlar joylashtirilgan. Bundan tashqari, fransuz zambaraklari ham bor. Kayfiyatimiz chatoq. Blindajga tushganimizdan so‘ng oradan ikki soat o‘tgach, okoplarimizga o‘z to‘plarimiz o‘q yog‘dirishdi. Keyingi oyda uch marta shunaqa bo‘lishi. Nishonga olishda yanglishgan bo‘lsalar ham mayli edi, birov bir narsa demasdi. Hamma balo shundaki, to‘plarning stvoli ishdan chiqqan; shu bois snaryadlar duch kelgan joyga tushaveradi. Oqibatda, bugun kechasi ikki askarimiz yaralandi. Front – qafasday gap. Unga tushib qolgan odam qismati nima bo‘lishini kutishga majbur. Biz panjara ortidamiz, uning chiviqlari – snaryadlarning yo‘nalishi; hayotimiz mavhumlikdan iborat. Hammamiz tasodif izmidamiz. Ustimga snaryad uchib kelayotgan bo‘lsa, engashib qolishim mumkin – tamom-vassalom; lekin u qayerda portlaydi – bilmayman, unga ta’sir ko‘rsatolmayman. Aynan tasodifga tobelik bizni loqayd qilib qo‘ygan. Bundan bir necha oy muqaddam blindajda qarta o‘ynab o‘tirgan edim; keyin boshqa blindajdagi tanishlarimdan xabar olgani bordim. Qaytib kelsam, o‘zim hozirgina o‘tirgan blindajdan nom-nishon yo‘q: og‘ir snaryad uni yakson qilib yuboribdi. Yana haligi blindajga qaytdim, yaxshiyam qaytgan ekanman, ko‘milib qolganlarni kovlab olishga yordamlashdim, shu vaqt ichida snaryad bu blindajni ham dabdala qilib tashlabdi. Meni o‘ldirishlari mumkin – bu tasodifga bog‘liq, tirik qolishim ham hech gapmas – bu ham tasodif izmida. Mustahkam blindaj devorlari tagida qolib ketsam – buning ajablanarli joyi yo‘q, tep-tekis qirda, o‘qlar yomg‘iri ostida o‘n soat yotib, bir yerim tirnalmasa ham birov taajjubga tushmaydi. Har bir askar faqat ming turli sabab tufayli tirik qoladi. Binobarin, askar tasodifga ishonadi va unga umid bog‘laydi. Biz nonimizga hushyor bo‘lishimiz kerak. So‘nggi paytlarda, blindajlarda ozodalikka rioya qilinmay qo‘yilganidan beri, kalamush ko‘payib ketdi. Deteringning so‘zi bilan aytganda, bu hademay boshimizga kulfat tushishidan nishona. Bu yerning kalamushlari yirik-yirik, turqi sovuq. O‘likxo‘r kalamushlar. Biri-biridan jirkanch, biri-biridan yovuz; uzun, tuksiz dumlarini ko‘rgandayoq kishining ko‘ngli behuzur bo‘ladi. Ular och. Hammamizning nonimizni yarimta qilishga ulgurishgan. Kropp nonini yoping‘ichiga o‘rab, boshini tagiga qo‘yib yotadi, baribir xotirjam uxlayolmaydi, kalamushlar yuzidan o‘rmalab borib, nonni tortqilashadi. Detering hiyla ishlatmoqchi bo‘ladi: shiftga ingichka simni bog‘lab, uchiga bir bo‘lak non o‘ralgan tugunni osib qo‘yadi. Bir kuni kechasi cho‘ntak chirog‘ini yoqib qarasa, sim chayqalib turganmish. Tugunning ustida semiz bir kalamush. Axiyri, ular bilan orani ochiq qilishga jazm etamiz. Nonning kalamushlar g‘ajigan joyini qirqib olamiz. Hammasini tashlab yuborishga ko‘zimiz qiymaydi, ertaga o‘zimiz och qolishimiz mumkin-da. Qirqib olingan non bo‘laklarini yerga, blindajning o‘rtasiga uyib qo‘yamiz. Har kim o‘z belkuragini tayyor tutgan holda o‘rniga cho‘ziladi. Detering, Kropp va Kat kerak paytda cho‘ntak chiroqlarini yoqishlari kerak. Oradan biroz vaqt o‘tgach, qitir-qitir tovushlar eshitiladi. Bu tovush borgan sari kuchaya boradi, kalamushlar nonga yopishayotgani aniq. Qo‘qqisdan chiroqlar yonadi, hammamiz belkuraklar bilan g‘uj bo‘lib turgan qora maxluqlarni savalay ketamiz, chiyillagan ovozlardan qulog‘imiz qomatga keladi. Natija yomon emas. Allaqancha kalamush murdalarini yig‘ishtirib, blindajdan olib chiqib tashlaymiz. Keyin yana pistirmaga yotamiz. Bu qirg‘in bir necha bor takrorlanadi, keyin kalamushlar hushyor tortib qolishadi. Balki qon hidini sezishgandir. Qaytib qoralarini ko‘rsatish- maydi. Ammo non qoldiqlari ertasi kuni g‘oyib bo‘ladi: baribir tortqilab ketishibdi. Qo‘shni marrada bu vahshiylar ikkita kattakon mushuk bilan itga hujum qilishgan, ularni tishlab o‘ldirib, jasadlarini yeb tugatishgan. Ertasi kuni bizga pishloq berishdi. Har bir askarga har dumaloq pishloqning qariyb chorak bo‘lagi tegdi. Bir tomondan bu yaxshi, chunki pishloq – shirin luqma, ammo ikkinchi tomondan yomon, sababi – qachon og‘zimiz pishloqqa tegsa, bir falokatga yo‘liqamiz. Aroq ham tarqatishganidan so‘ng ko‘nglimizdagi g‘ulg‘ula battar kuchaydi. Ichishga ichdik, lekin zahar ichganday bo‘ldik. Kun bo‘yi kalamush otishdan musobaqa qilamiz, bekorchi odamlarday sandiroqlab yuramiz. O‘q-dori va qo‘l granatalarini to‘plashyapti. Nayzalarni o‘zimiz ko‘zdan kechiramiz. Gap shundaki, ba’zi nayzalar damining orqasida arranikiga o‘xshagan tishlar bor. Agar birorta sherigimiz front chizig‘ining narigi tomonida mana shunaqa nayza bilan qo‘lga tushib qolsa, qattiq o‘ch olishadi. Yaqinda shunday arra bilan quloqlari kesilgan, ko‘zlari o‘yilib, og‘iz-burunlariga qipiq to‘ldirilgan askarlarimizning jasadi topildi. Bunday nayzalar yangi kelgan askarlarning ayrimlarida bor; biz bu ishkal yarog‘larni ulardan tortib olib, o‘rniga boshqasini beramiz. Aslida nayza hozir o‘z ahamiyatini yo‘qotgan. Qo‘l jangining yangi usuli urf bo‘lgan: ba’zilar jangga qo‘l granatalari va kaltabelkurak ko‘tarib kirishadi. Charxlangan belkurak – ancha yengil, haryoqlama qurol, faqat pastdan emas, qulochkashlab ham zarba urish mumkin. Agar belkurakni qiyalatib, yelka bilan bo‘yin orasiga urilsa, odamni ko‘kragigacha bo‘lib tashlash hech gap emas. Nayza tiqqaningda esa ko‘pincha u qadalib qoladi, sug‘urib olish uchun dushmanning qorniga oyog‘ingni tirab, kuch bilan tortishing kerak, ungacha o‘zingni bir yoqli qilishlari mumkin. Tunda okoplarimizga gaz purkashadi. Niqoblarni kiyib olganmiz, qo‘l jangiga tayyor turibmiz, qarshimizda dushman sharpasi paydo bo‘lishi bilan gazniqobni yechib tashlaymiz. Mana, tong oqaryapti-yu, biz turgan joy hamon suv quyganday jimjit. Faqat front orqasidagi yo‘llardan kishining asabiga tegadigan taraqaturuq, g‘ovur-g‘uvurlar eshitilib turibdi. Poyezdlar, mashinalar – ular qayerga jam bo‘lyapti? To‘plarimiz o‘sha tomonga qarab to‘xtovsiz o‘q uzyapti-yu, ammo shovqin-suron bosilmayapti... Dilimiz xufton, bir-birimizga qaramaymiz. – Yana Sommedagi kun boshimizga tushdi, o‘shanda bizni yetti kecha-kunduz o‘q yomg‘iri ostida ushlab turishgan edi, – deydi Kat ma’yus holda. Bu yerga kelganimizdan buyon uning ta’bi xira, hazil-huzul ham qilmaydi. Faqat Tyaden xursand, yaxshi boqishyapti-da, buning ustiga, rom ham berishadi. Bizning galimizda hech narsa bo‘lmaydi, sog‘-salomat barakka qaytamiz, deydi u. Bizga ham shunday tuyula boshlaydi. Kunlar ketidan kunlar o‘tadi. Kechasi xandaqda, maxfiy eshitish postida o‘tiribman. Tepamda yorituvchi raketa va parashyutlar chiqib-tushib turibdi. Butun vujudim quloqqa aylangan, asablarim tarang, yuragim dukurlaydi. Nigohim nuqul yonib turadigan soatimga og‘adi: soat millari go‘yo bir joyda to‘xtab qolganday. Uyquning zo‘ridan qovoqlarim zil-zil, uxlab qolmaslik uchun etik ichida barmoqlarimni qimirlataman. Xayriyat, mening navbatchiligimda hech qanday voqea sodir bo‘lgani yo‘q. Faqat narigi tomondan g‘ildiraklarning shovqini eshitilib turdi, xolos. Asta-sekin ko‘nglimiz xotirjam bo‘lib, yana qartavozlikni boshlab yuboramiz. Shoyad, bu gal ham omadimiz kelsa-yu, barakka eson-omon qaytsak... Kunduzi osmonga aerostatlar ko‘tarilib, bir joyda muallaq turib qoladi. Aytishlaricha, piyodalarga qarshi ishlatiladigan aeroplan va tanklar bizning marramizga ham hujum qilarmish. Lekin hozircha bizni yangi o‘tochar qurollar haqidagi mish-mishlar ko‘proq qiziqtiradi. Yarim tunda uyg‘onib ketamiz. Yer zirillaydi. Tepamizda quyuq alanga pardasi. Har burchakka biqinamiz. Barcha kalibrdagi snaryadlarni ovozidan bilsa bo‘ladi. Har kim o‘z xaltasiga yopishib, narsalari butun-butunmasligini tekshiradi. Blindaj silkinadi, tun o‘kiradi, chaqmoq chaqnaydi. Lip etgan shu’lada bir-birimizga qaraymiz. Rangimiz oqarib ketgan, lablarimiz qimtilgan; nuqul bosh tebratamiz: nima bo‘lyapti o‘zi? Og‘ir snaryadlar okop tepasiga uyulgan tuproqni qanday o‘pirayotganini, blindaj yonbag‘irlarini o‘yib, tomiga yotqizilgan beton palaxsalarini qanday uvatayotganini hammamiz tasavvur etib turibmiz. Ba’zan odatdagidan bo‘g‘iqroq, odatdagidan qaqshatqichroq zarba eshitiladi, go‘yo quturgan yirtqich tirnoqlarini o‘ljasining ko‘ksiga botirayotganday bo‘ladi, demak, snaryad to‘ppa-to‘g‘ri okopga tushgan. Tongga yaqin yan- gi kelganlardan ayrimlarining yuzi ko‘karib, qusa boshlaydi. Ular hali urush ko‘rmagan bolalar-da. Blindajga zaif, kulrang nur tushadi, portlayotgan snaryadlar shu’lasi xiralashadi. Tong otadi. Endi to‘p o‘qlari yoniga minalarning portlashi qo‘shiladi. Bu la’nati quyundan dahshatli narsa yo‘q. U o‘tgan joyda faqat qabrlar qoladi. Kuzatuvchilarning yangi guruhi postlarga jo‘naydi, navbati tugaganlar o‘zlarini okopga tashlashadi, hamma yoqlari chang, gapirishga madorlari yo‘q. Bittasi bir chetga cho‘zilib, non kavshaydi, boshqasi – zaxiradan chaqirib olingani – piq-piq yig‘laydi; portlash to‘lqini uni ikki marta okop tepasidagi do‘nglikdan uloqtirib yuborgan, u ikki marta karaxt bo‘lib qolgan. Yangi askarlar undan ko‘z uzishmaydi. Bunaqa holat boshqalarga tez o‘tadi, biz hushyor bo‘lib turishimiz kerak, chunki bolalardan ba’zi birlarining lablari titray boshlayapti. Xudoga shukr, tundan chiqvoldik; kim biladi, piyodalar hujumi hademay boshlanib qolar. Snaryadlar portlashi to‘xtamayapti. Orqamizdagi marra ham o‘qqa tutilyapti. Hamma yoqda tuproq va temir-tersak favvoraday ko‘kka sapchiydi. Dushman juda katta maydonni nishonga olgan. Hujum boshlangani yo‘q, ammo hamon snaryadlarning keti uzilmaydi. Quloqlarimiz tom bitgan. Hamma jim. Gaplashgan bilan birov birovni tushunmaydi. Okopimizdan deyarli hech narsa qolmagan. Ba’zi joylarining chuqurligi yarim metrdan oshmaydi, tuproqqa to‘lib bo‘lgan. Yaqinginamizda snaryad portlaydi. Birdan hamma yoqqa qorong‘ilik cho‘kadi. Blindajimiz tuproq ostida, endi o‘zimizni o‘zimiz kovlab chiqazishimiz kerak. Bir soatlardan so‘ng tuynuk ochamiz. Yelkamizdan tog‘ ag‘darilganday bo‘ladi. Tag‘in bir o‘limdan qoldik. Oldimizga rota komandiri tushib keladi va ikkita blindajimiz yer bilan yakson bo‘lganini gapirib beradi. Yosh askarlar uni ko‘rib, sal jonlanishadi. Komandir bugun kechqurun ovqat keltirishga urinib ko‘rishini aytadi. Ajoyib xushxabar. Hech kim bu haqda o‘ylamagandi, Tyaden bundan mustasno, albatta. Ovqat tashqi olamdan biz tomon tortilgan hayotbaxsh rishta; modomiki, ovqat haqida gap bo‘ldimi, demak, hali yasharkanmiz, deb o‘ylashadi yosh askarlar. Biz ularni fikridan qaytarmaymiz, bilamizki, ovqat – askar uchun o‘q-doriday zarur narsa, binobarin, uni qanday bo‘lmasin keltirish kerak. Ammo birinchi urinish muvaffaqiyatsiz tugaydi. Yana bir guruhni jo‘natishadi. Ular ham orqaga qaytishadi. Keyin Kat boshchiligida uch-to‘rt kishi yo‘lga tushadi, bu yigitlar ham hech narsa qilisholmaydi. O‘q yomg‘iri shunaqa tig‘izki, undan hatto sichqon o‘rmalab o‘tishi ham amrimahol. Belimizdagi kamarni oxirigacha tortib, og‘zimizga bir tishlamdan non solamiz, lekin chaynamaymiz – shimamiz. Chunki uni tejash kerak. Qornimiz piyozpo‘sti bo‘lib ketgan. Men nonning yumshoq joyini yeb, ustki qatlamini xaltamga yashiraman, keyin uni yana olib, har zamonda so‘rib-so‘rib qo‘yaman. Kechasi uzoq. Uyqumiz kelmaydi, bir nuqtaga ma’nosiz tikilgancha mudraymiz. Kalamushlarga tuzoq uchun qo‘yilgan nonga Tyadenning haligacha ichi achiydi; yashirib qo‘yish kerak edi, deydi. Hozir asqatardi. Suv ham taqchil, lekin hozircha chidasa bo‘ladi. Ertalabga yaqin, tong qorong‘isida qiy-chuv boshlanadi. Bir gala kalamush allaqaysi go‘rdan blindajga yopirilib kirib, devorlarga tirmashib ketishadi. Cho‘ntak chiroqlari yoqiladi. Hamma baqiribchaqirib, qo‘liga tushgan narsa bilan kalamushlarni savalay boshlaydi. Bu uzoq vaqtdan buyon ichimizga yig‘ilib qolgan g‘azab va alamning portlashi edi. Ko‘zlarimiz qahrga to‘la, qo‘llarimiz harakatda, kalamushlar fig‘oni olamni tutadi. Shu qadar quturib ketganmizki, hayal o‘tmay bir-birimizni do‘pposlay boshlashimiz ham hech gap emas. Axiyri, tinka-madorimiz quriydi. Joy-joyimizga cho‘zilamiz. Tavba deb gapiray-u, shu paytgacha blindajimizdagilarning bari sog‘. Butun qolgan eng chuqur panajoy shu bo‘lsa keragov. Blindajga kichik zobit emaklab kiradi; qo‘lida bir buxanka non; kechasi uch askarimiz bir amallab narigi tomonga o‘tib, yegulik u-bu narsa topib kelishibdi. Ularning aytishicha, o‘qqa tutilayotgan maydon qariyb to‘plar turgan joygacha cho‘zilib ketganmish. Ajabo, shuncha to‘p qayoqdan kelib qoldi? Boshga tushganini ko‘z tortar, deb kutib yotishdan bo‘lak choramiz yo‘q. Tushga yaqin men kutgan hodisa sodir bo‘ldi. Yosh askarlardan birini tutqanoq tutib qoladi. Unga anchadan buyon razm solib yurgandim. Nuqul iyagini likkillatadi, barmoqlarini ochib-yumadi. Ko‘zlari kosasidan chiqib ketay deydi. Bunaqalarni ilgari ham ko‘rganmiz. Yigit blindajning narigi boshidan eshik tomon emaklay boshlaydi, bir to‘xtab, yana o‘sha yoqqa talpinadi. Yonimdan o‘tayotganida bu yonboshimga ag‘darilaman: – Qayoqqa? – Hozir kelaman, – javob beradi u. – Sabr qil, otishma sal pasaysin. U ko‘nganday bo‘ladi, bir lahzaga nigohi tiniqlashadi, ammo zum o‘tmay ko‘zlari yana quturgan itnikiday xira yiltiray boshlaydi. Meni itarib tashlab, o‘tib ketishga urinadi. – Shoshma uka, – deyman unga. Kat hushyor tortadi. Nima gapligini payqab, yigitni ushlab qoladi. Men ham unga yopishaman. U to‘polon ko‘taradi: – Qo‘yvoringlar, qo‘yvoringlar meni, tashqariga chiqmoqchiman! Qani quloq solsa! Yulqinadi, talpinadi, og‘zidan ko‘pik sachratib bir nimalar deydi, so‘zlarini anglab bo‘lmaydi. Bu qo‘rquv vasvasasi. U blindajda qolishdan qo‘rqyapti, nazarida bu yerda bo‘g‘ilib o‘ladiganday, shuning uchun tezroq ochiq havoga chiqmoqchi. Agar qo‘yvorsak, tashqariga yuguradi, o‘qdan pana bo‘lish xayoliga ham kelmaydi. Bu birinchisi emas. Ko‘zlari olayib, shunaqa haddan oshyaptiki, urmasak bo‘lmaydi. Shunday qildik ham. Boshqa iloji yo‘q. Kaltak yegandan keyin, xayriyat, sal yuvosh tortib qoldi. Bu manzarani ko‘rgan bolalarning rangi oqarib ketdi. Saboq bo‘lgan bo‘lsa, nur ustiga nur. Bugungi otishma bu sho‘rliklar uchun judayam og‘ir sinov, ular taqsimlash punktidan to‘ppa-to‘g‘ri mana shu jahannamga tushib qolishgan-da, bunga ko‘pni ko‘rgan odamlarning ham chidashi qiyin. Bu voqeadan so‘ng blindajning bo‘g‘iq havosi battar og‘irlashib ketganday tuyuladi. Biz go‘yo o‘z qabrida o‘tirib, ustiga tuproq tortilishini kutayotgan odamlarga o‘xshaymiz. Yana chiyillagan ovoz, yana alanga. Blindaj naq tepasiga tushgan snaryaddan zirillab ketadi. Baxtimizga, snaryad kichkina ekan, tom bosib qolmaydi. Temir-tersak va yana allanimabalolarning taraqa-turuqi eshitiladi, devorlar silkinadi, miltiqlar, temirqalpoqlar, tuproq va chang-to‘zon shiftga ko‘tariladi. Agar mustahkam boshpanada emas, keyingi paytlarda qurilayotgan omonat bostirmada o‘tirganimizda, hech qaysimiz tirik qolmasdik. Mana shu kichkina snaryad ham ozmuncha tashvish orttirmadi. Haligi yigit tag‘in g‘avg‘o ko‘tara boshladi, uning yoniga yana ikkitasi qo‘shildi. Ulardan biri qo‘limizdan yulqinib chiqib, tashqariga otildi. Orqasidan yugurdim, oyog‘idan otsammikin, degan xayolga ham bordim, shu payt nimadir chiyillagancha menga qarab uchib kelayotganini ko‘rib qoldim. Tappa yerga tashladim, bir mahal boshimni ko‘tarib qarasam, okop devorini snaryad parchalari ilma-tekish qilib yuborgan, u yer-bu yerda go‘sht burdalari bilan kiyim laxtaklari yopishib yotibdi. Yana o‘zimni blindajga uraman. Eng avval talvasaga tushgan bola rostdan ham aqldan ozganga o‘xshaydi. Birpas qaramasak, xuddi to‘qol echkiday, borib devorga kalla qo‘yadi. Kechasi uni front orqasiga jo‘natishga urinib ko‘rish kerak. Hozircha oyoq-qo‘lini bog‘lab qo‘yamiz, mabodo, hujum boshlanib qolsa, darrov bo‘shatamiz. Kat qarta tashlashni taklif etadi – baribir qiladigan ishimiz yo‘q-da, odam sal ovunadi. Lekin o‘yin qovushmaydi, xayolimiz portlayotgan snaryadlarda: yo hisobda adashamiz, yo noto‘g‘ri yurish qilamiz. Yig‘ishtirish kerak, bu mashmashani. Biz har tomondan kaltak urilayotgan qozon ichida o‘tirgandaymiz. Navbatdagi tun. Tanglikdan tamom merov bo‘lib qolganmiz. Bu shunday tanglikki, miyang- ni birov to‘xtovsiz parmalayotganday tuyulaveradi. Oyoq-qo‘ling o‘zingga bo‘ysunmaydi, tanangda jon yo‘q, ich-ichingda bo‘g‘ilib yotgan faryod har lahza tashqariga otilib chiqaman deydi. Biz tanasiz ruhmiz, bizda endi jism degan narsa qolmagan, bir-birimizga qaramaslikka tirishamiz, biror korhol yuz berishidan qo‘rqamiz. Lablarimiz mahkam qimtilgan. Ko‘nglimizda esa yolg‘iz bir ilinj: o‘tib ketadi... o‘tib ketadi... Balki omon qolarmiz. Yaqin-atrofdagi portlashlar birdan tinadi. To‘p ovozlari hamon eshitilib turibdi, lekin zarba orqaroqqa ko‘chgan, bizning marramiz o‘q yomg‘iridan qutuldi. Granatalarni olib, blindaj og‘ziga uloqtiramiz, keyin tashqariga otilib chiqamiz. Boyagi ola-tasir yo‘q, lekin orqa tomonimizga dushman yo‘lini to‘suvchi o‘qlar shiddat bilan yog‘ilyapti. Hozir piyodalar hujumi boshlanadi. Ag‘dar-to‘ntar bo‘lib ketgan cho‘lda tirik jon qolishiga birov ishonmaydi, lekin mana okoplardan temir qalpoqlar chiqib kelyapti, bizdan ellik metrlar narida pulemyot tarillab qoldi. Sim g‘ovlar parcha-parcha bo‘lib ketgan. Shunda ham ma’lum muddat dushman yo‘lini to‘sish mumkin. Piyodalarning bostirib kelayotganini aniq ko‘rib turibmiz. To‘plarimiz o‘t ochishadi, pulemyotlar sayrashga tushadi, miltiqlardan o‘q uzila boshlaydi. Dushman tobora yaqinlashib kelyapti. Xaye bilan Kropp granata otishga kirishishadi. Biz paydar-pay uzatib turibmiz. Xaye oltmish metrga uloqtiradi. Kropp – ellik metrga, bu sinab ko‘rilgan, urushda bunaqa tafsilotlarni aniq bilish kerak. Chopib kelayotgan dushman askarlari deyarli hech narsa qilisholmaydi, zarba berish uchun bizga kamida o‘ttiz metr yaqinlashishlari lozim. Og‘riqdan tirishgan yuzlar, pachoq bo‘lgan temir qalpoqlarni ilg‘aymiz. Bular fransuzlar. Ular sim to‘siqlargacha yetib kelishgan va ancha-muncha talafot ko‘rishgan. Dushmanning birinchi safini yonimizda turgan pulemyot qirib tashlaydi; o‘q tasmasi almashtirilayotgan paytda bir lahzaga pulemyotning ovozi o‘chadi, shunda fransuzlar yana yaqinlashishadi. Bir askar yuzini osmonga tutgancha g‘ov ustiga yiqiladi. Tanasi pastda-yu, qo‘llari xuddi iltijoga ochilganday, tepaga cho‘zilgan. Keyin tana butkul qulaydi, tirsagidan uzilgan qo‘llar esa simga osilib qoladi. Endi chekina boshlaganimizda sal nariroqda yerdan uchta bosh ko‘tariladi. Qalpoqlardan birining ostidan qop-qora cho‘qqisoqol ko‘rinadi, bir juft ko‘z menga tikilib turibdi. Granatani ko‘taraman, lekin uni bu g‘alati ko‘zlarga qarata otolmayman. Nazarimda, jangning butun manzarasi mening tegramda va mana shu bir juft ko‘z atrofida charx urayotganday bo‘ladi. Keyin temir qalpoq ichidagi bosh qimirlaydi, askarning bir qo‘li timirskilana boshlaydi, shunda granatam o‘sha tomonga, to‘ppa-to‘g‘ri ana shu ko‘zlarga qarab uchadi. Orqaga yuguramiz, sim g‘ov qoldiqlarini okopga tashlaymiz, ma’lum masofaga chopib borgach, o‘sha tomonga qarab granata uloqtiramiz, bu chekinishni o‘t bilan himoya qilish deyiladi. Keyingi marradagi pulemyotlar ishga tushadi. Biz xavfli yirtqichlarga aylanganmiz. Biz jang qilayotganimiz yo‘q, o‘zimizni o‘limdan saqlayapmiz. Granatalarni odamlarga otayotganimiz yo‘q, – qalpoq kiygan, qo‘li bor bu maxluqlar odammi, odam emasmi, necha pullik ishimiz bor? Ular biz uchun o‘lim ramzi, ularning qiyofasida bizni o‘lim quvib kelyapti, uch kun mobaynida birinchi marta ajalning basharasini ko‘rib turibmiz, birinchi marta o‘zimizni himoya qilyapmiz, biz g‘azabdan quturib ketganmiz, endi biz kundaga boshini qo‘yib, peshonaga yozilgani shu ekan-da, deb o‘tiradigan ojiz bandalar emasmiz; endi biz ham jon saqlash va qasos olish uchun o‘ldirishni, hamma yoqqa o‘t qo‘yishni bilamiz. Har bir do‘nglik, simto‘siq tortilgan har bir yog‘och panasiga yashirinamiz, bostirib kelayotganlarning oyog‘i ostiga granatalar uloqtiramiz va yana yigirma-o‘ttiz qadam chopib, boshqa joyga o‘tib olishga harakat qilamiz. Granatalarning portlashi qo‘llarimiz, oyoqlarimizni zirillatadi. Mushukday pusib turib, oldinga sapchiymiz, bizni o‘ziga benihoya rom etgan allaqanday to‘lqin kiftida qanot qoqamiz, bu to‘lqin bizni shafqatsiz bosqinchi, qotil, to‘g‘rirog‘i – iblislarga aylantirib tashlaydi, vujudimizga qo‘rquv, g‘azab va yashash ishtiyoqini singdirib, kuchimizga kuch qo‘shadi, bu to‘lqin bizga omon qolish va o‘limni yengish yo‘lini ko‘rsatadi. Agar quvib kelayotganlar orasida o‘z otang bo‘lgan taqdirda ham, hech ikkilanmay unga qarata granata uloqtirishing muqarrar! Birinchi marradagi okoplarni boy berdik. Lekin ular endi okopmi? Dabdala, ulardan faqat yakkam-dukkam sayoz o‘ralar va bitta-ikkita o‘t ochish nuqtalari qolgan, xolos. Ammo fransuzlarning talafoti hazilakam emas. Ular bu qadar shiddatli qarshilikni kutishmagan. Tushga yaqinlashib qoldi. Oftob zabtiga olyapti, peshonamizdan quyilayotgan ter ko‘zni achishtiradi, yengimiz bilan artamiz, ba’zan qonga nigohimiz tushadi. Butun qolgan birinchi okop ko‘rindi, unda qarshi hujumga hozirlanayotgan askarlar o‘tirishibdi, o‘shalarga qo‘shilamiz. To‘plarimiz qattiq o‘t ochishadi, o‘rnimizdan jilolmaymiz. Bizni ta’qib etayotganlar ham to‘xtashadi. To‘plarimiz tufayli hujum barbod bo‘ladi. Kutyapmiz. O‘q yo‘nalishi xiyol o‘zgarishi bilan yana oldinga tashlanamiz. Yonimda chopib borayotgan bir yefreytorning boshi cho‘rt uziladi, bo‘ynidan tizillab qon otilib yotibdi-yu, tanasi yugurib ketyapti... Ish qo‘l jangigacha borib yetmaydi, fransuzlar shoshilinch ravishda orqaga chekinishga majbur bo‘lishadi. Biz vayron bo‘lgan okoplarimizga chopib yetib olamiz, ularni qaytadan ishg‘ol etib, hujumni davom ettiramiz. O, chekinishdan keyingi hujum! Sen endigina bexavotir joyga yetib kelding, undan sudralib bo‘lsa ham o‘tib olishni, tezroq yashirinishni, biror osuda maskanga singib ketishni xohlaysan, ana shunday paytda orqaga qaytishing va yana o‘sha do‘zaxga o‘zingni tashlashing kerak. Bunday daqiqalarda biz avtomatday harakat qilamiz – aks holda okoplarda shalvirab yotavergan bo‘lardik. Bizni nimadir chorlaydi va biz oldinga tashlanamiz, o‘z ixtiyorimizdan tashqari, lekin adoqsiz bir nafrat va g‘azab bilan odam o‘ldirishga talpinamiz, zero, qarshimizda turganlarni ashaddiy dushmanimiz deb bilamiz. Ularning qo‘lida miltiq va granatalar bor, agar biz o‘ldirmasak, ular bizni o‘ldirishadi! Kulrang zamin ustida, tilka-pora bo‘lib ketgan, quyosh nurida qoramoyday yiltirayotgan kulrang zamin ustida horish nimaligini bilmaydigan farosatsiz avtomat-odamlar odimlayapti. Nafas olishimiz g‘ichirlayotgan purjinani eslatadi, lablarimiz quruqshab ketgan, boshimiz qo‘rg‘oshin quyilganday zil-zambil. Oyoqda zo‘rg‘a turibmiz-u, nuqul olg‘a intilamiz, g‘alvirga aylangan shuurimizga esa ingrayotgan yoki allaqachon jon bergan askarlar yotgan kulrang zamin timsoli o‘zini uradi; askarlar, xuddi shunday bo‘lish kerakday, yer bag‘irlab olishgan, tepalaridan sakrab o‘tayotganimizda ba’zilari oyoqlarimizga yopishib, nola qilishadi. Biz bir-birimizga mehr-oqibatni butkul unutdik, bo‘m-bo‘sh nigohimiz o‘rtoqlarimizdan birortasiga qadalganda uni zo‘rg‘a taniymiz. Biz qandaydir ko‘zboylog‘ich, allaqanday afsungar yugurish va o‘ldirish qobiliyatini qaytargan hissiyotsiz murdalarmiz. Bir fransuz yigiti orqada qoldi. Biznikilar uni quvib yetishadi, u qo‘llarini ko‘taradi, bir qo‘lida to‘pponcha. Nima qilmoqchi – otmoqchimi yoki taslim bo‘lmoqchimi – anglash qiyin. Belkurak bilan urib, yuzini tilib tashlashadi. Buni ko‘rgan ikkinchi askar qochishga urinadi, ammo orqasiga g‘irchillab nayza sanchiladi. U oldin bir sakrab tushadi, keyin qulochini yozadi-da, u yoqdan-bu yoqqa chayqalib, dod-voylagancha chopaveradi; orqasida nayza tebranib ketyapti. Uchinchisi miltig‘ini tashlab, cho‘nqayib o‘tirib oladi, qo‘llari bilan ko‘zini berkitadi. Yana bir necha asirlar bilan birga orqada qoladi, ular endi yaradorlarimizni tashishadi. Ta’qibni susaytirmay, kutilmaganda dushman o‘rnashgan joy ustidan chiqib qolamiz. Chekinayotgan fransuzlar bilan deyarli izma-iz borardik. Shuning uchun talafotimiz ko‘p emas. Qandaydir pulemyot o‘q uza boshlagandi, granata shu zahoti ovozini o‘chiradi. Baribir beshta askarimiz qornidan yaralandi. Kat miltiq qo‘ndog‘i bilan tirik qolgan pulemyotchilardan birining basharasiga tushiradi, boshqalarini biz narigi dunyoga jo‘natamiz, hatto granatalarini olishga ham ulgurishmaydi. Keyin pulemyotlarning g‘ilofidan yutoqib suv ichamiz. Hamma yoqdan tikanli simlarni qirqayotgan ombirning qirsillashi, xandaqlar ustiga tashlanayotgan taxtalarnng gupillashi eshitiladi, biz tor yo‘lkalardan chapdastlik bilan dushman marralariga o‘tib olamiz. Xaye belkuragini barvasta bir fransuzning gardaniga botirib, granata uloqtiradi. Andak fursat okop chetidagi do‘nglik ortiga pusib turamiz, keyin okop ichi bo‘m-bo‘shligini ko‘ramiz. Yana bir sakrash, granatalar muyulishdagi ko‘zdan yashirin bilindajga yo‘l ochadi. Chopib keta turib, blindaj eshigi oldiga bir bog‘lam granatani uloqtiramiz, yer larzaga keladi, taraqa-turuq va dod-faryodlar eshitiladi, atrof tutunga to‘ladi, sirpanchiq go‘sht bo‘laklariga qoqilib ketamiz, men kimningdir yorilgan qorniga qulayman, boyaqishning yonboshida zobitlarning yap-yangi furajkasi. Jang to‘xtaydi: biz dushmandan orqada qoldik. Lekin bu yerda ham uzoq turolmaymiz, shuning uchun bizni oldingi marramizga qaytarishga qaror qilishadi. Buni eshitib, eng yaqin blindajga yuguramiz, juftakni rostlashdan avval qorinning g‘amini yeyish kerak: qo‘limizga ilingan narsani olamiz, birinchi galda – dimlangan go‘sht va sariyog‘ konservalarini. Eson-omon eski boshpanamizga yetib kelamiz. Hozircha hujum qilishmayapti. Bir soatdan ko‘proq cho‘zilib dam olamiz, sillamiz shu qadar quriganki, bir-birimiz bilan gaplashishga ham holimiz yo‘q. Och bo‘lishimizga qaramay, kon- servalar ham esimizdan chiqib ketgan. Keyin asta-sekin odam siyoqiga kiramiz. O‘lja qilib olingan har qanday yegulik narsa frontda judayam aziz. Ayniqsa, dimlangan go‘sht. Ba’zan faqat shuning uchungina qo‘qqisdan hujum boshlashga ham to‘g‘ri keladi – axir, bizni yomon boqishadi-da, erta-yu kech qornimiz och. Beshta konserva o‘maribmiz. Ha, ularda ta’minot yaxshi, tan berish kerak; bizga o‘xshab sholg‘om yeb o‘tirishmaydi. Go‘sht jonivorni it iskamaydi u tomonda. Xaye allaqaysi go‘rdan uzunligi yarim metr keladigan oq bo‘lkani topib, kamariga belkurakday qistirib olgan. Bo‘lkaning bir uchi qon, hechqisi yo‘q, kesib tashlasa bo‘ladi. Xudoga shukr, endi to‘yib ovqatlanishimiz mumkin – kuchimiz hali asqatadi. To‘yib ovqatlanish – ishonchli blindajday bebaho qalqon; shuning uchun ovqat desa o‘zimizni tomdan tashlaymiz, axir, u bizni o‘limdan saqlab qolishi mumkin-da. Tyadenning boshqa o‘ljasi ham bor: ikki flyaga konyak. Uni qo‘lma-qo‘l aylantiramiz. Dushman to‘plari, odatda, bizga yaxshi tushlar tilaydi. Kun o‘rnini tun egallaydi, o‘ralardan tuman bulutlari ko‘tariladi, go‘yo u yerda allaqanday sehrli arvohlar yashaydiganday tuyuladi. Harir parda asta-sekin xandaqlar ostiga to‘shaladi. Keyin o‘ralar orasida uzun-uzun hoshiyalar paydo bo‘ladi. Havo musaffo. Postda turib, tun qa’riga tikilaman. O‘zimni behol sezaman, hujumdan keyin har doim shunaqa bo‘ladi, xayollarim bilan tanho qolishga qo‘rqaman. To‘g‘risi, bu xayol emas, – xotiralar, nimjonligimdan foydalanib, ustimga bexosdan yopirilib kelgan va ko‘nglimda g‘alati-g‘alati hissiyotlar qo‘zg‘agan xotiralar. Osmonga yorituvchi raketalar otiladi. Ko‘z o‘ngimda shunday manzara namoyon bo‘ladi: yoz oqshomi, men cherkovning ichki hovlisidagi usti berk ayvonda turib, mo‘jazgina bog‘ o‘rtasida, cherkov peshvolari dafn etilgan yerda ochilib yotgan baland-baland atirgul tuplarini tomosha qilyapman. Atrofda Iso Masih aziyatlarini aks ettiruvchi haykalchalar. Hovlida tirik jon yo‘q, hamma yoq jimjit. Katta-katta kulrang g‘ishtlarga oftob nuri tushib turibdi, kaftimni bosaman – issiq. Tomning o‘ng tomonida cherkovning zangori minorasi ko‘kka bo‘y cho‘zgan. Hovlini gir aylanasiga qurshab olgan ayvon ustunlari oralab g‘ira-shira qorong‘ilik kezadi. Cherkovda turibman-u, yigirma yoshimda ayol zoti bilan bog‘liq odamni xijolatga soladigan sir-asrorlardan voqif bo‘lganim haqida o‘ylayman. Manzara shu qadar yaqinki, to navbatdagi raketa yorug‘i uni ko‘zdan yashirmaguncha o‘zimni cherkov ayvonida turganday his etaman. Miltig‘imni olib, yerga tik qilib qo‘yaman. Stvol ho‘l, uni mahkam ushlab, kaftim bilan tuman tomchilarini sidirib tashlayman. Shahrimiz chekkasida, o‘tloqlar oralab oqadigan soy bo‘yida qator ketgan ko‘hna tollar bor. Ular uzoqdanoq ko‘zga tashlanadi, o‘zi bir qator bo‘lsa ham, negadir Tollar xiyoboni deb atashadi. Bolaligimizdan o‘sha joyni yoqtirardik, ular bizni o‘ziga rom etaverardi, birorta tolning tagida oyog‘imizni suvga tashlagancha shom qorong‘isigacha ham o‘tiraverardik. Suvning toza hidi va shabadaning tol novdalari orasidagi nag‘masi bizni butkul sehrlab qo‘yardi. O‘sha kunlarni eslasam, ich-ichimdan entikib ketaman. O‘tmishning ro‘paramda turib oladigan barcha manzaralarida g‘alati bir xislat bor. Ulardan sukunat nafasi ufuradi, hatto aslida bunday bo‘lma- gan taqdirda ham, baribir bu manzaralar ko‘ngilga taskin beradi. Ular men bilan imo-ishoralar orqali so‘zsiz gaplashadigan gung sharpalardir, ularning sukunati kishini shu qadar larzaga soladiki, shosha-pisha bilagimni chimchilash va miltig‘imni paypaslashga tushaman, azbaroyi o‘sha sukunat bag‘riga singib ketmaslik uchun, xotiralar sehridan mast bo‘lib, bemalol oyog‘imni uzatib yotib olmaslik uchun shunday qilaman. Hozir biz sukunat nimaligini tasavvur etolmaymiz. Mana shuning uchun ham u tez-tez yodimizga tushadi. Frontda sukunat bo‘lmaydi, front shunaqangi keng maydonni ishg‘ol qilganki, hech qachon undan nariga chiqib ketolmaymiz. Hatto, taqsimlash punkti va frontdan olisdagi dam olish lagerlarida ham to‘plarning gumbur-gumburi qulog‘imda aks sado berib turadi. Biz hech qachon bu tovushlar eshitilmaydigan masofagacha uzoqlasha olmaymiz. Keyingi paytlarda esa gumbur-gumburlar haddan ziyod kuchayib ketdi. Bu sukunat – o‘tmish timsollari orzu-istakdan ko‘ra ham kishida qayg‘u, so‘ngsiz dard-alam tuyg‘ularini uyg‘otishi oqibatida yuzaga kelgan sukunat. Orzularimiz bor edi, endi qaytmaydi. Ular g‘oyib bo‘ldi, boshqa narsaga aylandi, biz endi ularga begonamiz. Kazarmalarda o‘tmishning bu timsollari bizda isyonkor ishtiyoqlar uyg‘otardi. U paytlarda orzu-havaslardan ayro tushmagandik, bir-birimizga daxldor edik. Bu timsollar ertalablari mashq maydoniga ketayotganda yangraydigan qo‘shiqlarimizda namoyon bo‘lardi; o‘ng tomonda – tong shafag‘i, so‘l yoqda – qoramtir o‘rmon; bular rostdan ham tiniq xotiralar edi, sun’iy ravishda singdirilmagan, vujud-vujudimizda yashab kelayotgan xotiralar edi. Biroq okoplarga tushdig-u, ulardan mosuvo bo‘ldik. Endi xotiralar yuragimizni tirnamaydi, – biz o‘lganmiz, xotiralar ham sarobga aylangan: ular unutilgan, lekin ba’zan ko‘z o‘ngimizda qadalib turib oladigan sirli sharpalar tusiga kirgan; biz bu sharpalardan qo‘rqamiz va ularni noumid bir muhabbat bilan sevamiz. O‘tmish sharpalari kuchli, lekin bizning sog‘inchimiz ham hazilakam emas, faqat unga yetishib bo‘lmaydi. O‘tmishni qo‘msash, xuddi general bo‘lishni orzu qilishday, besamara xayolparastlik. Agar bizga bolaligimiz kechgan yurtlarga qaytishga ruxsat berishganda ham, hozir u yerlarga borib, nima qilishni bilmay boshimiz qotishi ehtimoldan uzoq emas. Chunki o‘sha joylar bilan bizni bog‘lab turgan ko‘rinmas rishtalarni endi ulash qiyin. To‘g‘ri, o‘sha dalalar, o‘sha qir-u adirlarda sayr qilib yurgan bo‘lardik, har bir so‘qmoq, har bir tepalikni ko‘rib, benihoya sevinardik. Ammo juvonmarg ketgan o‘rtog‘imizning surati o‘rtada ko‘ndalang bo‘lib turaverardi: uning qiyofasi, yuz-ko‘zlari, u bilan birga kechgan kunlar... Biz endi u yerlar bilan ilgargiday bog‘lana olmaymiz. Axir, bizni u joylarning faqat go‘zal manzarasi yoki ob-havosi mahliyo etgan emas – yo‘q, o‘sha paytlarda atrofimizni qurshagan jamiki borliq bilan o‘zimizni yaxlit bir vujudday his etardik, hayotni jon-jonimizdan sevardik, yuz berayotgan voqea va hodisalar bizni yagona avlod sifatida shakllantirgan, ota-onalarimizning dunyoqarashi esa biz uchun xiyla mavhum edi. Ha, biz tevaragimizdagi barcha narsalarni ardoqlardik, ularning har bittasi bizni abadiyatga eltuvchi zinapoyaday tuyulardi. Ehtimol, bu yoshlik hadya etgan imtiyozdir – dunyoda biron bir g‘ov mavjudligini, ibtidoning intihosi borligini tan olmasdik; keyin qon hidini seza boshladik va bu sezgi har birimizni ulkan hayot oqimining nochor jilg‘alariga aylantirib tashladi. Hozir biz tug‘ilib-o‘sgan yurtimizda xorijiy sayyohlarday yurgan bo‘lardik. Tepamizda la’nat toshi aylanadi – biz faqat ko‘z ko‘rib turgan narsalarga sajda qilamiz. Biz hamma narsani savdogarlarday oq-qoraga ajratamiz, zaruratni esa qassoblarday tushunamiz. Biz beg‘am odamlikdan o‘taketgan loqayd odamlarga aylandik. Xo‘p, tirik qoldik ham deylik, lekin yashay olamizmi? Biz tashlandiq bolalarday notavonmiz, ayni paytda, mo‘ysafidlarday donishmandmiz, biz bag‘ritosh, ojiz va yengiltakmiz – nazarimda, endi odam bo‘lmaymiz. Tun iliq bo‘lsa-da, qo‘llarim sovqotadi, etim junjikadi. Bu tumanning, okoplarimiz oldida cho‘zilib yotgan murdalar ustiga yastanib, tananing allaqayerida miltirab turgan eng so‘nggi hayot nishonalarini ham so‘rib olayotgan mudhish tumanning asorati. Ertaga yiqilib qolganlar gezarib-ko‘karib ketishadi, qonlari esa qotadi, qorayadi. Yorituvchi raketalar hamon osmonga otilib, ularning sovuq shu’lasi oydagi kraterlarday toshqotgan manzara – son-sanoqsiz xandaqlar ustiga tushib turibdi. Birdan vujudimni qo‘rquv chulg‘ab oladi. Fikrim xiralashadi. Xayolimni chalg‘itishim, tasalli izlashim kerak; tepamga beshafqat umidsizlik yopirilib kelganida har doim shunaqa bo‘ladi. Qulog‘imga dekcha va qoshiqlarning sharaqshuruqi eshitiladi, shundagina qornim qattiq ochganini sezaman – ichimga ozgina issiq ovqat kirsa, o‘zimni tutvolaman. Shu ilinjda navbat almashinishini kutaman. Keyin boshpanamga, meni arpa yormasidan tayyorlangan bo‘tqa kutayotgan blindajga qarab yo‘l olaman. Bo‘tqa mazali, yog‘i ham bor, shoshmasdan tanavvul qilaman, hech kim bilan gaplashmayman, hammaning dimog‘i chog‘, chunki to‘plarning ovozi o‘chgan. Kunlar ketidan kunlar o‘taveradi. Har bir soat odatdagiday, ayni paytda, aql bovar qilmaydigan daqiqalardan iborat bo‘ladi. Hujum qarshi hujum bilan almashinadi, o‘ydim-chuqur bo‘lib ketgan dalada, ikki qator okoplar oralig‘ida asta-sekin o‘liklar soni ko‘paya boradi. Yaqinroqdagi yaradorlarni yig‘ishtirib olishning iloji bor. Ammo ayrimlari qulagan joyida uzoq qolib ketadi, ularning dod-faryod bilan jon berishlarini eshitib turamiz. Shunaqalardan bittasini roppa-rosa ikki kecha-kunduz qidiramiz. Chalqancha yotib qolgan-u orqasiga ag‘darilolmayotgan ko‘rinadi. Nima uchun uni topolmayotganimizni boshqacha izohlash mumkin emas, modomiki, ovoz kelayotgan joyni aniqlab bo‘lmayotgan ekan, demak, yarador og‘zini yerga bosib baqiryapti. Sho‘rlikning yarasi qaltisga o‘xshaydi. Ba’zan shunaqa bo‘ladiki, o‘q tekkan odam o‘sha zahoti, hushiga kelmasdanoq jon beradi, ba’zan esa uzoq vaqt o‘lib o‘lolmaydi, tirilib tirilolmaydi – dodlab yotaveradi. Katning fikricha, biz qidirayotgan yaradorning yo tos suyagi, yo umurtqasi shikastlangan. Ko‘kragi zaxa yemagan – aks holda buncha uzoq qichqirolmasdi. Qolaversa, boshqa yeri yaralanganda emaklab chiqqan va biz uni ko‘rgan bo‘lardik. Uning faryodi pasaya boshlaydi. Qani endi, ovoz kelayotgan joyni aniqlab bo‘lsa! Birinchi kecha qismimizdagilar uch marta qidiruvga chiqishadi. Ba’zan yarador yotgan yerni aniqlaganday ham bo‘lishadi, o‘sha tomonga emaklab ketishadi, keyin yana quloq solishsa, ovoz har gal boshqa yoqdan eshitilaveradi. Qidiruv tonggacha davom etadi, lekin natija chiqmaydi. Kunduzi tevarak-atrof durbindan kuzatiladi, tirik jon ko‘rinmaydi. Ikkinchi kuni yaradorning nolasi sekinroq eshitiladi: tomog‘i qurib ketgan bo‘lsa kerak. Uni topganga rota komandiri navbatdan tashqari ta’til va’da qiladi, uch kun qo‘shimchasi bilan. Odamni judayam qiziqtiradigan taklif, lekin biz yaradorni topish uchun busiz ham qo‘limizdan kelgan hamma ishni qilayotgandik – uning faryodiga chidash oson emas edi. Kat bilan Kropp tushdan keyin yana bir urinib ko‘rishadi. Ammo uni topolmay, qayta kelishadi. Yaradorning nolasi hamon eshitilib turibdi. Avvaliga uzoq vaqt yordamga chaqirdi; ertasi kuni kechasi alahsiray boshladi: nuqul xotini va bolalari bilan gaplashadi, Eliza degan ism tez-tez qulog‘imizga chalinadi. Bugun kun bo‘yi yig‘ladi. Kechga yaqin ovozi susayib, tonggacha ingrab chiqdi. Barini aniq-tiniq eshitib turibmiz, chunki shamol biz tomonga qarab esyapti. Ertalab bechora omonatini topshirgandir, desak, yana bir bor jon chiqish arafasidagi xir-xiri eshitildi. Kun issiq, murdalarni ko‘madigan odam yo‘q. Ularni olib ketolmaymiz, qayoqqa ham olib borardik? Snaryadlar barini tuproqqa qorishtirib tashlaydi. Ba’zi murdalarning qorni shishib, gumbazday bo‘lib ketgan. Osmon ko‘m-ko‘k, beg‘ubor. Kechga yaqin havo dim bo‘ladi, yerdan issiq hovur ko‘tarilyapti. Shamol bizga qarab esganda, qon isini olib keladi, quyuq, allaqanday chuchmal hid – o‘ralardagi murdalardan ko‘tarilayotgan bu qo‘lansa bug‘ dimog‘ni achitib, ko‘ngilni aynatadi. Hozircha kechalari tinch, shundan foydalanib, snaryadlarning yetaklovchi mis kamarchalari va fransuz yorituvchi raketalarining shohi parashyutchalarini izlashga tushamiz. Nima sababdan bu kamarlarga ishqibozlar ko‘pligini hech kim tuzukquruq bilmaydi. O‘zlarining aytishlaricha, ular katta qimmatga ega emish. Ba’zi askarlarning xaltasi kamarga to‘la, har doim yonlarida olib yurishadi, ortiqcha daxmazaning nima keragi bor – hayronman, urush tugagandan keyin xaltaning og‘irligidan uylariga bukchayib kirib borishsa keragov. Faqat Xayegina ochig‘ini aytib qo‘ya qoladi: kamarlarni qaylig‘iga jo‘natarmish, qaylig‘i ularni paypoqni tutib turadigan rezina bog‘ich o‘rnida ishlatarmish. Bu gapni eshitib, boshqalar qotib-qotib kulishadi: voy zang‘ar-yey, o‘ylab topgan ixtirosini qaranglar-a! Hammadan ham Tyadenning hazili oshib tushadi; u bir kamarga oyog‘ini tiqib, sonigacha ko‘taradi, keyin kamar ichida qancha joy qolganini ko‘rsatadi: – Menga qara, Xaye, qaylig‘ingning oyog‘i shunaqa zo‘r ekan-da-a? Voy-bo‘y! – Tyadenning xayoli teparoqqa ketadi: – Oyog‘i bunchalik bo‘lsa, orqasi qanaqaykin, filnikichalik kelsa kerak kamida! U hazilini qo‘ymaydi: – Mana shunaqa ayolning ustida o‘lsam ham mayli edi! Xaye xursand, qaylig‘i hammaning e’tiboriga tushganidan og‘zi qulog‘ida: – Ha, ketvorgan qiz! Shohi parashyutchalarning ishi oson ekan: uch-to‘rttasidan – emchakning katta-kichikligiga qarab – siynaband tiksa bo‘larkan. Kropp ikkalamiz ulardan ro‘molcha sifatida foydalanamiz. Boshqalar uylariga jo‘natishadi. Sho‘rlik onalarimiz shu yupqa laxtakni deb hayotimizni qanday xavfga ko‘ndalang qilayotganimizni ko‘rganlarida edi! Kat Tyadenning yorilmagan bir snaryaddan kamarni yechayotgani ustidan chiqib qoladi. Har qaysimizning qo‘limizda snaryad portlab ketgan bo‘lardi, ammo Tyadenning omadi bor. Bir kuni ertalab okopimiz oldida ikkita kapalak aylanib qoldi. Bir juft oq kapalak, qanotlarida qizil dog‘lari bor. Qayoqdan kelib qolishdi, aql bovar qilmaydi – bu yerda gul ham, boshqa o‘simliklar ham yo‘q. Ora-orada bosh suyagining tishlariga qo‘nib, dam olvolishadi. Qushlar-ku allaqachon urushga ko‘nikib qolishgan. Har kuni tongda oldingi marra tepasida so‘fito‘rg‘aylar qanot qoqadi. O‘tgan yili bir moda so‘fito‘rg‘ay tuxum bosib, bola ochdi. Xayriyat, kalamushlardan qutuldik. Ular endi qorasini ko‘rsatmaydi. Narigi tomonga ketishgan, u yoqda ovqat ko‘p-da. Bittasi ko‘zimizga chalingan edi, otib tashladik. Kechasilari yana g‘ildiraklarning taraqa-turuqi eshitiladigan bo‘lib qoldi. Kunduzi yakkam-dukkam o‘q uzib qo‘yishadi. Shundan foydalanib, xandaqlarni tartibga keltiramiz. Uchuvchilar ham bizni zeriktirishmaydi. Havoda kuniga bir necha marta jang bo‘ladi. Bu tomoshaning ishqibozlari ko‘p. Bombardimonchi aeroplanlar bilan ishimiz yo‘q, ammo razvedkachi aeroplanlar yuragimizga g‘ulg‘ula soladi, axir o‘shalar bizni to‘plarga yem qiladi-da. Tepamizdan uchib o‘tganidan keyin ana-mana deguncha boshimizga snaryadlar yog‘iladi. Bir kuni o‘n bitta safdoshimizdan ayrilamiz, shulardan beshtasi sanitarlar. Ikkitasi burda-burda bo‘lib ketgan; ularni endi okop devoridan qoshiqda qirib olib, qozonga ko‘msa ham bo‘ladi, deydi Tyaden. Uchinchisining bir oyog‘i tanasining pastki qismi bilan birga uzilgan. Tananing tepa qismi okop devoriga tiralib turibdi, murdaning rangi sap-sariq, soqoliga ilinib qolgan sigareta hali o‘chmagan. Jasadlarni katta bir o‘raga taxlaymiz. Hozircha ustma-ust uch qavat bo‘ldi. Qo‘qqisdan o‘t ochish kuchayadi. Yana dahshatli kutish daqiqalari boshlanadi. Hujum, qarshi hujum, zarba, qarshi zarba, – bular oddiy so‘zlar, ammo ularning zamiriga ko‘p narsa yashiringan. Talafotimiz ortib boryapti, asosan yangi kelganlar hisobiga. Qismimizga yana qo‘shimcha kuch jo‘natishdi. Nuqul jish bolalardan iborat butun boshli bir polk. Frontga kelgunga qadar deyarli hech qanday tayyorgarlikdan o‘tishmagan, faqat nazariyotdan ozgina ma’ruza eshitishgan, xolos. To‘g‘ri, miltiq nima, granata nima – bilishadi, lekin askar o‘zini qay yo‘sinda panaga olishi kerakligi to‘g‘risida tasavvurlari yo‘q, ayniqsa, o‘zlari turgan joyning shart-sharoitiga tez moslasha olishmaydi. Oddiygina do‘nglik, o‘nqir-cho‘nqirlarni payqashmaydi. Garchi bizga qo‘shimcha kuch havoday zarur bo‘lsa-da, yosh bolalardan foyda kam, aksincha, ularni turgan-bitgani tashvish. Jang girdobiga tushgach, esankirab qolib, pashshaday qirilib ketishadi. Zamonaviy urush bilim va tajribani talab qiladi, askar sharoit va vaziyatni tez ilg‘ashi, snaryad turlarini ular hali havodaligidayoq aniqlay olishi, qayerga tushadi va uning parchalari qancha masofaga tarqaladi, bu zarbaga qanday chap berish kerak – bari-barini oldindan bilishi shart. Tabiiyki, bizga yordamga kelgan yosh askarlar bu narsalardan mutlaqo bexabar. Ko‘z o‘ngimizda bekordan-bekorga nobud bo‘lishadi. Hatto, kichkina snaryad bilan granataning farqiga borishmaydi. Ancha olisda portlaydigan, uncha xatarli bo‘lmagan og‘ir «chamadon»larning tovushiga yurak yutib quloq solishadi-yu, yer bag‘irlab uchib keladigan o‘qlarning chiyillashini eshitishmaydi. Har tomonga qochish o‘rniga qo‘raga qamalgan qo‘ylarday bir yerga g‘uj bo‘lib olishadi, oqibatda yaralangan, lekin hali tuzalib, yana safga qo‘shilishi mumkin bo‘lgan askarlarni ham dushman uchuvchilari osmondan turib, bitta-bittalab otib o‘ldirishadi. Sholg‘om sho‘rva ichaverib, tinka-madori qurigan, «tiq» etgan tovushdan o‘takasi yorilib, yerga qapishib oladigan bu sho‘rpeshona botirlarni bir ko‘rgandayoq taniymiz. Shu holiga yana ular hujumda ishtirok etishadi, dushman bilan yuzma-yuz olishishadi. Baxtiqaro no‘xat polvonlar! Ular shu qadar yurak oldirib qo‘yishganki, birining ko‘kragi yoki qorni yorilib, birining qo‘li yoki oyog‘i uzilib, yerda cho‘zilib yotibdi-yu, ovozini chiqarib dodlashga ham iymanadi, faqat g‘ingshiydi, oyisini yordamga chaqiradi, noxosdan birov qarab qo‘ysa, darrov dami ichiga tushib ketadi! Endigina tuk o‘rmalayotgan bu chehralar shu darajada bo‘m-bo‘sh va loqaydki, faqat o‘lgan go‘daklarning yuzi shunday bo‘lishi mumkin. Ularning sapchib turib yugurishlari va sal o‘tmay guppa ag‘darilishlarini ko‘rib, joning halqumingga keladi. Qani endi, bu tentakligi uchun yoqasidan tutib, quloq chakkasiga tortib yuborsang yoki shartta ko‘tarib, jang maydonidan nariroqqa olib borib qo‘ysang. Kiyimlarini aytmaysizmi! Kulrang askarcha kamzul ham, shim ham, etik ham katta – cho‘pday ozg‘in gavdada kamzul hilpillab yotibdi, shim qopga o‘xshaydi, etik har qadam bosganda popillaydi – omborda bularbop kiyim topilmagan. Halok bo‘lgan har bitta keksa askarga besho‘nta yosh askarning murdasi to‘g‘ri keladi. Ko‘plari kimyoviy hujum paytida u dunyoga ravona bo‘lishadi. O‘zlarini nima kutayotganini anglashga ham ulgurishmaydi. Blindajlardan biri yuz va lablari qorayib ketgan murdalarga to‘la. Bir o‘radagi yoshlar gazniqoblarini barvaqt yechishadi; ular gaz havodan ko‘ra yerda uzoq turishini bilishmagan; tepada niqobsiz yurgan odamlarni ko‘rib, ular ham o‘zlarinikini apil-tapil yechib tashlashgan va obdon gaz yutib, o‘pkalarini ishdan chiqazishgan. Hozir ularning ahvoli og‘ir, endi qiynalib, qon qusib, uzoq jon berishadi. Kutilmaganda Ximmelshtosga yuzma-yuz kelsam-a! Ikkalamiz bitta xandaqqa tushib qolibmiz. Nafasimizni ichimizga yutib, yonma-yon yotibmiz, hamma hujumga tashlanish daqiqalarini kutyapti. Qattiq hayajondaman, mana nihoyat, xandaqdan otilib chiqdik ham, iye, Ximmelshtos qani? Darhol izimga qaytib, xandaqqa sakrayman, voy xumpar-ey, bir burchakda biqinib o‘tiribdi. Yuzi sal tirnalgan, o‘zini yaralanganga solyapti. Dag‘dag‘ titraydi – u ham bu erda yangi-da. G‘azabim qaynab ketadi, yosh-yosh yigitlar hujumga otilsa-yu, bu ablah pana joyda pusib o‘tirsa! – Chiq! – deyman ovozim bo‘g‘ilib. Qimir etmaydi, mo‘ylovi lip-lip uchib turibdi. – Chiq! U oyog‘ini uzatib, xandaq devoriga suyanib oladi, nuqul kuchukka o‘xshab g‘inshiydi. Tirsagidan ushlab, oyoqqa turg‘azmoqchi bo‘laman. U battar chinqirishga tushadi. Asabim bardosh berolmaydi. Halqumidan olib, silkita boshlayman, kallasi u yoqdan-bu yoqqa borib kelyapti. – Turasanmi-yo‘qmi, yaramas? Voy itvachcha-yey, joning shirinlik qildimi?! Ko‘zlari go‘laygan, qani miq etsa! Boshini devorga uraman. – Tur, hayvon! – shunday deb, qovurg‘asining ostiga tizza uraman. – Tur, cho‘chqa! Axiyri, tepaga sudrab chiqaman. Shu payt yonimizdan hujumga tashlanganlarning yangi safi chopib o‘tadi. Ularning orasida leytenant ham bor. Bizni ko‘rib qichqiradi: – Olg‘a, olg‘a, orqada qolmanglar! Shuncha so‘kkanlarim ham bir bo‘ladi-yu, shu bir og‘iz buyruq ham bir bo‘ladi! Boshliqning ovozini eshitishi bilan Ximmelshtosning ko‘zlari charaqlab ochilib ketadi, keyin u yoq bu yoqqa alanglab, haligilarning ketidan yuguradi. Men ham ularga ergashaman, Ximmelshtos yelday uchib boryapti. U yana biz bilgan fidoyi harbiyga aylangan edi. Ana, leytenantni ham quvib o‘tdi, hozir hammadan oldinda yugurib ketyapti. Shiddatli otishma. Dushman yo‘lini to‘suvchi o‘t. O‘q yomg‘iri. Mina. Gaz. Tanklar. Pulemyotlar. Qo‘l granatalari. Bu so‘zlar og‘izning bir chekkasidan chiqib ketadi, ammo shularning dastidan insoniyat ozmuncha aziyat chekdimi! Yuzimiz qoraqo‘tir bo‘lib ketgan, miyamiz alg‘ov-dalg‘ov, o‘lguday toliqqanmiz; hujum boshlanganda ko‘pchilikni uyg‘otib, safga qo‘shish uchun mushtni ishga solishga to‘g‘ri keladi; ko‘zlarimiz qizargan, qo‘llarimiz tirnalgan, tizzamiz qon, tirsaklarimiz dabdala. Oradan qancha fursat o‘tdi? Haftami, oymi, yilmi? Kunlar o‘tdi, xolos. Vaqtning betizginligini jon berayotganlarning qonsiz yuzidan anglab turamiz; yuguramiz, granata uloqtiramiz, o‘q uzamiz, o‘ldiramiz, yerga yotamiz; sillamiz qurigan, fikrimiz xiralashgan, bizga faqat bittagina o‘y dalda berib turadi: atrofimizda hali bizdan ko‘ra ham zaif va g‘o‘r bolalar bor, ular bizni avliyo deb bilishadi, chunki ko‘p hollarda o‘limga chap berishning uddasidan chiqamiz. Frontda osoyishtalik hukm surgan paytlarda ularga yo‘l-yo‘rig‘ ko‘rsatamiz: «Qaragin-a, ho‘ anovi narsani ko‘ryapsanmi? U mana, biz tomonga uchib kelyapti! Bemalol yotaver, boshqa joyga tushadi. Agar u mana bunaqa qiyalikda kelayotgan bo‘lsa, qochib qol! Ulgurasan». Biz ovozi deyarli eshitilmaydigan makkor mayda o‘qlarning vizillashini darrov ilg‘ashni o‘rgatamiz; yosh askarlar to‘plar gumbur-gumburi orasidan bunday tovushni bexato ajrata bilishlari kerak. Bu o‘qlar yirik snaryadlardan ko‘ra xavfliroq ekanini tushuntiramiz. Aeroplanlardan qanday yashirinishni, dushman okopga bostirib kirganda o‘zini o‘lganga solishni, granata yerga tushmasidan bir daqiqa oldin portlashi uchun nima qilish zarurligini ko‘rsatamiz. Ularga snaryad portlamasdan turib, yashin tezligida o‘raga otilishni uqtiramiz, bir bog‘lam granata bilan okopni ag‘dar-to‘ntar qilish mumkinligi, dushman granatasi bilan bizning granatamiz o‘rtasida qanday farq borligi haqida gapiramiz. Bolalarning diqqatini kimyoviy snaryadlar qanday tovush chiqarishiga qaratamiz, xullasi kalom, o‘limdan omon qolishning turli-tuman yo‘llaridan saboq beramiz. Ular gaplarimizni kiprik qoqmay tinglashadi, bari mo‘min-qobil yigitlar, lekin jang boshlandi deguncha, hayajonga tushishadi-yu, aytganlarimizning butkul teskarisini qilishadi. Xaye Vestxusni o‘q yomg‘iri ostidan kuragi majag‘langan ahvolda olib chiqishadi. Nafas olishidan o‘pkasi ham qattiq jarohatlangani sezilib turibdi. Vidolashishga ulguraman. – Mana, vaqt-soati keldi, Paul, – deydi u bazo‘r va og‘riqning zo‘ridan bilagini tishlaydi. Boshi yo‘g‘-u, lekin hali o‘zi tirik odamlarni, ikkala oyog‘ining kafti bo‘lmasa ham chopib ketayotgan askarlarni ko‘ramiz; ular suyagi ochilib, kesilgan dumga o‘xshab qolgan oyoqlarida oqsab-to‘qsab eng yaqin o‘raga yetib olishadi; bir yefreytor dabdala bo‘lgan oyoqlarini chuvalatib, qo‘llari bilan ikki chaqirim joyga sudralib boradi; yana bir askar otilib chiqqan ichaklarini kafti bilan qorniga bosib, tibbiyot xonasiga yetib keladi; biz labsiz, jag‘siz, yuzsiz odamlarni uchratamiz; qon oqishini to‘xtatish uchun qo‘lining tomirini ikki soat tishlab turgan askarni olib ketamiz; kun chiqadi, kech kiradi, qancha odam nobud bo‘ladi. Ammo-lekin dushmanning son jihatdan biznikiga qaraganda ancha-muncha ortiq kuchlaridan bir parcha yerni bo‘lsa ham asrab qoldik; uchto‘rt yuz metr joyni boy berdik, xolos. Illo, har metr masofaga bittadan o‘lik to‘g‘ri keladi. Bizni almashtirishadi. Ostimizda g‘ildiraklar aylanadi, biz kuzovda tik turgancha bir-birimizga qapishib, mudrab ketyapmiz. «Ehtiyot bo‘ling, sim!» – degan ogohlantirishni eshitganda o‘tirib olamiz. Bu yerlardan o‘tganimizda yoz edi, daraxtlar ko‘m-ko‘k edi, hozir kuz, kechasilari badan junjikadi, hamma yoqni oppoq tuman qoplaydi. Mashinalar to‘xtaydi, tushamiz, allaqancha bo‘linmalardan tirik qolgan aralash-quralash bir to‘da askar. Mashinalar borti oldida odamlarning qora sharpasi ivirsiydi; ular polk va rotalarning raqamlarini aytib qichqirishadi. Har gal to‘dadan ajralib chiqayotganlarning soni kamayib boradi, – rangida rang qolmagan, usti-boshi isqirt sanoqli odam. Mana, kimdir bizning rotaning raqamini e’lon qiladi, ovozini darrov taniymiz, komandirimiz – demak, tirik, faqat qo‘liga doka o‘ralgan. Yoniga boramiz. Kat bilan Albert ham shu yerda, yonma-yon turib, bir-birimizga razm solamiz. Raqam yana ikkinchi, keyin uchinchi marta baqirib aytiladi. Qancha chaqirish mumkin, axir, dala shifoxonasida yotganlar ham, o‘ralarda qolib ketganlar ham bu ovozni eshitishmaydi-ku. – Ikkinchi rota, yonimga keling! – degan buyruq yana takrorlanadi. Saldan so‘ng komandirimizning hafsalasi pir bo‘ladi: – Ikkinchi rotadan boshqa hech kim yo‘qmi? Hech kimdan sado chiqmaydi. «Bor-yo‘g‘i shumi?» – deydi komandir va buyruq beradi: «Tartib raqami bo‘yicha safga turing!» – bu gal uning ovozi juda hazin eshitiladi. Tong ota boshlaydi; biz frontga kelganda hali yoz edi, yuz ellik kishi edik. Hozir sovqotyapmiz, kuz kuz-da, yaproqlar shildiraydi, havoga birin-ketin horg‘in ovozimiz tarqaladi: «Birinchi, ikkinchi, uchinchi, to‘rtinchi...» O‘ttiz ikkiga yetganda yo‘qlama tugaydi. Hamma jim. Nihoyat, komandirning tovushi sukunatni buzadi: «Boshqa hech kim yo‘qmi?» Biroz kutadi, keyin buyuradi: «Vzvod bo‘yicha... – ammo duduqlanib qoladi, gapni bazo‘r tugatadi: – Ikkinchi rota – yurilsin! Erkin qadam tashlang!» Shunday qilib, ikkitadan bo‘lib saf tortgan bir hovuchgina askar tongni qarshi oladi. O‘ttiz ikki kishi. Bizni front orqasiga, taqsimlash punktlaridan biriga odatdagidan ko‘proq muddatga olib kelishadi. Bu yerda rota qayta tuziladi. Safimizga yana yuzdan ortiq odam qo‘shilishi kerak. Hozircha qiladigan ishimizning tayini yo‘q, vaqtimiz bemalol. Ikki kundan so‘ng Ximmelshtos qorasini ko‘rsatadi. Okop azoblarini tortganidan beri popugi ancha pasayib qolgan. U yarashishni taklif etadi. Men e’tiroz bildirmayman – Xaye Vestxus yaralanganda uni jang maydonidan olib chiqishda yordamlashganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Qolaversa, u to‘g‘ri ish qilyapti, shuning uchun birga oshxonaga borish haqidagi taklifini qabul qilamiz. Faqat Tyadengina hamon tutun qaytaradi. Axiyri, u ham insofga keladi – Ximmelshtos ta’tilga ketayotgan oshpazning o‘rnida ishlashini aytganidan so‘ng yon beradi. Buning dalili sifatida u shu zahotiyoq stolga biz uchun ikki qadoq shakar bilan shaxsan Tyadenga atalgan yarim qadoq sariyog‘ni qo‘yadi. Keyin shundoq qiladiki, uch kun davomida biz oshxonaga kartoshka va oshqovoq archgani boramiz. U yerda Ximmelshtos bizni zobitlarga atalgan tansiq taomlar bilan siylaydi. Xullas, hozir biz uchun askarga baxt bo‘lib tuyuladigan hamma narsa muhayyo: shirin taom va hordiq. Bunday olib qaralsa, arzimagan gap. Ikki yoki uch yil oldin buni baxt deb atashni o‘zimizga or deb bilardik. Hozir esa xursandmiz. Inson hamma narsaga ko‘nikarkan, hatto okopga ham. Faromushxotir bo‘lib qolganimiz ham shu ko‘nikish oqibati. Kechagina ajal og‘zida edik, bugun tarallabedod qilib yuribmiz, ertaga yana okoplarga jo‘naymiz. Yo‘q, aslida biz hech narsani unutmaganmiz. Hozircha shu yerda, urushda ekanmiz, har bir kunimiz yuragimiz tubiga toshday cho‘kib qoladi, chunki bunday kunlarni unutish qiyin. Agar o‘ylayversak, xotiralar bizni ezib tashlaydi; har holda men bir narsani payqadim: taqdirga tan berib qo‘yganingda barcha azoblarga chidash mumkin, lekin ular haqida hadeb o‘y sursang, bu o‘ylar seni adoyi tamom qiladi. Modomiki, oldingi marraga borganda yirtqichga aylanib ketarkanmiz – shunday qilmasak, jon saqlashning iloji yo‘qligini bilamiz – dam olish paytida bir pulga qimmat masxarabozlarga aylanamiz. Bu ixtiyorimizdan tashqari yuz beradi. Biz yashashni, qanday qilib bo‘lmasin, omon qolishni xohlaymiz; tinchlik chog‘ida kishiga zeb bo‘ladigan fazilatlarni bu yerda ortmoqlab yurolmaymiz, chunki ular frontda o‘rinsiz va kulgili ko‘rinadi. Kemmerix o‘ldi, Xaye Vestxus jon beryapti, snaryad to‘g‘ri kelib tekkan Gans Kramerning tanasi mahshar kuni ko‘p tashvish tug‘diradi – uni bittalab terib chiqish kerak; Martnesning endi oyog‘i yo‘q, Mayer o‘ldi, Marks o‘ldi, Bayer o‘ldi, Xemmerling o‘ldi, yuz yigirma kishi yaralanib, dala shifoxonalarida yotishibdi... Bunga chidash oson emas, lekin nachora, osmon uzoq, yer qattiq. Biz tirikmiz-ku! Ularni saqlab qolish qo‘limizdan kelganda edi. O, unda yerning kindigigacha ham borgan bo‘lardik, boshimizdan ayrilishdan ham hayiqmasdik, biz bir ishga kirishsak, sher bo‘lib ketamiz, qo‘rquv nimaligini bilmaymiz, o‘lim dahshati nima bo‘pti – bu tana sezgisi, xolos. Ammo... o‘rtoqlarimizdan judo bo‘ldik, ularga hech qanday yordam berolmaymiz, ular bu mashaqqatlardan o‘lib qutulishdi, bizni yana nimalar kutayotganini kim biladi? Shuning uchun hozirgi g‘animat kunlarimizning betashvishligidan sevinamiz, uxlaymiz, qornimiz yorilib ketay deguncha ovqat yeymiz, aroq ichamiz, sigareta chekamiz, ishqilib, vaqtimiz xushnud o‘tsa bas. Umr qisqa. Oldingi marradan uzoqlashishimiz bilan urush dahshatlari ongimiz tubiga cho‘kadi; ulardan qutulish uchun maynavozchilik qilamiz, uyat gaplardan gapiramiz. Shunda sal yengil tortamiz. Hamma narsani hazilga yo‘yish orqali mudhish o‘ylardan xalos bo‘lamiz. Lekin biz hech narsani unutmaymiz! Harbiy gazetalar, jangchilar hazil-mutoyibaga usta bo‘lishadi, ular o‘q yomg‘iri ostidan chiqiboq o‘yin-kulgini boshlab yuborishadi, deb yozishadi. Bu gaplar g‘irt uydirma. Biz qiziqchi bo‘lganimiz uchun qiziqchilik qilmaymiz, faqat ana shu tuyg‘uni yo‘qotmaslikka tirishamiz, aks holda xarob bo‘lamiz. Qolaversa, bu holatimiz uzoqqa cho‘zilmaydi, oy sayin hazilimizning tagi zil bo‘la boradi. Shunga ishonchim komilki, hozir ongimiz tubida cho‘kib yotgan xotiralar keyin, urushdan so‘ng tepaga qalqib chiqadi, ana o‘shanda bular to‘g‘risida yengil-yelpi gapirib bo‘lmaydi, bundan keyin yashay olamizmi-yo‘qmi, masala shunga borib taqaladi. Oldingi marrada o‘tgan kunlar, haftalar, yillar yana qaytadi, halok bo‘lgan o‘rtoqlarimiz ham yer ostidan chiqib, safimizga qo‘shilishadi, miyamiz yana tiniqlashadi, aniq-ravshan maqsadimiz bo‘ladi va biz qayta tirilgan do‘stlarimiz bilan yelkama-yelka, front xotiralarini yurakka jo qilib, olg‘a bosamiz. Lekin qayoqqa? Qaysi dushman ustiga? Qachonlardir shu atrofda front teatri bo‘lardi. Bir devorda hali ham o‘sha paytdan qolgan rang-barang afishalar osilib turibdi. Kropp ikkalamiz ularni hayratlanib tomosha qilamiz. Nahotki, bu dunyoda shunaqa mo‘jizalar hanuz mavjud bo‘lsa? Masalan, bir afishada yozgi oq ko‘ylak kiygan qiz tasvirlangan. Belida qip-qizil bog‘ich. O‘ng qo‘lini naqshinkor panjaraga tirab, chap qo‘lida poxol shlyapasini ushlab turibdi. Oyog‘ida oq paypoq bilan poshnasi baland tufli. Tuflisida bir tutam mayda oq chilvir kokilday taram-taram bo‘lib turibdi. Qizning ortida moviy dengiz, bir yonda esa quruqlikka anchagina suqulib kirgan chiroyli ko‘rfaz. Qiz ketvorgan, burni tugmaday, lablari g‘unchaday, uzun-uzun oyoqlari kelishgan, xullas, nihoyatda ozoda va istarali qiz. Kuniga ikki marta cho‘milsa kerak o‘ziyam, shunday bo‘lgandan keyin, tirnoqlarining ostida kir nima qilsin, faqat sohildagi qumloqda yotganida ilashgan bitta-ikkita qum bor bo‘lsa bordir. Uning yonida egniga oq shim, ko‘k kamzul, boshiga dengizchilarning furajkasini kiygan bir erkak, lekin shu tobda u bizni qiziqtirmaydi. Panjara yonidagi qiz ko‘zimizga farishtaday ko‘rinadi. Uning odam zotidan ekaniga ishongimiz kelmaydi. Bir necha yildan beri bunaqa mo‘jizaga duch kelganimiz yo‘q-da. Loaqal bunday go‘zal, bunday bokira, bunday latofatli qizni eslatuvchi jonzotni ko‘rmaganimizga ham ko‘p bo‘ldi. Bu butun bir olam, dunyo o‘zi shunaqa bo‘lishi kerakmasmi, axir?! – Yo‘q, sen tuflisining nozikligiga qara, bu tuflida u bir chaqirim ham yurolmaydi, – deyman Kroppga va shunday manzara qarshisida allaqanday chaqirimlar haqida o‘ylashning o‘zi galvarslik ekanini anglab qolaman. – Qiziq, yoshi nechchida ekan? – so‘raydi Kropp. Chamalab ko‘raman: – Uzog‘i bilan yigirma ikkida bo‘lsa kerak. – Iye, unda bizdan katta bo‘ladi-ku. O‘n yettidan oshmagan, garov boylashaman! Ikkalamizning ham etimiz jimirlashib ketadi. – Zo‘r qiz ekan-a, Albert? U bosh silkiydi: – Uyda mening ham oq ishtonim bor. – Ishtonga balo bormi? – uni jerkib tashlayman. – Qiz haqida gap ketyapti-ku! Bir-birimizga boshdan-oyoq razm solib chiqamiz. Ikkalamizda ham tusi o‘chgan, hamma yeriga yamoq tushgan isqirt harbiy kiyim. Solishtirib bo‘larkanmi? Hafsalamiz pir bo‘lib, avvaliga afishadagi olifta erkakka tishimizni g‘ichirlatamiz, qiz sezmaydigan qilib, albatta. Keyin Kropp taklif kiritadi: – Bitxonaga borib kelmaymizmi? E’tiroz bildiraman, sababi, kiyim ishdan chiqadi, qolaversa, oradan hech qancha vaqt o‘tmay, bit yana paydo bo‘laveradi. Afishaga yana bir tikilib turaman-da, so‘ng rozi bo‘laman: – Balki toza ko‘ylak berib qolishar? Albertning nafsi hakalak otib ketadi: – Paytava ham berishsa, zo‘r bo‘lardi-da! – Qaniydi. Yur, urinib ko‘ramiz. Bizdan nima ketdi. Ishimiz o‘ngidan kelsa, biror narsaga almashtiramiz. Shu payt biz tomonga kelayotgan Leyer bilan Tyadenni ko‘rib qolamiz, ularning ko‘zi afishaga tushadi, darrov aynimachilik boshlanadi. Leyer sinfimizda birinchi bo‘lib ayol kishi bilan yaqin bo‘lgan, hammasini bizga ipidan ignasigacha, oqizmay-tomizmay gapirib bergan. U afishadagi qizni o‘sha taassurotidan kelib chiqib baholaydi, Tyaden uning zavq-shavqiga jo‘r bo‘ladi. Ularning hazil-huzullari bizga qattiq botmaydi. Uyat gaplarni bilmaydigan askar askarmi?! Lekin hozir boshqa tashvishimiz bor, binobarin, o‘zimizni sekin chetga olib, bitxonaga qarab jo‘naymiz, u yoqqa xuddi serhasham kiyimlar tikiladigan ustaxonaga ketayotgan kishilarday, viqor bilan yo‘l olamiz. Biz joylashgan uylar anhor bo‘yida. Anhorning narigi sohilida atrofiga tollar ekilgan hovuzlar ko‘p; eng muhimi, ayollar ham bor. O‘z vaqtida biz tomondagi uylardan egalari ko‘chirib yuborilgan. Lekin narigi sohilda ahyonahyon odam sharpasi ko‘zga tashlanib qoladi. Kechqurun cho‘milamiz. Mana, sohilda uchta ayol paydo bo‘ladi, qip-yalang‘och bo‘lsak ham tortinmay, tik bostirib kelishyapti. Leyer ularni chaqiradi. Ayollar to‘xtab, bizga qarab kulishadi. Ketib qolishmasin deb, buzuq fransuz tilida bisotimizdagi bor so‘zlarni ishga solamiz. Odobsizlik, albatta. Lekin bizda odob nima qiladi? Ayollardan biri – ozg‘in, qoramag‘iz. Kulganda tishlari sadafday yaltiraydi. Harakatlari yengil, keng yubkasi oyoqlari atrofida gir aylanadi. Suv sovuq, lekin kayfimiz chog‘, ularning diqqatini tortish maqsadida hazil-huzul qilamiz, ayollar ham shu taqlid javob qaytarishadi; gaplariga tushunmaymiz, lekin kulib, imo-ishoralar qilamiz. Tyaden qalovini topadi. Uyga chopib borib, bir buxanka non olib keladi-da, uni baland ko‘tarib, ko‘z-ko‘z qila boshlaydi. Qalovini topsang, qor ham yonar ekan. Ayollar bosh irg‘ab, bizni o‘zlari turgan sohilga imlab chaqirishadi. Lekin biz bunday qilolmaymiz. Narigi sohilga o‘tish man etilgan. Hamma ko‘priklarda soqchilar bor. Ruxsatnoma kerak. Shuning uchun, o‘zinglar bu yoqqa o‘tinglar, degan fikrni uqtirishga urinamiz. Ayollar bosh chayqab, ko‘prikka ishora qilishadi. Ularni ham biz tomonga o‘tkazishmas ekan. Ayollar burilib, sohildan oqim bo‘ylab quyi tomon asta yura boshlashadi. Biz ham o‘sha yoqqa qarab suzamiz. Bir necha yuz metr yo‘l bosgach, ular to‘xtashadi va bizga butazorlar orasida turgan bir uyni ko‘rsatishadi. Leyer, shu yerda yashaysizlarmi, deb so‘raydi. Ayollar kulishadi: ha, shu uy ularniki. Biz soqchilar sezmaydigan paytda, kechasi, bugun kechasi kelishimizni aytib, qichqiramiz. Ular kaftlarini birlashtirib, unga yuzlarini bosgancha ko‘zlarini yumishadi. Bizni anglashibdi. Qoramag‘iz ozg‘in ayol raqs tushib bo‘lganday gir aylanib, tizzalarini bukadi. Boshqasi, mallarog‘i: – Non... Yaxshi... – deydi. Non ham, boshqa shirin narsalar ham olib kelishimizni jon-jahdimiz bilan, har xil ishoralar orqali tushuntiramiz. Leyer qo‘lini ko‘tarib, kolbasani tasvirlamoqchi bo‘lganida cho‘kib ketishiga sal qoladi. Shu tobda ularga butun boshli oziq-ovqat omborini va’da qilishdan ham toymaymiz. Ayollar keta turib, bir necha marta orqalariga o‘girilishadi. Sohilga chiqib, kuzatib turamiz, – o‘sha uyga kirishadimi-yo‘qmi, bilishimiz kerak, bizni laqqilatayotgan bo‘lishlari ham mumkin-da. Keyin yana suvga tushib, boyagi joyimizga qarab suzamiz. Ruxsatnomasiz ko‘prikdan hech kimni o‘tkazishmaydi, shuning uchun kechasi anhordan suzib o‘tishimizga to‘g‘ri keladi. Hayajonimizning cheki yo‘q, o‘zimizni qo‘ygani joy topolmaymiz. Oshxonada bizni pivo bilan punsh2 kutayotganini bilamiz. Punsh ho‘plab o‘tirib, bir-birimizga xayoliy sarguzashtlarimizdan so‘zlab beramiz. Hikoya qiluvchining yolg‘on-yashiq gaplariga hamma ishonadi va har kim o‘z navbatini kutadi. U ham aravani quruq opqochishga harakat qiladi. Sirli bir entikishdan ketma-ket sigareta tutatamiz. – Sigareta ham olib borsak-chi, u yoqqa? – deydi Kropp. Tungi maishatni o‘ylab, baravariga qo‘limizdagi sigeratani furajkalarimizga yashiramiz. Osmon g‘o‘r olmaday ko‘kimtir tus oladi. Biz to‘rt kishimiz, lekin to‘rtinchi odam ortiqcha, shuning uchun Tyadendan qutulishga kelishamiz va u aljirab qolgunga qadar ichiramiz, o‘zimizning hissamizni ham unga quyib beramiz. Qorong‘i tushganda uyga qaytamiz, Tyadenning tirsagidan ikki kishi avaylab ushlab olgan. Ichimizga sig‘may ketyapmiz, xayolimizda tungi sarguzasht. Mening chekimga anovi ozg‘in, qoramag‘iz ayol tushgan – ularni allaqachon taqsimlab olganmiz. Tyaden karavotida xurrakni urib yotibdi. Biroz vaqt o‘tgach, uyg‘onib, bizga ma’noli jilmayadi. Nafasimiz ichimizga tushib ketadi, bu tentak bizni ahmoq qilganga o‘xshaydi-ku, shuncha punsh qulog‘ini ushlab ketgan bo‘lmasin tag‘in. Yo‘q, xayriyat, saldan keyin yana xurrak ota boshlaydi. Har birimiz bir buxankadan nonni gazetaga o‘raymiz. Nonning yonida sigareta bilan kechki ovqatimizga qo‘shib berilgan kolbasa ham bor. Yomon sovg‘a bo‘lmadi. Ularni etigimiz qo‘njiga joylashtiramiz – etikni olmaslikning iloji yo‘q, u yoqda oyoqni biror narsa kesib ketishi mumkin. Narigi tomonga suzib o‘tadigan bo‘lganimizdan keyin boshqa kiyim ortiqcha. Qorong‘ida kim ko‘rib o‘tiribdi, orasi ham uzoq emas. Etiklarimizni qo‘ltiqlab, yo‘lga tushamiz. Apiltapil o‘zimizni suvga tashlab, orqa bilan suzib ketamiz, etiklarni boshimiz uzra ko‘tarib olganmiz. Sohilga yetgach, tepaga beshovqin tirmashib chiqamiz, qog‘oz xaltalarni sug‘urib, etiklarimizni kiyamiz. Qip-yalang‘och, jiqqa ho‘l, oyoqda faqat etik, qo‘ltiqda qog‘oz xalta – shu qiyofada yana yo‘rg‘alashga tushamiz. Uyni tez topamiz. Butazor ortida ko‘rinib turibdi. Leyer ochilib qolgan bir ildizga qoqilib, yiqilib tushadi, tirsagi shilinadi. – Hechqisi yo‘q, – deydi u kulib. Deraza eshiklari berk. Uy atrofini aylanib, tirqishlardan mo‘ralaymiz. Hech narsa ko‘rinmaydi. Betoqat bo‘la boshlaymiz. Kropp xavotirga tushib qoladi: – Ichkarida birorta mayor o‘tirgan bo‘lsa-chi? – Quyonni survoramiz, – deydi Leyer. – Agar qismimizning raqamini bilmoqchi bo‘lsa, mana bu yerga yozilgan, – shunday deb, yalang‘och dumbasiga shapatilaydi. Lekin uy eshigi ichkaridan ilgaklanmagan. Oyoqlarimizni dupurlatamiz. Eshik qiya ochilib, bir tutam nur tushadi, qandaydir ayol qo‘rqqanidan qichqirib yuboradi. «Jim! – shivirlaymiz biz, – xavotirlanmang... do‘stlarmiz...» shunday deb, xaltalarimizni yuqoriga ko‘taramiz. Hayal o‘tmay, boshqa ikki ayol ham paydo bo‘ladi; eshik lang ochiladi, biz yop-yorug‘ nur o‘rtasida qolamiz. Bizni tanishadi, ahvolimizni ko‘rib, qotib-qotib kula boshlashadi. Ostonada turvolib, kulgidan buralib-buralib ketishyapti. Oh-oh, qomatlarini ko‘rsangiz! – Hozir. Ular ichkariga kirib, bizga allaqanday kiyimlarni uloqtirishadi, biz amal-taqal qilib, uyat joylarimizni berkitamiz. Keyin kirishga ruxsat berishadi. Kichkina chiroq yoritib turgan mo‘jazgina xonada atir hidi kezadi. Xaltalarimizni uzatamiz. Ayollarning ko‘zlari chaqnab ketadi – sezilib turibdi, qorinlari och. Ular taraddudlanib qolishadi. Leyer, xaltalarni ochib, ichidagi narsalarni olinglar, degan ishorani qiladi. Ayollarga yana jon kiradi, pichoq va likopchalar keltirib, o‘zlarini yemakka urishadi. Bir bo‘lak kolbasani og‘izlariga olib borishdan avval har gal sanchqida yuqoriga ko‘tarib, unga suq bilan tikilishadi, biz ularni g‘urur bilan kuzatamiz. Ayollar o‘z tillarida tinmay chug‘urlashishadi, biz yaxshi tushunmaymiz, ammo qandaydir iliq, muloyim so‘zlar ekanini sezib turamiz. Ehtimol, ularga judayam yosh tuyulayotgandirmiz. Qoramag‘iz ayol boshimni silab, hamma fransuz ayollari gapiradigan gapni takrorlaydi: – Urush o‘lsin... Turgan-bitgani kulfat... Sho‘rlik bolalar... Uning tirsagidan ushlab, kaftiga lablarimni bosaman. Barmoqlari yuzimni siypalaydi. Boshini egib turibdi. Jonsarak ko‘zlar, qabariq lablar, sip-silliq badan. Bu lablardan men anglamaydigan so‘zlar to‘kilyapti. Ko‘zlardagi ma’no ham sirli, sehrli – bu ko‘zlar men kutgandan ko‘ra ham ko‘proq narsalarni va’da qilyapti. Devor ortida boshqa xonalar ham bor. O‘tib keta turib, Leyer bilan malla sochli ayolga duch kelaman. Leyer uni mahkam bag‘riga bosib, qiqir-qiqir kuladi. Bunaqa ishlar unga yangilikmas-da. Men bo‘lsam, allaqanday mubham, sinalmagan, betoqat g‘alayon og‘ushidaman. Tuyg‘ularim behushlik va jazavador hirs orasida sarson. Boshim aylanadi, tayanch nuqtasini topolmayman. Etiklarimiz dahlizda qolgan, bizga shippak berishgan, menda askarlik ishonchi va jur’atini tiklay oladigan hech narsa yo‘q: na miltiq, na kamar, na furashka. Men huzurbaxsh allaqanday bo‘shliqqa g‘arq bo‘laman, yuragim qinidan chiqib ketay deydi. Ozg‘in, qoramag‘iz ayol xayol surganda qoshlari chimiriladi, gap boshlaganda esa yana o‘z holiga qaytadi. Ba’zan u so‘zni oxirigacha aytmaydi, yarmi lablarida ilinib qoladi yoki menga shunday tuyuladi – bu hol bitmagan ko‘prik, cho‘rt kesilgan so‘qmoq, ko‘kda uchgan yulduzni eslatadi. Oldin nimani bilardim? Hozir nimani bilaman? Ma’nosi deyarli noaniq bu so‘zlar meni mudroqqa soladi, xira yoritilgan xonaning jigarrang gulqog‘oz yopishtirilgan devorlari ayqash-uyqash bo‘lib ketadi, faqat tepamga engashib turgan chehragina uyqu saltanatiga nur taratadi. Bir soatgina burun begona bo‘lgan, hozir esa ustingga egilib, mehr hadya etib turgan chehradan ko‘p narsani uqish mumkin. Bu mehr yuzning o‘zidan to‘kilayotgani yo‘q, u tun qorong‘isidan, biz yashayotgan zamindan, qondan sizib chiqib, mana shu chehrada namoyon bo‘lmoqda. Bu mehr hozir hamma yoqni zabt etgan. Men badanimga, qoramag‘iz qo‘l sirg‘alayotgan oppoq badanimga qarab-qarab qo‘yaman. Bu yer qayoqda-yu, bizga har zamonda borishga ruxsat etiladigan va oddiy askarlarga mo‘ljallangan tirband fohishaxonalar qayoqda! Eslamay deyman-u, xotiralar bostirib kelaveradi. Ba’zan qo‘rqib ketaman: nahotki, bu chirkin xotiralardan umrbod qutulolmasam? Mana, ozg‘in, qoramag‘iz ayolning lablari yaqinlashayapti, men ham sabrsizlik bilan shu lablarga talpinaman va hamma narsani: urushni, uning dahshat va qabohatlarini unutib, qaytadan yosh va baxtiyor yigit bo‘lib uyg‘onish ilinjida ko‘zlarimni yumaman; afishadagi qiz yodimga tushadi, kelajakdagi butun hayotim faqat shu qizga bog‘liqday tuyuladi. Meni mahkam quchib turgan qo‘llarni qattiqroq qisaman – hozir bir mo‘jiza yuz berib qolsa-ya! Oradan ma’lum vaqt o‘tgandan keyin yana bir xonaga jam bo‘lamiz. Leyerning og‘zi qulog‘ida. Ayollar bilan iliq xayrlashib, etiklarimizni kiyamiz. Tun havosi hali sovumagan badanimizni junjitadi. Tollar zabardast pahlavonlarday qop-qorayib turibdi, novdalari ohista tebranadi. Osmonda va anhor suvida to‘lin oy suzadi. Biz katta-katta qadam tashlab, yonma-yon boryapmiz. – Bir buxanka non boshimizdan sadaqa, – deydi Leyer. Indamayman, negadir xomush tortib qolganman. Shu payt qadam tovushlari eshitiladi, o‘zimizni darrov buta panasiga olamiz. Sharpa yaqinlashadi, yonginamizdan o‘tib keta boshlaydi. Yalang‘och askarni ko‘ramiz, oyog‘ida etik, qo‘ltig‘ida qog‘oz xalta, zing‘illab ketyapti. Bu – Tyaden. Yotib qolguncha, otib qolmoqchi. Ana-mana deguncha, ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi. Rosa kulamiz. Ertaga so‘kinish boshlanadi! Hech kimga sezdirmay, uyga yetvolamiz. Meni idoraga chaqirtirishadi. Rota komandiri qo‘limga ta’til guvohnomasi bilan yo‘l hujjatlarini tutqazib, oq yo‘l tilaydi. Ta’til necha kunligiga qarayman. O‘n yetti kun – ikki hafta, uch kuni yo‘lga. Judayam oz, yo‘lga besh kun berishlarini so‘rayman. Berting guvohnomaga ishora qiladi. Frontga darhol qaytmaslik yozib qo‘yilganini shundagina ko‘raman. Ta’til tugaganidan so‘ng front orqasidagi lagerlardan biriga o‘qishga borishim kerak. O‘rtoqlarimning havasi keladi. Qanday qilib, «osoyishta hayot»ga erishishim mumkinligi to‘g‘risida maslahatlar berishadi. – Bo‘shanglik qilmasang, o‘sha yoqda qolib ketasan. Menga qolsa, hozir emas, bir haftadan keyin ketganim ma’qul, nimagaki, bu yerda yana bir hafta turamiz, sharoit yaxshi. Oshxonada, odatdagiday, yuvasan deb tiqilinch qilishadi. Ozginadan ichamiz. Ko‘nglim baribir xijil; olti haftaga ketyapman, albatta, shukur qilishim kerak, lekin qaytganimdan so‘ng nima bo‘ladi? Bu yerdagi do‘stlarim safiga tag‘in qo‘shila olmanmi-yo‘qmi? Xaye bilan Kommerix o‘ldi: endi kimning navbati? Hammaga birma-bir razm solaman. Yonimda Albert chekib o‘tiribdi, kayfiyati tetik; u bilan doim birgamiz. Ro‘paramda Kat, yelkalari salqi, barmoqlari yirik, ovozi bosiq. Anovi tishlari oldinga turtib chiqqan, kulgisi kuchukning vangillashiga o‘xshagan yigit Myuller. Anovi sichqonko‘z Tyaden. Anovi Leyer, soqol qo‘yvorgan, ko‘rgan odam qirqqa kirgan deydi. Tepamizda pag‘a-pag‘a tutun suzib yuribdi. Yaxshiyam askarning baxtiga tamaki bor! Oshxona biz uchun sokin bandargoh, pivo oddiy ichimlik emas, sening bexavotirligingdan, bemalol hordiq chiqarishing mumkinligidan darak beruvchi mujda. Mana hozir ham oyoqlarimizni uzatib, yalpayib o‘tiribmiz. Ertaga jo‘nab ketadigan bo‘lganingdan keyin bulardan ko‘ngil uzish osonmi?! Kechasi anhordan yana suzib o‘tamiz. Ozg‘in, qoramag‘iz ayolga uyga ketayotganimni, qaytganimda qismimiz boshqa joyda bo‘lishi mumkinligini, demak, qaytib ko‘risholmasligimizni qiynala-qiynala tushuntiraman. U parvo qilmaydi, boshini likillatadi, xolos. Avvaliga taajjublanaman, keyin sababini anglayman. Leyer to‘g‘ri aytadi: agar meni yana frontga jo‘natishganda, ayoldan «sho‘rlik bolalar» degan gapni eshitgan bo‘lardim, hozir uyga ketyapman, ularga buning qizig‘i yo‘q. Bilganini qilmaydimi! Mo‘jiza kutib o‘tiribman-a, pirovardida, hamma gap bir buxanka nonga borib taqalarkan-ku. Ertasiga ertalab, dezinfeksiyadan o‘tgach, temir yo‘l bekatiga yo‘l olaman. Albert bilan Kat meni kuzatib qo‘ymoqchi. Bekatda poyezdni ancha, ehtimol, bir necha soat kutishga to‘g‘ri kelishini aytishadi. Kat bilan Albert qismga qaytishi kerak. Xayrlashamiz. – Oq yo‘l! – Yaxshi qolinglar! Ular ketishadi, nariroq borib, yana qo‘l silkishadi. Sharpalari kichraya boradi. Qadam tashlashlari, gavdalarining har bir harakati menga yod bo‘lib ketgan. Ularni uzoqdanoq taniyman. Mana, ikkovlari ham ko‘zdan g‘oyib bo‘lishdi. Xaltamga o‘tirib, kuta boshlayman. Birdan vujudimni betoqatlik hissi chulg‘ab oladi – yuragimning tub-tubida bu yerdan tezroq ketish istagi gupuradi. Qancha bekatdan o‘tdim, qancha qozon yonida ovqatga navbatda turdim, qancha vagonning qattiq o‘rindiqlarida tong ottirdim – bularning hisobiga yetish qiyin; mana, nihoyat, tanish manzaralar ko‘zga tashlana boshlaydi, yuragim hapriqib ketadi. Devorlari oqqa bo‘yalgan uylar ustiga telpakday qo‘ndirilgan poxol tomlar, botayotgan quyoshning qiya nurlarida sadafday tovlanayotgan javdar paykallari, mevazor bog‘lar, omborlar, qari arg‘uvonlar vagon derazalari oldidan lip-lip suzib o‘tyapti. Har bir bekatning nomi – o‘zi bir timsol, g‘ildiraklar uzluksiz taraqlaydi, men deraza oldida turibman. Bu nomlar – bolaligimning chegara ustunlari. Suv bosgan o‘tloqlar, dalalar, dehqon hovlilari; ufq bo‘ylab cho‘zilgan yo‘lda yolg‘iz bir arava xuddi osmonda suzib ketayotganga o‘xshaydi. Shlagbaum oldida turgan dehqonlar, poyezd ortidan ro‘molchasini silkitib qolgan qizcha, temir yo‘l chetida o‘ynayotgan bolakaylar, olislarga cho‘zilib ketgan tep-tekis yo‘llar, bu yo‘llarda to‘plardan nom-nishon yo‘q. Oqshom. Agar g‘ildiraklarning taraqa-turuqi bo‘lmaganda qichqirib yuborishdan o‘zimni tiyolmasdim. Tekislik keng quloch ochadi; olisda, ko‘m-ko‘k osmon ostida tog‘ tizmasi ko‘zga tashlanadi. Men Dolbenbergning o‘rmon etagida bo‘y cho‘zgan o‘rkachlarini darrov taniyman. Uning orqasida shahar bor. Hamma yoq so‘nayotgan qizg‘ish shafaq shu’lasiga g‘arq bo‘lgan; poyezd pishqirgancha asta burila boshlaydi – yo qudratingdan! – ana, qator saf tortgan tollar ko‘rindi, ular tuman pardasiga burkangan, bu parda nur, soya va sog‘inchdan to‘qilgan. Yer tollar bilan birga sekin-sekin surila boradi; poyezd tolzorni aylanib o‘tadi, daraxtlar oralig‘i qisqaradi, shox-shabbalar yaxlit bir devorga aylanadi, birdan yakka-yolg‘iz qad kerib turgan tolga ko‘zim tushadi; keyin orqadagi daraxtlar yana oldingilarining ketidan saf tortadi, bu manzara daraxtlar to dastlabki uylarning panasida qolgunga qadar ko‘rinib turadi. Temir yo‘l ko‘tarmasi. Deraza oldida turib, tashqaridan ko‘z uzolmayman. Hamrohlarim narsalarini yig‘ishtirishyapti. Men hozir kesib o‘tiladigan ko‘cha nomini qayta-qayta ko‘nglimdan o‘tkazaman: Bremershtrasse ... Bremershtrasse... Pastda – velosipedchilar, mashinalar, odamlar; kulrang viaduk, kulrang ko‘cha, ammo shular ham meni hayajonga soladi, xuddi onamni ko‘rayotganday bo‘laman. Poyezd to‘xtaydi, vokzal g‘ala-g‘ovur. Xaltamni yelkamga osib, miltig‘imni qo‘lga olaman, keyin vagon zinasidan asta pastga tushaman. Atrofga alanglayman. Perronda chopib yurgan odamlar orasida birorta tanish yo‘q. Qandaydir shafqat hamshirasi bir stakan qahva uzatadi. Yuzimni chetga buraman: tirjayishga balo bormi? O‘zini ulug‘ bir ishni ado etayotgan kishiday tutgani-chi. Ko‘rib qo‘yinglar, askarni qahva bilan siylayapman, demoqchi-da. Tag‘in: «Aka...» – deydi. Aka emishman-a! Vokzalga tutash ko‘chadan daryo ko‘rinib turibdi; oppoq ko‘pikka qorishgan suv Tegirmon ko‘prigi yonidagi shlyuzdan otilib chiqadi. Ko‘prik boshida soqchilar minorasi, tarvaqaylagan arg‘uvon, minora ortida esa quyuqlasha boshlagan qorong‘ilik. Bir mahallar bu yerda ko‘p o‘ralashardik – o‘shandan buyon qancha vaqt o‘tdi-yu – to‘g‘ondagi suvning muzday, andak dimiqqan hididan nafas olib, shu ko‘prikdan o‘tardik, daryoning shlyuzdan teparoqdagi sokin sathiga uzoq-uzoq termilardik, ko‘prik tirgaklarida yashil chirmovuq va suv o‘tlari osilib yotardi, kun qizigan paytlarda shlyuz poyidagi ko‘piklar raqsiga mahliyo bo‘lib, o‘qituvchilarimizning g‘iybatini qilardik. Ko‘prikdan o‘tarkanman, o‘ng-u so‘limga qarayman; to‘g‘onda haliyam baqato‘nlar mo‘l, shlyuzdan hamon guvillab suv otilib turibdi; minora binosi ichida, bir uyum choyshablar yonida, xuddi ilgarigiday, yenglari shimarig‘liq dazmolchi xotinlar kuymalanishyapti, ochiq derazalardan tashqariga dazmollarning issig‘i ufuryapti. Tor ko‘chada kuchuklar ivirsib yuribdi, darvoza oldida turgan odamlar menga – sassiq va irkit askarga zimdan nazar tashlashadi. Mana bu qandolatxonada muzqaymoqni ko‘p yeganmiz, chekishni o‘rganganmiz. Men bu ko‘chadagi har bir uy, har bir baqqollik do‘koni, har bir dorixona, har bir novvoyxonani besh qo‘limday bilaman. Mana, nihoyat, tutqichi eskirgan jigarrang eshik oldida turibman, qani qo‘limni ko‘tarishga chog‘im kelsa! Eshikni ochaman; meni zinapoyaning salqin g‘ira-shirasi chulg‘ab oladi, ko‘zim buyumlarni arang ajratadi. Oyoqlarim ostida zinalar g‘ichirlaydi. Tepada eshik qulfi shirq etadi, kimdir panjaradan egilib qaraydi. Bu oshxonaning eshigi, ichkarida kartoshkali kotlet qovurishyapti, hidi butun uyni tutib ketgan. Bugun shanba, demak, panjaradan opam engashib qaragan bo‘lsa kerak. Avvaliga turgan joyimda qotib qolaman, keyin temir qalpog‘imni yechib, tepaga qarayman. Ha, opam. – Paul, – qichqiradi u. – Paul! Men bosh silkiyman, xaltam zinapoya panjarasiga ilinib qoladi, miltig‘im og‘ir. Opam mehmonxona eshigini ochadi: – Oyi, oyi, Paul keldi! Oyoqlarim qo‘zg‘almaydi – «Oyi, oyi, Paul keldi!» Devorga suyanib, qo‘limdagi qalpoq bilan miltiqni qattiq qisaman. Ularni qisib turibman-u, qani biror qadam bosolsam! Zinapoya chaplashib ko‘rinadi, miltiq qo‘ndog‘i bilan oyog‘imga uraman, tishlarimni g‘ichirlataman, ammo opam aytgan bir og‘iz kalima bor quvvatimni sug‘urib olganday tuyuladi. Jilmayishga, biror narsa deyishga urinaman, qayoqda! Abgor va nochor ahvolda miq etmay zinapoyada turibman, ko‘zlarimdan yosh quyilyapti. – Chiqmaysanmi, nima bo‘ldi senga? – deydi opam tepadan turib. Arang o‘zimni qo‘lga olib, bir amallab dahlizga ko‘tarilaman. Miltiqni burchakka, xaltamni devor yoniga, qalpoqni xalta ustiga qo‘yaman. Endi kamarni yechish qoldi. – Ro‘molcha bersang-chi! – deyman opamga zarda bilan. Opam javondan ro‘molcha olib uzatadi, yuz-ko‘zlarimni artaman. Devorda bir mahallar o‘zim yig‘gan turli-tuman kapalaklar solingan oynavand quti osilib turibdi. Oyimning ovozi yotoqxonadan eshitiladi. – Nega yotibdilar? – so‘rayman men. – Toblari yo‘q, – javob beradi opam. Yotoqxonaga kiraman, oyimga qo‘limni uzatib, iloji boricha xotirjam gapirishga tirishaman: – Mana, keldim, oyi. Oyim indamaydi. Xona nim qorong‘i. Keyin ko‘zlarimga sinovchan tikilib, so‘raydi: – Yaralandingmi? – Yo‘q, ta’tilga chiqdim. Oyimning rang-ro‘yi bir ahvolda. Chiroqni yoqmay qo‘ya qolaman. – Esim qursin, suyunishning o‘rniga yig‘lab yotibman-a, – deydi oyim. – Nima bo‘ldi, oyi? – Hechqisi yo‘q, bugun oyoqqa turib ketaman, – shunday deb, oshxonaga kirib-chiqib turgan opamga murojaat qiladi: – Brusnika murabbosini och... Sen yaxshi ko‘rarding, to‘g‘rimi? – so‘raydi oyim mendan. – Ha, oyi, yemaganimga ancha bo‘ldi. – Kelishingni ko‘nglimiz sezuvdi, – deydi opam kulib. – Xuddi bilganday, sen yoqtiradigan kartoshkali kotlet pishirayotgandim... bunga brusnika murabbosi ham qo‘shildi. – Bugun shanba-ku, – javob beraman unga. – Yaqinroq o‘tir, – deydi oyim. Keyin menga tikilib qaraydi. Qo‘llari shalviragan, menikidan ham ingichka. Uch-to‘rt og‘iz gaplashamiz, oyim hech narsani so‘ramayotganidan xursandman. Hozir har qanday gap ortiqcha. Umid qilish mumkin bo‘lgan eng ezgu tilak ushaldi-ku – men tirikman, oyimning yonida o‘tiribman, opam oshxonada bir qo‘shiqni xirgoyi qilgancha ovqat pishiryapti. – Bolaginam, – deydi oyim shivirlab. Oilada bir-birimizga hech qachon sertakalluf bo‘lmaganmiz, umri mehnat-u mashaqqatda o‘tadigan kambag‘al xonadonlarda bunaqa muomala urf emas. Shundoq ham ravshan haqiqatni hadeb ta’kidlayverishni yoqtirishmaydi. Oyim «bolaginam», dedimi, shu bir og‘iz so‘zda hamma narsa mujassam. Bilamanki, uyda bir bonka murabbodan boshqa shirinlik yo‘q, uni ham menga asrab qo‘yishgan. Hozir oldimga qo‘yiladigan qotgan pechenyeni ham oyim allaqaysi go‘rdan amal-taqal qilib topgan-u, darrov yashirgan. Menga ilingan. Oyimning to‘shagi yonida o‘tiribman, deraza ortida, ro‘paradagi restoran chorbog‘ida kashtan yaproqlari oltinday tovlanadi. Entikib ketaman, miyamda faqat bir so‘z aylanadi: «Uydaman, uydaman». Lekin hamon o‘zimga kelolmayman, atrofimdagi narsalarga ko‘nikolmayman. Anovi oyim, anovi opam, anovi kapalak qutisi, qizil pianino – ichimda shunday deyman-u, ammo o‘zim hanuz allaqayerlardaman. Oramizda qandaydir to‘siq bor, uni hatlab o‘tish kerak. Shu maqsadda yotoqxonadan chiqib, dahlizda qolgan xaltamni oyimning yoniga olib kelaman. Ichidagi narsalarni bitta-bittalab karavot boshidagi pastak stolga qo‘yaman: Kat topib kelgan bir dumaloq pishloq, ikki buxanka non, bir qadoqqa yaqin sariyog‘, ikki banka o‘pka-jigar kolbasasi, bir qadoq cho‘chqa moyi, ozgina guruch. – Mana, sizlarga opkeldim, asqatib qolar. Oyim bosh silkiydi. – Bu yerda oziq-ovqat taqchil bo‘lsa kerak? – so‘rayman men. – Ha, taqchilroq, u yoqda-chi? Jilmayib, olib kelgan sovg‘alarimga ishora qilaman: – Albatta, har kuni bunchalikmas, lekin yashasa bo‘ladi. Erna haligi narsalarni opchiqib ketadi. Oyim birdan bilagimga yopishib so‘rab qoladi: – Frontda judayam qiynaldingmi, Paul? Nima deb javob qaytaray, oyi? Siz hech qachon tushunmaysiz, tasavvur etolmaysiz buni. Shunday bo‘lgani yaxshi. Qiynaldingmi, deb so‘rayapsiz. Eh, oyi, oyi! Keyin bosh chayqab, javob beraman: – Yo‘q, nega qiynalaman? U yoqda ko‘pchilikmiz. – Yaqinda Genrix Bredmayer keluvdi, shunaqa vahima qildiki... snaryad deydimi-yey, gaz deydimi-yey... Ha, onaginam-yey. Gaz haqida gapiryapti, lekin gazning nimaligini bilmaydi, faqat mendan xavotirda. Bir gal dushmanning uchta okopida gazdan tarrakday qotib qolgan askarlarni ko‘rganimiz haqida og‘iz ocholmayman-ku. Okop tepasidagi do‘ngliklar atrofi, o‘ralar ichi yuzi ko‘karib ketgan murdalarga to‘la edi. – Voy, oyijon-yey, odamlar og‘ziga kelganini gapiraveradi-da, – javob beraman men. – O‘sha Genrixingiz nima deyayotganini o‘zi bilmaydi. Ko‘rib turibsiz-ku, soppa-sog‘man, hatto semirib ketganman. Oyimdagi bezovtalik qaytanga meni sergaklantiradi. O‘rnimdan turib, xonalarni aylanaman, gaplashaman, savollarga bemalol javob qaytaraman. Bilamanki, hozir devorga qapishish xavfi yo‘q, meni osuda muhit qurshab turibdi. Oyim to‘shakdan turmoqchi bo‘ladi, oshxonaga, opamning oldiga chiqaman. – Kasallari nima? – so‘rayman undan. Opam yelkasini qisadi. – Yotib qolganlariga ikki-uch oy bo‘ldi, senga bildirmaslikni tayinlagan edilar. Ko‘p do‘xtirlar ko‘rdi. Bittasi, rakka o‘xshaydi, dedi. Ro‘yxatdan o‘tish uchun okrug harbiy boshqarmasiga yo‘l olaman. Shoshmasdan ketyapman. Ora-sira tanishlar uchrab qoladi. Ko‘p gaplashmayman. Xohish yo‘q. Boshqarmadan qaytayotganimda kimdir orqamdan chaqiradi. O‘z xayollarimga g‘arq bir alfozda o‘girilib qarayman va ro‘paramda turgan mayorni ko‘raman. U menga o‘shqira ketadi: – Salomlashishni o‘rgatishmaganmi sizga? – Uzr, janob mayor, – deyman garangsib. – Ko‘rmay qolibman. U battar qichqiradi: – Qanday gaplashishni ham bilmas ekansiz-ku! Yuziga tarsaki tortgim keladi-yu, o‘zimni bosaman, aks holda ta’tilim haromga chiqadi. Kaftimni chakkamda qotirib: – Janob mayorni ko‘rmay qolibman! – deyman chertib-chertib. – Ko‘rish kerak! – to‘ng‘illaydi u. – Familiyangiz? Aytaman. Uning go‘shtdor yuzi haliyam jahldan qip-qizarib turibdi: – Qaysi qismdansiz? Nizomga rioya qilgan holda javob beraman. U so‘roqni davom ettiradi: – Qismingiz qayerda joylashgan? – Langemark bilan Biksshot oralig‘ida. – Qayerda, qayerda? – qayta so‘raydi u ishonmaganday. Ta’tilga kelganimga bir soat bo‘lganini aytaman, bu gapimni eshitganidan so‘ng tirg‘almasa kerak, deb o‘ylayman. Qayoqda! Battar avjga chiqadi: – Frontdagi qiliqlaringiz bu yerda ketmaydi! Ovora bo‘lasiz! Xudoga shukr, shahrimizda tartib bor! Keyin buyuradi: – Yigirma qadam orqaga tashlansin! Jonim halqumimga keladi. Lekin uning oldida ojizman – bir og‘iz ortiqcha gapirsam, hibsga olishi mumkin. Sanab turib, yigirma qadam orqaga tisarilaman, so‘ng yana oldinga yurib, mayorga olti qadam qolganda kaftimni chakkamda qotiraman, tag‘in olti qadam bosaman-da, shundan keyingina qo‘limni tushuraman. – Orqaga to‘la burilib, jo‘nang! Qoyillatib burilaman. Qutuldim-e! Baribir dilim xufton bo‘lgan edi. Uyga keliboq, harbiy kiyimni yechib, burchakka uloqtiraman, – busiz ham shunday qilmoqchi edim o‘zi. Javondan kostyumimni olib kiyaman. Bunaqa kiyimdan uzoqlashib ketgan ekanman. Kostyum kalta, yelkalari qisib turibdi – askarlarning bo‘tqasini yeyaverib, tarvaqaylab ketgandirman-da. Ammo-lekin galstuk taqquncha ona suti og‘zimga keladi, axiyri, tugunini opam bog‘lab beradi. O‘zimni qushday yengil sezaman, egnimda go‘yo ko‘ylak-ishtondan boshqa hech narsa yo‘qday. O‘zimni oynaga solib ko‘raman. Ajabo! Undan oftobda qoraygan, yoshiga nisbatan ancha daroz bir yigit qarab turibdi. Oddiy kiyimda yurganimdan oyim xursand. Shunda yaqinroq tuyulsam kerak-da. Ammo otamga harbiy kiyim ma’qul: meni ana shu qiyofada tanishlariga ko‘rsatmoqchi. Men ko‘nmayman. Shovqinsiz bir yerda, masalan, Kegli maydoniga tutash restoran bog‘ida, kashtanlar tagida xoli o‘tirishga nima etsin! Yaproqlar chirt-chirt uzilib yerga tushadi; hali ko‘p emas, xazonrezlik endi boshlanyapti. Oldimda bir krujka pivo – harbiy xizmatda odam ichishga o‘rganib qoladi, krujka yarim, demak, yana uch-to‘rt qultum bor, agar xohlasam, tag‘in ikkinchi, uchinchi krujkani buyurishim mumkin. Bu yerda okop ham, snaryadlar ham yo‘q, Kegli maydonchasida xo‘jayinning bolalari o‘ynashyapti, kuchugi tizzamga boshini qo‘yib olgan. Osmon ko‘m-ko‘k, kashtan shoxlari orasidan muqaddas Margarita cherkovining baland yashil minorasi ko‘rinib turibdi. Bu yer menga yoqadi. Odamlar nigohidan chetda. Mendan hech narsani so‘rab-surishtirmaydigan yagona inson – onam. Otam unaqamas. Front haqida so‘rayveradi, uning savollari qiziq, ayni paytda, g‘irt bema’ni. Kun bo‘yi eshitsa ham charchamaydi. Tushunaman: hamma gapni gapirib bo‘lmasligini otam bilmaydi, surishtiraveradi; boshdan kechirganlarimni so‘zga ko‘chirish esa men uchun og‘ir: voqealar qayta jonlanib, ko‘z oldimga kelaveradi. Urush sarguzashtlari haqida so‘zlayversang, jinni bo‘pqolish hech gapmas. Shuning uchun qiziq-qiziq hangomalarnigina gapirib beraman. Qo‘l jangida qatnashganmisan, deb so‘raydi otam. – Yo‘q, – deyman-u, o‘rnimdan turib, xonadan chiqib ketaman. Ammo bu bilan mushkulim oson bo‘lmaydi. Ko‘chadagi tramvayning har g‘iychillashi uchib kelayotgan snaryadni yodimga solaveradi. Birov orqamdan qo‘lini yelkamga tashlaydi. Nemis tili o‘qituvchim, he yo‘q, be yo‘q, sayrab ketadi: – Xo‘sh, u yoqda ishlar qalay? Dahshat bo‘lsa kerag-a? To‘g‘ri, osonmas, lekin bo‘sh kelmaslik kerak. Eshitishimcha, frontda oziq-ovqat masalasi chakkimas, deyishadi. Ko‘rinishingiz yaxshi, Paul, polvon bo‘p ketibsiz. Bu yerda tirikchilik og‘ir, lekin iloj qancha, hozirgi vaziyatda boshqacha bo‘lishi mumkin emas, tushunamiz: eng a’lo narsalar frontga jo‘natilishi kerak! Keyin qahvaxonaga, do‘stlari davrasiga sudraydi. Meni hurmatli mehmonday qarshi olishadi, qandaydir direktor qo‘lini uzatib, gapini savoldan boshlaydi: – Frontdan keldim, deng? Qo‘shinlarimizning jangovar ruhi qanaqa? Qoyil, qoyil! – Har birimiz jon deb uyga jo‘navorgan bo‘lardik, – deyman men. U xaxolab kuladi: – To‘g‘ri, to‘g‘ri! Ishonaman. Lekin avval fransuzlarning ta’zirini berish kerak. Chekasizmi? Mana sizga sigara, oling! Ho‘ yigit, yosh jangchimizga bir krujka pivo opkeling! Peshanam qursin, sigarani tutatib qo‘ygan edim, endi o‘tirishga majburman. Atrofimdagilar menga mehr bilan tikilishadi. Ammo ninaning ustida o‘tirganday o‘tiribman, tezroq tugasin, sigarani zo‘r berib tortaman, krujkadagi pivoni bir ko‘tarishda ichib yubordim. Ular menga yana pivo buyurishadi; askarning oldidagi burchlarini yaxshi bilishadi-da. Keyin qaysi hududlarni zabt etish xususida bahsga kirib ketishadi. Ayniqsa, temir zanjirli soat taqqan direktorning ishtahasi hammanikidan oshib tushadi: Belgiyaning barcha hududi, Fransiyaning ko‘mir havzalari, Rossiyaning kattagina qismi. Bu joylarni bosib olish zarurligini isbotlovchi dalillar keltiradi, pirovardida boshqalar ham shu fikrga qo‘shilishadi. Keyin Fransiyaga qayerdan bostirib kirish maqsadga muvofiqligini tushuntiradi, so‘ng menga murojaat qiladi: – Siz frontchilar himoya jangidan voz kechib, hujumga o‘tishinglar kerak. Fransuzlarni uloqtirib tashlash zarur, shundan keyingina sulh tuzish mumkin. Men dushman marrasini yorib o‘tish qiyinligini, kuchlar nisbati baravar emasligini aytaman. Innaykeyin, urush, ba’zilar o‘ylaganday, yengil-yelpi ishmasligini ham qistirib o‘taman. Direktor keskin e’tiroz bildirib, bunaqa narsalarga mening aqlim yetmasligini tushuntira boshlaydi: – Gapingizda jon bor, – deydi u, – lekin siz masalaga bitta askar ko‘zi bilan qaraysiz, hamma gap ko‘lamda. Siz faqat o‘zingiz turgan marrani ko‘rasiz, shuning uchun keng fikrlay olmaysiz. Siz burchingizni bajarasiz, kerak bo‘lganda, joningizni fido qilasiz, buning uchun sizga o‘xshaganlarning bariga shon-sharaflar bo‘lsin, sizlarga «temir xoch» berish kerak. Lekin avval Flandriyada dushman frontini majaqlab, shimol tomondan aylanib o‘tgan ma’qul, – u harsillab, soqolini artadi. – Frontni uzil-kesil shimoldan janub sari yo‘naltirish zarur. U yog‘i – Parij! Buni siz qanday tasavvur etasiz, deydigan odam yo‘q! Indamay pivoni simiraman. Direktor yana bir krujka buyurmoqchi bo‘ladi. Men o‘rnimdan turaman. U cho‘ntagimga uch-to‘rtta sigara solib qo‘yadi. Yelkamga qoqib, xayrlashadi: – Omon bo‘ling! Sizlardan xushxabar kutamiz! Ta’tilni boshqacha o‘tkazaman deb o‘ylagandim. O‘tgan yilgisi bunaqa bo‘lmagandi. Balki o‘zim o‘zgarib qolgandirman. Har ikkala ko‘z oralig‘ida go‘yo jarlik paydo bo‘lganday. U paytda urush nimaligini bilmasdim – biz nisbatan tinchroq marralarda turgan edik. Endi o‘ylasam, o‘zim sezmagan holda, anchagina tob tashlabman. Nuqul betoqat bo‘laman – meni begona olam qurshab turganga o‘xshaydi. Birovlar so‘rab-surishtiraveradi, boshqalar ma’noli sukut saqlaydi, shu bilan faxrlanayotganliklari chehralaridan sezilib turadi, buni ba’zan ochiq aytishadi ham: bilamiz, bu mavzuda gapirish mumkin emas, deyishadi. O‘zlarini sermulozamat qilib ko‘rsatmoqchi bo‘lishadi-da. Shuning uchun yolg‘iz qolishga intilaman, hech kim boshimni qotirmasa, deyman. Chunki har qanday suhbat bir nuqtaga borib taqaladi: frontda ishlar yaxshi, frontda ishlar yomon – birovga undoq, birovga bundoq, keyin bahslashayotganlar tezgina boshqa mavzuga o‘tib ketishadi. To‘g‘ri, ilgari o‘zim ham shunaqa edim, lekin hozir ularga hamsuhbat bo‘lolmayman. Nazarimda, ular judayam ko‘p gapirishadi. Har kimning o‘z tashvishi, maqsad va orzusi bor, lekin men bu narsalar to‘g‘risida ularga o‘xshab fikr yuritolmayman. Restoran bog‘ida ba’zan birortasi bilan gaplashib qolsam, mana shunday tinch va xotirjam o‘tirish katta baxt ekanini, insonga boshqa hech narsa kerakmasligini tushuntirishga harakat qilaman. Ular jim quloq solishadi, fikrimga qo‘shilib, to‘g‘ri-to‘g‘ri, deyishadi – ammo faqat og‘izda, hamma balo shundaki, faqat og‘izda; to‘g‘ri, tushunishadi, ammo qismangina tushunishadi, ularning miyasi boshqa tashvish bilan band, go‘yo ikki o‘t orasida qolgan odamga o‘xshashadi, lekin buni yaxshi idrok etisholmaydi. Darvoqe, o‘zim ham nimani xohlayotganimni aniq aytolmayman. Ularni xonadonlarida yoki ishxonalarida ko‘rsam, havasim keladi, o‘shalarga qo‘shilib yashasam, urushni butkul unutsam, deyman; ayni paytda bu olam meni o‘zidan nari itaradi, ko‘zimga judayam torday ko‘rinadi. Nima qilish kerak? Bunday olamni parchalab tashlash kerak. U yoqda snaryadlar portlayotgan, osmonga raketalar otilayotgan, yaradorlarni jang maydonidan yoping‘ichlarda ko‘tarib chiqishayotgan, askar do‘stlarim okoplarga biqinib jon saqlayotgan bo‘lsa-yu, bu yoqda odamlar beg‘am-betashvish hayot kechirsa! Bu yerdagilar boshqacha odamlar, men ularni tushunmayman, ularga hasad va nafrat bilan qarayman. Beixtiyor Kat va Albert, Myuller va Tyaden yodimga tushadi. Hozir nima qilishayotganikin ular? Balki oshxonada o‘tirishgandir, balki cho‘milishayotgandir. Tez kunda ularni oldingi marraga jo‘natishadi. Xonamda, stol ortida, mo‘jazgina jigarrang charm divan bor. O‘shanga o‘tiraman. Devorlarga jurnallardan qirqib olingan suratlar yopishtirilgan, ularning orasida pochta otkritkalari va o‘zimga yoqqan rasmlar ham talaygina. Burchakda temir pechka. Ro‘parada kitoblarim terilgan taxta tokcha. Askar bo‘lgunimga qadar shu xonada yashaganman. Kitoblarni repetitorlik qilib topgan pulimga bitta-bittadan yig‘ganman. Ko‘plari kitobfurushlardan xarid qilingan, masalan, mumtoz adiblarning barcha asarlari – jildi bir marka-yu yigirma pfennigdan, ko‘k rangli qalin muqovada. Hamma jildlarni olganman – kitobga o‘ch edim-da, lekin tanlangan asarlarga ko‘pam ishonmasdim, balki noshirlar eng yaxshilarini tanlashmagandir? Shuning uchun faqat to‘la asarlar to‘plamini xarid qilardim. Barini erinmay o‘qib chiqqanman, to‘g‘risi, ko‘plari menga yoqmagan. E’tiborimni aksariyat zamonaviy asarlar jalb etardi; albatta, ularning narxi ham qimmatroq. Kitoblarning ayrimlari nopok yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan: o‘qishga olib, qaytarib bermaganman, ko‘zim qiymagan-da. Tokchalarning bir qismi maktab darsliklari bilan to‘la. Ularni avaylab o‘tirmasdim. Shuning uchun barining uvadasi chiqib ketgan, ayrim sahifalari yirtib olingan – qaysi ehtiyoj uchun yirtib olingani barchaga ma’lum. Tokchaning eng pastki ko‘zida daftarlar, qog‘ozlar, xatlar, rasmlar va mening adabiy mashqlarim taxlog‘liq. Xayolan o‘sha olis damlarga qaytishga urinaman. Axir, mazkur damlar shu yerda, xonamda – uni devorlar saqlab qolgan. Qo‘llarimni divan suyanchig‘iga tashlab, oyoqlarimni tagimga buklab, o‘rnashib o‘tirib olaman. Deraza ochiq, ko‘chaning tanish manzarasi, olisroqda cherkov gumbazi ko‘rinib turibdi. Stolda bir dasta gul, qalamlar, ruchkalar, siyohdon – hech narsa o‘zgarmagan. Agar omadim kelib, urushdan eson-omon qaytsam, hammasi shundayligicha qoladi. Xuddi hozirgiday o‘tiraman, xonamga nazar tashlayman va kutaman. Yuragim hapriqib ketyapti, lekin hayajonimni bosishga tirishaman. Shu tobda qachonlardir kitoblarim yoniga borganda vujudimni chulg‘aydigan sirli talpinish, so‘z bilan ifoda qilib bo‘lmaydigan jo‘shqin ehtirosni yana bir tuygim kelyapti. Mayli, mana shu rang-barang muqovalarni ko‘rganda ichimda qo‘zg‘aladigan to‘fon meni yana o‘z domiga tortsin, mayli, yuragimga cho‘kib qolgan qo‘rg‘oshinday og‘ir toshni eritib, menda yana kelajakka umid uyg‘otsin, tafakkur olamiga kirganda tug‘iladigan quvonchni yana armug‘on etsin, mayli, hayotga tashna, toptalgan bolaligimni bir lahzaga bo‘lsa ham qaytarsin. Men shuni kutib o‘tiribman. Birdan miyamga, Kemmerixning oyisidan xabar olish kerak, degan fikr keladi; Mittelshtedtni ko‘rib qo‘yish ham savob, hozir u kazarmada. Derazadan qarayman: oftob nuriga g‘arq bo‘lgan ko‘cha manzarasi ortidan qator tizilgan tepaliklarning sharpasi g‘ira-shira ko‘zga tashlanadi, keyin uning ustini asta-sekin boshqa manzara to‘sa boshlaydi: charog‘on kuz kuni, biz – Kat, Albert va men – gulxan yonida qovurilgan kartoshka yeb o‘tiribmiz. Lekin hozir buni eslashni istamayman, xayolda ko‘ringan sharpani ko‘z oldimdan nari quvaman. O‘tirgan xonam tilga kirishi va meni o‘z bag‘riga singdirib, yuksaklarga olib chiqishi kerak; men shu xona bilan yagona, yaxlit bir vujud ekanimni his etishim zarur, toki frontdan qaytganimdan so‘ng shunga amin bo‘layki, uyga qaytish quvonchi urush dog‘larini yuvib yuboradi, jang vasvasasi temir zangiday tanamizni kemirmaydi, u endi bizning ustimizdan hech qachon hukmronlik qilolmaydi! Kitob muqovalari bir-biriga yopishib ketgan. Lekin qaysi kitob qayerda turganini yoddan bilaman. O, qadrdonlarim, meni safingizga qo‘shing, men bilan so‘zlashing. O, avvalgi farahbaxsh, osuda hayot, meni bag‘ringga qaytarib olgin... Kutaman, kutaman. Ko‘z o‘ngimda manzaralar birin-ketin o‘taveradi, lekin tutqich bermaydi, chunki ular ro‘yo, bor-yo‘g‘i xayolot. Hech narsa yo‘q, hech narsa yo‘q. Bezovtalana boshlayman. Birdan meni begonalik hissi chulg‘ab oladi. O‘tmishga yo‘lni yo‘qotdim, quvg‘indiga aylanib qoldim; qancha urinmay, qancha yolvormay, hamma narsa sukutda; xonamda ma’yus o‘tiribman, o‘tmish xuddi mahbusdan yuz o‘girganday, mendan o‘zini olib qochadi. Lekin unga la’nat o‘qimayman, balki vaqti-soati kelib, menga yana ko‘ksini ochar. Men askarman, askar hamma narsaga tayyor turishi kerak. Kechinmalarimdan majruh bo‘lib, tokcha yoniga boraman. Bir kitobni qo‘limga olib, o‘qishga tutinaman. Keyin uni joyiga qo‘yaman-da, boshqasini olaman. Varaqlayman, varaqlayman, birini tashlab, biriga yopishaman. Oldimda kitob uyulib ketgan. Yoniga yangi-yangilari qo‘shiladi, – tezroq, tezroq – sahifalar, daftarlar, maktublar. Ularning qarshisida, xuddi sud ro‘parasida turganday, miq etmay turibman. Ishlar pachava. So‘zlar, so‘zlar, so‘zlar, lekin ular miyamga kirmaydi. Kitoblarni asta joy-joyiga teraman. Bari tugadi. Ana shunday kayfiyatda xonadan chiqaman. Lekin hali umidimni uzganim yo‘q. To‘g‘ri, xonamga endi kirmayman, ayni paytda, bir-ikki kun hech narsani hal qilmaydi, deb o‘zimga tasalli beraman. Keyinroq vaqtim mo‘l bo‘lar, balki yillab xonamdan chiqmasman. Hozir esa kazarmaga Mittelshtedtni ko‘rgani jo‘nayman. Mana, xonasida o‘tiribmiz; xonada tanish hid, menga yoqmasa ham, harqalay ko‘nikib ketganman. Mittelshtedtning gapi yig‘ilib qolgan ekan, berilib tinglayman. U Kantorekning ko‘ngilli askarlar safida ekanini aytadi. – Falakning gardishini qara-ya, – deydi u bir nechta ajoyib sigara chiqazib, dala shifoxonasidan meni bu yoqqa jo‘natishadi, o‘sha kuniyoq Kantorekka duch kelaman. U qo‘l berib so‘rashmoqchi bo‘ladi. «Iye, o‘zimizning Mittelshtedt-ku, xo‘sh, ishlar qalay?» deydi. Jiddiy turib, javob qaytaraman: «Ko‘ngilli Kantorek, do‘stlik o‘z yo‘liga, xizmat o‘z yo‘liga, shuni bilib qo‘yishingiz kerak. Qaddingizni g‘oz tuting, boshliq bilan gaplashyapsiz». O‘sha paytdagi ahvolini bir ko‘rganingda edi: baqa bo‘lib qoldi. Keyin yaltoqlana boshladi. Battar jerkidim. Noiloj eng zo‘r deb bilgan qurolini ishga soldi: «Balki imtiyozli imtihon topshirishni xohlarsiz? Yordam berishim mumkin». Eski gapni yodimga solmoqchi, tushunyapsanmi? Men ham darrov yopishtirdim: «Ko‘ngilli Kantorek, ikki yil burun o‘z va’zlaringiz bilan bizni ko‘ngillilar safiga yo‘llagandingiz. Iozef Bemning borgisi yo‘q edi. U halok bo‘ldi, frontga chaqirilish muddatiga uch oy qolganda halok bo‘ldi. Iozefning boshiga siz yetdingiz. Endi – orqaga to‘la burilib, yurilsin! Siz bilan hali gaplashamiz». Atayin o‘shaning rotasiga yozildim. Birinchi qilgan ishim uni kiyim-kechak omboriga olib borib, yaxshilab yasantirdim. Hozir o‘zing ko‘rasan. Biz hovliga chiqamiz. Rota saf tortgan. Mittelshtedt «Erkin holatda turilsin!» degan buyruqni bergach, tekshirishni boshlaydi. Shunda ko‘zim Kantorekka tushadi, kulgidan o‘zimni arang tiyaman. Egnida frakka o‘xshagan oldingi etagi qisqa, orqa etagi uzun ola-bula kiyim. Yelkasi va yenglarida katta-katta qora yamoq. Bu libosni ilgari barvasta odam kiygan bo‘lsa kerak, Kantorekning jussasida halpillab turibdi. Eski qora shim, aksincha, kalta-pochasi boldiriga arang yetadi. Ammo botinka oxurday, uchlari qayrilgan, ikki yonida bog‘ichlari ham bor. Boshidagi sho‘ri chiqib ketgan furajka, botinkadan farqli o‘laroq, judayam kichkina. Qisqasi, sho‘rlikning ko‘rinishi qip-qizil tasqara. Mittelshtedt uning oldida to‘xtaydi: – Ko‘ngilli Kantorek, tugmalaringizga bir qarang. Qachon o‘rganasiz? Uyat, Kantorek, uyat. Men huzur qilyapman. Maktabda Kantorek Mittelshtedtga xuddi shunday ohangda tanbeh berardi: «Uyat, Mittelshtedt, uyat...» Mittelshtedt uni ezishda davom etadi: – Bettxerni ko‘ryapsizmi? Haqiqiy askar mana shunaqa bo‘ladi, o‘rnak oling! Ko‘zlarimga ishonmayman. Ha, rostdan ham, Bettxer, maktabimizning qorovuli. Kantorekka o‘rnak qilib ko‘rsatayotgan kishisini qarang! Qoyil! Kantorek menga qahr bilan ko‘z qirini tashlaydi – yeb qo‘ysa-da! Ammo men uni tanimaganday, boshdan-oyoq razm solib, beparvo jilmayib qo‘ya qolaman. Ammo-lekin Mittelshtedt tushmagur kiyimni ham topibdi-da! Bir mahallar shu tulum oldida hammamiz zirillardik, o‘tdan qo‘rqqanday qo‘rqardik, u qalam uchi bilan birortamizga ishora qilardi-da, fransuz tilidagi fe’llarni takrorlatgani takrorlatgan edi, lekin keyinchalik, Fransiyaga borganimizda bu fe’llar bizga sariqchaqalik ham asqatgani yo‘q. Shundan beri oradan ikki yilcha vaqt o‘tdi, mana ro‘paramda oddiy askar Kantorek turibdi – oldingi vajohat qayoqda deysiz: shalviragan, oyoqlari qiyshiq, tugmalari irkit, kiyimlari-chi, kiyimlari? Askar emas, sirkdagi masxarabozning o‘zginasi. Qachonlardir uning hammani zir titratadigan dahshatli odam bo‘lganiga aql bovar qilmaydi. Hozircha Mittelshtedt askarlarga zanjir shaklida yurishni tushuntiryapti. «Hurmat» yuzasidan Kantorekni bo‘linma komandiri qilib tayinlaydi. Bekorga bunday qilgani yo‘q. Gap shundaki, zanjir shaklida yurilganda komandir har doim safdan yigirma qadam oldinda bo‘lishi kerak. Birdan, «To‘la orqaga burilib, yurilsin!» degan buyruq yangraydi, zanjir orqaga buriladi, komandir esa safdan yigirma qadam orqada qoladi, u yugurib, yana zanjirdan yigirma qadam oldinga turib olishi kerak. Jami qirq qadam. Ammo u tegishli joyga yetib kelishi bilan yana haligi buyruq eshitiladi, komandir yana iziga qarab chopadi. Shu tariqa, bo‘linma ortiqcha aziyat chekmaydi: buyruq yangraganda orqaga buriladi-yu, o‘n qadamcha yuradi, xolos. Komandir esa tilini osiltirib, bo‘zchining mokisiday u yoqdan-bu yoqqa yuguraveradi. Bu Ximmelshtos bisotidagi sinalgan usullardan biri. Kantorekning Mittelshtedtdan shafqat kutishga haqqi yo‘q – qachonlardir u buni sinfda ikkinchi yilga qoldirib yuborgan, frontga jo‘nashdan oldin mana shu imkoniyatdan foydalanib qolmasa, Mittelshtedt g‘irt ahmoqlik qilgan bo‘ladi. Shukrki, harbiy xizmat shunday ajoyib sharoitni yaratib qo‘yibdi. Keyin o‘lib ketsang ham alam qilmaydi. Ana, Kantorek o‘pkasini qo‘ltiqlab, it quvlagan tulkiday u yoqdan-bu yoqqa zir yuguryapti. Axiyri, Mittelshtedt mashqni to‘xtatishni buyuradi, endi navbat qorinda sudralishga, mashg‘ulotning eng mas’uliyatli qismi. Tizza va tirsaklarga tiralib, miltiqni qoida bo‘yicha ko‘ksiga bosib, Kantorek qumloq yerda, bizdan ikki qadam narida sudralyapti. Nuqul pishillaydi, ovozi bizga musiqaday eshitiladi. Mittelshtedt oddiy askar Kantorekka sinf rahbari Kantorekning so‘zlari bilan dalda beradi: – Ko‘ngilli Kantorek, bizga buyuk davrda yashash baxti nasib etgan, binobarin, yo‘limizda uchraydigan har qanday g‘ovni yengib o‘tish uchun butun kuchimizni safarbar qilishimiz kerak. Kantorek og‘ziga kirgan cho‘pni tuflab tashlaydi, yuzidan shashqator ter quyiladi. Mittelshtedt pastroq engashib, astoydil kuf-suf qiladi: – Siz mayda-chuyda narsalarga alahsib, bemisl voqealarning ishtirokchisi ekaningizni unutmang, ko‘ngilli Kantorek! Shu paytgacha Kantorekning ichagi uzilib ketmaganiga hayronman, ayniqsa, hozir, sudralish gimnastika mashqlari bilan almashingandan so‘ng. Mittelshtedt sobiq o‘qituvchisiga qoyillatib taqlid qilyapti: Kantorek turnikka osilganda ketidan xiyol ko‘tarishvoradi va iyakni tutishni o‘rgatadi; yana shunaqa aqlli maslahatlar beradiki, yoqangni ushlab qolasan. Kantorekning o‘zi ham maktabda unga xuddi shunday muomala qilardi. Nihoyat, Mittelshtedt navbatdagi buyruqni beradi: – Kantorek va Bettxer, nonga borib kelinglar! Aravachani olinglar. Bir necha daqiqadan so‘ng Kantorek sherigi bilan aravachani sudrab, darvozadan chiqib ketadi. Uning boshi xam, yengil ish topshirilgani uchun qorovul xursand. Garnizon novvoyxonasi tupkaning tagida. Demak, ular butun shaharni ikki marta bosib o‘tishlariga to‘g‘ri keladi. – Ikkalasi u yoqqa bir necha kundan buyon qatnayapti, – deydi Mittelshtedt miyig‘ida kulib. – Ularni kutib turishadi. Yoqib qolishgan-da. – Qoyil, – deyman men. – Shikoyat qilgani yo‘qmi? – Urinib ko‘rdi. Komandirimiz nima gapligini eshitganidan so‘ng rosa kuldi. Maktabdan chiqqan nasihatgo‘ylarga sirayam toqati yo‘q. – Kantorek imtihon paytida oyog‘ingdan chaladi. – Tupurdim, – deydi Mittelshtedt bepisand. – Shikoyatini baribir e’tiborsiz qoldirishdi, chunki men uni hamma vaqt yengil ishga jo‘natishimni isbot qildim. – Og‘irroq ishga tashlamaysanmi? – Ovora bo‘lib yuramanmi? Kallasi tuzukroq ishlasa ham mayli edi, – javob beradi Mittelshtedt qo‘l siltab. Ta’til nima o‘zi? Ikki yo‘l orasidagi intiqlik, u yog‘i yana uzluksiz mashaqqat. Hozirdanoq ayriliq nafasi sezilib turibdi. Oyim menga unsiz termiladi. Bilaman, kun sanayapti. Ertalablari xomush bo‘lib qoladi. Mana, yana bir kun ketdi. Xaltamni yashirib qo‘ygan – judolikni eslatmasligi uchun shunday qilgan. Vaqt tez o‘tyapti. Opamni kuzatib qo‘yaman. U qushxonaga otlangan, ozgina suyak olmoqchi. Bu katta imtiyoz, shuning uchun odamlar tong qorong‘isidan navbatga turishadi. Ko‘plari o‘sha yerning o‘zida yiqilib qoladi. Omadimiz kelmadi. Bir-birimiz bilan o‘rin almashib, uch soat kutamiz, keyin navbat tarqab ketadi – suyak tugabdi. Tolemizga mening payogimni berishadi. Uyga olib kelaman. Shu bahona tuzukroq tamaddi qilamiz. Kun o‘tgan sayin ko‘nglimiz xijil bo‘laveradi, oyimning ko‘zlari to‘la mung. To‘rt kun qoldi. Kemmerixning onasidan xabar olishim kerak. Buni tasvirlab bo‘lmaydi. Titrab-qaqshab, o‘kirib yig‘layotgan ayolning holatini ifodalashga so‘z ojizlik qiladi. Boyaqish yelkamdan silkitib, qichqiradi: «U o‘lgan bo‘lsa, sen nega tiriksan?» Keyin yig‘i aralash javrab ketadi: «Nega sizlarni u yoqqa jo‘natishadi, axir, hali go‘daksizlar-ku!» Axiyri, stulga o‘tirib qoladi: «Uni ko‘rdingmi? Ko‘rishga ulgurdingmi? Qanday jon berdi?» Yuragidan o‘q yeb, bir zumda o‘ldi, deyman. Ishonmaydi. – Yolg‘on gapiryapsan. Hammasini bilaman. Qiynalib jon bergan. Ovozini eshitdim. Rostini ayt, men bilishim kerak. – Unaqamas, – deyman men, – yonida edim. Joni darrov uzildi. Endi avrashga tushadi: – Ayt. To‘g‘risini gapir. Bilib turibman, meni ayayabsan, lekin battar qiynayotganingni sezmayapsanmi? Undan ko‘ra, aldama. Bexabarlikdan yomon narsa yo‘q, haqiqatni oshkor qil, har qancha og‘ir bo‘lsa ham, ayt. Bu men tasavvur qilayotganimdan ko‘ra afzalroq-ku. Men hech qachon haqiqatni aytmayman. Aytolmayman. Ayolga rahmim keladi, g‘alatiroq ekan o‘zi: haqiqatni bildi nima-yu, bilmadi nima, Kemmerix qayta tirilmaydi-ku. O‘limni ko‘raverib, diydam qotib ketgan. Bitta o‘limga ham shunchalikmi? Sal dag‘alroq javob qaytaraman: – Til tortmay o‘ldi. Og‘riqni sezganiyam yo‘q. Uyquga ketgan kishiday ko‘zlarini yumdi-qo‘ydi. Ayol biroz sukut saqlab, yana so‘roqqa tutadi: – Qasam ichasanmi? – Albatta. – Aziz avliyolarni o‘rtaga qo‘yib, a? Yo tavba, aziz-avliyolar nima bo‘pti? Bu men uchun nisbiy tushuncha. – Ha, tezgina jon berdi. – Orqamdan takrorla: «Agar gapim yolg‘on bo‘lsa, uyimga tirik qaytmay». Takrorlayman. Bundan battar qasamlarni ham ichishim mumkin. Endi ishondi shekilli. O‘tirib, uzoq yig‘laydi. Keyin qanday bo‘lganini gapirib berishimni iltimos qiladi; men bir balolarni to‘qiyman, cho‘pchagimga o‘zim ham ishonib ketishimga bir bahya qoladi. Ketayotganimda peshonamdan o‘pib, Kemmerixning suratini sovg‘a qiladi. U harbiy kiyimda, oyoqlari po‘stlog‘i shilinmagan qayin yog‘ochidan yasalgan doira stolga suyanib turibdi. Orqa tomonda – o‘rmon manzarasi. Stol ustida bir krujka pivo. Jo‘nash arafasidagi so‘nggi oqshom. Deyarli gaplashmaymiz. Men barvaqt yotaman; yostiqlarni ustma-ust qo‘yib, yuzimni bosaman. Yana qachonlardir par yostiqqa bosh qo‘yish nasib etarmikin menga? Allamahalda xonamga oyim kirib keladi. Meni uyquga ketgan deb o‘ylaydi, men ham o‘zimni uxlayotganga solaman. Hozir suhbat qurishning mavridi emas. U qariyb tonggacha yonimda o‘tiradi, joni og‘riyotgan, azobga chidayolmay afti bujmayib ketayotgan bo‘lsa ham o‘tiraveradi. Axiyri, sabr-bardoshim tugab, uyg‘ongan kishi bo‘laman. – Kirib uxlang, oyi, bu yerda shamollab qolasiz. – Uxlashga ulguraman, – javob beradi oyim pinagini buzmay. Yostiqqa yonboshlayman. – Hali frontga ketayotganim yo‘q, oyi. To‘rt hafta lagerda bo‘laman. Ehtimol, biror yakshanba kelib ketarman. Indamaydi. Keyin shivirlab so‘raydi: – Qo‘rqyapsanmi? – Nega qo‘rqaman, oyi? – Shu gap qulog‘ingda tursin: Fransiyada ayollardan ehtiyot bo‘l. U yerning juvonlari sal yengilroq. Eh, oyi, oyi! Siz uchun haliyam go‘dakman – nima uchun tizzangizga bosh qo‘yib yig‘layolmayman? Nima uchun har doim sipo va jiddiy bo‘lishim kerak? Axir, mening ham yig‘lagim, yupatuvchi so‘zlarni eshitgim keladi-ku. Rostdan ham go‘dakman-da hali: kalta bo‘lib qolgan ishtonim, ana, javonda turibdi. Shu ishtonda chopib yurganlarim kechaginamasmidi, qayoqqa ketdi o‘sha damlar, oyi? Iloji boricha xotirjam javob qaytarishga urinaman: – Qismimiz turgan joyda ayollar yo‘q. – Frontda ham o‘zingni ehtiyot qil, u yoq bu yog‘ingga qarab yur, Paul. Eh, oyi, oyi! Nima uchun bag‘ringizga qaytadan singib, siz bilan birga jon berolmayman, oyijon? Qanday baxtiqaro odamlarmiz! – Ehtiyot bo‘laman, xavotirlanmang. Eh, oyi, oyi! Keling, o‘rnimizdan turaylik-da, o‘tmishimizga qaytaylik, to boshimizdan kulfat arimaguncha ketaveraylik, ketaveraylik... – Balki xavfsizroq joyga o‘tkazishlarini so‘rab ko‘rarsan? – Meni oshxonada qoldirishlari mumkin. – Yo‘q dema. Odamlar gapirsa gapirar. – Gapiravermaydimi, menga nima, oyi. Oyim xo‘rsinadi. Qorong‘ilikda yuzi oppoq dog‘ga o‘xshab ko‘rinadi. – Endi kirib uxlang, oyi. Javob bermaydi. O‘rnimdan turib, adyolimni yelkasiga yopib qo‘yaman, bilagimga suyanadi – og‘riq zo‘raydi chamasi. Yotoqxonaga olib kirib, anchagacha yonida o‘tiraman. – Qaytgunimcha tuzalib keting, oyi. – Xudo shifo bersa. – Menga hech narsa jo‘natmanglar. Ovqatimiz yetarli. O‘zinglar qiynalmasanglar bas. Ana, oyim to‘shakda yotibdi, meni yer-u ko‘kka ishonmaydi. Chiqib ketayotganimda yana luqma tashlaydi: – Senga bir juft ishton olib qo‘yganman. Toza yungdan. Issiqina yurasan. Xaltaga solish esingdan chiqmasin. Eh, oyi, uni osonlikcha topmaganingizni men bilaman-ku. Nechta joyda sarg‘aygansiz, navbatda turgansiz! Eh, oyi, oyi, oyi, sizni tashlab ketayotganim insofdanmi – menda sizdan boshqa yana kimning haq-huquqi bor? Men hali shu yerdaman, siz to‘shakda yotibsiz, bir-birimizga aytadigan gaplarimiz ko‘p, lekin ularni hech qachon oxirigacha izhor etolmaymiz. – Yaxshi yotib turing, oyi. – Yaxshi tushlar ko‘rgin, bolaginam. Xona qorong‘i. Oyimning bir tekis nafas olishi va soatning chiqillashi eshitilib turibdi. Ko‘cha shamol. Kashtanlar chayqaladi. Dahlizda xaltamga qoqilib ketaman – u taxt qilib qo‘yilgan, ertaga barvaqt jo‘nab ketishim kerak. Yostiqni tishlab, barmoqlarim bilan karavot panjarasini qisaman. Bu yoqqa kelmasligim kerak edi. Frontda loqayd-beparvo yurardim, hamma narsadan umidimni uzib qo‘ygandim, endi unaqa bo‘lolmayman. Men askar edim, endi esa vujudim butkul og‘riqdan iborat, bu og‘riq – o‘zimga va oyimga achinishdan, ertangi kunimizning zimziyo va tamomila mavhumligini anglashdan tug‘ilgan og‘riq. Ta’tilga kelmasligim kerak edi. Bu lagerning baraklari hanuz yodimda. Ximmelshtos shu yerda Tyadenni «tarbiyalagan». Lekin odamlari deyarli notanish: hamma narsa o‘zgarib ketgan. Eskilardan uch-to‘rtta kishiga ko‘zim tushdi, xolos. Xizmat bir maromda o‘tyapti. Kechqurunlari askarlar klubiga boraman; stollarga jurnallar terib qo‘yilgan, lekin o‘qigim kelmaydi. U yerda royal ham bor, miriqib chalaman. Bizga ikkita qiz xizmat ko‘rsatadi, biri judayam yosh. Lager baland sim devor bilan o‘rab olingan. Kechasi klubdan qaytganda ruxsatnomani ko‘rsatish kerak. Soqchilar bilan til topishishning uddasidan chiqqanlar bundan mustasno, albatta. Har kuni bizni atrofi qayin va archa daraxtlari bilan qurshalgan sayxonlikka mashqqa olib borishadi. Hozircha og‘ir emas, chidasa bo‘ladi. Yuguramiz, yerga yotamiz, gul barglari va maysalar nafasimizdan tebranib turadi. Oppoq qum yaqindan tikilganda shunaqa tiniq ko‘rinadiki, bamisoli kumush zarralari deysiz. Kaftingni botirib-botirib olging keladi. Lekin bu yerdagi eng go‘zal joy – qayinzor etaklari. Daraxtlar lahza sayin tusini o‘zgartirib turadi. Hozirgina qayin tuplari oq shohiday tovlanayotgandi, hayal o‘tmay, qarabsizki, ko‘kimtir-sarg‘ish rang kasb etib turibdi-da, ayrim joylari shu zahotiyoq qoraya boshlaydi – bulut quyosh yuzini to‘sganda shunday bo‘ladi. Ko‘lanka qayinzor oralab sirg‘ala-sirg‘ala dashtlikka chiqib oladi, so‘ng ufqqa bebiliska singib ketadi, daraxtlar yana dastasi oq bayram tug‘lariday ko‘zni o‘ynatadi, yaproqlari yal-yal yonadi. Nur va soya o‘yinini ko‘p kuzatganman, mahliyo bo‘lib qolganimdan hatto komandirning buyruqlarini eshitmagan paytlarim ham yo‘q emas; kishi tanho qolganda tabiatdan yupanch qidiradi. Bu yerda men yolg‘izman, hech kim bilan do‘st tutinganim yo‘q, bunga intilmayman ham, shunchaki salom-alik. Nari borsa, valaqlashib o‘tiramiz yoki «yigirma bir» o‘ynaymiz. Baraklarimiz yonida rus harbiy asirlarining kattakon lageri bor. O‘rtada tikanli simdevor. Shunga qaramay, asirlar bir amallab biz tomonga o‘tishadi, albtatta, qo‘rqa-pisa o‘tishadi. Ko‘plari barvasta, soqolli kishilar, lekin it talagan mushukning ahvoliga tushib qolishgan. Ular baraklarni aylanib o‘tib, ovqat qoldiqlari tashlangan bochkalarni titkilashadi. Nima topishadi, hayronman. O‘zimiz yarim ochmiz, yemishimiz – sholg‘om, cho‘pdan farq qilmaydigan sabzi, chirigan kartoshka-ku xushxo‘r ovqat hisoblanadi; eng tansiq taom – suyuqdan-suyuq mastava, ichida chandir qiymalari suzib yuradi, shunaqa mayda kesilganki, qoshiqda turmaydi. Baribir paqqos tushiriladi. Mabodo, birorta nozikta’brog‘i oxirigacha yemagan taqdirda ham, ko‘z tikib turganlar soni mingta. Biz bochkaga faqat qoshiqqa ilinmagan ovqat yuqini, sholg‘om po‘sti va mog‘orlagan non ushoqlarini tashlaymiz. Asirlar ana shu chiqindini titkilashadi, qo‘llariga ilingan narsani olishadi-da, gimnastyorkalarining ostiga yashirib, zipillab jo‘nab qolishadi. Dushmaningni yaqindan kuzatish maroqli. Ularga qarab turib, o‘ylanib qolasan. Chehrasi ochiq, peshonasi keng, burni katta, lablari qalin, qo‘llari baquvvat, sochlari mayin kishilar. Ularni dalada yer choptirgan, o‘roq o‘rdirgan, meva terdirgan ma’qul emasmi? Ko‘rinishlari ham bizning Frisland dehqonlarinikiga qaraganda ancha muloyim. Ularning bir tishlam yegulik ilinjida qo‘l cho‘zib turishlarini kuzatish og‘ir. Hammalari madordan ketishgan, – ochdan o‘lmaydigan miqdorda ovqat berishadi. Yoppasiga ichburug‘ kasaliga yo‘liqishgan, ichlaridan qon ketadi. Ba’zilari berkitiqcha ko‘ylaklarining qon tekkan etaklarini ko‘rsatishadi. Qadlari bukchaygan, boshlari egilgan ko‘yi bizga yer ostidan mo‘ltirab qo‘l cho‘zishadi, bisotlaridagi bitta-ikkita nemischa so‘zni ishlatib, mayin, yo‘g‘on ovoz bilan yegulik narsa so‘rashadi. Bu ovozlar pechka chirsillab turgan tinch dehqon xonadonini yodga soladi. Biznikilar ba’zan ularni tepib ham yuborishadi, asirlar muk tushib qolishadi, xayriyat, unaqalar kam. Ko‘pchiligimiz ularga tegmaymiz, lekin e’tibor ham bermaymiz. Shunisi ham borki, ayrim paytlarda asirlar o‘zlarini shu darajada abgor tutishadiki, beixtiyor jahling chiqib ketadi. Namuncha mo‘ltirab qarashmasa! Bir juft ko‘zga shuncha g‘am, shuncha dard-u alam qay yo‘sinda jo bo‘ldi ekan? Kechqurunlari o‘rislar barak oldida bozor tashkil etishadi. Bor narsalarini nonga almashtirishadi. Ularning etigi biznikidan yaxshi, charmi yumshoq. Uyidan posilka oladigan askarlarimiz etikli ham bo‘lib olishadi. Bir etik uchun ikki-uch buxanka non yoki bir buxanka non bilan bir halqa dudlangan kolbasa berishga to‘g‘ri keladi. Ammo asirlarning deyarli barchasi bor-shudini almashtirib bo‘lgan. O‘zlari juldur kiyimda. Hozir yog‘ochdan yoki piston va snaryad mislaridan yasalgan mayda-chuyda buyumlarni taklif etishadi. Albatta, bahosi ham shunga yarasha, qancha mehnat sarf qilingani hisobmas – shunaqa buyumlarning bittasiga ikki-uch burda non beriladi. Bizning dehqonlarimiz mumsik va ayyor, savdolashishni bilishadi. Bir bo‘lak non yoki kolbasani chiqazib, asirning tumshug‘i oldida o‘ynatib turishaveradi, asir axiyri taslim bo‘ladi. Endi unga baribir. Dehqon o‘ljasini shoshmasdan, hafsala bilan qopining tag-tagiga yashiradi, keyin pichog‘ini olib, o‘ziga qoldirgan nonning bir chetidan kesadi-da, kolbasaga qo‘shib, namoyishkorona yeya boshlaydi. Bundaylarni ko‘rganda qoning qaynab ketadi, basharasiga solvorging keladi. O‘rislarning lageri oldidagi postda ko‘p turaman. Qorong‘ida ularning sharpasi yarador laylakka, ulkan qushlarga o‘xshab ko‘rinadi. Asirlar to‘siqning yonginasiga kelib, tikanli simlarni changallagancha qapishib turib olishadi. Ular shamol dasht va o‘rmondan eltayotgan havodan nafas olishadi. Kam gaplashishadi, ikki-uch og‘iz luqmadan nariga o‘tishmaydi. Bir-birlariga, bizning lagerlarimizdagilarga nisbatan, oqibatli. Ehtimol, o‘zlarini bizdan ko‘ra baxtsizroq his etganlari tufayli shundaydir. Aslida ular uchun urush allaqachon tugagan. Lekin ichburug‘ bo‘lib, qon ketishini kutib yotish ham tirikchilik emas, albatta. Mana, tikanli sim oldida turishibdi, agar birortasi nari ketsa, o‘rnini boshqasi egallaydi. Churq etishmaydi. Ba’zilari faqat sigareta qoldig‘ini so‘rashadi. Qora sharpalarni ko‘rib turibman. Soqollari shamolda hilpirayapti. Ularning mahbuslar ekanidan boshqa hech nimani bilmayman, xuddi mana shu narsa meni sarosimaga soladi. Bular aybsiz aybdorlar, ismsiz jonzotlar; agar bular to‘g‘risida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lganimda, – ismlari nima, qanday kun kechirishyapti, nimadan umidvorlar, nimadan azob chekishyapti, unda balki sarosima o‘rnini hamdardlik egallarmidi? Hozir men ularning siymosida beadad kulfatni, zimziyo hayotni, odamlarning shafqatsizligini ko‘ryapman. Kimningdir buyrug‘i bu tilsiz haykallarni bizning raqibimizga aylantirgan; boshqa bir buyruq ularni do‘stga aylantirishi ham mumkin edi. Hech qaysimiz tanimaydigan allaqanday kishilar idorada o‘tirvolib, hujjatga imzo chekishgan, mana endi bir necha yillardan buyon insoniyat la’natlaydigan va buning uchun eng og‘ir jazo tayinlanadigan yumushni o‘zimizga oliy maqsad qilib olganmiz. Yuvosh, chehrasi o‘smirlarnikiga, soqoli mullalarnikiga o‘xshaydigan bu odamlarni hozir qaysi birimiz dushman deb bilamiz? Ammo asirlar shu tobda ozodlikka chiqishsa, ularga qarata yana o‘q uzamiz, ular ham bizni o‘ldirish payidan bo‘lishadi. Dahshatga tushaman; o‘ylab, o‘yimning oxiriga yetolmayman. Bu yo‘l jahannamga eltishi muqarrar. Bunaqa fikr-mulohazalarning hozir mavridi emas. Ammo men bugun ko‘nglimdan kechgan o‘ylarni unutmayman, urushning oxirigacha eslab qolaman. Yuragim sanchadi: okoplarda yotib xayol qilganim birdan-bir ulug‘ maqsad, men izlagan va inson orzulari chilparchin bo‘lganidan so‘ng ham odamlarga yashash imkonini beradigan oliy maqsad shu emasmidi? Bundan keyingi hayotingda o‘z oldingga qo‘yadigan vazifa, shuncha yil do‘zax azobini tortgan odamlarga yarashadigan ish aynan mana shu bo‘lishi kerak emasmi? Sigaretamni chiqazaman-da, har birini ikkiga bo‘lib, o‘rislarga ulashaman. Ular ta’zim qilib, tutatishadi. Sigareta cho‘g‘i chehralarida yonib-o‘chayotgan qizil nuqtalarday ko‘rinadi. Birdan yengil tortaman: go‘yo qop-qorong‘i qishloq uylarining derazalarida chiroq yona boshlagan, derazaning naryog‘ida esa iliq-issiq, osuda xonalar borligidan darak berayotgandek bo‘ladi. Kunlar o‘tyapti. Bugun ertalab o‘rislar yana bir sheriklarini dafn etishdi. Keyingi paytlarda kuniga uch-to‘rtta odam o‘lyapti. Haligini qabrga tushirganlarida postda edim. Mahbuslar motam qo‘shig‘ini aytishdi, har xil ovoz, lekin xorga o‘xshamaydi, ko‘proq poyonsiz dashtga o‘rnatilgan organning sadosini eslatadi. Motam marosimi tez tugaydi. Kechqurun asirlar yana simto‘siq oldiga kelishadi. Qayinzordan shamol esib turibdi. Osmonda yulduzlar sovuq yiltiraydi. Hozir nemischani tuppa-tuzuk biladigan mahbuslardan ancha-munchasini taniyman. Shulardan biri – sozanda, qachonlardir Berlinda skrip- kachilik qilgan ekan. Royal chalishimni eshitib, skripkasini oladi-da, chala boshlaydi. Boshqalar o‘tirib, sim devorga suyangancha jim tinglashadi. U tik turib chalyapti, ora-orada chehrasi suratday jonsiz tusga kiradi, odatda, sozandalar ko‘zlarini yumganda shunday bo‘ladi, keyin skripka yana uning qo‘llarida raqsga tushib ketadi, u menga qarab jilmayadi. Xalq kuylarini chalyapti shekilli: sheriklari so‘zsiz, dimog‘larida unga jo‘r bo‘lishadi. Go‘yo qop-qora do‘ngliklar yo‘g‘on, bo‘g‘iq ovozda xirgoyi qilayotganga o‘xshaydi. Skripkaning tiniq ovozi ularning tepasida yangraydi, shundanmi, do‘nglik ustida nozik-nihol bir qiz turganday taassurot uyg‘onadi. Ovozlar tinadi, lekin kuy to‘xtamaydi, xuddi skripka sovuqda dildirayotganday, ohang ingichkalashib boraveradi. Bunday sozni yopiq joyda, bino ichida tinglagan ma’qul, chamasi. Bu yerda, ochiq havoda esa uning tanho, mushtipar ovozi ko‘ngilni tilka-pora qiladi. Yakshanba kunlari menga javob berishmaydi – ta’tildan endigina qaytganman-da. Shuning uchun bu yerdan jo‘nab ketishimdan oldin, oxirgi yakshanbada dadam bilan opamning o‘zlari kelishadi. Kun bo‘yi askarlar klubida o‘tiramiz. Boshqa qayoqqa ham borardik? Barakka oyoq tortmaydi. Tushda dashtga chiqib ketamiz. Vaqt sekin o‘tadi; nimani gaplashishni bilmaymiz. Suhbat oyimning kasaliga borib taqaladi. Rakligi rost ekan, shifoxonaga yotqizishibdi, operatsiya qilisharmish. Oyimning sog‘ayib ketishiga do‘xtirlar umid bog‘lashayotganmish, lekin rakning tuzalganini biz eshitmaganmiz. – Qayerda yotibdilar? – Muqaddas Luiza harbiy shifoxonasida, – javob beradi dadam. – Nechanchi toifadagi xona? – Uchinchi. Operatsiya bahosini aytishguncha kutishga to‘g‘ri keladi. Oyingning o‘zi shunaqa xonaga yotqizishni iltimos qildi. Zerikmay yotaman, dedi. Buning ustiga, arzonroq. – Unaqa xonada odam ko‘p bo‘ladi-ku! Kechasilari mijja qoqmay chiqsalar kerak. Dadam bosh silkiydi. Yuzi horg‘in, ajinlari ko‘paygan. Oyim ko‘p kasal bo‘lardi; to‘g‘ri, shifoxonada bir marta yotgan, xolos, o‘zimiz zo‘rlab yotqizganmiz. Shunda ham anchagina pul ketgan. Butun og‘irlik dadamning gardanida. – Operatsiya qanchaga tushishini bilib qo‘ysak, yomon bo‘lmasdi. – So‘ramadinglarmi? – Yo‘q. Tomdan tarasha tushgandek shu savolni bersak, do‘xtirning jahli chiqib ketishi mumkin. Nima bo‘lganda ham oyingni shu odam operatsiya qiladi-da. Ha, kambag‘alning sho‘ri qursin. U oddiy narsani ham so‘ray olmaydi, ichini it tirnab yuraveradi. Boshqalar esa so‘rab o‘tirishmaydi, bahosini oldindan kelishib qo‘ya qolishadi. Do‘xtir xafa bo‘lmaydi. – Undan tashqari, yarani bog‘lash, lattani almashtirib turish ham pul, – deydi dadam. – Shifoxona mablag‘ ajratmaydimi? – Oying uzoq yotadigan bemor. – Ozgina bo‘lsa ham pulinglar bormi? Dadam bosh chayqaydi: – Yo‘q. Qo‘shimcha ish topmasam bo‘lmaydi. Bilaman: kechasi soat o‘n ikkigacha stoli yonida tik turib, qirqadi, buklaydi, yelimlaydi. Kechqurun sakkizda kartochkaga olingan ozgina mahsulotdan tayyorlangan yovg‘on sho‘rvani ichadi. Keyin bosh og‘rig‘i dorisini yutib, yana ishga kirishadi. Sal bo‘lsa ham uni alahsitish maqsadida xayolimga kelgan qiziq-qiziq voqealar, feldfebel va generallar bilan bog‘liq latifalarni aytib beraman. Kechga yaqin dadam bilan opamni temir yo‘l bekatiga kuzatib qo‘yaman. Ular menga bir bonka murabbo bilan kartoshka unidan tayyorlangan bir xalta non berishadi – oyim men uchun ataylab pechkada pishirgan. Ular jo‘nab ketishdi, men barakka qaytaman. Kechqurun nonga murabbo surtib yeya boshlayman. Tomog‘imdan o‘tmaydi. Nonlarni o‘rislarga berish niyatida tashqariga chiqaman. Shunda birdan buni oyimning o‘zi pishirganini, qizigan pechka oldida turganida joni og‘riganini o‘ylab, nonlarni qaytadan xaltamga solaman, o‘rislarga atigi ikkitasini ajratib qo‘yaman. Bir necha kundan beri yo‘ldamiz. Osmonda dastlabki aeroplanlar paydo bo‘ladi. Yuk ortilgan eshelonlarni quvib o‘tamiz. To‘plar, to‘plar... Keyin poyezdga o‘tiramiz. Men polkimni qidiryapman. Qayerdaligini hech kim bilmaydi. Qayerdadir tunab qolaman, qayerdadir nonushtaga payok olaman, kimlardir chala-chulpa yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi. Yelkamga xaltamni osib, miltig‘imni qo‘limga olib, yana yo‘lga tushaman. Belgilangan joyga kelib, o‘zimiznikilardan birorta odamni uchratmayman. Polkimiz sayyor diviziya tarkibiga qo‘shilganini aytishadi. Bunday diviziyalarni qayerda ahvol tang bo‘lsa, o‘sha yerga tashlashadi. Albatta, yomon. Polkimiz katta talafot ko‘rgani to‘g‘risida ham gap-so‘zlar bor. Kat bilan Albertni surishtiraman. Hamma yelka qisadi. Qidirishni to‘xtatmayman, tevarak-atrofni izg‘ib chiqaman. Ko‘nglim xijil. Bir kecha o‘tadi, ikki kecha o‘tadi, nuqul ochiq havoda tunayman. Lo‘liga o‘xshab qoldim. Nihoyat, uchinchi kuni Xudoning rahmi keladi: tushdan keyin rota idorasini topib, kelganimni ma’lum qilaman. Feldfebel meni qism ixtiyorida qoldiradi. Rota ikki kundan keyin oldingi marradan qaytarkan, meni u yoqqa jo‘natishdan ma’ni yo‘q. – Ta’til qalay o‘tdi, – so‘raydi feldfebel. – Zo‘r bo‘ldimi? – Yaxshi, – deyman behafsala. – Ha, – entikadi u, – qaytib kelinmasa, undan ham yaxshi bo‘lardi-ya. Shuni o‘ylayverib, ta’tilning yarmi haromga chiqib ketadi. Biznikilar qaytadigan kungacha salanglab yuraman. Nihoyat, kelishadi – aftlariga qarab bo‘lmaydi: birov mudragan, birov darg‘azab, birov xomush. Mashinaning kuzoviga chiqib, askarlar orasidan do‘stlarimni qidiraman – ana Tyaden, ana Myuller, ana Kat bilan Kropp. To‘shaklarimizga poxol tiqib, yonma-yon to‘shaymiz. Ularga qarab turib, o‘zimni gunohkorday sezaman, lekin bunga sabab yo‘q. Uxlashdan oldin xaltamdan qolgan-qutgan non bilan murabboni chiqazaman – o‘rtoqlarim ham uy ne’matlaridan tatib ko‘rishsin-da. Ikkita non sal mog‘orlabdi, lekin yesa bo‘ladi. Ularni o‘zimga qoldirib, tuzukroqlarini Kat bilan Kroppga uzataman. Kat nonni kavsharkan: – Oying pishirganmi? – deb so‘raydi. Men bosh silkiyman. – Mazali, – deydi u, – uy noni boshqacha bo‘ladi. O‘pkam to‘lib ketadi. Yana shu haqda gapirsa, yig‘lavoraman. Hechqisi yo‘q, tezda ko‘nikib qolaman. Bu yerda Kat bor, Albert bor, boshqalar bor. O‘z rotamdaman. – Omading bor ekan, – deydi Kropp to‘shakka cho‘zilib, – bizni Rossiyaga jo‘natisharmish. – Rossiyaga? U yerda urush tugagan-ku. Olisda to‘plar gumburlaydi. Barak devorlari titrab ketadi. Polkda tartib va ozodalikka zo‘r bera boshlashadi. Boshliqlar tekshirish kasaliga yo‘liqqan. Yirtiq kiyimlarni butunlari bilan almashtirishadi. Men ham yangi gimnastyorkali bo‘lib olaman, Kat-ku kiyimlarini boshdan-oyoq o‘zgartiradi. Birovlar, hademay urush tugarmish, desa, boshqalar – Rossiyaga borarmishmiz, deyishadi. Lekin Rossiyaga yangi kiyimning nima keragi bor? Nihoyat, bizni ko‘rikdan o‘tkazish uchun shaxsan kayzerning o‘zi kelayotganmish, degan mishmish tarqaladi. Boshliqlarning tipirchilab qolgani bejiz emas ekan-da. Bir haftadan buyon qaytadan kazarmaga tushib qolgandaymiz – mashq qildiraverib, tinkamizni quritib yuborishdi. Hamma asabiy va tajang, supur-sidir jonga tegib ketdi. Saf-saf bo‘lib, yer tepinishni-ku azaldan jinimiz suymaydi. Bizga bundan ko‘ra okop yaxshi. Nihoyat, hayajonli daqiqalar yetib keladi. Haykalday qotib turibmiz, saf oldida kayzer paydo bo‘ladi. Hammamizning ko‘zimiz unda. Kayzer saf oldidan yurib o‘tadi, shunda hafsalam pir bo‘ladi, suratini ko‘rib, uni boshqacha tasavvur qilardim – baland bo‘yli, sersavlat, eng muhimi, u hech kimnikiga o‘xshamaydigan guldurak ovoz bilan gapirishi kerak edi. Kayzer «temir xoch»larni tarqatarkan, ora-sira birorta askarga luqma tashlab qo‘yadi. Shu bilan ko‘rik tugaydi. O‘zimiz qolamiz. Tyaden hayron: – Demak, eng martabali odam shu ekan-da! Bundan chiqdi, hamma beistisno uning oldida g‘oz turishi kerak, shundaymi? Masalan, Gindenburg ham kaftini chakkasida qotirishi shart? – Albatta, – deydi Kat. Tyadenni bu javob qanoatlantirmaydi. Biroz o‘ylab turib, yana so‘raydi: – Qirol-chi? U ham kayzerning ro‘parasida g‘oz turishga majburmi? Buni hech kim bilmaydi, lekin unaqa bo‘lmasa kerak, degan o‘y ko‘nglimizdan o‘tadi, chunki ikkalasi ham oliy darajadagi shaxslar, bir-birining oldida g‘oz turishi noqulay. – Nima ishing bor, ular bilan? – deydi Kat. – Lekin sen umrbod g‘oz turasan. Bu aniq. Tyaden tinchimaydi. Ko‘rik voqeasi miyasiga urib qolgan. – Menga qara, Kat, kayzer ham menga o‘xshab hojatxonaga borarmikin? – Ha, bunga shubha qilmasang ham bo‘ladi, – kuladi Kropp. – Voy, to‘nka-yey, – deydi Kat, – sal anaqaroq bo‘pqopsan! Oldin o‘zing borib kel, o‘sha hojatxonangga. Iching bo‘shagandan keyin esing kirib qolsa, ajabmas. U ketadi. – Lekin men bir narsani bilmoqchi edim, – gapga qo‘shiladi Albert, – agar kayzer «yo‘q» deganida urush boshlanarmidi, boshlanmasmidi? – Boshlanmas edi, – deyman men ishonch bilan. – Aytishlaricha, boshda u urushni xohlamagan ekan. – Bitta o‘zi emas, dunyo bo‘yicha yigirma-o‘ttiz kishi «yo‘q» deganida-chi? – Unda balki urush bo‘lmas edi, – Albertning fikrini quvvatlayman, – hamma balo shundaki, ular shuni xohlagan-da. – Qiziq, – deydi Kropp, – biz nima uchun turibmiz, bu yerda? Vatanni himoya qilish uchun. Fransuzlar ham shu yerda, ular ham vatanlarini himoya qilishyapti. Xo‘sh, kim haq? – Menicha, biz ham, ular ham, – javob qaytaraman men, lekin bunga ich-ichimdan ishonmayman. – Bor, ana, shunaqa ham deylik, – Albert meni mot qilmaguncha tinchimaydiganga o‘xshaydi, – lekin bizning professorlarimiz, ruhoniylarimiz, gazetalarimizning fikricha, faqat biz haqmiz. Ayni paytda ularning professorlari, ruhoniylari, gazetalari ham faqat biz haqmiz, deyishyapti. Xo‘p, kimga ishonish kerak? – Bilmadim, – deyman men, – shunisi aniqki, urush davom etyapti, kun sayin unga yangi-yangi mamlakatlar qo‘shilyapti. Tyaden qaytib keladi. Yana bahsga kirishib ketadi. Endi uni urushning kelib chiqish sabablari qiziqtiradi. – Ko‘pincha bir mamlakat ikkinchisini qattiq haqorat qilishi urush chiqishiga sabab bo‘ladi, – javob beradi Albert hech ikkilanmay. Tyaden o‘zini go‘llikka soladi: – Mamlakat? Tushunmadim. Germaniyadagi tog‘ Fransiyadagi tog‘ni haqorat qilolmaydi-ku. Yoki daryo, o‘rmon, g‘allazorlar... – Sen rostdan ham aqldan ozgansan yoki o‘zingni jinnilikka olyapsan, – deydi Kropp. – Men bunaqa ma’noda gapirganim yo‘q. Bir xalq ikkinchisini haqorat qiladi, demoqchiman. – Demak, men bu yerda ortiqchaman, – javob beradi Tyaden. – Meni hech kim haqorat qilgani yo‘q. – Sen to‘nka nimani tushunarding? – deydi Albertning jahli chiqib. – Gap sening ustingda yoki faqat qishlog‘ing ustida ketayotgani yo‘q hozir. – Unday bo‘lsa, uyimga jo‘navorsam ham bo‘laverar ekan! – Tyadenning bu so‘zlaridan hamma kulib yuboradi. – Eh, Tyaden, Tyaden, xalq deganda davlatni tushunish kerak, qanaqa ovsarsan o‘zi! – xitob qiladi Myuller. – Davlat emish! – Tyaden ko‘zlarini qisib, barmog‘ini qimirlatadi. – Dala jandarmeriyasi, politsiya, soliq mahkamasi – mana senga davlat. Agar shularni nazarda tutayotgan bo‘lsang, tan berdim senga! – Sen haqsan, Tyaden, – deydi Kat. – Umringda bir marta ma’nili gap gapirding. Davlat bilan Vatan – rostdan ham bitta narsa emas. – Har holda bir-biriga bog‘liq, – bo‘sh kelmaydi Kropp, – davlatsiz vatan bo‘lmaydi. – To‘g‘ri, lekin shuni unutmaki, biz oddiy odamlarmiz. Fransiyada ham ishchilar, hunarmandlar, mayda xizmatchilar ko‘pchilikni tashkil etadi. Endi birorta fransuz chilangari yoki etikdo‘zini olib ko‘raylik. U bizga hujum qiladimi? Yo‘q, bunaqa ishlar hukumat idorasida hal bo‘ladi. Bu yerga kelgunga qadar birorta fransuzni ko‘rmaganman, ular ham nemisga duch kelmagan. Bizdan so‘ramaganlaridek, ulardan ham so‘rab o‘tirishmagan. – Xo‘p, nega urush chiqadi bo‘lmasa? – so‘raydi yana Tyaden. Kat yelkasini qisadi: – Demak, urushdan manfaatdor odamlar bor. – Menga manfaati yo‘q, – kuladi Tyaden. – To‘g‘ri, senga ham,bizga ham manfaati yo‘q. – Kimga foydasi bor, unda? – Tyaden xiraligini qo‘ymaydi. – Kayzerga keragi yo‘q, menimcha. O‘zi bitib ketgan. – Unaqamas, – e’tiroz bildiradi Kat. – Shu paytgacha u urushga aralashmagandi. Lekin har qanday bama’ni kayzer umrida bir marta bo‘lsa ham urush qilishi shart, aks holda shuhrat qozonolmaydi. Maktab darsliklarini bir varaqlab ko‘rgin-a. – Urush generallarga ham shuhrat keltiradi, – deydi Detering. – Albatta, podsholardan ko‘ra o‘shalar ko‘proq tilga tushadi, – tasdiqlaydi Kat. – Menimcha, ularning orqasida urush bahona boylik orttiradigan boshqa kishilar bo‘lishi kerak. – Nazarimda, bu ko‘proq talvasaga o‘xshab ketadi, – deydi Albert. – Bunday qarasang, go‘yo hech kim urushni xohlamaydi: biz ham, ular ham. Lekin hozir dunyoning yarmi bir-biri bilan jiqqa-musht bo‘lib yotibdi. – Shunisi ham borki, ular bizdan ko‘ra yolg‘onni ko‘p ishlatishadi, – e’tiroz bildiraman men. – Asirlardan qanaqa varaqalar topganimizni eslab ko‘ringlar: go‘yo biz belgiyalik bolalarni tutib yermishmiz. Bunaqa gapni yozgan odamni oyog‘idan osishlari kerak edi. Haqiqiy aybdorlar ana o‘shanaqa g‘alamislar! Myuller o‘rnidan turadi: – Yaxshiyamki, urush Germaniyada emas, bu yerda bo‘lyapti. Okoplarga bir qaranglar. – To‘g‘ri, – deydi Tyaden, – lekin urush hech qayerda bo‘lmagani ma’qul-da. U gerdaygancha nari ketadi, gerdayishga haqqi bor – bizni mot qildi. Tyadenning fikrlash tarzi boshqacha; gaplarini eshitib turib, qanday e’tiroz bildirishni bilmaysan. Shinel kiygan kishining milliy g‘ururi frontda ekanida. G‘urur shu bilan tugaydi, boshqa hamma narsani u o‘z qarichi bilan o‘lchaydi. Albert o‘t ustiga cho‘ziladi. – Bunaqa narsalar to‘g‘risida umuman gapirmaslik kerak, – deydi u zarda bilan. – To‘g‘ri, baribir hech nima o‘zgarmaydi, – uni quvvatlaydi Kat. Dard ustiga chipqon, deganlaridek, bergan hamma yangi kiyimlarini qaytarib olishadi, yana eski tos – eski hammom. Bizni faqat ko‘rik uchun yasantirishgan ekan. Bizni Rossiyaga emas, oldingi marraga jo‘natishadi. Yo‘l-yo‘lakay daraxtlari qo‘porib tashlangan o‘rmondan o‘tamiz. Har qadamda katta-katta o‘ralar. – Dahshat-ku! – deyman Katga. – Minomyotlar, – javob beradi u daraxtlarga ishora qilib. Shoxlarda murdalar osilib yotibdi. Daraxt bilan bitta shox orasiga bir askar qisilib qolgan. Qipyalang‘och. Boshidagi temir qalpoqdan boshqa hech narsa yo‘q. Teparoqda yarim askar o‘tiribdi, tananing tepa qismi bor, xolos. – Nima bo‘lgan o‘zi? – so‘rayman men. – Kiyimi ichidan otilib ketgan, – deydi Tyaden. Kat tushuntiradi: – Xudo ko‘rsatmasin! Oldin ham bunaqa manzarani ko‘rganman. Mina tekkanda odam rostdan ham kiyimidan chiqib ketadi. Portlash to‘lqinining kuchi ana shunaqa. U yoq-bu yog‘imga alanglayman. Ha, shunaqa. Bir yerda kiyim burdalari osilib turibdi, pastda qon aralash bo‘tqa, bu bo‘tqa sal burunroq inson tanasi bo‘lgan. Ana, yana boshqasi. U ham yalang‘och, bir oyog‘ida ishtonning pochasi, bo‘yni atrofida esa yoqa qolgan, xolos; kiyim bilan ishton daraxt shoxida. Ikkala qo‘li ham yo‘q, go‘yo birov burab chiqarib olganday. Qo‘lning bittasini yigirma qadam naridan topaman. Murda yer bag‘irlab yotibdi. Ikkala qo‘lning uzilgan joyida qon qotib qolgan. Oyog‘i ostidagi yaproqlar ezilgan, rosa tipirchilagan shekilli. – Yomon qiynalibdi-da, Kat, – deyman men. – Qoringa snaryad parchasi kirganda ham yengil bo‘lmaydi, – javob beradi u. Bu voqea yaqindagina yuz bergan chamasi, ko‘p joyda qon halqoblari qotib ulgurmagan. Tezroq ketish kerak bu yerdan. Biz tibbiyot punktiga xabar yetkazamiz. O‘zlari shug‘ullanishsin. Har kim o‘z ishini qilishi kerak. Dushmanning mudofaa istehkomlarini aniqlash uchun razvedkachilar yuborishimiz kerak. Ta’tildan keyin o‘rtoqlarim oldida o‘zimni noqulay sezib yurganligim sababli meni ham jo‘natishlarini so‘rayman. Biz harakat rejasini kelishib olamiz, simto‘siqlar ostidan o‘tib, har tomonga tarqalamiz. Men sayozroq bir o‘raga duch kelaman, unga tappa o‘zimni tashlab, atrofni kuzata boshlayman. Men turgan joyga o‘q yog‘ilib turibdi. Unchalik emas-u, lekin hadeb boshni chiqazavermagan ma’qul. Tepamda yorituvchi raketa parashyuti ochiladi. Uning xira yorug‘ida hamma yoq sukutga cho‘mganday, qorong‘ilik battar quyuqlashganday tuyuladi. Kimdir, fransuzlarning okoplarida negrlar bor, deganday bo‘luvdi. Shunisi chatoq-da. Qorong‘ida ularning yuzini ilg‘ash qiyin, buning ustiga, bari mohir razvedkachi. Lekin ba’zan o‘ylamay ish tutishadi. Bir gal Kat razvedkaga borib, negrlarning ancha-munchasiga qiron keltirgan, sababi, og‘izlarida sigareta bilan emaklab kelishayotgan ekan. O‘lguday kashanda-da, ular. Kropp bilan ham shunaqa voqea bo‘lgan. Kat ikkalasi faqat sigareta cho‘g‘ini nishonga olishavergan. Yonimda vishillab snaryad portlaydi. Uchib kelayotganini sezmay qolibman, o‘takam yorila yozadi. Keyin qo‘rquv butun vujudimni chulg‘ab oladi. Bu yerda yolg‘izman, buning ustiga, zimziyo tun. Ehtimol, bir juft ko‘z birorta o‘radan meni kuzatayotgandir, tanamni tilka-pora qilib tashlaydigan qo‘l granatasi tayyor turgandir. O‘zimni qo‘lga olishga harakat qilaman. Razvedkaga birinchi chiqishim emas, bugungisining esa qo‘rqinchli yeri yo‘q, faqat bu joylarni hali yaxshi bilmayman. Baribir vahima bostirib kelaveradi. Har xil o‘ylardan miyam g‘ovlab ketgan: oyimning «ehtiyot bo‘l!» degan ovozini eshitganday bo‘laman, sim to‘siq oldida soqollarini hilpillatib turgan o‘rislar ko‘zimga ko‘rinadi, askarlar oshxonasi, Valansendagi kinoni aniq-ravshan tasavvur etaman, xayolim dahshatli manzarani chizadi: og‘zi menga qaratilgan miltiq boshimni qayoqqa bursam, o‘sha yoqqa buriladi. Yuzimdan shuv-shuv ter quyiladi. Hamon o‘radaman. Soatimga qarayman: oradan bir necha daqiqa o‘tgan, xolos. Hansirayman, qo‘llarim qaltiraydi. Bu qo‘rquv alomati, ha, boshimni ko‘tarib, olg‘a qarab emaklashimga to‘g‘anoq bo‘layotgan sharmandali qo‘rquv bu. Qimir etmasam deyman. Qo‘l va oyoqlarim o‘ra tubiga qapishib qolgan. Turishga urinaman-u, uddasidan chiqolmayman. Battar yerga yopishaman. Shu yerda yotaverishga ahd qilaman. Ichimda yana bir-biriga zid tuyg‘ular – uyat, tazarru va hozircha bexavotir joyda ekanimdan mamnunlik tuyg‘ulari gupuradi. Atrofga razm solish niyatida boshimni xiyol ko‘taraman. Qorong‘ilikka shunaqa tikilamanki, ko‘zlarim lo‘qillab ketadi. Osmonga raketa otiladi, men yana boshimni egaman. O‘zim bilan o‘zim shafqatsiz kurashaman – o‘radan chiqmoqchi bo‘laman-u, battar tubiga sho‘ng‘iyman. «Topshiriqni bajarishing kerak – ortingda o‘rtoqlaring bor, bu birovning ahmoqona buyrug‘i emas», – deyman-u, shu zahoti ko‘nglimga boshqa gap keladi: «Menga nima, bekordan-bekorga o‘lib ketishim kerakmi?» «Hammasiga ta’tilim sababchi» – shunday deb o‘zimni oqlamoqchi bo‘laman. Ammo endi bunga o‘zim ham ishonmayman; yuragim siqiladi, asta o‘rnimdan turaman, tirsaklarimga tayanib, gavdamni belimga qadar ko‘taraman-da, o‘ra chetiga cho‘zilaman. Shunda allaqanday shitirlagan ovozlar qulog‘imga chalinadi. Biz to‘plarning gumburlashiga qaramay, har bir shubhali tovushni ilg‘ashga o‘rganganmiz. Quloq solaman – sharpa orqa tomondan kelyapti. Biznikilar, xandaq ichida yurishibdi. Endi gap-so‘zlar ham elas-elas eshitila boshlaydi. Gapirayotgan kim? Ohangidan Katga o‘xshaydi. Birdan yelkamdan tog‘ ag‘darilganday bo‘ladi. Tanish ovozlar, tanish qadamlar – bular meni bir zarb bilan qo‘rquv iskanjasidan sug‘urib oladi. Yuragim yorilib o‘lishimga bir bahya qolgan edi-ya! Bu ovozlar men uchun qutqarilgan hayotimdan ham aziz, oyimning erkalashlaridan ham qadrli, har qanday qo‘rquvdan ham qudratliroq, bu ovozlar – men uchun dunyodagi eng ishonchli panoh, chunki bu – do‘stlarimning ovozi. Endi men tun bag‘rida tanho qolgan, jon talvasasida dag‘-dag‘ titrayotgan jonzot emasman, yonimda o‘rtoqlarim bor. Hammamiz ham o‘limdan qo‘rqamiz, hammamizning ham yashagimiz keladi, biz mustahkam rishtalar bilan bir-biriga bog‘langan yaxlit vujudmiz. Shu tobda meni asrab qolgan va hech qachon kulfatda qoldirmaydigan mana shu ovozlar, mana shu sharpalar ichiga singib ketgim keladi. O‘ra og‘zidan asta narigi yoqqa dumalab, oldinga sudrala boshlayman. So‘ng emaklashga tushaman. Hozircha yaxshi. Raketalar otilganda atrofga alanglab, rotamiz turgan joyni mo‘ljalga olib qo‘yaman – orqaga qaytishni ham o‘ylash kerak-da. Keyin o‘rtoqlarim bilan aloqa bog‘lashga urinaman. Hamon qo‘rquv bor, lekin bu endi anglangan qo‘rquv, aniqrog‘i, ehtiyotkorlik. Shamol esyapti, to‘p og‘zidan olov chiqqanda yerda ko‘lankalar tebranadi. Shu bois narsalar bir ko‘rinadi, bir ko‘rinmay qoladi. Goho-goho bir joyda qotib qolaman, ammo har gal xatar yo‘qligiga ishonch hosil qilaman. Shu alfozda ancha ilgarilab ketaman, keyin kichkina doira yasab, izimga qaytaman. O‘rtoqlarimni topolmadim. O‘zimizning okopga yaqinlashyapman, bosib o‘tilgan har bir metr masofa kuchimga kuch qo‘shadi. Ayni paytda betoqatlik orta boradi. Shu tobda o‘qqa uchish alam qiladi. Yuragimga yana g‘ulg‘ula tushadi. Adashdim shekilli, notanish yerlar. O‘raga kirib, vaziyatni aniqlashga tirishaman. Ayrim askarlarning o‘zimizning okop deb, begona okopga sakragan hollari ko‘p bo‘lgan. Birozdan so‘ng yana quloq solaman. Adashganim rostga o‘xshaydi. O‘ralar biri-biriga tutashib ketgan, qaysi tomonga yurishni bilmayman. Okop bo‘ylab ketaversam-chi? Unda yo‘limning oxiri bo‘lmaydi-ku. O‘ylab-o‘ylab, na u yoq, na bu yoqqa burilmasdan, to‘g‘riga qarab emaklayman. La’nati raketalar! Bir soat yonib turganday tuyuladi. Sal qimirlasang – o‘q yog‘iladi. Iloj qancha, nima bo‘lganda ham bu yerdan uzoqlashishim kerak. Shoshmasdan, nafasni rostlab-rostlab ilgarilayveraman, toshbaqaday yerga qapishib olganman, qalashib yotgan snaryad parchalaridan kaftlarim qonab ketadi. Ba’zan ufq yorishayotganday bo‘ladi yoki menga shunday ko‘rinyaptimi? Har holda bir joyda to‘xtab qolganim yo‘q, jon saqlash ilinjida tinimsiz o‘rmalayapman. Qayerdadir charsillab snaryad portlaydi, ketidan yana va yana. Boshlandi. Pulemyotlar tarillashga tushadi. Endi qimirlamay yotish kerak. Hademay hujumga o‘tishadi. Raketalar ketma-ket otilib turibdi. Kattakon o‘rada belimgacha suvga botib o‘tiribman. Hujum boshlansa, shartta yotvolaman. O‘zimni o‘lganga solishim kerak. Birdan o‘ra tepasidan snaryad uchib o‘tadi. Darhol qalpog‘imni qansharimga surib, chalqanchasiga yotaman, nafas olish uchun suvdan og‘iz-burnim chiqib turibdi, xolos. Murdaday qotganman – ana, gupur-gupur qadam tovushlari eshitilyapti. Asablarim tarang. Tepamdan qandaydir qora sharpalar oshib o‘tdi, – bu hujumga otilganlarning birinchi safi. Miyamga bir fikr o‘rnashib olgan: ulardan birortasi sen yotgan o‘raga sakrab tushsa, nima qilasan? Apil-tapil xanjarimni chiqazib, sopini mahkam qisaman, so‘ng uni ushlab turgan qo‘limni suvga tiqaman. Agar birortasi sakrab tushsa, xanjarni suqaman, deyman ichimda. Baqirib yubormasligi uchun darrov kekirdagini uzib tashlash kerak, aks holda mendan battar qo‘rqib ketib, ustimga tashlanishi mumkin. Men birinchi bo‘lishim shart. To‘plarimiz o‘t ochadi. Bir snaryad yonginamga tushadi. Jon-ponim chiqib ketadi: o‘zimizning snaryaddan o‘lishim qoluvdi endi! Bo‘ralab so‘kinaman, og‘zimga kelgan so‘zni qaytarmayman. Shu darajada quturib ketganman. Portlashlar eshitiladi. Biznikilar qarshi hujumga o‘tishsa, tirik qolishim aniq. Yuzimni yerga bosaman, kon ostidagi olis portlashni eslatuvchi bo‘g‘iq ovoz keladi, keyin boshimni ko‘tarib, tepadagi tovushlarga quloq solaman. Pulemyotlar tarillaydi. Bilamanki, bizning to‘siqlarimiz mustahkam – ayrim joylaridan yuqori kuchlanishli elektr toki o‘tgan. Dushman yorib o‘tolmaydi, orqaga qaytadi. Yana suvga cho‘k tushaman. Tinka-madorim qurigan. Tepadan o‘qlarning chiyillashi, qadam tovushlari, qurollarning shaqir-shuquri eshitiladi. Mana, yakka-yolg‘iz so‘nggi faryod. Hujum daf etiladi. Ufq yorisha boshlaydi. O‘ra tepasida gurs-gurs qadamlar. Kimdir kelyapti. Yo‘q, o‘tib ketdi. Yana birovning sharpasi eshitiladi. Pulemyotlar beto‘xtov o‘q uzyapti. Shu payt ustimga kimningdir gavdasi gursillab tushadi. O‘ylab o‘tirmasdan xanjar sanchaman. Gavda bir seskanadi, keyin shalvirab cho‘zilib qoladi. Sal o‘zimga kelgach, kaftim bilch-bilch etayotganini sezaman. U xirillaydi. Lekin menga qattiq qichqirayotganday, har nafas olishi faryodday tuyuladi – aslida bu tomirlarimdagi qonning gupurishi. Ovozini o‘chirgim, og‘ziga tuproq to‘ldirgim, yuzini suvga bosib turgim keladi, jim bo‘lsa bas, axir, meni oshkor qilib qo‘yishi mumkin, lekin bunday qilolmayman, sababi, hozir sal o‘zimni tutvoldim, qolaversa, qo‘limni qimirlatishga holim yo‘q. Nariroqqa surilaman, xanjar sopini qisgancha undan ko‘z uzmay qarab turibman, xiyol qimirlasa yana tig‘ urmoqchiman. Lekin u endi hech narsa qilolmaydi, xirillashidan ma’lum. Uni g‘ira-shira ko‘ryapman. Bu yerdan tezroq chiqib ketishim kerak. Hayallab bo‘lmaydi – hademay kun yorishadi. Ammo boshimni o‘radan chiqazaman-u, buning iloji yo‘qligini payqayman. O‘q tig‘iz. Bir qadam bosmasimdan ilma-teshik qilib tashlaydi. Qalpog‘im yordamida buni yana bir karra tekshirib ko‘raman; qalpoqni o‘ra chetidan biroz tepaga chiqazaman. Shu zahoti o‘q uni barmog‘imdan uloqtirib yuboradi. Demak, o‘qlar yer bag‘irlab uchyapti. Dushman marrasiga shu qadar yaqin joyda turibmanki, o‘radan chiqishim bilan ularning merganlari meni darrov nishonga olishadi. Kun ancha yorishib qoldi. Biznikilarning hujumini kutyapman. Mushtimni qattiq qisganimdan barmoqlarim oqarib ketgan. Xudoga iltijo qilaman, otishma tezroq tugasa-yu, o‘rtoqlarim kela qolsa, deyman. Vaqt sekin o‘tadi. O‘rada yotgan qora gavdaga qarashga botinolmayman. Yuzimni nuqul chetga buraman. Kutyapman, kutyapman... O‘qlar hamon chiyillayapti, judayam tig‘iz, qachon to‘xtaydi, qachon to‘xtaydi... Kaftim qonligini eslab ko‘nglim ag‘dariladi. Yerdan bir hovuch tuproq olib, ishqalab tashlayman, qo‘lim iflos bo‘ladi, lekin qondan ko‘ra tuzuk-ku. Otishma pasaymaydi. Ikkala tomon ham shiddat bilan o‘q uzib yotishibdi. Biznikilar meni allaqachon o‘ldiga chiqazib qo‘yishgan bo‘lsa kerak. Erta tong. Hamma yoq yop-yorug‘. Xirillash to‘xtamayapti. Qulog‘imni berkitaman, ammo sal o‘tmay, qo‘limni tushiraman. Bunaqada boshqa tovushlarni eshitmay qolaman. Gavda xiyol qimirlaydi. Seskanib ketaman. Endi undan ko‘zimni uzolmayman. Burchakda yotgan ingichka murtli odamning boshi bir yonga qiyshayib, bukilgan tirsagiga qadalib turibdi, ikkinchi qo‘li ko‘kragida. Qon. O‘lgan, deyman o‘zimga o‘zim, albatta o‘lgan, hech narsani sezmaydi, xirillayotgan u emas, tanasi xirillayapti. Birdan boshini ko‘tarishga urinadi, qattiq ingrab, yana qimir etmay qoladi. O‘lmabdi, endigina jon beryapti. O‘sha tomonga surila boshlayman, to‘xtayman, tag‘in surilaman. Uch metrli masofa so‘nggi yo‘q yo‘lday tuyuladi. Nihoyat, yaqiniga kelaman. U ko‘zlarini ochadi. Sharpamni sezgan shekilli, menga benihoya qo‘rquv bilan tikiladi. Tanasi qimirlamaydi-yu, ammo nigohida shunaqa kuchli dard borki, bu dard nazarimda tanani mana hozir ko‘klarga uchirib ketadiganday. Bir hamla bilan uni yuzlab chaqirim nariga eltib qo‘yadiganday. Hozir jim yotibdi, bu ko‘zlarda o‘limdan va mendan qo‘rqish talvasasi, omon qolish uchun eng so‘nggi urinish ifodasi jamul-jam bo‘lgan. Tizzam bukilib, tirsagimga suyanib qolaman. – Yo‘q, yo‘q, yo‘q, – pichirlayman men. Ko‘zlar meni ta’qib etib turibdi. Qimirlashga jur’at qilolmayman. Keyin ko‘krakdagi qo‘l asta sirg‘alib tushadi, shu zahoti nigohidagi boyagi ta’qib g‘oyib bo‘ladi. Ustiga engashib, bosh chayqayman. «Yo‘q, yo‘q, yo‘q» – deyman, unga yordam bermoqchiligimni anglatish niyatida qo‘limni ko‘taraman – va peshonasini silayman. Og‘zi nim ochiq, bir nima demoqchi bo‘ladi-yu, tili aylanmaydi. Lablari quruqshab ketgan. Aksiga olib, flyagam yonimdamas. Xayriyat, o‘raning tubida loyqa suv bor. Ro‘molchamni ho‘llab, og‘ziga tomizaman. U yutinadi. Yana tomizaman. Keyin yarasini bog‘lash maqsadida tugmalarini yechaman. Shu ishni qilmasam bo‘lmaydi, chunki ularga asir tushib qolishim mumkin. Unga yordam berganimni ko‘rishsa, meni otishmaydi. U qarshilik ko‘rsatishga urinadi, lekin qo‘llarida darmon yo‘q. Ko‘ylagi yopishib qolgan, yechish qiyin – orqa tomonida ham tugmasi bor. Faqat kesish mumkin. Xanjarimni olaman. Ko‘ylakni kesayotganimda ko‘zlarini ochadi. Nigohida yana vahima paydo bo‘ladi, kaftimni beixtiyor yuziga qo‘yib, barmoqlarim bilan qovoqlarini bosaman. «Senga yordam bermoqchiman, og‘ayni» – deyman. To anglab yetmaguncha shu jumlani takrorlayveraman. Uch yerida yara bor. Xaltamdagi dokani ishlatib bo‘ldim. Baribir qon silqib turibdi. Qattiqroq bog‘layman, u ingraydi. Qo‘limdan kelgani shu. Endi kutishdan bo‘lak chora yo‘q. O, so‘ngsiz daqiqalar! Yana xirillash eshitiladi. Odam jon berishi uchun qancha muddat kerak? Bilamanki, uni qutqarib qolishning iloji yo‘q. Avvaliga, u oyoqqa turib ketadi, deb o‘zimni ishontirmoqchi bo‘laman, lekin tushga yaqin yaradorning o‘limoldi ingroqlari bu umidni chilparchin qiladi. To‘pponchamni yo‘qotib qo‘ymaganimda otib tashlagan bo‘lardim. Xanjar urishga qo‘lim bormaydi. Idrokim xiralasha boshlaydi. Qornim och, chidab bo‘lmaydigan darajada och, yig‘lavoray deyman. Anovi odamning og‘ziga suv tomizganda o‘zimni ham unutmayman. U men o‘ldirgan va qo‘limda jon berayotgan birinchi inson. Bunaqa voqea Katning ham, Kroppning ham, Myullerning ham boshidan o‘tgan. Ayniqsa, qo‘l jangida busiz iloji yo‘q. Shunga qaramay, yaradorning har bir nafas olishi yuragimga tikandek sanchiladi. Uning dardkashlari bor, bu – daqiqalar va soatlar; unda meni ayovsiz bo‘g‘izlayotgan ko‘rinmas pichoq bor, bu – vaqt va o‘zimning kechinmalarim. U tirik qolishi uchun hamma narsaga tayyorman. Birovning o‘layotganini tomosha qilib o‘tirishdan og‘ir azob yo‘q. Kunduzi soat uchda bari tugaydi. Sal yengil tortaman. Lekin uzoq muddat emas. Ko‘p o‘tmay, sukunatga chidash undan ham og‘ir ekanini his etaman. Xirillasa ham ovozi chiqib turgani yaxshi edi. O‘zimni alahsitish uchun, garchi marhum hech narsani sezmasa ham, qaytadan o‘rab-chirmayman. Qovoqlarini yopaman. Ko‘zlari qo‘yko‘z, sochlari qora, ikkala chakkasi jingalak. Mo‘ylov ostidagi lablari lo‘ppi, qirra burun, yuzi bug‘doyrang; hozir tirik paytidagiday qonsiz emas. Qaytanga jonlanib qolganday tuyuladi. So‘ng yana hamma murdalarniki kabi yot va karaxt tusga kiradi. Shu tobda xotini u haqda o‘ylayotgan bo‘lsa ajabmas; nima bo‘lganini bilmaydi. Marhumning ko‘rinishidan taxmin qilishimcha, u uyiga teztez xat yozib turgan. Xat hali boraveradi – ertaga ham, bir haftadan keyin ham, kechikkani, ehtimol, bir oydan keyin borar. Xotini maktublarni o‘qib, u bilan suhbatlashganday bo‘ladi. Miyamga har xil o‘ylar kelaveradi: xotini qanaqa ekan? Anhorning narigi tomonida yashaydigan ho‘ anavi ozg‘in, qoramag‘iz ayolga o‘xshagan bo‘lsa-ya? Endi menikimasmikin? Balki mana bu voqeadan keyin meniki bo‘lgandir? Kantorek shu yerda yetishmay turibdi-da! Qilib qo‘ygan ishimni oyim ko‘rsa, nima derdi? Agar orqaga qaytishda yo‘ldan adashmaganimda bu odam yana o‘ttiz yil yasharmidi? Agar u ikki metr chaproqdan o‘tganida hozir o‘z okopida xotiniga navbatdagi xatni yozib o‘tirgan bo‘larmidi? Endi bunday taxminlardan foyda yo‘q, har kimning peshonasiga yozilgani bo‘ladi: agar Kemmerix qadamini o‘n santimetr o‘ngroqqa tashlaganida, agar Xaye besh santimetr pastroq egilganida... Sukunat cho‘zilib ketdi. Ovoz chiqazib gapira boshlayman, aks holda yorilib o‘laman. Marhumga yuragimni bo‘shataman: – Og‘ayni! Seni o‘ldirmoqchi emas edim. Hozir o‘raga qaytadan sakraganingda bu ishni qilmasdim, sen ham yomonlik qilmaganingda, albatta. Ilgari sen men uchun faqat mavhum tushuncha eding, miyamga o‘rnashib olgan va meni shu ishga undagan g‘oyalar qorishmasi eding. Men ana shu qorishmani o‘ldirdim. Endi ko‘rib turibmanki, sen ham o‘zimga o‘xshagan odam ekansan. Senda qurol bo‘lishini, nayza va granatalar bo‘lishini eslab qolganman, xolos; hozir yuzingga qarab turib, xotining haqida, umuman, ikkalamiz uchun ham mushtarak bo‘lgan narsalar to‘g‘risida o‘ylayapman. Kechir meni, og‘ayni! Hamma vaqt ko‘zimiz kech ochiladi. Eh, sizlar ham biz kabi ojiz bandalar ekaningiz haqida, sizlarning onalaringiz ham o‘z farzandlaridan xavotir olishlari, barimiz o‘limdan bir xilda qo‘rqishimiz, bir xilda jon berishimiz, og‘riqdan bir xilda azob chekishimiz to‘g‘risida ko‘proq gapirganlarida edi! Kechir meni, og‘ayni: sen menga nega dushman bo‘larkansan? Agar qurollarimizni tashlab, harbiy kiyimlarimizni yechsak, sen menga xuddi Katday, xuddi Albertday do‘st bo‘lishing mumkin-ku. Yigirma yillik umrimni ol, og‘ayni, tur o‘rningdan. Xohlagan narsangni olaver, menga endi hech narsa kerak emas! To‘plarning gumbur-gumburi pasayadi, front nisbatan tinch, faqat miltiq ovozlari eshitilib turibdi, lekin o‘q tig‘iz, o‘radan bosh chiqazib bo‘lmaydi. – Xotiningga xat yozib yuboraman, – deyman murdaga shosha-pisha. – To‘g‘risini aytaman, o‘zimdan eshitgani yaxshi. Hozir senga nima degan bo‘lsam, barini yozaman. U muhtojlik sezmasligi kerak, xotiningga ham, ota-onangga ham yordam beraman. Kamzulining oldi ochiq. Qiynalmasdan hamyonini topaman. Unda familiyasi yozig‘liq askarlik guvohnomasi bor, albatta. Hozircha kimligini bilmayman, o‘zini ham, qiyofasini ham unutvorishim mumkin, lekin familiyasi miyamga mixlanib qoladi, uni sug‘urib tashlash qiyin. Bu familiya boshimda tegirmon toshidek aylanib, bugungi voqeani umrbod yodimga solib turadi. Hamyon qo‘limdan tushib ketib, ichidan atrofga bir nechta xat va suratlar sochiladi. Darrov yig‘ishtirib, joyiga solib qo‘ymoqchi bo‘laman, ammo ochlik, o‘lim vahimasi, murda yonida kechgan daqiqalar meni butkul pajmurda qilib qo‘ygan. Azoblardan bir yo‘la qutulishga ahd qilaman. Hozirgi holatim chidab bo‘lmas darajada og‘riyotgan qo‘lini daraxtga qarsillatib urgan odamning holatini eslatadi. Nima bo‘lsa bo‘lar! Bir suratdan ayol kishi bilan yoshgina qizaloq qarab turibdi. Bu chirmoviq qoplagan devor yonida olingan xiragina surat. Yonida xatlar bor. O‘qimoqchi bo‘laman, ammo hech narsaga tushunmayman, – dastxat xunuk, buning ustiga, fransuzchani yaxshi bilmayman. Lekin anglagan so‘zlarim yuragimga o‘qday, nayzaday sanchiladi. Miyam g‘ovlab ketgan. Lekin bir narsaga aqlim yetib turibdi: men bu xonadonga xat yozolmayman. Jur’at etolmayman. Suratlarga razm solaman. Kambag‘al odamlar. Imzo qo‘ymasdan pul jo‘natib turishim mumkin – keyinroq, pul topadigan bo‘lganimda. Shu fikrga mahkam yopishib olaman. Halok bo‘lgan askarning yashamagan umri mening hayotimda davom etadi, binobarin, qo‘limdan kelgan hamma yaxshilikni qilaman, butun hayotimni unga va oilasiga bag‘ishlayman. Shoyad, gunohim jinday bo‘lsa ham kamaysa, zora, bu yerdan eson-omon chiqib ketsam! Ana shunday xayollar bilan askarlik guvohnomasini ochaman: «Jerar Dyuval, matbaachi». Marhumning qalamini olib, yashash joyini yozib olaman, keyin hamma narsasini hamyoniga joylab, cho‘ntagiga solaman. «Matbaachi Jerar Dyuvalni o‘ldiribman. Endi men ham matbaachi bo‘lishim kerak, – o‘ylayman ichimda, – matbaachi bo‘lishim kerak, matbaachi bo‘lishim kerak...» Tushdan keyin sal o‘zimga kelaman. Bekorga qo‘rqqan ekanman. Uning familiyasi meni bezovta qilayotgani yo‘q. – Og‘ayni, – deyman murdaga burilib. – Bugun sen, ertaga men. Agar uyga eson-omon qaytsam, bunga qarshi kurashaman, ya’ni sen bilan meni juvonmarg qilgan urushga qarshi astoydil kurashaman. Seni hayotdan mahrum etishdi. Meni-chi? Mening ham hayotim barbod bo‘ldi. Bu yovuzlik endi takrorlanmasligi kerak. Quyosh ancha pastlagan. Ochlik va charchoqdan qimirlashga holim yo‘q. Kechagi voqea tushga o‘xshab ko‘rinadi. Bu yerdan chiqib ketishdan umidimni uzib qo‘ydim. Mudrab o‘tirib, kech kirganini ham sezmay qolibman. Qorong‘i tusha boshlaydi. Nazarimda, endi vaqt tez o‘tayotganday. Birdan vujudimga titroq kiradi. Murdani allaqachon unutganman. Ichimda yana yashash ishtiyoqi gupuradi. Ko‘pi ketib, ozi qolganda bir falokatga yo‘liqmasam bas. Beixtiyor murdaga yuzlanaman: – Va’dalarimni albatta bajaraman, og‘ayni, menga ishon, – shunday deyman-u, qo‘limdan hech narsa kelmasligini sezib turaman. Hozir emaklab chiqsam, o‘rtoqlarimning o‘zlari menga qarab o‘q uzishlari mumkin – menligimni bilishmaydi-ku, axir. Shuning uchun uzoqdan baqiraman. U tomondan javob bo‘lmaguncha okop yonida yotaveraman. Mana, dastlabki yulduz ko‘rindi. Otishma to‘xtagan. Yengil tortib, o‘zim bilan o‘zim gaplashaman: – Bu yog‘iga ehtiyot bo‘l, Paul. Shoshma, hovliqma, Paul. Xudo xohlasa, ajal seni chetlab o‘tadi, Paul. O‘zimning ismimni takrorlaganim sayin ko‘nglim xotirjam bo‘ladi: go‘yo birov menga murojaat qilib, tasalli berayotganday tuyuladi. Qorong‘ilik quyuqlashadi. Raketalar otilishini kutaman. Keyin o‘radan emaklab chiqaman. Ro‘paramda tun va o‘qtin-o‘qtin xira shu’la yoritib turgan dashtlik. Bir o‘raga ko‘zim tushadi. Shu’la so‘nishi bilan yugurib borib, o‘zimni unga tashlayman, keyin boshqa o‘rani mo‘ljalga olaman, payt poylab turib, haligi chuqurga sakrayman, shu tariqa, o‘g‘ri mushukday, ilgarilayveraman. Nihoyat, okopga yaqinlashaman. Raketa yorug‘ida sim to‘siqning xiyol tebranganini payqayman. Darrov yotvolaman. Navbatdagi raketa otilganda sim yana qimirlaganini ilg‘ayman. Okopdagilar o‘zimizning askarlar shekilli. Lekin temir qalpoqlarini tanimaguncha o‘rnimdan turmayman. Keyin ovoz beraman. Shu zahoti ismimni eshitaman: «Paul! Paul!» Yana bir chaqirib ko‘raman. Bu Kat bilan Albert. Yoping‘ichni ko‘tarib, chopib kelishadi. – Yaradormisan? – Yo‘q. Okopga tushamiz. Ovqat so‘rayman. Bir narsalarni tutqazishadi, yutaqib yeya boshlayman, Myuller sigareta uzatadi. Nima bo‘lganini qisqa qilib gapirib beraman. Hech kimga yangilik emas: bunaqa voqea ko‘p bo‘ladi. Farqi shundaki, bu gal hujum tunda boshlandi. Ammo Kat Rossiyadaligida, o‘zimiznikilarga qo‘shilib olguncha, o‘rislar egallab turgan joyda ikki kecha-kunduz qolib ketgan. Halok bo‘lgan matbaachi to‘g‘risida miq etmayman. Ertasiga ertalab, qarasam, sir saqlashga sabrim chidamaydi. Kat bilan Albertga gapirib beraman. Ular meni yupatishadi: – O‘ylama. Boshqa ilojing ham yo‘q edi-da. Sen bu yerda shuning uchun yuribsan-ku, axir! Ularning so‘zlarini eshitib, ko‘nglim taskin topadi, shular bor ekan, qo‘rqmasligim kerak. Kecha o‘rada o‘tirganimda nima xayollarga bormadim-a! – Anovi yoqqa bir qara, – deydi Kat. Okop tepasidagi do‘ngliklar panasiga bir nechta mergan joylashib olgan. Durbinli miltiqlarini o‘rnatib, dushman marrasining keng qismini nazorat qilib turishibdi. Ahyon-ahyon o‘q uziladi. Orqasidan xitoblar eshitiladi: – Bopladim-a! – Sakrab tushganini ko‘rdingmi! Serjant Elrix viqor bilan burilib, o‘ziga ochko yozadi. Bugun uning hisobida nishonga aniq tekkan uchta o‘q bor. Merganlar jadvalida birinchi o‘rin uniki. – Xo‘sh, bunga nima deysan? – so‘raydi Kat. Bosh chayqayman. – Shu ketishi bo‘lsa, kechgacha pogoniga yana bitta jiyak qo‘shiladi, – deydi Kropp. – Yoki bo‘lmasa, feldfebellikka ko‘tarishadi, – qo‘shib qo‘yadi Kat. Bir-birimizga qaraymiz. – Men bunday qilolmasdim, – deyman men. – Har holda, – javob beradi Kat, – buni ayni shu paytda ko‘rganing yaxshi bo‘ldi. Serjant Elrix yana do‘nglik yoniga boradi. Miltiq og‘zini tag‘in kimgadir to‘g‘rilaydi. – Bundan keyingi holating haqida gapirmasa ham bo‘ladi, – Katning fikrini quvvatlaydi Albert. – Bari uzoq vaqt haligi murdaning yonida o‘tirganimdan, – deyman men. – Nachora, urush urush ekan-da. Elrixning miltig‘idan o‘q uziladi. Bir necha kundan keyin hujumga o‘tamiz. Kichkina bir qishloqni ishg‘ol etishimiz kerak. Ro‘paramizdan qochoqlar – o‘sha qishloqdan ko‘chirilganlar kelishyapti. Ular qo‘llariga ilingan bisotlarini olvolishgan – birovda zambilg‘altak, birovda bolalar aravachasi, boshqa birovi yukini yelkasiga ortgan. Boshlari xam, yuzlariga qayg‘u-hasrat, xo‘rlik va itoatkorlik ifodasi cho‘kkan. Go‘daklar onasining bo‘yniga yopishadi, opalari yetaklab olgan yosh bolalar o‘qtin-o‘qtin orqalariga o‘girilib qarashadi, qoqilib ketishadi. Ba’zilarining qo‘lida irkit qo‘g‘irchoq. Yonimizdan o‘tayotganda ovoz chiqazishmaydi. Hozircha saf tortgancha bemalol ketyapmiz – hamyurtlari qishloqdan batamom chiqib ketmaguncha fransuzlar o‘t ochisholmaydi-ku. Ammo oradan ko‘p vaqt o‘tmay, havoda chiyillagan ovoz eshitiladi, yer titraydi, dod-voylar quloqni qomatga keltiradi – snaryad safning oxiridagi vzvod ustiga tushgan. Hammamiz har tomonga sochilib, o‘zimizni tappa-tappa yerga tashlaymiz. Shu on o‘q yomg‘iri ostida qolganda menga hammavaqt to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadigan hushyorlik sezgisi bu gal pand berganini his etaman. «Tamom bo‘ldim» – miyamga dabdurustdan shu fikr keladi. Yuragimni vahima bosadi. Keyin chap oyog‘imda qattiq og‘riq sezaman. Albertning voy-voylagani eshitiladi; u mendan salgina narida. – Tur, qochamiz, Albert! – qichqiraman unga, chunki biz ochiq joyda yotibmiz. U bazo‘r o‘rnidan turib, chopa ketadi. Men ham yonma-yon yuguryapman. Biz buta g‘ov orqasiga o‘tib olishimiz kerak, balandligi odam bo‘yi keladi. Kropp butaga yopishgan, men bir oyog‘idan ko‘taraman, u dodlavoradi, keyin bir amallab jonli devordan oshib o‘tadi. Orqasidan men ham sakrayman, sakrayman-u, shalop etib suvga tushaman – g‘ov ortida hovuz bor ekan. Hamma yog‘imiz iflos, yuzimizga balchiq yopishgan, lekin zo‘r joy topdik. Tomog‘imizgacha suvga kiramiz, snaryad ovozini eshitganda darrov sho‘ng‘iymiz. Bu ish o‘n martacha takrorlangach, tinkam quriydi. Albert ham tamom bo‘ldi. – Chiqamiz, – deydi u, – holim qolmadi, cho‘kib ketaman. – Qayeringga tegdi? – so‘rayman undan. – Tizzamga shekilli. – Yugurishga chog‘ing keladimi? – Ilojim qancha. – Bo‘lmasa, ketdik. Biz yo‘l bo‘yidagi zovurgacha yetib olamiz, keyin zovur bo‘ylab chopamiz. O‘q yog‘ilib turibdi. Yo‘l bizni o‘q-dori omboriga olib keladi. Agar ombor portlasa, urvog‘imizni ham topib bo‘lmaydi. Shuni o‘ylab, dala tomon yuguramiz. Albert ortda qola boshlaydi. – Ketaver, yetvolaman, – shunday deydi-yu, yerga qulaydi. Uni silkitib, qo‘lidan tortaman: – Tur, Albert! Yotib qolsang, keyin turolmaysan. Ketdik, seni suyab boraman. Nihoyat, kichkina bir blindaj oldidan chiqamiz. Kropp yerga cho‘ziladi, yarasini bog‘layman. O‘q tizzasidan teparoqqa kirib qopti. Keyin o‘zimni ko‘zdan kechiraman. Shimim qon, qo‘lim ham. Albert jarohatlarini doka bilan bog‘laydi. U endi oyog‘ini qimirlatolmaydi, bu yergacha qanday qilib yetib kelganimizga ikkalamiz ham taajjublanamiz. Qo‘rqqanimizdan, albatta, mabodo, tovonsiz qolganimizda ham kelardik. Sudralishga hali chog‘im bor, o‘tib ketayotgan aravani to‘xtataman, bir amallab chiqvolamiz. Arava to‘la yaradorlar. Sanitar kuzatib boryapti. U ko‘kragimizga qoqsholga qarshi ukol qiladi. Dala shifoxonasida ikkalamizni bir joyga yotqizishlariga erishamiz. Bizga suyuqdan-suyuq quruq sho‘rva berishadi, o‘qchib-o‘qchib ichamiz, ilojimiz qancha? – Uyga jo‘natisharmikan, Albert? – so‘rayman men. – Ajabmas, – javob beradi u. – Oyog‘imga nima bo‘lganini bilishim kerak. Og‘riq zo‘rayyapti. Doka bog‘langan joylarimiz cho‘g‘day qizib ketgan. To‘xtovsiz suv ichamiz. – Jarohatim qayerda? Tizzadan teparoqda dedingmi? – so‘raydi Kropp. – Ha, o‘n santimetrcha yuqorida, Albert. Aslida uch santimetrdan ortiq emas. – Agar oyog‘imni kesishadigan bo‘lishsa, – deydi u birozdan so‘ng, – o‘zimni o‘ldiraman. Qo‘ltiqtayoqda yashashni xohlamayman. Har qaysimiz o‘z xayolimizga berilib, taqdirimiz nima bo‘lishini kutamiz. Kechqurun bizni «pardozxona»ga olib kirishadi. Yuragim taka-puka. Dala shifoxonasida do‘xtirlar qo‘l va oyoqlarni shartta kesib tashlashaveradi, nimta-nimta etlarni yamab o‘tirishdan ko‘ra oson-da. Buning ustiga, shifoxona yaradorlarga tiqilib ketgan, hamma operatsiyani kutib yotibdi. Kemmerixni eslayman. O‘lsam o‘lamanki, uxlatishlariga yo‘l qo‘ymayman. Hozircha chidasa bo‘ladi. Do‘xtir yarani kovlayapti, ko‘zimni chirt yumib olganman. – Mug‘ombirlik qilmang, – deydi do‘xtir. Har xil asboblar qonxo‘r yirtqichning tishlariday chiroq nurida yiltiraydi. Og‘riq kuchaygandan-kuchayyapti. Ikkita sanitar qo‘llarimni mahkam bosib turibdi. Axiyri, bir qo‘limni bo‘shatib, do‘xtirning basharasiga solmoqchi bo‘laman, u sezib qolib, o‘zini orqaga tashlaydi. – Narkoz beringlar! – deb baqiradi u. Darrov muloyim tortib qolaman. – Uzr, do‘xtir, jim yotaman, faqat uxlatmasangiz bas. – Ha, barakalla, – deydi u va yana asbobni qo‘liga oladi. Bu tilla gardishli ko‘zoynakni burniga qo‘ndirib olgan oq-sarg‘ish bir odam, yuzida chandig‘i ham bor. O‘ttiz yoshlarda. Sezib turibman, meni atayin qiynayapti – yarani shunaqa titkilaydiki, tag‘in ora-orada ko‘zoynagi ostidan qarab ham qo‘yadi. Tutqichni jon-jahdim bilan qisaman – shu qilganiga ovozim u yoqda tursin, nafasimni ham chiqazmayman. Do‘xtir snaryad parchasini sug‘urib, menga ko‘rsatadi. U chidash berganimdan mamnun. Keyin oyog‘imni taxtakachlaydi. – Ana, bo‘ldi. Ertaga poyezdga o‘tirib, uyingizga jo‘naysiz. Taxtakach ustidan gipsli doka o‘rashadi. Kropp bilan xonada ko‘rishamiz. Unga sanitar poyezdi ertaga kelishi ehtimoli borligini aytaman. – Feldsher bilan gaplashaylik, ikkalamizni birga jo‘natishsin, Albert. Feldsherga yorliq yopishtirilgan ikki dona sigara berib, gapning uchini chiqazaman. U sigaralarni hidlab ko‘rib: – Yana bormi? – deb so‘raydi. – Bor, – deyman men, – o‘rtog‘imda ham bor, – Kroppga ishora qilaman. – Ertaga sanitar poyezdining oynasidan jon-jon deb uzatamiz. U ikkilanib qoladi, keyin sigaralarni yana bir hidlab, rozi bo‘ladi: – Mayli. Kechasi bilan mijja qoqmaymiz. Xonamizda yetti kishi o‘ladi. Bittasi jon berish oldidan bir soatcha cherkov qo‘shiqlaridan aytadi, keyin qo‘shiq xirillashga aylanadi. Boshqasi karavotdan tushib, deraza yoniga emaklab boradi, oxirgi marta yorug‘ dunyoni ko‘rib qolgisi kelgandir-da. Zambillarimiz vokzalda turibdi. Poyezdni kutyapmiz. Yomg‘ir yog‘yapti, vokzalning tomi yo‘q. Adyollarimiz yupqa. Bu yerga kelganimizga ikki soat bo‘ldi. Feldsher atrofimizda parvona. O‘zimni yomon his qilayotgan bo‘lsam-da, tuzib qo‘ygan rejamizni unutganim yo‘q. Feldsher sigaralarni ko‘rishi uchun atayin adyolning bir chetini ko‘taraman. Buning evaziga u ustimizga yoping‘ich tashlab qo‘yadi. Ta’bimiz xira. Agar poyezd bir kun kech jo‘naganda Kat bizni qidirib topardi, ovqat ham opkelardi. Poyezd ertalab keladi, unga qadar zambillarimiz suvga to‘ladi. Feldsher bizni bir vagonga joylashtiradi. Vagonda Qizil Xoch hamshiralari yurishibdi. Kroppga pastdan joy qilib berishadi. Meni tepaga ko‘tarishadi. – Shoshmanglar, – deyman ularga. – Nima gap? – hayron bo‘ladi hamshira. O‘rindiqqa nazar tashlayman. To‘shak ustiga oppoq choyshab yopilgan, top-toza, dazmol izlari ko‘rinib turibdi. Men ko‘ylagimni olti haftadan buyon almashtirganim yo‘q. Isqirt bo‘lib ketgan. – O‘zingiz chiqolasizmi? – so‘raydi hamshira. – Chiqishga chiqaman, – deyman unga, – oldin choyshabni olib tashlang. – Nega? – Chunki... – u yog‘iga duduqlanib qolaman. – Nari borsa g‘ijim bo‘ladi-da, – deydi u menga dalda berib. – Hechqisi yo‘q, keyin dazmollab yuboramiz. – Yo‘q, gap unda emas, – javob beraman ming istihola bilan. Bunaqa madaniy hayotga birdan qaytishga hali tayyor emasman. – Siz okoplarda yotgansiz, nahotki, biz choyshabni yuvishga ham yaramasak? – deydi hamshira. Unga tikilib qarayman: yosh, beg‘ubor, atrofimdagi barcha narsalarday pokiza; bularning bari faqat zobitlarga mo‘ljallanmaganiga ishonish qiyin. Lol qoladi odam. Ammo-lekin judayam xira ayol ekan, gapirmaganimga qo‘ymaydi. – Bilasizmi... – u yog‘ini aytolmayman: o‘zi tushunishi kerak-da, axir. – Xo‘sh, xo‘sh? – Haligi... bit masalasi... – deyman nihoyat. U kulib yuboradi: – Bitlar ham bir mazza qilsin-da! Bu boshqa gap. Qiynala-qiynala o‘rindiqqa chiqvolaman. Kimningdir barmoqlari adyolni paypaslaydi. Qarasam, feldsher. Sigaralarni olib, chiqib ketadi. Bir soatdan keyin poyezd o‘rnidan qo‘zg‘aladi. Kechasi uyg‘onib ketaman. Kropp ham narigi yonboshiga ag‘dariladi. Poyezd bir maromda o‘rmalayapti. Hanuz ko‘nikolmayman: oppoq to‘shak, poyezd. Nahotki, uyga ketayotgan bo‘lsam? – Albert, – pichirlayman asta. – Nima deysan? – Hojatxona qayerdaykin? – Yo‘lakning oxirida bo‘lsa kerak. – Hozir ko‘ramiz. Vagon ichi qorong‘i, o‘rindiq chetidan ushlab, pastga tushishga urinaman. Harchand qidirmay, tayanch nuqtani topolmayman. Oyog‘im pand berib, gursillab polga yiqilaman. – Obbo, palakat-ey! – U yer-bu yering sinmadimi? – so‘raydi Kropp. – Eshitmadingmi? – deyman sir boy bermay. – Boshim bilan tushdim-ku. Vagon oxiridagi eshik ochilib, qo‘l chirog‘ini ko‘targan hamshira ko‘rinadi. Asta yonimga keladi. – Yiqilib tushdingizmi? U tomirimni ushlab ko‘radi, peshonamga kaftini bosadi. – Haroratingiz yo‘q... – To‘g‘ri, yo‘q. – Balki yomon tush ko‘rgandirsiz? – so‘raydi hamshira. – Qaydam... Yana so‘rab-surishtirish... U menga moviy ko‘zlarini tikib turibdi, yuzi shunaqa tiniq, shunaqa jozibali – yo‘q, aytolmayman. Meni yana tepaga chiqazib qo‘yishadi. Mehribonchilikni qaranglar! U ketganidan keyin baribir tushishim kerak-ku! Qariroq bo‘lganda ham mayli edi, to‘g‘risini aytib qo‘ya qolardim. Bunga qaysi til bilan gapiraman, yosh bo‘lsa, chiroyli bo‘lsa – uzog‘i bilan yigirma beshda. Yo‘q, aytolmayman. Albert jonimga oro kiradi – u uyalmaydi, o‘zi haqida gap ketayotgani yo‘q-da. Hamshirani imlab yoniga chiqarib oladi. – U bir chiqib kelishi kerak. Albertday yuzi qotib ketgan odam ham ochig‘ini aytishga tortinadi. Frontda-ku bunaqa gaplar og‘izning bir chekkasidan chiqib ketadi, lekin ro‘parangda shunday sohibjamol qiz turganda... Albert yana ishoradan nariga o‘tolmaydi: – Chiqib kelmasa bo‘lmaydi, hamshira. – E, shunaqami? – deydi hamshira. – Buning uchun to‘shakdan turish shart emas, qolaversa, oyog‘i gipsda. Qaysi biri kerak? – menga murojaat qiladi hamshira. Gapning nishabi bu yoqqa burilib ketishini kutmagandim, shuning uchun bir lahza dovdirab qolaman. «Qaysi biri kerak?» degani nimasi! Qiyin ahvoldan hamshiraning o‘zi chiqazadi: – Kattasimi, kichigimi? Ana xolos! A’zoyi badanimdan ter chiqib ketadi, keyin sekin shivirlayman: – Kichigi. Menga «o‘rdak» keltirib berishadi. Bir necha daqiqadan so‘ng boshqalar ham orqamdan navbatga turishadi. Ertasiga nima kerak bo‘lsa, tortinmay so‘raydigan bo‘lamiz. Poyezd sekin yuradi. Ba’zan o‘lganlarni tushirib qoldirish uchun to‘xtaydi. Bunaqa voqea tez-tez yuz berib turadi. Albertning harorati ko‘tariladi. Men ham lohasman, oyog‘im og‘riydi, bundan ham yomoni, gipsning ostida bit o‘rmalagani. Oyog‘im qichiydi, lekin qashlashning iloji yo‘q. Kunlar mudrash bilan o‘tadi. Uchinchi kuni kechasi Xerbestalga yetib kelamiz. Albertning harorati baland bo‘lgani uchun keyingi bekatda tushirib qoldirmoqchi ekanliklarini hamshiradan eshitaman. – Qayerda to‘xtaymiz? – so‘rayman undan. – Kyolnda. – Albert, sen bilan birga qolaman, – deyman unga, mana ko‘rasan! Hamshira keyingi gal kirganida chuqur nafas olib, havoni chiqazmay turaman. Yuzim bo‘g‘riqib ketadi. Hamshira oldimda to‘xtaydi: – Og‘riyaptimi? – Ha, – javob beraman ingrab, – birdan boshlanib qoldi. U menga harorat o‘lchagich berib, yo‘lida davom etadi. Endi nima qilishni o‘zim bilaman – Kat o‘rgatgan-da. Bu o‘lchagich pixi qayrilganlarga mo‘ljallanmagan. Simob yuqoriga ko‘tarilgach, chiqqan joyida turaveradi, pastga tushmaydi. O‘lchagichni qo‘ltig‘imga teskari qo‘yaman, ya’ni simob turgan uchi tepada. Keyin uni ko‘rsatkich barmog‘im bilan qoqa boshlayman. Olib qarasam: 37,9. Bu kam. Yonib turgan gugurt cho‘piga tutib, haroratni 38,7 ga yetkazaman. Hamshira qaytib kelganida o‘zimni yuz hunarga solaman: ingrayman, to‘lg‘anaman, hansirayman, keyin asta pichirlab qo‘yaman: – Voy, o‘lib qolaman shekilli! Hamshira familiyamni yozib oladi. Bilamanki, oyog‘imdagi gipsni ochib o‘tirishmaydi. Kyolnda meni Albert bilan birga tushirib qoldirishadi. Biz katoliklar ibodatxonasiga joylashgan ko‘chma shifoxonada yotibmiz. Omadimiz bor ekan: katoliklar shifoxonasi o‘zining shart-sharoiti va sifatli taomlari bilan shuhrat qozongan. Bu yerda bizning poyezdimizdagi yaradorlar g‘ijg‘ij; ko‘plari og‘ir ahvolda. Bugun bizni ko‘rishmaydi, do‘xtirlar kam. Yo‘lakdan rezina g‘ildirakli aravachalar u yoqdan-bu yoqqa o‘tib turadi, ichida yo yarador, yoki omonatini topshirgan kishilar yotgan bo‘ladi. Tun notinch o‘tadi. Hech kim uxlamaydi. Tongga yaqin picha mizg‘iymiz. Ko‘zimga yorug‘ tushib, uyg‘onib ketaman. Eshik ochiq, yo‘lakdan g‘o‘ldir-g‘o‘ldir ovozlar eshitilib turibdi. Boshqalar ham uyg‘onishadi. Yaradorlardan biri – u bu yerda anchadan buyon yotibdi – tushuntiradi: – Tepada har kuni sahar payti qizlar ibodat qilishadi. Bizga ham savob ulashish maqsadida eshiklarni ochib qo‘yishadi. Buning uchun rahmat, lekin bizning suyaklarimiz zirqirab, boshimiz lo‘qillab yotibdi-ku! – Bu qanaqa bema’nilik! – deyman men. – Ko‘zim endigina ilinuvdi-ya! – Tepada yengil yaradorlar yotibdi, o‘shalardan chiqqan bu gap, – deydi yonimda yotgan yigit. Albert ingraydi. Mening xunobim oshadi: – Hoy, qizlar, bas qilinglar! Sal o‘tmay, xonaga hamshira kirib keladi. Egnida rohibalar kiyadigan oq-qora kiyim. Xuddi qo‘g‘irchoqqa o‘xshaydi. – Eshikni yoping, hamshira, – deydi kimdir. – Eshik shuning uchun ochiqki, yo‘lakda ibodat qilishyapti. – Uyqumiz harom bo‘ldi. – Hadeb uxlayvermay, ibodat qilish kerak, – deydi u jilmayib. – Undan tashqari, hozir soat yettidan oshdi. Albert yana ingraydi. – Yopsangiz-chi! – baqiraman men. Hamshira sarosimalanib qoladi, unga hech kim qattiq gapirmagan-da. – Sizlarga ham Xudodan shifo tilayapmiz. – Juda soz, yoping eshikni! U chiqib ketadi. Eshikni yopmaydi. Yo‘lakda yana g‘o‘ldir-g‘o‘ldir boshlanadi. Jonim halqumimga keladi: – Uchgacha sanayman. Agar shu vaqt ichida to‘xtatishmasa, o‘zlaridan ko‘rishsin. Beshgacha sanayman. Keyin bo‘sh shishani olib, eshikdan yo‘lakka uloqtiraman. Shisha chilchil bo‘ladi. Ovozlar tinadi. Xonaga bir gala hamshiralar chopib kirib, bizni koyib ketishadi. – Yopinglar eshikni! – baravariga qichqiramiz biz. Ular izlariga qaytishadi. Eng oldin kirgan hamshira eng keyin chiqadi. – Osiylar! – deydi u, lekin baribir eshikni yopadi. Biz g‘alaba qilamiz. Tushga yaqin shifoxona boshlig‘i kirib, bizni rosa oborib-opkeladi. Qal’aga jo‘nataman, deydimi-yey, yerto‘laga qamayman, deydimi-yey. Lekin bular bor-yo‘g‘i harbiy do‘xtirlar, forma kiyib, qilich taqib yurgani bilan oddiygina to‘ralardan farqi yo‘q. Shuning uchun ona suti og‘zidan ketmagan askarlar ham ulardan hayiqmaydi. Gapirsa gapiravermaydimi, qo‘lidan nima kelardi? – Shishani kim otdi? – so‘raydi u. Og‘iz juftlashga ulgurmasimdan kimdir qichqirib qoladi. – Men! Karavotlarning biridan sersoqol bir odam xiyol qaddini ko‘taradi. Nega u bu ishni bo‘yniga olganidan hammamiz hayron. – Sizmi? – Xuddi shunday. Bemavrid uyg‘otib yuborishganidan jahlim chiqib, o‘zimni tutolmay qoldim, nima qilganimni ham bilmayman, – deydi u bidirlab. – Familiyangiz? – Iozef Xamaxer, zaxiradan chaqirilganman. Boshliq chiqib ketadi. Biz haligi odamga qiziqib qolamiz. – Nega o‘zingga olding? Shishani otgan boshqa odam-ku! U jilmayadi: – Nima qipti? Menda guvohnoma bor. Qanaqa guvohnomaligini hammamiz tushunamiz. Bunaqalar ko‘ngliga kelgan ishni qilishaveradi. – Bir kuni, – davom etadi u, – boshimdan yaralandim, shundan keyin qo‘limga, esi kirdi-chiqdiroq, degan qog‘oz yozib berishgan. Menga hayajonlanish mumkin emas. Oxiri voy bo‘ladi. Shuning uchun meni hech kim qo‘rqitolmaydi. O‘zimga olganimning sababi, shisha otganinglar ayni muddao bo‘ldi. Agar ertaga ham eshikni ochib qo‘yishsa, yana otamiz. Biz xursand. Oramizda Iozef Xamaxer bor ekan, bundan battarini ham qilamiz. Keyin bizni olib ketgani rezina g‘ildirakli aravachalar kirib keladi. Dokalarimiz qurib qolgan. Og‘riqqa chidab bo‘lmaydi. Xonada sakkiz kishimiz. Yarasi eng og‘iri Peter, sochlari jingalak qoracha yigit – o‘pkasini o‘q teshib o‘tgan. Uning yonida yotgan Frans Vexterning bilagi majaqlangan. Lekin ahvoli yaxshiday ko‘ringandi. Uchinchi kechaga o‘tganda navbatchi hamshirani chaqirishni iltimos qilib qoldi – qon dokadan sizib chiqibdi. Qo‘ng‘iroqni bosaman. Hamshira kelmaydi. Kechqurun rosa yugurtirganmiz – hammamizning yaramizni bog‘lagan, shundan keyin jarohat battar og‘riydi. Birov oyog‘imni sal siljitib qo‘ying, deydi, boshqasi yana bir narsani bahona qiladi, uchinchisi suv so‘raydi, yana birovi yostig‘imni to‘g‘rilab qo‘ying, deb chaqiradi, xullas, beso‘naqay kampirning tinka-madori qurib, eshikni qarsillatib yopgancha chiqib ketadi. Mana endi, kelmayapti. Hammasi qaytadan boshlanadi, deb qo‘rqyapti-da. Kutamiz. Fransning sabri chidamay: – Yana bos qo‘ng‘iroqni! – deydi. Bosaman. Hamshiradan darak yo‘q. Kechasiga bir o‘zi qoladi, ehtimol, boshqa xonaga kirib ketgandir. – Frans, qon ketayotganiga ishonasanmi? – so‘rayman undan. – Tag‘in ertaga gap eshitib yurmaylik. – Doka jiqqa ho‘l. Chiroqni yoqsak bo‘lardi-da. Lekin chiroqni yoqish ham osonmas. Tugmacha eshik yonida. Hech kim turib borolmaydi. Qo‘ng‘iroqni barmog‘im og‘riguncha bosib turaveraman. Balki mudrab qolgandir? Ishi ko‘p-da, charchagan. Buning ustiga, ibodatni kanda qilmaydi. – Shisha otamizmi? – deydi guvohnomasi bor Iozef Xamaxer. – Qo‘ng‘iroqni eshitmagan, shishaning singanini eshitarmidi? Nihoyat, eshik ochiladi. Ostonada qovoqlari salqigan hamshira paydo bo‘ladi. Fransning ahvolini ko‘rib, tipirchilab qoladi. – Nega shu paytgacha chaqirmadinglar? – Qo‘ng‘iroqni chaldik. Hech kim yurib borolmaydi. Rostdan ham ko‘p qon ketgan ekan, kampir yarani qaytadan bog‘laydi. Ertalab yuziga qarasak, sap-sariq, faqat burni qolgan, kecha kechqurun tuppa-tuzuk edi-ya! Shundan keyin hamshira tez-tez kirib turadigan bo‘ladi. Ba’zan bizga Qizil Xochning hamshiralari qarashadi. Ular oqko‘ngil, lekin sal epsizroq, zambildan olib, karavotga yotqizayotganda odamni qiynavorishadi, keyin o‘zlari xijolat bo‘lishadi, buni ko‘rib, biz battar ezilamiz. Bizga rohibalar ma’qul. Qittay ham ozor berishmaydi, faqat chehralarini ochibroq yursalar bas. Darvoqe, ba’zilari hazil-huzulni tushunishadi, ofarin o‘shalarga. Mana, masalan, hamshira Libertinani olaylik. Har birimiz oyog‘ini o‘pishga tayyormiz. Uzoqdan ko‘rgandayoq kayfiyatimiz ko‘tariladi. Bunaqalar ancha-muncha. Ular uchun jonimizni beramiz. Yo‘q, nolisak nonko‘rlik bo‘ladi, rohibalar judayam mehribon. Garnizondagi shifoxonalarga solishtirganda bu yer jannat. Frans Vexter baribir o‘nglanmadi. Bir kuni opchiqib ketib, qayta opkirishmadi. Sababini Iozef Xamaxer tushuntirdi: – Uni endi ko‘rmaymiz. Azroilxonaga olib ketishgan. – Azroilxonasi nimasi? – so‘raydi Kropp. – Haligi... o‘limga mahkumlar xonasi-da. – Qanaqa xona bu? – Binoning oxirida. U yerga tuzalmaydiganlarni yotqizishadi. Ikkita karavot qo‘yilgan. Nomi shunaqa bo‘lib ketgan. – Nega unaqa qilishadi? – Xarxasha kamroq-da. Buning ustiga, qulay – xona liftning yonida joylashgan, lip etkizib, o‘likxonaga opchiqib ketishaveradi. Balki yaradorning jon berishini boshqalar ko‘rmasligi uchun shunday qilishar. Qolaversa, ko‘z-quloq bo‘lib turish ham osonroq. – Lekin o‘sha yaradorga osonmas-da. Iozef yelkasini qisadi: – Nachora, u xonaga tushgan odam buni sezmaydi ham. – Ammo boshqalar bilishadi-ku! – To‘g‘ri, uzoq yotganlar bilishadi. Tushdan keyin Frans Vexterning o‘rniga boshqa yaradorni yotqizishadi. Bir necha kundan keyin uni yana olib ketishadi. Iozef qo‘li bilan ma’noli ishora qiladi. Bu oxirgisi emas. Ko‘z oldimizda nechtasi kelib, nechtasi ketyapti. Karavot yonida ba’zan qarindoshlar o‘tirgan bo‘ladi. Ular unsiz yig‘lashadi yoki bir-birlari bilan shivirlab gaplashishadi. Bir kampir ketishni xohlamaydi, ammo bu yerda qolish mumkin emas. Ertasiga juda barvaqt keladi, lekin bundan ham barvaqtroq kelsa yaxshi bo‘lardi, – karavot yoniga borib, boshqa odam yotganini ko‘radi. Uni o‘likxonaga yo‘llashadi. Olma olib kelgan ekan, bizga tarqatadi. Peterning ham ahvoli og‘ir. Harorati ko‘tarilib ketyapti. Hademay uning karavoti oldida ham pastak aravacha to‘xtaydi. – Qayoqqa? – deb so‘raydi u. – Yarani bog‘lash xonasiga. Uni aravachaga yotqizishadi. Ammo hamshira xatoga yo‘l qo‘yadi. Karavotdagi ilgakdan uning kamzulini olib, yoniga tashlaydi. Yana kelib yuramanmi, deydi-da. Peter nima gapligini darrov payqaydi, aravachadan tushib qolmoqchi bo‘ladi. – Bormayman! Uni qimirlatishmaydi. Yig‘i aralash xirillab qichqiradi: – Azroilxonaga bormayman! – Yarangdagi dokani almashtirmoqchimiz. – Kamzulni nega oldinglar bo‘lmasa? Boshqa gapirolmaydi. Faqat xirildoq ovozda entikib shivirlaydi: – Shu yerda qoldiringlar! Ular hech nima demay, xonadan olib chiqib ketishadi. Ostonaga yetganda Peter o‘rnidan turishga urinadi. Qop-qora jingalak sochlari hurpayib ketgan, ko‘zlarida yosh. – Qaytib kelaman! Qaytib kelaman! – qichqiradi u. Eshik yopiladi. Hammamiz hayajondamiz, lekin miq etmaymiz. Nihoyat, Iozef tilga kiradi: – Birinchi marta eshitayotganimiz yo‘q. U xonaga borgan odam qaytib kelmaydi. Meni operatsiya qilishadi, shundan keyin ikki kuncha qusib chiqaman. Do‘xtirning aytishicha, suyaklarim bitmayotganmish. Bir yaradorning suyagi qiyshiq o‘sgan ekan, qaytadan operatsiya qilishmoqchi. O‘zi bo‘ladimi! Yangi kelgan ikki askar yapasqitovon. Ko‘rik paytida bosh do‘xtir payqab qolib, sevinib ketadi: – Sizlarni bu darddan xalos etamiz, – deydi u. – Arzimagan operatsiyadan so‘ng yo‘rg‘a otday bo‘lib ketasizlar. Hamshira, yozib qo‘ying. U ketgach, bilag‘on Iozef askarlarni ogohlantiradi: – Ko‘nmanglar! Bu qariya ilmiy ish yuzasidan tajriba o‘tkazyapti. Nuqul o‘ziga kerakli bemorlarni qidirgani-qidirgan. Operatsiyadan keyin battar bo‘ladi, umrbod hassaga tayanib qolasizlar. – Nima qilishimiz kerak? – so‘raydi ulardan biri. – Rozi bo‘lmanglar! Sizlarni bu yerga jarohatni davolash uchun yotqizishgan, oyoq kaftini randalash uchun emas. Frontda tuppa-tuzuk yurgansizlar-ku! Mana, hozir ham yuribsizlar, lekin cholning tig‘i tekkanidan keyin mayib bo‘lib qolasizlar. Unga tajribabop quyonlar kerak, urush uning uchun eng qulay payt, boshqa do‘xtirlar uchun ham. Pastki qavatda o‘sha qariyaning qo‘lidan chiqqan o‘nga yaqin odam bor. Ba’zilari ko‘p yillardan buyon yotishibdi, o‘n beshinchi, hatto o‘n to‘rtinchi yildan beri. Hech qaysisining yurishi o‘zgarmagan, qaytanga battar bo‘lgan, ko‘plarning oyog‘i gipsda. Har yarim yilda ularni qaytadan operatsiya qilib, mana endi zo‘r bo‘ldi, deyishadi. Yaxshilab o‘ylab ko‘ringlar. Sizlarning roziligingsiz hech narsa qilisholmaydi. – Eh, do‘stim-ey, – deydi haligi askar, – bosh ketgandan ko‘ra oyoq ketgani yaxshi. Yana frontga jo‘natishsa, o‘q qayeringga tegishini bilmaysan-ku! Nima bo‘lsa bo‘lar, uyga yetvolsam bas. Oqsoqlansam ham tirik yurganim ma’qul. Uning sherigi, biz tengi yigit, rozilik bermaydi. Ertasiga ertalab bosh do‘xtir ularni pastga olib tushishni buyuradi. Askarlarni ko‘ndirishga rosa urinadi, keyin do‘q-po‘pisaga o‘tadi, oxiri, yigitlar rozi bo‘lishadi. Ilojlari qancha? Ular bir maxluq, qariya esa katta odam. Ikkovlarini ham xonaga oyoqlari gipslangan holda olib kelishadi. Albertning ishi chatoq. Uni operatsiya xonasiga olib ketishadi. Oyog‘ini butunlay, sonining eng tepasidan kesib tashlashadi. U hech kim bilan gaplashmaydi. Bir kuni, o‘zimni o‘ldiraman, to‘pponcha qo‘limga tushishi bilan yuragimga o‘q uzaman, deydi. Yangi yaradorlarni olib kelishadi. Ko‘zidan ayrilgan ikki askarni bizning xonamizga joylashtirishadi. Biri yoshgina musiqachi. Ovqat keltirilganda hamshiralar pichoqni yashirib qo‘yishadi. Bir gal u hamshiraning qo‘lidan pichoqni yulqib olgan ham. Musiqachini arang to‘xtatib qolishadi. Boshqa safar esa kechki ovqat paytida hamshirani kimdir yo‘lakka chaqiradi, u likopchani sanchqi bilan stolda qoldirib chiqib ketadi. Musiqachi paypaslab sanchqini topadi-da, shartta ko‘kragiga uradi. Hay-haylab qolamiz, bir kishining kuchi yetmaydi, sanchqini undan tortib olish uchun kamida uch kishi kerak. Sanchqi ancha chuqur botgan ekan. Kechasi bilan bizni so‘kib chiqadi, hech kimni uxlatmaydi. Tongga yaqin alahsiray boshlaydi. Xonamizda yana ikkita karavot bo‘shaydi. Kunlar shu zaylda o‘taveradi, har bir kun – dodvoy va qo‘rquv, xirillash va ingroqlardan iborat. Azroilxona torlik qilib qoladi, odamlar endi xonaning o‘zida jon berishyapti. Kunlardan bir kun eshik ochiladi-yu, ostonada jingalak sochli Peter o‘tirgan aravacha paydo bo‘ladi. Hamshira Libertina jilmaygancha aravachani karavot yoniga itarib yuboradi. Peter azroilxonadan qaytdi. Biz uni allaqachon o‘ldiga chiqazib qo‘ygan edik. U hammamizga bir-bir razm soladi. – Xo‘sh, qaytib kelaman, demaganmidim? Hatto Iozef Xamaxer ham, bunaqa mo‘jizani birinchi ko‘rishim, deb tan oladi. Oradan ma’lum muddat o‘tgach, ayrimlarimizga to‘shakdan turishga ruxsat berishadi. Menga ham qo‘ltiqtayoq tutqazishadi, asta-asta yura boshlayman. Ammo-lekin Albertning nigohiga dosh berish qiyin – mo‘ltirab qarab turaveradi. Judayam boshqacha qaraydi. Shuning uchun ko‘pincha yo‘lakka chiqib ketaman, u yoqda o‘zimni erkinroq his etaman. Pastki qavatda qornidan, umurtqasidan, boshidan yaralangan va ikkala qo‘li yoki oyog‘i kesib tashlangan askarlar yotishadi. O‘ng qanotda gazdan zaharlanganlar, iyagi va burni majaq bo‘lganlar, qulog‘i va tomog‘i teshilganlar joylashgan. So‘l qanot ko‘zidan ayrilganlar, o‘pkasi, dumg‘azasi, bo‘g‘imi, buyragi va moyagidan jarohat olganlarga ajratilgan. Inson tanasi naqadar zaifligini faqat shu yerda ko‘rish mumkin. Ikki yarador qoqsholdan o‘ladi. Ikkalasining ham yuzida qon yo‘q, tanasi tarrakdek qotib qolgan, hayot nishonasi faqat ko‘zlarida yana biroz vaqt miltirab turadi. Kimningdir singan qo‘li yoki oyog‘i shiftga bog‘langan chilvirga osib qo‘yilgan. Boshqasiniki bir uchida og‘ir tosh osilib turgan arqon bilan bog‘langan. Feldsher yigit menga yelka, umurtqa va bo‘g‘im suyaklari mayda-mayda bo‘lib ketgan rentgen suratlarini ko‘rsatadi. Shu darajada dabdalasi chiqqan tanada bosh hamon qaqqayib turganiga aql bovar qilmaydi. Bu faqat bitta shifoxonadagi manzara. Bunaqa shifoxonalar Germaniyada son mingta, Fransiyada son mingta, Rossiyada son mingta. Yer yuzida mana shunday ko‘rguliklar yuz berib turgan ekan, odamlarning ijodi ham, ixtirosi ham, kashfiyoti ham bir pul! Qon daryosini to‘xtatishga qurbi yetmagan, yuz minglab bunaqa dahshatxonalarni ochib qo‘ygan jamiyatning ming yillik taraqqiyotiga men ishonmayman, bari yolg‘on, bu taraqqiyotdan insonga sariq chaqalik naf yo‘q. Urushning nimaligini faqat shifoxonada to‘la anglash mumkin. Men yoshman – endigina yigirmaga kirdim, lekin ko‘rganlarim – qon, o‘lim, qo‘rquv va mudhish azob-uqubatdan iborat nursiz, bemaqsad hayot bo‘ldi. Kimdir bir xalqni ikkinchisiga gij-gijlaydi, odamlar birovning irodasiga bo‘ysunib, bir-birlarini o‘ldiradilar, lekin jinoyat qilayotganliklari va gunohga botayotganliklari haqida o‘ylamaydilar. Insoniyatning eng dono vakillari yangi-yangi qurollarni yaratadilar va buni oqlash uchun qop-qop so‘zlarni topadilar. Jazosini biz tortamiz, yer yuzidagi jamiki tengdoshlarim tortishadi. Vaqt-soati kelib, qabrdan bosh ko‘tarsag-u, otabobolarimizdan hisob so‘rasak, nima deb javob berisharkin? Urushdan omon chiqsak-chi, bizdan nimani kutishlari mumkin? Uzoq yillar biz qotillik qildik. Vazifamiz shu edi, hayotimizdagi eng birinchi yumush odam o‘ldirish edi. Hayot haqidagi tushunchamiz bu – o‘lim. Xo‘sh, keyin nima bo‘ladi? Bizning taqdirimiz qanday kechadi? Ichimizda eng kattamiz – Levandovskiy. Yoshi qirqda, qornidan og‘ir yaralangan, shifoxonaga kelganiga o‘n oy bo‘lgan. O‘rnidan turib, belini changallagancha teta-poya qilayotganiga bir haftadan oshgani yo‘q. Keyingi kunlarda qattiq hayajonda. Polshaning olis bir shaharchasida yashayotgan xotinidan xat olgan. Ozgina pul to‘pladim, ko‘rgani boraman, deb yozibdi u. Hozir xotini yo‘lda, bugun-erta yetib keladi. Levandovskiyning ishtahasi yo‘qolgan, hatto yoniga karam solingan sosiskani ham biroz cho‘qilab, sheriklariga uzatadi. Xatni ko‘tarvolib, xonada u yoqdan-bu yoqqa yurgani-yurgan; har birimiz maktubni o‘n martadan o‘qib chiqqanmiz, konvertdagi muhrlarni tekshirganmiz, xat qo‘ldan-qo‘lga o‘taverib, lattaga o‘xshab qolgan, yozuvlari o‘qib bo‘lmaydigan darajaga yetgan. Axiyri, Levandovskiyning isitmasi ko‘tarilib, yana yotib qoladi. Xotini bilan ko‘rishmaganiga ikki yil bo‘libdi. Bu orada u farzand ko‘ribdi, yangi mehmonni ham olib kelayotganmish. Ammo Levandovskiyning xayoli boshqa yoqda. Kampiri kelganda shaharga chiqishga ruxsat berishlari shubhasiz, – xotinning husniga termilib o‘tirish yaxshi, buni hamma biladi, lekin shuncha vaqt ko‘rishmagandan keyin er degan o‘zining boshqa xohishlarini ham qondirib olishi kerakmi-yo‘qmi? Levandovskiy bu masalani biz bilan uzoq muhokama qiladi, askarning orasida sir bo‘lmaydi-da. Shaharga borib kelganlar unga bog‘ va xiyobonlardagi hech kim ko‘rmaydigan bir nechta pastqam joylarni aytishadi, bir askarning ko‘z ostiga olib qo‘ygan alohida xonasi ham bor ekan. Lekin bulardan nima foyda? O‘zi ko‘rpa-to‘shak qilib yotgan bo‘lsa. Levandovskiy mana shunga xunob. Nahotki, shunday qulay imkoniyatni qo‘ldan chiqazsa? Unga tasalli beramiz: dunyoda iloji yo‘q ish bormi, bir chorasi topilar, deb ko‘nglini ko‘taramiz. Ertasi kuni xotini yetib keladi. Jussasi kichik, ozg‘in, ko‘zlari o‘ynab turadigan ayol. Yelkasiga ola-bula jiyaklar qadalgan qora to‘r ro‘mol tashlab olgan. Ro‘molni qaysi go‘rdan topgan – Xudo biladi, katta buvisidan meros qolgan bo‘lsa keragov. Ayol ostonada turib, bir nima deb g‘o‘ldiraydi. Olti kishi yotganini ko‘rib, qo‘rqib ketdi shekilli. – Kiraver, Mariya, – deydi Levandovskiy o‘zini sho‘x yigitday ko‘rsatishga urinib. – Qo‘rqma, yeb qo‘yishmaydi. Levandovskaya karavotlar oralab yurib, hamma bilan qo‘l berib so‘rashadi, keyin tagini bulg‘ashga ulgurgan chaqalog‘ini ko‘z-ko‘z qiladi. Har xil munchoqlar terilgan kattakon sumkasidan toza mato chiqazib, chaqaloqni boshqatdan yo‘rgaklaydi. Shu asnoda boyagi dovdirashi tarqalib, eri bilan gaplasha boshlaydi. Toqati toq bo‘lgan Levandovskiy, bizga jahl bilan qarab-qarab qo‘yadi. Sababini bilamiz. Hozir eng qulay payt – do‘xtir ko‘rikni tugatgan, xonaga faqat hamshira bosh suqib qolishi mumkin. Har ehtimolga qarshi bir kishi yo‘lakdan xabar oladi. Qaytib kirib, Levandovskiyga belgi beradi: – Hech kim yo‘q, Iogann! Boshlayver. Er-xotin bir-birlari bilan polyakchalab nimalarnidir gaplashishadi. Ayol bizga xijolatomuz nazar tashlab qo‘yadi, yuzi sal qizargan. Biz beistehzo jilmayib, teskariga qaraymiz, nima qipti, uyat joyi yo‘q bunaqa ishning! Istihola boshqa zamonlarga yarashadi. Bu yerda urushda majruh bo‘lgan duradgor Levandovskiy yotibdi, yonida xotini. U bilan yana qachon ko‘rishadi – Xudo biladi. Mayli, bir xumordan chiqsin. Shunga ham ota go‘ri qozixonami! Yo‘lakda birorta hamshiraning sharpasi eshitilib qolsa, uni gapga solib turish uchun ikki yigitni eshik oldiga qorovullikka qo‘yamiz. Ular chorak soat turib berishni bo‘ynilariga olishadi. Levandovskiy faqat yonboshlab yotishi mumkin. Shuning uchun beliga yana ikki-uchta yostiq tirab qo‘yamiz. Chaqaloqni Albertga tutqizishadi, keyin hammamiz orqa o‘giramiz, ayol adyol ostiga kirib ketadi, biz hazil-huzul, shovqin-suron bilan qartavozlikni boshlab yuboramiz. Hammasi joyida. Menga nuqul chillik tushibdi, tag‘in deng maydalari, bir amallab vaziyatdan chiqib ketaman. O‘yinga berilib, Levandovskiyni ham unutamiz. Keyin chaqaloqning yig‘isi eshitiladi, Albert ming lalov-lalov qilmasin, ming likillatmasin, chinqirib yotibdi-da. Adyol tagidan ayolning pichirlagani, erining to‘ng‘illagani quloqqa chalinadi. Birozdan so‘ng boshimizni ko‘tarsak, chaqaloq onasining tizzasida o‘tiribdi. Ish bitgan. Endi o‘zimizni kattakon bir oiladay his etamiz. Levandovskiyning xotini gul-gul ochilib ketgan, jiqqa terga botgan Levandovskiyning og‘zi qulog‘ida, nuqul tirjayadi. Ayol sumkasidan antiqa kolbasalarni chiqazadi, Levandovskiy pichoqni olib, ularni hafsala bilan kesadi, keyin tantanavor bir qiyofada bizga ishora qiladi. Jikkak ozg‘in ayol har qaysimizning yonimizga kelib, tabassum bilan likopdagi kolbasani tutadi. Endi u ko‘zimizga binoyidek ko‘rinadi. Biz uni oyijon deb chaqiramiz. Ayol xursand. Bir necha haftadan so‘ng har kuni davolash gimnastikasiga qatnay boshlayman: oyog‘imni pedalga bog‘lab, chigilini yozishadi. Qo‘limning jarohati allaqachon tuzalgan. Frontdan yangi-yangi yaradorlar kelib turishibdi. Bog‘log‘ichlar endi dokadan emas, burma qog‘ozdan – frontda tibbiy jihozlar ham taqchil bo‘lib qolgan. Albertning jarohati tez bityapti. Yara deyarli qurigan. Hademay protez qo‘yishadi. O‘zi haliyam kam gapiradi, ilgarigidan og‘ir-vazmin. Ba’zan so‘zini tugatmay, bir nuqtaga tikilib qoladi. Biz bo‘lmaganimizda allaqachon joniga qasd qilardi. Xayriyat, hozircha taqdirga tan bergan. Qarta tashlaganimizda ba’zan tomosha qilib o‘tiradi. Shifoxonadan chiqqanimdan keyin menga ta’til berishadi. Oyim o‘tgan galgiday, qaytayotganimda yig‘isig‘i qiladi. Judayam quvvatdan ketgan. Xayrlashish oson bo‘lmadi. Keyin polkdan chaqiriq qog‘ozi keladi. Yana frontga jo‘nayman. Albert bilan xayrlashaman. Askarning qismati shu – u hamma narsaga ko‘nikadi. Keyingi paytlarda kun sanamaydigan bo‘lib qoldik. Bu yerga kelganimda qahraton qish edi, portlash to‘lqini havoga uchirgan yaxlar snaryad parchalaridan qolishmaydi. Hozir daraxtlar barg chiqardi. Goh barakdamiz, goh frontda – hayotimiz shundan iborat. Urush rak va silday, gripp va ichburug‘day xavfli kasallikka o‘xsharkan. Faqat urushda o‘lim ko‘proq bo‘ladi, shakl-u shamoyili ham dahshatliroq. Bizning o‘y-u xayollarimiz – gard-g‘uborning naq o‘zi. Dam olayotganimizda yaxshi narsalar to‘g‘risida o‘ylaymiz, to‘plar hayqirig‘i esa har qanday xayolni to‘zg‘itib yuboradi. Qalbimiz, xuddi atrofdagi o‘ralarday, o‘ydim-chuqur bo‘lib ketgan. Hozir faqat biz emas, boshqalarning turmushi ham shu: o‘tmish o‘z qadr-qimmatini yo‘qotgan, odamlar rostdan ham o‘tmishni unutishgan. Ta’lim va tarbiya yaratgan tafovut yo‘q bo‘lib ketgan, ahyon-ahyonda seziladi, xolos. Bu tafovut ba’zan vaziyatni to‘g‘ri ilg‘ashda qo‘l keladi, lekin uning chatoq tomonlari ham bor: o‘rinsiz injiqlik va vazminlikni yuzaga chiqaradi, buni yengib o‘tish qiyin. Go‘yo biz qachonlardir turli mamlakatlarning boshqa-boshqa tangalari bo‘lganmiz; keyin ularni eritib, bir xil tamg‘ali tangalar yasashgan. Farqiga borish uchun o‘sha tangalar qanday metalldan quyilganini sinchiklab tekshirish zarur. Biz eng avvalo askarmiz, vujudimizning allaqaysi burchida insonga xos xislatlar bir mo‘jiza bilan saqlanib qolgan. Hammamiz g‘alati rishtalar bilan bog‘langan og‘a-inilarmiz, bu rishtalar xalq qo‘shiqlarida kuylangan do‘stlikni, mahbuslarning birdamligi, hukm etilganlarning bir jon-bir tanligini eslatadi. Bizni o‘zimiz yashab turgan hayot, doimiy xavfxatar va yurak yutib, o‘lim daqiqalarini kutishdan iborat o‘ziga xos turmush tarzi jipslashtirgan. Ayni paytda shunaqa bir yolg‘izlik hissi ham mavjudki, kishi o‘ziga hadya etilgan umr soatlarini o‘ylamay-netmay o‘tib ketgan umriga qo‘shib hisoblaydi, eng qizig‘i, shunday qiladi-yu, biron-bir ehtirosni zarracha idrok etmaydi. Qahramonlik bilan siyqalikning omuxtasi – hayotimizga ana shunday ta’rif berish mumkin, lekin bu haqda kim o‘ylaydi, deysiz. Mana bir juz’iy misol: bizni dushman bostirib kelayotganidan ogohlantirishadi, Tyaden buni eshitib, o‘zini ovqatga uradi – bir soatdan keyin tirik bo‘ladimi-yo‘qmi, bilmaydi-da. Tyadenning bu ishi xususida uzoq bahslashamiz. Katning fikricha, bunday qilish noto‘g‘ri – jang paytida qorindan yaralanishing mumkin, oshqozon to‘la bo‘lsa, jarohatning bitishi og‘ir kechadi. Mana shunaqa hodisalar ham biz uchun muammo, biz bunaqa narsalarga jiddiy qaraymiz, boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas. Gap hayot-mamot ustida ketyapti. Qolgani bir pul. Mana shu soddaligimiz bizni asraydi. Agar murakkabroq mavjudot bo‘lganimizda allaqachon yo aqldan ozardik, yoki qochoqlik qilardik, yoinki yer tubida yotgan bo‘lardik. Biz qorli cho‘qqilarga tirmashayotgan alpinistlarga o‘xshaymiz – fikr-u zikrimiz qoyadan uchib ketmaslik-da. Boshqa narsani xayolimizga keltirmaymiz, aks holda kuchimiz qirqiladi. Omon qolishning birdan-bir yo‘li shu. Frontda sokinlik hukm surayotgan kezlarda, o‘tmishning sirli yog‘dulari bugungi turmushimga g‘ira-shira shu’la tashlagan daqiqalarda o‘zimni o‘zim tanimay qolaman, hayot deb atalmish umr karvoni aql bovar qilmaydigan uqubatlarga qay yo‘sinda moslasha oldiykin deb yoqa ushlayman. Har tomondan xavf solayotgan ajalga chap berish hayotimizning mohiyatini tashkil etadi. Bu hayot bizni aqlli jonivorlarga aylantirgan. Ravshan fikrlash oqibatida yuz berishi mumkin bo‘lgan vasvasalarning oldini olib, vujudimizni karaxt qilib qo‘ygan. Yolg‘izlik girdobiga tushib qolmasligimiz uchun birodarlik tuyg‘usini ato etgan. Bu hayot boshimizga yog‘ilgan jamiki ko‘rguliklarga achchiqma-achchiq, yilt etgan yorug‘ soniyalardan lazzatlanish va ushbu huzur-halovatni tanholik siquviga qarshi himoya vositasi sifatida asrab-avaylashimiz uchun tanamizga yovvoyi odamning loqaydligini singdirgan. Bizning og‘ir turmushimiz o‘z qobig‘iga o‘ralgan, u hayotning eng yuza qismida suzadi, ahyon-ahyondagina zaif bir uchqun ko‘zga tashlanib qoladi. Ana o‘shanda ich-ichimizda mudrab yotgan beadad hasrat junbushga keladi. Xatarli vaziyatlarga moslashuvimiz qandaydir sun’iyligini, bu haqiqiy xotirjamlik emas, balki xotirjam ko‘rinishga zo‘r berib tirishish ekanini ham sezib turamiz. Hayotimiz chetdan qaraganda yovvoyi qabilalarning turmush tarzidan deyarli farq qilmaydi, bu qabilalar bemalol yashayveradilar, chunki Xudo ularni shunday yaratgan, jinday ta’lim-tarbiya berilsa, zakiy odamlarga aylanib ketishlari hech gapmas. Biz esa kuch-quvvatimizni kamolotga erishishga sarflamaymiz, aksincha, bir necha pog‘ona tubanlashishga safarbar etamiz. Ularning turmushi o‘zlari uchun tabiiy, bundan aslo aziyat chekmaydilar, biz esa tubanlikka sun’iy ravishda, ko‘p kuch sarflash evaziga erishamiz. Ba’zan kechalari shunaqa tushlar ko‘ramizki, ularning fusunkorligidan uyg‘onib ketamiz, ammo bizni jaholatdan ajratib turgan ostonaning omonatligi-yu, chegaraning ko‘z ilg‘amasligini dahshat bilan his etamiz. Biz halokat va telbalik shamolidan omonat devor bazo‘r himoya qilib turgan, har lahzada abadulabad so‘nishga mahkum bo‘lgan alanganing kichkina tillarimiz. Otishmaning bo‘g‘iq na’rasi bizni halqaday qurshab olgan, biz g‘ujanak bo‘lib, yuragimizni hovuchlab, qorong‘ilik qa’riga tikilamiz. Faqat uxlab yotgan o‘rtoqlarimizning nafas olishi bizga andak taskin beradi. Tong otishini kutamiz. Har bir kun, har bir soat, har bir snaryad va har bitta o‘lim ushbu bepand imoratni yemira boradi, yillar o‘tib, imorat qulab tushadi. Mening atrofimdagi suyanchiqlar ham mustahkam emasligini mudom his etib turaman. Mana, masalan, Detering bilan yuz bergan voqeani olib ko‘raylik. U har doim boshqalardan ajralib turishga harakat qilardi. Uni qiyg‘os gullagan olcha yo‘ldan ozdirdi. Bir kuni oldingi marradan qaytayotgandik. Tong payti edi. Barakka yetmasimizdan ko‘cha muyulishida gullab yotgan olcha daraxtini ko‘rib qoldik. Novdalarda hali barg yo‘q, faqat gul, go‘yo oppoq kapalaklar marjonday tizilib turganga o‘xshaydi. Kechqurun Detering g‘oyib bo‘lib qoldi. Keyin bir nechta olcha shoxlarini ko‘tarib qaytib keldi. Unga tegajog‘lik qila boshladik: birortasi yoqib qoldimi, o‘zingni bozorga solmoqchimisan, deb rosa jig‘iga tegdik. Detering indamay o‘rniga yotib oldi. Kechasi qarasam, hadeb timirskilanyapti, menga xaltasini bog‘layotganday tuyuldi. Xavotirlanib oldiga bordim. Pinagini buzmadi. – Tentaklik qilma, Detering. – Nima qipman, uyqum qochib ketdi, o‘zimni ovutib o‘tiribman. – Olcha gulini nega opkelding? – Gul opkelish ham mumkinmasmi? – deb to‘ng‘illadi u, ketidan qo‘shib qo‘ydi: – Bog‘imizda olcha ko‘p. Har yili shu paytda baravariga gullaydi, pichanxona tomidan turib qarasang, oppoq choyshab yoyib qo‘yilganga o‘xshaydi. – Balki hademay ta’tilga chiqarsan. Yoki uyingga borib kelishga ruxsat berishar – xo‘jaliging kattaligini bilishadi-ku, axir. U bosh qimirlatib qo‘ya qoladi, nigohida biron bir ma’ni yo‘q. Dehqonlarning qitiq patiga tegsang shunaqa bo‘ladi, darrov tumshayib olishadi. Uni chalg‘itish maqsadida non so‘rayman. Detering shosha-pisha uzatadi. Bu ishi shubhaliroq, chunki o‘zi xiylagina xasis-da. Shuning uchun men ham uxlamayman. Kechasi tinch o‘tdi, ertalab qarasam, tuppa-tuzuk. Mening kuzatayotganimni payqab qolgan shekilli. Ertasiga ertalab yana joyida yo‘q. Sezdim-u, birovga churq etmadim. Mayli, hamma narsaning davosi vaqt, balki o‘ziga kepqolar. Gollandiyaga qochib ketgan odamlar ham ko‘p bo‘lgan. Ammo yo‘qlama paytida ham ko‘rinmadi. Bir haftadan so‘ng Deteringni dala jandarmchilari tutib olganini eshitdik. Germaniyaga yo‘l olgan ekan (topgan joyini qarang!). O‘ylamay, qiziq ustida qilgan bu ishni. Sog‘inch iztirobi ustun kelgan-da. Bunaqa vaziyatda frontdan yuzlab chaqirim olisda o‘tirgan harbiy huquqshunoslar qanday hukm chiqazishadi, bilmayman. Deteringni qaytib ko‘rmadik. Ba’zan bu xavfli, asta-sekin yaqinlashib keladigan portlashlar qizib ketgan bug‘ qozonining yorilishini eslatadi. Shu o‘rinda Berger qanday halok bo‘lganini gapirib bermoqchiman. Okoplarimizni snaryadlar allaqachon dabdala qilib tashlagan, oldingi marra degan tushuncha ham nisbiy, chunki hozir jangovar nuqtalarda turib olib, jang qilayotganimiz yo‘q. Hujum qarshi hujum bilan almashinib turadi, xuddi dengizdagi to‘lqinning bir ko‘tarilib, bir qaytishiga o‘xshaydi. Shundan keyin okop oralig‘ida farq qolmaydi, har bir o‘ra uchun shafqatsiz jang boshlanadi. Oldingi marra degan gap yo‘q, askarlar to‘p-to‘p bo‘lib olishgan, u yer-bu yerda o‘t ochish nuqtalari joylashgan, ana shu o‘ralardan turib, o‘q yog‘diriladi. Bir o‘rada o‘tiribmiz, nariroqda inglizlar. Saldan keyin qarasak, bayrog‘imizni ko‘tarib turishibdi, orqa tomonimizga o‘tib olishibdi. Demak, qurshovdamiz. Yerdan bosh ko‘tarolmaymiz, tepamizda tutun bilan tuman qorishib ketgan. Taslim bo‘lamizmi? Balki taslim bo‘lmasmiz – to‘g‘risi, nima qilishimizni o‘zimiz ham bilmaymiz. Qo‘l granatalari borgan sari yaqinroqda portlayapti. Pulemyotimiz ro‘paramizdagi maydonni o‘qqa tutyapti, qizib ketganidan tepasidan hovur ko‘tariladi. Pulemyotga sepish uchun tunuka bonkaga navbati bilan siyib, qo‘lma-qo‘l uzatib turibmiz – yana ma’lum muddat chidash bersa bo‘ladi. Ammo orqa tomonimizdagi portlashlar tobora yaqinlashyapti. Tamom bo‘ldik shekilli. Kutilmaganda qo‘shni o‘rada ikkinchi pulemyot sayrab qoladi. Uni Berger sudrab kelgan. Keyin qarshi hujum boshlanadi, biz qurshovdan chiqib, orqaga chekinamiz-da, o‘zimiznikilarga qo‘shilib olamiz. Endigi panajoyimiz ancha bexavotir. Dala oshxonasiga emaklab borgan bir askar biz turgan joydan yuz metrlar narida yaralangan aloqachi it yotganini aytadi. – Qayerda? – so‘raydi Berger. Haligi askar tushuntiradi. Berger itni xavfsiz yerga olib chiqish yoki otib tashlash harakatiga tushib qoladi. Yarim yil burun bunaqa ahmoqona fikr xayoliga ham kelmasdi. Biz uni shashtidan qaytarishga urinamiz. U quloq solmaydi. Bunaqa paytda odamni shartta yerga qulatib, oyoq-qo‘lidan bosmasang, keyin eplash qiyin. Front vasvasasi yomon bo‘ladi. Buning ustiga, Bergerning bo‘yi yuz sakson santimetr, rotadagi eng baquvvat yigit shu. Berger rostdan ham aqldan ozibdi – o‘zini nuqul o‘q yog‘ilib turgan joyga otadi, hozir miyasiga yashin urgan payt, bunday holat har birimizning boshimizga tushishi mumkin, uni ham shu tobda savdoyiga aylantirib qo‘ygan. Lekin bu har kimda har xil kechadi: birovlar to‘polon qiladi, birovlar qayoqqadir qochmoqchi bo‘ladi. Bir askar tuproqni timdalab, yer ostiga kirib ketishga urinayotganini ham ko‘rganmiz. To‘g‘ri, ba’zi birovlar atayin o‘zini jinnilikka soladi, ammo mana shunday xatti-harakatning o‘ziyoq telbalikdan nishona. Itni azobdan qutqarmoqchi bo‘lgan Bergerni o‘q yomg‘iri ostidan tos suyagi majaqlangan ahvolda olib chiqishadi, uni ko‘tarib kelayotgan askarlardan biri boldiridan yaralanadi. Myuller halok bo‘ladi. Yaqin atrofda otilgan yorituvchi raketa qorniga tushadi. U yarim soatgacha es-hushini yo‘qotmay, keyin qiynalib jon beradi. O‘limidan oldin menga hamyonini berib, botinkasini ham vasiyat qiladi, qachonlardir Kemmerixdan meros qolgan o‘sha botinka. Hozir kiyib yuribman, oyog‘imga loppa-loyiq. Mendan keyin uni Tyaden oladi, va’da berganman. Myullerni bir amallab dafn etdik, lekin qabrida uzoq yotmasa kerak. Biz turgan marrani orqaga siljitishmoqchi. U tomonda ingliz va amerikaliklarning yangi polklari to‘plangan. Dudlangan go‘sht va bug‘doy unlari ham bisyor. Samolyotlari behisob. Ochlikdan hammamizning sillamiz qurigan. Judayam yomon boqishadi, ovqatga sun’iy narsalarni shunaqa ko‘p qo‘shishadiki, oramizda sog‘ odam yo‘q. Germaniyadagi fabrikachilar boyib ketishgan. Bizni esa ichburug‘ zir yugurtiradi. Hojatxonalarda bo‘sh joy topib bo‘lmadi. Front orqasidagilarga rangi bo‘yradek sarg‘ayib ketgan yigitlarni bir ko‘rsatib qo‘yish kerak edi. Qorinning burashidan basharalarini burishtirib, qon tomguncha kuchanib o‘tirishibdiyu, tag‘in bir-birlari bilan hazillashib ham qo‘yishadi: – Ishtonbog‘ni bog‘lash shart emas, baribir yana yechishga to‘g‘ri keladi. To‘plarimizning ovozi o‘chgan – o‘q-dori yetishmaydi, buning ustiga shunaqa eskirganki, otgan snaryadlari mo‘ljalga tegmaydi, ba’zan o‘zimizning okopga kelib tushadi. Yangi qismlarni kasalvand va nimjon bolalar bilan to‘ldirishadi, ular safar xaltasini ham ko‘tarisholmaydi, lekin o‘lishni qotirishadi. Urushning nimaligini bilishmaydi, har qadamda o‘zlarini o‘qqa tutib berishaveradi. Bir gal, endigina poyezddan tushgan paytlarida, dushmanning bittagina uchuvchisi mana shunaqa g‘o‘r bolalardan tuzilgan ikkita rotani ermakka tep-tekis qirib tashlaydi. – Hademay Germaniyada tirik jon qolmaydi, – deydi Kat. Bu odamkushlik hali-veri tugashiga ishonmaymiz. Peshonangdan o‘q yeysan, o‘lasan, mabodo, yarador bo‘lsang, shifoxonaga jo‘natishadi. Oyoq yoki qo‘lingni kesib tashlashmasa, suyunishga shoshilma, ertami-kechmi jangovar xizmatlari uchun xoch bilan mukofotlangan, kapitan unvonidagi birorta do‘xtirning qo‘liga tushasan. Ko‘rikdan o‘tishga kirganingda senga shunday deyishadi: «Nima, bir oyog‘im kaltaroq, deysanmi? – Hechqisi yo‘q, agar qo‘rqoq bo‘lmasang, frontda yugurmaysan. Yozamiz: «Yaroqli»... Boraver! Kat Vogezdan to Flandriyagacha butun frontga tarqalgan latifalardan birini aytib beradi – ko‘rik paytida ro‘yxat bo‘yicha familiyalarni o‘qiyotgan harbiy do‘xtir kirib kelgan yigitga qaramasdan: «Yaroqli. Frontga askarlar kerak», – deydi. Keyin yog‘och oyoqli boshqa askar kiradi. Do‘xtir unga ham: «Yaroqli», – deb fatvo beradi. – Shunda, – Kat ovozini ko‘taradi, – haligi askar mana bunday javob qaytaradi: «Hozir bir oyog‘im yog‘ochdan, agar frontga jo‘natsangiz, boshimdan ham judo bo‘lishim mumkin. Ana o‘shanda yog‘ochdan bosh yasatvolib, do‘xtirlik qilaman». Biz javobga qoyil qolib, qotib-qotib kulamiz. Tan olish kerak: hamma do‘xtirlar ham unaqamas, yaxshilarini ham ko‘rganmiz. Ammo askar bir necha bor har turli ko‘riklardan o‘tadi, oxir-oqibat, o‘shanaqa «fidoyi»siga ham duch keladi-da. Bunday do‘xtirlar ro‘yxatda yaroqsizlar soni iloji boricha kamroq bo‘lishiga intilishadi. Yaradorlarning noliganicha bor, axir, bunaqa munosabatga qaysi inson chidaydi? Ochig‘ini aytganda, harbiy xizmatda munofiqlik, adolatsizlik va razolat har qadamda uchraydi. Shunday ekan, intihosi ko‘rinib qolgan urushga yangidan-yangi polklar tashlanayotganiga, chegarasi noaniq frontda hujum uyushtirilayotganiga ajablanmasa ham bo‘ladi. Bir mahallar masxara qilingan tanklar hozir dahshatli qurolga aylangan. Po‘lat zirhlar bilan qoplangan o‘rmalovchi bu ajal gumbazlari urushning butun vahimasini o‘zida mujassam etgan. Do‘lday o‘q yog‘dirayotgan qurollar olisda, ko‘zga ko‘rinmaydi, dushmanning ahyon-ahyon hujum qilib turadigan qismlari ham o‘zimizga o‘xshagan odamlardan tashkil topgan. Ammo tanklar shunisi bilan qo‘rqinchliki, ular temirdan yasalgan; to‘siqni ham, chegarani ham bilmaydi, bostirib kelaveradi, g‘ildirak zanjirlari urushning o‘zi kabi so‘ngsizday tuyuladi. Ular chinakam qirg‘in qurollari, hayiqishni bilmaydigan hissiyotsiz maxluqlar; o‘raga sho‘ng‘ib, o‘lig-u tirikni baravariga ezg‘ilab, yana o‘rmalab chiqib ketaverishadi. Ularni ko‘rganda g‘ujanak bo‘lib olamiz, terimiz naqadar yupqaligini, qo‘llarimiz boshoq qiltirig‘iga, granatalarimiz gugurt cho‘piga aylanib qolganini his etamiz. Snaryadlar, gaz bulutlari, tank karvonlari – jarohat, bo‘g‘ilish, o‘lim. Ichburug‘, gripp, terlama – og‘riq, alahsirash, o‘lim. Okoplar, dala shifoxonalari, qardoshlik mozorlari – boshqa chora yo‘q. Navbatdagi hujum paytida rotamiz komandiri Bertink halok bo‘ladi. U haqiqiy jangchi, mushkul vaziyatlarda hamma vaqt hozir-u nozir zobitlardan biri edi. Ikki yil bizga komandirlik qilib, biror marta ham yaralanmadi. Oxiri yomon bo‘ldi. Biz o‘rada o‘tiribmiz, qurshovdamiz. Ustimizga porox tutuni bilan birga kerosinni eslatuvchi badbo‘y hid yopiriladi. Nariroqda o‘tpurgagich ko‘targan ikki askarga ko‘zimiz tushadi. Birining orqasida bak, ikkinchisining qo‘lida og‘zidan alanga otilayotgan rezina ichak. Agar yaqinroq kelishsa, yonib kul bo‘lamiz – chekinadigan joy yo‘q. Ularni o‘qqa tuta boshlaymiz. Askarlar yaqinlashaverishadi. Tang ahvolda qolamiz. Bertink biz bilan bir o‘rada. Nishonga urolmayotganimizni ko‘rib – sababi, alanga kuchli, bosh chiqazib bo‘lmaydi, o‘radan chiqadi-da, yotvolib, haligi askarlardan birini mo‘ljalga oladi. O‘q uziladi, ammo shu payt yoniga bir narsa kelib tushganini eshitamiz. Bertink parvo qilmay, yana miltiqni ko‘taradi. Keyin bir lahza qimirlolmay qoladi, yana nishonga oladi. Nihoyat, o‘q uzadi. «Yaxshi!» deydi-yu, o‘raga sirg‘alib tushadi. Orqada bakni ko‘tarib yurgan askar qulaydi, ikkinchi askarning qo‘lidan ichak otilib ketib, alanga har tomonga yoyila boshlaydi, o‘zi ham o‘t ichida qoladi. Bertinkning ko‘kragiga o‘q tekkan ekan. Saldan keyin snaryad parchasi iyagini uchirib ketadi. O‘sha o‘q Leyerning ham belini jarohatlaydi. Leyer tipirchilab yotibdi, yarasidan tizillab qon otilyapti. Hech kim joniga oro kirolmaydi. Bir necha daqiqadan so‘ng suvi oqib ketgan meshga o‘xshaydi-qoladi. Xo‘sh, maktabda matematikadan «besh»ga o‘qigani nima bo‘ldi? Oylar o‘tyapti. Hozir 1918-yilning yozi – eng qonli va eng og‘ir damlar. Go‘zal va farahbaxsh yoz kunlari qora ajal tepasida qanot qoqib turgan farishtalarga o‘xshaydi. Urushni boy berayotganimizni hammamiz bilamiz. Lekin hech kim gapirmaydi. Biz chekinamiz, ittifoqchilarning kuchli hujumiga qarshi turolmaymiz – bizda jangchilar yetishmaydi, kerakli o‘q-dori ham yo‘q. Ammo urush davom etyapti, odamlar qirilyapti... 1918-yilning yozi... Hayotimiz hech qachon hozirgiday serjoziba bo‘lmagan – qip-qizil lola qizg‘aldoqlar, nimqorong‘i, salqin xonalardagi iliq tunlar, g‘ira-shirada qorayib turgan daraxtlar, yulduzlar, ariqlarning shildirashi, shirin uyqu va shirin tushlar... O, hayot, hayot! 1918-yilning yozi... Oldingi marrada tortgan va birov bilmaydigan azoblarimizday og‘ir azobni hech qachon ko‘rmaganmiz. Keyingi paytlarda qismlarda sulh va tinchlik haqidagi mish-mishlar o‘rmalab qoldi. Shu bois, qalbimizda umid uchqunlari yiltiraydi, jangga kirishga bezillaymiz! 1918-yilning yozi... Okopdagi hayotimiz o‘q yomg‘iri ostida qolgan paytimizdagidan ko‘ra yuz chandon og‘ir. Yerga qapishib, Ollohga nolalar qilamiz: «Yo‘q! Yo‘q! Hozir emas! Urush tugay deb turganda omonatingni olma, e Xudo!» 1918-yilning yozi... Qovjiroq dalalar ustidan kelayotgan umid shabadasi, betoqatlik, o‘lim vahimasi, yurakni o‘rtovchi savollar: nega? Nega bu azoblarga barham berishmaydi? Urush to‘xtashi to‘g‘risidagi gap-so‘zlar rostmi-yolg‘onmi? Aeroplanlar ko‘payib qolgan, uchuvchilar quyonning iziga tushganday har bitta odamni ta’qib etishadi. Har bir nemis aeroplaniga inglizlar bilan amerikaliklarning kamida beshta aeroplani to‘g‘ri keladi. Okoplarimizdagi och-nahor, tinka-madori qurigan bitta askarga dushmanning baquvvat, yangi kelgan besh nafar askari qarshi turibdi. Bizda bir buxanka non bo‘lsa, ularda ellik bonka go‘sht konservasi bor. Biz yengilmadik, zero, chiniqqan, tajribali askarlarmiz; dushmanning behisob kuchlari tomonidan orqaga surib tashlandik, xolos. Ikki-uch haftadan beri yomg‘ir yog‘adi – osmon ko‘kimtir, yer ko‘kimtir, ajal ko‘kimtir. Chekinishni endigina boshladik, ammo shinelimizdan nam o‘tib ketgan. Quritishning sira iloji yo‘q. Etigi borlar suv o‘tmasligi uchun qo‘njining og‘ziga gir aylantirib qum solingan xaltachalarni tiqib qo‘ygan. Miltig‘imiz loy, egnimiz loy, yer ustidagi tuproq bo‘tqa, unda-bunda qon aralash halqoblar. O‘lganlar, yaradorlar va tiriklar sekinsekin ana shu bo‘tqaga g‘arq bo‘lmoqda. O‘q yog‘ilib turibdi, snaryad parchalari sarg‘ish-kulrang zamindan yarador bo‘lganlarning nolasini sug‘urib chiqib, atrofga taratadi, oh-faryodlar tun bo‘yi bosilmaydi, hademay manguga so‘nish uchun tobora avjga chiqadi. Qo‘limiz – tuproq, vujudimiz loy, ko‘zlarimiz – halqob. O‘likmizmi, tirikmizmi – bilmaymiz. Keyin o‘ramizga namxush ayoz o‘rmalab kiradi, kuzning ana shunday rutubatli kunlaridan birida Kat ikkovimiz ovqat opkelishga boramiz, Kat birdan chalqanchasiga yiqiladi. Ikkalamizdan boshqa hech kim yo‘q. Yarasini bog‘layman, boldir suyagi maydalanganga o‘xshaydi. O‘q etga emas, suyakka tekkanidan Kat iztirobda. Nuqul ingraydi: – Ko‘pi ketib, ozi qolganda-ya... Unga tasalli beraman: – Yana qanchaga cho‘zilishini Xudo biladi. Eng muhimi, tirik qolding-ku. Qon to‘xtamayapti. Uni yolg‘iz tashlab ketolmayman. Bu atrofda tibbiyot xonasi bor-yo‘qligini ham bilmayman. Katning toshi yengil, uni opichlab, orqaga qaytaman. Ikki marta to‘xtab, nafasni rostlaymiz. Og‘riq Katga qattiq azob beryapti. Deyarli gaplashmaymiz. Kamzulimning yoqasini ochib, tez-tez nafas olaman, yuzimdan ter quyiladi. Shunga qaramay, Katni shoshiltiraman, tezroq yurish kerak, chunki bu yerlar xavfli. – Xo‘sh, Kat, jilamizmi? – Mayli, Paul. – Ketdik. Uni yana opichlab olaman. Yurish borgan sari qiyinlashadi. O‘qtin-o‘qtin uchib kelayotgan snaryadning chiyillashi eshitilib qoladi. Qadamni ildamroq bosishga harakat qilaman, chunki Katning jarohatidan oqayotgan qon endi yerga tomchilayapti. Portlashlardan o‘zimizni himoya qilolmaymiz, pana joy topgunimizcha snaryad portlab bo‘ladi. Axiyri, bir o‘raga yashirinamiz. Otishma kamayishini kutmasak bo‘lmaydi. Flyagamdan Katga issiq choy quyib beraman. Sigareta tutatamiz. – Mana, Kat, – deyman unga, – ajralishadigan payt baribir keldi. Kat menga sinovchan tikiladi. – G‘oz o‘g‘irlaganimiz yodingdami, Kat? Anovi jangda meni qutqarib qolganing-chi? Unda yosh bola edim, birinchi marta yaralangandim. Rosa yig‘laganman. Shunga ham uch yil bo‘pti-ya, Kat. U boshini qimirlatadi. Yolg‘iz qolishimni o‘ylab, vahimaga tushaman. Uni shifoxonaga olib ketishsa, bir o‘zim so‘ppayib qolaman. Bu yerda boshqa do‘stim yo‘q. – Agar qaytguningcha sulh tuzilsa, albatta uchrashishimiz kerak, Kat. – Shu oyoq bilan meni frontga yaroqli deb topishadimi? – so‘raydi u ma’yus ohangda. – Xudo shifo bersa, hech gapmas. Bo‘g‘imlaring butun-ku. Sekin-sekin oyoqqa turib ketasan. – Chekishdan ol, – deydi u. – Balki urushdan keyin birgalashib biror ish qilarmiz. Dilim xufton. Kat, solqi yelkali, mo‘ylovi siyrak do‘stginam Kat. Uni boshqalardan ko‘ra yaxshiroq bilaman. U bilan shuncha yil yonma-yon yurdim. Endi qaytib ko‘rishmaslikni tasavvur qilolmayman. – Har ehtimolga adresingni yozib ber, Kat. Mana meniki. Katning uy adresi yozilgan qog‘ozchani ko‘krak cho‘ntagimga solaman. Yonimda o‘tiribdi-yu, hozirdanoq o‘zimni g‘ariblardan-g‘arib sezaman. Undan ajralmaslik uchun tovonimdan otsammikin? Birdan Katning tomog‘ida bir narsa qulqullaydi, yuzi sarg‘ish-ko‘kimtir tusga kiradi. – Ketdik, – deydi bazo‘r. Sakrab turib, yana opichlayman. Tibbiyot xonasiga tezroq olib borishim kerak. Shu o‘y bilan endi yugura boshlayman, unga ozor yetmasligi uchun bir maromda lo‘killayman. Tomog‘im quruqshab ketgan, ko‘z oldimda qizil va qora halqachalar charx uradi, lekin men tishimni tishimga bosib, qoqila-surtila chopaveraman, axiyri tibbiyot xonasiga yetib kelaman. Katni sog‘ oyog‘iga asta tushiraman. O‘zim ancha mahalgacha o‘rnimdan turolmayman, tizzalarim qotib qolgan, qo‘llarim titraydi. Bir amallab flyagamdan choy ho‘playman. Endi ko‘nglim xotirjam – Kat bexavotir joyda. Oradan biroz vaqt o‘tgach, kimningdir g‘o‘ldiragani qulog‘imga chalinadi, ko‘zimni ochib qarasam, tepamda sanitar turibdi. – Bekorga joningni qiynabsan-da. Unga hayron bo‘lib tikilaman. Sanitar Katga ishora qiladi: – O‘lgan-ku. Hech narsaga tushunmayman. – Boldiridan yaralangan, nega o‘ladi? – Unisi boshqa... O‘girilib qarayman. Ko‘z oldim hamon qorong‘i, ter quyilib yotibdi. Qovog‘imni ishqalab, Katga nazar tashlayman. U qimir etmaydi. – Hushidan ketgan, – deyman men. Sanitar hushtak chalib qo‘yadi. – Sendan yaxshiroq bilaman-ku! O‘lgan. Garov o‘ynashim mumkin. Men bosh chayqayman: – Bo‘lishi mumkin emas! O‘n daqiqa oldin gaplashib kelayotgandik. Hademay ko‘zini ochadi. Katning qo‘llari iliq, yelkasidan ushlab, silkitmoqchi bo‘laman, shunda barmoqlarim shilimshiq bir narsaga tegadi, qarasam, qon. Sanitar yana hushtak chaladi. – Endi ishondingmi? Bu yoqqa kelayotganimizda Katning boshiga snaryad parchasi tekkanini sezmagan ekanman. Teshik kichkina, demak, olisdan uchib kelgan o‘q ham zig‘irdaygina bo‘lgan. Ammo shuning o‘zi kifoya qilgan. Kat o‘lgan. Asta o‘rnimdan turaman. – Askarlik guvohnomasini olib qolasanmi? – so‘raydi sanitar. Men bosh irg‘ayman. Sanitar hayron: – Qarindosh emassizlar-ku, to‘g‘rimi? Yo‘q, qarindosh emasmiz, qarindosh emasmiz. Nima bo‘lyapti, nahotki, qadam tashlayapman? Nahotki, oyoqlarim haliyam butun? Boshimni ko‘tarib, atrofga alanglayman. Bari o‘sha-o‘sha. Faqat oddiy askar Stanislav Katchinskiy endi yo‘q. Boshqa hech narsani eslolmayman. Kuz. Bizga o‘xshagan «qariya»lar frontda oz qolgan. Sinfdoshlardan – biz yetti kishi edik, oxirgisiman. Askarlarning og‘zidan sulh va tinchlik degan so‘zlar tushmaydi. Hamma kutyapti. Agar bu gaplar yana yolg‘on chiqsa – chatoq bo‘ladi, chunki odamlar faqat shu umid bilan yashashyapti, endi bu umidni mahv etish qiyin. Mabodo, tinchlik bo‘lmasa, inqilob bo‘lishi muqarrar. Ikki hafta dam olaman – ozgina gaz yutib qo‘yibman. Kun bo‘yi bog‘da oftobda toblanib o‘tiraman. Hademay sulh tuziladi, endi men ham bunga ishonaman. Keyin uy-uyga, tepa to‘yga! Shu o‘rinda xayolim parvozi taqqa to‘xtaydi, sira o‘rnimdan qo‘zg‘alolmayman. Qiziq, nima meni u yoqqa sudrayapti, u yerda nimalar kutyapti meni? Hayotga tashnalik, sog‘inch, erkinlik va osoyishtalik. Lekin bular hissiyotlar, xolos. Maqsad emas. Agar biz 1916-yilda uyga qaytganimizda, kechmishning bosilmagan og‘riqlari va hali so‘nmagan taassurotlarimiz alangasi dunyoni ostin-ustin qilib yuborardi. Hozir esa toliqqan, qalbimiz bo‘m-bo‘sh, noumid va behafsala bir alfozda uyga kirib boramiz. Bu hayotga endi moslasholmaymiz. Qolaversa, bizni tushunishmaydi ham, axir, oldinda keksa avlod bor, garchi bu avlod urushning achchiq-chuchugini biz bilan baham ko‘rgan bo‘lsa-da, urushga qadar ularning oilasi va kasbi-kori bor edi, hozir yana jamiyatdan o‘z o‘rinlarini topib, qora kunlarni butkul unutvorishadi. Innaykeyin, ortimizdan yangi avlod o‘sib kelyapti, xuddi o‘zimizning bolaligimizga o‘xshashadi, lekin ular uchun ham begonamiz, bizni yo‘llaridan supurib tashlashadi. Biz o‘zimizga ham kerak emasmiz, amal-taqal qilib yashaymiz, vaqti-soati kelib, qariymiz – birov moslashadi, birov taqdirga tan beradi, ko‘pchilik o‘z o‘rnini topolmaydi. Yillar o‘tadi, biz ham hayot sahnasidan tushib ketamiz. Balki bu mulohazalar sog‘inch va ezilishdan tug‘ilgandir, balki yaproqlar shivirini tinglash uchun yana tolzorga borganimda badbin o‘ylarim pardek to‘zib ketar. Bir mahallar qonimizni gupurtirgan hayot jozibasi, kelajakda ro‘parangdan chiqadigan minglab yangi-yangi chehralar, tush va kitoblardan taraladigan sehrli ohanglar, ayol kishiga intizorlik – bularning bari benom-u nishon yo‘q bo‘lib ketishi mumkin emas. Dunyoning bu mo‘jizalari o‘qlar ostida tilka-pora bo‘lishiga yoki oddiy askarlarga mo‘ljallangan fohishaxonalar ichkarisida qolib ketishiga aql bovar qilmaydi. Bu yerda daraxtlar oltinday tovlanadi, yaproqlar orasida osilib turgan ryabinalar shokilasi ko‘zni o‘ynatadi, dala yo‘llari ufqqa talpinadi, askarlar oshxonasi g‘ala-g‘ovur, hamma tinchlik haqida gapiradi. O‘rnimdan turaman. Xotirjamman. Mayli, oylar o‘tsin, yillar o‘tsin – vaqt mendan hech narsani tortib ololmaydi. Shu qadar tanhomanki, dunyodan umidimni uzib qo‘yganman. Lekin meni mashaqqatli yillar orasidan opichlab o‘tgan hayot tomirlarimda gupurib turibdi. Boshimga tushgan savdolarni yengib o‘toldimmi-yo‘qmi, bilmayman. Hozircha tirikman, o‘lmagan qul bir kunini ko‘radi. 1918-yilning oktabrida, butun front bo‘ylab sokinlik hukm surayotgan paytda u halok bo‘ldi, harbiy axborotlar bittagina jumladan iborat edi: «G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q». U yuztuban yiqildi, ag‘darib ko‘rishganda qiynalmay jon berganday tuyuldi, yuzi uxlab yotgan kishinikidan farq qilmasdi, go‘yo umri mana shunday xotima topganidan mamnunga o‘xshardi.
Manba:
| Nomi | G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q Remark |
| Muallif(lar)i | A.S.Sagdullayev |
| Yaratilgan vaqti | 14.05.2023 |
| Nashr yili | 2022 |
| Nashr parametri | 2022 |
| Nashriyoti | O'zbekiston |
| Qo‘llanish sohasi | adabiyotshunoslik |
| Adabiy turi | Dramatik |
| Janri | adabiy maktub |
| Voqea vaqti va joyi | 1978 |
| Matn tipi | detektiv |
| Uslubi | Badiiy |
| Auditoriya yoshi | 18 yoshgacha |
| Auditoriyaning salohiyat darajasi | adabiyotshunoslik |
| Ichki korpus turi | Davriy nashrlar korpusi |
| So‘z(shakl) miqdori | 0 |
| Teglovchi | Kamoliddin |