Kontekst:
BIR TANDA IKKI ODAM Cho‘qqilar jilvasiga ko‘pam mahliyo bo‘laverma, bolam. Bu tog‘da qashqirlar bor... Odam bolasining ko‘zidan yosh chiqmasa qiyin ekan. Yurakbag‘rini o‘rtagan alamlar shu ko‘z yoshi bilan chiqib ketadi. Kimki faryod urib yig‘layolmasa, ko‘zidan yosh chiqazolmasa, alamlarini ichiga yutsa — dardga chalinadi. Shuning uchun keksalar alam o‘rtagan kishiga, yig‘la, ko‘nglingni bo‘shat, deydilar. Bu gapda hikmat ko‘p. Afsuski, Tolibjon ko‘zyosh to‘kib yig‘lolmasdi. Unsiz, ko‘z yoshisiz yig‘lardi, xolos. Mana shu unsiz yig‘i Tolibjonni yiqitdi. Sal kunda qop-qora sochlari kaptar patidek bo‘lib ketdi. Asab kasali yomon dard bo‘ladi. Tolibjon shovqinga chidamaydigan, gap ko‘tarmaydigan bo‘lib qoldi. U o‘ylab-o‘ylab, olis qishlog‘ida qolgan o‘gay singlisini esladi. Tolibjon uni ko‘p yillardan beri ko‘rmagan. Eri nima ish qiladi? Nechta bolasi bor? Buni bilmasdi. Harqalay, o‘zi tug‘ilib o‘sgan qishloq. Bolaligini eslatadigan guvala devorlar bilan qurshalgan hovlilar, tengqurlari bilan birga cho‘milgan jimjit soylar, olisda sadafdek chaqnab turgan cho‘qqilar, yam-yashil o‘tloqlar ko‘ngliga taskin berar-ku! U ana shunday o‘ylar bilan yo‘lga otlandi. Yetimqishloqning pastida katta soy oqardi. Soy suvi qishloq etagiga yetganda yoyilib, o‘rtasida o‘nlab orolchalar hosil qilardi. Tolibjon bolaligida o‘rtoqlari bilan suv kechib, orolchalarda qumga ko‘milib, soatlab osmonga qarab yotardi. O‘sha paytlarda osmon juda ham ko‘m-ko‘k bo‘lardi. Oppoq bulutlar sut ko‘pigidek bo‘lib, qishloq ustidan shoshilmay toqqa qarab suzib o‘tib ketishardi. Qamishlar orasidan qurbaqalarning qurillashi, o‘rdaklarning g‘aqg‘aq tovushlari eshitilib turardi. Tolibjon ko‘kka qarab yotib, bir zumda dunyoni xayolda aylanib chiqardi. Kechalari osmonni to‘ldirgan yulduzlarning imlashlariga tikilib tongni kutardi... Manahozir u o‘sha yoshligi o‘tgan soy ko‘prigi ustida turibdi. Endi u yalang oyoq, tanini oftob kuydirgan bola emas, sochlari oqargan, hayotning achchiq-chuchugini totgan Tolibjon edi. U toshlarga urilib oqayotgan suvdan bolaligini qidirayotganga o‘xshardi. Bu orolchalarda qanchadan-qancha xayollari qolgan. Shu sohillarda u balog‘atga yetdi. Shu orolchalarda ne-ne buyuk orzular og‘ushida mast bo‘lgan. Nihoyat jimjit sertuproq ko‘chalarda kezib, muhabbatning bir umr unutilmas, qo‘shiqdek ko‘ngilni yayratuvchi, g‘azaldek yurakka quyuluvchi, tushdek tumanli onlarini kechirgan. U kunlar endi qaytmas bo‘lib olisga, juda olislarga uchib ketgan. Tolibjon omonat yog‘och ko‘prik ustida shunday, ham shirin, ham yurakni o‘rtovchi hislar og‘ushida garangsib turardi. Kechga yaqin Tolibjon qadrdon uyini topib keldi. U qishloqdan chiqib ketayotganda singlisi to‘lishib, boqishlaridan balog‘atning allaqanday ta’rifga so‘z bermaydigan daqiqalarini kechirayotgani sezilib qolgan qizaloq edi. Singlisi Tolibjonning xotirida shundayligicha qolgan. Hozir qandoq bo‘lib ketganikin, deb o‘yladi Tolibjon. Eshikdan jur’atsiz qadam tashlab hovliga kirdi. Mototsiklni yonboshlatib g‘ildiragiga yel berayotgan to‘qqiz yoshlardagi bola notanish kishining hovliga kirganidan hayratlanib, moy bo‘lib ketgan qo‘llarini lattaga artib o‘midan turdi. Hovlining narigi burchida uch-to‘rt bola yerga cho‘nqayib o‘tirib nimadir qilyapdi. Ayvonda, hovliga orqa o‘girib, bir kampir choy ichyapdi. Tolibjon hovlini, uyni, ayvonni bir onda ko‘zdan kechirib chiqdi. Birdan yuragi «shuv» etib orqaga tortib ketdi. Singlisi boshqa yoqqa ko‘chib ketgan bo‘lsa-ya! Bular begona kishilar bo‘lsa-ya! Bolalardan bin unga yaqin kelib, salom berdi. — Zaynab opaning uylari shumi? — deb so‘radi Tolibjon. — Ha, shu. Keling, tog‘a. Tolibjon yengil tin oldi. — Sen Zaynabxonning kimlari bo‘lasan? — dedi tutilib Tolibjon. Ayvonda choy ichib o‘tirgan kampir ovoz berdi: — Hoy, kim bilan gaplashyapsan, bolam? Bu ovoz Tolibjonga tanish edi. Yuragi bir hapriqib ketdi. Chamadonini yerga qo‘yib, ayvon tomonga jadal yurdi. Gurs-gurs qadam tovushidan kampir o‘rnidan turmoqchi bo‘ldi. Kampir to‘qsondan oshgan, halimdek hilvirab qolgan. U — Tolibjonning o‘gay onasi. Tolibjon qishloqdan chiqib ketganda payg‘ambar yoshidan oshib ketgan edi. Tirik ekan. Tolibjon kela solib engashdi-yu, uning bo‘ynidan quchoqlab, bir daqiqa so‘z topolmay, entikib, turib qoldi. — Hoy, kimsan, bolam? Hiding dimog‘imga tanish. Kampirning ko‘zi ojiz edi. U Tolibjonning yelkalarini timirskilab silab ko‘rdi. Taniyolmadi. — Meni diqqat qilmay o‘zing ayta qol, bolam! Kimsan? Hiding Tolibginamning hidiga o‘xshab ketyapti. Yig‘lab ko‘zidan yosh chiqazolmagan Tolibjonning o‘pkasi to‘lib ketdi. Hiqillab turib birdan ho‘ngrab yubordi. Kampir uning boshini silab, peshonasini yuziga bosib, sekin dedi: — Qayoqlarda yurgan eding, bolam? Ko‘zim ochiq paytlarda qayoqlarda eding, tentagim? Kampir uni bag‘ridan bo‘shatib, hovli tomonga qichqirdi: — Nima qilib turibsanlar, ayangni chaqirmaysanlarmi? Dadalaringga xabar qilmaysanlarmi? Yugur, pochchangga chop, tog‘am keldi, deb ayt. Bir hovli bola dupur-dupur qilib to‘rt tarafga yugurib ketdi. — Ha, umringdan baraka topgurlar, juda sho‘x-da, bular. Kampir nimchasiga o‘rab qo‘ygan choynakni bed surib piyolaga choy quydi. — Qanisan, bolam? Manavi choyni ich. Dolchin solib damlaganman. Ich, ich! Tolibjon kampirning qo‘lidan choyni oldi. Ho‘pladi. Onasi o‘sha paytda ham shunaqa choy ichardi. Haligacha o‘sha odatini tashlamapdi. Bir choynak xushbo‘y choyni ichib bo‘lgunlaricha hovli odamga to‘lib ketdi. Boshiga durra tang‘igan, yoshi qirqning nari-berisidagi xotin halloslab kelib Tolibjonga o‘zini otdi. — Akajon! Bormisiz, akajon?! Bu uning singlisi Zaynab edi. Aka-singil bir-birlariga mo‘ltirab tikilib qolishdi. — Tinch-omonmisan, singlim. Mana, keldim. Bolalar ularning holatini kuzatib turishardi. Zaynab akasini bag‘ridan bo‘shatib, bolalarga qaradi. — Nima qilib turibsiziar? Bu tog‘anglar-ku! Chaqiringlar dadalaringni! Pochchalaringniyam chaqiringlar. Bolalar allaqachon xabar yetkazib bo‘lishgan ekan. Birin-ketin kuyov bilan bola ko‘targan ikki qizi kirib kelishdi. Zaynab ikkala qizini uzatgan, har birining ikki, uchtadan bolasi bor edi. Zaynabning eri keldi. Tolibjon bilan bel olishib ko‘rishdi. Keyin chorbog‘dan qo‘y sudrab chiqib, kampirdan fotiha so‘radi. Kampir uzoq pichirlab, yuziga fotiha tortdi. Kuyov Tolibjonning oyog‘i tagiga kelib, qo‘y bo‘g‘ziga pichoq tortdi. Kech kirib, qishloq uylarida chiroqlar yondi. Qo‘ni-qo‘shnilar biri tovoqda chuchvara, biri shirguruch, biri somsa ko‘tarib kirdi. Kuyov kampirni ko‘tarib olib keldi-da, so‘riga o‘tqazdi. Zaynab akasining yelkasiga yangi to‘n tashlab, gilam do‘ppi kiydirdi. U to‘g‘riga o‘tirib olib, akasidan ko‘z uzmasdi. Goh kuladi, goh mo‘lt-mo‘lt yosh to‘kib yig‘laydi. Zaynab kechasi Tolibjonga so‘riga, eri bilan yonma-yon joy to‘shab berdi. Kuyov charchagan ekan, birpasda pish-pish qilib uxlab qoldi. Ammo Tolibjonni hadeganda uyqu ololmadi. Osmon xuddi bolaligidagidek tiniq. Sanoqsiz yulduzlar bir-birlari bilan imlashadi. Ular Tolibjonni ko‘k bag‘riga chorlayotganga o‘xshaydi. Tog‘ ortidan ko‘tarilgan barkashdek oy birgala bulutni haydab chiqdi. Tolibjon kiprik qoqmay osmonga tikilib yotibdi. Kecha shu qadar jimjitki, hatto keksa qayrag‘ochda mudragan chumchuqning iniga sig‘may tipirchilagani ham eshitiladi. Shu sokinlikni buzib, qaydadir kuchli portlash bo‘ldi. Uning dahshatli ovozi tog‘ ko‘kragiga qadalib aks-sado qaytdi. Shu xil portlash yana bir necha maria takrorlandi. Tolibjon ko‘rpani yelkasiga tortib o‘tirib oldi. Zaynab ertalabki nonushtaga xamir qorib, hovli betida u yoqdan-bu yoqqa g‘imirsib yuripdi. Sal o‘tmay, osmonga sut rang nur purkab chaqin chaqdi. Elektropayvandning o‘tkir nuri azamat teraklarning uchini sham piligidek bir dam yondirib, o‘chdi. Qaydadir ko‘tarma kranning g‘iyqillagani, qo‘ng‘iroq chalgani eshitildi. Bu tovushlar Tolibjonning asabini buzmasdi. Qaytaga qandaydir halovat, yupanch berayotganga o‘xshardi. U yana shunaqa chaqin chaqishini kutib yotdi. Yo‘q, boshqa chaqin chaqmadi. Tolibjon o‘y o‘ylab ketdi. U institutni tugatganda, qishloqqa bir kelib ketdi. Aspirantura yillari qishloqqa kelishning sira iloji bo‘lmadi. Negadir onam o‘gay, singlim o‘gay degan fikr uni bu oiladan nanga itarardi. Bunga ma’lum sabablar ham bor edi. Zaynabning bo‘yi cho‘zilgan sari o‘gay ona, Tolibjon bilan ikkovining boshini qovushtirib qo‘yaman, begonaga ketmasin, derdi. Ona zimdan shunga tayyorgarlik ko‘rardi. Tolibjon olti yoshligida onasi o‘lgan. Dadasi, bolam onasiz o‘smasin, deb xotinining yilini o‘tkazib, to‘rt yashar qizi bilan qolgan bir beva xotinga uylangan edi. O‘sha beva xotin mana shu kampir, qizi shu Zaynab edi. Birga o‘sib katta bo‘lgan singlisiga uylanishga Tolibjon aslo rozi emasdi. Ana shu gap bo‘lgandan keyin qishloqdan ketib qolgandi. Tolibjon ona ovozidan mast edi. Bolalik yillaridagidek uning bag‘rida erkalangisi, yuzlarini yuzlariga qo‘yib ishqalangisi keldi. Butun xo‘rliklarini, alamlarini to‘kib solgisi keldi. Atrofda munchoqdek ko‘zlarini qadab, ajib tomosha ko‘rayotgandek turgan jiyanlari oldida hislariga erk berishdan o‘zini tiydi. Kuyov ishga ketib bo‘lgan. Tog‘ cho‘qqilarida oftob nuri yaltirab turardi. Tolibjon to yuvinib kelguncha, kampir javrab-javrab nevaralarini ko‘chaga chiqarib yubordi. Keksalardek dono kamdan-kam bo‘ladi. Ona o‘g‘lining dilida nimalar borligini, ichini nimadir kemirayotganini sezib turardi. — Bolam, bilib turibman, ichingda o‘t yonyapti. Nima gap bo‘ldi? Ayt. Tolibjonning tomog‘idan choy o‘tmadi. Zo‘rg‘a yutindi. — Kelinimni so‘ramadim. Bolalaringni so‘ramadim. O‘zing og‘iz ochmaganingga so‘ramadim, bolam. Tolibjon titrab-qaqshab javob berdi: — Keliningiz juda uzoq yurt tuprogida kul bo‘lib qolgan. — Bolalaring qani? — dedi kampir yana. — O‘g‘lim Afg‘onda yongan. Bu gaplar Tolibjonning ko‘ksini kuydirayotgan olovlar orasidan alanga bo‘lib chiqdi. Kampir bir qo‘li bilan sholchaga tiralib, oldinga surildi. Qo‘lini havoda paypaslab o‘g‘lini topdi. Peshonasini siladi. — Bu dunyo shundoq, bolam. Olam yaralibdiki, birovga baxt, birovga alam keladi. Chidaysan. Chidamay ilojing qancha. Boyadan beri seni o‘ylayman. Ichingda nimadir bo‘layotganini ko‘r bo‘lsam ham ko‘rib turibman. Baxtingni shamolga uchirib kepsan. Qandoq qilasan, bolam. Halizamon kuyoving keladi, birga tog‘ani aylanib kel, g‘uboring tarqaydi. Tolibjon onasini ko‘tarib, so‘riga olib keldi. Yengil, qushdan ham yengil bo‘lib qopdi. Qandoq polvon xotin edi. Yursa yer titrardi. Tolibjonning esida: onasining semiz, go‘shtdor qo‘lida kumush bilaguzugi ko‘rinmay ketgandi. O‘sha qo‘llar endi juda ingichka, juda nimjon bo‘lib qopti. — Dolchin choyimni ham opkelib ber, bolam. Tolibjon ustiga nimcha yopilgan choynakni keltirib onasining oldiga qo‘ydi. — Endi bor, aylanib kel. Shoshma, esim qursin. O‘tir. Kampir Tolibjonning xotiniga, o‘giiga Qur’on bag‘ishladi. Yuziga fotiha tortgandan keyin, endi boraver, dedi. Tolibjon boshqa yoqlarga bormay, o‘sha, bolaligida juda ko‘p marta kechkan soyga tushishga ahd qildi. Birgala bola orqasidan ergashib chiqdi. Tolibjon bolalarni qanchalik yaxshi ko‘masin, soyda yolg‘iz o‘zi o‘tirib o‘y surmoqchi. Albatta, bolalar unga xalaqit beradi. Hatto hali yo‘lga kirmagan kenja jiyani ham emaklab kelib unga talpindi. Atigi bittagina tishini ko‘rsatib iljaydi. Tolibjon uni ko‘tarib oldi. Jiyanlaridan biri o‘zidan o‘zi, men shashlini yaxshi ko‘raman, dedi. Boshqasi, men somsani yaxshi ko‘raman, deb yuborganini o‘zi ham bilmay qoldi. — Qani, bolalar, necha kishisizlar? — dedi Tolibjon. Bolalar qator bo‘lib bir-birlarini sanay boshladilar. — Biz beshtamiz. Manavu ikkita bola qo‘shnimizning bolasi. — Shu ikkita bolani ham qo‘shsanglar, necha kishi bo‘lasizlar? Bittasi, oltita, dedi, boshqasi, sakkizta, dedi. — E, omon bo‘linglar, hisobdan mazalaring yo‘q ekan-ku, — dedi Tolibjon kulib. — Yetti kishi. Manavu kenjatoy bilan sakkiz kishi ekansizlar. Uyda momongiz bilan ayangizni qo‘shsak, ropparosa o‘n kishi bo‘lasizlar. Bir bola, momom somsa eyolmaydilar, tishlari yo‘q, deb qoldi. Mahalla oqsoqoli tashqari hovlisida kichkinagina oshxona ochgandi. Kelinlari, xotini somsa, kabob, manti tayyorlashardi. Yetimqishloqning yigit-yalanglari to‘planib, shu yerda ulfatchilik qilishardi. — Qani, bolalar, borib bilib kelinglar-chi, bugun qanaqa ovqatlari bor ekan, — dedi Tolibjon. Bolalaming hammasi barobar yugurib ketishdi. Qo‘lidagi kenja jiyani ham ular orqasidan, men ham boraman, degandek intilib qoldi. Bir zumda bolalar shovqin-suron bilan ko‘cha to‘ldirib qaytib kelishdi. — Bugun manti bor, somsa bor, shashlik yo‘q, — deyishdi hansirashib. Tolibjon ularga pul berdi. — Hozir ayangdan idish olib, qancha manti, qancha somsa olishni so‘ragin. Ortgan pulni ayangga berib qo‘y, — dedi bolalarning kattasiga. Shundan keyin, Tolibjonning bir o‘zi soy tarafga tushib ketdi. Soy o‘sha-o‘sha. Bolalik paytlaridagidek jimjit. Tolibjon tuflisini yechib, shimini tizzasigacha shimarib, suv kechib, o‘sha qadrdon orolchaga chiqdi. Suv hamon bir tekis oqar, sal nari borib toshlarga tegib sapchib o‘tardi. Tolibjon qumga chalqancha yotib, so‘ngsiz osmonga tikildi. Bu uning bolalik osmoni edi. Yoshlik izlari tushgan, go‘daklik o‘ylari qolgan bu sokin orolchadan aslo ketgisi yo‘q edi. Ko‘p yillar bo‘ldi Tolibjonning bu joylardan mosuvo bo‘lganiga. Soch oqardi, umr o‘tdi. Yurakda hech qachon tuzalmaydigan, butun umri davomida zirqirab og‘rib turadigan jarohat hamishalikka hamroh bo‘lib qoldi. Tolibjon yuragini bir umrga jarohatlagan, boshiga qora kunlar solgan voqeani alam-sitam bilan eslab ketdi... U Toshkent shahar partiya komitetida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlardi. Bir so‘zliligi, o‘jarligi birovga yoqib, birovga yoqmay yurardi. To‘g‘ri so‘z, fikrida sobit Tolibjon partiya safiga o‘tganda keksa kommunistlar: «Hamisha shunday bo‘ling, haqiqat yo‘lidan aslo chekinmang», deb kafolat berishgan edi. O‘shanda Stalinning shaxsiga sig‘inish oqibatlari butun mamlakat miqyosida tugatilib borayotgan, odamlarda hayotga buyuk bir ishonch paydo bo‘lgan paytlar edi. Ammo mayda «shaxschalar» tirik edi. Ular «xalqlar otasi»ga sadoqatlaridan voz kecholmasdilar. Ayniqsa, lavozimlardagi bir necha «shaxs farzandlari» mamlakat bo‘ylab esgan toza shabadani o‘tkinchi, mavsumiy bir tadbir deb bilardilar. Tolibjon bo‘layotgan ishlarni bilib, ba’zan tajang, ba’zan isyonkor tabiatini kuch bilan bosib yurardi. Tolibjon ko‘p ishlarga guvoh edi. U o‘ziga-o‘zi: shunchalik qonunsizliklarni ko‘ra-bila turib indamasam, qanday kommunist bo‘ldim, deb kuyinardi. Oxiri uning ichidagi isyon portlab, yuzaga otilib chiqdi. Oblast partiya konferensiyasida so‘z olib, hozirgi rahbarimiz ministr Luqmonovning yolg‘on-yashiq gaplariga ishonib, yaxshiyaxshi odamlarni badnom qilayotganini, respublikamizda yangi bir shaxs paydo bo‘lganini aytdi. O‘shanda qiziq bir voqea yuz berdi. Zal bo‘ylab gulduros qarsaklar yangradi. Qarsaklarni kim chalayotganini bilib bo‘lmasdi. Odamlar stul tagiga qo‘llarini tiqib qarsak chalardilar. Ko‘zlaridan, yuzlaridan qarsak chalayotganlarini bilib bo‘lmasdi. Tanaffus paytida ham kazo-kazolar bu favqulodda voqeani choy ustida muhokama qilardilar. Bu yerda ham Luqmonov hammani og‘ziga qaratib shakarguftorlik qilardi. Luqmonov beti qattiqroq odam edi. Uni hozirgina minbardan sharmandalarcha tushirib yuborishdi. Profsoyuz lideri bilan tayyorlash ministri sha’niga juda xunuk, hatto og‘izga olib bo‘lmaydigan gapni minbardan turib baralla aytganida zalda to‘polon bo‘lib ketdi. Konferensiya delegatlari bir og‘izdan, bu tuhmat, tuhmat, deb qichqirishdi. Uni minbardan tushib ketsin, deb talab qilishdi. Mana, hozir u hech gap bo‘lmagandek, xandon-xushon gap sotib o‘tiripdi. Boya birinchi qatorda kaftini chap qulog‘i orqasiga tutib, diqqat bilan gap tinglayotgan yetmish yoshlardagi oqsoqolni prezidiumga taklif qilishdi. U qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, uzr so‘rab, yana joyiga o‘tirgandi. Hozir oqsoqolni choyga chaqirishdi. Bu oqsoqol umrining yarmidan ko‘pini chet ellarda o‘tkazgan, urush yillarida front orqasida maxsus qo‘poruvchilarguruhini tuzib, fashistlarga to‘xtovsiz zarbalar bergandi. Urush tugagandan keyin razvedkachi Rahmon Dadayevga «Sovet Ittifoqi Qahramoni» unvoni berilib, u «Oltin Yulduz» bilan mukofotlandi. Bundan ikki oylar muqaddam unga Chexoslovakiya davlati ham Pragani ozod qilishda ko‘rsatgan jasoratlari uchun qahramon unvonini bergan edi. Chexoslovakiyaning Moskvadagi lovakiyaning Moskvadagi elchixonasida unga «Oltin Yulduz» topshirish marosimi bo‘lib o‘tgan edi. Uni hech kim ismi, familiyasi bilan atamasdi. Oqsoqol deb izzat-hurmat qilishardi. Oqsoqol nihoyatda bosiq, mulohazali odam. Dushman hududida ko‘p marta xavfli vaziyatlarga tushib qolganda shu xususiyati — sovuqqonligi qo‘l kelgandi. U Davlat xavfsizligi, ichki ishlar sohalarida o‘n yetti yoshidan xizmat qila boshlagan... Luqmonov boshlagan gapini davom ettirdi: — Bu beodobni chet elga jo‘natib yuborish kerak. O‘sha yerlarda yurib ko‘zi ochilsin. — Qaysi aybi uchun, qaysi beodobligi uchun? — dedi Oqsoqol uning ko‘ziga qarab. — Chet elga yuborilganlar jazo o‘tash uchun yuborilmaganlar. Ularning gardaniga vatan manfaatini himoya qilish, diplomatik munosabatlami mustahkamlash... Luqmonov uning gapini bo‘ldi: — Qo‘ying, otaxon, siz bu ishlarga aralashmang. Pensiyangizni yeb yotavering. Siz keksayib qolgan odamsiz, hozirgi murakkab vaziyatni tushunmaysiz... Oqsoqol Luqmonovning gaplariga sovuqqonlik bilan javob qildi: — Agar chet elga jazo o‘tash uchun yuboriladi, deb tushunsangiz, shu beodobligingiz uchun sizni yuborish kerak. Birinchidan, men pensiya olmayman. Pensiyadan kechganimga yigirma yetti yil bo‘lgan. Oyligim o‘zimga yetib ortadi. Chet ellarda yurgan paytlarimda yig‘ilib qolgan yigirma besh yillik oyligimni ham haligacha olmaganman. Endi Usmonov masalasiga kelsak, uni hech qayoqqa yuborish kerak emas. U shu yerda boiishi zarur. U hech qanday odobsizlik qilgani yo‘q. Faqat yoshligiga borib picha qizishib ketdi, xolos. Vaqtiki kelib sovib, gapni orqa-o‘ngiga qarab aytadigan bo‘lib qoladi. Ezmaligim uchun kechirasizlar, Alisher Navoiyni qariganda o‘qish kerak ekan. Hozir muk tushib Navoiyni o‘qiyapman. Mana eshiting, u nima deydi: «Oqil kishi rostdan o‘zgani demas, hama rost ham degulik emas». Eshityapsizmi, aqlli odam faqat rost gap aytadi, lekin rost ekan, deb hamma gapni ham aytavermaslik kerak, deydi. Ko‘rdingizmi, Usmonov shu yerda yoshligiga borib, aytish shart bo‘lmagan gaplarni ham aytib yubordi, buning uchun uni kechirish kerak. U keyin o‘zini o‘nglab oladi. Obkomning birinchi kotibi O‘tbosarov bundan to‘rt yil oldin pensiyaga chiqqan, lekin partiya uchyotini ko‘chirib olib ket- magandi. Hozir uni ham choyga chaqirishgan edi. O‘tbosarov oqsoqolning gaplarini quvvatladi. — Luqmonov, yoshligingizni eslang. Hammamiz ham bu yoshda o‘t-olov bo‘lganmiz, sal narsaga pov etib yonib ketardik. Usmonov ham hozir o‘sha yoshda. Siz esa haligacha go‘daksiz. Agar chet el odamlarning xatosini tuzatadigan joy bo‘lsa, eng avval sizni yuborish kerak. Luqmonovga gap kor qilmasdi. U beti qotib ketgan odam edi. Oqsoqolning bu gaplari uning yuziga tushgan achchiq tarsaki edi. Bu gapning unga mutlaqo aloqasi yo‘qdek u qulog‘idan kirib, bu qulog‘idan chiqib ketgan edi. — Bu yerda KPSSning vakili hurmatli do‘stimiz o‘tiribdilar. Usmonovga qandoq chora ko‘rishni Moskva hal qilsin... Konferensiyadan keyin Luqmonov KPSS vakilini O‘zbekistonning diqqatga sazovor joylarini ko‘rsatish uchun Brejnevning kuyovini olib boradigan Taxti Qorachadagi maxsus boqqa olib ketdi. Ana shundan keyin uch oy o‘tgach, Tolibjon Usmonovni «Vatan topshirig‘i»ni bajarish uchun chet elga jo‘natib yuborishdi. Luqmonov Brejnevning kuyovi bilan do‘stlashib olgandan keyin obkom byurosi rad qilgan masalalarni ham o‘zicha hal qilib yuboradigan bo‘lib qoldi. Bu qadar bosar-tusarini bilmay qolgan Luqmonov «Usmonov kim, bir beodob tirrancha, gapning orqa-o‘ngiga qaramay vaysayveradigan, bunday mo‘tabar dargohlarda ishlashga noloyiq» ekaniga boshqalami ham ishontirmoqchi bo‘lardi. Tolibjon «Luqmonov yolg‘on-yashiq gaplar tarqatib, yaxshi-yaxshi odamlarni badnom qilayotganini...» aytgandayoq Luqmonovning qorniga qoziq qoqqandek bo‘lgandi. Luqmonov shu so‘z uchun undan ayovsiz qasd olishga ahd qildi. Ertalab nonushtadan keyin bolalar ivirsitgan so‘rini yig‘ishtirayotgan Zaynab ko‘cha eshigi oldida g‘iyqillab mashina to‘xtaganida qo‘lidagi supurgini chetga uloqtirib, eshikka qaradi. Qirq besh yoshlardagi, Budyonniynikiga o‘xshatib mo‘ylov qo‘ygan kishi kirdi. Uning orqasidan yashik ko‘targan yigitcha inqillab kelardi. Hovli etagida kuymalanayotgan bolalar barobariga qiyqirib yuborishdi: — Katta ena, tog‘am keldilar, Mirvali tog‘am keldilar! Ayvonda panjaraga bag‘rini berib o‘tirgan kampir o‘rnidan turmoqchi bo‘lib, qo‘zg‘ala boshladi. Mirvali deb atalmish yigit shoshib borib, kampirning yelkasidan beozor bosdi. — Qo‘zg‘almang, ena, qo‘zg‘almang. Sevinib qoldingizmi, ena? Tolibjon kelib bag‘ringiz to‘lib qoldimi?! Kampir timirskilanib, Mirvalining yelkasiga qo‘l tashlab ko‘rishgan bo‘ldi. — Voy, nimasini aytasan, bolam, g‘oyibim hozir bo‘lib, uyim to‘lib qoldi. Endi oyog‘imni uzatib ketaversam ham bo‘ladi. Diydorini ko‘rolmayapman-da, bu ko‘z o‘lgur dunyoni zimiston qilib qo‘ydi. Kelganing juda yaxshi bo‘ldi-da, bolam. Tolibjonginamning ichi to‘la dardga o‘xshaydi. Endi o‘zing uni bag‘ringga ol. O‘ksitma. Harqalay, yurtning tepasidagi odamsan. Mirvali u yoq-bu yoqqa alangladi. — Daydining o‘zi qani? Qaysi go‘rga g‘oyib bo‘ldi? Atrofni o‘rab turgan bolalar baravar javob qilishdi: — Tog‘am pastda, orolchada o‘tiribdilar. — Voy, chaqir uni. Mirvali tog‘am keldilar, deb ayt. Bolalar qimirlashmasdi. Mirvalining orqasidan yashik ko‘tarib kelgan yigitning yana kirishini kutib, eshikka qarab turishardi. Sal o‘tmay yigitcha — uning shofyori qop orqalab kirdi. — Zaynab, anavi narsalarni o‘zing joylab ol. — Mirvali shunday deb shofyoriga yuzlandi: — Qog‘oz qopdagi go‘shtni ham olib kir. Zaynab xijolat tortib, norozi ohangda dedi: — Kecha akamning oyoqlariga jonliq so‘ygandik. Bekor ovora bo‘psiz-da. Mirvali uning gapiga parvo qilmay, eshik tomon yura boshladi. — U daydini o‘zim topib kelaman. Zaynab, singlim, qumg‘onda bitta choy qaynatvorgin. — Gapingiz qursin, direktor, shu paytda kim qumg‘onda choy qaynatadi?! Kampir gapga aralashdi: — Xo‘p degin, bolam, darrov xo‘p degin. Qumg‘on choyini sog‘ingandir-da. Mirvali bolalarni ergashtirib chiqib ketdi. Shofyor, men nima qilay, degandek, mashina oldida unga qaradi. — Qovunlarni retranslyatorda ishlayotganlarga obor. Biron soatlarda qaytib kel. Shoshma, ketmay tur, — dedi u nimadir esiga tushgandek. — Ozroq kutib turgin. Hozir kelaman. U, shunday deb, pastlikka qarab ketgan ilon izi yo‘ldan o‘ziga o‘zi tormoz berayotgandek, o‘ng oyog‘iga qattiq tiralib, butalar orasidan jarlik tomonga ketdi. Bu past-balandlikda kuniga necha martalab bir-birini quvib o‘ynagan bolalar kuchanmay, uning atrofida shamoldek aylanib pastga tushib kelishardi. Mirvali o‘ziga o‘zi tanbeh bergandek o‘ylardi: mashinada yuraverib piyoda yurishni unutdimmi? Xuddi tormozi buzilgan mashinadek pastlikka munkib ketyapman! Uning bu jarlikka kelmaganiga ham besh-o‘n yil chiqar-ov. Katta yo‘ldan g‘irillab kelib, g‘irillab ketavergan ekan. Ba’zan kampirdan xabar olgani kelganda ham bu tomonlarga qaramagan edi. Shu topda, orolchalar ko‘rina boshlaganda o‘t-olov bolaligini unutib yuborganini payqab qoldi-yu, yuragi qisildi. Axir bu joylar, orolchalar, otliqning bo‘yini ko‘rsatmaydigan qamishlar orasida potirlab ko‘tariladigan o‘rdaklar, tonggacha shovqin soladigan baqalarning qurillashlari, suvlarning shovillashi, toshlar orasidan chiqib, yuvilib top-toza bo‘lib ketgan qumlarni loyqalatmoqchi bo‘lgan baliqlaming kumushdek tovlanishlari, tush paytida birdan jimjit bo‘lib qoladigan, tunlari go‘yo allaqanday jinlar bazm qiladigan bu oromgoh endi unga begona bo‘lib qolgandek, nega kelding, bizni unutgansan-ku, deyayotgandek boiardi. Mirvali asli bu qishloqdan emasdi. Uning onasi Mirvali olti yoshlik paytida tug‘olmay nobud bo‘ladi. Bolamni o‘ksitmayman, deb Rixsi aka uylanmaydi. Mirvalining holidan kampir, Tolibjonning o‘gay onasi xabar olib turadi. Har qalay, singlisining bolasini tashlab qo‘ymaydi. Xolasi uni o‘z uyiga ko‘chirib olib ketmaydi. Tog‘ so‘qmoqlaridan qatnab, issiq-sovug‘idan xabar olib turadi. Rixsivoy chiroqchilik yoshgina polvondan yiqilib, alamdan o‘zini chavaqlab tashlaydi. Bu orada kampirning ham choli vafot qilib, kalovlanib qoladi. Mirvali bo‘yiga yetib, ro‘zg‘orni eplaydigan bo‘lib qolgandi. Kampir nihoyatda sabr-qanoatli edi. Oldingi eridan qolgan yetim qizi Zaynab, keyingi eridan qolgan Tolibjon, singlisidan qolgan Mirvali. U mana shu uch yetimchani oyoqqa turg‘izish ham qarzim, ham farzim, deb bilardi. Bu tog‘li yurtda fidoyi xotinlar ozmunchami, deysiz. Mirvali shu topda, bolaligi qolib ketgan orolchalarga yaqinlashar ekan, ana shularni o‘yladi. Orqasidan kelayotgan bola yolg‘iz oyoq yo‘ldan chiqib, toshlardan sakrab-sakrab oldinga o‘tdi. — Tog‘a, televizorimiz ishlamay qo‘ydi. — Ishlaydi, endi ishlaydi, — dedi xayoli bo‘lingan Mirvali. — Erta-indin ishlaydi. Avvalgi kun kechga tomon kelgan sel retranslyator minorasini ag‘darib yuborgan, tog‘ning bu tarafidagi xonadonlarda televizorlar ko‘rsatmay qo‘ygandi. Mirvali tosh tepasiga chiqib, atrofga alanglay boshladi. Bu yerdan yetti orol bemalol ko‘rinib turardi. Ammo birontasida Tolibjonning qorasi ko‘rinmasdi. — Tog‘a, men topib kelaymi? — Qayerdaligini bilasanmi? — dedi u bolaga qarab. — Bilaman, kechayam shu yerga kelib, sharshara oldida o‘tirib yig‘laganlarini ko‘rganman. Boya kampirning, o‘rtog‘ingni ichi to‘la dard, degani Mirvalining esiga tushdi. — Yo‘l boshla, jiyan, meni o‘sha yoqqa olib bor. Bola uni sharshara tomonga boshlamay, yolg‘iz oyoq yo‘l ayirilishida chap tomonga boshladi. — Sharshara bu yoqda-ku, — dedi ajablanib Mirvali. — Bilmasakansiz-ku, tog‘a. Shovva bu yoqda. Darhaqiqat, ular sal yurishgach, olti-etti metr balandlikdan tushayotgan sharshara oldidan chiqishdi. Demak, tog‘ sellari yo‘lini o‘zgartiribdi-da, deb ko‘nglidan o‘tkazdi u. Shu paytgacha tog‘ning bu puchmog‘iga biron marta ham kelmaganidan ajablandi. Sharshara guvillab tushar, yo‘l-yo‘lakay qoya toshlarga urilib to‘zon bo‘lib ketar, suv to‘zonlari yigirma-o‘ttiz metr kenglikni tumandek o‘rab olardi. — Tog‘am shovvaning naryog‘ida o‘tiradilar. Ularbaqato‘n qoplagan sirpanchiq toshlardan sakrab-sakrab, shovvaning narigi tomoniga o‘tishdi. Tolibjon sharsharaga tikilgancha qimirlamay o‘tirardi. — Endi sen ketaver, jiyan. Biz hozir boramiz. Bola orqasiga chigirtkadek sakrab yugurib ketdi. Mirvali bola orqasidan birdam iljayib qarab turgach, Tolibjon o‘tirgan xarsang tosh tomon yura boshladi. Tolibjon hamon qimirlamay, sharsharaga tikilgancha o‘tirar, sachragan to‘zondan yelkalari ho‘l bo‘lib ketgan, iyaklaridan tizzasiga suv tomayotganini ham sezmas edi. — Ho, daydi! — dedi unga yaqinlashib qolgan Mirvali. Tolibjon suv shovqinidan uning ovozini eshitmadi. Mirvali: — Hoy, karmisan, nima balo?! — deb yana qichqirdi. Tolibjon boshini ko‘tardi. Odam bo‘yi pastlikdan o‘ziga qarab iljayib turgan notanish shop mo‘ylov kishiga hayron bo‘lib, o‘tirishini ham, turishini ham bilmay tikilgancha qoldi. Mirvali ham qiziq ahvolga tushdi. Tolibjon deb o‘ylagan odami begonaga O‘xshab ko‘rindi. Lekin uning qayeridir Tolibjonni eslatardi. Ko‘zi, ha, ikki ko‘zi Tolibjonniki edi. Odam bolasi yillar o‘tgan sari o‘zgaraveradi, ammo ko‘zlari o‘sha-o‘sha, yoshligidagidek o‘zgarmay turaveradi. Bu o‘sha Tolibjon edi. U ham Mirvaliga qarab, avvaliga uni tanimadi. Tolibjon shuncha yurt kezib, qancha savdolami boshidan kechirib, negadir birga o‘sgan, birga qoyalaiga tirmashgan do‘stini biron marta bo‘lsin esiga olmaganidan afsuslandi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, turqi-tarovatini ham unutib yuborgandi. Bari bir unutmaganda ham Mirvali bolaligidagi u ko‘rgan Vali emasdi. U voyaga yetib, to‘lishib, yoshligidagiga o‘xshamay ketgandi. Ayniqsa, shop mo‘ylovi uni juda boshqacha ko‘rsatardi. — Voy, Tolib aka, o‘zingizmisiz? Meni tanimayapsizmi? Men Valiman, Mirvali chatoqman. Tolibjon o‘rnidan turdi-yu, birdan tosh ustidan sakrab, Mirvalini quchoqlab oldi. U qadrdonini bag‘riga bosarkan, biron og‘iz so‘z aytishga tili aylanmasdi. Shu topda ham quvonch, ham buyuk bir andisha tilini tanglayiga yopishtirib qo‘ygandi. Har xil o‘ylar uni gungu lol qilib qo‘ygandi. Odamzod qiziq bo‘ladi. O‘y o‘ylab topolmagan, xayolingga ming uringaning bilan keltirolmagan umringni yo azob, yo quvonch, yo andisha paytlarida lop etib bir daqiqada ko‘rasan. O‘tgan umring ko‘z oldingdan juda tiniq, juda aniq bo‘lib o‘tadi. Va shu daqiqada, o‘tgan umringga baho berib ulgurasan. Mana shu tog‘ cho‘qqisida bir cho‘pon oyog‘i tagidagi tosh ko‘chib qulab ketadi. Pastda pichan g‘arami bor ekan, o‘shanga tushib omon qoladi. To shu pichan g‘aramiga tushguncha bir daqiqa vaqt o‘tadi, xolos. Ammo u endi o‘ldim, deb o‘y!aydi. Cho‘ponlar uning tirik qolganiga sevinib, rangi bo‘zdek oqarib ketgan cho‘pondan: — O‘lishing naqd edi. Yaxshiyam pichan ustiga tushding. Rostini ayt, tog‘aramga tushguningcha xayolingdan nimalar kechdi? — deb so‘rashadi. — Dadamni ko‘rdim, ayam bilan gaplashdim, bolalarim bilan vidolashdim. Xotinim to‘rtta yetim bilan qandoq yashaydi, deb o‘yladim. Muni qaranglar, miltiq o‘qlangancha qoziqda qolgandi, shu esimga keldi, bolalar bilmasdan tepkini bosvorsa, bitta-yarimtaga tegib ketadimi, deb ko‘p tashvish tortdim. Abdusattor o‘layotganda vasiyat qilib, ikki ming so‘m bergan edi, qizimni uzatishganda o‘zing bosh bo‘lasan deb, shu gapni hech kim bilmasdi. O‘gay otasi bilsa, pulni qistashi mumkin edi. Shu pul qiyomat qarz bo‘lib bo‘ynimda qolib ketadimi, deb yomonam ezilib ketdim... Bu gapga birov ishondi, birov ishonmadi. Ko‘pchilik cho‘ponni yolg‘onchiga chiqazgan edi. Aslini olganda, u rost gapni aytgandi. Bunday daqiqalarda butun bir umr ko‘z oldingdan o‘tadi. Tolibjon ham shu topda butun bolaligini ko‘rib ulgurgan edi. Mirvali Tolibjonning ko‘ngiidan nimalar o‘tganini sezib turardi. Shuning uchun ortiqcha ginaxonlikka o‘tmay, o‘zini go‘yoki yaqinda ajralishib yana topishgandek tutdi. — Obbo, darvish-ey, obbo darbadar-ey, ot aylanib qozig‘ini topgandek, yana yurtingni qo‘msab kepsan-da. Ajab qipsan. Endi qochib bo‘psan. Bo‘yningga arqon solib ishlataman. Undan keyin... Mirvali birdan setgaklanib, gapi og‘zida qoldi. Axir, Tolibjon undan katta edi-ku! O‘sha kezlarda uni aka dermidi? Sizlarmidi yo senlarmidi? Hozir senlaganim malol kelgan bo‘lsa-ya! Harqalay, intelligent odam. Chet ellarda diplomatlar bilan gaplashgan, katta oxurdan suv ichgan. — Yuring, uyga boraylik, o‘sha yerda gaplashamiz. Tolibjon endi ancha o‘ziga kelgan, parishonligi ham tarqagan edi. U Mirvalining bolalik yillaríni endi aniq ko‘z oldiga keltira boshladi. Juda sho‘x bola edi. Mushtlashishga o‘ch, o‘tganning o‘rog‘ini, ketganning ketmonini oladigan simobdek beqaroredi. Endi quyilib qolgandir. Ikkovi indamaygina tepalikka chiqa boshlashdi. Sharshara ovozi asta-sekin eshitilmay qoldi. — Bir yo‘qlab borgan edim, topolmadim. Tolibjon hayron bo‘ldi: meni qayerdan yo‘qlagan bo‘lishi mumkin? — Qachon? — dedi Tolibjon. — Bungayam besh-olti yil bo‘lib qoldi. Mozambikka borgan edik. O‘sha yerda mutaxassislarimiz paxta ekishyapdi. Menam o‘n kun turib keldim. O‘shanda sizni shu tarafda deb eshitib qoldim. Qidirib topolmadim. Asvon tomonga ketdi, deyishdi. U tomonlarga yo‘lim tushmadi. — O‘zbeklar u taraflarda ko‘p. Irrigatorlar, agronomlar bor. Ko‘risholmabmiz-da, Misr ehromlarini ko‘rsatardim. — Ko‘rdim, — dedi Mirvali, — Misiga borganimda ko‘rdim. Zo‘r joylar ekan. O‘sha ehromlami odam bolasi qo‘l bilan qilganiga ishonging kelmaydi. Gap bilan bo‘lib. ular tepalikka chiqib olganlarini bilmay qolishdi. Eshik oldida Zaynab ulami kutib turardi. Shofyor bola uxlab qolgan bo‘lsa kerak, kabinaning ochiq eshigidan ikki oyog‘i chiqib turardi. — Muncha hayallab ketdinglar? Qumg‘on necha qaynab, necha sovidi. Ayam, ular qani, deb juda shoshirib tashladilar. Mirvali shofyorni uyg‘otib, kabinadagi ratsiya trubkasini ko‘tardi. U kirm bilandir gaplashib: «Qaynarga joy qilinglar, mehmon boradi», deb tayinladi-da, Tolibjon ketidan hovliga kirdi. Hovliga ko‘loblab suv sepilgan, hamma yoq orasta edi. So‘riga gilam to‘shalgan. Ayvonda o‘tirgan kampirni Mirvali ko‘tarib so‘riga olib keldi. — Qudratingdan o‘rgilay, xudo, ko‘zimni olishga-ku olding, oyog‘imni tinch qo‘ysang bo‘lmasmidi. Timirskilanib bo‘lsa ham omonatingni olguningcha yurib turardim. Mirvali kampirga tegajog‘lik qildi: — Shuncha yurdingiz, bo‘ldi-da! Manavi nevara-chevaralaringizning ko‘zi, oyog‘i sizniki. To‘qsonni urib qo‘ydingiz-ku, yana nimani ko‘rmoqchisiz?! Ko‘raverib, jamiki narsa yod bo‘lib ketgandir. — Shundoq deysan-ku, bolam, bu yorug‘ jahonning jamoliga kim to‘yibdiki, men to‘yay. Zaynab ketma-ket uch choynak choy keltirdi. — Manavinisi enamga, dolchinli. Manavinisi akamga, kiyiko‘ti damlangan. Manavi to‘qson besh sizga, direktor. — Kiyiko‘tidan ichib turinglar, bolalarim, me’dani toza qiladi, — dedi kampir o‘z choynagini timirskilanib toparkan. — Hoy, qizim, ovqating pishgan bo‘lsa, opkelaqol, akalaringni qorni ochgandir. Ataylab qovoq somsa qildik, Tolibjon bolam, sen borgan taraflarda ham oshqovoq bo‘larkanmi? Tolibjon yelkasini qisdi. Bolalar shovqin-suron bilan bir tog‘ora manti, qog‘oz paketda somsa olib kirishdi. — Oshqovoq yemaganimga ham ko‘p yillar bo‘lib ketdi. — Him, — dedi kampir afsuslangandek. — Shu yerdan chiqib ketganingdan keyin yemagan ekansan. Ha, bolam, yashamabsanda. Umrni suvga oqizib kepsan. Tolibjon nima deyishini bilmay, bosh egib, tansiq qovoq Somsani yeb o‘tiraverdi. — Vali, bolam, endi Tolibjonni senga topshirdim. Tug‘ilgan yerlarini aylantir. Yurtini ko‘rsin. Dilidagi g‘uborni yoz. Ovqatdan keyin Mirvali kampirdan duo olib o‘rnidan turdi. — Tolib endi meni ixtiyorimda. Kechqurun kelmasa, xavotir olmang, ena. — Yo‘q, yo‘q, kechqurun uyda bo‘lsin. Men hali diydoriga to‘yganim yo‘q. Kechqurun katta kuyov keladi. Nevaralar keladi. Uy to‘lib ketadi-ya! —Xo‘p, xo‘p. Mayli, keladi. Mirvali bilan Tolibjon chiqib ketishdi. Sal o‘tmay, ko‘chada mashina gurilladi. Ketayotgan mashina orqasidan yugurgan bir gala bolaning qiyqirig‘i, baqirib-chaqirishi eshitildi. Kampir tashqariga quloq solarkan, ha, umringdan baraka topkurlar-a, deb qo‘ydi. Mashina o‘ngir oralab, kechagina sel surib tushirgan xarsang uyumlari oldida to‘xtadi. Mirvali pastga tushib, qo‘lini peshonasiga soyabon qilib, xuddi arra bilan qirqilgandek tik qoyaga qaradi. O‘ttiz metrli teleminora qoyaning qoq belida fil xartumidek ildizga ilinib qolgan edi. Tolibjon ham kabinadan bosh chiqarib, o‘sha tomonga — necha tonna og‘irlikdagi minorani panjasida ushlab turgan ildizga hayrat bilan tikildi. Shamol sal tebratsa, u pastga shitob bilan qulashi aniq edi. — Bu ildiz parovozni ham ko‘taradi, og‘ayni, — dedi Mirvali Tolibjonning ko‘nglidan o‘tgan fikrni payqagandek. — Ertaga alpinistlar keladi. Vertolyot ham chaqirílgan. O‘zimizning bolalar hozir minora oyog‘i tiraladigan supachaga beton quyishyapti. O‘n minutlik sel, bilasanmi, qancha zarar keltirdi. Uch yuz to‘qson yetti echkini nobud qildi. To‘qqiz ko‘prikni surib ketdi. To‘rtta qishloqchadagi yuz sakson xonadonning televizorini o‘chirdi. Buzgan yo‘llam¡ aytmay qo‘ya qolay. Tabiatning bunaqa telba o‘yinlariga bas kelib bo‘lmaydi. Tolibjon kabinadan chiqdi. Qoyadan to‘kilgan toshlardan echkiga O‘xshab sakrab-sakrab yurgan mashinada silkinaverib, beli og‘rib ketgan edi. Qaddini rostlab, atrofga nazar tashladi. Yomg‘ir yuvib o‘tgan pastliklar ko‘m-ko‘k. Giyohlarda zarracha g‘ubor yo‘q. — Tolibjon, birpas dam olib tur, biz yuqoriga chiqib, betonchi bolalardan xabar olib qo‘yaylik, — dedi Mirvali yon soatiga qarab. — Agar xohlasang, biz bilan yur. Tolibjonni mashina qoqib qo‘ygan edi. Shu yenda kutishini aytdi. Shofyor bilan Mirvali yuqoriga chiqa boshladi. Tolibjon hozir Mirvali olib qaragan qopqog‘iga yoqut qadalgan yon soatni tanidi. Bu soat uning otasidan qolgan. Kampir har sandiq ochganda uni Mirvaliga ko‘rsatib, katta bo‘lganingda tutasan, derdi. Ammo Mirvalining sabri chidamay, kampir yo‘g‘ida sandiq titib, soatni olar, uch-to‘rt kun bolalarga maqtanib yurardi. Bugun ko‘rishganlaridan beri jur’at bilan biron gap aytmadi. Uncha-muncha aytgan gapining yarmi ichida chaynalib qolib ketardi. Aslida, Tolibjon yoshligida ham odamoviroq edi. Tengqurlariga ortiqcha aralashmas, bir chekkada kitob o‘qib kunini kech qilardi. Kampir uning bu fe’lidan ko‘p ranjirdi. Voy, bolam-e, mundoq o‘rtoqlaringga qo‘shilsang-chi, hadeb kitobga tikilib o‘tiraverasanmi, deb uni zo‘rlab ko‘chaga chiqazib yuborardi. Tog‘ bolalarijuda sho‘x,jangari bo‘ladi. Narigi qishloq bolalari bilan mushtlashgani ataylab dovon oshib borishardi. Ko‘ylak-ishtonlari dabdala bo‘lib, birining boshi yorilib, birining ko‘zi ko‘karib, kechga tomon qaytib kelishardi. U yoqdan yegan kaltagi kamlik qilgandek, dadalaridan ham yaxshigina shapaloq yeyishandi. Ammo mushtlashishga to‘ymagan bu bolalar yana tog‘ oshib qasdlarini olib qaytishardi. Ayniqsa, Mirvali gapga kirmaydigan «quloqsiz» bola edi. Aytgan gapini qilmay, uraman deganini urmay qo‘ymasdi. Xullas, Tolibjon yoshlik paytlarini ko‘z oldiga keltirib, Mirvalining oqsoqlanmagan, timdalanmagan, peshonasi g‘urra bo‘lmagan paytini eslolmadi. Undan tashqari, mushtdek boshi bilan urgutlik bir tojik qizini yaxshi ko‘rib qolib, dovon oshib hadeganda o‘sha yoqqa ketib qolaverandi. O‘z qishlog‘idan nariga qiz bermaydigan urgutlik tojiklarga uning bu bema’niligi malol kelganidan bir-ikki ushlab olib kaltaklashgan edi. O‘shanda ham Mirvali tavba qilmagan. Ertasiga oy endi ko‘tarilgan pallada o‘sha qizni opqochib kelgandi. Vali o‘shanda endi o‘n ikkida edi. Qiz esa to‘qqiz-o‘n yoshlarda ekan. Sochlari jamalak, uzun chakan ko‘ylagi to‘pig‘iga tushgan bir go‘dak edi. Kampir kalovlab qolgan edi. Harchand qizni oborib qo‘yishga qistasa ham o‘g‘Ii ko‘nmas, qizning yaqiniga odam yo‘latmasdi. Kampir yaxshilikcha gapirib ko‘rdi, bo‘lmadi, yig‘lab yalindi, bo‘lmadi. Qizning ham ketgisi kelmasdi. Kampir o‘sha kecha yotmadi. Tiq etsa, eshikka qarab qizni bag‘riga bosib, o‘tirib chiqdi. Hali tong yorishmagan edi. Devor orqasida ot dupuri eshitildi. Otliqlarning tojikchalab gapirishidan yuragi o‘ynab ketdi. Devor nahrasidan tuproq to‘kilib, ikki-uch yigit o‘zini hovliga gup-gup otdi. Mirvali uxlamayotgan ekan, bujir tutga tirmashib tomga chiqdi-yu, chorbog‘ga o‘zini otdi. Bo‘layotgan to‘polondan qo‘shnilar uyg‘onib ketishdi. Bir zumda hovli odamga to‘ldi. Qizning urug‘lari, bolangni topib berasan, deb kampirga o‘dag‘aylar, kampir nima deyishini bilmay dir-dir titrardi. Tongotar mahali qizni olib ketishdi. Ammo ertasiga ham, indiniga ham Validan darak bo‘lmadi. Kampir yig‘lar, kimga arz qilib, kimdan madad so‘rashini bilmas edi. Tog‘ odámlarí serjahl bo‘ladi. Jahl ustida uni bir balo qilib qo‘yishmadimikan, deb tashvishga tushib qoldi. O‘shanda ham Tolib hech narsa bilmagandek, bir chekkada kitob o‘qish bilan band edi. Kampir umrida unga qattiq gapirmagandi. O‘gayligim botmasin, deb hamisha, bolam-bo‘tam, derdi. Ammo bugun chidamadi. Tepasiga shahd kelib, qo‘lidan kitobni tortib oldi. — Ha, kitob ham o‘lsin odamdan aziz bo‘lmay! Dunyoni suv bossa to‘pig‘ingga chiqmaydi-ya! Tur o‘rningdan, qidir u yaramasni! Tolib o‘tirgan joyida do‘ng‘illadi: — Yurgandir, daydib. Keladi. Och qolib, sillasi qurib, qaytib keladi. — Voy, unga bir balo bo‘lgan. Bor, qidir, surishtir. Muncha mehrsiz bo‘lmasang! Tolib istar-istamas o‘rnidan turib, ko‘chaga chiqdi. Qayoqqa borishini, kimdan so‘rashini bilmasdi. U taxminan soy yoqalab ketarkan, hushtak ovozini eshitdi... U uyga qaytib kelganda kampir o‘choq boshida o‘tirgancha alamini Zaynabdan olardi: — Yetim qo‘zi asrasang og‘zi-burning moy etar, yetim o‘g‘il asrasang og‘iz-burning qon etar, deb shuni aytadi-da! Hoy, nega shumshayib o‘tiribsanlar, echkilarni qayirib kelmaysanlarmi, yelini to‘lib ketdi-ku! Xudoyi taoloning mendan boshqa yetim boqadigani yo‘qmi?! Muncha peshonam sho‘r bo‘lmasa... Tolibning oyoq tovushini eshitib, kampirning og‘zidagi og‘zida, bo‘g‘zidagi bo‘g‘zida qoldi. — Hoy, biron gap topib keldingmi? Tolib javob o‘miga hadeb iljayardi. — Durustroq gapir, o‘zini ko‘rdingmi? — Ko‘rdim. Ertaga keladi. — Voy, nega ertaga kelarkan, bugun kelsin! — Kelolmaydi, judayam zarur ishi bormish. — Durustroq gapirsang-chi, o‘z ko‘zing bilan ko‘rdingmi, gaplashdingmi, ovozini o‘z qulog‘ing bilan eshitdingmi? Rostini ayt. — Bir-ikki marta yolg‘on gapirganmidim! — dedi zarda bilan Tolib. Tolib bola bo‘lib biron marta yolg‘on gapirmagan edi. Kampir uning bu odatini yaxshi bilardi. Hozir Valining sog‘-salomatligini eshitib, yuziga qon yugurgandek bo‘ldi. Tolib boshqa gap aytmay, ayvonga borib, kitobini qo‘liga oldi. Mirvali qahri qattiq, uncha-munchaga ko‘zidan yosh chiqmaydigan bola edi. Qo‘shnisi Razzoq buqachining oshxonasi shiftiga doimo yigirma-o‘ttizta qazi osig‘liq bo‘lardi. Mirvali ba’zi-ba’zida devor oshib bitta qazi o‘g‘irlab chiqardi-da, soyga tushib, eski paqirda qaynatib, bolalar bilan yerdi. Bir gal devor oshib tushganda buqachining iti talab, kiyim-boshlarini burda-burda qilib yuborgan edi. Mirvali shu itdan qasd olish payiga tushdi. Har kuni devorga minib olib, itga suyak tashlar, non tashlar, qassobxonaga atayin borib, olib kelgan ichak-chavoqlarini berardi. Oxiri it unga o‘rgandi. Razzoq buqachi bozorchaga chiqib ketgan paytlarda Mirvali itni ergashtirib soyga olib borar, «o‘ynatar»di. Mirvali bir kuni bolalarni to‘plab, yuringlar, sizlarga «kartinka» ko‘rsataman, deb qoldi. Bolalar unga ergashib soyga tushishdi. Razzoq buqachining iti yovvoyi jiydaga oyog‘idan bog‘liq turardi. It negadir arqon bilan emas, usti oq qobiqli elektr simi bilan bog‘langan edi. Mirvali, «hozir kartinka ko‘rasanlar» deb, simni yechib, uchini jiydaning ayrisiga tashlab tortdi. It oyog‘idan osilgancha ko‘tarila boshladi. Oxiri u odam bo‘yi ko‘tarilgandan keyin Mirvali sim uchini jiyda tanasiga mahkam qilib bog‘ladi. It tipirchilar, vangillardi. Mirvali qo‘ynidan gugurt chiqazib, bir parcha qog‘ozni yondirdi-da, itning bo‘yniga tutdi. Xuddi fonar yog‘i sepilgandek itning junlari lop etib yonib ketdi. Olov ichida qolgan it dahshatli ulidi. Endi u kattakon mash’aladek lovullab yonardi. Saldan keyin itning ovozi o‘chdi, qimirlamay qoldi. O‘shanda Tolibjon ikki ko‘zini panjalari bilan berkitib, orqa o‘girib olgan edi. Mirvali kaklik boqardi. To‘rt-beshta kaklik doim hovlida donlab yurar, uni ko‘rganda yugurib oldiga kelardi. Shu kakliklardan bittasini usta Dolimning mushugi olib qochdi. Mirvali payt poylab mushukni tutdi. Ikki ko‘ziga mix tiqib, mo‘ylovini qaychilab qo‘yib yubordi. Mushuk alam bilan miyovlar, qayoqqa qarab yursa o‘zini bir nimaga urib olardi. Yo bo‘lmasa, ariqqa tushib ketardi. Uning bu holidan Mirvali mazza qilib kulardi. O‘sha kuni Mirvali ko‘r mushukni kechgacha «o‘ynab», keyin devordan usta Dolimning hovlisiga otib yuborgandi. Bu voqeaga ko‘p yillar bo‘lgan. Ular ikkovining yoshi ham bir joyga borib qolgan. Birining omadi kelgan, biri omadsizlik azobini tortardi. Biron soatlar chamasi vaqt o‘tib, Mirvali ildizlaiga osilib qaytib tushdi. Yana mashinaga chiqishdi. Yo‘l o‘ydim-chuqur, g‘ildiraklar toshlardan sakrab mashinani tinimsiz silkitar, Tolibjon goh o‘ng yonboshiga, goh chap yonboshiga surilib, bu og‘ir yo‘l azobiga ko‘nikolmasdi. — Qishloqda hali ko‘p turasanmi? Yo yana juftakni rostlab, shu ketganingcha soqoling ko‘ksingga tushganda kelasanmi? — dedi Mirvali. Tolibjon javob qildi: — Ko‘raman-da. Bu joylarga jimjitlik qidirib keldim. — Nima?! — dedi hayratlanib Mirvali. — Jimjitlik dedingmi? Voy, seni qara-yu! Jimjitlikni men bor joydan qidiryapsanmi? Topib bo‘psan! Tavba, dunyoning ishlari zap g‘alati-da. Men jimjitlikni quvib yuribman, bu bo‘lsaqidirib yuribdi. Jimjitlikni odamzod o‘lganda topadi. Go‘rga kirganda!.. Menga qara, seni sizlaymi, senlaymi? Sizlasam begonaga o‘xshab qolasan, senlasam diling og‘riydimi, deyman. — Menga baribir. Yaxshisi, senlaganing durust, — dedi Tolibjon. — Bo‘pti. Ertalab kuyovingni idorada ko‘ruvdim, kelganingni o‘shandan eshitdim. Qaynag‘am keldi, deydi. Shu o‘ylayman, shu o‘ylayman, otingni topolmayman. Dalavoy kal dadangni tanirdi, o‘shandan so‘radim. Esida bor ekan, Tolib edi shekilli, deb qoldi. Qara, odamlarni esidan ham chiqib ketibsan. Palonchi odam so‘ygan, palonchi machitga o‘t qo‘ygan, deb eslashadi. Seni nima qilgan, deb eslashsin? Bu yomon, oshnam. Yurtingda unutilsang, bundan dahshatlisi bo‘lmaydi. Qaytib kelganing juda yaxshi bo‘ldi. Odamlarning esidan chiqmaydigan ko‘p ishlar qilamiz. Ko‘nglingga kelmasin, gapning sirasini aytdim. Albatta, chet ellarda ko‘p ishlar qilgan bo‘lishing mumkin. Men buni aytayotganim yo‘q. Tug‘ilgan yurtingda ham bir nima qilib qo‘yishing kerak. — Odam o‘ldiraymi, machitga o‘t qo‘yaymi? — dedi Tolibjon piching bilan. Mirvali, e-e, bor-e, dedi kabina derazasidan tashqariga tupurar ekan. — Shu mashina mening uyim, — dedi keyin. — Ba’zan kechalari mashinada uxlab tong ottiraman. Bilasanmi, qancha yerim bor? Bilmaysan. Mana shu tog‘laming ikki tarafidagi yerlarning hammasi meniki, menga qaraydi. Uydan bir chiqib ketganimcha haftalab kelolmayman. — Bolaligingda ham uyga sig‘may tog‘-toshlarda sanqib yurarding. Mirvali kulib yubordi. — Yomon edim-a! Onam bechorani ko‘p qiynaganman. Yarim kechalari tog‘larda yuraverardim. Bo‘rilar yeb ketmaganiga hayronman. — Bo‘ri bolasini ham boqqan eding, shekilli. — Vey, bo‘ri iniga kirib, bolasini opchiqqanman-a! Qipqizil jinni edim. — Urgutning Qora qishlog‘idan qiz olib qochganing esingdami? Mirvali jimib qoldi. U allaqanday xayollarga berilgandek, ko‘zlarini yumib, shirin bir xo‘rsinib qo‘ydi. — Oti Gulbi, Gulbibi. O‘zi ham guldek qiz edi-da. Bechora ota-onasi mendan bezor bo‘lib chiroqchilik bir juvozkashning o‘g‘liga zudlik bilan to‘y qilib berib yubordi. Muni qara, yaqinda tasodifan ko‘rib qoldim. Nevara-chevarali bo‘lib ketibdi. Yaxshiyam uylanmaganim. Juda xunuk kampir bo‘pti. Saylovchilar bilan uchrashuvga borgan edim. Prezidiumda o‘tirsam, selsovetning raisi Chori Ashir turtdi. Qulog‘imga shivirlab, oltinchi qatorning o‘n birinchi joyida o‘tirgan xotinni taniyapsanmi, deb qoldi. Qarab tanimadim. — O‘sha Gulbibi bo‘ladi. — Juda xunugi chiqib ketibdi-ku, — dedim ko‘zlarimga ishonmay. Chori Ashir kuladi. — Seni kelishingni aytgandim. Tagrinam bu pardoz qilib kelgani, — dedi. Mashina notekis yo‘llardan koptokdek sakrab-sakrab, oxiri keng, tekis asfaltga chiqdi. Tog‘ yo‘lidan mashina tekis borardi. Tolibjon mashinaning yomon yorilardan yurib silkitganidan beli zirqirab og‘rirdi. Oftob tog‘ning bu tomoniga origan. Pastliklar ko‘m-ko‘k, g‘ubordan xoli tollarning barglari shaffof edi. Yong‘oqzorlar, jiydazorlar panasidagi soy shovqini eshitilmas, bu yerlarda faqat mashina motorining gurillashi hokim edi. Yo‘lni echkilar podasi to‘sib chiqdi. Echki, har qalay, juda ziyrak hayvon bo‘ladi. Qo‘y podasi bo‘lganda cho‘ponni qiynab yuborardi. To mashina kallasiga do‘q etib urilmaguncha tikka kelaveradi. Echki bo‘lsa, mashina qorasi ko‘rinishi bilan o‘zini chetga oladi. Shofyor bir-ikki signal berishi bilan echkilar podasi yo‘lning chap tomoniga o‘tdi. Mirvali ularga allaqanday mehr bilan qarardi. — Bu jonivorlami ko‘paytirguncha ona sutim og‘zimga kelgan. Ancha joygacha jim ketishdi. O‘n minutlar chamasi vaqt o‘tganda Tolibjonning bo‘yniga issiq nafas tekkandek bo‘ldi. Mirvali uning yelkasiga boshini tashlab, pish-pish qilib uxlardi. Tolibjon, mayli, orom olsin, degan niyatda qimirlamay o‘tiraverdi. Ratsiya cho‘zib-cho‘zib ovoz berdi. Shofyor trubkani olib, yana bosib qo‘ydi. Kimdir manqalanib, tinmay, allo, allo, deb qichqirardi. Nurmat tog‘a shiyponda mudrab o‘tirardi. Hargal pastlikdan mashina tovushi eshitilishi bilan ko‘zini ochib, direktor kelmayapdimikan, deb alanglardi. Kunduzi sovxoz markazidan mehmon keladi, u-bularni tayyorlab turing, deb masalliqlarni tashlab ketishgan edi. Bu shiyponni adirning tepasiga o‘tgan yili Mirvalining o‘zi qurdirgan, faqat aziz mehmonlamigina olib kelardi. Nurmat tog‘a shiypon orqasidagi yarim gektarcha joyga selitrasiz, qo‘y qiyi solib qovun-tarvuz ekardi. Oyda-yilda bir keladigan mehmonni kutishdan va shu polizga qarashdan boshqa Nurmat tog‘aning ishi yo‘q edi. Kunni kechli qilish uchun ot dumidan tuzoq yasab, poliz pushtalariga tashlab qo‘ygan. Kuniga to‘rtta-beshta bedana ilinib turardi. Nurmat tog‘a juda ozoda, mirishkor odam bo‘lganidan shiyponni guldek tutadi. Bundan tashqari, u juda pazanda edi. Kelgan mehmonlar u pishirgan taomlarni maqtab-maqtab yeyishardi. Bugun Mirvali mehmon olib keladi, juda yaqin qadrdoni emish, yaxshiroq tayyorgarlik ko‘ring, deb tayinlashganidan u tishining kavagida asrab yurgan bedanalarni ziralab tovoqqa bosdi. Polizdan saralab-saralab qovun-tarvuz uzib, soyaga tashlab qo‘ydi. Ammo hadeganda Mirvalidan darak bo‘lmasdi. Oxiri u shiypon ustuniga suyanib pinakka ketdi. Mashinaning kuchli signalidan cho‘chib ko‘zini ochdi. Semon yo‘lkaning nariyog‘ida havo rang «Volga» kelib to‘xtadi. Undan bo‘yniga bir emas, ikkita fotoapparat osgan, yaqinidagi odamga ham bir ko‘zini qisib qaraydigan odati uchun mergan deb laqab olgan Rasulbek Umarov tushdi. Nurmat tog‘a bu odamni uncha xushlamasdi. Yolg‘onni ko‘p gapirardi. Birovni aldab ketishga usta, o‘z manfaati uchun otasini ham ayamaydigan Rasulbekni Mirvali nechunkim o‘ziga yaqin qilib yuribdi, deb hayron bo‘lardi. Rasulbek shiypon oldiga kelib, ensasi qotib turgan Nurmat tog‘aga bir ko‘zini qisib uzoq tikildi. — Xo‘jayin kelmadimi? Nurmat tog‘a indamay ichkariga kirib ketdi. Uning bu xil muomalasidan jahli chiqqan Rasulbek orqasidan ichkariga kirdi. — Bu qanaqasi bo‘ldi, boboyka... Nurmat tog‘aning ko‘zlaridan o‘t chaqnab ketay dedi. — Og‘zingga qarab gapir. O‘sha sen bilgan o‘rischani men ham bilaman, «Boboyka» deganing nima deganing? — Ha, endi siz o‘rischaga mendan usta bo‘lishingiz ham kerakda. Turmalarda yurib usta bo‘lib ketgansiz. Menga qarang. Ertaga nozik mehmon keladi. Besh-o‘nta bedana tutib, patini yulib qo‘ying. Men bagajnikda qo‘chqorolib kelganman. Indushka ham bor. So‘yib, kalla-pochasini ajratib, tandir kabob qilasiz. Archa shoxlarini ham olib kelganman. Zira ham bor. Indushkadan jarkop qilasiz. Bedanadan tabaka. Rasulbek qilinadigan ishlarni tayinlaguncha shofyor dumbasi tirsillab turgan qora qo‘chqorni shiypon ustuniga bog‘lab, qo‘ltig‘idagi g‘uli-g‘uli tovuqni qayerga qo‘yay, deb farmon kutib turardi. — Direktor mening buyrug‘imsiz hech kim mehmon kutmaydi, deb tayinlagan, — dedi Nurmat tog‘a. — U kishi bilan o‘zim gaplashaman. Yo‘q demaydilar. Shu payt mashina qisqa-qisqa signal berib, tepalikka chiqib keldi-da, xuddi shiypon pillapoyasi oldida to‘xtadi. Kiyim-boshi chang bo‘lib ketgan Mirvali bilan Tolibjon tushishdi. — Iya, sen bu yerda nima qilib yuribsan? — dedi Mirvali Rasulbekka qarab. — Qo‘chqorzo‘r-ku. Rasulbek uni qo‘ltiqlab, chetroqqa chiqishga undadi. — Gapiraver, bu yerda begona yo‘q. Mehmoning bormi? — Abdug‘ani aka mehmon olib boraman, yuqoriga joy qildirib qo‘y, deb tayinlaganlar. — Pichirlab tushuntirdi Rasulbek. — Mehmon Toshkentdan, nozik odam. Hammamizga ham foydasi tegadigan kattalardan. Selxoztexnika respublika bazasining boshqaruvchisi Hojimurod Xolmatov. Siz uni yaxshi taniysiz. U ham sizni taniydi. Kolxozda paytlarida juda ko‘p portretlarini qilib berganman. «Hurmat taxtasi» ga ilg‘orlarning suvratlarini ishlab berganman. Abdug‘ani aka iltimos qilib qoldilar, yo‘q deyolmadim. Selitr deysizmi, traktor deysizmi, texnika zapchasti deysizmi, oldini bizga beradilar. Ozib-yozib bir tushib qolgan ishlari ekan, yo‘q deyolmadim. Darhaqiqat, oblast selxoztexnika birlashmasi boshlig‘i Abdug‘ani Ismoilov sovxoz nimani so‘rasa yo‘q demay berardi. — Bo‘pti, mehmonni yaxshilab kutinglar. Nurmat tog‘a qarashib yuboradilar. Nurmat tog‘a gapga aralashdi: — Bolam, meni shu ishga aralashtirma. Men sening hurmating uchun bu yerlarda yuribman. Mehmon kutishga holim ham, xohishim ham yo‘q. Sening yo‘rig‘ing boshqa. O‘l, desang O‘laman... Tog‘aning bu xil gaplariga Mirvali hayron bo‘lmadi. Fe’li shunaqa deb qo‘ya qoldi. Mirvali Hojimurod Xolmatovni yaxshi bilardi. Ammo u bilan sira bordi-keldi qilmagan. O‘z ishiga nihoyatda pishiq bu odam har qanday katta ishlami qilganda ham orqasida iz qoldirmasdi. U ko‘p reviziyalami ko‘rgan. Ko‘p qiyin-qistovlar ichidan omon-eson chiqib ketgandi. Hojimurod hech qachon hujjat aralashadigan pulga ko‘z olaytirmasdi. Agar bir joyga bitta yuz so‘mlik, yoniga bitta bir tiyinlik qo‘yib, qaysi birini olasiz, desa, Hojimurod albatta bir tiyinni olaman, deydi. U so‘mdan tiyinni afzal ko‘rardi. Tiyin millionning ota urug‘i, deb bilardi. U o‘n ikki yil juda katta kolxozga raislik qildi. Lining kolxozi yiliga davlatga sakkiz ming tonna paxta sotardi. Ammo Hojimurod o‘n ming tonnaga yetkazardi. Aslini olganda, bor paxtasi yetti ming tonna ham chiqmasdi. Yetmaganini paxta zavodidan sotib olardi. Avji terim qizigan pallalarda zavod kuniga o‘n yetti ming tonnaga yetkazib paxta qabul qilardi. Ammo tarozibonlar, laborantlar, paxtang iflos ekan, deb uch foizini, nam ekan, deb lo‘rt foizini chegirardi, xullas, bir tonna paxta yetti yuz kiloga o‘tardi. Shunday qilib, zavodda ancha-muncha ortiqcha paxta yig‘ilib qolardi. Hojimurod zavodga paxtaning har kilosi uchun to‘qqiz tiyindan to‘lab, kolxozga o‘n tiyindan o‘tkazardi. Shunda Hojimurodga bir tiyindan to‘planib, o‘ttiz ming so‘m qolardi. Kolxoz topshirmagan uch ming tonna paxtaning har kilosiga zavoddan ellik olti tiyindan pul olardi. Shunda bekordan-bekorga kolxoz kassasiga bir million yetti yuz oltmish ming so‘m pul tushardi. Shundan to‘qqiz yuz ming so‘mi zavoddagilarga qolardi. Bu ham mayli, davlatga ortiqcha paxta sotgani uchun Hojimurodning kolxozi qo‘shimcha pul olardi. Planni oshirib bajargani uchun rais, boshbux, bosh agronom olti oylik maosh bilan mukofotlanardi. Hojimurod shu pullarni tiyindan topardi. Bu ishlarga na hujjat. na biron qog‘oz aralashardi. Og‘izda topilgan boylik edi bular. Hojimurodning hujjatsiz pul topadigan yana bir usuli bor edi. U har yili gektarchilarga yigirma gektar yerga piyoz ektirardi. Ular bilan kolxoz orasida rasmiy ravishda har gektar yerdan to‘qqiz tonnadan piyoz topshirishga shartnoma tuzilardi. Ular vaqtincha kolxozga a’zo qilib olinardi. Aslida, bu mirishkor gektarchilar har gektar yerdan yigirma besh tonnadan piyoz olardilar. Hojimurod ulardan har gektar yer uchun besh ming so‘mdan pul olardi. Yigirma gektar yer uchun yuz ming so‘m kissasiga kirardi. Bundan tashqari, kolxozdan oladigan maoshlari ham Hojimurodga qolardi. Ular vedomostga qo‘l qo‘yib, indamay ketaverardilar. Hech qanday reviziya bu ishni topolmasdi. Tiyindan million yasaydigan bu odam hozir ko‘tarilib, katta lavozimni egallab turibdi. Respublika kolxoz-sovxozlariga beriladigan kimyoviy doridan tortib traktorgacha, seyalkadan tortib ekskavatorgacha, buldozerdan tortib mashina ballonigacha, moyli bo‘yoqdan tortib suv qo‘shib ichsa bo‘ladigan toza spirtgacha uning qo‘lida. Bitta kolxozdan shuncha pul topadigan odam bu joyda qandoq ishlar qilayotganikin? Lekin bugungi ziyofat Hojimurod uchun bir umr esdan chiqmaydigan saboq bo‘lishini Mirvali biladi. Ammo Nurmat tog‘a mehmonning kimligini hali bilmaydi. Bilsa, ana unda qiyomat bo‘ladi. Mirvali kutilmagan hangomalarga o‘ch edi. Bugun bu tog‘larda nimadir bo‘ladi, kimdir quvadi, kimdir qochadi. Rasulbek Mirvali bilan xayrlashib, jo‘nab ketdi. — Bu nima qilganingiz, tog‘a? Yaxshi bo‘lmadi-ku, — dedi ginaxonlik bilan Mirvali. — Shu bolani jinim suymaydi. Ko‘rarsan, bir kun senga pand berib qo‘yadi. Odam sotish odatim yo‘q edi. Bir aytib qo‘yay. Kechalari kelib kiyik ovlaydi bu yaramas. — Yo‘g‘-e! — deb yubordi Mirvali. — Kiyik ovlaydi? Voy, yaramas-ey! — Shundoq, bolam. Qo‘li egri. Harom odam. Mirvali jahl bilan u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi. Tolibjon bir chekkada uning tajangligini kuzatib turardi. — Bu kiyiklarni qayoqlardan olib kelganman, bilasiz-mi? O‘ttiz kiyik bolasidan ikki yuz qirq kiyik qildim. Endi erkinlikka chiqdi bu jonivorlar. To‘rt yil sim to‘r orasida boqilgan. Voy, yaramas-ey! Voy, ablah-ey! O‘z ko‘zingiz bilan ko‘rganmisiz yo taxminiy gapmi bu? Tog‘a chaqimchilik qilganidan xijolat tortib, past ovoz bilan, rost, dedi. Tolibjon bilan Mirvali ayvondagi so‘riga o‘tirishdi. Tog‘a ustiga doka yopilgan dasturxon betini ochdi. Tolibjon pastga qaradi. — Qittak-qittak qilamizmi, og‘ayni? Tog‘a, opkeling anavundan. Tolibjon ichmasligini aytib qaytardi. — Umuman ichmaysanmi yo hozir ko‘ngling xohlamay turibdimi? — dedi Mirvali. — Kechroq. Shundoq toza havodan mazza qilib nafas olay, — dedi Tolibjon. — Bu gaping durust. Ol, ovqatga qara. Nurmat tog‘am rosa pazanua. Ammo fe’lli odam. Jiniga yoqmagan kishi bilan choy ekan-ku, sovuq suv ham ichmaydi. — Boyagi muomalasidan bilgandim. Odam degan mana shunaqa prinsipialniy bo‘lishi kerak.Anavi Rasulbek menga o‘tirishmadi. — Aferist u. Yomonam shayton odam. Lyuboyni aldaydi. Ba’zi bir defitsit zapchastlami topishga yordam berib turadi, deb yonimga olgandim. Ammo-lekin, suvrat olishga yomonam usta-da! Poytaxtdan kelgan fotochilar ham unga tan berishadi. Dom kulturada vistavka ochgan. Shuni o‘rniga seni mo‘ljallaganman. Bir ishlab berasan. — E-e, yo‘g‘e! — deb yubordi Tolibjon. — Biron yil ishga yaramayman. — Yaraysan. Yaraysan, oshnam. O‘zim yordam beraman. Burningni yerga ishqab ishlataman. Chet ellarda yurib, ko‘zi pishgan odamsan. Ho‘, anavi kungaydan, — u qo‘li bilan tog‘ oralab ketgan yo‘l boshini ko‘rsatdi, — ana shu joydan Tirsaksoyni bo‘g‘asan. Suvni manavi tekislikka haydaymiz. Tolibjon bir dam o‘ylanib qoldi. — Bo‘lmas-ov. Axir, bu suvlar tog‘ etagidagi qanchalab o‘rmonu o‘rmonchalami sug‘oradi. Quritib qo‘yasan-ku. — Sen aqlli odamsan. Oblast miqyosidagina emas, respublika, mamlakat miqyosidan chiqib, xalqaro miqyosda ish ko‘radigan qo‘li uzun, fikri keng odamsan. Qandoq qilsak, qandoq bo‘lishini o‘yla. Six ham kuymaydigan, kabob ham kuymaydigan yo‘lni top. Ekinlar ham, jonivorlar ham suv ichsin, o‘rmonlar ham qurimasin. Xo‘sh, qalay? — O‘limdan boshqa hardardga davo topiladi. O‘ylash kerak. — Ana, ana! — dedi Mirvali. — Endi kallangni motori qizidi. Ishlat, yaxshilab ishlat. O‘yla. Menga suv kerak. Suv bo‘lsa, bir yilga qolmay yuz, ming gektar yer ochvoraman. Million kerakmi, o‘n million kerakmi, pulim bor. Hisobni katta ol. Tolibjon ko‘zlarini yumib, o‘y o‘ylab ketdi. O‘rnidan turib, kungay tomon qaradi. — Axir, bu tog‘lar archasi bilan, do‘lanayu yong‘oqzorlari bilan go‘zal. Havosining ham tiniqligi shundan. Tog‘da kun ko‘radigan parrandayu darrandalar qaydan suv ichadi. Buyog‘ini ham o‘ylash kerak, og‘ayni. Kungay tarafda qor tez eriydi. Toshlar orasiga suv singmay, giyohlar ham erta bahordayoq qurib, qovjirab qoladi. Mirvali Nurmat tog‘a bilan ovqatlanib o‘tiigan shofyorga qaradi. — Muncha imillaysan?! Chaqqon-chaqqon ye. Markazga tushamiz. Ertaga senga oddix beraman. Damingni olasan. Buguncha chidab ber, bola. Shofyorbola lunjidagini yutmayoq sochiqni qo‘liga oldi. Sovib qolgan choyni bitta simirishdayoq bo‘shatib, mashina oldiga bordi. — Bo‘lmasam, men ketdim, — dedi Mirvali Tolibjonga qarab. — Sen damingni olib, yaxshilab o‘yla. He, bola, men kelguncha kallang bo‘sh turmasin. Xo‘pmi? Tolibjon kula-kula, xo‘p, xo‘p, dedim-ku, dedi qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib. Mirvali mashinaga o‘tirib jo‘nab ketdi. Tolibjon to u kelguncha birpasgina orom olmoqchi bo‘ldi. — Idish-tovoqlami yig‘ishtirib, yuvib saranjom qilgunimcha zerikmay o‘tirasiz-da, mehmon, — dedi Nurmat tog‘a undan uzr so‘ragandek. Tolibjon yoshligida ham shunaqa, vaqtini uyda, kitob o‘qib oMkazardi. Mirvaliga o‘xshab tog‘-toshlami kezmasdi. Tog‘larning bu xil puchmoqlari unga begona edi. U cho‘qqilarga chiqmagan, o‘ngirlarda kezmagan. Bir yuvosh uy bolasi edi. Shuning uchun ham hozir u yoshligini eslaganda, bu tog‘lar, cho‘qqilarni ko‘z oldiga keltirolmasdi. Odamovi bo‘lib o‘sgan Tolibjon tog‘larning qanaqaligiyu havosining qaymoqdek mayinligini endi bilyapdi. Uning bu joylarda muhabbati ham qolmagan. Birinchi sevgi lazzati bu joylardan olisda, hech qanday romantik tuyg‘ularsiz ko‘ngilga kirgandi. Boshqa yigitlar singari gulu gulzorlar, bulbul xonishlari, baytu g‘azallar ishqiga alanga tashlamagan. U ong bilan, aql bilan sevgandi. Bu xil sevgiga mubtalo bo‘lgan kishining ko‘p armonlari dilida qolib ketadi. Umrda bir martagina beriladigan ishq atalmish tuyg‘umi, hissiyotmi, haligacha ta’rifi kashf qilinmagan rohat xuddi bir tadbirdek o‘tadi-ketadi. Buyuk rohatdan benasib bo‘lgani bir kun kelib yurak-bag‘rini o‘rtaydi. G‘ijjak nolalaridek ko‘z yoshlariga qorishiq tuyg‘u-hislarni boy berib qo‘yganidan faryod uradi. Tolibjon xotinini sevardi. Faqat yaxshi oila boshlig‘i, pokiza, aqlli, halol bo‘lgani uchun, saranjom-sarishta uy bekasi bo‘lgani uchun va, nihoyat, ajoyib bir o‘g‘il tug‘ib bergani uchun sevardi. Yillar o‘tdi. Arzanda o‘g‘li ham, ajoyib uy bekasi ham olamdan o‘tib ketishdi. Tolibjon yakka bo‘lib qoldi. U Sanobar bilan yigirma yil yashadi. Shundan o‘n sakkiz yilini chet ellarda o‘tkazdi. Qayerda bo‘lsa xotini uning yonida edi. Kirini yuvib, ovqatini pishirib, kunlar-u yillarni unga termilib o‘tkazdi. Tolibjon unga biron marta bo‘lsin qattiq gapirmadi. Boshqalarga o‘xshab senlamadi. Sizlab yashadi. Uni ministrlik ishi bilan SSSRga chaqirishganda bolasi bilan Sanobar o‘zga yurtda qolar, to kelgunicha elchixonaga qatnab, qachon kelishini surishtirardi. Tolibjon qaytishda yangi chiqqan plastinkalami olib kelardi. Sanobar ona-yurt ovozini mana shu gramplastinkalardangina eshitardi. Bir kuni Tolibjon horib-charchab ishdan qaytganda Sanobar plastinka qo‘yib eshitayotgan edi. U qo‘shiq sehriga shunchalar berilib ketgan ediki, Tolibjon kiiganini ham sezmadi. Kaftini iyagiga tiragancha ikki ko‘zi jiqqa yosh, bir nuqtaga tikilgancha qimir etmasdi. Tolibjon unga xalaqit bermaslik uchun oyoq uchida yurib, ichkari xonaga kirib ketdi. Nihoyat, qo‘shiq tindi. Tolibjon yo‘talib, uning oldiga keldi. Sanobar haii ham qo‘shiq sehrida edi. U dasturxonga ovqat qo‘yganda ham, choy uzatayotganda ham ma’yus edi. Shunda Tolibjon uning yurtini sog‘inayotganini, har galgidan ko‘ra qattiq sog‘inayotganini sezdi. Tolibjon ilgarilari ham Toshkentga bir borib kelasizmi, deb so‘rardi. Sanobar ona-yurtini qanchalik sog‘ingan bo‘lmasin, uni yolg‘iz tashlab ketishga ko‘zi qiymas, usiz qiynalib, mung‘ayib qolishini o‘ylab rad javobini berardi. Sanobar fidoyi xotin edi. Uyim, erim, bolam, deydigan xotin edi... Tog‘ shamoli o‘t-o‘lanlarni silkib o‘ynayotgan, kuni bilan qizigan toshlarni yalab sovitayotgan zavol mahali Tolibjon olisda, endi hech qachon borib ko‘rib bo‘lmaydigan yurtlarda kulga aylanib qolib ketgan xotinini eslayapti. U qandoq xotin edi-ya! O‘g‘li bo‘yiga yetgan sari kelin ko‘rish orzusida shirin xayollar surardi. Magazinma-magazin kezib, keliniga sarpolik xarid qilardi. Hatto kelinning nikoh kuni kiyadigan lozimiga zar jiyaklar ham olib qo‘ygandi. ...Iskandariyada sohil bo‘ylab sayr qilib yurishganda yetaklab kelayotgan o‘g‘lining ko‘zi ilinib, xarxasha qila boshladi. Tolibjon bolani ko‘tarib oldi. Bola dadasining yelkasiga boshini qo‘ygancha pish-pish uxlay boshladi. — O‘g‘lingiz sizdan bir minut ham ajralmasam, deydi. Ishdan kelguningizcha ming marta dadam qachon keladi, deb so‘raydi, — dedi xotini. Tolibjon ham o‘g‘lini jon-jonidan yaxshi ko‘rardi. Ishdan kelishi bilan uni o‘ynatar, to uxlaguncha turli ertaklar aytar, buzilgan o‘yinchoqlarini tuzatib berardi. Shunday kezlarda Tolibjon yonida xotini borligini ham unutar, biron og‘iz gap aytmagan oqshomlari ham bo‘lardi. O‘shanday kunlarning birida Sanobar o‘pkalanib dedi: — Menga qarang, dadasi. Bu uyda shu bolangizdan boshqa odam bormi? Tolibjon gapning ma’nosini darrov tushundi. — Shu bittagina bolangizdan meni qizg‘anyapsizmi? — Yo‘q, bir ochiqchasiga gaplashaylik. Meni ham yaxshi ko‘rganmisiz? Tolibjon beparvo javob qildi: — Yaxshi ko‘rgandirmanki, sizga uylanganman-da. Shu paytda ishqu muhabbat qayoqdan esingizga kelib qoldi? — Axir, men ayol kishiman. — Buni bilaman, — dedi Tolibjon. Ana shundan keyin hafsalasi pir bo‘lgan Sanobar ichkari uyga kirib ketdi, birpasdan keyin piq-piq yig‘lagani eshitildi. Tolibjon ichkariga kirib, uni yupatmoqchi, boshiga qo‘l uzatib, sochlarini silamoqchi bo‘ldi. Qo‘lini qaytarib oldi. Umrida hech qachon xotin erkalatmagan edi. — Sanobar, qo‘ying, qo‘ying, meni bilasiz-ku, xudo urgan to‘g‘ri odamman. Unaqa baytu g‘azallar aytishni bilmayman. Albatta, siz menga dunyoda eng yaqin, eng qadrdon odamsiz. Umrimni o‘la-o‘lgunimcha sizga bog‘laganman. Sizdan bir kun ajrasam turolmayman. O‘sha kunlar endi Tolibjonning dilida armon bo‘lib qoldi. «Bag‘rimga bosib erkalatmaymanmi, sochlarini silamaymanmi?! Axir, uni joni meni ichimda, meni jonim uni ichida edi-ku. Nahotki, shu muhabbat bo‘lmasa?!» Tolibjon uni nihoyatda qattiq sevganiga endi iqror bo‘lyapdi. « O‘zi tirikligida shu gaplarni aytsam bo‘lmasmidi? Endi aytamanmi? Yo‘qolgandan keyin, bir umr qaytib kelmaydigan bo‘lib ketgandan keyin aytayapmanmi, bu gaplarni?!» Nurmat tog‘aning yo‘tali o‘ylarini tarqatib yubordi. — Uxlayotganmidingiz, mehmon? Qo‘ying, zavol payti uxlamang. Tushga yomon narsalar kiradi. Mirvali kelyapdi, — dedi Nurmat tog‘a o‘rnidan turib. Mashinaning ikki chirog‘i ikki nurli koptokdek sakrab-sakrab kelardi. — Nurmat tog‘a g‘alati odam ekan, — dedi Tolibjon mashina do‘ng osha yalanglikka chiqqanda. G‘uborsiz tog‘ havosi haddan tashqari tiniq edi. Yulduzlar juda yaqinda chaqnayotgandek, mashinaning old oynasiga tushgan oy yorug‘idan yo‘lni durust ilg‘ab bo‘lmasdi. Olis-olislarda toshga urilayotgan sharshara tovushi ham xuddi ikki qadam naridan eshitilayotgandek edi. Rul boshqarib borayotgan Mirvalining xayoli bir dam bo‘lindi. Keyin Tolibjonning so‘rog‘iga jo‘yalik bir javob qilish uchun fikrini jamlashga urindi. — Nurmat tog‘ani g‘alati odam, deding. To‘g‘ri, g‘alati odam. U birovga ishonmaydi. Hammadan shubhalanadi. Ertaga nima bo‘ladi, uni sira qiziqtirmaydi.Ko‘rgan kuniga kul tortib yuripdi. Men uni bitta narsasiga tan beraman. Halol odam. Ammo ko‘ngli tosh bo‘lib ketgan. Fe’li aynib turganda hech kimni ayamaydi. Dunyoda suyangan birdan-bir odami — men. Jazavasi tutib turgan paytda men, qo‘ying, bo‘ldi, tog‘a, desam, taqqa to‘xtaydi. Boshini egib, ichkariga kirib ketadi-yu, kechgacha chiqmay o‘tiraveradi. E, sen bilmaysan, Tolib, bu odamning ichi to‘la dard. Chidab yuripdi. Avvallari u bir kunmas-bir kun o‘zini nobud qilib qo‘yadi, deb xavotir olardim. Keyinchalik siri-asrorini olganimdan keyin bu xil odamlaro‘z joniga qasd qilmasligini bildim. Bu tog‘a asli palandaralik bo‘ladi. Kredit texnikumida o‘qib yurganimda bizga pul oborotidan bankda praktika olib borardi. Ilmi u qadar bo‘lmasa ham tajribasi zo‘r edi. Hisob-kitob masalasida hozirgi elektron hisoblash mashinasi chiqquncha oblastning hisob mashinasi shu edi... Shag‘al to‘kilgan yo‘lda ikki kiyik bolasi imirsilab borardi. Mashina farasi ko‘zini olib, ikkovi bir-biriga qapishib qimirlamay qolishdi. Mirvali tormozni bosdi, mashina shag‘allarni surib sekinlashdi. Shu payt xarsang tosh orasidan sakrab chiqqan ona kiyik tashvishlanib, bolalarining oldini to‘sdi. U qarshi kelayotgan mashinani pisand qilmay hujumga tayyor turardi. Shunda Tolibjon bu jonivorning bolalari oldidagi buyuk bir fidoyiligidan hayratda qoldi. Beixtiyor Mirvali boshqarayotgan mashina ruliga yopishdi. Mashina chayqalib ketdi, surilib yo‘l chetida to‘xtadi. Chiroq nuri ham chayqalib, endi o‘ngirlarga cho‘kib qolgan tumanlami yoritardi. Mirvali pastga qulab ketishdan qo‘rqib, rulni chapga burdi. Fara yo‘lni yoritganda kiyiklar g‘oyib bo‘lgandi. — Zoya, — dedi ichki bir hayajon bilan Mirvali. Tolibjon uning bu gapidan hech narsa tushunmadi. — Zoya, bu kiyikning oti. Bir yarim oy bo‘ldi, qo‘tondan chiqarib yuborganimizga. Xayriyat, bolalapdi. Ikki yil sim to‘r qo‘tonda boqqanmiz. Endi ketmaydi. Bu tog‘larning giyohini chimdigan kiyik aslo ketmaydi, oshna. Sen ham bu soylar suvini ichib katta bo‘lganding, kelding-ku. Bugun ertalab ham Tolibjon teleminora tagida shu kiyiklami ko‘rgandi. — Ketib qolmasmikin bu kiyiklar? — dedi Tolibjon. — Yo‘q, ketmas. Juda bolaligida olib kelganmiz. Odamga ham uncha-muncha o‘rgangan... Ha, gap Nurmat tog‘a to‘g‘risida ediya, hozir aytib beraman. Juda ko‘pni ko‘rgan boboy bu. Mirvali mashina tezligini pasaytirib, asta hikoyasini boshladi. Nurmat tog‘a tinchgina bankda bulbulning qafasidek tor kassada pul olib, pul berib kunini o‘tkazib yurardi. Rayonda emas, butun oblastda nom chiqazgan kolxozning Hojimurod degan raisi tinchini buzadi. Ishga taklif qiladi. Hol-joniga qo‘ymay, bank boshqaruvchisining ham roziligini olib, kolxozga kassirlikka olib ketadi. Boshida ular juda inoq ishlashadi. Raisning ziyofatlari usiz o‘tmaydigan bo‘lib qoladi. Biron yil o‘tgandan keyin Nurmat tog‘a kolxozning ichki sirlariyu raisning ish tutish yo‘llarini bilib oladi. Ba’zi qonunsiz xarjlarga ko‘nikmay yuradi. Keyinchalik bu ishlar oddiy bir narsaga aylanib qoladi. Kassir xalqiga ikkita rahbarning imzosi bo‘lsa, bas. Har qancha pul bo‘lsa beraveradi. Rais bilan bosh buxgalterning imzosi bilan pul olib keladi. Shu imzolar bilan tegishli odamlarga sanab beradi. Qiladigan ishi shu. Ular rais bilan ota-boladek bo‘lib ketishadi. Rais, «zarur» bo‘lib qolib, besh mingmi, o‘n mingmi so‘rasa, tilxatsiz beraveradigan bo‘lib qoladi. Ertasi yo indini rais buxgalteriya orqali olgan pullami hujjatlashtirib qo‘yadi. Kunlarning birida rais uni kabinetiga chaqirib, o‘ttiz ming so‘m tayyorlab qo‘yishini tayinlaydi. — Shuncha pulni nima qilasiz? — deydi ajablanib Nurmat tog‘a. — Kuyovga bitta hovli olib bermoqchi bo‘lib yurgandim. Hozir telefon qilishdi. O‘ttiz mingga bitta yaxshi hovli savdosini pishitib qo‘yishipti. Uydagi pul xotinda edi. Turkistonga Sultonimni ziyorat qilgani ketgan. Kelishi bilan joyiga qo‘yib qo‘yamiz. Bankka borib yirigiga almashtirib kelsangiz durust bo‘lardi. Shuncha pulni do‘ppaytirib olib yurmay. Nurmat tog‘a yo‘q deyishini ham, ha deyishini ham bilmay, chaynalib turib qoladi. — Ishonmayapsiz, chog‘i, — deydi rais achchiqlanib, — yo tilxat yozib beraymi? Numiat tog‘a raisga necha martalab o‘n ming, o‘n besh minglab pul bergan, biron marta tilxat so‘ramagandi. Rais ham aytgan kuni yo pulni qaytarib berar, yo bo‘lmasa, buxgalteriya orqali rasmiylashtirib, orani ochiq qilib qo‘yardi. Shundoq odamga ishonchsizlik qilishga Nurmat tog‘aning ko‘ngli bo‘lmaydi. Aytgan vaqtida o‘ttiz ming so‘mni idoraga keltirib beradi. U uyiga qaytarkan, dili sira yorishmaydi. «Rais kelguncha reviziya bossa nima bo‘ladi? Buxgallerni xabardor qilib qo‘ysinmikin? Yo‘g‘-e, bilsa dili og‘riydi. Axir, u unaqa odam emas. Halol...». O‘ylay-o‘ylay, nima bo‘lsa ham bosh buxgalterga bir og‘iz aytib qo‘ymoqchi bo‘ladi. Aksiga olib, u ham Qarshiga zarur ish bilan ketib qolgan ekan. Ertaga albatta aytaman, deb o‘zini ovutadi. Kechasi bilan ming to‘lg‘onib, tushlari buzilib tong otdiradi. Ertalab buxgalteming oldiga kirganda yonida odam bor ekan, chiqib ketguncha kutib turadi. Ezmaroq odam ekan, pensiya olish uchun qanaqa hujjat kerak, avval qayoqqa boraman, kimga uchrashaman, deb rosa cho‘ziladi. Oxiri, ishini bitkazib chiqib ketadi. Buxgalter Nurmat tog‘aga qaraydi. — Juda xunuk ish bo‘ldi-da, aksiga olib oblastga chaqirib qolishdi. Raisni kuzatgani chiqolmadim. Siz chiqdingizmi, tog‘a? Nurmat tog‘a hayron bo‘ladi. Chaqirsa ovoz yetadigan joyga ikki kunga ketgan odamni ham tantana bilan kuzatiladimi? Armiyaga ketayotgan bo‘lmasa, s’ezdga delegat bo‘lib ketayotgan bo‘lmasa! — Indinga qaytib keladigan odamni kuzatib qo‘yish shartmi? — deydi ajablanib Nurmat tog‘a. — Indinga qaytadigan?! — deydi buxgalter uni masxara qilgandek. — Xudo xohlasa, yigirma to‘rt kundan keyin qaytadilar. Toshkentda bir kun bo‘lsa, jami yigirma besh kun. — U cho‘tga yigirma besh deb tosh tashlaydi. — Qaytishda u yoq-bu yoqni aylansalar, yana besh kun. — U yana beshta tosh tashlaydi. — Xotin kishi bilan kurortga borgan odam vaqtida qaytolmaydi. Nurmat tog‘a o‘midan sapchib turib ketadi. — Nima?! Kurortga?! Uning vajohatidan buxgalter qo‘rqib ketadi. — Sizga nima bo‘ldi? O‘tiring, o‘tiring! Iya, iya, rangingiz g‘alati bo‘lib ketdi-ku. U shoshib stol tortmasidan allaqanday tabletka olib unga uzatadi. — Tilingizning tagiga tashlab oling... Uning gaplari Nurmat tog‘aning qulog‘iga kirmaydi, boshi g‘uvillab, ko‘zlari tinib, holsizlanib kursiga o‘tirib qoladi. — Doktor chaqiraymi? — deydi buxgalter, telefon trubkasiga qo‘l uzatarkan. Nurmat tog‘a peshonasiga shapillatib urib, gandiraklagancha chiqib ketadi. Nima gap bo‘lganligidan xabari yo‘q buxgalter hayron bo‘lib, orqasidan chiqadi. Tog‘a yo‘l chetidagi skameykada boshini changallagancha bukchayib o‘tirardi. Buxgalter tepasiga kelib, asta shivirlaydi: — Tog‘a, turing o‘rningizdan, odamlar kutib qoldi. Pul oladiganlami jo‘natvoring. Ishdan qolishmasin, hammasi dalaga ketadiganlar. Tog‘a boshini ko‘tarib, ma’nosiz ko‘zlarini qayga yashirishni bilmay, yana yerga qaraydi. — Pul yo‘q. Bir tiyin ham yo‘q. Hammasini rais supurib ketgan. lndinga qaytib beraman, deb o‘ttiz ming olib ketdi. Buxgalterning rangi oqarib, tizzalaridan darmon ketgandek, gavdasini ko‘tarolmay qoldi. Keyin o‘ziga kelib, ishonqiramay deydi: — Yo‘g‘-e, rais unaqa odam emas, birovni aldamaydi. Isitmangiz yo‘qmi? Dovdiramayapsizmi? Hushingizni yig‘ing. Tog‘a boshini sarak-sarak qilib, uh tortadi. — Senki ishonmading, bu gapga endi kimni ishontiraman? Meni tiriklayin go‘rga tiqdilaring. Buxgalter shoshib ichkariga kirib ketadi. Raisning uyiga telefon qiladi. Kelini uyda ekan, raisning qaysi kurortga ketganini so‘raydi. Kelini aniq bir javob aytolmaydi. — Fe’llarini bilasiz-ku, bir joyda uzoq turolmaydilar. Menimcha, putyovkasiz ketishgan. Ayamni asablari buzilib, bo‘lar bo‘lmasga yig‘laydigan bo‘lib qolgandilar. Bir aylantirib kelaman, deb olib ketdilar. Qaysi tomonga ketganlarini bilmayman. Telefon qilsalar, aytarman sizga. Endi buxgalter ham tashvishga tushib qoladi. Qayergadir telefon qiladi, kim bilandir gaplashadi. Xullas, ertasiga kontrol-reviziya boshqarmasidan odam kelib, kassani muhrlaydiyu, reviziya boshlaydi. Kechqurun yonboshiga «Militsiya» deb yozilgan mashina Nurmat tog‘ani olib ketadi. Besh kungacha tog‘ani ana shu mashinada olib kelib, buxgalteriyaga opkirib ketishar, kechqurun yana mashinada olib ketishardi. Oltinchi kuni uni idoraga opkelmay qo‘yishadi. Tergov boshlanganmish, degan gap chiqadi. Yigirma kundan keyin to‘lishib, rangi tiniqib, rais safardan qaytadi. Rayon prokuraturasida uni tog‘aga yuzma-yuz qilishadi. — O‘tgan oyning yigirma yettinchi kuni kolxoz kassiri Nurmat Xolmatovdan o‘ttiz ming so‘m pul olganmisiz? — deb so‘raydi teigovchi. Rais «hayron bo‘lib», bir tergovchiga, bir Nurmat tog‘aga qaraydi. — Qanaqa o‘ttiz ming? Shuncha pulni nima qilaman? Nega olaman? Nurmat tog‘a u bilan yuzma-yuz qilishganiga sevingandi. Rais pul olganini aytadi, bu ishning xato bo‘lganini ularga tushuntiradi, degan umid yuragining bir chekkasida yilt etgandi. Raisning javobidan hang-mang bo‘lib qoladi. Sapchib o‘rnidan turib ketadi. — Axir, kuyovimga uchastka olib beraman, pulim xotinimda edi... indinga qaytarib beraman... Tergovchi uning gapini bo‘ladi: — O‘tiring! Ruxsatimsiz gapirishni man qilaman. Xo‘sh, — deydi u raisga, — demak, pul olganingizni inkor qilasiz? — Olgan bo‘lsam, tilxatimni ko‘rsatsin! Shuncha pulni tilxatsiz, hujjatsiz, guvohsiz berib bo‘ladimi? Axir, u yosh bola emas-ku. — Tilxat olganmisiz? — deydi tergovchi tog‘aga. — Yo‘q. — Nega? — Bu odamga ishonardim. — Tushunarli. — Tergovchi boshini sarak-sarak qilib, nimalarnidir yoza boshlaydi. Keyin: — Imzo cheking, — deb tog‘aga bir varaq qog‘oz uzatadi. Tog‘a garang edi. Ko‘zlari tinib, qo‘li qaltirab, tergov qog‘ozi tagiga imzo chekadi. — Tamom! Reviziya boshqa kamomad topolmagan. Boshqa hujjatlar to‘g‘ri rasmiylashtirilgan. Reviziya materiallari bilan sizni tanishtirganman. Boshqa savolim yo‘q. Ishni endi sudga oshiraman. Agar tergovning borishidan norozi bo‘lsangiz, mana qog‘oz, bosh tergovchiga arz qilishingiz mumkin. Rais, sizga ruxsat, sudda ham bir-ikki marta bezovta qilishadi. Chaqiruv qog‘ozi olishingiz bilan albatta kelishingiz kerak. Rais, albatta, albatta, deb chiqib ketadi. Yigirma kundan keyin sud bo‘ladi. Tog‘ani kamomadchi sifatida o‘n ikki yilga hukm qilishadi. Mol-mulki musodara qilinadigan bo‘ladi. Shu bilan umrini tinchgina, bir maromda o‘tkazayotgan odamning hayotida keskin burilish bo‘ladi. Bu orada uyidagi narsalari musodara qilinadi. Hovlisi sotiladi. Xotini bitta tuguncha bilan uydan chiqib ketadi. Shu ketgancha qayoqqa ketganini surishtiradigan odam bo‘lmaydi. O‘n ikki yil o‘tib ketib, Nurmat tog‘a ozib-to‘zib, bukchayib qaytib keladi. Uni ilgari ko‘rganlarendi taniyolmaydi. Qarigan, soqollari oqarib ketgan... — Gaplashsang, gaplari ham anchagina uzuq-yuluq, — dedi Mirvali. — Ba’zan gapidan adashib ketib, so‘ragan narsang qolib, boshqa narsani aytadi. Savob bo‘lar-ku, ham tog‘ havosida sog‘lig‘i tiklanar, deb shu yoqqa olib keldim. Shiyponni supurib-sidirib yuradi. Orqa tarafga picha qovun ekkan, selitrasiz. Tuzoq qo‘yadi, bedana ilinib turadi. Ba’zi-ba’zida o‘zi bilan o‘zi so‘zlashadigan odati bor. Quloq solsang, biron ma’no chiqmaydi. Nima deyayotganini o‘zi bilsa kerak. Bir kuni tog‘dan juda charchab keldimu, mana shu shiypon ayvonidagi raskladushkaga yotib magnitofon qo‘ydim. «Chorgoh» ni miriqib eshita boshladim. Nurmat tog‘a shiypon zinasiga o‘tirib, qimirlamay, ashulani oxirigacha eshitdi. Cho‘qqilami o‘ragan bulutlarga, pastlikda echkilar podasi ko‘taigan to‘zonga tikilgancha yum-yum yosh to‘kardi. Ashula tingandan keyin o‘rnidan turdi-da, yosh to‘la ko‘zlari bilan menga qarab: — Bolam, men borimda bu ashulani qo‘ymang, — dedi. U shunday dedi-yu, shiypon orqasiga o‘tib ketdi. Orqasidan men ham shiypon panasiga o‘tdim. Tog‘a xarsang tosh ustida mushtdek bo‘lib o‘tirar, qimirlamas edi. Tog‘aning dardi bedavo. Ichini kuydirgan cho‘g‘ o‘tsiz tutab, butun vujudini jizg‘anak qilayotgandek edi... Tolibjon bu gaplami jimgina eshitarkan, ertalabdan beri ko‘ziga telba bo‘lib ko‘ringan tog‘a endi adolatsizlik, shafqatsizlik qurboni, iflos, jirkanch qo‘llar g‘ijimlab tashlagan ayanchli bir kimsa sifatida namoyon bo‘ldi. Tolibjon hayotning ayovsiz zarbalariga duch kelgan, omadsiz hayoti kalovlatib qo‘ygan, bezovta asrning shiddatkor, sershovqin bo‘ronlaridan qochib, tinchgina bir kunji kovak izlagan odam edi. Endi tog‘aning kechmishini eshitib, dunyoda undan ham chorasiz odamlar oldida o‘z chorasizligi hech gap bo‘lmay qolganini bildi. Ratsiyada, o‘rtoq Rixsiyev, degan ovoz to‘xtovsiz eshitila boshladi. Mirvali trubkani qulog‘iga qo‘yib qichqirdi: — Eshitaman, eshitaman. Gapiraver. Nima gap? — Eshityapsizmi, o‘rtoq Rixsiyev. Ertaga pioner lageridan birinchi smena qaytadi. Zavgar avtobus bermayapdi. Rasulbeksiz berolmayman, deydi. Rasulbek mehmon kutgani Shahrisabz aeroportiga chiqib ketgan. Nima qilay? — Garajni menga ulab ber. O‘zim gaplashaman... Ratsiya ancha paytgacha qitirlab, guvillab turdi. Keyin xotinchalish ovoz keldi: — Garaj jujurnigi eshitadi... Nurmat tog‘a kolxozda kassirlik paytida ko‘p ziyofatlarni ko‘rgan, noz-ne’matlarga to‘la dasturxon bezab, qancha-qancha mehmonlarni kutgan. Ammo Rasulbekdaqa dasturxon bezaydigan mezbonni ko‘rmagan edi. Kakliklar hozir cho‘qqiga chiqib ketgan, na tuzoqqa ilinadi, na o‘q bilan urib bo‘ladi. Xonadonlardagi o‘rgangan kakliklardan besh-oltitasini sotib olib do‘lma qildi. Tog‘ rayhoniyu jambillarini qiymaga qorib, kaklikning qorniga joylab, ip bilan tikib chiqdi. Ikki kun ichida tuzoqqa ilingan bedanalarni Nurmat tog‘aga patini yuldirib, ziralab qozonga bostirib qo‘ydi. Erinmay po‘stdumba qirtishladi. Yarim paqir olchaning danagini ajratib, xolodilnikka qo‘ydi. Ertalab so‘yilgan qo‘chqorning kalla-pochasiyu ichaklarini mashinada uyga jo‘natdi.Shofyordan xasip bilan kalla go‘shti soat beshga tayyor bo‘lsin, deb qayta-qayta tayinladi Bek. Kun tog‘ orqasiga o‘tishi bilan stolga dasturxon yozib, meva-chevalarni qo‘ya boshladi. Hali u stolni yasatib ulgurmagan ham ediki, cho‘pon yigit «Moskvich»da to‘r xalta to‘la baliq olib keldi. Baliqlami uning o‘ziga tozalashni topshirib, bedana bostirgan qozonni gazga qo‘ydi. — Sal durustroq kiyinib oling, sto vosmoylarga o‘xshab yurmang, mehmonlar oldida, — dedi. Nurmat tog‘a qaddini rostlab o‘midan turdi. — Xotirjam bo‘l, Bek. Mehmonlaringni oldiga bormayman. — Tavba, bu odamga bitta gap kam, ikkita gap ko‘p. Jinnimi o‘zi. Odamovi, bu yaramas chol. Shiypon oldidagi yalanglikda ikkita «Volga» oldinma-ketin kelib to‘xtadi. Undan birinchi bo‘lib yoshi oltmishlarga yaqinlashib qolgan, oppoq yuzli, bag‘baqasi galstugining tuguni ustidan toshib chiqqan, salobatli bir kishi tushdi. — Obbo sen-ey, — dedi mehmon. — Zo‘r bolasan-da. — Shogirdingizman-da, Hoji aka. — Rasulbek yaltoqlanib yo‘l boshladi. Hoji aka bilan oblast va rayon selxoztexnika birlashmasi boshliqlari, rayPO mudiri ham kelgan. U mehmonlarning qo‘llariga suv quyib, sochiq tutdi. Keyin stol ustidagi dokani ochib, o‘tirishga taklif qildi. Hoji aka yasatilgan dasturxonga qarab hayron bo‘lib qoldi. Mehmonlar o‘tirishgach, Rasulbek bug‘i chiqib turgan kaklik do‘lmani o‘rtaga qo‘ydi. — Bitta iltimos, — dedi u ayyorcha ko‘z qisib. — Hammasini yeb qo‘ymanglar. Hali undan ham zo‘rlari bor. O‘rtaga kabob keldi. Po‘stdumba keldi. Oxiri bedana tabaka tortildi. Ugra kesishda dunyoning biron mamlakatida Shahrisabz bilan Kitob pazandalariga teng keladigani bo‘lmaydi. Ular kesgan ugrani g‘altak ip yoniga qo‘ysangiz qaysi biri ip, qaysi biri ugra — bilib bo‘lmaydi. Mana shu Rasulbek ana shunaqa usta pazandalardan biri edi. Sovxozga chet el delegatlari kelganda ugra ichib turib, bu mashinada qirqilganmi, deb so‘rashgandi. Qo‘lda kesilganini aytishganda birontasi ishonmagan. O‘shanda Mirvalining buyrug‘i bilan Rasulbek bir zuvala xamir qorib, mehmonlar oldida ugra kesgan. Keyin ugradan bittasini olib ignaning teshigidan o‘tkazgan edi. Hoji aka har gal taomni og‘ziga solganda Rasulbek sha’niga hamdu sanolar o‘qirdi. — Vey, bu hunarni qaydan o‘rgangansan, palakat?! Juda zo‘r ekansan-ku! — Hali shoshmang, Hoji aka. Tog‘ jilg‘asidan tutilgan oy baliqni yeganmisiz? Yemagansiz! Ana endi yeysiz. Charviga o‘rab dimlangan jigar yeganmisiz? Yemagansiz! Hali hasip bor, kalla go‘shti bor. Hoji aka yoyilib kuldi. — Bo‘ktirib o‘ldirmoqchimisan?! Nafasim tiqilib qoldi. Endi jindek dam ber. U yoq-bu yoqqa yurib ovqatni hazm qilaylik. — Ma’qul, ma’qul. Hazmi taom uchun ham tadbir belgilab qo‘yganman. O‘zlari polizga borib, tuzoqqa tushgan bedanalarni terib oladilar. Buning gashti boshqacha bo‘ladi. Nima deysiz, ma’qulmi? Hoji aka yog‘li qo‘llarini sochiqqa artib, o‘rnidan turdi. U ichmas edi. Shuning uchun ham hamrohlari, noqulay bo‘lmasin, deb shishalarga qo‘l urmay odob saqlab o‘tirishgan edi, o‘rnilaridan qo‘zg‘alishmadi. Hoji aka nari ketishi bilan shishalarga qo‘l uzatishdi. Atrof jimjit. Kechki shabboda g‘ir-g‘ir esadi. Tog‘ning soya tarafi to‘q yashil tusga kirgan. Cho‘qqilarning uchi xuddi qilich damidek chaqnab turipdi. Shundoq pastekda, xuddi oyog‘ing tagiga uzala tushgandek katta qishloq yastanib yotibdi. Qishloq o‘rtasidan kesib o‘tgan soyning shovillashi eshitilmas, faqat daraxtzorlar, xarsanglar orasidan buralib-buralib o‘tishi ajib bir manzara hosil qilar edi. Rasulbek Hoji akani shiypon orqasiga, Nurmat tog‘aning chaylasiga boshlarkan: — Hu o‘sha qovun polizida tuzoqqa ilingan bedanalar sizga intizor bo‘lib yotishibdi, — dedi. — Bo‘ldi, bo‘ldi. U yog‘ini o‘zim topib olaman. Sen ishingni qilaver. Rasulbek itoatkorona qo‘l qovushtirib, orqasiga qaytdi. Hoji aka so‘qmoqdan bitta-bitta bosib poliz tomon yura boshladi. Chaylada ikki tizzasini quchoqlab Nurmat tog‘a uzoqlaiga tikilgancha qimirlamay o‘tirardi. Hoji aka chayla oldidan o‘tarkan, «omonmisiz, boboy» deb qo‘ydiyu, paykal tomon ketaverdi. Boyadan beri qimirlamay o‘tirgan Nurmat tog‘a favqulodda bir hayajon bilan seskandi. Tanish ovoz uni sergaklantirdi. Paykal tomon ketayotgan kishining orqasidan tikilib qoldi. O‘sha, O‘shaning o‘zi. Hojimurod bu. Nurmat tog‘a nima qilishini bilmay, beixtiyor o‘rnidan turdi. Bu payt Hoji jo‘yaklardagi loy tuzoqlarga ilingan bedanalardan bir-ikkitasini olib qo‘yniga solib ulgurgan, ajib bir chaqqonlik bilan jo‘yakdan-jo‘yakka sakrab tuzoqqa engashardi. Nurmat tog‘a undan ko‘z uzmay turib qoldi. Nihoyat, Hojining shodon ovozi eshitildi: — Boboy, bitta xalta keltiring. Qo‘ynim bedanaga to‘lib ketdi. Pitirlab g‘ashimni keltiryapdi. Nurmat tog‘a hushyor tortdi. Chayla ustuniga ilib qo‘yilgan qo‘shog‘iz miltiqni qo‘Iiga oldi. Tizzasida bukib o‘qladi. Keyin Hoji engashib bedana olayotgan paykalga keldi. — Xalta keltirdingizmi? — dedi Hoji unga qaramay. — Ha, — dedi tog‘a. Hoji unga o‘girilib qaradi-yu, hang-mang bo‘lib qoldi. Cholning qo‘lidagi miltiqning uchi unga to‘g‘rilangan, ikki ko‘zida o‘t chaqnardi. Hoji esankirab, hozirgina tuzoqdan olgan bedanani qo‘yib yubordi. Bedananing bittasi Nurmat tog‘aning oldidan pirillab uchib o‘tdi. Hojimurod qalt-qalt titrar, qo‘ynidagi bedanalar pitirlardi. — Men seni qidirmadim, — dedi bosiq, bo‘g‘iq ovoz bilan Nurmat tog‘a. — Jazoingni xudo bersin, degandim. Yo‘q, sen xudoga ham chap berding. Ajal tortib, o‘z oyog‘ing bilan oldimga kelding. Imon keltir... Imon keltir. Hozir o‘lasan. Al-qasos-ul minal haq, deydilar. Hojimurodning tili kalimaga kelmasdi. Nima deyishini, nima qilishini bilmasdi. Qarshisida miltiq o‘qtalib turgan odamga aytgulik biron gapi yo‘q edi. Hech qanday uzr, hech qanday iltijo uni shu topda o‘limdan olib qololmasdi. Hojimurod shuncha yil yashab, shuncha chig‘iriqlardan butun chiqib, bunaqa tang ahvolga tushmagan edi. Biron kun kelib unga ro‘para bo‘laman, deb xayoliga ham keltirmagandi. Kolxoz og‘izga tushgan xo‘jaliklar, Hojimurod esa picho-g‘i keskir raislar qatorida yurardi. U raykom sekretari bilan prokurordan boshqa rahbarlarni rahbar qatorida ko‘rmasdi. Boshqalarni idora oldidagi hujrada non-choy bilan kutib yuborardi. Hojimurod juda tadbirkor, har ish qo‘lidan keladigan kishi edi. Buxgalteriyadami, ombordami biron chatoqlik bo‘lib qolsa, birpasda to‘g‘rilardi. Keladigan revizorlar aktni Hojimurod aytgandek qilib yozishardi. Ayniqsa, go‘sht topshirish paytida ishi rosa «yurishardi*. U kassadan o‘n-o‘n besh ming so‘m olib, ferma mudiri bilan bozorga borib mol xarid qilardi. Mollar mashinaga bozordan ortilgancha to‘ppa-to‘g‘ri tayyorlov kontorasiga jo‘natilardi. Hujjatlar esa besh oy oldin sotib olingan, boqishga muncha yem, xashak ketdi, deb rasmiylashtirilardi. Bu orada molni ko‘rmagan molboqarga ham besh oylik maosh yozilardi. Nurmat tog‘a kassir bo‘lgani uchun bu ishlarning barchasidan xabardor edi. Mana, qancha vaqt o‘tib, ikkovi yana yuzma-yuz kelib turishibdi. Hojimurod, chiqmagan jondan umid, degandek, cholni insofga keltirmoqchi bo‘ldi. — Bola-chaqamni uvoliga qolasiz, — dedi u titrab-qaqshab. — Meni bola-chaqamning uvoli nega seni tutmadi? Yo‘q, seni mazza qilib, rohat qilib o‘ldiraman. Qani, yechin. Yech ko‘ylaklaringni. Bo‘l, yechinmasang, hozir tepkini bosaman. Hojimurod shoshib ko‘ylagini yecha boshladi. Etaklari tagidan birgala bedana parillab uchib chiqdi-da, poliz etagiga borib tushdi. — Yech! Shimni ham yech. Yech deyapman! Hojimurod bir so‘z demay shimini ham yechdi. Nurmat tog‘a qo‘ynidan gugurt olib unga irg‘itdi. — Yoq! Yoqib yubor! — Bu nima deganingiz? Axir, yalang‘och qayga boraman? Tog‘a yana miltiq uchini unga to‘g‘riladi. — Qimirlama! Endi senga kiyim-boshning keragi yo‘q. O‘zlari kafanlab ko‘mib qo‘yishadi. Hoji shartta o‘zini yerga otdi. Emaklab u tomon kela boshladi. — Meni kechiring. Kechiring. Gunohlarimni oqlayman. O‘sha o‘ttiz ming so‘mni to‘layman. Ellik ming qilib to‘layman. — Pulni-ku, to‘laysan. Senga pul cho‘t emas. Qurbonlar umrini nima bilan to‘laysan? Azob-uqubatda yo‘qolgan navqiron umrimni nima bilan to‘laysan? Sarson-sargardon bo‘lib, o‘lib ketgan xotinimning umrini nima bilan to‘laysan? Yo‘q bo‘lib, to‘zib, patarat topib ketgan oilamga qancha haq to‘laysan? Kiyimlarni yoq. Bo‘lmasa, tepkini bosaman. Hojimurod cho‘kkalab o‘tirib, kiyimlarini bir joyga to‘pladi. Qo‘llari qaltirab gugurt chaqdi. Uni kiyimlariga oborishdan oldin, rahmi kelarmikan, deb Nurmat tog‘aga zorli qaradi. Tog‘a miltiq uchi bilan kiyimlarni ko‘rsatdi. Shundan keyin Hojimurod yonib turban gugurt cho‘pini kiyimlariga tutdi. Gugurt chaqilgan kiyimbosh ancha vaqtgacha tutab turgan edi, shabboda esishi bilan lop etib gurillab yonib ketdi. Hoji xuddi tashlagan po‘stiga tikilgan beshiktebratardek yonayotgan kiyimlariga ma’yus qarab turardi. Shiypon tomondan mast yigitlaming poyma-poy qo‘shiqlari eshitiladi. Shu topda Nurmat tog‘aning ichida o‘t yonardi. Bu o‘t asta o‘rmalab, uning butun vujudini qamrab oldi. U nima qilayotganini, nimalar deyayotganini bilmasdi. Qarshisida turgan shu yalang‘och odamdan dahshatli o‘ch olish istagi hukmronlik qilardi. Hojimurod esa u bilan uchrashuv, qachondir ro‘para kelib qolish to‘g‘risida sira o‘ylamagandi. Uni mutlaqo unutib yuborgandi. To‘g‘ri, ba’zi-ba’zida Nurmatni emas, xotinini eslab qo‘yard¡. Hargal esiga kelganda etlari jimirlab, ko‘zlari qorong‘ilashib ketardi. Besh yil bo‘ldi, xotini ham ko‘rinmay qoldi. Ilgarilari u shaharda paydo bo‘lib qolar, sochlari to‘zg‘igan, bir qarashdayoq telbaligi bilinib turadigan bu ayol har kuni ertalab Hojimurod ishga ketadigan paytda eshigi oldida kutib turardi. U ko‘rinishi bilan, qo‘lini qiblaga cho‘zib, uzoq duoi bad qilardi. — Xudoyo xudovando, shu odam xonavayron bo‘lsin! Shu eshikdan lopillab tobutlar chiqsin! E xudo, borliging rost bo‘lsa, shu odamni baxtiqaro qil! Umri xorlikda, zorlikda o‘tsin, omin! Hojimurod bu telbadan tezroq qutilish uchun shoshib o‘zini mashinaga urar, shofyor ham motori gurillab turgan mashinani o‘qdek uchirib olib ketardi. Xotin mashina orqasidan tosh otib qolardi. Yana o‘sha etni jimirlatadigan qarg‘ish: — Xudoyo xudovando, shu odam xonavayron bo‘lsin! Shu topda Hojimurodning ko‘ziga sochlari to‘zg‘igan telba xotinning alam to‘la ko‘zlari ko‘rinib ketdi. Xotin to‘rt-besh kun uni qarg‘ab-qarg‘ab yo‘q bo‘lib ketardi. Oradan ikki-uch oy o‘tib, yana paydo bolardi-da, xumordan chiqquncha qarg‘ab ketib qolardi. Besh yildan oshdi, u kelmay qo‘ydi. Hojimurod asta-sekin uni ham unutib yubordi. Ammo ba’zi-ba’zida esiga tushib qolar, ko‘ngli allanechuk bo‘lib, uyqusi qochardi. Shunday kezlarda qoq yarim kechasi ko‘rpani yelkaga tortib, bosib-bosib chekardi. Oftob o‘chayotgan mahal ikki odam bir-biriga baqamti kelib, churq etmay turardi. Birining ichi to‘la alam, dard. Biri esa butun bir xonadonni vayron qilgan, endi qasos onlari kelganda taqdirga chap berib bo‘lmasligiga aqli yetib, bu dunyodan umidini uzib, lolu hayron turardi. Nurmat tog‘a miltiq uchi bilan, yur, deb ishora qildi. Hojimurod qimirlamadi. -Yur! — Qayoqqa? Nurmat tog‘a javob o‘rniga miltiq uchini uning boshiga to‘g‘riladi. Hojimurod sehrlangandek, ixtiyorsiz orqasiga tisarildi. — Pastga qarab yur! — deb buyurdi Nurmat tog‘a. Nurmat tog‘a endi bu odam ustidan mutlaqo hokim edi. Endi bu odam uning qo‘lida. Yot desa yotadi, tur desa turadi. Hojimurodning bu nochor holati unga rohat bag‘ishlardi. Har bir qaltirash uning ko‘nglidagi alamlarni tomchima-tomchi chiqazib yuborayotganga o‘xshardi. Ular shu alpozda dam tez, dam sekin yurib pastlikka tushishdi. Hojimurod yalang oyoq, toshlardan yurolmay qiynalar, goh oyoq uchida, goh tovoni bilan yurib holdan toygan edi. — Menga qarang, — dedi Hojimurod. — Bo‘ldi-da endi. Mendan nima istaysiz? Mayli, pul kerak bo‘lsa, pul oling, mol-mulk kerak bo‘lsa, mayli, oling. Endi bas, qo‘yib yuboring. Nurmat tog‘a indamadi. Yur, deb ishora qildi. Hojimurod toshlardan sakrab-sakrab yana yurdi. Ular ana shu alpozda yurib, tubsiz jarlik yoqasiga kelishdi. Hojimurod endi hayotdan umidini uzgandi. Hozir bu yaramas jaryoqasida peshonamdan otadi, jarga qulayman, o‘ligim bo‘rilarga yem bo‘ladi, deb o‘yladi. Shart burildiyu o‘zini Nurmat tog‘aning oyog‘i ostiga tashladi. — Yolvoraman. Sabiylarimga rahm qiling. Umrim bo‘yi qulingiz bo‘lay. Uning bu yolvorishlari Nurmat tog‘aga zarracha ta’sir qilmasdi. U o‘n besh yil sargardonlikda xor-zor bo‘lib, diydasi qotib ketgandi. Uning ustiga, xor-zorligiga, xotinining telba bo‘lib o‘lib ketishiga sababchi shu edi. Nurmat undan shafqat tilaganda yuzini o‘girgan edi. Dunyodagi pastkashlaming eng pastkashi shu tobda yalang‘och, aftodahol bir alpozda qarshisida turardi. Oftob o‘chdi. Tog‘ o‘ngirlari bir dam sukunatga cho‘mdi. Chigirtkalar ham chirillamas, giyohlar ham shitirlamas, ko‘ngilni ezuvchi, ko‘krakdan bosuvchi bir qorong‘ilik hokim edi. Odamlar aytgan zavol payti shumikin? — Jo‘na endi, — deb buyurdi Nurmat tog‘a. Hojimurod orqasiga shoshib burilgan edi, Nurmat tog‘a jerkib berdi: — Orqaga endi yo‘l yo‘q. Jarlikka tushasan. O‘sha tarafdan qayoqqa yo‘l bo‘lsa ketaverasan. Jarlik vahimali edi. Hojimurod ikkilanib turmadi. Nima bo‘lsa ham uning qo‘lidan qutulish uchun jar tomonga tusha boshladi. — Orqaga qaytmaysan. Shu yerda tong otguncha o‘tiraman. Qaytding, otaman. Hojimurod o‘limdan qochgandek o‘zini o‘ngirga urdi. Oyoqlarining qonab ketishiga qaramay, chag‘ir toshlarni bosib, xarsanglar orqasiga o‘tib ketdi. Hozir Nurmat tog‘a turgan yo‘ldan boshqa orqaga qaytadigan yolg‘iz oyoq yo‘l yo‘q edi. Nurmat tog‘a o‘jar, qaysar, jahldor odam edi. Umuman, tog‘liklaming o‘z o‘jar qonunlari bo‘ladi. Xarsang toshlardan uy tiklaydilar. Har bahor sellar uylarini buzib, vayron qilib ketadi. Lekin tabiat qancha o‘jar bo‘lmasin, ular qaysarlik bilan yana kulba tiklaydilar. Bu yerdagi erkinlik, kenglik ko‘ngillarga qanchalik ezgulik solmasin, baribir ular o‘jarlik odatlarini tashlayolmaydilar. Butun umrlari toshlar, sellar bilan olishib o‘tadi (nainki odamlar, hatto giyohlar, daraxtlar ham qaysarlik bilan tabiatga o‘chakishib yashaydilar. Sellar daraxtlarni ildizi bilan qo‘porib o‘ngirlarga uloqtiradi. Lekin bu qaysar daraxtlar ildizlari suvga tegishi bilan, sellarga o‘chakishib, yana yaproq yozaveradilar). Toza havo, toshdan-toshga urilib pishib tushadigan suv, g‘ubor qo‘nmagan giyohlar, baland cho‘qqilarga o‘rmalab ketgan yolg‘iz oyoq yo‘llar ko‘ngilga allaqanday ezgu tuyg‘ular solgan. Ular do‘stlikni muqaddas tutadilar. Do‘st uchun, yaxshilik uchun jonlarini ham ayamaydilar. Ammo... Ammo xiyonat o‘rtaga tushsa, jon-jonining allaqayerida yashirinib yotgan vahshiy kuch qalqib yuzaga chiqadi. Uni hech qanday to‘siq qaytara olmaydi. Bu — tog‘liklar udumi! Nurmat tog‘a ham ana shunday vahshiy kuch ixtiyorida edi. U o‘jarlik qilib, allamahalgacha yo‘l poylab o‘tirdi. Oy ko‘tarildi. Chigirtkalar tinimsiz chirillardi. Qaydadir bo‘ri ulidi. Osmoni falakdan qizil chirog‘i bir o‘chib-bir yonib samolyot unsiz uchib o‘tdi. O‘zi yo‘q bo‘lib ketgandan keyin ovozi gurillab tog‘u toshni larzaga soldi. Nurmat tog‘a orqaga qaytarkan, shu ishim to‘g‘ri bo‘ldimi, deb o‘ziga o‘zi savol bermadi. U o‘tgan umri, bolalari, xotini oldidagi qarzdan bir oz bo‘lsa ham uzilgandek, o‘zini yengil sezdi. Kallasiga hech narsa kelmadi. Hech narsani o‘ylamadi ham. Hojimurod orqasiga qaramasdi. Qarasa, Nurmat otib tashlaydigandek edi. Har minut, har sekund o‘q uzilishini kutardi. Hozir varanglab o‘q oliladiyu Hojimurodning umriga yakun yasaydi. Tog‘u toshlarda jasadi bo‘rilarga, shoqollarga yem bo‘ladi. U tug‘ilib, esini tanigandan buyon qanday yashadi, nimalar qildi? Odamdek yashadimi? Biron dardmandga darmon bo‘ldimi? Yiqilganni ko‘tarib qo‘ydimi? Yig‘lagan yetimning ko‘z yoshini artdimi? Biron muhtojning mushkulini oson qildimi? Xayolidan o‘tgan bu savollaiga javob topolmadi. O‘zini yupatish uchun xayrli ishlarini eslamoqchi bo‘ldi. Mahalla machitiga yangi tobut yasatib berdi. Mahalla ahli uning bu ishini askiyaga oldi. Biron odam qazo qilsa, Hojimurodning tobutini olib chiqinglar, deb unga eshitlirib piching qiladigan bo‘lishdi. Yiqilib beli singan opasi bir yil gipslanib, kasalxonada shiftga termilib yotdi. Har gal eshik ochilganda, ukam kelyapdi, deb umidvor bo‘ldi. Ana shu nogiron opasi olamdan o‘tganda tobut oldiga tushib, «voy opam»lab, ko‘z yoshini daryo qilib oqizdi. Uch yil bo‘ldi, ne-ne mehribonchiliklar qilgan opasining qabri g‘arib bo‘lib, qovjiragan o‘tlarga ko‘milib yolibdi. Hojimurod o‘ylab-o‘ylab, bironta qilgan xayrli ishini topolmadi. Ko‘z oldiga odamlarga qilgan jabri, nohaqligi kelaverdi. Nogahon o‘lim kutayotgan odamning xayoliga nimalar kelmaydi. Hozir o‘q uziladi. Shu bilan tamom! Uyi, bolalari, orttirgan davlati ko‘z oldiga keldi. Nahot-ki, shularning hammasidan bir daqiqada mahrum bo‘lsa?! Orqa tomonda nimadir shitirladi. Tosh dumalab qarsilladi. Bu tovush unga xuddi kimdir miltiq o‘qlayotgandek tuyuldi. Nurmat miltiqni endi o‘qladi, deb o‘yladi Hojimurod. Nurmat! Kim u? Hojimurod unga nima yomonlik qilgan? U o‘ziga-o‘zi beixtiyor shu savolni berdi-yu, seskandi. Javob izlashga yuragi betlamadi. Agar javob izlasa, o‘zidan-o‘zi nafratlanib ketadi. U o‘zini o‘zi yovuz deb atashga jur’at qilolmasdi. Nachora. Bir daqiqadan keyin olamdan o‘tadi. Hech bo‘lmasa, o‘limi oldidan qilgan gunohlari uchun tavba qilishi kerak-ku. U Nurmat tog‘aning boshiga kulfatlar soldi. O‘ttiz ming so‘mga tushirdi. Qamatdi. Uy-joyi musodara bo‘ldi. Qo‘lidagi bolasi bilan xotini uydan haydab chiqarildi. Alamda o‘rtanib, xotini telba bo‘lib qoldi. Nurmatning o‘zi umrini qamoqlarda sarson-sargardonlikda o‘tkazdi. Endi umri tog‘u toshlarda devonavor o‘tmoqda. Shularning bariga Hojimurod sababchi. Pulga o‘chligi, haromdan hazar qilmasligi, mol-dunyo, pul oldida har qanday muqaddas narsani oyoqosti qilishdan toymasligi sabab bo‘ldi. Bu xato emasdi. Pastkashlik ham emasdi. Bu vahshiylik, jirkanchlik edi! Atrofni qorong‘ulik bosdi. Shu topda Hojimurodning ko‘ngli ham, tog‘u toshlar ham, toshlar orasidan qaynab chiqqan ajdar misol ildizlar ham qop-qora edi. Hojimurod toyib yiqildi. Osmon yo‘lini to‘sgan tog‘lar tepasidagi oyning doka orqasiga chiroq yoqqandek ojiz shu’lasi taralib kelardi. Hojimurod, Nurmat meni hozir otadi. hozir otib tashlaydi, degan xavotirda anchagina yo‘l yurib qo‘yganini sezmagandi. Nurmat tog‘aning qorasi ko‘rinmasdi. Demak, Nurmat uni ta’qib qilmagan. O‘sha joyda qolgan. Hojimurod o‘lim xavfi chekinganini sezdiyu birdan bo‘shashib, oyoq-qo‘lidan darmon ketdi. Yerga tiralib, harchand o‘rnidan turmoqchi bo‘ladi, kuchi yetmaydi. Shu yiqilganicha chalqancha yotib, osmonga qaradi. Ko‘zlari xira tortganidan yulduzlar birbiriga chaplashib ketgandek bo‘lardi. Atrof vahimali edi. Qaydadir soy guvillaydi. Tepadan dumalagan tosh guvillab, pastliklarga shag‘al surib tushadi. Yaqinginada yovvoyi mushukning etni jimirlashtiradigan juda xunuk miyovlashi eshitildi. Hali u tomonda, hali bu tomonda uning ko‘kimtir ko‘zlari yonib, o‘chadi. Odam oyog‘i tegmagan, faqat maxluqlar makonida paydo bo‘lgan Hojimurod ularni bezovta qilganga o‘xshardi. Ayniqsa, gala-gala mushuklarning bag‘illab miyovlashi, papiros cho‘g‘idek o‘chib-yonayotgan ko‘zlari Hojimurodning etini muzlatib yuborardi. Nima bo‘lsa ham bu xudo qarg‘agan joydan ketishi kerak. Ammo qayoqqa? Atrof tog‘, qoyalar. Najot yo‘li qaysi tomonda? U tubsiz o‘ngir og‘zida qaltirab, qay tarafga borishini bilmay, hayron turardi. Bu xil turishdan foyda yo‘qligini bilib, boshi oqqan tarafga qarab ketmoqchi bo‘ldi. Qovjirab qolgan buta shoxini kuch bilan sindirib, unga tayangancha yuqoriga ko‘tarila boshladi. Uzoqdan shu’la ko‘rindi. Gulxandan qolgan cho‘g‘lar bo‘lsa kerak, deb o‘yladi. Endi u yo‘lni o‘sha tarafga qarab oldi. Shu’la uzoq emas edi. Kimdir yaqindagina gulxan yoqib, o‘chirmay tashlab ketganga o‘xshaydi. Katta xarsang tagida bir bo‘yra eni joyda cho‘g‘lari hali ham miltirab turardi. Hojimurod engashib cho‘qqa tikildi. U cho‘qqa o‘xshamasdi. Qo‘lidagi tayoq bilan cho‘g‘ni titib ko‘rdi. Ajab, tayoq tegishi bilanoq cho‘g‘larning hammasi so‘ndi. Hojimurod gulxan deb o‘ylagan joy yiltiroq qurtning uyasi edi. U mutlaqo holdan toydi. Yurishga madori qolmay, yassi tova toshga uzala tushib yotib oldi. Peshonamga bitgani shu ekan, qandoq qilay, deb taqdirga tan berdiyu, boshini tirsagiga qo‘yib ko‘zini yumdi. Kuni bilan oftob qizdirgan tosh ham issiqqina edi. Nimadir chiqillayotganini eshitdi. Nima bu? Soatmi? Hojimurod hali kiyim-boshini yechganda soatini olmagan, o‘z tashvishi bilan bo‘lib bilagida soati borligini sezmagan ekan. Oy hali uncha baland ko‘tarilmagan. Soatning fosforli millari necha bo‘lganini ko‘rsatib turibdi. O‘n ikkidan oshibdi. Hojimurod issiqqina toshga o‘tirib, beixtiyor mudray boshladi. Yumshoq to‘shaklarga botib uxlaydigan odamga yaydoq toshda yotish oson emasdi. U hali u yonboshiga, hali bu yonboshiga ag‘darilar edi. Joni uzilgan odamdek, tosh bag‘ridan harorat ketdi. Tongga yaqin badanni uzib oladigan muzga aylandi. Hojimurod qaltirab o‘midan turdi. Havo salqin, muzdek edi. Hojimurod titrab-qaqshab yuqoriga chiqa boshladi. Giyohlarga tushgan shudring tomchilari ham muzdek. Uning boshi aylanib, ko‘ngli behuzur bo‘la boshladi. Ko‘zi tinib, tepasidagi tog‘lar gir-gir aylandi. U muvozanatini yo‘qotib, yonboshiga gurs etib yiqildi. Ana shundan keyin nimalarboiganini bilmaydi. Yonboshiga issiq o‘tganda ko‘zini ochdi. Kimdir uni po‘stinga o‘rab gulxan yoniga yotqizib qo‘ygan edi. Hojimurod qayerdaligini, nimalar bo‘layotganini bilmasdi. Boshini ko‘tarib, atrofga qaradi. Oftob charaqlab, terak bo‘yi ko‘tarilib qolgan. Son-sanoqsiz oppoq echkilar tinmay ma’rashadi. Oltmish yoshlardagi sersoqol bir chol tayog‘iga ko‘ksini tirab unga qarab turardi. — Tirikmisan? — dedi u hassadan ko‘ksini uzib. — Kimsan o‘zing? Hojimurod yelkasiga po‘stinni tortib, unga hayron qaradi. — Bu taraflarda shiryalang‘och nima qilib juribsan, shirog‘im? Hojimurod quruqshab qolgan lablarini arang jufllab javob berdi: — Qaroqchilar talab ketdi, ota. — Biz taraflarda qaraqshi jo‘q edi-ku. Bu tovlarda igna ham jo‘qolmaydi. Echkilar orasida hayt-hayt deb yurgan yigitcha cholning oldiga keldi. — Ulovlarni tovga haydaymi? — Shoshma, bolam. Manov meymonga tomoq ber. Yigitcha zarang tovoqda et olib keldi. Gulxanda vaqirlab qaynayotgan qumg‘onga choy tashlab, belbog‘idan suvi qochgan non olib, Hojimurodning oldiga qo‘ydi. Hojimurod nihoyatda ochiqqan edi. Hech qayoqqa qaramay, pishillab lunjiga ovqat tiqardi. Bir pasda zarang tovoqdagi go‘sht tugadi. Yangi damlangan choyni bosib-bosib ichdiyu, a’zoyi badani terga botdi. — Endi ne qilmoqshisan? — dedi cho‘pon chol. Hojimurod bilagidagi soatni yechib, dasturxon ustiga qo‘ydi. — Ota, iltimos, yana bir yaxshilik qiling. Mana shu soatni, yaqin orada magazin bo‘lsa, topshirib, yarim bahosiga olsa ham mayli, menga kiyim-bosh xarid qilib keling. Uyimga yalang‘och bormay. Chol cho‘pon yigitga qaradi. — Ulim, jo‘q dema. Bir pusrmon bolasi ekan. Pat-patingni minib, pastga tushib chiq. Shay ham tugagan. Tuz ol, qand ol. Gugurt olish ham esingdan chiqmasin. Yigit o‘tov orqasidan mototsikl yetaklab chiqdi-da, dasturxon ustida yaltirab turgan soatni olib havas bilan tikildi. — Zo‘r soat ekan. Uvol-ku, sotish. — Soat odamdan qimbat emas, — dedi chol. — Bor, meymonni aytganini qil. Yigitcha mototsiklini patirlatib, yonbag‘ir bo‘ylab ketgan yolg‘iz oyoq yo‘lda bir zumda g‘oyib bo‘ldi. Motorning gurillashi ancha vaqtgacha eshitilib turdi. Mototsikl orqasidan yugurgan it tilini osiltirib qaytib keldi. Bu joylarning tonglari qandoq bo‘lishini Tolibjon shu paytgacha bilmagandi. Cho‘qqining naryog‘i — Kitob tomonlarda allaqachon kun yoyilgan, dala-toshda oftob dehqonning yag‘rinini qizdirgan rnahal, bu joylarda — Ornonqo‘ton o‘ngirlarida hali ko‘r oydinga o‘xshash nimqorong‘ulik hukm surardi. Faqat osmon oppoq. Tundan uzilib qolgan qorong‘ulik asta-sekin eriyotganga o‘xshaydi. Ajab, bu paytlarda daraxtlarning soyasi bo‘lmaydi. Agar fotoapparatda biron nimaning suratini olsang, hech narsa chiqmasa kerak. Axir, surat soya bilan nur bir-biriga yo‘l bermaganda paydo bo‘ladi. Tolibjon ana shunday paytlarda baland bir tosh tepasiga chiqib, olislarga tikiladi. Past-balandlar, bag‘rini yerga berib yotgan filga o‘xshash bahaybat toshlar shaklini yo‘qotgan. Ilondek to‘lg‘ongan soy ham endi yo‘qqa o‘xshaydi. Faqat guvillagan ovozi eshitiladi. U rassom O‘rol Tansiqboyev asarlari nusxasini jurnallardan qirqib olib saqlardi. Chet ellarda yurganda shu ona yurt manzaralariga uzoq-uzoq tikilib, xayollarga tolardi. U shu topda qarab o‘tirgan manzaralar suratlarda ko‘rganlariga o‘xshamasdi. Bunda nur bilan soya o‘yini yo‘q edi. Uning bu ko‘rayotganlari buyuk kashfiyotga o‘xshardi. Shuncha yoshga kirib, hali bu to‘g‘rida sira o‘ylab ko‘rmagan ekan. Endi u nur bilan soyaning buyuk qudratiga imon keltirdi. Cho‘qqilar ustida burgut sokin suzardi. Tog‘ orqasida bosh ko‘targan quyosh uning qanotlarida chaqnaydi. Go‘yo osmoni falakda burgut yonayotganga o‘xshaydi. Mana shu burgut oftobni cho‘qqiga tortib chiqarayotgandek edi. Hademay burgut orqasidan quyosh cho‘qqiga chiqdi. Chiqdi-yu olam nurga to‘lib ketdi. Azamat chinorlar pastliklarga uzun-uzun soyalar tashladi. Shudring bosgan tova toshlar yaltiradi. Tog‘ yonbag‘irlari xuddi azamat timsoh terisiga o‘xshab ketdi. Sharsharalardan suv emas, nur to‘kilayotgandek... Atrofdan qushlaming chug‘ur-chug‘uriyu olislarda cho‘ponlaming hayt-huyti eshitila boshladi. Tolibjon har tong ana shu manzaralami tomosha qilgani chiqadi. Tiniq, chang-g‘ubordan xoli, shaffof havo, hech qanday ta’rifga sig‘maydigan ko‘rinishlardan Tolibjon huzur qilardi. Uning tarang tortilgan asablariga sokinlik halovat, orom berardi. Tolibjon ana shu jimjitlikni qidirib kelgandi. Uni topdi. Ona yurtidan, tug‘ilib o‘sgan so‘qmoqlaridan topdi. So‘qmoq boshida jiyanining qorasi ko‘rindi. — Tog‘aaaa! Katta enam chaqiryapdilar. Choyingizni icharmishsiz! Tolibjon o‘rnidan turib, yuqoriga chiqa boshladi. U endi so‘qmoqdan chiqqanida jiyani dikanglab chopib ketdi. — Tog‘a, meni tuting, tutib bo‘psiz! Tolibjon orqasidan yugurdi. Yetolmadi. Bola ancha joyga borib to‘xtadi. — Yetolmadingiz, yetolmadingiz! — Jiyan, juda chopag‘on ekansan. Tolibjon tosh devor oralig‘idagi qiyshaygan eshikdan ichkariga kirdi. Bolalar kattakon xom olma girdiga cho‘p tiqib charxpalak yasashgan ekan, ariqchada pildirab aylanyapdi. Etagini lippa urib oigan Zaynab loy o‘choq chetiga oyoq tirab sut pishiryapti. Kuyov ayvon ustnniga osib qo‘yilgan kaftdakkina oynaga qarab soqol olyapdi. Zaynab o‘choqdan cho‘g‘lami tortib, zarang cho‘michda sopol tovoqqa sut quyib Tolibjonga uzatdi. — Aka, qaynoqqina, ichib oling. Ayvonda yaqindagina tandirdan uzilgan ikkita kulchani ro‘moliga o‘rab o‘tiqgan kampirning ovozi eshitildi: — Hoy, bola.. Ichib ol. Ertalabki sog‘ilgan sutning hikmati ko‘p. Sen yurgan yurtlarda sut talqonini suvga qorib beradi deyishadi. Bunaqada sutning sutligi qoladimi! Darrov ichib ol, bolam. Halqumingni kuydirib-kuydirib ich. Aslo tomoq og‘rig‘i bo‘lmaysan. Shundoq qil, bolam. Tolibjon tik turgancha sut ho‘play boshladi. U ko‘p yillardan beri bunaqa shirin sut ichmagandi. Kampir aytgancha bor. U yurgan yurtlarda poroshok qilingan sut sotilardi. Ta’mi ham boshqacha edi. Hali bolalarning hammasi uyg‘onmagan. Kechqurun, tog‘am bilan yotaman, deb xarxasha qilgani choyshabga burkanib uxlab yotibdi. U kecha allamahalgacha Tolibjonning bo‘ynidan quchoqlab: ertak ayting, tag‘in ayting, deb qo‘ymagandi. Ertak yarmiga kelmayoq pish-pish uxlab qolgandi. Zaynab kelib, o‘z o‘rniga oborib yotqizganini ham bilmagandi. Uning yonginasida ishtonchang bittasi o‘tiribdi. U hali bet-qo‘lini yuvmayoq kattakon kungaboqarni timdalab pista chaqyapdi. Yostiq, ko‘rpa-to‘shak usti pista po‘choqlariga to‘lib ketgan. U har zamon Tolibjonga qarab iljayadi. Tolibjon shu topda borib, bolani o‘pib-o‘pib olgisi keldi. Zaynab bola tepasiga kelib, uyat-uyat, dedi. — Hammayoqni po‘choq qilib yuboribsiz-ku, qani, tura qoling, o‘rningizni yig‘ib olay, xo‘jayin! Zaynab shunday deb bolani ko‘tardi, ko‘tardi-yu ishtonsiz orqasiga beozor shapillatib urdi. — Boplabsiz-ku, xo‘jayin. Tog‘angiz ko‘rsa uyat qilmaydimi? Endi kul sepib oftobda quritib olamizmi? Bola qilgan ishi gunohligini bilmay jilmaydi. Bir chiroyli jilmaydi. Beg‘ubor, shirin jilmayish edi bu. Bu norasida, begunoh go‘dak jilmayishi edi. Zaynab uning qornidan ko‘tarib, ariq bo‘yiga olib ketarkan, yuzlaridan cho‘lp-cholp o‘pardi. U bolaning baybaylashiga qaramay, baqirtirib ariqda jildirab oqayotgan muzdek suvda orqasini yuvdi. Bola bu «jabr-zulm»dan qutqarishni so‘ragandek tog‘asiga umidvor qaradi. Hammayog‘i shalabbo bolani ko‘tarib ayvon tomonga o‘tarkan, Zaynab akasiga gap qotdi: — Bu kishi shunaqalar. Har kuni ahvol shu. Ayvonda o‘tirgan kampirning ovozi eshitildi: — Hoy, Zaynab, senga necha marta aytish kerak. Bolani qovug‘iga qo‘chqor moyi surtish kerak. Nega aytganimni qilmaysan? Zaynab hali uyg‘onmagan yana bir bolasini ko‘tarib ayvonga oborib yotqizdi. Keyin so‘ridagi o‘rinlarni bir chetga taxlab, supurib oldi. Joy qildi. Tolibjon onasini ko‘tarib so‘riga opkelib o‘tqizdi. Kampir ro‘moliga o‘rog‘liq issiq nonni qo‘lidan qo‘ymasdi. Tolibjon uni ko‘targanda butun vujudidan issiq, jizza solingan sedanali non hidi anqib ketdi. Nonushta paytida janjal chiqdi. Bolalar tog‘am bilan o‘tiraman, deb xarxasha boshlashdi. — Hoy, tog‘alaring bitta. Senlar ko‘psanlar. Qaysi bittang bilan o‘tiradi. — Men bilan, men bilan. Ikkitasi ikki yoniga, bittasi tizzasiga o‘tirdi. Joy tegmagani qovoq-tumshug‘i osilib teskari qarab oldi. — Men sizni tog‘a qilmayman. Sizni yomon ko‘raman. Dadamni tog‘a qilaman. Tolibjon huzur qilib kuldi. — Senga samokat opkelib berganman-ku. — Kerak emas, kerak emas. Tolibjon oxiri uni o‘ng tizzasiga olib o‘tirishga majbur bo‘ldi. Kampir ularga tanbeh berardi: — Hoy, nega bunaqa qilasanlar?! Tog‘ang choyini ichib olsin. Kampir ro‘molni yechib, jizzalik nonni timirskilanib o‘g‘lining oldiga qo‘ydi. — Issiqqina yeb ol. Atayin sedana septirganman. Sedana yemaganingga ham ko‘p yillar bo‘lgandir. Aksiga olib sedana o‘lgur bir otim noscha qolgan ekan. Hammayoqni sedana hidi tutib ketdi. Yana janjal chiqdi. Bolalar tog‘amning nonlaridan yeymiz, deb chuvillashdi. Zaynab bir chimdim-bir chimdimdan ushatib, ulaming qo‘liga berdi. — Endi qolganini tog‘ang yesinlar. Xo‘pmi, oppoq bolalarim. Yo‘q, bolalar talashib-tortishib nonni uvoq qilishvordi. Tolibjon zo‘rg‘a bir burdagina yeb qoldi. Kampir yana gapga tushdi: — Kunda yegan och, yilda yegan to‘q, deb shuni aytadi-da. Hoy, kuyov to‘ra, Xartumning bozoridan bir qadoqqina sedana opkelib bering. — Xo‘p, xo‘p, — dedi kuyov bo‘shagan piyolani dasturxonga qo‘yar ekan. Kuyov nihoyatda kamgap yigit edi. Tong otgandan to nonushta tugaguncha undan chiqqan gap shu, kampirning sedana olib keling, deganiga javob, xo‘p, xo‘p, degani bo‘ldi. U qachonlardir Toshkentda zooveterinariya texnikumida o‘qigan, koLxozga vetvrach bo‘lib kelgandi. Bu orada kolxoz sovxozga aylandi, u o‘sha-o‘sha vetvrach. Ilgarilari Usmonali do‘xtiRNing qo‘li-qo‘liga tegmasdi. Hali mol fermasida, hali yaylovga chiqib ketgan qo‘ylar suruvida, hali tog‘da o‘rmalab yurgan echkilar orasida. Bora-bora sovxozga bitta vetvrach kamlik qilib qoldi. O‘ttiz ming qo‘y, o‘n ikki ming qoramol, ming-minglab echkini bitta vetvrach eplayolmasdi. Bir toqqa chiqib ketganicha Usmonali oylab qolib ketardi. Soch-soqoli o‘sib, qorayib, ozib-to‘zib qaytib kelardiyu ikki kun o‘tmay, yana Usmonali do‘xtir kerak bo‘lib, chaqirib ketishardi.-Endi bunaqa vetvrachlardan to‘rtta. Zonalaiga bo‘lib olishgan. Usmonali faqat echkilarga qaraydi. Haftaning besh kunini tog‘da o‘tkazib, ikki kungina uyda bo‘ladi. — U uydalik paytida hovlining kemtiklarini tuzatadi, loy qorib devorlaming nuragan joylarini suvaydi. Guvala quyib oftobga terib qo‘yadi. U quygan guvalalarda, albatta, bolalarning oyoq izlari bo‘ladi. Boshqa yo‘l qurib ketgandek, bolalar ataylab guvalani bosib o‘tishadi. Usmonali ularga indamasdi. Bosilgan guvala tepasiga kelib qarab turardi-da, bir iljayib o‘tib ketardi. Arqonni yelkaga tashlab, o‘roqni olib pastlikka tushib ketar, tushga yaqin burni yerga tekkudek bo‘lib o‘t orqalab chiqardi. Ularni hovlining oftobro‘joyiga yoyib, yana pastlikka tushib ketardi. Usmonali do‘xtir ikki kun uyda bo‘lsa, shu ikki kun hech kim uning ovozini eshitmasdi. Ba’zan toqati toq bo‘lgan Zaynab alamini to‘kib solardi: — Hoy, menga qarang. Uyda yo‘q paytingizda-ku, mayli. Nega bor paytingizda ham yo‘qqa o‘xshab yurasiz? Axir, shu kolxoz o‘lgurda ishlaganingizga yigirma yil bo‘lay deyapdi. Qo‘l ostingizda ishlaydiganlardan bittasi geroy bo‘ldi. Cho‘ponlaming ko‘kragi ordenga to‘lib ketdi. Nega sizga bittagina medal ham bermaydi?! Usmonali do‘xtir bu gapga javob topolmay: — Medalni nima qilaman? — deydi. — Nima qilaman emish! Siz ishdan boshqa narsani bilmaysiz. Hozir davru davron kimniki, gap bilganniki. Majlisda gapiradiganlarniki. Siz miq etmaysiz. Hech majlis-pajlisda gapirganmisiz? Usmonali do‘xtir yana boshini sarak-sarak qiladi. — Gapirib nima qilaman? — Uyda qandoq bo‘lsangiz, ishingizda ham shundoqsiz. Odam tilini unutib qo‘ygansiz. Mollar tilini bilasiz. — Hoy, hoy! — deydi kampir. — Og‘zim bor deb har gapni aytavermaydi odam degan. Erkak odamni vazifasi topib-tutib kelish. Topganini uyga tashisa, ro‘zg‘oringda kamchiliging bo‘lmasa, bolalaringni usti but, qorni to‘q bo‘lsa, yana nima kerak senga, bolam?! Kampir gapirayotganda Usmonalining yuzi yorishib ketadi. Xuddi uning ichidagi gapni aytayotgandek, boshini qimirlatib turadi. Bolalarning ham dadasi bilan unchalik ishi yo‘q. Bolalar erkalatmaydigan, o‘ynatmaydigan kishilarga suykalishmaydi. Kelganda, dadam keldi, deb sevinishmaydi ham, ketganda. Ketdi, deb kuyishmaydi ham. Usmonali tog‘dan yong‘oqmi, do‘lanami, ravochmi orqalab kelganda, unga tomon gur yugurishadi, xolos. Tog‘larda ular istagan konfetlar, teshik kulchalar, samokatu velosipedlar bo‘lmasdi. Bolalar uni uyga ovqat tashiydigan, uy ishini qiladigan kishi deb bilishardi. Shuning uchun ham Tolibjonga bolalar shundoqqina yopishib qolishgan edi. Usmonali do‘xtir bugun toqqa ketadi. Shu ketgancha besh kun kelmaydi. Zaynab tong saharda, akasi chiqib ketayotganda tandirga o‘t qalayotgan edi. Besh-o‘nta kulchani savatga solib, shamollasin deb ayvon shiftidagi ilgakka osib qo‘ydi. Erining kiyim-boshlarini dazmollab qiyiqqa tugdi. Orasiga sovun, sochiq solib qo‘ydi. Eshik oldida yonboshiga «VETVRACh» deb yozilgan «RAF» avtobuschasi to‘xtab, ikki marta signal berdi. Bolalar gurra o‘rinlaridan turib ko‘chaga yugurishdi. Tolibjon kuyovini kuzatib chiqqanda avtobus ichi g‘ij-g‘ij bola edi. Hatto qo‘shni bolalar ham chiqib olishgan. Usmonali do‘xtir ketish oldidan gunohkorona iljayib, dedi: — Siz bilan durustgina gaplasholmadim. Xafa bo‘lmang, o‘zim shunaqaman. Toqqa chiqing, zap chiroyli joylarni ko‘rsataman. Ulug‘bek ekkan chinorni, yulduzlarni kuzatish uchun qurdirgan tosh supani ko‘rsataman. Shundoqqina Omonqo‘ton yonidagi so‘qmoqdan boramiz. Ichida bolalar chuvillashayotgan mashina zarb bilan qo‘zg‘alib, ikki chetida qoyadan qulagan toshlar saf tortgan yo‘ldan gurillab ketdi. Mashina muyulishga kelganda zarb bilan to‘xtadi. Bolalar bir-birlarini itarib pastga tushishdi. Ular ko‘chani shovqinga to‘ldirib, quvlashgancha kim o‘zar o‘ynab kelishardi. Akalarini izlab ostonaga emaklab kelgan kenja o‘g‘il og‘zidagi bittagina tishini ko‘rsatib Tolibjonga talpindi. Tolibjon xuddi kapalakning qanotidan ushlayotgandek avaylab uni ko‘tardi. Bag‘riga iliqqina tekkan bola tani uni seskantirdi. Vujudi titrab ketdi. Bu iliq vujud dunyoning rohatlari ichida hech narsaga teng ko‘rib bo‘lmaydigan buyuk bir rohat edi. Bolalar terlab, hansirab qaytib kelishdi. Yoshi kattarog‘i Tolibjonning oldiga kelib, davay, «zuv, zuvakam» o‘ynaymiz, deb qoldi. — Bu qanaqa o‘yin? — dedi hayron bo‘lib Tolibjon. — Hu anavi toshgacha nafas olmay «zuv» degancha chopib borish. Borguncha kim nafas olsa yutqizadi. — Bo‘pti, — dedi Tolibjon. O‘rtancha jiyani uning yengidan tortdi. — O‘ynamang, tog‘a. Buni nafasi juda uzun. Ellikta sanaguningizcha ham suv tagida turoladi. Bola shart qo‘ydi: — Kim yutqazsa, yigirmata yong‘oq beradi. — Menda yong‘oq yo‘q. Yutqizsam nima qilaman? — Belingizdagi qayishingizni berasiz. Bo‘ptimi? — Bo‘pti, — dedi Tolibjon bolalarcha o‘yinga qiziqib. Bola nafasini ichiga uzoq yutib, tosh tomonga «zuv»lagancha yugurib ketdi. U toshga yetib, shu «zuv»Iagancha yana qaytib keldi hamki, nafas olmasdi. Bolaning rangi oqarib, ko‘kragi ichiga tortib ketgandi. — Bo‘ldi, bo‘ldi, jiyan. Endi navbat menga. Tolibjon ham nafasini ichiga tortib, tosh tomonga qarab yugurib ketdi. Uning «zuv» laganini bolalar eshitib turishardi. Tolibjon toshga yetmayoq nafas olib yubordi. Bolalar chuvillashib, yutqazdingiz, yutqazdingiz, qayishni yeching, deyishardi. Tolibjon belidan kamarini yechib, bolaga uzatdi. Bola kamarni baland ko‘targancha chopib ketdi. Boshqalari ko‘chani changitib, uning orqasidan yugurishdi. Kenja jiyani ham emaklagancha ularga tomon kafti bilan tuproqli yerni tap-tap urib borardi. Tolibjonning qiladigan ishi yo‘q. Ertalab turib tong otishini tomosha qiladi. Qaytib kelib onasi bilan o‘tgan-ketganlardan gaplashadi. Kuni bilan jiyanlarini ergashtirib, soy bo‘ylarida aylanadi. Bolalarga turli o‘yinchoqlar yasab beradi. Ularning telba-teskari gaplaridan zavqlanib, o‘z bolaligini eslaydi. Ishga o‘rgangan odamning bekor qolishi bir fojia ekanini Tolibjon endi bildi. Shunday diqqat bo‘lgan kunlarning birida Tolibjon kechasi xontaxtaga bag‘rini berib, KPSS Markaziy Komitetining partkomissiyasiga xat yozdi. Partiya a’zosi bo‘la turib bironta foydali ish qilishiga imkon berishmayotganini birma-bir yozdi. Kitob shahar pochtasidan zakaznoy qilib jo‘natdi. Uning bu xil kayfiyatini kampir sezib turardi. Tolibjonni yoniga chaqirib, bir gap aytdi: — Zerikib qolyapsan, bolam. Ermakka bo‘lsa ham biron ishning boshini tutsang bo‘lardi. Bunaqa zerikib o‘tirsang, bir kun emas, bir kun yana daydib ketib qolasan. Shundan qo‘rqaman. Mening ham besh kunligim bormi-yo‘qmi, meni tuproqqa qo‘yib, keyin qayoqqa ketsang o‘zing bilasan. — Hech qayoqqa ketmayman, ena. Ota-onam o‘tgan yerlarda yashamoqchiman, — dedi Tolibjon. — Balli, bolam. Shuncha darbadar kezganing bo‘ladi. Tolibjon qachondan beri aytolmay yurgan gapni endi ochiq aytishga ahd qildi. — Toshkentda bir ro‘zg‘oiga yetadigan yukim bor. Olib kelsam, degandim. Bu joyga o‘zlaringiz sig‘may qolibsiz. Men qayga sig‘aman. Shu atrofdan chog‘roq bo‘lsa ham bir boshpana olsam, sizga yaqinroq joyda yashasam deyman. Mirvali markazdan joy beraman, deydi. Menga hashamatli uyning keragi yo‘q. Endi jo‘ngina umr kechirmoqchiman. Dabdabalami ko‘rib bo‘ldim. Siz qatori, qo‘ni-qo‘shnilaringiz qatori yashamoqchiman. Uning gapi kampirga ma’qul keldi. — Shu, bolam, Mirvaliga judayam elakishaverma. Qo‘li ochiq, dali-g‘uli bo‘lgani bilan yurtga ma’qul kelmaydigan qiliqlari ko‘p. Unga qo‘shi!ib sen ham badnom bo‘lib qolma. Mish-mishlarga qaraganda, uning qo‘li qonli, ko‘p odamning boshini yegan. Guldek qizlami baxtsiz qilgan. Risolatning kelinini yo‘ldan urgan ham shu. Ravshanbekning g‘oyib bo‘lishida ham uning qo‘li bor, degan gaplar yuribdi. Ehtiyot bo‘l! Undan ko‘ra o‘zingni o‘yla. Biron mo‘min-qobili uchrasa, boshingni ikki qilib olsakmikin? — Yo‘q, ena, — dedi Tolibjon. — Umrimni buyog‘ini yakka o‘tkazmoqchiman. Xotinim bilan o‘g‘limning xotirasi meni yolg‘iz qo‘ymaydi. Hamma vaqt birga. — O‘zing bilasan. Qarishing bor. Issiq-sovug‘ing bor, yotish-turishing bor. Yoningda bittagina hamdaming bo‘lsa degandim-da, yana o‘zing bilasan. Qarib boshi yostiqqa yetganda xotin kishi har yerga sig‘ib ketaveradi. Mana, men sig‘yapman-ku. Erkak qariganda hech bir kunji-kovakka sig‘maydi... Shu yaqin o‘rtadan hovli olaman, deysan. Qandoq bo‘larkin? Axir, bu uy, bu hovli otangdan qolgan. Sening joying. Kuyovga aytay, anavi etakka tom solsin. Sen o‘z uyingga o‘zing ega bo‘l. Tolibjon onasining so‘zini qaytardi. — Ena, bu gapingiz menga ma’qul kelmadi. Bu uy Zaynabniki. Shuncha bola bilan yana tom solish unga og‘irlik qiladi. Agar siz rozi bo‘lsangiz, hovli etagiga ikki xonali uy, bir ayvoni bilan qurib o‘sha yerda yashay. Sizni ham o‘sha uyga olib o‘taman. Birga yashaymiz. Kampir jimib qoldi. Yelkalari silkinardi-yu, ko‘zida yosh ko‘rinmasdi. Ajab, ko‘rmaydigan ko‘zga yosh ham kelmas ekan. Kampir eshitilar-eshitilmas pichirladi: — Umringdan baraka top, bolam. O‘g‘il, o‘g‘il ekan. Shuning uchun o‘g‘il tug‘ilgan uyda to‘y bo‘lib ketadi. Beri kel, peshonangdan bir o‘pib qo‘yay. Ezilib adoyi tamom bo‘lgan enangga boshqatdan jon ato qilding. Tolibjon engashib, kampirning ko‘kragiga bosh qo‘ydi. Kampir uning boshini siladi. Yelkalarini siladi. Tolibjon juda olislarda qolib ketgan go‘daklik yillariga qaytib borgandek edi. O‘z onasi bag‘rida erkalanayotgandek edi. Kampir uni bag‘ridan qo‘yib, timirskilanib choynak qidira boshladi. Tolibjon unga choy quyib uzatdi. Kampir bir-ikki ho‘plab piyolani yoniga qo‘ydi. — Endi bunday qil, bolam. Kiyiksovdi momomga bormaganimga ham ko‘p yillar bo‘lib ketdi. Har yili yetti tangadan atab, tashlab qo‘yganman. Shu ataganlarimni oborib, Kiyiksovdi momomni ziyorat qilib kel. Bilaman, sen yangicha odamsan. Bunaqa ishlardan hazar qilasan. Men uchun bor, bolam. Besh-to‘rt kundan beri dadang tushimga kiryapdi. Kiyiksovdi momom ham tushimga kiryapti. O‘zim borolmayman. Oborsang ham yo‘liga chidamayman. Hech bo‘lmasa, men bo‘lib bor. Tolibjon, xo‘p, dedi. U Kiyiksovdi momo to‘g‘risida bolaligida ko‘p afsonalar eshitgan. Uzoq-yaqindan ziyoratchilar kelib, jonliq so‘yib, tavob qilishlarini ham eshitgan. Ammo o‘zi borib ko‘rmagan edi. Kenja o‘g‘lining bo‘yniga sochiq boylab, qaychi bilan sochini olayotgan Zaynab gapga aralashdi: — Ena, bilib gapiryapsizmi? Akam u yerga borsalar gapso‘zga qoladilar. Raykom u yerga odam qo‘ygan. Kim kelsa ro‘yxatga olib o‘tiradi. Bormang, aka. — Yaxshi odamni xotirlasa nimasi hukumatga malol kelarkan? Kiyiksovdi momom avliyo bo‘lmasa, choryorlardan bittasi bo‘lmasa... Tolibjon onasini yupatdi: — Boraman, ena, boraman... O‘g‘lining sochiqqa tushgan sochlarini tugib, ichkariga opkirib ketayotgan Zaynab akasiga, bormang, deb yana ta’kidladi. Zaynabning tashvishlanishiga asos bor edi. Yaqinda ferma mudiri Kiyiksovdiga borib, echki so‘yib qon chiqazgani uchun partiyadan o‘chirilib, ishdan olingan edi. Raykom bir necha marta g‘azab qilib kelib, Kiyiksovdi maqbarasini buzib tashlamoqchi bo‘ldi. Keksalar uni otang yaxshi, onang yaxshi, deb zo‘rg‘a qaytarishgandi. Tolibjon kechasi Kiyiksovdi afsonasini o‘ylab yotdi. Ikki ko‘chmanchi qabila o‘rtasiga nizo tushib, omonsiz jang bo‘ladi. Odamlaming noahilliklaridan dili og‘rigan tabib kampir bosh olib tog‘u toshlarga chiqib ketadi. Mana shu Zamburug‘ qoya tagida xarsang toshlardan vatan tikib, odamlardan olisda tanho yashay boshlaydi. Bu kimsasiz kampir yalanglikka erta bahor o‘ziga yetarlicha qilib bug‘doy separkan. Yana arpa separkan. Hosilni o‘rib olgandan keyin qo‘l tegirmonda tortib un qilib olarkan. Shundoqqina eshigi tagidan oqadigan jilg‘ada g‘ij-g‘ij baliq suzib yurarkan. U giyoh terib, kunduzlari xilma-xil dorilar tayyorlarkan. Ba’zan kechalari ham oy to‘lgan paytda barglarning tovlanishiga qarab, eng noyob giyohlami toparkan. Tog‘dagi parrandalaru darrandalar unga o‘rganib qolishgan ekan. Ilon-chayonlar uni chaqmas ekan. Bo‘rilar uning yonidan bemalol o‘tib ketaverarkan. Ayiqlar ham unga daf qilmas ekan. Tog‘ yonbag‘irlarini qalin qorbosgan paytlarda kampir eshigi oldidagi oxurga turli ovqatlar to‘kib qo‘yarkan. Xo‘raksiz qolgan kiyiklar shu yerdan tamaddi qilib ketarkan. Eshigi ochiq qolgan paytlarda kakliklar uyning ichiga bemalol kirib don cho‘qiyverar ekanlar. Bir tomon yong‘oqzor, bir tomonda pistazor... Kampir go‘sht yemas ekan. Non, yong‘oq, jiydayu turshaklar, olma- qoqilar uning yemagi ekan. U ovchilami yomon ko‘rar ekan. Kampirning qarg‘ishidan qo‘rqib ovchilar bu tomonlarga kelishmas ekan. U qarg‘agan odam yo mayib, yo biron tuzalmas dardga chalinadi, deb o‘ylasharkan. Uning kulbasiga uzoq-uzoq yurtlardan tabiblar kelib, u tayyorlagan dorilarni olib ketisharkan. Kampir ulardan pul olmas ekan. Ular kampirga tuz, kiyim-kechak opkelib doriga almashtirib ketisharkan. Mana shu kampir tong saharda tog‘da giyoh terib yursa, o‘ngirdan qandaydir g‘alati ovoz eshitilibdi. Butalarni qayirib o‘ngirga engashib qarasa, bir kiyik qopqonga tushib tipirchilayotgan emish. Jonivorning qopqonga ilinganiga ancha bo‘lgan shekilli, u holdan toygan, qopqon qisgan oyog‘idan qon oqarmish. Kampir giyoh to‘la savatini o‘ngir chetida qoldirib pastga tushadi. Kuch bilan qopqonni ayirib kiyikning oyog‘ini chiqazib oladi. Kiyikning turishga majoli yo‘q edi. Kampir uning u yoq-bu yog‘iga qaraydiyu birdan g‘alati bo‘lib ketadi. Kiyikning do‘ppaygan qomi lip-lip ucharmish. O, jonivor, oy-kuning yaqinga o‘xshaydi, deb o‘ylabdi kampir. U kiyikning qornini beozor silabdi. Nimadir tipirchilayotgandek bo‘libdi. Doka ro‘mol tagidan tang‘igan peshonabog‘ini yechib, kiyikning yarador oyog‘ini tang‘ib bog‘labdi. Cho‘qqida yaltirayotgan ofitob nuri sirpanib o‘ngirga tushibdi. Badaniga issiq o‘tgan kiyik silkinib o‘rnidan turibdi-da, bir dam qimirlamay, qop-qora ko‘zlarini kampirga tikib, keyin asta-sekin yurib o‘ngirdan chiqib ketibdi. Kampir uning ko‘zlarida allaqanday minnatdorlik alomatini sezgandek bo‘libdi. Kampir besh-o‘n kungacha uning ko‘zlarini unutolmaydi. Ma’yus qop-qora ko‘zlar nimalamidir ifoda qilmoqchi bo‘lgandi. Bu jonivorning tili bo‘lsaki, ayta qolsa. Shu ko‘zlar, shu begunoh ma’yus ko‘zlarda xaloskor inson bolasiga aytadigan allaqanday gap bor edi. Oradan yana o‘n kun o‘tib, kampir o‘sha kiyikni so‘qmoqda o‘t chimdib yurganida ko‘radi. Endi u yolg‘iz emasdi. Orqasida nimjongina, yurganda titrab turadigan ingichka oyoqlari zo‘rg‘a gavdasini ko‘tarayotgan kiyikchasi bor edi. — Ha, jonivor, ko‘z yoribsan-ku! — deydi pichirlab kampir. Hamma kiyik bir kiyik. Ularni bir-biridan farq qilish qiyin. Kampir uning o‘sha kiyik ekanini oyog‘iga boylangan lattadan biladi. Uning yarador oyog‘ida hali ham peshonabog‘ tang‘ilgancha turardi. Kampir oyoq ostida o‘sgan o‘tdan qisimiga siqqancha yulib, kiyik tomon yura boshlaydi. — Ma, jonivor, ma! — Kiyik undan qochmaydi. U tutgan o‘tga bo‘ynini cho‘zib kelaveradi. Kampir uni bo‘ynidan silaydi. Tiz cho‘kib oyog‘idagi lattani yecha boshlaydi. Kiyik indamay turib beradi. Ertasiga kampir Zamburug‘ cho‘qqi yo‘lida bir otliqning qorasini ko‘radi. Ajab, bu tomonlarga ovchilar yo‘lamas edi, bu kim bo‘ldi ekan, deb o‘ylaydi kampir. Hurkigan kiyiklar pastlikka qarab qochadi. Notanish kimsa otiga qamchi bosib, kiyiklar orqasidan quvadi. Bir osh pishguncha vaqt orasida o‘sha otliq so‘qmoqdan, egar qoshiga kiyik bolasini o‘ngarib, kampirga qaramay o‘tib ketadi. Kampir hang-mang bo‘lib qoladi. U o‘zini bu yerdagi jondorlaming soqchisi, deb bilardi. Men borman, bu tomonlarga ovchi yo‘lamaydi, deb o‘ylardi. Ovchiga ergashib ona kiyik yugurib borardi. Yelini tirsillab, to‘lishib ketganidan durust chopolmasdi. Orqa oyoqlarini kerib o‘tirib qoladi, so‘ng kuchanib o‘rnidan turadiyu yana yuguradi. Endi otliq ketib bo‘lgan, so‘qmoq adog‘i chang-to‘zondan ko‘rinmas edi. O‘sha kuni to qorong‘u tushguncha kiyik yo‘lga qarab umidvor yotadi. Sahar payti yana keladi. Yana o‘sha tomonga qarab yotaveradi. Kampir uning ahvoliga chidayolmaydi. Yoniga boradi. Kiyik ko‘zlarida yum-yum yosh bilan unga ma’yus boqadi. Kampir uning bo‘ynini, yelkalarini silaydi. Asta shoxidan tortib, turishga undaydi. Kiyik itoatkorona o‘rnidan turib, kampirga ergashadi. Kiyikning yelinlari shishib ketgandi. Kampir uni eshik oldida qoldirib, ichkaridan paqir olib chiqadi-da, cho‘kka tushgancha pov-pov sog‘a boshlaydi. Hargal kampiming barmoqlari yeliniga tekkanda kiyikning badanlari dirillab, terisi lip-lip uchardi. Bo‘g‘zidan quyilib chiqayotgan xo‘rsiniq kampirning elkalariga issiq tegardi. — Ha, jonivor, oppoq suting o‘z bolangga buyurmadi-ya! Yelini bo‘shagan kiyik yengil tortib, asta so‘qmoqqa qarab keta boshlaydi. Kampir paqir tola sutni tog‘oraga quyib, kulba orqasiga qo‘yadi. Ayniqsa, yoz oylari kampirning yumushlari ko‘p bo‘lardi. O‘t o‘rib oftobga yoyar, quriganlarini g‘aramlab tomga bosardi. Ertagi arpani o‘rib, donini shopirardi. Tog‘ni qalin qor bosib, jonivorlar yemishi qor tagida qolib ketgan pallalarda kampir tomdan xashak olib tushib, uyi atrofiga yoyib tashlar, to‘rt-besh bo‘yra eni qorni kurab yerni ochardi. Unga don sepib tashlardi. Och qolgan tog‘ hayvonlari ana shu xashaklarni yegani kelishardi. Kakliklar, yovvoyi kaptarlar birbirlarini hurkitib don cho‘qishardi. Bu jonivorlar kampirdan hurkishmasdi. Uning oldida bemalol yuraverishardi. Kampir bo‘tqa to‘la tog‘orani so‘qmoqqa opchiqib, ichiga og‘ir tosh tashlab qo‘yardi. Agar shunday qilmasa, hayvonlar ovqat talashib, tog‘orani ag‘darib yuborishardi. Ovqat isini tuygan yovvoyi mushuklar, shoqollar va boshqa hayvonlar bir zumda yopirilib kelishardiyu bo‘tqani yeb, yana g‘oyib bo‘lishardi. Bolasidan ayrilgan kiyik har tong kampiming eshigi oldida paydo bo‘lardi. Kampir uning yelini bo‘shaguncha tizillatib sog‘ib olardi. Ba’zan kuniga ikki martadan keladigan paytlari ham bo‘lardi. Kampir uni silab, jonivor, kelaver, yelining to‘ldimi, oldimga kelaver, deb sog‘ib, uni yengillatardi. Bu xil kelishlar kiyikka odat bo‘lib qoladi. To sutdan qolguncha kelib-ketib yuradi. Keyin kun oralab, hafta oralab keladigan bo‘ladi. Bir kuni tong mahali kampir tashqariga chiqsa, ikki kiyik kurt-kurt xashak chaynayapti. Ulardan birini kampir darrov tanidi. Uning old o‘ng oyog‘ida terisi shilinib jun o‘smay qolgan joyi bor edi. Tanish kiyik yonida shoxlari buralib ketgan baquvvat kiyik qochishni mo‘ljallab sergak turardi. — Jonivorgina-ya, juft topibsan-ku, — deydi u ovoz chiqazib. Kiyik undan cho‘chimaydi. Jufti tisarilib, sal nari ketadi. Butun qishloq kampirning kiyik sog‘ishini bilib olgan edi. Ba’zan u kiyik sog‘adigan mahalda daraxtlar, toshlar orasidan qarab turishardi. Bu atrofdagilar yovvoyi kiyikni soqqan odamni ko‘rishmagan edi. Ayniqsa, kiyikning o‘zi tog‘dan tushib, kampirga o‘zini sog‘dirib, yana cho‘qqilarga chiqib ketishi hammani hayron qoldirardi. Ana shundan keyin kampirning nomi Kiyiksovdi onaga, Kiyiksovdi momoga aylangan edi. Kiyiksovdi momo salkam yuz yoshda olamdan o‘tadi. Butun qishloq motam tutib, uni o‘zining tosh kulbasi yoniga ko‘mib, sag‘ana ko‘taradi. Uni ko‘mayotganlarida olomon tepasida qushlar faryod urib chirqillab aylanadilar. Kiyiklar olomonga yaqin kelib, yum-yum ko‘z yosh to‘kadilar. Ayiqlar toshlar ustiga chiqib, o‘kirib-o‘kirib yig‘laydilar. Qushlar tog‘lardan anvoyi gul urug‘larini opkelib qabr ustiga sepadilar. Erta bahor kelishi bilan qabr ustida kimxobdek bo‘lib gullar ochiladi. Kiyiksovdi momoning qabri qadamjoga aylanadi. Bu tog‘larga kelganlar uning qabrini tavob qilmay ketmaydilar. Bu qabr yaqinida ovchilar ham o‘q chiqazmaydilar. Tabiatning sokin va lekin benihoya go‘zal maskaniga turli tomonlardan so‘qmoqlar ochiladi... Bu afsonami, haqiqatmi, Tolibjon bilmasdi. Yoshligida eshitganlari afsonadan ko‘ra haqiqatga yaqin edi. U olis yurtlarda yurgan kezlarida Kiyiksovdi momo voqeasini eslab turardi. Har gal eslaganda qoya toshlar qurshovidagi qadrdon qishlog‘ini ko‘rgandek bolIardi. Qushlaming chug‘urini, buloqlar jilg‘asining shildiraganini eshitgandek bo‘lardi. Kiyiksovdi momo afsonasi uning tarjimai holi bilan qorishib ketgandek edi. Katta O‘zbekiston trakti tog‘ burama yo‘llaridan oshib, Kitob shahrini oralab o‘tadi. Kitobga yetmay chap tomonda katta yo‘l bor. Bu joyda avtobus kutgan yo‘lovchilar ko‘p bo‘ladi. Ular Varganze, Palandara, Hazrat Bashir tomonlarning kishilari. O‘ng tomonga ketgan chog‘roq yo‘l Qoplonbop qishlog‘iga eltadi. U yog‘iga yo‘l yo‘q. Faqat yolg‘iz oyoq so‘qmoqlar, xolos. Mashina Hazrat Bashir burilishiga kelganda Tolibjon kabina tomini tapillatib urdi. Shitob bilan kelayotgan mashina to‘xtadi. Tolibjon pastga sakrab tushdiyu cho‘ntagidan pul izlay boshladi. To u pul chiqazguncha shofyor motorga gaz berib, jo‘nab qoldi. Qoplonbop, shu yerliklarning ta’rifi bilan aytganda, yer yuzining eng so‘lim joyi. Samarqandda saraton harorati qirq darajaga chiqqanda, Qoplonbopda mo‘tadil — o‘ttiz besh darajada qimirlamay turadi. Qoplonbop aholisi ijtimoiy foydali ishlar bilan deyarli shug‘ullanishmasdi. Shuning uchun ham rayon kattalari na klub, na madaniy-maishiy bino qurgan. Tepasiga «OMEXTA» deb yozilgan bittagina magazin bor, xolos. Unda sanoat mollari ham, oziq-ovqat ham sotiladi. Hatto, velosiped bilan kitob ham shu do‘konda. Narxi tushirilgan mollar qatorida mini yubka bilan xilma-xil o‘lchamdagi chet el siynabandlari ham bor edi. Yoz oylari sayil boshlanganda Zarafshon vohasining turli joylaridan kelgan odamlami uchratish mumkin. O‘sha kezlarda bozor qizirdi. Yoymachilar qulfmi, sichqon tutadigan qopqonmi, izolentami, saqichmi, chekichmi, ipga o‘tkazilgan o‘rik mag‘izimi, zirami — yoyib tashlashardi. Ular yozib qo‘ygan kleyonkada to‘tiyo, achchiqtosh, qalampirmunchoq, surma, ukpargacha bo‘lardi. Bir tomonda to‘n bozori, bir tomonda pichoq, jun paypoq bozori, bir tomonda do‘ppi, rang bozori... Rang bozori juda gavjum bo‘lardi. Tog‘dan tushgan cho‘ponlar har qancha rang bo‘lsa, birpasda talab ketardilar. Ular echkilardan tarab olingan tivitlarni, tizzagacha chiqadigan paypoqlarni to‘qiydigan jun iplarni bo‘yash uchun rang xarid qilardilar. Beshik, belanchak, qiz sumak, o‘g‘il sumak, ip o‘raydigan urchuq, zarang cho‘mich, o‘roq bozori qozondek qaynardi. Eh-he, Qoplonbop bozorida nimalar bo‘lmaydi. Qarsillatib saqich chaynagan qizlar, samolyot tasviri tushirilgan chodir teshigidan kallasini chiqazib qo‘yib suratga oladigan fotochilar... Biriga kavkazcha beshmet kiydirib, birining yelkasiga yog‘ochdan yasalgan beshotami osib qo‘yib suratga oladi. Yosh kelin-kuyovlar bir-birlariga boshlarini tegizib turib, tilla tishi borlar kulib turib, qo‘l soati borlar kaftini iyagiga tirab turib suratga tushadilar. Novvoylarning qo‘li qo‘liga tegmaydi. Kabobpazlar oldida yoshyalang g‘ujg‘on uradi. Omonat choyxonalarda oshxo‘rlarga qozon yetishmaydi. Qassoblar kuniga nechtalab qo‘y so‘yib, yetkazisholmaydi. Yangi so‘yilgan qo‘yning go‘shti sovimay turib talash bo‘lib ketadi. Tolibjon Qoplonbopga kirmay, so‘qmoqqa chiqdi. Olisda qishloqning shovqini eshitilib turardi. Bir necha joyda barobariga qo‘yilgan magnitofonlardan har xil qo‘shiq taralyapdi. Dorboz kindikka kelgan bo‘lsa kerak, do‘mbiraning bir maromda dirillashi eshitiladi. Bu shovqinlarni karnayning vat-vati bosib ketadi. Tolibjonning yonginasidan yangi so‘yilgan qo‘yning o‘pkasini sudrab bir it o‘tib ketdi. Soch-soqoli o‘sib ketgan yalangoyoq bir yigitni to‘rt-besh kishi, «ushla, ushla o‘g‘rini»! deb quvlab kelardi. O‘g‘ri Tolibjonga ro‘para kelishdan qo‘rqib, so‘qmoqdan o‘ngga burildiyu soyga o‘zini otdi. Orqasidan quvib kelganlar pastga tashishga jur’at qilolmay qirg‘oqda to‘xtab qolishdi. Militsioner hushtagini churillatgancha qolaverdi. O‘g‘ri soyning har yer-har yerida do‘mbayib turgan ho‘l toshlarga oyoq tirab, narigi qirg‘oqqa chiqib, qo‘lidagi tugunni baland ko‘tardi-yu, chap qo‘li bilan kindigining pastini ko‘rsatib masxara qildi. Keyin toshlar orqasiga o‘tib yo‘q bo‘lib ketdi. Quvib kelganlar uni so‘kib-so‘kib orqaga qaytdilar. Yonma-yon o‘sgan, har bahor pillachilar kallaklab ketadigan keksa tut tagida besh-o‘n odam o‘ralashib turishardi. Tolibjon bunga uncha ahamiyat bermadi. Yaqin kelganda ularning nimadandir darg‘azab bo‘lib turganlarini bildi. Yo‘l chetida bo‘g‘ziga pichoq tortilgan bir buqacha jon taslim qilayotgan bo‘lsa kerak, orqa oyog‘ini har zamon bir ojiz silkitib qo‘yardi. Odamlar jim. Tolibjon hayron bo‘lib bir buqachaga, bir odamlarga qaradi. Hech kimdan sado chiqmadi. Tolibjon tutga suyanib aftodahol o‘tirgan xotinni ko‘rmagan ekan. Unga ko‘zi tushdi-yu ko‘ngli allanechuk bo‘lib ketdi. Ozg‘in, rangi sarg‘ayib, yuziga bemahal tushgan ajinlar bu xotinning dukatlik ekanini bildirib turardi. Tolibjon tinmay papiros tutatib turgan yigitdan so‘radi: — Nima bo‘ldi? — Nima bo‘lganini ko‘rmayapsizmi, — dedi yigit. — G‘o‘zani payhon qiladi, deb direkter bo‘g‘ziga pichoq tortvorsa bo‘ladimi! Nevarasi armiyadan kelishiga so‘ymoqchi bo‘lib boqib yurgan edi. Noinsoflikni qarang-a! Xotin indamas, jon taslim qilayotgan buqachaga ma’yus qarab o‘tirardi. Keksaroq bir odam gap qotdi: — Nima qilib angrayib turibsanlar, qoni ivib qolmay turib saranjom qilish kerak. Qoni ichida qolsa, go‘shtini yeb bo‘ladimi? Buqacha bo‘g‘izlangandan keyin ko‘p uringan bo‘lsa kerak, junlari tuproqqa qorishgan, yo‘l chetlari, giyohlar usti, hatto tutning bujur tanasiga ham qon sachragan edi. Odamlar biri uning oyog‘idan, biri shoxidan sudrab, tut tagiga olib kelishdi. Shop mo‘ylovli yigit belbog‘iga osilgan qindan pichoq chiqarib, yo‘l chetidan engashib tosh tanlay boshladi. Oxiri u istagan toshni topib, bir tufladiyu pichog‘ini qayrashga tushdi. Odamlami xo‘p ranjitgan bu «noinsoflik» Mirvalining ishi edi. Katta yo‘lda ketayotgan Mirvali uzoqdan g‘o‘za paykali yoqasida yurgan molni ko‘radiyu mashinasini shag‘al to‘kilgan yo‘lga burib, tut oldiga keladi. Bir xotin tutga suyangancha uxlab qolgan. Buqachasi yo‘l chetida o‘t chimdib yuribdi. Mirvali uxlab qolgan xotinni bir tepdi. Xotin ko‘zini ochishi bilan tepasida g‘azabga to‘lgan Mirvalini ko‘rib, dag‘-dag‘ titraydi. Tepki yegan joyining og‘rishiga qaramay, alam bilan o‘rnidan turib, direktoiga tik qaraydi. — Nima gunoh qildim, yaramas? Kayfi bor Mirvali g‘o‘za paykali chetida o‘t chimdib yurgan buqachani ko‘rsatadi. Xotin mudrab qolganida arqon qo‘lidan chiqib ketganini biladi-yu, tili kalimaga kelmay, g‘uldirab qoladi. Direktor etigining qo‘njidan pichoq chiqarayotganida xotin qo‘liga yopishadi. — Jon ukam, unday qilmang! Bola-chaqangizning rohatini ko‘ring! Bunday qilmang! Nevaraginamning afg‘ondan kelishiga atab olganman. — O‘n kun avval shu buqachang g‘o‘za ichiga kirganda armiyadagi nevarangni andisha qilib kechirgandim. — O‘shandan beri g‘o‘zaga kirmadi. Arqonini ushlab yo‘l chetida o‘tlatyapman. Mudrab qolgan ekanman, arqon o‘lgur qo‘limdan chiqib ketibdi. Bari bir g‘o‘zaga kirmadi. Kiritmayman ham. Qandoq qilay, darmonim yo‘q, o‘tirsam mudrab ketyapman. — Men senga o‘sha kuni nima degandim? Bu yerda mol boqma, demaganmidim? — dedi Mirvali o‘dag‘aylab. — Boshqa qayoqda mol boqaman? Yo‘l chetlaridagi o‘tlarga dori sochib tashlagansiz. O‘sha o‘tlarni yeb nechta mol o‘lib ketdi. — Bu mudrashing bo‘lsa, moling albatta g‘o‘zaga kiradi. Yaxshisi uning bahridan o‘tish kerak. — Direktor yumshamadi. Xotinning chirqillab turganiga e’tibor bermay, tut bargiga intilgan buqachaning shoxidan qayirib turib, bo‘g‘ziga pichoq tortib yubordi. Bo‘g‘zidan povillab issiq qon otilayotgan buqacha o‘ynoqlab, o‘zini tut tanasiga zarb bilan urdi. Shag‘al yo‘l ustiga otilib tushdi-yu, boshini o‘nglayolmay tutga urilar, tuproq yo‘lga munkib ketardi. Odamlar o‘zlarini chetga olib, telba bir alpozdagi molning azob chekishiga alam bilan qarab turishardi. Xotin Mirvalining qarshisiga kelib yoqasiga chang solmoqchi bo‘ldi. Mirvali qo‘lini qayirib tashladi. Xotin yana intildi. — Xudoyo, u dunyo, bu dunyo ikki yuzing qaro bo‘lsin! Urushda shahid bo‘lgan erimning arvohi yoqangdan tutsin! Umring qamoqlarda o‘tib ketsin! — Shunday deb turib u tizzaladi-yu ikki qo‘lini osmonga ko‘tardi. — Omin! Mirvali yerga bir tupurib mashinasini gurillatgancha ketdi. Orqadan g‘azab bilan qarab turgan mo‘ylovli yigit baland ovoz bilan, dayus, dedi. Keyin shunday gap aytganidan qo‘rqib, yon-veridagilarga qaradi. Ular, bu gapni sen aytmading, biz eshitmadik, degandek, ko‘zlarini olib qochishdi. Tolibjon hozir idoraga boraman, bunaqa insofsizlik qilgani uchun Mirvaliga qattiq-qattiq gapiraman, degan niyatda shaxdam yurib sovxoz markazi tomonga qarab ketdi. Mirvali idorada yo‘q edi. Tolibjon shofyordan, o‘zi qani, deb so‘radi. U bosh ko‘tarmay javob qildi: — Dam olgani boqqa kirib ketdilar. Biron soat uxlab oladilar. Tolibjon uyg‘onguncha uni kutishga ahd qildi. Dastyor yigit chinor tagidagi dasturxon yozilgan stolga patnisda u-bu qo‘ydi. Choy olib chiqib, Tolibjonni o‘tirishga undadi. Mehmonxona bekasi — tatar opoy yelkasiga ip yigiradigan dastgoh qo‘yib, bir etak tivit bilan chinor tagiga chiqdi. Bir ozdan keyin dastgohning ari ovozini eslatadigan tovushi keldi. Tolibjon choy ho‘plarkan, boyagi shahdidan ancha tushgandek edi. U o‘rnidan turib, beixtiyor tatar opa ip yigirayotgan tomonga yura boshladi, opaning ishlariga qarab turdi. Opoy qo‘lida bir siqim tivit, biroyog‘i bilan charx tepkisini bosadi. Pildirab aylanayotgan urchuq tivitni ho‘playotgandek, o‘ziga tortib o‘rardi. Tolibjon bu ishga shunchalik berilib ketdiki, opoyning tepasiga kelganini ham bilmay qoldi. Opoy bosh ko‘tarib unga qaradi. — Nu, singa qiziq shto li? — dedi u hayron bo‘lib. — Siz ishingizni qilavering, opoy. Biroz tomosha qilay, — dedi Tolibjon. Shu topda Tolibjon bolaligida onasining charx yigirishini esladi. Echkidan tarab olingan tivitlar to‘planib qolganda, ayvonga charx olib chiqib, ip yigirardi. O‘ng qo‘lida charx aylantirib, chap qo‘lida urchuqqa tivit yetkazib berib turardi. Bu ham xuddi shunday. Faqat bunda parrakni tepki bosib aylantiriladi. Tolibjonning miyasiga yarq etib bir fikr keldi. Orqasiga o‘girilib, shofyomi izlay boshladi. Shofyor bola qon sachragan etikni tozalab mehmonxonaga opkirib ketayotgan edi. — Mirzajon, bog‘dan bitta ventilyator olib chiqing, — dedi. Ichkariga kirib ketgan Mirzajon shnurini sudrab ventilyator olib chiqdi. Tolibjon uning qoiidan olib, u yoq-bu yog‘iga qaradida: — Otvyorkangizni opkelib, manavi parrakni chiqazib tashlang, — dedi. Mirzajon hayron bo‘lib yelkasini bir qisdi-da, zum o‘tmay bagajnikdan otvyorka, ombur keltirib birpasda parrakni chiqazib oldi. Tolibjon opoyning fartugi cho‘ntagidan chiqib turgan bo‘sh urchuqlardan birini so‘rab oldi. Shofyor bilan ikkovi urinib parrak o‘rniga urchuqni o‘rnatishdi. Hozirgina Tolibjon ovqatlangan stolni ko‘tarib chinor tagiga olib kelishdi. Tolibjon ventilyator vilkasini rozetkaga tiqishi bilan urchuq pirillab aylana ketdi. Ko‘zlari quvonchdan yashnab ketgan Tolibjon hayajon bilan Mirzajonga qaradi. U qoyil, kallangizga qoyil, Tolib aka, deb yubordi. Ularning qilayotgan ishlarini kuzatib turgan opoy yaqin kelib hayron bo‘lib qoldi. — Mana, opoy, ishingizni osonlashtirdik. Qani, ozroq tivit olib keling-chi. Opoy tivit olib kelib, labi bilan tivit uchini ho‘llab urchuqqa o‘radi. Keyin ventilyator tugmasini bosdi. Urchuq aylanib, uning qo‘lidagi tivitlarni ho‘plab o‘ray boshladi. Bir zumda qisim to‘la tivit urchuqqa o‘ralib bo‘ldi. Opoy yana tivit olib keldi. Ventilyator urchug‘i zum o‘tmay uni ham o‘rab tashladi. Ular uchovlon bu ishga shunchalik berilib ketishgan ediki, bog‘dan Mirvali chiqqanini, kelib soatiga qarab, bitta urchuqqa necha minutda ip o‘ralib bo‘lishini kuzatib turganini sezmay qolishdi. — Bu ish kimning kallasidan chiqdi? — dedi Mirvali shofyoriga qarab. U boshi bilan Tolibjonni ko‘rsatdi. — Kallangga qoyilman. O‘qigan odamsan-da, kallang ishlaydi. Bilasanmi, sen hozir nima o‘ylab topding? Xazina topding, birlashma uchun millionlab pul topding! Xo‘jaliklarning sanab sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan oq echkilari bor. Ulardan yiliga bir marta tivit tarab olinar, ikki marta jun qirqilardi. Oltmish tonnadan ortiq tivitni birlashma sovxozlari davlatga sotardi. Mirvali hozir shu tik turganicha xomcho‘t qildi: bu yil echkilar soni ikki barobar oshdi. Echki — ko‘p tug‘adigan jonivor. Ulardan tarab olinadigan tivitlarning bir qismini ip yigirish uchun olib qolsa bo‘ladi. Mirvali do‘stini bag‘riga bosib, uni boshqalar uchun berk boqqa sudradi. Ikkovi qog‘oz-qalam olib hisoblashga tushib ketishdi. U juda to‘g‘ri, aniq hisob qilardi. — Menga qara. Qoplonbopdan sovxozga sariq chaqalik foyda yo‘q. Ular bizni emib yotishibdi. Erkaklar erta bahorda ketib, kech kuzda qaytib keladi. Xotinlarning qishi bilan qiladigan ishi yo‘q. U joylarga na ekin ekib boladi, na birgiyoh o‘stirib. Nima deysan, o‘sha yerdagi qarovsiz yotgan qassobxonani sexga aylantirsak?! Mana shunaqa ventilyatorlardan ikki yuztasini olib kelib, ayollarga ip yigirtirsak... Xo‘sh, qalay? Agar shu ish yaxshi natija bersa, ro‘mol to‘qiydigan sex ochamiz. Shunday deb ventilyatorda ip yigirayotgan opoyning oldiga chiqishdi. — Menga qarang, bitta ro‘molni necha kunda to‘qib bitkazasiz? Opoy biroz o‘ylanib turib, javob qildi: — Nu, bo‘sh vaqtimga qoriy. Sploshnoy zanimatsa itsam, ikki kunda bir ro‘mol bita. — Bitta shunaqa tivit ro‘mol bozorda necha pul turadi? — Chiyalining Jahon bozorida oqini ikki yuz o‘ttizga, qorasini ikki yuzga sotalar. Mirvali yana qog‘oz-qalamga o‘zini urdi. Qoplonbop bilan dukatliklarning itini ham tuvagi oltindan bo‘lib ketadi. Erlari ham daydib ketib qolmay, bola boqadigan bo‘lib qoladi. Opoydan bir soatda yigirgan ipni ko‘rsatishni so‘rashdi. Telefon jiringladi. ATS qizlari Toshkentdan telefon qilishganini, Sog‘liqni saqlash ministri Dehqonobodga keta turib to‘xtab o‘tmoqchi bo‘lganini aytdi. Mirvali Tolibjonga, ishing bo‘lsa ertaga gaplashaylik, dediyu shoshib idoraga chiqib ketdi. Tolibjon garajga telefon qilib, birorta bo‘sh mashina bo‘lsa, Yetimqishloqqa oborib tashlasin, deb iltimos qildi. Mirvali idoradan chiqib mashina kutib turgan edi, chinor tagida xayol surib o‘tirgan bir ayolga ko‘zi tushdi. Avvaliga u birontasi o‘tirgandir-da, deb qo‘ya qoldi. Umuman, uning hozir tog‘ yo‘liga chiqib ministmi kutib olishga unchalik xohishi yo‘qdek edi. Ministr shu yo‘ldan Surxondaryo tomonga o‘tib ketadi. Lekin uning aytadigan gapi bor. Dukatliklarning arizasi yuzasidan gaplashmoqchi. Mirvaliga qolsa, umuman dukatliklarni bu joydan ko‘chirib yuborsa. Hammayoqqa kasal tarqatadi, bu marazlar. Ilgarilari ham ular maxsus medpunkt, kichikroq — yigirma o‘ttiz o‘rinli kasalxona qurib berishni talab qilishgan. Shu to‘g‘rida gap ochgan sog‘liqni saqlash bo‘limi boshlig‘ini Mirvali qayirib tashlagan edi. Mana, dukatliklar yana bosh ko‘tarib qolishdi. Ariza yozmagan joyi qolmayapdi. Redaksiyalar-ku xatga to‘lib ketgan. Ammo Mirvali uncha-muncha amaldorlarga so‘zini berib qo‘yadiganlardan emasdi. U faqat birinchini tan oladi. Birinchi esa uni o‘g‘lim, degan. Shundoq bo‘lgandan keyin kim unga tik kela oladi?! Chinor tagida o‘tirgan ayol o‘rnidan turib, bu tomonga qaradi. Mirvali uni tanidi. Bu Jayrona edi. Mirvali uni ilgari bir ko‘rgan. Bu qiz Toshkentda inturistda tarjimon. Avvalgi yili u sovxozga arab ayollari delegatsiyasini boshlab kelgandi. Mirvali uning qaddi-qomatiga, sutga chayilgandek oppoq yuzi, zulukdek qoshlariga, chaqnab turgan ko‘zlariga boqib jinni bo‘lay degandi. Shu qizga o‘zini o‘ktam ko‘rsatish uchun, uning e’tiborini qozonish uchun dasturxonga noz-ne’matlami to‘kib tashlagandi. Shu qizni deb delegatsiyadagi ayollarning hammasiga qimmatbaho sovg‘alar bergandi. U qizni chetga chaqirib, unga alohida sovg‘a tayyorlanganini aytib, mehmonxonaga olib kirgan. Cho‘ntagidan brilliant ko‘zli zirak chiqazib, bu sizga, boshqalar ko‘rmasin, deb tayinlagan. Qiz harchand yo‘q desa ham qo‘ymay, zirakni sumkasiga solib qo‘ygan edi. Tashqariga chiqishdi. Arab ayollari patnisni tapillatib urib raqsga tushishardi. Mirvali Jayronani bilagidan ushlab, davraga tortdi. Qiz boyagi sovg‘adan quvonganidanmi, yo o‘zi shunaqa sho‘x, quvnoqmi, har qalay, quymichi ustidan shol ro‘mol boylab, bir raqsga tushib ketdiki... U belidan pastini silkitib o‘ynaganda, arab ayollari ham chetga chiqib qolishdi. Mirvalining nazarida davrada bel silkitib o‘ynayotgan Jayrona unga ikki-uch marta minnatdor iljayib qo‘ygandek bo‘ldi. O‘sha kuni delegatsiya a’zolari sovxoz bog‘ida tunab qolishdi. Mirvali Jayronadan bir nafasgina bog‘da sayr qilishni so‘radi. Qiz ham yo‘q demadi. Ikkovi chirog‘i o‘chirilgan bog‘da allapallagacha gaplashib aylanib yurishdi. Jayrona ochiqqina qiz ekan. Ular qaytib kelishganda hammayoq jimjit, oshpaz ham, mehmonlar ham dong qotib uxlashardi. Mirvali bir qadahdan konyak ichishni taklif qildi. Qiz bosh chayqadi. — Keling, Jayrona, bundan keyin ko‘rishamizmi-yo‘qmi. Shu uchrashuvimiz uchun, shu oydin kecha uchun, shu qaymoqdek tog‘ havosi uchun bittadan ichaylik. Jayrona uning gapini qaytarolmadi. Qarshisida qadah ushlab, yolborib turgan yigit respublikaning eng atoqli, eng o‘ktam, pichog‘i keskir, qo‘li uzun kishilaridan edi. Ko‘ksida Oliy Sovet deputatligi nishoni, «Oltin Yulduz». Jayrona qadahni qo‘liga olib, siz uchun, tanishganimiz uchun, dedi. Ikkovlari ichib yuborishdi. Mirvali yana qadahlarga quydi. — Endi bo‘ldi, — dedi Jayrona. — Buyog‘i ortiqchalik qiladi, Mirvali aka. — Unday emas, siz men uchun ichdingiz. Aslida, men siz uchun ichishim kerak edi. Keling, siz uchun ichaylik. Ona O‘zbekistonimizda bir beqiyos qiz borligi uchun, o‘sha beqiyos go‘zal qiz — siz ekanligingiz uchun, mendek bir benavo, notavon, tog‘-u toshlarda sanqib yurgan daydi yigitga siz bilan yonma-yon turish baxti nasib qilgani uchun ko‘taramiz. Mirvali gapirayotganda qiz qiyqirib kular, e, oshirvordingizku, deb ojizgina e’tiroz bildirib turardi. Ichib yuborishdi. Mirvali shundan keyin uni qo‘ltiqlab, oy ishkomlar orasiga parcha-parcha oq nurto‘kib turgan yo‘ldan yurib ketishdi. Uzoqdan Mirvalining nimalardir deyayotgani, qizning bemalol qiyqirib kulayotgani eshitilib turardi. Tuxum qilmaydigan tovuqqa don bermayman, deydigan Mirvali o‘sha oqshom dog‘da qoldi. Bu qiz u sepgan donni cho‘qib qochgandi. O‘shandan beri Mirvali Jayronani ko‘rmadi. Necha marta ko‘rish istagida Toshkentga borganda inturistga kirdi, ammo uni uchratolmadi. Bir borganida uni Yaponiyada, yana bir borganida Londonda, deyishdi. Mana, hozir u o‘z oyog‘i bilan bu yerlarga kelib turibdi. Jayrona Mirvalini ko‘rib, yoniga kela boshladi. Mirvali ham beixtiyor u tomonga bir-ikki qadam tashladi. — E, baxayr, keling, keling... — Mirvali boshqa gap topolmay, unga mahliyo bo‘lgancha turib qoldi. Shu o‘tgan ikki yil orasida Jayrona yana to‘lishibdi. Qarashlari mastona. Uning to‘lg‘anib kelayotgan gavdasida erkak zotini dovdiratadigan allaqanday bir sehr bor edi. — Keling, keling, — dedi yana Mirvali. — Biz tomonlarga qaysi shamol uchirdi? Jayronaning kelganiga ancha bo‘lgan shekilli, horg‘in ko‘rinardi. — Ukamdan xabar olgani kelgandim, — dedi u past ovozda. Mirvali hayron bo‘ldi. Ukasi bu yerda nima qiladi?! — Ukam univensitetning geologiya fakultetida o‘qiydi. Bir yarim oydan beri shu tog‘larda... — E, bo‘ldi, bo‘ldi, — dedi Mirvali. — Ular tog‘da daydib yurishibdi.Qachon keldingiz? Samolyotdami, poyezddami? — Avtobusda, — deb javob berdi Jayrona. — Uni qarang-a! Juda charchagandirsiz? Ukangiz uzoqda. Tog‘lar orasida. Yaxshiyam menga yo‘liqdingiz, bo‘lmasam, u tomonlarga borolmay sarson bo‘lardingiz. Bugun o‘ng yonboshingiz bilan turgan ekansiz. Yuvib, yaxshilab artilgan oppoq «Volga» ular yoniga kelib to‘xtadi. Odatda, Mirvali «Jiguli», «Niva» mashinalarida yurardi. «Volga»ni faqat Toshkentdan keladigan mehmonlarni kutgani chiqqanda yurgizardi. Bugun Sog‘liqni saqlash ministrini kutish uchun shofyoriga atayin «Volga»ni tayyorlashni buyurgan edi. Mirvalining fikri buzildi. Ichiga shayton kirdi. O‘z oyog‘i bilan kelgan o‘ljani qo‘ldan chiqazmayman endi, dediyu mashinadan tushib, unga ilhaq bo‘lib turgan shofyoriga yuzlandi: — Mehmon kutishga boshqa mashina chiqadi. Sen manavi singlimni Marjonsoyga tashlab kelasan. Mirvali shofyomi chetga chaqirib: «Juda ham tez yurma. Meni Maydontol oldida kutib tur. Orqa pardani tushirib qo‘y. Tushundingmi? — Keyin u kabinaga chiqayotgan Jayronaga eshittirib: — Magnitofonga yaxshi lentalarni qo‘yib, zeriktirmay olib ket», dedi. Mirvalining yuragi dukillab urardi. Go‘yo uning butun o‘y-xayollari hozirgina joyidan qo‘zg‘algan mashinada ketgandek edi. U esini yig‘ib, orqasiga qaytdiyu telefon oldida choy ho‘plab o‘tirgan navbatchiga nimadir dedi. Keyin telefon trubkasini olib, bog‘ni ulashni buyurdi. — «Niva»ni boqqa olib kir. Abdulazizga aytaman. u-bu solib qo‘yadi. Orqaga ikki kanistr benzin tashlab qo‘y. Hozir o‘zim boqqa o‘taman. Mirvali idorani aylanib, bog‘ tomon ketdi. Bog‘ jimjit edi. Oshxonada kechki ovqatga tayyorgarlik ko‘rayotgan oshpazni, Ablaz, deb chaqirdi. Abdulaziz qo‘llarini fartug‘iga arta-arta yugurib chiqdi. U, direktor mehmonni boshlab keldi, deb o‘ylagan bo‘lsa kerak, andak sarosimada edi. Uning bu holatini Mirvali sezdi. — Mehmon bu yerga kelmaydi. Boshqa joyda kutadigan bo‘ldim. Nimaiki pishgan narsang bo‘lsa, Rasulbekning mashinasiga bos. Ayama, mo‘lroq bo‘lsin. Bu payt Rasulbekning «Jiguli»si hovuz oldiga kelib to‘xtagan edi. Rasulbek bilan Abdulaziz korobkalarga joylangan narsalarni «Niva»ga tashiy boshladilar. Ungacha Mirvali mehmonxonaga kirib, «Oltin Yulduz» va deputatlik nishoni qadalgan kostyumini kiyib, o‘ziga oro berib chiqdi. — Bo‘ldinglarmi? — dedi u amirona. — Anavundan bir-ikki shisha tashlab qo‘ydinglarmi? Abdulaziz, xotiijam bo‘ling, degandek ko‘z qisib qo‘ydi. Shofyor rulga o‘zim o‘tiraman, deb o‘ylagan ekan, «Niva» kabinasiga kirib, buyruq kuta boshladi. Mirvali uning yoniga kelib, tush, o‘zim minaman, dedi. Shofyor hafsalasi pir bo‘lib pastga tushdi. Mirvali ketar oldidan: — Kommutatordagi qizlarga aytib qo‘y, meni kim so‘rasa, ertalab jun qirqimiga chiqib ketgan, qachon qaytishini bilmayman, desin, — deb tayinladi. — Iya, zarur gap esdan chiqibdi-ku, telefonni olib kel! Telefon shnuri uzun, o‘n-o‘n besh metr kelardi. Abdulaziz yugurib borib telefonni ko‘tarib keldi. Ikki kafti bilan ushlab, kabinada o‘tirgan Mirvalining trubkani olishini kutdi. U trubkani ko‘tarib, Turg‘unovni ula, deb buyurdi. Birozdan keyin: «Menga qara, men ministrni kutgani chiqmayman. O‘zing chiq. Hoziroq yo‘lga tush. U nima desa, direktor biladi, albatta aytaman, deyaver, bo‘ptimi? U yog‘ini o‘zing kelishtirasan. Men toqqa chiqib ketdim», dedi. Trubkani shaqillatib tashladi-yu motorga gaz berdi. Maydontolga burilganda uzoqda oq «Volgaoga ko‘zi tushdi. Demak, kutishyapdi. Uning yuragi dukillab ura boshladi. Tezroq yetib bora qolsayu tengi yo‘q, beqiyos go‘zal qizning yonginasida o‘tirsa. U gaz pedalini oxirigacha bosdi. Mashina go‘yo havoga ko‘tarilish oldidan tezlik olayotgan samolyotga o‘xshardi, g‘ildiraklari yerdan uzilib yana tushar, yana yerdan uzilib xuddi havoda suzayotgandek bo‘lardi. Mirvali «Volga» yaqiniga borganda birdan tormoz berdi. Mashina tosh-u shag‘allarni ancha joygacha surib borib, giyqillab to‘xtadi. U pastga tushib mashina motorini titkilayotgan shofyoridan so‘radi: — Nima gap? — Tortmayapti, — dedi shofyor. — Nima bo‘lganini bilolmayapman. Mirvali uni jerkib tashladi: — Senga necha marta aytganman, tramblyomi almashtirib ol, deb. Bu ahvolda tepaga tortolmaydi. Yaxshiyam kelganim, bo‘lmasa qolib ketarkansizlar, — u shunday deb, uzr so‘ragandek, orqa o‘rindiqda o‘tirgan Jayronaga qarab oldi. — Sen qaytib ketaver, o‘zim oborib qo‘yaman. Rasulbekning mashinasi o‘tmadimi? — deb so‘radi Mirvali. — O‘tdi, muncha hovliqadi-ya, shunaqayam changitdiki, yo‘lni ko‘rolmay qoldim. Ikki-uch minut chang bosilishini kutib to‘xtab turdim. Shofyor izza bo‘lgan bir alpozda bagajnikdan paketlami olib, «Niva»ning orqasiga ehtiyotlab qo‘ydi. Jayronaning rangi oqarib ketgan, gapirishga ham madori yo‘q edi. U ertalab nonushta qilganicha tuz totmagan edi. Mirvali uning ahvolini ko‘rib, darrov payqadi. — Ochiqqanga o‘xshaysiz. O‘tiring, sal yurib, ovqatlanib olamiz. Jayrona mashinaga chiqdi. Mirvali motorga asta gaz berdi. «Niva» tog‘ tomonga bir tekis o‘rmalab borardi. Teraklar qurshovidagi sayhonlik ko‘rindi. Mirvali mashinani to‘xtatib. yukxonadan buklanadigan stol va ikki stulcha olib o‘rnatdi. Keyin boya Abdulaziz olib chiqqan kastryulkani stolga qo‘ydi. Sumkadan non, qoshiq va sanchqilami chiqazib, birpasda dasturxon tuzadi. — Qani, Jayronaxon, bir tamaddi qilib olaylik. Jayrona ortiqcha iltifot kutmay kelib o‘tirdi. Kastryulkadan tarelkaga suzilgan qovurmadan hovur chiqib turardi. Jayrona, olingolingni, kutmay yeya boshladi. — Qitdek-qitdek qilamizmi, a? — dedi Mirvali. Jayrona bosh chayqadi. — Keling, ozroq, yo‘l azobini bosish uchun. U shunday deb, mashina yukxonasidan bir shisha arman konyagi va ikkita piyola olib stolga qo‘ydi. — Qani, o‘zingiz ochasizmi, yo o‘zim ochib beraymi? Jayrona nima deyishini bilmay. og‘zida ovqat bilan unga hayron qarab turardi. Mirvali shishani olib, og‘zidagi zar qopqog‘ini chiqardi-da, qultullatib ikki piyolani to‘ldirdi. — Voy, men buncha icholmayman, aka. — Ko‘nglingiz ko‘targanicha-da, singlim, — dedi uning bo‘sh kelganidan dadillanib Mirvali. Uni qo‘yarda-qo‘ymay ikki-uch bo‘lib ichirdi. — Ana endi charchoq ham unutiladi, ishtaha ham ochiladi. Uning gapi to‘g‘ri chiqdi. Jayronaning charchog‘i bosilgandek bo‘ldi. U to‘yib qovurdoq yeb olgandan keyin, shisha tagiga bostirib qo‘ygan salfetka qog‘ozga qo‘llarini, lablarini artib o‘rnidan turdi. — Kechirasiz-da, bu qiz muncha ochofat ekan deb o‘ylagandirsiz? Juda ham ochiqqan edim. Qornim to‘yib, endi uyalyapman. Jayrona institutni qizii diplom bilan bitirib, uch-to‘rt yil chet ellarda ishlab keldi. Arab, ingliz, fors tillarini xuddi o‘z ona tilidek yaxshi biladi. U turistik sayohatlarda tarjimon bo‘lib, ko‘p mamlakatlarni kezgan. Tortinchoqlik, iymanib o‘tirish unga begona edi. Yevropaliklarning ko‘p qiliqlari unga shundoqqina o‘tib qo‘ya qolgandi. U chet el turistlarini Samarqandgami, Buxorogami olib borganda ularga qo‘shilib tizzadan yuqori shortik kiyib olar, orqasi botiq kreslolarda oyog‘ini chalishtirib o‘tiraverardi. Buni u uyat sanamasdi. Mirvali uning xipcha beli, oppoq tomoqlariga suqlanib qarar, qiz esa uning bu qarashlariga parvo qilmasdi. Chunki u yigitlarning bu xil qarashlariga o‘rganib ketgan edi. Terakzor orqasidan soy oqardi. Mirvali uni qo‘ltiqlab, o‘sha tomonga boshladi. — Mana, qarang, shunaqa tiniq suvni ko‘rganmisiz? Yo‘q, yo‘q, yaxshilab qarang, nimani ko‘ryapsiz? Baliqlarni ko‘ryapsizmi? Soyda oqimga qarshi bir qarich, bir yarim qarich kattalikdagi baliqlar pildirab suzishardi. Ular baliqlarni tomosha qilgani pastga tushishdi. Jayrona toshga qoqilib ketmasin, deb Mirvali uni belidan ushlab olgan edi. — Iya, bu marinka balig‘i-ku! — Ha, — dedi Mirvali. — Uni Oybaliq deymiz. Rangi ham oy rangida. Olib yerga tashlab qo‘ysangiz, yarim doira bo‘lib pitirlaydi. Xuddi bir tilim oyga o‘xshaydi. Mirvali baliq tutmoqchi bo‘lib, ikkita toshga oyog‘ini tirab engashdi. Oraliqdan beozor suzib o‘tayotgan baliqlarga chang soldi. Tutolmadi. Jayrona, tutolmadingiz, tutolmadingiz, deb qiyqirib, chapak chalardi. Mirvali qirg‘oqqa chiqib, uning tirsillab turgan ikki bilagidan siqib ushladi. — Oybaliqni tutolmagan bo‘lsam ham manavi tilla baliqni tutdim! Jayrona yana qiyqirib kuldi. Mirvali uning qop-qora kipriklar qurshovida qolgan ko‘zlariga tikildi. — Onangiz sizni kiyikning ko‘ziga qarab turib tuqqanlarmi, deyman. Otingiz ham Jayrona, ko‘zlaringiz ham, qomatingiz ham, yurishlaringiz ham jayronning o‘zi. Jayrona indamadi. Yuqoriga chiqishdi. Mirvali yigitlik qoni jo‘sh urayotgan bo‘lsa ham o‘zini o‘zi zo‘r bilan bosib turardi. Shoshilma, Vali, ulgurasan, bu hurkovich kiyik endi hech qayoqqa qochib qutulolmaydi, deya o‘ziga taskin berib, stol, stullarni yig‘ishtirib, yukxonaga joyladi. — Qani, ketaylik. Qorong‘iga qolib, adashib yurmaylik tag‘in, — dedi kabinaga chiqarkan. «Niva»ning orqa eshigi yo‘qligidan Jayrona ham old o‘rindiqqa o‘tira qoldi. Yo‘lga tushishdi. Kech kirib, ajib bir so‘lim payt boshlandi. Yonbag‘irlar ko‘m -ko‘k. Bu taraflarda mashinalar ko‘p qatnamaganidan chang-to‘zon bo‘lmas, tez-tez yomg‘ir quyib turganidan daraxtlarning shundog‘am beg‘ubor barglari yuvilib, xandon pista mag‘zidek och-yashil tusda ko‘rinar edi. Yo‘lning bir tomoni azamat toshlar qalashgan yonbag‘irlik, bir tomoni soy. Unda yuqoridan shitob bilan quyilib kelayotgan tiniq suv toshlarga urilib, qirg‘oqqa sapchib oqardi. Jayrona bu xil manzaralarni faqat hujjatli kinolarda, televizorning kinosayohatchilar programmalaridagina ko‘rgan edi. Hozir konyak kayfidan bu manzaralarni xuddi tushida ko‘rayotganga o‘xshardi. — Magnitofon qo‘yib beraymi? — dedi Mirvali. — Fransuz yoki arab estradasi qo‘shiqlaridan bo‘lsa, mayli. Shashmaqomlarga uncha hushim yo‘q. — Undoq bo‘lsa, gaplashib ketarkanmiz, — dedi Mirvali kulib. — Qay yurtlarda bo‘lganingizni, nimalarni ko‘rganingizni aytib bering. Gaplashib ketsak, yo‘l qisqaradi. — Qaysi birini aytay? Ko‘p joylarga borganman. Fransiya, Italiya, London, Madrid, Qohira... juda ko‘p... — Dunyo kezaman, deb erga ham tegmabsiz. Yoshingiz o‘tib, qarib qolishni o‘ylamaysizmi? Axir, ro‘zg‘or tutish ham kerakku. Jayrona, afsuslangandek, bir uh tortdi. — Gapingiz to‘g‘ri. Mana, yoshim ham o‘tib ketyapti. O‘zim tengi yigitlar uylanib ketishdi. Endi meni kim olardi? Yo xotini o‘lgan, yo xotin qo‘ygan kishi oladi. Qari qiz bo‘lib qolish peshonamda borga o‘xshaydi. Tashvish qilmang, aka, o‘tirgan qiz o‘rnini topadi, deydilar-ku, o‘zimga o‘xshagan umrini o‘tkazib yurgan birontasi topilib qolar. Yurgan qoladi. Ko‘rgan qoladi. Erga tegib bitta bolali bo‘lgandan keyin bunaqa yurishlar qayoqda deysiz. —Siz husningizga ishonasiz. Masjid buzilsa, mehrobi qoladi, deyishadi. Qariganingizda ham yosh yigitlar oyog‘ingiz tagida o‘ralashib yurishiga ishonasiz. Sizdaqalar qari qiz bo‘lib qolmaydi. Kechirasiz, qancha oylik olasiz? — Mirvali shunday dediyu chakki so‘radim, deb pushaymon qildi. — Bir yuzu yetmish so‘m olaman. — Kam ekan. Bir yuzu yetmish so‘m pardoz-andozingizga ham yetmaydi-ku. Agar men hukumat bo‘lsam husningiz uchun oyligingizga yana uch yuz so‘m qo‘shardim. Jayrona xandon tashlab kuldi. — Podoxodniy bilan bezdetniyga ushlab qolarmidingiz? Men siz o‘ylagancha nochor, muhtoj banda emasman, Mirvali aka. Uyda kechalari mashinka bosaman, aspirantlarning kandidatlik dissertatsiyalarini ko‘chiraman. Institutga kiradiganlarga arab, ingliz tillaridan repetitorlik qilaman. Jumallar uchun arab, fors tillaridan hikoyalar tarjima qilib beraman. Pulim o‘zimga yetarli. Mirvali ichida, tirikchiligi baribir nochor, deb o‘yladi. Bu import ko‘ylaklaru tuflilar, taqinchoqlar, har biri sakson so‘m turadigan fransuz atirlari uchun uning topgani nima ham bo‘lardi. Topgan-tutganini nihoyatda tejab sarflasa kerak. Qarang, ko‘rgan odam shu go‘zal qizning ham tashvishi bormikan, deb o‘ylaydi. Bu xil ayollar kiyinish uchun, taqinish uchun ovqatdan tejaydi. Mirvalining unga rahmi keldi. Agar xo‘p desa, hoziming o‘zida sumkasiga siqqancha pul solib qo‘yishga ham tayyor edi. — Juda antiqa kiyinar ekansiz. Har qanday xotinning ham ko‘zini kuydiradigan ko‘ylaklar... — «Beryozka» degan magazin bor, bilasizmi? Valyutaga sotadi. Chet el turistlari u yerdan deyarli savdo qilishmaydi. O‘shalardan o‘zimizning pulimizni valyutaga almashtirib olaman. Keyin, chet elga chiqqanimda oyligimga chek berishadi. Chekni bilasizmi? — Bilaman, — dedi Mirvali xuddi shuni kutgandek. — Qanaqasidan kerak, menda har qanaqasidan bor. Jayrona unga hayron bo‘lib qaradi. — Rostdanmi? Sizda qayoqdan bo‘ladi? Mirvali javob o‘miga bir ko‘zini qisib qo‘ydi. — Mashinangiz tepalikka kelganda tortmaydi, — dedi Jayrona qat’iy ohangda. — Nega? — dedi Mirvali hayron bo‘lib. — Mana ko‘rasiz! Yaxshisi, qorong‘i tushmay to‘g‘rilab oling. Ikkinchi svechasi chiqib ketgan. Mirvali uning gapiga parvo qilmay ketaverdi. — Mashinani ayamas ekansiz. O‘zingizniki emas-da. — Shoshmang, siz qayoqdan bilasiz? — Bilaman, — dedi Jayrona. — Qohirada ikki yil, Bombeyda bir yil mashina minganman. Ammo Londonda eplab minolmaganman. Avariya qilishimga oz qolgan. Posol mashina minishimni taqiqlab qo‘ygan. Bilasizmi, u tomonlarda mashinaning ruli o‘ng tomonda. Mirvali hang-mang bo‘lib qoldi. Bu qiz balo ekan. Ko‘rmagan joyi, qilmagan ishi qolmagan. Nimani gapirsang, oldingdan to‘sib chiqadi. Yo‘l yuqoriladi. Mashinaning tortishi qiynalib, ko‘ksovga o‘xshab «yo‘tala» boshladi. Har «yo‘talgan»da kuzov silkinib ketardi. Jayrona shchitga qaradi. Strelka suvning yuz darajaga yetay deb qolganini ko‘rsatardi. — Suv qaynab ketdi, to‘xtating, — dedi Jayrona. Mirvali mashinani to‘xtatib, pastga tushdi-da, kapotni ochdi. Motordan ko‘tarilgan qaynoq havo yuziga urilib, o‘zini orqaga tashladi. Jayrona ham tushdi. Motor yonida oq chinni svechaga ulangan sim osilib turardi. — Ana, ko‘rdingizmi? Joyiga tiqib qo‘ysangiz, olam guliston! Mashina ham qiynalmaydi, o‘zingiz ham. Mirvali uning aytganini qildi. Yana yo‘lga tushishdi. Endi motor bir maromda gurillar, yuqoriga kuchanmay o‘rmalardi. Mirvali faqat mashina minishni bilardi. Biron joyi buzilsa, garajga tashlab, boshqasini minib ketaverardi. U qiz oldida shu oddiy narsani bilmaganidan xijolat chekkandek, ancha joygacha indamay ketdi. Yo‘l tog‘ o‘ngiridan chiqqandan keyin yalanglik boshlandi. Jayrona tashvishlanib so‘radi: — Yetay deb qoldikmi? Qorong‘i tushyapti-ya! — To‘g‘ri yo‘lni ko‘chki bosgan. Ko‘chkini bilasizmi? Tog‘- dan tosh qulab, yo‘lni to‘sib qo‘ygan. Aylanma yo‘ldan ketyapmiz. O‘n bir kilometr farq qiladi. O‘ng tomondan qip-qizil bo‘lib barkashdek oy ko‘tarila boshladi. Mirvali mashina farasini yoqdi. — Qorong‘iga qolib ketdik. Yurish sal og‘irroq ko‘chadi. Olisni ko‘rsatuvchi fara yo‘l o‘rtasiga surilib tushgan xarsang toshlarni yoritdi. — Obbo, — dedi Mirvali. — Bu yoqda ham ko‘chki surilibdiku! Endi o‘tib bo‘lmaydi. Orqaga qaytishning iloji bo‘lmasa. U shunday deb kabinadan sakrab pastga tushdi. U yoq-bu yoqqa alanglab, nimalarnidir o‘ylagan bo‘ldi. — Mundoq qilsak. Chap tomonga ozroq yursak, mehmon kutadigan bazamiz bor. O‘sha yerda tong otdiramiz. Jayronaning bo‘shashibgina aytgan, orqaga qayta qolaylik, Mirvali aka, degan gaplariga u e’tibor bermay, iloji yo‘q, iloji yo‘q. deya mashinani orqasi bilan yurgizib, chap tomondagi ikki tegirmon suv oqadigan soy ustidagi omonat ko‘prikka qarab yurgizdi. Mashina lopillab, narigi tomonga o‘tib oldi. Yo‘l tor bo‘lsa ham ancha tekis ekan. Mirvali rulni qiynalmasdan boshqarib borardi. Bir ozdan keyin yo‘lning o‘ng tomonida kattagina g‘orning og‘zi qorayib ko‘rindi. Mirvali mashinani g‘or ichiga burdi. Ichkari qorong‘i edi. Fara ildizlar osilib turgan g‘or devorlarini yoritib borardi. Saldan keyin taxminan o‘n besh sotixcha keladigan yalanglikka chiqishdi. Atrofi bahaybat toshlar bilan qurshalgan bu yalanglik xuddi ertaklardagi sirli joylarga o‘xshab ketardi. Yalanglik adog‘ida g‘uj archazor, tepadan bir tegirmon suv quyilib turipti. Suv qayoqqa singib ketyapdi, bilib bo‘lmasdi. Mashina archazor orasida to‘xtadi. — Yetdik, tushaylik endi, — dedi Mirvali. Jayrona hayron bo‘ldi. Bu qanaqa joy? Uy yo‘q-ku. Hammayoq tosh. U mashinadan tushmay o‘tiraverdi. Mirvali qorong‘ida qayoqqadir ketdi. Birpasdan keyin og‘ir bir narsa qaldirab surildi. U qaytib kelib kabinadan karton qutini olarkan, yuring, dedi. Jayrona yuragi betlamayroq unga ergashdi. Uch metrcha keladigan qorong‘i yo‘lakdan o‘tib to‘xtashdi. Mirvali timirskilanib, nimanidir qidirdi. Keyin bir tabaqali temir eshik g‘iyqillab surildi. Yo‘lak yorishib ketdi. Ichkariga kirishlari bilan, Jayronaga yo‘l beraman, deb Mirvali nimagadir qoqilib, ingrab yubordi. Polga taraqlab nimadir tushdi. — Ha, dayus, shu yerga qo‘yarmidi-ya! — U ayol kishi oldida beixtiyor so‘kinganini sezib qoldiyu uzr so‘radi. — Ko‘rmaysizmi, oyoq ostiga qo‘yipdi. Zal arab mebellari bilan jihozlangan. Yonidagisi oppoq bulg‘or mebellari qo‘yilgan yotoqxona. Ajdar surati solingan xitoy choyshablari yopilgan qo‘sh karavot. Par yostiqlarning burchak tomoni yuqoriga qaratib qo‘yilgan. Kiraverishda oshxona. Atirgul tasviri tushirilgan chex kafellari devorlarga yopishtirilgan. Burchakda ballonli gaz. Unga yonma-yon qora kafelli vannaxona. Hamma xonalar nihoyatda did bilan bezatilgan. Har bir xona ostonasiga uchi gajakka o‘xshab qayrilgan hind shippaklari tashlab qo‘yilgan. Javonlarda rangli chex, nemis billur idishlari. Xitoy, yapon chinni servizlari. — Qani, endi o‘zingiz xozyaykalik qilasiz, — deya oyog‘ini ko‘rsatdi Mirvali. — Invalid bo‘lib qoldim. Jayrona oshxonaga kirdi. Gaz plitasi ustidagi qozon hali sovimagan edi.Qopqog‘ini ochib qaradi, hasip. Demak, bu yerda kimdir bo‘lgan. Ketganiga hali yarim soat ham bo‘lmagan. Taomlar boshqa yerda pishirilib, qozoni bilan olib kelingan. Jayrona koridorda qolgan sumkasini ko‘tarib yotoqqa kirdi. Zum o‘tmay, nzun xalatining bog‘ichini yo‘l-yo‘lakay boylab chiqib keldi. — Siz o‘tiring, buyog‘iga men xizmat qilay. Mirvali dasturxon ustidagi dokani ochdi. Stol usti anvoyi mevalar bilan to‘lib ketgan edi. Xandon pistadan tortib chaqilgan bodomgacha, danak qorilgan tog‘ asalidan tortib kakligu bedana go‘shtigacha bor edi. — Mirvali aka, hasip sovib qopti.Siz birpas dam olib turing, hozir isitib chiqaman, — dediyu yana oshxonaga kirib ketdi. Bu joylarda tez-tez elektr o‘chib tursa kerak. Oshxonadagi stol chetida besh-o‘nta sham yotardi. Mirvali oyog‘ining og‘rig‘iga chidamay, eshik kalitlarini stolga tashlaganini sezmapdi. Jayrona kalitlarni qo‘liga oldiyu o‘ylanib qoldi. Miyasi yashin tezligida ishlab ketdi. Bitta shamni tarelkaga yotqizib qo‘ydiyu gaz plitkasining duxovkasiga tiqdi. O‘t oldirdi. Sal fursatdan keyin plita eshigini ochgan edi, sham holvaytardek erib hil-hillab qopti. U shoshib kalitlarni oldi. Erib turgan shamga ikkala kalitni bostirib, gazni o‘chirdi. Ana undan keyin hasipli qozon tagiga o‘t yoqdi. Shamli tarelkani olib, xolodiinikning muzxonasiga tiqdi. — Bo‘ldimi? — degan ovozdan cho‘chib ketgan Jayrona: — Hozir, hozir, picha sabr qiling, — deb g‘udrandi. To hasip isiguncha u ikki marta Mirvalining oldiga kirib: — Oyog‘ingizning og‘rig‘i bosildimi? — deb so‘radi. Mirvali javob o‘rniga boldirini silab, o‘zini o‘zi zo‘rlab iljaydi. — Hozir suzib kelaman. Jayrona shunday deb, servantdan lagan olib oshxonaga qaytdi. Xolodilnikni ochib tarelkani oldi. Sham qotib oppoq bo‘lib turardi. U asta kalitlarni chiqazib, salfetka qog‘oz bilan sham ilashgan joylami artib, oldingi o‘rniga qo‘ydi. Kalit izi tushgan shamni qog‘oz paketga solib supurgi, shvabra turgan burchakdagi paqir orqasiga yashirdi. Bu payt qozon qaynab, hammayoqni hasip hidi tutib ketgan edi. Jayrona bir lagan hasip ko‘tarib kirganda Mirvali o‘rnidan turib, dasturxonga qarab o‘y o‘ylayotgan edi. Hasip dasturxonga qo‘yildi. Mirvali qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, yalingandek dedi: — Agar malol kelmasa, servantning pastki eshigini ochsangiz. Jayrona eshikni ochdi. Ochdi-yu hang-mang bo‘lib qoldi. Servantning past xonasi fransuz, arman konyaklari bilan to‘lib ketgan edi. Hatto qo‘sh quloqli amforada yunon konyaklari ham boredi. Jayrona uzoq yurtlarda bularning barini ko‘rgan, ammo bu yerda bo‘lishiga sira-sira aqli bovar qilmas edi. — Sizga qaysi biri ma’qul? Yoqqanini oling. Jayrona go‘yo sehrlangandek edi. Mirvali nima desa itoatkorona bajarardi. U «Napoleon» degan fransuz konyagini olib stolga qo‘ydi. Mirvali shisha bo‘g‘zidagi zar qopqoqni pichoq bilan tilib, po‘kagini tishi bilan sug‘urib oldi. Och havorang qadahning ikkitasiga to‘ldirib quydi. — Qani, sayr ham sayr, sargardonlik ham sayr. Yaxshiyam shu joyni qurdirib qo‘ygan ekanman. Bo‘lmasam, bo‘rilarga yem bo‘lib ketardik. Oling, tortinmay olavering. Yomon niyatim bo‘lsa, yo‘ldayoq sizga ... Sizni qattiq hurmat qilaman. Jayrona hurkibroq qadahni qo‘liga oldi. Mirvali to u ichib yuborguncha qarab turdi-da, keyin bir zarb bilan qadahni bo‘shatdi. — Ovqatga qaraylik. Ikkovlari ishtaha bilan ovqat yeyishga tushishdi. Mirvali Jayronadan bu joyda qayoqdan issiqqina ovqat paydo bo‘lib qoldi, degan savolni kutgan edi. Agar shuni so‘rasa, ministmi kutishga hozirlik ko‘rib qo‘ygandim, deb aytmoqchi edi. Lekin Jayrona so‘ramadi. Bu joyni Rasulbekdan va o‘zidan boshqa hech kim bilmasdi. Uni qurgan ustalar juda uzoqda. Allaqachon Yunonistonga ketib bo‘lgan. Beton ishlarini mahbuslar bajarishgan. Bu joyga faqat yugurdak — Rasulbek kelardi. Mirvali qandoq ish buyursa, nima uchun, deb so‘ramasdi. Faqat, faqat bajarardi, xolos. Mirvalining shofyori ham bu joyni ko‘rmagan. Tog‘u toshda yuradigan cho‘ponlar bu joyni harbiy ahamiyatga ega deb, soqchi otib qo‘yishidan qo‘rqib, yaqin kelishmasdi. Bu maskan pastak qoyalar bilan o‘ralgan. Qoyalar uchi xuddi salom berayotgandek egilib, qor-yomg‘irlardan to‘sib turardi. Bir yon tubsiz jar. Bahaybat archalarning qurigan malla rang shoxlarida kechalari boyo‘g‘lining xunuk sayrashi eshitiladi. Etlarni jimirlatib yuboradi. Ammo tong mahali ohanglarga to‘lib ketadi. Tongotar payti bulbullar paydar-pay sayraydi. Toshdan-toshga sakrab kiyiklar podasi jarlikka suv ichgani o‘tib ketadi. Osmoni falakda burgut qanotini tarang yozib uchadi. Hali hech kimga yuzini ko‘rsatmagan quyosh tig‘i uning qanotiga tushadi. Go‘yo burgut qanotini olovli nurda qayrayotganga o‘xshab ketadi. Mirvali ba’zi-ba’zida tong mahali bu tosh qal’adan chiqib, xudoga, gunohlarimdan kech, deb iltijolar qiladi, ko‘rayotgan kunlariga shukronalar aytadi. Qora kechada bu uyda bo‘lib o‘tgan qora ishlardan shu bilan poklangandek yengil tortardi. Mana hozir u shirakayf. U shu topda qarshisida bir jahon bo‘lib o‘tirgan tengsiz go‘zal qizning zulukdek qoshlariga, mastona ko‘zlariga, gardanida o‘rimga kirmay qolib baqbaqasiga yaqin joygacha egilib ketgan zulflariga mahliyo bo‘lib o‘tiribdi. Endi shu qiz uniki. Qiz nima deydi, ko‘nadimi, ko‘nmaydimi, unga bari bir. Shu topda birgina Mirvalining xohishi yetarli. Qizning bundan buyoqdagi hayoti shu bugun, shu topda hal bo‘ladi. Mirvali qat’iy ishonch bilan o‘rnidan turdi. Kelib, qizning xalati yoqasidan sal-pal ko‘rinib turgan yelkasiga qo‘lini suqdi. Yoqasini surib, yalang‘och gardanini silay boshladi. Qiz hushyor tortdi. Qarshisidagi ko‘zlari hirsga to‘lgan kishining hozir har qanday zarbaga tayyor ekanligini sezib turardi. U o‘rnidan turib, tisarilib nari ketdi. Qo‘ltig‘iga qisilgan zajigalkadek kichkina to‘pponchaning siynaband tasmasiga ulangan bog‘ichini bo‘shatdi. Bir intilish bilan yulqib olishga tayyor qilib qo‘ydi. Mirvali borib, uni burchakka qisdi. — Qarshilik qilishning foydasi yo‘q, Jayron. Endi sen meniki bo‘lding. Jayrona ortiqcha hayajonga tushmadi. Asta uning ko‘ksidan itardi. — Qo‘ying, qo‘ying, Mirvali aka. Mirvali turgan yerida kostyumini yechib, divanga uloqtirdi. Tashqarida mashina signal berdi. Mirvali to‘xtab, quloq soldi. Kimdir keldi. Bu tomonlarga kim kelishi mumkin?! Mirvali, Rasulbekmi, kim bo‘ldi ekan, deb o‘yladi. Nag qanday ChP bo‘lganda ham men borimda bu tomonlarga kelmaysan, deb qasam ichirgan edi-ku? Nima bo‘ldi ekan? Favqulodda, zudlik bilan xabar qiladigan voqea bo‘ldimikin? Mirvali kostyumini olib, shoshilgancha oqsoqlanib tashqariga otildi. Mashina oldida Rasulbek bezovtalanib turardi. — Nima bo‘ldi? — dedi Mirvali past ovoz bilan. — Meni kechiring, xo‘jayin. Quda buva telefon qildilar. Qayerda bo‘lsa ham zudlik bilan topib kelinglar, nihoyatda muhim gap bor, dedilar. Yetib bormasangiz bo‘lmaydiganga o‘xshaydi, xo‘jayin. Mirvali, qudam shu paytda qidiryapdimi, demak, juda zarur gap, deb o‘yladi. Ishqilib, tinchlik bo‘lsin-da... U shoshib orqasiga qaytib, ichkariga kirdi. Jayrona hamon burchakka qisilgancha ko‘zlari javdirab turardi. Mirvali unga yaqin kelib, iyagiga qo‘l yubordi. — Toleing bor ekan, Jayron. Zarur ish bilan idoraga ketdim. Ertalab kelaman. Har ehtimolga qarshi ustingdan qulflab ketaman. Bemalol yeb-ichib, uxlayver. Bu joyda seni hech kim bezovta qilmaydi. U shunday dediyu shoshilgancha chiqib ketdi. Tashqari eshik qarsillab yopildi, kalitning shiqirlagani eshitildi. Og‘ir bir narsa qaldirab surildi. Bir zumdan keyin hammayoq jimjit bo‘lib qoldi. Jayrona hushi o‘ziga kelib, atrofni kuzata boshladi. Devoming bir tomoniga turkman gilami osilgan. Burchakda yapon televizori. «Ajab, — deb o‘yladi Jayrona, — shu baland tog‘lar orasida televizor ko‘rsatuvlarni olarmikan? U yaqinroq borib qaradi. Pastak kursida videomagnitofoni ustiga salfetka tashlab qo‘yilgan ekan. Uning yonida videokassetalar... Qoziqqa «Konika» deb atalgan yapon fotoapparati tasmasidan osib qo‘yilgan. Jayrona apparatni olib g‘ilofidan chiqardi. Qancha surat olinganini ko‘rsatadigan raqamga qaradi. O‘n yetti kadrsurat olinibdi. Apparatni joyiga ilib qo‘ydi. Videoni tokka ulab kassetalardan birini qo‘ydi-da, knopkani bosdi. Ekran yorishib lipillab turdi-yu birdan Parij, Eyfel minorasi ko‘rindi. Minora uzoqlashib, ekranda yozuv paydo bo‘ldi. Bu filmning nomi edi. Jayrona uni ilgarilari bir ko‘rgandi. Bu fransuz kontrabanda shahvoniy filmi edi. Jayrona uni to‘xtatib, boshqa kassetani qo‘ydi. Bunisi Xitoy karatechi qizlari to‘g‘risidagi film. Uni bir oz tomosha qilgandan keyin o‘chirdi. Tun uzoq. Tong otishiga hali allaqancha vaqt bor. U nima qilishini bilmay yotoqxonaga kirdi. Shifoner eshigini ochib qaradi. Hech qanday kiyim-bosh yo‘q. Uzun ingichka eshikni ochdi. Tokchalarda sochiq, choyshab, ko‘rpa g‘iloflari taxlangan. Pastdagi tortmani beri surdi. Unda xilma-xil atir sovunlar. Yetti-sakkiz qutichada fransuz duxisi. Keyingi tortmada tish pastasi, soqol oladigan mashinka va bir necha pachka lezviye. Qog‘ozga o‘rog‘li yana nimadir bor. Ochib ko‘rdi. Toshkent, GUM, deb tamg‘a qo‘yilgan qog‘ozga o‘rog‘li o‘n chog‘li yangi, hali ochilmagan fotoplyonkalar... Jayrona ulardan birini olib ochdi. Zar qog‘ozni xalatining cho‘ntagiga solib qo‘ydi. Keyin plyonkani elektr yorug‘iga tutib turdi-da, yana qaytib zal uyga chiqdi. Chiroqni o‘chirib, fotoapparatdagi plyonkani chiqarib, yangi lentadan qolgan qora qog‘ozga ehtiyot qilib o‘radi. Ustidan zar qog‘oz bilan obdan nur kirmaydigan qilib o‘rab tashladi. Unga ham qanoat qilmay, dasturxonda boya Mirvali ochgan shokoladning zar qog‘ozini ham plyonka ustidan o‘radi. Keyin chiroqni yoqib, boya nurlangan plyonkani kassetaga o‘rab apparatga joyladi. O‘n yetti raqami kelguncha g‘altakni aylantirib, apparatni g‘ilofga joyladi-da, yana ilib qo‘ydi. Endi u bu qafasdan qutulib ketish yo‘lini o‘ylardi. Chiqib ketishning sira iloji yo‘q edi. Eshik qo‘sh qulf bilan berkitilgan. Jayrona nima qilishini bilmay, vannaxonaga mo‘raladi. Odam bo‘yi yetmaydigan balandlikda bir patnis eni deraza bor edi. Unga ternir panjara o‘rnatilgan. Boya Mirvali qoqilib ketgan qutiga ko‘zi tushdi. Tepasiga qo‘sh ryumka tamg‘asi tushirilgan quti negadir to‘la ochilmay qolib ketgan, yonida ombur yotardi. Jayrona omburni olib vannaxonaga kirdi. Panjara to‘rt yeridan mixlangan edi. U zaldan stul olib kelib, derazaga bo‘y cho‘zdi. Ombur bilan mixlarni sug‘urishga kirishdi. Juda uzun mix ekan, hadeganda sug‘urilavermasdi. Ikki soatcha urinib, atigi ikkita mixni arang sug‘urib oldi. Qo‘llari qavarib, terga botib ketdi. Qolgan ikkitasini sug‘urib o‘tirmay, panjarani bir tomonga sura boshladi. Panjara xuddi eshikchaga o‘xshab bir yoqqa ochilib qoldi. Endi unga bemalol odam sig‘ishi mumkin edi. Jayrona derazaga bo‘ylab tashqariga qaramoqchi bo‘ldi. Deraza orqasi ozg‘inroq odam sig‘adigan tuynuk edi. Jayrona surilib-surilib tuynuk oxiriga yetdi. Toza tog‘ havosi dimog‘iga urildi. Oy to‘lishgan bo‘lsa kerak, toshlar qirov rangida elas-elas ko‘rinib turardi. Pastga qaradi. Yertaxminan to‘rt metrcha pastlikda. U tisarilib-tisarilib, yana vannaxonaga qaytib chiqdi. Zalga kirdiyu, divanga o‘tirgancha o‘y o‘ylay boshladi. Xayoliga biron jo‘yali fikr kelmasdi. Keyin birdan fikri tiniqlashdi-yu, yotoqxonaga kirib, ikkita choyshab ko‘tarib chiqdi. Birini biriga mahkam qilib bog‘ladi. Ana endi bo‘ldi, deb o‘yladi. Bir uchini panjaraga bog‘laymanu osilib tushaman. Soatiga qaradi. Beshdan oshipdi. Hademay tong otadi. So‘qmoqlar sal yorishishi bilan yo‘lga tushaman, deb tong otishini kuta boshladi. Paketdagi shamni ehtiyot qilib sumkasiga joyladi. Yana koridorga chiqib, oyoq ostidagi quti tepasiga keldi. Radiolar ekan. Ichidan pasportini olib, muqovasining ich tarafiga qaradi. Keyin ichkariga kirib xat yoza boshladi. Yuklarini ko‘tarib, vannaxonaga kirdi. Boya ikkitasini bir-biriga ulagan choyshabni chamalab ko‘rdi. Kaltalik qilmasmikin, deb o‘yladi. Yana bitta choyshab opchiqib uladi. Endi yetadi, degan qanoatga keldi. Boya qanday azob bilan deraza-tuynukdan sudralib tashqariga bosh suqqan bo‘lsa, yana o‘shanday sudralib tuynuk oxiriga yetdi. Tong otgan. Toshlandan shudring ko‘tarila boshlagan edi. Jayrona choyshab uchini lapanglab turgan panjaraga mahkam qilib bog‘ladi. Tishi bilan tugunini tekshirib ko‘rdi. Keyin munkib ketishdan qo‘rqib, yarim beligacha tuynukdan tashqariga chiqdi. Choyshabni ikki qo‘llab qattiq ushladi-yu, butun gavdasini tashqariga oldi. Orqasi tosh devorga gursillab urildi. Choyshabni qo‘yvormadi. Sidirilib kaftlarini shilib yubormasligi uchun jon-jahdi bilan choyshabga yopishib olgan edi. Xuddi sirk akrobatlariga o‘xshab asta pastga tusha boshladi. Oxiri oyog‘i yerga tegdi. Choyshabni qo‘yib yuborib, qaddini rostladi. Tepaga qaradi. Bu tomonda deraza borligi bilinmasdi. Oddiy tog‘ g‘orchasi bo‘lib ko‘rinardi. Jayrona sumkasini yelkasiga olib, xilvat maydonchadan chiqib ketishga yo‘l izlay boshladi. Toshlardan sakrab-sakrab tepalikka chiqdi. Yana pastga tushdi. Kechagi archazorga ko‘zi tushdi. Aylanib o‘sha tomonga o‘tdi. Kecha uyga qayerdan kirganla-rini bilolmadi. Hammayoq tosh. Bironta bosh suqqudek joy yo‘q. Archazor oldidagi yalanglikda kechagi «Niva» turardi. Jayrona qo‘rqib ketdi. Mirvali kelganu uni kutib turganga o‘xshadi. Hushyor tortib, to‘pponchasini olib, u yoq-bu yoqqa alangladi. Asta borib mashina kapotini ushlab ko‘rdi. Muzdek. Demak, Mirvali kecha idoraga boshqa mashinada ketgan. Jayrona yana orqasiga qaytdi. Kechagi, eshikka olib boradigan g‘orni qidira boshladi. Uning bir ko‘ngli to shu eshikni topmaguncha ketmaysan, deyayotgandek edi. Ammo ortiqcha hayallashning iloji yo‘q edi. Mirvali kelib qolsa, hamma ish barbod bo‘lishi aniq edi. Jayrona sumkasini mashina ichiga otib, kabinaga qaradi. Kalit yo‘q. Rul tagiga bosh suqib, elektr simlarini sug‘urib oldi. Birini biriga ulab gaz berdi. Motor yo‘talgandek bir silkinib qo‘ydi. U yana gaz berdi. Motor o‘t oldi. To qiziguncha bir dam kutib turdi. Keyin yo‘lni chamalab asta yurgizdi... Mirvalining qudasi gapni cho‘zib o‘tirmay, maqsadni aytib qo‘ya qoldi: — Mening moliya-xo‘jalik ishlari bo‘yincha instruktorim Mahkamovning oldiga ketgan. Rov borib rov keladi. Qaytishda sizga uchraydi. Bachkanalik qilib, unga har balolami gapirib O‘tirmang. Olib borgan hujjatga imzo chekib darrov qaytarib yuboring. Tushundingizmi? Quda boshqa gap aytmay, trubkani qo‘ydi. U aytgan odam soat birlarda boqqa kirib keldi. Mirvali uni tanirdi. Markazqo‘m sekretarlari, bo‘lim mudirlari mingan mashinalar ikki yil o‘tkazib oblast rahbarlariga, oblast kattalari mingan mashinalar esa raykomlarga berilardi. Bu ishlarga Mirvalining qudasi boshchilik qilardi. Kelgan odam esa uning sodiq xizmatchisi. Mehmon shoshib turgan edi. Mirvali tayyorlab qo‘ygan dasturxon yaqiniga ham bormadi. Papkasidan bir varaq qog‘oz olib Mirvaliga berdi. Shuni deputatlik blankangizga o‘z qo‘lingiz bilan ko‘chirib, aslini yirtib tashlar ekansiz. Unda shunday yozuv bor edi. «O‘zbekiston SSR Oliy Sovetining deputati Mirvali Rixsiyev, SSSR Oliy Soveti deputatligiga nomzodim ko‘rsatilayotgani sababli O‘zbekiston SSR Oliy Coveti deputatligi vakolatini zimmamdan soqit qilaman». Mirvali ichkaridan deputatlik blankasini olib chiqib, xatni shoshilmay ko‘chirdi. Tagiga imzo chekdi. Mirvali xatni ko‘chirib bo‘lgandan keyin bir pas ushlab turdi. Uning xayolidan, meni laqillatayotgani yo‘qmikin, degan gap o‘tdi. Mehmon ketishga chog‘lanayotganda Mirvali, ovqat tayyor, ozroq nasiba, oling, deb iltimos qilsa ham, meni samolyot kutyapti, deb o‘tirishga unamadi. Qudasining bu yaxshiligidan Mirvalining boshi ko‘kka yetgandek bo‘ldi. Mirvalining kayfiyati a’lo edi. Bunaqa quvonch hamma vaqt bo‘lavermaydi. U tog‘dagi qafasda qolgan Jayrona oldiga borishi kerak. Maishat ham shu kayfiyatga yarasha bo‘ladi. Shofyor qora terga tushib mashinaning nimasinidir tuzatayotgan edi. — Qani ketdik, — dedi Mirvali toqatsizlanib. — O‘n minut sabr qiling, xo‘jayin, hozir bo‘ladi. Mirvali depsinib, shofyorni bo‘ralab so‘kkanicha u yoqdan bu yoqqa asabiy borib-kelib turardi. Shu payt Abdulaziz bog‘dan o‘qdek otilib chiqdi. — Xayriyat, ketib qolmagan ekansiz, xo‘jayin. Sizni sekadan so‘rashyapti.Tez boring, trubkani qo‘ymay kutib turibdi. Mirvali shoshib ichkariga kirib ketdi. Trubkani ko‘tardi. — Rixsiyev eshitadi. — Men Ribnikovman. Qadrdonimiz Leonid Ilich hozir Olmaotadalar. Ertaga bizga keladilar. Siz katta akaning topshiriqlariga binoan mehmoniminizni aeroportda "non-tuz" bilan kutib olasiz. Hamma ordenlaringizni taqib keling... U shunday deb trubkani qo‘ydi. Mirvali shodlikdan entikdi. Bir kunda ikki olamshumul quvonch. Omading kelsa, shunaqa bo‘larkan. Demak, tog‘dagi ishratxonada bo‘ladigan maishat ham ikki hissa bo‘ladi. Shofyor mashinani o‘qdek uchirib ketdi. Mirvali «Ishratxonaga» yetmasdan mashinadan tushdi. — Ertalab bog‘da meni kutib tur. Men «Niva»da qaytib boraman, — deya tayinladi u shofyoriga. Mirvali ozroq piyoda yurib keldi-yu, kecha tashlab ketgan «Niva»ningjoyida yo‘qligiga hayron bo‘ldi. Shoshib «Ishratxona»ning temir eshigiga kalit soldi. Bo‘yi va eni bir yarim metr keladigan g‘orog‘zi ochildi. Ichkariga shoshib kirdi. Kalit solib, temir eshikni ochdi. Jayrona, Jayrona, deb ovoz berdi. Javob bo‘lmadi. Hamma xonalaiga kirib chiqdi. Jayrona yo‘q edi. Yuvinayotgan bo‘lsa kerak, deb vannaxona eshigini itardi. Ichidan berk edi. Taqillatdi, javob yo‘q. O‘zini bir balo qilib qo‘ymadimikin, deb yuragini vahm bosdi. Yelkasi bilan eshikni gursillatib ikki-uch urdi. Oxiri eshik ochilib ketdi. Deraza panjarasi osilib qolgan. Unda choyshab oq bayroqdek hilpirab turardi. Mirvali butun urinishlari bekor ketganidan alamda gurs-gurs yurib zalga chiqdi. Stolda xat. Shoshib o‘qiy boshladi. «Hurmatli Mirvali aka! Meni kechiring. Sizni kutmay ketib qoldim. Sizdan aslo xafa emasman. Hech narsangizga tegmadim. Men to‘g‘rimda yomon xayollarga bormang. Aslida, o‘zim shunaqa «jinniroqman». Yigitlarga bosh eggim kelmaydi. Qandoq qilay, onam meni shunaqa qilib tuqqan bo‘lsa. Men shunaqa yugurik jayronman. Menga hech qanaqa ovchi o‘q yetkazolmaydi. Toshkentga borganingizda meni yo‘qlab turing. Har qalay, qadrdon bo‘lib qoldik. Sizga hurmat bilan Jayrona». Mirvali xatni o‘qib, bo‘shashib o‘tirib qoldi. Bu yaramas qiz yana u sochgan donni cho‘qib qochdi. Xatning mazmuniga qaraganda, unchalik dili og‘rimaganga o‘xshaydi. Bu tosh qal’adan omon-eson qutulib ketganiga shukr qilyapdi, shekilli. Lekin Mirvali nihoyatda ehtiyotkor odam. Tulki qorda iz qoldirmaslik uchun dumi bilan izlarini supurib ketganidek, u ham biron joyda iz qoldirmasdi. U xonalarni bir-bir aylanib, jihozlami ko‘zdan kechirdi. Televizomi ushlab ko‘rdi. Qo‘yilmabdi. Qo‘yilgan bo‘lsa, korpusi issiq bo‘lardi. Qoziqdan fotoapparatni olib, kadr raqamiga qaradi. O‘n yettinchi kadrda to‘xtagancha turibdi. Videokassetalarni bir-bir qo‘liga olib qaradi. Hammasi joyida. Demak, u hech narsaga tegmagan. Faqat, faqat omburning xonada qolgani chakki bo‘lgan ekan. Bitta shu ombur pand bergan. Attang. Yaramas Rasulbekning pandavaqiligi bu. Bari bir xatning ruhi unga ancha taskin berardi. Unda zarda, alam sezilmasdi. Toshkentda ko‘rishaylik, qadrdon bo‘lib qoldikku, degani uni ancha tinchitdi. Mirvali kelayotganida tabiati nihoyatda ravshan edi. Maishat ham mana shu ko‘tarinkilikka yarasha bo‘ladi, deb o‘ylagan edi. Hamma o‘ylari chippakka chiqdi. Jayrona uni dog‘da qoldirib, tosh qafasni parchalab qochibdi. Yana bir yomon ish shuki, Mirvali muyulishga kelganda, har galgidek, shofyorga javob berib yuborgan edi. «Niva»da qaytaman, deb o‘ylagan edi. Endi «Niva» yo‘q, uni olib kelgan mashina ketib qolgan. Bu yerda xabar qilish uchun na telefon bor, na ratsiya. Mirvali garang ahvolda edi. Piyoda yurib tog‘ma-tog‘, dovonma-dovon oshish osonmi? U nima bo‘lsa ham, biron cho‘ponning otini olarman, degan o‘y bilan eshikka qo‘sh qulf urib, g‘ordan chiqdi. Tolibjon har kuni katta yo‘lga chiqib, Samarqand—Kitob, Panjikent—Shahrisabz marshrutida qatnaydigan avtobuslardan gazeta olib kelardi. Bolalar ham unga ergashib borib kelishardi. Bekat gavjum edi. Unda kavkazlik bir yigit kabob sotadi. Lang‘illab yonayotgan ko‘mir tepasiga qo‘yilgan choydish hamma vaqt vaqirlab qaynab turadi. Tolibjon bolalarni qator o‘tqazib qo‘yib, kabob olib beradi. Kabobchidan sal narida bir necha xotin kleyonka yozib kiyiko‘ti, ravoch, qurut sotib o‘tiradi. Yo‘lning soya tarafida doimo bir eski «Moskvich» turadi. Egasi faner qutiga asal to‘la shisha bankalarni qo‘yib, tog‘ asali, deb sotadi. U asli Nishonning Qovchin qishlog‘idan, asali ham paxta gulini emgan arilarniki. Ammo har gal avtobus kelganda yo‘lovchilar gurra yopirilib, bu «tog‘ asali»ni talab ketishadi. Keyingi avtobus kelguncha yigit «Moskvich» bagajnigidan yangi «tog‘ asallari»ni olib, quti ustiga terib qo‘yadi. Bozorcha tog‘ yo‘llarida qor erib, qatnov mavsumi boshlanishi bilan birinchi avtobusni dasta-dasta chuchmo‘malar bilan kutib oladi. Bu payt adirlardagi lolalar xazon bo‘lib, to‘piq bo‘yi kelib qolgan bug‘doyzorlarda lolaqizg‘aldoq alvon ko‘rpasini yopib tashlagan boladi. Lola sayriga to‘ymay qolgan odamlar tog‘ lolasini ko‘rib, ko‘zlari yashnab ketadi. Samarqandga qaytayotgan, Termizga o‘tayotgan mashinalarning orqa oynalari lolayu chuchmo‘malarga to‘lib ketadi. Qovchinlik asalchi yigit ham savdo mavsumini boshlab ynboradi. Kabobchi qo‘rasidan chiqqan tutun yonbag‘irlarda suzadi. Ana shundan keyin sal fursat o‘tmay, «bozorcha»ga ravoch chiqadi. Vitaminga tashna yo‘lovchilar ravoch xarid qiladilar. Shundoqqina pastlikda shovillab oqadigan soydan bolalar moy baliq tutib chiqadilar. Oy qulog‘idan tol navdasi o‘tkazilib shoda qilingan baliqlar ancha paytgacha tipirchilab turadilar. Yo‘lovchilar dunyoda tog‘ soyining balig‘idek shirin baliq bo‘lmasligini biladilar. Savdoga chiqqaniga qanoat qilmay, bolalar yana tutib chiqqunlaricha kutib turadilar. lyulning o‘rtalariga borib, bozorchaga olma chiqadi. Bu yerning olmasiga dori sepilmaydi. Hasharotdan xoli tog‘ qurshovidagi olmazorlar ko‘klamda yomg‘ir suvi, yozda tomirlari oralab sizib o‘tadigan buloq suvlarini shimiradi. Chang-g‘ubordan xoli bog‘larda yetilgan bu olmalar ming dardga davo edi. Asfalt yo‘l chetida olma to‘la paqirchalar tizilib ketardi. Tinimsiz o‘tib turgan avtobus, mashinalardan tushgan yo‘lovchilar bir zumda bozorchani «yalab» ketishardi. Ertagi olma tovsilishi bilan ketma-ket o‘rik chiqadi. U tomoni Qarshi, bu tomoni Jizzax o‘riklari qoqi bolgan, tunuka tomlarga yoyilgan o‘riklar quritib qoplab bo‘lingan paytda bu yerlarda endi rang oladi. Avgust etagiga kelib g‘arq pishadi. Tog‘ o‘rigidan turshak solib bolmaydi, undan qiyom va kompot pishirish kerak. Tog‘ o‘rigidan pishirilgan kompotdan tabiiy vanilin hidi keladi. Bunaqa ajib xushbo‘y qiyom-u kompotlarni shaharliklar haddan tashqari yaxshi ko‘rishadi. Bu yo‘ldan o‘tganki odam bor, bir-ikki paqir xarid qilib ketmasa ko‘ngli joyiga tushmaydi. Ana shundan keyin bozorchaga do‘lana chiqadi. Ketma-ket kuzgi olma, nok bozori boshlanadi. Anzur piyozini so‘raydiganlarning son-sanog‘i yo‘q. Yo‘l chetlarida yong‘oq to‘la qoplar qalashib ketadi. Toqqa qor tushishi bilan avtobuslarning qatnovi ham siyraklashib, qor tepadan pastga asta-sekin tusha boshlaganda avtobuslar qatnovi butunlay to‘xtaydi. Faqat azamat yuk mashinalari — «Alka»lar qishin-yozin barobar qatnab turadi. So‘nggi yo‘lovchilargina kaklik bozorini ko‘rib qoladilar. To‘rt-besh yo‘lovchi-xaridorga tulki bilan bo‘rsiq terisi tegib qoladi. Yo‘llarni odam bo‘yi qor bosadi. Cho‘qqilarni, yonbag‘iru yo‘llarni bulut o‘raydi. Nihoyatda tiniq birjimlik boshlanadi. Bu sukunatni bulutlar tepasidan uchib o‘tadigan reaktiv samolyotning gurillashi buzadi. Xonadonlar atrofida cho‘qqidan xo‘rak izlab tushgan hayvonlarning izlari qoladi. Kakliklar ochiq eshiklarga kirib keladilar... Tolibjon bugun katta yo‘ldagi gavjum bekatga bormaydi. Onasiga bergan va’dasiga binoan Kiyiksovdiga boradi. Bugungi gazetalami avtobus shofyori kabobchi yigitga tashlab ketaveradi. Nonushtadan keyin Zaynab bitta xaltaga non, qand-qurs, yong‘oq, tutmayiz, quruq choy solib berdi. Ketar oldidan kampir Tolibjonni yoniga chaqirib, bolam, Kiyiksovdi momomga tilovat qil, tilovat qilishni bilasanmi, deb so‘radi. Tolibjon, bilmayman, deb javob qildi. — Hay, mayli, «Qulhu Allohi ahad»ni uch marta o‘qisang, Qur’on o‘rniga o‘tadi, — dedi. Tolibjon, uni ham bilmayman, dedi xijolatlik bilan. — Hay, mayli, — dedi yana kampir. — Sen ketaver, shu yerda turib o‘zim o‘qib qo‘yaman. Savobi senga tegsin deb, momoga iltijo qilaman. Tolibjon onamning dili og‘rimasin deb, «xo‘p, xo‘p, ona», degancha chiqib ketdi. Kampir orqadan javrab qoldi: — Hoy, tentak, bevoshlik qilib tog‘angni qiynama! G‘orlarga kirmagin, jar yoqasiga bormagin, yumronqoziq uyasiga qo‘lingni tiqma, ilon-chayonlar chaqib olmasin. Qushlarning bolasiga tegmagin, onasi qarg‘aydi... Tolibjon Azizbekni ergashtirib yo‘lga tushdi. O‘n uch yoshlardagi bo‘yi cho‘zilib qolgan bu bola sira gapga aralashmas edi. Tolibjon uni yaxshi taniydi. Otasi Ravshanbek degan cho‘pon edi. Tolibjondan besh-olti yosh kichik bo‘lsa kerak. Hozir Tolibjon uning basharasini unutib yuboribdi. Eslashga harakat qilsa ham eslolmadi. Ravshanbek bedarak yo‘qolgan. Ko‘p qidirishdi, ko‘rdim degan odam bo‘lmadi. Bu bola otasi yo‘qolgandan keyin mushtdek boshi bilan ro‘zg‘or tebrata boshladi. O‘zini o‘tga-cho‘qqa urib, pul topardi. Avtobus bekatida erta bahordan to qor tushguncha ravoch sotadi, baliq sotadi. Toqqa chiqib o‘rik terib keladi, kiyiko‘t teradi, qosh qorayganda yong‘oq to‘la ikkita qopni eshakning gardaniga ayri tashlab keladi. Shu eshak jonivor bilan qancha ravoch, o‘rig-u do‘lana tashidi. Buvisi, Tolibjon Kiyiksovdiga borarmish, deb eshitib, atayin unga qo‘shdi. Otangga atab Kiyiksovdi momo maqbarasiga sham yoq, deb tayinladi. Atab qo‘ygan yettita tangani ro‘molchasining uchiga tugib berdi. — Bor, bolam Azizbek, Tolibjonga hamroh bo‘l. Mushtdekkina boshingga ro‘zg‘or tashvishi tushdi. Otang bo‘lsa seni shu ahvolga solib qo‘yarmidi, bor, boraver, meni o‘ylama, men bir xudo qarg‘agan odamman, — deya orqasidan mungli qarab qoldi. Tolibjon uni yoniga chaqirdi. — Birga gaplashib ketaylik, Azizbek. Azizbek juda ko‘hlik yigit bo‘lib o‘sayotgan edi. Ovozi do‘rillab, iyagidagi tuklar murtga aylana boshlabdi. Qarashlari o‘ychan. Onasiga o‘xshayaptimikin, otasigami? Lekin bolaning ichida qandaydir alam, pinhoniy iztirob tug‘yon qilayotgani bilinib turardi. Onasini juda ko‘hlik deyishadi. Qo‘ni-qo‘shnilar orasida, qadamini chakki bosardi, degan gaplar ham bo‘lib o‘tgandi. Hatto beshik to‘yida bir xotin, kasofati eriga urdi, deb aytganini ham eslashadi. Tolibjon Azizbekni qanday qilib gapga solishni bilmay, o‘ylanib turib, keyin so‘radi: — Katta enang sog‘-salomatmilar? Bir kirib, ko‘rib chiqay deyman... Tolibjon uyog‘iga gap topolmay to‘xtab qoldi. — Hali baquvvatlar. O‘zlariga o‘zlari ovqat pishirib yeydilar. Tolibjon hayron bo‘ldi. Savol nazari bilan Azizbekka qaradi. Azizbek uning nima demoqchiligini sezib, javob qildi: — Katta enam ayamning qo‘llaridan ovqat yemaydilar. — Nega? — dedi Tolibjon. Bola javob qilishga qiynaldi. Ancha joygacha indamay bordi. Aytish juda ham qiyin bo‘lgan allaqanday alamli, iztirobli bir gapni tiliga chiqazolmay qiynalardi. Tolibjon buni sezdi. Aytmay qo‘ya qolsa ham mayli edi-ya, deb mavzuni o‘zgartirmoqchi bo‘lib turgan edi, Azizbek qat’iy dedi: — Mirvali tog‘ani bir kun emas-bir kun o‘ldirib ketaman. Uni yomon ko‘raman. Dadamni shu yo‘q qilgan. Bilaman, bilaman. Uyda dadamni ikkita qo‘shog‘iz miltig‘i bor. Orqasidan poylab borib otib tashlayman. Bolaning ovozi bo‘g‘ilib, oxirgi gaplarini aytolmay, yuzini teskari burdi. Etagi bilan ko‘zini, burunlarini artib oldi. — Katta enam kechalari Mirvali tog‘ani qarg‘ab chiqadi. Ayamni qarg‘aydi. Keyin uv tortib yig‘laydi. Men ham bo‘yniga osilib yig‘layman. Tolibjon pastki labini qattiq tishlab, qoshlarini chimirdi. — Tolib tog‘a, Tolib tog‘a, osmonga qarang, burgut bolasini uchirma qilyapdi! Mana, durbindan qarang! Tolibjon Azizbek bergan durbin bilan cho‘qqiga qaradi. Oftobda oppoq qorlar chaqnab, ko‘zni oladigan cho‘qqining shundoq yonginasida bahaybat bir burgut goh munkib, goh uchishga intilayotgan burgutchaning u yonidan-bu yoniga o‘tib, ba’zan tagidan kelib turtib, uni yo‘lga solardi. Burgutcha qanotlarini pirpiratib, o‘zini eplayolmay, o‘q tekkandek, pastga shitob bilan munkib ketardi. Ona burgut sho‘ng‘ib, xuddi uni ilib olayotgandek, tagiga kirardi-da, yana uchishga undardi. Yolg‘iz oyoq yo‘lda, qaynoq tuproqqa bag‘rini berib yotgan kapcha ilon bezovtalanib boshini ko‘tardi. Keyin hujumga tayyorlanayotgandek kulcha bo‘lib kapgirga o‘xshagan boshini tizza bo‘yi ko‘tardi-da, ayri tilini o‘ynatib, qimirlamay turib qoldi. Uni toshbo‘ron qila boshladilar. Shunda u dumi bilan tuproqni changitib shu chang-to‘zon orasiga kirib yo‘q bo‘ldi. Tolibjon durbinni ko‘ziga tutib, cho‘qqi tomonga qaradi. Burgut endi yo‘q, olis-olislarga bolasini ergashtirib ketib bo‘lgandi. Azizbek Tolibjonning yonida indamay borardi. Tolibjon uning dadasini esladi. Yuvoshgina, kamgap yigit edi. Bodomgul degan chiroyli bir qizga uylandi, deb qulog‘iga chalingandi. Haqiqatan, Bodomgul haddan tashqari chiroyli, shaddod qiz edi. Bu atrofda undan xushovoz qiz yo‘q edi. Chirmandani chertib qo‘shiq boshlaganda o‘ynagan ham o‘ynardi, o‘ynamagan ham. Qishloq to‘ylari usiz o‘tmasdi. U o‘zining chiroyliligidan zavqlanardi. Qoshidan bir enlik yuqorida bir tekis qirqilgan patiga, qulog‘ining ostiga to‘g‘rilab qirqilgan satang soqoliga behi urug‘i ivitilgan suv surtib yaltiratardi. Yigitlarning ko‘zi kuysin, deb durrani chap tomonga sal qiyshaytiribroq tang‘irdi. U sira pardoz qilmasdi. Chunki shundog‘am uning nim qizil lablari, sariqqa moyil oqish chehrasi har qanday pardozdan ko‘rimli edi. U boysunliklar kiyadigan kashtali kamzul bilan davraga tushganda, silkinib chirmanda chertganda davralar jimib qolardi. Ayniqsa, o‘rtaga yoqilgan gulxan atrofida aylanib qo‘shiq aytayotganda, yuzi alangadan yashnab ketardi. Bo‘ynidagi qizil, ko‘k munchoqlar, qulog‘idagi baldoqlari yaltirab, yigitlar ko‘ksiga uchqun bo‘lib sachrardi. Ana shundoq qiz Ravshanbekka nasib qildi. U tog‘- toshlarda echkilar suruvi ketida changga belanib yurarkan, faqat shu beqiyos xotinini qo‘msab, cho‘qqilar tepasiga chiqardi. Olisda quyuq kumush rang tumanlar orqasida ko‘rinmay qolgan qishlog‘i tomonga qarardi. Oblastning ilg‘or cho‘ponlari qatori bir yili Ravshanbekka ham orden chiqadi. Ravshanbek bu quvonchli voqea munosabati bilan uyida ziyofat beradi. Yor-birodarlar, qarindosh-urug‘lar, sovxoz faollari yig‘ilishadi. Mirvalini dasturxonning to‘riga olishadi. Ziyofat avjiga chiqadi. Shirakayf mehmonlar, Bodomguldan eshitaylik, shu bugun aytmasa qachon aytadi, deb turib olishadi. Bitta tug‘ib yanada yashnab ketgan Bodomgul lovullab yonayotgan olovdek chakan ko‘ylak kiyib, chirmanda bilan o‘rtaga tushadi. Mirvali ko‘radiyu og‘zi lang ochilgancha yopilmay qoladi. Bodomgul silkinib-silkinib chirmanda chertib, goh baland, goh past tiniq ovozda terma aytadi. Mirvali tumonat yig‘ilgan bu ziyofatda Bodomguldan boshqani ko‘rmaydi, shirakayf yigitlarning ovozlarini eshitmaydi, qulog‘i faqat Bodomgulning toshdan-toshga urilib tushayotgan tog‘ suvining ovozi kabi qo‘ng‘iroqdek ovozini eshitadi, xolos. Mirvalining niyati buziladi. U bilan uchrashishning ming xil yo‘lini izladi. Oxiri sovxoz havaskorlarini televizorga chiqarishni Toshkent bilan kelishib, markazdagi klubda uch-to‘rt kun repetitsiya qilishga uni chaqirtirdi. Bodomgulni har kuni mashinada olib kelib yurishdi. Shunday kunlarning birida, birga ovqatlanamiz, deb uni Chorchinorga chaqirtirishdi. Rasulbek uni mashinada opkelib, o‘zi, hozir kelaman, deb qaytib ketdi. Bu yerda Mirvalidan boshqa hech kirn yo‘q edi. Rasulbek yo‘lning yarmida mashina ichida magnitofon qo‘yib o‘tirdi: agar biron mashina bu tomonga o‘tmoqchi bo‘lsa, nozik mehmonlar bor, deb qaytaradi. Bodomgul tabiatan yengilroq ayol bo‘lganidan Mirvaliga tez elakishdi. Ana shu kundan boshlab oralaridagi munosabat tezlashib ketdi. Mirvali unga shu qadar berilib ketdiki, bir kun ko‘rmasa turolmaydigan bo‘lib qoldi. Ravshanbek toqqa ketgan paytlarda, hatto uyiga ham bemalol boradigan, ba’zan kechalari yotib qoladigan odat chiqardi. Ravshanbekning enasi Mirvali kelgan tunda nevarasini bag‘riga bosib yig‘lab chiqardi. Bir kun tong mahali Mirvali chiqib ketayotganda kampir uni to‘xtatib, yaxshilikcha nasihat qildi. yalinib-yolvordi: — Bolam, guldek ro‘zg‘orini buzmang! Bittagina arzanda bolasi bor-a! O‘g‘lim payqab qolsa, juda xunuk ishlar bo‘lib ketadi, shuni bilasizmi? Mirvali undan tap tortmay, siz bu ishlarga aralashmang, kampir, dediyu chiqdi-ketdi. Mirvalining qo‘lidan har ish kelishini kampir yaxshi bilardi. Unga teng kelib bo‘lmaydi, tik qaraganni yo‘q qilib yuboradi. Kampir qon yig‘lab qolaverdi. Mirvali kelib-ketishdan tiyilmadi. Kampir o‘g‘liga aytay desa orada gap qochib, bolam shikast yeb qoladi, degan o‘y bilan alamini ichiga yutdi. Tong otguncha nevarasi Azizbekning peshonasini silab, yomonlarga o‘lim tilab chiqadigan bo‘ldi. Yaxshilikcha keliniga nasihat qilmoqchi bo‘lgan edi, Bodomgul gapni kalta qildi: — Haftalab tog‘u toshlarda yo‘q bo‘lib ketadigan o‘g‘lingizni yo‘liga ko‘z tikib yosh umrimni o‘tkazaymi? Dunyoga ikki marta kelmayman-ku! Ana shundan keyin kampir kelinining qo‘lidan ovqat yemay qo‘ydi. Uni harom bilib, kirini ham o‘zi yuvib, qozon-tovog‘ini ham bo‘lak qildi. Ammo lom-mim deb bolasiga bu to‘g‘rida og‘iz ochmay, ko‘z yoshlarini yutdi. Kampir o‘g‘lini so‘nggi bor toqqa ketish oldida xotinining sochlarini silab xayrlashayotganida ko‘rgan. O‘shanda uning jigarbag‘ri qon bo‘lib oqqan edi. Ravshanbek o‘sha ketgancha qaytib kelmadi. Dom-daraksiz ketdi. Na tirigi. na o‘ligi topildi. Har bir g‘or, har bir o‘ngirni qadam-baqadam qarab chiqishdi. Topisholmadi. Kampir bolasiga aza ocholmay, na qora kiyishini, na oq kiyishini biladi. Bodomgul bir-ikki oy parishonxotirroq bo‘lib yurdi-yu, yana asliga kelib, sertaqin bo‘lib qoldi. Bo‘ynida marvaridlar, barmoqlarida brilliant ko‘zli uzuklar paydo bo‘ldi. U kiygan ko‘ylaklarni bu tomonlarda biron ayol kiymagan. Bu gaplardan Tolibjonning xabari yo‘q. Faqat Azizbekning boyagi, Mirvali tog‘ani otib tashlayman, deganidan, bola dadasining o‘limini Mirvalidan ko‘ryapdi, deb o‘yladi. Nahotki shunday bo‘lsa? Nahotki Mirvalining qo‘li odam o‘ldirishga ko‘tarilsa?! Mumkin emas, Tolibjon, go‘dakning ezilib turgan yuragini battar ezmay deb, bu to‘g‘rida boshqa gap ochmadi. Tolibjonlar kelganda maqbara oldida yonboshiga «Uzteleradio» deb yozilgan mikroavtobus turardi. Maqbara orqasidagi so‘rida ikki-uchta baxshi tizzasiga do‘mbirasini qo‘yib, yoshi oltmishlardan oshib qolgan shaharlikbir ayol bilan qizg‘in bahslashib o‘tirishipdi. Berigi so‘rida o‘zi yosh bo‘lishiga qaramay, soqoli ko‘ksiga tushgan teleoperator oyog‘ini salanglatib o‘tiribdi. Yordamchisi bir yonboshida «Uch oyoq», og‘zi ochilib qolgan sumkadan ko‘rinib turgan kassetalarga bosh qo‘yib, apparatni quchoqlagancha xurrak otib uxlayapdi. Chinor tanasiga qoqilgan patnisdek tunukada yozuv. Tolibjon yaqin kelib o‘qidi: «Ushbu Kiyiksovdi momo maqbarasi insonning tabiatga, jonivorlarga bo‘lgan buyuk muhabbati ramzi sifatida DAVLAT MUHOFAZASIGA olingan». Tosho‘choqqa birato‘la to‘rtta qumg‘on qo‘yib, tagiga o‘t qalayotgan yigit Tolibjonning oldiga keldi. — So‘rilar band edi-ya, mehmon. Anavu yerga palos to‘shab bera qolay. Toshkentdan opa kinochilarni olib keptilar, shunga... Tolibjon bu opa kim ekan, deb hayron bo‘lib turgan edi, yigit topqirlik bilan javob qildi: — Tanimaysizmi, bu opa bizning tog‘lardagi xotinlardan, baxshilardan qo‘shiqlar, dostonlar yozib oladilar. Alaviya opa shu kishi bo‘ladilar-da! Ko‘p yaxshi, ko‘p pokiza ayol bu kishi. Televizorga ham tez-tez chiqib turadilar. Manavi yozuvni ko‘rdingizmi, shuni ham opa Toshkentdan yozdirib olib keldilar, — u shunday deb chinor tanasiga qoqilgan tunukadagi boyagi yozuvni ko‘rsatdi. Tolibjon bilan Azizbek maqbarani aylanib, u yoq-bu yoqlarini ko‘rib bo‘lgunlaricha yigit yong‘oq tagiga palos to‘shab, o‘rtaga dasturxon yozib qo‘ydi. Yo‘l yurib ancha charchashgan edi. Baxshilar bilan berilib suhbat qilayotgan Alaviya opa ularning beozor o‘tirishlariga zimdan qarab qo‘yardi. Keyin u o‘rnidan turib ko‘zoynagini oldi-da, bir-bir bosib ular tepasiga keldi. — Kiyiksovdi momoni ziyorat qilgani keldinglarmi? Balli, balli sizlarga! Opa so‘rida oyoq osiltirib o‘tirib toliqqan edi. Ular qatoriga kelib, oyoqning chigilini yozay deb chordana qurib o‘tirib oldi. Tolibjon undan: — Kiyiksovdi momo tarixda bo‘lganmi, u haqidagi rivoyatlar to‘g‘rimi? — deb so‘radi. Opaning ovozi otinoylarning ovoziga o‘xshab, faqat bitta notada yurar ekan. U shoshilmay Momo to‘g‘risida gapira boshladi: — Tarixda shunday odam o‘tgan. Tarixiy manbalarda bu onaxonning nomi tez-tez uchrab turadi. Haqiqatan ham bu tabarruk onaxon hayvonlar fe’l-atvorini juda yaxshi bilganlar. Hatto yirtqich hayvonlar ham u kishining ko‘zlariga bir qaraganda gipnozlanib qolgan. Onaxon qirq uch yoshda o‘zaro chiqishmay, bir-birini qirib tashlagan qabiladoshlaridan arazlab, bu tomonlarga kelib qolgan, tanholikda kun kechirgan. Hayvonlar bilan do‘stlashib, o‘shalar bilan ovunib umr o‘tkazgan. Ming to‘qqiz yuz yigirma yettinchi yilda kelganimda ham bu maqbarani ziyorat qilganman. Emizikli bolasidan ajralgan kiyikni qandoq qilib sog‘ganlari to‘g‘risidagi rivoyatni shu yerdagi keksalardan yozib olgandim. Akademiyaning folklorshunoslikka bag‘ishlangan to‘plamlarida bir necha marta nashr qilindi. O‘sha kelganimda «Namoz o‘g‘ri» romaniga material yig‘ib yurgan Abdulla Oodiriy bilan shoir Cho‘lponni shu yerda uchratganman. Qodiriy Cho‘lponga shunday degan edi: «Abdulhamid, shu rivoyatni bir doston qilmaysizmi? Juda o‘qishli bir narsa bo‘lardi. Rivoyat — nasrdan ko‘ra nazmga yaqin. Siz buni juda eplardingiz. Qadim afsonalardagi Kleopatralarni yozdingiz. Bu undan yaxshi chiqadi. Insonning tabiat bilan birligi, jonivorlar bilan do‘stligi to‘g‘risidagi bu doston yoshlarimizga tabiatni g‘orat qilish emas, uni avaylash, unga mehr qo‘yishni o‘rgatardi. Cho‘lpon Qodiriyning bu iltimosini bajonidil qabul qildi. «Agar o‘rni kelib qolsa, men ham yangi romanga kiritishga urinib ko‘raman. Shu joylarga Nomoz botimi olib kelaman», deydi Qodiriy. Doston yozishni diliga tugib yurgan Cho‘lponning boshiga turli sho‘rishlar tushib, niyatini amalga oshirolmadi. Abdulla Qodiriy ham yangi romanni boshlamay turib, armonu hasratda otilib ketdi. O‘shanda Qodiriy Kiyiksovdi momo Eronu Hindistonda, Turkiya bilan Afg‘oniston taraflarda ham mashhur, degan edi. Rivoyatlarga qaraganda, Boborahim Mashrab Kattaqo‘rg‘onga kelganda So‘fi Olloyor uni Kiyiksovdi momo ziyoratiga olib kelgan emish. Manavi maqbarani Amir Temur qurdirgan. Ustidagi lavha bitilgan ko‘k toshni Ulug‘bek o‘rnatgan. Bu — tarixda bitilgan aniq gap. Har qalay, bu joyni ehtiyot qilish kerak, soxta dindorlarning daromad manbaiga aylantirib olishlariga yo‘l bermaslik kerak... Azizbek Kiyiksovdi momo maqbarasini quchoqlab, sag‘ana g‘ishtlarini silardi. Ko‘z yoshlari seloba bo‘lib iltijo qilardi: — Momo! Momoginam! Dadam qayda? Ayting, siz bilasiz, momojon! Kiyiklaringizdan, osmonda uchib yurgan qushlaringizdan, bo‘rilardan, tulkilardan, ayiqlardan so‘rang, dadam qaydaligini aytishsin. Jon momo, dadamning daragini aytishsin. Men dadaginamni sog‘inib ketdim. Katta enam yig‘layverib ko‘r bo‘lay deyapdi. Kechalari tiq etsa, eshikka qarab, yo‘l poylaydi. Momoginam, dadamni topib bering, topib bering! Yolvoraman. Sovuqda qolgan kiyiklaringizni boqib, qo‘yib yuborganman. Qushlaringizga don sepaman. Qor yoqqan paytlarda kiyiklaringizga atab yo‘llarga xashak uyib qo‘yaman. Dadam qani? Dadaginam qani? Topib bering, jon momo! Tolibjon uning tepasiga keldi. Sag‘ana pastida Azizbek sochgan tangalar yotardi. Tolibjon uni qo‘ltig‘idan olib turg‘azdi. — Bo‘ldi, bo‘ldi, Aziz. O‘zing esli bolasan-ku. Qo‘y, qo‘y endi, jiyan! — U o‘pkasi to‘lib aytadigan gapi bo‘g‘ziga kelib turib qolgandek, hiqillab gapirolmadi. Tolibjonning dili vayron bo‘ldi. Tomog‘idan ovqat o‘tmadi. Boshiga tog‘dek g‘am ag‘darilgan, yaxshi deb, mehribon deb o‘ylagan odamlardan faqat yomonlik ko‘raverib, ularga ishonchini yo‘qotgan Azizbek endi umrining oxirigacha iztirobda yashashini, hammadan shubhalanadigan, nafratlanadigan, ruhi mayib, qahri qattiq, ayovsiz, shafqatsiz bir kimsa bo‘lib qolishi mumkinligini o‘ylab Tolibjon ezilib ketdi. Alaviya opa juda hushyor ayol edi. Tog‘a-jiyanlar orasida allaqanday dilgirlik borligini bilib baxshilar tomonga ketdi. Ular kun peshindan oqqanda orqaga qaytishdi. Tolibjon toza havoda, chiroyli manzaralarni ko‘rib, bir oz ko‘nglim yorishar, deb o‘ylagandi. Kiyiksovdi momo ziyorati ham tatimadi. Yo‘lning yarmiga kelishganda uzoqda xarsang toshda orqa o‘girib o‘tirgan bir odamning qorasi ko‘rindi. Kim bo‘ldi ekan? Ziyoratga kelganlardan biri bo‘lsa kerak, deb o‘yladi. Xarsangda o‘tirgan kimsa odam sharpasini sezib o‘rnidan ko‘tarildi. O‘girilib qaradi. Kimsasiz bu toshlar orasida odam bolasiga duch kelganidan sevingandek, ikki qo‘lini silkitib bular tomon kela boshladi. Bu — Jayrona edi. Uning ko‘ylak etaklari yirtilib, laxtak-laxtak bo‘lib osilib qolgan. Toshlarda, shag‘allarda yuraverganidan tuflisi yirtilib, barmoqlari chiqib turardi. Jayrona Asvonda, Iskandariyada, Qohirada, Mozambikda unga hamroh bo‘lgan. Oralarida muhabbatga o‘xshash gaplar o‘tgan. Tolibjon olis arab yurtlarida ishlar ekan, Jayrona uning shaxsiy tarjimoni bo‘lgan. Shaddod, bir gapirsang, ikkini qaytaradigan, ko‘p o‘qigan, ko‘p mutolaa qilgan, mulohazali qiz edi. Butun qurilish ahlining ko‘zini o‘ynatib, olovdek kiyinib yurardi. — Bu tomonlarda nima qilib yuribsiz, Jayrona? — dedi nogahoniy uchrashuvdan hayron bo‘lgan Tolibjon. — So‘ramang. Gap ko‘p. Ukam shu tomonlarda geologlar partiyasida praktika o‘tayotgan edi. Topdim, ko‘rishdim. Qaytishda yo‘ldan adashdim. Ertalabdan beri sarsonman. O‘zingiz nima qilib yuribsiz? — Meni uyim shu yaqin joyda. Jiyanimni aylantirgani chiqqandim. — Iltimos, Tolibjon aka, yuraverib hol-jonim qolmadi. Meni katta yo‘lga chiqazib qo‘ysangiz. — Xo‘p, xo‘p, ammo shu ahvolda shaharga qandoq borasiz? Bu kecha biznikida dam olib, saharda yo‘lga chiqsangiz qandoq bo‘larkin? Jayrona bosh chayqadi. — Shu bugun ketishim kerak. Tolibjon aka, meni bu yerda ko‘rganingizni, iltimos, birovga aytmasangiz. Keyin tushuntirib beraman. Albatta, aytaman. Tolibjon, xo‘p, dediyu Azizbekka, ketdik, deya ishora qildi. Sal yo‘l yurishgandan keyin orqadan yonboshiga «Uzteleradio» deb yozilgan mikroavtobus kelib yonlarida to‘xtadi. Alaviya opa derazadan bosh chiqarib, qay tomonga borasizlar, deb so‘radi. Tolibjon hozir o‘ngga burilib ketishlarini aytdi-da, ana shu ketishda Toshkentga borayotgan bo‘lsangizlar, mana bu singlimizni ham ola ketsangizlar, deb iltimos qildi. U aytgancha ekan. Tolibjon Jayronaning avtobusga chiqishiga yordamlashib yubordi, mashina jildi. Har kuni bir bor yomg‘ir yuvib o‘tadigan shag‘al yo‘lda xiragina chang ko‘tarildi, xolos. Kelayotganda shoshilmay orqada yurgan Azizbek qaytishda shoshib oldinda borardi. — Muncha shoshasan, Azizbek? — dedi Tolibjon unga yetib olib. — Enam uyda yolg‘iz. Mendan xavotirolib, ostonada o‘tirgandir. — Nega yolg‘iz bo‘ladi? — Ayam ketib qolganlar. Mirvali tog‘a markazdan bir o‘ziga uch xonali uy bergan. O‘zi ko‘chirib olib ketdi. Enam ikkovimiz qolganmiz. U Tolibjonga yalt etib qaradi. — Bilib qo‘ying, Tolib tog‘a, men direktordan qasdimni olaman! U shunday dedi-yu, shag‘al yo‘lda yeldek yugurib ketdi. Tolibjonning qilayotgan ishlari ataylab O‘zbekistondan kelib qiladigan ish emasdi. U qilayotgan notayin ishlarni o‘sha yerdagi xodimlar qilaversa bo‘ladigan ishlar edi. U konsul qayoqqa bor desa o‘sha yoqqa borib umrini o‘tkazib yurardi. Shu notayin ish bilan o‘n sakkiz yil umrini sovurdi. Bir farzand ko‘rdi. Bola balog‘atga yetdi. U o‘g‘lini begona yurtda, begona axloq, begona turmush tarziga berilib ketmasin, deb o‘g‘lini O‘zbekistonga olib keldi. Uyini, kvartira haqi to‘lanmagan, deb yuklarini bitta xonaga tiqishtirib, boshqa xonalarni begonalarga berib yuborishibdi. Tolibjon o‘g‘lini bir vaqtlar o‘zi o‘qigan bilim yurtiga joylab, yotoq olib berdi. Endi Tolibjonni Toshkentning topshirig‘i bilan Afrikaning Mozambik mamlakati ixtiyoriga yuborishdi. Oradan biron oy o‘tib bu yerda vabo boshlandi. Shu sababli bu yurtga paxta ekish ishlarini tashkil qilish uchun kelgan o‘zbekistonlik mutaxassislarni zudlik bilan boshqa tomonga olib ketishdi. Tolibjonning xotini vaboga chalinib, karantinda qolib ketdi. U yerdagi bemorlar birin-ketin azoblarda to‘lg‘onib o‘la boshladilar. Tolibjonning xotini yolg‘izgina bolasidan ko‘ngil uzolmay, jon taslim qildi. O‘liklarni xuddi kuydirgiga uchragan mollar singari bir joyga uyib kuydirdilar. Atrofni maxsus dorilangan bosh-oyoq kiyim kiygan politsiyachilar o‘rab olgan.Faqat diplomatlargagina bu voqeani kuzatishga ruxsat berilgan. Tolibjon xotinining alangada jizg‘inak bo‘lib kuyayotganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib turdi. Bu Tolibjonning hayotida sira unutib bo‘lmaydigan dahshatli voqea edi. Kuzatuvchilar ham bosh-oyoq niqob kiyganlar. Ularning qandoq hayajonga lushayotganlarini niqob ichida bilib bo‘lmasdi. Tolibjon juda ko‘p qiyinchiliklami ko‘rgan, ming xil azoblarga duch kelgan, bardoshli yigit edi. Ammo shu payt u ko‘zlaridan duv-duv yosh to‘kardi. Faryodini birov eshitmasdi. Ko‘z yoshlarini hech kim ko‘rmasdi. U «Xotinimning kulini beringlar, yurtimga oborib rasm-rusum bilan ko‘may», deb iltimos qiladi. Ammo kulni bermaydilar. Kulda juda uzoq vaqt saqlanadigan davosi yo‘q dardning mikrobi bor, oborsangiz yurtingizga ham vabo tarqab ketadi, deb berishmadi. Tolibjon Toshkentga kelganda o‘g‘liga onasining o‘lganini bildirmadi. O‘g‘li o‘ziga o‘xshab kitobdan bosh ko‘tarmaydigan, biron jumboqni yechmaguncha, tagiga yetmaguncha, bilib olmaguncha tinchimaydigan bola edi. U shu yerning o‘zida urinib arab, fors, ingliz, fransuz tillarini yaxshigina egallagan edi. Keyingi paytlarda u arab alifbosida husni xat mashq qilayotgandi. Tolibjon yolg‘iz bolasidan ko‘ngil uzolmay yurgan kezlarida undan xat oladi. U o‘z ixtiyori bilan janglar qizib turgan olis Afg‘onistonga tarjimon bo‘lib ketayotganini yozgan edi. Bezgakka chalingan Tolibjon bolamning daragini bilib beringlar, deb konsulga uchraydi. Elchixonaga telefon qiladi. Ular albatta surishtirib, bilib beramiz, deb va’da qilishadi. Oradan biron oy o‘tib bolaning daragi chiqadi. Bolasi nobud bo‘pdi. Jasadi solingan tobutni qayoqqa yuborishni bilmay, oxiri uni o‘sha yerning o‘zida kuydirishganlarini xabar qilishgan edi. Begona yurtda bezgakka chalingan, isitmada kuyib-yonayotgan Tolibjon bir o‘zi mung‘ayib qoldi. Vabo boshlanganda Jayrona Afrikada emasdi. Litvaning Kaunas shahrida bo‘layotgan bir oylik seminarga ketgan edi. Seminaming oxirgi kuni Moskvadan yetib kelgan Ittifoq Davlat Xavfsizligi qo‘mitasining raisi Ignatov seminar qatnashchilarining faoliyatlarini birma-bir tahlil qildi. Jayrona Afrikaning bir necha viloyatlarida vabo tarqaganini Ignatovdan eshitdi. Shu yerning o‘zida vaboga qarshi dori-darmonlar ichirishdi, ukol qilishdi, emlashdi. Jayrona qaytib kelganda Tolibjon to‘shakka yotib qolgan, isitmada kuyib yonardi. Xotinidan, o‘g‘lidan judo bo‘lgan Tolibjonning ahvoli og‘iredi. U o‘z g‘ami bilan bo‘lib bezgakka qarshi ehtiyot chorasini unutgan edi. Shefning boshiga musibat tushgan o‘sha kechlarda Jayrona kuniga yaradi. Kechalari to uyqu elitguncha yonida qolardi. Ba’zan uning huvillab qolgan kimsasiz uyida yotib qolgan paytlar ham bo‘lgan. Odam taftini odam ko‘taradi, deganlari naqadar zo‘r gap ekanini Tolibjon ana o‘shanda bilgandi. Jayrona ovqat tayyorlar, birga o‘tirib tamaddi qilishardi. Jayrona pazanda emasdi. Pishirgan ovqati goh sho‘r, goh tuzsiz bo‘lardi. Ovqat pishirishga uquvi yo‘qligini uning o‘zi ham bilardi. Taomni dasturxonga qo‘yganda, albatta, qorin to‘ysa bo‘ldi-da, deb uquvsizligini qiziqchilik bilan bosib ketardi. Nihoyatda pazanda xotinining shirin-shirin ovqatlariga o‘rgangan Tolibjon uchun bu ovqatni yeyish ancha mushkul edi. Ammo yetti yot begona ayol vaqtini ayamay unga ovqat pishirib bersa, yemaslik noinsoflik bo‘lardi. Tolibjon, umrimda hech qachon bunaqa shirin ovqat yemagandim, deb maqtab qo‘yardi. Jayronaga hech kim Tolibjonni yolg‘izlatib qo‘yma, deb tayinlab qo‘ymagan. U odamgarchilik, qolaversa, yurtdoshlik burchini o‘tayotgan edi. Tolibjon isitmada o‘rtanib yotibdi. Bezgak har xuruj qilganda, avval qaltirab sovqotardi. Keyin birdan harorati oshib ketadi. Terga botib, kiyim boshi, choyshab, bolishlar, odeyallar terdan shalabbo bo‘lib ketadi. Jayrona uni yechintirib, badanlarini artib, toza ko‘ylak kiydirib qo‘yardi. Hadeganda isitma qaytavermaydi. Doktorlarning dorilari, ukollari ham kor qilmasdi. Jayrona elchixona bog‘bonining maslahati bilan bezgakka chalingan ko‘p bemorlami davolagan bir kampirni boshlab keldi. Kampir sakson yoshlarga borgan bo‘lsa ham hali tetik, qaddi raso xotin edi. Uni umrida necha martalab zaharli ilonlar, chayonlar chaqqan. Ilon, chayon chaqqan kishilami tupugi bilan davolar ekan. Kampir Jayronaga mastava tayyorlashni buyuradi. Ustiga «Kibrit» deb yozilgan gugurt qutichasida olib kelgan ikkita qora qo‘ng‘izning bittasini olovkurakka qo‘yib kuydirdi. Keyin uni maydalab, murchga aralashtirdi-da, Tolibjonga bildirmay mastavaga soldi. Ishtahasi yo‘qligidan ovqat yemay qo‘ygan Tolibjonga zo‘rlab ichirdi. — Bo‘ldi. Ertalab otdek bo‘lib ketasan, — dedi kampir. — Ammo kechasi isitmang qirq darajaga chiqadi, qo‘rqma. Harorat birdan tushadi. Kampir ketdi. U aytgandek, kechasi Tolibjon isitmada kuyib yondi. Alahsirab, xotinini chaqirdi, qayoqlarda yuribsan, deb o‘g‘lini koyidi. Shundan keyin terga g‘arq bo‘lib uxlab qoldi. Ertalab ko‘zini ochganda, tanida bezgakdan asar qolmagandi. Ammo quvvati yo‘q edi. Jayrona uning yonidan jilmas, o‘z jigaridek unga mehribonchiliklar qilardi. Kirini yuvadi, o‘zini yuvintiradi. Uyini yig‘ishtirib, ko‘zi sal ilinishi bilan xalta ko‘tarib bozorga yuguradi. Og‘ziga yoqadigan narsalar topib kelib, yediradi. Tolibjon darmonga kirib o‘ziga kela boshlaganda Jayronaga qandoq qilib minnatdorchilik bildirishini bilolmay qiynalardi. Bir kuni ikkovi balkonda choy ichib o‘tirishganda Tolibjon dilidagi gapini aytdi: — Jayrona, hech kim o‘zga yurtda dardga chalinmasin ekan. O‘z yurtingda og‘risang, yurtingni havosi ham dori bo‘ladi. Ammo musofirlikda juda g‘arib bo‘lib qolarkansan. Yaxshiyam siz bor ekansiz. Ming rahmat. Bo‘lmasam, kim biladi, nima bo‘lardim. Hech qachon yaxshiligingizni unutmayman. O‘lmasam. sizga bu yaxshiligingizni o‘n chandon ortiq qilib qaytaraman. Jayrona kuldi. Bu yaxshilikni sizga qarzga berayotganim yo‘q, axir odammiz-ku, nahotki picha yaxshilikka ham minnat qilsak, shu tuzalib ketganingiz — qilgan yaxshiligingiz, — dedi. — Bir gap aytsam xafa bo‘lmaysizmi? Tolibjon, mayli, ayting, dedi. — Tolibjon aka, siz kurashga yaramaydigan, irodasi bo‘sh odam ekansiz. Siz Lev Tolstoy nazariyasiga amal qiladigan kishilardansiz. Bilasizmi, Tolstoy zulmga qarshi bosh ko‘tarma, degan aqidani oldinga suradi. Men sizga qoyil emasman. Siz nima qilyapsiz, e-e... — Jayrona hafsalasi pir bo‘lib, qo‘l siltab qo‘ydi. Yer yorilmadi-yu, Tolibjon yerga kirib ketmadi. Bir hisobda uning gaplari chin edi. Tolibjon taqdirga tan berib yashayotganini sezmasdi. Shu topda sezdi. Buni unga Jayrona aytdi. — Bu yerga kelib nima ish qilyapsiz? Hozirgi qilayotgan ishingizni shu yerdagilar ham bemalol qila olishadi. Bir mamlakatdan ikkinchi mamlakatga kelib qiladigan ish emas bu. Sizni mutaxassis sifatida yuborishgan emas. Quvg‘in qilishgan. To‘g‘rimi? Tolibjon bosh irg‘ab uning gapini tasdiqladi. — Ana, buni o‘zingiz ham bilasiz. Nega indamaysiz? Nega bosh ko‘tarib, haqligingizni isbot qilolmaysiz? Nega Moskvaga yozmaysiz? Nega Politbyuroga xat yubormaysiz? Tolibjon bir xo‘rsinib oldi. — Kimlar bilan olishganimni bilmaysiz-da, singlim. Bu ishga Brejnevning kuyovi aralashgan. Endi bu chigal ishni uzoqdan turib yechib bo‘lmaydi. Jayrona, e-e, qo‘ying-e, deya o‘rnidan turib ketdi. Bemor odamning dilini og‘ritib qo‘ydim, deya yana qaytib kelib, joyiga o‘tirdi. — Mendan xafa bo‘lmang. Bir qizishib ketdim-da. Tolibjon boshini ko‘tarmay javob qildi: — Ammo rost gapni aytdingiz. Jayrona qat’iy gap qildi: — Uylaning, Tolibjon aka. O‘zingizga o‘xshagan irodasiz, bo‘shashgan ayolga emas, olov bo‘lib yonadigan, yiqilsa yer titraydigan, tishli, tirnoqli ayolga uylaning. Bo‘lmasam, davr shamollari sizni xazondek shopirib o‘ynaydi. Oyoq osti bo‘lib ketasiz. Men aytganni qiling. Yurganda tovonidan o‘t chaqnaydigan xotin oling. Tolibjonning ko‘nglidan yalt etib bir gap o‘tdi. U aytayotgan ayol o‘zi emasmikan? Ko‘ngliga kelgan gapdan o‘zini koyidi. Meni boshiga uradimi? Bu to‘g‘rida oralarida boshqa gap aylanmadi. Jayrona unga dori ichirib, alla-pallagacha boshida o‘tirdi. Ko‘zlari biram chiroyli. Xuddi jayron ko‘zlariga o‘xshaydi. Engashib qo‘ltig‘idan gradusnikni olayotganda, sochlari osilib, Tolibjonning yuzidan sirpanib o‘tadi. Undan allaqanday bahor hidi anqib keladi. Shunda Tolibjon o‘zini o‘zi boshqarolmay qoladi. Asta qo‘llaridan ushlaydi. Barmoqlarini silaydi. Jayrona qo‘lini tortib olmaydi, qo‘yib beradi. Tolibjon birdan o‘ziga keladi. Qo‘lini oladi. Meni kechiring, deydi-yu, ko‘ziga qarayolmay, yuzini o‘giradi. Tolibjon tamoman tuzalib ketolmaydi. Asabiylik dardiga mubtalo bo‘ladi. Sal narsaga qizishib ketadigan, birov bilan gaplashganda siltab tashlaydigan bo‘lib qoladi. Buni Jayrona biladi. Darbadarlik, xotinining o‘limi, jabr qilgan odamga qarshi bosh ko‘tarolmasligi uni shu ko‘yga solgan. Elchixonadagilar maslahatlashib, uni Vatanga qaytarib yuborishga qaror qilishadi. Jayrona aeroportgacha kuzatib chiqadi. Shunda Tolibjon o‘ziga benihoya ko‘p va samimiy mehribonchilik qilgan bu qizga dil-dildan minnatdorchilik bildiradi. — Jayrona, keling, akalarcha peshonangizdan bir o‘pib xayrlashay. Jayrona peshonasini emas, yuzini tutadi. Nozik qo‘llarini uning bo‘yniga chirmab, labini labiga bosadi, men borgunimcha uylanib qo‘ymang, deb yarim hazil, yarim chin bir gap qiladi. Tolibjon to samolyotda Toshkentga kelguncha bu gapning mag‘zini chaqishga urinadi. Ko‘nglida unga nisbatan qaynoq bir his uyg‘onganini sezadi. Keyingi oylarda Jayrona, hatto, tushlariga ham kirar, unutdingizmi, deb ta’nalar qilardi. U Toshkentga kelganda ham Jayronani unutolmadi. Bugun vahshiy tog‘lar orasida u bilan yana yuzma-yuz keldi. Hech o‘ylamagan, kutmagan bir paytda oldidan chiqdi. Erga tegdimikan? Yo so‘qqabosh bo‘lib yuribdimi? Tolibjonning ko‘nglida uxlagan xotiralar uyg‘onib ketdi-yu, oromini yo‘qotdi... Bir oydan oshdiki, Tolibjon dunyoda nimalar bo‘layotganidan bexabar. Gazeta yo‘q, televizor hali ham ishlamaydi. Dovonda o‘pirilish bo‘lganmi yo biron ish qilishyaptimi, yo‘l bekilib, transport qatnovi uchun soy yoqasidan vaqtincha omonat yo‘l qilingan. Bu yo‘l bekatdan biron kilometr pastlikda. Avtobuslar o‘sha tomondan o‘tib ketishaveradi. Tolibjon o‘rgangan gavjum bekat endi jimjit. Kabobpaz ham qo‘rasini ko‘tarib soylikka tushib olgan. «Tog‘ asali» sotadigan yigit yo‘l bekilmasdan oldin dovonning naryog‘iga o‘tib ketgan. Yo‘l qachon ochiladi, umuman, dovonda nima ish qilishyapdi, Tolibjon bilmasdi. Mirvali ham ishlari ko‘payib ketib, Tolibjondan xabar olmay qo‘ygan. U beva kampirning buqachasini bo‘g‘izlagandan buyon Tolibjonning undan anchagina ko‘ngli olingan. Azizbek ham diliga xiralik solib qo‘ygan edi. Tolibjon avvalgidek, sokin soylikka tushib ketganicha, kechgacha ming xil xayollar surib yana qaytib chiqardi. U har gal qaytayotganda guvala devorli hovli ostonasida Azizbekni uchratardi. U o‘sha-o‘sha kamgap, birovga qo‘shilmas, o‘z o‘ylari bilan o‘zi ovora edi. To‘g‘ri, Tolibjon bu orada ikki marta Qoplonbop bilan Dukatga borib, soy bo‘ylarida aylanib yurdi. Bu kezishlarda xayolan rejalar tuzib chiqdi. Lekin uning rejalari Mirvaliga ma’qul bo‘larmikan? Qoplonbop oralab oqadigan soyni quvurdan o‘tkazish kerak. Toki soyga sellar har xil najosatni yuvib tushmasin. Mana shu ifloslangan suvdan dukatliklar kolit kasaliga mubtalo bo‘lyapdilar. Shundoq katta, millioner, imkoniyatlari har qanday xarajatni pisand qilmaydigan xo‘jalik uchun yarim kilometr yerga quvur yotqizish qiyin bo‘lmasa kerak. Qoplonbopliklar uchun bir tegirmon suv oqadigan lotok qo‘ysa, bemalol yetadi-ku. Mirvali g‘alati fe’lli odam. Ishiga aralashadiganlarni uncha xush ko‘rmaydi. Birovning maslahatini olmaydi ham. Ilgarilari kelib, holing ne, deb Tolibjonning ko‘nglini ovlab ketardi. Endi uni butunlay unutib yubordi. Bormisan, yo‘qmisan, demaydi. Tolibjonning esa qiladigan ishi yo‘q. Salanglab u yoqqa boradi, bu yoqqa keladi. Qo‘l uchida kun ko‘rib turgan bir vetvrachning ro‘zg‘origa sherik bo‘lib o‘tiribdi. Xalqda, mehmonning izzati uch kun, degan gap bor. Tirik tovon bo‘lish ham yetar, deb o‘ylardi Tolibjon. U qayoqqa boradi? Toshkentga ketay desa, u yerda unga kimning ko‘zi uchib turibdi.Biron ishning boshini ushlay desa, bu qishloqda unga mos ish yo‘q. Mirvali unga bir-ikki ishni aytib ko‘rdi. Albatta, Tolibjon eplaydigan ish. Mirvalining qo‘l ostida ishlash unga to‘la tobe bo‘lish, yaxshi-yomon ishlariga sherik bo‘lish demakdir. Tolibjonga kampirenasi: «Bolam, Mirvaliga hushyor bo‘l, uning qo‘li qonli deyishyapdi. Unga qo‘shilib, sen ham badnom bo‘lib qolma», degan edi. Bu gapning chin ekanligiga Tolibjonning aqli yetib qolgandi. Demak... Tolibjonning boshi qotdi. Tolibjon o‘ylay-o‘ylay diqqinafas bo‘lib ketdi. Kampir enasiga, bir aylanib kelay, deb uydan chiqdi-da, boshi oqqan tomonga keta boshladi. U yurib-yurib terskay tarafdagi adirga chiqdi. Qishloq bolalari shu tarafda qo‘y-echkilarini boqishardi. Ellik choqli echki toshdantoshga sakrab, o‘tlab yuribdi. Qo‘ylar pastlikda. Bolalar esa qumg‘on tagiga o‘t qalab gurung qilishyapdi. Tolibjon ular davrasiga qo‘shilib, gaplariga quloq sola boshladi. Dunyoda hali gunohga botmagan, vijdoni azob beradigan xoinliklaiga duch kelmagan, o‘y-xayollari o‘zidek toza insonchalar... Atrofda xuddi shu sabiylardek pokiza, suvi ham, havosi ham, dov-daraxtlari ham iffat pardasini yo‘qotmagan, inson tafakkuri yaratmish kimyo mo‘jizalariga, birni bor qilmoq uchun o‘nni yo‘q qiluvchi fan «yutuqlari» ga ro‘para kelmagan bir poklik hukmron edi. Qumg‘on vaqirlab qaynab ketdi. Alumin krujkada choy ho‘plaganda labining kuyishiga qaramay, bolalaming og‘zi gapdan bo‘shamasdi. Ularning almoyi-aljoyi gaplaridan Tolibjon miriqib kular, huzur qilardi. — Bilasizmi, kakligimning bittasi o‘lib qoldi! — Nega? — dedi hayron bo‘lib Tolibjon. — Xo‘rozga bostirgan edim, bechora kakligimning orqasi bitib qoldi-da, tezak tashlayolmay uch kun qiynalib o‘ldi. Azizbek o‘rnidan turib ketdi. — E, gaping qursin. Hammasi g‘irt yolg‘on... Azizbek shunday deb Sumbul tolasi bilan «qayon o‘t» tergani pastlikka tushib ketdi. Uning ketishi hikoyachi bolaga ayni muddao bo‘ldi. — Bitta zo‘r gap aytaman. Azizbekka aytmaymiz, aytsak Kiyiksovdi momomning arvohi ursin, deb qasam ichsalaring aytaman, dedi. — Bo‘pti, qasam ichamiz. — Bir kun vohli turib, kakliklarimni yovvoyi mushuk olib qochmadimi, deb hovliga chiqsam, Mirvali tog‘a bizning devordan oshib tushyapdilar. Avvaliga qo‘rqib ketdim. Mirvali tog‘a barmoqlarini lablariga bosib, tiss, dedilar-da, yonlaridan bitta o‘n so‘mlik ehiqarib, ko‘rganingni birovga aytma, deb eshigimizdan chiqib ketdilar. Birpasdan keyin Ravshanbek tog‘am devor nahrasidan qarab, jiyan, shattan birov tushmadimi, deb so‘radilar. Men, yo‘q, hech kim tushmadi, yovvoyi mushuk o‘tdi, dedim. Anchadan keyin Ravshan tog‘aning so‘kinganini, Bodomgul kennoyimning yig‘laganini eshitdim. Ana shu. — Va-a! — dedi bir bola. — Men biron qiziq gap aytasanmi, deb o‘ylagandim. Gapi qiziq chiqmaganidan xijolat tortgan bola xafsalasi pir bo‘lib xo‘rillatib choy icha boshladi. — Undan ko‘ra indiyskiy kinoga biletsiz kirganingni ayt. Tolib tog‘a, eshiting, juda boplagan. Bola, endigisi qiziq bo‘ladi, deb gap boshladi: — Indiyskiy kino kelgandi. Biletimiz yo‘qligi uchun eshikda o‘tirgan kishi kiritmadi. Shoshma, boplayman, dedim. Bolalar bilan bitta tirik kaklikdan garov o‘ynadik. Chetga chiqib, do‘ppimning astarini ag‘darib kiydim. Sochlarimni to‘zg‘itib, ko‘zlarimga tushirdim-da, kontrol boboning oldiga borib yolg‘ondakam hiqillab yig‘lab turaverdim. — Nega yig‘laysan? — dedi kontrol bobo. — Ayam shu kinoga kirib ketgan. Uyda kelinayamni to‘lg‘oq tutib qoldi. Mendan boshqa hech kim yo‘q. Kelinayam o‘lib qoladi deb, qo‘rqib ketyapman. Kontrol o‘ylanib turib, shunday dedi: — Uyingda oy-kuni yaqin kelining bor ekan, kinoda nima qilasan, mochag‘ar! — Keyin menga qaradi. — Bor, kirib ayangni chaqirib chiq! Ichkariga kirdim-u do‘ppimni o‘nglab, sochlarimni to‘g‘rilab, odamlar orasiga biqinib, maza qilib kinoni ko‘rdim. Shu. Bolalar uning hikoyasidan qotib-qotib kulishardi. Tolibjon bu bolaning mug‘ambirligiga, topag‘onligiga qoyil qoldi. Ichida, bu bolaning kallasi ishlar ekan, o‘qisa yaxshi odam bo‘ladi, deb qo‘ydi. Hammani qoyil qoldirgan bola zavqlanib, yangi hikoyasini boshladi: — Katta odamlar o‘pishaveradilar, o‘pishaveradilar. Kinolarda rosa o‘pishadi. Indiyskiy kinolar yaxshi, sira o‘pishmaydilar. Shu desang, o‘pishish maza bo‘lsa kerak deb, bittasini o‘pganman. — Yolg‘on, yolg‘on gapiryapsan! — deyishdi chuvillashib bolalar. — Kimni o‘pgansan, mard bo‘lsang, ayt! — Hech kimga aytmaysanlarmi? Bo‘pti, aytaman. Tish doktori Mullaqand tog‘aga haftada o‘nta kaklik oborib berardim. Uning bo‘yiga yetay deb qolgan Iza degan qizi bor. Unga qosh teradigan mo‘ychinak berib o‘pkanman. Undan tovuq hidi kelarkan. Qusib yuboray dedim. Sassiq ekansan, deb mo‘ychinakni qaytarib olganman. Ana shu, tamom! Bolalar uning yolg‘on gaplaridan qorinlarini changallab kulishdi. Tolibjon bu bola o‘qisa yozuvchi bo‘lishi mumkin, deb o‘yladi. Pastdan bir otliq chiqib keldi. Bolalar uni darrov tanishdi. — Eshakquloq tog‘am kelyapdilar, — deb chuvillasha boshlashdi. Uning «Eshakquloq tog‘a» deb atalishiga sabab bor edi. Bundan to‘rt yil oldin aprel oyining oxirlarida tog‘dan sel keldi. Mana shu tog‘aning brigadasidagi kurtak yozib qolgan olma ko‘chatlarini yuvib ketdi. Mirvali Birinchi may kuni hamma bayram qilsin, deb dalada ishlarni to‘xtatadi. Sovxoz markazida sayl uyushtiradi. Sayyora bozor keladi. Morojniychilar, kabobchilar kelishadi. Katta qozonda osh damlashadi. U yog‘i Qarshi, bu yog‘i Samarqand teatridan artistlar keladi. Erkag-u ayol, yosh-yalang sovxoz markazini to‘ldirgan. O‘yin-kulgi avjida. Birdan Mirvalining dala aylangisi keladi. Mashinani o‘zi boshqarib, dalalarni aylanib chiqadi. Oxiri mana shu Erali tog‘aning yerlariga o‘tadi. Qarasa, brigada a’zolari bayram qilmay qaytadan ko‘chat ekishyapdi. Mirvali mashinadan tushib, ular oldiga keladi. — Nima qilyapsizlar? Bayram tantanasidan kechib, olma ko‘chati ekayotganimizni ko‘rgan direktor xursand bo‘ladi, deb o‘ylagan brigadir Erali maqtangannamo deydi: — Ko‘chat ekyapmiz, olma bo‘ladi, o‘rtoq direktor. — May oyida ekkan ko‘chat ko‘karib olma bo‘ladimi? Eshakning qulog‘i bo‘ladi! — deydi Mirvali uni masxara qilib. Eraliga maqtov o‘rniga mayna bo‘lgani judayam alam qiladi. Shartta ikki tizzasi bilan yerga tashlanadi. Qo‘llarini osmonga ko‘tarib nola qiladi. — E, xudo, yolvorib so‘rayman, shu ko‘chat ekkan joyimizning bir-ikki gektaridan direktor aytgan narsadan chiqazib berasan. Omin! — deydi. Mirvali avvaliga hayron bo‘lib turadi-da, keyin birdan qah-qah urib kulib yuboradi. — Yengding. Yengding, meni nomard! U shunday deb mashina yukxonasini ochadi. Boya teplitsadan olgan limon, bodring, pomidor solingan qutini ko‘tarib, ariq bo‘yiga qo‘yadi. Keyin qog‘oz korobkadan uch shisha aroq oladida, Eralining o‘z qo‘liga beradi. — Ekib bo‘lganlaringdan keyin maishat qillaring. U mashina tomon ketar ekan, voy nomard-e, voy yaramas-e, meni bopladi-ku, deb hiring-hiring kuladi. Ana shundan beri Erali chavandozning nomi Eshakquloq tog‘a bo‘lib ketgandi. Erali haddan lashqari sodda, to‘pori odam. Bir muddat Mirvali bilan oralari buzilib yurdi. Keyin, shu odamning nimasidan xafa bo‘laman, deb Mirvali uni kechirdi. Ilgarigidek gaplashib ketishdi. Mirvali Oliy Sovet sessiyasida aksar shoir G‘afur G‘ulom bilan yonma-yon o‘tirardi. Shoirning oltmish yoshlik yubileyi nishonlanishini eshitib, Mirvali unga: — Yubiley qilib biz tomonlarga borsangiz, sovxozimizda to‘xtab o‘ting. Bizda adabiyot muxlislari ko‘p. Bir adabiy kecha qilaylik. Undan tashqari, siz Oliy Sovetga birinchi marta biz tomondan, Uigutning Qoratepasidan saylangansiz, — deb iltimos qilgan edi. Kunlarning birida obkomdan telefon qilib, G‘afur akani taklif qilgan ekansiz, sovxozingizni programmaga kiritib qo‘ydik, palon kuni keladi, deb aytishadi. Adabiy kechada uni tabriklash va to‘n kiydirish Erali tog‘aga topshiriladi. Bu odam umrida she’r o‘qimagan, shoir kim, kompozitor kim — unga bari bir edi. Maktab direktori ikki kun unga gap o‘rgatadi: «Adabiyotimizning karvonboshisi, deng. She’riyatimizning faxrisiz, deng. O‘zbek sovet adabiyotida sotsialistik realizm metodi asoschilaridan birisiz. Sizning «Shum bola», «Yodgor» qissalaringiz, «Vaqt», «Sen yetim emassan» kabi falsafty she’rlaringiz xalq orasida mashhurdir. Biz bu noyob she’riyat durdonalaridan bahramand bo‘lganimizdan g‘oyatda minnatdormiz, deb aytasiz. Tushundingizmi? Esingizdan chiqmaydimi?» Tog‘a, xotiijam bo‘l, deb uni tinchitadi. Tantanali kecha boshlanadi. Katta klubga odam sig‘may ketadi. Maktab bolalari she’rlar yodlab kelishgan, o‘qituvchilar shoirni qutlug‘ oltmish yosh bilan tabriklash uchun juda chiroyli nutqlar yozib kelishgan. Birinchi bo‘lib Erali tog‘aga so‘z beriladi. Mirvali prezidium stoliga ikki qo‘lini tirab turib, uni yaxshilab ta’riflaydi. — Hozir ustoz shoirimizni muborak oltmish yosh bilan qutlash uchun sovxozimizning eng ilg‘or makkajo‘xorikori, ilg‘or bog‘boni, frontovik, zo‘r chavandoz, qator ordenlar sohibi... — shu yerga kelganda u Eshakquloq deyishga tili bormay, asli otini topolmay, ancha dovdirab turib qoladi. Keyin o‘zidan so‘raydi: — Laqabingdan boshqa asli oting nima edi? Pastdan Erali, Erali degan ovozlar chiqadi. — ... So‘zni hozirgina yaxshilab ta’rif qilingan tamakikormakkajo‘xorikor Eraliga beramiz. Erali maqtovlarni eshitib erib ketgan ekan, aytadigan gaplarini tamoman esidan chiqarib qo‘yib, G‘afur G‘ulomga mo‘ltirab qarab turadi. Bir minut turadi, ikki minut turadi, yo‘talib qo‘yadi. Keyin qo‘ltig‘idagi to‘nni yozib unga tutadi. — Bu mayda qaviq to‘nni Urgut bozoridan yetmish so‘mga olganmiz. — Keyin shoirning boshiga do‘ppi kiydiradi. — Bu gilam do‘ppini Shahrisabz bozoridan oltmish so‘mga olganmiz. Ana undan keyin qiyiqni uchburchak qilib, bir uchiga jez poynakli karki sop pichoq solingan qinning bandidan o‘tkazib beliga bog‘laydi. — Buni Chiroqchidagi pichoqchiga mashina ressoridan uch yuz so‘mga yasatganmiz. Hamma ishni ko‘ngildagidek qildim, deb o‘ylab zalga qarab kerilib turadi-da, odamlar undan yana nimadir kutayotganini sezib: — Shu, — deydi. Mirvali yer yorilmaydiyu yerga kirib ketmaydi. Unga ikki kun tinmay nutq o‘rgatgan o‘qituvchi stol tagiga kirib ketadi. Mehmonlarni kutish uchun chinor tagiga dasturxon tayyorlatib qo‘yishgan edi. Mirvali, mehmon shoir odam, ko‘p katta dasturxonlarni ko‘rgan, uyatli bo‘lib qolmaylik, vrach Sedona dasturxon tuzatsin, deb tayinlagan edi. Sedona stolni guldek qilib yasatibdi. O‘rtada billur vazada gul. Har bir likopcha tagiga salfetka bostirilgan. Bir tomonga qoshiq, bir tomonga sanchqi bilan pichoq qo‘yilgan. Ichimliklaralohida stolda. O‘zi pishirgan bo‘lsa kerak, allaqanday piroglar, tortlar dasturxonga tortilgan edi. Mirvali bularni ko‘rib, Sedonaning didiga tan berdi. G‘afur G‘ulom kirishi bilan Sedonaga ko‘zi tushdi. Ichida, bay-bay-bay, odam bolasi ham shuncha ko‘hlik bo‘ladimi-ya, deb qo‘yadi. Umivalnikda qo‘lini yuvadi. Sedona unga ohorli sochiq tutadi. Shunda uning dimog‘iga juda xushbo‘y, haddan tashqari xushbo‘y atir hidi uriladi. Shoirning boshi aylanib, gangib qoladi. Ovqat paytida Sedona uning to‘g‘risiga o‘tirib qolgan edi. G‘afur G‘ulom yarim chin, yarim hazil qilib deydi: — Hoy qiz, to‘g‘rimda o‘tirma, boshqa yoqqa borib o‘tir! — Nega? — deydi Sedona hayron bo‘lib. — Ko‘zim tinib ketyapdi. Sendan boshqa hech narsa ko‘rinmayapdi. Xuddi ko‘zimga oftob tushayotganga o‘xshaydi. Muncha chiroylisan? — Bilmasam, — deydi iymanib Sedona. — Onam shunaqa qilib tuqqan bo‘lsalar men nima qilay? — Yigit paytim bo‘lsa, albatta opqochib ketardim, tog‘ bolalari shoir pochcha, deb yurishardi. Hazil-mutoyiba bilan ziyofat ham tugaydi. Mehmonlar qo‘zg‘alishadi. Mirvali baland ovoz bilan: — Pochcha, qayoqqa shoshyapsiz, chuchvara tugib oldingizga qo‘yamiz, charlari ichida, deb kuyov chaqirdini ham o‘tkazib, keyin ketardingiz-da, — deydi. Hamma barobar kulib yuboradi. Shu kulgi tovushlari orasida chinni piyolaning jarangiga o‘xshagan bir ovoz ajralib turadi. Bu Sedonaning ovozi edi. G‘afur G‘ulom ketar oldida Mirvaliga bir konvert beradi-da, shofyoriga, hayda mashinani deb buyuradi. Mashina joyidan qo‘zg‘aladi. Mirvali mashina ko‘zdan yo‘qolguncha qarab turadida, konvertni ochadi. Pul. Ichida bir parcha qog‘ozda yozuv. «To‘n uchun yetmish so‘m. Do‘ppi uchun oltmish so‘m. Pichoq uchun uch yuz so‘m. Yegan ovqatimiz uchun ellik so‘m. Jami — to‘rt yuz sakson so‘m», deb yozilgan edi. Mirvalining butun vujudidan ter quyilib ketadi. Hozir borib Eshakquloqni to og‘zi-burnidan qon kelguncha do‘pposlayman, deb u yoq-bu yoqqa qarab, uni topolmaydi. Erali allaqachon juftakni rostlab qolgan ekan. Shundan keyin Erali unga ko‘rinmay yuradi. Mirvali uni urishga-ku, urmaydi-ya, ammo urgandan battar qiynaydi. Besh yillik yakunida uni ordendan o‘chirtirdi. Tamakidan eng ko‘p hosil ko‘targan bo‘lsa ham uni qurultoyga obormadi. Erali necha chaqiriqlardan beri rayon sovetiga deputat qilib ko‘rsatilardi. Bu galgi saylovda uni qishloq soveti deputatligiga ham o‘tkazdirmadi. Mirvali unga shuncha to‘sqinliklar qilardi-yu, bari bir alamidan chiqolmasdi. Oliy Sovet majlislarida G‘afiir G‘ulomga ko‘rinolmay, chet-chetlarda o‘tirib yuradi. U har gal sessiyaga borganda to‘rt yuz sakson so‘mni olib borar, uni G ’afur G‘ulomga berolmay qaytardi. Bir kuni u Eralini topib, o‘zing pishirgan oshni o‘zing ich, dediyu G‘afur G ’ulomga oborib berish uchun to‘rt yuz sakson so‘mni qo‘liga berib uni Toshkentga jo‘natadi. Bir hafta yo‘q bo‘lib ketgan Erali Toshkentdan xandon-xushxon qaytib keldi. Odamlar uni xuddi hajdan kelgandek o‘rab olishdi. Erali avval Mirvaliga uchrashib, Alisher Navoiy, Pushkin, Muqimiylarning salomlarini yetkazdi. — Navoiy aytdilarki, Mirvaliga ayt, shu yaqin oralarda Pushkin bilan Muqimiy hazratlarini olib boraman. Hozircha mendan unga salom ayting, deb tayinladilar. Mirvali kulishini ham, kulmasligini ham bilmay, serraygancha turib qoldi. Axir, Navoiyning o‘tganiga besh yuz yildan oshgan bo‘lsa, Pushkinning o‘tganiga ikki yuz yil bo‘lay deb turgan bo‘lsa, Muqimiyga ham yetmish-sakson yil bo‘lay deyapdi. G‘afur aka bu Eshakquloqning soddaligini bilib, rosa laqillatganga o‘xshaydi. Darhaqiqat, shunday bo‘lgandi. G‘afur G‘ulom uni gapga solib ko‘rsa, soddalikda yosh boladan ham o‘taman deydi. Erali borgan kunning ertasiga shoirning uyiga chakkasidan soqol qo‘ygan tarjimon kelib, o‘rischaga qilgan tarjimalarini o‘qib berayotgan edi. Sal o‘tib shoir Habibiy Qo‘qondan kelgan shoir Charxiyni boshlab kirdi. G‘afur G‘ulomning shaytonligi tutib, tarjimonni Pushkin deb, Habibiyni Navoiy deb, Charxiyni Muqimiy deb Eraliga tanishtiradi. Erali shundoq buyuk odamlar bilan hamsuhbat bo‘lganidan o‘zida yo‘q shod edi. G‘afur G‘ulom Habibiyga yuzlanadi: — Hazrat, shu Eraligina juda pok, halol odam. Sovxozda jo‘xori, tamaki ekadi. Shuni bir duo qilib qo‘ysangiz. Habibiy ham shumgina odam edi. Boplab duo qiladi. — Aziz avliyolar qo‘llasin, tangrimning shu mo‘min-qobil bandasi Eraliginaga tayyor dastyor bo‘lib qolgan farzand ato qilsin. Shu bandaginaning xonadonida bo‘yiga yetgan qizlar tug‘ilsin. Omin! G‘afur G‘ulom ko‘zida yolg‘ondakam yosh bilan «omin» deb boshlab beradi. Erali «Navoiy» gapirayotganda «hov taqsir, o‘rgilay taqsir>> deb turadi. G‘afur G‘ulom Eraliga ishora qiladi: — Turing, qulluq qiling, etaklarini o‘ping! Erali ixlos bilan qulluq qiladi. Ikki ko‘zi jiqqa yoshga to‘lib, uning etaklarini o‘padi. Erali bu gaplarni odam gavjum paytida maqtana-maqtana aytib berdi. Odamlar qah-qah urib kulishar, dunyoda shunaqa ham sodda odam bo‘ladimi, deb hayron qolishardi. Mirvali undan qasdini olgandek bo‘ldiyu bari gunohlaridan o‘tdi. Yana boyagi-boyagidek bo‘lib ketishdi. Bari bir to‘y-hashamlarda, gap-gashtaklarda uni goh Aleksandr Sergeevich Pushkin, goh Alisher Navoiy, goh mavlono Muhammad Aminxo‘ja Muqimiy deb chaqirishardi. Erali bora-bora bu nomlarga ham ko‘nikib ketgan edi. Tolibjon u to‘g‘risidagi latifanamo, ammo rost hangomalarni ko‘p eshitgan, lekin o‘zi bilan baqamti kelib, yuzma-yuz gaplashmagan edi. Mana, u pastdan amirkon lokdek yiltiragan otini minib xotirjam chiqib kelyapdi. Qanchalab ko‘pkarilarda sovrin olgan otni ko‘rgan bolalarning ko‘zlari yashnab ketdi. Choy choyda, non nonda qolib, bolalar yo‘lga chiqishdi. Erali kelib otdan tushdi. Istiqboliga chiqqan Tolibjon bilan quyuq so‘rashdi. Bu payt bolalar otning yollarini silashardi. Tolibjon Eralini ikki-uch marta ko‘rgan bo‘lsa ham gaplashmagan edi. Birpas gaplashmoqchi bo‘ldi. — Tog‘ kezib qopsiz-da, oqsoqol, — dedi Tolibjon unga qumg‘ondan choy quyib uzatar ekan. — Shu desangiz, ukaginam, oyoqni mazasi yo‘q. Kuz keldi deguncha oskolka urgan joyi zirqirab, jonimni sug‘urib olaman deydi. Shunga tovga mumiyo qidirib chiqqan edim. Topolmadim. Bu geologlar boshimizga bitgan balo bo‘ldi. Pastliklardagi yetmagandek, endi vertolyotda kelib, odam chiqolmaydigan joylardagisini ham qiyratishyapdi. Tovlar ham oyoqosti bo‘lib ketdi, ukaginam. Na kaklikni qo‘yishadi, na quyonni. Burgut nima, birovga jag‘i tegmasa, tili tegmasa, tov-toshlar tepasida savlat to‘kib, fayz kiritib uchib yurgan beozor bir qush. Shulardan ham bir-ikkitasini otib tushirishdi. Nima qilasan, yaramas, go‘shtini yeb bo‘lmasa, patini bolish qilib bo‘lmasa... Bunaqada jami jonivorlar tovning tojiklar tomoniga o‘tib ketadi. Jonivorlarni qiyratganlarni Kiyiksovdi momoning arvohi ursin. Tolibjon uning gaplariga quloq solardiyu ikki ko‘zi otda edi. Jonivor qop-qora, zulukdek. Manglayida uzunasiga oppoq qashqasi bor. Qolgan jami yeri qora baxmaldek silliq. Ikki qulog‘i dikkaygan, bo‘yni uzun. Ko‘zlari odam ko‘ziga o‘xshab atrofga juda ziyrak boqadi. Tolibjon dunyoga dong‘i ketgan arabi otlarni ham ko‘rgan. Ularni bu ot oldida oddiy yukkash ot desa bo‘laveradi. — Zo‘r ot ekan, — dedi beixtiyor Tolibjon. Erali otga mehr bilan qarab qo‘ydi. — Bu Qora Lochinning nevarasi. Tolibjon Qora Lochin qanaqa ot, bilmasdi. Faqat Dukat yaqinida shunaqa, Qora Lochin degan qishloq borligini eshitgandi. U tomonlarga yo‘li tushmaganidan qanaqaligini bilmasdi. — Unga bobosining nomini berganman. Yaqinda ikki yoshga kiradi. Katta to‘y qilib berdim. Bitta novvos, tanasi bir yarim metr uzun qo‘chqor so‘ydim . Yurtga osh berdim. Atrof qishloqlardan jami urush veteranlarini aytdim. Bitkombinatga oborib, o‘ziga o‘lchab baxmal yopqichlar tiktirganman. Toshkentga bir borganimda G‘afur G‘ulomga uchragan edim. U kishi bilan qadrdonligimiz bor. Yaxshi uzangi izlab yuribman, degandim, bir Yo‘ldosh chavandoz degan o‘rtog‘inikiga obordi. Boyaqish qarib, o‘rnidan turolmaydigan bo‘lib qolgan ekan. Kelinlariyu nevaralari xizmatimizda bo‘lib, kechgacha bizni mehmon qilishdi. G‘afur G‘ulom meni u kishiga tanishtirib, otimni ta’riflab ketdi. Gap orasida bir yaxshi uzangi kerakligini qistirib o‘tgan edi, juda ziyrak, hushyor odam ekan, o‘g‘lini chaqirib qulog‘iga bir nima dedi. U qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, xo‘p, degancha orqasi bilan yurib chiqib ketdi. Bir ozdan keyin qiyiqqa tugilgan og‘ir bir narsani otasining oldiga qo‘ydi. Yo‘ldosh chavandoz qiyiqni ochgan edi, bafarmoni xudo, ko‘zlarimga oftob tushgandek qamashib ketsa bo‘ladimi! Naqsh chekilgan bir juft kumush uzangi. Chavandoz uzangiga uzoq tikilib turdi-da, bir xo‘rsinib oldi. — Mana shu buyum sizga mendan sovg‘a. Bu uzangilaiga oyoq tirab ko‘p uloqlarda sovrin olganman. Endi qaridim. Biz tomonlarda ot ham yo‘q, uloq ham bo‘lmaydi. Bir yaxshi chavandoz oyog‘iga tirak bo‘lsin. Oling, inim. Toshkent taraflarda ko‘p saxovatli, mard insonlar bo‘ladi-da. Yonimdan hamyonimni chiqazib, «Volga» olishga yig‘ib yurgan pullarimni etagiga to‘kdim. Yo‘ldosh chavandozning qoshlari chimirilib ketdi. G‘afur G‘ulom zarda bilan pullarni to‘plab, hamyonimga tiqib qo‘ydi-da: — Ayb bo‘ladi, Erali inim! Hamyoningizni kissaga solib qo‘ying, kerak bo‘ladi, — dedi. Shundoq qimmatli narsani bekordan-bekorga olib ketishga xijolat chekardim. Belbog‘imdagi karki sopli pichoqni shartta qini bilan chiqazib oldiga qo‘ydim. — Hech bo‘lmasa shuni oling, aka. Meni xijolat qilmang, — dedim. Yo‘ldosh chavandoz pichoqni olib, u yoq-bu yog‘iga qaragan bo‘ldi. Tig‘ini tirnog‘iga botirib ko‘rdi. — Zo‘r pichoq. Kitobniki shekilli. Ustasi hunarvon ekan. Kechgacha u yoq-bu yoqdan gaplashib o‘tirib, chavandozning ko‘nglini oldik. Ketayotganimizda u ko‘zda yosh bilan G‘afur G‘ulomga iltijo qildi. — G‘afur, unaqa uzoqlab ketma. G‘animatga o‘xshayman. Qazoyim yetsa, lahadga o‘zing qo‘y, — dedi. G‘afur G‘ulom qaytib borib uning yelkalaridan quchib, yuzlaridan o‘pdi. Peshonalarini siladi. — Sen o‘lmaysan, qadrdonim. Axir. ikkimiz ne-ne balolarning og‘zidan chiqmadikmi! Omon bo‘l, do‘stim! Endi tez-tez kelib turaman. Qaytib mashinaga o‘tirganimizda G‘afur G‘ulom kamgap bo‘lib qoldi. Meni avtovokzalga opchiqib qo‘ydi-yu, so‘zsiz xayrlashdi. O‘sha uzangini baxmalga o‘rab sandiqqa solib qo‘yganman. Shahrisabzga borib, bir keksa ustaga egar zakaz qildim. Xotinimning kumush bilaguzugini ham oborib berganman. U yerbu yeriga kumush qadang, deb tayinlaganman. Tolibjon, har qancha ta’rifli ot bo‘lsa ham bunchalik hurmat juda ortiqcha-ku, deb o‘ylab o‘tirardi. Oxiri so‘rashga majbur bo‘ldi: — Muncha endi, nima bo‘lsa ham bitta ot-da. Judayam ortiqcha mehr qo‘yvoribsiz, oqsoqol. Eralining ensasi qotgandek qiynalib iljaydi. — Siz Qora Lochinni bilmas ekansiz. Bilmasangiz, bilib qo‘ying. Qora Lochin urushda yaralanganimda jangdan olib chiqqan. Yaralanib gospitalga tushganimda butun SSSRni aylanib meni qidirgan. Erali xotiralarga berilib ketdiyu boshidan o‘tganlarni shoshilmay ayta boshladi: — Qirq ikkinchi yilning hali yerdan qor ketmagan erta ko‘klamida tog‘ qishloqlaridan urushga ot olishdi. Ikki yuz ellik ot chavandozi bilan armiyaga ketdi. Men ham Qora Lochinimni minib yo‘lga tushganman. Hammamizni poyizga urishdi. Orqadagi ikki vagonda yem-xashak zapas qilingan. Qizil O‘rdada otishga, qilich urishga o‘rgatishdi. Taxminan, iyun o‘rtalari bo‘lsa kerak, Smolensk degan joyda vagondan tushdik. Hammayoq o‘rmon. Yo‘llarda majaqlangan tanklar bormi, mashinayu to‘p-zambaraklar bormi, sochilib yotardi. Uch kun o‘rmon oralab ketdik. To‘plar, otishmalar ovozi eshitila boshladi. Xullasi, bizni ertasigayoq jangga tashlashdi. O‘n kun kechalari nemis okoplariga bostirib boramiz. Yaqin kelganiga qilich solamiz, uzoqroqdagisiga o‘q uzamiz. Yigirma ikki kun jang qilganimizdan keyin nemis samolyot soldi. Baybay-bay, ana qiyomatu mana qiyomat, hali u yonimda, hali bu yonimda bomba portlaydi. Bir mahal qarasam, tizzamning pasti jizillaydi. Silab ko‘rsam, iliq shilimshiq narsa. Oskolka tekkan ekan. Shu orada sonim ham jizillayapdi. Ot jonivor qon hidini biladi. Ostimda o‘ynoqlab ketdi. Boshim aylanib, ko‘zim xiralasha boshladi. Egar ustida chayqalib-chayqalib, oxiri quladim. Nemis bizni qurshovga olib kela boshlagan edi. Suvoriylar orqaga, o‘rmon ichiga qarab qamchi bosishdi. Men hamon bir oyog‘im egarda, yerda sudralyapman. Qora Lochin yarmi tuproqqa to‘lgan okopga o‘mganini berib tizzaladi. Yelkayu sag‘rini yer bilan barobar bo‘ldi. Sudralib asta o‘zimni egarga oldim. Ot bir munkib turdiyu qamchi bosmasimdan o‘rmonga qarab yugurdi. Orqamdan avtomatchilar tarillatib o‘q uzib turishibdi.Bir mahal orqamga qarasam, mototsikl bilan quvishyapdi. Qora Lochinning no‘xtasini bir silkitgan edim, qanot chiqazdimi, bilmayman, tuyog‘i yerga tegmay uchib berdi. Yo‘ldan chiqqan qarag‘aylarga ana urilaman, mana urilaman, deyman, yo‘q. Lochin shunaqa burilishlar qiladiki, hatto shinelimning etagi ham tegmay o‘tib ketaman. Nemis orqada qolib ketdi. Mototsikl pot-poti ham eshitilmay qoldi. Shundan keyin nima bo‘ldi, bilmayman. O‘rmon ichkarisidagi dala gospitalida brezent palatada yotibman. Qora Lochin palataga har zamon bosh suqib menga qarab qo‘yadi. Ertasigayoq meni mashinaga solib temir yo‘l tomonga olib ketishdi. Har zamon bosh ko‘tarib bir qarayman. Mashina orqasidan Qora Lochin jonivor yeldek yugurib kelyapdi. Meni sanitarlar vagoniga olishayotganda nosilkadan bosh ko‘tarib qaradim. Qora Lochin bezovta qarab turipdi. Ko‘zidayosh borga o‘xshab ko‘rindi. Kim biladi, menga shunday tuyulib ketdimi, o‘pkam to‘lib yig‘lab yubordim. Poyezd jo‘nab ketdi. Derazadan,qarab turgan sanitar yigit, otingiz poyezd orqasidan chopib kelyapdi, deb aytdi. Hozirgi futbolni televizorda aytib turadiganlarga o‘xshab, ot qanaqa chopayotganini, qoqilganini, olisda ko‘rinmay qolib ketganini birma-bir aytib turdi. Yurak-bag‘rim ezilib ketdi. Bu otni bolaligidan boqqandim. «Tohir va Zuhra» kinosida Tohir mingan ot bor-ku, o‘shaning bolasi edi. Jizzaxdagi ot zavodida ikkita to‘rtu besh metrlik turkman gilamiga ayirbosh qilib olgandim. Shundoq vafodor ot urush yo‘llarida qolib ketganiga sira-sira chidamasdim. Olis yurtlarda tug‘ishgan jigarim qolib ketgandek, ichimga chiroq yoqsa yorishmasdi. Vagon oldida mo‘ltirab turgani hech ko‘zimdan ketmaydi. O‘ylayverib, ozib cho‘p bo‘lib ketibman. Ikki oy gospitalda davolashdi. Operatsiya qilib, chap oyog‘imning ikki joyidan oskolka olib tashlashdi. Yaram bitgandan keyin invalidga chiqarib, uyga javob berishdi. Kelibmanki, har kuni necha martalab otxonaga kiraman. Yollari ilinib qolgan qashlog‘ichlarni silab yig‘layman. Kunlarning birida hassaga tayanib pastlikdan chiqib kelayotgandim, tepada yigirma-o‘ttiz chog‘lik kishi katta yo‘lga qarab jim turishibdi.Oldilariga borib men ham qaradim. Pastlikdan sudralgandek bir ot chiqib kelardi. U yurganda tez-tez munkib ketar, oqsoqlanib arang yurardi. Ot shu alpozda sudralib, ancha yaqin kelib qoldi. Bolalar pastga gurra yugurishdi. Ikkitasi qaytib kelib, ot egariga miltiq bilan kaska osib qo‘yilganini aytdi. Ot menga qayeridir Qora Lochinni eslatardi. Oyoq og‘rig‘ini ham unutib ot tomonga yugurdim. U mening Qora Lochinim edi! Ozib, qovurg‘alari ko‘rinib turibdi-ya! Yollari o‘sib, osilib yotibdi. Oyoqlaridagi taqa yedirilib tugab, tuyoqlari sidirilib, go‘shti chiqib qopdi. Qora Lochinimning bo‘yniga osilib, ho‘ng-ho‘ng yig‘lay boshladim. U jonivorning badanlari dirillardi. Tog‘ yo‘llari toshloq bo‘lganidan uning yurishi nihoyatda qiyin edi. Yerga yuragi betlamay oyoq tegizardi. Shartta to‘nimni yechdimu pora-pora qilib yirtdim. To‘rttala tuyog‘ining tagiga qalin paytava qilib o‘rab chiqdim. Peshonasidan, yuz-ko‘zlaridan o‘pib-o‘pib, uyga yetakladim. Orqamizdan tumonat ergashdi. Odamlar, bu ot endi o‘nglanmaydi, deyishdi. Men ularning gaplariga parvo qilmay, tuyoq yarasiga malham qo‘ydim, yemiga mumiyo qo‘shib yedirdim. Har kuni duradgor ustaning uyidan qopda qipiq opkelib tagiga to‘shayman. Yurganda oyog‘i zirqiramasin deb shunday qilardim. Ikki oy deganda Qora Lochin asliga qayta boshladi. Lekin haliyam uni tashqariga opchiqmasdim. Tuyog‘i obdan tuzalgani yo‘q, taqa urib bo‘lmasdi. Tuyog‘ining yarasiga haftada bir mumiyo qo‘yadigan bo‘ldim, yemiga ham oz-ozdan mumiyo qo‘shib beraverdim. Ba’zi-ba’zida hovlida yo‘liga qipiq sepib yetaklab yuraman.Yollarini tarab, kelinchaklarning gajagidek qilib qaychiladim. Har kuni bir marta iliq suvga latta ho‘llab a’zoyi badanini artib chiqaman. Ikki oy o‘zim yemadim, unga yedirdim. Oradan uch oy o‘tkazib, oyoqlariga taqa urdirdim. Yetaklab, katta yo‘lga opchiqdim. Ot jonivor yiltiraydi. Mashinalarda, avtobuslarda o‘tganki odam bor, bir qarab qo‘yadi. To tuyog‘i tuzalguncha otxonada diqqinafas bo‘lgan Qora Lochin dala yo‘llarini sog‘inganidanmi, ochiqlikka chiqqaniga suyinganidanmi, ostimda o‘ynoqlab boradi. Xuddi sirk otlariga o‘xshab, bo‘ynini bir tomonga tashlab, yollarini silkitib-silkitib yo‘rtardi. Qishloq xonadonlari oldidan, guzarlardan o‘tayotganimizda odamlar frontchi otga ajib bir hurmat bilan qarab qolardilar. Jangga oti bilan ketib qaytmagan uzangidoshlarimning ota-onalari, bola-chaqalari ko‘zlarida yosh bilan orqamizdan qarab qoladilar. Chollar, kampirlar Qora Lochinning bo‘yinlarini, yollarini, yag‘rinlarini silab, bolamni qayga tashlab kelding, jonivor, qani endi til-zaboning bo‘lsa-yu, bolaginam qaylarda yotganini aytib bersang, deb pichirlashardi. Ot juda ziyrak jonivor bo‘ladi. Ularning nima deyayotganini bilayotgandek, gunohkorlarcha bosh egib, ko‘zlarini yerdan uzmay turaverardi. Besh yil uni ko‘pkariga soldim. Besh gal bosh sovrin oldik. Har gal ko‘pkaridan qaytayotganimizda g‘alabadan kayf qilgan Qora Lochin yerga tuyoqlarini qattiq-qattiq urib erkalanib, tantiqlanib, o‘ynoqlab kelardi. Shu besh martadan keyin uni ko‘pkariga solmay qo‘ydim. Endi u ancha yoshga borib qolgan, mag‘lublik nimaligini bilmay qo‘ya qolsin, degandim. Ammo hosil bayramlarida bo‘ladigan ko‘pkarilarga oborardim. Lekin davraga tashlamasdim. Jonivor ostimda o‘ynoqlab, davraga intilaverardi. Jilovni mahkam tortib, intilishiga yo‘l bermasdim. O‘shanday paytlarda uyga qaytganimizda xomush bo‘lib qolardi. Yerga tuyog‘ini qattiq tashlamasdi. Boshini egib, aqalli biron marta bo‘lsin kishnamay, azadan qaytayotgandek bo‘lib qolardi. Jonivor g‘alaba gashtini surolmaganidan o‘kinsa kerak-da. Bayram paradlariga uni yasatib olib chiqardim. Minbar oldidan o‘tayotganimizda muzika ohangiga moslab tuyoq urar, kallasini silkitganda yollari bo‘ynining goh o‘ng tomoniga, goh chap tomoniga oshib tushardi. Minbardagilar ham, tomosha qilayotganlar ham qiyqirib, frontchi ot sha’niga olqishlar yog‘dirishardi. Qora Lochin jangga jo‘nagan va qaytmagan otlar nomidan namoyishga qatnashayotganini hamma bilardi. Odamlar qo‘llaridagi guldastalarni bizga otishardi. Albatta, bir-ikki gul uning yoliga ilashib qolardi. Men ham, Qora Lochin ham o‘zimizda yo‘q shod edik. Keyingi ikki-uch yil uni tizginu no‘xtalardan xoli qilib qo‘ydim. Ertalab darvoza ochishim bilan u ham tashqariga chiqadi. Pastlikka, tumanlar sudralgan daryo tomonga bir dam qarab turadi-da, asta-sekin o‘sha tomonga enadi. Kech payti qorong‘i tushmay, yana otxonaga kirib keladi. Qishloqlarda ko‘rganki odam bor, uning yollarini tarab, bo‘yinlarini silaydi. Urushdan o‘g‘li qaytmagan xotinlar etaklarida unga yem tutadilar. Tul qolgan kelinchakiar, chavandozimni qayga tashlab kelding, lochinim, deb bo‘yinlariga osilib yig‘lashardi. Oshxonalar oldidan o‘tayotganda odamlar yeb turgan nonlarini burdalab, etaklarida unga tutadilar. Qora Lochin bunga o‘rganib qolgan. Kechgacha adirlarda, soy bo‘ylarida o‘t chimdib keladi. U, muxbirlar aytganidek, qarilik gashtini surib yurardi. Jonivorni biyaga qo‘ydim. Erigan qora mum surtilgandek qopqora yaltiroq qulunli bo‘ldik. Qulunimiz do‘nan bo‘ldi, g‘unon bo‘ldi. Bir kuni, iyul oyining o‘n yettinchi kuni edi. Buni aniq bilaman. O‘lsam ham o‘sha kunni unutolmayman. Kelayotsam, ko‘chamizda odamlar u yoqdan-bu yoqqa qochib yurishibdi. Qarasam, Qora Lochin o‘zini har tomonga tashlayapdi. Devorlarga boshini uradi. Daraxt tanalariga urilib, gursillab yiqiladi. O‘rnidan turib, yana telbadek duch kelgan tomonga o‘zini otadi. Odamlar Qora Lochin quturibdi, deb o‘ylashyapdi. Yo‘q, u quturmagan. Nima bo‘lganini bilaman. Ertalab ketayotganimda ximizator yigit yo‘l chetlarida o‘sgan o‘tlarga dori sepayotgan edi. Aldrin degan dori bor. U sepilgan giyohni yegan jonivorki bor, azob bilan o‘ladi. Shu dori kasofatidan qancha sigiru qancha qo‘y nobud bo‘lgan. Majlislarda odamlar Mirvaliga shu dorini septirma, deb necha marta xudoning zorini qilishgan. Qulog‘iga olmagan. Mana endi Qora Lochin ham shu dorining qurboni bo‘lyapdi. Yugurib boribjon holatda Qora Lochinning bo‘yniga osildim. Ot meni tanimadi. Old oyoqlarini osmonga ko‘tarib, bir silkinganda ariqqa borib tushdim. Jonivor shu alpozda yarim soatdan ortiq o‘lim bilan olishdi. Oxiri holsizlanib, yonboshi bilan gursillab yiqildi-yu, boshqa turolmadi. Ikki-uch marta boshini ko‘tarib, osmonga qaradi. Osmon ko‘m-ko‘k edi. Tumshug‘ida tishlagan ilonni osiltirib laylak uchib o‘tardi. U xuddi suvda suzayotgandek, juda osuda uchardi. Qora Lochin laylak to chinorning qurigan oppoq shoxlari orasidagi savat uyasiga qo‘nguncha kuzatib qoldiyu birdan boshini yerga tashladi. Ko‘zlarini kul rang parda bosdi. Orqa oyog‘i ikki-uch marta ojiz silkingandek bo‘ldi. Esimni yo‘qotib qo‘ygandim. Xayolimga nima kepdi, deng. Ot ham o‘ylarmikin? O‘ylasa, nimalarni o‘ylayapdikin... Jang maydonlaridagi portlashlar, dahshatli zambarak ovozlarini eshitayotganmikin? Olis front yo‘llaridan bu yergacha uch yarim oy yurib kechirgan azob-uqubatlarga to‘la yo‘llarni ko‘rayotganmikin? Kechgan daryolari, oshgan dovonu cho‘l-biyobonlarni ko‘rayotganmikin? Ko‘pkarilarda g‘olib chiqib, uyga gijinglab qaytganlarini esladimikin? Iyul oyining o‘n yettinchi kuni Qora Lochin shon-shuhratlarga to‘la umrini poyoniga yetkazgan edi. Bu tog‘ oralarida yaxshilik ham, yomonlik ham tez tarqab ketadi. Qora Lochin bilan urushga ketib qaytmagan uzangidosh do‘stlarimning ota-onalari, bola-chaqalari birpasda yetib kelishdi. Omon qaytganlardan o‘ttiz chog‘lik chavandoz yeldek uchib keldi. Qora Lochinni izzat-hurmat bilan ko‘mdik. Chavandozlar otlarini yetaklab qabr atrofida aylanishdi. Qora Lochindan bir zuryod qoldi. Xuddi otasining o‘zi deysiz. Otini Qora Jayron qo‘ydim. Uch yoshga kirganda bulutga sakraydigan, tuyog‘idan o‘t chaqnaydigan ot bo‘ldi. Ko‘z tegishidan qo‘rqib, ko‘chaga opchiqmayman. Tog‘ oraliqlaridagi yalangliklarda minib yuraman. Xotinim yollariga ko‘zmunchog‘u tumorlar osib tashladi. Men sizga aytsam, «Tohir va Zuhra» kinosida Tohir mingan Qorabayir Qora Jayronning bobosi edi. U Jizzaxda bir marta o‘g‘irlangan. Uni Asakadagi pichog‘i keskir raisga ellik mingga sotib ketishgan ekan. Qorabayir asli Budyonniyni uchyotida turarkan. Uni qidirib-qidirib, Asakadan daragini topishadi. Otni hali baytalga qo‘yolmagan ekan. Dog‘da qoladi. Baribir dumiga qadalgan do‘lanani olib qoladi. Shu raisni qidirib borib, do‘lanani so‘rab olmoqchi bo‘ldim. Avvaliga ko‘nmadi. Keyin insofga kelib, belbog‘ining qatidan chiqarib berdi. Pul bersam, olmadi. Ana shu do‘lanani katta bobongdan qolgan, deb Qora Jayronning quymichiga qadab qo‘ydim. Bu do‘lana harqanday balo-qazolardan asraydi. Taniga dard yo‘latmaydi. deyishadi. U tomoni Kavkazdan, bu tomoni Tojikistonu Turkmanistondan, otingni sotasanmi, deb xaridorlar kela boshladi. Go‘rni sotamanmi? Odam o‘z bolasini ham sotadimi? Qora Jayron farzandimdek gap-ku. Hatto bittasi moyi artilmagan yangi GAZ24 minib kelib, eshigim tagiga ko‘ndalang qildi. Shuni ol, otni ber, deb turib oldi, ko‘nmadim. Hech bo‘lmasa, otni bir ko‘ray deb yalindi. Ko‘rsatmadim. Dog‘istondan bir yigit keldi. Qo‘limga ikkita ellik so‘mlik tilla zayom tutqazdi. Har biriga o‘n ming so‘mdan yutuq chiqqan. Lyuboy savdogar o‘n ming yutuqli zayomni yigirma ming so‘mga oladi. O‘zim o‘n besh ming berib olganman. Ikkovini sotsang, qirq ming bo‘ladi, otni menga ber, deydi. Betiga eshikni qarsillatib yopib, uyga kirib ketdim. To qorong‘i tushguncha eshik tagida g‘ingshib o‘tirdi. Kechasi xabar olgani chiqsam, ketib qolgan ekan. Yuragimni vahm bosdi. Bunaqada bir kun emas, bir kun Qora Jayronni o‘g‘irlab ketishadi, deb o‘yladimu Panjikent tomonga otni olib o‘tib ketdim. Qanchalab ko‘pkarilarda sovrin olgan Sangin degan yilqichi chavandoz do‘stim bo‘lguchi edi. Shuni yo‘qlab bordim. Panjirud yaqinidagi yaylovga yilqi yoygan ekan. Topib bordim. Meni ko‘rib sevinib ketdi. Xotiniga qozon osishni buyurdi. Anzur piyozi solingan xushxo‘r sho‘rva ichib, qimiz simirib qizishib olganimdan keyin shundoq-shundoq dedim. Shu Qora Jayrondan zuryod olmoqchiman, baytallaringga qo‘yaylik, dedim. U ham Qora Jayronning ta’rifini eshitgan ekan, o‘rnidan turib, otning sag‘risiga shapillatib urib, asbi xo‘b, dedi. U avvaliga otini tashlab ketadiyu, biron o‘n kundan keyin kelib xabar oladi, deb o‘ylagan ekan. Men to baytal bo‘g‘oz bo‘lguncha yonida bo‘lishimni aytdim. Bilaman, u Qora Jayronni uch-to‘rt baytalga qo‘ymoqchi. Shuncha baytalga chopgan ot ot bo‘ladimi? Ular faqat aravaga qo‘shishga yaraydigan bo‘lib qolishini bilaman. O‘sha yerda qolib ketdim. Sangin uyurdan yettita baytalni ajratdi-da mening ixtiyorimga berdi. Men ularni Qora Jayron bilan alohida ajratib yaylovga yoyaman. Uyurboshqa tarafda, bular boshqa yoqda. Qora Jayron aslzoda ot emasmi, avvaliga baytallarga parvo qilmadi. Biron ikki kun o‘tib unisini iskab, bunisini iskab, oxiri o‘mgonida yarim oyga o‘xshagan oppoq tamg‘asi bor baytal bilan iskashib qoldi. Qora Jayronning bu qilig‘i menga o‘tirishmadi. U tanlagan baytalning tuyog‘i sariq edi. Tuyog‘i sariq ot ko‘pkarigayam, uloqqayam yaramaydi. Sariq tuyoqda taqa yaxshi turmaydi. Yumshoq bo‘lganidan tez yedirilib, go‘shti chiqib qoladi. To Qora Jayron u bilan obdan til topishmay turib undan ayirishim kerak. Sangin bilan ikkovimiz arqon tashlab, uni uyurdan ayirib katta uyurga qo‘shdik. Qora Jayron kishnab, tuyog‘i bilan shag‘allarni orqaga otib, yaqin borganni tepa boshladi. Ikki-uch kun shunday jinnilik qilib yurdiyu, hayvon ekan-da, sariq tuyoqni unutib, boshqa baytal bilan iskashib ketdi. U uyurdagi boshqa baytallarga qayrilib qaramas, faqat o‘zi tanlagani bilan alohida o‘tlaydigan bo‘ldi. Sangin boshqa baytallami qayirib, uyurga olib ketdi. Mana shu ikki ot ketidan yurdim. Qora Jayron tanlagan baytal xuddi sirkning otlariga o‘xshardi. Jilovi tortilmasa ham bo‘ynini orqaga tortib, gijing turish qilardi. Yurganda ham xuddi allaqanday kuyga raqsga tushayotganga o‘xshardi. Asli shundoqmidi yo Qora Jayronga yoqish uchun shunday qilyapdimi, bilmasdim. Oradan biron hafta o‘tib, baytal yuvosh tortib qoldi. Endi o‘ynoqlab yurmas, bo‘ynini gijing qilib kishnamasdi. Sangin uning bu holini ko‘rib, o‘rischalab, vsyo, dedi. U shu birgina so‘z bilan baytalning ona bo‘layotganini bildirgan edi. Baytal ko‘pincha bag‘rini yerga berib mudrardi. Sangin esa uni yotgani qo‘ymas, zax yerga bag‘rini berib yotishiga yo‘l qo‘ymasdi. Baytalning savdosini bitishmoqchi bo‘ldim. Sangin bu baytal sovxozniki ekanini, sotishga haqqi yo‘qligini aytdi. Keyin o‘zidan bir maslahat chiqdi. — Olib ketaver, jo‘ram. Sen mening qirq yilgi uzangidosh jo‘ramsan. Olib ketaver. Qulunlagandan keyin yo‘ling tushsa tashlab ketarsan. Qadrdon do‘stimga qayta-qayta rahmatlar aytib, bir otimni ikki qilib qishlog‘imga qaytdim. Onam rahmatli ba’zan kech paytida uxlab qolsam, uyg‘otib yuborar edilar. Bolam, zavol mahalda uxlama, yomon bo‘ladi, derdilar. Shunaqa mahal uxlab qolgan ekanman, yuragim siqilib, hovlida aylanib yurdim. Qorong‘i tushib, osmonda yulduzlar miltiray boshladi. Biz tomonlarda yulduzlar katta bo‘ladi. Qarasang, ko‘zni oladi, uyqum qochib, u yoqqa yuraman, bu yoqqa yuraman, ko‘nglim notinch. Xuddi bir falokat bo‘ladigandek. Xo‘roz ikki chaqirdi hamki, ko‘zimga uyqu kelmaydi. Osmonu falakda chirog‘ini pirpiratib samolyot o‘tib ketdi. U ketgandan keyingina guldurashi eshitildi. Tog‘u toshlar guldurab, uzoq-uzoqlardan ancha paytgacha aks-sado kelib turdi. Itlar ulidi. Qo‘yu sigirlarning bezovta ma’rashlari eshitildi. Keyin dunyo suv quygandek jimidi-qoldi. Ayvonning ustuniga suyangancha ko‘zim ilingan ekan. Qancha mizg‘iganimni bilmayman. Bir narsa taraqlab ketdi-yu, shoshib ko‘zimni ochdim. Tong yorishib kelayotgan ekan. Oftob tig‘ urgan cho‘qqining uchi yalt-yalt qilib, ko‘zni olaman deydi. Otxona tomonga jonholatda yugurdim. Eshik ochiq. Qora Jayron yo‘q. Yo‘lakka yugurdim. Darvoza lang ochiq. Pastlikda taraqa-turuq tuyoq tovushi kelyapdi. Tirmashib do‘ngga chiqdimu peshonamga shapatilatib urdim. Begona odam Qora Jayronni pastlikka qarab qamchilab yeldirib ketyapdi. Chirqillaganimcha qolaverdim. Dunyo keng, mamlakatning u burchidan-bu burchiga yurib yetolmaysan. Osmon uzoq, yer qattiq, qayga boraman. Bironta, Qora Jayronni ko‘rdim, degan mard topilmadi. Ko‘nglimda faqat, faqat bir umid uchqunlab ichimni yoritib turardi. Qora Jayron qayda bo‘lmasin, bir kun emas-bir kun mingan chavandozni egardan irg‘itib qaytib keladi. Shu umid meni ushlab turardi. Omonqo‘tonlik yigitlardan to‘rttasi Moskvada «Volga» arzon bo‘ladi, deb beliga pul tugib ketishgan edi. Shular ikkita «Volga» minib qaytib kelishdi. Erali chavandoz notob bo‘lib qopdi, deb ko‘rgani kirishdi. Shunda bittasi g‘alati gap aytib qoldi: — Kaspiyning u tomonida mashinani barjaga uramiz, deb kutib turgan edik. Krasnovod tomondan kelgan barjadan papaq kiygan, belidagi qayishga xanjar taqqan qorasoqol yigit bulutdek bir otni yetaklab tushdi. Xuddi Qora Jayronni o‘zi. Ichimda, Qora Jayron dunyoda bitta desam, yana bitta bor ekan, deb qo‘ygan edim. Yaqiniga bordim. Jilov tutgan qorasoqol yigit, idi, idi, deb meni ot yaqiniga yo‘latmadi. Demak, demak, o‘sha ot Qora Jayron ekan-da. Shu gapni eshitdimu Qora Jayrondan umidimni uzdim. Kavkaz tog‘larining qaysi bir so‘qmog‘ida mening Qora Jayronim yo‘rtib ketayotganikin, deb o‘ksib-o‘ksib yig‘ladim. Butun bir qishni g‘amu anduh bilan o‘tkazdim. Tog‘ etaklaridan qor ketib, pastliklar yashillanib qolgan aprel o‘rtalarida baytalim qulunladi. Qarasam, bolasi qora saqichdek yaltirab turipdi. Ko‘zlarim yashnab ketdi. Sevinganimdan qiyqirib yuboray debman. Shunga andarmon bo‘lib, Qora Jayron ko‘zimdan sal nari ketgandek bo‘ldi. Ertayu kech fikri-zikrim shu qulunda bo‘lib qoldi. Uni yuvaman, tarayman, endigina mo‘y tortib kelayotgan yollarini mehr bilan silayman. Onasi uni mendan qizg‘anadi. Tepmoqchi bo‘ladi. Kallasi bilan nari surib tashlaydi. Bari bir men qulunga suykalib boraveraman. Kungay taraflarda yerdan taft kela boshlaganda qulun bilan biyani yetaklab olib chiqaman. Yag‘rinini oflobga solaman. Jonivorning qop-qora sag‘risi oflobda yalt-yalt qilib ko‘zni oladi. O‘tgan-ketganning ko‘zi tegmasin, deb ularni ovloqroq joyda oftobga soladigan bo‘ldim. Shunday qilib, qulunimni ortmoqlab yurib oyoqqa turg‘izdim. Men unga, u menga o‘rgandi. Qayga borsam, orqamdan ergashadi. Ota-bobolari Qora Lochin, Qora Jayronlardan yodgor bo‘lsin deb, unga Qora Baxmal deb nom qo‘ydim. Shu nomga o‘rgatdim. Chaqirishim bilan quloqlarini ding qilib qaraydi. Qulun edi, do‘nan bo‘ldi. Do‘nan edi, g‘unon bo‘ldi... Erali chavandoz shunday to‘lib-toshib gapirardiki, dunyoda otdan boshqa hech qanday mo‘jiza yo‘qdek. Dunyoning birdan bir mo‘jizasi shu otdan iborat edi. Bolalarning silab-siypashiga o‘zini qo‘yib bergan bu ot qora baxmaldan tikilgan o‘yinchoq otga o‘xshab ketardi. Erali gapirib-gapirib, ko‘nglini bo‘shatgandek edi. Ichi to‘lib turgan ekan, bir to‘kib soldi-da. U sovib qolgan choyni bir simirishda bo‘shatib, o‘rnidan turdi. — Endi men ketay. U ketdi. Lekin Tolibjonning yuragida qandaydir iliq, mayin bir mehr qoldi. Bugun dovon bozori gavjum bo‘ldi. O‘tgan mashina bir to‘xtamay iloji yo‘q. Birov kiyiko‘ti, birov anzur piyoz, birov kechki o‘rik, birov qurut xarid qiladi. Azizbek bugun baliq olib chiqqan. U uch kundan beri tutgan baliqlarini hovlidagi suv to‘ldirilgan bochkaga tashlab yig‘ayotgan edi. Ertalab turib baliqlarni uch kilo-uch kilolik qilib o‘n bir bo‘lakka bo‘ldi. Ularning oyqulog‘idan tol novdasini o‘tkazib, shoda qildi. Ayvonda jun savalayotgan kampir so‘ridagi shoda-shoda baliqlarga qarab: — Bolam, juda kopayib ketibdi-ku, qandoq oborasan? Ko‘tarolmaysan, yarmini obor. Qolganini ertaga opchiqarsan, — dedi. Azizbek bosh chayqadi. — Bugun sotvormasam bo‘lmaydi. Ertagacha aynab qoladi. O‘ttiz kilo yuk nima bo‘pdi. Zing‘illatib olib ketaman. U shunday deb baliqlarni shodasi bilan qopga solib, orqalab opchiqib ketdi. Dovon bozorida hamma vaqt baliq bozori chaqqon bo‘ladi. Azizbek kelishi bilan tol soyasiga kleyonka yozib, baliq shoxlalarini terib qo‘ydi. Atrofni yo‘lovchilar o‘rab olishdi. — Shodasiga qanchadan so‘rayapsan? — Olti so‘mdan. — Insofing yo‘q ekan. To‘rt so‘mdan beray, xo‘p, de. Azizbek ko‘nmadi. Xaridor narxni sal ko‘tardi. — Beshdan beray. To‘rtta shodasini olaman. Xo‘p, de. Azizbek savdolashib vaqt o‘tkazgudek bo‘lsa, baliqlar aynib qolishi mumkin. Ana shuning uchun besh so‘mdanga ko‘na qoldi. Xaridor qiziqib ketib, yigirma besh so‘m uzatib, hammasiga baliq olib qo‘ya qoldi. Beshta shodani ko‘tarib mashinasi tomon ketdi. Yigirma minutlaiga qolmay, Azizbek baliqlami sotib bo‘ldi. Yerga o‘tirib olib pullarini sanashga tushdi. Roppa-rosa ellik besh so‘m bo‘pdi. Azizbekning birpasda shuncha pul ishlashi boshqa bolalarga alam qildi. Bittasi unga eshittirib: — Onasi buzuq. Mirvali tog‘a bilan qochib ketgan, — dedi. — Nima deding? Yana bitta qaytar. — Yoqdimi? Yana eshitging kelyapdimi? Aytganim bo‘lsin, sening ayang jalab! Azizbek uning yoqasiga chang soldi. Iyagiga kalla urdi. Bola orqaga ikki-uch qadam tisarilib-gandiraklab bordi, lekin yiqilmadi. U jonholatda yerdan tosh olib, Azizbekka o‘qtaldi. — Yaqinimga kelsang, shu bilan boshingga solaman! Azizbek uni pisand qilmay boraverdi. Bola qochdi. Keta turib qo‘lidagi toshni otdi. Tosh Azizbekning to‘pig‘iga tegdi. — Shoshma, qo‘limga tusharsan, — dedi boldirini silarkan Azizbek. Hozirgina savdosi yaxshi bo‘lganidan quvongan Azizbekning ko‘ngli vayron bo‘ldi. Qishloqda onasining Mirvali bilan ketib qolganini hamma bilardi. Bu to‘g‘rida sira Azizbekning oldida gapirishmasdi. O‘rtoqlari gaplashib turganda uning qorasi ko‘rinishi bilan jimib qolishardi. Shunda Azizbek, albatta ayamni gapirishyapdi, deb o‘ylardi. Ichlari kuyib ketardi. Hoziru qishloqqa qaytarkan, ayasining bu qilmishidan o‘zini qo‘yarga joy topolmay, yum-yum yosh to‘kib, achchiq qismatidan o‘kinib kelardi. O‘ngga burilish joyida sovxozning oq «Volga»si turardi. Azizbek ayasini olib ketgan bu mashinaga nafrat bilan bir qaradi-yu, yuzini chetga o‘girib, jadal keta boshladi. U taxminan mashinadan yigirma qadamlarcha uzoqlashgan edi, orqasidan «Azizbek» degan ovoz eshitildi. Bu ovoz unga qadrdon, beshikda yotgan paytidan qon-qoniga, jon-joniga singib ketgan edi. Shartta o‘girilib qaradi. Do‘lana tagida turgan Bodomgulning surma bosilgan ko‘zlari Azizbek tomon iltijoli boqib turardi. Ayasi sochini kestiripdi.O‘smir bolalarga o‘xshab kestiribdi. Tilla tish qo‘ydiribdi.Bo‘ynida shoda-shoda marvarid. Oyog‘ida uchi bigizdek olcharang tufli. Ko‘ylagining etagi tizzasidan to‘rt enlik yuqorida. Barmoqlarida, quloqlarida brilliantlar yaltirardi. Azizbek onasini ko‘rmaganiga yarim oy bo‘lgandi. Tushlariga kirardi. Katta enasiga bildirmay burchak-burchaklarda yig‘lardi. Onasining ovozini eshitib, badanida shirin bir narsa o‘rmalab ketdi. Hozir boraman, bag‘riga otilib, o‘kirib-o‘kirib yig‘layman, degan o‘y bir onda xayolidan yugurib o‘tdi. Ammo qarshisida turgan xotin uning onasiga o‘xshamasdi. Bu boshqa Bodomgul edi. Azizbek onasi tomonga o‘girilgancha qimirlatnay turib qoldi. Unga intilmadi. Bodomgul bolasi tomon kela boshladi. — Begim. Begjonim. Sog‘inib ketdim, bolam. Beri kel. Azizbek joyidan qimirlamadi. Onasiga qaramay, yuzini ters o‘girib turaverdi. Bodomgul kelib, uni bag‘riga bosdi. Kuchli atir hididan nafasi qaytgan Azizbek onasini o‘zidan nari itardi. — Sog‘inmadingmi, bolam? — dedi ovozi titrab Bodomgul. Azizbek indamadi. — Ahvolingni qara. Kiyimlaring ham to‘zib ketibdi. Men senga kostyum, etik olib keldim. Undan keyin... Bodomgul gapini tugatmay, mashina tomon jadal ketdi. Undan shoshib bitta tugun oldi. Yana qandaydir kichkina qog‘oz quti ham oldi. — Mana, mana, — deyardi u o‘g‘li tomon shoshib kelarkan. — zo‘r kostyum. Finlarniki. Ko‘rganda o‘rtoqlaringni ko‘zi o‘ynaydi. Senga ataylab bo‘yningga osib yuradigan magnitofon olib keldim. Zo‘r ashulalarni yozvolib eshitib yurasan. Etikka g‘arch soldirib tikdirdim. Yurganingda g‘arch-g‘urch qiladi. Bodomgul qo‘lidagi narsalarni Azizbekka uzatdi. Azizbek ikki qadam orqaga chekindi. — Kerakmas, kerakmas... — Nega unaqa deysan, bolaginam? Men seni olib ketgani kelganman. «Volga»ga solib opketaman. Azizbek boshini ko‘tarib, onasiga yomon qaradi. — Menga unaqa qarama, bolam. Onangman-a. — Katta enamni kimga tashlab ketaman?! Ahvoli nima kechadi? — Haftada, o‘n kunda xabar olib turasan. — Katta enamni tashlab hech qayoqqa ketmayman. Siz bilan ketmayman. Sizni yomon ko‘raman. Mirvali tog‘aniyam yomon ko‘raman. Siz... siz... Bodomgulning qoshlari chimirildi. — Nega? Menga nima qipti? Azizbek onasiga, siz buzuq xotinsiz, deb aytolmadi. Laxcha cho‘g‘ bo‘lib turgan bu so‘z tomog‘ida turib qoldi. — Mirvali tog‘a seni yaxshi ko‘radi. O‘zim o‘g‘il qilib olaman, deyapdi.Yur, ketaylik.Velosiped olib beraman. Azizbek boshini sarak-sarak qildi. — Keting, keting, aya. Agar yana kelsangiz, o‘zimni otib qo‘yaman. O‘rtoqlarim sen, jalab xotinning bolasisan, deb ermak qilishyapdi. Keting. Hoziroq keting. Azizbekning ovozi hirqirab, gapirolmay qoldi. Uning ko‘zlaridan o‘t chaqnayotganga o‘xshardi. — Mana ko‘rasiz, Mirvali tog‘ani albatta otib tashlayman! Dadamning o‘chini olaman. — Dadangni u o‘ldirgan emas, esingni yig‘ib ol. — Meni sizdaqa onam yo‘q. Keting! Azizbek shunday dediyu keskin burilib, tuproq yo‘lda jadal yurib ketdi. Bodomgul qo‘lidagi narsalarni unga uzatgancha orqasidan yugurdi. — Bolam, bolaginam! Peshonamda bittagina bolamsan. Unday qilma. Agar sen xo‘p desang, uyga qaytib kelaman. Birga turamiz. Azizbek orqasiga qaramas, yo‘l-yo‘lakay javrab borardi: — Kerakmas, kelmang. Uyimizga qadam bosmang. Siz yomon xotinsiz. Bodomgul to‘xtadi. U o‘g‘lim izmimdan chiqmaydi, deb o‘ylardi. Yaqin bir yarim oydirki, u ishq o‘yinlariga berilib, ayshishrat og‘ushida entikib, Mirvalining erkalashlaridan xuddi tush ko‘rayotgandek mavhum bir olamda yasharkan, qishloqda Azizbek ismli bolasi borligini biron daqiqa xayoliga keltirmagandi. Endi ishq otashlari o‘chib, badani soviy boshlaganda bolasini eslab qoldi. Ishq o‘yinlari bir gurillab yongan gulxanga o‘xshaydi. Kimningdir ko‘ksini bir daqiqa isitadi, olov tillari bilan uning hissi-hirsiyotlarini junbushga keltiradi. Bu xil olov o‘yini darrov so‘nadi. Ustini lahzada kul bosadi. Bodomgul ko‘ksida Mirvali yoqqan gulxan o‘cha boshlagan edi. Ishq o‘yinlari poyoniga yetay deb qolgandi. Bodomgul ko‘ksini isitgan, ko‘zlariga anvoyi mirlar jilvasini namoyish qilgan, faqat tushlardagina bo‘ladigan bir sirli olam asta-sekin asli holiga qaytayotgan edi. Bodomgul ana shu mastonavor olamda entikib-entikib yasharkan, hayotimning buyog‘i nima bo‘ladi, deb o‘ylamagan edi. Endi o‘ylayapdi. Tanida ishq otashi soviy boshlaganda, bulutlargacha uchirib olib chiqqan muhabbat kayfi tarqay boshlaganda bolasini eslab qoldi. Dunyoda birdan-bir suyanadiganim, orzu-umidlarimni ro‘yobga chiqaradigan o‘g‘lonim, deb yo‘qlab kelgandi. Yoshligida ro‘zg‘or tashvishi boshiga tushgan bolalar birdan ulg‘ayib qoladilar. Gap-so‘zlarida, yurish-turishlarida kattalarga xos odatlar paydo bo‘ladi. Ayniqsa, oriyat birinchi o‘ringa chiqib qoladi. Bodomgul haqidagi gaplar Azizbekning ich-etini timdalardi. Yuragida onasiga nisbatan g‘azabmi, nafratmi, o‘zi ham hali bilmaydigan bir alam yashardi. Ba’zan, qani edi onam pok, beg‘ubor bo‘lsa-yu, xuddi bolaligimdagidek ostonada o‘tirib, uyga kelishini intizorlik bilan kutsam, deb shirin xotiralarga berilib qolardi. Biron odam bu bola Bodomgulning o‘g‘li desa ezilib, Ravshanbekning o‘g‘li desa ko‘ksi tog‘dek ko‘tarilib ketardi. Endi Bodomgul kelin bo‘lib tushgan qadrdon qishlog‘iga, opa-singil bo‘lib ketgan qo‘ni-qo‘shnilarga begonadek edi. U qaytib mashinaga chiqqanda shofyor, qo‘lidagi tugunga qarab, bosh chayqadi. — O‘g‘lingiz anchagina o‘jar ko‘nadi. Bodomgul indamadi. U o‘z o‘ylari bilan ovora edi. Dunyoda hamma narsadan mosuvo bo‘lgan bu ayolning hozirgi ahvoli juda ayanchli edi. Mashina uni ikki qavatli uy oldiga tashlab, qaytib ketdi. U endi zinaga oyoq bosayotganda orqasidan bir ayol kishining, keldingizmi, degan tovushi eshitildi. Bodomgul o‘girilib qaradiyu, uni tanimadi. Bir vaqtlar nihoyatda chiroyli bolgani bilinib turgan, endi xastalikdanmi yo turmush mashaqqatlaridanmi rangi siniqqan, yuziga ajin tusha boshlagan bu ayolni ilgari biron marta ko‘rmagandi. — Menda ishingiz bormidi? — dedi hayron bo‘lib Bodomgul. Xotin, ha, deb bosh irg‘adi. Lekin Bodomgul unga, uyga kiring, deb aytmadi. Xotin istehzo bilan dedi: — Yig‘labsiz-a? Hali ko‘p yiglaysiz, singlim. Vaqtida biz ham qon-qon yig‘laganmiz. Bodomgulning zardasi qaynab ketdi. — Nega unaqa deysiz? Menga bunaqa deyishga nima haqqingiz bor? O‘zingiz kim bo‘lasiz? Xotin unga o‘qrayib qaradi. — Haqqim bor uchun gapiryapman. Kim bo‘lasan, dedingiz? Kimligimni aytaymi? Mirvalining sizdan oldingi o‘ynashi bo‘laman. Bo‘yningizdagi shoda-shoda marvaridlar avval mening bo‘ynimda edi. Mirvali omon bo‘lsa, bu marvaridlar hali ko‘p xotinlarning bo‘ynini bezaydi. Siz, har qalay, tekisgina ekansiz. Anchadan beri ishq o‘yinida mastsiz. Mirvali hech bir ayol bilan biron yil bo‘lmagan. Ko‘rpa ko‘taradigan paytingiz ham kelib qolar. Bu ishlar mening boshimdan o‘tgan. Maslahatimga quloq soling. Keting bu uydan. Mirvali sharmanda qilib haydamay turib keting. U osonlikcha haydamaydi. Shipshiydam qilib haydaydi. Barmoqlaringizdagi uzuklarni, bo‘yningizdagi marvaridlarni olib, keyin haydaydi. Obro‘yingiz borida ketib oling, singlim. Xotin unga rahmi kelgandek, bosh-oyoq qarab chiqdi-da, sho‘ring qursin, degandek, ma’noli iljaydi. Keyin, xayr ham demay, ketaverdi. Bodomgul uning orqasidan behush qarab qoldi. Ikkinchi qavatga sudralgandek arang ko‘tarildiyu uyga kirib, o‘zini divanga otdi. U alam bilan kuyib-yonib, o‘rtanib yig‘lardi. Tog‘ bolalarining quvonchi cheksiz edi. Ertalabdan xonadonlarda televizor ekranlari yorishdi. Bolalar derazalarga parda tutib sabrsizlik bilan multfilm boshlanishini kutishardi. Ekranda gulga to‘lgan bog‘lar, cheksiz yaylovlar, tog‘ etaklarida bulutdek o‘rlagan qo‘ylar, cho‘qqilardan quyilayotgan sharsharalar, olma-anorga, qovun-tarvuzlarga to‘lib ketgan gavjum bozorlar, «qarilik gashtini surayotgan» keksalar, shar ushlab paraddan o‘tayotgan go‘daklar, tog‘-tog‘ «oq oltin» xirmonini uyayotgan «zangori kema»lar... ... Tug‘ruqxona. Doya xotin qo‘lida yangi tug‘ilgan chaqaloq. U bolani baland ko‘taradi. Nurga yo‘g‘rilgan rangin dalalar, bog‘lar. Go‘yo shularning bari seniki, deyayotgandek. Oq libosga burkangan kelinchak bilan «hayot zavqidan mast» kuyov. Ular quchoq to‘la guldasta bilan motamsaro ona haykali tomon ketmoqdalar. Adirlarda lola terib yurgan bolalaming boshlari arang ko‘rinadi. Ko‘chani to‘ldirib, kamay-sumay bilan kuyovnavkarlar kelishyapdi. Avtobuslar, mashinalar to‘xtagan, hamma ularga zavq-shavq bilan qaraydi. Dalalarda atlas ko‘ylak kiygan qizlar g‘o‘za chopiq qilishyapdi. Kuyovlardek kiyingan, ko‘ksi ordenlarga to‘lgan cho‘pon suruvsuruv qo‘y orqasidan nay chalib ketyapdi. Uning yuzida tabassum, qarashlari ma’noli, xayollari porloq ertani ko‘rib turgandek. Dala shiyponi xuddi kelin tushgan uydek bezatilgan. Dasturxonda turfa noz-ne’matlar. Ariq bo‘yida oppoq xalat kiygan oshpaz palov damlayapdi. Jizillab turgan kabobdan ko‘tarilayotgan nimrang ko‘kish tutun paxtazor bo‘ylab taraladi. G‘o‘za chopiq qilayotgan so‘lqildoq baxtiyor kolxozchi qizlar har kungi bo‘ladigan tushliklarga o‘rganib ketishgan bo‘lsa kerak, ovqatga zang urilsa ham ishni to‘xtatmayapdilar. Tepalaridan «baraka» dorisini sochib o‘tgan samolyot uchuvchisiga mamnun qo‘l siltab qo‘yadilar... Novvoy tandirdan uzilgan loladek patirlarni betiga suv sachratib savatga tashlayapdi. Ko‘ksiga ikkita orden qadalgan brigadir opa dasturxon chetiga oppoq kraxmallangan salfetka bilan qoshiqsanchqilarni terib chiqmoqda... Avj pardaga ko‘tarilgan kuy tugamay turib, ekranda «Film tugadi» degan yozuv paydo bo‘ldi. Nihoyat, ekranda teletomoshabinlarga ko‘pdan tanish, qadrdon bo‘lib qolgan diktor qiz ko‘rindi. «Telekameralar, radio mikrofonlari Toshkent aeroportidagi xalqaro liniyalarda uchadigan samolyotlarni qabul qiluvchi maxsus maydonchaga o‘rnatilgan. Butun O‘rta Osiyo regionidagi barcha respublikalarning rahbarlari shu yerda. Toshkent mehnatkashlarining ming-minglab vakillari shiorlar, transparantlar ko‘tarib olganlar. Ular «o‘zbek paxtakorlarining otasi» — Leonid Brejnevni kutib olishga chiqishgan». Sochlariga anvoyi lentalar taqqan qizlar yuqori martabali mehmonga guldastalar tutish uchun sabrsizlik bilan ko‘kka boqadilar. Ko‘p o‘tmay, osmon burchida azamat havo laynerining qorasi ko‘rindi. Hukumat rahbarlari jim bo‘lib qolishgan. Ular Toshkent tepasida faxriy doira yasayotgan «11-62» havo layneridan ko‘z uzishmaydi. Ana, gulduros solib samolyot yerga qo‘ndi. Samolyot eshigi ochilib, trap qo‘yildi. « O‘zbek paxtakorlarining otasi» — Leonid Brejnev birinchi bo‘lib yuz ko‘rsatdi. Guldastalar ko‘targan bolalar hurmatli mehmon sari qushdek uchib borishardi. U gullarga ko‘milib ketdi. Respublikamizning eng mashhur kishilari non-tuz ko‘tarib, oliy martabali mehmon istiqboliga peshvoz chiqdilar... «O‘zbek paxtakorlarining otasi» ilgarigi kelishida boshini bir tomonga sal egib, juda chaqqon qadam tashlardi. Bu gal unday emas, tez-tez munkib ketar, qayoqqa kelib qolganini bilmayotgandek atrofga alanglab qo‘yardi. Nihoyat diktor qiz: «Toshkent aeroportidan olib ko‘rsatgan reportajimizning maxsus soni tugadi», deb eion qildi. Multfilm kutib o‘tirgan bolalar hafsalasi pir boiib tarqab ketishdi. Yetimqishloq sartaroshxonasida televizor ko‘rib gurung qilayotganlardan bittasi, otaxonimiz pishib qoptilar, yuzlariga narigi tomonning sharpasi tushib turibdi, deb yubordi. Bu gapni eshitganlar o‘zlarini eshitmaganga solib, sen aytmading, biz eshitmadik, bu gap shu yerda qolib ketsin, deya tarqab ketishdi. Ba’zilari televizor ko‘rmay men o‘lay, shu o‘lgurni uyda ko‘ra qolsam ham bo‘lardi-ku deganicha pildirab uyiga jo‘nab qoldi. Mirvali Toshkentga ketayotganda Tolibjonga, televizorni albatta qo‘yib, «o‘zbek paxtakorlarining otasi»ni kutib olish marosimini ko‘ringlar. Men u kishiga non-tuz olib chiqaman, degandi. Non-tuzni boshqalar olib chiqdi-ku! Otaxon qo‘lidagi ro‘yxatga qarab, respublikaning nomdor paxtakorlari, chorvadorlarining ismi-sharifini nomma-nom o‘qib berdi. Unda ham Mirvalining nomi chiqmadi. Ilgarilari uning ismi birinchi bo‘lib aytilardi. Endi o‘zini ham ko‘rsatishmadi, nomini ham aytishmadi. Toshkentda bo‘ladigan tantanali yig‘inlarda teleoperatorlar faqat uni ko‘rsatishardi. Bu gal nima bo‘ldi? Toshkentga ketdi-yu, suvga tushgandek, jimidi-ketdi. Ko‘pchilik Mirvalini xush ko‘rmasdi. Undan qo‘rqardi. Ko‘chadan kelayotganda uyi ostonasida nevarasini o‘ynatib o‘tirgan oppoq soqolli chollar ham uyga kirib ketar, to‘rt-besh kishi gurung qilib turgan bo‘lsa, uning qorasi ko‘rinishi bilan, har tarafga tarqab ketishardi. Mirvali bu tomonlarda o‘zi «xon», o‘zi «bek» edi. Ko‘ngliga kelgan har qanday ishni tap tortmay qilaverardi. U rahbar bo‘lgan birlashma hududi go‘yo alohida bir muzofot, alohida hukumat edi. Mirvalining o‘zi joriy qilgan, zo‘ravonlikka asoslangan qonun-qoidalari bor edi. Bu qoidalaiga nafaqat birlashma odamlari, hatto qo‘shni rayon, qo‘shni xo‘jaliklar ham bo‘ysunishi kerak, deb o‘ylardi. Unga ters keladiganlaming kosasi oqarmasdi. Tog‘larda yashaydigan erkin, hech qanday tartibga bo‘yin bermaydigan asov, jangari yigitlar ham undan qo‘rqishardi. Lekin Mirvali o‘g‘rilik qilgan, tartib buzganlardan birontasini qamatmagan. Qamatsa, bu serfarzand kishilarning bolalarini kim boqadi? Uning maxsus yigitlari o‘g‘rilik qilganlarni tog‘lar orasiga opkirib, obdan kaltaklab, chalhak qilib, tashlab kelardi. Kaltak yeganlar sudralib-sudralib uyiga kelardi-yu, to tanidagi og‘riq bosilguncha «odobli» bo‘lib yurardi. Mirvali bu tog‘lar orasida mushti bilan, qamchisi bilan tartib o‘rnatgan edi. Tolibjon avvalgi yili Qohiraga ketayotganda Odessada «Gruziya» teploxodida O‘zbekistondan Yevropaga sayohatga otlanib turgan turistlar bilan uchrashgandi. Ular orasida mashhur adib Abdulla Qahhor ham bor edi. Tolibjon jasur yozuvchining kitoblarini o‘qib, g‘oyibdan hurmat qilib yurardi. Unga shu adib bilan suhbatlashish nasib qilgan edi. Shunda Abdulla Qahhor undan, inim, qayerdan bo‘lasiz, deb so‘ragandi. Tolibjon tug‘ilgan joyini aytganda adibning ko‘zlari yashnab ketgandi. — Ajoyib joyning farzandi ekansiz, — degandi u. — Ulug‘bek, Jomiy, Navoiy qadami tekkan yerlarda o‘sgan ekansiz. Samarqanddan Taxti Qoracha dovoni orqali Amir Temur Shahrisabzga o‘tgan. Ulug‘bek xazinasini Taxti Qoracha dovoniga yashirgan. Navoiy Samarqand tahsilini tugatgach, shu dovondan oshib Hirotga qavtgan. Bobur shu dovondan Qobulga ketgan. Lekin bu joylarning odamlari antiqa bo‘ladi. Direktorlaringizni taniyman. Uning asli qiyofasini chizish qiyin. Bir tanda ikki odam yashayotganga o‘xshaydi. Biri — ishbilarmon, tashkilotchi, biri — yovuz. Ikkovi ham avj pardada. Biri birini siqib chiqaraman demaydi. Ikkovi yonma-yon, mustaqil yashaydi. Birtanga ikkovi navbatma-navbat hokimlik qiladi. Biri uyg‘onganda, biri mudraydi... Abdulla Qahhorning bu gapi Tolibjonga sal og‘ir botgan edi. Keyinchalik u naqadar haq ekanini tan olgandi. Unga kim nasihat qiladi? Kimning gapini oladi? U hech kimning qo‘li yetmaydigan balandlikda. Unga tik borib bo‘lmaydi, yonboshidan kelib ham bo‘lmaydi. Tolibjon ana shundoq jumboqlar chigalini yechishga urinib boshi qotdi. Yuragi siqilib, ko‘chaga chiqdi. Azizbek ostonada yer chizib o‘tiribdi. Bu bolaning niyati buzuq, ko‘ngliga shayton uya qurgan, deb o‘yladi o‘zicha Tolibjon. Soyga tushib sharsharalar tagida birpas dilxiralikni yozmoqchi bo‘lib turgan edi, pastlikdan «Niva»ning o‘rlab chiqayotganini ko‘rdi. Kim bo‘ldi ekan? Mirvali hali Toshkentdan qaytmagan. Kuyovim bunaqa mashinada yurmaydi. Biron o‘tkinchi mashina bo‘lishi mumkin emas. Bu yo‘lning boshi berk. Xalta yo‘l. Mashina shag‘al to‘kilgan yo‘ldan silkinib-silkinib, Tolibjonning oldiga kelib to‘xtadi. Undan buxgalter tushdi. Juda tashvishli edi. Ostonada o‘tirgan Azizbekka g‘alati bir qarab qo‘ydida Tolibjonning tirsagidan olib chetga tortdi. Tog‘olcha tagiga kelishdi. — Biron yoqqa ketib qolmadingizmi, deb tashvishda edim. Xayriyat, shu yerda ekansiz. Ishlar chatoq, Tolibjon uka. — Nima gap bo‘ldi? — dedi xavotirlanib Tolibjon. — Mirvali Toshkentda. Nima qilishimizni bilmay oldingizga keldim. BodomguI o‘zini osib qo‘yibdi.Nima qilamiz, Mirvalining kelishini kutamizmi yo... Hayronman, markazda uni hech kim tanimaydi. Hamma qarindosh-urug‘lari qishloqda. Qayerga ko‘mish kerak?! Endi maslahat sizdan. Tolibjon o‘ylanib qoldi. Bodomgul qarindosh-urug‘larining yuziga oyoq tirab, Mirvaliga elakishib ketib qolgan. Qishloqda uning nomini ham atamay qo‘yishgan edi. Janozasini shu yerda o‘qishga ko‘nisharmikan? — Mundoq qilsak, — dedi Tolibjon. — Har qancha maslahat bo‘lsa, qaynonasidan chiqadi. Juda dono, bama’ni kampir. O‘sha nima desa, shu boladi. Ikkovi Azizbeklar uyi tomon yura boshladi. Tolibjon shu topda juda chinoyli xalq maqolini esladi: «Yog‘ yalaganda yot, qon yalaganda qarindosh yoningda paydo bo‘ladi». Azizbek o‘rnidan turib, ularga yo‘l berdi. U ikkoviga ham hayron qarab turardi. Kim biladi, uning xayolidan nimalar o‘tdi ekan. Balki, u bular dadamning daragini topib keldilarmi, deb o‘ylayotganmikin? Bechora dadasidan judo bo‘lgani yetmagandek, endi onadan ham ayrildi. Qarib, ana ketaman, mana ketaman, deb turgan buvisi ham olamdan o‘tib ketsa, kim bilan qoladi? Qayoqqa boradi? Nima qiladi? Kampir ayvonda quritilgan tog‘ rayhonini uqalab, cho‘p-xaslardan tozalab o‘tirardi. Bosh ko‘tarib, Tolibjon bilan buxgalterni ko‘rdi-yu, yuzida allaqanday quvonchga o‘xshash bir nima paydo bo‘ldi. — Sandiqni ochaveraymi? G‘oyibimdan xabar topib kelganga o‘xshaysizlar. Lekin kelganlar chehrasida taskin beruvchi biron belgi sezilmadi. Tashvishlanib o‘rnidan tura boshladi. Buxgalter Azizbekka o‘girildi: — Sen birpas ko‘chaga chiqib turgin. Azizbek joyidan qimirlamadi. Tolibjon kampirning yoniga kelib yelkasidan beozorbosib, o‘tirishga undadi. Kampir sarosimada edi. — To‘g‘risini aytinglar, yashirmanglar, Ravshanbegim bu yorug‘ jahonda bormi? Bor bo‘lsa, bor denglar, yo‘q bo‘lsa, yo‘q denglar. Kutaverib ko‘zlarim to‘rt bo‘lgan. Tolibjon uchun bu shum xabarni aytish nihoyatda qiyin edi. Oxiri kampirga yuzlandi. — Ena, nevarangiz ko‘chaga chiqib tursin, uni oldida aytadigan gap emas bu. — Bor, bolam, bor. Bir aylanib kelgin. Biroq Azizbek qandaydir falokatni sezgandek ketgisi yo‘q. U katta enasining ham gapini olmay, qaysarlik qilib o‘tirib oldi. Noiloj qolgan Tolibjon yerdan ko‘z uzmay gapira boshladi. — Enajon, endi qandoq qilamiz. Bodomgul peshonamizga sig‘madi... Uning gapi og‘zida qoldi. Azizbek sapchib o‘rnidan turdi-yu, qafasga tushgan sherdek o‘kirib yubordi. — Dayus, dayus Vali tog‘a! Mirvali tog‘a dayus... Buxgalter uning qo‘lidan yulqib tortib o‘tqazdi. — O‘zingni bos, bola! Sabr qil. Ko‘zyoshlaring hali kerak bo‘ladi. Endi sen katta yigit bo‘lib qolgansan. Sabrli bo‘l! Senga maslahat solgani kelganmiz. Es-hushingni yig‘ib, gapga quloq sol. Tolibjon uzilib qolgan gapni uladi: — Enajon, siz xonadonning kattasisiz. Siz nima desangiz, shu bo‘ladi. Yo‘q, o‘shayoqda dafn qilib yuboraveringlar, desangiz... Kampir uning gapini bo‘ldi: — Unday emas. Bodomgul bu uyga yor-yor bilan kelin bo‘lib tushgan. Taloq olgan emas. Shu uydan chiqazamiz. Yuvib-tarab, gunohlaridan forig‘ qilib tuproqqa qo‘yamiz. Faqat bitta iltimosim. Mirvali janozaga kelmasin. Kelsa, olomon toshbo‘ron qilib yuboradi. Kampir mung‘ayib, kichkinagina bo‘lib qoldi. Maslahat bilan Tolibjon shu yerda qoladigan, Azizbek bilan buxgalter mayitni olib kelgani markazga ketadigan bo‘lishdi. Tolibjon uyiga qaytib chiqib, bo‘lgan voqeani onasiga aytdi. Kampir nimalarnidir pichirlab, yuziga fotiha tortdi. — Bechora Risolatning shu bittagina nevarasidan boshqa hech kimi yo‘q. Tolib bolam, ma’rakaga o‘zing bosh bo‘l. Hoy, Zaynab, yugur, qo‘ni-qo‘shnini chaqir. Yurtga xabar qilishsin. O‘lim qursin, o‘limgina qursin, shunaqa bemahalda, bemavrid keladi. Qoqilganning ostonasidan o‘tadi. Qoqilganni qoqib yiqitadi. Sho‘rginang qurgur Risolatning ko‘rgan kuni ozmidi... Zaynab shoshib chiqib ketdi. Orqasidan bolalar ergashdi. Yetimqishloq do‘ppidek kichkinagina edi. Bir qumg‘on qaynaguncha aylanib chiqsa bo‘lardi. Fuqarosi bir-biriga qayishadigan, bir-biridan hamiyatini ayamaydigan ahil edi. To‘y-hashamlarda hanima barobar oyoqqa turardi. Bodomgul bu sokin, fayzli qishloqning xushovoz bulbuli edi. To‘ylarda xonish qilganda shamollar ham to‘xtagandek bo‘lardi. Qushlar ham qo‘shig‘iga quloq solardi. Kechqurunlari deyarli hamma xonadonlarda magnitofon qo‘yilar, ulardan faqat va faqat Bodomgulning qo‘shiqlari eshitilardi. Qishloq tepasida Bodomgulning ovozi toshlardan, soylardan oshib suzib yurardi. U Yetimqishloqning bulbuli edi. Mirvali uni qafasga solib, bandi qilib olib ketgandan buyon qishloq huvillab, fayzsiz, mungli bo‘lib qolgandi. Bora-bora yurtini unutgan Bodomguldan qishloqliklarning ham ko‘ngli qoldi. Uni unuta boshlashdi. Yetimqishloq ayollari sha’nini bulg‘agan, ularning boshlarini xam qilgan Bodomgul nazardan qoldi. Uning qo‘shiqlari yozilgan magnitofon lentalarini tokchalarda chang bosdi. Tolibjon uni ko‘rmagan, qo‘shiqlarini ham eshitmagandi. Faqat ta’rifi uzuq-yuluq qulog‘iga chalingan paytlar bo‘lgandi. Azizbeklar hovlisi xotin-xalajga to‘lib ketdi. Eshik tashqarisida yetti-sakkiz erkak jimgina Tolibjonni kutib turishardi. Maslahat bilan birovini qabristonga, birovini g‘assolga, birovini Oqsoqolning hujrasidagi mahallaning samovarini, choynak-piyolalarini olib kelishga jo‘natishdi. Kampir qabristonga ketayotgan yigitni to‘xtatib, shunday dedi: — Go‘rkovga tayinlanglar, qazigan go‘r yonidan ikkita joy olib qo‘ysin. Hech kirn undan nega deb so‘ramadi. Do‘lana tagidagi toshda yetti-sakkiz chol hassasiga bag‘rini berib jimgina o‘tirardi. Ichkaridan chiqqan yigit Tolibjonga dedi: — Kafanlik kerak. Bironta bolani magazinga yuboring. Ularga quloq solib turgan chol hassadan bag‘rini uzib dedi: — Qidirma, hech qayda kafanlik yo‘q. Bir tabarruk zot qazo qilgandi, besh kun burun. Butun rayonni qidirib topolmaganmiz. Yaqin to‘rt yildirki, oblast magazinlariga surp kelmay qo‘ygan. Murdani joynamozga kafanlaganmiz. Tolibjon hayron bo‘ldi. Nahotki, olti million tonna paxta topshirib, bitta kafanlikka zor bo‘lsa... — Ehtimol, kafanlikning keragi ham bo‘lmas. O‘z joniga qasd qilganga janoza buyurmaydi. Murdasi ham yuvilmaydi. Bu gapni aytgan kishiga hamma barobar o‘girilib qaradi. Bir chol o‘rnidan turib, unga o‘dag‘aylab ketdi: — Buyuradi, janoza buyuradi! Bodomgulning jami gunohlarini tangridan so‘rab olamiz. Uni o‘z joniga qasd qilishga kim majbur qilganini bilib turibmiz. O‘tirganlar, to‘g‘ri, to‘g‘ri deyishdi. Shu gapni aytgan kishi, «taomilni aytdim-da», deya chetga chiqdi. Chol to‘g‘ri aytgan ekan, kafanlik qidirib ketganlarning hammasi quruq qaytishdi. Tolibjon Zaynabni chaqirib, endi nima qilamiz, deb maslahat soldi. — Risolat ayamdan so‘rab ko‘ray-chi. Zaynab shunday deb ichkariga kirib ketdi. Kampir hamon o‘tirgan joyida pichirlab, tebranardi... Zaynab unga hech qayerda kafanlik yo‘qligini aytdi. Kampir birpas jim qolgandan keyin cho‘ntagi og‘ziga qadalgan to‘g‘nag‘ichini timirskilanib chiqaza boshladi. Kattakon kalit olib Zaynabga uzatdi. — Ichkariga kir. Mehrobdan to‘shaklarni tushirib, sandiqni och! Ichida o‘limlikka atagan tugunim bor. Olib chiq! Zaynab ichkariga kirib ketdi. Bir ozdan so‘ng sandiq qulfining daranglagani eshitildi. Zaynab tuguncha ko‘tarib chiqdi-da, kampiming oldiga qo‘ydi. — O‘zing och! Zaynab tugunni yecha boshladi. Ichida bir kafanlik surp, qog‘oziga arab alifbosida «Guljahon» deb yozilgan sovun, bir shisha atir, quritilgan rayhon, elliktacha dastro‘mol va yana qog‘ozga o‘ralgan nimadir bor edi. Zaynab uni ham ochdi. O‘nta qizil o‘ttiz so‘mlik pul. Yuvg‘uvchiga atalgan ikki kiyimlik satin, bitta peshonabog‘ bor edi. Zaynab kampirga: — Ena, bu pullar endi o‘tmaydi. Pul almashganiga o‘ttiz besh yil bo‘lay deyapdi-ku, — dedi. Kampir uning gapiga parvo qilmadi. — Nega o‘tmas ekan? Shu pul sho‘ronikimi, o‘tadi, — dedi. — Hammasini obor, g‘assolning qo‘liga ber. Qazoyim yetsa, yurt bir amallab ko‘mib qo‘yar. O‘limni kutgan o‘lmaydi, kutmagan o‘ladi. Qirq yildan beri ana o‘laman, mana o‘laman, deyman. Qani, o‘lim o‘lgur kela qolsa. Soat uchlardan oshganda mayitni olib kelishdi. Sovxoz profilaktoriyasining vrachi Sedona bilan bir hamshiradan boshqa hech kim kelmadi. Choyshabga o‘ralgan Bodomgulning jasadini hovliga olib kirganlarida ham, uni uyga olib o‘tayotganlarida ham kampir o‘rnidan turmadi, qaramadi, pichirlab o‘tiraverdi. G‘assol xotin yuvib, kafanlab bo‘lgandan keyingina uyga kirib, Bodomgulning yuzini ochishni buyurdi. Odatda, yuvilgan jasadning yuzi ochilmasdi. Kampirning gapini ikki qilishmadi. Ochishdi. Kampir Mirvali yo‘ldan urgan kundan boshlab undan hazar qildi. Yuvuqsiz, deb biron marta bo‘lsin betiga qarab qo‘ymadi. Qo‘lidan ovqat yemadi. Kir-chirini ham, yemak-ichmagini ham bo‘lak qildi. Endi Bodomgul butun gunohlaridan forig‘ bo‘lib, abadiy uyquda yotardi. Jami gunohlari, el-yurt oldidagi yuzqaroliklari joni bilan birga tanini tark qilgan edi. Kampir yuvilib pok bo‘lgan kelinining peshonasidan siladi. Engashib, manglayiga asta lab tegizdi. Nimadi rdeb pichirladi. Ko‘zlaridan ikki-uch yosh tomchisi kafanga tushdi. Bodomgul — yangi kelin bo‘lib tushgan nikoh tongidagidek, nihoyatda chiroyli bo‘lib ketgandi. Qizillik qochgan oppoq betidagi moshdek xoli yanada qorayib ko‘rinardi. Qoshlari zulukdek qotgan. Yumuq qovoqlari uchidagi uzun kipriklari bir-biri bilan jipslashib ketgan edi. Atrofda ayollar faryod urib, aytib yig‘layotgan shu daqiqalarda kampir Bodomgulning kelin bo‘lib tushgan paytlarini eslayapdi. Ertalabki kelinsalom. Bodomgul harir parda yopinib, eng avvalo, qaynonasiga salom qildi. Engashganda yelkalaridan oshib tushgan sochpopuklar uchidagi qo‘ng‘iroqchalar bir-biriga urilib, jaranglab ketdi. Qaynona beqiyos chiroyli kelinning yuzini ochib, bir dam tomosha qildi. Bodomgulning yuzi sharm-hayodan lov-lov yonar edi. Kiprik ko‘tarib qaynonasiga betlab qarolmadi. Lablari, kichkinagina lablari qimirladi. Assalom, dedimi, nimadir dedi. Kampir uning yelkalarini silab, baxtli bo‘ling, bolam, qo‘shgani bilan qo‘sha qaring, deb manglayidan o‘pdi. Bodomgulning peshonasi qizib ketgan, qaynonaning lablarini kuydirgudek edi. Kampir endi uning muzdek, sovib qolgan peshonasiga lab tegizdi. Payvasta qoshlarini siladi. Keyin qaltirab: — Kapalak kiygan keladi, kafan kiygan ketadi, — deb pichirladi. — Kapalak kiyib kelganding, bolam. Endi kafan kiyib ketyapsan. Asli, bu kafan menga atalgan edi. Qandoq qilay, bu jon o‘lgur chiqavermasa. Gunohlaringni gardanimga oldim, bolam. Do‘zax o‘tlarida men kuyay. Sen hur-g‘ilmonlarga qo‘shilib ket. Kafanimni senga berdim. Pokiza tanga atalgan kafanimni berdim. Tinch yot, bolam. Orqangdan hech kim tosh otmaydi. Biron og‘iz yomon gap aytmaydi. Ko‘zim tirik ekan, seni yomon otliq qilmayman. Tong-saharlarda tilovat qilib, gunohlaringni so‘rab olaman. Bolam, meni qarg‘ama. Mendan rozi bo‘lib ket. Ravshanbekkinamning jasadi topilsa, yonginangga yotqizaman. Birga bo‘lasizlar, keyin men ham yoninglarga boraman. Kampir qaltirab yonboshiga og‘ib ketdi. Xotinlar suyab rostlashdi. Qo‘ltig‘idan ko‘tarib, tashqariga olib chiqa boshlashdi. Kampirning ikki qo‘li oppoq kafanga chulg‘angan Bodomgul tomonga cho‘zilgancha ketardi. Bu tog‘larda kiyikdek yugurgan, shamoldek yelgan, bulbuldek nola qilgan, har bahor tog‘ yonbag‘irlarida lov-lov yonadigan lola gulxanlaridek ko‘zlarni yashnatgan, to‘ylarga fayz kiritadigan — butun qishloqning erka kelinchagi Bodomgulning tabiat faqat bir martagina yaratishi mumkin bo‘lgan chehrasiga endi parda tortilgan edi. Oflob og‘ayotganda tobutni yelkaga olishdi. Azizbek oldinda belini bog‘lab borardi. Necha oylardan beri tokchada chang bosib yotgan lentalar yana magnitofonga qo‘yildi. To qabristonga yetguncha xonadonlarda tobut eshik oldidan o‘tishi bilan magnitofon qo‘yishar, Bodomgulning chirmanda jo‘rligida aytgan mungli qo‘shiqlari to qabristongacha kuzatib borardi. Bodomgul xuddi o‘z janozasida o‘zi faryod urib, aytib yig‘layotganga o‘xshardi. Kun botish ufqi alvon nurlarini cho‘qqilarga sanchayotgan chog‘i Bodomgulni tuproqqa qo‘yishdi. Har yurtning mashhur bir nimasi bo‘ladi. Parijning jahonga mashhur Eyfel minorasi, Samarqandning dunyoni lol qoldirgan Registoni, Buxoroning bulutlarga boshi qadalgan Minorai Kaloni, Yetimqishloqning bitta-yu bitta shu erka Bodomguli bor edi. Endi u yo‘q. Yetimqishloq yana bir marta yetim bolib qoldi. Mirvali uch kundan keyin Toshkentdan qaytdi. Bo‘lgan voqeani eshitib, esankirab qoldi. U chinakamiga Bodomgulni yaxshi ko‘rarmidi? Ular o‘rtasidagi munosabat muhabbatmidi? Harqalay, Mirvali Bodomgulni biron kun ko‘rmay qolsa, ko‘ngli u tomonga talpinaverardi. Birga bo‘lgan paytlarda dunyoning jami tashvishlarini unutib, bag‘riga singib ketardi. Mirvali yuragi betlab kunduzi Yetimqishloqqa kelolmadi. Qosh qorayganda mashinani pastlikda qoldirib, piyoda qabristonga keldi. Hali oy ko‘tarilmagan. Go‘rkovning hujrasida chiroq yonib turardi. Mirvali go‘rkovga uchrab, Bodomgulning qabrini ko‘rsatishni so‘radi. O‘t-o‘lanlar o‘sib ketgan go‘rlarning ko‘pi o‘pirilgan, yoz o‘rtasi bo‘lishiga qaramay, daraxtlari barg tashlagan, tosh sag‘analar tagida shamlar lipillab yonayotgan vahimali qabristonda go‘rkov Mirvalini ergashtirib borardi. U yangi, ustiga atigi bittagina hassa sanchilgan qabr oldida to‘xtadi. Bu Bodomgulning go‘ri edi. Mirvali qabrning oyoq tomonida juda uzoq cho‘kkalab o‘tirdi. Bir og‘iz ham so‘z aytmadi. Biron marta bo‘lsin boshini ko‘tarib atrofga qaramadi. Shu engashganicha qimirlamay, munkayib o‘tiraverdi. Tik turaverib oyog‘i tolgan go‘rkov, ketishini ham ketmasligini ham bilmay, og‘irligini dam o‘ng oyog‘iga, dam chap oyog‘iga tashlab, Mirvalining o‘rnidan turishini betoqat bo‘lib kutardi. Oxiri Mirvali ikki tizzasiga tiralib o‘rnidan turdi, go‘rkovga etgashib darvozaxona tomon yura boshladi. U ketar oldida go‘rkovga sanamasdan bir dasta pul tutqazdi. Hech narsa demadi. Aftidan, go‘rkov nima qilishini o‘zi bilsa kerak, bosh irg‘ab orqasidan qarab qoldi. Mirvali uzoqlashgandan keyin, u hujradan sham olib chiqib, yana Bodomgulning boshiga bordi. Shamni yoqib, birpas qarab turdi-da, so‘ng qurigan o‘tlarni shitirlatib orqasiga qaytdi. Boyo‘g‘lining xunuk ovozi eshitildi. Oy ko‘tarilishi bilan chirildoqlar bazmi boshlandi. O‘pirilgan go‘rlardan bir-birini quvib yovvoyi mushuklar chiqdi. Ularning ko‘zlari kumush tangadek ko‘kimtir sovuq nur bo‘lib uzoq o‘chmay turadi. Yettinchi lampa arang yoritib turgan hujrada go‘rkov Qur’on tilovat qilardi. Belingdagi pichog‘ingni, mingan otingni, nikohingdagi xotiningni birovga ishonma, bolam... Tolibjon umrining buyog‘ini shu tog‘larda, bolaligi qolgan qishloqda yashab o‘tkazishga qaror qildi. U jahonni kezdi. Dengizlar, tog‘lar, sahrolar oshdi. Shohona mehmonxonalarda yashab ko‘rdi. Lekin shu kichkinagina, azim tog‘lar pinjiga suqilgan ona qishlog‘idek qadrdon joyni ko‘rmadi. Shu yer mening so‘nggi bekatim, dedi. Kuyovi hovli etagiga poydevor qo‘yib, buyog‘iga chog‘i kelmaganidanmi, qo‘li tegmaganidanmi, tashlab qo‘ygan uyni bitkazmoqchi bo‘ldi. Bugun ikki haftadirki, u jiyanlarini yoniga olib, guvala dumalattiradi. Bu qishloq odamlarining ajib yaxshi odatlari bor. Birov imorat boshlasa, qo‘ni-qo‘shnilar yalpi hasharga chiqishadi. Har kuni bitta qo‘shni osh-ovqatni bo‘yniga oladi. Tolibjonning imoratga unnaganidan xabar topgan qo‘shnilar arrayu poyteshalarini ko‘tarib kelaverishdi. Biri xodalarning po‘stlog‘ini shiladi. Biri poytesha bilan to‘sin chopadi. Kun yoyilishi bilan Tolibjon onasini o‘rik tagidagi chorpoyaga o‘tqazib qo‘yadi. Kampir Tolibjonning endi hech qayoqqa ketmasligidan, shu qurayotgan uyimizda ikkimiz yashaymiz, deb aytganidan nihoyatda xursand. U ichida, bolam-a, men buyog‘iga qancha yashardim, sening boshingni ikki qilsam, shu uyda ko‘paysang, deyapman-da, derdi. Ammo Tolibjon uylanmoqchi emas, umr ketdi. Endigi topilgan hamrohni yarim yo‘lda tashlab, baxtiqaro qilib ketish nomardlik, deb o‘ylardi. Dardning kelishi oson, ketishi qiyin. U doktorlarning gaplariga quloq solmagan edi. Tog‘ havosi, toza suv tarang tortilgan asablarini asta qo‘yib yuborayotganini o‘zi ham seza boshlagan edi. Shu uy bitsa, Toshkentdagi uyimni topshirib, ko‘ch-ko‘ronimni olib kelardim, deb o‘ylardi. Qishloq soveti raisining kabineti yonida kattagina xona bor ekan. Kitoblarimni shu joyga olib kelsam, qishloq bolalari bahramand bo‘larmidi... Tolibjon yaqin o‘ttiz yildan beri kilob yig‘ardi. O‘g‘lim voyaga yetganda o‘qiydi, deb niyat qilgandi. Salkam yigirma ming kitob kimsasiz uyda chang bosib, sarg‘ayib yotibdi. Shularni qishloqqa sovg‘a qilaman. Yaxshigina kutubxona bo‘ladi. Uning dilida niyatlari ko‘p edi. Endigi qolgan umrini ona qishlog‘ining bolalariga bag‘ishlamoqchi. Ularni o‘qitib, olamni tanitmoqchi. Bu qishloq bolalari uchun birdan-bir ideal — Shtirlis bilan Raj Kapur, xolos. Bolalarni kitobga o‘rgatish kerak. Toki ular ishchi kuchi bo‘lib emas, ongli, katta jamiyatning bilag‘on a’zolari bo‘lib yetishsinlar. Ularning hozirgi turish-turmushi faqat jismoniy mehnatdan boshqaga yaramaydigan qilib qo‘yadi. Kunlarning birida Tolibjon do‘sti Mirvalidan: «O‘rtoq, bolalarning o‘qishi chatoq-ku, o‘qituvchilaring ham hech baloni bilmaydi, ularing na gazeta o‘qiydi, na kitob, ular tarbiyalagan bolalar kim bo‘lib yetishadi?» deb so‘raganda, Mirvali xandon tashlab kulgan edi. — Nima, o‘qib professor bo‘larmidi? Yozish-chizishni, o‘qishni bilsa bo‘ldi-da. Undan yuqorisini bilsa, ketib qoladi. Instituida o‘qiyman, deb shaharga talpinib qoladi. Bitta o‘qigan senmi, ketib qolding-ku. Boshingga tashvish tushmasa, qaytib kelmasding. Bular ham shunaqa-da. Menga ishchi kerak, olim emas, ishchi. Ilmi bo‘lsa, tog‘da echki boqadimi? Ma’lumoti bo‘lsa, poda ketidan changga belanib yurib, bo‘yniga ko‘za osib xonadonlar oldidan «oshhalol» deb chaqirib yuradimi? Ilmi bo‘lsa, tili chiqadi. Agar menga qolsa, tog‘ oralaridagi qishloqlarda o‘rta maktablarni yopib, boshlang‘ich maktab qilib qo‘yardim. Savodi bo‘lmasa, katta bo‘lganda anonim yozolmaydi, bildingmi?! Afsuski, bunaqa qilolmayman-da, zamon ko‘tarmaydi. Bu gaplarni yurt otasi, davlat miqyosida ish yuritadigan Mirvali aytayotganiga Tolibjon ishonmagandi. Qiziqchilik qilyaptimi, uni laqillatyaptimi, yo ko‘nglidagi gapni aytyaptimi, bilolmagandi. Mirvali hech kimdan hayiqmaydi. Istagan ishini qilaveradi. U, hukumat bu tog‘larni menga bergan, deb o‘ylayapdi. Yo‘qsa, bunchalik zolim bo‘lib ketmasdi. Kampirso‘rida o‘tirgancha ustalarni gapga soladi. Ularni ko‘rmasa ham ovozidan taniydi. — Hoy, sen Egamberdimisan? Nevara-chevaralaring tinchomon yuribdimi? Qizing kepqolgandi. Ketdimi yo o‘tiribdimi? Jo‘natvor, qiz degan chiqib ketgan uyiga begona bo‘ladi. — Ketgan, ketgan, ena, — deydi Egamberdi. — Binoyi bo‘pti. Endi kelsa, kiritma. Chiqqan qiz chig‘iriqdan tashqarida, shu gapni bilasanmi? Xotining rahmatli halimdakkina, parishtalikkina edi. Uylanmadingmi? — Yoshim ham ketib qoldi. Uyat bo‘lar. — Unaqa dema, Dunyo shu. Ketgan ketdi. Endi qaytib kelmaydi. Yotaring bor, turaring bor. Yana o‘zing bilasan, boshing bolishga yetganda peshonangga bitta urib qolmagin, deyman-da. Kampir dolchin choyini ho‘plab, uzoq tin oladi. Yana ustalarning gangur-gungur gaplariga quloq soladi. Gapga aralashgisi keladi. O‘zini tutadi. Oxiri bo‘lmaydi. — G‘upromiddin. Hoy, G‘upromiddin! Ilgarilari kirib, birpas yarimpas gaplashib o‘tirib chiqib ketarding. Nega daraging yo‘q? Oltmish yoshlardagi jikkak chol teshasining sopini belbog‘idan o‘tkazib, so‘riga keladi. Omonatgina o‘tirib, kampirdan hol-ahvol so‘ragan bo‘ladi. — Kampir ena, xotin uch-to‘rt kun ol ketdim, ol qoldim, deb qo‘rqitdi. Shunga andarmon bo‘lib kirolmadim. Dolchin choyingizning xumori tutib turadi. Qani, bitta quying. Kampir choy quyib uzatadi. Necha martalab aytgan gaplarini yana boshlaydi. G‘upromiddin ko‘ngli uchun bu gaplarni birinchi marta eshitayotgandek, ha-ya, shunaqami-ya, deb o‘tiraveradi. — Baraka topkur, xotining kichkinaligida juda jikildoq edi. Bitta gap aytganga o‘ntani qo‘ndirardi. G‘upromiddin boshini silkitib-silkitib kuladi. — E, enasi tushmagur-a, bizzi xotin yoshligida bir gapga o‘nni qo‘ndirsa, qariganda o‘ttizni qo‘ndiradi. Unga bitta gap aytu orqangga qaramay qoch! — Bay-bay-bay, — deydi kampir, — haliyam qolmapdi-da, shu odati o‘lmagur. Hay mayli, umridan baraka topsin. Ishqilib, xudo senga to‘zim bersin. Chidaysan-da, chidamay qayoqqa ham borarding. Shuncha nevara-chevara, evara... — Qalampirdek zahar gaplariga o‘rganib qolgan ekanman. Kasal bo‘lganda qo‘rqib ketdim. Ikki kun tildan ham qoldida, boyaqish, qarg‘ishlarim ijobat bo‘ldimi, deb o‘zimni o‘zim koyidim. Ja jonimdan o‘tkazvorganda, tiling kesilsin, devorgan paytlarim bo‘lgandi. Tavba qildim, xudoyim, tavba qildim, deb nola qivordim. Xayriyat, tili chiqdi. Hozir binoyidek meni qarg‘ab yotibdi. — Otangni onasini eslaysanmi? Momongni aytyapman. — Ha, bilaman. Eslayman. Elas-elas eslayman, juda qarib qolgan edilar. — Ha, balli, — deydi kampir. — O‘sha momongni bobong Makritdan opqochib kelgandi. Husn deganing oy desang oy, kun desang kun edi. Soch deganing yerga tegardi. Qishloq qizlari tomga chiqib, qaldirg‘ochdek tizilib olib, uni tomosha qilishardi. Rahmatli tirik bo‘lganda yuz o‘ttizdan oshardi. Xudoning qudrati bilan bolalari o‘ziga o‘xshamadi. Otasiga o‘xshagan qanshari past bo‘lishdi. — Enajon, endi boray, ish qolmasin. G‘upromiddin shunday deb o‘rnidan turdi. Kampir o‘tirib-o‘tirib, yana zerikdi. Kim bilandir gaplashgisi, kimgadir yig‘ilib qolgan gaplarini aytgisi keldi. Oxiri chidamay ovoz berdi: — Dolimbo-e, nima qilyapsan, bitta choy ichib ket. Poyteshada tik turganclia bolor chopaverib, hassaga o‘xshab ketgandirsan. Kela qol! Atrofdagi ustalar Dolimboyga qarab iljayishdi: — Bor, bora qol, ochereting keldi. Dolimboy poyteshani qalin payraxalar ustiga ehtiyot qilib qo‘yib, so‘riga kelib o‘tirdi. Kampir choynak tagida qolganini silqib quydi. Dolimboyga uzatdi. Keyin, Tolib-e, choy opke, dedi. Nimadan gap boshlashni bilmay, bir oz turdi. Nihoyat, gapini topdi. —Dolimboy, kichkina qudangni melisa deb eshitdim. Rostmi? Melisalik ham yaxshi hunar. Yonida to‘pponchasi bo‘lsa, yana nima kerak. Kelining mo‘min-qobilginami yo melisani qiziman, deb qaynonasini tokchaga chiqazib qo‘yyapdimi? — Yo‘g‘-e, — dedi usta Dolim. — Bu qiz quda ayaning oldingi eridan. Dadasi sartarosh bo‘lgan. Qudachilikni o‘sha bilan qildik. Daromadi yaxshi. Butun rayonda undan boshqa sunnat qiladigan sartarosh yo‘q. Topishi yaxshi. — Undoq bo‘lsa, durust. Besh-o‘n yildan buyon tog‘da o‘g‘il bola ko‘p tug‘ilyapdi. Bu ham bo‘lsa qudangni rizqi-da. Senga xudo berib qopti. Hozir o‘tirib hisoblasam, mani hisobimda san bu yil oltmish ikkiga kirarkansan. Kelasi yili payg‘ambar yoshiga kirasan. Movlud o‘qitasanmi? — Yo‘g‘-e, — dedi usta Dolim, — zamon ko‘tarmaydi. Yoshligimda komsomol bo‘lgan ekanman, esimdan chiqib ketibdi. Gap tegadi, enajon. Kampir lablarini burdi. — Hech bo‘lmasa, Kiyiksovdi enamga biron nima ata. Hasharchilar Dolimboyni chaqirishdi: — Ho, usta buva, qarab qoldik-ku! Ostonada munkayib o‘tirgan chol yonboshiga qo‘yib olgan pachoq paqirdan qiyshiq-qing‘ir mixlarni olib, bolg‘a bilan to‘g‘rilardi. U qorin solganidan munkayib o‘tirishga qiynalardi. U, kampir meni ham chaqirib qolarmikan, jindakkina belimni yozib olardim, degan o‘y bilan tez-tez ovoz chiqarib qo‘yardi: «Hoy bolalar, choyga qaranglar, payraxa oldida gugurt o‘ynamanglar, oyoq ostidagi guvalalami chetga olib qo‘yinglar». Kampir uni ovozidan tanimadi. Bu kim bo‘ldi ekan, deb o‘yladi. Oxiri chol chidamay ketdi: — Kampir ena, shuncha ovoz beraman, nega meni chaqirmaysiz? Kampir ovoz kelgan tomonga qaradi. — Kimsan? Tanimayroq turibman. Ovozing notanish. — Axir, men Razzoq buqachiman-ku. — Ovozing o‘xshamaydi-ku? Razzoq buqachi o‘rniga boshqa birov javob qildi: — Ichaverib ovozi shunaqa bo‘lib qolgan. Kechasi uyga kelganda bolalari ovozidan tanimay, avval devor nahrasidan qarab, dadasiligini bilib, keyin eshik ochishadi. — Voy, omon bo‘lgur-e! O‘zingam araq o‘lgurni suvdek icharding-da, shu ichishingga vohligina o‘lib ketarsan, deb o‘ylagan edim. Xayriyat, joning qattiqqina ekan. Kel, kela qol, bitta choy ichib ket. Po‘stloq shilib, beli qotib ketganlarga alam qildi. — Ho‘, piyanista nomard, beochirt o‘tding-a, endi meni navbatim kelgan edi. Kampir Razzoq buqachiga choy uzatdi. — Cho‘lga shakar yoqqani esingdami? — dedi kampir Razzoq buqachiga. — O‘shanda uyingdagi paxsa devorlarni yiqitib, qaynatilgan yantoq sharbatini yana olti marta qaynatib, loyqadan o‘tkazib tinitgan eding. Paxsa oxurdan, paxsa loyqasidan o‘tkazilgan sharbat buloq suvidek tip-tiniq boigan edi.Dosh qozonda suvi bug‘lanib ketguncha qaynatavergan eding. Oxiri qozon tagida oppoq, hukumatnikidan ham oppoq shakar qolgandi. Bola-chaqang bilan bu atrofda paxsa qoldirmading. Eshak aravada yantoq tashiganing tashigan edi. O‘zing ham moldek ishlading. Qo‘ni-qo‘shnilaming qozonini sharbatga to‘ldirib, olti qop oppoq shakar qaynatib olgan eding. O‘zing o‘lgidek pishiq bo‘lsang ham ba’zi-ba’zida odamgarchiliging tutib qolardi. Tolibning sunnat to‘yiga bir qop marvariddek shakar chiqazgan eding. Shu yantoq shakaridan besh kashkil shinni solgansan, ho‘ bunga necha yil, necha zamonlar bo‘lib ketgan. Shinning tamom bo‘lgandir. — Bor, bor. Biron o‘ttiz shishada shinni bor. Qishda bolalar qorni shinniga qorib, «Rohatijon» qiladilar. Yangichasiga aytganda, «Fruktoviy» muzqaymoq bo‘ladi. — Urush yillari xo‘pam quturganding-a. O‘ligingni bitta buqaning bo‘yniga tashlab olganding. Bitta g‘unajinga qo‘yishga yuz so‘m olarding. Elligini o‘zing yeb, elligini buqangga yedirarding. Sani boshingdan o‘tgan gaplarshundoqqina esimda turipti. Bir chekkadan aytib beraymi? Ular orasida o‘tayotgan gaplarga quloq solib turganlar: «Ayting, ayting, kampir ena, bizga og‘iz ochirmaydi, siz ayting», deb turib olishdi. Razzoq buqachi o‘zini u yoq-bu yoqqa tashlab ko‘rdiyu, bo‘lmadi. Kampir choy ho‘plab, gapga tushib ketdi: — Shu desang, Razzoqvoy, san uylanganingda «Ro‘molim» plastinkasi endi chiqqan yili edi. To‘g‘rimi? To‘yingda hovliga patifon opchiqib, o‘n yetti marta qo‘yib eshitganmiz. O‘sha xotining to‘ydan yetti kun o‘tmay qochib ketgan edi. Undan keyin palandaralik bitta juvon xotin olding. O‘sha yili pilla tutganlarga baxmal berish rasm boigandi. O‘sha xotining yaxshigina, sog‘lomgina edi. Bir oyga qolmay rangi sarg‘ayib, oqsoqlanib qolgandi. Sal kun o‘tmay, olamdan o‘tib ketdi. Qanaqa dardi borligini hech kim bilmay qoldi. Undan keyin Ravot mesh tomondan qiz olding. Ko‘hlikkina edi. O‘shanda o‘zimizning quvalik terimchi Shakarxon Mo‘minova degan juvonning suvrati gazetada chiqqandi. Kelinni yuzini hech kim ko‘rolmay qolgandi. To‘yning ertasigayoq chirqillaganicha sep-sidirg‘asini ham tashlab, Ravot meshga piyoda dodlab, qochib ketgandi. Usta Dolim gapga aralashdi: — Kampir ena, bu yaramas kuniga ikkita kirpining sho‘rvasini ichadi. Bedananing tuxumini xom yutadi. Qassoblardan oshnasi ko‘p. Qo‘chqor so‘ygan kuni o‘qdek uchib boradi. Kampir pixillab kuldi. — Tag‘inam Abo Muslimi sohibqiron bo‘lib ketmagan ekansan-da! Bu gaplardan hasharchilar qotib-qotib kulishardi. Razzoq buqachi peshonasini uqalab, terga pishib, indamay o‘tirardi. Kampir xuddi kitob o‘qiyotgandek, uning tarjimai holini aniq qilib aytardi. — Shundan keyin seni taniydiganlar qiz bermay qo‘yishgandi. Yana uch bor uylanding. Bittasi o‘ldi, ota-onalari aravada olib ketishdi. Bittasini erta saharda o‘zini suvga tashlayotganda ushlab olishdi. Bechora qorong‘i tushishi bilan qo‘shnilarnikiga chiqib ketgancha ertalabgacha uyga qaytmasdi. Oxiri qochib qoldi. Keyin kimga uylanganding? Ha, esimda, bir yoshi o‘tganroq yakkabog‘lik yallachini oluvding. Uylanding, ozib-to‘zib, devorlarni ushlab, hassaga tayanib, pashshalarga talanib yuradigan bo‘lib qolding. Xayriyat, bu xotiningning joni qattiqqina ekan. Yashab ketding. Shunga uylandingu pensiyaga chiqmasang bo‘lmay qoldi. Ustalardan biri ovoz berdi: — Nima balo, kampir xola, qishlog‘imizni ispravichni bo‘yrasimisiz? Hamma gapni kitobga yozgandek bilasiz-a! — Bilaman-da, ko‘z o‘lgur bundoq bo‘lgandan keyin, o‘tgan-ketganlarni eslab o‘tiraman. Hammasi yodimga keladi. Birovi bor, birovi urushda o‘qqa uchib ketgan, birovlari tirikchilik, deb to‘rt tarafga tarqab ketgan. U yana Razzoq buqachiga o‘girildi. — Xo‘sh, xotining qalay? Nevaralarga qorishib o‘tiribdimi? — Ha, endi o‘tirmay qayoqqa ham borardi. Ammo-lekin pardoz-andoz o‘shandoq. Qoshidan o‘sma, yuzidan upa arimaydi. Xotin kishining yuzi bir nuragandan keyin pardoz tutmay qo‘yarkan. Qari artistlarga o‘xshab terisini torttirsa, boshqa gap. Masjid buzilsa, mehrob qolar degandek, asli husnidan picha bor. Sho‘xligi ham o‘ziga yarasha. Ustalar gap qotishdi: — Buqachi ba’zi-ba’zida uyidan qochib chiqib, kechalari oqsoqolning tashqari hovlisida yotib yuradi. Kampirning ichi yolg‘izlikdan gip bo‘lib qolgan ekan. Hamqishloqlari bilan gaplashib, rosa dilini yozdi. Tolibjon esa hasharchilarning bir ota-onaning bolasidek ahilliklariga, onasining ular bilan o‘z jigaridek gaplashishiga qarab, yuragi tolqinlanib ketardi. Dunyoning hech yerda bunaqa ahil odamlarni ko‘rmagandi. Yaxshi-yomon kunlarda bir-birining pinjiga kirishi, bittasining dardiga hammasining joni og‘rishiga, bittasining quvonchiga hammasi bab-baravar yayrab ketishiga hayron bo‘lib qolgan edi. U hayotda ana shunday quvonchli, nurli, beozor, huzur-halovatli damlarning ko‘p bo‘lishini, uzoq bo‘lishini istardi. Kampir o‘tirgan so‘riga oftob kelib qoldi. Tolibjon ko‘tarib ayvonga oborib qo‘yay, desa ko‘nmadi. Qadrdon hamqishloqlaridan bir qadam bo‘lsa ham nari ketgisi kelmasdi. — Hoy G‘upromiddin, beri kel. — E, qanaqasiz, ena. G‘uprom hozir choy ichdi-ku! — G‘upromiddinni ikki karra choy ichishga haqqi bor. Boshqorong‘i kelinlarga alohida «Nordon bog‘» qilgan. Shuning uchun «Oblizdroviya» ichida chirog‘i bor soat bergan, bildingmi? — Bolam, uydan Zaynabning soyabonini opchiqib ber. Tutib o‘tiraman. Nega charcharkanman, bolam. San ota yurtingga kelib vatan tikasan-u, men charchaymanmi? Bu hasharchilar ko‘z oldimda o‘sgan bolalar. Ovozini eshitsam, ota-onalari esimga tushadi. Ularni tirik ko‘rgandek bo‘laman. Charchamayman, bolam. Darhaqiqat, hozir hovlini to‘ldirib hashar qilayotgan chollarning oldi oltmishdan, keti ellikdan oshgan kishilar edi. Kampir ular tug‘ilganda o‘ttizdan oshgan, yursa yer titraydigan polvon xotin edi. Gursillatib ketmon chopardi. Tog‘dan burni yerga tekkudek bo‘lib o‘tin orqalab kelardi. Tolibjonning otasi qirga bug‘doy separdi. Ot-ulov bo‘lmay qolganda, shu xotin qop to‘la donni yelkalab pildiragancha kelaverardi. Mana shu chollar o‘sha paytda to‘rt-besh yashar bola edilar. Ular kimpirning ko‘zi oldida o‘sib odam bo‘lishdi. Qanchasi urushga ketdi. Kelmaganlarining uyida aza ochildi. Qanchasi baxt izlab allaqayoqlarga izg‘ib ketib qoldi. Mana shu qolganlari kampir uchun benihoya qadrli, aziz kishilar edi. Kampir ularning barini senlab gapiradi. Nazarida hali ham bolayu tez-tez tergab turmasa bo‘lmaydigan tuyuladi. Shu topda birontasini koyigisi keldi. — Hoy, Abdumajid! Nima balo, xotining odamgarchilikdan chiqib qolganmi, deyman. Bodomgulning ma’rakasida rov ko‘rinib, rov yo‘q bo‘ldi. Abdumajid po‘stloq shilayotgan o‘rog‘ini yoniga qo‘yib, javob qildi: — Bola-chaqa ko‘paygandan keyin erkakdir, xotindir odamgarchilikdan chiqib qolarkan. Bechora Xayrobodga tushgan qizinikida. Oy-kuni yaqin. Qizining qorniga qulog‘ini tutib o‘tiribdi. Kechga yaqin, oftob tenskay tomonga o‘tgan mahalda Zaynablar eshigi oldida ikki yuk mashinasi to‘xtadi. Bir mashina borti kitob, ikkinchisi har xil ro‘zg‘or buyumlari, shkaflar, ko‘rpa-yostiq, kiyim-boshlar bilan to‘la. Osmondan tushdimi, yerdan chiqdimi, birpasda qishloq bolalari ko‘chani to‘ldirishdi. Ulan «Tolib tog‘am ko‘chib keldilar, Tolib tog‘am ko‘chib keldilar»! deb chug‘urlashardi. Ularning quvonchi cheksiz edi. Imorat qurayotgan ustalar ham ishlarini tashlab tashqariga chiqishdi. Ular endi Tolibjon butunlay shu yerda qolmoqchi ekaniga ishongan edilar. Bolalar bo‘lak-bo‘lak qilib bog‘langan kitoblarni ayvonga tashiy boshladilar. Keksalar o‘rin-ko‘rpalarni, shkaflarni olib kirishardi. Kampir so‘rida pichirlab o‘tiribdi.Tolibjon uning oldiga kelib yuklarini olib kelganini aytganda, u, bilib turibman, bolam, dedi. Keyin Tolibjon tashqariga chiqib, «Volga» bagajnigidan ikkita tugun ko‘tarib keldi. Bu jiyanlariga, Zaynabga, onasiga sovg‘alar edi! So‘riga o‘tirib, tugunlami yecha boshladi. Ikki katta tugunda hammaga yetadigan kiyim-kechaklar bor edi. Keyin u mashinadan bolalar velosipedlari, samokatlar olib, jiyanlariga tarqataverdi. Shu payt uning ko‘zi hech narsaga parvo qilmay, ostonada mung‘ayib o‘tirgan Azizbekka tushdi. Ko‘ngli allanechuk bo‘lib ketdi. Shodligini, bolaligini yo‘qotgan bu bolaning ahvoli yurakbag‘rini o‘rtab yubordi. Ayvonning shiftigacha kitob qalashib ketdi. Shkaflarni qo‘yishga joy qolmaganidan tok so‘ri tagiga qo‘yishdi. Razzoq buqachinikidan tog‘ora ustida yangi yopilgan issiq noni bilan osh chiqdi. Hasharchilar qo‘llarini yuvib, so‘riga, kampir atrofiga cho‘kka tushib o‘tirishdi. Osh ustida gap kitob to‘g‘risida ketdi. — Shu kitoblarning hammasini o‘qiganmisiz? — deb so‘rashdi. — Luqmoni Hakim ham shunaqa ko‘p kitob o‘qib olim bo‘lgan ekanlar. — Kitob o‘qigan odamlarni sadag‘asi ketay, o‘qib-o‘qib so‘g‘in nachayli bo‘lishgan. — E, nimasini aytasiz, bu kitob degani yuqqanga yuqarkan. Mana, Muqim taroqchini o‘g‘li Toshkentdek shahri azimda besh yil o‘qib kelib, maktab bolalarini raz-dva qilib yugurtirib yuribdi. Shu yuqmagani-da. Shojalil utilchini o‘g‘li olti oygina o‘qib, yelkasida pogonu belida to‘pponcha bilan keldi. Bu yuqqani-da. Uyiga hech qo‘li quruq kelmaydi. Kimsan, Shomovlon melisa. Shu bola melisa bo‘ldi-yu, qishlog‘imizga fayz kirdi. To‘y bo‘lsa, u kelmaguncha qozon ochilmaydi. O‘ziyam miyasi butun bola bo‘lgan. Kallasi to‘la ilm. Gazetalarni sharillatib o‘qib tashlayveradi. Hukumatning eng ishongan odami. Sir saqlashni biladi. Bir kuni televizor ko‘rib o‘tirgandik, kirib qoldi. Shunda, Shomovlon, nachaylik bolam, menga bir nansani tushuntirib ber, boshqa shaharda turib gapirayotgan manavi qiz qandoq qilib bu shahardagi televizorda paydo bo‘lib qolyapdi, deb so‘radim. Aqlliligini qarang: boboy, siz bunaqa narsalarga aralashmang, bu davlat siri, hammaga aytilavermaydi, deydi. O‘shanda unga qoyil qolganman. Tolibjon bu sodda va lekin beg‘ubor kishilarning o‘zlaridek beg‘ubor suhbatlariga kulib-kulib quloq solib o‘tirardi. Kech kirdi. Ertaga sinch orasiga guvala urishni maslahatlashib hasharchilar tarqalishdi. Tolibjon Ribnikov oldidan chiqib kelayotganda qabulxonada Jayronani uchratgan edi. U, sizga aytadigan gapim boredi, Tolibjon aka, pastda picha kutmaysizmi, deb iltimos qildi. Jayrona Ribnikov oldida uzoq turmadi. Yigirma minutlar chamasi vaqt o‘tmayoq qaytib chiqdi. Boya kabinetga kirib ketayotganda chehrasi yashnab turgan edi. Endi qandaydir asabiyroq ko‘rinardi. Ular so‘zsiz yurib, to‘g‘ridagi Gagarin haykali o‘rnatilgan xiyobondan borishardi. Anhorning narigi tomonidan futbol ishqibozlarining o‘qtin-o‘qtin hayajonli qiyqiriqlari eshitilib turardi. Jayrona gap boshladi: — Tolibjon aka, darbadarlik yana boshimizga tushyapti-ku. Indamay ketaveramizmi? Sizni-ku bilmayman, ammo men bunaqa adolatsizlikka endi chidamayman. Axir, men ayol kishiman. Umrim o‘tib ketyapdi. Hech kim buni o‘ylamaydi. Ro‘zg‘or qilsam, bola-chaqa orttirsam, deyman. Meni hech kimim yo‘q. Detdomda o‘sganman. Tanish ayollaming uylariga borganimda, bolalarini ko‘rib havasim keladi. Begona yurtlarda darbadar kezaversam, qachon bir ro‘zg‘orning boshini tutaman. Ertami-indin umr ham hu degancha o‘tib ketadi. Qarirman ham. Go‘dakligim «Bolalar uyi»da o‘tgani yetmagandek, qariligim ham «Keksalar uyi»da o‘tadimi? Ana shunisi alam qiladi. — Qayerga yuborishyapdi? — dedi Tolibjon. — Livanga. Bormayman, deb qat’iy javob qildim. Borasan, deydi. Kommunistsan, bo‘yin tovlashga haqqing yo‘q, deydi. Bormayman, erga tegaman, dedim. — Jayronaxon, Mahkamov meni kutyapdi. Muhim gapi borga o‘xshaydi. Keling, kechqurun ko‘rishaylik. Jayrona yurishdan to‘xtadi. — Tolibjon aka. Ichim to‘lib ketgan. To‘kib soladigan odamim yo‘q. Siz ahvolimni bilasiz. Hech bo‘lmasa, sizga aytay. U shunday deya, sumkasidan qog‘oz olib, telefon nomerini yozib berdi. Avval telefon qiling, o‘zim borib olib kelaman. Jayrona «Yashil gumbaz» kafesining ro‘parasidagi to‘qqiz qavatli uyda turardi. Uch xonali uy nihoyatda did bilan bezatilgan. Hammayoq orasta. Tolibjon, ivirsitadigan yosh bola bo‘lmagandan keyin, shlyapasini bir tomonga, kostyumini bir tomonga irg‘itadigan erkak kishi bo‘lmagandan keyin, qanday qilib ivirsiq bo‘lardi, deb o‘yladi. Servant yapon, xitoy, fransuz, Bovar servizlari bilan to‘lgan. Chexlarning rangli billur idishlari elektr nurida chaqnab ko‘zni olardi. Zal uyning bir devorini eronning ipakgilarni egallagan.O‘rtasiga Leonardo da Vinchining Mona Liza (Jakonda) surati ilib qo‘yilgan. Stolda ikki kishiga yetarli shirinliklar, «Kamus» deb atalgan fransuz konyagi. Tolibjon o‘zining soddaligidan o‘kindi. E, nodon, ayol kishining uyiga ketyapsan, bir boylamgina guldasta olmaysanmi, u ham bo‘lmasa, bitta duxi olsang bo‘lmasmidi? — Jayronaxon, umrimda yolg‘iz ayol kishining uyiga kirmaganman. Gul olishga ham aqlim yetmabdi. Jayrona xandon tashlab kuldi. — Tajribangiz yo‘q-da. Bu masalada hali norastasiz. Balog‘atga ham yetib qolarsiz. Jayronaning egnida havo rang yupqa xalat. Badani har xil tasmalardan xoli bo‘lganidan butun vujudi to‘lg‘anib turardi. Tolibjon nazarida ertaklar olamiga tushib qolganu dunyoda tengi yo‘q bir pari atrofida parvona bo‘layotgandek. Jayrona billur vazada varaqi olib chiqdi. — Boshqa ovqatdan umid qilmang. Bori shu. Uyni varaqi hidi tutib ketdi. — Keling, shu alamlarga bittadan konyak ichaylik. U shunday deb «Kamus»ning tiqinini sug‘ura boshladi. Ochdi. Qadahchalarga to‘ldirib quydi. — Qani, Tolibjon aka. Ikkovimiz uchun. Toshlarga urilib yorilmagan, hech kimga egilmagan boshlarimiz uchun. Nopoklik aralashmagan mashaqqatli hayotimiz uchun, bundan buyon ham xuddi shunday yashashimiz uchun. Oling, aka! Tolibjon ko‘pdan beri ichimlikni og‘ziga olmagan. Shu bugun ichgisi kelib turgan edi. Ayni muddao bo‘ldi. Seskanmasdan, aftini bujmaytirmasdan ichib yubordi. Avvaliga gap gapga qovushmay turgan edi, uchinchi qadahdan keyin «indamas» Tolibjon ham tilga kirdi. Jindek qizishib olgan Jayrona dadillashdi. — Tolibjon aka, ertaga borib otkaz qiling. Bormayman, deb ochiq ayting. Hech narsa qilisholmaydi. Siz charchagan, dam olishi kerak bo‘lgan odamsiz. Majburan yuborishga haqlari yo‘q. Tolibjon yon cho‘ntagidan konvert chiqazib stolga qo‘ydi. — Endi Ribnikov oldiga borishga hojat qolmadi. Ishlarim birovga aytsa aslo ishonmaydigan darajada muvaffaqiyatli bo‘ldi. Konvertni ochib ko‘ring. Jayrona konvertni ochib, qog‘ozlarga ko‘z yugurtirdi-yu, qiyqirib chapak chalib yubordi. Qog‘ozlarning birida Tolibjon Usmonovga Ittifoq ahamiyatidagi pensiya tayin qilish to‘g‘risida qaror. Birida uning chet ellarda ishlab yurgan paytlarining o‘n yiliga komandirovka xarajatlari to‘lash to‘g‘risida O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetining ko‘rsatmasi, yana birida qonunsiz ravishda tortib olingan kvartirasini qaytib berish, hozir bu xonalarni egallab turgan kishilarni zudlik bilan ko‘chirib yuborish va xonalarni ta’mirlash to‘g‘risida Toshkent shahar ijroiya komitetining ko‘rsatmasi va, nihoyat, Tolibjonga besh yil muddat davomida davolash fondidan har oyga besh yuz so‘mdan pul ajratish to‘g‘risida respublika kasaba soyuzining ko‘rsatmasi bor edi. Tolibjon bu hujjatlarga ilova qildi: — Agar sizni majburan chet elga yuborishsa, men bu imtiyozlarning baridan kechib, siz bilan ketaman... Tolibjonning gapi og‘zida qoldi. Jayrona o‘rnidan turib, uning qo‘lidan tortib turg‘izdi. Bo‘yniga osilib cho‘lp-cho‘lp o‘pa boshladi. — Hech qayoqqa ketmayman. Endi o‘tiring. Odamlarga o‘xshab bir xotirjam bazmi jamshid qilamiz. Ikkovi ham qadahlarni to oxirigacha bo‘shatishdi. — Men boshlagan bir muhim operatsiyani oxiriga yetkazishim kerak, — dedi Jayrona va u tog‘dagi sarguzatshtlarini shoshilmasdan ayta boshladi. Tolibjon bu gaplarga ishonishni ham, ishonmasligini ham bilmasdi. Uning har gapiga, nahotki, nahotki, deb luqma tashlab turardi. Shu tobda Jayrona uning ko‘ziga benihoya jasur ayol bo‘lib ko‘rinardi. — Men do‘stingizning payiga tushganman. Bu odam har qanday amaldorni pulga sotib oladigan, benihoya shafqatsiz, ikki qo‘li qonga belangan jallod. Suratlarni, tosh qal’aning planini, unga olib boradigan yo‘l xaritasini Luqmonovning o‘z qo‘liga topshirdim. Yana bir gap. Fotoplyonkadagi suvratlarda Mirvalining tog‘da ov qilib yurgani, soyda cho‘milgani, cho‘qqiga chiqib, qorga yalang‘och bo‘lib dumalagani olingan ekan. Tolibjon afsuslangandek, unga qarab turardi. — Nega menga g‘alati qarayapsiz, Tolibjon aka? — dedi hayron bo‘lgan Jayrona. — Shuncha mehnatingiz bekor ketibdi-ku! Axir, Mirvali bilan Luqmonov aka-ukadek qadrdon-ku! Har yakshanba kuni Luqmonov vertolyotda kelib Mirvali bilan kiyik ovlaydi. Endi mendan ko‘ra sizning hayotingiz xavf ostida ekan. Luqmonov siz tayyorlagan hujjatlarni Mirvaliga ko‘rsatmagan, deb o‘ylaysizmi? Yo‘q, allaqachon ko‘rsatib bo‘lgan. — Tolibjon aka, Luqmonovning xuddi ana shunday qilishini bilib turib hujjatlarni berganman. Meni anoyi deb o‘ylamang. Leytenant Mardon Ro‘ziyev bilan «ish» boshlaganimizdan keyin Luqmonovga hujjatlarni berganman. Tog‘dagi ishratxonaning plani, unga olib boradigan yo‘l xaritasining bir nusxasi o‘zimda qolgan. — Bu ishlaringiz natijasiz qoldi-da. — Unaqamas, — dedi Jayrona. — Natijasi men o‘ylagandan ham yaxshi bo‘ldi. Luqmonov bilan Rixsiyevning qilmishlarini leytenant xuddi kino ko‘rayotgandek qilib gapirib berdi. Yashirin ishratxona to‘g‘risida ham, Mirvalining Luqmonovga shu joyni sotmagani to‘g‘risida ham gapirdi. Ana shundan keyin Luqmonov qanchalik yovuz odam ekani ma’lum bo‘ldi. Xuddi o‘sha kundan boshlab erkatoy Mirvali doimiy kuzatuv ostiga olindi. Xo‘sh, bu natija bermaganimi? Tolibjon Jayronaga qarab turib, bu kichkinagina qizda shuncha qudrat, shuncha aql, shuncha iroda, shuncha tadbir qaydan paydo bo‘lgan, deb o‘ylardi. Har bir qilgan ishining oqibatini ko‘rib turishiga, yozuvchi aytgandek, ertaga qichishadigan joyini bugun qashlab qo‘yishiga qoyil qolardi. Raykomning birinchi sekretari ertalab partkomga telefon qilib, Mirvali u yoq-bu yoqqa ketib qolmasin, o‘n birlarda boraman, deb aytib qo‘ygan edi. U aytgan paytida keldi. Ammo birinchi postdagi navbatchi yo‘lini to‘sdi. U men raykomning birinchi sekretariman, qo‘yib yuboring, desa ham ko‘nmadi. Xo‘jayin hech kimni kiritma, deganlar, deb turib oldi. Jahli chiqqan sekretar telefon trubkasini olib, kotibadan direktorga ulashni so‘radi. — Direktorga raykom sekretari Qodirov kepti, deng... Qiz xo‘p, hozir kirib aytaman, degancha ancha hayallab qoldi. Keyin trubkadan ovoz keldi: — Hozir qabul qilolmas ekanlar, ertaga kelsin, dedilar. Raykom sekretari shuncha yillar har xil lavozimlarda ishlab bunchalik mulzam bo‘lmagan edi. Bu qanaqasi? O‘z qo‘l ostidagi odam shunday deb tursa... Qodirov qaytib ketdi. Raykomga kelib, obkomning birinchi kotibiga bo‘lgan voqeani telefonda aytib berdi. — Da-a, — dedi Mahkamov, — juda shishinib ketibdilar-ku. Burnilarini yerga ishqab qo‘yish kerakka o‘xshaydi. Mundoq qiling. Kechqurunga byuro chaqiring. Men ham qatnashaman. Juda boshimizga chiqarib yubordik uni. — Bitta shu masalaga byuro chaqirsak qanaqa bo‘larkin? — Axir, pishib turgan masalalar ko‘p-ku! Masalan, paxta terimiga tayyorgarlik, maktablar remonti, ko‘p profilli kasalxona qurilishi masalasi ham bor. Bo‘pti, kechqurun o‘sha yerda gaplashamiz. Ammo kechqurun gaplashish nasib qilmadi. Telefonda gaplashib qo‘ya qolishdi. — Qodirovmisiz? Ukam, endi shundoq bo‘lib qoldi. Byuroni qoldirishga to‘g‘ri keladi. Toshkent bilan gaplashgan edim, ko‘nishmadi. Hozircha bu masala ochiq qola tursin. Siz diqqat bo‘lmay ishingizni qilavering. Qodirov kech salqinda bir-ikki xo‘jalikning tamakisini ko‘rmoqchi edi. Ko‘ngliga sig‘madi. Shofyoriga javob berib, o‘zi uyiga piyoda ketdi. Obkomning qora «Chayka»si xarsang toshlar pinjiga suqilgan kafe oldida to‘xtadi. Bu joy nihoyatda so‘lim, bahavo edi. Yo‘lovchi avtobuslar shu joyda bir dam to‘xtab o‘tardi. Haydovchilar qizib ketgan motorlarni sovitib olishardi. Yo‘lovchilar esa pastlikdagi magazinga yopirilib kirishar, bir qismi kafega kirib choy, kabob buyurishardi. Kafe orqasi chuqur jar. Unda tog‘dan quyilib kelayotgan Omonqo‘ton soyi orolchalar hosil qilib oqadi. Soyning naryog‘ida yuksalgan adirlar bahaybat tog‘ silsilalariga ulanib ketadi. Kafeda bironta bo‘sh joy yo‘q. Kabobpazlarning, choy tashuvchilaming qo‘li qo‘liga tegmaydi. Ammo «Chayka»da kelganlarga yuqoriga, ichi kovak bo‘lib ketgan chinor tagiga alohida joy qilingan. Yasatilgan dasturxon atrofiga savat stulchalar qo‘yilgan. Oppoq xalat kiygan o‘rta yashar mezbon yaqin ikki soatdan beri yo‘lga tikilib o‘tiribdi. Bu yerda ishlaydigan, yashaydiganlar bunaqa mehmonlarni ko‘p ko‘rishgan. Ayniqsa, shu «Chayka» Toshkentga borib olib kelayotgan mehmon qanaqa lavozimga mo‘ljallanganini sira adashmasdan aytib bera olishardi. Agar raykomga yangi kotib yoki ijroqo‘mga rais tayin qilinadigan bo‘lsa, albatta shu «Chayka» kelardi. — Raykom Qodirovning ham kuni bitibdi-da, — dedi «Chayka»ga qarab bir choyxo‘r. — Hozir Qodirovning janozasini o‘qishadi, «chilyosin» qilishadi. — To‘g‘ri aytasan. Balki yangi «gazeta» olib kelishgandir... Buni ham Mirvali bir kunda o‘qib tashlaydi. Hammaning ko‘zi yangi mehmonda edi. Yoshi oltmishlarni qoralab borayotgan, qo‘l harakatlaridan, yurish-turishlaridan, odamlarga bepisand qarashidan ilgari katta lavozimlar jilovini ushlagani bilinib turgan kishi hurmatli kitobxonlarimizga tanish Hojimurod Xolmatov edi. Nurmat tog‘a tog‘ o‘ngirlariga yalang‘och haydagan, sarson-sargardon qilganidan buyon bu tomonlarga kelmay qo‘ygan edi. Uning bu joylarni ko‘rarga ko‘zi yo‘q. Mana, taqdir taqozosi bilan yana kelyapdi. Kelyapdi-yu, bo‘lib o‘tgan voqeani eslamaslikka tirishib, yo‘l-yo‘lakay fikrni alahsitadigan voqealami o‘ylab kelyapdi. Mezbon maxsus tayyorlangan kabobni cho‘g‘i lang‘illab turgan qo‘raga tera boshladi. Kela-kelguncha mashinada o‘tiraverib, beli qotib ketgan Hojimurod u yoqdan-bu yoqqa yurib, oyog‘ining chigilini yozmoqchi bo‘ldi. Pastlikdagi magazin ochiq edi. Hozirgina jo‘nab ketgan avtobus bu yerni gavjum qilib turgan yo‘lovchilarni olib ketgan. Magazinda odam yo‘q edi. Hojimurod nimalar bor ekan, deb ichkariga kirdi. Peshtaxta orqasida yoshgina sotuvchi yigit kichkinagina egovcha bilan tirnog‘ini qirib o‘tirardi. Hojimurod durustroq biron narsa bormikin, deb do‘konni erinmay aylanib chiqdi. Ko‘ngliga o‘tiradigan narsa ko‘rinmadi. Bir mahal qulog‘iga juda uzoqdan allaqanday kuy eshitilgandek bo‘ldi. Bu kuy unga tanish va qadrdon edi. Hojimurod alanglab kuy taralayotgan joyni qidira boshladi. Peshtaxta ustidagi bir so‘mlik so‘lkavoydan sal kattaroq soatga ko‘zi tushdi. Kuy shu soatdan taralayotgan edi. Hojimurod unga yaqin borganda kuy tindi. Soatni qo‘liga oldi. U yoq-bu yog‘iga qaradi. Uning soatga havas bilan qarayotganini ko‘rgan sotuvchi yigit, yaponniki, dedi. Hojimurod uni qulog‘iga tutdi. Chiqillab turibdi. Hu, tovatosh ustida dirgizlab yotgan paytida ham bilagida xuddi shunaqa chiqillab turgandi. — Yaxshi soat. Tochniy yuradi. Muzika chaladi. Kechasi o‘zidan nur chiqazadi. Oyni, yilni, haftalarni ham ko‘rsatib turadi. Yonidagi knopkani bosib qo‘ysangiz, zvonok chalib uyg‘otadi. Hojimurod sotuvchi yigitga qaradi. — Necha pulga olgansiz? Yigit qo‘l siltadi. — Suv tekin. Bitta brezent tufli, bitta kalaminka shim, bitta chit ko‘ylakka almashtirib olganman. Pulga chaqsa, jami o‘ttiz besh so‘mga yetmaydi. Og‘aynilarim, sotasanmi, deb hol-jonimga qo‘yishmaydi. Bittasi besh yuz so‘m berdi. Sotmadim. — Qonunni bilasizmi? — dedi Hojimurod. — O‘g‘rilik molni sotib oigan odamga ham statya bor. Siz o‘g‘rilik molni sotib olibsiz. — Yo‘g‘-e, — dedi qo‘rqib ketgan yigit. «Chayka»da kelgan bu odani prokuror emasmikin, ministr emasmikin, degan o‘y bir lahza ko‘nglidan o‘tdi. — Menga tuppa-tuzzuk odam sotgan edi. Hojimurod soatni yigitning qo‘liga berdi. — Hozir sizga o‘g‘irlik ekanini isbot qilib beraman. Bitta kichkina pichoqcha uchini yonboshidagi uloq joyiga tiqing. Orqa qopqog‘i ochiladi. Unga «1959 yil, 50 yosh. H.Xolmatovga» deb yozilgan. Qani, oching! Yigitcha boya timoq qirib o‘tirgan egovcha uchi bilan qopqoqni ochdi. Ochdi-yu, hayron bo‘lib qoldi. Hojimurodga savol nazari bilan qaradi. — Qayoqdan bildingiz, aka? Ho‘, qanchadan beri bu soatni tutaman. Muni qarangki, qopqog‘ini ochib ko‘rmabman. — E, ukaginam-e, axir bu soat meniki edi. Yo‘qotib yurgan edim. U shunday deb yonidan qizil muqovali guvohnomasini olib uzatdi. Unda «Hojimurod Xolmatov» deb yozilgan edi. Yigit soat qo‘lidan ketishiga aniq ishongan edi. Ammo Hojimurod umrida birinchi marta mardlik qilib, yigitning oldiga bitta ellik so‘mlikni tashladi. — Oson qutuldingiz, ukaginam. Sizni militsiyaga berib yuborish o‘rniga pul beryapman. Oling, ikkinchi bunaqa ish qila ko‘rmang. Siz savdo xodimisiz. Qonunni yaxshi bilishingiz kerak. Hojimurod shunday dedi-yu, soatni olib, tashqariga chiqib ketdi. U irimchi edi. Ish boshlaydigan rayonga birinchi qadamini bosishi bilan bir umrga yo‘qotgan narsasini topdi. Demak, ishlari yaxshi bo‘ladi. Biroq, Mirvali bilan til topib ketarmikan? Ne-ne raykom sekretarlarining boshini yegan bu johil sal bo‘lsa ham unga yon berarmikan? Ammo Hojimurod ham ko‘pni ko‘rgan. pixi qayrilganlardan edi. Kecha «yuqorida» bo‘lgan suhbatda, Mirvali bilan til topib ishlang, deb tayinlashgan edi. Shundoq bo‘lgandan keyin bu yaramas bilan non-qatiq bo‘lishim kerak. Yaxshi gap bilan ilon inidan chiqadi, deyishadi-ku. Uni inidan chiqazaman. Hindilarga o‘xshab surnay chalib o‘ynataman. Sen ilon bo‘lsang, men mushukman. Orqamni payg‘ambarlar silagan. Tog‘dan tashlasang ham to‘rt oyog‘im bilan tushaman. Hojimurod kabob chaynab o‘tirarkan, Mirvalini o‘z tomoniga og‘dirishni o‘ylardi. Ikkovimiz bir yoqadan bosh chiqazib ishlaymiz, bu tomonlarga faqat sen uchun keldim, yuqorida beshta rayonni aytishdi, tanla, deyishdi. Men sen bor bo‘lganing uchun shu rayonni tanladim, deyman. Ishlaringga aralashmayman, shu xo‘jalik seniki, vaqti-vaqti bilan holimdan xabar olib tursang bo‘lgani, deyman. Bunaqa gap kimga yoqmaydi? Yog‘dek erib ketadi. Vaqtiki kelib bitta chigil joyini topib, ushlab olganimdan keyin, jilovi qo‘limda bo‘ladi. Hojimurod ignaning teshigini ko‘zoynaksiz ko‘radiganlardan edi. Oldidan kelsa qopadigan, orqasidan kelsa, tepadigan o‘jar xo‘jalik rahbarlarini bo‘ysundirgan, bo‘yin bermaganlarini qayirib tashlagan, qayerda ishlamasin, hukmini o‘tkazgan edi. Avvaliga halimdek muloyim bo‘lardi. Keyin silliqqina bo‘lib raqiblarining pinjiga kirar, og‘riydigan joyini paypaslab topgach, xuddi o‘sha joyiga zarba berardi. U rahbarlikning murakkab strategiyasini egallagan, pishiq odam edi. Mirvali boshqacha raqiblardan edi. Sal bo‘sh kelsa, hap qiladiyu, yutadi-qo‘yadi. Hojimurod ishni unga suyak tashlab ko‘rishdan boshlashga ahd qildi. Ammo Mirvali byuroda uning nomzodini quvvatlab so‘zga ham chiqmadi, ovoz ham bermadi. Odamlar uning atrofini o‘rab, yangi, katta lavozim bilan tabriklayotganlarida Mirvali indamay yonidan o‘tib ketaverdi. Hojimurodning kelishidan Mirvalining dili og‘rigan edi. Otaxon yana so‘zida turmadi. Isroilning janozasiga kelganda ijroqo‘m raisligiga u aytgan kishini yuborishga va’da qilgan edi-ku! Nima bo‘ldi? Otaxon ketma-ket uning xohishini qaytaryapdi. Oraga biron g‘alamis tushdimikin? Mayli, u yuborgan odamni shunaqa ham maymun qilib o‘ynatayki, chapak chalsam, yo‘rg‘alab o‘yinga tushib ketadigan bo‘lsin. U shunday o‘ylar bilan raykom binosidan chiqdi. U yoq-bu yoqqa alanglab, mashinasini qidirayotgan edi, obkom sekretarining yordamchisi yoniga keldi. — Mirvali aka, o‘rtoq Mahkamov sizni so‘rayapdilar. Zarur gaplari bor ekan, birinchining kabinetiga kirarmishsiz. Mirvali unga nima deb javob berishini bilmay o‘ylanib turib qoldi.U Mahkamov bilan ko‘pdan beri chap kelib yuripdi.Lekin begonalar oldida uni xush ko‘rmasligini sezdirmasdi. Nima qilsam ekan, ketaveraymi yo qaytaymi, deb o‘zidan-o‘zi so‘radi. Kirish kerak. Kirmasam, gap ilashib rahbarga yetadi. Yuborgan odamimga borgan kuniyoq, ish boshlamasdanoq g‘ayirlik qilyapdi, deydi. Mirvali istar-istamas yana raykom binosiga kirdi-yu, ikkinchi qavatga ko‘tarildi. Qodirovning kabinetida Mahkamovdan tashqari byuro a’zolari o‘tirishardi. Mirvali kirganda, Mahkamov o‘rnidan turmadi. Keling, deb qo‘ya qoldi. U Mirvalining nomzod uchun ovoz bermaganini bilardi. Mirvaliga yoqmagan ijroqo‘m raisi bemalol ishlolmasligini ham biladi. Yangi rais unga yoqmaganini boshqalar ham sezib turishibdi. Ammo Mirvali qancha g‘o‘daymasin, ichi bo‘shab qolganini ular bilishmasdi. Buni Mahkamov bilan Qodirovgina bilardi. — Bir piyola choyimizni ichmay ketmoqchimisiz? Siz choy qilib bermasangiz ham biz qildik. Hozir chiqib ochiq havoda picha tamaddi qilamiz, — dedi Qodirov bo‘sh kursini surib, uni o‘tirishga undarekan. — Endi eski odatingizni qilmang, g‘ayirlik qilmang. Mirvali g‘ijindi. «Iya, bu tirranchaning ham tili chiqib qoptiku! O‘zi nima gap?» — deb o‘yladi. Lekin javob qilmadi. Ko‘pchilik bo‘lib raykom bilan ijroqo‘m xodimlari ovqatlanadigan ikki xonali oldi ayvon mehmonxonaga tushishdi. Bu yerda ortiqcha hashamsiz dasturxon tayyorlangan edi. Raykom kotibi Qodirov Hojimurodni to‘rga olib: — Shu joy sizniki. Endi siz mezbon, biz mehmonmiz. Himmatingizni ko‘rsating, — dedi. Hojimurod mehmonlarni o‘tirishga taklif qilar ekan, Mirvaliga qaradi. — Siz manavi yoqqa o‘ting. — Mirvali u surib qo‘ygan kursiga o‘tirdi. — O‘rtoqlar, men yangi odamman, deb aytolmayman. Hammangizni taniyman. Xizmat yuzasidan tez-tez uchrashib turganmiz. Rayonni ham bilaman. Hamma xo‘jaliklarni bo‘lmasa ham ko‘pini ko‘rganman. Ayniqsa, do‘stimiz, mashhur paxtakor, ajoyib tashkilotchi, nomi Ittifoqqa ketgan Mirvali Rixsiyev rahbarlik qilayotgan xo‘jalikni juda yaxshi bilaman. Men, albatta, Mirvalidek insonlar bilan ishlashdan zavqlanaman. Uning xo‘jaligi bir maktabki, unda manaman degan xo‘jalik rahbarlari o‘qisa arziydi. O‘ylaymanki, Mirvali meni ham shu ajoyib maktabning bir noshud talabasi deb biladi. Mirvali uning gapini bo‘ldi: — Hoji aka, o‘zingiz akademiksiz. Bizdaqalarning ko‘piga dars berasiz. — Aksiyada farg‘onaliklarni ham qochirasiz, Mirvalijon! — dedi Hojimurod. Samarqanddan to Boysunning Sayrobigacha bu yerliklar askiyani «aksiya», kinoni «kno» deb aytardi. Gapning buyog‘i hazilga aylanib ketdi. Mirvali Hojimurodning yaltoqlanishidan undan cho‘chiyotganini sezdi. Ko‘nglida «Sen bilan til topmasam ishlolmas ekanman, yo‘rig‘ingdan chiqmayman», degan gap yotganini Mirvali allaqachon sezgan edi. Bu «gazeta»ni ham juda tez o‘qib tashlashiga aqli yetdi. Gapdan gap chiqib, Mahkamov yangi raisga uy topilguncha biron dumstroq joy kerakligini o‘rtaga tashlab qoldi. U shunday deya turib, Mirvaliga qaradi. — Mehmonxonangizda besh-o‘n kun yashab tursa... Mahkamovning gapi og‘zida qoldi. — Bo‘lmas-ov. Keldi-ketdi ko‘p joyda qiynalib qoladilar. Mehmonxona bir karvonsaroydck gap. Hali muxbirlar, hali kinochilar, hali olimlar, ishqilib, biron kun odamsiz turmaydi. Dacha uzoqlik qiladi. Issiq-sovuqlaridan xabar oladigan odam yo‘q. Agar xo‘p desalar, Chorchinorga joy qilib berishim mumkin. U yerda yaxshi pazanda Nurmat tog‘a degan kishi bor. Zeriktirmaydi. Mirvali shu gapni aytdi-yu, yerostidan Hojimurodga qaradi. Uning bir qoshi ko‘tarilib, labining cheti pir-pir ucha boshladi. Mirvali ataylab uning kushandasi Nurmat tog‘ani tilga oldi. — Yo‘q, yo‘q, o‘rtoq Mahkamov, Samarqanddan qatnab turarman. — Yo‘q, bo‘lmaydi. Issiq-sovug‘ingizdan xabar olish qiyin bo‘ladi. Shahrisabz mehmonxonasining lyuks xonasi juda sizbop. Keldi-ketdini kutadigan keng zali ham bor, — dedi Mahkamov. Shu bilan uy to‘g‘risidagi gap tugadi. Hojimurod ish boshlamay turib, Mirvalining birinchi zarbasiga duch kelganini sezdi. Sir boy bermadi. — Mirvali ukam, — dedi u sun’iy bir samimiylik bilan va yo‘lda o‘ylab qo‘ygan gaplarini tiliga chiqardi, — bu joyga sizga ishonib kelganman. «Yuqoriga» chaqirishganda beshta rayonni aytishdi. Xohlaganingni tanla, deyishdi. Men atayin siz bor rayonni tanladim. Siz bilan bo‘lsam, ishlash oson ko‘chishini bilganimdan shunday qildim. Qo‘lni-qo‘lga berib bir ishlashamiz, bo‘ptimi? «Ha, tulki», dedi ichida Mirvali uning gaplarini ko‘ngil uchun tasdiqlarkan. U idoraga qaytarkan, bir hisobda bu galvarsning kelgani durust bo‘ldi, gunohi ko‘p odam, tili qisiq, bunaqalarning burnidan ip o‘tkazib yetaklab yurish oson, boshqa bironta jangarisi kelgandan shuning o‘zi durustga o‘xshaydi, deb o‘yladi. Lekin uy masalasiga kelganda Mirvali haq edi. Nima qiladi begonani xonadoniga olib kirib. Uydagi simi ko‘chaga chiqazib nima qiladi?! Agar Hojimurod shu yerda yashasa, ko‘p sirlardan ogoh bo‘lishi mumkin. Bunaqa odamlarga sal uzoqroqdan muomala qilgan durust. Rasulbek choy olib kirdi. U Mirvalining ko‘ziga tik qarayolmay, nimadandir tashvishlanib, fotoapparatini o‘ynab turardi. Mirvali darrov sezdi. — Nima bo‘ldi? Nega ko‘zingni olib qochasan, o‘g‘irlik qilib qolga tushgan odamga o‘xshab. Rasulbek qo‘rqa-pisa dedi: — Anavi pakana revizor yana keldi. Endi oblast xalq kontrolidan qog‘oz olib kepti. Buxgalteriyani titkilayapdi. — Tashvishlanma, — dedi Mirvali. — Tovuqqa o‘xshab titaversin. Hemirilik chatoq topolmaydi. Yana nima gap? Rasulbek aytmoqchi bo‘lgan gapini tiliga chiqazolmay chaynaldi. — Gapirsang-chi! Til-zaboning bormi, nima bo‘ldi? — Nasim polvoningiz yana qovun tushirdi. Avvalgi kuni Eralini qamab qo‘y, deb buyurgandingiz. Bu ahmoq qamashga qamab, kalitni yoniga solgancha oshnalari bilan Samarqandga ketvoribdi. Eralini qamab qo‘ygani bugun esiga tushib, halloslab qaytib keldi. Ochib qarasa, ikki kun ovqatsiz, to‘shaksiz, suvsiz yotgan Erali jinni bo‘lib qopdi. Odam tanimaydi. Bu ham yetmagandek, siz avvalgi kuni olib ketgan Qora Baxmal qochib kepdi. Eralini shunaqayam yalayapdiki, asti qo‘yaverasiz. Erali uni ham tanimayapdi. Yaqiniga kelsa, urib haydayapdi. Mirvalining zardasi qaynab ketdi. — Hammangni zambarakning og‘ziga solib otish kerak, svolochlar! Polvonning o‘zi qani? — Eralini qo‘riqlab yuribdi. Men boya jinnixonaga telefon qilgandim. Hozirgina, siz kelishingizdan besh minutcha oldin «Tez yordam» qishloqqa o‘tib ketdi. Ha, aytgancha, oz bo‘lmasa esimdan chiqay degan ekan. Toshkentdan telefon qilishdi. Bugun Moskva televizori «Vremya»da sizni kino qilib ko‘rsatar emish. Shu payt «Tez yordam» avtobuschasi ketma-ket sirena chalib o‘tdi. Uningborqasidan Qora Baxmal yugurib borardi. Mirvali hushini yo‘qotgancha qarab qoldi. Qarang-a, Qora Baxmal yo‘lni topib kepti-ya! Axir, uning ko‘zlarini boylab olib borishgan edi-ku. Ajab! Mirvali Qora Baxmalning bobosi Qora Lochinni esladi. U ham necha minglab kilometr yo‘l bosib, frontdan qaytib kelgan edi. Odam bolasi vafodorlikni otdan o‘rganishi kerak ekan, deb o‘yladi. Telefon zarb bilan jiringladi. Mirvali shoshilmay trubkani oldi. Telefonchi qiz: — Oblast «Bilim» jamiyati raisining ishi bor ekan. Ulab ber, deyapdi. Nima javob qilay? — deb so‘radi. — Yo‘q ekan, deb ayt, — dedi Mirvali va du-dutlab turgan trubkani etigining qo‘njiga urib nimanidir o‘ylab ketdi. Asqarali uyg‘onib yoniga qaradi, xotini yo‘q. Tashqariga chiqqandir, deb bir oz kutdi. Undan darak bo‘lmadi. Gugurt chaqib taburetkadagi soatga qaradi. lkkidan o‘tibdi. O‘rnidan turib, chiroqni yoqdi. Tashqariga chiqmoqchi edi, ostonada iyagiga tiralib o‘tirgan xotinini ko‘rib xayron bo‘ldi. — Senga nima bo‘ldi? Et-beting og‘riyotgani yo‘qmi? — Yo‘o‘o‘q, — dedi cho‘zib Salima. — Mosh o‘lgurdan darak yo‘q. — E, shunga uxlamayapsanmi! Yurgandir daydib. Hozir avji mov mahali, kavaleri olib ketgan uni. Tur, kirib yot. Shamollab qolasan. Asqarali shunday deb ichkariga qaytib kirdi-da, to‘nini olib chiqib, Salimaning yelkasiga tashladi. Ular tog‘da birinchi marta bahorni kutishardi. Havo ancha salqin edi. Tog‘ o‘ngirlarida hali qor erimay qotib yotibdi. Tongga yaqin ariqlar betini tuxum po‘chog‘idek yupqa muz qoplaydi. Salima shu Mosh mushugiga o‘rganib qolgan. Uni ko‘zini ochmagan vaqtida boqib olgan. Bu yoqqa kelayotganlarida o‘zlari bilan olib kelishgan edi. Ikki yildirki, Mosh ular xonadonining haqiqiy a’zosi bo‘lib qolgandi. O‘n kundan beri Moshning yurish-turishi boshqacha. Kechalari polni timdalar, deraza rafiga chiqib olib, tashqariga intilardi. Bu tog‘larda hamma narsa boshqacha. Giyohidan tortib jonivorlariyu qurt-qumursqalarigacha shaharnikiga o‘xshamasdi. Tog‘ mushuklari yovvoyilashib ketgan, odamga yaqin kelmasdi. Miyovlashi ham allaqanday yirtqichligidan darak berib turardi. Uy atrofida ana shunday yovvoyi mushuklardan bin o‘ralashib qoldi. Kechalari odamning etini jimirlatadigan darajada xunuk miyovlar, ba’zan o‘zini derazaga urardi. O‘shanday paytlarda Mosh ham bezovtalanib, karavotdan stolga, stoldan tokchaga sakrab, choynak-piyolalarni jaranglatib tushirib yuborardi. Bu xil notinchlik joniga tekkan Asqarali jahl bilan eshikni ochib yuborardi. Shunda Mosh tashqariga o‘qdek otilib chiqib ketardiyu, tong mahali g‘ingshib eshikni timdalardi. Asqarali uni so‘kib-so‘kib, yana ichkariga kiritib yuborardi. Mosh kuni bilan uxlar, idishiga quyib qo‘yilgan sutga qayrilib qaramasdi. Har kuni qorong‘u tushishi bilan yana yovvoyi mushukning xunuk miyovlashi, Moshning bezovtaligi boshlanardi. — Shu mushugingni qopga solib, yuk ortilgan vagonga tashlab kelaman, bu nima, biron kun odamga o‘xshab uxlayolmayman. Salima, hoy, bu shahdingizdan qayting-ov, bir-ikki kunda tinchib qoladi, deb uni shahdidan qaytarardi. Ammo Mosh o‘zini derazaga urishdan tiyilmasdi. Ana shunday chiqib ketishlarning birida Mosh uyga qaytib kelmadi. Asqarali «Moskvich»ini chodirning oldiginasida to‘xtatdi. Bu yerda gaz baloni, ikki kamforalik plita, uchta paqir. Chodir ichida yig‘ma stol va stullar. Tepaga toshfonarosilgan. Stolda batareyali ikkita fonar. «Spidola» radiosi, durbin. Pastda, shag‘al to‘kilgan yo‘lda mashina qorasi ko‘rindi. Bu sovxozning faqat direktor bilan Rasulbek minadigan oq «Niva»si edi. Asqarali avvaliga, meni izlab kelishyapdi, deb o‘ylab, qarab turdi. Mashinadan u turgan joy ko‘rinmasdi. «Niva» bahaybat toshlar panasida bir ko‘rinib, bir ko‘rinmay kelardi. Taxminan, ikki yuz metrlarcha naridagi pastlikda mashina to‘xtadi. Undan Mirvalimi, Rasulbekmi tushdi. Uzoqdan kimligini bilib bo‘lmasdi. Asqarali chodirga kirib, durbin olib chiqdi. Qaradi. Mirvali ekan. U ikki qo‘lini beliga tirab g‘ildirakka hayron qarab turardi. Asqarali durbinni g‘ildirakka to‘g‘riladi. Yeli chiqib, puchayib qopti. Asqarali qarashib yubora qolay, deb endi chog‘lanib tuigan edi, mashinaning eshigi ochilib, bir ayol tushdi: Sedona. U o‘tgan yili Samarqand meditsina institutini tugatib kelgan, asli Varganzedan edi. Asqarali uni yaxshi tanirdi. Bir kuni selda qolib shamollaganda profilaktoriyaga borib, unga banka qo‘ydirgan edi. Sedona avji shiraga to‘lgan. Qishloq yigitlarining ko‘zi unda. Erkak zoti borki, unga bir qaramay, biron xush yoqadigan gap aytmay o‘tolmasdi. Bo‘y yigitlar soppa-sog‘ bo‘lsalar ham o‘zlarini xastalikka olib tomir ushlatishga kelishardi, qanchadan-qancha baytu g‘azallar aytib, uni eritishga urinishardi.Bu xil muomalalar Sedonaga yoqardi. O‘zining husni-malohatidan, yakkayu yagonaligidan g‘ururlanardi. Asqarali, tog‘da biron cho‘pon kasal bo‘lib qolganu Mirvali uni o‘sha yoqqa olib ketayotgan bo‘lsa kerak, deb o‘yladi. Shu topda borib unga yordam bersam, g‘ashi kelmasin, deb pastga tushmadi. Mirvali domkrat qo‘yib orqa g‘ildirakni olib, boshqasini qo‘ydi. Keyin Sedonani mashinaga chiqazib, yo‘lga tushdi. Tog‘laming tungi manzarasi nihoyatda chiroyli bo‘ladi. Changto‘zondan, zavodlardan, mashinalardan ko‘tariladigan gazlardan xoli. Yulduzlar piyoladek-piyoladek bo‘lib ko‘rinadi. Ular juda yaqin, xuddi qo‘l uzatsa yetadigandek. Qaragan odamning ko‘zi qamashadi. Asta esayotgan shabboda o‘t-o‘lanlarni silkib, anvoyi islar alib keladi. Chigirtkalar, chirildoqlar biri olib, biri qo‘yib xonish qiladi. Chalqancha yotgan odam albatta cheksiz fazoda suzib yurgan Yer yo‘ldoshini ko‘radi.U lip-lip qilib, tog‘ning bu tomonidan u tomoniga o‘tib ketadi. Undan keyin tog‘u toshlarni larzaga solib reaktiv samolyot o‘tadi. Shunday paytlarda uyalarda mudragan qushlar chirqillab yuborishadi. Bo‘rilar uliydi. Shundoqqina oyog‘ing tagidan tulkilar kamon o‘qidek uchib o‘tadi. Kun botishiga yaqin o‘tgan vertolyot kechasi soat o‘n ikkilarda qaytadi. Kon izlab burg‘ulayotgan geologlar partiyasiga oziq-ovqat, asbob-uskuna, portlatish anjomlari olib borib qaytadi. Ba’zan sokin tog‘ kechasini bezovta qilib portlash tovushlari eshitiladi. Uning ovozi o‘ngirlarda aks-sado berib, uzoq aylanib yuradi. Oxiri toshlarga bosh qo‘yib jimib qoladi. Asqarali ana shunday — ham sokin, ham notinch tog‘ oqshomlarini sevib qolgan edi. Armiyaning ko‘chmanchi hayotini yigirma yil kechirgan ofitser uchun bu hayot umrining eng noyob daqiqalaridan edi. Asqarali rohat qilib, miriqib yashardi. Osmonning yarmini qora devor bo‘lib to‘sib yotgan tog‘ tizmalari orqasidan shoshilmay bir cheti singan likopchadek oy ko‘tarildi. Birdaniga atrof — toshlar, giyohlar kumush rangga kirdi. Oy tepaga kelganda Asqarali chodirga kirib to‘shakka cho‘zildi. Giyohlar shitirlaydi. Shamol chodirni silkitadi. Bari bir Asqaralining ko‘zi ilinmadi. Xayoli hali u yoqqa, hali bu yoqqa olib ketaverdi. U asosan o‘tmishni o‘ylardi. Yigirma yillik harbiy xizmat uni bolalik o‘rtoqlaridan, qarindosh-urug‘laridan uzib qo‘ygandi. Harbiy xizmatdan bo‘shabdiki, mana shu tog‘larda kezadi. Aslida, u kam gap, birovga aralashmaydigan odam edi. Atrofda bo‘layotgan voqealardan bexabar edi. Davrning shiddatli ovozalari u kezib yurgan tog‘ oralariga yetib kelmasdi. Mosh esa yovvoyilashib ketgan. Ba’zan chodirga kelib, Asqaraliga yov qarash qilar, qornini to‘yg‘azib, yovvoyi mushuklar to‘dasi bilan tog‘ma-tog‘ izg‘ib ketardi. Asqarali yotib yotolmadi, turib turolmadi. Hali tong yorishmasdanoq chodirdan tashqariga chiqdi. Asqarali Mirvaliga qoyil qolib yuradi. Shuncha g‘ayrat, shuncha shijoat qaydan paydo bo‘lgan bu odamda, deb unga havas qilardi. U to‘g‘rida har xil ig‘vo gaplar ham bo‘lib turardi. Uncha-munchasi Asqaralining ham qulog‘iga chalingandi.Kimnidir uribdi, kimningdir xotiniga tegishibdi, kimnidir yo‘q qilib yuboribdi... Asqarali bu gaplarni ko‘rolmaydiganlar tarqatgan, deb o‘ylardi. To‘g‘ri, uning qattiq qo‘lligi bor. Shunday qilmasa, bunaqa katta xo‘jalikni boshqarib bo‘ladimi?! Birovni so‘kadi, birovni urishadi, birovning boshini silaydi. Minglab gektar yerga ekin-tikin qilish, shuncha odamning boshini bir yerga qovushtirish — uncha-munchaning qo‘lidan keladigan ish emas. Shu bittagina sovxozning yeri ikkita rayon yeriga teng keladi. Mirvalidan boshqa kishi buni eplolmaydi. Yigit emas, olov u! Oftob toshlarga tushib shabnam ko‘tarila boshladi. Arilar negadir haligacha uyadan chiqmayapdi. Bu havo aynishiga ishora, Asqarali jomga qo‘yilgan paqirdagi asalni ochib qaradi. Xayriyat, chumoli talamapdi. Chumoli o‘tmasin, deb jomga suv quydi. Flyagadagi asal qopqog‘ini ochib qaradi. Yaxshi turibdi. Yana qopqog‘ini zichlab yopib qo‘ydi. Chodir bezovta silkina boshladi. Asqarali tashqariga chiqdi. Osmonni qora bulut qoplab kelardi. Shamol o‘t-o‘lanlarni chayqatar, yovvoyi jiyda shoxlarini buydalardi. O‘ngirlarda ko‘tarilgan girdob xas-xashaklarni chir aylantirib, osmoni falakka olib chiqib, qo‘yib yuborardi. Tog‘- toshlar tepasida xazonlar, xashaklar uyasi buzilgan qushlardek bezovta aylanardi. Asqarali tashqaridagi narsalarni ichkariga olib kira boshladi. U flyagalami olib kirishga ulgurmay shatir-shutir qilib jala boshlandi. Hammayoq qop-qorong‘i bo‘lib ketdi. Qora bulutlar orasida qilichdek yaltirab chaqin chaqa boshladi. Bir necha daqiqadan keyin, tog‘u toshlarni larzaga solib, momaqaldiroq guldiradi. Bexosdan boshlangan jala selga aylandi. Zalvorli toshlarni ham qulatgudek sel yonbag‘irlardan quyilib kela boshladi. Zamburug‘qoya qo‘ltig‘ida ikki avtobusga teng keladigan tosh yarim belidan tashqariga chiqib turardi. Kim biladi, bu tosh necha ming yillardan beri shu alpozda turganikin? Yuqoridan quyilib kelayotgan sel ellik metrcha balandlikdan shu toshga zarb bilan urilardi. Ilgari sel yo‘li shu toshning naryog‘ida edi. Shag‘alu qumlarni surib kelayotgan oqim yo‘lini to‘sib qo‘yganidan sel endi shu tosh tepasidan har qanday g‘ovni surib tashlaydigan kuch bilan quyilib kelardi. Asqaralining nazarida toshning bosh tom oni pastga munkiyotganga o‘xshab tuyuldi. U yana diqqat bilan tikilib qaragan edi, tosh o‘rnidan ancha jilib qolganini sezdi. Sel surib kelgan qora tosh gulduros bilan pastga quladi. Pastga og‘a boshlagan toshga urildiyu uni joyidan qo‘zg‘atib yubordi. U o‘ngir tomonga son sanoqsiz toshlarni surib, vahima bilan quladi. Zamburug‘qoyaning bir tomonini o‘pirib, kengligi o‘n besh metr keladigan kamar ochib qo‘ydi. Kamarga loyqa kirib, hayvonlarning suyaklarini yuvib. pastga oqiza boshladi. Asqarali brezent plashch yopinib, bu dahshatli manzarani kiprik qoqmay kuzatib turardi. Ildizi bilan qo‘porilgan qari chinorlar, archalar pastga surilib tusha boshladi. Tabiatning bu telba o‘yini o‘n minutdan sal ortiq davom etdi. Qo‘rg‘oshindek qora bulutlar Oyqor tog‘lari tomon o‘tib ketdi. Osmonning etagi ochildi. Oftob ham yuz ko‘rsatdi. Butun olam bir damgina jimib qoldi. Qushlar chug‘urlamas, hayvonlar ham ovoz bermasdi. Asqarali shuncha tog‘ kezib, bunaqa kuchli selni ko‘rmagandi. Necha ming yillardan beri qimirlamay turgan Zamburug‘qoya qo‘ltig‘idagi bahaybat toshni qulatishga yuzlab portlatgichning ham qurbi kelmasdi. Chodir shamolda silkinaverib, bog‘langan ternir qoziqlarni qiyshaytirib yuborgan edi. Asqarali qoziqlarini o‘nglab boshqatdan qoqdi. O‘ngirlar, tog‘ etaklari tumanga chulg‘andi. Oftob bir zumda toshlarni qizdirib bug‘ ko‘tarardi. Hammayoq oppoq tuman pardasiga o‘ralib qoldi. Asalarilar hamon uyadan chiqmay, hatto g‘o‘ng‘illamay tek turishardi. Asqarali tashqarida qolib, shalabbo bo‘lgan sholchani tosh ustiga yoyib qo‘ydi. Asta esa boshlagan shamol tumanni surib, pastliklarga olib ketdi. Asqarali beixtiyor Zamburug‘qoya tagida ochilgan kamar tomon keta boshladi. Yolg‘izoyoq yo‘llarni shag‘al, qum bosgan. Chuqurliklarda shox uyumlari qalashib yotardi. Toshlar orasida echki, qo‘ylarning jasadlari ko‘rinardi. Birining oyog‘i, binning boshi toshlar orasida siqilgancha qolgan. Asqarali qo‘y-echkilar o‘ligini ko‘rdi. Kamarga o‘n metrcha qolganda Asqaralining ko‘zi toshlar orasidan bir burchagi chiqib turgan ternir qutiga tushdi. Nima ekan deb yaqin bordi. Toshlarni olib, quti atrofidagi shag‘allarni surib tashladi. Po‘lat sandiq — seyf. Hayratdan serrayib turib qolgan Asqarali uni o‘nglab, qulfi ochiqmi, yopiqligini bilmoqchi bo‘ldi. Bir tomoni nam qumga botib turganidan o‘nglayolmadi. Harchand urinsa ham kuchi yetmadi. Atrofga alanglab, sel oqizib kelgan shox-shabbalar orasidan bir xodachani tanlab olib po‘lat sandiq tagidan qumlarni sura boshladi. Oxiri tagi ochildi. Asqarali xodachani uning tagiga suqib bor kuchi bilan bosgan edi, sandiq ko‘tarildi. Uni yana bir kuchanish bilan o‘ngladi. Sandiq qulf edi. Asqarali uni ko‘tarishga urinib ko‘rdi, taxminan, yuz kiloga yaqin shekilli. Joyidan qo‘zg‘atoldi-yu, ammo ko‘tarolmadi. Bu sandiq qaydan kelib qolgan, kimniki? Uning ichida hujjatmi, boylikmi, buni Asqarali bilmasdi. Bir vaqtlar Ulug‘bek xazinasi yashirilgan bu tog‘larda yana qanchadan-qancha xazinalar bor ekan, deb o‘yladi Asqarali. Mana shunday tasodif bo‘lib Ulug‘bek xazinasi ham bir kun topilib qolsa ajab emas. Asqarali sandiq ustiga shox-shabba tashlab, orqasiga qaytdi. U yoq-bu yoqni saranjom qilib bo‘lgach, bu voqeadan militsiyani xabardor qilmoqchi bo‘ldi. «Moskvich»i ustidagi yopqichni olayotganda motor gurillaganini eshitdi. Pastga qaradi. Sel buzgan yo‘lda silkinib-silkinib direktorning «Niva»si kelardi. Kecha o‘tib ketganicha endi kelyapdi, deb o‘yladi Asqarali. U «Moskvich» yopqichini kapot ustida qoldirib pastga yugurdi. Toshlardan toshlarga sakrab borarkan, qo‘l harakati bilan Mirvalini to‘xtashga undardi. Mirvali uni ko‘rdi shekilli, sel olib ketgan omonat ko‘prikdan ellik metrcha berida mashinani to‘xtatdi. Mirvali mashinadan chiqib, uni kutib turdi. — Nima gap? Tinchlikmi? Asqarali mashina ichiga qaradi. Onqa o‘rindiqda Sedona g‘ujanak bo‘lib o‘tiribdi. — Nima gap? — dedi yana boyagi gapini takrorlab Mirvali. Asqarali uni tirsagidan ushlab chetga tortdi. Xuddi birov eshitib qoladigandek shivirlab, bo‘lgan voqeani aytib berdi. Mirvali g‘alati ahvolga tushdi. Nima deyishini bilmay, birpas garangsib turib qoldi. Mirvali har qanday tang ahvoldan juda tez o‘nglanib olardi. Tez fikr qilar, tez xulosa chiqazardi. U Asqaralini quchoqlab oldi. — Bilasizmi, mayor. Siz meni sharmandalikdan saqlab qoldingiz. Men oz bo‘lmasa part biletimdan ajralardim. El-yurt oldida sharmanda bo‘lardim. Shu sharmandalikdan meni siz qutqanlingiz. Bu seyfni bundan yetti kun oldin idoradan o‘g‘irlab ketishgan edi. Qidirmagan joyim qolmagandi. Birovga aytishga or qilardim. Unda partbiletim, ordenlarim, deputatlik nishonim, «Oltin Yulduz»im bor edi. Oliy Sovetdan kelgan allaqancha hujjatlar bor cdi. Dardim ichimda, kuyib-yonib yurgandim. Sizga ming rahmat, mayor! Iltimos, bu to‘g‘rida birovga og‘iz ochmang. Men badnom bo‘lib qolaman. Endi qiyomatlik aka-uka bo‘laylik. Ming rahmat sizga! Men ham sizga bir yaxshilik qilaman. Anavi mashinada o‘tirgan jononni qo‘yningizga solib qo‘yaman. Asqarali seskanib ketdi. Bu nima? Astoydil aytyapdimi? Yo yo‘qotgan narsasi topilganidan sevinib dovdirayapdimi? Sedona pastda qoldi. Ular ikkovi toshlarga tirmashib yuqoriga chiqa boshlashdi. Mirvali tog‘larda yurib, baland-baland cho‘qqilarga chiqish mashqini obdan egallagan edi. U osonlikcha tepaga chiqib oldi. Asqarali hansirab qoldi. Ulartoshdan toshga sakrab, Zamburug‘qoya tomon ketishdi. Asqarali boya bostirib qo‘ygan shox-shabbalarni olib tashladi. Mirvali sandiq tepasiga kelib, engashdi. Qimirlatib ko‘rdi. Biron yeri pachoq ham bo‘lmabdi. Faqat qirilib, bo‘yog‘i shilinib, temiri ko‘rinib qolibdi, xolos. — Direktor, qanday qilib olib ketasiz? — Eplaymiz, — dedi Mirvali. — Arqonmi, simmi bormi? — Mashina bagajnigidan trossni olib kelaymi? — dedi Asqarali. Mirvali bosh irg‘ab, mayli ishorasini qildi. Asqarali ketdi. Mirvali u ketishi bilan sandiqni yana qimirlatib ko‘rdi. Ichiga suv kirmadimikin, deya tashvishlandi. Agar kaliti yonida bo‘lganda hozir ochib ko‘rardi. Afsuski, kalit idoradagi boshqa seyfda. Bu sandiq ichi pulga, oltinu marvaridlarga to‘la edi. Undan tashqari, pachka pachka yuz so‘mliklar, dollarlar bor edi. Mirvali bu sandiqni besh yil oldin shu joyga yashirib, g‘or og‘ziga toshlarni qalashtirib tashlagan edi. Har yili bir kelib, sandiqni ochar, qog‘oz pullar aynib qolmadimikin, deb tekshirib ko‘rardi. Bugungi sel g‘orning yarmini o‘pirib, sandiqni ham pastga endilgan edi. Asqarali sim arqon ko‘tarib keldi. Arqonning ikki uchini sandiqqa belbog‘ qilib boylab, ikki kishilashib sudray boshlashdi. Sandiqni to Asqaralining chodiri oldiga sudrab kelguncha ikkovlari ham holdan toyishdi. — Menga qarang, mayor, to‘xtang endi bir ish qilasiz. Sandiqni mashinangizning orqasiga boylaymiz. Pastga pritsep qilib olib tushamiz. Qo‘rqmang, mashinaga shikast yetmaydi. Agar biron joyi shilinsa, shu bugunoq garajga olib boraman. Sakkizta moyi artilmagan «Jiguli» turibdi. Xohlaganingizni minib ketaverasiz. Asqarali uning bu gapiga kulibgina qo‘ya qoldi. Sevinib ketganidan nima deyayotganini bilmay dovdirayapdi! Bu narsalar topilmasa, bechora chinakamiga sharmanda bo‘lardi. Shuning uchun nima qilsam xursand bo‘larkin, deb shoshyapdi. Menga hech narsasi kerakmas. Shu quvonchi menga kifoya! Asqarali shunday deb o‘ylardi. Noinsof o‘g‘rilar, pulini ol, molini ol, nahotki ordenlarini olsang! Yaltiratib taqib yurolmasang, nima qilasan olib? Partbiletini olishdan nima naf ko‘rasan? Deputatlik nishonidan foydalana olmaysan. «Oltin Yulduz» kerak bo‘lib qoldimi? Asqarali shuncha yurt ko‘rgani bilan nihoyatda to‘g‘ri, sodda odam edi. Hech qachon qing‘ir ishlarga duch kelmagan, sof yashab, sof mehnat qilib yurgan bir harbiy odam edi. Shuning uchun ham Mirvalining hamma gaplariga chippa-chin ishongan edi. Mirvali sim arqonni «Moskvich» yukxonasi tagidagi ilgakka bog‘ladi. Asqarali motorga o‘t berib, to qiziguncha bir dam kutib turdi. Keyin asta yurgizib, pastga qarab ena boshladi. Sandiq shag‘allar ustida sudralib, o‘zi bilan xas-xashaklarni to‘dalab borardi. Mirvali engashib, xashaklarni olib tashlar, yo‘lda uchragan kattaroq toshlarni olib chetga irg‘itardi. Shu alpozda, ortiqcha qiynalmay, sandiqni pastga tushirib olishdi. Mirvali «Niva»ni orqalatib yurgizib sandiqqa to‘g‘riladi. Keyin sim arqonni chiqazib, o‘z mashinasining orqa eshigini ochdi. Orqa o‘rindiq orqasidagi kichkinagina yukxonaga sandiqning sig‘ish-sig‘masligini chamalab ko‘rdi. Sig‘adi, degan xulosaga keldi. — Qani, mayor, bir qarashib yuborasiz-da! — u shunday deb yana mashina ichida qimirlamay o‘tirgan Sedonaga dedi: — Doktor, siz ham tushing, arg‘amchiga qil quvvat, degandek, foydangiz tegib qolar. Sedona tushdi. Uch kishilashib sandiqni ko‘tara boshlashdi. Sandiq og‘ir, uni yerdan bir metrcha balandga ko‘tarib qo‘yish oson emasdi. Mirvalidek azamat yigit ham terga pishib ketdi. Shunda sim arqon ilgakdan chiqib ketdi-yu, yukxonaning kapotiga (qopqog‘iga) ilinib, «oshiq-moshig‘i»dan ayirib yubordi. Kapot yarmigacha bukilib qoldi. — Mashinani rasvo qildik-ku. Birovga yaxshilik qilish shunaqa qimmatga tushadi. — Hechqisi yo‘q, — dedi Asqarali, — o‘zim tuzatib olaman. — Tuzatolmaysiz. Svarka qilmasa bo‘lmaydi. Yomg‘ir yog‘ib qolsa, yukxona ichi suvga to‘ladi. Uni garajimizga oborib, yaxshilab tuzattirib beraman. Buyog‘idan xotirjam bo‘ling. «Yomon dallol yonidan» degan gap bor. Menga yaxshilik qilaman deb, siz zarar ko‘rib qolmang-da, birodar. Asqaralining bu gapga ko‘nmay iloji yo‘q edi. Yog‘in-sochin paytlarda u kiyim-boshlarini shu yukxonada saqlardi. Endi yukxona suvga to‘lsa... — Xo‘p, — dedi Asqarali. — Narsalarimni yig‘ishtirib qo‘yay. Ochiq-sochiq qolmasin. — Yuravering, narsalaringizga hech kim tegmaydi. Cho‘ponlarimdan bittasini qo‘riqchi qilib qo‘yib ketaman. «Niva» ketidan orqama-orqa kelaverasiz. Asqarali shoshib chodirga kirib ketdi. Brizent sumkasini ochib, ikkita penitsillin shishasida qandaydir suyuqlik narsani olib, cho‘ntagiga soldi. — Asli o‘zim to‘ng odamman. Bu tog‘lar Mirvaliga qarashli. Asallarni nima qilyapsan, deb so‘ramaydi. Shu paytgacha biron paqir asal bilan yo‘qlamadim. Albatta, u asalga muhtoj emas. Ko‘ngil-da, ko‘ngil. «Niva» ruliga tirsagini qo‘yib uni kutayotgan Mirvaliga ikkita shishachadagi boyagi suyuqlikni uzatdi. Bu asalari motkasining suti. Turgan-bitgani yigit kishiga quvvat. Mirvali «sho‘xgina, modabozgina» yigit emasmi, u mayorda shunaqa narsa bormikin, deb umidvor bo‘lib yurardi. Xayriyat, fahm-farosati yetib, necha marta qilgan tagdor gaplariga endi tushunibdi. — Bundan keyin ham yo‘qlab turarsiz... Sandiq yukxonaga bemalol sig‘di. Mirvali ko‘ylaklariga ilashgan xas-xashaklarni qoqarkan, Asqaraliga Sedonani imlab ko‘rsatdi. — Xo‘sh, mayor, nima qilamiz? Ishtahangiz qalay? Asqarali yer ostidan Sedonaga qaradi. U profilaktoriyaga borib, banka qo‘ydirganda bu go‘zal, farishtadek beg‘ubor qizga havas bilan boqqan edi. Endi uning ko‘nglida qandaydir ham achinish, ham irganish bor edi. Ular boqqa yetib kelishganda Mirvali «Moskvich»ni Abdulazizga topshirib, qattiq tayinladi: — Biryarim soatda tuzatib qo‘ymasa, kallasi ketadi. Mexanikka aytib qo‘y. Ovqat-povqating bormi? — Manti tugib domga chiqazib yuborganman, — dedi Abdulaziz. Asqarali bir odamni baxtsizlikdan, badnomlikdan saqlab qolgani uchun o‘zini nihoyatda yengil sezardi. Ular koridorga kirishlari bilan manti qozondan chiqayotgan bug‘ hidi dimoqlariga urildi. Panbarxat xalat kiygan Sedona ularni ochiq chehra bilan kutib oldi. Bu uyni Mirvali Sedonaga yaqinda bergandi. Birinchi yo‘lakdagi uyni olishga Sedonaning ota-onalari, bu uy bexosiyat, Bodomgul o‘zini osib qo‘ygan, deb ko‘nishmadi. Mirvali uni garaj mexanigi Kuzma Denisovichga berib, ikkinchi qavatdagi uyini zudlik bilan remont qildirdi-da, Sedonani ko‘chirib kirgizdi. Uy jihozlari ham o‘sha-o‘sha. Biron nima o‘zgarmagan. Bodomguldan qolgan kiyim-boshlarni har kimlarga berib yuborgan. Faqat toshoyna tortmasidagi taqinchoqlarni olib qolgan. O‘sha Bodomgul taqib yurgan shoda-shoda, o‘rtasida ikkita qator duri bor marvarid Sedonaning bo‘ynida. Uzuklar ham, to‘g‘nog‘ichlar ham Sedonada. Sedona choy ko‘tarib kirdi. Mirvali, chalob qilmadingizmi, deb so‘radi. Sedona, hozir, dedi-yu, koridordagi xolodilnik eshigini ochib, sopol ko‘zacha oldi. Uni Mirvalining oldiga qo‘yib ketarkan, bog‘ichi yechilib ketgan xalatini o‘nglamoqchi bo‘ldi. Oppoq sonlari ochilib ketdi. Orqaga o‘girilib, bog‘ichni boshqatdan bog‘lay boshladi. Asqarali Mirvali haqida o‘ylarkan, zap ishbilarmon, mehnatkash yigit-ku, ayollar masalasida bejilov ekan, deb qo‘ydi. U Bodomgul voqeasini ham eshitgan edi. Uning o‘sha ishq o‘yini fojia bilan tugaganini ham bilardi. Hali Bodomgulning tuprog‘i sovimay yangisini topibdi. Biron marta ro‘zg‘or ko‘rmagan, nene yigitlarning ko‘zini kuydirgan bu tamtam qiz uning tuzog‘iga tushib qolganiga tushunolmadi. Balki uylanmoqchidir, deb o‘yladi. Bu Mirvali qandoq odam? Turgan-bitgani sir. Kimligini, nimaligini bilib bo‘lmaydi. Birov uni buyuk odam desa, boshqasi pastkash odam deydi. Qaysi biri to‘g‘ri? Ajab, bir tanda ikki odam! Asqarali ana shu jumboqni yecholmay o‘tirardi. Sedona yarimlab qolgan arman konyagini stolga qo‘yib ketdi. — To‘xtang, — dedi Mirvali.— Og‘zi ochilgan shishani mehmonga qo‘yib bo‘lmaydi. Butunini olib chiqing. — Qo‘ying, — dedi Asqarali. — Bari bir men ichmayman. Mashina minaman. Mirvali qo‘lini siltadi. — Voy-bo‘! — dedi Mirvali.— Sizni urush ko‘rgan odam deb kim aytadi? Manti juda xusbxo‘r bo‘lgan ekan. Asqarali tortinmay, maqtab-maqtab yedi. — Endi menga javob bering, direktor. Mirvali ortiqcha qarshilik ko‘rsatmadi. Pastda hozirgina ta’mirdan chiqqan «Moskvieh» tilarni kutib turardi. U ketgach, Mirvali xomush tortibqoldi. Xorraga kirib, divanga o‘zini tashladi-yu, o‘y o‘ylab ketdi. — Bu odam kim? Agent emasmikin? Payimga tushganlardan biri emasmi? Tekshirib ko‘rish kerak. Sinash, sinash kerak. Oshxona tomondan Sedonaning shaqir-shuqur qilib idish-tovoq yuvayotgani eshitilib turardi. Mirvali ko‘ylak yoqalarini yechib, ko‘ksini siladi. Sedona ishlarini bitirib yotoqqa o‘tib ketdi. Keyin sochlarini tarab, ikki qulog‘ining tagiga atir shishasining qopqog‘ini tegizategiza Mirvalining yoniga kelib o‘tirdi. Mirvali uning qo‘tig‘idan qo‘lini o‘tkazib, o‘ziga tortdi. — Qo‘ying!— dedi Sedona astoydil o‘pkalab.— Meni anavi asalchiga sovg‘a qilib yuborishingizga oz qoldi-ya! — Uning erkakligi frontda shikastlangan. Shuning uchun bolasi yo‘q, shuning uchun mushuk boqadi. Mirvali Sedonaning uyidan kechasi soat birlarda chiqib ketdi. Sedona ertalab profilaktoriya eshigidan kirayotganda begona bir xotin oldidan chiqdi. — Marvaridlar qulluq bo‘lsin! Bu ko‘chma marvarid endi sizga tegdimi? Undan Bodomgulning hidi kelmayapdimi? Ehtiyot bo‘ling, kechasi yechib yoting. Uxlaganingizda bo‘g‘ib qo‘ymasin!— U shunday dedi-yu, yo‘lida ketaverdi. Sedona uning orqasidan anqaygancha qarab qoldi. Ertalabdan beri Zamburug‘qoya tepasida vertolyot aylanadi. Mirvali GAIga telefon qilib, vertolyot sizlarnikimi, deb so‘raganda, yo‘q, deb javob qilishdi. Mirvali geologlarniki bo‘lsa kerak, deb qo‘ya qolgandi. Tushga yaqin yana bitta vertolyot o‘tdi. U tog‘ tepasida aylanib yurmadi. Geologlar burg‘ilayotgan tomonga qarab ketdi. Avvalgisi hamon goh balandlab, goh pastlab aylanib yuribdi. Mirvali mo‘miyo o‘g‘rilari bo‘lsa kerak, deb gumon qildi. Alpinistlar ham chiqolmaydigan balandlikdagi mo‘miyolarni uchuvchilar qiyratishini Mirvali biladi. Ushlab olsam, ona sutini og‘zidan keltiraman, deb yurardi. Ammo ularni qandoq qilib ushlaydi. Tog‘larda uchadigan vertolyotlar bir idoraga qarasa, boshqa gap edi. Minzdravniki boshqa, Geologiya ministrliginiki boshqa, GAIniki boshqa. Qaysi biridan gumon qilsa bo‘ladi?... Hatto bir kuni Mirvali tog‘ yo‘lidan keta turib, pastlab uchib yurgan vertolyotni ov miltig‘i bilan otib tushirmoqchi bo‘lib chog‘- langandi-yu, katta janjalga aylanishini o‘ylab, bu shahdidan qaytgandi. — Bu ablahlar tog‘larni ham oyoqosti qilib yubordi!—deb tajang bo‘ldi Mirvali. Ammo vertolyotning faqat bir joyda aylanishi uni tashvishga sola boshlagan edi. Uning tog‘ kamaridagi yashirin mehmonxonasi Zamburug‘qoyaning orqasida. Shuni qidirayotgan bo‘lmasin tag‘in?! Mirvalining ko‘nglini gumon bosdi. U kecha o‘sha mehmonxonaga borib, Sedona bilan maishat qilgandi. Videomagnitofonni, televizor bilan kassetalarni, chex va nemis servizlarini qog‘oz qutilarga joylab, uyiga olib kelgan. Endi gilamlarni olib ketsa, bas. Undan keyin bu mehmonxonaga oyoq bosmaydi. Bahridan o‘tadi. Toqqa qor tushishi bilan geologlar ko‘ch-ko‘ronini ko‘tarib, mavsumrni tugatib, qaytib ketishardi. Asbob-uskunalarini sovxoz xo‘jalik ombori hovlisidagi bir hujraga joylab qo‘yishardi. Mirvali bir kunimizga yarab qolar, degan o‘y bilan partiya boshlig‘idan o‘n-o‘n beshta mexanik portlagich oldirib qo‘ygandi. Shu topda uning ko‘ngliga bu mehmonxonadan qutulish kerak, degan o‘y keldi-yu, omborchiga o‘sha portlagichdan to‘rttasini olib kelishni buyurdi. Keyin Rasulbekka telefon qilib, bir oshli xarajat bilan yetib kel, deb tayinladi. Rasulbek aytganini qilib, «Niva»ga xarajatlarni joylab oldiga keldi. — Toqqa boramiz, rulga o‘zing o‘tirasan. Men juda charchaganman. Bir miriqib dam olib kelamiz,—dedi Mirvali. — Men qolsam, xo‘jayin, tog‘ orqasidan bugun keldim. Uch kundan beri uyga borganim yo‘q. Mirvali unga bi ro‘qrayib qaragan edi, gap og‘zida qoldi. Faqat Sedona ham boradimi, deb so‘rayoldi. Uning bu gapi Mirvaliga yoqmadi. Ko‘ziga bundan o‘n besh kunlar chamasi avvalgi uchrashuv ko‘rinib ketdi. Mirvali tog‘dagi cho‘ponlarni ukol qilasan, deb Sedonani toqqa olib ketdi-yu, cho‘ponlar oldiga olib bormay, yo‘lni ishratxona tomonga burdi. Direktorning ko‘nglida bunday qabihlik borligidan bexabar Sedona u boshlagan tomonga indamay ketaverdi. U olib kirgan uy cho‘ponlar uyiga o‘xshamasdi. Shohlar yashaydigan. uncha-muncha odam xayol qilsa ham ko‘z oldiga keltirolmaydigan, ertaklardagina bo‘ladigan joy edi. Sedonaning yuragini vahm bosdi. Tog‘ oralig‘idagi odam topmas g‘orlar ichiga joylashgan bu shohona saroydan qochib qutulish qiyin edi. Kech kirib, tun boshlandi. Kimsasiz tog‘ orasida Mirvali bilan ikkovlaridan bo‘lak zog‘ yo‘q edi. Ayol boshi bilan bu devdek kishiga teng kelolmasdi u. Sedona qanchalik monelik qilmasin, unga taslim bo‘ldi. Mirvali o‘shanda ko‘pdan bilgisi kelgan uning uchinchi xoli ikki ko‘ksining o‘rtasidan sal pastroqda ekanini bildi. Sedona javdirar, yoshli ko‘zlari undan shafqat tilardi. Mirvali tun yarmidan oqqanda yotoqxonadan chiqib, zal uyning chirog‘ini yoqdi. Mineral suvi ichib, bir oz orom olmoqchi bo‘ldi. Yotoqdan Sedonaning alam bilan yig‘lashini eshitdiyu baqirdi: — Yig‘lama! Yig‘loqilarni yomon ko‘raman. Bo‘lmasa, tur, ket! Hozir eshikni ochib beraman. To‘rt tarafmg qibla! Sedonaning ovozi tindi. Mirvali yotoqqa kirib elektrni yoqdi. Choyshabga burkangan Sedonaning yelkalari silkinar, ammo ovoz chiqargani qo‘rqardi. Mirvali karavot chetiga o‘tirib, uning yelkalarini siladi. — Menga qara. Oldingda ikki yo‘l, bittasini tanla. Biri shu tog‘lar orasida qolib, quzg‘unlarga yem bo‘lish, biri men bilan bo‘lib shohi-atlaslarga burkanib, oltinu brilliantlarga bezanish. Tanla! Sedona indamadi. — Men bilan bo‘lsang, malikalarday yashaysan. Zorlik nima, muhtojlik nima, bilmaysan. Mirvali uning ustidagi choyshabni olib tashladi. Sedona g‘ujanak bo‘lib olgan, oppoq marmardek tani dir-dir titrardi. Mirvali uni yelkasidan tortib, o‘ziga qaratdi. — Menga qara! Qara, deyapman! Men bilan bo‘lasanmi? Ayt. Yo ha de, yo yo‘q de. Yo‘q, dedingmi, yosh joningga javr qilasan. Sedona: — Axir xotiningiz bor-ku,— deyoldi hiqillab. — Gapni aylantirma. Sedona eshitilar-eshitilmas, alam-iztirob bilan, ha, dedi. Ana shundan keyin Mirvali qaytadan yechinib, uning yoniga yotdi... Rasulbek hamma ishlardan xabardor edi. Mirvali nimaiki ish qilgan bo‘lsa, shu Rasulbek qo‘li bilan qilgandi. Tog‘ning narigi tomoniga echki haydatishga ham Rasulbek ishboshilik qilardi. U tomondagilar bilan pul oldi-berdilarga u aralashmasdi. Faqat Ravshanbekning halokatidan keyingina Mirvali pul ishlariga uni aralashtiradigan bo‘ldi. Mirvali Rasulbekni qadrlaydi. Mo‘maygina qilib pul beradi. U Mirvaliga qo‘shilib kam bo‘lmadi. Avvallari oddiygina bir fotograf edi. Endi u bir-ikki yuz ming pulli bo‘ldi. Samarqandda dang‘illama uy qurdi. Jiyanining nomiga «Volga» olib qo‘ydi. Yedi-ichdisi sovxoz bo‘ynida. Shuning uchun ham unga soyadek ergashgan. O‘l, desa o‘ladi, tiril, desa tiriladi. Uning yaxshi, do‘ndiq ayollardan tanishi ko‘p. Toshkent tomonlardan keladigan aziz mehmonlar uchun topib kel, dedingmi, aytgan gaping tugamay hozir qiladi. «Berezka» va chek magazinlarida o‘z odamlari bor. Mirvalining sakson mingdan ortiq pulini dollarga, frankka almashtirib bergan. Moskvadan keladigan muxbirlarga sovg‘a qilish uchun Shveysariya soatlari, yapon magnitofonlarini Chiyali bozoridan topib keladi. Shunaqa narsalardan allaqanchasini Mirvali ehtiyot sharti seyfda saqlab qo‘ygan. Rasulbek ana shunaqa unga zarur odam edi. Ammo boshiga qora kun kelganda bu bola chidarmikin? Avval biron qattiqchilik ko‘rganmikin? Mirvali ana shuni bilmasdi. Hozir ikkovi tog‘ yo‘lida jimgina ketishyapdi. Mirvali o‘z o‘ylari bilan band. Rasulbek kecha Hoji aka bilan bo‘lgan suhbatni eslayapdi. Hojimurod rayijroqo‘m raisi bo‘lib keldi. U Rasulbekning eski qadrdoni. Bir vaqtlar ikkovi aka-uka bo‘lib, ko‘p ishlar qilishgan. Buni Mirvali yaxshi biladi. Shuning uchun ham bundan bir hafta oldin Rasulbekka shunday degan edi: — Bilib qo‘y, yaxshi buzoq bo‘lib ikki onani emaman, desang, bu dunyo bilan xayrlashaver. Bu yerdagi gapni u yoqqa tashiyman, deb ovora bo‘lma. Xojimurod kim bo‘pti? Bugun rayijroqo‘m raisi, ertaga hech kim. Agar bilsang, u mening qo‘limdagi o‘yinchoq. Shuni esingdan chiqarma. — O‘libmanmi, xo‘jayin. Siz bilan bo‘lib yomon bo‘lmadim-ku. Xiyonat qilmasmikin, degan gapni ko‘nglingizga keltirmang. Hoji akalar men uchun bir marta yeb bo‘lingan ovqat. Buyog‘iga u bilan zamonasozlik qilib gaplashaman. Mirvali qah-qah otib kuldi. — Obbo falokat-e, yomonsan. Ishing bitgandan keyin otang bo‘lsa ham uch pulga sotvorasan. Shu ishingga borman-da. Bir kun emas, bir kun meni ham uch miriga sotvorasan. Gap qaytarma. Xuddi shunaqa odamsan. Seni piring yo‘q. Vijdoning ham yo‘q. Piring ham, vijdoning ham — pul. To‘g‘rimi? To‘g‘ri de, ablah. Rasulbek tilar-tilamas, to‘g‘ri, dedi. — Bitta gap aytsam maylimi?— dedi u. — Sizdan sal ginam bor. Sizga, oshnalaringizga qanchalab do‘ndiqlarni topib berganman. Ammo siz bironta sarqitingizni ol, demadingiz. Sedonaga mening ham ko‘nglim ketib yurgan edi. Rizqimni qirqdingiz, xo‘jayin. Mirvali nima deyishini bilmay, unga qaradi. Bu bolaning hamma gapdan xabari bor. Yer tagida ilon qimirlasa biladi, ablah! Mana shunaqalar bilan ishlasang arziydi. Aytadigan gaping og‘zingdan chiqmay, nima demoqchiligingni biladi. — Sedona hali-beri sarqitga chiqmaydi. Senga aytadigan boshqa gapim bor. Tosh mehmonxonaga endi kelmaymiz. Kecha videolarni olib ketganman. Gilamlami sen yig‘ishtirib ol. Senga berdim. Bitta osh qilib yeymizu uy bilan xayrlashamiz. Organ hid olgan. Kuni bilan vertolyot nimaga uchayotganini bilasanmi? Shu joyni qidirishyapdi. Topib bo‘pti. Video yomon narsa. O‘shani qo‘ydingmi, darrov ularning apparati topadi. Shuning uchun olib ketdim. — To‘g‘ri aytasiz, xo‘jayin. Samarqandda, Shahrisabzda ham chet el «SEX» filmlarini qo‘yayotgan videolarni ko‘chada mashinada yurib topishyapdi. Apparati darrov bilarkan. — U mashinani sekinlatib, Mirvaliga qaradi,— Ertalab tog‘ning naryog‘idan odam kelgaridi,— dedi tashvishlanib. — Pulni olib keptimi? — Ha. Ammo endi echki o‘tkazmay turinglar, biron oy sabr qilaylik, sovxozni OBXSS bosdi, ularni tinchitgandan keyin qolganlarini olamiz, deb ketdi. — Pul qani? — Mashinamni bagajnigida qolgan. — Ahmoq, pulni mashinada saqlaysanmi? — dedi tanbeh ohangida Mirvali. — Menga bermay nima qilib olib o‘tiribsan? — Olib kiray desam, partkom bilan o‘tirgan ekansiz. — Mashina qayoqda? — Boqqa olib kirib qo‘yganman. Uzoqdan archazor ko‘rinishi bilan Rasulbek yo‘lni chap tomonga soldi. Chunki ilgarigi yo‘lni portlatib. bekitib qo‘yishgan edi. Yo‘lni Mirvalining shofyori portlatgandi. Sababini so‘raganda Mirvali, ishing bo‘lmasin, deb gapni kalta qilgan edi. Mirvali Jayrona qochib ketgandan keyin boshqa tomondan yo‘l ochgan. Vertolyot bilan qidirib topisholmayotgani ham shundan bo‘lsa kerak. Bu yolda Rasulbek yurmagan. Shuning uchun ham u mashinadan tushib, rulni Mirvaliga berdi-da, o‘zi orqaga o‘tirdi. Har biri guvala kattaligidagi toshlar sochilgan bu yolda «Niva»dan boshqa mashina yurolmasdi. Hatto «Niva» ham ba’zan tortolmay, kuchanib arang o‘tardi. Mashina tepalikka bir kuchanib chiqdi-yu, birdaniga pastlikka qarab sho‘ng‘idi. Pastlikda bir tegirmon suv yoyilib oqardi. Bu suv toshlar orasiga kirib, archazorga yetganda yana yuzaga chiqardi. Suv shu qadar tiniq ediki, tagida suzib yurgan baliqchalar shundoqqina ko‘rinib turardi. Mashina archazor oralab, mehmonxona oldidagi yalanglikdan chiqdi. Rasulbek chaqqonlik bilan irg‘ib pastga tushdi-yu, g‘or og‘zini berkitib turgan tosh devorni kuchanib, o‘ng tomonga itara boshladi. Bo‘yniga osilgan fotoapparat salanglab unga xalaqit berardi. Devor tagidagi ternir g‘altak qaldirab, nihoyat, g‘or og‘zi ochildi. Uzun tosh koridordan gugurt chaqib temir eshik oldiga kelishdi. Rasulbek ikki joydan kalit solib, daranglatib eshikni ochdi. Devorga qo‘l cho‘zib, elektrni yoqdi. Ichkari yig‘ishtirilmagan, o‘rin-ko‘rpalar ayqash-uyqash bolib ketgan edi. Mirvali batareya chiroq bilan yoritib, boya Rasulbek gugurt chaqqanda cho‘pini tashlamadimi, deb yaxshilab qarab chiqdi. Gilam ustida nimadir yiltirardi. Piyola siniqlarining parchasi bo‘lsa kerak, deb o‘ylagan edi Rasulbek. Yo‘q, ayollar ziragi ekan. Engashib oldi. — Bu yoqqa ber, — dedi Mirvali. Rasulbek zirakni unga uzatdi. Mirvali Rasulbekka shu gap shu yerda qolsin, demadi. Rasulbekning gap tashimasligini bilardi. — Avval gilamlami yig‘ib, mashinaga olib chiq. Keyin ovqatga unnaysan. Aytgancha, mening fotoapparatimni bir tekshirib qo‘y. O‘zim tekshirib ko‘rdimu, bari bir o‘zing tekshirganing durust bo‘ladi. — Xotirjam bo‘ling, xo‘jayin. Unda faqat sizning tosh ko‘targaningiz, soyda cho‘milganingiz olingan, xolos. Jononlarning suvrati yo‘q. Ularni laqillatib apparatni yolg‘ondakam chiqillatganman. Undan keyin cho‘qqida yalang‘och bo‘lib qorga dumalaganingiz bor... — Balosan, balosan, ablah, — dedi ko‘ngli xotirjam bo‘lgan Mirvali. Rasulbek qo‘lidagi go‘sht, to‘g‘ralgan sabzi solingan to‘rvani oshxonaga kiritib qo‘ydi-da, gilamlarni yig‘ishtirishga kirishdi. Bu gilamlarni Rasulbekning o‘zi topib kelgan edi. Rasulbek to gilamlarni yiqquncha Mirvali piyoz archib, go‘sht to‘g‘rab turdi. Rasulbek juda chaqqon yigit edi. Bir pasda to‘rtta gilamni taxlab, koridorga olib chiqib qo‘ydi. — Oyoq ostida yotmasin, mashinaga olib chiqib qo‘y, — dedi Mirvali. — Xo‘jayin, «Niva»ga bitta ham gilam sig‘maydi. «Niva» o‘zi yaxshi-yu, sig‘imi kichkina. Agar zapas g‘ildirakni tashlab ketsak, bitta gilam sig‘ishi mumkin. — Bo‘pti, shu yerda qolaversinn. Mirvali divanga cho‘zildi. Rasulbek qozonga yog‘ tashlab, ovqatga unnab ketdi. Mirvali ozroq yotdi-yu, yana o‘rnidan turdi. Tashqariga chiqib, mashinadan mexanik-portlatgich solingan xaltani ko‘tarib kirdi. Uni divan orqasiga qo‘yib, oshxonaga chiqdi. Qiziyotgan yog‘dan chiqqan oppoq tutunda Rasulbek arang ko‘rinardi. — Menga qara, Bek,— dedi Mirvali.— Men ozroq mizg‘ib olaman. Yog‘ hidi kirmasin, deb eshikni berkitib qo‘yaman, bo‘ptimi? Osh pishganda uyg‘otarsan. Rasulbek, xo‘p, deya bosh irg‘ab qo‘ydi. Mirvali eshikni ichidan berkitib, xaltadan portlagichlarni oldi. To‘rttalasining ham mexanik millarini uchdan o‘ttiz minut o‘tgan vaqtga to‘g‘rirab, birini divan tagiga, yana birini vanna tagiga tiqib qo‘ydi. Yana ikkitasi bor. Qayga qo‘ysam ekan, deb bir dam o‘ylanib turdi. Yana ichkariga kirdi. Soatiga qaradi. Javondan bitta konyak olib, Rasulbekning oldiga chiqdi. — Ha, xo‘jayin, uxlamabsiz-ku? — dedi qozon kovlayotgan Rasulbek. — Uyqum kelmadi. Kel, mana shu shishani bo‘shataylik. Oxirgi marta ichishimiz, bu joyda. — Unaqa demang, xo‘jayin, xudo xohlasa, hali ko‘p kelamiz bu joyga. — Aytganing kelsin. Manavi bo‘layotgan «shamol-to‘polon»lar sal bosilsin, kevin kelarmiz. U shunday deb shishani ochdi. Ikkita piyolaga to‘ldirib quydi. — Qovurilgan go‘shtdan ol, Rasulbek tarelkaga to‘rt-beshta jaz tashlab, stolga qo‘ydi. — Qani, ol, Bek. Men seni astoydil ukam, deganman. Sen hamma sirimni bilasan. Sendan sir yashirmaganman. Seni o‘zimdek bilaman. Ol, ol, ukaginam. Rasulbek uni hech qachon bunaqa mehribon bir vaziyatda ko‘rmagandi. Hayron bo‘ldi. lkkovi ichib yuborishdi. Mirvali ketma-ket yana quydi. — Endi men jindek turib ichay. Bo‘lmasa, oshni buzib qo‘yaman, — dedi Rasulbek. — Ichaver, buzmaysan. Shovla qilib qo‘ysang ham yevoramiz. Shu bugun juda tabiatim yaxshi. Ichgim kelyapdi, do‘stim. Rasulbek uning bu xil kayfiyatini SSSR Oiiy Soveti deputatligiga ko‘rsatilganidan deb o‘yladi. Shu xursandchilikka sherik bo‘lish uchun ikkilanmay piyolani ko‘tardi. — Sizning bu dunyoi olamda sog‘-salomat yashab yurishingiz uchun. Orqangizdan ergashib, biz ham tirikchilik qilib yurishimiz uchun,— dedi. — Bilasanmi,—dedi Mirvali Rasulbekning yelkasiga qo‘lini qo‘yib,—men saxiy odamman, shuni bilasanmi? — Bilaman, xo‘jayin. — Tog‘ning naryog‘idan qancha pul keldi? — Sakson ming, xo‘jayin, — deb javob qildi Rasulbek. — Shu pullarning hammasini senga beraman. Ol. Mening davlatimda yayrab qol! Rasulbek o‘zini yo‘qotib qo‘yay dedi. — Yo‘g‘-e, xo‘jayin, juda ko‘pku?! — Olaver, meniki o‘zimga yetadi. Tashqariga chiqib, picha kiyiko‘ti terib kelaman. Qon bosimim ko‘tarilyapdi. Shu konyak o‘lgurni ichmay deyman-u, yana bo‘imaydi-da! Qon bosimi bor odamga konyak bo‘lmaydi, araq durust. U shunday deb to‘rva ko‘tarib, tashqariga chiqib ketdi. Havo yashnab turardi. Mirvali ikki yelkasini orqaga kerib, huzur qilib nafas oldi. Atrofga alanglab, begonaning nazari tushmasin, deb tosh devorni qaldiratib surib, g‘or og‘zini berkitdi. Cho‘ntagidan boyagi yon soatni olib qaradi. Uning sovg‘aga olgan, ismi yozilgan soatlari, Rasulbek «Beryozka»dan olib kelgan elektron soatlari ko‘p edi. Ularni tutmasdi. Bu yon soat unga ota qadrdon bo‘lgani uchun doimo yonida olib yurardi. Mirvali pastdan turib, ishratxona tepasida ikki tomondan egilib turgan qoyaga qaradi. Bahaybat toshlar shundoqqina tepasida soyabondek furardi. Mirvali toshlarga tirmashib tepaga chiqdi. Mexanik portlatgichning brttasini o‘ng tomondagi xarsang tagiga, yana bittasini chap tomondagi tosh tagiga tiqib qo‘ydi. U pastga qaytib tushib, ariqda bet-qo‘lini yuvib, dastro‘moliga artdi. Mashina yoniga borib, o‘n besh minutlar chamasi u yoq-bu yoqlarni bezovta tomosha qilib turdi. Keyin kabinaga o‘tirdi-yu, mashinani gurullatib haydab ketdi. U archazordan chiqqanda soat uchdan yigirma olti minut o‘tgandi. Yana to‘rt mihutdan keyin mehmonxona portlaydi. Mirvali moforga gaz berdi, Mashina shag‘allarni surib, tepalikka chiqdi-da, suv kechib picha yurgach, boya Rasulbek rulni betgan joyga keldi. Bu payt soat uchdan yigirma sakkiz minut o‘tgandi. Mirvali mehmonxonadan, taxminan, to‘rt yuz metrcha nariga borib qolgandi. Mashinani to‘xtatib, pastga tushdi. Soat uchdan yigirma to‘qqiz minut o‘tdi. Mirvalining bir ko‘zi soatda, bir ko‘zi toshlar orqasidan uchlari ko‘rinib turgan archazorda. Soatning sekund strelkasi olti raqami ustidan o‘tayotganda Mirvali ikki kaftini yuziga tortib, «ollohu akbar!» dedi. Shu payt dahshatli portlash boshlandi. Ketma-ket portlash toshlarni osmonga otdi. Tog‘ oraliqlarida quloqni kar qiladigan xunuk aks-sado aylanib yurdi. Bir zumdan keyin yana hammayoq jimjit bo‘ldi-qoldi. Rasulbek ham ketdi. Mirvali uchun u endi ortiqcha edi. Keyingi yillarda Mirvali nimaiki qilgan bo‘lsa, hammasiga shu Rasulbek shohid. Tog‘ ortiga o‘tkazilgan echkilarni, mana shu mehmonxonada bo‘lib o‘tgan ishlarni u yaxshi biladi. Vaqtiki kelib, ahvol tang bo‘ladigan paytlarda, albatta, u og‘zidan gullaydi. Endi uning xizmati bitdi, yashashga haqqi yo‘q edi. Mirvali darrov yo‘lga chiqmadi. Bemahal portlashdan hayron bo‘lgan cho‘ponlar shu topda bu tomonga qarab turishibdi. Ozroq vaqt o‘tkazib yo‘lga chiqish kerak. Mirvali boya bitta xatoga yo‘l qo‘yganini bilib qoldi: mehmonxonada Rasulbek yechib qo‘ygan kostyum cho‘ntagidan mashinasining kalitini olish kerak edi. Olmapdi. Bog‘da qolgan uning mashinasi bagajnigida pul bor. Qandoq qilsa bo‘larkin? Bir yo‘li topilib qolar, deb o‘yladi, Mirvali. Yana soatni olib qaradi.Uchdan qirq uch minut o‘tibdi.Endi ketsa ham bo‘ladi. Yo‘lga tushdi. Shundoqqina do‘ng aylanib suv bo‘viga burilganda, pastdan paqirda suv ko‘tarib chiqayotgan Asqaraliga ko‘zi tushdi. Bu odam selda oqib tushgan po‘lat sandig‘ini topgan edi. Mirvali aytgan bahonalarga ishonmasligi mumkin. Odam bolasining sir saqlashi qiyin. Mirvalining ko‘nglida yomon, juda yomon niyat tug‘ildi... Asqaralining pastdan to yo‘lga chiqib olishigacha yetti-sakkiz qadam qoldi. Mashina tezligi soatiga salkam oltmish kilometrni ko‘rsatib turibdi.Yana ozroq gaz berish, yetmish kilometr tezlik olishi kerak. Asqarali yo‘lga chiqib olganda, mashina undan ellik qadamcha uzoqlikda edi. Mirvali yana gaz berdi. Asqarali cho‘chib, qadamini tezlatdi. Paqirlardagi suv chayqalib, uning tez yurishiga monelik qilardi.Mirvali unga yetdim deganda, u paqirni tashlab, o‘zini chetga oldi. Mirvali rulni keskin burib yuborgan edi, Asqaralini tom bo‘yi toshga qapishtirib qo‘ydi. Mirvali mashinani darrov orqaga qaytarmadi, to labidan qon oqquncha, ko‘zi oqib tushguncha qisib turaverdi. Oxiri orqaga tisarildi. Asqarali shundoqqina yonboshiga yiqildi. Burilishda atayin ko‘prikdan o‘tmay, mashinani suvga soldi. Suv mashina salonigacha chiqdi. Motor o‘chib qolishidan qo‘rqib darrov yana qirg‘oqqa chiqdi. Shiddat bilan oqayotgan tog‘ suvi mashinaga qo‘ngan g‘uborlarni yuvib ketgan edi. Shu bugun, yarim soat ichida Mirvali ikki guvohdan xalos bo‘lgandi. Bunaqa «omad» kelgan kunlar juda kam uchraydi, yelkamdan og‘ir yuk ag‘darilib tushdi, deb o‘yladi. U magnitofon tugmasini bosdi. « O‘xshaydi-ku» qo‘shig‘i yangrab ketdi. Mirvali kayf bilan boshini goh u yoqqa, goh bu yoqqa tashlab, qo‘shiqdan sel bo‘lib borardi. Ikki kishining hayoti bandidan qirqilgan shunday paytda ko‘ngli qo‘shiq istagani uning uchun g‘ayritabiiy bir hol emasdi. Buxoro amirining jallodi ham zindonda odam so‘yib chiqqandan keyin chakkasiga gul taqib yurar ekan. Nihoyat, boqqa keldi. Abdulaziz so‘rida Mirvali to‘g‘risida maqola chiqqan «Selskaya jizn» gazetasini o‘qib yotardi. U Mirvalini ko‘rishi bilan o‘rnidan sapchib turdi. — Ovqat-povqating bormi? — Bor, bor. Suzib chiqaymi? — Davay!— dedi Mirvali. U shunday deb tol tagida turgan Rasulbekning «Jiguli» siga qaradi. Abdulaziz ovqat suzib kelgunicha sabri chidamay, Rasulbekning mashinasi oldiga bordi. Bagajnikka kalit solib ko‘rdi, tushmadi. Qaytib kelib, garajga telefon qildi. — Garajda nechta «Jiguli» bor? — deb so‘radi. U tarafdan, uchta xususiy, yettita hali hech kimga berilmagan «Jiguli» bor, degan javob bo‘ldi. — Hammasining kalitini yig‘ishtirib kel. Abdulaziz dasturxonga ovqat qo‘ydi. «Xalq nomzodi» Mirvali Rixsiyev haddan tashqari ochiqqan edi, hech qayoqqa qaramay, birpasda ovqatni shapillatib yedi. Ustidan ikki piyola choy ichib, o‘rnidan turdi. Garaj boshlig‘i bir shoda kalit bilan kirib kelardi. — Bo‘ldi, sen ketaver, — dedi Mirvali uning qo‘lidan kalitlarni olar ekan. — Birozdan keyin Ablaz opchiqib beradi. Garaj boshlig‘i ketgach, Mirvali kalitlarni bagajnik qulfiga bir-bir solib ko‘ra boshladi. Bittasi tushdi. U bagajnikdagi qog‘oz qopni olib, ichiga qaradi. Yuz so‘mlik, ellik so‘mlik pachkalar. Yana bir kichikroq qog‘oz paketda ham yigirma ming atrofida pul. — Ablah! — dedi Mirvali. — Sakson ming, deb meni laqillatgan ekan. Yigirma mingni o‘marib qo‘ygan ekan-da! U bagajnikni yopib, yana qulflab qo‘ydi. Qog‘oz qop bilan paketni ko‘tarib, mehmonxona zinasidan chiqar ekan, Ablaz, deb chaqirdi. Yugurib kelayotgan Abdulazizga kalitlarni otdi. — Garajga opchiqib ber! Mehmonxonada pullarni sanab, jami yuz ming ekanligiga qanoat hosil qilgach, qopni karavot tagiga tiqib, o‘zini to‘shakka otdi. U bugungi kunidan nihoyatda xursand edi. Salima institutning RAF mashinasida keldi. Eshik berk edi. Uy atrofmi aylanib, Mosh, Mosh, deb chaqirdi.Mushuk kelmadi. Demak, Asqarali uni olib ketgan, deb o‘yladi. U shuncha yo‘l yurib kelgan shofyorni ovqatlantirib, keyin javob bermoqchi edi. — Akangizni oldiga olib borib qo‘yasiz endi, inim. O‘sha yerda rizqimizga yarasha yegulik topilib qolar. Mashina Zamburug‘qoya tomon yo‘l oldi. Kuz kirib, tog‘ salqin bo‘lib qolgan edi. Mashina orqasida chang ko‘tarilmasdi. Yo‘l yoqasida onda-sonda uchrab qoladigan do‘lana tuplarida barg qolmagan. Shoxlaridagi shig‘il mevalar qip-qizil bo‘lib ko‘zni oladi. Kiyik o‘tlar qurib, qovjirab qolgan. Toshlarning oftobro‘ tomonida yovvoyi kaptarlar ikki qanotini yozib, ko‘kraklarini qizigan shag‘alga berib yotishibdi. Shundoqqina yonlaridagi ilon po‘stlariga beparvo qarashadi. O‘n chog‘lik toshbaqa yo‘lni kesib o‘tyapdi. Shofyor ularni ko‘rmadi, shekilli, bosib o‘tib ketdi. Salima orqa oynadan qaradi. Toshbaqalaiga hech narsa qilmabdi. Shofyor ko‘rgan, atayin bosib o‘tgan ekan. — Nima deb o‘tiripsiz, opa,—dedi.— Samosval bosib o‘tsa ham hech balo urmaydi. Bir marta semon ortilgan samosval toshbaqani bosib o‘tgandi, o‘ldi-yov, deb kabinadan tushib qarasak, hech narsa bo‘lmagandek pildirab ketyapdi. Yo‘lga tosh qulapdi. O‘tib bo‘lmay qoldi. Shofyor nima qilishini bilmay, hayron bo‘lib turgan edi, tepalikdan ustiga bir qop anzur piyoz ortilgan eshakni yetaklab bir chol tushib kelayotganini ko‘rdi. Chol ular yoniga kelganda o‘zi gap boshladi: — Jo‘lni tas basqan. Suvdan keshib o‘tingiz. Arjag‘i toza jo‘l. Shofyor unga rahmat aytib, mashinani tisarib, sal orqaga berdi-da, pastlikka qarab yurgizdi. Suv tiniq edi. Tog‘ suvi shundog‘am tiniq bo‘lardi. Ayniqsa, kuz kirib, yanada tiniq qipdi. Tagidagi toshlari sanasabbo‘ladigan darajada aniq ko‘rinadi. Mashina suvda ozroq yurgandan keyin yana yuqoriga — yo‘lga chiqib oldi. Chol aytgancha, yo‘lning bu tomoni tekis edi. Mashina silkinmay, ravon borardi. Chamasi, ikki kilometrcha yurganlaridan keyin tepalikda Asqaralining chodiri ko‘rindi. — Yetdik, opa. Shofyor shunday dedi-yu, Asqaralining «Moskvich»i ochgan so‘qmoqdan yuqoriga endi ko‘tarilayotgan edi, o‘n besh chog‘lik yovvoyi mushuk motor tovushidan cho‘chib, to‘rt tarafga tiraqaylab qocha boshladi. Shofyor bilan Salima pastga tushishdi. Yovvoyi mushuklar orasida Mosh ham bor edi. U og‘zida tishlab ketayotgan bir parcha go‘shtni yerga tashlab, o‘girilib qaradi. Salimani tanidi. Yana go‘shtni tishlab, u tomonga kela boshladi. Boshqa mushuklar toshlar tepasida ularga juda xunuk qarab turishardi. — Ha, o‘lgur, yuribsanmi? O‘z tirikchiliging o‘zingga qoldimi? U shunday deb Moshning bo‘yinlaridan siladi. Yovvoyi mushuklar yana boya qochgan joylariga yopirilib kela boshladilar. Shofyor bu yerda nima balo bor ekan, echkimi, qo‘ymi o‘lgan bo‘lsa, yowoyi mushuklarga yem bo‘lyapdi shekilli, deb o‘yladida, o‘sha tomonga yura boshladi. Yovvoyi mushuklar odam sharpasidan yana qochishdi. Salima Mosh bilan ovora ekanligidan, shofyorning qaytib kelganini sezmagandi. Uning rangi o‘chgan, qalt-qalt titrardi. Iyagi silkinib, gapirolmay qoii bilan mushuklar qochgan tarafni ko‘rsatardi. Salima hayron. U nima deyapdi? Nima bo‘ldi o‘zi? U shofyor ko‘rsatgan tomonga yurayotgan edi, bilagidan ushlab to‘xtatdi. — Bormang, bormang, — deya oldi zo‘rg‘a. Salima to‘xtadi. — Akam, — dedi titrab-qaqshab shofyor. — O‘lib yotibdi... Salima uning gapini oxirigacha eshitmadi. O‘sha tomonga o‘qdek otilib ketdi. Orqasidan Mosh ham yugurdi. Shofyor bormadi. Borishga yuragi betlamasdi. Bir ozdan keyin Salimaning alamli qichqirig‘i bir eshitildi-yu, tindi. Boshqa ovoz chiqmadi. Shofyor shoshib, o‘sha tomonga bordi. Salima o‘zidan ketib yiqilgan. Mosh hamon go‘sht chaynar edi. Asqarali yonboshi bilan yotib qolgan. Uning kekirtagi, ko‘kragi, qorni g‘ajilgan. Bunday paytlarda erkak kishi dadilroq bo‘ladi. Shofyor o‘zini o‘nglab oldi. Salimani ko‘tarib chetga olib, toshga suyab o‘tqizib qo‘ydi. Nima qilishini bilmay, birdam o‘ylanib turdi-da, ildamlik bilan orqasiga qaytib, mashinaga o‘tirdi. Kelgan yo‘lidan jadal ketdi. Oradan sal vaqt o‘tib, cho‘ponlarni boshlab keldi. Bir cho‘ponni sovxoz idorasiga xabar berishga yubordi. Salima hamon qimirlamay, toshga suyangancha o‘tiribdi. Mosh shapillatib go‘sht chaynaydi. Cho‘ponlar ham nima qilishlarini bilmay, ancha vaqtgacha serrayib turib qolishdi. Bir cho‘pon, opaning yuziga suv sepinglar, dedi. Yo‘l o‘rtasida ikkita paqir yotardi. Bittasida suv olib kelishdi. Salimaning yuziga sepishdi. Salima uyqudan uyg‘onib ketgandek, cho‘chib ko‘zini ochdi. Oyog‘iga ishqalanayotgan Moshni tepib yubordi. Mosh norozi bir ovozda miyovladi. Asqaralining jasadi ustiga chopon yopib qo‘yishdi. Hech kimdan sado chiqmasdi. Mirvali «Niva»da uchastka milistiyasi bilan keldi. Jasadning betini ochib qaradi. Asqarali ko‘kragidan mashina siqib, entiki-bentikib jon taslim qilganda oqib tushgan ko‘zlari o‘shandayligicha qolgan. Mirvali uning betini yopdi. U ko‘p o‘limlarni ko‘rgan, murdadan cho‘chimaydigan bo‘lib ketgandi. — Mushuklarni qirib tashlash kerak. Yaqindan beri tog‘da odamxo‘r mushuklar paydo bo‘lgan. Bu o‘shalarning ishi, — dedi Mirvali cho‘ponlarga qarab. Cho‘ponlar uning gapini tasdiqlashdi. — Mushuk insonga do‘st bo‘lmaydi, — dedi bittasi. — Mushuklarning niyati yomon bo‘ladi. Bolang o‘lsin, tizzangda o‘zim o‘tiray, derkan. Salima go‘sht chaynayotgan Moshga o‘qrayib qaradi. O‘rnidan turib, yerdan tosh olib, unga jon-jahdi bilan otdi. Tegmadi. Mosh qochdi. Baland tosh ustiga chiqib, bag‘rini berganicha, ularga yomon tikilib turaverdi. — Chodirdan ko‘rpa olib tushib o‘ranglar, — dedi Mirvali. Keyin Salimaning oldiga kelib, hamdardlik bilan dedi: — Opajon, qandoq qilamiz. Peshonasiga tog‘-toshlarda o‘lish bitilgan ekan. Chidamay ilojimiz yo‘q. Salima indamadi. Axir, shuncha yil birga yashashdi. Biron marta biri-birini sen demadi. Armiya hayotining murakkab yillarini birga baham ko‘rishdi. Asqarali xizmat qiladigan qism qayga ko‘chsa, Salima ham birga ko‘chdi. Biron kun uni yolg‘iz tashlab ketmadi. Farzandsizlikdan kuymasin, deb unga boladek erkalandi. Ermak bo‘lsin, deb mushuk boqdi. Qayga borsa olib yurdi. Mana shu mushuk uning ko‘ksini g‘ajidi. Tilka-pora qildi. Shu topda Salimaning ko‘zi oldidan butun umri birma-bir o‘tdi. Ana endi tamom. Tog‘-toshlarorasida Asqarali umr yo‘lini tamom qildi. Asqaralini RAF mashinasiga olishdi. — Opajon, sizlar ketaveringlar. Bu yerda qolgan yuklarni o‘zim jo‘nataman. Mashinasini ham haydab olib borib beramiz. Sovxozdan janozaga odam jo‘nataman. Kam-ko‘stingiz bo‘lsa, ayting, tortinmang... Mirvalining gapi og‘zida qoldi. Salima birgina «rahmat» so‘zi bilan uning gapini bo‘lib qo‘ygandi. — Mana shu mushukni yo‘qotinglar. Shuni ko‘rmay. Hamma tepada toshga bag‘rini berib yotgan Moshga qaradi. U odamlarga yomon tikilib turardi. Uchastka militsiyasi yonidan to‘pponchasini chiqazib, uni mo‘ljalga ola boshladi. Mirvali uning qo‘lini qoqib tashladi. — To‘pponcha bilan urib bo‘lmaydi. Shoshmay tur. U shunday dediyu mashinadan qirqma qo‘shog‘iz miltiqni oldi. Qo‘ndoqni yelkasiga tirab turib, ikkala tepkini barobar bosdi. Tog‘-toshlar gumburlab ketdi. Mosh pastga yumalab tushdi. Ikki-uch marta oyoq qoqdi-yu, jim bo‘ldi. Badanga ignadek sanchiladigan kech kuzgi tog‘ shamoli esdi. Tepada egasiz qolgan chodir silkindi. RAF jo‘nab ketdi. Cho‘ponlar orqadan ma’yus qarab qolishdi. Mirvali hech kimga qaramay, mashinasiga o‘tirarkan, orqasiga o‘girildi. — Boringlar endi. Tog‘da qancha mushuk bo‘lsa, barini otinglar. Bitta qolmasin. Qancha o‘q sarf qilsanglar, men to‘layman. U yo‘lda ketarkan, o‘z qilmishini mushuklarga to‘nkab yuborganidan mamnun edi. Asqaralining o‘limini endi hech kimdan gumon qilishmaydi. Odamxo‘r mushuklarga to‘nkayverishadi. Ko‘ngli xotirjam bo‘lgan Mirvali magnitofon tugmasini bosdi. Alimatov satoda «Cho‘li iroq»ni ijro etardi. Mirvali darrov o‘chirib qo‘ydi. Bu kuy unga Asqaralining oqib tushgan ko‘zlarini eslatdi. Mirvali bugunning o‘zida ikki odamni o‘ldirdi. Ikkovi ham unga otasi qilmagan yaxshiliklami qilgandi. Rasulbek uning hisobsiz boyliklarini qo‘riqlardi. Unga vafodor quldek xizmat qilardi. Mirvali uni ana shuning uchun o‘ldirdi. Uning oldiga dasturxon yozib, hisobsiz boyliklarni, shu hammasi seniki deb, mashinada ham opketib bo‘lmaydigan darajada ko‘p gilamlarni sovg‘a qilib, tog‘ ortidan olib kelgan pullarni ham, menga qilgan yaxshiliklaring uchun senga berdim, deb uni g‘ordagi ishratxonada portlatib yubordi. Asqaralini nega o‘ldirdi? Tog‘ kamariga yashirgan po‘lat sandig‘ini topib bergani, uni to bog‘gacha opkelib bergani uchun o‘ldirdi. Odam bolasi birovga hech qachon bekorga yaxshilik qilmaydi. Shu yaxshilik tagida, albatta, bir xiyonat, yovuzlik yashaydi, deb o‘ylardi Mirvali. Kimdir senga yaxshilik qildimi, albatta, dilida bir kir niyati bo‘ladi. Shuning uchun undan foydalandingmi, o‘sha zahoti uni yo‘q qil. Mirvalining shiori ana shunday edi. Jayrona Qohirada ko‘ylak sotib olgandi. Uyga kelib, kiyib ko‘rsa, yelkasi sal kengga o‘xshadi. Toshkentga borganda tuzattirib olarman, deb chemodanga tashlab qo‘ygandi. Yaqinda o‘sha ko‘ylakni atelyega olib bordi. Bichiqchi xotin unga tanish edi. U Javronaga, qalay, Shefning tug‘ilgan kunlarini yaxshi nishonladinglarmi, deb so‘rab qoldi. Shef Moskvada edi. Nahotki tug‘ilgan kunini o‘zi yo‘g‘ida nishonlashgan bo‘lsa. Jayrona o‘zini go‘llikka soldi. — Men Samarqandda edim. Bugun ertalab keldim. Yaxshi nishonlashgan bo‘lsa kerak. Buni siz qayoqdan bila qoldingiz? — Shofyorlari bizning xo‘jayindan ikkita qo‘yni so‘ydirib, kalla-pochasi bilan olib ketgan ekan. Bichiqchining eri go‘sht kombinatining direktori edi. Jayrona Luqmonovning shofyori leytenant Mardon Ro‘ziyevning ba’zi olg‘irliklaridan voqif edi. Luqmonov bunaqa joylarga narsa so‘rab odam yubormasdi. Ta’minot ishlari bilan shug‘ullanadigan odamlari bor. Leytenantning ba’zi ishlari to‘g‘risida uncha-muncha gaplar Jayronaning qulog‘iga chalinib qolardi. U bazalarga borib, pul to‘lamay sarxil mollar olib ketishini, xo‘jayin yubordilar, deb aroq-vinolar, shirinliklar undirishini, Qo‘yliqdagi sholichilik tajriba stansiyasidan Shefning uylarida guruch qolmapdi, deb sholi oqlaydigan tegirmonda torttirib uch qop guruch olib ketganini, Shefning uylariga Moskva, Leningrad, Kiyev tomonlaridan generallar kelyapdi, deb koreyslar kolxozining bedana fermasidan allaqancha bedanani tozalatib, o‘n quti tuxumini olib ketganini aytib berishgan edi. Yaqinda, o‘z ta’biri bilan aytganda, pulga cho‘miladigan maishiy xizmat kombinatining direktori oldiga borib, unga astoydil bir yaxshilik qilmoqchiligini aytdi. Direktor avvaliga qanaqa yaxshilik ekan, deb hayron bo‘ldi. — Shef majlisga kirib ketganlarida papkalarini mashinada qoldiradilar. Qani, papkada nima bor ekan, deb ochib qaradim. Aytaveraymi, siz qo‘rqmang, o‘zingizni tutib turing, xo‘pmi? Ochib qarasam deng, sizni qamoqqa olib tergov qilish to‘g‘risidagi qarorning qoralama nusxasi. Direktoming rangida rang qolmadi. Ko‘zlari alang-jalang bo‘lib qoldi. — Tashvishlanmang, — dedi Ro‘ziyev. — Hujjatga hali imzo chekilmagan. Uni mashinkadan chiqazib, keyin imzo chekadi. Siz menga ko‘p yaxshiliklar qilgansiz. Tekinga tuflilar tikdirib bergansiz. Ana shuning uchun ham sizni ogoh qilib qo‘yish uchun oldingizga keldim. Ko‘pam diqqat bo‘lavermang, to‘g‘rilasa bo‘ladigan ish. Bir harakat qilib ko‘ramiz. O‘rtaga tushsam, meni xijolat qilib qo‘ymaysizmi? — deydi leytenent. — Lekin, bu katta chiqim bilan bo‘ladigan ish. Gaplash, desangiz gaplashaman. Yaxshilab o‘ylab, keyin ayting. — Gaplashing. Chiqimdan qochmayman, — dedi umidvorlik bilan direktor. — Bugun gaplashib, ertaga natijasini aytaman. Har ehtimolga qarshi ataganingizni ertalabga tayyor qilib turing. Meni ham quruq qoldirmassiz. — Begniki bejog‘lik, deydilar. Xamir uchidan patir. Manavi gulli baxmalni xonimingizga olib boring. Leytenant ketayotganda direktor: — Ishonsa bo‘ladigan gapmi? Xotirjam uxlayveraymi, — dedi bu ishonish qiyin ishdan garang bo‘lib. — Uxlayvering, hatto xurrak ham otishingiz mumkin, — deya Mardon Ro‘ziyev kulib chiqib ketdi. Ertalab leytenant iljaygancha kirib keldi. Direktor kechasi uxlamagan shekilli qovoqlari shishgan, ozroq ichganga o‘xshardi. Leytenantni ko‘rishi bilan shoshib: — Nima bo‘ldi, — deb so‘radi. — Ish bitdimi? — Bu dunyoda bitmaydigan ish bormi? Qalovini topsang, qor yonadi, deydilar. Qorni yondiradigan qalov mana bu. — Leytenant bosh barmog‘ini ko‘rsatkich barmog‘iga ishqab ko‘rsatdi. — Tabriklayman. Ishlar bitdi. Agar bu gapning hidini chiqazsangiz nima bo‘lishini bilasizmi. Tuya ko‘rdingmi, yo‘q, qabilida ish tilting. Direktor, mana ellikta, deb qog‘ozga o‘ralgan pulni uning qo‘liga tutqazdi. — Nima, yomon dallol yonidan, deb shuni aytadilar-da. Qolgan elliktani yonimdan beramanmi? Bo‘pti, yopig‘liq qozon yopig‘ligicha qolsin. Ishimiz bitmadi, ollohu akbar, deb qo‘ya qolaylik. Direktor stol tortmasidan xuddi boya uzatgandek qog‘ozga o‘rog‘li pulning yana bittasini stolga tashladi. — Mana, yana ellikta. — U shunday deb yonini kovlab, g‘ijimlanib ketgan ellik so‘mliklami barmog‘iga luflab sanay boshladi. Sanab bo‘lgandan keyin, bu sizga, deb Leytenantga uzatdi. Shu bilan ikkovi o‘rtasidagi oldi-berdi tugadi. Leytenant chiqib ketayotganda bitta gap aytdi, xolos. «Hatto xotiningiz ham bilmasin». Ro‘ziyev nihoyatda gapga chechan, har gapiga maqol qo‘shib gapiradigan, o‘qigan kitobi miyasiga muhrlanib qoladigan, xotirasi kuchli odam edi. Shef majlisgami, kollegiyagami kirib ketgancha ikki-uch soat qolib ketardi. Shunday paytlarda u vaqtini kitob o‘qish bilan o‘tkazardi. Ministrlik garajidagi shofyorlar kitobga qarab turishardi. U o‘qiganini yoddan, nuqta-nuqtasi bilan, veigul-verguli bilan yoddan aytib berardi. Bitta ham xato qilmasdi. Kitobga qarab tekshirib turganlar u yoddan o‘qib bo‘lgandan keyin, qoyil, qoyil, deb chapak chalib yuborardilar. Uning bu qobiliyatini Jayrona zimdan kuzatib yurardi. Izma-iz yurib, uning qayoqqa borganini, kimdan nimalar olganini aniq bilgandan keyin o‘zi bilan ochiqchasiga gaplashdi. Jayrona bunaqalarning ko‘pini ko‘rgan, tiliga pishiq, o‘la qolsa sirini bermaydiganlarning qanchadan-qanchasini ilintirgan edi. Jayrona unga, qilib yurgan ishlaringizni Luqmonov bilib qolishidan qo‘rqmaysizmi, — dedi. — Bilmaydi, — dedi ishonch bilan leytenant. — Bordi-yu, men aytib qo‘ysam-chi? Leytenantning tiliga gap kelmay qoldi. — Siz unday qilmaysiz. Yaxshi odamsiz. — Shu siz aytgan yaxshi odamning sizga jindek xizmati bor. Agar ko‘nsangiz, atigi o‘n kungina mening ixtiyorimda bo‘lasiz. Nima desam, shuni qilasiz. Yo‘q desangiz, ixtiyor o‘zingizda, qilib yurgan ishlaringizni oqizmay-tomizmay unga aytaman. Leytenant yomon ahvolga tushib qoldi. — Bir kun muhlat bering, o‘ylab ko‘ray, — dedi. Jayrona bu ishda yutib chiqishiga ishonardi. Xo‘p, demay, iloji yo‘q uning. Jayronaning uyi «Yashil gumbaz» kafesining to‘girisida. Ichki ishlar vazirligi piyoda yurganga ikki minutlik yo‘l. Shofyorlar har kuni kafedan somsami, kabobmi oldirib kelib tushlik qilishardi. Jayrona leytenant bilan birinchi qavatdagi aptekada uchrashdi. Leytenant o‘ylab-o‘ylab rozi bo‘lishga qaror qilganini aytdi. O‘n kun kutish shart emas. Mirvali bilan Luqmonov o‘rtasida bo‘layotgan suhbatni aniq qilib aytib bersa bo‘ldi. Shu yaqin orada ikkovi albatta uchrashadi. Oradan uch kun o‘tib, Jayrona kutgan kun keldi. Luqmonov Mirvali bilan uchrashdi. Bog‘ning bu tomonida Mahkamov Tolibjon bilan gaplashyapdi. Tolibjon boshidan o‘tgan og‘ir mashaqqatli kunlarni aytib beryapdi. Bog‘ning bu tomonida, Mirvalining ruxsatisiz bironta odam kirolmaydigan sokin bog‘da Luqmonov bilan Mirvali qandaydir jiddiy bir gapni qizishib gaplashishyapdi. Ularning suhbati ikki kishilik teatrga o‘xshardi. Ikkovi ham teng huquqli bosh rolni ijro etishmoqda. Leytenant Ro‘ziyev esa pardani ochib yopadigan, to‘lib qolgan kuldonni to‘kib keladigan, sovib qolgan choyni to‘kib tashlab, yangitdan quyib qo‘yadigan dastyor rolini bajarmoqda. Tashqaridan mabodo biror odam qaragudek bo‘lsa, bu ikki kishi o‘rtaga pul uyib qo‘yib qimor o‘ynayapdi, deyishi mumkin edi. Biroq o‘rtaga uyib qo‘yilgan pul emas, allaqachon marhum bo‘lib ketgan cho‘pon Ravshanbekning ruhi ekanini hech qachon xayoliga ham keltirolmasdi. Leytenantning yollangan muddati ertaga tugaydi. Aytadiganini bugun aytib bersa, bo‘ldi, shundan keyin unga rahmat aytib, javobini beradi. Bog‘ning bu tomoni jimjit. Leytenant mashinaning orqa o‘rindig‘ida uxlayapdi. Tashqariga chiqib qolgan oyog‘idagi ko‘pdan yuvilmagan paypog‘ini pashsha talayapdi. Jayrona unga birpas qarab turdi-da mashina oynasini chertdi. — Mumkinmi? Leytenant shoshib mashinadan chiqdi. Ko‘zlarini ishqab xijolatlik bilan uzr so‘radi. — Yuvinib oling-da, biz o‘tirgan joyga boring. Qo‘rqmang, extiyot choralari ko‘rilgan. Orqangizdan hech kim kuzatmaydi. O‘zingizni yaxshi tuting. Shaxsan oqsoqol otaning o‘zlari gaplashadilar. Bu joyda prokurorlar, Oliy Sud vakillari, Davlat xavfsizligidan kelgan kishilar o‘tirishibdi, sekadan ham odam bor. Tortinib, iymanib kirib kelgan leytenantni oqsoqol ota tanishtirdi. — Ministr Luqmonovning shofyori, leytenant Mardon Ro‘ziyev. Leytenant yer yorilmadi-yu, yerga kirib ketmadi. — Bu ukamiz bo‘layotgan ishlarning jonli guvohi. Hamma gapi rost. Qani, leytenant, bugun Shefingiz bilan Mirvali o‘rtasida qandoq gaplar bo‘ldi? Bitta qoldirmay hammasini aytib bering, — dedi oqsoqol ota. Leytenant shundoq katta martabali ulug‘ odamlar oldida o‘z boshlig‘iga xoinlik qilishi kerakligidan xijolat bo‘lardi. Umuman, leytenant mashinada yotib olib, kitob o‘qigani, o‘qigan edi. Sotqinlar to‘g‘risidagi romanlarni ham ko‘p o‘qigan. Leytenant o‘zidan o‘zi jirkanib ketdi. Bu kunimdan o‘lganim yaxshi edi. O‘g‘rilik qilib qo‘lga tushganim, olomonning kaltagini yeganim ming marta yaxshi edi, deb afsus-nadomatlar chekdi. Endi bu pushaymonning foydasi yo‘q. Bugun, bundan bir necha daqiqa oldin bo‘lgan suhbatni, qandoq bo‘lsa, o‘shandoq qilib, oqizmay-tomizmay aytib berishga majbur. Uning birinchi gapi shu bo‘ldi: — Bugun Luqmonov bilan Mirvali o‘rtasida o‘lik savdosi bo‘ldi... U shu gapni aytdi-yu, xuddi soniga olovda toblangan tamg‘a bosilayotgan otga o‘xshab pishqirib yubordi. Leytenant Mardon Ro‘ziyev hozir aytadigan gaplarni, siz muhtaram kitobxon, o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rib turgandek bo‘lasiz. Chunki uning xotiri tiniq bo‘lishidan tashqari gaplarining mantiqi, dalil-isbotlari nihoyatda kuchli, aniq, rad qilib bo‘lmas darajada pishiq edi. Ko‘rgan narsasi ko‘zida muhrlanib qolar, eshitgan gapi qulog‘i ichiga kirib olar, qaytib chiqib ketmasdi. U ko‘p kitob o‘qiganidanmi yoki detektiv romanlar ta’- siridanmi o‘zi ko‘rgan-bilgan voqealarni juda qiziqarli qilib aytib berish qobiliyatiga ega edi. Aziz kitobxon, keling leytenant Mardon Ro‘ziyevning hikoyasiga quloq tutaylik. ... Mirvali bilan Luqmonov archazordan chiqishdi. Atrofda hech kirn yo‘q. Luqmonov o‘tirishga joy izlab katta oppoq bir toshga ko‘zi tushdi-yu, borib o‘tirmoqchi bo‘ldi. Chang emasmi, deb barmog‘i bilan sidirib ko‘rgan edi, toza ekan. O‘tirdi. Bu joydan olis tog‘lar, pistazorlar, yong‘oqzorlar quyuq tuman ichida juda g‘alati bo‘lib ko‘rinib turardi. — Xo‘sh, gapni nimadan boshlay, og‘ayni, — dedi general. — lya, — deya unga qaradi Mirvali. — Shunchalik gap ko‘pmi, nimadan boshlashni bilmayapsiz? — Ko‘p. Juda ko‘p. Tong otguncha gaplashsak ham tugamaydigan gaplar. Mirvalining yuragini vahm bosdi. Keyingi bir-ikki yil ichida qilgan ishlari ko‘z oldidan o‘ta boshladi. Qay biridan xabar topdi ekan? Agar yomon niyati bo‘lsa, men bilan gaplashib o‘tirmasdi. Bittasiga buyurardi, zing‘illatib oldiga solib olib borardi. Yo kattamizga tushuntirib, boshimga ming bir baloni solardi. Yo‘q, u boshqacha yo‘l tutyapdi. Dovonga ko‘tarilishda o‘ng tomonda bir mashina sig‘adigan yo‘l bor. Bu yo‘l oxirida kattagina sahnni egallagan terakzor. Mirvali shu Luqmonovning iltimosi bilan kichkinagina, atigi besh xonali dacha qurgan. Unda ministrlikdan kelgan generallar, polkovniklar dam olib ketardi. Boshqa kunlari rayon militsiyasi xodimlari ichkilikbozlik qiladiganjoyga aylanib qolgan edi. Bu ish ko‘ngilga o‘tirmagan Mirvali dachaga olib boradigan yo‘lni buzib, xonalarni qulflab tashladi. Balki Luqmonov shuning alamini olmoqchidir... Shuning uchun uni chetga tortib, aytmoqchi bo‘lgan gaplarini esiga solayotgandir. Yo do‘ppisi tor kelib qolgan, yo meni shilmoqchi, deb o‘ylardi. — Menga qarang, Mirvali, hozir joningiz mening qo‘limdaligini bilasizmi? Luqmonovning bu gapi Mirvaliga malol keldi. Axir u kimsan, Oliy sovet deputati, Qahramon, qolaversa Birinchining eng yaqin kishisi. Bu generalchaga munaqa gaplashishga kim huquq berdi? — Nima? — dedi Mirvali zarda bilan. — Meni qo‘rqitmoqchimisiz? Ovora bo‘lasiz! Luqmonov o‘rnidan turib ketdi. Mirvali ham turdi. Bir-birini tepmoqchi bo‘lib turgan ikkita xo‘rozga o‘xshardi ular. — Menga qara, go‘dak! Seni uch modda bilan ayblayman. Biri kekirdagingdan, biri kindigingdan, yana biri oyog‘ingdan dorga osadigan ayblar. Agar bittasini aytsam, oyoqlarim tagida emaklab yurishga ham rozi bo‘lasan. Mirvali bo‘shashdi. Modomiki, u shu xil baland kelayotgan ekan, demak, qo‘lida rad qilib bo‘lmaydigan dalillar bor. — Ayting! — dedi Mirvali sal yon berib. — Aytavering. Cho‘zmang. Ikkovi yana toshga o‘tirishdi. Luqmonov ko‘p mahbuslarning tergovida qatnashgan, general formasini ko‘rganda qalt-qalt titraganlarning ko‘pini ko‘rgan edi. Ammo manavi, hech kimga bo‘yin bermayman, deb turgan oliftaning chiranishlari sovun ko‘pigidek yorilib ketishini ham bilardi. — Birinchining oyog‘iga yiqilib, iltijo qilgan kampirning o‘g‘lini taniysizmi? Anavi yo‘q bo‘lib ketgan cho‘ponni... — Bilaman, — dedi Mirvali. — Shuni siz o‘ldirgansiz! Mana shuning uchun siz bo‘yningizdan osilasiz. — Tuhmat qilyapsiz. — Mirvali hech cho‘chimasdan, uning ko‘zlariga tik qarab aytdi bu gapni. — U oddiy cho‘pon emas edi. Buni yaxshi bilasiz. U sizni kindigingizdan osadigan gunohingizdan xabardor edi. Uchinchisi — oyog‘ingizdan osadigan gunohingizni bir ozdan keyin aytaman. Avval birinchisini hal qilaylik. — U shunday deb yon cho‘ntagidan qattiq muqovali daftarcha olib, ichidan bir surat chiqazdi. — Manavi o‘sha cho‘pon Ravshanbekni o‘ldirib, o‘ngirga tashlab ketganingizda olingan surati. Shundan gaplashaylik. Xo‘sh, nima qilamiz? Nima qilishimizni o‘zingiz ayting. Siz aytgancha bo‘ladi. Agar kelisholsak. Mirvali o‘zini o‘nglab oldi. Avvaliga unda rad qilib bo‘lmaydigan dalillar bor, deb o‘ylab sal-pal cho‘chigan edi. Endi uni laqillatmoqchi bo‘ldi. — Menga qarang, aka. Xo‘sh, shundoq bo‘lgan, deylik. Qandoq qilsam, siz aytgan dorga bo‘ynimdan osilmayman? Luqmonov javob o‘rniga bosh barmog‘i bilan ko‘rsatkich barmog‘ining uchini bir-biriga ishqab ko‘rsatdi. — Qancha? Bitta yetadimi? Luqmonov yana ovoz chiqazmadi. Uch barmog‘ini ko‘rsatdi. — Bu ko‘p, — dedi Mirvali. Luqmonov, siz bilan kelisholmadik, deb o‘rnidan turdi. Mirvali uning kiteli etagidan tortib o‘tqazdi. — Bo‘pti. Roziman. Lekin hujjatlarni qo‘limga berasiz. — Roziman, — dedi Luqmonov. — Endi ikkinchisini... Kindigimdan osadigan gunohimni ayting. Luqmonov daftarchasini olib, yozuvlarni o‘qiy boshladi. — Sovxozda ellik ming echki bor, deb hujjatlashtitgansiz. Aslida, yetmish ming echki bor. Siz har yili ellik ming echki tug‘iladi, deb hujjatlashtirgansiz. Aslida, yetmish ming echkidan yigirma mingi taka bo‘lib, ellik mingi ikkitadan tug‘adi. Har yili bor echkilar yoniga yuz ming echki qo‘shiladi. Siz yiliga ellik ming echkini tog‘dan oshirib savdoga o‘tkazasiz. Har bir echkiga arzongarov narx qo‘yib, yigirma so‘mdan pullaysiz. Ellik ming echki yigirma so‘mdan necha pul bo‘ladi? Hisobini o‘zingiz bilarsiz? Bir million so‘m bo‘ladi, to‘g‘rimi? Men sizning tonna-tonnalab sotadigan tivitlaringizni hisobga kiritmayapman. Undan ham ikki-uch yuz ming daromadingiz bor. Xo‘sh, bularni nima qilamiz? Yo guvohlarni chaqiraymi? Mirvali har qanday tang paytda ham o‘zini yo‘qotmasdi. Raqibi oldida hech qachon past kelmasdi. Ammo bu gal ozroq yon bermasa bo‘lmasdi. — Xo‘sh, nima qilamiz? — dedi Luqmonov. — Narxini ayting, — dedi u asta taslim bo‘lib kelayotganini unga sezdirmay. — Siz ayting! Mirvali bitta barmog‘ini ko‘rsatdi. General, ensasi qotgandek, lablarini burib, uchta barmog‘ini, Mirvali ikkitasini ko‘rsatdi. General hamon uchtasini ko‘tarib turardi. — Bo‘pdi. Meni shilishga kelgan ekansiz. Endi oyog‘imdan osadigan gunohimni ayting. Luqmonov chap cho‘ntagidan qalam bilan chizilgan xaritaga o‘xshagan qog‘ozni olib, tosh ustiga qo‘yib, buklangan joylarini barmoqlari bilan tekislagan bo‘ldi. — Nimaligini bilyapsizmi? Mirvali bilmadi. — Yaxshilab qarang. Maydontoldan boshlangan yo‘l. Buyog‘i qayoqqa olib boradi? Qani, yana bir qarang! — Mirvali bir qarashdayoq bildi. — Bu g‘ordagi pinhona ishratxona yo‘li. Ichida nimalar borligini aytib beraymi? Videomagnitofondagi lentalarda kimlar va nimalar suratga olinganini ham ayt, desangiz aytib beraveraman. U shunday deb tosh ustiga bir dasta surat tashladi. Mirvali suratlarni bir-bir ko‘ra boshladi. Hamma xonalar alohida-alohida suratga olingan. Videodagi behayo filmlar ham fotoga o‘tkazilgan. — Yo‘l esingizdami yo o‘zim oboraymi? — dedi Luqmonov. — Kalit idorada, seyfda qolgan desangiz, men kalitimni berib turishim mumkin. General cho‘ntagidan ikkita kalit olib, jaranglatib tosh ustiga tashladi. Uning dalillarini aslo rad etib bo‘lmasdi. — Bilaman, — dedi Mirvali g‘azab bilan. — Bu Jayronaning ishi. Qo‘limga tusharsan! Kindigigacha tilaman. — Xo‘sh, buni nima qilamiz? Mirvali indamadi. Hali ham g‘azab o‘tida qovrilardi. — Xo‘sh, buni nima qilamiz? — deb takrorladi general. — Narxini ayting! — dedi jahl bilan Mirvali. — Bu ish pul bilan bitmaydi. — Bo‘lmasa, nima bilan bitadi? — dedi Mirvali unga savol nazari bilan qarab. Luqmonov bir muddat tek qoldi. Keyin dedi: — Shu joyni menga berasiz. Vassalom. Shunda oyog‘ingizdan osilishdan qutulasiz. — Berganim bilan siz bu joylarga borolmaysiz. Necha joyga shlagbaum qo‘yganman. Undan tashqari, siz elga taniqli odam bo‘lsangiz. — Bu tomonidan xotirjam bo‘ling. Vertolyotni nimaga chiqazgan. — Shartingizga rozi bo‘lishdan oldin bitta gap so‘rayman. Ochig‘ini ayting, bu Jayrona degani qandoq balo? Shuning ishimi? — Gapni kavlashtirmang. — To shu juvonni bir kecha bag‘rimga bosmas ekanman, o‘lsam armonim ichimda ketadi. Luqmonov xandon tashlab kuldi. — Chuchvarani xom sanamang, Mirvali. Bu Jayrona hali qiz bola. U hatto Eronda Zohir shohni ham laqillatib ketgan. Siz kim bo‘psiz!? Mirvali, voy-bo‘, deb yuborganini bilmay qoldi. General o‘rnidan turdi. — Bu yerda pulingiz yo‘qdir. Men kirib, biroz uxlab olay. Ungacha siz borib olib keling. Men, odatda, bugungi ishni ertaga qoldirmayman. — Hujjatlar nima bo‘ladi? — Siz beradiganingizni bering, hujjatlar o‘sha zahoti bo‘ladi. — Siz mening o‘rnimda, men sizning o‘rningizda bo‘lsam, bo‘yningizga olti yuz ming so‘m yuklab qo‘ysam, xuddi menga o‘xshab indamay beraverarmidingiz? Luqmonov orqasiga qaytdi. Kutilmagan bu so‘roqqa birdan javob berolmay picha o‘ylanib turdi. — Albatta, berardim. Bilasizmi, Mirvali, bu bir qimordek gardkam ish. Omad bir sizga, bir boshqaga keladi. Omading keldimi, ol, omading ketdimi, ber. Mana shunda o‘g‘il bolacha ish bo‘ladi. — Rahmat, — dedi Mirvali. — Sizdan xuddi shunday javob kutgandim. Men pulni olib kelgani ketdim. Mirvali shunday deb mashina tomon yurdi. Luqmonov uning haligi so‘rog‘iga uncha e’tibor bermadi. So‘roq tagida qandoq sir-sinoat yotganini o‘ylab ko‘rmadi. Xotiijam yotoqqa kirib ketdi. Mirvali hech qachon, hech kimga yem bo‘lgan emas. General xamirdan qil sug‘urgandek qilib undan olti yuz ming olaman, deb ishondi. Tortishmaganiga, savdolashmaganiga, aqalli biron marta undoq emas, deb e’tiroz bildirmaganiga hayron bo‘lmadi. Mirvali yo‘l-yo‘lakay o‘ylab borardi: «Meni sigir qilib sog‘sa bo‘laveradigan laqma deb o‘ylayapdi, shekilli. Hali qarab tur, o‘zingni shilib, shir yalang‘och qilib qo‘yganimni bilmay qolasan. Lekin sen ablah uncha-muncha gunohlarimni bilasan. Bilaman, ko‘pdan kuzatasan. Qadamimni sanab yuribsan. Sen shoxida yursang, men bargida yurishimni bilmaysanmi? Jayronani qo‘lga oldingmi? Ishratxonaning kaliti qo‘lingga qaydan tushdi? Undan faqat ikki nusxa bor edi. Biri Rasulbekda, biri menda edi. Uni o‘zimizning ustaxonada yunon ustasiga yasatganman. Ravshanbekning o‘limini menga yopishtirmoqchimisan. Shoshma, uning o‘ligini bo‘yningga shunday osib qo‘yayki, qayoqqa borsang, ko‘rinib tursin...» Ravshanbek oxirgi marta dovon ortiga echki haydaganda yigirma kun uyiga kelmagan edi. Kun ora tog‘ orqasiga echki haydab, changga belanib, so‘qmoqlarda yurarkan, uyiga sira borgisi kelmasdi. Unga xiyonat qilgan Bodomgulni ko‘rishga toqati yo‘q edi. Yigirma kundan beri haydayotgan echkilar hisobda yo‘qligini Ravshanbek bilardi. Ammo bu to‘g‘rida birovga lom-mom deb og‘iz ochishga qo‘rqardi. Unga sherik bo‘lib borib kelayotgan Rasulbek oldi-sotdiga aralashmay chetda turadi. U ana shunaqa, qilgan ishidan iz qoldirmaydigan usta edi. Uch yuz ming so‘mni ushlab ham ko‘rmadi. Nima bo‘lsa, Ravshanbek bo‘lsin, deb o‘zini ehtiyot qildi. Ravshanbek so‘nggi otarni «egasi»ga topshirib kelayotganda ham Rasulbek u bilan yonma-yon qaytmadi. Undan taxminan ikki-uch yuz metr orqada qoralab kelaverdi. Ravshanbek charchagan, butun vujudi changga belangan, otda mudrab kelardi. Zamburug‘qoya tagidagi kamarda militsiya kapitani uni kutib turganini bilmasdi. Kamar og‘zida kapitan yo‘lini to‘sdi. Ravshanbek dovdirab qoldi. Orqada Rasulbek o‘zini panaga oldi. Kapitan to‘pponcha o‘qtalib, Ravshanbekni otdan tushirdi. Rasulbek bo‘ynidagi fotoapparatini olib, uzoqdan oladigan ob’ektiv qo‘ydi. Ravshanbek to otdan tushguncha ikki marta suratga oldi. Kapitan ot egaridagi xurjunni ko‘rsatib, nimadir dedi. Ravshanbek orqasiga tisarildi. Kapitan xurjunni egardan tortib tushirdi. lchidagilarni yerga to‘kdi. Pachka-pachka yuz so‘mliklar yerga tushdi. Rasulbek tinmay suratga olaverdi. Kapitan Ravshanbekka nimadir deb baqirdi. Ravshanbek engashib, pullarni xuijunga sola boshladi. Shunda kapitan uning boshiga guvaladek tosh bilan urdi. Ravshanbek mukkasi bilan yiqildi. Kapitan pul to‘la xuijunni yelkalab, uning jasadiga qaradi. Keyin oyog‘i bilan surib, uni pastlikka tepib yubordi. Ana shundan keyin kapitan yolg‘iz oyoq yo‘l bilan jadal yurib ketdi. Rasulbek bu voqeani o‘z ko‘zi bilan ko‘ribgina qolmay, o‘n besh chog‘lik foto kadrga muhrlab qo‘ygandi. Mirvali qaytib kelganda Luqmonov oldiga papiros qutisidek magnitofon qo‘yib, o‘zi yaxshi ko‘radigan hofiz qo‘shiqlarini eshitib o‘tirardi. Mirvali yo‘talgandan keyin boshini ko‘tardi. — Bo‘ldimi? — Bo‘ldi, aka, — dedi Mirvali. — Mashinangizni mening mashinamga yonma-yon qilib qo‘ying. O‘sha joyda gaplashamiz. Luqmonov kabinadan bir jigar rang papka olib, Mirvaliga salmoqlab ko‘rsatdi. Keyin mashina yukxonasini ochib qo‘ydi. Mirvali ko‘tarib kelgan diplomatni yukxonaga beparvo tashladi. Luqmonov yukxona qopqog‘ini qarsillatib yopdi. — Hammasimi? — dedi u. — Hammasi. Ikki yuz ming, — dedi Mirvali. — lya! — deya qoshlari kerilib ketdi generalning. — Oltitaga gaplashganmiz-ku. — Uchtasini avval olganingiz esingizdan chiqdimi? Xotirangizning mazasi yo‘q ekan, general. Luqmonov g‘azabdan titrab ketdi. — Kim bilan gaplashayotganingni unutma! Qachon sendan uch yuz ming so‘m olganman?! Tuhmat qilmoqchimisan?! Bu gapdan Mirvali pinagini ham buzmadi. Qaytaga uni ermak qilib kula boshladi. — Kekirdagingdan otaman! Kimligimni bilmas ekansan. — Meni senlamang, — dedi hamon sovuqqonlik bilan Mirvali. — Siz bilan oftobda qatiq yalamaganman. Beshigimni tebratgan bo‘lsangiz ham senlamang. Diplomatda ikki yuz ming bor.Qani, hujjatlarni cho‘zing. Ana undan keyin savdosini bitishganimiz — kekirdagimdan otadigan aybim to‘g‘risida gaplashamiz. Ana o‘shanda uch yuz mingni qachon olganingizni aytaman. Agar olgan qarzingizni isbot qilib berolmasam, uch yuz ming tayyor. Hozirning o‘zida beraman. Kelishdikmi? Luqmonov uning shartlariga noiloj ko‘ndi. — Gugurt bormi? — deb so‘radi Luqmonov. Mirvali mashinadan gugurt oldi. — Men sizga bittalab uzataveraman, siz yondiraverasiz. Luqmonov to‘rt sahifali qog‘oz uzatdi. So‘nggi to‘rtinchi sahifa tagini yirtib olib qoldi. — Bu keyingi to‘rt yil ichida dovondan oshirilgan echkilar haqida. Kimga, qanchadan sotganingiz aniq ko‘rsatilgan. Mirvali shoshib, qog‘ozga ko‘z yugurtira boshladi. Unda Rasulbek bilan Ravshanbeklar olib o‘tgan echkilar soni, kun va oylari aniq ko‘rsatilgan edi. — Buni kimlar yozgani mana bu yerda. Buni o‘zim kuydiraman. — Shunday deya boya yirtib olib qolgan bir burda qog‘ozni ko‘rsatdi. — Kim yozganini bilishingiz shart emas. Mirvali gugurt chaqib qog‘ozlarni tutdi. Yarmi yonguncha ushlab turdi-da, keyin tashladi. Luqmonov mashinkada yozilgan ekspertiza xulosasini unga uzatdi. — Bu cho‘pon bolaning o‘limi to‘g‘risida. Ravshanbek ismli cho‘pon ekanini tasdiqlagan. Yondirasizmi yo esdalikka olib qolasizmi, ixtiyor sizda. Manavilar sizni Ravshanbek bilan Zamburug‘qoya tagidagi kamarda gaplashib turgan paytingizni ko‘rgan ikki guvohning ko‘rsatmasi. Bular tojik cho‘ponlari. Xotirjam bo‘ling, bu hujjatlardan nusxa ko‘chirilmagan. Ko‘ryapsizmi, registratsiya ham qilinmagan, raqam ham qo‘yilmagan. Bir o‘qib chiqing-da, kuydirib tashlang. Ekspertiza xulosasini kuydirmadingiz-ku. — Esdalikka olib qolmoqchiman, — dedi xotirjam Mirvali. Luqmonov endi Mirvali esankirab qoladi, o‘zini uning oyoqlari ostiga tashlab yolvoradi, deb o‘ylagan edi. Ajab, aksi bo‘lyapdi. Dovdiramayapdi ham. Qo‘yib bersa, hatto undan baland kelmoqchi. Nimasiga ishonyapdi? Luqmonov papkadan sahifalari ip bilan chatilgan daftarchani oldi. — Bular ustingizdan tushgan anonim xatlar. Hammasini oqibatsiz qoldirganman. Birontasi daftardan o‘tkazilmagan. Konteynerlarda Sibirga jo‘natiladigan quruq meva o‘rniga tivit joylaganingiz... Luqmonov bir dam gapirishdan to‘xtadi. Ko‘zlarini qisib, Mirvaliga, endi qalaysan, deya tiijayib turardi. — Mana shu xatni ishga solib yuborsam, bilasizmi, nima bo‘lardi? So‘zsiz otuvga hukm qilinardingiz. Bu xat boshqa birovning qo‘liga tushsa, yorug‘ dunyoda bir minut ham turolmasdingiz. Bunaqa jinoyatni davlat kechirmaydi. Mirvali uning bu gaplariga parvo qilmadi. — Shunaqa deb o‘ylaysizmi? Voy-bo‘, qo‘rqitib yubordingizku! Mirvali qog‘ozlami g‘ijimlab, yerga qo‘ydi, gugurt chaqdi. To yonib tugaguncha qarab turdi. — Mana, endi tamom! Xotirjam uxlashingiz mumkin. Bu narsalarni faqat tushingizda ko‘rasiz, — dedi general. — Anonim yozganlar yana bosh ko‘tarmaydimi? General piching qildi: — Boshi omon bo‘lsa ko‘taradi-da. — Jayronaning boshi omon-ku? — Undan xotiijam bo‘ling. Yaqin orada uni biron mamlakatdagi elchixonaga tarjimon qilib yuboramiz. Xo‘sh, endi qarzdan gaplashaylik. Qachon qarzdor bo‘lib qolgan ekanman? Tantana qilish, ezg‘ilash navbati endi Mirvaliga kelgandi. U kostumining yon cho‘ntagidan bir konvert chiqazdi. Uni ochmay, qo‘lida o‘ynab turib gap boshladi: — Mashinadagi diplomatni olib, ichidagi pulni sanab ko‘ring. Ko‘chadan topsang ham sanab ol, degan gap bor. Luqmonov mashina yukxonasidan diplomat olib tosh ustiga qo‘ydi, ochib, pullarni sanay boshladi. To‘ppa-to‘g‘ri ikki yuz ming so‘m chiqdi. — Endi manavi konvertni oching! — dedi Mirvali buyruq ohangida. Luqmonov konvertni olib ochdi. lchidan beshta surat chiqdi. Generalning qo‘llari dir-dir titray boshladi. Ko‘zoynagini olib artmoqchi bo‘ldi, yonini izlab dastro‘mol topolmadi. — O‘zingizni qo‘lga oling, general, — dedi soxta mehribonlik bilan Mirvali. Luqmonov qo‘lidagi suratlarda Ravshanbekning o‘limi, militsiya kapitanining pullarni olayotgani, xuijunni orqalab ketayotgani juda aniq aks etgan edi. Rasulbek professional fotograf ekanligini yana bir marta namoyish qilgan edi. — Xo‘sh, qalay? Qayningizni taniyapsizmi? — Sen provokatorsan! — Senlamang, degandim-ku sizga. Agar bu isbotlar ham sizni qanoatlantirmasa, yana undan ham zo‘rini o‘rtaga qo‘yaman. Yoningizdagi magnitofoningizni oling. Bitta antiqa lenta bor, qo‘yib eshitasiz. Luqmonov unga yeb qo‘ygudek bo‘lib qarab turardi. Mirvali shimining cho‘ntagidagi magnitofon kassetasini olib, oldiga tashladi. — Qayningizning ovozini eshiting. Luqmonov kassetani magnitofonga qo‘ydi. ... Ravshanbekning o‘limidan o‘n besh kunlar o‘tib, Luqmonovning qaynisi, militsiya kapitani toqqa o‘rtoqlari bilan ovga keladi. Mirvali xuddi shunday qulay fursatni kutib yurardi. U Luqmonovning qaynisini tushlikka taklif qiladi. Ovqat ustida Rasulbek olgan suratlarni oldiga qo‘yadi. Agar bo‘lgan voqeani o‘z og‘zi bilan aytib bermasa, hoziroq organdan odam chaqirib, qamatishini, ishini tribunalga oshirishini aytadi. Ozroq ichib dovdirab qolgan kapitan hamma gapni aytib beradi. Mirvali uning gaplarini magnitofon lentasiga tushirib oladi. Kapitan o‘shanda bu ishni pochchamning topshirig‘i bilan qilganman, u bilib qo‘y, senga qo‘limdan pul bermayman, men yo‘l ko‘rsataman, o‘zing pul topasan, deganini aytadi. Xurjundagi uch yuz ming so‘mni oborib, Luqmonovga berganini bo‘yniga oladi. O‘sha gaplar mana shu lentaga yozilib qolgan. Luqmonov ovoz yozilgan lentani eshitar ekan, qoshlari chimirildi, ko‘zlari alang-jalang bo‘lib ketdi. — Xo‘sh, qalay? — dedi Mirvali istehzo bilan. — Bu tog‘larning chumolisidan tortib chumchug‘igacha sanog‘li. Bitta begona kapalak uchib kelsa ham bilamiz. Birov kelib, odam o‘ldirib, pulini olib ketadi-yu bilmaymizmi?! Luqmonov indamadi. Unga yeb yuborgudek bo‘lib bir qarab qo‘ydi. — Cho‘ponning xurjunidan olgan uch yuz mingni berishingiz shart. Bu pul bo‘yningizda osilib yotgan qarz. Sen odam o‘ldirgansan, shu gunohing uchun uch yuz ming berasan, deb savdolashgan edingiz. Endi shu faktni o‘zingizga sotaman. Yana uch yuz ming bo‘yningizga tushadi. Olti yuz ming to‘laysiz. Ikki yuz ming so‘mni qoyil qilib olgan edingiz. — U shunday deb tosh ustidagi diplomatni olib, o‘z mashinasining old o‘rindig‘iga tashladi. — Bu pul sizniki edi. Endi meniki bo‘ldi, deb hisoblayman. O‘zingiz, bugungi ishni ertaga qoldirmayman, deb aytgan edingiz. Ikkovimiz bir xil ekanmiz. Men ham ertaga qoldirmayman. Yoningizda olti yuz ming bormi? Toshkentga borib olib kelasizmi? Shunday qila qoling. Men sizga o‘xshagan xudbin emasman. Raqibimga ishonaman. Manavi suratlarni ham, kassetani ham avval qo‘lingizga berib qo‘yib, keyin haqimni olaman. Buyog‘idan ko‘nglim to‘q. Suratlarning negativi, magnit lentasining asli ishonchli joyda. Luqmonovdagi avvalgi g‘umr, g‘o‘dayish, o‘ziga ishonch allaqachon g‘oyib bo‘lgandi. U endi tamoman taslim bo‘lib, aftodahol bir alpozda boshini egib o‘tirardi. Butun respublika milistiyasini oyoqqa turg‘izadigan, yomon ko‘rgan odamidan ayovsiz qasos oladigan general endi nochor bir ahvolda edi. — Mundoq qilaylik, — dedi Mirvali. — Siz Toshkentga borib ovora bo‘lib yurmang. Yaxshisi, Bulung‘urga boring. Axir, hamma topgan-tutganingiz befarzand xolangiz qo‘lida-ku. Shunday qila qoling. Ham yaqin, ham naqd. Shofyoringiz shu yerda garovga qoladi. Sizni mening shofyorim ikkita ad’yutantim bilan oboradi. Pulni shofyorimga berib, o‘zingiz qaytib kelmasangiz ham mayli. Mashinangiz pul kelgandan keyin ketadi. Luqmonovning rangida rang qolmadi. Qoshlari bir ko‘tarilib, bir tushardi. — Hayron bo‘lyapsiz-a? Pulimni qayerda saqlashimni bu qayoqdan biladi, deb o‘ylayapsiz. O‘lmang. Siz butun respublikaning sirini bilasiz. Men sizning siringizni bilaman. Odamlarga zug‘um qilib yashagan, qanchalab kishilarga jabru sitam o‘tkazgan bu zo‘ravon, endi bir sovxoz direktoriga o‘yinchoq bo‘lib o‘tiribdi. — Shofyorim mashinani samolyot qilib uchirib oboradi. Qirq minutda Bulung‘irga yetasizlar. Qirq minutda qaytib kelasizlar. Xolangizdan pulni sanab olishga bir soat ketsin. Jami bir yuz qirq minut. Ya’ni ikki soatu yigirma minut vaqt ketadi. Sizga besh soat muhlat beraman. Siz qaytib kelmasangiz ham mayli. Luqmonov kalovlab, ovsarlarga o‘xshab, nima bo‘layotganini bilmay, angrayib qarab turardi. Mirvali uni yana avrashga tushdi. — Menga qarang, general, shu arzimagan olti yuz ming so‘m uchun bir-birimiz bilan sen-menga borib o‘tirmaylik. O‘zingiz bilasiz, men bir devona fe’l odamman. Siz uchun shu arzimagan puldan kechib yuborishim ham mumkin. Ammo atigi bir kungina «g‘alaba» nash’asini surmoqchiman. Keling, diqqat bo‘lmang. Bu pul sizniki edi, endi meniki bo‘ldi. Ertaga yana o‘zingizniki bo‘ladi. Men saxiy odamman. Ha deb pulni o‘ylayvermaylik. Uzoq yo‘l yurasiz. Ja’far qovurdoq qilgan. Hozir ikkovimiz suv bo‘yiga tushib picha xashaklanib olamiz. Yo‘lga quvvat bo‘ladi. Luqmonovda Mirvali puldan kechadiganga o‘xshaydi, degan ilinj paydo bo‘ldi. Ikkovi suv bo‘yida yaxshilab qorin to‘yg‘izib olishdi. — Oziqlik ot horimas, deydilar, endi Bulung‘urga borsangiz bo‘ladi. — Mashinangga benzinni ko‘proq quyib ol, — dedi Mirvali shofyoriga. Luqmonov darmonsiz sudralib, ichida Ja’far bilan Nasim polvon o‘tirgan mashina oldiga keldi. Bor-yo‘g‘ini shilib olgan Mirvaliga nafrat bilan qaradi. — Sen odam emas, qashqir ekansan! — To‘g‘ri aytasiz, — dedi Mirvali. — Ikkovimizning tuprog‘imiz bir joydan olingan. «Volga» yeldek uchib ketdi. Orqasidan qarab qolgan Mirvali: — Sho‘ring qursin, — deya kulib qo‘ydi... Yig‘ilish ahli leytenantning hikoyasidan hayronu lol bo‘lib qoldi. Hammaning gapi bir joydan chiqdi. — Luqmonovga tezda ehtiyot chorasi ko‘rish kerak, — dedi yig‘ilishni boshqarayotgan Oqsoqol. — O‘rtoq prokuror, shunday qilsak qonuniy boladimi? — Men sanksiya beraman. Shu bugunoq qamoqqa olinadi. Uni endi ochiqda qoldirib bo‘lmaydi. Shu bilan zo‘ravon Luqmonovning taqdiri hal bo‘lgan edi. Mirvali notinch edi. Bugun u suyangan tog‘larning biri quladi — Luqmonov xizmat vazifasini suiiste’mol qilgani hamda poraxo‘rligi uchun ishdan olindi,shu kuniyoq uni qamoqqa olish to‘g‘risida sanksiya berildi. Pora olganligi isbot qilingan odamning ahvoli nima bo‘lishini Mirvali yaxshi biladi. Luqmonov tiliga pishiq odammidi? Boshiga qilich kelganda ham sukut saqlay oladimi? Kechagina Mirvali o‘zi to‘g‘risida tushgan huijatlarni undan sotib olgan, ko‘zi oldida yondirgan edi. Bir boboy hukumat tilidan shunday degan edi: «Yiqqandan qo‘rqma, yegandan qo‘rq. Yiqqanini olamiz, yeganini ololmaymiz». Ammo Luqmonov yemagan, yiqqan edi. Oldirishi aniq. Odam bolasining ishi bir yurishmasa. ketma-ket yurishmas ekan. Mirvali Luqmonov bilan so‘nggi marta uchrashganda u, xotirjam bo‘ling, ustingizdan manavi xatlarni yozganlar bu yorug‘ jahonda tirik yurmaydi, degandi. Luqmonov va’dasini bajarishga ulgurmadi. Mirvalining raqiblari jazosiz qoldi. Ular kimlar edi? Bu bir Luqmonovgagina ma’lum. Ularning yana bosh ko‘tarmasligiga endi kim kafil bo‘ladi? Mirvalining dardi-dunyosi qorong‘u bo‘lib yurgan shu kunlarda, saratonda chaqmoq chaqqandek, yana bir voqea uni tamoman gangitib qo‘ydi. U televizor orqali beriladigan ko‘rsatuvlarni uncha xushlamas edi. Hammasi o‘zim bilgan gaplar, deb o‘ylardi. Ammo «Vremya» informatsion programmasini albatta ko‘rardi. Mamlakatning bir kunlik siyosiy hayoti shu eshittirishda aks etadi. Mirvali qayerda bo‘lsa ham — tog‘u toshlarda yurgan paytlarida ham cho‘ponlar o‘toviga kirib, «Vremya»ni ko‘rardi. Bugun u tog‘da xumor bosdiga ov qildi. Aksiga olib na bir qush, na bir quyon ura oldi. Bekorga o‘q sarf qilib boqqa qaytib keldi-yu, yechinmay karavotga o‘zini tashladi. Uyqu kelmadi. Ko‘ziga Luqmonov ko‘rinaverdi. U yoqqa ag‘darildi, bu yoqqa ag‘darildi, oxiri tajang bo‘lib o‘rnidan turdi. Yoz kunlari uzun, kech kirishi qiyin. U soatiga qarab, televizor tugmasini bosdi. «Vremya» boshlandi. Ana shundan keyin... Mirvali uchun dahshatli voqea yuz berdi. Xuddi yonginasida bomba portlagandck garang bo‘lib qoldi. Diktor qiz paxtachilikni rivojlantirishda eng yuqori ko‘rsatkichlarga erishganliklari uchun O‘zbekiston SSRdan palonchi va palonchilarga ikkinchi marta Sotsialistik Mehnat Qahramoni unvoni berish to‘g‘risida SSSR Oliy Soveti Prezidiumining Farmonini o‘qib eshittirdi. Ekranda «olisni ko‘zlagan» mexanizator ayol surati paydo bo‘ldi. Mirvali shu daqiqalarda mutlaqo nafas ham olmagandir. Mirvalining raqibi, hamma vaqt yo‘liga to‘g‘anoq bo‘ladigan rais ko‘rindi. Mirvali uchinchi odamning nomi chiqishini kutardi. Bu odam Mirvalining o‘zi bo‘lishi kerak edi. Uning nomi chiqmadi. Surati ham ko‘rinmadi. Hammamiz uchun hurmatli otaxon, ilgarilari Mirvali hilan ko‘rishganda, uning «Oltin Yulduz» taqilgan ko‘kragiga barmog‘ini tekkizib turib: shu bitta joy bo‘sh tursin, yulduzni ikkita qilamiz, derdi. Mirvali ikkinchi «Oltin Yulduz»ga olib boradigan so‘qmoqlaming anchasidan omon-eson o‘tgan edi. Bu so‘qmoqlarda qancha xavf-xatar, qancha to‘qnashuvlarga duch keldi. Bu so‘qmoqlarda qancha qurbonlar qolgan. Ikkinchi «yulduz» so‘qmoqlari borsa kelmas, qaytish gumon so‘qmoqlar edi. Shu topda Mirvalining vujudida vahshiy bir kuch g‘alayon qilardi. Kimnidir otib tashlagisi, kimnidir qo‘llari og‘riguncha do‘pposlagisi, nimalargadir o‘t qo‘yib yuborgisi kelardi. Mirvali yeru ko‘kka sig‘masdi. Baqirgisi, yugurgisi, boshini devorlarga urgisi kelardi. Umr bo‘yi aytganini qildirgan, bir og‘iz so‘ziga o‘nlab odamlar bab-baravar labbay deb turgan, ertalab uyg‘onganda keksadir, yoshdir salomga keladigan, suv deganda daryoni boshlab keladiganlar oldida beburd bo‘lib qolaveradimi? Mirvalining umrida birinchi marta shunday tang ahvolga tushishi edi. Demak, dunyoda undan ham qudratli, zo‘r odamlar bor ekan. Bittasi otaxonning qil o‘tmas do‘sti, bittasi «olisni ko‘zlagan» anavu... Mirvali bog‘da dam olayotganda tiq etgan tovush eshitilmasdi. Mehmonxonaga birov kirmasdi ham, chiqmasdi ham. Bog‘dagi dastyorlar oyoq uchida yurishar, shivirlab gaplashishardi. U kechalari yolg‘iz yotishdan qo‘rqardi. Tunlari biron joyga boradigan bo‘lsa, mashinada oyog‘ining tagiga qirqma qo‘shog‘iz miltiq tashlab qo‘yardi. Uxlayotganda tez-tez cho‘chib uyg‘onib ketardi-da, shoshib yostiq tagiga qo‘ygan pistoletini ushlab ko‘rardi. Nazarida kimlardir uni ta’qib qilayotganga, daraxtlar panasida kimlardir uni nishonga olib turganga o‘xshayverardi. Uning notinch uxlashi, kechalari dovdirab o‘rnidan turib ketib, qo‘lida pistolet bilan deraza oldiga kelib tashqarini kuzatishi bejiz emasdi. Oblast prokurori, militsiya organlari necha martalab uni qamoqqa olishga chog‘lanishdi. Hargal orderga imzo chekib, endi qo‘lga olamiz, deb turganlarida, albatta, Ittifoqning eng mo‘tabar gazetalaridan birida u to‘g‘rida — «ajoyib tashkilotchi» Mirvali to‘g‘risida bir sahifa maqola bosilardi. Prokuror ham, militsiya organlari ham dog‘da qolaverardilar. Qonun organlari bu ishlarni yashirin tayyorlashardi. Uni qo‘lga olib, jinoyatini bo‘yniga qo‘yib, keyin yuqoriga xabar qilishni mo‘ljaliashardi. Oblast prokurori qamoqqa olish to‘g‘risida kechasi orderga imzo chekardi. Tergovchilar, mashinistkalar, sekretarlar, hatto kabinetni yig‘ishtiradigan farrosh ham ketib bo‘lgandan keyin orderga imzo chekardi. Operativ gruppani to‘plab, ertalab uni qo‘lga olish to‘g‘risida o‘ta maxfiy bir sharoitda topshiriq berardi. Bu xabar o‘sha zahotiyoq Mirvalining qulog‘iga yetardi. Toshkent yo‘liga to‘rt yengil mashina jo‘natib, pana joylarda pusib turishni topshirardi. O‘zi tong saharlab sovxoz mashinasida dovon orqali Samarqand, Jizzax oralab yo‘lga chiqardi. U orqasidan militsiya mashinasi kuzatib kelayotganini bilardi. Keskin qayrilishlarda toshlar panasida pusib turgan boshqa mashinaga o‘tib olganini militsiya xodimlari bilmay qolardilar. Ular avvalgi mashina orqasidan quvib ketaverardilar. Yetib olganlarida adashganliklarini bilib, Mirvali almashtirgan mashina iziga tushishardi. U esa to Toshkentga yetguncha yana uchta mashina almashtirishga ulgurardi. Katta idora ostonasidan o‘tishi bilan qudasiga ro‘baro‘ kelardi. Qudasi katta akaning o‘ng qo‘li edi. Ana shundan keyin Mirvalini bezovta qilgan masala o‘zo‘zidan tinchib ketardi. Mirvali sovxozga qaytib kelib, oblast prokurorini telefonda «Salom berdik, aka», deb ermak qilardi. Lekin Mirvali ular bir kun suiqasd uyushtirishlari mumkin, deb kechalari bezovta yotardi. Telefon zarb bilan jiringladi. Abdulaziz Mirvaliga, nima qilay, nima deb javob beray. degandek qaradi. — Avval kimligini bil-chi, keyin shunga qarab muomala qilasan, — dedi Mirvali. Abdulaziz trubkani ko‘tarib, kim bilandir odob bilan gaplashdi. Keyin, hozir o‘zlariga trubkani beraman, dedi. — Quda buva, sizni so‘rayapdilar. Hali ham uncha o‘ziga kelmagan, bosh og‘rig‘i qilishdan o‘zini tiyib o‘tiigan Mirvali gandiraklab borib, telefonga javob qildi. Uning salom-alikdan keyin aytgan gapi shu bo‘ldi: — Endi kechirasiz-da, quda. Kecha picha beodobchilik bo‘ldi. O‘zimdan o‘tganini o‘zim bilaman. Itdan battar xor bo‘lib ketdimku! — Menga qarang, quda. Birovdan gina qilishga asosingiz yo‘q. Ayb o‘zingizda, ustingizdan tushgan xatlarni o‘qisangiz, tepa sochingiz tik bo‘lib ketardi. Ayg‘irlik ham evi bilan-da, tog‘larni, umuman, birlashmani nas bostirib yuboribsiz. Nomusidan ayrilib, erga tegolmay yurgan qizlarning onalari yig‘lab yozgan xatlarni o‘qisangiz, hatto o‘zingizdan o‘zingiz jirkanib ketardingiz. Kattamizni sal-pal yumshatgandek bo‘ldim. Bugun qo‘sh qahramonning uyiga tabriklagani uzoq-yaqindan kelganlar ko‘p bo‘ladi. Ularga ranjiganingizni sezdirmang. Akaga ginaxonlik qila ko‘rmang. Ustingizdan tushgan o‘sha xatlarning hammasini o‘qigan. Chapaqay jahli chiqib turibdi. Ko‘pchilik oldida sharmandangizni chiqarishi mumkin. Sizga o‘rgatgulik emas, buyog‘ini o‘zingiz eplashtirasiz... Mirvali bir og‘iz ham gapirmadi. Hamma gapni qudaning o‘zi aytdi. Shu gaplardan keyin Mirvali qo‘sh qahramonni tabriklashga bormasa bo‘lmaydi. Hamma unga qaraydi. «Yulduz» ololmay qolgan zo‘ravonning ichida nimalar bo‘layotgan ekan, deb uni kuzatib o‘tirishadi. Mirvali o‘zini hech gap bo‘lmagandek tutishi kerak. Albatta, bu qiyin ish. Ammo Mirvali bu masalada artist edi. O‘z rolini o‘zi a’lo darajada ijro eta olardi. «Luqmonovning shunday nozik paytda qamalishi ishning beliga tepdi», deb o‘ylardi Mirvali. Bir hisobda uning taxminlari to‘g‘ri edi. U o‘ziga qarashli kishilar to‘g‘risida yozilgan xatlarni poytaxt tomonga o‘tkazmasdi. Raqiblarini yo‘ldan olib tashlamoqchi edi. Ulgurolmadi. Endi shikoyat xatlari poytaxt tomon daryodek oqib ketyapdi. Mirvali shu paytgacha raqib deb taxmin qilib yurgan hamqishloqlarining ta’zirini berishni diliga tugib qo‘ydi. Qo‘sh qahramonni ikkinchi «Yulduz» bilan tabriklash uchun borishi kerak. O‘ziga qolsa, aslo bormasdi. Uning rizqini yulib ketgan bu ayyorni ko‘rarga ko‘zi yo‘q edi. Endi bormay ilojsiz... Nima qilsin? Quruqdan-quruq boraversinmi? Har kim o‘z obro‘siga yarasha ish tutishi kerak. Gilam oborsa, chol nazariga ilmaydi. Magnitofon oboray desa, chol odam uni nima qiladi? Tilla soatmi? U ham bo‘lmaydi. Arzimagan narsa. Shunday narsa oborsinki, rahbarning qulog‘iga yetsin. Yaqin odamlarimni ham qadrlayapdi, desin. Egasini siylasang, itiga suyak tashla, deb bekorga aytishmagan. Ikkinchi «Yulduz»ga avval ochgan so‘qmoqlami o‘t bosdi. Endi yangi so‘qmoqlar ochish kerak. Qo‘sh qahramon — «kattamiz»ning eng yaqin kishisi. U nima desa, shuni qiladi. So‘qmoqni uning ostonasidan boshlash kerak. Shunda yo‘l uni to‘ppa-to‘g‘ri qo‘- shaloq «Yulduz»ga oboradi. Mirvali o‘ylab-o‘y!ab, anchagina mushkul, ammo eplasa bo‘ladigan bir yo‘l topdi... Mirvalining buyrug‘i deb Eralini oti bilan chaqirib kelishdi. Erali, qandaydir marosim bo‘lsa kerak, Mirvalining mana shunaqa otlarimiz, mana shunaqa chavandozlarimiz bor, deb maqtangisi kelgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandi. Shuning uchun ko‘ksiga hamma orden-medallarini taqib, boshida yangi gilam do‘ppi, egniga ohorli olacha to‘n kiyib kelgan edi. Lekin Qora Baxmal negadir o‘ynoqlamas, boshini xomush egganicha bitta-bitta bosib kelardi. Chavandozlar, ot sezgir jonivor, o‘zini nimadir kutayotganini bilib turadi, deyishadi. Ot xo‘rsinsa, falokat yuz beradi, bahridan o‘tish kerak, deyishardi. Ba’zi chavandozlar so‘yib yuborishadi. Qora Baxmal xo‘rsingani yo‘q. Faqat u xomush. Qandaydir ko‘ngilsiz hodisani sezib turganga o‘xshardi. Otining bu holatidan Eralining ruhi tushdi. Mirvali mashinaga suyanib, qo‘lidagi novdani pichoq bilan kertib, o‘y o‘ylab turardi. Erali unga yaqin kelib, otdan tushdi. U bilan ikki qo‘llab ko‘rishmoqchi bo‘ldi. Bu nima qilgani? Chavandozni pisand qilmaganimi yo kallasi nihoyatda jiddiy bir gap bilan bandligidanmi? Eralining ko‘ngli o‘ksidi. Davralarda birovga gap bermay, o‘z ta’biri bilan aytganda, boshidagi do‘ppisi tushib ketsa, pul berib birovga oldiradigan yakkakift chavandozga shunaqa muomala qiladimi? Bolasi tengi go‘dak shu ishni qiladimi? Erali o‘ziga yetgulik mag‘rur edi. Bir ko‘ngli uning qo‘lini siltab tashlab, shartta orqasiga o‘girilib, otga qamchi bosib ketvorsammikan, deb o‘yladi ham. Shaytonga hay berdi. «Bir sir bordirki, Mirvali bunaqa muomala qilyapdi. Qani, ko‘ray-chi, buyog‘i qanaqa ko‘charkin», deb o‘yladi Erali. — Keldingizmi? — dedi Mirvali uning fe’li aynib turganini sezib. — Biz bilan biron piyola choy ichishga hazar qilmassiz, chavandoz. «Bu qandoq gap bo‘ldi? G‘alati-ku», deb dilidan o‘tkazdi Erali. — Gap bundoq, chavandoz. Sizni hurmat qilishimni bilasiz. Qayerga borsam sizni propaganda qilaman. Pensiyangizni ham oraga tushib hammanikidan baland qilib berganman. Tomorqangizni sovxoz traktorida haydatib beryapman. Qandoqki majlis bo‘lsa frontovik, deb prezidiumga chiqazaman. Edgorlik ochilishida sizni el tanisin, kattalar nazariga tushsin, deb atayin otlar paradini tashkil qildim. Shularni bilasizmi? — Bilaman, bilaman, akang aylansin. — Men, bilmaysiz, deb yurgan edim. Rahmat, bilarkansiz. Necha yoshga kirdingiz, oqsoqol? — Bir kam etmishga, — dedi Erali hayron bo‘lib. — Yoshingiz ham ketib qopti. Yigitlarga o‘xshab jikillab yurish endi yarashmaydi. Yoshingizga yarashiqli ish qiling. Endi bo‘ldi, otdan tushing, oqsoqol. — Hali ko‘pkariga yaraymiz, ukaginam. Uncha-muncha yigitga belimizni berib qo‘ymaymiz, — dedi Erali yerga qarab. — Agar xo‘p desang shu joyda, hozirning o‘zida bir bellashmaymizmi? — Unaqa quruq gapni qo‘ying. Bo‘ladigan gapdan gaplashaylik. Bola bo‘lib sizdan biron narsa so‘raganmanmi? — Yo‘q. Hamma narsasi but, to‘kis, badastir odamsan. Mendan nimaniyam so‘rarding?! — Bordi-yu, so‘rasam, yo‘q demay berasizmi? Erali o‘ylanib qoldi. — Beraman. Jonimni so‘rasang, ol. Uyimni so‘rasang, ol. Faqat belimdagi pichog‘imni, nikohimdagi xotinimni, mingan otimni so‘rama. Qolgan nimam bo‘lsa, bari — seniki. Mirvali uning so‘nggi so‘zidan keyin aytar gapini yo‘qotdi. Endi ochiqchasiga gaplashish payti keldi, deb o‘yladi. — Bordi-yu, shu mingan otingizni so‘rasam-chi?! Erali boshini sarak-sarak qildi. — Odam bolasi o‘z farzandini birovga beradimi? To‘g‘ri, ko‘p bolalilar ba’zan befarzandlarga rahmi kelganidan, shu g‘aribning xonadoniga ham go‘dak ovozi kelsin, deb beradi. Jonidan sug‘urib beradi. Ammo yakka farzandlilar o‘la qolsa bunga ko‘nmaydi. Qora Baxmal mening bittayi bitta farzandim. Bunaqa gapni bir aytding, ikkinchi og‘zingga olma. — Bordi-yu, majbur qilsam-chi? Erali istehzo bilan kuldi. — Gitler tirilib kelganda ham ololmaydi. — E, Gitlerni qo‘ying! U yo‘q bo‘lib ketgan narsa. Men majbur qilaman. — Unda, — dedi Erali g‘azab bilan, — o‘rtaga pichoq tushadi. Ko‘chaning narigi betida uch yigit bo‘layotgan voqeani kuzatib turardi. Bular Mirvalining yigitlari edi. Ular direktorning so‘ziga kirmagan, uar xil «ig‘vo» gap tarqatadiganlarni uning buyrug‘i bilan tog‘ oralariga oborib kaltaklab, chala o‘lik qilib tashlab kelishardi. Ularning biri Nasim polvon, biri Ja’far, biri ishton polvon laqabli Rajab polvon. Mirvali o‘rnidan turib, bosh egib o‘tirgan Eralining tepasiga keldi. — Pichog‘ingiz yoningizda tura tursin. Bodring archib yeyishga kerak bo‘ladi. Siz hali mening sovunimga kir yuvmabsiz. Men bitta gapiraman. Ikkita gapirishga majbur qilmang. Yorug‘ dunyoni ko‘zingizga zimiston qilib qo‘yaman. Mirvali shunday deya turib, ko‘chaning narigi betidagi yigitlardan biri — Nasim polvonga imo qilib qo‘ydi. Uch yigit uning qo‘lini qayirib Mirvaliga qaratdi. Erali ingrab yubordi. Qarib kuchdan qolgan bu odam uch davangirga bas kelolmasdi. Erali Ja’farga g‘azab bilan qichqirdi: — Nomard! Bir gadodek nochor bola eding. Otangni o‘ligi uyda yotganda qo‘shnima-qo‘shni izg‘ib, qarz so‘rab yurganding. Shunda otangni men o‘zim ko‘mgandim. Ma’rakalarida kadboni bo‘lib xizmatini qilganman. Bor bud-shudimni sarflaganman. Hoy, Nasim, senga nima bo‘ldi? Kimga ityaloqlik qilyapsan? Dadang onangga uylanganda hech kim o‘g‘riga miyona rav bo‘lishga unamagan. Men o‘shanda miyona rav bo‘lganman. Qo‘limni qayirma, nomard! Chinorga bog‘lab qo‘yilgan Qora Baxmal bezovtalanib, Eraliga qarab talpindi. Oyog‘i bilan yer timdalab tuproqni orqaga ota boshladi. — Obor! — dedi Mirvali amirona. — Yo‘qot ko‘zimdan! Uch yigit kuch bilan Eralini sudrab ketdi. Mirvali ularga qichqirdi: — U yoqqa emas, manavi yoqqa! Mirvalining «Volga»si Temur darvozasidan o‘tgach, Sangzor soyini yoqalab borardi. U tezlikni pasaytirdi. Uning orqasidan kelayotgan yuk mashinasi bortida boshiga dasturxon yopib, bo‘ynidan tang‘ib qo‘yilgan Qora Baxmalni Nasim polvon bilan Ja’far qo‘sh jilovda ikki tomondan tortib ushlab kelishardi. Yo‘lga chiqishayotganda ko‘pni ko‘rgan, ko‘p tegirmonlardan butun chiqqan Nasim, otning ko‘zini bog‘lab qo‘yish kerak, yo‘lni ko‘rsa qaytib keladi, deb aytgan edi. Shunda Mirvali yelkasiga qoqib, «Yashavor, eski o‘g‘risan-da, bilasan, — degandi. — Biring ot o‘g‘risi, biring ho‘kiz o‘g‘risisan. Nasim, dadangga teng keladigan o‘g‘ri bo‘lmagan. Azim o‘g‘ri desa, Samarqanddan Dushanbegacha hamma tanirdi. Hozirgi o‘g‘rilar ham o‘g‘rimi? Zo‘r o‘g‘rilar o‘tib ketgan». Mirvalining bu gaplaridan ikkovlari ham g‘ururlanib ketdilar. Makritlik Nizom polvon desa hamma tanirdi. U Urgutda bo‘lgan katta bir kurashda nomardlik qiladi-yu, nazardan qoladi. Makritda bosh ko‘tarib yurolmay, Denovga ko‘chib ketdi. U yerda hech kim uni kurashga tortmadi, to‘rt oy o‘tib yana bosh egib, Makritga qaytib keldi. Urgutda katta kurash bo‘ldi. Panjakentdan kelgan bir ayol polvon: — Kim talabgor bo‘lsa o‘rtaga chiqsin, — dedi. U nihoyatda kelishgan, chiroyli, o‘ttiz besh yoshlardagi juvon edi. Shu bilan kurash tushay, yiqilsam ham armonim yo‘q, deganlar ko‘payib qoldi. Juvon qandoqki polvon o‘rtaga tushsa, ikki davra aylanganda yelkasini yerga bosaverdi. Jizzaxlik, yakkabog‘lik, chiroqchilik polvonlar birin-ketin yiqilaverdilar. Nizom polvon davraga chiqib, yiqilgan polvonlarni haqorat qildi. — Ayol kishidan yiqilgan nomardlar! Kurash tushishni senlarga ko‘rsatib qo‘yaman! U shunday deb, xuddi burgut qanot qoqayotgandek, ikki qo‘lini ikki tomonga silkitib davra aylandi. Ayol polvonni o‘rtaga tushishga undadi. Juvon orqasida to‘lg‘anib turgan ikki o‘rim sochini boshiga chambarak qilib tang‘idi-da, o‘rtaga chiqdi. Olishish boshlandi. Nizom polvon unga qo‘li uzatganda, u shunday zarb bilan qoqib tashlardiki, go‘yo qo‘li tirsagidan uzilib chiqib ketadigandek bo‘lardi. Davrani to‘rt aylanishdi hamki, juvon yonbosh bermadi. Qaytaga Nizom polvonga chil berib, yonboshiga otib yubordi. Borib ustidan bosmoqchi edi. Nizom polvon chaqqonlik bilan o‘rnidan turib ketdi. Juvon raqibining zaif joyini bilib olgandi. Nizom polvon yonboshga yaramas ekan. Juvon yana bir marta uning ikki qo‘lidan siltab tortdi-yu, o‘ng oyog‘i bilan uning chap oyog‘ini qoqib yubordi. Nizom polvon gursillab yerga yiqildi. Juvon bosdi. Nizom polvonning bir yelkasi yerda, ammo chap yelkasini yerdan bir qarich baland ushlab turardi. Juvon, yo Momo Havo dedi-yu, uning chap yelkasidan bosa boshladi. Shunda Nizom polvon jirkanch bir ishga qo‘l urdi. Tirsagi bilan juvonning ko‘kragini eza boshladi. Bor kuchi bilan jon achchig‘ida ezdi. Shunda nimadir bo‘ldi. Juvonning ko‘kragidan allaqanday tomir uzildi. Juvon ingrab yubordi. Yerda bir yelkasi bilan yotgan Nizom polvonning ustidan turdi. Ko‘kragini changallab davradan chiqarkan, unga qarab g‘azab bilan dedi: — Rizqi yak bacham xo‘rdi-ya, nomard! (Bir bolamning rizqini yeding, nomard!) Ana shundan keyin Nizom polvonning nomi Qiz polvon bo‘lib ketdi. Davralarda o‘rtaga tushsa, chiq, chiq davradan, ayollar bilan kurashga yaraysan, Qiz polvon bilan kurashmaymiz, deb chiqazib yuboradigan bo‘lishdi. Bu atrofdan Azim o‘g‘riga teng keladigan o‘g‘ri chiqmagan. Yakkabog‘ bilan Qaynar orasi qirq kilometrlar bor. Azim o‘g‘ri bir kechasi Yakkabog‘dan ho‘kiz o‘g‘irlab keladi. Uning kechasi ho‘kiz haydab kelganini hech kim ko‘rmagan. Lekin hammaning gumoni shundan edi. Azim o‘g‘ri kechqurun namozshomni Qaynar masjidida o‘qiganini hamma ko‘rgan. Ertalab bomdodni ham shu masjidda o‘qiganiga guvohlar bor. Qandoq qilib bir kechada qirq kilometr u yoqqa borib, qirq kilometr bu yoqqa ho‘kiz haydab kelishi mumkin? Aslini olganda, Azim o‘g‘ri namozshomni o‘qiganu Yakkaboqqa yeldek yugurib ketgan. Tong sahargacha ho‘kizni haydab kelib, adir orqasiga yashirib, yana bomdod namoziga yetib kelgan. Odamlarning aytishlariga qaraganda, Azim o‘g‘ri ellik-oltmish kiloli qo‘yni yelkasiga olib qochganda, cho‘ponlarning iti ham quvib yetolmas ekan. Azim o‘g‘ri o‘lganda onasi shunday deb yig‘lagan ekan: Kechasi yurib mol topgan Azimo‘, bolamo‘. Kunduz yotib yel topgan Azimo‘, bolamo‘. Mana shu Nasim polvon o‘sha Azim o‘g‘rining kenja o‘g‘li edi. Nasim polvon bilan Ja’far Mirvalining eng ishongan kishilari. Ur deganini urishardi, tep deganini tepishardi. Kun peshindan oqqanda ular shahar bo‘sag‘asiga yetib kelishdi. Mirvali shofyorga mashinani to‘xtatishni buyurdi. O‘zi "Volga"dan chiqib, orqadan kelayotgan yuk mashinasini kutib turdi. Mashina xuddi uning yonginasiga kelib tormoz berdi. U kabinaga bo‘y cho‘zib: — Sizlar shaharga kirmanglar, aylanma yo‘l bilan borib, chorrahada meni kutib turinglar, — deb buyurdi. Hurmatli kitobxon, sizga tushunarli bo‘lsin deb voqeani sal oldindan boshlamoqchimiz. Nasim polvon bilan Ja’far otni mashinada olib kelguncha to‘rt oy oldin mana bunday voqea bo‘lgandi... ... Kechadan beri Chorchinor radiouzeli panjakentlik Habiba polvon Bobodo‘stova bilan Qiz polvon o‘rtasida hal qiluvchi "jang" bo‘ladi, deb qayta-qayta eshittirardi. Qiz polvon — Nizom polvonning laqabi. U bilan erkaklar umuman kurash tushmay qo‘yishgan. O‘tgan galgi kurashda Nizom raqibasining ko‘kragini tirsagi bilan ezib sut kelmaydigan qilib qo‘ygan. U xudo xohlasa endi bu ko‘kragidan ham sut yurmaydigan qilib qo‘yaman, deb niyat qilgan. O‘sha jangda Habiba polvon, "Rizqi yak bacham ho‘rdi nomard" deb davradan chiqib ketgandi. Bu galgi jang ayovsiz bo‘ladigan ko‘rinadi. Chor chinorning ”Olamaydoni”ga odam sig‘may ketdi. Kabobpazu, somsapazu, morojniychilaru, paxta qand sotadiganlardan tortib "Xonim” pishirib chiqqanlar, ayronchilar kurash ishqivozlaridan ko‘ra ko‘pga o‘xshardi. Hakamlar o‘z joylarini egallashdi. Avval rayonlardan kelgan yosh polvonlarga gal berishdi. Kurash ishqivozlarining ichi qizib ketdi. — Biz qiz polvon bilan panjakentlik polvon opaning kurashini ko‘rgani kelganmiz, avval shularga navbat berilsin, degan ovozlar chiqdi. Ko‘pchilik bu gapni quvvatlab to‘polon boshladi. Hakamlar bu talablarga quloq solmasalar kurash buziladiganga o‘xshab qoldi. Bakovul o‘rtaga chiqib, e’ion qildi: — Talablaringizni qondiramiz. Hozir "Qiz polvon" laqabli Nizom polvon Azim o‘g‘li bilan panjakentlik polvon opa Habiba Bobodo‘stovalarni davraga chaqiramiz, marhamat... U ikki raqibni bir-biri bilan qo‘l olishtirib, kurash boshlandi, dedi. Nizom polvon xotirjam edi. Ammo Habibaning yuzida, ko‘zida, holatida qandaydir g‘azab, o‘ch olish hissi sezilib turardi. Bakovul, omin, deb yuziga fotiha tortdi. Olishish boshlandi. Yana ikki eski raqiblar betma-bet kelishdi. Habiba polvon Bobodo‘stova Nizom polvonning qo‘lidan ushlab bir siltagan edi, bag‘riga kelib tushdi. Uni azot ko‘tarib, xuddi tosh o‘ynaydigan polvonlardek boshidan ikki qarich baland ko‘tarib, yag‘rin tomoni bilan yerga tashladi. Zarb bilan tushgan Nizom ingrab yubordi. Habiba fursatni boy bermay, ikki yelkasini yerga qapishtirib, tizzasi bilan uning «nozik joyini» eza boshladi. Jon-jahdi bilan, kuchining boricha ezaverdi. Nizom polvon jon taslim qilayotgandek ovozi sekin-sekin o‘cha boshladi. Bakovul ular tepasiga keldi. — Singlim, bas qil. Insofing bormi, o‘ldirib qo‘yasan-ku. Habiba uning gaplariga quloq solmadi. Oxiri Nizom polvonning ovozi o‘chdi. Uni ikki yigit zambarda opchiqib ketayotganda Habiba dedi: — Tu endi mard nesti, tu endi hezalak (Sen endi erkak emassan, hezalaksan). Seni hamma qiz polvon deyardi. Endi sen hez polvon bo‘lding, nomard, dedi-yu davradan chiqib ketdi. Mana shu Nizom polvon Azim o‘g‘rining to‘ng‘ich o‘g‘li, Nasimning katta akasi edi. Nasim polvon bilan Ja’far uni chorrahada kutib turishardi. U kelishi bilan mashina bortini ochib, taxtadan ko‘prik qilishdi. Qora Baxmalni asta yetaklab yerga tushirishdi. Uning ko‘zidan bog‘ichini yechib olishganda entikib boshini silkitdi. O‘zini qo‘yarga joy topolmay, tuyoq qoqa boshladi. Mirvali, ho jonivor, ho jonivor, deya uning bo‘yinlarini silay boshladi. Ot sal tinchigandek edi. — Sizlar endi orqaga qaytinglar. Pastkashlik qilib passajir olib o‘tirmanglar, — dedi Mirvali. Nasim polvon sal ranjigandek bo‘ldi. Yuk mashinasi orqaga qaytdi. Mirvali Qora Baxmalga minib oldi. Ot o‘ynoqlab uni ustidan irg‘itib tashlamoqchi bo‘lar, ammo ko‘p otlarni bo‘ysundirgan, umri ot ustida o‘tgan Mirvalining jilov tutgan qo‘llari temirchining laqqa cho‘g‘ bo‘lgan temirni qisgan omburidek baquvvat edi. U ot ustida turib shofyorga dedi: — Sen sal turib, shoshilmay kolxoz bog‘iga bor. Ammo mendan oldin borma. Xo‘pmi? Shofyor, tushundim, deya bosh qimirlatib qo‘ydi. Mirvali otga qamchi bosmadi. Ikki tizzasi bilan ohista nuqib qo‘ydi. Qora Baxmal bo‘ynini gajak qilib, yollarini silkitib asfalt yo‘lni taraqlatib yurib ketdi. Kolxoz bog‘i darvozasi oldida mashinalar qalashib ketgan edi. Respublikaning deyarli hamma oblastlari nomeri qo‘yilgan mashinalar bor edi. Ular orasida ikki-uchta «TNO», «SNO» singan belgilari bor «Chayka» mashinalari ham turardi. Mirvali otni gijinglatib, darvozadan ichkariga kirdi. Oldi fontanli hovuz yoqasidagi shiyponda odam ko‘p. Noz-ne’matlaiga to‘lgan dasturxon atrofida o‘tirganlaming aksariyati Qahramonlar, deputatlar edi. Qo‘sh qahramonning o‘g‘li — to‘ladan kelgan, ko‘rinishidan nihoyatda o‘ziga bino qo‘yganligi bilinib turgan yigit ziyofatni boshqarardi. Qaysidir tezkor rassom allaqachon qo‘sh qahramonning portretini ikkita yulduz bilan ishlab ulguribdi. Bo‘yi salkam ikki metr keladigan portret shiypongachiqaverishdagi arkka osib qo‘yilgan. Qo‘sh qahramonning o‘g‘li qo‘lida qadah bilan nimalardir deb turgan edi, boqqa otda kirgan odamga zarda bilan bir qaradi-yu, lekin tezda chimirilgan qoshlari yozilib, joyiga keldi. Beixtiyor, voy-bo‘, deb yuborganini o‘zi ham bilmay qoldi. O‘tirganlarning hammasi bab-baravar o‘girilishdi. Mirvali ular tomon bulutdek ot ustida silkinib kelardi. Oshxona tomondan kelayotgan Qo‘sh qahramon uning istiqboliga chiqdi. Mirvali chaqqonlik bilan o‘zini egardan oldi. U bilan ota-bolalarcha quchoqlashib ko‘rishdi. Keyin ot jilovini unga tutqazib, ikki qo‘lini qovushtirgancha, ot qulluq bolsin, dedi. Bir pasda otni odamlar o‘rab olishdi. Bir yigit xokandozda tutuni chiqib turgan isiriq ko‘tarib kelardi. U ot atrofida aylanib tutatib, qaytib ketdi. Ota-bola bu ajoyib sovg‘adan o‘zlarida yo‘q shod edilar. Axir bu ko‘p poygalarda, ko‘pkarilarda sovrin olgan, yurganda sirkning otidek bo‘ynini gajak qilib, tamanno bilan qadam tashlaydigan Qora Baxmal edi! Qo‘sh qahramon Mirvalining qo‘llarini qisib rahmat aytdi. Kayf qilib qolgan raislar, shu otni minib bog‘ni bir aylangan raisning oltin yulduzi halol (ularning hammasi qahramonlar edi), deb uni minmoqchi bo‘lishar, Qora Baxmal esa pishqirib, ularni egarga yaqin yo‘latmasdi. Raislarning biri qo‘li lat yeb, biri oqsoqlanib chetga chiqdi. Qo‘sh qahramonning buyrug‘i bilan ikki azamat yigit Qora Baxmalni oshxona orqasidagi tolga bog‘lab qo‘yishdi. Hamma uchun hurmatli otaxon Jizzaxga keptilar, hozir katta opani ko‘rgani kirib ketganmishlar, degan gap tarqadi. Bu gapdan xabar topgan raislar birdan hushyor tortib qolishdi. Shu payt yoshi yetmishlarga borgan, barvasta qomatli, televizorlarda ezmalanadigan, o‘z tili bilan aytganda, «ocherk ustasi» To‘xtamish Masafoyev degan yozuvchi mana shu o‘tirgan raislar men tufayli «Oltin Yulduz» egasi bo‘lganlar, deb uyalmay gapirardi. Ularni men gazetalarga yozib, televizorlarda ko‘rsatib qahramon qilganman, deyardi. Hamma uchun hurmatli rahbar atayin kelib, mehmonlarga salom bermay ketsam yaxshi bo‘lmas, deb boqqa kirgandi. Shu payt oshxona orqasiga bog‘lab qo‘yilgan otning arqoni bo‘shab, u semon yo‘lkaga chiqdi. O‘rganmagan joyda yotsirab, semon yo‘lkani taraqlatib u yoqdan bu yoqqa bezovta yugura boshladi. — Bu ot qaydan paydo boiib qoldi? — dedi rahbar ajablanib. — Mirvali Rixsiyev sovg‘a qilib olib kelibdi, — dedi Qo‘sh qahramon. — Qariganda ot mingingiz kelib qoldimi? Yoshingiz bir joyga borib qolgan bo‘lsa... Qo‘ying, odamlarga gap-so‘z bo‘lmang. Otni qaytarib yuboring. Bu otni birgina O‘zbekiston emas, butun O‘rta Osiyo biladi. Ayting, Mirvali uni qaytarib olib ketsin. To‘xtamish Masafoyev tantiqlanib, hammanglar mening balachalarimsizlar, degandek erkalanib nutqini davom ettirayotgan edi. U hammamiz uchun qadrli rahbarning boqqa kirib kelganini sezib, gapining bu yog‘ini yaltoqlanib, u kishiga yoqadigan qilib davom ettirayotgan edi. Rahbar shiypon yaqiniga kelib, uning nutqiga quloq sola boshladi. Qoshlari chimirildi. Ham xijolatli, ham zarda bilan Masafoyevning gapini bo‘ldi. — Oqsoqol, bu gaplarni ko‘p eshitganmiz. Qo‘sh xo‘kiz qo‘shilgan arava, cho‘tir chashma, belboqqa qistirilgan qattiq non... Endi bas. Plastinkani almashtiring. U shunday dedi-yu, orqasiga qaytib, bog‘dan chiqib ketdi. O‘rtaga juda noqulay jimlik cho‘kdi. Raislar Masafoyevni «cho‘qiy» boshladilar. — Insof ham kerak-da, domla. Qayerda yig‘in bo‘lsa, albatta aytadigan gapingiz bitta. Qo‘sh ho‘kiz qo‘shilgan arava, cho‘tir chashma. Qotgan non, kir qalpoq... Bugungi xursandchilikda bir yayrab o‘tiray deb kelgan edilar. Shuni ham tatitmadingiz. Omin ollohu akbar. To‘y tamom, ketdik. Raislar shiypondan tushib tashqari tomon yura boshladilar. Masafoyev avval qaysidir marosimda yelkasiga tashlangan to‘n bilan hayron turib qoldi. — Intirisnoye! Men xato gap aytmadim-ku. Nima degan bo‘lsam hammasi rost. Hech kim uning gapiga quloq solmadi. Qo‘sh qahramon mehmon kutib charchagan, raislarni yana picha o‘tiringlar, deb qistamadi. Mirvali bog‘ darvozasi oldiga keldi. — Xo‘p, xayr, oqsoqol, — dedi u Qo‘sh qahramonga. — Otni olib keting. Hoziroq olib keting. Sovg‘ani qaytarib olib ketish Mirvali uchun o‘lim bilan teng edi. U katta bir gunoh qilib qo‘ygan odamdek, Qo‘sh qahramonga botinmayroq qaradi. — Menga javob bersangiz, ketay. — Bemahal bo‘lib qoldi-ku. Yotib qoling, ertalab ketarsiz. — Ertalabga majlis chaqirib qo‘ygan man, —deb yolg‘onladi Mirvali. — Bormasam bo‘lmaydi. Uning yolg‘on gapirayotganini Qo‘sh qahramon ham bilib turardi. — Mayli, undoq bo‘lsa, Otni nima qilamiz? — Sizga atab olib kelgandim. Qolsin. Qo‘sh qahramon, afsuslangandek, dedi: — Iloji yo‘q. Men ot minadigan yoshdan o‘tganman. Olib keting. Mirvalining tishlari g‘ichirlab ketdi. — Oladigan bironta ishqiboz odam bo‘lsa, tekinga berib ketardim. Qo‘sh qahramon charchagan, shu topda Mirvali bilan gaplashib turish ham malol kelayotgan edi. — Bu otni kimga bersangiz ham bizning yurtimizdan tashqaridagi odamga bering. Uning bu gapi qamchi urgandan battar bo‘ldi. — Bo‘pti, — dedi Mirvali g‘ijinib. — Kechasi oborasiz. Hech kim ko‘rmaydi. Hozir yuk mashinasini chaqiraman. Oborib tashlaydi. Mirvali yolg‘onladi: — Yuk mashinasi bor. Akkumulyator zavodiga sovxozdan yuk mashinasi kelgan.Bizni kutib turishibdi. O‘shanda olib ketamiz. Mezbon rozi bo‘ldi. Mirvali benihoya mulzamlik bilan otga mindi. Jilov siltab darvoza tomonga yo‘rtdirdi. Ko‘chada o‘zining «Volga» si kutib turardi. Egardan tushmay, shofyoriga buyurdi: — Betonkaga chiqib, meni kutib tur! U shunday dedi-yu, otga ikki marta achchiq-achchiq qamchi bosdi. Erkalatishlarga, silab-siypashlarga o‘rgangan Qora Baxmal kutilmagan bu bedodlikdan sapchidi. Ustidagi chavandozni silkitib tushirmoqchi bo‘lib, orqa oyoqlarini barobar silkitib, goh o‘ng yonboshiga, goh chap yonboshiga otmoqchi bo‘lib irg‘ishladi. Ammo Mirvali egar ko‘rgan chavandozlardan edi. Uning cho‘yandek qattiq qo‘llari jilovni shunday kuch bilan tortardiki, ot bo‘yni tortilgan kamondek orqaga egilay-egilay derdi. Qora Baxmal itoat qilishga majbur edi. Egardagi suvoriy jilovni qayoqqa tortsa, o‘sha tomonga yo‘l solardi. Shahar ko‘chalari jimjit. El bir uyquni urib bo‘lgan. Yaqin oradagi parranda fermasidan rasta bo‘lgan inkubator xo‘rozlarining manqa qichqirishlari eshitilardi. Mirvali chayqala-chayqala ot yo‘rttirib, beton yo‘lga chiqdi. Shofyor «Volga»ning chirog‘ini o‘chirmay, uni kutib turardi. U mashina yoniga kelgandan keyin egardan tushib, ichadigan nimang bor, deb so‘radi. Shofyor bagajnikdan bir shisha «Beliy aist» degan konyak bilan bir bosh uzum olib, kapotga qo‘ydi. — Och. Tiqinini chiqazib ber, deyapman! Shofyor shisha og‘zidagi qizil qo‘rg‘oshin qalpoqchasini tishi bilan olib tashladi. Mirvali shishaning o‘zidan karnay qilib qulqullatib icha boshladi. Afti burishmasdan, entikmasdan, bir ichishda shishani yarimlatdi. Hozirgina artilib, yaltiratib qo‘yilgan kapotda turgan bir bosh husayni uzumni g‘ijimlab og‘ziga tiqdi. Barmoqlari orasidan oqqan uzum suvlari ko‘ylak yoqalariga tomdi. Birpas nafasini rostlagandan keyin xuddi boyagidek qilib qolganini ichdi. Bu gal gazak qilmadi. Kuhlab, ichidan olovdek qaynoq nafasini chiqazib, o‘sha zahoti tungi muzdek cho‘l havosini yutdi. Keyin qo‘lidagi shishani uloqtirdi. Beton yo‘lga borib tushgan shisha chil-chil bo‘lib ketdi. Ot cho‘chib orqaga chekindi. Uning jilovi Mirvalining chap qo‘lida edi. U ham siltanib oldinga munkib ketdi. Tun qora, ot qora. Ko‘roydinda faqat otning peshonasidagi o‘sma bargidek ingichka uzunchoq oppoq qashqasi ko‘rinib turardi. Mirvali ot yollarini siladi. Quymuchiga shapillatib urib qo‘ydi. Yuzini yuziga qo‘yib erkalatmoqchi bo‘ldi. Konyak hididan behuzur bo‘lgan ot boshini silkitdi. Sal nari surilib, yonboshi bilan Mirvalini bexos turtib yubordi. Mirvali g‘azabga keldi. Shu ablah ot bo‘lmaganda bugun bunchalik izza bo‘lmasdim. Bugun yig‘ilgan pashmalaq raislar meni ko‘rolmaydi, ko‘rishga ko‘zi yo‘q ularning, shular oldida sharmanda bo‘ldim-a, deb faryod urib yubotgisi kelardi. Hammasiga shu yaramas ot aybdor. Mirvali jilov uchini kaftiga ikki o‘rab olib, alam bilan otning boshiga, yuz-ko‘zi aralash ikki-uch marta achchiq qamchi bosdi. Bu nogahoniy zarbadan esankiragan ot sapchib ketdi. Ammo Mirvalining metin qo‘llari jilovni qo‘yib yubormadi. Alam ustida otni savalayverdi, savalayverdi. Oxiri ot zarb bilan orqaga chekina boshladi. Qalqib ketgan Mirvali oyoqda turolmay yuztuban yiqildi. Shunda ham jilovni qo‘yvormadi. Uni ot beton yo‘l ustida sudrab ketdi. U qorni bilan sudralib borarkan, tinmay so‘kinardi. Oxiri jilov qolidan chiqdi. Shoshib o‘rnidan turdi-yu, yo‘l yoqasidan katta bir toshni olib, Qora Baxmalga qarab otdi. Tosh unga tegdimi, tegmadimi — bilolmadi. Chunki qora ot qorong‘ulikda ko‘rinmay qolgan edi. Faqat asta uzoqlashayotgan tuyoq tovushi eshitilib turardi. Shofyor g‘azabdan titrab turgan Mirvalining oldiga keldi. — Otni tutib kelaymi? — Yo‘q! — dedi u qat’iy. — Ketsin, svoloch! Bo‘rilarga yem bo‘lsin! Suyaklarini shoqollar g‘ajisin! U gandiraklab-gandiraklab kelib, mashina eshigini ochdi. Orqasiga og‘ib ketdi. Agar shofyor ushlab qolmaganda chalqanchasiga yiqilishi, biron kor-hol bo‘lishi aniq edi. Mirvali nima qilayotganini, nima deyayotganini bilmasdi. Shofyor uni suyab, orqa o‘rindiqqa chiqazib qo‘ydi. Eshik tashqarisida qolgan ikki oyog‘ini tizzasidan bukib, ichkariga itarib kirgizdi. Bu payt Mirvali juda xunuk xurrak boshlagandi. U shu uxlaganicha sahar payti, hali tong yorishmay uyg‘ondi. Boshi zirqirab og‘rir, tomog‘i qaqrab ketganidan yutinolmasdi. U hali ham mashinada yotibman, deb o‘ylagan edi. Qarasa, bog‘dagi mehmonxonada oppoq choyshab ustida tuproqqa qorishgan kiyimlari, etigi bilan yotibdi. Munkib-munkib o‘rnidan turdi. Bog‘ chirog‘i o‘chmagan, hammayoq kunduzdek yop-yorug‘ edi. U chayqalib-chayqalib, deraza oldiga keldi, tashqariga bosh chiqazib, Ablaz, deb chaqirdi. Hovuz bo‘yida choponini boshiga yostiq qilib yotgan oshpaz Abdulaziz boshini ko‘tardi. — Choy opkel! — Choy ustalda, sochiqqa o‘rab qo‘yganman. — Boshqatdan damla! — dedi Mirvali aftini burishtirib. — Yaqinda damlab, o‘rab qo‘ygandim. Mirvali orqasiga qaytib, sochiqqa o‘ralgan choynakni ochdi. Hali qaynoq, qo‘l kuydiradi. Piyolaga quyib xo‘plamoqchi bo‘ldi. Eplolmadi. Og‘ziga qaynoq narsa olib bo‘lmasdi. — Ablaz! — dedi yana. Abdulaziz yugurib keldi. — Etikni tort! Abdulaziz yerga o‘tirib olib, etiklarni tortib chiqazdi. — Vannani yoq! — Yoqib qo‘yganman. — Mastava qil! — Mastava tayyor. Guruchini solsam bo‘ldi. — Cho‘milaman. Kiyim-boshlarimni tayyorlab ber. — Mayka, trusi, yangi paypoq, sochiq opkirib qo‘yganman, — dedi Abdulaziz. Mirvali uni kaltaklashga biror asos topolmay, noiloj vannaxonaga kirib ketdi. Abdulaziz tuproqqa qorishgan etikni, ariq bo‘yiga o‘tirib olib, obdan ho‘l latta bilan ishqaladi. Keyin ularni zina oldiga qo‘yib, mastavaga guruch solgani oshxonaga kirdi. Mirvali vannaxonada uzoq qolib ketdi. Oxiri qip-qizil bo‘lib, kattakon sochiqni paranjiga o‘xshatib boshiga yopib chiqdi. Bu payt Abdulaziz mastava ko‘tarib kirayotgan edi. Mirvali sochiqqa o‘ralib o‘tirib, bir-ikki qoshiq mastava ichgan bo‘ldi. Og‘ziga olganini yutolmadi. Tomog‘ini olovdek kuydirdi. Mirvali yurt ustida depsinib yurgan, aytgan joyidan kesadigan, ko‘zlagan maqsadiga o‘sha zahoti yetmasa, o‘z alangasida o‘zi yonadigan besabr odam edi. U ikkinchi «Oltin Yulduz» to‘g‘risidagi niyati chippakka chiqqanidan jazavaga tushdi. Yaltiroq zinalarning ikki poyasini bir qilib, pastga tushdi. Ariq bo‘yida baliq tozalab o‘tirgan Abdulaziz uning vajohatini ko‘rib, esankirab qoldi. Mirvali unga, opkel, deb baqirdi. Abdulaziz nima opkelishi kerakligini bilardi. Yugurib ichkariga kirib ketdi. Zum o‘tmay baqaloq shisha ko‘tarib chiqdi. Bu «Kamus» deb atalgan fransuz konyagi edi. Bir likopchada kahrabodek sap-sariq, barmoqqa o‘xshash uzun-uzun husayni uzumni stolga qo‘ydi. Mirvali konyak po‘kagini ocholmay, Abdulazizga baqirdi. — Dayus, ochib chiqsang o‘lasanmi? Abdulaziz po‘kakni pichoq bilan chiqazib unga uzatdi. Mirvali ikki marta piyolani to‘ldirib ichdi. — Menga qara, Ablaz, birov telefon qilsa, meni yo‘q. deb ayt. Qayoqda, deb so‘rasa, o‘lgan, hozir janozasini o‘qishyapdi de. — Qo‘ying, xo‘jayin, nafasingizni issiq qiling, yaxshi gapga ham, yomon gapga ham farishtalar omin, deydi-ya. Mirvali ko‘p kutdi. Ammo hech kim telefon qilmadi. Kutakuta toqati toq bo‘lgan Mirvali Toshkentga, qudasining uyiga telefon qildi. Uyida yo‘q. Mirvalining qizi trubkani oldi. Salom-alik ham qilmay, dadang qani, deb so‘radi. Qizi, idoradalar, hali kelganlari yo‘q, deb javob qildi. Mirvali markazqo‘ntga, qudasining kabinetiga telefon qildi. Trubkani qudaning o‘zi oldi. — O‘zi nima gap, quda, juda oyoq osti bo‘lib ketdim-ku. Bir odamga shunchalik ham jabr qilasizlarmi? Quda bosiqlik qildi. — Unaqa yengil bo‘lmang, kayfingiz borga o‘xshaydi. Ertaga gaplashaylik. Yo‘q, hozir siz bilan gaplashmaydilar. O‘ng qulog‘ingiz bilan ham, chap qulog‘ingiz bilan ham eshitib qo‘ying. Bu dargohga ikkinchi marta kayfingiz borida telefon qilmang. Gapingiz bo‘lsa, sog‘ paytingizda gaplashasiz. Quda xayr ham demadi, bola-chaqasining sog‘lig‘ini ham so‘ramadi. Trubkani zarda bilan shaqillatib tashladi. Mirvali ustma-ust ichaverdi. Yiqilib qolguncha ichdi. Abdulaziz uni, o‘likni sudragandek qilib, arang yotoqqa olib kirib, kiyimboshi bilan karavotga yotqizdi. Oftob chiqqanda uyg‘ongan Mirvali zinapoyada boshini changallab o‘tirardi. — Ablaz, bo‘lmayapdi-ku! — dedi u zorlanib. — Bir piyola araqmi, konyakmi, ko‘zingizni chirt yumib ichib yuborsangiz, tinchiysiz. Davosi shu. — Shunaqami, — dedi u aftini burishtirib. — Unday bo‘lsa, opkel! Abdulaziz servantni ochib, undan bir shisha konyak bilan piyola olib qo‘ydi. Mirvali qo‘li qaltirab, shishani ochdi. Quyayotganda dimog‘iga qo‘lansa konyak hidi urilib, basharasi bujmayib ketdi. Piyolani og‘ziga olib borib, nafas olmay shimirdi. Ichi yonib ketgandek boldi. Sochiq bilan og‘zini yelpidi. Oh urib yubordi. — Menga qara, Ablaz. Boqqa hech kim kirmasm. Ishton polvon kelsa, uyg‘ongunimcha jilmay, kutib o‘tirsin. — Rajab aka shu yerda. Qayrag‘och tagida «Mushtum» varaqlab o‘tiribdi. — Chaqir! Abdulaziz uni chaqirdi. Mirvali unga aftini burishtirib qaradi. — O‘ylab qarasam, sen ham kerakli odam ekansan. Senga muhim topshiriq bor. Bu erda o‘ralashib yurma. Toqqa bor. Azizbek degan bolani bilasan-a? — Ravshanning o‘g‘lini aytyapsizmi? Bilaman. — Shu bolaning orqasidan soyadek ergashib yurasan. Holiroq joyda ro‘baro‘ kelib qolsa, otib tashlayver, savobga qolasan. — Hozir tog‘da o‘q ovozi chiqishi bilan formali, formasiz melisalar ko‘z ochib yumguncha yetib keladilar. — Unday bo‘lsa, bo‘g‘izlab xandaqqa tashlab yubor. Bu gapni eshitib turgan Abdulaziz seskanib ketdi. Mirvali Rajab polvonni maqtab qo‘ydi. — Zo‘r bolasan-da, ishton. O‘zimning ishtonimsan, ablah. U shunday deb gandiraklaganicha yotog‘iga chiqib ketdi. Rajab polvon og‘izga tushib qolgan polvonlardan edi, jussasi kichkina bo‘lishiga qaramay, o‘zidan katta polvonlarni ham yengib yurardi. Uning raqiblari qandoq qilib tagiga tushib qolganlarini bilmay qolardilar. U xuddi multfilm qahramonlariga o‘xshaydi. Lip etib u tomonida, lip etib bu tomonida paydo bo‘lib qolar, tomosha qilib o‘tirgan ishqibozlarining ham boshlari aylanib, nima bo‘layotganini bilmay qolardilar. Bir katta saylda bo‘lgan kurashda bakovul Rajab polvonni qo‘lidan ushlab davra aylantirdi. — Rajab polvonga bormi talabgor. Multfilm polvonga talabgorlar bo‘lsa, davraga chiqsin! Buxorolik Istam polvon o‘rtaga chiqdi. U gavdali, muskullari terisini turtib chiqqan baland bo‘yli polvon edi. Bu polvonda kuch ko‘pu hunar yo‘qroq edi. U davrada ko‘pam xadis olib yurmasdi. Shartta ko‘tarib urar, yo ustidan chiqar yo tagiga tushganini bilmay qolardi. Bakovul ularning belbog‘larini tekshirib ko‘rib, olishuvga ruxsat berdi. Istam polvonning toshi og‘ir edi. Uni ko‘tarib yerga urish uchun avval oyog‘ini yerdan uzish kerak. Rajab polvon raqibining oyog‘ini yerdan uzdimi, tamom, uni yerga urishi, ustidan bosib tushishi aniq. Ikkala polvon xadis olib, bir-birini sinab, davrani bir aylanishdi. Rajab polvon raqibini g‘aflatga solib, bir ko‘tarishda yerga urmoqchi bo‘ldi. Yo pirim, deb ko‘tarishga chog‘landi. Istam polvon, yerga mixlab qo‘yilgandek, qotib turaverdi. Ana shundan keyin Rajab polvon bor kuchini yig‘ib, bir hamlada yerdan uzmoqchi boidi. — Yo, pirim! Shunda kutilmagan voqea yuz berdi. Ya’ni Rajab polvonning ishtonbog‘i chirt etib uzildi-ketdi. Buni Istam polvon sezdi. Uni shartta ko‘tarib chirpirak qilib aylantira boshladi. Rajab polvonning ishtoni tizzasigacha tushdi. Yana shitob bilan aylantira boshladi. Ishton endi to‘piqqacha tushgan edi. Istam polvon yanada tez aylantira boshladi. Ishton to‘piqdan uchib chiqib, hakamlar yoniga borib tushdi. Istam polvon ishtonsiz raqibini hamon aylantirardi. Bakovul zo‘r bilan ularni to‘xtatdi. Ikkovining ham boshi aylanib, o‘rtada mastga o‘xshab chayqalib-chayqalib arang turishardi. Rajab polvon qo‘l siltab, davradan chiqib ketdi. Ana shu voqeadan keyin uning Rajab polvon oti Ishton polvon bo‘lib ketgan edi. Jayrona Luqmonovning Mirvali bilan yaqinligini bilardi. Bilib turib, tog‘dagi ishratxona to‘g‘risidagi hujjatlarni uning qo‘liga bergandi. Hujjatlar Mirvalining kimligini ochiq-oshkor ko‘rsatib turibdi. Hujjatlarning taqdiri esa endi Luqmonovning kimligini aytib beradi. Aziz kitobxon! Luqmonovning shoferi leytenant Mardon Ro‘ziyevning Mirvali bilan Luqmonov o‘rtasida bo‘lib o‘tgan «savdo-sotiq» to‘g‘risida mahorat bilan aytib bergan hikoyasi yodingizda bo‘lsa kerak. Ana shu hujjatni Mirvaliga juda katta pulga sotgani to‘g‘risida rad qilib bo‘lmaydigan dalillar keltirgan edi. Jayrona Luqmonovga topshirgan hujjatlarning taqdirini biladi. Ammo shu hujjatlar ministrlikda ro‘yxatga olinganmidi, biron joyda qayd qilinganmidi, shuni bilmoqchi. Umuman olganda, bu hujjat o‘sha kuniyoq o‘z vazifasini o‘tab bo‘lgandi. Jayrona yangi ministrni juda yaxshi tanirdi. Kremlda Davlat xavfsizligi hamda ichki ishlar xodimlariga orden, medallar topshirilayotganda ikkovi yonma-yon o‘tirishgan. O‘shanda kapitan Jayrona Hakimova Lenin ordeni, polkovnik Akbar Razzoqov «Qizil bayroq» ordeni olgan edi. Jayrona uni oblastlardan birida ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i bo‘lib ishlab yurgan paytlaridan bilardi. Akbar Razzoqov yaxshigina shoir ham edi. U she’rlari oxiriga «Akbaringman», deb o‘z ismini ham qo‘shib qo‘yardi. Atoqli hofizlar uning qo‘shiqlarini radioda, televideniyeda tez-tez ijro etib turishardi. Akbariy «Jasur qiz» degan she’rini Jayronaga bag‘ishlagan edi. Ministr qabulga yozilganlar ro‘yxatiga ko‘z tashlab, uning familiyasi yoniga «1» raqamini yozib qo‘ydi. Jayrona kirganda uni o‘rnidan turib kutib oldi. — Sizni bezovta qiladigan xizmatim yo‘q. Faqat yangi lavozim bilan tabriklagani keldim, — dedi Jayrona. Qabulxonada navbat kutayotganlar ko‘pligidan Jayrona uzoq o‘tirmadi. Ministr o‘sha hujjatlar biron ro‘yxatda qayd qilinganmidi, deb bo‘limdagilardan surishtirib ko‘rgandi, bunaqa hujjatlar yo‘qligini aytishdi. Ministr bu ishdan picha mulzam bo‘ldi. Hujjatlarning ro‘yxatda bor-yo‘qligi endi ahamiyatsiz. Ular o‘z vazifasini bajarib bo‘lgan. Lekin keyinchalik Luqmonovning shaxsini har taraflama bilish uchungina kerak bo‘lishini bilib, yana bir nusxasini olib kelgandi. — Manavi hujjatni ehtiyotlab saqlash kerak. — Jayrona sumkasidan kasseta olib, hujjatlar ustiga qo‘ydi. — Bu Luqmonovning shofyori leytenant Mardon Ro‘ziyevning obkom sekretari Mahkamovning huquq-tartibot organlari vakillari ishtirokida o‘tkazgan yig‘inda nihoyatda mahorat bilan aytib bergan hikoyasi. Boshqa nusxa yo‘q. Ko‘chirib olganingizdan keyin qaytib berasiz. Albatta, magnitofonga qo‘yib eshiting. Kino ko‘rgandek bo‘lasiz. — Luqmonov endi yo‘q. Ertalab... — Eshitdim, — dedi Jayrona. — Shuning uchun ham uning shaxsini to‘la aniqlash uchun bu hujjatlar kerak bo‘ladi, deb olib kelganman. Bugun tongotar mahali Luqmonov o‘zini otdi. Qo‘l ostida ishlagan tergovchilarga, qamoqxona soqchilariga bo‘ysunishni istamadi. Qamoqxonaning qanaqa bo‘lishini, u yerda qanaqa muomala qilishlarini boshqalar bilmasa ham, Luqmonov juda yaxshi biladi. Bir vaqtlar unga rahbarlik qilgan, ish o‘rgatgan ustozlari taqdir taqozosi bilan qamalganda, tergovni Luqmonovning o‘zi olib borgandi. Ularga qilgan beqiyos shafqatsizliklari esidan chiqmagan. Endi o‘sha begunoh insonlarga qilgan jabr-zulmlari «al qasosi minal haq» bo‘lib o‘ziga qaytmasmikin? Haqdanmi, nohaqdanmi qamalgan odamni faqat dushman, deb biladigan shogirdlari endi uning o‘ziga qandoq muomala qilishlarini biladi. Luqmonov qamoqqa olish to‘g‘risidagi orderni ko‘rdi-yu, kiyinib olish uchun ichkari uyga kirdi, chekkasiga pistolet tirab, ko‘zini chirt yumgancha tepkini bosdi. Ministrning yordamchisi hujjatlarni ro‘yxatdan o‘tkazib, qachon, qanday raqam bilan rasmiylashtirilganini ko‘rsatuvchi dalolatnomani opchiqib, Jayronaning qo‘liga berdi. — Kassetaga hujjat bermaysizmi? — dedi Jayrona. — Ertaga nusxa ko‘chirib olib, aslini o‘zingizga qaytarib beramiz-ku! — Sut ichib, og‘zi kuygan odam qatiqni ham puflab ichadi, deyishadi. Iltimos, unga ham dalolatnoma yozib bersangiz. Ministr yordamchisi raqamlangan dalolatnoma yozib chiqdi. Jayrona ministr bilan xayrlashar ekan: — Iltimos, menga bag‘ishlagan «Jasur qiz» she’ringizning sarlavhasi tagiga yozilgan «Mashhur razvedkachi kapitan Jayrona Hakimovaga bag‘ishlayman» degan joyini o‘chirib tashlasangiz. O‘zingiz bilasizku, bu gapni oshkor aytib bo‘lmaydi. Razzoqov ma’noli kulib: — Xotirjam bo‘ling, o‘zim ham tushunib qolib, o‘chirib qo‘yganman, — dedi. — Yana bir joyi bor, uni ham o‘zgartirsangiz, «Oting Jayron, o‘zing jayron, qaysi jayron naslidansan» degan misrani ham o‘zgartirsangiz... — She’rni yaxshi tushunarkansiz. Aslicha qolaversa ham borardiku, mayli, o‘zgartirib qo‘yaman, — deb va’da berdi shoir Akbariy. Ministr uni to birinchi qavatgacha kuzatib tushdi. Xayrlashish oldidan u bir gap aytdi: — Bir xushxabar bor. Sizga «Davlat xavfsizligi mayori» degan unvon berishibdi. Uni o‘zlari rasmiy vaziyatda e’lon qilishmoqchi. — Bilaman, — dedi Jayrona. — Kechasi komitetdagi qizlar telefonda aytishgan edi. Jayrona «Jiguli»ga o‘tirar ekan, tabiati juda ravshan edi. Birdan Tolibjonni ko‘rgisi keldi. Uning birdan-bir diltortar odami — shu Tolibjon. Og‘ir, bosiq, har bir gapni o‘lchab aytadigan bu odam ko‘pdan unga yoqardi. Ko‘nglining allaqayerida mehrmi, hurmatmi, yo muhabbatmi — bilib bo‘lmaydigan bir his yashardi. Bu baxtsiz, omadsiz yigitga nisbatan paydo bo‘lgan achinish, rahm-shafqat o‘rnini muhabbat deb atalmish bir tuyg‘u egallay boshlaganini ancha paytgacha sezmay yurdi. Mana, bugun besh kundirki, u Tolibjonni sevib qolganiga iqror bo‘ldi. Kechalari quloqlariga ovozi eshitilib turadigan, to‘g‘risiga o‘tirib olib ko‘ziga g‘amza bilan mastona boqadigan bo‘lib qolgandi. Biroq Tolibjondan sado chiqmasdi. Jayrona mashinani yo‘l chetida to‘xtatib, telefon budkasiga kirdi. Mehmonxonaga telefon qildi. Trubkani hech kim olmadi. Keyin u qaytib xiyobonni yarim doira aylanib, « O‘zbekiston» mehmonxonasi oldida to‘xtadi. Tolibjon majnuntol tagidagi skameykada gazeta o‘qib o‘tirardi. — Siznikiga kiramizmi yo biznikiga boramizmi? Biznikiga bora qolaylik. Ikkalamiz biron ovqat qilamiz. Gaplashadigan gap ko‘payib qoldi. Iltimos, biznikiga boraylik. Jayrona undan shunaqayam bir chiroyli iltimos qilardiki, erkalanib, tantiqlanib, ko‘zlarini suzib so‘rardi. Atayin shunaqa qilayotgani yo‘q edi. Tabiiy, o‘z-o‘zidan shunaqa bo‘layotganini bilmasdi. Tolibjon yo‘q deyolmadi. Tunov kuni uning uyiga borganda juda havasi kelgandi. Havo rang xalat ichida to‘lg‘anayotgan tanasiga, yelkalarida silkinib o‘ynayotgan yoziq sochlariga, shippakni oyoq uchiga ilib, xonadan-xonaga chopib o‘tishlariga mahliyo bo‘lib qolgandi. Beixtiyor ochilib qolgan yoqalarini yigishtirib tuzatayotgan paytda behayolarcha qarashdan o‘zini tiygan damlari tez-tez esiga kelib turardi. Tolibjon bu qizning butun xatti-harakatlari bilan, qilayotgan ishlari bilan, har bir aytgan gaplari bilan uning mungli hayotiga jindek bo‘lsa ham quvonch bag‘ishlashga urinayotganini sezib turardi. Bu qiz unga o‘zini fido qilayotgan edi. Buni Tolibjon chet ellarda uchrashgan paytlaridan biladi. Unda xotini, bolasi bor edi. Jayrona unga qanchalik mehr bilan qaramasin, u oilalik kishi bo‘lgani uchun ko‘ngil muvozanatini buzishni istamasdi. Endi-chi? Qaysi bir yozuvchi, parrandaning ham erkagi sayraydi, degandi. Tolibjon Jayronaning ayol boshi bilan sevgi izhor qilishini kutyapdimi? Tolibjon mashinada, uning yonida ketar ekan, shu bugun tilimning uchidagi gaplarni aytaman, deb ahd qildi. Uyga kelishdi. Ikkovi xuddi er-xotinlardek biri piyoz, biri go‘sht to‘g‘rab ovqatga unnashdi. Qozon boshida ham gaplari tugamasdi. Biri olib, biri qo‘yib gapirishardi. Shunda birdan Tolibjon o‘zini tutolmadi. Qo‘li beixtiyor Jayronaning sochlarini changalladi. Siladi. Jayrona unga monelik qilmadi. Engashgancha turaverdi. Shunda dasturxon ustiga Jayronaning ikki-uch tomchi ko‘z yoshi tushdi. — Tolibjon aka, — dedi u yoshli ko‘zlarini yashirib, — shu damlarni qachondan beri kutardim. Bilasizmi, ikki oydirki, yotsam ham, tursam ham ko‘z oldimdasiz. Men tengi qizlarning oldi to‘rt bolali bo‘ldi. Men umr bo‘yi kimnidir qidirdim. Endi bilsam, sizni qidirgan ekanman. Tolibjon ichki bir to‘lqin yuragidan surib chiqqan so‘zni aytdi: — Sizni baxtli qilolarmikinman? Jayrona bosh irg‘adi. To‘ziq sochlari yelkalarida yelpig‘ichdek selpinib bir bo‘lagi ko‘kragi ustiga tushdi. Chiroyli yelkalari ochilib, yomg‘ir yog‘ib o‘tgan chog‘dagi behizorning hididek yoqimli ifor, g‘alati, odamzodni mast qiladigan, hushini o‘g‘irlaydigan, qonun taqiqlab qo‘ygan taqdirda ham bir hidlamasa bo‘lmaydigan jannat bo‘yi anqib ketdi. Tolibjon o‘zini tutolmadi. Jayronaning beliga qo‘l yuborib o‘ziga tortdi. Ochilib turgan yelkalaridan, bo‘ynidan o‘pa boshladi... Tolibjon ertalab uyg‘onganda yonida Jayrona yo‘q edi. Yonidagi yostiqdan hamon o‘sha behi hidiga o‘xshash «jannat» bo‘yi kelib turardi. Tolibjon huzur qilib ko‘zini yumdi. Jayrona narigi xonada uni uyg‘otib yubormaslik uchun shippakni oyoq uchiga ilib yurar, nonushta tayyorlardi. Tolibjon ko‘pdan bunday huzur, bunday halovatni kechirmagandi. U shu topda xuddi tush ko‘rayotganga o‘xshardi. Oxiri o‘rnidan turdi. Yuvingani chiqib ketayotganida, Jayrona yelkasiga ohorli sochiq tashladi. Uning bu ishi ham Tolibjonning yuragini to‘lqinlantirib qo‘ydi. Jayrona nonushtaga quymoq qilgan ekan. Tolibjon maqtab-maqtab yeya boshladi. — Hali shoshmang, — dedi Jayrona. — Quymoq ham ko‘nglingizga tegar. Axir, men quymoqdan boshqa ovqatni bilmayman. Polufabrikat magazinidan muzlatilgan chuchvara, guvalacha qilib tayyorlangan kotlet, yog‘li xamir, cho‘zib qo‘yilgan lag‘monlarni opkelib pishirib yurgan odamman. Osh damlashniku, mutlaqo bilmayman. Palov erkaklar ishi, deyishadi, to‘g‘rimi? Tolibjon og‘zida quymoq bo‘lganidan gapirolmay, bosh qimirlatib tasdiqlab qo‘ydi. — Undan keyin-chi, Tolibjon aka, pirog, tort tayyorlashni bilaman. Ichingizda o‘ylayotgandirsiz, hech baloni bilmas ekan, deb. Men bechora bunaqa narsalarni qaydan bilay. Detdomda o‘sdim. Institut yotog‘ida umrim o‘tdi. Qolgani yurtma-yurt kezish... Tolibjon unga allaqanday mehr bilan qaradi. Jayrona buni sezdi. — Demak, ta’na qilmaysiz. Agar siz xohlasangiz, kulinariya kursiga kirib o‘qiyman. Azbaroyi sizga yoqadigan ovqatlarni o‘rganish uchun. Tolibjon mehr-muhabbat aks etib turgan ko‘zlariga boqib, goh qoshlarini kerib, goh chimirib, goh lablarini go‘daklarcha cho‘chchaytirib, entikib-entikib gapirayotgan kelinchakning oftobli kunlari ko‘p bo‘lishi uchun jonu jahonini sarf qilishga ham tayyor edi. Shu tariqa ularning taqdiri bog‘landi... Baxtli damlar ko‘z ochib yumguncha o‘tib ketadi. Tolibjon bilan Jayrona bir-birlarini yalab-yulqab, asal oyining bir haftasini o‘tkazib yuborganlarini bilmay qolishdi. Endi u yoq-bu yoqdan, dunyoning ishlaridan ham gaplashib o‘tiradigan vaqt keldi. Kechqurun televizor ko‘rib o‘tirishganda, Jayrona yarim hazil, yarim chin qilib, siz kurashga yaramas ekansiz, bitta zarbadayoq gangib qolar ekansiz, dedi. Tolibjon hayron bo‘ldi. Undan bunaqa ta’nani kutmagandi. Qachondir, kimdir aytishi kerak bo‘lgan bu gapni Jayrona aytdi-qo‘ydi. — Meni kechiring, Tolibjon aka. Siz bilan taqdirim bog‘landi. Endi hayotingizga befarq qarolmayman. Ertami-indin Moskvaga ketaman. Tolibjon aka, bunaqa bo‘shashmang. Bo‘lgan gaplarni qog‘ozga tushiring. Moskvaga olib ketaman. — U gaplar eskirib ketdi, — dedi Tolibjon. — Yo‘q, yo‘q, unaqa demang. Tolibjon aka, siz yana orqaga chekinyapsiz. Siz to o‘z mavqeingizni tiklamas ekansiz, bu ish eskirmaydi. Siz bo‘shashmang. Paxta zavodlarida muttahamlik bilan yig‘ib qo‘yilgan paxtalarni kolxozlarga sotishlari, muzlagan ko‘saklarni changallab tergan kolxozchilarning haqiga xiyonat qilayotganlari to‘g‘risida, qo‘shib yozib plan to‘ldirayotganlar haqidagi hujjatlar bilan tanishib chiqdingiz. Ana shularni bila turib indamaslik jinoyat emasmi?! Tolibjon aka, shularni Moskvaga xabar qilaylik. Tolibjon bosiqlik bilan dedi: — Hozir bu gaplarni Moskvaga xabar qilib bo‘lmaydi. Jayrona sapchib o‘rnidan turib ketdi. — Yana lanjlik qilyapsiz, Tolibjon aka. Nima uchun kurashdan o‘zingizni olib qochasiz? Tolibjon Jayronaning qo‘lidan ushlab o‘tqazmoqchi bo‘ldi, Jayrona siltanib nari ketdi. — Siz hozir bu bo‘shashgan odamga ko‘ngil qo‘yib chakki qilgan ekanman, deb o‘ylayotgan bo‘lsangiz kerak. Agar siz aytgandek qilib yozib yuborsak, xalqimizga jabr qilgan bo‘lamiz... Jayronaning qoshlari kerildi. Jahl bilan, «Bu nima deganingiz», deya achitib gapirdi. — O‘zingiz bilib turibsiz, Gdlyan bilan Ivanov boshliq shafqatsiz tergovchilar yuzlab odamni qamab boylik talab qilyapdilar. Biz yubormoqchi bo‘lgan hujjat yana qanchalab odamlarning qamalishiga sababchi bo‘lishi mumkin. Shuning uchun bu masalada ehtiyot bo‘lishimiz kerak. Jayrona bo‘shashdi. Tolibjonning oppoq sochlariga tikilib qoldi. Asta qo‘l cho‘zib, uning tashvishlarda, ayriliqlarda, azoblarda oqargan sochlarini silay boshladi. — Men masalaning bu tomonini o‘ylamagan ekanman. — Hali yoshsiz-da, — dedi kulib Tolibjon. — Siz yosh, deb aytayotgan xotiningizning dunyoga kelganiga ertaga qirq yil toladi. Bilasizmi, Tolibjon aka, yosh xotinlar eriga hokimlik qilishni yaxshi ko‘radilar. Chidaysiz-da. Leytenant Ro‘ziyev mahorat bilan aytib bergan hikoyasining qog‘ozga tushgan nusxasini ruschaga tarjima qilib berasiz. O‘zim mashinkadan chiqazib, Moskvaga olib ketaman. Luqmonov o‘likxonada yotibdi. Uning masalasi hal bo‘lgan. Ammo Mirvalini oxirigacha fosh qilishim kerak. — Hoziroq tarjimaga o‘tiraman, bir-ikki soatda aytganingizdek qilib beraman, — dedi Tolibjon Jayronaning qat’iyligidan mamnun bo‘lib. — Ertalab tarjima qilasiz. Hozir mashaqqat bilan yetishgan shu baxtli damlarimizning gashtini suraylik. Siz boya ta’riflaganingiz kabi o‘n sakkiz yoshga kirganimda, go‘yo bundan buyon ham shu o‘n sakkiz yoshingda qimirlamay o‘tiraverasan, yillar o‘tadi, umr ketadi, sen o‘n sakkizda turaverasan, deb buyurilgandek. Tabiatning mutlaqo o‘zgartirib bo‘lmas qonunlari bor-ku, axir. Unga o‘chakishib bo‘lmaydi. Agar men shu alpozda ketaversam, erkaklab ketaman. Ayollik latofati ham, ayollik nazokati ham o‘ladi. Agar yana biron yil kechiksam, dunyodagi eng baxtsiz ayollarning biri bo‘lib qolaman. Ya’ni bola ko‘rish baxtidan mahrum bo‘laman. Men sizga o‘tda kuygan o‘g‘lingiz o‘rniga o‘g‘il tug‘ib berishim kerak. Shuni yaxshi bilingki, kech erga tekkan qizlar bitta tuqqandayoq shalvirab, birdan qarib qoladi, yuzlariga dog‘lar tushadi, o‘rgimchak to‘ridek ajinlar tushadi. Sochi ham oppoq paxtadek bo‘lib qoladi. Siz shunday xotin bilan yashay olasizmi? Ko‘nglingiz sovib qolmaydimi? Tolibjon uning nima deyayotganini tushundi. Uni bag‘riga bosib, sochlarini siladi. — Yaxshilab qarang. sochlarimga oq oralab qopti. Bu umr qirovi. Xudo harakatingni qilib qol, deb ogohlantiryapdi... Xudo o‘n sakkiz yoshda to‘xtatib qo‘ygan to‘siqni olib tashladi, shekilli. Go‘yo to‘xtab qolgan soat birdan chiqillab yurib ketdi. Endi uni to‘xtatib bo‘lmaydi. Bu nima? Baxtmi, baxtsizlikmi? Baxt tomonga ochilgan oxirgi yo‘l. Shu yo‘lni ikkovimiz birga, inoq, totuv bosib o‘tishimiz kerak... Ikkovi alla-pallagacha bir-birini yalab, yulqab o‘tirishdi. Gaplashmagan gaplari qolmadi. Jayrona bolalik yillarini esladi. Ota-onasining yuzi, ko‘zi qanaqa ekanligini eslayolmaganidan ko‘z yosh ham qilib oldi. Ularning suvrallari ham qolmagan. Uning na akasi, na opasi, na ukasi, na singlisi bor. Juda kichkina qizaloq paytidan bolalar uyida tarbiyalanadi. Bolalarning uzoq-yaqin qarindoshlari yo‘qlab kelganda u bir chekkada mung‘ayib, o‘ksib o‘tirardi. Jayrona erining issiq bag‘rida halovat topgandek, uxlab qoldi. U ko‘zini ochganda, Tolibjon yonida yo‘q edi. Soatiga qaradi. Beshdan oshibdi. Xalatini yelkasiga tashlab, zal uyga chiqayotganda Tolibjon bilan to‘qnashib ketdi. Tolibjonning qo‘lidagi choynakdan sapchigan choy uning ko‘ksiga to‘kilishiga oz qoldi. — Biron joyingiz kuymadimi? — Hechqisi yo‘q. Birov nima bo‘ldi, deb so‘rasa, erdan kuygan xotinman, deb qo‘ya qolaman. Tolibjon uning haziliga tushundi. — Topshirig‘ingizni bajarib qo‘ydim. Bilmadim, sizga yoqadimi yo‘qmi. Har qalay o‘rischaga sizchalik usta emasman, — dedi Tolibjon mamnun ohangda. — Endi siz ham ozroq mizg‘ib oling. Turguningizcha manavini mashinkada ko‘chirib qo‘yaman. Yo‘q, demang, xotinning gapiga er darrov xo‘p deyishi kerak. Tolibjon, xo‘p, xo‘p dedim-ku, deb yotoqqa kirib ketdi. Jayrona leytenant Mardern Ro‘ziyevning hikoyasini mashinkada bosib bo‘lguncha tong otib, yuqori qavatdagi uylarning derazasiga oftob tushgan, o‘qishga boradigan bolalarning ovozlari, bog‘chaga borishi kerak bo‘lgan bolachalaming injiqliklari, onalarining ularga yalinishlari eshitila boshladi. Eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi. Jayrona kim bo‘ldiykin ertalabdan kelgan. deb eshikni ochdi. Yon qo‘shnisi — oltmishlarga kirgan xotin qo‘lida bir dasta gul, karton qutida tort va yelim xaltada nimalarnidir ko‘tarib turardi. — Kecha kechqurun bir odam berib ketdi. Ichkariga kiring, desam, ko‘nmadi. Ehtiyot bo‘ling, xalatingiz ho‘l bo‘lmasin. Guldastani suvli paqirga solib qo‘ygandim. Jayrona unga minnatdorchilik bildirib, sovg‘alarni oldi. Qo‘shni xotin ketishi bilan yelim xaltani titkilay boshladi. Undan juda ham chiroyli guldor konvertni oldi. Shoshib o‘qiy boshladi. «Qizim, qirq yoshing muborak bo‘lsin...». Bu oqsoqol otaning tabrik xati edi. Shu odam uning birdan-bir mehriboni. Ham otasi, ham ustozi. O‘n to‘rt yoshidan uning tarbiyasida bo‘ldi. Ota-onasi yo‘q, endi o‘n to‘rt yoshga kirgan bu yetimchani u o‘z tarbiyasiga oldi. Hatto chet ellarda ham uni o‘zi bilan olib yurdi. Jayronaning ko‘zlaridan yosh quyilib kelardi... U qirq yoshga kirganimda tabriklaydigan yor-jo‘ralarim, dugonalarim yo‘q, deb o‘ksigan edi. Tongga yaqin telefon zarb bilan jaranglab uyg‘otib yubordi. Jayrona xalatini ham kiymay, shoshib narigi xonaga chiqib ketdi. Qandaydir jiddiy bir voqea yuz berganga o‘xshaydi. Davlat xavfsizligi qo‘mitasining telefoni shunaqa «trevoga» signaliga o‘xshash ovoz chiqarardi. Tinchlikmikin, ishqilib. Jayrona kim bilandir gaplashardi. Xuddi birov eshitib qolishidan hadiksirayotgandek, past ovozda, qisqa-qisqa, uzuq-yuluq, eshitgan odam aslo tushunolmaydigan qilib gaplashardi. Jayrona trubkani joyiga qo‘yib, yotoqqa kirdi, karavot chetiga o‘tirib, hurpayib oldi. Hali tong otmagan, deraza orqasi qorong‘i edi. — Kim ekan, bemahalda telefon qilgan? — dedi Tolibjon. — Qo‘mitadagi navbatchi dugonam, — dedi Jayrona. — Tinchlikmi? — Yangi ministrimiz Akbar Razzoqovni gdlyanchilar qo‘liga kishan solib olib ketishibdi. Oqsoqol otam zudlik bilan orqamaorqa Moskvaga uchib ketibdilar. Uch kundan keyin Tolibjon Jayronani Toshkent aeroportida Moskvaga kuzatib qo‘ydi. Shu bilan kelin-kuyovning asal oyi poyoniga yetdi. Tolibjonning tanidagi bir necha yillardan beri hukm surib kelayotgan mudroqlik tarqay boshladi. Uning yashagisi, shu paytgacha yo‘qolgan yillarini qayta tiklagisi kelardi. U hali tong yorishmay turib, g‘ira-shira qorong‘ida trusichan bo‘lib baland qavat uylar atrofida yuguradi. Shunday tongi yugurishlarda u hovlidagi skameykada mudrab o‘tirgan bir kishiga ko‘zi tushdi. Juda tanish tuyuldi. Qayerda ko‘rgan ekanman, deya o‘ylab liftda oltinchi qavatga ko‘tarildi. Endi uyga kirishi bilan esladi. Bu ko‘ziga tanish ko‘ringan odam Mirvalining maxsus soqchisi Nasim. Ertasiga yana yugurib qaytayotganda xuddi o‘sha skameykada qotmagina bir yigitni ko‘rdi. U oltinchi qavat derazasidan ko‘z uzmasdi. Tolibjon uni ham tanidi. U Ja’far edi. Mirvali raqiblarini mana shularning qo‘li bilan yo‘q qiladi. Tolibjonning miyasiga yarq etib bir gap keldi: ular Jayronaning joniga qasd qilib kelganlar! Tolibjonni vahm bosdi. Jayronani qanday qilib ogohlantirish mumkin? Zora o‘zi Moskvadan telefon qilib qolsa. Tolibjon derazadan qaradi. Skameykada Nasim polvon bilan Ja’far gaplashib o‘tirishardi. Ular Jayronaning Moskvaga ketganidan bexabar bo‘lsalar kerak. Uydan chiqishini kutishyapdi. Kecha va bugun Tolibjon ular oldidan o‘tganda unga e’tibor berishmadi. E’tibor berganlari taqdirda ham tanisholmasdi. Odam kiyim bilan odam. Yarim yalang‘och odamni tanib olish oson emas, albatta. Tolibjon chiroq yoqmay, boloxonadan pastga qaradi. Skameykada sigaret cho‘g‘i yiltirardi. Demak, ular ketishmagan. Kutishyapdi. Ularto Jayronani biryoqlik qilmaguncha Mirvalining ko‘ziga ko‘rinisha olmaydi. Mirvali bitta gapiradi. Bir gapni ikki marta qaytarmasdi. Aytganini qilmaganlarning holiga voy edi. Ana shuning uchun ham kelgan yigitlarning biri uxlaganda, ikkinchisi uyg‘oq, yo‘1 poylab o‘tirardi. Tolibjonning ko‘zi ilingan ekan, telefon jiringlashidan uyg‘onib ketdi. Tumbochkadagi soat uch yarimni ko‘rsatib turardi. Tolibjon trubkani oldi. Bu Jayrona edi. Moskvaga yaxshi yetib borganini, Rais bilan uchrashganini aytdi. Bo‘lgan gaplarni telefonda aytish mumkin emasligini Tolibjon tushunardi. Shuning uchun ham nima deyishdi, deb so‘ramadi. Faqat qachon qaytishini so‘radi. Jayrona ertaga ikkinchi reys bilan uchib kelishini aytib, malol kelmasa, kutib olsangiz yaxshi bo‘lardi, yuklarim ko‘p, yotoqdagi toshoyna tortmasida «Jiguli»ning kaliti bor, aeroportga minib chiqing, deb iltimos qildi. Uning bu gapi Tolibjon uchun ayni muddao edi. Tolibjon bu yerda unga suiqasd tayyorlanayotganini aytmadi. Jayrona ovqatdan qiynalayotganingiz yo‘qmi, deb so‘radi. Keyin, sizga ajoyib plashch oldim, Finlyandiyaniki, dedi. Tolibjonga umrida birov biron nima olib bermagan edi. Esini tanibdiki, ishlab kam-ko‘stini o‘zi qiladi. Studentlik yillarida dam olish kunlari mardikor bozoriga chiqardi. Kechqurunlari maktabda qorovullik qilardi. Uncha-muncha rassomlikka qo‘li kelishganidan, yaqin kolxozlarga chiqib, klublami bezar, shiorlar yozib choychaqa ishlardi. U umrida birinchi marta, senga palon narsa oldim, degan gapni eshitishi edi. O‘pkasi to‘lib, ko‘zlaridan yosh chiqib ketdi. Jayrona keyin nima dedi, eslolmadi. Tolibjon hiqillab trubkani joyiga qo‘ydi. Pastda, qorong‘ida hamon sigareta cho‘g‘i yiltirardi. Mirvali charchagan edi. U endi dam olish uchun yotoqqa kirib ketayotganda Abdulaziz uni to‘xtatdi. — Xo‘jayin, eshitdingizmi, Tolibjon tog‘a olamdan o‘tibdilar. — Shunaqami, — dedi Mirvali orqasiga o‘girilib. — Qachon? Mirvalining bu gapdan xabari bor. Lekin go‘yo endi eshitayotgandek tutdi o‘zini. Aslini olganda, bu "operatsiyaga" uning o‘zi chetdan turib rahbarlik qilgandi. Befahm yugurdaklari Jayrona o‘rniga Tolibjonni otib qo‘yishgan edi. — Agar janozaga ketayotgan bo‘lsangiz meni ham olib ketasizmi... Tolib tog‘a ko‘p yaxshi odam edilar... Uning janozadan ham «zarur ishlari» ko‘p edi. U mashina yoniga keldi. Iltijo bilan qarab turgan Abdulazizga: — Sen shu yerda qol. Tolib o‘lib ketdi. Janozaga kelgan-kelmaganingni bir bilmaydi. Zina chetida o‘zini oftobga solib, hurpaygan baroq mushukka yomon qarash qildi. Ko‘nglida, shu mushuk ham payti kelib Asqaralining kunini boshimga soladi, suyaklarimni g‘ajiydi, deb o‘yladi. Uni kuchining boricha tepdi. Mushuk hovlining o‘rtasiga borib tushdi. Mirvali ketdi. Abdulaziz orqasidan o‘ksib qarab qoldi. Mirvali kelganda janozaga odam to‘planib bo‘lgan edi. U mashinadan tushishi bilan tumonat ikkiga ayrilib, unga yo‘l ochdi. Yoshlar chetga chiqishdi. Keksalar qo‘l qovushtirib, salom berishdi. Hamma jim. Mirvali eshik oldida turgan Nasim polvon bilan Ja’farga xunuk bir qarash qildi. Ikkovi ham ko‘zini yashirolmay qolishdi. Ichkaridan Zaynabning faryod urib yig‘lashi eshitilardi. — Ro‘shnolik ko‘rmagan akaginam! Yorug‘ jahondan nom-nishonsiz ketgan akaginam! Mirvali hovliga yuragi betlamayroq kirdi. Onasi ayvonda tebranib-tebranib o‘tiribdi. Supa labida Jayrona boshini ikki kafti orasiga olgancha qimirlamaydi. Yelkasi muttasil silkinadi. Uning o‘ng qo‘li tirsagigacha doka bilan tang‘ilgan. Zaynabning sochlari to‘zg‘ib ketgan. Ikki tizzasiga telbalarcha shapillatib urib, hovlining u boshidan-bu boshiga dodlab borib keladi. Eshikdan kirib serrayib turgan Mirvalini ko‘rdi-yu Zaynab unga o‘zini otdi. — Voy, Mirvalijon aka, jigarimdan judo bo‘ldik! Yonginangizda savlat to‘kib yursa bo‘lmasmidi! Endi nima qilasiz, bittagina suyanchig‘ingiz ham tashlab ketdi! Bu dunyodan ro‘shnolik ko‘rmay ketdi... Mirvali nima deyishini bilmasdi. Uning diydasi qattiq, unchamunchaga ko‘ziga yosh kelmasdi. — Bo‘ldi, bo‘ldi, singlim. O‘zingni tut. Bir o‘lim hammamizning ham boshimizda bor. Mirvalining ovozini eshitib, Jayrona boshini ko‘tardi. Unga shunday qaradiki, Mirvali bir qadam orqaga chekinganini o‘zi sezmay qoldi. Jayronaning ikki ko‘zidan o‘q otilib, uning ko‘ksiga qadalgandek edi. Mirvali uning bu qarashiga tob berolmadi. Ko‘zini olib qochdi. Mirvali burilib, ko‘cha tarafga qarab yurarkan, to‘xtadi. — Zaynab, kam-ko‘sting bo‘lsa, tortinmay ayt. Nimang kam, nima kerak? Zaynab uning gapiga quloq solmay, yana dod solganicha u yoqdan-bu yoqqa asabiy borib kela boshladi. Mirvali tashqariga chiqdi. O‘tirgan chollar yana o‘rnilaridan turishdi. U qo‘l siltab, o‘tiraveringlar, degan ishora qilsa ham chollar hassaga ko‘krak qadab turaverishdi. Mirvali ular qatoriga borib o‘tirmay, mashinasi tomon ketdi. Nasim bilan Ja’far unga ergashdi. U mashina eshigini ochib, ratsiya turbkasini ko‘tarib yana joyiga tashladi. Gunohkorona qo‘l qovushtirib turgan Ja’far bilan Nasim polvonga yevorgudek o‘qrayib qaradi. — Sen ablahlarni kindigingdan otish kerak. Ikkovingni ham paymonang to‘lganga o‘xshaydi. Menga pand berishdan boshqaga yaramay qoldilaring. Ja’far beti qattiq, andishani bilmaydiganlardan edi. Mirvalining ishonchiga kirdim, nimani xohlasam qilaveraman, deb o‘zini qo‘yib yuborgan edi. — Endi, bizda nima ayb, xo‘jayin? Kechasi, hammayoq qorong‘i bolsa. Yurib turgan mashinadagi odamni mo‘ljalga olish oson bo‘ptimi? Nasim polvon gapga aralashdi: — Mashina uch marta to‘ntarildi. Ikkovi ham tamom bo‘ldi, deb o‘ylagan edik. Anavi xotinning joni qattiq ekan, hech balo bo‘mapdi. Uning gapini Ja’far ilib ketdi: — Ularning «Jiguli»sini aeroportdan kuzatib keldik. Ikki mashina bilan o‘rtaga olib siqib kelaverdik. Bir tomondan Nasim aka, bir tomondan men mashinani yondoshtirdik. Ikki marta tepki bosdim. Rulda xotini edi. Erkagi yelkasi bilan to‘sib qoldi. O‘qning ikkovi ham o‘shanga tegibdi. Mashina tramvay yo‘ligachiqib ketdi, stolbaga qarsillab urilganini bilaman, bir mahal qarasam, dumalab katta yo‘l o‘rtasiga yonboshi bilan tushdi. Ko‘chada hech kim yo‘q. Soat to‘rtlardan oshgan. Biz Tekstil kombinati oldidan o‘tayotganimizda GAIning patrul mashinasi o‘sha tomonga ketayotgan edi. Nasim aka bilan biz beton yo‘lga chiqqandan keyin uchrashdik. — Ikkovi ham tamom bo‘ldi, deb o‘ylagandik, — dedi yana Nasim polvon. — Ablahlar! O‘lishi kerak bo‘lgan xotin shu yerda, ichkarida o‘tiribdi. Agar senlarni tanib qolsa, tamom. Ikkovingniyam urnring turmalarda o‘tadi. Kim biladi, balki peshonalaringdan otar. Nasim polvon sergaklandi. — Bizni tanimaydi. Kechasi qorong‘i edi. Biz tomonga qaramagan. O‘lay agar, tanimaydi. — Shu yerda bo‘lsa tinchitib qo‘ya qolaylik, — dedi Ja’far dadillanib. — Yo‘q, — dedi Mirvali. — Endi unga tegib bo‘lmaydi. Ko‘zimdan yo‘qollaring. Agar shu xotinga bir balo bo‘lsa, ikkovingni ham yo‘q qilib yuboraman. Obkom kotibi Mahkamov janozaga yig‘ilganlarga Toshkentdan Tolibjonning bir guruh do‘stlari, Asvon to‘g‘onida, Livanda, Mozambikda unga hamroh bo‘lgan — Tanzaniya va Tanganika prezidenti Julius Teryere nomidagi ordenga musharraf bo‘lgan paxta ustasi Shone’mat Abbosov, Tashqi ishlar vazirligi hamda Jayrona mansub bo‘lgan qo‘mita xodimlari Tolibjon bilan vidolashishga kelishayotganlarini aytdi. Ular uch yarim scatda yetib kelishlarini, shu sababdan janoza peshin namozida emas, namozi asrda o‘qilishini bildirdi. Mirvali ko‘zida yosh bilan soatiga qaradi. Janozaga hali to‘rt soatdan ortiq vaqt borligi sababli boshqa «zarur» ishlarini bitkazish uchun birlashma tomon ketdi. U mashinaga o‘tirishi bilan o‘zi istagan vaqtida mijjalarida paydo bo‘ladigan ko‘z yoshini artib tashladi. Toshkentdan yo‘lga chiqqanlar hali oftob o‘chmay, Yetimqishloqqa kirib kelishdi. Qabristonda elektr bo‘lmaganidan qorong‘iga qolib ketmaslik uchun vakillar nomidan bir kishiga so‘z beradigan bo‘lishdi. Zaynablar hovlisi odamga to‘lib ketdi. Kampir enani ko‘tarib so‘riga olib chiqishdi. Motam mitingini shu bugun Moskvadan yetib kelgan Oqsoqol ota ochib, Tolibjonning ibratli va lekin fojialaiga to‘la umryo‘lini gapirib, Tolibjonga uzoq yillar chet ellarda hamroh bo‘lgan, uning hayotda kechirgan hamma yaxshi-yomon kunlariga shohid bo‘lgan paxtakor Shone’mat Abbosovga so‘z berdi. Oqsoqol ota Jayrona oldiga kelib, unga sekingina Razzoqov nomidan ta’ziya izhor qildi. «Ishlari yaxshi. Hozir davolanyabdi. Ikki kundan keyin ishga chiqadi», dedi. — Tolibjon ona yurtini jonidan sevardi,— dedi marhumning qadrdoni, paxta ustasi Shone’mat Abbosov. — Yigirma yil vatanidan olisda yashadi. Yigimia yil vatanga talpinib yashadi. U o‘zbek xalqining barcha xususiyatlarini ongiga, joniga, butun vujudiga singdirgan, o‘zgalar havas qilsa arzigulik bir millat o‘g‘loni ekanini namoyish qilgandi. Abbosov gap orasida qo‘shni tomorqasida bo‘y cho‘zgan qora terak uchiga tez-tez qarab qo‘yardi. Terak uchi botayotgan quyoshning so‘nggi nurida shamdek yonib turibdi. Mirvali kirdi. Kirganini hamma ko‘rdi. Uning ikki ko‘zi jiqqa yosh edi. Abbosov so‘zini davom ettirdi. — Tolibjon Usmonov irodasi kuchli, imoni butun, sabrli, bardoshli, sog‘lom, baquvvat, do‘stga do‘st, yovga yov, jasur yigit edi. Mozambikda vabo xuruj qilganda u bilan birga edim. Yigirma yil musofirchilik dard-alamlarini birga tortgan jufti haloli olovda yonayotgan fojeiy daqiqalarda Tolibjonning yonginasida edim. Vabodan o‘lganlar murdasiga benzin sepib yondirishganlarini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib turgandik... Bu chinakam dahshat edi. Inson bolasi ko‘rib, chidab turolmaydigan fojia namoyishi edi. Bu gaplarni hayajon bilan eshitib o‘tirgan kampir ena faryod urib yubordi: — Bolamga o‘q otgan qo‘llaring akashak bolsin, iloyim. Uylariga o‘t ketib xonavayron bo‘lsin. Qo‘ydek yuvosh bolam kimga yomonlik qilgan ekan? Hoyo ikki ko‘zi oqib tushsin o‘sha dajjolning. Omin! Hamma barobar «Omin» dedi. Abbosov so‘zini yakunladi: — Do‘stim, qadrdonim, qabringda tinch yot. Sening nurli xotirang hech qachon unutilmaydi. Alvido! Alvido, jigarim. Tolibjonning tobutini yelkaga olishganda. Erali odamlarning hay-haylashiga qaramay, mozorboshiga Qora Baxmalni yetaklab ketdi. Eralining soppa-sog‘ paytlari edi. U Tolibjonga boshidan o‘tkan savdolarni, frontda yaralanib gospitalga vagonda olib ketayotganlarida oti orqasidan ergashib, tezlab ketgan poyezddan qolib ketganini, necha oylab dengizlarni yoqalab, daryolarni kechib, cho‘lu biyobonlarda sarson bo‘lib uyni topib kelganini, shu ot yo‘l chetlariga Mirvali aldirin degan zaharli dori septirgan o‘tni yeb qiynalib, azoblarda to‘lg‘onib o‘lganini, bir otini o‘g‘rilar olib qochganini gapirib berganida uning otiga ham, o‘ziga ham Tolibjonning mehri tushgandi... Fayzsiz kuz kunlarining biri edi. Oyoq ostida xazonlar shitirlaydi. Daraxtlaming yalang‘och novdalari botayotgan quyosh alangasida cho‘g‘day qizdirilgan sonsiz simlarga o‘xshab ketadi. So‘qmoqlar huvillab qolgan. Cho‘qqilarda haykaldek qotgan burgutlar xuddi sovuqdan qunishib qolganga o‘xshaydi. Etni junjiktiradigan achchiq kuz shamoli o‘ngirdan chiqib ketolmay, xazonlarni chirpirak qilib aylantiradi... Yetimqishloq juda balandlikda. Bu joylarga kuz ham, qish ham erta keladi. Pastlikda bog‘lar hali ko‘m-ko‘k. Bu joyda shamol xazon supuradi. Fayzsiz kuz kechida Tolibjonni so‘nggi «makoniga» olib ketishdi. Zaynabning bolalari unga farzand bo‘lib, bel bog‘lab, tobuti oldida borishardi. Ayollar tobut ketidan bormasdilar. Jayrona qancha tavallo qilmasin, uning mozor boshiga borishiga ko‘nmadilar. Ostonada qon qaqshab qoldi. Kampir hamon ayvonda pichirlab tebranib o‘tirar, har zamon har zamon ovoz chiqazib, gapirib qo‘yardi: — Men ketsam bo‘lmasmidi? Axir, bu dunyoda mening ishim bitgan-ku! Men yaramas, kimlarni umrini yashayapman? E xudo, yoshlarga tegma. Mana, meni jonimni ol! Shu Tolibginaning boshini ikki qilsam, bolasini ko‘tarsam, deb yurgandim. To‘ylar ko‘rmay, kelin ko‘rmay, kuyov ko‘rmay ketgan bolam-a! Vo darig‘, muncha qahring qattiq, xudo! Mirvali karaxt edi. U tobut ketidan hech kimga qaramay borardi. U Tolibjonning qanchalab ta’nalarini tishini-tishiga qo‘yib eshitgandi. Shunda ham g‘iring deb og‘iz ochmagandi. Birdan-bir rost gapni aytishga, ta’na qilishga jerkib berishga Tolibjonninggina haqqi bor edi. Mirvali, Tolibda mening yoshligim yashaydi, umrimning eng yaxshi bolagi shu yigilning ko‘ksida qolgan, derdi. Ba’zan Tolibjon unga, u ishing undoq, bu ishing bundoq, deganda ham yana gapir, aytaver, sendan boshqa hech kim menga haq gapni aytmaydi, derdi. Mirvali u bilan oxirgi marta uchrashganda aytgan gaplari shundoqqina quloqlarida jaranglab turibdi. — «.. Yo‘lning oxiriga borib qopsan, undan uyog‘i tubsiz jarlik, hech bolmaganda o‘n yil oldin uchrashganimda ham seni bu yo‘ldan qaytarardim. Endi kechikdim. Sen qidirib borganingda meni topolmaysan, men qidirib kelganimda seni topolmayman...». Hozir ostonada yig‘lab qolgan Jayrona uning eng dahshatli kushandasi. Afsuski, uni hech narsa qilib bo‘lmaydi. Ayniqsa, azim tog‘larni bir musht bilan talqon qilaman, degan Mirvali shu birgina ojiza, avol kishi oldida qo‘li qisqa, nochor odamga aylanib o‘tiribdi. Endi Mirvalining bundan keyingi hayoti shu ayolning qo‘lida. Uni na pulga sotib olib bo‘ladi, na do‘q-po‘pisa bilan tilini tiyib boiadi. Na uni yo‘q qilib bo‘ladi. Mirvali o‘z o‘ylari bilan bo‘lib qabristonga yetganlarini bilmay qoldi. Hech kim uning yuziga qarashga botinolmasdi. Qodirov motam mitingida ko‘rinmagan edi. U montyor boshlab kelib qabristonga sim torttirib, uch joyga lampochka qo‘ydiribdi. O‘pirilgan bir go‘r ustida Mirvalining surati. Uni o‘zi ham ko‘rdi. Mirvalining ko‘nglidan odamlar meni oldiga chiqarib qo‘yishibdiku, degan alamli bir o‘y o‘tdi. Kuch bilan o‘zini tutdi. Kimdir suratni olib irg‘itib yubordi. Surat boshqa go‘r ustiga tushdi. Tolibjonni tuproqqa qo‘ydilar. Toshkentdan yozdirib kelingan marmar toshni qabr ustiga omonatgina o‘rnatishdi. Tashkilotlardan kelgan qora lenta o‘ralgan gulchambarlarni go‘r tepasiga qo‘yishdi. «Qaynar» masjidining imomi tilovat boshladi. Undan keyin «Yakka chinor» masjidining mutavallisi davom ettirdi. Odamlar tizza bukkancha bosh egib o‘tirardilar. Quyosh botib bo‘lgan, faqat cho‘qqilar uchigina laxcha cho‘g‘dek qizarib, qabristonga alvon tuman purkagan shomi g‘aribonda Tolibjonni tuproqqa qo‘ydilar. Bu joylarga jimjitlik qidirib kelgan Tolibjon dunyo tashvishlaridan, yovuzlar ta’qibidan, omadsiz o‘tgan umridan qutulib, so‘ngsiz jimjitlik bag‘riga singib ketdi. Mirvali qabristondan qaytishda kampirning oldiga kirmadi. Jayrona bilan yuzma-yuz kelishga yuragi dov bermadi. Umrida birinchi marta ayol kishining ko‘ziga qarashdan qo‘rqdi. Mashina oldida kutib turgan Ja’farga, Nasim polvonga g‘azab bilan qaradi. Ikkovining yuziga alam bilan tupurdi-yu, mashinani yurgizib ketdi. U odamlardan, hozirgina ko‘hna golr tepasida qolgan suratidan, Jayronadan, kampir enasidan, Zaynabdan, sho‘xliklari, shumliklari o‘tgan qadrdon hovlidan qochayotgan edi. Zaynab hamon faryod urib, hovlining u boshidan bu boshiga borib kelardi. Kampir tebranib, tebranib, nimalardir deb pichirlaydi. Jayrona qirq yil deganda topgan baxtidan judolik iztirobida qovurilardi. Kampir boshini ko‘tarib Zaynabga qaraydi. — Bas qil, hozir akaginangni tuproqqa topshirishyapdi. Yuragimni ezib aytib yig‘layverma. — Kimga aytyapman? Jayrona kelinni chaqir. Uning gapini eshitgan Jayronaning o‘zi qaynonasining oldiga keldi. Uning kelib o‘tirganini so‘ri qimirlaganidan sezgan kampir uni bag‘riga tortdi. — Chida, chida, bolam. Bu dunyo o‘zi shunaqa. Jayrona ona bag‘rida erkalanmagan, ona mehrini ko‘rmagan edi. Hiqillab yig‘lab yubordi. Kampir uni eti qochib, faqat teriyu ustuxondan iborat ko‘ksiga bosib, yelkalarini, boshlarini siladi. Jayronaning qaynoq tanasi onaning ko‘ksini ilitgandek bo‘ldi. Issiq nafasi dimog‘iga urildi. — Voy, bolam, — dedi u sergaklanib. — Yukli bo‘psan-ku! Qahringdan ham, mehringdan ham o‘rgilay, xudo. Bu yorug‘ dunyodan tuyoq qoldirmay ketkan bolamdan marhamatingni ayamabsan... Hech kimning gapini olmay faryod urayotgan Zaynab birdan jimib qoldi. Kampirning ko‘zidan yosh duv oqib ketdi. U o‘tib ketgan qarindosh-urug‘larini, o‘ziga yaqin bilgan qadrdonlarini eslab ko‘p yig‘lardi. Ammo biron marta Zaynab uning ko‘zida yosh ko‘rmagandi. Nima bo‘ldi? Astoydil yig‘lasa so‘qir ko‘zdan yosh kelur deyishardi. Jayronani hovuchida kapalak ushlab turgandek ehtiyotlab bag‘ridan bo‘shatdi. — Nordon narsa yeging kelmayapdimi? Jayrona javob bermadi. Yutindi. Boshqorong‘ilarning davosi G‘upromiddinning bog‘ida. Kechasimi, kunduzimi yosh kelinchaklar uning bog‘iga «o‘g‘rilikka» tushishardi. G‘uprom savob uchun bog‘iga faqat nordon mevalarni ekkandi. Olu-bolu, ko‘ksulton, tog‘ havosida hech qachon pishmaydigan, hamisha ko‘m-ko‘k bo‘lib turadigan, yeganning tishini qamashtiradigan achchiq olma, na’matak... Anorning o‘zidan to‘rt xili bor. G‘upromiddin «o‘g‘ri»likka kelgan kelinchaklarga yolg‘ondakamiga «Ushla o‘g‘rini» deb qo‘yardi. Zaynabning eri qo‘ylar qo‘zilay boshlaganda, ayniqsa, kechalari sovliqlar tuqqan bolasini bosib shikastlab qo‘ymasin, deb qo‘lida batareyali chiroq bilan otar oralab yurardi. Zaynab hozir shu chiroq bilan G‘upromiddinning bog‘iga chiqib ketdi. Kampir ertaga bolalami ravoch olib kelishga toqqa yuborishni ko‘nglidan o‘tkazib qo‘ydi. Lablari pichirlardi: — E, qodir egam, men yoshini yashagan, oshini oshagan bir benavo so‘qir bandangman. Sendan hech qachon o‘zimga umr so‘ramaganman. Endi so‘rayman. Yana bir yilgina umr ber. Shuginaning bolasini tizzamga qo‘yib o‘tiray. Ovozginasini eshitay... Jayrona dunyoda shunday, butun vujudi yaxshilikka yo‘g‘rilgan xotinlar borligidan o‘pkasi to‘lib entikib, entikib yig‘lardi. Keyingi paytlarda Hojimurod o‘zini qo‘yib yubordi, rahbarlikning havosini olib, katta-kichikni pisand qilmay qo‘ydi. Mayda xo‘jaliklarni asta-sekin emishga tushgan. Ammo Mirvaliga tishi o‘tmay, nima qilsam tilini qisib olaman, deb payt poylardi. Shoshmay tur, seni bir maymun qilib o‘ynatay, dedi-yu, Mirvali telefon trubkasini ko‘tardi. — Oqsoqol, bormisiz? — dedi u. — Juda sog‘intirib qo‘ydingizku. Bitta gap bor. Telefonda aytib bo‘lmasa ham aytaveraman. Hojimurod, qani, qani, ayting, deb gapning davomini kutardi. — Nurmat tog‘a masalasi. Hojimurod Nurmat tog‘aning otini eshitishi bilan, qani, qani, demay qo‘ydi. — ... Toshkentga boraman, mashina bering, deb oldimga kepti. Toshkentda nima qilasiz, otaxon, desam, katta rahbarimizga uchrayman. Hamma gapni oqizmay-tomizmay aytaman, deydi. Hoy, bu shahdingizdan qayting, desam, agar o‘ttiz ming so‘mni shu bugun... — Mirvali devor soatiga qaradi. — Shu bugun soat birda olib kelib bermasa, Toshkentga ketaveraman, deydi. Hojimurod jimib ketdi. Shisha idishning jiringlagani, suvning shildiragani eshitilgandek bo‘ldi. Dori ichyapdi-yov, deb o‘yladi Mirvali. Erinmay kutib turaverdi. Oxiri Hojimurodning ovozi keldi: — Biron oy sabr qilsin, shuncha pulim yo‘q. — Menam shunday desam, ko‘nmayapdi. — Bo‘lmasam, bundoq qilaylik, — dedi Hojimurod xasta tovushda. — Siz qarzga berib turing. Keyin surishib ketamiz. — Birinchidan, — dedi Mirvali, — umrimda, bola bo‘lib shuncha pul ushlamaganman. Oylikka qarab qolgan odamman. Ikkinchidan, shuncha pul bo‘lgani bilan sizga berib bo‘lmaydi. Olib, kurortga qochib ketasiz. Nima qilsin, Hoji aka? Nurmat tog‘a Toshkentga ketaversinmi? Xullasi, soat biigacha uni ushlab turaman. U yog‘iga kuchim yetmaydi. Mirvali shunday deb, trubkani joyiga qo‘ydi. U qilgan ishidan nihoyatda xursand edi. Hojimurod o‘lsa ham soat biigacha shuncha pulni topolmaydi. Bu tomonlarda birov unga pul bermaydi. Shu payt sovxoz idorasiga olib keladigan yo‘l boshida mikroavtobus ko‘rindi. Bu kinoxronika mashinasi edi. Avtobus Toshkentdan qay mahal yo‘lga chiqqan ekan, deb ko‘nglidan o‘tkazdi. Bu payt avtobus uning oldiga kelib to‘xtagan edi. Undan rejissyor bilan operator tushdi. Mirvali ular bilan qadrdonlarcha quchoqlashib ko‘risha boshladi. — Ha,—dedi Mirvali hayron bo‘lib,— shu bugun yo‘lga chiqqanmidinglar? — Kecha yo‘lga chiqqandik, Mirvali aka, Jizzaxda tunab qoldik. Kino bitdi. Bir nusxasini olib kelyapmiz. Klubingizda o‘zingizga ko‘rsatmoqchimiz. Ular boshlashib boqqa kirishdi. Abdulaziz dasturxon tuzab qo‘ygan edi. Kinochilar uchun sal orqaroqqa joy qilishni buyurdi. To‘rt-besh kishi bo‘lib, yugur-yugur bilan birpasdajoy hozirlab, ularni taklif qilishdi. Yigitlar yo‘lda rosa ichishgan bo‘lsa kerak, qovoqlari salqib, og‘izlaridagi gaplari uqalanib ketayotgan edi. Mirvalining imosi bilan dasturxonga ikki-uchta shisha keltirib qo‘yishdi. Rejissyor oling-olingni kulmay, shishani ochib piyolaga quya boshladi. Bu galgi kelishida u o‘zini juda erkin sezardi. lymanmasdi. Chunki Mirvali har qancha xarajat qilsa arziydigan, uni tarixdan tarixga olib o‘tadigan rangli kino olib kelgan. Endi uning erkaligini ham Mirvali ko‘taradi-da. — Idora xodimlari qay mahal tushlikka chiqadi? — deb so‘radi rejissyor. — Birda, — dedi Mirvali. — Nima edi? — Klubda filmni ko‘rsatsak. Mexanik bormi? Agaryo‘q bo‘lsa, o‘zimizda mexanik bor. Mirvali telefon trubkasini olib, telefonchi qizga idora xodimlarining hammasi soat birda klubga kirishlarini ayt, deb tayinladi. Mashina oldida nimadir qilayotgan shofyorini chaqirib, kinomexanikni topib kel, deb buyurdi. Tushlik paytida sakson chog‘lik odam klubga to‘plandi. Chiroq o‘chib, ekranda tog‘lar ko‘rina boshladi. Burgut uchyapti. Olisdan uchib kelayotgan burgut yaqinlashib, butun ekranni egalladi. Muzika baland pardaga ko‘tarildi. Ekranda «Quyosh farzandi» degan yozuv paydo bo‘ldi. Yana tog‘lar, sharsharalar, bir uchi tog‘lar orasiga sanchiladigan asfalt yo‘llar, daryo ustida uchayotgan O‘rdaklar, cheksiz dalalar, bulutdek chang ko‘tarib toqqa o‘rlayotgan echkilar... Ekranda Mirvalining yuzi. U zavq bilan kulardi. Mashina tog‘ yo‘lida. Rulda Mirvali. Mirvali cho‘ponlarqurshovida. U yangi tug‘ilgan qo‘ziehoqni ko‘tarib, unga mehr bilan qarab turibdi. Mirvali yer surayotgan buldozer ketidan changga bclanib boryapti. U veteran chollar davrasida. U chamandek ochilgan paxtazorda kezib yuribdi. U ish kabinetida. Tun. Soat millari uchni ko‘rsatyapdi. Mirvali hamon oldiga cho‘t qo‘yib nimalarnidir hisoblayabdi. Soat millari beshni ko‘rsatmoqda. Mirvali sovxoz kartasi yonida nimalarnidir o‘ylab turibdi.Soat millari oltida.Tong oqarib kelmoqda.Mirvali derazapardasini ko‘tarib, tashqariga qarab turipti.Toglar boshi oqarib kelyapti. Maktabga ketayotgan bolalarning quvnoq tovushlari eshitilyapdi. Uning yuzida tabassum... Poyoni ko‘rinmaydigan asfalt yo‘ldan echki yuklagan sonsanoqsiz mashinalar o‘tmoqda. Mirvali Oliy Sovet majlisi minbaridan nutq so‘zlamoqda. U tong mahal tog‘ yoiida piyoda ketmoqda. Uning qarshisidan oftob chiqyapti. Go‘yo sal fursatdan keyin quyosh bilan uchrashadigandek... Ekranda tog‘lar, sharsharalar, cho‘qqiga o‘rlagan echkilar, yilqi uyurlari, serqatnov tog‘ yo‘llari, cheksiz paxtazorlar... U quyoshga qarab turibdi... Muzika avj pardaga ko‘tariladi. Zalda chiroq yonganda hamma guretib unga qaradi. Mirvali hayajonini yashirishga urinar, ammo labining tanobi qochib, hadeb iljayardi. Sovxoz faollari birma-bir kelib, uni ajoyib film bilan qutladilar. Mirvali rejissyor bilan operatorni bag‘riga bosib, rahmatlar aytdi. — Mana shu film lentasi sizga bizdan esdalik,— dedi rejissyor. Mirvali ularni Omonqo‘tongacha kuzatib, orqaga qaytdi. Kiyiksovdi momo haykali oldidagi supada yangi to‘n, yangi do‘ppi kiygan Erali chavandoz orqa O‘girib O‘tirardi. Mirvali unga yaqin keldi. Qora Baxmal haykal soyasida ko‘ksini yerga berib uni qo‘riqlab yotardi. U Mirvali kelganidan sergaklanib o‘rnidan turdi. Chavandozning eski kiyimlari o‘raigan tugunchani yoniga qo‘yib, xotini unga ovqat yedirardi. — Ha, karvon, nima qilib o‘tiribsiz? — dedi Mirvali. Erali indamadi. Mirvalining basharasiga uzoq qarab turdi, tanimadi. — Men Mirvaliman. Erali chavandoz unga yana qaradi. Bari bir tanimadi. Mirvali uning aqldan ozganiga ishonmagandi. Ayyorlik qilvapti, deb o‘ylardi. Uning jinni bo‘lib qolganiga endi ishondi. — Yaxshi yuribsizmi, chavandoz? — Bilmadim,— dedi Erali. — Men Mirvaliman. Rixsiyev Mirvali. Erali boshini tebratdi. — Mirvalini Bodomgul chaqirib qabristonga olib ketkan. Ikkovi Yetimqishloq qabristonida qo‘shmozor bo‘lib yotishibdi.Kecha borib Bodomgulga tilovat qildim. Mirvaliga mana, — dedi u bosh barmog‘ini ikki barmog‘i orasidan chiqazib. — U yomon odam, meni o‘ldirgan. Menga bitt ago‘rlik joy bermadi. Haliyam ko‘milmay sarson boiib yuribman. Pastdan bir otliq chiqib kelardi. U Erali chavandozni ko‘rib, ot jilovini tortdi. — Bu yerda nima qilib o‘tiribsiz, karvon? Yetimqishloqda qiyomat bo‘lyapti-ku, hamma o‘sha yerda. Erali sapchib o‘midan turdi. «Yaqinda Tolibjonningjanozasidan keldim-ku. Nima, Mirvali yanakimni o‘ldiribdi? U shunaqa, odam o‘ldiraveradi, o‘ldiraveradi...» Shunday deb ilkis otga mindi. Zum o‘tmay tuyoq tovushlari eshitilmay qoldi. Mirvalining bugungi ko‘rgan huzur-halovati ham bir bo‘ldiyu, Erali bilan uchrashuvi ham bir bo‘ldi. Ko‘ziga Bodomgulning qabri ko‘rinib ketdi. Nahotki uning o‘zi ham bir kuni tuproqda yotadi! Nahotki... U hech qachon o‘z o‘limi to‘g‘risida o‘ylamagandi. Shu topda ichgisi keldi. Bironta diltortar qadrdoni bilan hasratlashgisi, dardlashgisi keldi. Ammo uning diltortar kishilari endi qolmagandi. Ularning hammasini o‘ldirib bo‘lgandi. U boqqa kirishi bilan telefon qilib, Hojimurodni so‘radi. Kotiba otaxonimizni oblast kasalxonasiga olib ketishdi, pristup bo‘lib, kabinetda yiqilib qoldilar, deb javob qildi. — Qachon? — dedi Mirvali. — Soat birlarda,—deb javob qildi kotiba. «O‘zim ham xuddi soat birlarda shundoq bo‘ladi, deb rejalashtirgan edim. Nurmat tog‘aning o‘ttiz ming so‘mi uni ko‘p balolarga girif torqiladi», deb ko‘nglidan o‘tkazdi Mirvali. U eng yaqin, sevgan qadrdonim, do‘stim deb atagan Tolibjon abadiy ko‘z yumib yotgan shu pallada uning ko‘ngliga ermak siqqanini qarang! Mushuk tutib olgan sichqonini avval ezg‘ilab o‘ynab, keyin yeydi. Hojimurod unga bamisli sichqon edi. Uni ana shunday o‘ynatib, keyin yemoqchi. Hojimurod Mirvalining istagan paytida xap etib yutadigan luqmayi haloli edi. Dunyoda xavfli dushmaning eng yaqin do‘stingdir. Chunki ichingdagi siringni biladi. Albatta, bir kuni seni sotadi. Sotganda ham ulguiji qilib, ¡chak-chavoqlaring bilan qo‘shib sotadi. Begonaning yo‘rig‘i boshqa. U qorong‘i uyda paypaslab yurgan so‘qir. Ovozingni eshitadi-yu, o‘zingni ko‘rmaydi. Uni qorong‘ida topgansan. Qorong‘ida yo‘q qilib yuboraverasan. Nima qilganingni qon hidi kelgandan keyin bilasan. Hojimurod ham qorong‘ida topilgan «do‘stlar» sirasiga kiradi. Agar Azroil bir qo‘lida pul, bir qo‘lida xanjar bilan Hojimurodning yo‘lini to‘sib: — Senga pul kerakmi yo jon kerakmi? — desa, Hojimurod hech ikkilanmay, pul kerak, dcydi. — Seni o‘ldiraman-ku, pulni nima qilasan, — deydi Azroil. — Shu pulga o‘zingni sotib olaman, — deb javob qilardi Hojimurod. Nurmat tog‘a tog‘lar orasida it kunini boshiga soldi. Bir o‘q bilan uning jirkanch umriga nuqta qo‘yishi mumkin edi. Nurmat tog‘a qo‘lini qonga bulg‘amadi. Chunki u jonlini bejon qilish gunohi azim deb bilardi. Hojimurod irimchi edi. Juma kuni tug‘ilgan qizlarning uyiga sovchi yubormasdi. Bular necha erkak qo‘lidan o‘tkan, sifati aynigan deb ishonardi. Isroilning o‘limi Mirvalining ayni muddaosi bo‘ldi. Uning o‘rniga zudlik bilan SSSR Oliy Soveti deputatligiga nomzod ko‘rsatish zarur. Shu joy Mirvaliga nasib qiladigan bo‘ldi. Mirvali zimmasidan soqit qilgan O‘zbekiston Oliy Soveti deputatligiga Mirvali beshinchi sovxoz direktori, o‘z odami Turdiyevni mo‘ljallagan edi. Katta rahbarga bu to‘g‘rida og‘iz ochganda, o‘ylab ko‘ramiz, degan edi. Uning o‘ylab ko‘rgani shu bo‘ldiki, o‘rniga Qodirov nomzodini qo‘ydi. Mirvali saylovchilar bilan uchrashuvni Qodirov alohida, boshqa joyda o‘tkazsin, degan gap chiqardi. Bu gapi ham o‘tmadi. Bugun Chorchinoming madaniyat saroyida deputatlikka nomzodlar bilan uchrashuv bo‘ladi. Mirvali Rixsiyev Qodirov ning sharmanda bo‘lishini istardi. Bunga tayyorgarlik ham ko‘rib qo‘ygandi. Birinchi bo‘lib Qodirovni minbarga chaqirishdi. Mirvalining taklifi bilan yig‘ilish ahli bir minut tik turib Tolibjon Usmonov xotirasiga sukut saqladilar. Mirvali bu ishi bilan Tolibjonning o‘limiga mening hech aloqam yo‘q, demoqchi bo‘ldi. Uning bu ayyorligini Mahkamov bilib o‘tirardi. — Gapni nimadan boshlashimni bilmayapman, — dedi minbarda turgan Qodirov. — Ochig‘ini aytsam, shu paytgacha nima ishlar qilganim, qanday lavozimlarda ishlaganim, oigan kamtarona mukofotlarim hammasi qo‘lingizdagi taijimai holimda yozilgan. Mening birdan-bir niyatim , députât sifatida saylovchilarim bo‘lmish siz, aziz mehnatkashlarni yurtimizni obod qilish yo‘lida halol, pok, hech ikkilanmay, liar qanday to‘siqni yengib o‘tishga da’vat qilishdan iboratdir. Aholining ma’naviyatini oshirish uchun esa biz alohida g‘amxo‘rlik qilishimiz kerak. Qishloq xo‘jaligida odamlar «ishchi kuchi» emas, ongli mehnatkashlar ekanini baralla aytishimiz kerak. Marhamat qilib istagan paytingizda huzurimga kelib, o‘zingizni o‘ylatgan, qiynagan masalalarni bemalol aytishingiz mumkin. Qodirovga deyarli savollar bo‘lmadi. Faqat bardam bo‘ling, o‘z huquqingizni biling, zo‘ravon xo‘jalik rahbarlaridan cho‘chimay ishlang, degan talablar bo‘ldi, xolos. Ana shundan keyin Mahkamov, birinchi députât bilan uchrashuv yakunlandi, tanaffusdan keyin SSSR Oliy Soveti deputatligiga nomzod Mirvali Rixsiyev bilan uchrashuv bo‘ladi, deb e’lon qildi. Mirvali tanaffus paytida uchta avtolavkaga savdoni boshlashga ruxsat berdi. Lavkalarda bu yerdagi ko‘pchilikning tushiga ham kirmagan noyob mollar bor edi. Rossiyadan olib kelingan ichi qizil, baqlajondek yiltiroq kalishlar, Mirvalining bisotida saqlangan, kaptar tezagi deb atalgan haqiqiy to‘qson besh choylar, qishloq ayollarining joni bo‘lgan har xil baxmallar, hatto xalq artistlarining ham tushiga kirmagan Yaguday atlaslar, paxta gulli choynak-piyolalar, «Kelini kiysin, qaynonasi kuysin» deb atalgan krepdeshin atlaslar bor edi. Qanoralarga osilgan mol, qo‘y, g‘oz go‘shtlarini sotishga ruxsat berildi. Bu go‘shtlar yarim bahoda sotila boshladi. Ellik foiz narxini birlashma o‘z gardaniga oigan edi. Tog‘ dan olib kelingan yashik-yashik olmalar, noklar, uzunilar esa tekin. Mirvali ana shunday qo‘li ochiqligi bilan Qodirovni dog‘da qoldirmoqchi bo‘lgandi. Uchrashuvga raislik qilayotgan Mahkamov ishonchli vakilga so‘z berdi. U ikki og‘izgina gapirishi bilan pastdagilar qarsak chalib, uning gapirishiga imkon bermadilar. «Bu gaplarni o‘zimiz bilamiz. Nima qilasan uni bizga tushuntirib», — degan ovozlar eshitildi pastdan. Navbat deputatlikka nomzod Mirvali Rixsiyevga berilganda, u nihoyatda «kamtarlik» qildi. Nimaiki qilgan bo‘lsam, mana, ko‘z oldingizda ko‘rinib turibdi. Men bu ishlarni xalqimga esdalik bo‘lsin, deb qildim. Endigi qiladigan ishlarimdan gapirsam durust bo‘ladi. Bu tog‘larning turgan-bitgani — xazina. Qanchadan-qancha olma, noklar, anorlaru olxo‘rilar, shaftolilar to‘kilib, nes-nobud boiyapti. Ana shularni qishga asrash imkoni bor. Tog‘ oralarida har kamarlar borki, ming-minglab tonna mevalarni yil bo‘yi saqlash imkoni bor. O‘n bitta kamar bor ekan. Har biriga yigirma-o‘ttiz ming tonnadan meva joylash mumkin ekan. Ana shularni pulga chaqsang, ehhe, milliard so‘mdan ham oshib kelarkan. Ming afsuski, bizda bu mevalarni teradigan odam yo‘q. Tashqaridan odam yollasak, ular ko‘ngildagidek yolchitib ishlamaydilar. Daraxtdagi mevalarni qo‘lda terish, o‘miga kaltak bilan qoqadilar. Zaxa bo‘lgan mevalarni asrab bo‘lmaydi. Agar shu muammoni hal qilsak, itiniizning tuvagi ham oltindan bo‘lib ketadi. Qoramol masalasi bizda juda jiddiy masala hisoblanadi. Pastda — tekislikda deyarli yerimiz yo‘q, desak ham bo‘ladi. Sigir degan jonivor toqqa moslashmagan. Bu masalada ko‘p o‘yladim. Jizzax oblastida Amerikadan qo‘tos olib kelib ko‘paytirishipti.Ularga juni noyob bo‘lgan echkilardan berib, elliktasini olyapman. Bujonivorlarsergo‘sht. Undan tashqari, qishda ham qor tagidan ovqatini topib yeyaveradi. Qalin qor bosgan joylardan ikki uch, hatto to‘rt metr qor tagini kovlab kirib ketadi. To ko‘katga yetmaguncha kovlab boraveradi. Suti nihoyatda shifobaxsh. Mirvali biroz to‘xtab, yana nimalarni aytsamikin, deb turib qoldi. — Meningcha, shu gaplarim yetarli. Endi gapni sizdan eshitaylik. Savollaringiz bo‘lsa, tortinmay aytaveringlar. O‘rta qatordan keksagina birozg‘in kishi o‘rnidan turdi. — Qilgan, qilayotgan ishlaringga gap yo‘q. Hamma ishing paratka. Paxta ham, g‘alla ham, chorvayu bog‘laring ham, yomon ko‘zdan asrasin, pishiq-puxta. Ammo bir narsa hammaning boshini qotirgan. Toqqa borolmay qoldik, ukam. Tog‘da o‘lim ko‘payib ketdi. Har kuni bitta-ikkita odam o‘lyapti. Sen, ukam, har kuni toqqa borasan, tekshirib ko‘rmadingmi, bu o‘limlarning oldini olishning iloji yo‘qmi. Ravshanbek ham dom-daraksiz ketdi. Nevaralar ro‘zglordagi echkilarni tog‘da boqishardi. Ulami ham yubormay qo‘ydik. Echkilar ma’rab, hovlini boshiga ko‘taryapri. Shu to‘g‘rida biron tayinli gap aytsang bo‘lardi. Mirvali darrov javob qildi. — Bu ish hukumat tekshiruvida. Yaqin orada ichki ishlar vazirligi bilan obkom komissiyasi o‘z xulosasini aytadi. Bu masalada men ham rahbarimizdan tanbeh eshitganman. Yana qanday savollar bor? Soqoli oppoq, negadir qoshlari qopqora, yetmishlardan oshgan bir qariya o‘rnidan turdi. Uchrashuvni boshqarayotgan Mahkamov unga: — Qanaqa savolingiz bor, otaxon, tortinmay beravering,— dedi. Choi qoshini silagancha: — Savolim yo‘q, ikki og‘izgina nasihatim bor, xolos, — dedi. — Aytsam bo‘laveradimi? Erali chavandozni nima qilding? Otini olib, o‘zini yerto‘laga qamabsan. Qamab qo‘yib, holidan xabar olmay qo‘yibsan. Bechora devona bo‘lib qopti. Ikkinchi bunaqa qilma, bolam. Obro‘yingga putur yetadi. Nasihatim — shu. Ochgan do‘koningdan kalish bilan lo‘nqa ko‘k choy oldim, rahmat. Choi gapini tugatib, joyiga o‘tirdi. Boshqa savol beradigan, so‘zga chiqadiganlar bo‘lmadi. Ishonchli vakil yana gap boshlagan edi, odamlar uni tushirib yuborishdi. — Bo‘ldi-da. Gapirilmagan nima qoldi. Savol ham bo‘ldi, javob ham bo‘ldi. Hatto nasihat ham bo‘ldi. Gapni rezinka qilib cho‘zib nima qilasan. Mahkamov uchrashuv ahliga murojaat qildi: — Endi uchrashuvni yakunlasak, rozimisizlar. SSSR Oliy Soveti deputatligiga nomzod Mirvali Rixsiyevning nomzodini quvvatlaymiz, degan o‘rtoqlarqo‘lini ko‘tarsin. Rahmat. Demak, aksariyat nomzodni quvvatladi, deb hisoblaymiz. Protokolga shunday deb yozsak, rozimisizlar. Shu bilan uchrashuvni yakunlaymiz. Mirvali Abdulazizga, birov so‘rasa, hali kelgani yo‘q, deb ayt, dedi. Abdulaziz uni yechintirar ekan, dasturxonga tayyorgarlik ko‘raveraymi, dedi. — Mabodo jinni-minni bo‘lib qolganing yo‘qmi, — dedi ensasi qotib Mirvali. — Saylov bo‘yoqchining nili emas, darrov bo‘ladigan. Saylov protokolini Toshkentga yuborishadi. Agarsaylovda g‘irromlik qilingan bolsa, odam kelib tekshirib ketadi. Qachon dasturxon yozishni senga o‘zim aytaman. Dasturxon yozishga hali biron hafta bor. Balki o‘n kun... Bor, ko‘zimni oldida bezrayib turma... Dunyoda kutish yomon. Bir minutning qanchalik uzoq vaqt ekani kutish paytida bilinadi. Kutish azobini uch narsa bilan bosish mumkin. Biri — ichish, biri — uxlash, biri —ishq o‘yiniga andarmon bo‘lish. Mirvali keldi-ketdi boiib tuigan bu paytda icholmasdi. Telefon tinimsiz jiringlayotgan daqiqalarda uxlayolmasdi. Bu azobli onlarni faqat Sedonaning qaynoq og‘ushida hamma narsani unutib o‘tkazish mumkin edi. Boya Abdulaziz uyg‘otib yuborgan mahalda tushida otasini ko‘rayotgan edi. U turnan orasida arang ko‘rinar emish. Goh o‘ziga o‘xsharmish, goh o‘xshamasmish. «Xudo yarlaqab turgan shu kunlarda, bolam, tahoratsiz yurma, zinodan nafsingni tiy», deyarmish. Tushdami, o‘ngdami bari bir, ota gapi gap. Demak, Sedona ham dardiga yem bo‘lolmaydi. Kutish, kutish, faqat kutish kerak. Birov keladi, birov ketadi. Unga u kerak, bunga bu kerak. Mirvalining bosh qashishga qo‘li tegmay qoldi. Nihoyat, to‘rt kun o‘tib, beshinchi kuni kechqurun telefonda, bugun saylov natijasini e’lon qilishadi, soat o‘nlarda kutinglar, deyishdi. U dasturxon tuzatishga ruxsat berarkan, hech narsani ayama, nimaiki g‘amlab qo‘ygan narsang bo‘lsa, barini dasturxonga tort, deb tayinladi. Mirvali orden-medallari taqilgan ohorli kostumini kiyib chiqdi. Sal dadilroq bo‘lay, deb bir piyola konyak ichib oldi. Har xil qalang‘i-qasang‘ilarbosh suqmasin, birinchi postga yordam qilsin, deb ikkita baquvvat yigitni o‘tqazib qo‘ydi. Soat o‘n birdan o‘tganda vakillar kirib kelishdi. O‘tirmay, qachondan beri tik turgan yetmish chog‘li mezbonlar xushxabar olib kelgan vakillarni chapak chalib kutib olishdi. Mirvali ikki kun oldin Buxorodan oldirib kelgan qimmatbaho kimxob choponni bilagiga tashlab, ikkita Belgiya kostumini ilgagi bilan ushlab turgan yigitlarni boshlab, vakillar istiqboliga chiqdi. Saylov natijalarini xabar qilish uchun okrug komissiyasi raisining yordamchisi Xonkeldi Ergashev boshchiligida Varganze saylov uchastkasining raisi Geldi Bayramov, Qora tepa saylov uchastkasining kotibi Bobo Sanginovlar vakil qilib yuborilgan edi. Mirvali kimxob choponni kiydirmoqchi bo‘lib Ergashev tomonga yura boshladi. — O‘rtoq Rixsiyev, andak sabr qiling. Shu to‘n bilan kostumlami bizga olib kelganmisiz. Awal saylov natijalarini e’lon qilaylik, ana undan keyin to‘nni kiyamiz, —deb uni to‘xtatdi. Mirvalining kimxob to‘n ushlab turgan qo‘llari tutqanog‘i bor odamning qo‘lidek titray boshladi. U to‘nning yerga tegib turgan joyidan etigining poshnasi bilan bosib siltab tortdi. To‘n yirtilmadi. «Saylanmadi» degan so‘zni eshitgandayoq bilaklarini kuch tark qilgandi. U qalin mol terisini ham siltab yirta olardi. Endi zar qo‘shib tikilgan oddiy baxmalni yirtishga ham holi qolmagandi. U to‘nning bir yengini bosib turib yanada qattiqroq tortdi. Yeng chokidan so‘kilib, osilib qoldi. — Buni atayin uyushtirishgan! — dedi u titrab-qaqshab. U to‘nni sudragancha vakil Ergashev tomon o‘dag‘aylab borardi. — O‘zingizni bosing, yigit, siyosat bilan o‘ynashmang, — dedi Ergashev bosiqlik bilan. — Yo‘qol! — dedi Mirvali musht ko‘tarib. — Ko‘zimga ko‘rinma, ablah! Ergashev shuncha yoshga kirib, hali birovdan bunaqa haqorat eshitmagandi. — Meni senlamang. Men sizlab gapiryapman. Mening siz tengi o‘g‘illarim bor. O‘ng qulog‘ingiz bilan ham, chap qulog‘ingiz bilan ham eshitib qo‘ying. — Nima, eshitmasam, qulog‘imni qirqib olarmiding?! Ergashev o‘zini bosdi. Shuncha odam ichida bu odobsiz, o‘zidan ketgan bezori bilan adi-badi aytib o‘tirishni o‘ziga ep ko‘rmadi. Qo‘lidagi ichida protokoli bor papkani stol chetiga qo‘yar ekan: — Jirillamang. Bu papkadagi qog‘ozda sizning bahoingiz yozilgan, — dedi. U shunday deb orqasiga burildi-yu, boshqa vakillar bilan chiqib keta boshladi. Uning oyog‘i yoniga kelib tushgan bir shisha konyak po‘killab sindi. Hammayoqni konyakning qo‘lansa hidi tutib ketdi. Hech kimdan sado chiqmasdi. Ikki soatdan beri dasturxondagi noz-ne’matlarga qarab tamshanib o‘tirganlaming bir qismi ziyofatdan umidini uzib chiqib ketdi. Mirvali vakillarning orqasidan uyat, juda ham uyat so‘zlar bilan so‘kinib qoldi. — Ablaz! — deb baqirdi Mirvali. — Ol, bu to‘nni! Ular to‘n emas, kafan kiyishi kerak! U dasturxondan araq olib, ikki marta piyolani toMdirib ichdi. Shu payt Abdulaziz kelib, uning qo‘lidan yengi so‘kilib ketgan to‘nni olarkan: — Hojimurod aka kasalxonadan telefon qilib, Mirvalini députât bo‘lgani bilan mening nomimdan tabriklab qo‘y. deb aytdilar. Mirvali jirkanib: — Tfu! — dedi aftini burishtirib. U gandiraklab borib, dasturxonni bir tortgan edi, ustidagi noz-ne’matlarbitta qolmay yerga tushdi. Noyob chinni idishlar, billurqadahlar, araq-konyaklar chil-chil bo‘ldi. Hali ham ketmay, dasturxondagi ajoyib taomlardan umid uzolmay turganlarga qarab baqirdi. — Yo‘qol hammang! Mirvalining beli sindi, endi qaddini rostlay olmaydi, deb o‘ylayapsanlarmi?! Mirvali hali o‘zini ko‘rsatadi. Qolgan mehmonlar tuz tatimay, birin-ketin tarqab ketishdi. Hamon ilgakda kostum ko‘tarib turgan yigitlar, buni nima qilaylik, deb unga qarab turardilar. — Bugungi qora kunimdan senlatga esdalik. Mirvali gandiraklab borib, ariq bo‘yiga kelganda yiqildi. Abdulaziz harqancha urinmasin, uni ko‘tarib so‘riga chiqara olmadi. Oxiri so‘ridagi gilamchani yerga to‘shab, uni yotqizdi. Mirvali o‘ziga kelib, uyg‘onganda tong otishiga hali ancha bor edi. U Abdulazizga, Nasim polvon bilan Ja’farni chaqir, deb buyurdi. Birpasdan keyin ozroq kayf qilgan Nasim polvon bilan Ja’far «labbay, xo‘jayin!» deb oldiga kelishdi. — Yoningga Rajab polvonni olib, hozir uchta «Niva»ning baklariga benzin quylaring, har qaysinisiga ikki kanislrdan benzin solib kellaring! Chaqqon-chaqqon qimirlanglar, tong yorishmasdan tcxjqa ketishimiz kerak,—dedi. Ularning uchovi: — Xo‘p bo‘ladi, xo‘jayin, — deb shoshib chiqib ketishdi. Ularto ishlarni bitkazib kelgunlaricha Mirvali po‘lat sandiq — seyfni ochib, pachka-pachka pullarni, faqat Moskvaga borganda ishlatadigan dollarlarni brezent qopchiqqa tashlay boshladi. Keyin seyfning kichik xonasiga kalit solib ochib, oq poshshoning suvrati tushirilgan o‘n so‘mlik tilla tangalarni, marvaridu durlarni, ayollarning turli taqinchoqlarini, Bodomgul o‘lganda bo‘ynidan yechib oigan har biri no‘xatdek keladigan shoda-shoda durlarni, quloqlaridan, barmoqlaridan chiqarib oigan bilaguzuk, zirak, uzuklarni ham qopchiqqa tashladi. Abdulazizga, qishlik, yozlik kiyimlarimni chemodanga tashla, deb buyurdi. Yarim soatga qolmay, uchta «Niva» boqqa kirib keldi. — Ablaz, bitta moshinga ko‘rpa-to‘shaklami joyla! Bittasiga mening qishlik kiyimlarimni, etiklarimni joyla! Ikkala miltiqni ham, pachkasi buzilmagan o‘qlar qancha bo‘lsa, barini opchiqib, chemodanim joylangan mashinaga solib qo‘y! — deb amr qildi. Yotoqdan to‘rt kishi bo‘lib chog‘roq bir seyfni ko‘tarib chiqishdi. Uni ham miltiq yoniga joylashtirishdi. Seyfda «Varshava— 1876» degan yozuv bor. Uni Isroilga ko‘chib ketayotgan do‘sti berib ketgan. Bu seyfning sir-sinoatlari ko‘p edi. Uni birgina Mirvali bilardi. Ichki bo‘limi ham xuddi shu bitta kalit bilan yetti xil usulda burab ochilardi. Eng oxirgi burashda seyf daranglab ovoz chiqaradi. Mirvali tillolami shu seyfda saqlardi. O‘zi boshqaradigan mashinaga chemodanni, brezent qopchiqni joylattirdi. Miivali Nasim bilan Ja’farni yoniga chaqirib: «Ikkoving ham men bilan ketasanlar, Ja’far, sen bugunoq meni tashlab, markazga qaytib kelasan. Ablazga ko‘z-quloq bo‘lib turasan. Boya «Niva» minib kelgan bola qayoqqa ketganimizni bilmasin. Ablaz, sendan mingdanming roziman, vaqt-bevaqt xafa qilgan boisam, ko‘nglingdan chiqarib yubor. Sen pishiigan ovqatlarning hali ko‘p xumori tutadi. Ko‘mib qo‘ygan narsalarimning hidini chiqarma, it bo‘lib qo‘riqla», deb tayinladi. U endi bu bog‘ni qayta ko‘rmasligini biladi. Shuning uchun daraxtlarga, yozin-qishin baliqlar sakrab o‘ynaydigan hovuzga g‘amgin bir nazar tashlab, xo‘rsinib qo‘ydi. Mirvalining o‘zi brezent qopchiq, chemodan, miltiq joylangan mashinaga o‘tirdi. U kabinadan boshini chiqarib: «Omin!» deb yuziga fotiha tortdi. Uchta «Niva» Taxti qoracha dovonidan oshib, Varganze yo‘liga burilganda tong yorishib kelayotgan edi. Yo‘llarni turnan bosgan. Havodan yomg‘ir hidi kelyapti. Bu joylarning ob-havosi beqaror. Hoziigina oftob qizdírib tuigan tova toshlarga birdan shatir-shutr qilib yomg‘ir quyib, shu zahoti yana bug‘ga aylanib, hech narsani ko‘rsatmay qo‘yadi. Yo‘l boshlab kelayotgan "Niva" uch marta signal berib chetga chiqdi. — Nima bo‘ldiykin? — dedi Mirvali tashvishlanib. U yo‘l o‘rtasida halloslab kelayotgan Nasim polvonni kutib turdi. — Ishlarchatoq, xo‘jayin. Orqaga qaytmasak bo‘lmaydi. Radioni burib qo‘ying. Mirvali mashina eshigini ochib, radio tugmasini bosdi. Shu mahal tepaga kelgan qora bulut orasida ko‘kimtir chaqin chaqdi. Radio qitirlab, hech narsani eshitib bo‘lmadi. Bunday paytda radio qo‘ysa, lampalari kuyib ketadi. Mirvali radioni o‘chirib, mashinadan tushdi. Halloslab kelgan Nasimga o‘dag‘ayladi. — Gapirsang-chi, til-zaboriing bormi, dayus!.. — Akaxonimiz Shavkat Rahimovich bizni tashlab ketibdilar. — Qayoqqa ketibdi? Durustroq gapirsang-chi! Nasim polvon yutinib, umidsiz bir ahvolda, dedi: — Bandalikni bajo keltiribdilar. Mirvalining ko‘ziga dunyo zimiston bo‘lib ketdi. Endi qayoqqa boradi? Kecha saylov komissiyasi a’zolariga qilgan muomalasi. ularni noshoyon so‘zlar bilan haqorat qilishi qadrdoni Shavkat Rahimovich orqasida suyanchiq bo‘lib turganidan edi. Bugun shuncha yil bearmon yashagan, kovlab tamom qilib bo‘lmaydigan boyliklari ko‘milgan xazinani qazib olish umidi shu otaxoniga suyanganidan edi. Endi u yo‘q. Qadrdon boqqa ham yo‘l bekildi. Shavkat Rahimovich va’da qilgan ikkinchi "Oltin yulduz" ham yo‘q. "Meni dushmanlaringga o‘q qilib otding. Sening amal kursingga ko‘z tikkan raqiblaring ustidan qanchalab yumaloq xatlar uyushtirdim. Seni otam dedim. Sadoqatli iting bo‘lib xizmatingni qildim. Ichingda shunaqa tuzalmas darding bor ekan, bir og‘iz aytib qo‘ymaysanmi! O‘zing-ku pishib turgan ekansan, nima qilarding meni dushmanlaringga gij-gijlab. Senga ishonib issiq 0’mimni sovutdim. Endi na boradigan joyim, na yotadigan boshpanam bor. Bu tog‘larda hech kim meni uyiga kiritmaydi. Boshpana bermaydi. Mirvali na oldinga bora olardi, na orqaga qayta olardi. Hozir u jahl ustida hamma aybni Shavkat Rahimovichga ag‘daryapti. Bundan to‘rt kun oldin ustozi unga: «Endi menga suyanmang, o‘z yo‘lingizni o‘zingiz topib yuring, o‘g‘lim, — deb ochiq aytgan edi. — Siyosiy byuroda bugun-erta meni muhokama qilishadi. Tashqi ishlar vaziri, qadrdon do‘stim chet elga ketayotganda atayin Toshkentda to‘xtab, «O‘zingga ehtiyot bo‘l. Endi menga suyanma», deb ochiq aytib ketgandi». Mirvalining oldida belgisiz yo‘l, orqasida esa yo qamoq, yo tog‘larda qashqir bo‘lib yashash qoldi. Umr bo‘yi yiqqan oltinu javohirlari, qop-qop tilla tangalari, dollarlari endigi qora kunlariga kerak bo‘larmikin? — Xo‘jayin, qayoqqa yuraylik? — dedi Nasim polvon. — Orqaga qayt! U shunday dediyu, orqaga qaytib nima qilishini, qayoqqa borishini o‘zi ham bilmasdi. Rayon militsiyasi kechasiyoq toqqa o‘z odamlarini yuborgan. Mirvaliga bu xabar allaqachon yetib kelgandi. Militsiya odamlariga Mirvali bilan qochganlar tog‘da bo‘lsa tog‘dan, g‘orda bo‘lsa g‘ordan tutib kelinglar, deb buyurilgan. Azizbek degan bir norasta go‘dak uning payiga tushgan. Onasi bilan dadasining qasdini olish uchun kechasiyu kunduzi qo‘lida miltiq bilan unga ergashib yuribdi. Mirvali mashinalarni toshlar panasida qoldirib, yigitlarga shu joydan jilmay turinglar, deb tayinladi. U yo‘l yoqasida yuz-ko‘zlarini quloqchin bilan yashirib, o‘tganketgan mashinalarni kuzatib o‘y o‘ylardi. Toqqa elab o‘tgan qor kungay tarafda tushga qolmay erib ketdi. Faqat terskay taraflardagi o‘ngirlarda uncha-muncha qor to‘planib turibdi. Dovonda qatnov to‘xtamagan. Ko‘proq og‘iryuk mashinalari qatnayapti. Yurak yutgan shofyorlargina onda-sonda yengil mashina minib o‘tadilar. Yozi bilan gavjum bo‘Igan avtobus bekatlari huvillab qolgan. Endi bu joylarda meva-cheva, ravochu kiyiko‘tlar sotadigan bolalar ko‘rinmaydi. Har zamonda sovuqda dirgizlab, to‘rt-beshta kaklikni qafasda ushlab turgan bolalar ko‘rinib qoladi, xolos. Geologlar qishlik «kanikul»ga ketishgan, praktikadagi studentlar ham yo‘q. Xullas, tog‘ jimjit. Qor bosgan tepaliklardagi kakliklar don izlab yonbag‘irlarga tushib kelyapti. Yetimqishloq bolalari maktabdan qaytishda birikkitadan kaklik tutib keladilar. Azizbek tovuqxonani ataylab kaklik boqadigan joyga aylantirgan. Unda hoziming o‘zidayoq qirq-elliktacha kaklik bor. U haftada bir marta Qoplonbop bozoriga kaklik olib borib, sotib keladi. Har qalay, kampir enasi bilan ro‘zg‘omi eplab turipti. O‘qishdan kelishi bilan miltiq ko‘targanicha toqqa qarab ketadi. To qorong‘i tushguncha besh-oltita kaklik urib keladi. Tirik tutganlarini alohida xaltada avaylab ko‘tarib keladi. Otib olganlari ro‘zg‘orga, birlashma tarafdan keladigan kaklikxo‘rlarga sotishga yaraydi. Tirik tutganlarini tovuqxonaga qamaydi. Qish paytlari tog‘li yigitlar «jumalik» o‘ynaydilar. O‘n-o‘n besh jo‘ra haftada o‘z uyida ziyofat beradi. Ular albatta Azizbekdan kaklik sotib olishadi. Tog‘liklar qish pallasida mehmon chaqirganda dasturxonda kaldik go‘shti bo‘lmasa, mezbonni qurumsoqlikda ayblab ketadilar. Azizbekning bir emas, uchta ov miltig‘i bor edi, bittasini dadasi toqqa olib ketgan. Bu miltiqlami otasi Ravshanbek sovxozdan mukofotga olgandi. Yaxshi cho‘ponlarni ko‘pincha miltiq bilan mukofotlashardi. Miltiq cho‘ponga zarur qurol. Tog‘da nima ko‘p, bo‘ri ko‘p. Miltiqsiz cho‘pon qo‘yni bo‘riga oldirib qo‘yadi. Azizbek mushtdek boshi bilan ro‘zg‘or tebratardi, bolaligidayoq birdan katta bo‘lib qolganlardan edi. Kuz kirishi bilan qishlik oziq-ovqatni g‘amlash, o‘tin-ko‘mir topib kelish, uyning nuragan devorlarini suvab, tom shiferlarini shamol uchirmasin, deb tosh bostirish ishlarining barini o‘zi qilardi. Uning qarashadigan, yordam qo‘lini cho‘zadigan urug‘lari yo‘q edi. O‘zing uchun o‘l yetim, degan gap aynan shu Azizbekka to‘g‘ri kelardi. Bu yil kaklik serob bo‘lishini kim bilibdi, deysiz. Azizbek ertalab tong saharda turadi. Mahalla bolalari hali uyqudan turmagan paytlarda yelkasida miltiq, qo‘ltig‘ida qop bilan izg‘irinda qorli cho‘qqilar tomon o‘rlab ketadi. Bu mahal sovuq avjida. Daraxtlarning yalang‘och novdalari bulduruqdan oppoq bo‘lib ketadi, tova toshlar beti upa sepilgandek qirov bilan qoplanadi. Oyoq ostidagi qorlar xuddi amirkon kavishidek g‘archillaydi. Daraxt shoxlariga osilib qolgan sumalaklarga tegsang jaranglab ketadi. Bu paytlarda tog‘ o‘ngirlari, jarliklari shu qadar jimjit bo‘ladiki, yong‘oq chaqsang o‘ngirning narigi tomonida aks sado beradi. Azizbek tong yorishishi bilan tog‘ tepasidan reaktiv samolyot uchib o‘tishini biladi. Uning quloqni kar qiluvchi ovozi tog‘ jonivorlarini cho‘chitib uyg‘otadi. Ana shundan keyin bu tomonlarda hayot uyg‘onadi. Xonadonlarda sigir-buzoqlarning ma’ragani, o‘tin yorgan, suvga chiqqan odamlarning hovuz betidagi muzni yorayotgani, tovug‘ini tulki olib qochgan kishilarning so‘kinish tovushlari eshitiladi. Quyonlar uyalaridan chiqib qochadilar. Tuni bilan izg‘ib ovi yurishmagan tulkilar yana tashqariga chiqadilar. Muzda ucholmay karaxt bo‘lib qorda sudraladigan kakliklarni uyalariga tashib kiradilar. Ertangi izg‘irinda qorbeti qotadi. Oyoq izi tushmaydi. Azizbek tepalikni oshib o‘tayotganda oldidan tulki chiqib qoldi. U tipirchilab turgan kaklikni tishlab olgan. Azizbekni ko‘rishi bilan yon tomondagi g‘orga kirib ketdi. Demak, shu yaqin orada kaklik bor, deb o‘yladi Azizbek. Tosh orqasiga o‘tib, pastga qaradi. To‘rt-besh kaklik qor ustida tipirchilardi. Azizbek yaqiniga borsa ham ular qochmadi . Qip-qizil ko‘zlarini javdiratib unga qarab turishardi. Bu kakliklar qor sovug‘ida qanoti karaxt bo‘lganidan ucholmay ko‘ksi bilan surilib holdan toygan edi. Azizbek bittasini olmoqchi bo‘lgan edi, oyog‘i muzlab qorga yopishib qopti. U yonidan pichog‘ini olib, oyoqqa yopishgan muzni chatnatib ko‘chirdi. Oyog‘ida danakdek muz osilib turgan kaklikni qopga solib, boshqalarini ham ana shunday qilib muzdan ajratdi. Beshta kaklik qop ichida birining tafti biriga urib, tipirchilay boshladi. Azizbek yana pastlikka ena boshladi. Odam bo‘yi tosh panasida o‘n chog‘lik kaklik bir-biriga qapishib qimirlamay turishardi. Faqat ulaming boshlarigina qimirladi. Odam sharpasini sezgan jonivorlar bezovtalanib yonginalaridagi teshikka kirmoqchi boMishar, ammo bir-biriga xalaqit berib kirisholmasdi. Azizbek bitta-bittalab ularni terib qopiga soldi. Kecha kechqurun Tursunboy tog‘a yakshanba kuniga mehmon chaqirganini aytib, shanbaga yigirmata kaklik topib qo‘y, deb tayinlab ketgan edi. Mana, ovi baroridan kelib, Tursunboy tog‘a aytgan kakliklar osonlikcha topildi. Qaydadir bo‘ri ulidi. Uning yoqimsiz, etni jimirlatadigan xunuk tovushidan Azizbek seskanib ketdi. Har ehtimolga qarshi miltig‘ini o‘qlab qo‘ydi. U endi orqasiga qaytmoqchi bo‘lib turganda tosh orqasidan birgala kaklik ko‘tarildi. Azizbek miltiqni shaylab tepasidan o‘tishini kuta boshladi. Kakliklar yaqin kelib qoldi. Azizbek mo‘ljalga olib turib, ketma-ket ikkala tepkini bosdi. TogMar qaldirab ketdi. Qor ustiga to‘rtta kaklik tap-tap qilib tushdi. Azizbek ularni íerib olarkan, endi bas, mo‘ljaldan oshib ketdi, bir ovchi to‘rtta kaklik otishi mumkin, degan qoida bor, qo‘lga tushsam, miltig‘imni olib qo‘yishadi, dedi-da, orqaga qaytdi. Katta ena pechkaga o‘t qalab, choy damlab, nevarasini kutib o‘tirardi. Azizbek qosh-kipriklari bulduruqdan oqarib kirib keldi. U qopdagi kakliklaming tirigini tovuqxonaga qamab, o‘q yeganlarini qopqoqli paqirga solib supaga olib chiqib qo‘ydi. Sovuqda aynimay turadi, deb atayin shunday qildi. Kampir boya Azizbek chiqib ketganda echkini sog‘ib, cho‘yan pechkaga qozon osib sut pishirib qo‘ygan edi. Bir kosa qaynoq sut bilan nonni nevarasining oldiga qo‘ydi. — Non to‘g‘rab yeb ol, bolam. Senga ham qiyin bo‘lib ketdi-da! Menga qara, endi tong saharlab ovga chiqishni bas qil. Bir amallab kunimiz o‘tib qolar. Ayozda o‘pkangni shamollatib, dardisar bo‘lib yurma, tag‘in. Ov qilsang, kunduzi toqqa chiq. Azizbek indamadi. Ichida, e, ena-ya, ayozli saharda karaxt kakliklarni tutish oson bo‘ladi-da, deb qo‘ydi. Darhaqiqat, kunduzi badaniga issiq o‘tgan kaklik serharakat bo‘ladi. Ovchiga chap beradi. Qishloq maktabining faqat boshlang‘ich sinflarida dars bo‘layotgan edi. Yuqori sinfbolalarini Mirvali sentabro‘rtalaridayoq adirga paxta terimiga haydab olib ketgandi. Azizbekni enasiga qaraydigan hech kimi yo‘q, deb paxtaga olib ketishmagandi. Qishloqda Azizbekning o‘z tengilaridan hech kim yo‘q. — Enajon, — dedi Azizbek. — Tirik kakliklarni yuztaga yetkazib olay, keyin ovga chiqmayman. Mana shu yuzta kaklik bilan qishni chiqazib olamiz. Boqib, yaxshilab semirtirib olsam, bittasi o‘n so‘mdan ketadi. Puliga sigir olib beraman. — Yo‘q, yo‘q, bolam. Sigimi eplolmayman. Sigiming o‘ziga yarasha tashvishi bo‘ladi. Quruq xashak bilan mol boqib bo‘lmaydi. Yem kerak, kunjara kerak. Qaydan olamiz? Qish chillasida tagini kim tozalaydi, kechalari kim undan xabar oladi. Shu bittagina echki ikkovimizga yetib turibdi-ku. Azizbek o‘zinikini ma’qullardi: — Bo‘lmasa, rangli televizor olamiz. Kampir, o‘zing bilasan, bolam, deb qo‘ya qoldi. — Yuzta kaklik boqaman deysan, donni qaydan olasan? — Dolimboy bobomdan eshagini so‘rab olib, Qoplonbopdan don olib kelaman. Kampir shu topda ming xil xayollarga borib-kelib o‘tirardi. «Shu bolaginaning ota-onasi o‘lmaganda qandoq yigit bo‘lardi-ya! Oyog‘idan o‘t chaqnaydigan, epli-shudli yigit bo‘lardi. Dadasi albatta o‘qitardi. Bu miyasi butun bola, bilmadim, qandoq bo‘lib ketardi. Bechora, bitta nogiron buvisini tashlab ketolmay, o‘zini o‘tga-cho‘qqa urib, tirikchilik payiga tushib ketgan. E, taqdir. Muncha ham qahri qattiq bo‘lmasang-a!» Azizbek endi o‘n to‘rt yoshga kirdi. Ammo gap-so‘zlari, harakatlari katta odamlarnikiga 0’xshaydi. U o‘yin-kulgini bilmasdi, bolalardek yaxshi kiyinish, erkalik qilishni o‘ylamasdi. Kimga ham erkalanardi? Sinfdoshlari allaqachon jinsi kiyib, soat taqib yurishipti. Hatto bittasi qoplama tilla tish ham qo‘ydirgan. Hammasining uyida magnitofoni bor. Allaqachon rangli televizor olishgan. Ularning dadalari nima deyishsa, olib berishadi. Bunga kim olib berardi? Azizbek faqat enasini o‘ylardi. Qarib qoldi. Ochin-to‘qin qolmasa, ko‘ylagiga yamoq tushmasa, mahatla ma’rakalariga chiqqanda bir chekkada qimtinib o‘tirmasa, deydi. U o‘zini o‘ylamaydi. Shu birgina suyanchig‘im, enam zoriqmasa, deydi. Bolaligi ana shunday tirikchilik tashvishlari bilan o‘tib ketdi. Kampir ertasiga saharda nevarasining yo‘lini to‘sib ovga chiqazmadi. — Qo‘y, bolam. Borma. Sovuq zaptiga oigan. Biron joyda muzlab qolib ketma. Odamxo‘r mushuklar yeb ketmasin. Kun yoyilganda borasan. Azizbek shuncha yalinsa ham kampir ko‘nmadi. Azizbek noiloj enasining ra’yini qaytarolmay, qaytadan yechinib o‘rniga yotdi. Bari bir ko‘zini uyqu ololmadi. Dadasini, onasini, Mirvalini o‘ylab yotdi. Ko‘zi ilingan ekan, tushigaMirvali kiripti.Seni o‘zim o‘g‘il qilaman, deyatgan emish. Yana u Erali chavandozning otini senga sovg‘a qilaman, deb peshonasidan silamoqchi bo‘lib turganmish. Azizbek uyg‘onib ketib, ancha paytgacha to‘shakda hurpayib o‘tirdi. Noxush o‘tirib nonushta qildi. U dukatlik Morduxay degan tish doktoriga o‘nta kaklik va’da qilib qo‘ygan edi. Tirigi bo‘lishi shart emas, semiz bo‘lsa bas, bittasiga o‘n so‘mdan beraman, deb aytgandi. Azizbek paqirga solib qo‘ygan kakliklardan o‘ntasini tanlab oldi-da, xaltaga joyladi. Shu payt eshik ochilib, enasining boshi ko‘rindi. — Hoy bola, choy bilan gugurt olish esingdan chiqmasin. Kampir shunday dedi-yu, yana eshikni berkitdi. Azizbek yelkasida miltiq, qo‘ltig‘ida kaklik solingan xalta bilan yo‘lga tushdi. Oftob charaqlagan. Quyosh nurida chaqnagan qor ko‘zni olaman, deydi. Azizbek so‘qmoqdan jadal borardi. U yo‘l-yo‘lakay uchragan kakliklaiga qaramadi ham. Hatto badaniga oftob o‘tib, qorda sudralib kelayotgan kakliklarga parvo qilmay yonidan o‘tib ketaverdi. Kungay tarafda qor yo‘q. Allaqachon erib ketgan. llib qolgan toshlar orasidan chiqqan yumronqoziqlar orqa oyoqlarida soqchidek tik qotib turardilar. Azizbek asfalt yo‘l yoqasiga kelib, kattakon toshga o‘tirdi. U past-baland yo‘llardan yurib charchagan edi. Pastda mashinalar bir-birini quvib o‘tyapti. Yuqoridan Erali chavandoz Qora Baxmalni jilovidan yetaklab, o‘zi otga o‘xshab kishnab o‘tib ketdi. Nariroq borib jilovni qo‘yib yubordi-da, o‘zi to‘nini yechib, egarga tashladi. Uning yaktaklari yirtilib, etaklari osilib qolgan. Yalang‘och yelkalari shundoq ko‘rinib turardi. U bir oyog‘ida turib, o‘ng tomonga ikki aylandi. Keyin chap oyog‘ida turib, yana o‘ng tomonga aylanmoqchi bo‘ldi. Eplolmadi, muvozanatini yo‘qotib, yonboshiga yiqildi. Shundan keyin yerga o‘tirib olib, o‘kirib-o‘kirib yig‘ladi. Keyin oftobga ko‘zini pirpiratmay tik qarab turib, qarsillab kuldi. Azizbek uning bu holatini hayron bo‘lib kuzatib turardi. U Erali chavandoz jinni bo‘p qopti, deb eshitgan edi-ku, ishonmagandi. Mana, ko‘rib turibdi. Mirvali otini zo‘rlab olib, o‘zini ikki kun yerto‘laga qamab qo‘ygandan keyin jinni bo‘lib qolganini u bilmasdi. Shu topda kuz oftobi toshlami ojizgina ilitib turgan yonbag‘irda Mirvalidan jabr ko‘igan ikki kishi o‘tirardi. Ulardan biri umrining so‘nggi damlarini kechirar, ikkinchisi endigina olamni tanib kelayotgan edi. Azizbek biroz dam olgandan keyin o‘rnidan turib, yonbag‘irdagi so‘qmoqdan ketdi. So‘qmoqjaryoqasiga kelib uzildi. U yog‘iga yo‘l yo‘q. Azizbek yovvoyi pistaning buralib ketgan yalang‘och ildiziga osilib pastga tushmoqchi bo‘ldi. lldiz omonatga o‘xshab tuyuldimi, orqasiga qaytdi. Xuddi o‘ziga-o‘zi tormoz berayotgandek, qalqib-qalqib pastga tushayotganda, o‘ng tornondan kelayotgan ayol kishiga ko‘zi tushdi. Lining o‘tib ketishini kutib turdi. Ayol qora baxmal kamzul kiyib, boshiga tivit ro‘mol o‘rab oigan. Oyog‘idagi jigar rang etigining nayzadek uchli poshnasi toshlarga tegib taq-taq ovoz chiqazib kelardi. Azizbek uni tanidi. Bu Razzoq buqachining kelini Mastona yanga edi. Eri shu bahorda armiyaga ketgan, o‘zi sovxoz buxgalteriyasida hisobchilik qilardi. Kelin bo‘lib tushganiga ikki yil bo‘lay deyapti, hali bola ko‘rmagan. Yetimqishloqliklar tug‘maydigan kelinni uzoq ushlab turishmasdi. Darrov javobini berishardi. Razzoq buqachi, picha sabr qilaylik, bunga ham xudoning atagani bordir, deb xotinining gapini qaytarib turardi. Mastona yanga juda ko‘hlik edi. Qaddi-qomati kelishgan, kiygan kiyimi o‘ziga yarashadigan xushbichim edi. Azizbekning uni ko‘rmaganiga besh-olti oy bo‘lib qolgan. Endi u juda xunuk bo‘lib ketibdi. Yuzi dog‘, qorni do‘ppayib, baxmal paltosining tugmalarini tortib turi pti. Mastona yanga shundoqqina Azizbek tuigan joydan uch metrcha naridan o‘tib ketdi. U qisqa-qisqa nafas olar, bir-ikki qadam bosib to‘xtar, yana nafasini rostlardi. Nima balo, kasalmi, deb o‘yladi Azizbek. Mastona yanga bexosdan gandirakladi. Toshga suyanib, bir dam turdi-yu, holdan ketib, o‘tirib qoldi. Azizbek yoniga bordi. — Yanga, sizga nima bo‘ldi? Mastona yanga uni ko‘rib, voy, seni menga xudo yetkazdi, búbalo bo‘lib qolamanmi, deb qo‘rqib turgandim. Pastga olib tush, biron mashinani to‘xtatib, do‘xtirga olib bor, deb yolbordi. Azizbek yelkasidagi miltiqni tosh orqasiga tashlab, uni suyab, pastga olib tusha boshladi. Mastona tinmay ingrar, lablarini qimtib, tishlarini g‘ichirlatardi. Ular asfalt yo‘lga tushishdi. Azizbek uni yo‘l chetidagi toshga o‘tqazib, o‘tkinchi mashinalarga qoi ko‘tara boshladi. Aksiga olib mashinalar uning oldidan o‘qdek uchib o‘tib ketardi. Ularning aksari paxta yuklangan pritsepli mashinalar edi. Yengil mashina deyarli o‘tmasdi. Uzoqdan avtobus ko‘rindi. Azizbek nima bo‘lsa ham shuni to‘xtataman deb , yoi o‘rtasida turib oldi. Bu «Xo‘jaqishloq» marshrutida qatnaydigan avtobus edi. Shuni to‘xtatolsa ayni muddao bo‘lardi. Chunki bu avtobus sovxoz idorasi oldida to‘xtab o‘tadi. Doktorxona ham xuddi o‘sha yerda. Azizbek ikki qo‘lini ko‘tarib, avtobus yo‘lini to‘sib turaverdi. Shofyor uni urib ketishidan qo‘rqib, g‘azab bilan tormoz berdi. Keyin mashina eshigini ochdi. — Nima o‘lging kelyaptimi?! E, ahmoq! Azizbek uning so‘zlariga parvo qilmay yolbordi: — Tog‘ajon, anavi yangamni ola keting. To‘lg‘oq tutib qoldi. Do‘xtirga olib borish kerak. Shofyor tosh ustida to‘lg‘anib o‘tiigan Mastona yangani ko‘rdiyu, shoshib pastga tushdi. Passajirlaming hammasi unga qarab turishardi. Orqa eshik ochilib, ikki xotin chiqdi. Ular kelib Mastona yangani qo‘ltig‘idan olishdi-da, ehtiyotlab avtobus tomon olib ketishdi. Mastona yanga o‘girilib, Azizbekka qaradi: — Aziz, ukaginam, uydagilarga aytib qo‘y. Xo‘pmi? Uni avtobusga chiqarishdi. Azizbek hayron bo‘lganicha yo‘l o‘rtasida qoldi. U ayasiga, menga qachon ukacha tug‘ib berasiz, deb so‘ raga nlarini esladi. Shunda Bodomgul, yaqinda, yaqinda ukachalik bo‘lasan, Begim, degandi. Shundan biron oylarcha vaqt o‘tib qulog‘iga bir xunuk gap kirdi-yu, ayasini yomon ko‘rib qoldi. Mahalla xotinlari, «Bodomgul Mirvalidan orttiigan bolasini oldirib tashlabdi», deb gap qilishgan edi. Shunda Azizbekning murg‘ak qalbi ezilib ketgandi. Shu payt Azizbek ayasini, dadasini esladi. Dadasi tog‘dan horibcharchab kelardi. Uni erkalatishga ham majoli bo‘lmasdi. Kelganiga bir kun ham o‘tmay ko‘chada xotini to‘g‘risida noxush gap qulog‘iga chalinardiyu janjal boshlanardi. Azizbek bir chekkaga suqilib, ota-onasining jangini javdirab tomosha qilardi. Shundan so‘ng dadasi jahl bilan uydan chiqib ketardi. Keyingi ketishida ayasiga yomon gap aytgandi: — Bu uy endi menga harom! Bari bir Ravshanbek uyga kelaverdi. U har qancha g‘azablanmasin, xotinini yaxshi ko‘rardi. Uning ko‘p gunohlarini kechgandi. Mana endi Azizbek ham otasiz, ham onasiz bo‘lib qoldi. U keyingi kunlarda tog‘larda devonavor tentirab yurar, kechga yaqin horib-charchab, sovuqdan diigizlab qaytib kelardi. Katta enasi uning bu xil yurishlaridan xavotir olardi. Bolaning bu yurishi yaxshilikka olib bormaydi. Biron kor-hol bo‘lmasa go‘rga edi, deb tashvishlanardi. Mashina signalidan cho‘chib ketgan Azizbek o‘zini yo‘l chetiga oldi. «Niva» o‘n besh metrlarcha nari borib g‘iyqillab to‘xtadi. Undan Mirvali tushdi. — Ablah, nega paxtaga bormay, bu yoqlarda yuribsan? — dedi Mirvali o‘qrayib. — Sizning nima ishingiz bor! Siz sovxozdan qochib ketgansizku! Mirvalining ko‘zlaridan o‘t chaqnab ketdi. Bu boladan qutulishning ayni payti kelgandi. Mirvali etigining qo‘njidan pichog‘ini olib, u tomon bostirib kela boshladi. Azizbek orqasiga tisarilib, keskin burildi-yu, bir sakrab xarsang ustiga chiqib oldi. Yana ikkita xarsangdan oshib o‘tsa, boya xashaklar orasiga tashlab qo‘ygan miltiqqa qo‘li yetadi. Orqasiga o‘girilib, Mirvaliga qaradi. U yeb qo‘ygudek bo‘lib tikilib turardi. — Siz yomon odamsiz! — deb qichqirdi Azizbek. — Ayam bilan dadam o‘lgandan keyin izingizga tushganman. Nimalarqilganingizni, kimlarni o‘ldirganingizni ko‘rganman. Mirvali shahd bilan tepalikka intildi. Azizbek harsangdan oshib, miltiqni oldi. — Tashla, tashla miltiqni! Azizbek miltiqni tashlamadi. — Tashlamayman! Sizni o‘ldiraman. Ayam bilan dadamning qasdini olaman. Biroydan beri orqangizdan poylayman. Asalchi voyenniyni mashina bilan ezib o‘ldiiganingizni o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Rasulbek amakini tosh uyga qamab portlatib yuborganingizni ham ko‘rganman. Siz shunaqa yomon odamsiz. Sizni o‘ldiraman! — Tashla, tashla miltiqni! Jinni bo‘ldingm i? Senga «Moskvich» olib beraman. Mazza qilib minib yuraverasan. Mashina ichiga magnitofon o‘rnatamiz, xohlagan ashulangni qo‘yib eshitaverasan. — Ishonmayman!— dedi Azizbek. — Sizni bitta ham gapingizga ishonmayman. Siz meni ham o‘ldirasiz, bilaman... Ne-ne kekkaygan, hech kimga so‘z bermaydigan odamlami bo‘ysundirgan, inon-ixtiyoridan chiqqan ne-ne vallomatlarni bir ishora bilan yo‘q qilib yuborgan Mirvali kelib-kelib og‘zidan ona suti ketmagan bir bola oldida nochor-noiloj gangib turardi. Bu bola miltiq tepkisini bossa, tamom! Shon-shavkatiar, davri-davronlar, qancha kurashlarda qo‘lga kiritgan boyliklar, oltinlar, javohirlar, sanab tugatib bo‘lmaydigan pullar...bari qolib ketadi! Mirvali oldinga intildi. — Hoy, bola, esingni yig‘. Umringning oxirigacha yetadigan puldan yuz o‘girma. Videomagnitofon olib beraman. Uyingda xohlagan kinoni o‘zing qo‘yib ko‘raverasan. Miltiqni tashla! Pul kerakmi, mana, — u qo‘yin cho‘ntagiga qo‘l tiqib, bir pachka pui olib, Azizbek tomonga otdi. Mirvali g‘azabdan titrar, aytayotgan gaplari bo‘g‘zidan allaqanday xunuk bir tovushga ilashib chiqardi. Azizbek umrida bunchalik ko‘p pulni ko‘rmagandi. Hammasi yuz so‘mliklar. Ular hozir Azizbekning oyoqlari tagida, butalarçja ilashib, shabadada u yoqdan bu yoqqa kapalakka o‘xshab uchyapti. Mirvali Azizbekning pulni ko‘rib hayron turib qolganini, ancha bo‘shashganini sezdi: — Ukam, sen hozir uyingga bor. Enangdan xabar ol. Men omborchiga aytaman, uyingga qopda un bilan guruch olib borib beradi. Bundan buyon do‘st bo‘laylik. Enangga mendan salom ayt. Bugun-erta o‘zim o‘tib, duosini olib kelaman... Keyin garajga bor. Shofyoïga yordamchi qilib qo‘yaman. — Nima qilasiz yolg‘on gapirib. Endi siz sovxozga borolmaysiz. Ushlab olib qamashadi. 0 ’rningizga Qodirov direktor bo‘lgan... Bu gap uning qoq miyasiga kimdir bolg‘a bilan urgandek tegdi. Ko‘z oldi qorong‘ilashib ketdi. Muvozanatini yo‘qotib, oyoqda turolmay qoldi. Toqqa kelganiga ikki kun ham bo‘lgani yo‘q. Qiladigan ish, gaplashadigan odam yo‘q. Cho‘ponlar ham undan o‘zlarini olib qochishardi. Ja’far bilan, Nasim bilan nimani gaplashadi? Bir kunda shunchalik zerikish. Qilichini ko‘tarib qish kelyapti. Uchib turgan qush osmonda muzlab yiqiladigan payt kelganda nima qiladi? Uning bir umidi qudasi Tursunboyevdan edi. Uning «Endi bas, orqaga qayt», deyishidan ilinji boredi. Endi u yo‘q. Qudasini Gdlyan qamoqqa olib ketgan. Jahl kelsa, aql ketadi, deydilar. Keyingi paytlarda Mirvalining ko‘p marta aqli ketdi. Ayniqsa, saylovchilaming vakillariga qilgan asió chidab bo‘lmas gunohini hech kim kechirmaydi. Mirvalining ertangi kuni qorongM edi. Nomusi barbod bo‘lgan qizlarning, ro‘zg‘ori buzilgan kelinchaklarning, ulaming ota-onalari zor-zor qaqshab qilgan duoyi badlari, qaig‘ishlari uning yoqasidan tutdi. Endi u shu tog‘larorasidashoqollardekyashashga mahkum. U ko‘nglida, hech bo‘lmaganda bitta sovxozda qoldirishsa ham rozi edim, qandoq gullatganimni ko‘rib qo‘yishardi, deb o‘ylardi. Buning asió iloji yo‘q edi. U birlashmani «gullatib» bo‘lgan edi. Bundan buyon u umrini qamoqda o‘tkazadi yo shu toglarda qashqir bo‘lib yashaydi. Mirvali cho‘ntagini kovlay boshladi. Azizbek uni yonidan to‘pponcha olyapti, deb o‘ylab barmoqlarini miltiq tepkisiga qo‘yib, bosishga tayyor bo‘lib turdi. Mirvali shimining cho‘ntagidan bir dasta kalit olib, Azizbekning oyog‘i tagiga jaranglatib tashladi: — Jigulining kaliti. Garajga borsang, mashinani ko‘rsatishadi. Keyin haydashni o‘rgatishadi. 0 ’rtoqlaringni ko‘zini o‘ynatib minib yurasan. Mirvali shunday deya turib, yana ikki qadam oldinga chiqdi. — Gapingiz g‘irt yolg‘on. Garajdan sizga bitta mix ham berishmaydi. Meni laqillata olmaysiz. Mirvalining betlari bujmayib, qaltirab ketdi. Bu odam Azizbekning qon dushmani. Endi u o‘lim talvasasida uni avrayapti. Tog‘-tog‘ va’dalar beryapdi. Bu odam uning onasini o‘ldirdi, dadasini o‘ldirdi. Hali hayotning achchiq-chuchugini totmagan bir arzanda bolaning ko‘ziga bu yorug‘ dunyoni zimiston qildi. Qarib, ana ketaman, mana ketaman deb, bittagina yolg‘iz farzandining yo‘liga ilhaq bo‘lib, kun sanab o‘tirgan mushfiq bir kampirning butun orzu-armonlarini oyoq ostiga olib tepkiladi. Azizbek miltiq qo‘ndog‘ini yelkasiga tiradi. — Hoy bola, nima qilyapsan?! — dedi titrab-qaqshab Mirvali, — miltiq o‘yinchoq emas. Basqil! — Sizni o‘ldiraman. Mashinangiz ham kerak emas, pulingiz ham... Mirvali unga yaqin kelib qolgandi. Bitta toshga oyoq tirasa bo‘ldi, xuddi Azizbekning oyog‘i tagidan chiqadi. Qo‘chqor shoxidek buralib ketgan archa ildiziga osilib, yuqoriga intildi. Shunda... Azizbek miltiq tepkisini bosdi. Yong‘oqzorda xazon titib yurgan bir gala qaig‘a qag‘-qag‘ qilib osmonga ko‘tarildi. Oraliqlar, yonbag‘irlar uzoq vaqtgacha qaldirab turdi. Mirvali yigirma metrcha pastlikning o‘rtasida qoziqdek chiqib turgan archaning qurigan ildiziga osilib qolgan edi. U joydan na pastga tushib bo‘lardi, na yuqoriga chiqib, Mirvali xuddi dor chig‘irig‘iga osilib o‘ynayotgan dorbozga o‘xshardi. O‘zini tashlab yuboray desa, shundoq balanddan toshlar ustiga tushib, chilparchin bo‘ladi. Yuqoriga chiqishning asió iloji yo‘q. U osilib turgan ildiz yonidagi kovakdan uzun bo‘ynida patlari yo‘q ikki o‘limtik g‘ajir potirlab uchib chiqib ketdi. Kovak ulaming odam qo‘l¡ yetmas uyasi edi. G ’ajirlar kutilmagan «mehmon» tepasida charx urib aylanishar, hamla qilishga chog‘lanishardi. Azizbek unga uzoq qarab turdi. Mirvalining qo‘llari baquvvat edi. Animo qanchalik baquwat bo‘lmasin, biron soatdan ortiq uni ko‘tarib turolmasdi. Bu bahaybat tog‘larni, so‘ngsiz dalalarni, boshidan oxiriga yurib yetib bo‘lmaydigan o‘rmonlarni, o‘ziga tobe bo‘lgan mingminglab odamni qisib ushlab turgan shu baquvvat qo‘llar endi uning birgina o‘zini ko‘tarib turishga ham ojizlik qilardi. Mirvalining qoilari tola boshladi. Jon-jahdi bilan kuchanib, yuqoriga qaradi. Tepada tova tosh ustida qo‘lida miltiq bilan turgan Azizbekka yana yalina boshladi. Mirvali osilib qolgan ildiz yonida kattagina tuynuk bor. G ’ajirlar shu joydan kiradilar. Tuynukdan qaragan odam katta yo‘lni bemalol ko‘radi. Mirvalining yo‘lga tashlab chiqqan mashinasi ham bemalol ko‘rinib turardi. Ammo Mirvali bo‘y cho‘zib qarayolmasdi. Boshidan uch qarich balandlikka gavdasini ko‘tarolmasdi. Tuynuk og‘zida esa g‘ajirlar unga yov qarash qilib cho‘qib tashlashga shay turardilar. Tashqaridan o‘q ovozi eshitildi. Bu ovoz o‘ngir ichida bir dam aylanib yurib, ildizlar orasiga singib ketdi. Mirvali tepadan kuzatib turgan Azizbekka, nima gap, degandek tashvishli qaradi. — Nasim polvon Ja’farni otdi. O‘ligini jarga tepib yubordi. — Yugur, tez pastga tushib Ishton polvondan sim arqonni olib chiqib menga tashla. Tez bo‘l, qo‘limda kuch qolmayapti. — Militsiya Abdulazizni sen o‘ldirgansan, deb Ishton polvonning qoMiga kishan solib olib ketdi. Mashinangizni ham o‘shalarolib ketishdi. Nasim polvon o‘zini chavaqlab tashladi. Rajab polvon kecha oqshom Mirvalining buyrug‘i bilan «qimmatli» guvoh Abdulazizni chavaqlab kelgan edi. Mirvali alam bilan ingradi. Bu ingrash bir necha daqiqa oldin raqiblarini bitta imo bilan yo‘q qiladigan, umr bo‘yi sarf qilsa tugamas boylik egasi, endi esa bir go‘dakning kichkinagina yordamiga zor bo‘lgan «tog‘lar sultoni»ning achchiq faryodi, ohu nolasi edi. O‘ngir tubi borgan sari torayib, tushib ketgan jonzot vino shishasining tiqinidek zich O‘mashib qoladi. O‘ngir tubiga tushib ketish naqd o‘limning o‘zi edi. Mirvalining o‘zi ham qanchaligini aniq bilmaydigan boyliklari Nasimniki bo‘ldi. Otasi Azim o‘g‘ri umr bo‘yi o‘g‘rilik qilib, hozir bolasi ega bo‘lgan boyliklarning mingdan birini ham ko‘rmagandi. Bu boyliklar Nasimga ham buyurmadi. U alam bilan o‘zini chavaqlab tashladi... Azizbek nima ish qilib qo‘yganini bilmasdi. Qo‘rquv bosdi. Butun vujudi karaxt bo‘lib, hech narsani sezmas, aqli hech narsani idrok etmasdi. Qarmoq uchiga suqilgan tirik chuvalchangdek gavdasini burab-burab, so‘nggi damlarni kechirayotgan Mirvaliga hayrat bilan qarab turdi-da, ortidan kimdir ta’qib qilayotgandek shoshib orqaga yugura boshladi. Azizbek to‘xtab, nafasini rostladi. O‘pkasi to‘lib, hiqillab yigMab yubordi. — Ayajon, ayajonim! Sizni xo‘rlagan, badnom qilgan, bu dunyodan faryod urib ketishingizga sababchi bo‘lgan iflos Mirvalining jazosini berdim. Ayting, yana nima qilsam arvohingiz shod bo‘ladi? — Dadajonim, sizni tog‘u toshlarda sargardon qilgan, qari enamni zor-zor yig‘latgan jallod Mirvalini choh tepasiga osib qo‘ydim. Bir nafasdan keyin uning ko‘zlarini g‘ajir qushlar o‘yib olib, o‘zini choh tubiga tashlaydi. Ayting, Enajonim, ayting Dadajonim, endi mendan xursandmisizlar? — Enajonim, u qonxo‘rning butun yashagan umri sizning bir tomchi ko‘z yoshingizga arzimaydi. Ayajonginam, uning jami umri sizning taroqqa ilinib qolgan bir tola sochingizga teng kelolmaydi. Dadajonim, u jallodning tog‘larni titratib yashab o‘tkazgan umri sizning bir marta, o‘g‘lim, deb menga aytgan mehr to‘la so‘zingiz oldida sariq chaqaga arzimaydi. Yaqin o‘rtadan tuyoq tovushi keldi. Azizbek quloq soldi. Tuyoq tovushi borgan sari unga yaqinlashardi. Butalar orasidan bir otliqning avval boshi, keyin butun gavdasi ko‘rindi. Boshiga tumoq, egniga po‘stin kiygan otliq uning yoniga kelib, jilovni tortdi. Ot pishqirib to‘xtadi. — Nima qilib o‘tiribsan, chirog‘im? Bu tog‘larga ko‘pam tikilaverma, mahliyo bo‘laverma, bu tog‘larda qashqirlar bor... — Yo‘q, bobojon, tog‘da endi qashqirlar qolmadi. Eng oxirgisini o‘ngir tepasiga osib qo‘yganman . Yo‘lovchi uning qo‘lidagi miltiqqa qaradi. — Unday bo‘lsa nima qilib miltiq ko‘tarib yuribsan? Tashla uni... — Mana! Mana! — deb Azizbek miltiqni jarga uloqtirdi. Jar tubi suv ekan, shaloplagan tovush eshitildi. Yo‘lovchi unga, barakalla, dedi-yu uzoq yo‘lga mo‘ljallangan qo‘shig‘ini boshlab otiga qamchi bosdi. Daryo to‘lqin, suvlar toshqin, Undan kechib o‘tolmayman. Otim oriq, rangim sariq, Manzilimga yetolmayman. Bir qalam qosh, ham chilvir soch, O‘tov bezab kutar meni. Qandoq qilay, bu tog‘lardan Ko‘ngil uzib ketolmayman. Yurtim olis, shamollar ham Yetolmayin holdan toyur, llojim yo‘q, oftob bo‘lib U tomonga botolmayman. Otim oriq... Rangim sariq... Daryo to‘lqin, Suvlar toshqin...
Manba:
Nomi | BIR TANDA IKKI ODAM |
Muallif(lar)i | A.S.Sagdullayev |
Yaratilgan vaqti | 01.06.2023 |
Nashr yili | 2022 |
Nashr parametri | 2022 |
Nashriyoti | 2022 |
Qo‘llanish sohasi | adabiyotshunoslik |
Adabiy turi | Dramatik |
Janri | adabiy maktub |
Voqea vaqti va joyi | 2020 |
Matn tipi | detektiv |
Uslubi | Badiiy |
Auditoriya yoshi | 18 yoshgacha |
Auditoriyaning salohiyat darajasi | adabiyotshunoslik |
Ichki korpus turi | Davriy nashrlar korpusi |
So‘z(shakl) miqdori | 0 |
Teglovchi | Kamoliddin |