Korpus bo‘yicha izlash

Kontekst:

TOG‘AY MUROD YULDUZLAR MANGU YONADI Qissa "Yulduzlar mangu yonadi" qissasi ilk marta "Sharq yulduzi" jurnalida chop etilgan. ("Sharq yulduzi", 1977, 10-son.) 1980 yilda bu qissa G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida "ABK" - "Avtorning birinchi kitobi" seriyasi ostida chop etiladi. Keyinchalik qissa qayta ishlanib, "Qo‘shiq" kitobiga (1987) "Davra" nomi bilan kiritiladi (G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti). "Davra" yozuvchi tomonidan yana qayta ishlanadi — endi "Yulduzlar mangu yonadi" nomi bilan "Ot kishnagan oqshom" qissalar to‘plamida chop qilinadi ("Sharq" nashriyot-matbaa kontserni Bosh tahririyati, 1994). I — Odamlar-u odamlar, tog‘da bitgan bodomlar, eshitmadim demanglar! Bugun ha-a-amma Zulfiqor polvonnikiga sunnat to‘yiga, he-e-e-ey! Chu, jonivor! Egar qoshiga to‘n solib olmish jarchi guzarma-guzar ot o‘ynatdi. Xo‘jasoat qishlog‘i ahlini to‘yga chorladi. Xiyol o‘tmadi. To‘y bekasi otda eshikma-eshik yurdi. Xonadonlarni alohida-alohida aytdi. Xonadon bekalari: — Quruq ketmang, — deya egar qoshiga to‘n ildi. To‘y bekasi yuziga fotiha tortdi. — Iloyim, sizlarnida to‘yga yetkazsin, — deya tilak tiladi. Keyin, Zulfiqor polvon ot mindi. El-yurtni o‘z nomidan aytdi. El-yurt ko‘ngli nozik-da. To‘y bekasi aytgan boshqa, to‘y xo‘jasi aytgan boshqa. II Tush vaqti ayollar bo‘g‘irsoq, qatlama, shirguruch ko‘tarib to‘yladi. Erkaklar qo‘y, tana yetaklab to‘yladi. Tom ustida yonboshlab olmish Nabi oqsoqol to‘yxonadagi voqealardan ko‘z-quloq bo‘ldi, tegishli yo‘l-yo‘riqlar berdi. Ayniqsa, kelajak mehmonlarni e’tibordan chetda qoldirmadi. Mehmonlar ko‘cha boshida qora berishi bilanoq, Nabi oqsoqol ovoz berdi: — Kelinglar, mehmonlar, kela beringlar! — dedi. — Mingoy baycha1 , ayollarga peshvoz chiqib, qo‘llaridan dasturxonni oling! Qarang, Zulfiqor polvonning oshnasi Turdiboy echki yetaklab kelyapti! Anavi qo‘y yetaklab kelayotgan kuyovi Qurbonmikin? Ha, shuyakan! Ashurboy, qo‘ylarni ushlab, og‘ilxonaga qamang! To‘yxonada o‘ynab yurmish bolalar eshik oldiga chopib keldi. To‘ylovchi ayollar sochqilar sochdi: yong‘oq, pista, mayiz... Bolalar qo‘llarini cho‘zib-cho‘zib sapchidi. Sochqilarni ilib-ilib oldi. Yerga tushganlarini talashib-tortishib qo‘ynilariga soldi. Ikkita bola yumalab borayotgan yong‘oqni quvib ketdi. Bolalar to‘da-to‘da bo‘lib, yong‘oq, oshiq, shumshak, quloqcho‘zma o‘ynadi. Do‘l, g‘irboydi, chillak, zuvillatar o‘ynadi... III Xolboy surnaychi ikkita doirachi bilan mumtoz musiqalar tarona etdi. To‘yxonada olti doshqozon qator osildi. Xizmatkorlar qur bo‘lib o‘tirib sabzi to‘g‘radi. Dosho‘choqlardan samoga qop-qora tutun o‘rladi. Doshqozonlardan zig‘ir moyga qovurilayotgan go‘sht hidi keddi. Bir otliq taqimiga boshsiz uloq bosib to‘yxonadan chiqdi. — Odamlar, Oqjarda ko‘pkari bo‘ladi! — dedi Nabi oqsoqol. — Ana, uloqni olib ketdi! Xohlaganlar borsin! Eslaringda bo‘lsin, kechasi olish bo‘ladi, ertaga yana ko‘pkari! Piyoda ko‘pkarisida bor! Ertaga piyoda poygayam bo‘ladi, ha! Erkaklar ko‘pkaridan kunbotarda keldi. Qur bo‘lib-qur bo‘lib o‘tirdi. Toboq-toboq palov suzildi. Uchovora bir toboq bo‘ldi. IV Xuftonda ayollar davra qurib gulxan yoqdi. Davrada chirsillab yonayotgan shuvoqdan buralib-buralib olov o‘rladi. Shuvoq hidi dimog‘larni qitiqladi. Bolalar davra tevaragida quvalashib o‘ynadi. Besh-olti bola jam bo‘ldi. Bir uy ichida yerni aylana qilib chizdi. Aylanani gir deb atadi. Bolalar bir sonni belgilab oldi. Birovi bolalarni uch aylantirib sanadi. Mo‘ljaldagi songa tushmish bola girda qoldi. U gir ichida engashdi. Ko‘zlarini qo‘llari bilan yashirib turdi. Bolalar har tarafga sochilib yashirindi. Girda qolgani ularni izladi. Girdanda ogoh bo‘ldi. Kimda-kim uning ko‘zini shamg‘alat qilib, epchillik bilan girga chopib kirsa, shu g‘olib sanaladi. U ayollar orasida bir bola mo‘ralab turganini sezib qoldi. Shu bolani davra aylantirib quvdi. Bola girga qarab qochib, qo‘lga tushdi. Bu orada boshqa bolalar girga to‘plandi. Endi qo‘lga tushgan bola girda qoldi. Bolalarni izladi. Bu, yashinmachoq o‘yini bo‘ldi. V Ayollar doirani yelpib-elpib, halqachalarni shildiratib-shiddiratib olovga tobladi. Davrada changqovuz bo‘zladi: — Biyov-biyov-biyovBir qiz olov girdida barmoqlarini qirsillatib-qirsillatib, changqovuz nag‘malariga xirom etdi. Davrada ikkita go‘zal eshilib-eshilib o‘ynadi, to‘lg‘anib-to‘lg‘anib o‘ynadi: biri olov bo‘ldi, biri qiz bo‘ldi! Ayollar nag‘malarga hamohang chapak chaldi. Jo‘shib-jo‘shib qiyqirdi: — Kishtala-kish, kishtala-kish, hay-ha-a-a-ay! — Ha, bo‘yingdan momong aylansin, o‘ynay ber, o‘zim kelin qilaman! O‘ynagan o‘ynab, o‘ynamagan to‘n yopdi. Bo‘ydoqlar davraga o‘g‘rincha qarab, qayliq tanladi. VI To‘yxona kunchiqaridagi qisirpoyada bolalar ikki taraf bo‘ldi. Bir taraf teskari o‘girilib, ko‘zlarini chirt yumib turdi. Ikkinchi tarafdan qulochi kattaroq bola bir qarichcha oppoq mol suyagini qulochkashlab otib yubordi. Suyak borib tushmish yerdan chang ko‘tarildi. — Bo‘ldi, bo‘ldi! — dedi. Shundan keyin raqiblari o‘girildi. Har tarafga yoyildi. Suyak izlab ketdi. Suyak otgan bolalar qatorlashib o‘tirdi. Raqiblarini qaradi. Bolalar suyakni izlab-izlab, oxiri topib keldi. Bordi-yu, topolmasa, suyak otgan bolalarning o‘zlari topib keladi.Tag‘in suyak otadi. Suyak ota berib-suyak ota berib, raqiblarini sarson qiladi. Endi suyak otish gali uni topib kelganlarda bo‘ldi. Bu, oqsuyak o‘yini bo‘ldi. VII To‘yxona yonidagi hovlida erkaklar davra qurdi. Bu davrada olish bo‘ladi. Davra uzra simchiroqlar osildi. Polvonlar oyog‘iga zax o‘tmasin uchun davraga somon sepildi. Davra chetida yonib bo‘lmish olov cho‘g‘i yashnadi. Polvonlar sovuq qotsa, ana shu cho‘qqa isinadi. Tun sovuq bo‘ldi. Sovuqdan qor hidi keldi. Davra junjikib-junjikib: — Uh-uh, qorning sovug‘i-ya, — dedi. Darhaqiqat, Keragatoqqa birinchi qor tushdi. Qorli cho‘qqilar oydinda elas-elas oqarib ko‘rindi. Tog‘ o‘ngirida televizor stantsiyasi chirog‘i yondi. Adog‘roqdagi to‘da chiroqlar — To‘xtamish, Chuqurobshir, Chinor, Lo‘kka, Zardaqul, Bodavo deya atalmish Vaxshivorning qishloqlari bo‘ldi. Oy qishloq uzra osilib qoldi. Yulduzlar g‘uj-g‘uj yondi. Davra aylanasiga gilam to‘shaldi, ko‘rpacha to‘shaldi. Mehmonlar hali kelmadi. To‘rda o‘tirgan kolxoz raisi: — Qulmat-ay! — dedi. — Qo‘shxonalarga bor-da, mehmonlarga xabar ber! Olish boshlandi, de! Chop, zuvillab borib, zuvillab kel! Xiyol o‘tmadi, mehmonlarda keldiOlam-jahon odam bo‘ldi. Davra liq to‘ldi. Joysiz qolmishlar tik turdi. Davra sirtidagi mashinalarga chiqib o‘tirdi. Davraga qarash uchun bo‘yi yetmovchi bolalar daraxt shoxlari ayrisiga chiqib o‘tirdi, devorlarga minib o‘tirdi. Kolxoz raisi bosh bakovul bo‘ldi. Bakovul oldida turli-tuman ro‘mol, gilam, kalish, choponlar bo‘ldi. Bakovul ketida to‘y xizmatkorlari g‘unajin, qo‘y, echki ushlab turdi. Bular sovrinlar bo‘ldi. VIII Davra sukutda bo‘ldi. Bosh bakovul o‘rnidan turdi. Davraga murojaat etdi: — Odamlar, uzoq-yaqindan kelgan aziz mehmonlar! Mana, jamoa jam bo‘ldi. Endi olishni boshlasak bo‘la berar. Bugungi davramizda vohamizga dong‘i ketgan Bo‘ri polvon o‘tiribdi. Davraga bakovullik qilishni shu kishiga topshirsak, nima deysizlar? — Ma’qul, polvon bovaning suyaklari davrada qotgan! — dedi davra. — Qani, polvon bova, davraga chiqing! Odamlar orasida o‘tirgan Bo‘ri polvon o‘rnidan turdi. Qo‘llarini ko‘ksiga qo‘ydi. — Odamlar, shunchalik izzat qildilaring, qulluq! — dedi. — Endi, biz qarib qoldik... — Polvon bova, elning so‘zini tashlamang! — El ataylab sizga yuz soldi-ya! Bo‘ri polvon chiqa bermadi. Shunda, rais o‘zi borib olib keldi. Bo‘ri polvonga Hotam polvon chiqdi. Ular bosh bakovul qarshisida cho‘kkalab o‘tirdi. Bakovul sovrin aytdi: — Sizlarga eng yaxshi to‘n qo‘yildi, omin, ollohu akbar! Oqsoqol polvonlar go‘yo chippa-chindan olishib, davrani boshlab berishlari lozim. Bo‘ri polvon kalishini yechdi. Mahsichan bo‘ldi. Qora choponi o‘ngirlarini qayirib, belbog‘iga qistirdi. Telpagini bostiribroq kiydi. Keng ham do‘ng peshonasini, turtib chiqqan yonoqlarini siladi. Taka soqolini siladi. Kaftlarini tuflab-tuflab ho‘lladi. Davra aylandi. Hotam polvonga qarab qulochini uzun ochdi. Hotam polvon yoqasidan ushladi. Bir-ikki silkidi. Avaylab chil berdi. — Yo, pirim! — dedi. Davra qariyalarga qarab jo‘shib ketdi. — Ha-ha, bo‘sh kelmang, polvon bova! — dedi. — E, bo‘ldi-e, charchab qoldilaringiz! — Polvon bova, unday chil bermang-e. Hotam polvonga tanisog‘lik kerak! Oqsoqollar bir-birini qo‘yib yubordi. Bosh bakovul oldiga keldi. Bakovul oqsoqollar beliga bittadan to‘nlik beqasam boyladi. — Bali, kuchlaringiz barobar ekan! — dedi. Oqsoqollar bo‘sh kelmadi. — Eb-ey, nimalar deyapsiz, rais bova? — dedi Hotam polvon. — O‘ngimga kelib edi-yu, tag‘in, Bo‘ri polvonning biron yeri lat yemasin dedim-da! — Nima-nima? — dedi Bo‘ri polvon. — Ukkag‘ar Hotam polvon-e! Sizga o‘xshaganlarni manavi chinachog‘im bilan yiqitaman, ha! Shunday qilib, ajdodlar udumi bajo keltirildi. Yoshlarga yo‘l ochildi. Oq yo‘l, yoshlar! IX Bo‘ri polvon davra aylandi. Davraga murojaat etdi: — Xaloyiq! — dedi. — Davrada halol olishib, elga tomosha ko‘rsataylik! Haq-nohaqni men — o‘zim ajrim qilaman! Aytganim aytgan, deganim degan! Davradagi Bo‘ri polvon so‘zim: tarafkashlik, g‘irromlik, oshna-og‘aynigarchilikka yo‘l qo‘ymayman! Bo‘ri polvon tevarakka alangladi. Bir burchakda qunishib o‘tirmish besh-olti yoshli bolani ko‘rib qoldi. Bola raisning o‘g‘li bo‘ldi. Bo‘ri polvon atayin shu bolani yetaklab keldi. — Otingiz nimaydi, polvon? — dedi. — Shukuy! — E, yashang, Shukur polvon! Bolalar, manovi Shukur polvon bilan olishadigan mard bo‘lsa o‘rtaga chiqsin! Telpagi quloqlarini tushirib olmish bir bola chiqib keldi. Ketidan otasi ovoz berdi: — Polvon bova, manovi Ermat polvonni bir sinab ko‘ring! Bo‘ri polvon Ermatningda qo‘lidan ushladi. — Ermat polvon, — dedi, — siz manovi Shukuy... e, astag‘firullo, Shukur polvon bilan olishasizmi? O‘zi, yurak uryaptimi? E, bali, gap bunday bo‘pti-da! Qani, yuringlar. Rais bova, manavi polvonlarga duo bering. Do‘rjiroq zot qo‘ying, kelbatidan ikkoviyam katta polvonga o‘xshayapti! Polvonchalar bosh bakovul ro‘parasiga cho‘kkaladi. Bakovul duo berdi: — Sizlarga o‘zlaringiz bop bir to‘n, bir so‘m pul qo‘yildi, ollohu akbar! Yaxshiroq olishsalaring, yana bir zot qo‘shamiz! Yechinmasdan olisha beringlar, kun sovuq! Bolalar davra aylandi. Ammo... chappa tarafdan aylandi! Davra gurr etib kulib yubordi. Bo‘ri polvon bolalarni ushladi. — Eb-ey, eb-ey! — dedi. — Manovi tarafdan aylaninglar! Kulmang, xaloyiq, polvonlar g‘ayratiga chiday olmay, shoshib qoldi, ha! Polvon shuytib-shuytib polvon bo‘ladi-da! X Bolalar davrani ikki aylandi. Qo‘l berib ko‘rishdi. Shukur polvon choponi o‘ngirlarini qayirib, belbog‘iga qistirdi. Enkayib, o‘ng qo‘lini oldinga sermab bora berdi. Ermat polvon ishtonini yuqoriga bir ko‘tarib qo‘ydi. Uyam qulochini sermab kela berdi. — Ha, qulochginangdan, polvonchalar! — dedi davra. Shukur o‘ng qo‘li bilan Ermatning yoqasidan ushladi, chap qo‘li bilan bilagidan ushladi. Ikki oyog‘iga qo‘shib chil berdi. Shukur yiqitayotib edi. Ammo yerga og‘ish vaqtida o‘zini eplay olmadi. Oqibat, ikkovida baravar yiqildi. — Bekor, it yiqilish4 bo‘ldi. Boshqatdan olishinglar! — dedi davra. — Shukur polvon, qattiq-qattiq chil bering! Kim aytadi sizni raisning uli deb? — Ermat polvon, ko‘p shalpaymang, dadil bo‘ling! Shukur yiqitdim, deya, bosh bakovul qoshiga o‘tirdi. Ermat davra o‘rtasida choponida ilashmish somonlarni qoqdi. Shukurga, keyin, Bo‘ri polvonga angrayib qaradi. — G‘irrom, men yiqilmadim, — dediBo‘ri polvon Shukurning yelkasiga qo‘lini qo‘ydi. — Polvon, yiqitolmadingiz, boshqatdan olishing! — dedi. — Yelkangizni ko‘p siltamang. Yo, otangizga ishonyapsizmi? Otangiz idoraga rais! Davraga Bo‘ri polvon rais! Turing! Shukur qoboq-tumshuq qildi. Otasi qabatiga o‘tib o‘tirdi. Bo‘ri polvon Shukurni silab-suydi. Chuchuk-chuchuk so‘zlar aytdi: — Shaytonga hay bering, polvon, chiqing endi. Aylanayin polvonimdan. Polvonimdan-da, polvonimdan-da... Shukur iyib ketdi. Tag‘in davraga kirdi. Bu safar Ermat enkayib-enkayib keldi. Shukurning qo‘ltiqlari ostidan kirib ko‘tarmoqchi bo‘ldi. Shukur Ermatning boshini ko‘kragi ostiga qisdi. Qo‘llarini qo‘ltig‘idan o‘tkazib ushladi. Yotibotarga oldi: o‘zi birdan orqaga yotib qolib, Ermatni ustidan oshirib otmoqchi bo‘ldi. Ammo... o‘zi ostida qoldi! Bo‘ldi kulgi! Shukurga alam qildi. Ermatga qo‘lini musht qilib ko‘rsatdi. — Sen bilan yanagi to‘yda olishaman! — dedi. Ermat bakovul ro‘parasiga o‘tirishi bilan bir talay bola chopib kelib yoniga cho‘kkaladi. Shukurga tarafkash bolalar bir-biriga so‘z bermay talashdi, bakovulga elandi: — Bova, Ermat polvon bilan meni olishtiring, u qalin oshnamni yiqitdi! — Yo‘q, Ermat polvon bilan men olishaman. Shukur xolamning uli! — Bova, Ermat polvonga meni chiqaring, Shukur bizning hamsoyamiz! Davraga tag‘in bir bola — Xolyor keldi. Xolyor Shukurning bir yosh katta akasi bo‘ldi. Hayallashi boisi, u tut shoxida o‘tirib edi. Yerga tushib, davraga kirguncha vaqt o‘tdi. Masalani Bo‘ri polvon hal etdi. — Rais bova, Xolyor polvonga duo bering, ukasining ori uchun olishsin! Ming qilsayam emchakdosh-da! — dedi. XI Zo‘rdan zo‘r chiqdi. Olish kattalashdi. Gal maktab yoshi bolalarga yetdi. Undan o‘smirlarga yetdi. Bir polvon yiqilsa, origa oshnasi yo og‘aynisi davraga chiqdi. Qoni tortdi... Or-nomus uchun kurash bolalikdan boshlanadi! Qishloq odamlari olchin, tog‘chi, parito‘p, qovchin, go‘rxov, yuz... deya atalmish urug‘-aymoqlarga bo‘linib olishadi. Bordi-yu, chetdan polvonlar kelgan bo‘lsa-chi? Unda, qishloq polvonlari birlashib, mehmon polvonlar bilan kurashadi. Odamlar kindik qonlari tommish yer shon-sharafi, oriyati uchun olishadi. Vatan - kindik qon tommish yerdan boshlanadi! Bu davrada qishloqning barcha polvonlari bir taraf bo‘ldi. Boisi, o‘zga tumanlardan polvonlar ko‘p keldi. Polvonning to‘yi-da! Kimsan — Zulfiqor polvon to‘y qilyapti! XII Bo‘ri polvon qo‘llarini orqasiga qilib davra aylandi. Chetdan kelmish polvonlarga nazar soldi. "Manavi o‘tirganlar sariosiyoliklar. Termizliklarda bor. Bular o‘zimizning Denov polvonlari. Pichirlashib gaplashayotganlar kim bo‘ldi? Ha-a, jarqo‘rg‘onliklar. Manavilar esasho‘rchiliklar. O‘rtada chordana qurib o‘tirgan mo‘ylov Ro‘zi polvon. Yaqinda bizning polvonlar ularni o‘z uylarida mag‘lub etib keldi. Ko‘rinib turibdi, sho‘rchiliklar alamzada. Demak, olish zo‘r bo‘ladi. Birinchi kimdan boshlasin? Mehmonlarni bir-birlari bilan olishtirsamikin? Yo‘g‘-e, davra o‘ziniki, ep bo‘lmas. Yaxshisi, o‘zlaridan kimdir chiqib boshlab bersin". Shu vaqt, devor uzra ro‘molli boshlar qora berdi: ayollar davraga qaray berdi. Bo‘ri polvon ovozini ko‘tarib aytdi: — Ay, poshikastalar, devordan ko‘p bo‘ylay berma, polvonlarning xayolini bo‘lasan! Bor, o‘smangni qo‘y! Ro‘molli boshlar g‘oyib bo‘ldi. Bo‘ri polvon o‘ylab qarasa, vohaning deyarli barcha zo‘r polvonlari jam bo‘libdi. Ko‘rinishidan, polvonlar katta niyatlar bilan kelibdi. Niyatlari o‘zlariga esh bo‘lsin! Xo‘sh, barcha mehmonlar xo‘jasoatlik polvonlar bilan olishadimi yo tumanlar o‘zaro olishadimi? Yaxshisi, tumanlarni bir-biri bilan olishtirgan ma’qul. Turgan gap, sho‘rchiliklar xo‘jasoatliklar bilan olishadi. Xo‘jasoatlik polvonlar buni biladimi? Bo‘ri polvon qishloq polvonlarini izladi. Ular har yerda sochilib o‘tirdi. Bo‘ri polvon zo‘r achinish bilan shuni his etdiki... inson qanchalik odil bo‘lsin, qanchalik tanti bo‘lsin, baribir... baribir o‘z yurti, o‘z eliga tortar ekan... U davradan chiqdi. Oqsoqollardan Amir polvonni tirsagidan chetga tortdi. — Polvonlaring har yerda o‘tlab yuribdi, bu nima o‘tirish? — dedi. — Menga qara, zo‘r- zo‘rlarini bir yerga yig‘. Sho‘rchiliklar kepti... Tushundingmi? O‘zing bosh bo‘l. Qurga tartib bilan chiqar. Shoshma, yetti o‘lchab, bir kes. Sho‘rchiliklarning o‘ngi chapiga e’tibor qil. Qaytarib aytaman, faqat sho‘rchiliklarga ko‘z tikinglar. Binoyimi? — Binoyi, polvon bova, binoyi. — Bir-ikkita dadilrog‘i bilan bizning Tilovberdini davra oxiriga asra. Yo‘g‘on cho‘zilib, ingichka uzilganda kunimizga yaraydi. Yana kim bor? — Shu, Bakirboyning Samarqandda o‘qiyotgan Jonibek uli kelgan. Yaxshi olishi bor-da. O‘tgan yili kelganda Sariosiyoni mom5 qilib edi. — Uning kelganini ko‘pchilik bilmaydi-ya? Ma’qul. Ayt, tom ustiga chiqib, o‘zini yashirib o‘tirsin. — Hay. XIII Bo‘ri polvon davraga kirdi. Ana, Maksim polvon, Alimardon, Shodi... Bo‘ri polvon beixtiyor oyoq ildi. Juda tanish bir yuzga ko‘zi tushdi. Bu kim bo‘ldi, eslolmadi. Hayron bo‘lib tag‘in qaradi. Barmoqlari bilan ko‘zlarini uqalab tikildi. "Yo tavba, — deya pichirladi. — Xuddi Nasimga o‘xshaydi-ya. Yo chini bilan Nasimmikin? Yo‘g‘- e, u ko‘pkarida otdan yiqilib, bir ko‘zi ojiz bo‘p qolgan, deb eshitib edim. Buning ikki ko‘ziyam... Tag‘in bir qarayin-chi..." Ha, bu Nasim polvon bo‘ldi! Nasim polvon davraga qarayaptimi yo olislarga nazar solyaptimi, bilib bo‘lmadi. Boshini tik tutib, ko‘zi ojizlarga xos o‘tirdi, shoirona o‘tirdi. Bo‘ri polvonning ko‘ngli uyushib-uyushib ketdi. Nasim polvonga juda-juda rahmi keldi. Tog‘ay Murod. Yulduzlar mangu yonadi (qissa) Qulochini keng ochib: "Nasim oshna!" degisi keldi. Ammo ko‘ngli tub-tubida yashirinib yotmish nimadir... nimadir bu istagini rad etdi. Bo‘ri polvon ma’yus bosh egdi. Iziga burildi. Bir-ikki qadam bosdi. Tag‘in yelkasi osha qaradi. Davradagi ovozlarni eshitmay qoldi, odamlarni deyarli ko‘rmay qoldi. Keng yelkalaridan bir nima bosdi. Nima bo‘lsa-da, juda og‘ir bo‘ldi. Zilday og‘ir bo‘ldi. Madori quridi, ko‘zi tindi. Qur chetida cho‘k tushdi. Xiyoldan keyin qabatidagi odamga o‘girildi. — To‘raoqsoqol, — dedi. — Nasim polvonning ko‘zi... — Bechora otdan yomon yiqilgan ekan, zarbidan bu ko‘ziyam oqib tushibdi. — Yo pirim-e, eshitmagan ekanman, tuf-tuf-tuf... — Falokat-da. Bo‘ri polvon o‘ng kaftini tizzasiga qo‘ydi. Chiroq yorug‘ida yiltirayotgan somonga tikilib qoldi. Beg‘ubor bolalik, bebosh yoshlik yaqin olislarda... yaqin olislarda — sochlarning oqi, yuzlarning bujuri, ko‘zlarning nuri, ko‘ngilning tub-tubida qoldi... Olam ko‘m-ko‘k. Falak zangori. etagidagi podayotoq tumonat odam. Poda yo‘liga chiqmish erkaklar to‘da-to‘da bo‘lib gurunglashdi. Toshlarga cho‘nqayib o‘tirmish momolar urchuq yigirdi. Ayollar — ayollar g‘iybatini qildi. O‘smirlar davra qurib kurash tushdi. Bolalar ko‘ngillariga yoqqan o‘yin o‘ynadi. Bir guruh bola moyak urishtirdi. — Tut nishini, tut! — dedi bir bola. — Sen tut-da, yutding-ku! — dedi ikkinchi bola. Bo‘ri qo‘ynidan moyak oldi. Tishiga urib- urib eshitib ko‘rdi: tik-tik-tik... Yo‘q, buning joni yo‘q, dedi. Boshqa bittasini tishiga urib eshitdi. O, bunisi zo‘r ekan, dedi. Bo‘ri moyakni o‘ng kaftida yumdi. Bosh barmog‘i bilan ko‘rsatkich barmog‘i orasidan nishini ko‘rsatib tutdi. Bolta moyak nishi bilan unga urdi. Boltaniki zo‘r ekan, Bo‘rining moyagini yordi. Bo‘ri yorilgan moyakni Boltaga berdi. Bordi-yu, Boltaniki yorilganda, unda, moyak Bo‘riniki bo‘lardi. Bo‘ri bir moyak poyanagini — yo‘g‘on tarafini eshitib ko‘rdi. Poyanagi zo‘rday bo‘ldi. Darrov Boltaga yuzlandi: — Tut poyanagingni! — dedi. — Ana, seniki yorildi, cho‘z buyoqqa! Bo‘ldi, endi sen bilan urishtirmayman. Nasim, moyagingning belini tut! Bekor, poyanaging bilan urding! Shu g‘irromliging uchun poyanagingni tut, men nish bilan uraman. Ana, yorildi, cho‘z buyoqqa! Adir tarafdan kelayotgan qo‘y-echkilar ma’rashi bilan cho‘ponlar ovozi tobora yorqinroq eshitildi. Adir ustida shoxdor serka ko‘rindi. Yo‘lboshchi serka qomatini g‘oz tutdi. Olg‘a qarab turdi. Izidan tizilishib turmish qo‘y-echkilar shoxdor serka yo‘l boshlashini kutdi. Poda adirdan endi. Odamlar ermaklarini bo‘ldi qilib, podaga peshvoz chiqdi.Chimzorni odamlar ovozi bilan qo‘y-qo‘zilar ma’rashi bosdi. Uloqlar toshdan-toshga sakrab chopdi. Qo‘y-echkilar tuyog‘i ko‘m-ko‘k o‘tda ko‘karib ketdi. Qop-qora tumshuqlari yilt-yilt etdi. Bahor podasidan sut hidi anqidi. Nasim qo‘ylarini Bo‘rinikiga qo‘shib haydadi. Bo‘rilarnikiga yetib, qo‘ylar ayrildi. Bo‘rilarniki darvozaga kirdi. Nasimlarniki yo‘lida davom etdi. Nasim qo‘lidagi xivichni qo‘ylari ketidan otib yubordi. — O‘zlaring bora qolinglar, uyni bilasizlar, — dedi. O‘zi Bo‘rilarnikida qoldi. Bo‘ridan ayrilgisi kelmadi. Bo‘rining onasi qo‘y-echkilarni ko‘ganladi. Birovini bo‘ynidan yetaklab, sayoz chuqurcha ustiga olib keldi. Bo‘ri echkini quchoqlab turdi, Nasim uloqni quchoqlab turdi. Bo‘rining onasi kadini chuqurchaga yaxshilab joylashtirib qo‘ydi. Ulog‘i emib qo‘ymasin uchun echki yeliniga kiydirib qo‘ygan doka xaltani oldi. Tirsillab turmish yelinni uqaladi. Nasim engashib, yelinga qaradi. Keyin, Bo‘riga qarab kulib qo‘ydi. Bo‘rining onasi Nasimga imo qildi. Nasim uloqni echkiga iskatdi. Bo‘rining onasi dimog‘ida kuylab-kuylab echki sog‘di: Esli molim, oqilim, churiya-chur-ey, Yelkamdagi kokilim, churiya-chur-ey, Shuncha molning ichida, churiya-chur-ey, Bog‘da ochilgan gulim, churiya-chur-ey. Nasim yuzini uloq peshonasiga qo‘ydi. Iljaydi. Ma-za qildi! Tog‘larda bor gulxayr, churiya-chur-ey, Oq sutingni qil xayr, churiya-chur-ey, Kelar yili tuqqaning, churiya-chur-ey, Bo‘lsinda Zuhra-Tohir, churiya-chur-ey. Shu vaqt darvoza tarafdan: — Oyxol xola-yu, huv-v Oyxol xola! — demish ovoz keldi. Kuylab sog‘ar Bo‘rining onasi miq etmadi. Nasim bir seskanib tushdi: chaqirayotgan onasi bo‘ldi. Bo‘ri xuddi onasiga taqlid qilib ovoz berdi: — Xuvv! — It qopmaydimi? — Qopmaydi, kela bering. It bog‘log‘liq, — dedi. Bo‘rining onasi o‘g‘lining taqlididan miyig‘ida kulib-kulib sog‘a berdi: Turtkilasam iyasan, churiya-chur-ey, Bir kadi sut berasan, churiya-chur-ey, Yashirib qolgan sutingni, churiya-chur-ey, Qay bir kimga berasan, churiya-chur-ey. Bo‘rining onasi qaddini ko‘tardi, joyidan turdi. Nasim uloqni qo‘yib yubordi. Uloqdirkillab chopdi, uloq diqqillab chopdi. Chopqillab borib, yelinni miq-miq emdi. Darvozadan Nasimning onasi kirib keldi. — Ko‘rgiliging ko‘p bo‘lgur, bu bola bo‘lmadi, kuydirgilik bo‘ldi! - dedi. - Uyda moyak qoldirmaydi! Podaga yuborsa, qo‘ylarning o‘zi keladi! Qayoqqa ketdi u? Yur, uyga! — Qo‘ya bering, uyoqda yotdi nima, buyoqda yotdi nima, — dedi Bo‘rining onasi. Onasi Nasimni qarg‘ay-qarg‘ay ketdi. Bo‘ri bilan Nasim kechasi uyqulari kelguncha bir- birini qitiqlab o‘ynadi. — Senga bir nima aytayinmi, Nasim oshna? Enam somonxonaga moyak yashirib qo‘yibdi.Tong otsin, senga o‘g‘irlab beraman... O‘tovda ulpi-tomirlar, hamsoya-qo‘llar jam bo‘ldi. Dasturxonda turfa noz-ne’matlar, palov- nisholda, holva... bo‘ldi. Kun qiyom bo‘ldi. O‘tov chang‘arog‘idan dasturxonga taftli nur tushdi. Suyun oqsoqol eshikka ovoz berdi: — Bo‘riqul, chang‘aroqni yop-e, oftob tushib qoldi! Bo‘ri chang‘aroq ipini tortib yopdi. O‘tov ichi qorayib qoldi. Nasim o‘tov chiptalarini yig‘ib qo‘ydi. O‘tov tag‘in yorishdi. — Suv olib kelinglar, qo‘lni chayqaylik, — dedi Suyun oqsoqol. Bo‘ri yelkasiga sochiq tashladi. Obtovada odamlar qo‘liga suv quydi. Dasturxonga alohida, palovga alohida fotiha o‘qildi. — Oyxol momo deyman, olib keling endi ataganingizni! Suyun oqsoqol shunday deya, qabatida o‘tirmish Mamat bobo tizzasiga kaft qo‘ydi. Qiroat bilan gap boshladi: — Bir ibratomuz hikoyat eshitganim bor... — Ha-a, qani-qani, - dedi Mamat bobo. — Diyonatli zamonlarda manavi Bo‘riqul bilan Nasimga o‘xshagan ikki bo‘zbola tuz-namak bo‘lib, to‘n yopishib oshna bo‘libdi. Ikkoviyam yolg‘iz farzand ekan. Alqissa, ikkoviyam bir qorindan talashib chiqqan emchak-doshdanda inoq, mehribon bo‘lib yurganlarida ularning yurtida o‘g‘ri paydo bo‘libdi. Podsho o‘g‘rilarni qidirtira boshlabdi. Ikki oshnaning haminqadar qalinligini ko‘rgan ayg‘oqchilar ularni o‘g‘ri gumon qilib, podshoga chaqibdilar. Podsho ularni oyog‘ini yerga tekkizdirmay keltirib, tergay boshlabdi. Ular ayblarini bo‘ynilariga olmabdi. Aslida yo‘q aybni qanday qilib bo‘yinga olib bo‘ladi deysiz. — Shunday, shunday. — Alqissa, podshoning qahri kelib, ularning o‘jarrog‘ini dorga osmoqchi bo‘libdi. Shunda ikkinchisi: "Yo‘q, meniyam qo‘shib osing", debdi. Podsho bo‘lsa: "Bor-e, mendan nima ketdi", deb ikkoviniyam osmoqchi bo‘libdi. Birovini dor ostiga olib kelib, bo‘yniga sirtmoq solibdi. Shunda, unisi kelib podshoning oyog‘iga yiqilib: "Ey, podshoi olam, avval meni osing", deb yolvoribdi. Podsho: "Nimaga unday deysan, farqi nima?" — debdi. U bo‘lsa: "Yo‘q, hazratim, birinchi meni osing, men oshnamning o‘limini ko‘rmayin", debdi. Podsho: "Ha, mayli. Menga baribir", deb qo‘l siltabdi. Uni qo‘yib yuborishni buyuribdi. Bunisining bo‘yniga sirtmoq solibdilar. Endi haligina ozod qilingani kelib podshoga yolvoribdi: "Avval meni osing, birinchi men o‘layin", debdi. Podsho ajablanib: "Sening muddaong nima?" — debdi. U: "Hazratim, men oshnamning o‘lishini ko‘rib qanday chidab tura olaman? Undan ko‘ra birinchi meni osing", debdi— Hay-hay! Qarang, ana qarang! — deya ko‘zlarini katta-katta ochdi Mamat bobo. — Alqissa, jallodlar dor ostiga unisini olib borsa, bunisi podshoga yolvorarmish: "Avval meni osing", dermish. Bunisini olib borsa, unisi... Jam bo‘lgan jamoat ichida yig‘lamagani qolmabdi. Podsho ikki oshnagada qoyil bo‘libdi. Har ikkovinida ozod qilib yuboribdi. — Ofarin, ofarin! — deya, boshini sarak-sarak qildi Mamat bobo. — Qissadan hissa shulki, Bo‘riqul bilan Nasim ham shu kundan e’tiboran xuddi o‘sha ikkoviday qiyomatli do‘st bo‘lsin... Bo‘rining onasi Nasimning yelkasiga beqasamdan to‘n yopdi. Peshonasidan cho‘lp-cho‘lp o‘pdi: — Endi sen ham mening ulim bo‘lding! — dedi. Bo‘rida Nasimlarnikida shunday to‘n kiyib edi. Nasim onasida Bo‘riga shunday deya, peshonasidan o‘pib edi. XIV Bo‘ri polvon bosh ko‘tardi. Nasimga qaradi. "Qaribdi, juda qaribdi, — deya xayollandi. — Yo, men ham shunday qaridimmi? Yo‘g‘-e, odamlar, yuzlaringizdan qon tomadi, deyishadi-ku..." Bo‘ri polvon ruhida iliq kayfiyat paydo bo‘ldi. Tag‘in xayolga cho‘mdi... 1 Tik qir. Yolg‘izoyoq yo‘l. Qirga o‘rlab borayotgan hangi charchadi. Quloqlari osti terladi. Yuk og‘ir-da: egasi bo‘ldi, xurjunda ikki ko‘zacha suv, ikki bog‘ qiyoq o‘t bo‘ldi. Bo‘ri hangini yerga tushib haydadi. Hangi bo‘ynini cho‘zdi. Bor kuchi bilan o‘rga o‘rladi. Nihoyat, Holvachining qiriga chiqdilar. Hangi o‘rkachlarda arqonlanmish eshaklarga tumshug‘ini cho‘zib-cho‘zib hangradi. Ikkita ho‘kiz qo‘shig‘lik chig‘ana bug‘doy dastalari oralab yurdi. Chanachi panshaxa bilan dastalarni chig‘anaga ortdi. Qizlar o‘rkachlarda sochilib-sochilib bug‘doy o‘rdi. Bir qiz qo‘shiq aytdi. U, Momoqiz bo‘ldi. Oftob qirni qizdirdi. Havoda bir nima ko‘zni qamashtirdi. Jimir-jimir mavjlandi. Bu — hil bo‘ldi. Oltin boshoqlar to‘lg‘ondi. Bug‘doyzor chayqaldi, bug‘doyzor shovulladi. O‘nlab qizlar Momoqizga jo‘r bo‘ldi: G‘ujmoqi bug‘doy, Donginang to‘q-ay, To‘p bo‘l, o‘rayik, Xo‘pda ko‘rayik. Holvachining qirlaridan bug‘doy hidi keldi. Gala-gala chumchuqlar o‘rkachma-o‘rkach uchib donladi.Qizlar Bo‘rini o‘zlari tarafga imladi. — Bo‘ri, berman hayda! — dedi. Bo‘ri hangini Momoqiz tarafga haydadi. Qizlar shu yoqqa qarab chopdi. Bo‘ri qiyoqni qizlarga gartdak-gartdakdan berdi; Momoqizga mo‘lroq berdi. Qizlar Bo‘rini kunilab-kunilab ketdi. — Xasis, Bo‘ri xasis! — dedi. — Egachim elakli bo‘ldi, elagi tilakli bo‘ldi! — dedi. — Bo‘ridan it ham baraka topmaydi! — dedi. Bo‘ri suvni chaylaga tushirdi. Hangini arqonlab keldi. Momoqiz bug‘doybog‘ soyasida o‘tirdi. O‘rog‘ini yerga qadab qo‘ydi. Ro‘molini boshiga yelvagay qilib o‘radi. Bir uchini qayirib og‘ziga tishladi. Cho‘p bilan yer chizdi. Ensiz qoshlari, kipriklari xiyol egildi... Bo‘ridan nimadir kutdi. Bo‘ri iyagini qashidi. Turdi-turdi, chaylaga qarab yurdi. Yarim yo‘lda yelkasi osha qaradi. Darrov ko‘zini oldi. Qaraganlariga pushaymon bo‘ldi. Boisi, Momoqizda Bo‘riga qarayotgan edi! Bo‘ri chaylada uxlayotgan Nasimni turtdi. Nasim g‘udurlab, u yoniga ag‘darildi. Bo‘ri Nasim qo‘lidan tortdi. Nasim esnadi. Nima deysan, deganday Bo‘riga qaradi. — Nasim oshna, bir gap aytsam, birovga aytmaysanmi? Oshna, Momoqiz yaxshi, eshityapsanmi, u yaxshi... - dedi Bo‘ri. Nasim sergak bo‘ldi. Bo‘riga sinovchan tikildi. Bo‘ri ko‘zlarini pirpiratdi. Gapida davom etdi: — Nasim oshna, sen Momoqizga ayt, Bo‘ri seni tushlarida ko‘radi, de. Senga qiyoqni do‘rjiroq berishida gap bor, de. — O‘zing ayta ber. — Men? Bor-e, qaytib aytaman? — O‘zing bilasan. — Qo‘rqaman-da, Nasim oshna. Sen bilmaysan, necha martalab aytaman dedim, bo‘lmadi. Ko‘ziga ko‘zim tushsa... garang bo‘p qolaman. Haliyam aytaman deb borib, nima deyishimni bilmay qaytib keldim. Nasim oshna, sen mening qiyomatli oshnamsan-ku, sen ayt. — Ko‘ramiz. Bo‘ri Nasimni bag‘riga bosdi. Quvonchidan, haligina olib kelmish suvdan bir kosa quyib berdi. 3 Qosh qoraydi. Qizlar qatorasiga to‘shak solib yotdi. Yoz chigirtkalari chirilladi. Eshaklar tarsillatib yer tepindi. Gulxan miltiramish olis kamardan do‘mbira ovozi keldi, elas-elas qo‘shiq keldi. Osmonda oy balqidi. Nasim qizlar tarafga yurdi. "Hozir chaqirib kelsa-ya?" — o‘yladi Bo‘ri. Bo‘ri qo‘rqqanidan eshaklar yotgan yoqqa ketdi. Eshak jabdug‘iga cho‘nqayib o‘tirdi. "Chaqirgani bilan baribir bormayman. Oshnam bo‘lsa, o‘zi aytsin", — ko‘nglidan o‘tkazdiO‘tirdi-o‘tirdi, tag‘in qaytib keldi. Chalqancha yotmish Nasim oldiga cho‘kkaladi. Qo‘lini ushladi. — Nasim oshna, u nima dedi-a? — deya so‘radi. — Ko‘zingni ochib ayt, nima dedi? Yo, uyalib indamadimi? Nasim Bo‘riga o‘girildi. — Bo‘ri, men gaplaringni oqizmay-tomizmay aytdim. Bo‘ri oshnamga sensiz kunduz ham qorong‘i, dedim. — Uh, bormisan, oshna! U nima dedi? — Jo‘ra, u, beti qursin, deb qo‘l siltadi. Senga ko‘ngli yo‘q ekan, jo‘ra. Ishonmayapsanmi? Mana, qiblaga qarab aytaman: agar yolg‘on aytsam, ko‘r bo‘layin! Bo‘rining dili xufton bo‘ldi. Bir mahalgacha xo‘rsinib yotdi. Azonda ko‘rpa-to‘shagini hangi ustiga tashlab mindi. Nasim hangi yolidan ushladi. Bo‘rini yo‘ldan qayirmoqchi bo‘ldi. Bo‘ri bosh silkidi. Ko‘nglidan shunday gaplar o‘tdi: "E, qo‘y, oshna, ketaman. Qizlardan qachon yorug‘lik chiqib edi-da, endi chiqadi. Men ularni odam deb, qiyoq tashib yuribman-a". Nasimning burni terladi. Tiniq yuzlari qizardi. — Bo‘ri, o‘lay agar, hundisan, hundi! — dedi. — Ichimdagini top, deb bezrayib tura berasan! Bir Momoqiz uchun shunchami? Ana, qir to‘la qiz! Bo‘ri hangi yag‘iridan ko‘zini olmadi. "Nasim oshna, hech bo‘lmasa indamay qo‘ysin edi, — dedi ichida. — E, bo‘ldi, ko‘rmayin ham, kuymayin ham..." Bo‘ri xirmonga yo‘l oldi. 4 Xirmonchi chollar Bo‘riga galagov6 haydattirmadi. Avvalambor, ho‘kizlar Bo‘riga o‘rganmog‘i lozim bo‘ladi. Bo‘lmasa, begonasiraydi, yurmaydi. U mayda-chuyda yumushlarni bajarib yurdi. Bir kuni oftob qaytib, ho‘kizlarni suvlatib keldi. O‘ng kaftini peshonasiga soyabon qilib, qirga qaradi. U... Momoqizni ko‘rgisi keldi! Hangini qirga burdi. Soy yoqalab borayotib edi, eshakli Nasim qirdan enib kela berdi. Bo‘ri iziga qaytmoqchi bo‘ldi, ammo sir boy bermadi. Yo‘lida davom etdi. Yuzma-yuz bo‘lib to‘xtadi. Garchi Nasim so‘ramasa-da, Bo‘ri boshi bilan qirga ishora qildi. — Shu yoqqa... xirmonchilar bir ish bilan yuborib edi, — dedi. — Yur, chaylaga, — dedi Nasim. — Yo‘q, ishim zaril. Nasim ayyorona iljaydi. Xushro‘y ko‘zlari o‘ynadi. Tishlari orasidan "chirt" etib tupurdi. — Momoqizning oldigadir-da? — dedi. Bo‘ri lovillab ketdi. — Ha, Momoqizning oldiga, ha! — dedi. — Senga shu gap kerakmidi? — E, bor, menga desa, oyog‘iga yiqil! — Yiqilaman! Men shunday oyoqosti odamman! Bo‘ldimi? Poyiga yiqilib, Momoqiz, men senga nima yomonlik qilib edim, deyman! Bo‘ldimi? Bo‘ri hangiga xodacho‘p urdi 14 Nasim tahlikaga tushdi. Izidan yetib kelib, yo‘liga ko‘ndalang bo‘ldi. Bo‘ri hansiradi. — Qoch yo‘ldan, qoch! Men Momoqizga yolvorgani ketyapman! — dedi. — Bo‘ri, borma! — Nega hukm qilasan? Nima, hosilotmisan?! — Bo‘ri, meni jo‘ram desang bormaysan. — Senga nima?! — Bo‘ri, men... seni aldab edim. Bir-biriga tikildi. Nasim ko‘zlarini olib qochdi. So‘qmoq chetidagi turnaqator qumursqalarga tikilib qoldi... 5 Boyagi tun. Cho‘ponlar gulxani. Elas-elas qo‘shiq. — Ayt aytgichingni, Nasim, qizlar yomon xayolga boradi. — Momoqiz, Bo‘ri senga bir gap aytaman, deb yuribdi. — Bilaman, aytolmayapti. — Momoqiz, u menga ko‘nglini yordi, tayin ayt, dedi. — O‘zimga aytishga uyalgan gapni senga aslo aytmas. — Aytishga bet chidamaydigan gap-da, Momoqiz. Aytayinmi, nima dedi? Momoqiz bilan... o‘ynagim kelyapti... qo‘yniga kiraman, dedi. — Yo pirim, chini bilan shunday dedimi? — Aldasam, ko‘r bo‘layin! — Unda, Bo‘rining betiga qaramaganim bo‘lsin! Betini murdashuy ko‘rsin! — Tag‘in, unga aytib yurma, oshna degan otimiz bor... 6 Bo‘ri hangini olg‘a qimtidi. Yonlaridan odam bo‘yi quyun charx urib o‘tdi. — Ayt, nima deb aldading? — Aytmayman. — Men senga gapiryapman! — Bo‘ri jo‘ra, ursang ur, baribir aytmayman. — Ayt deyapman! — Bo‘ri, jo‘ra, Momoqiz mengayam yoqadi... Bo‘ri iziga burildi. Xirmonga keldi. Qorong‘i tushgach, supaga to‘shak tashlab yotdi. Chollar uyqulari kela bermagach, cho‘pchak aytdi, matal aytdi. Bo‘ri boshini ko‘rpa ostiga yashirdi. Ko‘zlarini yumdi... Bo‘rining ko‘nglida o‘z dostoni bo‘ldi. Bu doston hali kuylanmadi. Dostonni uch odam bildi: Momoqiz, Nasim, o‘zi bildi. Doston davom etdi... XV Ayoz zo‘raydi. Polvonlar og‘zidan chiqmish bug‘ quyuqdan-quyuq bo‘ldi. Olish qizigandan-qizidi. — Polvonlar, o‘ynab-o‘ynab olishinglar! — dedi davra. — Ha-ha-a-a, gardkam! — E, qo‘yma! — Omon polvon, chil ber! — Shu, Boboqul bilan Mamat polvon juda lanj ekan, nima dedingiz, Bo‘ri polvon? — E, siz so‘ramang, men aytmayin! — dedi Bo‘ri polvon. — Mag‘zava, lanj ham gapmi, mag‘zava! Xaloyiq, ko‘rdilaring, Boboqul polvon bilan Mamat polvon ne vaqtdan buyon olishib, na yiqitadi, na yiqiladi! Yerga qarab suyashib yurgani yurgan! Men ularni qurdan haydab yuboraman, maylingizmi? — Davraning fikriyam shu! — Bo‘lmaganga bo‘lishma degan! — Boboqul, ko‘p chaqchayma, Bo‘ri polvon to‘g‘ri qilyapti! — Olish — san’at, ha! — Minglab odam uyqudan qolib senga qarab o‘tiribdi! Shunday ekan, san’atingni ko‘rsat- da, bachchag‘ar! XVI — Xaloyiq, — dedi Bo‘ri polvon, — manavi ikki polvon davraga gaplashib chiqibdi ekan! Birovimiz astagina yiqilib, olgan qo‘yni so‘yib yeymiz, deb kelishibdilar. A? Buni menga ayg‘oqchilar yetkazdi! Qolabersa, olishlariyam ko‘rsatib turibdi! Xaloyiq, men bularniyam davradan badarg‘a qilaman! — U-u, ola jelak, undan ko‘ra bo‘yningga to‘rva osib tilanchilik qil! — O‘l-e, shu kuningga-ey! — Qo‘y yeysan-a, qo‘y yeysan, zaharimni ye! Polvonlar qurdan bosh egib, quruq chiqib ketdi. Juma polvon Sher polvon ichidan chil berdi. Sher esa uni belidan mahkam quchoqlab turdi. Bordi-yu, Jumaning oyog‘i chiqib ketsa, Sher polvon uni ko‘tarib, orqaga qayirib uradi. — Sher polvon, ko‘tar osmonga, ko‘tar! — Yo-yo-yo! Juma polvonning oyog‘i ilonday chirmashgan ekan, chili chiqmadi. — Sher polvon, bu ko‘tarishing bekor! Dast ko‘tarish kerak, dast! — Qo‘rqma, yiqilsang izingdan o‘zim chiqaman! — Ko‘tarayotganingda orqaga ko‘p chalqayma, bu xavfli! Ko‘ta-a-ar! — Yo-yo-yo! — Chilini chiqarib yubor, chilini! — Yo-yo-yo! — Bali-bali-i-i! Gurs! — Barakalla, Sher polvon, bundan ziyod yiqitib bo‘lmaydi! — To‘nni to‘rdagi chollarga berib ket, olqaydi! — Namoz polvon, yerni tavof qil, qo‘llaydi! Alimardon polvon... — Yo-yo-yo... — Bali, polvon, bali! Mening qo‘lim emas, otamning qo‘li, deb olish, ha! — Polvon, piringni hamisha yod et, madad beradi! 1 Bo‘ri uyg‘onib, tevarakka alangladi. Tong otdi. Ho‘kizlar mudrab-mudrab, vazmin-vazmin kavsh qaytardi. To‘rg‘ay hangi yag‘iriga qo‘nib chuldiradi. Fayziyob yellar yeldi. Bo‘ri ertalabki ta’tildan keyin uch ho‘kizni bir-biriga bo‘ynidan matab, galagovga qo‘shdiOyoqlariga choriq kiydi. Tolxivichni olib, xirmonga kirdi. Xirmonchi chol panshaxa bilan yoyilib ketayotgan somonlarni ho‘kizlar oyog‘i ostiga tashlab turdi. Ho‘kizlar xirmon yancha berib o‘rganib qoldi. Hamisha bir yo‘ldan yurdi. Ho‘kizlarga ergashib yurgan Bo‘rining choriqlari somonga ko‘milib-ko‘milib ketdi. Xirmonchi chol: — Hay barakalla! Maydalab hayda, maydalab! — dedi. Bo‘ri cholga qarab kulib qo‘ydi. Tomog‘ini qirdi. Bobotog‘ cho‘qqilari yorishdi. Qirga o‘rlab ketadigan so‘qmoqda bir eshakli bordi. U Nasim bo‘ldi. Nasim o‘roqchilarga qiyoq olib bordi. Bo‘ri tishlarini-tishlariga qattiq bosdi. Gavron bilan ho‘kizlar sag‘risiga so‘kdi. Bor ovozi bilan qo‘shiq boshladi: Yo‘rtib-yo‘rtib haydagin-a, mayda-yo, mayda-yo, Don somondan arisin-a, mayda-yo, mayda-yo, Ayni sahar bo‘lganda-yo, mayda-yo, Xo‘jayi Xizir dorisin-a, mayda-yo, mayda-yo. Ho‘kizlar qadamidan chuqur iz qoldi.Somon tagidagi bug‘doy g‘ijir-g‘ijir etdi. Bo‘rining ovozi dardli bo‘ldi: Ayri-ayri tuyog‘ing, mayda-yo, mayda-yo, Olmos bo‘lsin jonivor-a, mayda-yo, mayda-yo, Seni boqqan dehhonlar-a, mayda-yo, mayda-yo, Sarmast bo‘lsin jonivor-e, mayda-yo, mayda-yo. Jonivor, anovi ketayotgan eshaklini ko‘ryapsanmi? U mening qiyomatli oshnam Nasim. Jonivor, mening na otam, na aka-ukalarim bor. Yolg‘iz o‘g‘ilman. Otam ham, aka-ukalarim ham ana shu oshnam... Hayda, jonivor, hayda, temir tuyog‘im, hayda! Mo‘l xirmondan oldim somon, mayda-yo, mayda-yo, Oshiqqa qorong‘idan oydin yomon, mayda-yo, mayda-yo, Oshiqlar murodini bersin xudo, mayda-yo, mayda-yo, Kechalar yomg‘ir yog‘ar, kunduz tuman, mayda-yo, mayda-yo. Birovga aytma, jonivor, hay anavi qirda bir qiz bor, shu qiz mening ko‘nglim edi. Qiyomatli oshnam ko‘nglimga chang soldi! Uh, ko‘rgilik! Men oshnamga ishonib edim, jonivor. U ishonchimni oyoqosti qildi. Qiyomatli oshnangdan shu ish kelgandan keyin o‘zgalardan nima umidu nima xayr? Birovga aytma, jonivor, aytgiligi yo‘q... Yana-tag‘in qasam ichdi, jonivor, eshityapsanmi, qiblaga qarab qasam ichdi! Qasam yomon, jonivor, yomon... Hayda, jonivor, yo‘rtib-yo‘rtib hayda! Vo ajab, bu qanday dunyo bo‘ldi, jonivor? O‘rtada burun bo‘lmasa, u ko‘z bu ko‘zni o‘yib oladi shekilli? Momo o‘zi yaxshi qiz, mayda-yo, mayda-yo, Mayda bilan to‘qmiz biz, mayda-yo, mayda-yo, Bug‘doy kirsa omborga, mayda-yo, mayda-yo, To‘y qilardik erta kuz, mayda-yo, mayda-yo. O‘zing o‘yla, jonivor, Nasim ko‘rib-bilib turib, Momoqizga ko‘z olaytirdi-ya! Jonday oshnasi suyganiga-ya?.. Jonivor, men Nasimning onasini onam, deb edim. Onasi qo‘llaridan tuz yeb edim... Onalarimiz, o‘la-o‘lguncha sodiq do‘st bo‘linglar, deya, bizga oq fotiha berib edi... Bo‘z-bo‘ziga — bo‘ziga, mayda-yo, mayda-yo, Qo‘ylar kelar qo‘ziga, mayda-yo, mayda-yo, Erkak hazil qilarmi, mayda-yo, mayda-yo, Oshnasi suyganiga, mayda-yo, mayda-yo!.. Oshiq bo‘ldim, arpaning somoniga, mayda-yo, mayda-yo, O‘lim bersin, qizlarning yomoniga, mayda-yo, mayda-yo!.. Jonivor, bo‘ldi, men endi Nasim bilan yuz ko‘rishmayman. Bo‘ldi, men endi Nasim bilan bir umr gap qo‘shmayman... XVII Tun yarimladi. Polvonlar siyrakladi. Karim po‘stak bilan Rahmat polvon qoldi. Karim po‘stak? Oydinkim, po‘stakni qayoqqa otib yuborsa, yerga albatta teskarisi bilan borib tushadi. Karimni ham qayoqqa otib yuborsa, yerga teskarisi — ko‘kraklari bilan borib tushadi. El Karimni po‘stak deyishining boisi ana shunda. Karim po‘stak Rahmatni qo‘l chilga oldi: o‘ng qo‘lini uning qo‘ltig‘idan o‘tkazib, yoqasidan ushladi. Rahmat polvonning chap qo‘li ketiga qayrildi. Davra qichqirib yubordi: — Ay-ay, po‘stak, qo‘yib yubor! — Qo‘yib yubor desa! Karim po‘stak qo‘yib yubordi. Qaytadan olishganlarida tag‘in qo‘l chilga oldi. Bo‘ri polvon ularni ajratib qo‘ydi. — Xaloyiq! — dedi. — Karim polvon qo‘l chilga olib nomardlik qildi! Uning ko‘nglida yovuzlik borakan! Men uni davradan badarg‘a qilmoqchiman, siz nima deysiz? — To‘g‘ri-to‘g‘ri! — Bundaychikin polvonni yana qaytib davraga yonosh-tirmaslik kerak! — Karim po‘stakning ko‘ngli kir ekan! Bo‘ri polvon Karim po‘stakka yuzlandi. — Ana, eshitdingmi? — dedi. — Xalq hukmi — Haq hukmi! Chiq! E, sadqai davra ket! Qani, rais bova, Rahmat polvonga haqini bering! Karim po‘stakni yiqildi, deb hisobladman! Qo‘l chil azal-azaldan man etiladi. Boisi, qo‘l chilga olinmish qo‘l yo chiqib ketadi, yo sinib ketadi. Qo‘l lat yegach, qo‘l o‘ynama bo‘lib qoladi.Oqibat, polvonning yana qaytib davraga chiqishi amri mahol bo‘lib qoladi. Bo‘ri polvon davrada yillab olishdi. Ammo biron martada qo‘l chilga olmadi. Ha, darvoqe... 1 Bu, Qobil sho‘roning to‘yida bo‘ldi. Kolxoz kattalari sho‘roning izzati uchun xizmatda bo‘ldi. Kattalar orasida Bo‘ri polvonda bo‘ldi. U yaqinda brigadir bo‘ldi. Brigadirlikka tayinlanishi qiziq bo‘ldi: kolxoz raisi bir necha polvon bilan qo‘shni Regar tumaniga to‘yga shaylandi. Bo‘ri polvongada odam yubordi. — Borolmayman, mazam yo‘q... — dedi Bo‘ri polvon. Aslida, bormasligi boisi boshqa yoqda bo‘ldi. Bo‘ri polvon raisni yomon ko‘rdi. Bo‘ri polvon raisdan hazar qildi. Hazar boisi, rais buzug‘oyoq bo‘ldi... Shu bois, Bo‘ri polvon rais bilan to‘y-ma’rakalarga yurmadi. Bo‘ri polvon rais bilan osh-qatiq bo‘lmadi. "Nahs bosgan odam bilan bir yoqqa yurib bo‘ladimi? Bo‘lmaydi! Tag‘in, yo‘lda biror-bir falokat yuz beradi-da, barimiz juvonmarg bo‘lib ketamiz..." Bo‘ri polvon ana shunday o‘yladi! Bo‘ri polvon, raisimiz o‘zi kelib qolmasaydi-yov deya, boshini sochiq bilan o‘rab-o‘rab oldi. Ko‘rpa-to‘shak qilib yotdi. Darhaqiqat, rais bir brigadir bilan keldi. Devordan yo‘talib-yo‘talib bo‘yladi. Qabatidagi brigadirdan: — Kampirning oti nima edi? — deya so‘radi. — Oyxol momo, — javob berdi brigadir. — E, ha, Oyxol momo... Oyxol momo! O, Oyxol momo! — deya chaqirdi rais. Bo‘ri polvon miq etmadi. Deraza pardasi burchidan bir ko‘zlab qarab yotdi. Bo‘ri polvon onasi molxonadan chiqib keldi. Onasi qo‘llari... qop-qora tappi yuqi bo‘ldi! Rais aftini burishtirdi. Yuzini chetga o‘girdi. — Tfu! — deya tupurdi. — Qo‘lingizni naryoqqa qiling-e, kampir! Fahm-farosat bormi o‘zi!.. — Tirikchilik, inim, tirikchilik, — dedi onasi. — Tirikchilik bo‘lsa, odamga o‘xshab o‘tin oling, ko‘mir oling!.. — Ko‘mirni pulga beradi-da, inim. Nafaqani oshirsalaringiz ekan, ko‘mir olsak. — Qiladigai kasbingiz tappi yopish bo‘lsa, nafaqangizni oshirib bo‘ladimi! Bu... polvon qani? Onasi Bo‘ri polvon tayinlamish gapni aytdi: — Ko‘chaga chiqib ketib edi, — dedi. Rais alam bilan devorga tupurdi; — Tfu! — dedi. — Hozirgina uyida deyishdi-ku? — Chin, uyda edi. Boyanagina do‘xtirga boraman, deb ketdi. Rais yelkasidan nafas oldi. — Uf-f! — deya, tag‘in tupurdi. Rais peshonasi tirishdi. Rais ko‘zlari qisildi. Rais lablari cho‘chchaydi. Rais... alamini Bo‘ri polvon onasidan oldi: — Besh kunligingiz bormi-yo‘qmi, nafaqani nima qilasiz! — deya jo‘nadi. "He, enag‘ar nahs..."— deya so‘kdi Bo‘ri polvonBo‘ri polvon bormagan Regar davrasi katta bo‘ldi. Davrada Tojikiston bir taraf bo‘ldi, Surxondaryo bir taraf bo‘ldi. Davraga Denov tumani kattalarida keldi. Surxondaryo polvonlari Denov kattalarini qora tortib, kattalar tevaragida jam bo‘ldi. Kattalar Surxondaryo shon-sharafi uchun talashib-tortishdi! Hay bir kattalar bor edi-da! Or-nomus uchun kuyib-pishardi, shon-sharaf uchun kuyib- pishardi! Endigi kattalar majburiyat bilan majlisdan boshqa narsani bilmaydi! Baribir, surxondaryoliklar yiqildi! Yoppasiga! Regardan O‘tan polvon degan chiqib, Surxondaryoning suyangan tog‘larigacha terib tashladi! Bakovul Denov kattalariga qarab iljaydi. — Bo‘lganlaringiz shumi, okun? — dedi. Kattalar ulay-bulay izza bo‘lmadi! Ijroqo‘m raisi ketiga o‘girildi. — Bo‘ri polvon qani? — deya do‘qladi. — Mazasi yo‘qroq ekan, kelolmadi, — javob berdi kolxoz raisi. Ijroqo‘m raisi afsusli qo‘l siltadi. — E-e-e! — deya ijirg‘andi. Kattalar davraga duo berilmasdanoq etaklarini qoqib turib ketdi. Izidan polvonlar jo‘nadi. 3 Alamzada kattalar Regardagi yana bir davraga Bo‘ri polvonni olib bordi. Davra oxirida o‘sha O‘tan polvon deganiga chaqirtirildi. Denov kattalari Bo‘ri polvonni davraga tushirdi. Kurashni asl zo‘r polvonlarga chiqargan-da! Yo yiqitadi, yo yiqiladi! Cho‘zib o‘tirmaydi! O‘tan polvon birinchi qo‘ldayoq Bo‘ri polvonning ichidan chil soldi. Bo‘ri polvon O‘tan polvonni cho‘nqaymaga olib urdi! Surxondaryoning shon-sharafini ko‘tardi! Kattalarning og‘zi qulog‘iga yetdi. Denovda Bo‘ri polvon sharafiga ziyofatlar berdi. Sovg‘a-salomlar berdi. Bo‘ri polvonni brigadirlikka qo‘ydi. Shu-shu, tuman kattalari davralarga Bo‘ri polvonsiz bormaydigan bo‘ldi. 4 Sho‘roning to‘yida Nasim polvonning omadi keldi. U tog‘chi urug‘idan ikki polvon bilan olishdi. Ikkoviniyam birinchi qo‘ldayoq yiqitdi. O‘zga polvonlar pisib-pisib qoldi. Nasim polvon bakovul ro‘parasida o‘tirdi. Navbatdagi polvonni kutdi. Bakovul davraga chorladi: — Nasim polvonga talabgor bo‘lsa chiqsin! Bo‘ri polvon joyidan bir qo‘zg‘alib oldi: u bor davrada hali biron martada bundayin chaqiriq eshitilmab edi-da... Og‘ir vaziyat bo‘ldi! Boisi, davrada g‘olibdanda zo‘r polvon o‘tiribdi! Bo‘ri polvon o‘tiribdiBakovul polvonlar ko‘ngliga qo‘l soldi-qo‘l soldi, favqulodda xatolikka yo‘l qo‘ydi. — Otangga rahmat, Nasim polvon! — dedi tantanavor. — Bo‘pti, keta ber, sendan zo‘r polvon yo‘q ekan! Bo‘ri polvonga botib-botib ketdi! Bo‘ri polvon peshonasi tirishdi. Bakovulga o‘qraydi. Ichida mana bunday dedi: "He, ukkag‘ar loppi! Nasim hammani qoyil qildi? Nasimdan zo‘r polvon yo‘q? U o‘zi kim?" Bo‘ri polvon o‘zining davrada o‘tirganini bildirish uchun qirinib-qirinib yo‘taldi. Qabatida o‘tirmish Sana polvonga zo‘rma-zo‘raki bosh irg‘ab qaradi. Zo‘rma-zo‘raki iljayib qaradi. Bu bosh irg‘ashda, bu iljayishda manavi kinoya bo‘ldi: "Karang-a, Sana polvon, shunday zo‘r polvon bor ekan, biz bilmabmiz-da..." U, Sana polvon bakovulga borib, mana bunday deydi, deya umid qildi: "Bakovul, gapingizni qaytib oling. Gapingiz Bo‘ri polvonga botib ketdi". Ammo Sana polvoni tushmagur, Bo‘ri polvon ko‘nglidagini uqib ololmadi. Bo‘ri polvon ichini it tirnadi. "He, kallang qursin, sendaychikin Sana polvonning! — dedi ichida. — Bu polvon emas, govkalla! Sana govkalla!" Bo‘ri polvon Sana polvondan yuz o‘girdi. Chap oyog‘iga qayrilib o‘tirdi. Davra chetida lov-lov yonmish mash’alaga qarab o‘tirdi. Yerga suqig‘lik odam bo‘yi temir uchida lo‘pchik lov-lov yonib turdi. Bir bola lo‘pchikka yermoyi sepib turdi. Bo‘ri polvon qoboq-tumshuq qilib o‘tirdi-o‘tirdi... Endi, o‘zini-o‘zi ovutdi: "Bakovul laqillasa laqillay beradi-da! — dedi ichida. — Nasim mening oldimda o‘zining hech kim emasligini yaxshi biladi!" Ammo Nasim polvon qurdan chiqa-chiqa, davraga shunday g‘olibona qaradi, shunday g‘olibona qaradi! "Baringni qoyil qildimmi!"— deganday bo‘ldi! Bo‘ri polvon sabr-toqati toq bo‘ldi! Bo‘ri polvonni polvonlik qoni qo‘zg‘adi! — E, shoshma! — deya, sapchib davraga kirdi. Buni kutmagan bakovul dovdirab qoldi. — Sizni oshnasi deb o‘ylab...— deya tavallo qildi. Bo‘ri polvon — Bo‘ri polvonligini qildi! Azaldan polvon xalqida sal... kamroq bo‘ladi, degan gap bor, Yo‘q, polvonlarda kam bo‘lmaydi! Polvonlar vujudida hovur bo‘ladi! Polvonlar ko‘pkariga boqilmish otday asov bo‘ladi! Polvonlar misoli og‘ir tosh bo‘ladi. Og‘ir tosh uncha-munchaga ko‘chmaydi. Bordi-yu, falokat bosib ko‘chsa, yomon ko‘chadi! Og‘ir tosh ko‘chsa, yomon bo‘ladi! Ana, ko‘chdi, og‘ir tosh ko‘chdi! Bo‘ri polvon davra aylandi. Alp-alp odimlar otdi. Nasimda davraladi. Bo‘ri polvon izidan yurdi. Boyagi dag‘dag‘alar qayoqda! Yelkalar qisiq bo‘ldi, qadamlar omonat bo‘ldi... Zo‘rdan zo‘r chiqsa, oyog‘i tipir-tipir! Bo‘ri polvon Nasim yuziga qaramadi. Davrada kimdir sarosima bilan dedi: — Ikki oshna-ya. Oxir zamon bo‘lyaptimi deyman. — Oshna bo‘lgani bilan ikkovi gapirishmaydi. — Biror gap o‘tgandir-da. — Kim biladi deysiz... Bo‘ri polvonga alam qildi. "Uh, qizbet! — dedi. — Aqalli bir og‘iz chiqmayman, demadi-ya!" Juda-juda alam qildi. "Qizbet! Itdan bo‘lgan, qurbonlikka yaramas! Qarab tur, sen qizbetni davraga qaytib chiqmaydigan qilmasam ko‘rasan". Bo‘ri polvon to‘xtadi. Ishtonini tizzasigacha lippa urdi. Ko‘kraklarini ochdi. Yovuz niyat qildi: "Qizbetni birdan qo‘l chilga olaman". U vajohat bilan Nasim polvonga qarab yurdi. Nasim polvon vajohatida undan kam bo‘lmadi... Bu, Bo‘ri polvon o‘z niyatini amalga oshirish uchun bo‘lgan ishtiyoqini yanada zo‘raytirdi. "Bakovul sezib qolib qichqirsa-da, baribir qo‘l chil qilaman! O‘zimni eshitmaslikka olaman". Shunday qilib, tag‘in bir necha daqiqadan keyin Nasim polvon qo‘li yo chiqadi, yo sinadi! Bo‘ri polvon o‘ynab-o‘ynab, uzil-kesil hamlaga o‘tdi. Qo‘l uzatib olg‘a talpindi. Nasim polvon chaqqonlik bilan o‘zini orqaga oldi. Xuddi shu daqiqada ko‘zlar uchrashib qoldi! Bo‘ri polvonga o‘sha qop-qora ko‘zlar tik-tik boqdi. O‘sha ma’nosiz ko‘zlar, o‘sha bez ko‘zlar Bo‘ri polvon uchun qanchalik jirkanchli bo‘lsa, shunchalik qadrdonda edi! Qadrdon ko‘zlar Bo‘ri polvon qalbida ko‘pirib-toshayotgan qahrni so‘ndirib yubordi. Bo‘ri polvon beixtiyor bo‘shashdi. Qo‘llarini tushirdi. — Haqini beringlar, u zo‘r ekan! — dedi-da, davradan chiqdi-ketdi. Davra pichir-pichir qildi. — Bo‘ri polvonning bir joyida og‘riq turdi, — dedi. — Bo‘ri polvon qo‘rqdi...— dedi. "Bo‘ri oshna, yomon bo‘ldi, juda yomon bo‘ldi. Boshingga yomon kunlar soldim. Men buni olishda ko‘zlaringdan bildim. Ko‘zlaring to‘la dard bo‘ldi, ko‘zlaring to‘la o‘pka-gina bo‘ldi. Oshna, sen meni yuruvsiz qilding! Bunday zo‘r bo‘lgandan ko‘ra o‘lganim yaxshi edi! Odam deb dardingni menga aytding-a! Oshna, senga rahmim keladi... Momoqiz mengada yoqqani chin. Lekin men baribir Momoqizni deb senchalik qayg‘urmayman, dard chekmayman. Oshna, menga bir og‘iz, aqalli bir og‘iz qattiq gapirmading. Mening kimligimni bilsang- da, yuzimga aytib solmading. Momoqizgada aytmading! Oshna, buni birov eshitmasin. Eshitgiligi yo‘q... Men o‘zim bor gapni Momoqizga aytaman. Mayli, meni la’natlasin, mendan nafratlansin. Sen qiyomatli oshnam bo‘lmaganingda ham senday odam uchun shunday qilardim. Oshna, Momoqizning oldiga bor. Ko‘nglingni to‘q qil: Momoqiz oldida yuzing yorug‘. Oshna, meni faqat bir nima qiynaydi: endi, ikkalangning yuzlaringga qanday karayman? Endi, mendan bir umr yuz o‘girib ketarsizlar? Yo‘q, oshna, men sendan ayrilib qolgim kelmaydi. Bo‘lmasa, nima qilayin? Bilmayman, oshna, bilmayman..." Bo‘ri polvon Nasimdan shu gaplarni umid qildi! "Nasim o‘rnida men bo‘lsam, shunday qilardim, — o‘yladi Bo‘ri polvon. — Kelib, shunday derdim". 6 Bo‘ri polvon intiq bo‘lib yashadi. Momoqiz oldiga borishga yuragi betlamadi. Favqulodda Nasim Momoqizga... odam qo‘ydi! Non sindirildi! Buni eshitgan Bo‘ri polvon yarasiga tig‘ tekkan bemorday seskanib, ingrab yubordi! Nasim polvon yashashni bildi. U Momoqiz bilan boshqa brigadaga o‘tib ketdi. Olcha gullayotganda to‘ylari bo‘ldi. Nasim Bo‘ri polvonlarnida to‘yga aytdi. To‘yga Bo‘ri polvonning onasi bordi. Bo‘ri polvon: — Majlis bor edi...— deya, tuman ketdi. 8 Nasim polvon yangi brigadaga el bo‘lmadi. Brigadir bilan adi-badidan boshi chiqmadi. Tag‘in boshqa brigadaga o‘tdi. Nimagadir, bunisigada sig‘madi. Bug‘doypoyada o‘qariq qazishdan erta qaytdi. Belbog‘ini ostonada serrayib turmish Momoqiz qo‘liga otib yubordi. — Bilaman, buning hammasi Bo‘rining ishi! — dedi. — Nasim qaerga borsa kun bermanglar, deb aytib qo‘ygan! Undan yaxshilik chiqmaydi! Ichi qora uning! Qovog‘idan qor yog‘ib yurishiyam aytib turibdi! Rang ko‘r, hol so‘r, degan! U bizni qo‘ymaydi! Ketamiz, dunyoning kolxozi bitta emas! E, senday jo‘ramning... Nasim polvonlar ko‘chdi. Nasimlar ko‘chib ketishini eshitmish Bo‘ri polvon tom ustida olislarga termulib-termulib o‘tirdi. Xo‘rsinib-xo‘rsinib o‘tirdi. Ko‘ch-ko‘ron ortmish ulovlar qishloqdan chiqib, Sho‘rchi yo‘l oldi. Bo‘ri polvon ko‘ngli o‘rtanib-o‘rtanib qoldi, talpinib-talpinib qoldi. Ko‘ngil yaqinlari Bo‘ri polvondan tobora olislab-olislab ketdi... 9 Shundan keyin Nasimlarni qishloqdagi urug‘-aymoqlari to‘y-ma’rakasida ko‘rdi. Bo‘ri polvon Nasimdan o‘zini olib qochdi. Nasim bilan yuzma-yuz bo‘lmadi. Momoqizni bo‘lsa, ko‘rmadi. Ammo... ko‘rgisi keldi! Bir to‘yda o‘zini qorong‘iga oldi. Olov tevaragida davra bo‘lib o‘yin qilmish ayollarga nazar soldi. Diqqat bilan nazar soldi... Momoqizni izladi! Bildi, shu qator ayollar orasida Momoqiz bo‘ldi. Bildi, Momoqizda chakagini ro‘mol bilan o‘rab, olovga qarab turdi. Ana, Momoqizda davraga kirdi! Qulochini omonat ochdi. Ro‘molini yuziga pardalar qilib-qilib o‘ynadi. O‘zi o‘ynab, o‘zi qo‘shiq aytdi: Yaxshi qizning nozini Kim ko‘taradi-yo, Tekkani qobil bo‘lsa Shul ko‘taradi-yoBo‘ri polvon bir entikdi! Tag‘in bir to‘yda Momoqizni olisdan ko‘rdi. Kunduz kuni bo‘ldi. Momoqiz bag‘riga bola bosib turdi. Bolasi Momoqiz ro‘molini tortqilab-tortqilab turdi... Bo‘ri polvon ikki entikdi! Oh — yurakdan, yosh — ko‘zdan bo‘ldi... 10 Shu-shu, Momoqizni o‘ylasa, ko‘ngli tub-tubida parokandalik kechar bo‘ldi. Dunyo ko‘ziga tor ko‘rinar bo‘ldi. Ko‘ngli o‘ksir bo‘ldi. Oqibat, Momoqizni o‘ylamas bo‘ldi. Momoqizni eslamas bo‘ldi. Momoqiz tilga olinsa, eshitmas bo‘ldi. Indamay turib ketar bo‘ldi. Boshqa nimada qilsin, Momoqiz endi birovlar ayoli bo‘ldi! XVIII Bo‘ri polvon davradan xursand: janjal-araz yo‘q. Polvonlar seni menga bormay olishayapti. O‘zini oynaga solmay olishayapti. O‘zini taroziga solmay olishayapti. Ana, xo‘jasoatlik Sadir polvon sho‘rchilik Ro‘zi polvonni yelkasidan oshirib urdi. Ro‘zi polvon origa Maksim polvon degan chiqdi. Sadir polvon: — E, u sport masteri, chiqmayman, — deya turib ketdi. Maksim polvon sambo kurashi bo‘yicha sport ustasi ekani chin bo‘ldi. Bakovul ro‘parasida talab qilib o‘tirib-o‘tirib ketdi. Bo‘ri polvon xo‘jasoatliklarga og‘iz soldi: — Chiqinglarda endi! — dedi. Uyoqdan Amir polvon: — Polvon bova, Sadirning ko‘li lat yebdi! — dedi. Bu shunchaki bahona bo‘ldi. Sho‘rchiliklar piching qildi: — Nimaga bir polvonni yiqita solib qochasizlar!.. Sig‘sa, davraga chiqingizlar-da! — dedi. Ilkis piching Sadir polvon bahona butun davra egalariga qarata aytildi. Bo‘ri polvon "yalt" etib sho‘rchiliklar to‘dasiga qaradi. Keyin, Amir polvonga yuzlandi. — Unday bo‘lsa, boshqasini chiqar! — dedi. Amir polvon: — E, polvon bova, master sportga teng kep bo‘ladimi? — dedi. Bo‘ri polvon mehmonlar oldida izza bo‘ldi. Xivich uchi bilan chiroqda yiltiramish somonlarni titkiladi. Shunda, davraga yoshi o‘tib qolmish Normurod polvon chiqib keldi. U duch kelmish odam ro‘parasiga cho‘kdi. Qo‘llarini ketiga tiradi. Orqasiga chalqayib, oyog‘ini uzatdi. — Mahsini tort, tort mahsini! — dedi. Torta bermagach, Normurod polvonning o‘zi mahsilarini tortib-tortib sug‘urdi. Paytavalarini chuvalatib-chuvalatib tashladi. Joyidan sapchib turdi. O‘z polvonlariga qahr bilan qo‘lini shop qildi. — Chiqmaysanmi-a, chiqmaysanmi? — dedi. — Elga eshittirib ayt! Chiqmayman, de! Qo‘lingni ko‘tarib ayt! Unda, mana men chiqaman! Normurod polvon bakovul ro‘parasiga borib cho‘kkaladi. Sho‘rchiliklarga qo‘lini silkib aytdi: — Qani, master sportingni berman yubor! — dedi. Ammo sho‘rchiliklar Maksim polvonni davraga tushirmadi. Boisi, Normurod polvonning soqoli oppoq edi... Sho‘rchiliklar to‘pidan ovoz keldi: — Sizga qoyil bo‘ldik, Normurod polvon, bizga anavi polvonlaringizni chiqaringNormurod polvon davra aylana berdi. — Bizda polvon yo‘q, bo‘lsa chiqardi! — dedi. Bo‘ri polvon domangir bo‘ldi: — Polvon, ko‘tarilma, ko‘p ko‘tarilma! — dedi. Normurod polvon Bo‘ri polvon qo‘lidan yulqinib chiqdi. Yana davraga aylandi. — E, master sport tugul, dev bo‘lsayam chiqaman! — dedi. Bo‘ri polvon Normurod polvon tirsagidan mahkam ushladi, davradan yetaklab chiqdi. Normurod polvon tag‘in davraga talpindi: — Normurod polvonning ko‘zi ochiq bo‘p turib, uning eli yerga qaraydimi? - dedi. — Ushlamang meni, polvon bova, ushlamang! E, yerga kirgizib yuborsayam chiqaman! Bo‘ri polvon qalbinida ayni shunday tuyg‘ular tirnadi. Ammo keksalarga xos vazminlik bilan o‘zini bosib turdi. Davraga kirib, xo‘jasoatliklarga ovoz berdi: — Amir, Tilovberdini berman yubor! Tilovberdi, munda ke! — dedi. Shunda, davraga Bo‘ri polvonning o‘g‘li Tilovberdi chiqib keldi. Bo‘ri polvon o‘g‘lini tirsagidan yetaklab, bakovul ro‘parasiga o‘tirg‘izdi. Sho‘rchiliklar ko‘nishga ko‘ndi-yu, Maksim polvon rozi bo‘lmadi. — Tilovberdining vazni og‘ir, chiqmayman, — dedi. Bo‘ri polvonning zardasi qaynadi. — Nima, endi davragada taroziga tortib chiqaraylikmi? — dedi. — Ko‘rib turibsan, bo‘yi basti sendan ziyod emas, chiqa ber-da! Chiq-e, ota-bovamiz tarozisiz olishgan! — E, chiq-e, Maksim-e, yiqilsang yer ko‘taradi-da! — dedi sho‘rchiliklar. Polvonlar fotiha olib ketdi. XIX Bo‘ri polvon ich-ichidan zil ketdi. O‘zi bilan o‘zi gapirishdi. "Biz polvonlik maktabida o‘qimadik. Polvonlik bizga otameros. Pushtdan-pushtga, qondan- qonga o‘tib kelyapti. Polvonlikning ko‘zga ko‘rinmas, til bilan tushuntirib bo‘lmas shunday sirlari borki, buni faqat tomirida polvonlik qoni borlargina biladi. Biz bilamiz! Bu sirlar hech bir kitobda yo‘q! Mana, mening o‘zim. Surxon vohasida mendan yiqilmagan polvonning o‘zi yo‘q! O‘sha maktab ko‘rgan sport masterlariyam yag‘rinimdan oshib ketdi! Xalq nimasi bilan xalq? O‘zining urf-odatlari bilan xalq! Ota-bobosidan qolgan milliy an’analari bilan xalq! Ko‘p urf-odatlarimizni birovlar... birovlar o‘ziniki qilib oldi! Biz qo‘limizni burnimizga tiqib qoldik. Shunday keta bersak, hademay... o‘zimiznida boy berib qo‘yamiz! Buyog‘i kamday, ne-ne nimalarimizni eskilik sarqiti deb yo‘q qildik. Xiyol bo‘lmasa, xalqning o‘zini-da... eskilik sarqitiga chiqarib yuborayin, dedik! Bugun buni yo‘qota bersak, ertaga uni yo‘qota bersak, adirdagi... podadan nima farqimiz qoladi?.. Biz hademay bu dunyodan ketamiz. O‘zimiz ketsak-ku, go‘rga-ya. O‘zimiz bilan... Buni rais biladimi?.." Bo‘ri polvon raisga qarab-qarab qo‘ydi. Tag‘in nimalardir... nimalardir yo‘qolib boryapti... Bo‘ri polvon o‘yladi-o‘yladi... O‘ylab o‘yiga yetdi... "Avlodlar almashgan sayin... yo, pirim-e, tuf-tuf-tuf... avlodlar almashgan sayin... yurak yo‘qolib boryapti! Jasad bor! Aql bor! Yurak yo‘q! To‘rt muchal bor! Kuch-quvvat bor! Yurak yo‘q! Ko‘kraqda jon bor! Yurak yo‘q, yurak!.. Farzandlar hayotga beparvo qaraydi. Musibat bilan xursandchilik farqiga bormaydi. Farzandlar o‘zlari minayotgan mashinaga o‘xshaydi! Odam kim, mashina kim, bilib bo‘lmay qolyapti..." XX Maksim polvon yengsiz, yoqasiz jelak kiyib chiqdi. Bo‘ri polvon barmoqlari uchi bilan jelagidan ushladi. — Eb-ey, eb-ey, Maksim inim, bu qanday libos? Mabodo maykamasmi? — dedi. Maksim polvon o‘zicha tushuntirgan bo‘ldi, Bo‘ri polvonning ensasi qotdi. — Shu gapingga noma’qulning nonini yebsan! — dedi. — O‘zingni izzat qilmasang ham davrani izzat qil! Bor, o‘zimizning kiyimdan kiyib chiq.. Buningni na yoqasi bor, na yengi bor, qaeridan ushlab bo‘ladi? Manavi brenjangni qara... Ishtonbog‘iyam rezinkadandir-da? Tortganda uzilib ketsa nima bo‘ladi? E, bor, qalinroq ishton kiyib chiq! Popukli ishtonbov boyla, belni ushlaydi! Maksim polvon oliftachilik qildi. — Musobaqalarda shunday kiyinib olishadi! — dedi. — Ay, Maksim-ay, Maksimi tushmagur-ay! — dedi Bo‘ri polvon. — Ko‘p katta yangilik aytding-da! Shu yangiliging uchun suyunchisiga ishtonimni yechib berayinmi? Davra qiyqirib-qiyqirib kuldi! Maksim polvonda og‘zini ushlab-ushlab kuldi. — Ay, Maksim polvon! — dedi Bo‘ri polvon. — Sen Bo‘ri polvon bilan o‘rlashma! Qaytarib aytaman, ko‘p o‘rlashma! O‘sha sambongdada yengli jelak kiyib olishadi! Bo‘ri polvonni bilmaydi dema! Bo‘ri polvon... Bo‘ri polvon o‘z davrida turli musobaqalarda qatnashdi. Kuboklar oldi... Kubokni umrida birinchi bor ko‘rib, aylantirib qaradi-qaradi... — Xushro‘y samovar ekan, — dedi o‘zicha. — Yaxshi bo‘ldi, choy qaynatib ichamiz... Uyiga kelib, so‘rab-surishtirdi. Biladiganlar: — Yo‘q, bu samovar emas, bu kubok, Bo‘ri polvon, kubok! — dedi. — Ebo-ey, ebo-ey! — dedi Bo‘ri polvon. — Unda, buni nima qilaman-ay? — Sandiqqa solib qo‘ying. — Sandiqqa sig‘maydi-da. — Unda, shkaf ustiga qo‘ying. Bo‘ri polvon kubokni shkaf ustiga qo‘ydi. Bo‘ri polvon kubokni kunda ko‘rib turdi. Lekin kubok nomini eslab qololmadi. Bordi-yu, eslasa, kubok nomini yaxshi aytolmadi. Kubok so‘zi tiliga o‘tirmadi. Shu-shu, kubokni samovar deydigan bo‘ldi. — Bo‘ri polvon katta musobaqalarda olishib, samovar olgan! — dedi Bo‘ri polvon. — Ikkita, ha, ikkita! Ishonmasang ana, uyga borib ko‘r — shkafning ustida turibdi! Davra gurr-gurr kuldi! Bo‘ri polvon o‘zida davraga qo‘shilib kulgisi keldi! Ammo tentakka o‘xshab, o‘zim gapirib, o‘zim kulmayin, dedi-da, miyig‘ida kulib qo‘ya qoldi. — Hay, ukkag‘ar polvonlar-e, kulasan-a, kulasan! — dediMaksim polvon davraga mos kiyinib keldi. Bo‘ri polvon razm soldi-razm soldi-da: — Ha, bali, bu boshqa gap! — dedi. Keyin, sobit qadamlar bilan davra aylanib jar soldi: — Xaloyiq, so‘zimni eshiting! Bolalar, ko‘p talato‘p qilma, gapni gapga qo‘sh! Xaloyiq... Ay, Xumor momoning nevarasi, tek o‘tir deyman, bo‘lmasa,... kesib olaman! Xaloyiq, manavi tik jelak kiygan xo‘jasoati Tilovberdi polvon! Bunisi sho‘rchilik Maksim polvon! Aytib qo‘yganim yaxshi, Maksim polvon master sport! Samovar ham olganmisiz, polvon? Eshitdingiz- a, xaloyiq? Maksim polvonning samovari yo‘q ekan! Bu ikki polvonga bir go‘sam serka, bir juft uchlamchi kalish, besh so‘m pul qo‘yildi! Tilovberdi polvon odaty bo‘yicha belbog‘ini bo‘yniga tashlab davra aylandi. Bo‘ri polvon o‘g‘lini zimdan kuzatdi. Biron-bir nuqson topolmadi. Xotiri jam bo‘lib, bosh bakovul oldiga o‘tirdi. — Bir piyola choy bering, — dedi. O‘g‘liga tikilib qoldi... 1 Sariosiyo bir davra To‘polon daryosi yoqasida bo‘ldi. Daryo o‘z oti o‘zi bilan shovqin solib oqib turdi. To‘polon bilan oqib turdi. Bo‘ri polvon o‘shanda umrida birinchi bor farg‘onacha kurash ko‘rdi. Davra egalariniig ko‘pchiligi Farg‘ona vodiysidan edi-da. Ular Surxon vohasida kolxoz tuzish uchun Yo‘ldosh Oxunboboev tashabbusi bilan ko‘chib kelib edi-da. Vodiyliklar olishni kurash, dedi. Vodiyliklarda o‘z kurashlarini namoyish qildi: ikki polvon bir-birlari belidan qo‘llarini o‘tkazib ushlab, suyashib yura berdi.. Bu orada voha polvonlaridan birovi oyog‘i osmondan kelib yerga tushdi. Birovi raqibini yelkadan oshirib otdi. Davra gursillab turdi, davra hayqirib turdi! Bo‘ri polvon vodiyliklarga qaradi. Vodiyliklar hamon suyashib yurdi! Bo‘ri polvon hafsalasi pir bo‘ldi. Vodiyliklarga e’tibor bermay qo‘ydi. 2 "O‘zi ular muloyim xalq-da, — dedi Bo‘ri polvon o‘zicha. — Juda muloyim. Olishlariyam o‘z tabiatidan kep chiqadi. Mana, biz o‘lguday qo‘pol elmiz. Olishimizdagi mardonalik-da, botirlikda shundan. Hay, mayli. Xalq turli-tuman bo‘lsa yaxshi. Bu — ulkanlik, ulug‘lik alomati bo‘ladi. Mana, farg‘onacha kurash. Buyam o‘zimizniki! Demak, ikkita kurashimiz bor ekan! Qanday yaxshi! Boylik, boylik! Ammo-lekin ukkag‘ar vodiyliklar ko‘p ashulachi xalq bo‘ladi-da! Xudo ashulani vodiyliklar uchun yaratgan-da! Haligi... bittasi bor edi-ku, oti nima edi..." Bo‘ri polvon o‘yladi-o‘yladi, topolmadi. Raisga o‘girildi. — Qaysi bir yili Stalin kolxozidan bir bola ashula aytib chiqib edi, oti nima edi? — dedi. — Qaysi? — dedi rais. — Haligi...bir dehqon bola bor edi-ku, asli qo‘qoni? Qaysi bir yili rahmatlik Ma’murjon Uzoqov kep, Toshkentga ergashtirib ketdi-ku? — Ha-a, Hasan Sultonov deng. Ashula aytib yuribdi, nima edi— "Fig‘onkim, gardishi davron..." Vo ukkag‘ar, ana ashula! Odamning ko‘nglini buzib yuboradi-ya! — Ha, polvon bova-e, Hasan Sultonov polvon bo‘lganda otini esdan chiqarmasdingiz-a... Bo‘ri polvon miyig‘ida kuldi. 3 Darhaqiqat, Bo‘ri polvon umrida juda ko‘p odam ko‘rdi. Muloqotda bo‘ldi. Ammo juda oz odam otini bildi. Faqat polvonlar otini to‘liq ayta oldi. Boisi, Bo‘ri polvon davraga chiqib kurashmagan erkakni... erkak demadi! Biror odam haqida gap bo‘lsa, Bo‘ri polvon: — Polvonmi-yo‘qmi? — deya so‘radi. Yo‘q, javobini eshitsa, qo‘l siltadi. — Erkakning sultoni olishadi, ha! — dedi. — Ana, Xidir polvon, kezi kelganda davrani gursillatib olishib keta beradi. Men raisman, deb o‘tirmaydi. Bo‘lmasa kimsan — Botirov-a! Arbob, ha, arbob! Ana uni chin erkak desa bo‘ladi! Chunki ota-bovasining hunarini yerda qoldirmayapti! Bordi-yu, odamlar e’tiroz bildirsa, Bo‘ri polvon gapni cho‘rt kesdi: — Nima desang, de, men o‘yinni bilmagan ayolni — ayol demayman, davrada olishmagan erkakni — erkak demayman! Bo‘ri polvon beshikdagi chaqaloqdan tortib, nuroniy cholgacha barcha-barchasi ismiga polvon so‘zini qo‘shib aytdi. Davrada kurashganmi-yo‘qmi, baribir — ayta berdi. Aytganda-da, og‘zini to‘ldirib aytdi, g‘urur bilan aytdi! Hamsoyalarinikiga olisdan mehmon keldi. Hamsoyalar Bo‘ri polvonnida chaqirdi. Bo‘ri polvon mehmon bilan bir qo‘llab ko‘rishdi. Irimiga hol-ahvol so‘radi. Begonasirab o‘tirdi. Shunda mehmon kurashdan gap ochdi. Ana shunda Bo‘ri polvon yayrab ketdi! — E, bali! O‘zimizning odam ekansiz-ku! — dedi. Mehmon oldiga siljibroq o‘tirdi. Qayta boshdan qo‘shqo‘llab-qo‘shqo‘llab ko‘rishdi. Quyuq-quyuq so‘rashdi. Bo‘lib o‘tmish davralardan gapirdi. Qanday qilib samovar olganlaridan gapirdi. — O‘ynab borib, ukkag‘arning polvonini mana bunday ushladim...— dedi. — Qarang-qarang, qo‘limga e’tibor bering, qo‘limga!.. — Bizdada olishib edik...— dedi mehmon. Bo‘ri polvon gapni ilib ketdi. — Samovarda olganmisiz? — dedi. — Ha-da!.. Bo‘ri polvon mehmon bo‘lmish tizzasiga tapillatib bir urdi. — E, bormisiz! — dedi. — Otangizga rahmat! Polvonning xo‘rozi samovar oladi, ha! 4 Sariosiyodagi o‘sha davrada Bo‘ri polvonga teng topilishi qiyin bo‘ldi. Davra egalari talvasada qoldi. Bordi-yu, Bo‘ri polvonga talabgor bo‘lmasa, sariosiyoliklar denovliklardan qoyil bo‘ldi, bo‘ladi. O‘z uyida qoyil bo‘lish, mag‘lub bo‘lishdanda yomon bo‘ladi! Shunda, davraga yoshgina bir yigit chiqib keldi. Bo‘ri polvonga talabgor bo‘ldi. Davraegalari shundagina yengil nafas oldi. Bo‘ri polvon yosh polvonga mensimay-mensimay qaradi. "Laylakning yurishini qilaman deb, chumchuqning puti yirtilgan ekan! — deya o‘yladi Bo‘ri polvon. — Bu yosh bola-ku! O‘ylab ish qilyaptimi? Yo, kayfi bormi?" Bir yosh bola Bo‘ri polvon shon-shavkatini nazarga ilmay qurga yugurib chiqishi, Bo‘ri polvon izzat-nafsiga tegdi. Bo‘ri polvon darg‘azab bo‘lib davraga kirdi. Bosh bakovul oldiga g‘oz yurish qilib bordi. Davra odati bo‘yicha talabgor yosh polvon qabatiga borib o‘tirishi lozim bo‘ldi. Ammo Bo‘ri polvon davra qoq o‘rtasiga borib cho‘k tushdi. Bo‘ri polvon bu bilan o‘zini anavi yosh bola yonida yonma-yon o‘tirishga or qilishini bildirdi. Anavi yosh bolaga, ko‘rpangga qarab oyoq uzatsang-chi, degan qarash qildi. Bo‘ri polvon bilan Ismoil otli bu yosh polvonga bir g‘unajin, yana bir qancha mayda zotlar qo‘yildi. Bo‘ri polvon Ismoilni ko‘zga ilmay-ko‘zga ilmay davra aylandi. "Tayyor osh-ku"... — deya o‘zidan ketdi. Oqibat... Bo‘ri polvon... Polvon nomini olgandan buyon umrida birinchi marta yelkasi yer ko‘rdi! Qanday yiqildi — o‘zida bilmadi! Ko‘zlarini ochsa... osmon to‘la yulduz bo‘ldi!.. Ohista-ohista joyidan turdi. Bosh egib-bosh egib davradan chiqdi. Hamrohlari hamdard bo‘lish uchun qo‘ltig‘idan ushladi. Bo‘ri polvon hamrohlari qo‘lini zarda bilan siltab-siltab tashladi. Choponiga cho‘nqayib o‘tirdi. Tizzalarini quchoqladi. Peshonasini bilaklari ustiga qo‘ydi... Ho‘ng-ho‘ng yig‘lab qo‘ya berdi! Hamrohlariga javdirab-javdirab qaradi. — Chiniminan yiqildimmi-a, chiniminanmi-a?.. — dedi. Sel-sebor yig‘lab qo‘ya berdi... 5 Bo‘ri polvon yelkasi yerga tekkani elga yoyildi. Bo‘ri polvon nomi bilan g‘ururlanib yurmishlar ichi achiy-achiy bosh chayqadi. — Yomon bo‘pti-da...— dedi. Davralarda Bo‘ri polvon dastidan ro‘shnolik ko‘rolmay yurmishlar xushvaqt-xushvaqt bosh irg‘adi. — Bo‘ri polvonda tamom bo‘pti...— dedi. Bo‘ri polvon el orasida bosh ko‘tarolmay qoldi. Uyidan ko‘chaga chiqmay qoldi. Keyin, o‘sha yosh polvonni ta’qib etib boshladi. Qaerda to‘y bo‘lsa, poylab bordi. Ammo yosh polvon Bo‘ri polvon nomini eshitiboq, rad qila berdi. Ismoil otli bu yosh polvon dovrug‘i butun vohaga yoyildi. Kimsan — Bo‘ri polvon yelkasini yerga tekkizgan Ismoil polvon! Ismoil polvon bu nomni umrbod saqlab qolmoqchi bo‘ldi. Shu bois, Bo‘ri polvon davraga kelibdi, desa bo‘ldi, indamay ketib qola berdi. 6 Sho‘rchidada shunday bo‘ldi. Bo‘ri polvon boshliq xo‘jasoatlik polvonlar Shermat mergan degannikiga qo‘ndi.To‘yxonadan mehmonlar ulushi keldi. Dasturxon to‘kin bo‘ldi. Uy xo‘jasi o‘zining merganlik sarguzashtlaridan gurung berdi. Sho‘rchilik polvonlarga ta’rif berdi. Abil polvonni ulug‘ladi. — Nasim polvonning bo‘yniga chipqon chiqqan, bu davrada olishmasa kerag-ov, — dedi. Uy xo‘jasi birdan sergak tortdi. — Aytganday, — dedi. — Nasim polvon asli xo‘jasoatlik-a? Chaqirib kelayinmi? Gurunglashib o‘tiramiz? Bo‘ri polvon bezovta bo‘ldi. Bir qimirlab oldi. — Yo‘q, mergan, ovora bo‘lmang, o‘tiring, — dedi. — Ha, mayli, ixtiyorlaringiz. Lekin ko‘ngillaringizga olmangizlar-u... ayta bersam maylimi? Shu, Nasim qurg‘ur hech ko‘nglimga o‘tirmaydi-da. O‘ta shum! Ko‘zingizni lo‘q qilib, firib beradi! Bilmayman, o‘zidan boshqani nodon deb o‘ylaydimi. Shuning uchun u bilan osh- qatiq bo‘lgim kelmaydi. O‘zi, u kimlardan? E, ha, bo‘ldi-bo‘ldi, gap tamom. Mergan jo‘ra, deyishidan bilib edim-a... Asli qonida bor ekan-da... — O‘zi yaxshi odam...— dedi Bo‘ri polvon. Nasim polvon bo‘yniga chipqon chiqqani chin bo‘ldi. Ushbu davrada olishmadi. Bo‘ri polvonga sho‘rchilik Abil polvon chiqdi. Bo‘ri polvon Abil polvonni yaxshi biladi. Abilning cho‘nqayma usuli bor. Keyin... jini bor! Davraga kirsa, tutib qoladi... Shu bois, el Abil polvonni Abil tentak, deydi. Bo‘ri polvon davra aylanayotib, Nasim polvon Abil tentakni gij-gijlayotganini eshitdi. — Dadil bora ber, yuragi yo‘q, — dedi Nasim polvon. — Qaysi bir yili menga o‘zi talab qilib, qo‘rqqanidan qoyil bo‘lib edi... Abil tentak go‘yo davra torlik qilayotganday hurpayib-hurpayib yurdi. Bosh bakovul oldidagi satildan hovuchlab-hovuchlab suv oldi. Bilaklarini suvladi. Og‘ziga suv to‘ldirdi. Yulduzlarga qarab, g‘arg‘ara qildi. Qo‘llarini o‘ynatib, joyida bir-ikki irg‘ishladi. Boshini sarak-sarak qilib ayqirdi: — Buvvv! Buvvv! Ha, kishta! — dedi. Abil tentak Bo‘ri polvon avzoyida tariqday bo‘lsa-da, hayiqish ko‘rsa bo‘ldi, darhol hamlaga o‘tadi. Ammo hayiqish ko‘rmadi. Bo‘ri polvon dag‘dag‘alardan hayiqish tugul, mijja qoqmadi. Aksincha, o‘ynab kela berdi. Abil tentak lalmi-lalmi dag‘dag‘alari o‘tmaganini bildi. Dirkillab-dirkillab o‘ynab, yana davra aylandi. Abil tentakni endi ko‘rayotganlar hayratdan ko‘zlari olaydi. Birov bosh chayqadi. Birov labini burdi. — Yo pirim-e, urib ketgan tentak, — deya kuldi. — Jayraxonadan7 qochgan, — deya kuldi. Ikki zo‘r to‘qnashsa, chaqmoq chiqadi... Bo‘ri polvon o‘ng qo‘li bilan Abil tentak yoqasidan ushladi. Chap qo‘li bilan esa bilagidan siqib ushladi. Shiddat bilan ichidan chil berdi. Abil tentak cho‘nqaymaga oldi: g‘oyat tezlikda o‘ng qo‘li bilan Bo‘ri polvon yoqasini g‘ijimlab, halqumiga tiqib bordi. Chap qo‘li bilan esa Bo‘ri polvon yag‘rini usti jelagidan buklab ushladi. O‘zi orqaga xiyol chalqaydi. Bo‘ri polvonni dast ko‘tardi-da, zarb bilan orqaga otib yubordi. — A-a-a-a! — deya ayqirdi. Bo‘ri polvon yerga yonboshi bilan gursillab tushdi. Abil tentakda shunday yiqildi. — Bekor, yonbosh yiqildi! — dedi davra. — Bir bahya yetmadi! Cho‘nqayma g‘oyat nozik san’at: bordi-yu, polvon cho‘nqayma qilishni eplay olmasa, o‘zi mag‘lub bo‘ladi. Cho‘nqayma g‘oyat qaltis san’at: bordi-yu, cho‘nqaymaga olinmish polvon chili chiqib ketsa, yerga... harommag‘izi bilan borib tushadi. Cho‘nqaymaning qaltis taraflari tag‘in ko‘p... 7 Xo‘sh, Bo‘ri polvon nega harommag‘izi bilan emas, yon-boshi bilan tushdi? Boisi, cho‘nqaymaga olmish Abil tentak katta xatolikka yo‘l qo‘ydi. Abil tentak yerga og‘ayotib-erga og‘ayotib, o‘z gavdasini o‘zi o‘nglab olishi, yo‘l-yo‘lakay Bo‘ri polvon ustiga o‘zini tashlashi lozim edi. Abil tentak shoshdimi yo dovdirab qoldimi, ishqilib, buning uddasidan chiqolmadi... Xatosi evaziga Bo‘ri polvon ostida qolayin-qolayin dedi. Buni o‘zida bildi shekilli, yerdan tura-tura, shukrona-shukrona bosh chayqadi. 8 Davra polvonlarga haybarakallachilik qildi: — Chaqqon-chaqqon olishinglar! — O‘, Bo‘ri polvon, belbog‘ingni yaxshilab boyla, bo‘shab ketyapti! — Abil tentak, ehtiyot bo‘l-ov! Endigi olishuv avvalgisidanda shitobli bo‘ldi. Bo‘ri polvon Abil tentakka imkoniyati boricha xolisroqdan chil berdi. Qo‘llarini cho‘zib ushlab, Abil tentakni o‘zidan xolis tutdi. Abil tentak tag‘in cho‘nqaymaga olish uchun chog‘landi: go‘yo anoyilik qilib, chap oyog‘ini Bo‘ri polvonga yaqin tutdi. Ichidan chil berishga imkon yaratdi. Bo‘ri polvon Abil tentak makriga uchmadi. Qarmoqdan o‘zini olib qochdi. Kurash lanj bo‘ldi. Polvonlar bir-birini ta’qib etib yura berdi. Polvonlar birovi bo‘shroq bo‘lsa-ku yaxshi, yiqilmaganiga shukur qilib yura beradi. Bordi- yu, ikkovida g‘oliblikka bab-barobar da’vogar bo‘lsa-chi? Unda... asablar olishadi! Bo‘ri polvon-da, Abil tentakda asabiylasha boshladi. Asabiy chil berishib, bir-birini maqsadsiz silkilay berdi. Xo‘p olishdilar! Bo‘ri polvon qo‘llarini yonlariga keng yoydi: men olishayotganim yo‘q, ishorasini bildirdi. Bu holatda polvonga hamla qilish qat’iyan man etiladi! Abil tentak bo‘lsa, Bo‘ri polvonni ikki oyog‘iga qo‘shib tepib, yerga urdi! Abil tentak yiqitdim, deya o‘ynab-o‘ynab, bakovul qoshiga borib o‘tirdi. Bo‘ri polvon o‘zidan besh-olti odim olisga borib tushmish do‘ppisini oldi. Kaftlariga tars-tars urib qoqdi. Asabiy-asabiy qoqdi. Xo‘jasoatliklar baqira ketdi: — Bo‘ri polvon qo‘lini qo‘yib yuborib edi, bekor! — Abil tentakning esi joyidami o‘zi? — Bakovulning oldiga borib o‘tirishini qarang! — Yuz bo‘lmagandan keyin shu-da! Sho‘rchiliklarda xo‘jasoatliklardan qolishmadi. Nasim polvon boshini chipqon chiqqan yog‘iga qiyshaytirib o‘rnidan turdi. Bakovulga qo‘lini shop qilib shang‘illadi: — Qo‘lini qo‘yib yubormasdan oldin yiqitdi! Abil tentakka haqi berilsin! Uh-uh, voy bo‘ynim-e... Bo‘ri polvon Nasimga o‘qrayib-o‘qrayib yerga tupurdi. Bakovul janjalni hal etish uchun o‘ng ko‘lini ko‘tardi. — Birodarlar, jim! — dedi. — Yaxshisi, ana, davrada betaraf mehmonlar o‘tiribdi. Shulardan so‘raymiz. Ma’qulmi? Sariosiyoliklar, qani, siz xolisanlillo gapiring! Sariosiyoliklar to‘pidan ovozlar keldi: — G‘irrom-e, g‘irrom! Bo‘ri polvon qo‘lini qo‘yib yuborib edi! — Abil tentak nomardlik qildi! — Yana-tag‘in Nasim polvonning jirillashi kimning gazagiga dori deng! — U-ku bir qasami, xudodan no‘xtasini yulgan... Nasim polvon muztar bo‘lib qoldi. 9 Bo‘ri polvon davrani polvona-polvona aylandi! Bo‘ri polvon qizidi! Tentakka yomon-yomon qaradi! Bo‘ri polvon Abil tentak yoqasidan ushlab, o‘ziga tortdi. Oyog‘i uchini tentak chap to‘pig‘iga ildirib tortib ko‘tardi. Abil tentak og‘irligini oyog‘i ko‘tarilayotgan tarafga tashladi. Ko‘tarilayotgan oyog‘ini bor kuchi bilan ketiga tortdi. Aynan shuni angg‘ib turmish Bo‘ri polvon tentak oyog‘ini birdan qo‘yib yubordi. Tentakning birdan qo‘yib yuborilgan oyog‘i keyinga silkindi. Bo‘ri polvon tovoni bilan tentakning keyinga silkinmish oyog‘i ichidan tepib yubordi. Abil tentak bir aylanib tushdi! Bo‘ri polvon Abil tentak ko‘ksiga tizzasini tiradi. — Yiqitish mana bunday bo‘ladi, polvon! - dedi. Bu, polvon zoti uchun eng og‘ir xo‘rlik bo‘ldi! 10 Bo‘ri polvon Ismoilni tinmay ta’qib eta berdi. Bo‘ri polvon davralarga o‘ziga xos dabdaba bilan bordi. Yana-tag‘in, elburutdan bordi. Oqibat, Ismoil Bo‘ri polvonni ko‘rdi. Davraga chiqmadi. Bo‘ri polvon o‘ylab qaradi: bundayin dabdabali yurishlari bilan o‘z niyatiga yetishi amrimahol bo‘ldi. U endi mug‘ambirlik yo‘liga o‘tdi. Termizda bo‘lmish bir to‘yga juda kech bordi. Mashina kabinasida davraga qarab o‘tirdi. Davra oxirida bakovullar boshqa katta polvon yo‘q, deyishib, kimsan, Bo‘ri polvonday polvon yelkasini yerga tekkizgan Ismoil polvonga jar soldi. Ismoil polvon davrani bir aylanib, o‘zini ko‘rsatdi. Xuddi shu vaziyatni ikki oydan buyon angg‘ib yurmish Bo‘ri polvon kabinadan sakrab tushib, davraga kirdi. Bo‘ri polvon xuddi osmondan tushganday favqulodda paydo bo‘lishi, barcha-barchani hayron qoldirdi. O‘zaro shivir-shivir bo‘lib, davra gap nimada ekanini bildi. Ismoil polvon arosatda qoldi. Chiqayin desa — Bo‘ri polvon, chiqmayin desa — bakovul jar solib bo‘ldi. Ismoil polvon chiqishga majbur bo‘ldi. Bo‘ri polvon vajohati barcha-barchani seskantirib yubordi. Bo‘ri polvon g‘alabaga tashna bo‘ldi! G‘alaba qozonish esa hamisha qiyin! Ayniqsa bugun! Negaki, Bo‘ri polvon faqat zafar qozonish uchun olishadi! Faqat, faqat g‘alaba uchun kurashilsa, g‘alabaga yetish juda-juda mushkul bo‘ladi! Ba’zan, yetib bo‘lmaydi! Yo‘q, polvon zafarni emas, zafar polvonni qidirsin! Zafar polvonni topsin! Polvon xohish-iroda bilan olishsa, o‘zining nimalarga qodirligini namoyish etsa, san’atini namoyish etsa, zafar o‘z-o‘zidan keladi! Polvon o‘z kurashidan o‘zi zavqlansa, zafar o‘z-o‘zidan yor bo‘ladi! 11 Olis olishdilar. Bo‘ri polvon-da, Ismoil polvonda qo‘yib yubordi. Bo‘ri polvon damini olish uchun davradan chiqdi. Hamrohlari uyushib qolmish bilaklarini uqaladi. Bo‘ri polvon mag‘lub bo‘lishini tasodif deb yurib edi. O‘zini yuqori olib, Ismoil polvonni pisand qilmaganligida, deb yurib edi. Yo‘q, Ismoil polvon haqiqatan ham zo‘r ekan! Bo‘ri polvon o‘zidan bo‘lak zo‘r bo‘lishini xayoliga-da keltirmadi! Zo‘r faqat bitta — u, men, o‘zimman, deb yurdi! O‘g‘il bola gap... o‘zidan bo‘lak zo‘r chiqishini xohlamadi! Yo‘q, Bo‘ri polvon xohlaganday bo‘lmadi! Vaqt, vaqt! Shafqatsiz vaqt har davrning o‘z zo‘rlarini yaratadi! Inson buni xohlaydimi-yo‘qmi, vaqt uchun baribir — yarata beradi! Ana, vaqt o‘zining kenja zo‘rini yaratdi! Ana, kenja zo‘r, ana! Kenja zo‘r davrada o‘z mavqeini talab qilyapti, kenja zo‘r davrada o‘z shon-shuhratini talab qilyapti! 12 Bo‘ri polvon o‘pkasini bosolmadi. Og‘zi kappa-kappa ochildi. Hansirab-hansirab nafas oldi. O‘z ajdodlaridan madad so‘radi. Otasining piriga sig‘indi... "Otaginam, men hamisha sizning nasihatlaringizga amal qilib keldim. Siz aytar edingiz: polvon o‘zini uch balodan asrasin, eng birinchisi — ayolbozlik, derdingiz. Otaginam, yoshim o‘ttizga yetibdiki, oyog‘imni qiyshiq bosmadim. Harom-harish yo‘llarga yurmadim. Hali uylanmadim ham! Ikkinchisi — ichkilikbozlik, derdingiz. Otaginam, men haligacha og‘zimga aroq olmadim, arokdan hazar qilaman! Uchinchisi — polvon o‘zini nafs balosidan asrasin, deguvchi edingiz. Otaginam, men, mol-dunyo uchun olishmadim. Mol-dunyo hirsidan o‘zimni hamisha saqlab keldim.Bo‘lmasa, nimaga bunday bo‘lyapti, otaginam? Gunohimni ayting, gunohimni? Men Ismoil polvondan orimni olmoqchi edim. Bo‘lmayapti, otaginam, bo‘lmayapti... Ushlagan barmoqlarim bo‘shashib ketyapti. Oyog‘imda darmon yo‘q. O‘pkam og‘zimga tiqilib qolyapti... Bu qanday ko‘rgilik bo‘ldi, otaginam? Yo... qaridim-mi-a?.. Uh, qismat, qismat, zulming qursin, qismat!.. Otaginam, men endi davralarni mag‘lub bo‘lib tark etamanmi-a? Kelib-kelib, Ismoil degan bir yapaloq boladan-a? Yo‘q, otaginam, yo‘q, men davralarda hamisha zo‘r edim — davralarni zo‘rlarcha tark etaman! Otaginam, oxirgi davramda meni bir qo‘llang! So‘nggi, so‘nggi bor qo‘llang, otaginam!.." 13 Bo‘ri polvon davraga kirdi. Ismoil polvonda sakrab davraga tushdi. Ismoil polvon yurish-turishi, avzoyidan osonlikcha jon beradiganga o‘xshamadi! Bo‘ri polvon Ismoilga yeguday-eguday xo‘mrayib qaradi. Ismoil polvon kurashni iloji boricha cho‘zish payida bo‘ldi. Shunda, Bo‘ri polvon nafasi qaytadi. Bo‘ri polvon holdan toyadi. Yosh — yoshligini, qari — qariligini qiladi... Bo‘ri polvon Ismoil polvon niyatini payqab qoldi. Ijirg‘anib-ijirg‘anib, bir-ikki telba-teskari chillar berdi. Kam kuch sarflab, ko‘p tahdid qilish yo‘liga o‘tdi. Bo‘ri polvon nimaiki qilmoqchi bo‘lsa, Ismoil polvon xuddi bilib turganday, niyatlarini chippakka chiqara berdi. Bo‘ri polvon ana shunda ko‘zga yaqin, yagona zo‘rga juda-juda qiyin ekanligini bildi. Boisi, hamma havas bilan qaraydi. Zo‘rning san’atini, o‘ngi, chapini miridan-sirigacha sinchiklab o‘rganadi. Zo‘rga taqlid qilib, o‘shanday zo‘r bo‘lgilari keladi! Zo‘r-chi? Zo‘r o‘zgalarni bilmaydi. Ayniqsa, o‘zidan kuchsizlarni bilmaydi! Bilgisida kelmaydi! Boisi, ko‘zga ilmaydi! Zo‘rning tag‘in bir fojiasi — zo‘r mag‘lubiyat alamini kam totadi. Zafar ketidan zafar... Zo‘r — zafar og‘ushida yashaydi! Yo‘q, zo‘r mag‘lubiyatlar alaminida totib turishi lozim! Ana shunda o‘zi haqida o‘ylab ko‘radi! Ana shunda sergaklik bilan yashaydi! Zo‘r uchun mag‘lubiyat zafar qatori bab-baravar zarur! Ayniqsa, o‘ziga ishongan zo‘rga! Mag‘rur zo‘rga! Bo‘ri polvon ana shunday zo‘r bo‘ldi! 14 Bo‘ri polvon bunday olishuvi foydasizligini bildi. Shunday olisha bersa, Ismoil polvon qo‘ymish qopqonga tushishini bildi. Bo‘ri polvon olish davomida Ismoil polvon chap tarafi bilan deyarli olisha olmasligini sezib qoldi. Shu bois, endi Ismoil polvon uchun begona bo‘lmish kurash boshladi: Ismoil polvon chap tarafidan borib olishdi. Chindan-da, Ismoil polvon boshi berk ko‘chaga tushib qolmish odamdayin dovdirab qoldi. Nima qilishini bilmayin esankirab qoldi. Shunday bo‘lsa-da, Bo‘ri polvon o‘ngidan — yag‘ringa olishidan ehtiyot bo‘ldi! Bo‘ri polvon bildi: yag‘rindan umid yo‘q. U endi Ismoil polvon uchun favqulodda bir hunarini qo‘llamoqchi bo‘ldi. Ha, har bir polvonda zo‘r hunaridan bo‘lak tag‘in bir yaxshi hunari bo‘ladi. Polvon bu hunarini o‘zining zo‘r hunarichalik zo‘r bajara olmasa-da, har holda yaxshi biladi. Bo‘ri polvonning bu hunari — bir oyog‘ini to‘g‘onoq qilib to‘shab, g‘animini orqaga sermab yuborish bo‘ldi. Bu, g‘oyatda qaltis hunar bo‘ldi. Boisi, bir oyog‘ini yoniga to‘shaganda bor og‘irligi g‘animiga yaqinroq bo‘lmish oyog‘iga tushadi. G‘animi aynan ana shu oyog‘iga qoqib yuborsa... Bo‘ri polvon so‘zsiz yulduz sanaydi! Mayli! Yo, jon chiqsin, yo, nom chiqsin! Bo‘ri polvon davra aylandi-aylandi, niyatini qanday qilib amalga oshirish yo‘lini o‘yladi. Ushlashib, Ismoil polvonning goh o‘ng, goh chap soniga oshirib-oshirib tepdi. Ismoilni zabt bilan yelkaga olmoqchi bo‘ldi. Shunda, Bo‘ri polvonni xudo bir asradi! Ismoil polvon ayni shu vaziyatni angg‘ib turmishday, Bo‘ri polvonni zabt bilan ketiga qayirib otib yubordi. Bo‘ri polvon yerga ko‘kraklari bilan borib tushdi. Bo‘ri polvon zo‘r, Ismoil polvon undanda zo‘r bo‘ldi! 15 "Xo‘sh, kuchi-ku, kamayib qolibdi, — umid bilan o‘yladi Bo‘ri polvon. — Nahotki, quruq kuchiga ishonayotgan shu yosh bolaning biror korini qilib bo‘lmasa?" Xayoliga o‘ziga ma’qul bir fikr keldi... Qo‘llarini sermab, Ismoil polvonga qarab yurdi. Ismoil ketiga tislandi. O‘zini goh chapga olib qochdi, goh o‘ngga olib qochdi. Bo‘ri polvon mo‘ljaliga bormadi. "Faqat qo‘yib yubor deguncha qiladigai ishni qilish kerak, — o‘yladi Bo‘ri polvon, — bo‘lmasa g‘irrom bo‘ladi". Bo‘ri polvon Ismoilga qaradi. Ismoil polvon yelkasidan nafas ola-ola davra aylandi. Demak, Ismoil polvonda charchadi! Ana, Ismoil polvon mash’ala yaqiniga borib qoldi. Bo‘ri polvon bo‘lsa, davra bu chetida boryapti. U o‘zicha mo‘ljal qildi: "Hozir olishmoqchi bo‘lib o‘giriladi. Ismoilda olishmoqchi bo‘lib o‘giriladi. Ismoilda olishmoqchi bo‘lib tayyorlana-tayyorlana olov oldiga kelib qoladi". Bo‘ri polvon o‘rtaga qarab yurdi. Ismoil polvon bir-ikki qadam tashlab, olov oldida to‘xtadi. Yoniga o‘girildi. O‘rtaga — Bo‘ri polvonga qarab yurdi. Ismoil polvon yelkalari uzra mash’ala lovullab-lovullab turdi. Mash’alaga teskariligi sababli yuzlari qorayib-qorayib turdi. Polvonlar bir-biriga quloch otib kela berdi! Bo‘ri polvon Ismoil polvon yoqasidan ushlab, ichidan chil berdi. Jon-jahdi bilan ketiga burdi. Shunday shiddat bilan surdiki, Ismoil polvon o‘zini o‘ngga-da, chapgada ololmadi. Tikka mash’ala ustiga seltanglab-seltanglab bordi. — E-e-e, olov, olo-v! Olov bor! — dedi ovozlar. Ismoil polvon olov taftini oldi. Taqqa to‘xtadi. Ketiga chalqaydi. Olovga yiqilmaslik uchun gavdasini oldinga tashladi. Ya’ni... ya’ni, gavdasini Bo‘ri polvonga berib qo‘ydi! Bo‘ri polvon g‘oyatda tezlik bilan chilini chiqarib oldi. Chap oyog‘ini yoniga to‘shadi. Ismoil polvonni davra o‘rtasiga sermab yubordi. — Yo, otam!..— deya ayqirdi. Ismoil Bo‘ri polvon to‘g‘onoq oyog‘i ustidan oshib, davra o‘rtasiga chalqancha tushdi! Ismoil polvon yulduz sanadi!.. Hay-hay-hay! Yoshlik — yoshligini, ko‘pni ko‘rganlik — ko‘pni ko‘rganligini qildi! Tajriba! Tajriba zafar qozondi! Bo‘ri polvon qo‘llarini ko‘tarib, davrani aylanib chopdi. Oyoqlarini osmon qilib dorboz bo‘ldi. Dorboz bo‘lib-dorboz bo‘lib davra aylandi. Davradan chopib chiqib, hamrohlarini bitta-bittalab bag‘riga bosdi. Hamrohlarini quchoqlab-quchoqlab o‘pdi. — Ko‘rdingmi meni? Ko‘rib qo‘y!..— dedi. Kulayotgan yonoqlaridan munchoq-munchoq yoshlar oqdi. 16 Ertasi uyida ho‘kiz so‘ydi. Gapga yetar odamlarni chaqirdi. Xesh-taborlarni, hamsoyalarni chaqirdi. Davrani tark etajagini aytdi. Uylanajagini aytdi. — Hali-hozir uylanmay turing endi, Bo‘ri polvon, — dedi gapga yetarlar. — Har yurtning o‘z ko‘zga surtar polvoni bo‘ladi. Bizning ko‘zga surtar polvonimiz sizsiz... — Yo‘q, bo‘ldi! — cho‘rt kesdi Bo‘ri polvon. Gapga yetarlar nasihat qildi. Nasihatlar zoe ketdi. Bo‘ri polvon o‘z bilganidan qolmadi. Brigadasida Suluv degich qiz bo‘ldi. Bo‘ri polvon ana shu qizni ko‘z ostiga oldi. Suluv Bo‘ri polvon ko‘ngliga o‘tirib qoldi. Ko‘ngliga o‘tirgani — Suluv erkak zoti ko‘ziga tik qaramadi. Suluv o‘z oti o‘zi bilan suluv bo‘ldi. Suluv yuzlar aql ibosi bilan shoista bo‘ldi. O‘roq o‘rishda, uzum uzishda Suluvdan o‘tadigani bo‘lmadi. Bo‘ri polvon Suluvni begona qilmadi. 17 Raisning suyug‘oyoqligi elga joriya bo‘ldi. Kolxoz mirobi suv yoqalab toqqa chiqib ketdi. Quloqlarda haftalab och-nahor yotdi. Qishloq suvsiz qolmasin, dedi. Bir tun yarimdan oqqanda mirob ko‘ngliga g‘ulg‘ula tushdi. Ko‘ngli bezovta bo‘ldi, ko‘ngli hadik oldi! Otlanib, uyiga yo‘l oldi. Kelsa, darvoza ichidan qulf bo‘ldi. Mirob devordan oshib o‘tdi. Uy eshigini tortib-tortib ovoz berdi. Javob bo‘lmadi. Achchiq bilan tortib edi, eshik zulfini uzilib ochildi. Ostonadan endi hatlab edi, bo‘g‘zidan zanjirday bir nima qisib oldi. Mirob jon talvasada qo‘lidagi qamchi dastasi bilan soldi. Dasta bir nimaga "tars" etib tegdi. Bo‘g‘zidagi zanjir uzildi. Mirob qo‘rquv ham vahima bilan shoshib borib chiroqni yoqdi. Ostonada qip-yalang‘och bir odam sulayib yotdi. Manglayidan qon oqib-oqib turdi.. Bu odam... kolxoz raisi bo‘ldi! Mirob ko‘rpa chetini ko‘tarib qaradi. Ko‘rpa ostida yalang‘och ayoli g‘ujanak bo‘lib yotdi! Mirob ayolini tepib-tepib, chalajon qilib tashladi. Ayolini naqd uch taloq qo‘ydi! Tanacha ko‘zini suzmasa, buqacha ipini uzmaydi! Keyin, raisni tashqari sudradi. Oyoq-qo‘lini tanasiga tortib-tortib boyladi. Otda Bo‘ri polvonni chaqirib bordi. Uyqudan uyg‘otib, shunday-shunday, dedi. — Men bir brigadir bo‘lsam, menga nima deysan? — dedi Bo‘ri polvon. Mirob joni halqumiga keldi. — Bo‘ri polvon! — dedi. — Enangni qozi... dodingni kimga aytasan, deydi! Yurt so‘raydigan raisi shul bo‘lgach, fuqaro dodini kimga aytadi?! Brigadiriga aytadi-da! Bo‘ri polvon ko‘tarilib-ko‘tarilib ketdi: el Bo‘ri polvonni qora tortib keldi! Bo‘ri polvon havolanib-havolanib ketdi: el Bo‘ri polvonni katta deb keldi! Bo‘ri polvon ichkaridan davralarda kiyib olishmish jelagini kiyib keldi. — Undaychikin nahs raisni yerparchin qilaman! — dedi. Davraga shaylanmishdayin, bilaklarini turdi. Chap-chaqqon bo‘ldi. — Nomahram ayol qo‘yniga kiradigan undaychikin nahsni tappiday yerga yopaman, tappiday! — Oyoq-qo‘lini boylab keldim, — dedi mirob. Bo‘ri polvon o‘ylab qoldi: unda borib nima qiladi? Oyoq-qo‘li boylanmish odamni yerga yopadimi? — Unda men bormayman, — dedi Bo‘ri polvon. — Nahslar yuzini ko‘rmayman! Kasofati uradi! — Bo‘lmasa, raisni nima qilayin, chuqur kovlab, ko‘mib tashlay berayinmi? — Yo‘q, unday qilma. Bunday qil: nahsni rayon olib bor! Kattalarga ko‘rsat! Boshqa nahslarinida aytib-aytib tashla! 18 Mirob raisni shu alfozda otga o‘ngarib, tuman olib jo‘nadi. Rais yo‘lda o‘ziga keldi. Nima gapligini payqadi. Ho‘ng-ho‘ng yig‘lab qo‘ya berdi. Rais yalinib-yolvordi. Dunyo va’da qildi. — Eshigimda "Volga" turibdi. Bor-u, minib ket...— dedi. Mirob rais vovaylosini eshitmayin deya, og‘ziga ot yag‘iriga qo‘yadigan paxta tiqib qo‘ydi. Tong tagi oqara berib-oqara berib, tuman ijroqo‘mi oldiga yetib keldi. Raisni idora oldi simyog‘ochga tang‘ib bog‘ladi. Tong yorishdi. Idoradan qorovul uyqusirab chiqib keldi. Ertalabdan paydo bo‘lmish otliq kim ekanini bilish uchun mirobga gap qo‘shdi: — Qani, chavandoz, Budyonniyga o‘xshab otda qaqqayib turibsiz? — dedi. Mirob miq etmadi. Qorovul raisni ko‘rdi. Ko‘zlariga ishonmadi. Esankirab qoldi. Raisni bo‘shatmoqchi bo‘ldi. Ammo mirob yo‘l bermadi. Birin-ketin xizmatchilar keldi. Bir ayol raisga ko‘zi tushib, chappa burilib qochdi. Bir ayol yuzlarini changallab, o‘tirib qoldi. Bir-ikki odam raisni bo‘shatmoqchi bo‘ldi.Mirob qamchi ko‘tarib, dag‘dag‘a qildi. — Qo‘llaringni tortinglar, bo‘lmasa urib sindiraman! — dedi. — Hech bo‘lmasa ishton kiygizib qo‘yaylik, insonniyam shuncha xo‘rlaydimi? — dedi odamlar. — U inson emas! Ol, qo‘lingni! — dedi mirob. Ijroqo‘m raisi keldi. Simyog‘ochga bog‘loqlik raisni ko‘rdi. Birdan teskari burildi. Mirob uzangiga oyoq tirab, ot ustida tikka turdi. Qamchi uchi bilan raisni ko‘rsatdi. — Ay, ijroqo‘m! — dedi. — Anavi simyog‘ochdagi jonivor, Xoliqulni Termizga o‘qishga yuborib, o‘zi uning ayoli bilan o‘ynadi! Xuddi shu jonivor, Hamidni qayoqqadir ish bilan yuborib, o‘zi uning ayoli bilan o‘ynadi! Kolxozni nahs bosdi, ijroqo‘m, elni nahs bosdi! Katta bo‘lsang, qara-da, ukkag‘arning ijroqo‘mi! Ana, tag‘in, ishonmaydi deb, nahs qanday bo‘lsa, shundayligicha otga o‘ngarib keldim! Mirob otiga qamchi bosdi. Rais urilib ketdi. 19 Idora oldida ulkan majlis bo‘ldi. Majlisda rais sayla-sayla bo‘ldi. To‘rtta e’tiborli odam nomzodi aytildi. Jumladan, Bo‘ri polvon nomida aytildi. Qo‘l ko‘tar-ko‘tar bo‘ldi. Qo‘l sanar-sanar bo‘ldi. El Bo‘ri polvon uchun qo‘l ko‘tardi. Bo‘ri polvon kolxoz raisi bo‘ldi. Rais bo‘lib ish buyurish oson, yo‘l-yo‘riqlar berish oson, qog‘ozlarga qo‘l qo‘yish oson! Ijro! Ijro etish qiyin! Bo‘ri polvon rais bo‘lib, ana shunday xulosaga keldi! 20 O‘lim qosh bilan qoboq orasida bo‘ladi! Bo‘ri polvon favqulodda onasini berib qo‘ydi. Ay, mansab o‘lsin-a, mansablari o‘libgina ketsin-a! Kim vafot etdi? Raisimiz volidai muhtaramalari vafot etdi! Kim qazo qildi? Raisimiz onalari qazo qildi! Shunday odam yig‘ildi, shunday odam yig‘ildi! Bo‘ri polvon hovlisi yuzida oyoq bosar yer qolmadi! Hovliga kirib bo‘lmay qoldi! Bo‘ri polvon ko‘chasi odamga liq to‘ldi! Ko‘chadan o‘tib bo‘lmay qoldi! Tobut ketidan tizilmish mashinalar bir uchi Bo‘ri polvon uyida bo‘ldi, bir uchi qabristonda bo‘ldi! Bo‘ri polvon tong saharlari onasi qabriga bordi. Onasi oldida o‘tirib-o‘tirib keldi. Oradan bir haftacha o‘tkazib bordi. Shunda, onasi qabri boshida... oppoq marmar sag‘ana ko‘rdi! Marmar sag‘anada onasi ismi sharifi bilan tavalludi bitiklik bo‘ldi. Onasi ismi sharifi barmoqday-barmoqday qop-qora chiziq bilan o‘rab qo‘yildi. Bo‘ri polvon hayrondan-hayron bo‘ldi. Marmar sag‘ana chapidan o‘tib qaradi, o‘ngidan o‘tib qaradi. Ko‘zlariga ishonmay, sag‘anani ushlab-ushlab ko‘rdi, silab-silab ko‘rdi. Qishloqqa qaytib kelib, og‘ayinlariga nazar soldi. Og‘ayinlari yuzida biror o‘zgarish ko‘rmadi. Bo‘ri polvon ikki haftadan keyin tag‘in keldi. Bu safar haminqadar hayron bo‘ldi! Onasi qabri tevaragi... marmar toshtaxta bo‘ldi! Marmar toshtaxta to‘shalmish joy bir uy ichicha keldi! Marmar toshtaxta oftobda yalt-yalt etdi! Bo‘ri polvon yaltiroq marmar toshtaxta uzra oyoq bosishinida bilmadi, bosmasinida bilmadi. Bosayin desa, marmar toshtaxtani ko‘zi qiymadi. Bosmayin desa, onasi qabri marmartoshtaxta qoq o‘rtasida bo‘ldi. Bo‘ri polvon etiklarini yerga tepib-tepib qoqdi. Marmar toshtaxta uzra oyoq uchida yurdi. Omonat-omonat yurdi. Tag‘in, kir qilib qo‘ymadimmi, demishday, iziga qarab-qarab yurdi. Bir amallab, onasi qabriga yetib bordi. Qabr boshida tizzalab o‘tirib, fotiha o‘qidi. Oyoqlari ostida to‘shalmish marmar toshtaxtani siladi. Onasi rahmatlik bir umr loy tomda yashadi. Bir umr tuproq yerda yashadi. Endi esa... bosh- adog‘i marmar bo‘ldi! Bo‘ri polvon o‘ylab o‘yiga yetolmadi: bu ishni kim qildi? Onasi rahmatlikning Bo‘ri polvondan o‘zga o‘g‘lida bo‘lmadi, qizida bo‘lmadi. Marmar sag‘anani bo‘lsa, faqat farzand qo‘yadi! Chin, og‘ayin-jamoalari bor, xesh-aqrabolari bor. Ammo xesh-aqrabolari marmar sag‘ana qo‘yadimi? Qo‘ymaydi, qo‘ymaydi! Axir, o‘g‘il tirik turibdi! Kimsan, Bo‘ri polvon! Bo‘ri polvon tevarak-boshga alangladi: butun qabristonda bitta hashamdor mozor bo‘ldi. Uyam bo‘lsa, Bo‘ri polvon onasi mozori bo‘ldi. Shu bois, mozorlar ichra alohida ajralib turdi. Bo‘ri polvon xesh-aqrabolari oldidan o‘tdi. Ko‘ngil yaqinlari oldidan o‘tdi. Kim bo‘lsa-da, o‘zi aytadi, deya o‘yladi. Juda bo‘lmasa, biror-bir ishora bildiradi, deya umidlandi. Ammo birovda sado bermadi! Birovda yuz ifodasi bermadi! Bo‘ri polvon o‘zi so‘rayin, dedi. Ammo so‘rashga tili bormadi, nima deb so‘raydi? "Bizning onamiz qabriga siz marmar sag‘ana qo‘ydingizmi?"— deydimi? Idoraga ko‘ngil yaqin odamlarini chaqirdi. Yaqinlariga bir-bir tikildi. Qanday qilib so‘raydi? "Kim bizning onamiz qabriga marmar sag‘ana qo‘ygan bo‘lsa, qo‘lini ko‘tarsin!"— deydimi? Bo‘ri polvon dardi ichida bo‘ldi. Bu borada miq etolmadi, og‘iz ocholmadi. Uncha-muncha odam bundaychikin qimmatbaho marmar sag‘ana qo‘yolmaydi. Marmar sag‘ana qo‘yolsa-da, bir uy ichicha kelmish joyga marmar toshtaxta to‘shash qo‘lidan kelmaydi. Boisi, qishloqda marmar zoti yo‘q bo‘ldi. Marmar toshtaxta tuman markazida bo‘ldi. Katta- katta idoralar oldida bo‘ldi. Bu ishni kim qilsa-da, o‘ziga to‘q odam qilibdi! Qo‘li uzun odam qilibdi! "Kim bo‘ldi bu odam?" Bo‘ri polvon qurilish brigadirini chaqirdi. Bildirmay, omborda nima bor-yo‘qligini so‘radi. Brigadir yuz-ko‘zlariga sinchiklab-sinchiklab qaradi. Brigadir yuzidan biror nima bilolmadi. "Yo tavba! — dedi Bo‘ri polvon. — Marmarlar osmondan tushdimi, nima balo..." 21 Bu vaqt, qurbon hayit kelib qoldi. Bo‘ri polvon hayit arafa kunlari onasini yo‘qlab bordi. Bo‘ri polvon olisdan qabr boshida bir qora soya yurmishini ko‘rdi. "Tog‘alarim bo‘lsa bordir, — deya o‘yladi Bo‘ri polvon. — Hayit arafada yo‘qlab kelibdi- da". Kora soya qabr boshida yurdi-yurdi, keyin o‘tirdi. Bo‘ri polvon qabriston oralab yurdi. Boshini xam qilib yurdi. Sag‘analarda bitilmish bitiklarni o‘qib-o‘qib yurdi. Ko‘ngil yaqin qabrlar boshida oyoq ilib, fotiha o‘qib-o‘qib yurdi. Bo‘ri polvon ko‘ngli uvishib-uvishib ketdi: shu yotmish bandalar yaqin-yaqinlarda tirik edi, eson-omon edi. Endi esa yo‘q... Bo‘ri polvon qabrlar boshida fotiha o‘qib-o‘qib, onasi qabriga kelib qoldi. Marmartoshtaxta oldida yerdan bosh ko‘tardi. Marmar toshtaxta poyida ikkita kalish juft bo‘lib turdi. Kalish egasi Bo‘ri polvon onasi qabri boshida bo‘ldi. Kalish egasi tizzalab o‘tirdi. Bosh egib o‘tirdi. Ming‘ir-ming‘ir duo o‘qib o‘tirdi. Bo‘ri polvon kalish egasini darrov tanidi! Shunday bo‘lsa-da, kalish egasi yuziga bir chap tarafidan qaradi, bir o‘ng tarafidan qaradi. Bo‘ri polvon o‘z ko‘zlariga o‘zi ishonmadi! Kalish egasi fotiha o‘qib bo‘lgunicha sabr qilib turdi. Nihoyat, kalish egasi duosini o‘qib bo‘ldi. Ohista joyidan qo‘zg‘oldi. Ketiga burildi. Bo‘ri polvonni ko‘rib, qo‘llarini ko‘ksiga qo‘ydi. Bosh irg‘ab salom berdi. Marmar toshtaxta chetida turmish kalishiga qarab yurdi. Kalishini oyog‘iga ilib, qishloqqa ravona bo‘ldi. Bo‘ri polvon kalish egasi ketidan qarab turdi-turdi... birdan o‘ziga keldi. Kalish egasi ketidan yurdi. Yetib ololmay, lo‘killab-lo‘killab yurdi. Kalish egasi ketidan ovoz berdi: — Ay... rais bova, to‘xtang-ay, bir gap berib keting-ay! — dedi. Eski rais oyoq ildi. Ketiga burilib turdi. Qo‘llari ko‘ksida bo‘ldi. Bo‘ri polvon eski rais ketidan yetib bordi. Bosh irg‘ashib salom-alik qildi. — Qani, bundaygina yuribsiz, rais bova? — dedi Bo‘ri polvon. Eski rais bosh irg‘adi. — Azachilik, Bo‘ri polvon, azachilik, — dedi. — Shu, volidai muhtaramamizni yo‘qlab kelib edik... Bo‘ri polvon eski raisga tikilib-tikilib o‘yladi. Eski raisning kimi qazo qildi, qachon qazo qildi, eslay olmadi. "Tavba, — dedi Bo‘ri polvon, — unda, eski rais kimni yo‘qlab keldi?" Shunday bo‘lsa-da, Bo‘ri polvon sir bermadi. — Binoyi-da, binoyi...— dedi Bo‘ri polvon. Eski rais boshi bilan qabristonga ishora qildi. — Volidai muhtaramamiz ko‘zi ochiqligida qadriga yetolmadik,— dedi eski rais. — Endi, hurmatini qilmasak bo‘lmas. Odamzot shu-da, Bo‘ri polvon, odamzot shu-da. Odamzotning ko‘zi vaqt o‘tgandan keyin ochiladi... — Ha-a-a...— dedi Bo‘ri polvon. — Endi, o‘tgan ishga salavot, Bo‘ri polvon, — dedi eski rais. — Hech bo‘lmagandan keyin kech bo‘lsayam bo‘la beradi. Ana... Eski rais boshi bilan Bo‘ri polvon onasi qabriga ishora qildi. — Ana, — dedi. — Volidai muhtaramamiz makonini serhashamgina qilib qo‘ydik. Ana endi, kimsan, kolxoz raisi Bo‘ri polvon volidai mehriboni qabri ekani shundaygina bilinib turadigan bo‘ldi... Bo‘ri polvon rais boshi bilan ishora qilmish tarafga qaradi. Angrayib qoldi. "Yo tavba! — dedi Bo‘ri polvon. — Rais bizning onamizni aytayaptimi deyman..." Bo‘ri polvon angraymish og‘zini yopolmadi. — Ha-a-a...— dedi. Bo‘ri polvon nima deyishni bilmadi. Bir onasi qabriga qaradi, bir eski raisga qaradi. "Rais bova, u mening onam-ku!"— deyin-deyin, dedi. Yana-tag‘in, sir boy bermadi. — Ha-a-a...— deya tura berdi. Eski rais bosh irg‘ab-bosh irg‘ab ichini tortdi. — Uf-f-f, dunyo shu ekan-da...— dedi. Shunda, Bo‘ri polvon xayolidan... onasi chiqdi-ketdi! Bo‘ri polvon esi-dardi eski raisda bo‘ldi-qoldi. Bo‘ri polvon ikki ko‘zi eski raisga tikildi-qoldi! Eski rais ust-boshi juldur-yirtiq bo‘ldi. Eski rais soch-soqoli paxmoq-paxmoq bo‘ldi. Eski rais kalishlari yirtiq-teshik bo‘ldi... Bo‘ri polvon eski raisga ichi achib-achib ketdi! — Ha-a... hozir nima ish qilayapsiz, rais bova? — dedi Bo‘ri polvon. Eski rais kalishi yirtig‘idan ko‘z uzmadi. — Biz bechoralar nimayam ish qilardik, Bo‘ri polvon,— dedi. — Yotibmiz-da, duoi fotiha qilib. Mana shundaychikin uvol-savob ishlar qilib... — Biron joyda qimirlab tursangiz bo‘lardi. Bola-chaqa deganday... — Chin, Bo‘ri polvon, chin, o‘zimizni o‘ylamasak ham, bola-baqrani o‘ylab, qimirlab tursak bo‘lardi. Lekin bizni kim ham ishga olardi, Bo‘ri polvon... — Ishlayman desangiz, ish ko‘p, rais bova, ish ko‘p. Eski rais kalishi yirtig‘idan ko‘z uzmadi. — Qani edi, ish bo‘lsa, ishlar edik, — dedi. — Shuncha yaxshi ichida bitta yomon ishlasa ishlabdi-da!.. Ana shu yerda Bo‘ri polvon juda-juda ta’sirlanib ketdi! — Nima ish berayin, ayting! — deb yubordi. Eski rais xuddi shu gapni angg‘ib turib edi! Birdan boshini adl ko‘tardi! — Bizga shu... ferma mudirlikmi, ombor mudirlikmi... bo‘lsa bo‘ladi, — deya ming‘irladi. — Bo‘ldi! — dedi Bo‘ri polvon. — Sadqai suxaningiz! 22 Bo‘ri polvon gapida turdi. Eski rais ferma mudir bo‘ldi. El-yurt esa, norozi bo‘ldi. Ana shunda Bo‘ri polvon esi joyiga keldi! Bir oqshom ketmon ko‘tarib, qabriston yo‘l oldi. Marmar toshtaxtalarni qo‘porib-ko‘porib tashlamoqchi bo‘ldi. Marmar sag‘anani ilib-ilib otmoqchi bo‘ldi. Yo, alhazar! Qabristonga qo‘l tekkizib bo‘ladimi? Qabrni buzib bo‘ladimi? Bo‘ri polvon onasi qabriga tikilib turdi-turdi... niyatidan qaytdi. "Bo‘lar ish bo‘ldi, — dedi. — Ukkag‘ar nahs bopladi. Boplaganda-da, ulay-bulay boplamadi. Endi, birovga aytib qo‘ymasa bo‘ldi"... 23 Bo‘ri polvon uyidan odam arimadi. Yosh-qari fotihaga kelib-ketib turdi. Olis-olislardan fotihaga keldi. Bo‘ri polvon idorada ishi bilan bo‘ldi. Bir safar uyidan chopar keldi. — Olisdan odam keldi, borar emishsiz, — dedi. Bo‘ri polvon uyiga yo‘l oldi. Darvozadan hatlab, ostonada serrayib qoldi. Supada Nasim polvon o‘tirdi! Bo‘ri polvon ichkari kirishinida bilmadi, kirmasini-da, bilmadi. Bir ko‘ngli, iziga qaytib ketayin dedi. Yana-tag‘in niyatidan qaytdi. Boisi, Nasim polvon qabatida tag‘in ikkita mehmon bo‘ldi. "Bu qizbet onamiz qazosini qaerdan bilibdi ekan?"— deya o‘yladi Bo‘ri polvon. Bo‘ri polvon ilojsiz ichkariladi. Supaga qarab yurdi. Mehmonlar ko‘rishish uchun joylaridan qo‘zg‘oldi.Ana shunda Bo‘ri polvon yomon vaziyatda qoldi! Ko‘rishayin desa, Nasim polvon bo‘ldi! Ko‘rishmayin desa, ikkita mehmon joyidan turdi. Qo‘llari ko‘ksida, mo‘lt-mo‘lt qarab turdi! Bo‘ri polvon bir ko‘ngli, shu ikkita mehmon bilan ko‘rishib qo‘ya qolayin, dedi. Ammo bo‘lmadi! Nasim polvon quchog‘ini katta ochib, Bo‘ri polvonga qarab kela berdi. Bo‘ri polvon yuzini yerga oldi. O‘zini ko‘rmaslikka soldi. Yer singalab-er singalab, supa chetiga borib o‘tirdi. — Ko‘rganimiz ko‘rishganimiz...— dedi. Mehmonlar joy-joyiga qaytib o‘tirdi. Bir mehmon duo o‘qib boshladi: — Auzu billahi minash shaytonir-rojim. Bismillahir-rohmanir-rohim... Yuzlarga fotiha tortildi. Bo‘ri polvon mehmonlar bilan bitta-bittalab hol-ahvol so‘rashdi. Gal Nasim polvonga keldi. Bo‘ri polvon Nasim polvondan hol so‘ramadi! Nasim polvon betiga qayrilibda qaramadi! Bo‘ri polvon yuzini uy tarafga o‘girdi. — Ay, dasturxon olib kelinglar-ay! — dedi. Bo‘ri polvon go‘yo, dasturxon yo‘lini qarab turmishday, Nasim polvondan yuzini teskari burib o‘tira berdi. Kenjasi dasturxon olib keldi. Bo‘ri polvon uchun endi dasturxon bahona bo‘ldi. Dasturxonga tikilib o‘tirdi. — Qani, xush ko‘rdik, — dedi Bo‘ri polvon. Mehmonlar biri qo‘yib biri ta’ziya bildirdi: — Bandalik, Bo‘ri polvon, bandalik. — Biz bexabar qolibmiz. — Nasim polvon aytib qoldi. — Men ham bilmay qolibman. Gazetadan ko‘zim tushib qoldi, — dedi Nasim polvon. Bo‘ri polvon birdan sergak tortdi. Dasturxondan boshini ko‘tardi. Mehmonlarga alang- jalang bo‘lib qaradi. — Gazetadan? — dedi. — Qanday gazetadan? Nasim polvon qo‘ynidan ro‘znoma olib uzatdi. — Mana! — dedi. Bo‘ri polvon ro‘znomaga qo‘l uzatmadi! Indamay qarab tura berdi! Shunda, qabatida o‘tirmish mehmon ro‘znomaga uzaldi. Olib, Bo‘ri polvonga berdi. Bo‘ri polvon ro‘znomaga ser soldi. Ta’ziya bitilmish joyni hadeganda topa bermadi. Shunda, qabatida o‘tirmish mehmon barmog‘i bilan nuqib-nuqib ko‘rsatdi. — Hayla, hayla! — dedi. Bo‘ri polvon barmoq nuqilmish joyni o‘qidi: "...Oyxol Qurbon qizi..." Bo‘ri polvon qo‘lidagi ro‘znoma dasturxonga tushdi. Bo‘ri polvon to‘rtburchak chiziqqa tikilib qoldi. Chiziqlar qop-qora bo‘ldi. Chiziqlar o‘qlovday-o‘qlovday bo‘ldi. Chiziqlar onasi rahmatlik ismi sharifini o‘rab-chirmab turdi! Bo‘ri polvon qop-qora chiziqlarga o‘rog‘lik onasi ismi sharifiga qarab o‘tirdi-o‘tirdi... onasi sag‘anasidagi qop-qora to‘rtburchak esiga keldi. "Yo, bunida eski rais qildimikin? - deya o‘yladi Bo‘ri polvon. — Undan keladi. Bo‘lmasa, gazeta qaerdan biladi". Mehmonlar, Bo‘ri polvon ko‘ngli buzildi, deya o‘yladi. Mehmonlarda Bo‘ri polvonday muztar bo‘lib o‘tirdi. Nasim polvon qo‘ynidan qo‘lro‘molchasini oldi. Piq-piq yig‘lab qo‘ya berdi. — Bechora momo, o‘zimning enamday ko‘rar edim...— deya yig‘ladi. Bo‘ri polvon ich-ichidan ijirg‘andi. "Iflos! — dedi. — Sen nimaga yig‘layapsan? O‘lgan bo‘lsa, mening onam o‘lgan, senga nima!" Bo‘ri polvon dasturxondan ro‘znomani oldi. Qabatida o‘tirmish mehmonga yuz soldi. — Enamiz bandalik qilganini bu gazeta qaerdan bilibdi? — dedi. Nasim polvon yuz-ko‘zlarini arta-arta: — Biladi-da, gazeta bilmasa kim biladi, — dedi. Bo‘ri polvon qabatida o‘tirmish mehmondan so‘radi: — O‘zi... bu ukkag‘ar gazeta nimaga bunday qiladi? Tag‘in Nasim polvon javob berdi: — Do‘st-dushman bilsin degan-da... Bo‘ri polvon qabatidagi mehmondan ko‘z olmadi. Nasim polvonga qayrilibda qaramadi! "O‘chir-e, qizbet! — dedi ichida. — Sendan kim so‘rayapti!" Bo‘ri polvon qabatida o‘tirmish mehmon tizzasiga qo‘lini qo‘ydi. Atayin shunday qildi! Nasim polvon gapimga tumshug‘ini tiqmasin, dedi! — O‘zi... shu gazeta qaerda? — dedi Bo‘ri polvon. Ammo tag‘in Nasim polvon javob berdi. — Qaerda bo‘lardi, Denovda-da, — dedi. "O‘chir-e, itdan bo‘lgan..." Bo‘ri polvon ichida shunday deya, tag‘in uyi tarafga yuzini burdi. — Ay, choy-poy olib kelinglar-ay! — deya ovoz berdi. Choy yo‘lini qarab turmishday, Nasim polvondan yuz o‘girib o‘tirdi. Mehmonlar nimalarnidir fahmladi. Ketamiz-ketamizga tushdi. Bo‘ri polvon aynan shuni kutib turmishday, joyidan qo‘zg‘oldi. — Esa, xo‘sh dengizlar! — dedi. — Bizni izzat qilib kelibsizlar, sizlarni xudo izzat qilsin! Mehmonlar joyidan qo‘zg‘oldi. 24 Bo‘ri polvon ro‘znomani yirtib-yirtib otdi. Shundada hovuridan tushmadi. Ro‘znoma bo‘laklarini terib-terib, qo‘yniga soldi. Denov yo‘l oldi. Umrida ilk bor ro‘znomaga ishi tushishi bo‘ldi. Shu bois, so‘rab-so‘rab topdi. Ro‘znomachilar joylaridan irg‘ib turdi. Keling-keling, qildi. Bo‘ri polvon qoboq uyub o‘tirdi. Gapni nimadan boshlashni bilmadi. Shunda, ro‘znomachilar o‘zi gap ochdi. — Chuqur ta’ziya bildiramiz...— deyishdi. Bo‘ri polvon maqsadga o‘tdi. — Enamiz bandalik qilganini qaerdan bildilaring? — dedi. Ro‘znomachilar bir-birlariga qarab oldi. — Raykom aytdi, — deyishdi. Bo‘ri polvon nima deyishini bilmadi. Xiyol hovuridan tushdi. — Raykom aytsa, ayta beradi-da... — dedi. Bo‘ri polvon qo‘ynidan ro‘znoma bo‘laklarini olib, stolga qo‘ydi. — Raykom aytdi deb, birovning kora kunini dunyoga do‘mbira qilib chala berar ekan-da? — dedi. Ro‘znomachilar hayron bo‘ldi. — Nima bo‘pti, rais bova? — deyishdi. — Ichlaring kir ekan! — dedi Bo‘ri polvon. — Enamiz poshikastani xudo yaratib edi, xudoning o‘zi oldi-ketdi. Endi shuni butun dunyoga yoyish kerakmidi? — Ta’ziya bu, rais bova, ta’ziya. — Ta’ziya bo‘lsa, uyga boradi, gazetaga yozadimi? Yozaman desalaring, ana, xush-xushvaqt kunlarimdan yozinglar! — Hammagayam bunday ta’ziya bera bermaymiz, rais bova. Bu hurmat-da, hurmat. — Xurmat deb, kelib-kelib qora kunimni yozasizlarmi? Uyat-e, uyat! — Rais bova... — Qo‘yinglar-e, Bo‘ri polvonning qora kuni to‘ymidiki, olamga aytuvchilik qilasizlar? Aytib qo‘yayin, qora kunlarimni yana-tag‘in shunday do‘mbira qilib chalsalaring, mendan o‘pkalab yurmanglar! Bo‘ri polvon dast turib ketdi. Bir ko‘ngli, firqa qo‘mitasigada borayin, dedi. Firqa o‘z oti o‘zi bilan firqa-da, yuragi dov bermadi. "Gazetachilar bilan aytishdim, shu bo‘ladi, — dedi Bo‘ri polvon.— Endi, raykom aytsa-da, gazetachilar ismi sharifimni qoraga o‘rab, dunyoga do‘mbira qilib chalmaydi. Raykom aytsa-da, gazetachilar qora kunlarimni g‘animlarimga ovoza qilmaydi..." 25 Sut bilan kirgan, jon bilan chiqadi! Bo‘ri polvon endi o‘zi bilan o‘zi olisha boshladi. Davralarga qarab o‘tirib, birdan chiqib olishgisi keldi. Ayniqsa, lanj polvonlar olishini ko‘rsa, Bo‘ri polvonga bir bo‘lak kun tug‘di. O‘tirolmay, o‘rnidan turib ketdi. Qo‘llarini orqasiga qilib, davra sirtida asabiy yurdi. — Qo‘g‘irchoq! Polvon emas bular, qo‘g‘irchoq! — dedi. O‘z qishlog‘i polvonlari mag‘lub bo‘lsa, butun vujudini qaltiroq tutdi. Polvonlik qoni qo‘zg‘adi, davraga chorladi. Chiq-chiq, dedi. Nachora, dard boru darmon yo‘q... Bo‘ri polvonsiz davralar fayzsiz bo‘lib qoldi. Bo‘ri polvon o‘rni juda-juda bilindi. El Bo‘ri polvon kurashini qo‘msadi. — Kurash Bo‘ri polvonga halol edi-da, — dedi. El tag‘in yorug‘ yulduzni — Bo‘ri polvonday bir zo‘rni qaradi! Mardona o‘yinlarda yorug‘ yulduz bo‘lsa! Yorug‘ yulduz davralarga hamisha ko‘rk beradi, salobat beradi! Tevarakdagi rangsiz yulduzlar, mitti yulduzlar xiraligini bildirmaydi! Bo‘ri polvonda davralarga intiq bo‘lib qaradi. Bo‘ri polvon o‘zini izladi! Yo‘q, Bo‘ri polvon yo‘q! Aksiga olib, ayoli topganida qiz bo‘ldi! To‘rtinchi farzand ko‘rdi — tag‘in qiz bo‘ldi! Bo‘ri polvon peshonasi tirishib-tirishib to‘ng‘illadi: — Uyoqqa qarasangda qiz, buyoqqa qarasangda qiz... hammayoq qiz! - dedi. Beshik tebratayotgan ayoli miyig‘ida kuldi. Ilmoqli gap otdi: — Yaxshi niyat qiling...— dedi. — Yaxshi niyat qilmay nima qilyapman? — Quruq niyatning o‘zi kifoya qilmaydi... — Bo‘ldi-e, ukkag‘arning ayoli!.. Shunday qilib, Bo‘ri polvon ayoli bilan har o‘n sakkiz kunda bir marta yotadigan bo‘ldi... Yaratganning o‘zidan davralarni gursillatib-gursillatib olishadigan o‘g‘il tiladi. Hartugul, beshinchi farzandi o‘g‘il bo‘ldi! Tilab-tilab topganim deya, otini Tilovberdi qo‘ydi. Bo‘ri polvon endi orzu bilan ovundi: o‘g‘li Tilovberdi balog‘atga yetyapti — ot o‘rnini toy bosadi... Yolg‘iz o‘g‘il Tilovberdi tez yetildi. Uni kuyov qiladiganlar ko‘paydi. Ayrimlar tilga borib aytdi. Ammo Bo‘ri polvon rozi bo‘lmadi. Kampiri qistasa-da, ko‘nmadi. — Polvon o‘zini uch balodan asrasagina polvon bo‘ladi. Birinchisi — ayoldan o‘zini tiyish! Shoshmasin, hali yosh, - dedi. Bo‘ri polvon o‘g‘lini tarbiya qila berdi. O‘g‘lini nahorda uyqudan uyg‘otdi. Tuxum yuttirdi... Bo‘ri polvon o‘g‘liga qaradi-qaradi, hayrat ham quvonch bilan kulimsiradi. Tavba, xuddi otasiday olishadi-ya! Ayniqsa, o‘ynab-o‘ynab olishi, hayqirib-hayqirib chil berishi, otasining o‘zginasi bo‘ldi! Alp — otadan, zot — onadan-da! Otamisan — o‘g‘ling bo‘lsin ekan! XXII Davra aylanayotgan Tilovberdi cho‘kkaladi. Yerni tavof qildi: ikki kaftini yerga suykab, yuzlariga tortdi. Davra to‘rida o‘tirgan chollar ro‘parasiga tiz cho‘kdi. Chollar kaftlarini baravar ochdi. — Omin, belingga quvvat, bilagingga kuch, yuragingga o‘t bersin, ollohu akbar! — deya duo kildi. Polvonlar davra aylandi. Qo‘l berib ko‘rishdi. Tilovberdi polvon davra chetida birdan burildi. Jelaklari etagini ketiga surdi. Qo‘llarini tuflab-tuflab ho‘lladi. O‘ng oyog‘ini lapanglatib-lapanglatib olg‘a tashladi. Qo‘llarini boshi uzra ko‘tardi. Barmoqlarini o‘ynatib-o‘ynatib, Maksim polvonga qarab bordi. — Ha, barakalla, ota o‘g‘li! — dedi davra. — O‘yna, otangga o‘xshab o‘yna! Barmoqlar mardona o‘ynadi, chaqqon o‘ynadi. Davra jo‘shib-jo‘shib qiyqirdi: — Ha-ha-a-a! — Otasining uli-da! Barmoq o‘yini — polvonlar sant’ati! Bu san’atni hech kim polvonchalik ijro etolmaydi! — Ha, do‘-o‘-o‘st! Tilovberdi polvon Maksimning ichidan chil berib chapga, so‘ng, o‘ngga ko‘tardi. Shiddat bilan keyinga surdi. Tag‘in bo‘lmadi. Maksim polvon orqasiga tengsarilib-tengsarilib, joyida turib qoldi. Polvonlar qo‘yib yuborishib, yana davra aylandi. XXIII Davra bir zum jimjit bo‘lib, tag‘in jonlandn. Davra polvonlar kurashini gapirishib o‘tirdi: — Shu, Maksim polvon juda sovuq olishar ekan, nima dedingiz? — Sportchi-da, sektsiyada tarbiya topgan. Ular kitobda nima yozilgan bo‘lsa shuni qiladi. — Televizorda Monreal olimpiadasiii ko‘rdilaringizmi? Klassik kurashni olib ko‘rsatdi. Bir sovug‘-e, shuyam olish bo‘ldi-yu. — Hm, juda lanj olish. Klassik kurashda oyoq bilan chil berish degan gap yo‘q. — Yana-tag‘in jahon sporti emish deng. — U frantsuzlarniki-a? — Shu, frantsuzlargayam qoyilman, o‘zining olishini butun jahonga yoygan. — Mo‘min muallim, mana, siz o‘qimishli odamsiz, uyingizda kitobingiz ko‘p, deb eshitaman. Siz ayting, nega endi bir lanj klassik kurash butun jahon sporti bo‘ladi-yu, o‘zimizning olishni faqat to‘yda yo "Hosil bayrami"da ko‘ramiz? Yo, olishimiz sport emasmi? — Sport ham gapmi, san’at! Ko‘ryapsizmi, Tilovberdining o‘ynab olishuvini. Buni hech qaysi trener, sektsiya ham o‘rgatolmaydi. — Bali! Uzoqlarga qarab yashaymizu, oyog‘imiz ostidagi gavharni ko‘rmaymiz.— Otangizga rahmat! Yaqinda Moskvada o‘qiyotgan Jabbor bir olim oshnasini olib keldi. Olishni tomosha qildirdi. Oshnasi hayron bo‘lib, nima dedi deng, bular jismoniy tarbiya maktabini bitirganmi, dedi. — E, ha-ha-ha! Jabbor nima dedi? — Yo‘q, biz o‘zi shunday xalq, dedi. — Men yaqinda sambo olishi haqidagi kitobni ko‘rdim. Hamma chillarning rasmi bor. Xoh ishoning, xoh ishonmang, oyoqdan olishdan boshqa hammasi o‘zimizning olishda bor ekan-e. — Mengboy kalning gapida jon bor. Kitoblik Sayfiddin Hodiev bor-ku, yaqinda o‘sha bilan o‘tirib qoldim. Trenerlar meni jahon chempioni qilib yetishtirdim, deb suyunadi, bilmaydilarki, men bolaligimdan to‘ylarda olishib yurgan tayyor polvon edim, deydi. — Aytganday, shu bola ikki marta jahon chempioni bo‘ldi-ya. — Ha-da, Mo‘g‘ulistonda qanday qilib jahon chempioni bo‘lganini gapirib berdi. Olish vaqti tugashiga bir necha sekund qolganda yonboshga olib urib ochko oldim, deydi. Bunday hunar boshqa biror olishda yo‘q, faqat bizning olishimizda bor, deydi. — Ota-bovamizning hunarini mahkam ushlasak, jahonning eng zo‘r polvoni biz bo‘lamizku- ya, nima dedingiz, sho‘ro bova? — Ko‘p noshukurlik qila bermanglar, haliyam zo‘rmiz. Ana, jahon chempionlari Sayfiddin, Sobir Qurbonov... — E-e, bo‘tam, ular o‘zimizning olishdan chiqqani bilan sambo bo‘yicha chempion bo‘lgan-da. — Sizga qandayi kerak? — Shu, o‘zimizning olish bo‘yicha jahon chempioni bo‘lsa ekan. — Gapingizga tushunmadim, Nurmat tog‘chi. — Nima balo, kallang shamolda qolganmi deyman. Masalan, dunyodagi ko‘pgina xalqlar o‘zlarining hech bo‘lmaganda, bitta sportini jahon miqyosiga ko‘targan. Bizdan esa jahonga ko‘tarilgan bittayam sport turi yo‘q.... — Bu o‘zimizga bog‘liq... XXIV Tilovberdi polvon bu safar shiddat bilan borib tuya chilga oldi: Maksim polvonni yoqasidan qo‘shqo‘llab ushladi, o‘ng oyog‘ini orqasidan ildirib o‘radi, zarb bilan ketiga surdi. — Yo-yo-yo! — deya ayqirdi. — Su-u-ur! — deya jo‘r bo‘ldi davra. Maksim polvon zarang tayoqday ekan — qayrilmadi! Aksincha, Tilovberdining o‘zini ketiga tovlab yubordi. Tilovberdi o‘mgani bilan borib yerga tushdi. Qo‘llarini keng yoydi. Men qo‘yib yubordim, siz ham qo‘yib yuboring, degan ishorani bildirdi. Ammo Maksim polvon qo‘yib yubormadi. Tilovberdini qayirib, chalqancha bosmoqchi bo‘ldi. Xuddi sambo olishidagiday sudradi, yerga piypaladi. — Hay-hay, sudrama! — dedi davra. — Bu qanaqa polvon o‘zi! — Kallasi bormi buning, yotgan odamniyam sudraydimi! Bo‘ri polvon, Tilovberdi joyidan turib, Maksim polvon bilan yoqalashib ketadi, deb o‘yladi. Yo‘q, o‘g‘li vazmin yigit bo‘libdi. Joyidan tura-tura, Maksim polvonga o‘qrayib-o‘qrayib qaradi. Shu bilan bo‘ldi qildi. Bo‘ri polvon davraga yuzlandi. — Xaloyiq, ko‘rdilaringiz, sho‘rchiliklar olishimizga birmuncha shak keltirdi! — dedi. — Bilasiz, ukkag‘ar o‘sha sambodayam, erkin kurashdayam, klassik kurash, dzyudo deganidayam, barcha- barchasida polvon dustaman8 , yo yonbosh yiqilsa, yo tizzalab o‘tirib qolsa, ikkinchisi halol yiqitaman deb, bechora polvonni sudrab, yerga piypalaydi. Yo bo‘lmasa, biror joyini qayiradi. Yerda yumalab yotgan odamni sudraydi-ya! Yo pirim-e, yo pirim-e... Bu erkakning ishi emas! Erkakmisan — oyog‘ida tik turgan erkak bilan olish! Tilovberdi polvon shiddat bilan olishuvi, iloji bo‘lsa Maksim polvonga o‘zini ushlatmasligi lozim. Ushlatsa, Maksim polvon, albatta, biror himoya yo‘lini qo‘llaydi. Tilovberdini qimirlatmay qo‘yadi. Boisi, samboda himoya o‘rgatiladi! Bizning olishimizda esa himoya haqida gap bo‘lishida lozim emas! Faqat hamla, hamla! Shunday ekan, Tilovberdi polvon shunday tezlik bilan olishuvi kerakki, Maksim polvon o‘ylashgada ulgurolmay qolsin! Bu fikr ko‘pchilikning, jumladan, Bo‘ri polvonningda xayoliga keldi. O‘g‘liga aytmoqchi bo‘ldi. Yana-tag‘in fikridan qaytdi. "Shashti baland, shunday olishsa kerag-ov, — dedi o‘zicha. — Mening o‘g‘lim bo‘lsa, shunday olishadi". Bo‘ri polvon Maksimga o‘girildi. — Ha, aytganday, polvon, — dedi, — mavridi kelganda aytib qo‘yay, zinhor-bazinhor tizzadan pastdan ushlama! Buyam bizning risolamizga to‘g‘ri kelmaydi! Tilovberdi polvon shitob bilan o‘ynab bordi. O‘ng qo‘lini Maksimning ishtonbog‘idan o‘tkazib ushladi. Chap qo‘li bilan o‘ng tirsagidan o‘rab ushladi-da, uchchoga oldi. — Yo-yo-yo!.. Diqqat, Maksim polvon Tilovberdining uchchosidan oshyapti! Qarang-qarang, Maksimning boshi yerga egildi. Oyoqlari Tilovberdining boshi uzra ko‘tarildi. Qoq yag‘rini bilan yerga uchib keldi! Ayqiriqda nihoyasiga yetdi: — ...Otamning piri! Gurs! SSSR sport ustasi Maksim polvon yulduz sanadi! — Halo-o-ol! — E, yasha, otasining uli! Tilovberdi Maksim polvonni joyidan turg‘azib qo‘ydi. Yelkasiga yopishgan somonlarni qoqdi. Qo‘l berib xayrlashdi. XXV Tilovberdi uchchoga olayotganda Maksim polvon nima qildi? U sambo olishidagi vaziyatni qo‘lladi: gavdasini xiyol olg‘a egdi. O‘ng oyog‘ini bir qadam oldinga bosdi. Tizzasini bukdi, qulochini oldinga yoydi. E’tibor bering, birinchidan — o‘ng oyog‘ini, ikkinchidan — gavdasini, uchinchidan — go‘yo marhamat qilayotganday, o‘ng qo‘lini berib qo‘ydi! Yana-tag‘in qimirlamay, hamlani kutdi! Tilovberdiday abjir polvon uchun bu yuz foizlik imkoniyat degan so‘z bo‘ldi! Bakovul Tilovberdi polvon yelkasiga to‘n yopdi. — Serkani to‘yxonadan olasiz, — dedi. Boisi, davra uchun olib kelingan mollar sovuqqa chidayolmay qochib keta berdi. Xizmatchilar joniga tegdi. Oqibat, yana to‘yxonaga olib borib qamab qo‘ydi. Bo‘ri polvon totli-totli kulimsidi. "Vo ukkag‘arning o‘g‘li-e, otamning piri dedi-ya! — deya xayollandi. — Shunday demaganda, yiqitolmasdiyam-da! Uni mening pirim qo‘lladi, ha! E, bali, o‘g‘lim-e, bali!" Bo‘ri polvon o‘g‘li emas, go‘yo o‘zi g‘olib bo‘lmishday kerildi. Tevarakka kerilib-kerilib qaradi. Sho‘rchiliklar, Maksim polvon yiqiladi, deb o‘ylamadi. Xayoligada keltirmadi. Shu bois, hang-mang bo‘lib qoldi. Davraga endi qaysi polvonlarini chiqarishlarini bilmadi. Shunda, sho‘rchiliklar oqsoqoli: — Tilovberdi polvon bir maydon damini olsin, biz ungacha kimni chiqarishni kengashib olamiz! — dedi. Tilovberdi polvon to‘nni fotiha bergan chollar oldiga qo‘ydi. Davradan chiqib turdi. XXVII Bo‘ri polvon davra aylandi. Yoniga bir polvon gursillab tushdi: Temir polvon Berdi polvonni it chilga olib yiqitdi. Berdi polvon origa o‘rta yoshlardagi bir polvon chiqdi. Temir polvon talabgor yuz-ko‘ziga qaradi. Keyin o‘ziga-o‘zi fotiha o‘qidi. Gap yo‘q, so‘z yo‘q, davradan chiqdi-ketdi. Davra hayron bo‘ldi. Bo‘ri polvon borib, gapirishib keldi. Yuzlarida tabassum o‘ynadi. Ovozi to‘la faxr bo‘ldi, ovozi to‘la g‘urur bo‘ldi: — Xaloyiq! — dedi. — Men Temir polvon bilan gapirishdim, ha! Ukkag‘ar, qoyilman deyapti! Nimaga deysizmi? Manavi talabgor Chori polvon o‘z vaqtida Temir polvonga bosh-qosh bo‘p, to‘ylarga olib borgan, o‘zining hunarlaridan ungada o‘rgatgan ekan! Shunga, Temir polvon aytyaptiki, u kishi menga ustoz bo‘ladilar, men ustozimning yoqasidan ushlamayman, deyapti! Siz nima deysiz, xaloyiq! — Otasiga rahmat o‘sha polvonning! — Asl polvon ekan! — Shunday farzandlarning umri uzoq bo‘lsin! — Tuf-tuf-tuf, ko‘z tegmasin-e, asl o‘zimizga tortibdi! Bo‘ri polvon ko‘zlari olma terdi. Oxirgi gapni aytmish odamni izladi. Ammo topolmadi. "Bali! Bizning aslimiz ana shunday edi! — Bo‘ri polvon xayolan shu gapni aytmish odam bilan gapirishdi. — Inchunun, o‘z asliga tortmagan, o‘z aslini unutgan odam — odam ham emas!" XXVIII Polvonlar o‘zlarini orqaga tashladi. Davra sovib qoldi. Bo‘ri polvon jar soldi: — Xaloyiq, uzoq-yaqindan kelgan mehmonlar! Zulfiqor polvonning bu davraga ataganlari ko‘p, ha! Men sizga aytsam, to‘yga ellikdan ko‘p to‘yona mol tushgan! Zulfiqor polvon shuning yarmini polvonlarga ajratgan! Og‘ilda chori qo‘y, panji qo‘y, mang‘i qo‘ylar quyrug‘ini ko‘tarolmay yotibdi! Tortinmay davraga chiqib, elga tomosha ko‘rsating! Sukunat bo‘ldi. Bo‘ri polvon bildi: polvonlar hal etuvchi vaziyatni — toboq qo‘yilishini kutyapti. — Polvonlar, bilaman, baring toboq tashlashimni angg‘iyapsan! - dedi. — Ukkag‘ar pismiqlar-e! Oldindan aytib qo‘yayin, toboqni oz tashlayman! Ko‘p bo‘lsa, ikkita! Davraga chiqib olish, bo‘lmasa, armonda qolasan! Bo‘ri polvon, boya sho‘rchiliklar tor vaziyatda qolganini bilmadi. Sho‘rchiliklarda hali olishmagan yo bitta, yo ikkita zo‘r polvon qoldi. Bordi-yu, ularda Tilovberdidan yiqilsa, unda, davra oxirida olishadigan boshqa polvonlari qolmaydi. Shu bois, sho‘rchiliklar oqsoqoli toboq tashlashgacha vaqtni cho‘zish uchun mug‘ambirlik qildi. Toboq nima? Bir vaqtlar qovurdoq go‘shtlik toboqlar davra o‘rtasiga qatorlashtirib qo‘yildi. Har bir toboq bir sovrinni bildirdi. Hozir bir oz o‘zgacha... Shu vaqt, chiroq ikki marta o‘chib yondi. Odatda chiroqchi to‘ydan biron nima umidvor bo‘lsa, ana shunday hazillashadi! Bo‘ri polvon to‘yxonadagilarga qichqirdi: — Ay, kim bor! Anavi Nikolay chiroqchining qorni ochqabdi shekilli! Bir toboq palovga non bostirib ukkag‘arning ulushini eltib beringlar! Ay, Jo‘raqulning uli, ko‘p mudramay, olishga yaxshilab qarab o‘tir! Bo‘lmasa polvon bo‘lolmaysan! Bo‘ri polvon bosh bakovul bilan kengashib, toboq qo‘ydi. Davra o‘rtasiga ikkita matoni bo‘lak-bo‘lak uzatib tashladi. Har biroviga alohida-alohida ta’rif berdi: — Xaloyiq, e’tiboringizni menga qarating! Mana, ho‘kiz toboq! Buni kim ko‘tarsa, unga bir ho‘kiz, bir juft... Rais bova, kalish nechilamchi edi? Ha-e, xo‘-o‘sh, bir juft ikkilamchi kalish, bir to‘n, o‘n so‘m pul qo‘yildi! Ho‘kiz bo‘lgandayam so‘ysa bir qishloqni to‘ydiradigan ho‘kiz! Manavi gilam toboq! Bunga bir turkmancha gilam, bir uyqudan uyg‘otadigan soat, o‘n so‘m pul qo‘yildi! Shunday gilamki, uyni to‘ldiradi, chiroqda yalt-yult qiladi! "Sifat belgisi" olgan, ha! Shundaymi, rais bova? Bali! Kimning ko‘ngli qaysi toboqqa chopsa, kelib ko‘tara bersin! Armonda qolmang, toboqlarga qo‘yilgan zotlarni qaytaraman... Davra birdan jonlandi. Polvonlar shivirlashdi. O‘zaro maslahatlashdi. Bir polvon davraga boshini kamtarona egib kelib, ho‘kiz toboqni ko‘tardi. Bo‘ri polvon toboq ko‘tarmish polvonni barchaga tanitdi: — Ko‘ryapsizmi, xaloyiq, polvonlarning yuragiga g‘ulg‘ula tushdi! Ho‘kiz toboqni sho‘rchilik Abray polvon ko‘tardi! Davrada gilam toboq qoldi. Bo‘ri polvon xo‘jasoatlik polvonlarga qaradi. Xo‘jasoatlik polvonlar 6u qarash ma’nosini tushundi. G‘imirlab qoldi. Shunda, Tilovberdi polvon kelib, gilam toboqni ko‘tardi. — Ko‘rdingizmi, xaloyiq, — dedi Bo‘ri polvon, — gilam toboqni Tilovberdi polvon ko‘tardi! Qani, toboqni ko‘targan polvonlarga talabgor bo‘lsa, davrani bir aylansin, ko‘raylik! — dedi. Abray polvonga xo‘jasoatlik Jonibek polvon chiqdi. Talabgor davra aylanib, o‘zini ko‘rsatib ketdi. Termizliklar bir zo‘r polvonlarini asrab o‘tirib edi, shuni Tilovberdiga chiqardi. Izidan sho‘rchilik Shodi polvon davraga chiqdi. Buyam Tilovberdiga talab qildi. Bo‘ri polvon hayron bo‘ldi: birdaniga ikkita talabgor... Xuddi shu yerda kelishmovchilik yuz berdi. Termizliklar: — Tilovberdi polvon bilan bizning polvon olishadi, u qurga birinchi bo‘lib talab qilib chiqdi! — deb turib oldi. Sho‘rchiliklar: — Yo‘q, bizning polvon olishadi! - dedi. Masala hal bo‘la bermadi. Shunda, sho‘rchiliklar oqsoqoli o‘rnidan turdi, so‘zni qalin-qalin qilib aytdi: — Birodarlar, biz bosh toboqni qizg‘anayotganimiz yo‘q. Avvalo, gapni eshiting. Xo‘jasoatliklar o‘tgan hafta Sho‘rchidagi davrada bizning yag‘rinimizni yerga tekkizib keldi! O‘z uyimizda yag‘rinimiz yerga tekkani polvonlarimizga k-o‘-o‘-o‘-p alam qildi! Shu bois, biz belimizni besh joyidan boylab keldik! Davrada g‘ovur-g‘uvur bo‘ldi: — Vo ukkag‘ar sho‘rchiliklar-e, qoq miyadan oldi-ku! — Bular bo‘sh kelmaydi! XXIX Shunday qilib, Tilovberdi polvon bilan sho‘rchilik Shodi polvon olishadigan bo‘ldi. "Menga daryoning naryog‘iyam bir, beryog‘iyam bir. Bari-bir o‘g‘limdan zo‘ri yo‘q, — dedi o‘zicha Bo‘ri polvon. — Lekin Sho‘rchida Abray degan bunday katta polvon yo‘q edi-ku? Bu kim bo‘ldi ekan? Yo, sho‘rchiliklar alamlarini olish uchun boshqa yoqdan polvon yollab keldilarmikin? Bunday voqealar ko‘p bo‘ladi..." Bo‘ri polvon sho‘rchiliklar to‘pi ro‘parasiga o‘tirdi. Past ovozda so‘radi: — Inim, bu, Abray polvonlaringni eshitmagan ekanman, u kimlardan? — Abraymi? Nasim polvonning uli bo‘ladi. Yaqinda armiyadan keldi. Bo‘ri polvon birdan sergak tortdi. Javob bermish odamga tikildi-tikildi, ohista joyidan turdi. Ajabtovur hislar og‘ushida qoldi. Xivich ushlagan barmoqlari qaltiradi. Xivich siquvida qahr bo‘ldi, nimadir qilishga chog‘lanish bo‘ldi. Titroq chap qo‘li, lablariga o‘tdi. Davradan qanday chiqdi, bilmadi. Amir polvon yelkasiga qo‘lini qo‘ydi. Og‘ir entikdi. Nimadir demoqchi bo‘ldi. Deyolmadi, tomog‘i qurib qoldi. Amir polvon Bo‘ri polvon holini bildi. Darrov qo‘ltiqlari ostidan oldi. — Polvon bova, nima bo‘ldi? Tilovberdi, suv opke! — dedi. Bo‘ri polvon sovigan choy ichdi. Entikdi. Lablarini yaladi. Jilmaydi. — Qaridik, ukam, qaridik. Yurak yaramay qolyapti! — dedi. — Amir, sen berman ke. Bo‘ri polvon Amirni qorong‘iga ergashtirib ketdi. — Amir, menga qara, shu Abray deganiga bizning Tilovberdini chiqar, xo‘pmi? — E, polvon bova, davra bilib qoldi-da? — Yo‘q, sen gapga kir. — Qiyin deyman-ov, sho‘rchiliklar ko‘nmas-ov? — Ko‘nadi, ularga baribir... Bo‘ri polvon davra sirtida turib qoldi. O‘zini o‘nglab oldi. Tag‘in davraga kirdi. Siniq ovozda jar soldi. — Xaloyiq, eshitmadim demanglar! Ho‘kiz toboqni ko‘targan Abray polvonga Tilovberdi polvon chiqadigan bo‘pti! Gilam toboqni esa Jonibek ko‘taradigan bo‘pti. A? Endi, uyog‘ini bilmadim, xaloyiq! O‘zlari shunday fikrga kelibdi, bir bilganlari bordir-da! Darhaqiqat, sho‘rchiliklar uchun baribir bo‘ldi. Boisi, Tilovberdi-da, Jonibekda davra egalari bo‘ldi. Davraga birinchi bo‘lib Shodi polvon bilan Jonibek polvon chiqdi. Jonibek polvon Shodi polvonni birinchi qo‘ldayoq chap oyog‘iga sirtidan ildirib ko‘tarib, to‘lg‘ab urdi. Gilam Jonibek polvonda ketdi. — Qani, endi davraga ho‘kiz toboqni ko‘targan polvonlar chiqsin! Bo‘ri polvon shunday deya, davra aylandi. Ko‘z ostidan Nasim polvonga tikildi. "Nasim oshna, o‘g‘lingga bir og‘izgina chiqma, u Bo‘ri bobongni o‘g‘li ekan, demading-a, — deya, ich-ichidan o‘pkalandi. — Demaysan, deyolmaysan. Chunki sen o‘sha Nasimsan... Sendan bunday gap chiqmaydi. Mana hozir bilasan, sening farzanding kimu mening farzandim kim..." Nasim polvon to‘g‘risida oyoq ildi. Soqolini siladi. Tomog‘ini qirdi. "Meni bir umr mag‘lub etdim, qoyil qildim deb yurib edingmi? Oshna, adashasan". Bo‘ri polvon Nasim yuzlarida biron-bir o‘zgarish ko‘rmadi. Bundan haminqadar g‘ashi keldi. "Ko‘p qayqayma, sening bu o‘tirishing zo‘rma-zo‘rakilik, iljayishing chidayolmaslik. Bilaman, ich-ichingdan zil ketyapti. Hozir ko‘rasan, mening kim ekanimni. Oldingdan salom berib o‘taman..." XXXI Bo‘ri polvon xayol bilan andarmon bo‘lib qoldi. Bunday qaradi, davrada haliyam polvonlar bo‘lmadi. — Ay polvonlar, chiqinglarda endi, davra mahtal bo‘p qoldi! — dedi. Nasim polvon tarafdan Abray, ro‘paro‘ tarafdan Tilovberdi polvon davraga tushdi. Tilovberdi polvon qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi. Abray polvonni oldinga taklif etdi. — Qani, polvon, torting! — dedi. Abray polvon Tilovberdi polvonga yo‘l berdi. — Yo‘g‘-e, yo‘l boshi sizdan, polvon! — dedi. Tilovberdi polvon oldinda yurdi. Abray ketidan ergashdi. Bo‘ri polvon shuni, aynan shuni kutdi. Yuzlarida tabassum o‘ynadi. Olisroqda bo‘lsa-da, Nasim polvonga tag‘in qaradi. "Ko‘rdingmi, Nasim oshna? O‘g‘ling mening o‘g‘limdan oldinda yurishga yuragi dov bermadi. Mening o‘g‘lim hamisha birinchi..." Bo‘ri polvon o‘g‘illarni bir-biriga qiyosladi. Ayniqsa, Abray polvonning sin-simbatiga sinchiklab-sinchiklab tikildi. "Momoqizning o‘g‘li xushsuvrat yigit bo‘pti. Ammo Momoqizga o‘xshamaydi. Otasiga tortibdi. Nasimning o‘ziyam husndor edi-da. Faqat burnining puchuqligi Momoqizga kelbat beradi..." Bo‘ri polvon soqoli uchini buklab tishladi. Sezilar-sezilmas bosh irg‘adi. "Bordi-yu, Momoqizga yetganimda, shu Abray polvon mening o‘g‘lim bo‘lardi..." Abray polvonga suqim kirmasin deya, nazarini quvdi, yon-veriga tufladi: — Tuf-tuf-tuf!.. XXXII Polvonlar qo‘l berib ko‘rishdi. Tilovberdi polvon jelaklari o‘ngirini ketiga surdi. Yenglarini xiyol tortdi. Barmoqlarini tili bilan ho‘lladi. O‘ynab-o‘ynab, Abray polvonga qarab bora berdi. Abray polvon ko‘zlari qarshisida mardona o‘ynayotgan barmoqlar orasida hech nimani ko‘rolmadi. Ko‘zlari pir-piradi. Keyiniga tisarildi. Tilovberdi polvon Abray polvon ko‘zlariga tikildi: Abray polvon ko‘zlari hayiqdi! Ana endi hamlaga o‘tsa bo‘ladi! Tilovberdi polvon o‘ng qo‘li bilan Abrayning yoqasidan ushladi. Ichidan chil berdi. Shiddat bilan ketiga surdi. Abray polvon ketiga seltanglab-seltanglab bordi. Kimningdir fonusiga qoqilib ketdi. Odamlar ustiga chalqancha tushdi. Tilovberdi polvon yiqitdim deya, qo‘llarini ko‘tardi. Nasim polvon qabatidagilardan tashvishli ovozda so‘radi: — Nima bo‘ldi-a, nima bo‘ldi? Nasim polvonning ovozi juda xasta bo‘ldi, faqat ko‘zi ojizlarga xos ovoz bo‘ldi. Xo‘jasoatliklar Tilovberdi polvonni olqishlab qichqirdi: — Hal-o-o-ol! — Tilovberdi polvonning haqi berilsin! — Xayriyat, odamlar ustiga tushdi, agar shu zarb bilan yerga tushganda ichagi uzilardi! Tilovberdi polvon bakovul qoshiga cho‘kkaladi. Bo‘ri polvon yuzlarida kuvonch ifodasi ko‘rinmadi. Vag‘ir-vug‘ur qilayotgan hamqishloqlariga amirona qo‘l siltadi. — Xaloyiq, jim! — dedi. — Ko‘p javramang, jim bo‘ling! Xaloyiq, davradagi Bo‘ri polvon so‘zim: Tilovberdi polvon Abray polvonni yiqitolmadi! Qoni tez xo‘jasoatliklar bidillab ketdi: — E, ko‘ying-e, polvon bova, chalqayramon tashladi-yu! — Bundan ziyod qanday yiqitib bo‘ladi! — Yo yerga kirgizib yuborsinmi! — Xaloyiq, so‘zlab bo‘ldingizmi? — dedi Bo‘ri polvon. — Ay, Mengto‘ra xalfa, gapni bo‘lmay turing, baraka toping! Qaytarib aytaman. Tilovberdi polvonning yiqitgani bekor! — Nimaga bekor bo‘lar ekan? — Chunki u, odamlar ustiga yiqitdi! — dedi Bo‘ri polvon. — Sizga baribir emasmi, qaerga yiqitgani! — Yo‘q! Polvon polvonni osmonning ko‘kiga otsayam bekor! Polvonmisan — yerning ustiga yiqit! Qani, boshqatdan olishinglar! — Tavba, tag‘in ota emish bu odam! Tilovberdi polvon otasiga o‘qraydi. Qobog‘ini uydi. Tag‘in davra aylandi. Bo‘ri polvon bildi, o‘g‘li undan norozi bo‘ldi. "Uh, qaniydi o‘g‘li hozir yiqitgan bo‘lsa! O‘g‘li buni bilmaydi-da! Bilmagani yaxshi..." XXXIII Bo‘ri polvon o‘g‘liga nimadir demoqchi bo‘ldi... Ha, aytganday, Bo‘ri polvonning ko‘pni ko‘rgan ko‘zlari bir nimani sezib qoldi: Abray polvon ko‘kragini berib olishdi. Bo‘ri polvon bunday vaziyatlarda yoqadan qo‘shqo‘llab ushlaydi. Tik turgancha birdan yag‘ringa oladi. Shunda, g‘animi albatta yulduz sanaydi... Abray polvon ana shunga juda o‘ng keladi! O‘g‘li shuni sezdimikin? Aytsamikin? Aytgan bilan qiyin-ov, Tilovberdining o‘ngi yag‘rin emas. Bo‘ri polvon o‘g‘liga razm soldi. O‘g‘li qoboq-tumshug‘i osilib davra aylandi. Abray polvon oyoqlarini cho‘qqa tobladi. Bo‘ri polvon ana shundan foydalandi. O‘g‘lini imladi. Qorong‘iga olib bordi. O‘g‘li yelkasiga qo‘lini qo‘ydi. Tilovberdi otasi qo‘lini pastga tushirib tashladi. Yuzini teskari o‘girdi— Nimaga iddao qilasan? — dedi Bo‘ri polvon. — Nima, haromni halol deb imonimdan kechayinmi? Polvon bo‘lsang halol yiqit! Ko‘p tersayma! Sezdingmi, Abray ko‘kraklarini berib olishyapti! Yoqasidan juft qilib ushlab, tikkasiga yag‘ringa ol-chi. Magaram, oshib ketsa! Olayotganingda yo, otamning piri, de! Tayin ayt, bor... Bo‘ri polvon o‘g‘lining yelkasiga qoqib-qoqib davraga yubordi. XXXIV Tilovberdi polvon tag‘in o‘ynab-o‘ynab hamlaga o‘tdi. Abray polvon odamlar ustiga yiqilib, yuragini oldirib qo‘ydi. Tilovberdi polvon jon-jaxdi bilan hamlaga o‘tib edi, tag‘in keyiniga tisarildi. Tilovberdi polvon yoqasiga qo‘l uzatib edi, bilagiga urib tashladi, yoqasidan ushlatmadi. Tag‘in odamlar ustiga keldi. Shunday katta davra, torlik qilib qoldi! Odamlar fonuslarini ko‘tarib, o‘rinlaridan turib ketdi. — Ay-ay, o‘rtaga borib olishinglar, o‘rtaga! — dedi. Polvonlar bir-birini tinmay ta’qib etib, o‘rtaga yurdi. Abray polvon Tilovberdi polvon oyoqlariga hadiksirab-hadiksirab qaradi. Tilovberdi polvon Abray polvon ko‘zlariga tik bokdi. Payt poyladi. Otasining san’atini qo‘llash yo‘lini o‘yladi. O‘yladi-o‘yladi, yuragi dov bermadi. Otasi o‘ngi yag‘rini bo‘ldi, bolasi o‘ngi uchchosi bo‘ldi. Qiyin, otalar san’atini ishlatish qiyin! Bo‘ri polvon zo‘r armon bilan, zo‘r afsus-nadomat bilan bosh chayqadi. Ay, yigitlik davri, yigitlik davri-ya!.. Tilovberdi polvon yanada shiddat bilan hamlaga o‘tdi. Oyoqlarini kerib tashladi. Qulochini keng yoydi. — Hah-hah-hah! — deya, ayqirib-ayqirib bordi. Abray polvon ketiga tisarila boshladi. Tisarilayotganda o‘zini birdan orqaga ololmadi. Xususan, chap oyog‘i oldinda qolib keta berdi. Tilovberdi polvon ana shu vaziyatni bilib qoldi. Ammo o‘zini bilmaslikka oldi. Abray polvon ko‘zlariga tik boqib bora berdi. Shu holat tag‘in takrorlandi. Ana shunda Tilovberdi polvon epchillik bilan Abray polvon bilagidan ushladi. Chap oyog‘iga oyog‘ini ildirib, o‘ziga tortdi. Qo‘lini yonboshiga bosdi. Abray polvon chap yag‘rini bilan yiqilayotib, qo‘lini tortib qoldi. Oqibat, oyog‘i ko‘tarilib, ko‘kraklari bilan tushdi. Joyidan irg‘ib turib ketdi. Jimjit bo‘lib qolmish davra bir qalqib tushdi. Yuzlab yuraklar baravariga: — U-u-uh! — deb yubordi. Bu — stadiondagi futbol ishqibozlarining to‘p darvoza yonginasidan o‘tib ketgandagi uqiga o‘xshadi! — Uff, bo‘lmadi, bo‘lmadi! — Qo‘lini ushlab qololmadi! — Shoshayapti shekilli! — Yo‘q, barmoqlari yaxshi ushlolmayapti! — Unda, ana, suv bilan ho‘llasin! Polvonlar bosh bakovul oldida og‘izlarini suv bilan chayqadi. Qo‘llarini suvlab ho‘lladi. Polvonlar olishi bor-yo‘g‘i bir necha daqiqa davom etdi. Shugina vaqtda g‘arq terga botib qoldi. Ayniqsa, Tilovberdi polvon yuzlaridan ter seloba bo‘lib oqdi. Tilovberdi polvon endigi olishda Abray polvonni taniyolmadi. Abray polvon haligina chekinayotgan Abray polvonga o‘xshamadi! Dadil boqayotgan ko‘zlari go‘yo kel, kela ber, olishni ana endi ko‘rasan, deyayotganday bo‘ldi! XXXVI Tilovberdi polvon g‘olibona yurishda davom etdi. O‘ng oyog‘ini lapanglatib-lapanglatib olg‘a tashladi. Ba’zan, haddan ziyod olg‘a tashlab yubordi. Shunda, gavdasi orqada qolib-qolib ketdi. Abray polvon sezdi! Ammo Tilovberdi oyog‘iga atayin qaramadi! Ko‘zlariga tik boqib, bora berdi. Bor diqqat-e’tibori esa oyog‘ida bo‘ldi. Bo‘lajak vaziyat to‘lishib kelajak sayin ko‘zlari yanada besaranjom boqdi, yanada bejo bokdi. Xo‘jasoatliklar Tilovberdi polvon beparvoligi oqibatida ro‘y berayotgan nozik vaziyatni ko‘rib turdi. Ammo Tilovberdi polvonni ogoh qilishga jur’at etolmadi. Ehtimol, ko‘zlari tik boqayotgan Abray polvon bu vaziyatni payqamayotgandir? Bordi-yu, ovoz bersalar, Abray polvon bilib qolmaydimi? Xo‘jasoatliklar ana shu tashvishda miq etmay o‘tirdi. Jumladan, Bo‘ri polvonda miq etmadi. Sho‘rchiliklar-chi? Bu vaziyatni sho‘rchiliklarda payqadi. Ammo ularda tashvishda qoldi. Aytib qo‘ysalar, Tilovberdi polvon oyog‘ini tortib olmaydimi? Qopqonga ilinayotgan o‘ljani hurkitib yubormaydimi? Qaltis vaziyat bo‘ldi! Davra nafasini yutdi. Tevarak suv sepganday jimjit bo‘ldi. Faqat Tilovberdi polvon bilan Abray polvon nafasi eshitildi. Polvonlar bir-birini ruhan arbadi! XXXVII Bo‘ri polvon davra chetida chordana qurdi. O‘zini, jamiki olamni unutdi. Favqulodda seskandi. Yon-veriga alangladi. Somon orasida qorayib turgan gilosday toshni oldi. Goh o‘ng, goh chap kaftiga olib o‘ynadi. Misoli olma o‘ynadi. Keyin, o‘zidan xolisga otib yubordi. Qo‘ynidan tasbehini oldi. Donalab-donalab tasbeh ag‘dardi. Shiq! Ichida kalima qaytardi. O‘ng kaftini yuziga tortdi. Boshi chapga xiyol qiyshaydi. O‘g‘lining lapanglayotgan oyog‘idan ko‘z uzmadi. "O‘g‘lim, oyog‘ingni ol!" Shiq! Bo‘ri polvonni zo‘r hadik bosdi. Qaddi tobora cho‘kib bordi. Tomog‘ini qirdi. Ovozini yolg‘iz o‘zi eshitdi. Og‘zini angraygannamo ochdi. "O‘g‘lim, senga aytaman!" Shiq! Yo‘q, zafarli yurishlarga o‘rganib qolgan otasining o‘g‘li oyog‘ini olmadi. Aksincha, xuruj qilib bora berdi! Shiq! "O‘g‘lim, oyog‘ingni ol, ol!" Shiq! Abray polvon Tilovberdi polvon ko‘zlaridan ko‘z olmadi. Ko‘z ayirmadi. Tilovberdi polvon oyog‘i yerga tekkunicha, zarb bilan qoqib yubordi. — Xap-a-a-a! — deya ayqirdi. Hayqiriq nihoyasiga yetmayoq, Tilovberdi polvon ikki yag‘rini bilan gupillab tushdi! XXXVIII Otasining o‘g‘li dangal yiqildi! Shunday zarb bilan yiqildi, shunday zarb bilan yiqildi! Zarbidan sapchib turib ketdi! Abray polvon qo‘llarini osmonga cho‘zib irg‘ishladi. Davrani aylanib chopdi. Sho‘rchiliklar o‘rnidan turib ketdi. Birovlari telpagini osmonga otdi. Birovlari quchoqlashib ketdi. Abray polvon bakovul oldiga cho‘kkaladi. Bakovul Abray polvon yelkasiga to‘n yopdi. — Ho‘kizni to‘yxonadan olasiz, — dedi. Abray polvon to‘nni baland ko‘tardi. Davrani tag‘in bir aylanib chopdi. XXXIX Shiq! Bo‘ri polvon qo‘lidagi tasbeh yerga tushdi. Ko‘zlari yumildi, boshi orqaga xiyol chalqaydi. Keyin, o‘zini o‘nglab oldi. Nasim polvonga qaradi. Mung‘ayib-mung‘ayib qaradi. Nasim polvon iljaydi, Nasim polvon tantana qildi! Bo‘ri polvon boshini xam qildi. Yerda kulcha bo‘lib yotmish tasbehini oldi. Ohista qo‘zg‘oldi. Davradan enkayib-enkayib chiqib ketdi. Davra sirtida kiyinajak o‘g‘li ovozini eshitdi. O‘g‘li yig‘lab-yig‘lab aytdi: — Men yiqitganda g‘irrom dedi, mana oqibati! Otamiz niyatiga yetdi! Otamiz bor ekan, bizga g‘animning keragi yo‘q!.. Bo‘ri polvon oyoq ildi. Nimadir demoqchi bo‘ldi. Ammo so‘zlashga madori yetmadi. Ohista-ohista odimladi. Qorong‘ilikka kirib ketdi. Duch kelmish g‘o‘zapoya uyumiga chiqdi. Yelkasidan nafas oldi. "Qorong‘i qanday yaxshi, odamlar ko‘rmaydi..." Cho‘nqayib o‘tirdi. Keyin, yonboshladi. Telpagini ketiga surdi. Titrayotgan barmoqlari tasbeh donalarini sur’at bilan sanadi: shiq, shiq, shiq... Davra tarafdan ovozlar keldi: — Davraga duo bersayam bo‘lar edi, polvon bova qayoqqa ketdi-a? — Chaqiringlar, shu yaqinda bo‘lsa, ovoz beradi! — Bo‘ri polvon-o-o-o! — Uyiga ketdi shekilli! — Unda, rais bova, siz duo bering! — Yo‘g‘-e, chollar bor-ku. Qani, Mirza bova! — Qani, ilohi omin, yurtimiz hamisha tinch, obod bo‘lsin, polvonlarimizning beliga quvvat bersin, sochilgan rizq-ro‘zimizni terib yeb, yanagi davralargacha o‘ynab-kulib yuraylik, ollohu akbar! XL Odamlar fonuslari piligini ko‘tarib, uylariga yo‘l oldi. Hovlilarda itlar hurdi. Chiroqlar uch marta o‘chib yondi: chiroqchi to‘y xizmatchilarini ogohlantirdi. Xizmatchilar cho‘g‘ni tepkilab o‘chirdi. Xizmatchilar ketdi. Oy shom yedi. Bo‘ri polvon kampiri alag‘da bo‘lishini o‘ylab, o‘rnidan qo‘zg‘oldi. Timirskilanib, pastladi. Chiroqlar ostida bir odam hamon o‘tirdi. Tanimadi. Ko‘zlari yorug‘da qamashdi. Kaftini peshonasiga soyabon qilib qaradi. Nasim polvon qappaygan tugun ustida cho‘nqayib o‘tirdi. Yolg‘iz o‘zi o‘tirdi. Hamrohlari davrada ayirgan mollarini olib kelish uchun to‘yxonaga ketibdi shekilli. Nasim polvon yuzlarida g‘oliblik kayfiyati! Nasim polvon ro‘parasida paydo bo‘lmish sharpani sezdi. Qo‘llarini olg‘a cho‘zdi. Barmoqlarini qimirlatdi. — Abray, keldilaringmi? — dedi. Bo‘ri polvon Nasim polvon barmoqlariga tikildi-tikildi... Ko‘ngli yumshab ketdi. Ruhiyatida iliqlik, rahmdillik paydo bo‘ldi. Nasim polvonni bag‘riga bosgisi keldi. Soqollariga peshonasini suykagisi keldi. Bir qadam bosib, oyoq ildi. "Yo‘q-yo‘q! Aslo-aslo! — dedi. — Men Bo‘ri polvon bo‘p tug‘ildim, dunyodan Bo‘ri polvon bo‘p o‘taman!" Bo‘ri polvon yo‘liga burildi. Nimqorong‘ilikda oyoq ildi. Turdi-turdi, tag‘in qaytib keldi... XLI "Aytganday, Nasim oshna... Bizning Momoqiz omonmi? Tani joni sog‘mi? O‘ynab-kulib yuribdimi? Vaqti xushmi? Uyam qaridimi? Oshna, Momoqizda qaridimi? Uyam qaridimi? Momoqiz-a? Oshna, men Momoqiz qariganiga ishonmayman. Xayolimda Momoqiz haliyam o‘sha-o‘sha, Holvachining qirlarida yurganday bo‘ladi... Nasim oshna, mabodo sen Momoqizning ko‘nglini og‘ritmadingmi? Momoqizni xo‘rlamadingmi? Abraydan boshqayam farzandlaring bormi? Bo‘lsa, nechov? Mendan so‘rasang, oshna, Tilovberdining onasi bilan totuv yashayapmiz. Qizdan qizim, o‘g‘ildan o‘g‘lim bor. Yaratganning o‘ziga shukur! Qizlarimdan nevaralarim ko‘p. Qizlarimning ota, deganini eshitib bir suyunsam, nevaralarimning bobo, deganini eshitib ikki suyunaman. Hademay Tilovberdining boshinida ikkita qilaman. Yaratganga ming qatla shukur, birovdan kam joyim yo‘q! Umrim xalqqa xizmat qilib o‘tdi, oshna!Yigirma yildan oshiq rais bo‘ldim, oshna, yigirma yildan! Bir kolxozda shuncha yil uzluksiz rais bo‘lish aytishga oson! Oshna, davralarni qanday boshqargan bo‘lsam, kolxoznida shunday boshqardim! Kattalar raisligimdan minnatdor bo‘ldi. Yo‘ldosh Oxunboboev shaxsan o‘zi kelib, yelkamga qoqdi! Shaxsan o‘zi kelib, ko‘kragimga nishon taqdi! Shunda, aytayinmi, Oxunboboev nima dedi? Barakalla, polvon rais, barakalla, dedi! Ha, qayta-qayta aytdi! Oshna, Oxunboboev hamma raisningda yelkasiga qoqa bermagan! Oxunboboev hamma raisgada barakalla, deya bermagan! Ishonmasang, ana, Qobil sho‘rodan so‘ra! O‘ziyam, yigitmisan-yigit edim-da, oshna. Mening kimligimni kunduzida bilsa bo‘lardi, kechasida bilsa bo‘lardi. Bir yili Toshkentdan Tamaraxonim keldi. Kolxozimiz ilg‘or edi-da. Oy bitsa-da, kun bitsa-da, bizning kolxozimizga bitsin edi-da. Qoloq kolxozga Tamaraxonim kelarmidi! Hovuz bo‘yida o‘yin-kulgi bo‘ldi. Sozandalar soz chaldi, hofizlar xonish qildi, raqqosalar xirom etdi. Oy qayrag‘ochlar orasidan mo‘ralab-mo‘ralab turdi. Tamaraxonim davra oxirida o‘ynadi. Gir-gir aylanib o‘ynadi! Tamaraxonim o‘zi lapar aytib, o‘zi o‘ynadi! Shunda, Qobil sho‘ro o‘zidan ketib qoldi: serjun ko‘kraklarini ochib yubordi. Jundor ko‘kraklariga gurs-gurs mushtladi. — A-a-ay!..— deya qiyqirdi. Belidan belbog‘ini olib oldiga yoydi. Samad hosilot bo‘lsa, jo‘shgandan-jo‘shdi. Quchog‘ini katta-katta ochdi. Qo‘llarini burab- burab... o‘tirgan joyida o‘ynab qo‘ya berdi! — Ha, jo-o-on! — deya zavqlana-zavqlana qiyqirdi. Hosilotda oldiga belbog‘ini yoydi. Tamaraxonim lapar aytib o‘ynay berdi. — Bo‘yingdan-e!..— deya lapar aytdi. Barchadanda Bakir mirobga xo‘p nash’a qildi. Mirob ketiga chalqayib-chalqayib kuldi, ko‘kragiga shapatilab-shapatilab kuldi. Tamaraxonim: — Bo‘yingdan-e, bo‘yingdan-e!..— deya naqarot qildi. Shunda mirob: — Bo‘yimdan-ay, hay, bo‘yimdan-ay!..— deya, o‘tirgan yerida liklik o‘ynab qo‘ya berdi! Bakir mirobda oldiga belbog‘ini yoyib qo‘ydi. Kattalar manmansiradi! Tamaraxonimni o‘z ro‘mollariga bir, aqalli bir... cho‘kkalatgilari keldi! Tamaraxonim bo‘lsa, ro‘mollarga qiyoda boqmadi! — Bo‘yingdan-e!..— deyishini qo‘ymadi. Tamaraxonim o‘ynab-o‘ynab, mening peshonamga keldi. Shundaygina peshonamda xirom etdi! Men orlanib-orlanib, yerga qarab turdim. Tag‘in, Tilovberdining onasi angg‘ib turgan bo‘lsa-ya, deya, yer ostidan davraga ser soldim. Yo‘q, onasi yuziga ko‘zim tushmadi. Shunday bo‘lsa-da, Tilovberdining onasidan uyatdir-e, deya, yerga qarab tura berdim. Shunda davra: — Belbog‘ni yoying, Bo‘ri polvon, belbog‘ni yoying! — deb qoldi. Belimdan belbog‘imni qandayin oldim, yerga qandayin yoydim... o‘zimda bilmadim! Shunda... shunda, Tamaraxonim belbog‘imga cho‘k tushdi! Tamaraxonimdan boychechak isi keldi! Tamaraxonim shundaygina peshonaginamda muqom etdi! Shundaygina belboqqinam ustiginasida muqom etdi! Tamaraxonim yelkalarini o‘ynatdi, ko‘zlarini qisdi, qoshlarini uchirdi! — Bo‘yingdan-e!..— deya avj qildi. Bo‘ldi kulgi, bo‘ldi qiyqiriq! Nasim oshna, Tamaraxonim hammagada muqom qila bermagan, ha! Lekin... Nasim oshna, bir gap aytsam birovga aytmaysanmi? Oshna, Momoqiz hamon ko‘z oldimdan ketmaydi... Odamda pokdomon tuyg‘ular ko‘p bo‘ladi, so‘nmas tuyg‘ular ko‘p bo‘ladi... Bari-bari o‘z yo‘liga bo‘ladi! Ammo birinchi... birinchi ko‘ngil!.. Nasim oshna, men birinchi ko‘ngildan iffatlisini ko‘rmadim, birinchi ko‘ngildan so‘nmasini ko‘rmadim! Oshiq umrim mobaynida juda ko‘p qizlarni ko‘rdim. Tag‘in, gapimni yomon tarafga burma, senda shunday fe’l bor... Men qizlarni ko‘chalarda, teatrlarda ko‘rdim, to‘y-ma’rakalarda, kinolarda ko‘rdim. Bari kizlar xushro‘y-xushro‘y... Ayniqsa, hind kinolaridagi qizlar! Suv bilan yutguday qizlar! Suluv-suluv qizlar! Hind qizlarining qoshlari oralig‘ida xol, yonoqlarida xol, iyaklarida xol! Hind qizlari to‘lg‘onib-to‘lg‘onib, eshilib-eshilib o‘ynadi! Men ana shunda, o‘zimizning yoshligimizni o‘yladim. Momoqizni o‘yladim... Intiq bo‘ldim, hind kinolaridan Momoqizni izladim, Momoqiz yo‘q... Hind qizlari har qancha eshilib o‘ynasa-da, to‘lg‘onib o‘ynasa-da, baribir... baribir, Momoqizga kelbat bermadi. Hind qizlarida Momoqiz bo‘lolmadi. Nasim oshna, hind qizlarida Momoqizning oldidan o‘ta bersin! Oshna, Tilovberdining onasigada ko‘nglim ketib uylandim. U... u, Momoqizdanda xushro‘y... Oshna, uyam Momoqizning oldidan o‘ta bersin! Nasim oshna, men Momoqizdan ulug‘ini ko‘rmadim! Har er ko‘ngilning qiz ko‘ngilga aytajak gaplari bo‘ladi. Ko‘nglida shu gapi bo‘lmagan yigit — yigit emasdir! Shu gapni qaysidir yigitdan intizor bo‘lib kutmagan qizda — qiz emasdir! Dunyoga keldim, deb yurmasinlar! Birov, bu gapni bir so‘z bilan aytadi. Birov, ko‘p so‘z bilan aytadi. Tag‘in birov, aytolmay qoladi... Nasim oshna, men o‘z gapimni Momoqizga aytolmay qoldim! Ammo o‘z umrimdan o‘zim shukur qilaman, oshna. Bo‘ri polvon, sen yigit bo‘lib eding, ana, birinchi ko‘ngling bor, deyman. Bo‘ri polvon, sen oshiq bo‘lib eding, ana, birinchi ko‘ngling bor, deyman. Nasim oshna, Momoqiz haliyam ko‘nglimning tub-tubida yashaydi. Uni birovda bilmaydi. Hatto, Tilovberdining onasida bilmaydi... Men Momoqizni uyqularimda ko‘raman: u jilmayib-jilmayib qarab turadi... Ko‘zlarimni ochaman: uy zimiston bo‘ladi. Tevaragimni paypaslayman: qabatimda Tilovberdining onasi yotgan bo‘ladi. Ay, onasi, tur, Momoqiz keldi, degim keladi. Ay, onasi, tur, men Momoqizni ko‘rdim, degim keladi. Demayman, demayman!.. Sahargacha Momoqizni o‘ylab yotaman, tag‘in kelar degan umidda ko‘zlarimni yumib qarayman. Yo‘q, Momoqiz endi kelmaydi... Saharmardondan to‘riqni minaman. O‘zimizning qirlarga yo‘l olaman! Hayrondaradan ot solaman! Bizning g‘allazorlar yo‘q. Endigi Hayrondara boshdan-oyoq paxtazor... Suv tarayotgan suvchilar, yo‘l bo‘lsin, deydi. Men, shunday, to‘riqni sovutib yuribman, deyman. Men to‘riqni emas, o‘zimni sovutib yurganimni suvchilar bilmaydi... Holvachiga ot qo‘yib chiqaman! Tevarakka alanglayman: o‘sha-o‘sha o‘zimizning qirlar... Ukkag‘ar qirlar hamon yuksak-yuksak! Tovatoshlar yonalarda yiqilay-yiqilay deya omonat turadi. Toshlar kichrayib qolganday tuyuladi. Yo, otdaligim uchun shunday tuyuladimi, bilmayman. Chanalar yo‘q, endi kombaynlar bor. To‘rg‘aylarda siyraklab qolibdi. Unda-munda bir chuldiraydi, bo‘ldi. Jonivorlar texnikani xush ko‘rmaydi-da... O‘sha-o‘sha... faqat, Momoqiz yo‘q! To‘riq yerdagi xaslarga uzaladi. Men jilovni qo‘yib yuboraman. Telpagim og‘irlik qilayotganday bo‘ladi. Ohista ketimga surib qo‘yaman. Qo‘lim yuzi bilan peshonamni artaman. Peshonam ho‘l, taftli... Og‘ir xo‘rsinaman. Yelkalarim bir hurpayib tushadi. Qamchili qo‘limni chap sonimga qo‘yaman. Olis-olislarga qarayman... Nahorning muloyim shamoli soqolimni silaydi! Olislar ko‘zimni toldiradi. Boshimni quyi egaman. Egar qoshiga termulib qolaman. Egar qoshida olislab boradi. Oppoq tumanda chayqalib-chayqalib boradi. Bora-bora, ko‘rinmay qoladi. Tuman suyuq... Hayron bo‘laman. Barmoqlarim bilan paypaslayman. Yo‘q, egar qoshi joyida bo‘ladi. Qiprik qoqaman. Bor es-hushim bir qalqib tushadi, ko‘nglim bir qalqib tushadi. Og‘ir-og‘ir tosh gurs-gurs yumalaydi. Egar qoshini ko‘raman, qo‘lim yuzidagi tomchilarni ko‘raman... Ko‘nglimdagi og‘ir tosh ana shu tomchilar bilan oqib tushadi! Ay, a-a-ay!.. Qamchili qo‘lim tomchilarni artadi. Ammo foydasiz bo‘ladi. Xiyol o‘tmaydi, tomchilar bu qo‘limgada tomadi. Tomog‘imga nimadir tiqiladi. Yutinayin deyman. Bo‘lmaydi, bo‘lmaydi... Bo‘ri polvonday odamda yutinishga darmon yo‘q! Ay, a-a-ay!.. To‘riq hadik oladi. Jimiyib-jimiyib, bo‘ynini gajak-gajak qiladi. Men to‘riq bo‘yniga suyanaman. Barmoqlarim bilan yollarini tarayman. To‘riq bo‘ynini quchoqlayman. Yollariga yuzlarimni suykayman... Ay, a-a-ay!.. Shunda... shunda, olis-olislardan rubobiy qo‘shiq keladi, rubobiy qo‘shiq! Men sergak bo‘laman. Ohista-ohista qaddimni rostlayman. Qo‘shiq tobora yaqin-yaqin keladi. Bora-bora, qirni qo‘shiq oladi. Men rubobiy qo‘shiq qo‘ynida qolaman! Ko‘nglim qo‘shiqqa to‘ladi! Limmo-lim! Yayrab ketaman! Olislarga termulaman — kulaman, olislarga termulaman — tag‘in kulaman!.. Ko‘nglim tomchilashini qo‘ymaydi, men — kulishimni! Oshna, men o‘zimizning qo‘shiqni eshitaman, o‘zimizning! Momoqiz qo‘shiq aytadi, Momoqiz! Qizlar jo‘r bo‘ladi! Nasim oshna, men ana shunda Momoqizni ko‘raman! U, o‘roq o‘rib-o‘rib... ro‘molining uchi ko‘kragiga tushib-tushib... uni tag‘in yelkasiga tashlab- tashlab... menga qiyo boqib-boqib... Zulflarini toblab-toblab... Ham iboli, ham ginali kulib- kulib... qo‘shiq aytadi!" XLII Bo‘ri polvon ko‘ngli to‘lib-to‘lib keldi. Ko‘ngli to‘ridan nimalardir o‘ksib-o‘ksib kela berdi. O‘ksik zarbidan yelkalari silkina berdi. Yonoqlaridan marjon-marjon yoshlar oqdi. Ohlar — yurakdan, yoshlar — ko‘zdan bo‘la berdi... "Nasim oshna, mening sendan o‘zgada oshnalarim ko‘p. Bari tirikchilik yuzasidan. Sendan ugina, mendan bugina qabilida. Oshna, bolalik oshnaga... bolalik oshnaga kelmaydi! Oshna, to‘ylarimda, betob bo‘lib qolganlarimda seni ko‘p yodladim. Ayniqsa, burnog‘i yili ko‘p qo‘msadim. Boisi, ana ketdim, mana ketdim, bo‘lib qoldim-da. Barcha-barcha keldi. G‘animlarimda keldi. Ko‘ngil so‘rab ketdi. Sen bo‘lsang, kelmading. Mabodo kelsang, halak bo‘larding: baribir gap qo‘shmas edim! Nasim oshna, ko‘zimga ko‘rinib, yaramni yangilading. Yana-tag‘in, o‘g‘limnida yiqitding. Bilib qo‘y, oshna... izingdan surganim-surgan! Qaerda davra bo‘lsa, izingdan quvib boraman! Tilovberdini o‘g‘ling bilan uch safargacha olishtiraman. Bordi-yu, uch martasidada o‘g‘ling o‘ktam kelsa... unda, na iloj, uchdan keyin puch... Baribir qo‘ymayman! Ana, nevaralarim bor! Nasib bo‘lsa, nevaramni nevarang bilan olishtiraman! Ishonchim komilki, nevaram bobosining orini oladi! Sen ko‘rmayapsan, oshna, oy botib, yulduzlar so‘nib-so‘nib borayapti. O‘g‘lim o‘ktamligida yulduzlar yongani yongan bo‘ldi. O‘g‘lim mag‘lubligida so‘ngani so‘ngan bo‘ldi... Har bandaning ko‘kda o‘z yulduzi bo‘ladi, oshna. Shu yulduzning yongani — shu bandaning yonganidir. Shu yulduzning so‘ngani — shu bandaning so‘nganidir. Yo‘q, oshna, yo‘q! Yulduzim hali yonadi! Davralarim hali davom etadi! Nevaralarim davralarda: — Yo, bobomning piri! — deya ayqirib-ayqirib olisha beradi! Yulduzim mangu yonadi!" XLIII To‘yxona eshigi tarafdan odam ovozi eshitildi. Qo‘y ma’rashi eshitildi. Bo‘ri polvon yo‘liga burildi. "Xo‘sh de, Nasim oshna, xo‘sh de. Xudoning panohiga..."

Oldingi Keyingi

Manba:

NomiYulduzlar mangu yonadi
Muallif(lar)i Tog‘ay Murod 1948
Yaratilgan vaqti20.02.1976
Nashr yili1980
Nashr parametri-
NashriyotiGʻafur Gʻulom
Qo‘llanish sohasi adabiyotshunoslik
Adabiy turiEpik
Janriqissa
Voqea vaqti va joyi1974
Matn tipitarixiy
Uslubi Badiiy
Auditoriya yoshiUmumiy
Auditoriyaning salohiyat darajasiadabiyotshunoslik
Ichki korpus turiakademik Shuhrat Sirojiddinov mualliflik korpusi
So‘z(shakl) miqdori0
TeglovchiKamoliddin