Kontekst:
– Bilasanmi, — davom etdi u, — Kifferning gapiga qaraganda (men buni asossiz deya olmayman) kitlar — ochiq okeanlardagi radarlardir, ular koinotdan keladigan signallarni sezishadi, ehtimol, vulqonlarning otilishi yaqinlashganini xuddi o‘sha kitlar birinchi bo‘lib sezib olishadi va yerning ichki energiyasining siquvidan sassiz o‘kirishadi, lekin ular uchun, har qanday kemalar ham bas kela olmaydigan dahshatli po‘rtana va to‘fonlarga metindek bardoshli bu jonivorlar uchun eng dahshatlisi inson aqli yetmaydigan, payqamaydigan holat, ya’ni nosog‘ ijtimoiy muhitning, odamlar qilgan yovuzliklarning signallari ta’sirida dunyoviy ruh muvozanatining buzilishi bo‘lsa kerak.Aftidan kitlar uchun eng dahshatlisi, ana shu, Alp tog‘laridan esadigan shamol (men nimani nazarda tutayotganimni payqagan bo‘lsang kerak, bu haqda qancha-qancha adabiyotlar bor) tog‘ odamlarining tinka-madorini mudom quritib turadigan bo‘ron bo‘lgani kabi, devkor maxluqlar uchun eng mashaqqatlisi ana shu yovuzliklardir. Axir vulqon qancha qo‘rqinchli bo‘lmasin, u lavani otib chiqaradi-da so‘ngra tinib-so‘nib qoladi. Odamlarning yovuzlik shamollari esa tinim bilmaydi. Gap mana shunda. Hayot shunday qurilganki, ezgulik har doim tanqis, yovuzlik esa mo‘l-ko‘l, oshib-toshib yotibdi. Tasavvur qil, yerda odamzot to‘xtatib qolishga ojizlik qiladigan dahshatli bir hodisa ro‘y bersa, bir-birlarimizni o‘ldirib, qiynoqqa solib, oyoqosti qilib, surbetlarcha aldab, shu hodisani keltirib chiqargan bo‘lamiz (biz bunga o‘zimizning qilmish-qidirmishlarimiz sabab bo‘ldi deb ham qo‘yamiz), kitlar chorasizlikdan najot istab bizga keladi. Chunki dunyoviy aqlning barbod bo‘lish, yo‘qolish, demak, barham topish xavfi tug‘ilayotir. Tirik mavjudotlar ichki sezim bilan ana shundan qo‘rqadi. Nima uchun kalamushlar cho‘kib borayotgan kemani tashlab qochadi, deb o‘ylaysan. Xuddi ana shuning uchun. Gapirish, so‘zlash baxtidan mahrum bo‘lgan kitlar bizlarning dastimizdan naqadar azob chekayotganini izhor eta olmaydi, bu holat ularning vujudini siqadi, ezadi, bo‘g‘adi, keyin ular qanday qilib bo‘lsa ham ichini bo‘shatish yo‘lini qiladi. Esingdami, kimdir aytib bergan edi. Ko‘chada bir gung qizni ko‘rib qopti. Uning onasini ablah otasi o‘ldirib qo‘ygan ekan.Sho‘rlik qiz esa voqeani odamlarga tushuntirib beraolmaganidan uyoq-bu yoqqa chopib, o‘zini tramvay tagiga tashlamoqchi bo‘pti. Aftidan, kitlar ham xuddi shu ahvolga tushadi. Lekin bu holat boshqacha miqyosda, dunyo miqyosida ro‘y bermoqda. Kitlar, aftidan, lovullab alanga olgan o‘rmon yong‘inlari uchun okeanda turib bezovta bo‘ladi, tog‘ ko‘chkilari ro‘y bersa, muzliklar harakatga kelib o‘z yo‘lidagi hamma narsani yakson qilib ketsa iztirob chekadi, lekin inson xulqidagi nopokliklarga, shafqatsiz va dahshatli yovuzliklarga chiday olmaydi, bilasanmi, dunyoviy aql egasi bo‘lgan odamda halokatga olib keladigan ehtiroslarning junbushga kelishiga bardosh bera olmaydi. Bizga dunyoviy aql, substrat, to‘g‘rirog‘i, abadiylik shahodati ishonib topshirilganligi haqida o‘ylaymizmi? Shubham bor.
Manba:
Nomi | Oxirzamon nishonalari |
Muallif(lar)i | Chingiz Aytmatov 1968 |
Yaratilgan vaqti | 07.05.2024 |
Nashr yili | 2019 |
Nashr parametri | - |
Nashriyoti | Yoshlar |
Qo‘llanish sohasi | adabiyotshunoslik |
Adabiy turi | Epik |
Janri | roman |
Voqea vaqti va joyi | - |
Matn tipi | tasviriy |
Uslubi | Badiiy |
Auditoriya yoshi | Umumiy |
Auditoriyaning salohiyat darajasi | adabiyotshunoslik |
Ichki korpus turi | Badiiy asarlar korpusi |
So‘z(shakl) miqdori | 0 |
Teglovchi | Nodira |