Korpus bo‘yicha izlash

Kontekst:

Yangihayot tumani adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi tomonidan yuridik xizmat ko‘rsatiladigan davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini huquqiy jihatdan ta’minlashda o‘z hissasini qo‘shmoqda. Jumladan markaz tomonidan xizmat ko‘rsatiladigan oilaviy poliklinika xodimi O.X muassasadagi mavjud mehnat intizomini muntazam ravishda buzib kelganligi, shuningdek, rahbar va boshqa xodimlarga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lib kelganligi sababli mehnat shartnomasi bekor qilinishi yuzasidan ko‘rilayotgan sud ishida qatnashish to‘g‘risida Yangihayot tumani adliya bo‘limining yuridik xizmat ko‘rsatish markaziga murojaatlar kelib tushgan. Mazkur murojaatni o‘rganish davomida bizga, ma’lum bo‘ldiki, xodim O.X 2022 yilning 20 may kuni ish joyiga sababsiz 1.5 soat davomida kech qolgan va undan mazkur xatti-harakati uchun yozma ravishda tushuntirish xati yozish talab qilingan, biroq, xodim talabni bajarishdan bo‘yin tovlagan. Mazkur holat ish beruvchi va mas’ul xodimlar tomonidan xodimning tushuntirish xati yozishdan bosh tortganligi to‘g‘risidagi bayonnoma bilan rasmiylashtirib unga nisbatan 181-moddasining birinchi qismi 1-bandiga asosan «Xayfsan» berilgan. Shuningdek, xodimga mazkur buyruq haqida ma’lum qilingan bo‘lsada, u tilxat yozishdan bosh tortgan. Bundan tashqari, xodim o‘z qilmishiga amalda pushaymon bo‘lmasdan takroran mehnat intizomini buzgan. Xususan, joriy yilning 20 iyunidan 29 iyun kuniga qadar o‘z ish joyiga sababsiz kelmagan. Xodimning ishga kelmaslik sababini bilish maqsadida, uyali aloqa vositasi orqali muloqat qilinganda, kasaligini ma’lum qilgan va ishga qaytganda o‘zi bilan mehnatga layoqatsizlik varaqasini olib kelishini bildirib o‘tgan. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining 17.04.2015 yildagi «Mehnatga layoqatsizlik varaqalarini berish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomani tasdiqlash haqida»gi buyrug‘ining 1-bobida fuqarolarning kasalligi, shikastlanganligi, homiladorligi, tuqqanligi, oilaning betob a’zosini parvarishlaganligi, protez qo‘ydirganligi, sanatoriy-kurortda davolanganligi, shuningdek sog‘lig‘i holatiga ko‘ra boshqa ishga o‘tkazish uchun va karantin tufayli mehnatga vaqtincha layoqatsizligini ekspertiza qilish natijalariga ko‘ra aniqlangan mehnatga vaqtincha layoqatsizligi mehnatga layoqatsizlik varaqasi bilan tasdiqlanishi ko‘rsatib o‘tilgan. Xodim mazkur holatda, o‘zi doimiy va vaqtinchalik ro‘yxatda bo‘lmagan va vaqtincha yashab turgan uyidan turib tez tibbiy yordam xodimlariga murojaat qilgan. Yuqorida keltirib o‘tilgan, buyruqning 14-bandida agar, bemor tungi vaqtda tibbiy punktdagi feldsherga murojaat qilganda, unga birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatilganligi to‘g‘risida erkin shaklda ma’lumotnoma berilishi va tegishli davolash-profilaktika muassasasiga yuborilishi va vaqtincha mehnatga layoqatsizlik holati aniqlanganda, tegishli davolash-profilaktika muassasasi tomonidan bemor tibbiy punktga murojaat qilgan kundan boshlab mehnatga layoqatsizlik varaqasi yoki mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi berilishi ko‘rsatilgan. Biroq, xodim O.Xga birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan va uning sog‘ligi tekshirilganda, uning vaqtincha mehnatga layoqatsizlik holati aniqlanmagan va davolash-profilaktika muassasasiga olib borilmagan. Shu sababli, qonunchilika muvofiq, xodimga mehnatga layoqatsizlik varaqasi berilmagan. Xodim 7 ish kuni davomida o‘z ish joyida sababsiz bo‘lmagan. Xodimning ushbu xatti-harakatlari uchun u bilan tuzligan mehnat shartnomasini mehnat kodeksining 100-moddasi ikkinchi qismi 4-bandiga asosan bekor qilish, ya’ni mehnat munosabatlarini bir marta qo‘pol ravishda buzish sifatida muassasaning ichki tartib qoidalarida nazarda tutilgan bo‘lsada, xodimga o‘z ishini davom etirishi uchun imkon berilgan. Shu sababli, xodimga nisbatan 2022 yil 29 iyun kuni xodimning ishtirokida, mehnat kodeksining 181-moddasining birinchi qismi 2-bandi asosan iyun oyi ish haqidan 30% miqdorida jarima undirish intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan bo‘lsada xodim holat yuzasidan tushuntirish xati yozishdan va buyruq xodimga ma’lum qilinsada tilxat yozishdan bosh tortganligi aniqlandi. Mazkur holat bo‘yicha, muasassaning kadrlar bo‘yicha mutaxassisi tomonidan xodimning tushuntirish xati yozib bermaganligi bayonnoma bilan rasmiylashtirilgan. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 182-moddasida xodimga intizomiy jazo chorasi qo‘llashda uning tushuntirish xati va intizomiy jazo berilganligi to‘g‘risidagi buyruq bilan tanishtirilgandan so‘ng undan tilxati olinishi kerakligi aytilgan. Vaholangki, oilaviy poliklinikasi raxbar xodimlari tomonidan mehnat kodeksining mazkur talabi bo‘yicha, intizomiy jazo qo‘llanilishidan avval xodimdan yozma ravishda tushuntirish xati talab qilingan, ammo xodim tushuntirish xatini yozishdan bosh tortgan. Mazkur moddada ko‘rsatilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 182-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq xodimning tushuntirish xati berishdan bosh tortishi uning ilgari sodir qilgan nojo‘ya xatti-harakati uchun jazo qo‘llashga to‘siq bo‘la olmasligi mustahkamlab qo‘yilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining 17.04.1998 yildagi «Sudlar tomonidan mehnat shartnomasi (kontrakti)ni bekor qilishni tartibga soluvchi qonunlarning qo‘llanilishi haqida» 12-sonli qarorida kelitirilishicha xodimning tushuntirish xati berishdan bosh tortishi sodir qilgan nojo‘ya xatti-harakati uchun unga nisbatan jazo qo‘llanishiga to‘siq bo‘la olmasligi va sudlar ish beruvchi tomonidan talab qilinishiga qaramay, xodim tushuntirish xati berishdan bosh tortish holati haqiqatdan ham bo‘lgan-bo‘lmaganligini aniqlashlari kerakligi ko‘rsatib o‘tilgan. Buni qarangki, xodim yuqoridagi holatlardan to‘g‘ri xulosa chiqarmasdan, uchinchi marta mehnat intizomini qo‘pol ravishda buzgan. Xususan, joriy yilning 5 iyuldan 7 iyulga qadar sababsiz ish joyiga kelmaganligi bundan tashqari 19-20 iyul kunlari ish joyiga sababsiz kech kelganligi holatlari kuzatilganligi uchun muassasa raxbarlari va yuridik xizmat ko‘rsatish markazi tomonidan xodimning ishlashi qonunchilikka muvofiq emas deb topildi. Shu sababli, xodim bilan tuzligan mehnat shartnomasini bekor qilish lozim deb topildi. Mehnat kodeksining 101-moddasi talablariga muvofiq, mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish uchun kasaba uyushmasiga xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilishga rozilik berish masalasi bo‘yicha taqdimnoma kiritildi. Oilaviy poliklinika kasaba uyushmasi tomonidan uch marotaba yig‘ilish bayoni bo‘lib o‘tgan. Bular 01.07.2022, 06.07.2022 va 18.07.2022 yildagi yig‘ilish bayonida mehnat shartnomasini bekor qilishga rozilik berilgan hamda yig‘ilish bayonida ishtirok etganlarning 41 nafari (azolar sonining 2/3 qismi) tomonidan bayonnma imzolangan. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining, 17.04.1998 yildagi «Sudlar tomonidan mehnat shartnomasi (kontrakti)ni bekor qilishni tartibga soluvchi qonunlarning qo‘llanilishi haqida»gi 12-sonli qarorining 33-bandida quyidagilar ko‘rsatilgan: «MK 100-moddasi 2-qismining 3-bandiga ko‘ra, mehnat shartnomasi bekor qilinishining qonuniyligi masalasini hal etishda sudlarning e’tibori xodim tomonidan mehnat vazifalari haqiqatdan ham muntazam ravishda buzilganlik holatini aniqlashga qaratilsin. Avval mehnat vazifalarini buzganligi uchun xodim intizomiy yoki moddiy javobgarlikka yoxud unga nisbatan mehnat to‘g‘risidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlarda nazarda tutilgan ta’sir choralari qo‘llanilgan kundan e’tiboran bir yil mobaynida xodim tomonidan intizomga xilof harakat sodir qilinishi mehnat vazifalarini muntazam ravishda buzish hisoblanadi» deb mustaxkamlangan. Shu sababli, Yangihayot tumani oilaviy poliklinika ichki tartib qoidalarining 2.36 va 2.38-bandlarini, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 100-moddasi ikkinchi qismi 3-bandi hamda 181-moddasi birinchi qismi 3-bandini qo‘llagan holda xodimning mehnat shartnomasi bekor qilingan. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudi tomonidan fuqaro O.X ni ishga tiklash to‘g‘risidagi da’vo arizasini qanoatlantirishni rad etish haqidagi hal qiluv qarori qabul qilindi.

Oldingi Keyingi

Manba:

NomiXodim o‘z mehnat vazifalarini buzsa, lekin tushuntirish xati yozishdan bosh tortsa xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini qanday qilib bekor qilinishi kerak?
Muallif(lar)i hudud24.uz
Yozilgan vaqti20.12.2022
Internetga joylangan vaqti20.12.2022
Kiritilgan vaqti20.08.2023
Qo‘llanish sohasi OAB
Matn tipimuhokama
Uslubi Publisistik
Auditoriya yoshi18+
Auditoriyaning salohiyat darajasiomma uchun
NET-manzilihttp://hudud24.uz/hodim-oz-mehnat-vazifalarini-buzsa-lekin-tushuntirish-hati-yozishdan-bosh-tortsa-hodim-bilan-tuzilgan-mehnat-shartnomasini-kanday-kilib-bekor-kilinishi-kerak/
Ichki korpus turiDavriy nashrlar korpusi
Gap soni0
So‘z(shakl) miqdori0
TeglovchiOperator