Kontekst:
O‘zbekiston xalq maorifi a’lochisi, Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, yuridik fanlar nomzodi Olimboy Rajabov avval Xo‘jayli tumanini boshqargan, 12 yildan buyon Beruniy tuman partiya qo‘mitasining birinchi kotibi bo‘lib ishlayotgan edi. 1985 yilning 9 yanvarida K.Salikov uni lavozimidan pasaytirib, marshal Budyonniy nomidagi qo‘riq davlat xo‘jaligiga direktor qilib yubordi. Maqsad unga qarshi materiallar yig‘ish uchun vaqtni cho‘zishdan iborat edi. Tez orada uni, 54 nafar yaqin va tanishlarini qamoqqa oldi. Rafiqasi, pedagogika fanlari nomzodi Maryam Rajabova, o‘g‘il-qizlari, ukalari, qarindoshlarini oylab qiynoqqa solishdi. Ukasi Komiljon Rajabov (sportning bir necha turi bo‘yicha toifa egasi, boks va sambo bo‘yicha chempion edi) Urganchdagi vaqtincha saqlash binosining uchinchi qavatida tergaganlarida musht uchun qo‘l ko‘targan T.Gdlyanning qo‘lini qayirib, “Telman Xorenovich! Mening oldimda ikki yo‘l bor: birinchisi seni derazadan uloqtirish, ikkinchisi o‘zimni! Xotinim vafot etgan, norasida bolalarimga achinmaysanmi?” deydi. T.Gdlyanni dast ko‘tarib, derazadan irg‘itmoqchi bo‘lganida yugurib kelgan Kartashyan millatdoshining oyog‘idan tortib qoladi. Qancha ko‘rsatma berayotganlar Gdlyandan hayiqib turardi. Gdlyanni titroq bosadi. U xuddi shoh Jalolni tan olgan “Uyiga oborib qo‘yinglar, bu xuliganni!” deydi. Olimboy Rajabovning ishini paxta masalasiga bog‘lash uchun tumanning eng ilg‘or raisi, avval tuman yoshlar qo‘mitasi birinchi kotibi, tuman qishloq xo‘jalik boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan Mahmud Xo‘jamuratovni qamoqqa tiqdilar. M.Xo‘jamuratov va u bilan ishlagan 4 odam ancha yil panjara ortida aziyat chekdilar. Maxmudjon aka mana shu maqola yozilishidan 2 kun oldin o‘z tavalludining 80 yilligini nishonladi. Hayot davom etmoqda. Ammo xalqimiz qalbiga ayovsiz jallod Telman Gdlyan, pixini yorgan Nikolay Ivanov, qahri qattiq German Karakozov, salla ol desa kalla oladigan Albert Kartashyan, mug‘ombirlikda tengi yo‘q Konstantin Pirsxalava va boshqalar, ya’ni, Titov, Soroka, Chijuk, Rats, Moskovseva, Vlasov, Nepomnyashiy, Anisimov, Ismoilov, Pisarevskiy, Reveko, Regeda, Volosenko, Borov, Ibragimov, Kravchenko, Mamedov, Abdurahimov, Tuktarov (albatta, biz ularning hammasiga bir xil baho berish fikridan yiroqmiz)lar solgan jarohat hali-hamon bitmagan. Hamon Maxmud Xo‘jamuratov kechalari uxlay olmaydi. Hali ham Gdlyanni ko‘z oldiga keltirsa beixtiyor Komiljon Rajabovning mushti tugiladi. Maryamjon opa Birinchi darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni, “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Faqat shu kunlarga turmush o‘rtog‘i Olimboy Rajabov yetib kelolmaganidan qattiq o‘ksiydi. Yulduz Primova Toshkentda, nufuzli poliklinikada ishlayapti. Ming afsuski, bu kunlarni dadasi Olimboy Primovich bilan volidasi Xadicha aya ko‘rolmay ketdilar.
Manba:
Nomi | “O‘zbek ishi” va “Paxta ishi” musibatining ildizi qayerda edi? |
Muallif(lar)i | hudud24.uz |
Yozilgan vaqti | 24.04.2022 |
Internetga joylangan vaqti | 24.04.2022 |
Kiritilgan vaqti | 20.08.2023 |
Qo‘llanish sohasi | OAB |
Matn tipi | muhokama |
Uslubi | Publisistik |
Auditoriya yoshi | 18+ |
Auditoriyaning salohiyat darajasi | omma uchun |
NET-manzili | http://hudud24.uz/ozbek-ishi-va-pahta-ishi-musibatining-ildizi-kaerda-edi/ |
Ichki korpus turi | Davriy nashrlar korpusi |
Gap soni | 0 |
So‘z(shakl) miqdori | 0 |
Teglovchi | Operator |