Korpus – muayyan tilning o‘ziga xos xususiyati va variantlarini aks ettiruvchi bir necha belgi asosida tanlab olingan elektron shakldagi matn parchalari, lingvistik tadqiqot uchun asos vazifasini o‘taydigan tizim.
Til korpusi bugungi kunda jahonda tez taraqqiy etayotgan soha, u korpus lingvistikasi mutaxassislari tomonidan ilmiy tadqiqotlar olib borish, til o‘rgatish maqsadida yaratilmoqda.
Taʼlimiy korpus ona tili hamda xorijiy tilni o‘rganishda birdek ahamiyatli. Tilni o‘rgatishda lug‘at boyligining kattaligini ko‘rsata olish, so‘zning qo‘llanish imkoniyatini u yoki bu grammatik konstruksiya orqali tushuntirish uchun misollar massivini ko‘rsatishda korpus juda qo‘l keladi. Til taʼlimi uchun muhim bo‘lgan misolning doimiy yangilanib borishi, buni aks ettirib turish xususiyati hamda imkoniyati faqat korpusda mavjud. O‘qituvchi yangi, ishonarli, cheksiz hamda xilma-xil misollarni shu yerdan topa oladi, topshiriq, mashqlarni belgilashda qiynalmaydi, bir necha daqiqada mavzu bo‘yicha yangi-yangi misollardan iborat topshiriqlarni tayyorlay oladi.
Taʼlimda korpusdan foydalanish quyidagi jarayonlar uchun zamonaviy instrumentariy vazifasini bajaradi.
Taʼlimiy korpusda didaktik ahamiyatga ega bo‘lgan quyidagi resurslar mavjud bo‘ladi:
Taʼlim jarayonida taʼlimiy korpusdan foydalanish o‘quvchiga tilni egallashning professional-relevant aspektlarini yuzaga chiqarish imkonini yaratadi. Masalan, til kurslarida bo‘lajak tarjimonning eʼtiborni leksik birliklarga, huquqshunosda esa terminologiyaga qaratish ko‘nikmasini shakllantiradi. Taʼlimiy korpus talaba eʼtiborini matndagi birlikni bog‘lab turuvchi vositani farqlashga ham qaratadi. Shunday yo‘l bilan korpus tilni o‘rganuvchi taʼlim oluvchilar guruhiga kasbga yo‘naltirilgan taʼlimda asosiy omil sanalgan differensial yondashuvni qo‘llashga zamin yaratadi.
Til taʼlimida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining eng samarali elektron manbalari sifatida elektron lug‘at, o‘rganilayotgan tilda multimedia materiali, ixtisoslashtirilgan o‘quv resursi, elektron aloqa vositasi farqlanadi. Shunday vositalar sirasidan podkast, veb-kvest hamda taʼlimiy korpus ham o‘rin olishi mumkin. Buning uchun o‘zbek tili taʼlimiy korpusini tuzish, undan ona tili hamda o‘zbek tilini xorijiy til sifatida o‘qitishda foydalanishga erishish o‘zbek lingvodidaktikasini yangi pog‘onaga ko‘taradi; jahon taʼlim standartlari darajasiga olib chiqishga muayyan darajada xizmat qiladi.