Lug‘atlar

So‘z tarkibi: {vazifa}
So‘z bo‘g‘inlari: va-zi-fa
Izoh(lar)i:
vazifa ot

1. 1. Amalga oshirilishi, hal qilinishi lozim bo‘lgan, ko‘zda tutilgan maqsad, maqsadli ish. Millatni uyg‘otish — uyg‘onganlarning vazifasi. Cho‘lpon, Kecha va kunduz
Ikkinchi juda muhim vazifa — xalq iste’moli mollarini ishlab chiqarishni rivojlantirish. Gazetadan
Endigi muhim vazifa — o‘rim-yig‘imni g‘oyatda qisqa fursatda uyushqoqlik bilan o‘tkazish Gazetadan

2. 2. Zimmada bo‘lgan muayyan ish, ishlar. Ruslan bilan Normat ko‘chaga chiqqanlarida, o‘z vazifalarini bajargan partizanlar bug‘doypoyaga qayta boshlagan edilar. I. Rahim, Chin muhabbat
Siz qishloqda bo‘lganingiz sababdan, kelguningizcha ishlar to‘xtab qolmasin, deb vazifamdan tashqari ishlarga urindim. A. Qodiriy, Mehrobdan chayon
Tog‘a, Sizning vazifangiz — mehmonni istagan odam bilan gaplashtirish, istagan yeriga olib borish. Guldasta

3. 3. Doim amalga oshirish, amal qilish, bajarish lozim bo‘lgan ish; burch. Er topganini saranjom-sarishta qilish — xotinning vazifasi. Mushtum
Uning \elning] ovoziga quloq solmoq, shikoyatlarini sabr-toqat bilan tinglamoq vazifamizdir. Oybek, Navoiy

4. 4. Bajarish uchun berilgan, topshirilgan ish; topshiriq. Ertasi kuni [Elmurod] o‘z shogirdlariga vazifa berib qo‘ydi-da, ayollarning o‘qishini ko‘rishga kelt. P. Tursun, O‘qituvchi
O‘qituvchi uy vazifalarini bera boshladi. O‘. Usmon, Sirli sohil

5. 5. Biror narsa bajaradigan ish, xizmat. Tovush to‘lqinlarini tutgich vazifasini o‘tovchi quloq suprasi tabobatda katta ahamiyatga molik ekani Sharq tibbiyotida qadimdan ma’lum. Fan va turmush
Yotoq-xonada istiqomat qiluvchilardan har birining kitob va daftarlari kechasi o‘ziga yostiq vazifasini o‘tar edi. S. Karomatov, Oltin qum

6. 6. Xizmat lavozimi, mansab, amal doirasida bajariladigan ishlar majmui. Direktorlik vazifasi. Komissiya yosh o‘qituvchilarni birma-bir chaqirib suhbatlashishga va ularning qayerda qanday vazifada ishlashini belgilab berishga kirishdi. P. Tursun, O‘qituvchi
Viloyat xalq deputatlaridan besh kishi., jiddiy kamchiliklari uchun o‘z vazifalaridan bo‘shatildilar. Gazetadan

Antonim(lar)i: mavjud emas.
Sinonim(lar)i: burch , topshiriq
Omonimlari: mavjud emas.
Paronimi: mavjud emas.

Narsa va hodisa orasidagi vazifaviy o‘xshashlik asosida birining nomini ikkinchisiga ko‘chirish vazifadoshlik asosida ma’no ko‘chirish deyiladi.

Vazifaviy ko‘chirish ham o‘xshashlikka asoslanadi. Bu jihatdan u metaforaga yaqin turadi. Farq shundaki, vazifaviy ko‘chirishda tashqi ko‘rinish o‘xshashligi emas, balki vazifa o‘xshashligi hisobga olinadi. Mas., qush tanasining uchish uchun xizmat qiladigan a’zosi qanot deb ataladi. O‘xshash harakatni bajaruvchi samolyot qismi ham shunday nomlanadi. Tugmayaktakning oldini tugib yopuvchi bog‘ich nomi bo‘lgan. Hozir shu vazifani bajaradigan odatda aylana tutqich ham tugma deyiladi. Vazifadoshlik asosida ma’no ko‘chishi faqat ot turkumida uchraydi.

Ibora(lar): mavjud emas.
Darajalanish qatori: mavjud emas.
Milliy bo‘yoqdor so‘z: mavjud emas.