Lug‘atlar

So‘z tarkibi: {sol} - moq ( Fe’lga qo‘shiluvchi lug‘aviy shakl yasovchi Lug‘aviy shakl yasovchi )
So‘z bo‘g‘inlari: sol-moq
Izoh(lar)i:
sol fl

1. 1. Biror narsa ichiga yoki ustiga joylamoq, qo‘ymoq, tashlamoq. Narsalarni chamadonga solmoq. Dastro‘molni cho‘ntakka solmoq. Pichoqni singa solmoq. Samovarga olov solmoq. Miltiqqa o‘q solmoq. Chol xo‘p deb, bo‘rini qopga solib, ustiga poxol yopib bekitib qo‘yibdi. Chalpak yoqqan kun
Bo‘zo‘g‘lonning nasihatin olmadim, Shu Mahmudni zindonimga solmadim. Yusuf va Ahmad
Bir baliqchi daryoga qarmoq solib o‘tirgan ekan. Ertaklar
Nasiba bolasini belanchakka solib allalamoqda. A. Qahhor, Og‘riq tishlar
La’lixon soat beshni mo‘ljallab, oshning gurunchini soldi. Oydin, Ko‘ngil to‘ldimi, yaxshi yigit?

2. 2. O‘rnatmoq, qo‘ymoq. Uzukka ko‘z solmoq. Ramalarga oyna solmoq. Tish solmoq.

3. 3. O‘tirg‘izmoq. [Xumorxon:] Marasul aka, mashinangizga solib, bir aylantirib kelsangiz-chi! A. Qahhor, Og‘riq tishlar

4. 4. Me’yori bilan qo‘shmoq; quymoq. Ovqatga tuz solmoq. Yerga o‘g‘it solmoq. Samovarga suv solmoq. Ertalabki nonushtaga beriladigan ovqatga sariyog‘ solinmaydi. S. Ahmad, Yulduz

5. 5. Bermoq, tashlamoq (molga beriladigan ovqat haqida). Toshtemir quduqdan bir necha marta suv chiqarib, otlarni sug‘ordi, oxurlarga beda soldi. H. G‘ulom, Feruza

6. 6. Biror holatga tushirmoq yoki biror holatni yuzaga keltirmoq, paydo qilmoq. Yoqubjonni avvaliga la’natladim, keyin oqladim. Negaki, u mening mudroqqa moyil tanimga g‘ulg‘ula soldi, xayollarimni ostin-ustun qilib yubordi. M. M. Do‘st, Lolazor
Yigitalining bemahal kelishi Safaralining ko‘ngliga bir oz shubha solgan bo‘lsa ham, u quvongan bo‘lib: — Yigitali keldi, Muhabbat, — dedi. N. Fozilov, Diydor
Qizning qiyg‘och qoshi, jarangli kulgilari kimlarningdir yuragiga larzalar solgan. Saodat
Kumushning bu holi bechora onaning yuragini ezar, yuz xil vasvasalarga solar edi. A. Qodiriy, O‘tgan kunlar

7. 7. Biror tartib, yo‘nalish, o‘lchov, vaziyat va shu kabilarga tushirmoq; moslashtirmoq. Ishni izga solmoq. Chunki asarning tilini bezash, o‘z uslubiga solib tarjima qilishni uslublashtirish deymiz. O‘TA

8. 8. Yopishtirib tikmoq, ulamoq. Uloq solmoq. Yamoq solmoq.

9. 9. To‘shamoq, yozmoq. O‘rin solmoq. Ko‘rpacha solmoq. Dasturxon solmoq. Go‘ro‘g‘li bilan Sherniyozning yo‘llariga poyandozlar solishdi, izzat-ikrom bilan Qosimxonning oldiga olib borishdi. Gulshanbog‘
Kumushni o‘rin yozishga qo‘ymay, o‘zi gap to‘shakni olib, yerga soldi. A. Qodiriy, O‘tgan kunlar

10. 10. To‘shamoq, yotqizmoq. Yo‘llarga shag‘al solmoq.

11. 11. Ro‘para qilib, qaratib qo‘ymoq, tutmoq. Xatni chiroqqa solib o‘qimoq. Qiz o‘zini oynaga soldi. Sharq yulduzi
Karim, Ota pismiq, Qoraxo‘jalar Mirolim buvaning darvozaxonasida o‘zlarini oftobga solib o‘tiribdi [dedi Said]. E. Raimov, Ajab qishloq
Tog‘ay kutgan hol yuz berdi: otasi shishani yorug‘ga solib ko‘ra boshladi. Yoshlik

12. 12. Quritish, achitish, pishirish uchun qo‘ymoq. Mayiz solmoq. Qoqi solmoq. Vino solmoq. Jannat xola shoshib un chalib, quymoq soldi-da, boltani qo‘liga olib, to‘qayga qarab ketdi. S. Ahmad, Ufq

13. 13. To‘lov majburiyatini yuklamoq, belgilamoq. Soliq solmoq. Jarima solmoq. Menga qolsa, bu kunlarda [xalqqa] o‘ttiz ikki tanga emas, o‘ttiz ikki qora pul solish ham og‘irdir. A. Qodiriy, O‘tgan kunlar

14. 14. Biror kimsa yoki ko‘pchilik muhokamasiga qo‘ymoq, hukmiga topshirmoq, havola qilmoq. U kishi majlisga solgan ish bo‘lmay qolmaydi. A. Qahhor, Qo‘shchinor chiroqlari

15. 15. Biror narsa yoki kimsaga yo‘naltirmoq, qo‘ymoq. Ovga qush solmoq. Dobil chalib, qushlar solib kelay deb, Yolg‘iz borib qoldim Xovdak ko‘lina. Gulshanbog‘
Navkar, ot solib bordi-yu, Hasan qayg‘ichini uloqday azot ko‘tarib, egarga o‘ngarib oldi. S. Siyoyev, Yorug‘lik
Kecha manavi kartaga Dildor traktor solmagan edi. S. Ahmad, Ufq

16. 16. Biror ishga, harakatga tushirmoq, yo‘llamoq, tashlamoq. Butun kuchlarni jangga solmoq.

17. 17. Yollab ishga tushirmoq. [Buxgalterning xotini] O‘zi ishlamagani-ishlamagan, yana odam solib berasan, deb har kuni xarxasha qilgani ortiqcha. Q. Maqsudov, Saodatli chamanda
Menga qarang, uyga hech usta solganmisiz? Yoshlik

18. 18. Arqon, zanjir kabi narsalar urib, tashlab band etmoq, bog‘lamoq. Bo‘yniga sirtmoq solmoq. Oyoqlariga kishan solmoq. Eh-he, hali shundaymi? Nuri opangiz tushini suvga aytsin, zanjir solib sudrasalar ham, boshqa yoqqa bormayman. Oybek, Tanlangan asarlar

19. 19. Qismlarini bir-biriga tushirmoq, o‘rniga qo‘ymoq. Mashinaga ip solmoq. Ko‘ylakning tugmasini solib olmoq. Bolalar tezgina eshikni yopib, orqasidan zanjirni solib qo‘ydilar. Oydin, Hazil emish

20. 20. Barpo qilmoq, qurmoq, yasamoq. Uya solmoq. Uy solmoq. Hozir birov imoratini o‘xshatib solsa, boshqalar ham undan qolmay deb tirishadi. N. Norqobilov, To‘qnashuv
Amudaryo va Sirdaryoning kuyi qismi baliqlarning urug‘ tashlaydigan, yovvoyi hayvonlarning urchiydigan, qushlarning uya soladigan joyidir. Fan va turmush

21. 21. Hozirlamoq, tayyorlamoq; qurmoq. Chilim solmoq. Arg‘imchoq solmoq. Darvozadan o‘n besh odimlar narida darvoza beklari gulxan solib, chilim chekib o‘tiradilar. A. Qodiriy, O‘tgan kunlar

22. 22. Zarb bilan urmoq, tushirmoq. Tarsaki solmoq. Musht solmoq. Aylantirib solmoq. Qilich solmoq. Quloq-chakkasiga solib qolmoq. Qo‘ling qichigan bo‘lsa, biqiniga solmaysanmi, betigayam urasanmi, nodon! Yoshlik
Kuching yetmas ekan, nima qilarding bellashib, tosh-posh bilan jon joyiga solmaysanmi o‘xshatib. Yoshlik

23. 23. Chizmoq, ishlamoq, yasamoq (gul, naqsh va shu kabilarni). Rasm solmoq. Hozirgi o‘smirlar har xil narsalarning surati solingan kiyimlarni ko‘proq yaxshi ko‘rishadi. Gazetadan

24. 24. Osiltirmoq, solintirmoq. Er yigitning bosh solgani — o‘lgani. Maqol
Alimardon karavotga ko‘llarini tiragancha, boshini kuyi solib o‘tirardi. O‘. Hoshimov, Qalbingga quloq sol

25. 25. Yechmoq, olib tashlamoq, tushirmoq (kiyimni). Ko‘ylak yechar, — dedi Qumri turgan kuyi va ko‘ylagini yechib tashladi. — Ishton solar. A. Qodiriy, Mehrobdan chayon

26. bot. bot. Tugmoq, guldan meva holiga o‘tmoq. Qovoq beshta solibdi. Uch tup tarvuzning har biri o‘ntadan solgan ekan. Chalpak yoqqan kun

27. 27. Qo‘shma fe’llar tarkibiga kiradi. Asos solmoq, vahima solmoq, gapga solmoq, dam solmoq, dahshat solmoq, dod solmoq, esga solmoq, qorin solmoq, quloq solmoq. [Fazilat ona] To‘g‘ri kelgan odamning ko‘ksiga o‘zini tashlab, uvvos soladi. M. Hazratqulov, Jur’at
Gulnorpari o‘tkizdi-da, kanizini gapga soldi. Gulnorpari
Normat qo‘shiqqa quloq solib, ichkaridagi odamning chiqishini kuta boshladi. S. Ahmad, Ufq

28. 28.-a/-y yoki-(i)b affiksli ravishdosh bilan kelib, shu ravishdosh orqali ifodalangan ish-harakatning batamom yoki ro‘yirost bajarilganligini bildiradi. Bor gapni aytib solmoq. Yaxshiboyev indamay turdi. Sezdiki, Qo‘zziboyning dardlari cho‘ng, dardlarini tamom to‘kib solmoqchi — tasalli kor qilmaydi. M. M. Do‘st, Lolazor
Nizomjon chidamadi. Yuragida to‘lib-toshgan gaplarni uzil-kesil to‘kib solmoqchi bo‘lib, qizni izlab, yana dalaga qarab ketdi. S. Ahmad, Ufq

29. 29.-a/-y affiksli ravishdosh bilan ko‘makchi fe’l vazifasida kelib, shu ravishdosh orqali ifodalangan ish-harakatning darhol bajarilganligini bildiradi. Bola tura solib, uyiga qochdi. M. Ismoiliy, Farg‘ona tong otguncha
Zamon kela solib, u odamdan so‘radi. M. Ismoiliy, Farg‘ona tong otguncha

Antonim(lar)i: mavjud emas.
Sinonim(lar)i: urmoq
Omonimlari: mavjud emas.
Paronimi: salmoq Vazn, zalvor; mavqe, nufuz.
Qomus: mavjud emas.

1. bo‘yniga arqon solmoq: bajbur qilmoq

2. boshvoq solmoq: bo‘ysundirmoq, jilovlamoq

3. ig‘vo solmoq: orada ig‘voli gap-so‘z yuritmoq (qo‘zg‘amoq).

4. o‘zini oynaga solmoq: kim O‘z holatini ko‘zguda ko‘rmoq.

5. o‘zini tag‘ofilga solmoq: Ko‘rib ko‘rmaslikka, bilib bilmaslikka olmoq.

6. og‘ziga burov solmoq: gapirish imkoniyatidan, huquqidan mahrum qilmoq, gapirtirmay qo‘ymoq.

7. og‘ziga qulf solmoq: 1.gapirtirmay qo‘ymoq, og‘ziga urmoq. 2.hech narsa deya olmaydigan qilib qo‘ymoq

8. taxiga solmoq: bukilgan, qayrilgan joyidan qayta bukib, yana asliday qilib taxlab qo‘ymoq.

9. tiliga burov solmoq: gapirish imkoniyatidan, huquqidan mahrum qilmoq, gapirtirmay qo‘ymoq.

10. vahshat solmoq: Dahshat, qo‘rqinch solmoq, shunday holat qo‘zg‘atmoq

11. xudoga solmoq: Jazosini xudo bersin

12. yo‘lga solmoq: 1) ketish tomoniga to‘g‘irlab, yurg‘izdi 2)to‘g‘ri yo‘lga qaytardi 3) manfaatdor bo‘lgani holda biror ishga rag‘batlantirdi 4)faoliyatini yaxshiladi

13. yo‘lni chap solmoq: Ko‘zga tashlanmaslik, chalg‘itish maqsadida to‘g‘ri yo‘ldan yurmay, egri, aylanma yo‘ldan yurmoq.

14. yodiga solmoq: 1)xotirasida tikladi 2)unutilayozganni eslatdi

15. yuragiga g‘ulg‘ula solmoq: bezovta qilib qo‘ydi

16. yuragiga qo‘l solmoq: eng yashirin fikr-o‘yini bilishga harakat qildi

17. yuragiga vahima solmoq: kuchli darajada qo‘rqish hissini uyg‘otdi

18. yuziga solmoq: aybli deb qaralgan kishining o‘ziga shu haqda kesatib, achitib gapirdi

19. zehn solmoq: diqqat-e’tibor bilan qaradi, ko‘zdan kechirdi

1. Nola qilmoq – oh urmoq – faryod solmoq – afg‘on aylamoq
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(bo‘yoqdorlik belgisining oshib borishiga ko‘ra)

2. Urmoq – kaltaklamoq – do‘pposlamoq – savamoq – solmoq – tushirmoq – so‘qmoq
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(belgini kuchli darajada ifodalashiga ko‘ra)

3. Urmoq – solmoq – ushlamoq – silamoq
Ma’nosiga ko‘ra
(harakatning qo‘pol yoki muloyimligiga ko‘ra)

Milliy bo‘yoqdor so‘z: mavjud emas.