Lug‘atlar

So‘z tarkibi: {qadimgi}
So‘z bo‘g‘inlari: qa-dim-gi
Izoh(lar)i:
qadimgi [qa-dim-gi ]

1. Uzoq, o‘tmish zamonlarda yoki uzoq zamonlardan beri mavjud bo‘lgan, uzoq o‘tmishga oid; qadimiy, ko‘hna. Qadimgi turkiy tillar. Qadimgi fors yozuvi.◆Hozirgi O‘zbekiston tuprog‘ida yashagan qadimgi xalqlar o‘zlarining mustaqil, boy madaniyatlariga ega bo‘lganlar. K. Yashin, Hamza.

2. Ilgarigi, avvalgi. Farg‘ona vodiysidan Toshkentga qatnayverib, dovon oshib, tovonlari tosh bo‘lgan qadimgi batrak Abdurasul bu kunlarda o‘z muddaosining amalga oshayotganini his etar edi. P. Tursun, O‘qituvchi.

Antonim(lar)i: mavjud emas.
Omonimlari: mavjud emas.
Paronimi: mavjud emas.

Qadimgi turkiy til– (VII asrdan – XIII asrgacha) Qadimgi turkiy adabiy til. Turk hoqonligi barpo bo‘lgandan to Qoraxoniylar davrigacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. Bu davrda run (O‘rxun-Enasoy), uyg‘ur, so‘g‘d, manixey, braxma yozuvlarida bitilgan yodgorliklar bizgacha yetib kelgan. Bu yodgorliklar tosh, teri, yog‘ochlarga bitilgan. Yodgorliklarning eng mashhuri turk hoqon va sarkardalari Kultegin, Tunyuquq, Bilga hoqon sha’niga qo‘yilgan tosh yozmalar. Yodgorliklar O‘rxun daryosi bo‘ylaridan (Mo‘g‘uliston) topilgani uchun O‘rxun yodnomalari yoki turk, run, dulbarchin yozuvlari deb ham yuritiladi. Yodnomalar XIX asrning ikkinchi yarmida topilgan. Ularni V.Tomsen o‘qishga, birinchi marta V.Radlov tarjima qilishga muvaffaq bo‘ldi. Bunga o‘xshash yodnomalar keyinchalik Enasoy daryosi bo‘ylaridan, Talas vodiysidan ham ko‘plab topilgan. Qadimgi turkiy til o‘ziga xos xususiyatlari bilan ajralib turadi. Ulardan eng muhimlari quyidagi:

1.Bu til fonetik jihatdan d-lovchi til hisoblanadi, ya’ni bugungi y, z tovushlari o‘rnida d tovushi ishlatilgan: adoq (oyoq), ado‘g‘ (ayiq), edgu (ezgu) kabi.

2.Morfologik jihatdan ham o‘ziga xos belgilarga ega bo‘lgan. Mas., tushum kelishigi -g‘/-g qo‘shimchasiga, jo‘nalish kelishigi esa g‘aru/qaru/garu shakliga ham ega bo‘lgan: budunug‘ (xalqni), Uyg‘urg‘aru (uyg‘urga) kabi.

Sifatdagi va ravishdagi shakllarning o‘ziga xos ko‘rsatkichlari ishlatilgan: oltachi (o‘lajak), udimato‘ (uxlamay). Shart mayli -sar shaklida bo‘lgan: borsar (borsa). (Bular haqida «Qadimgi turkiy til» kursi bo‘yicha darslik va qo‘llanmalardan batafsil ma’lumot olasiz).

 

Ibora(lar): mavjud emas.
Darajalanish qatori: mavjud emas.
Milliy bo‘yoqdor so‘z: mavjud emas.