Lug‘atlar

So‘z tarkibi: {ko‘r}
So‘z bo‘g‘inlari: ko‘r
Izoh(lar)i:
ko‘r fl

1. 1. Ko‘rish qobiliyatiga ega bo‘lmoq, kishi va narsalarning, borliqning ko‘rinishi qandayligini farqlay bilmoq. Ikromning dadasi To‘ymat akani, ko‘zingiz yaxshi ko‘rmas ekan, deb olishmadi. S. Siyoyev, Yorug‘lik
Otamning bir ko‘zi ko‘rmay qoldi. S. Siyoyev, Yorug‘lik

2. 2. Ko‘z bilan ilg‘amoq, ko‘z vositasida aniq farqlamoq, sezmoq, bilmoq. Lekin rashk qitiqlagan kezlarda chehrang o‘zgaradi. Men buni o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. A. Qahhor, Qo‘shchinor chiroqlari
Fotimani ustanikidan chiqib kelayotganini ko‘rganlar avval hayron bo‘lishdi. T. Ashurov, Oq ot

3. 3. Tanishish, bilish, aniqlash va shu kabilar maqsadda ko‘zdan, nazardan kechirmoq; nazar solib tekshirmoq; qaramoq. Vrach kasalni ko‘rdi. Kitobni ko‘rmoq. Mallavoy aka chorig‘ini chiroqqa solib ko‘rdi. A. Qahhor, Qo‘shchinor chiroqlari
Vakilning o‘g‘il bolasi rais bilan suhbatlashib, planni ko‘rib, palov to‘rani yeb, yo‘liga ravona bo‘ladi. Guldasta
Aka, tezroq ko‘rib bering, shoshib turibman. S. Siyoyev, Yorug‘lik

4. 4. Biror to‘xtamga kelish, chora belgilash uchun muhokama qilmoq. Birovning arizasini ko‘rmoq. Bu masalani majlisda ko‘ramiz.

5. 5. Duch keltirmoq, uchratmoq. Sal kech qolganingda, ko‘rolmay, armonda ketardim. I. Rahim, Chin muhabbat
Voy, haromi noinsof! Men bunday mo‘ltonini sira ko‘rganim yo‘q edi. Oybek, Tanlangan asarlar

6. 6. Hol-ahvol so‘rab yo‘qlamoq. Bemorni ko‘rmoq. [Unsin:] Gulnor opani unutmayman sira, uni ko‘rgani tez-tez kelib turaman. Oybek, Tanlangan asarlar
[Kurbon ota:] MTSga kelganida, [O‘rmonjon] meni ko‘rmasdan ketmaydi. A. Qahhor, Qo‘shchinor chiroqlari

7. 7. Boshdan kechirmoq; tajribadan o‘tkazmoq. U ko‘p qiyinchiliklarni ko‘rgan kishi — Har qancha darbadarlik bo‘lsa, men ko‘rganman, o‘g‘limga qolgani yo‘q, — dedi Sidiqjon. A. Qahhor, Qo‘shchinor chiroqlari
Yigitlikda bizning boshimizdan o‘tgan sarguzasht shundoq bo‘lgan, o‘g‘illarim. Bizning ko‘rganlarimiz qursin. P. Tursun, O‘qituvchi

8. 8. Biror kimsa yoki narsaga ega bo‘lmoq, erishmoq, yetishmoq. Davlat ko‘rmoq. Yaqin to‘rt oycha umr qildik. Umrimda xotin ko‘rganim ham shu. A. Qahhor, Qo‘shchinor chiroqlari
Kampir eshikka qaradi: — Voy, og‘zingizga yog‘, o‘g‘lim! Kelin ko‘radigan kunim ham bormikin! A. Qahhor, Qo‘shchinor chiroqlari
Men-ku yilda besh gaz chit ko‘rmayman, kelishingizda shu bechoraga bir narsa olib kelsangiz-chi siz ham odam bo‘lib! A. Qahhor, Mayiz yemagan xotin
Men ham orzu-havas ko‘raman, deb siz bilan bir yostiqqa bosh qo‘yganman. S. Nurov, Narvon
Bosh bo‘ling, suv chiqaraylik, ekin qilaylik, oz bo‘lsayam, og‘zimiz osh ko‘rsin. M. Ismoiliy, Farg‘ona tong otguncha

9. 9. Tomosha qilmoq, tomoshabin sifatida kuzatmoq. Bolalar televizor ko‘rmoqda. Kecha yangi kino ko‘rdik. Esingda bormi, rayondan teatr ko‘rib kelayotgan kechamiz aravada Sotiboldi, ashula aytamiz, deb Kanizakni qistadi, ko‘nmagandan keyin, sochidan tortdi. A. Qahhor, Qo‘shchinor chiroqlari

10. 10. Yuz bergan voqeaga boshqa kishi yoki narsani sabab qilib ko‘rsatmoq. Kitobni o‘zi yo‘qotib, mendan ko‘rayotir. O‘zing qilib, birovdan ko‘rma! Charosni tinch qo‘yasiz. Bo‘lmasa, o‘zingizdan ko‘ring. O‘. Hoshimov, Qalbingga quloq sol

11. 11. Tajribada sinamoq, sinab bilmoq. Yer sotganlarning ko‘pini ko‘rdik, oxiri gadoy bo‘ladi. Oybek, Tanlangan asarlar
Veksel degan so‘z chiqdi. Uni ham ko‘rdik, benihoyat zarur narsa. Oybek, Tanlangan asarlar.

12. 12. Payqab olmoq, ilg‘amoq, tuymoq. Katta ko‘rmaganni kichik ko‘radi, kichik ko‘rmaganni katta ko‘radi, ikkalasi birgalashib qarasa, hech narsa ko‘zdan qochmaydi, deydi xalq. A. Qahhor, Qo‘shchinor chiroqlari
Daf’atan qulog‘iga chalinib qoladigan gap-so‘zlarda, bayt-u g‘azallarda endi butunlay o‘zgacha ma’no ko‘radi. X. Sultonov, Onamning yurti
Omon mustaqil fikrli, cho‘rtkesar, uzoqni ko‘ra oladigan, tadbirkor, yaxshi do‘st edi. S. Karomatov, Oltin qum

13. 13. Biror narsani ta’kidlash va unga diqqat-e’tiborni jalb etish uchun qo‘llanadi. Shirinligini ko‘r! [Nabigulning akasi:] — Didni ko‘ring-a, trafaretning rangiga mos abajur! A. Qahhor, Qanotsiz chittak
Boltaboy ko‘rdingmi, yashirmaydi degan mazmunda Sidiqjonning tizzasini bosib qo‘ydi. A. Qahhor, Qo‘shchinor chiroqlari
Zamonning teskariligini ko‘ring! Shohimardonga ochiq kelolmasam! K. Yashin, Hamza

14. 14. Ayrim so‘zlar bilan birikib, shu so‘z bildirgan ish-harakatni amalga oshirmoq ma’nosini bildiradi. Chora ko‘rmoq. Hozirlik ko‘rmoq. Brigada a’zolari ayni vaqtda paxta yig‘im-terimiga har taraflama qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqdalar. Gazetadan

15. 15. 15 deb hisoblamoq, bilmoq; deb qaramoq, tushunmoq. Loyiq ko‘rmoq. Muvofiq ko‘rmoq. Ravo ko‘rmoq. Oz bo‘lsa ham, ko‘p o‘rnida ko‘ring. U yigitni o‘ziga teng ko‘rmadi. Barchani baravar ko‘rmoq. Men seni o‘z ukamday ko‘raman. [Yo‘lchi:] Singlim, o‘z uyingday ko‘r, tortinma. Kampirning yumushlariga qarash. Oybek,Tanlangan asarlar
Kamol qozi ham Safoxon to‘raning gaplariga e’tiroz bildirmaslikni ma’qul ko‘rdi, shekilli, tek quloq solib turardi. K. Yashin, Hamza

16. ko‘m. fl. vzf. vzf. Harakatning sinash uchun bajarilishini, bajarmaslik haqida ogohlantirishni bildiradi. Sinab ko‘r. O‘ylab ko‘r. So‘rab ko‘raman. Ayta ko‘rma. Bora ko‘rmasin.

Antonim(lar)i: mavjud emas.

1. ko‘r I Sifat
ko‘rish organi ishlamaydigan, ko‘rish qobiliyatidan mahrum

2. ko‘r II Fe’l
nazari tushmoq; hisoblamoq, deb o‘ylamoq; (shunday bo‘lishiga) sababchi deb bilmoq

3. ko‘r III Ko‘makchi fe’l
mustaqil fe’l anglatgan leksik ma’noga «sinash-bilish» grammatik ma’nosini qo‘shadi.

Paronimi: mavjud emas.

So‘z ma’no munosabatiga ko‘ra ma’nodosh, zid ma’noli, uyadosh, butun-bo‘lak, turjins munosabatidagi so‘zga, shakl munosabatiga ko‘ra esa shakldosh va talaffuzdosh so‘zga bo‘linadi.

1. «og‘zing qani?» – desa, qulog‘ini ko‘rsatadi: o‘taketgan noshud, merov, anqov

2. achasini uch qo‘rg‘ondan ko‘rsatdi: do‘q qildi, qo‘rqitdi, adabini berdi

3. burgaga achchiq qilib ko‘rpani kuydirdi: arzimagan narsani deb jahl ustida nojo‘ya, zararli ish qilib qo‘ydi

4. diydor ko‘rishdi: bir-birini oradan ancha vaqt o‘tgandan keyin ko‘rdi

5. ep ko‘rmaydi: noloyiq, yarashmaydigan ish deb bildi

6. ko‘rarga ko‘zi yo‘q: o‘taketgan darajada yomon ko‘rdi

7. ko‘rgani ko‘zi yo‘q: o‘taketgan darajada yomon ko‘rdi

8. ko‘rgani ko‘zi, otgani o‘qi yo‘q: o‘taketgan darajada yomon ko‘rdi

9. ko‘rpasiga qarab oyoq uzatdi: imkoniyatini hisobga olib ish tutdi

10. ko‘rsatib qo‘yaman: qo‘rqitish

11. ko‘z ochib ko‘rgan: birinchi nikohiga olgan

12. ko‘zga ko‘rinarmidi?!: 1)tatimaslik, e’tiborini tortmaslik 2)hisoblashmaslik, o‘ylab-netib o‘tirmaslik

13. ko‘zga ko‘rindi: 1) tanildi 2) o‘ziga diqqat-e’tiborni jalb qiladigan bo‘ldi

14. ko‘zga ko‘rinmaslik I: 1) tanilmaslik 2) o‘ziga jalb qiladigan bo‘lmaslik

15. ko‘zga ko‘rinmaslik II: 1)tatimaslik, e’tiborini tortmaslik 2)hisoblashmaslik, o‘ylab- netib o‘tirmaslik

16. ko‘zi ko‘r, qulog‘i kar: hech narsadan bexabar

17. ko‘zi ko‘r, qulog‘i kar bo‘ldi: hech narsani ko‘rmaydigan, eshitmaydigan bo‘ldi

18. ko‘ziga issiq ko‘rindi: 1) tanishdek tuyuldi 2)o‘ziga tortdi, yoqimli tuyuldi

19. ko‘ziga ko‘rinib ketdi: birdaniga xotirasida gavdalandi

20. ko‘ziga ko‘rinmaslik I: ro‘para bo‘lmaslik, duch kelmaslikka harakat qilish

21. ko‘ziga ko‘rinmaslik II: 1)tatimaslik, e’tiborini tortmaslik 2)hisoblashmaslik, o‘ylab- netib o‘tirmaslik

22. ko‘ziga o‘tday ko‘rindi: 1) tanishdek tuyuldi 2)o‘ziga tortdi, yoqimli tuyuldi

23. ko‘ziga oq-qora ko‘rinmaydi: 1)tatimaslik, e’tiborini tortmaslik 2)hisoblashmaslik, o‘ylab- netib o‘tirmaslik

24. ko‘ziga sovuq ko‘rindi: yoqmaslik, jirkanish hissini uyg‘otmoq

25. kun ko‘rdi: tirikchilik qildi, tirikchilik o‘tkazdi

26. kunini ko‘radi: tirikchilik qiladi, tirikchilik o‘tkazadi

27. ma’qul ko‘rdi: ma’qul , durust deb bildi

28. onasini ko‘rsatdi: do‘q qildi, qo‘rqitdi, adabini berdi

29. onasini uch qo‘rg‘ondan ko‘rsatdi: do‘q qildi, qo‘rqitdi, adabini berdi

30. oppoq qilib ko‘rsatmoq: kim kimni aybsiz, begunoh qilib ko‘rsatmoq.

31. qorasini ko‘rsatmaydi: kimningdir ko‘ziga hech ko‘rinmaydi

32. soyasiga ko‘rpacha soldi: izzat-hurmat qilishni me’yoridan o‘tkazib yubordi

33. tishining oqini ko‘rsatdi: tirjayib, ishshayib qaradi

34. tushida ham ko‘rmaydi: mutlaqo o‘ylamaydi, kutmaydi

35. tuya ko‘rdingmi–yo‘q: o‘zini ko‘rmaganga, bilmaganga chiqardi

36. tuyani yutib, dumini ko‘rsatmaydi: hozir u tomog‘ining qurtini o‘ldirish uchun tuya bo‘lsa ham, dumini ko‘rsatmay yutib yuborishdan toymaydi.

37. umr ko‘rdi: yashadi

38. uxlab, tushida ko‘rmaslik: mutlaqo o‘ylamaslik, kutmaslik

39. uzoqni ko‘rmoq: Kelajak haqida to‘g‘ri fikr yurita bilmoq, oqibatini o‘ylab ish tutmoq

40. xush ko‘rmoq: yoqtirdi

41. yaxshi ko‘rmoq: 1)sevdi, oshiq bo‘ldi 2)sevdi, izzat-hurmat qildi 3)yoqtirdi

42. yelkasining chuquri ko‘rsin: yana qaytadan hech qachon ko‘rmasin

43. yo‘l ko‘rsatmoq: nima qilish lozimligi haqida maslahat berdi

44. yo‘l-yo‘riq ko‘rsatmoq: nima qilish lozimligi haqida maslahat berdi

45. yomon ko‘rmoq: 1) sevmaydi, izzat-hurmat qilmaydi 2) yoqtirmaydi

46. yuz ko‘rmas bo‘lmoq: aloqani butunlay uzdi

47. zarar ko‘rmoq: zarar qildi

48. ziyon ko‘rmoq: zarar qildi

1. Badbashara – xunuk – chiroyli – ko‘rkam – suluv –lobar –xushro‘y -go‘zal – ofatijon
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(salbiy- ijobiylik belgisining ortiq-kamligiga ko‘ra)

2. Chiroyli – go‘zal – husnli – xushro‘y – ko‘rkam – barno – suluv – zebo – sohibjamol
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(bo‘yoqdorlik belgisining oz-ko‘pligiga ko‘ra)

3. Husn – chiroy – ko‘rk – zeb
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(belgining bo‘yoqdorligiga ko‘ra)

4. Ko‘r – basir – so‘qir – ojiz
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(qo‘llanish doirasining oz-ko‘pligiga ko‘ra)

5. Taqdir – qismat – yozmish – peshana – nasib(a) – ko‘rgilik
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(belgini kuchli-kuchsiz ifodalashiga ko‘ra)

6. Yaxshi ko‘rmoq – erkalamoq – suymoq
Bo‘yog‘iga ko‘ra
(bo‘yoqdorligining ortiq-kamligiga ko‘ra)

Milliy bo‘yoqdor so‘z: mavjud emas.